OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkbar Mirzo
Asar nomiSoʻnggi chora (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Akbar Mirzo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm115KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻnggi chora (qissa)
Akbar Mirzo

Kechki ovqatdan soʻng bolalar dars tayyorlashga kirib ketishgach, Malika erining yonida uzoq qololmadi. Charchadim, deya yotogʻiga shoshildi.

Tashqaridagi chiroq nurlari ikkinchi qavatdagi xonalarga gʻira-shira tushgani bois, yotoqxona ichi xiragina yorishib turardi.

Koʻzlarini yumdi. Shu koʻyi ancha yotdi. Ammo uyqu qayoqda. Koʻzlarini qandilga tikarkan, yuragiga nechundir gʻulgʻula solgan, uni nogoh tashvishga qoʻygan bugungi uchrashuv haqida oʻylay boshladi. Aslida bu oʻy tushdan keyin uni bir zum tark etmagan, hozirgina eri bilan xontaxta atrofida yolgʻiz qolishganida ham xayolida edi. Eri nechundir bir-ikki qarab qoʻyganda beixtiyor bezovtalanib qoldi. Yana ozgina oʻtirsa xuddi ish haqida soʻz ochilib qoladiganday, bugungi kuni qanday oʻtganini soʻrab-surishtiradiganday charchaganini roʻkach qilib oʻrnidan turdiyu dasturxonni yigʻishtira boshladi.

Tan olmay iloji yoʻq. Bu kutilmagan uchrashuv uni ancha shoshirib qoʻydi. Institutda birga oʻqishgan, ammo oʻn uch yildan buyon biror marta ham koʻrinmagan Bahrom ismli yigit xuddi shu bugun – tushdan keyin toʻppa-toʻgʻri xonasiga kirib kelsa-ya! Yuragi «shigʻ» etib, qoʻrqib ketdi, lekin buni sezdirmaslikka harakat qildi. Taajjubga tushdi, hayron ham boʻldi, ammo tezda oʻzini qoʻlga olarkan, sovuqqina qarshiladi. Biroq qoʻl uzatib koʻrishayotganida barmoqlari bilinar-bilinmas titraganini sezdi, joyiga oʻtirib stoli ustidagi kichkina dumaloq koʻzguga koʻz qirini tashlaganda esa rangi ham bir oz oqargan ekan. Ichki qoʻrquvni yengib, eski tanishiga qararkan butunlay xijolatga tushib qoldi: chanqoqdan sillasi qurigan yoʻlovchi, nogoh bir xoʻplam suvni koʻrib tashnaligini tezroq qondirmoq uchun unga bor vujudi bilan talpinganday, Bahrom ham joyida oʻtirolmas, tinmay yoniga kelishga intilar, koʻzlari chaqnagan bu odam qoʻyib bersa, hech narsadan tap tort-may, uni bagʻriga bosgudek his-hayajonda edi. Buni sezgani uchun ham xavotirga tushdi. Indamay kelib shart oʻpib olganda nima boʻlardi? Xuddi shu holatga birortasining koʻzi tushib qolganda-chi?

Malika, balki bu narsalar haqida oʻylamaslik kerakdir deganday, yostigʻining ostidan kecha sotib olgan «Hazrati ayol» nomli kitobni oldi. Lekin uni oʻqish uchun chiroqni yoqish kerak edi. Turishga erindi. Narigi xonaga quloq tutdi. Bolalar yo mukkasidan ketib dars tayyorlashyapti yoki jimgina oʻtirib shohmot oʻynashyapti. Uncha katta boʻlmagan oshxonada esa eri hamon televizor koʻryapti shekilli, qandaydir futbol oʻyinining shovqini eshitilib turardi.

«Yoʻq, yaxshilab oʻylab olishim kerak. Agar u tentak ertaga yana keladigan boʻlsa, orani ochiq qilmasam boʻlmaydi, – Malika eshik tomonga bir qarab qoʻydi-da xayolidan kechayotgan fikrlarni quvib yetdi. – Bunaqada odamni sharmanda qilishi hech gapmas. Xuddi qamoqdan chiqqan kishiga oʻxshaydi-ya. Buning ustiga ertaga albatta kelaman, degani nimasi?»

Ha, Bahrom oʻylab oʻtirmay ertaga kelaman, deb ketdi. «Axiyri seni topdim, – dedi u musht boʻlib tugilgan qoʻllarini koʻkragiga qayta-qayta urib. – Buni biror yerda oʻtirib, nishonlamasak boʻlmaydi. Hecham boʻlmaydi, Malika! Men, ertaga albatta kelaman!».

...Malika Bahromni yaxshi tanirdi. Oʻzidan bir kurs yuqorida oʻqigan bu qora qosh yigit tanishganiga uzoq boʻlmay, darhol sevgi izhor qilgan. Oʻshanda Malika uchinchi kursda oʻqirdi. Hayron. U bilan na aylanishga chiqqan, na biror tadbirda yonma-yon oʻtirmagan boʻlsa, qanday sevib qolishi mumkin? Bir-ikki yotoqxonaga birga qaytmaganini aytmasa, tuzuk-quruq tanishmagan ham. Ammo sevgi izhoridan soʻng Bahromning tinchi yoʻqoldi shekilli, darsdan soʻng yo yoʻlini poylardi yoki yotoqxona atrofida aylangani aylangan edi. U har koʻrganda kinoga yoki bir oz aylanib kelishga taklif qilar, rad javobini olib hafsalasi pir boʻlsa-da, baribir kelishni kanda qilmasdi. Ba’zida guldasta, ba’zida esa shokolod koʻtarib kelardi. Olmasa, xonasiga tashlab ketardi. Uni tushunish qiyin edi.

Biroq oʻqishni bitirgach, Bahrom oʻz shahriga – Yangiyoʻlga ishga ketdiyu qizning qulogʻi tinchidi. Aslida judayam tinchimagan edi. Bahrom tez-tez Toshkentga kelib turar va har gal yotoqxonaga kirib oʻtardi. Malika oʻqishdan qaytganda xonasida – oʻz tumbochkasi ustida endi odatdagidan ancha katta guldastani, undagi turfa gullarni koʻrardiyu Bahrom kelganligini bilardi. Keyin xonadoshlari oʻrtasida pichir-pichir, hazil-huzul avj olardi.

«– Hozir qaytib kelarkan, keyin biz chiqib turamiz, xoʻpmi, qizlar».

«– Voy, qizlar, kechqurun qolmasmikin, ishqilib?»

«– Ja, unchalikka borishmas»

«Bu galgi guldastaning kattaligiga qaraganda, oshiq yigitning shashti ancha balandga oʻxshaydi. Bir kecha xoli qoʻysak, nima boʻpti?»

Malika qizlar atay gʻashiga tegish uchun gapirishayotganini bilsa-da, lekin negadir jahli chiqardi. Buni koʻrishib, qizlar battar hiringlab kulishardi.

Nafsilamrni aytganda Bahrom unchalik yomon yigitga oʻxshamasdi. Baland boʻyli, oppoq yuzida qora qoshlari darhol koʻzga tashlanadigan Bahrom doimo bashang kiyinib yurardi. Talaba qizlar uni goh «Olifta», goh «Oshiqu beqaror» deb atashardi. Biroq shunday yigit negadir Malikaga yoqmasdi. Yoʻq, qiz undan-da, goʻzal boʻlgani, yigitni mensimagani uchun emas, balki: «Siz odam bilan gaplashasizu ammo xayolingiz bir joyda boʻlmaydi, koʻzlaringiz doimo oʻynab turadi» deb jiddiy hisoblamagani boismi, koʻpam xushlamas edi.

Oq xalatni yechib yelkasiga tashlab olgan Bahrom esa gapdan qolmasdi: «Qara, hamma qizlar oppoq xalatda, – derdi u ba’zan oʻqishdan qaytayotganlarida. – Ularni bir-biridan ajratish juda qiyin. Toʻgʻrimi? Men esa yoʻlimda uchragan qizlarni senga taqqoslab koʻraman, xolos. Ammo hech birlari senga oʻxshamaydi. Goʻzallikda, latofatda senga teng keladigani yoʻq! Bemalol hammalarini bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyish mumkin. Toʻgʻri, men ularga qarayman, lekin birortasigayam ahamiyat bermayman, chunki diqqatimni tortmaydi. Oʻlay agar, yolgʻon gapirsam!».

Malika baribir unga roʻyxushlik bermasdi.

Ha, bugun nogoh ishxonasiga kirib kelgan kishi – oʻsha oshiq Bahrom edi. U bir oz toʻlishgan, viqor bilan yurishini qoʻymagan, qarashlari jiddiy tuyulsa-da, uni avvaldan yaxshi bilgan odam hamon nigohlari oʻynab turishini payqay olardi.
– Seni topib kelganimga hayron boʻlyapsanmi? – soʻradi Bahrom stulga yastanib oʻtirarkan.
– Yoʻq, nega hayron boʻlishim kerak. Televizorda koʻrib qolgansizu... Qani, bir koʻrib kelay-chi, Toshkentda nima qilib yuribdiykan, deb kelavergansiz.
– Toʻppa-toʻgʻri, birdan koʻrib qoldimu yoningga chopdim. Qarasam, Yunusoboddagi bu poliklinika haqiqatan ham mashhur ekan. Koʻchada kimdan soʻramay, darrov koʻrsatib berishdi. Ofarin! Malika Qoʻzieva... familiyangni toʻgʻri aytdimmi? Uzr! Malika Qosimjonovaning ishi boʻlsa kerak. Qoyil. Bunaqa ishlar sening qoʻlingdan keladi. Esimda. Amaliyot oʻtayotganingda ham vrachlardan qolishmaydi bu qiz, deyishardi. Haq gap ekan. – Bahrom xona ichiga nazar tashlab boshini qimirlatdi. Soʻng Malikaga ayyorona boqqanicha soʻradi: – Davlat yordam berayaptimi yoki homiylaring koʻpmi?
– Unisiyam, bunisiyam.
– Qoyil, Malika. Bu ishlar har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Omadingni bersin.
– Rahmat.
– Yaxshi. Demak, ishlaring zoʻr! Ha, aytganday, ering qaerda ishlaydi?
– Shuni bilgani keldingizmi?
– Toʻgʻrisini aytsam... seni koʻrgani keldim. Televizorda koʻrdimu yuragimdagi choʻgʻ hamon oʻchmaganini sezdim. Oʻzi... rostdanam unutolmay yurardim.
– Endi bu gaplarning foydasi yoʻq. Undan keyin bola-chaqali odamlarga aslo yarashmaydi.
– Bolalar oʻz yoʻliga, Malika! Bilasan, men seni qattiq sevardim. Oʻylab koʻrsam, hozir ham sevarkanman. Lekin shu paytgacha qaerda yashashingni bilolmay yurardim. Qara, niyatim xolis ekan, yana topdim. Ammo men... oʻzimga oʻzim qildim, Malika. Seni mensimaganim pand berdi. Baribir menga tegadi-da, deb oʻylabman. Oʻshanda gapinga quloq solmay, sovchi yuborishim kerak edi. Men ahmoq tayyor oshni ogʻzimdan oldirib oʻtiribman. Endi shunday alam qilyaptiki, asti qoʻyaverasan. Buning uchun oʻzimni aslo kechirolmayman, kechirolmayman, Malika!
– Oʻtgan ishga salavot.
– Yoʻq, hali ham kech emas, hammasini boshqatdan boshlashimiz mumkin.
– Nimalar deyapsiz? Men koʻchada qolganim yoʻq. Xudoga shukr, boshimda erim, oldimda uch farzandim bor. Hovli boʻlmasa-da, uch xonali kvartirada yashayman. Bunaqa gapni boshqa gapirmang. Agar... kechirasiz, men hozir yigʻilish oʻtkazishim kerak.
– Haydayapsanmi? – jahli chiqqan Bahrom asta oʻrnidan qoʻzgʻaldi. – Nahot oldingda zarracha hurmatim yoʻq boʻlsa?
– Hurmatingizni qilib kutib oldim. Ancha-muncha gaplashdik ham. Uzr soʻrab, majlisim borligini aytdim. Yana nima qilishim kerak? – Endi ancha oʻzini tutib olgan Malika mehmonning qizaringan koʻzlariga dadilroq tikildi.
– Axiyri seni topdim. Buni biror yerda oʻtirib nishonlamasak boʻlmaydi. Ayt, qay payt kelay, Malika?
– Men hech qaerga bormayman. Undan keyin bu oʻtirishimizni boshqalar koʻrsa, nima deb oʻylashadi?
– Sen u yogʻidan xavotir olma. Biz hech kim koʻrmaydigan joyda oʻtiramiz.
– Rahmat. Mening vaqtim yoʻq. Ishim boshimdan oshib yotibdi. – Malika oʻrnidan turib eshik tomonga yoʻnaldi.

Bahrom noiloj unga ergashdi. Ammo yoʻlakka chiqish oldidan Malikaning qoʻlidan shart ushladi.
– Endi meni haydab ketkiza olmaysan! Men ertaga albatta kelaman. Koʻrishguncha!

U shunday dediyu koʻzini qisib qoʻydi va shitob bilan xonadan chiqib ketdi...

Malika shular haqida oʻylarkan, Bahromning bu tashrifi tinch, osoyishga hayotiga rahna sola boshlaganini his qildi. Yuragi besaranjon boʻldi. Axir bu paytda bolajonlariga qoʻshilib dars qilayotgan yoki kundan kunga boʻyi choʻzilib husniga husn qoʻshilayotgan qizi Dilrabo bilan pichir-pichir suhbat qurib oʻtirgan boʻlardi. Ba’zida ularning gaplari yarim kechagacha choʻzilib ketardi. Ona qiziga havas bilan tikilardi. Chiroyiga koʻz tegmasin, deb oʻzicha duo qilib qoʻyardi. Nahot, bugungi uchrashuv bularning barchasiga nuqta qoʻysa? Endi Bahrom qachon kelib qolarkin, deb yuragini hovuchlab oʻtiradimi?

Malika yonboshiga oʻgirildi. Bahrom ertaga kelsa, nima deyman, qanday javob qilaman, deb oʻylagan sari oʻyining oxiriga yetolmasdi. Qaysar Bahromning kelishi esa – aniq. Ishqilib, qizining boʻyi yetib turgan bir paytda gap-soʻzga qolmasaydi. Agar bu mish-mishlar erining qulogʻiga yetib borsa... Malika u yogʻini oʻylashga qoʻrqdi. Muzaffarning ichi qora, rashk deganda birinchilardan borganmi, sal narsaga «lov» etib yonib ketadi. «Sevgan odam oʻz yoriga ishonishi kerak, deyishadi. Ammo bu kishini hech tushunib boʻlmaydi. Tavba, bir paytning oʻzida ham sevib, ham rashk qilishi mumkinmi?» – xayolidan oʻtkazadi tinchini yoʻqotgan ayol.

Malikaning bunday oliy tuygʻularni hamon tushunolmaganicha bor. Bahromni yoqtirmagani toʻgʻri. Ammo u Muzaffarni ham sevmagan. Faqat bu yigitning sevgisi haqiqiy – chin ma’nodagi ishq-muhabbat ekanligini sezgani, yurak-yurakdan his qilgani uchun ham turmushga chiqishga rozi boʻlgandi. Yangilishmagan ekan, Muzaffar uni butun borligʻi bilan suyadi, yeru koʻkka ishonmaydi.

Beshinchi kursligida uchratib qolgan Muzaffarni ham avvaliga «oʻtkinchi oshiq»lardan deb oʻyladi. Bir koʻrishda yoqtirib qolish, degan gaplarga aslo ishonmasdi. Ammo bu narsa hayotda bor ekan. Kamgap, biroq bir ilhomi kelsa, u hali eshitmagan alaqanday kitobiy gaplarni qalashtirib tashlaydigan Muzaffar ham uni koʻribdiyu sevib qolibdi. Keyin tez-tez kelib turadigan boʻldi va har gal oʻzi yozgan she’rlar bilan qalbiga ohista kirib kelganini oʻzi ham sezmay qoldi.

Kitobni sevgan, ayniqsa, she’rlar yoza oladigan kishining yuragi ham toza boʻladi, deb oʻylagan Malika jizzaxlik bu yigitning sevgisini rad etolmadi. Oʻsha sevgi kuchi hamon soʻnmagan, vaqt oʻtgan sari aksincha, kuchayib, olovlanib borardiki, oxir-oqibat bir qalbdagi mehr-muhabbat ikkinchi yurakka ham koʻchgan edi. Malika erini sevmasa-da, endi unga qattiq oʻrganib qolgan, bolalarining otasi sifatida e’zozlar, yoru birodarlarining oldida esa hurmatini joyiga qoʻyardi. Keyingi yillarda yana bir narsani his qildi: Muzaffar biror viloyatga xizmat safari bilan ketgudek boʻlsa, bir oz jahli chiqadigan, yoʻq kunlari esa sogʻinadigan boʻlib qoldi. Nima bu? Malika avvaliga tushunolmadi. Keyin oʻzicha xulosa qildi: erini yaxshi koʻrib qolgan. Sogʻinyaptimi, demak, yaxshi koʻradi. Nahot? Shuncha yildan keyin-a?

Umuman olganda Muzaffar toʻgʻri aytgan ekan «Hechqisi yoʻq, mening sevgim ikkimizga yetadi» deb. Har holda yaxshi koʻrish ham sevgiga yaqinroq tuygʻu-ku. Balki yana yillar oʻtib erini haqiqatdan sevib qolar. Axir hayotda nimalar boʻlmaydi.

Toʻgʻri, bu koʻhna dunyoda nimalar boʻlmaydi. Mana shu bugungi voqea ham hech kutilmaganda roʻy berdi-ku. Bahromni yana uchrataman, deb aslo oʻylamagandi. Biroq... «Qayoqdanam televizorga chiqdim-a?» deya oʻzini oʻzi koyiy boshladi. Ammo jurnalistlar holi-joniga qoʻyishmadi-da. «Yaxshi ishlarni targʻib qilish bizning vazifamiz!» deyishib, bir haftagacha vaqtini poylashdi. Oxirgi gapdan oʻzi ham xijolatga tushdi: «Hamma televizorga chiqish uchun tanish-bilish qidirsayu siz bizdan qochib yursangiz.» Qarasa, boʻlmaydi, noiloj rozilik berdi.

Mana, endi oʻn besh daqiqalik koʻrsatuv deb ogʻrimagan boshini ogʻritib oldi. Agar shunday boʻlishini bilganida aslo koʻnmagan boʻlardi. Shuncha yillar oʻtib gerdaygan Bahrom yodida qolibdimi? Allaqachon unutib yuborgan. Ishini oʻylaydi, bolajonlarining kelajagi haqida qaygʻuradi. Boshqa narsalarni xayoliga keltirmasdi. Ayol kishining baxti oilasida! Eng muhimi, uni joni dilidan sevadigan, mehribon eri bor. Mayli, rashk qilsa, qilaversin. Sevganidan keyin rashk ham qiladi-da! Malika ana shularni oʻylardi.

Balki shu boismi, Malika Muzaffarning biror gapini ikki qilmasdi. Asab kasalliklari shifoxonasida ishlab yuruvdi. Lekin oradan uch yildan soʻng «Menga bu shifoxonada ishlashing toʻgʻri kelmaydi, ayniqsa, kechasi navbatda qolishing!» deb qoldi Muzaffar birdan. Malika oʻylab oʻtirmadi. Eri shuni xohlabdimi, demak, rayiga qarshi bormaslik kerak, dediyu shart ariza yozdi. Shundoq yonginasidagi poliklinikada shifokor boʻlib ishlay boshladi. Keyin toʻrt yil oʻtar-oʻtmas bosh shifokor boʻldi-qoldi. Koʻngli toʻq Muzaffar esa hozir yanayam mehribon. Malika yillar oʻtib sevgi ham oʻz kuchini yoʻqotib borsa kerak, deb oʻylardi. Yoʻq, yangilishgan ekan, Muzaffarda bu tuygʻu aksincha, asta-sekin kuchayib barayotganday tuyulardi unga. Ha, erdan yolchidi.

Biroq... Bugungi uchrashuv yoki Bahromning ertaga yana kelishi toʻgʻrisidagi gap-soʻzlar Muzaffarning qulogʻiga yetib borsa nima boʻladi? Ham sevgi dardiga, ham rashk balosiga birdan mubtalo boʻlgan eri oʻzini oʻzi yeb qoʻyishi, anavi shilqim Bahrom bilan yoqa olishishi turgan gap! Jahl ustida bir nima qilib qoʻysa...

«Tuf-tuf, Xudo asrasin-a!» – Malika qoʻrqib ketdi. Boshini yostiqqa tashlarkan koʻzlarini yumdi. Lekin shu payt yoʻlakda qadam tovushi eshitildi. Malika eri kelsa hamon uxlamaganini koʻrib albatta gapga tutishidan hadiksirab shart oʻrnidan turdi. Qoʻltigʻiga katta sochiqni qisib yuvinish xonasiga oshiqdi. Eshik oldida... eri bilan duch kelganda, yo tavba, sochiqni tushirib yubordi.
– Ha, tinchlikmi? – soʻradi Muzaffar bir oz hayajonlanayotgan Malikaning holatini sezib.
– Ustimdan muzdek suv quyib chiqmasam...

Malika erining oldidan sekingina oʻtdi-da, oʻzini yuvinish xonasiga oldi. U atay uzoq yuvindi. Zora, chiqqunimcha uxlab qolsalar, deb oʻyladi. Ha, oʻyi toʻgʻri chiqdi. Yotgan joyida kitob oʻqigan Muzaffar allaqachon xurrak otardi...

* * *

Poliklinikaga ishga oʻtibdiki, azaldan mavjud boʻlgan bir fikr uni juda qiynardi. Avallari e’tibor bermagan ekanmi yoki oʻzi ham shunaqa deb oʻylarmidi, ishqilib qulogʻiga chalinadigan: «Qoʻlidan ish kelmaydigan vrachlar ishlaydigan joy!» degan gaplarni eshitib eshitmaganga olib ketaverdi.

Dastlabki paytlari unchalik bilinmadi, ammo keyinroq butunlay toqat qilolmay qoldi. Bosh vrach boʻlib ishga kirishgan birinchi kunidanoq butun oʻy-xayolini poliklinikaga boʻlgan bu sovuq munosabatni oʻzgartirish kerak, degan qat’iy bir fikr qamrab oldi. Bu poliklinika ishini tubdan yaxshilash, malakali vrachlarni jalb etish, odamlarning tasavvuri va taassurotlarini jiddiy oʻzgartirish degani edi.

«Bemorlar bu yerga noilojlikdan kelishmasin, bunaqada poliklinika ishini aslo yaxshilab boʻlmaydi. Oʻzimning, oiladagilarimning sogʻligi haqida qaygʻuradigan joy, deyishmaguncha barisi bekor. Shunga erishish uchun harakat qilishim kerak!»

Salkam uch yil ichida bormagan tashkilotiyu uchrashmagan ustozlari qolmadi. Atrofdagi gap-soʻzlarga e’tibor qilib oʻtirmadi. Yaxshilikni, yangilikni koʻra olmaydiganlarga psixolog dugonasining dono maslahatlari bilan yaxshi gaplarni ayamadi. «Oilaviy poliklinika» degan gaplar chiqqandan keyin esa mahalladagilarning munosabati haqiqatan ham ancha oʻzgardi. Endi bu yerga hatto sogʻ kishilar ham kelishar, vrachlarning iliq muomalasi, koʻyinchakligi, mahalladagilarning sogʻligi haqida doimiy qaygʻurishlari hammaning havasini keltira boshlagan va mahalla oqsoqollari bu haqida gazetaga yozishar, televideniega telefon qilishardi.

Bozor sharoiti, bozor munosabati degan harakatga soluvchi kuch hammani birday qimirlashga majbur etganday tinib-tinchimas Malika endi yuqori idoralarning eshigini dadil ochib kirardi. «Siz vrachmisiz yoki tadbirkormi?» degan savolga «Men tadbirkor vrachman!» deya dangal javob qaytarardi. Bora-bora u shaxsiy tashabbus bilan chiqib, ba’zi kichikroq shifoxonalar uchun bemalol tenglasha oladigan oilaviy poliklinika yarata oldi. «Bu maskan oʻz nomiga munosib boʻlishi kerak. Davolash klinikasining yarim ishini bajarmasa, oddiy qishloq tibbiyot punktidan farqi qolmaydi-ku. Qaerga borib davolanish kerakligini bizsiz ham bemorlar yaxshi bilishadi. Men poliklinikamizni chin ma’nodagi birinchi shifo koʻrsatadigan dargohga aylantirmoqchiman. Xoʻsh, siz bunga qarshimisiz!» Malika masalani ana shunday jiddiy qoʻyardi.

Ishlar yurishib ketdi. Katta maqsadlarni rejalashtirayotgan bosh vrachning bugungi niyati agar qonun cheklamagan boʻlsa, poliklinikani davlat ixtiyoridan chiqarib, xususiy davolash maskaniga aylantirish edi. Yarim yildan buyon yuristlar bilan munozara olib borayotgan Malika bir dunyo muammolarga, toʻsiqlarga duch kelsa-da, kayfiyatini tushirmagan, bu qiyinchiliklarga tabiiy bir hol deb qarash kerak, deb oʻzini oʻzi ovutar edi.

Adliya vazirligidan soʻng shahar sogʻlikni saqlash boshqarmasiga oʻtgan Malika ishi bitmagach ortiga qaytdi.

«Davlat muassasasini kim sizga berib qoʻyadi?» degan savolni qayta-qayta berishdi. Malika ham bilganicha javob qaytaradi: «Agar poliklinikalar ishi yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, shifoxonalardagi bemorlar soni ikki marta kamayadi. Odamlar, ayniqsa, bizning oʻzbeklar qachon kasal boʻlib, yotib qolgandan soʻnggina shifoxonaga borishadi. Bu, ayni haqiqat. Xoʻsh, endi birgina bemorni davolash uchun qancha dori-darmon ketadi, nechta vrach, qancha qarindosh-urugʻlar ovorai-sarson boʻlishadi? Agar poliklinikadagi vrach oʻz uchastkasidagi odamlarni yaqindan bilsa, ularni sogʻligida koʻrikdan oʻtkazib tursa va biz poliklinikalarni jahon andozalariga mos keladigan asbob-uskunalar bilan jihozlay olsak, nur ustiga a’lo nur emasmi?»

«Ishlang, kim sizga toʻsqinlik qilyapti. Bizda sogʻ-likni tiklash masalasi pulli emas. Davlat poliklinikasida ishlab turib ham oʻzingizni koʻrsatishingiz mumkin! Shifoxonadagi bemorlar soni ikki marta kamayar emish-a. Xoʻsh, shuncha kasalxonadagi vrachlar ishsiz qolishsa, qaerga borishadi? Har yili institutlarni bitirib chiqayotgan minglab talabalar-chi? Nega jimsiz? Bu davlat miqyosidagi masala. Siz kimligingizni unutmang. Borib oʻz ishingiz bilan shugʻullaning!»

Hafsalasi pir boʻlib ishxonasiga qaytgan Malika stoli ustida bir quchoq keladigan guldastani, uning yonida turgan kattagina shokolad qutisini koʻrdiyu... battar qoni qaynab ketdi. Ildam borib gullarni idishdan sugʻurib oldi va burchakdagi axlat chelakka qarab... otmoqchi edi, shaytonga hay berdi. Yengiltaklik qilishni oʻziga ep koʻrmadi. Kotibani chaqirdi.
– Nega bu yoqqa kiritding?
– Judayam qaysar odam ekanlar-da, – oʻzini oqlagan boʻldi kotiba nima deyishni bilmay. Soʻng astagina qoʻshib qoʻydi – Oʻzlari ikki-uch kundan soʻng kirib oʻtarkanlar.
– Yana ma’lumoting bormi?
– Yana... telefoningizni soʻrovdilar... berdim.

Endi bu gap ortiqcha boʻldi. Asablari toliqqan bosh shifokor ishxonada ekanligini unutishga bir bahiya qoldi. Agar koʻzlari jovdirab turgan kotiba qiz nigohlarini olib qochmaganida, oʻzi esa ogʻir boʻl, degan ichki bir nidoga quloq tutmaganda anchagina achchiq gap-lar ogʻzidan chiqib ketishi aniq edi.
– Agar yana bir marta shunaqangi sovgʻalar qabul qilsang yoki eshitib qolsam ham arizangni yozaver. Tushundingmi?
– Ha.
– Unda gulni ham, shokoladni ham xonamdan olib chiqib ket!
– Malika opa, – kotiba qiz ishdan haydalmaganidan sevinib koʻzlarini pirpiratganicha bosh shifokorga yuzlandi. – Meni kechiring. Boshqa qaytarilmaydi. Faqat jahlingiz chiqmasa bir gap aytsam. Bilasiz, oldingizga juda koʻp mehmonlar keladi. Har qalay... ancha mashhur boʻlib qoldik. Konfetni ularning oldiga koʻyarsiz. Axir u... pora emas-ku.

Malika joyiga oʻtirar ekan, kechagina bilim yurtini tamomlab kelgan chuvakkina qizga sinchikov nazar tashladi. Bosh vrachning bir zum jim qolganligini oʻzicha tushungan kotiba orqasiga yurishdan avval soʻradi:
– Ketaveraymi?
– Men aytgan narsalarni olib ket!

Kotiba indamay ishni bajardi.

Malika beixtiyor oʻyga toldi. «Nahot endi tinch qoʻymasa?.. Buning ustiga telefonimni ham bilib olibdi. Shu yetmay turuvdi. Hali uyimnikiniyam yozib olgan boʻlsa-ya?» Kotibani chaqirib soʻramoqchi boʻldi, ammo fikridan qaytdi. Oʻrni kelganda bilib olarman, dedi ichida. Lekin u oʻzini har qancha xotirjam tutishga urinmasin, xayoliga bostirib kelayotgan talabalik yillaridagi oʻylardan qochib qutulolmadi.

« – Nima qilsam menga tegasan, Malika?" – soʻradi Bahrom bir kuni uning yoʻlini toʻsib.

Biroq taqdirning taqozosini qarangki, oradan shuncha yillar oʻtib u Malikaning hayot yoʻlida yana «lop» etib paydo boʻldi. Bu nima, tasodifmi yoki peshonasiga shunday boʻlish azaldan bitilganmi? Bahrom oʻshanda nega «Qaerda boʻlsang ham izlab topaman. Qani, oʻshandayam qarshilik qilib koʻr-chi!» degan ekan-a? Nima, baribir izlab topishini oldindan bilganmikin, yo shunga umid qilib yurganmikin?

Nima boʻlganda ham Malika bu uchrashuvni kutmagan edi. Turmushga chiqayotganda ham, undan keyingi yillarda ham qorasini koʻrsatmagan Bahrom uning xayolidan koʻtarilgan, talabalik paytlaridagi voqealarni esa yigitlarning shoʻxligiga, bilib-bilmay qilgan oshiqona haziliga yoxud nari borsa, ularning alamiga yoʻyib qoʻygandi xolos. Lekin yolgʻon boʻlmasin, bir marta oʻyladi. Oʻylaganda ham juda qoʻrqib ketdi. Unda asab kasalliklari shifoxonasida ishlardi. Ertalabdanoq «Sizni vazirlikdan chaqirishyapti. Darhol yetib borarkansiz!» deb qolishdi. Malika oʻzi bilmagan holda hayajonga tushdi. «Vazirlikdan kelishibdi» desa, boʻlim boshliqlaridan tortib kasalxona bosh shifokorigacha oyogʻini qoʻlga olib qolishardi. Shundan bilardiki, u yerda katta bilimga, salohiyatga ega boʻlgan tajribali, shu bilan birga jahldor va qattiqqoʻl rahbarlar ishlaydi. Ular bilan nihoyatda ehtiyot boʻlib gaplashish darkor. Yaxshisi, vazirlikdan uzoqroq yurgan ma’qul.

Bunday gaplarni koʻp eshitgan Malikaning yuragini vahima egalladi. Vazirlikdan kim chaqirtirishi mumkin? Nima masalada? Buning ustiga nega darhol yetib borishi kerak?
– Kim ekan telefon qilgan? – nihoyat oʻzini qoʻlga olib soʻradi Malika.
– Shodiqulov, – qisqagina javob qildi bosh shifokor bir oz norozi ohangda.
– Shodiqulov deganlari kim, domla? – zoʻrgʻa botinib soʻradi Malika vujudidagi titroqni bosolmay.
– Bilmadim, yangi ishga kelganmish. Vazir yordamchisi ekan.

Bu gapni eshitgan Malika battar qoʻrqib ketdi.
– Sizga nima boʻldi, Qosimjonova?

Qoʻl ostidagilarni familiyasi bilan chaqirishga odatlagan bosh shifokor rangi oqargan Malikaga hayron boʻlib tikildi.

Malika bir zum joyida turib qoldi. Bosh shifokor savolini qaytargandagina oʻziga keldi. Uzr soʻrab, tashqariga chiqdi.

«Shodiqulov? Axir bu Bahromning familiyasi-ku!» Qaysi bir kursdoshidan eshitganday boʻluvdi, Bahrom vazirlikka ishga kelyaptiykan, deb. Nahot, rost boʻlsa?» Agar bu gap toʻgʻri chiqsa, Bahromning menga kun bermasligi aniq. Ana endi, alamini olishni boshlaydi. Bir vaqtlar aytganday, tegmaganimga pushaymon qiladi. Yoki ishimdan boʻshatib yuborarmikin? E, Xudo, bu ne koʻrgilik, – oʻylagandi oʻshanda Malika vazirlikka yetib borguncha, – Tinchgina ishlab turuvdim-ku. Niyatiga yetolmagan alamzada yigitni nechun yana roʻparoʻ qilding? Ayt, gunohim ne?»

Malika Sogʻliqni saqlash vazirligiga qanday yetib kelganini bilmaydi. Muhtasham bino uning nozik va ayni paytda titrab-qaqshab turgan qalbiga battar qoʻrquv soldi. Biroz baland zinapoyadan koʻtarilish ancha qiyin boʻldi, hatto endi chiqib boʻlay deganida oyoqlari chalishib yiqilib tushishiga bir bahiya qoldi.

«Nahot, odamzod shunchalar ogʻir boʻlsa?»

Binoga kirib chiqayotganlarning tikilib turganligini koʻrib uyalib ketdi. Uning uchun bu yerga yetib kelish ham, zinadan chiqish ham birday tuyuldi. Ichkariga qadam bosish esa undan-da qiyin kechdi. Bir koʻngli qaytib ketishga undardi: «Kimga roʻpara kelayotganingni bilyapsanmi? Yana qanday lavozimdagi odamga-ya! Naq vazirning yordamchisi ekan-ku. Shoshma, yaxshisi, ortingga qayt. Seni koʻrsa, eski dardlari yana qoʻzib, dilingni vayron qiladi. Undan koʻra ishingni ham yigʻishtir-da, ariza yozib, boʻshab ket!»

Endi ortga yurganda qandaydir kuch toʻxtatganday boʻldi: «Shu yerga kelganda qaytib ketasanmi? Kir, kiraver, koʻrqma! Yordamchi vazir emas-ku».

Malika nihoyat ichkariga qadam bosdi. Navbatchidan Shodiqulovni soʻraganda esa... u na kulishini, na yigʻlashini bilolmay uzun yoʻlakning bir chetida uzoq turib qoldi.

Shodiqulov deganlari butunlay boshqa odam ekan, ya’ni oʻzidan uch yil avval oʻqishni bitirgan yigit boʻlib, unga bir-ikki gap otgan, ammo Malika tomonidan «Bezori»degan tanbehdan soʻng «Bor-e!» deb qaytib gapirmay qoʻygan, lekin yaqinda kasalxonada yana nogoh uchratib, oʻzini tanishtirib qoʻyishga chaqirtirgan ekan. Malika hech narsaga tushunmadi.
– Toʻgʻrisi, sizga minnatdorchilik bildirib qoʻymoqchi boʻldim?
– Nega? – battar tajjublandi Malika.
– Opamlarga yaxshi qarabsiz.
– Opangizga?
– Oʻtgan oy Saidmurodova degan bemorni davoladingizmi?
– Ha.
– Oʻsha ayol maning opam boʻladilar. Sizni tanidim, ammo kasalxonada gapirib noqulay holatga qoʻymay dedim. Mana, endi, bemalol gaplashsak boʻladi.
– Aksincha, hozir noqulay vaziyatga tushib qoldim.
– Nega?
– Chunki, men kundalik ishimni bajardim xolos. Buning uchun vazirlikka chaqirtirib alohida minnatdorchilik bildirish shart emasdi.
– Tanishib qoʻysak, yomon boʻlmas. Ha, aytganday mendan nima yordam kerak boʻlsa, tortinmang. Mana bu, vizitkam. Lyuboy paytda telefon qilavering.

Malika bu yerda koʻp qololmadi, vazirlik binosidan gʻalati boʻlib chiqdi. Zinadan tushayotganda esa qadamlari ogʻirlashganini sezib «Tavba» deb qoʻydi oʻziga oʻzi...

Biroq, ayni paytda ham uning butun vujudiga qoʻrgʻoshin qoʻyilganga oʻxshardi. Na ishi koʻpayadi, na yurishi. Shu boismi, koʻp narsaga yetadigan aqli, endi qanday yoʻl tutish kerakligi haqida aniq bir qarorga kelishga ojiz. Voqea chigallashmay, chuqur ildiz otmay turib eriga aytsamikin? Balki toʻgʻri tushunar. Axir turmushga chiqishdan oldin Muzaffarga shunga oʻxshash gaplarni bemalol aytgan-ku. Agar yanglishmasa, «Mening orqamdan juda koʻp yigitlar yurishadi. Ular ichida gʻolib boʻlish sizga nasib etarmikin?» degandi.
– Siz albatta meniki boʻlasiz! – doim qat’iy fikr bildirardi Muzaffar.

Malika bu gaplarni eslar ekan, miyigʻida kulib qoʻydi. Chunki oʻshanda ichidan birinchi marta «Shu mulohazali, ogʻir-bosiq yigitta erga tegsammikin» degan oʻy oʻtgandi. Bunday olib qaraganda shu arzimas xayol keyinchalik uning hayotini oʻzgartirib yubordi: Muzaffar haqida koʻproq oʻylaydigan boʻldi va oxir-oqibat unga turmushga chiqdi. Hozircha ikki oʻrtadagi oʻzaro ishonch uning qalbida doimiy xush kayfiyat uygʻotardi. Ishidagi qiyinchiliklar, hecham tugamaydiganday tuyuladigan muammolar asablarini toliqtirsa-da, uydagi mehr-muhabbatga toʻla vaziyat birdan yuragini toʻlqinlantirib yuborardi. Oyijon, deya girdikapalak boʻladigan bolajonlari joniga oro kiradi. «Keldingmi, sogʻintirib yubording-ku» deya ehtiros bilan qulogʻiga pichirlab qoʻyadigan eri butun charchogʻini yozib yuboradi. Ba’zida dam olish kunlari aylanishga chiqib Muzaffarni ohista qoʻltiqlab olganda esa yanada yayrab-yashnab ketganday boʻladi...

Malika xayollar daryosiga gʻarq edi. U bir Bahrom bilan boʻladigan toʻsiqlar haqida, bir esa bu gap-soʻzlar Muzaffarga yetib borgudek boʻlsa, eriga nima vaj koʻrsatish toʻgʻrisida tinimsiz oʻylardi. Bugungi yugur-yuguri, ishi bitmay kayfiyati buzilib qaytgani esidan chiqib ham ketdi.

* * *

Kutgandan yomoni yoʻq. Xoh doʻstmi, xoh dushmanmi, shart kelib-ketgani ma’qul. Boʻlmasa, odamning diqqati oshib biror kasallik orttirib olishi hech gap emas. Butun oʻy-fikrlari algʻov-dalgʻov boʻlib ketgan Malika haftani xavotir bilan oʻtkazdi. Xonasining eshigi ochilsa boʻldi, darrov u tomonga yuzlanadi. Nogoh telefon jiringlab qolsa ham choʻchib tushadi. Lekin uning bu xatti-harakati Bahromdan qoʻrqayotganini anglatmasdi. U hamkasblarining oldida noqulay ahvolga tushib qolmay, deya xijolat tortardi, xolos. Katta bir poliklinikadagi xodimlarning deyarli barchasi xotin-qizlar. Ertalabki salom-alikdan soʻng yaxshi-yomon xushxabarlar shunchalik tez tarqaldiki, Malika hayronu lol.

Boʻlmasa u bosh shifokor sifatida xonama-xona gap tashib yoki mish-mish tarqatib yuradigan uchta hamshirani allaqachon ishdan boʻshatib yuborgan. Qat’iy tartib-intizom ham oʻrnatgan. Ammo... bu ayollar qachon bir-birlari bilan gaplashishga ulguradi, u hecham bilolmasdi.

Aslida gap-soʻzlar ham mayli, bunday olib qaraganda barchasi arzimagan mayda-chuyda oilaviy mojarolar. Malikaning xavotir oladigan joyi ayollarning ziyrak oʻtkir koʻzlari. Bu nigohlardan hech narsa qochib qutulolmaydi. Begona erkak bir marta, bor ana ikki marta kelishi mumkin, lekin uchinchi bora tashrif buyurdimi, demak, «Bir balosi bor» deyishadi.

Hamma gap ana shu «bir balosi»da. Balo oʻz nomi bilan balo. Kishining tilini qisadigan, obroʻiga putur yetkazadigan, sogʻligidan ayirib, toʻshakka mixlaydigan, oxir-oqibat esa aql-xushidan ketkazadigan bu balo – eng xavfli dushman. Oddiy mish-mishdan boshlanadi-da, katta janjal bilan tugashi yoki qoʻydi-chiqdiga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun bunday balodan Xudoning oʻzi asrasin!

Malikani tashvishga solayotgan narsa ham shunda. Bahrom bu yerda koʻp oʻralashmasligi kerak. Agar hadeb kelaversa, gap-soʻz tarqalishi aniq! Shuning uchun Bahrom yana kelgudek boʻlsa, yaxshi gapirib orqasiga qaytarib yuboraman. Agar koʻnmasa, xotiningizga aytaman, desam zora obroʻsini oʻylab kelmay qoʻysa, deb xayol qilgandi. Bahrom esa yaxshi gapga koʻnadiganlardan emas edi. U qanday shitob bilan xonaga qadam qoʻygan boʻlsa, shunday tez Malikaning yonida paydo boʻldi. Oʻpib koʻrishishga chogʻlandi: Malikaning yelkalaridan ushlab oʻziga tortdi. Biroq kutilmagan zarbdan orqasiga gandiraklab ketdi.
– Voy-boʻ, namuncha qoʻrqmasang...

Bahrom keliboq Malikani xafa qilishdan choʻchib tilini tishladi. Keyin hech narsa yuz bermaganday borib divanga oʻtirdi.
– Toʻgʻrisini ayt, orqangdan qancha yurdim. Ikki yilcha sarson qilding-a? Endi haydama meni. Sendan ajraladigan ahmoq yoʻq.
– Nima deganingiz bu? – joyiga oʻtirayotgan Malika Bahromning chaqchaygan koʻzlariga bir qarab qoʻydi.
– Bumi? Bu senga uylanmoqchiman, deganim.
– Oilangiz yoʻqmi?
– Bor! Ammo xotinimga ajrashaman, deb keldim. Uni hech qachon sevmaganman, seva olmayman ham. Men yoʻqotgan muhabbatimni qayta topdim. Tushundingmi? Qay-ta top-dim. Endi uni yoʻqotishni istamayman. Shuning uchun sen ham ajrashasan! Va biz yangi oila quramiz.

Malika kulgudan oʻzini arang bosdi.
– Aqlingiz joyidami, ishqilib? Bu gapni qaerdan oldingiz?
– Avval joyida emas edi. Xudoga shukur, hozir joyida. Ayniqsa, seni yana koʻrib qolganimdan buyon juda tiniqlashib ketgan.
– Boshimda erim, atrofimda uchta farzandim borligini aytganmidim. Men ularning yuziga oyoq bosadigan ayollardan emasman. Bunaqa koʻrnamaklik qilish mening tabiatimga toʻgʻri kelmaydi, Bahrom aka. Siz ham shaytonning gapiga kirmay, oilangizga qayting? Obroʻingizni oʻylang.
– Sen meni avramay qoʻya qol. Avval edi koʻnglingga qaraganim. Buning uchun hamon oʻzimni kechira olmayman. Noshudlik qilmaganimda balki men ham odamlarga oʻxshab baxtli hayot kechirayotgan boʻlardim.
– Nechta farzandingiz bor?
– Toʻrtta.
– Toʻrtta farzandi bor ota, baxtsiz boʻladimi?
– Xotindan yolchimadim, baxtsizligim shunda, Malika. Aslida senga achchiq qilib shart uylanib ketuvdim. Hammasi ham ayol-ku, tugʻishni bilsa boʻldi-da, deb oʻylabman. Biroq qattiq yanglishgan ekanman. Xotinniyam sal-pal yaxshi koʻrish kerak ekan. Yoshlikda bilinmas ekanu, ammo yoshing oʻtavergan sari... ayniqsa, atrofingda qizlar girdikapalak boʻlsa... boshing ham aylanib qolarkan. Mana shunaqa paytda kerak boʻlar ekan sevgi-muhabbat. Agar xotiningni sevsang, atrofdagilarga e’tibor ham qilmaysan, mabodo koʻngling yoʻq boʻlsa... E, nimasini gapiray. Lekin seni Xudoning oʻzi yoʻliqtirdi menga. Toʻgʻrisiyam, keyingi vaqtlarda seni koʻp oʻylayotgan edim, qaerdan qidirsam ekan, deb boshimni qotirardim. – Bahrom bir oz tin olgach, gapida davom etdi. – Jizzaxga ketib qolgansan, deb xavotirda edim. Buni qara, Toshkentda ekansan. Seni topganimdan behad shodman. Toʻgʻrisi, xursandligimni cheki yoʻq. Endi, yana bir tilagim qoldi xolos.
– Nima ekan u? – ajablanib soʻradi Malika.
– Senga uylanish.
– Iltimos, kulgumni qistatmang. Bu niyatingiz hech qachon amalga oshmaydi.
– Oshadi!
– Oshmaydi!
– Garov bogʻlamoqchimisan? – Oʻrnidan turib stolga yaqinlashdi Bahrom. Soʻng ikki qoʻlini unga tirab Malikaga bir zum tikilib qoldi. «Yoʻq» degan javobni eshitgach, yana jushqin kayfiyatda gapini davom ettirdi: – Unda tortishma. Bu safar ahdim qat’iy. Men telba oshiqdan xafa boʻlmaysan. Endi, mensimaganingga qarab oʻtirmayman.

Malika qaysar Bahrom bilan bahslashib, gapni koʻpaytirish befoyda ekanligini tushundi: tezroq xayrlashmasa, boʻlmaydi. Nima qilsa ekan-a? Bundan ortiq yaxshi gapirish mumkinmi?
– Xoʻsh, taklifimga nima deysan? – qayta soʻradi Bahrom stulga oʻrnashibroq oʻtirarkan.
– Yaxshi, erim bilan maslahatlashib koʻray-chi.
– Nima, endi mayna qilishga oʻtdingmi? Kerak boʻlsa, ering bilan oʻzim gaplashaman.
– Qoʻrqmaysizmi?
– Nega qoʻrqishim kerak! Seni yaxshi koʻrishimni, avvaldan men bilan yurishingni, shu paytgacha uchrashib turishimizni aytay-chi, qanday koʻyga tusharkin.
– Hali shunaqa tuhmat ham qilasizmi?
– Agar tegmasang... bundan battar boʻlishi mumkin.
– Sizni odam deb oʻylagandim.
– Mayli, nima desang ham. Lekin qaysarlik qilma.
– Keting bu yerdan!
– Tegmaysanmi?
– Hech qachon.
– Unda men bilan yurasan!
– Nima! – Malika sapchib oʻrnidan turib ketdi.
– Qizishma. Yaxshilab oʻylab koʻr, har zamonda uchrashib tursak, olam guliston. Senga qoʻlimdan kelguncha yordam berib turaman, hech narsaga zoriqmaysan...
– Agar hoziroq ketmasangiz, odamlarni chaqiraman.
– Chaqir, chaqiraver. Janjallashsak, kimga foydayu kimga ziyon. Bilib qoʻy, men hech narsa yoʻqotmayman. Sen esa juda koʻp narsalardan ayrilib qolishing mumkin. Ering, bolalaring, ishxonangdan, mahalla-koʻydagi obroʻ-e’tiboringdan... sanaveraymi? Keyin afsus qilganingning foydasi yoʻq, Malika. Xotinimga sen bilan ajrashaman, deb kelganman. Hatto Toshkentdan ish ham topib qoʻydim. Tanla: ikkidan biri, yo menga tegasan, yoki...
– Rostdan ham meni sevasizmi? – soʻradi birdan yumshab qolgan Malika.
– Sevmasam, shu gaplarni gapirarmidim, Malika, – Bahrom qanday qilib tik turganini oʻzi ham bilmay qoldi. – Ahmoq boʻlib Yangiyoʻldan kelarmidim, ishqingda adoi-tamom boʻldim-ku.
– Unda, sizdan birgina iltimosim bor.
– Bosh ustiga! Bittamas, mingta boʻlsayam gapiraver!
– Meni tinch qoʻying, shunda sizdan koʻproq minnatdor boʻlaman. Xaqqingizga duo qilib yuraman.
– Yoʻq, bu iltimosingni bajara olmayman, – Bahrom oʻzini stulga tashladi. – Qoʻlimdan kelmaydi. Endiyam noshudlik qila olmayman. Agar taklifimga rozi boʻlmasang... eringni oʻldirib ketishdan ham toymayman. Qamalsam, yoʻlini qilib uch-toʻrt yilda qutilib chiqaman-da, baribir oldingga kelaveraman. Endi mendan oʻlib ham qutila olmaysan! Bir marta edi, haydaganingda achchiq qilib ketib qolganim. Bas, endi ahmogʻing yoʻq!
– Birinchidan, erimni oʻldirish qoʻlingizdan kelmaydi, – Malika xotirjam gapirdi. – Ikkinchidan, ersiz qolganimda ham niyatingizga yetolmaysiz.
– Men bu gaplarni seni qoʻrqitish uchun aytayotganim yoʻq. Oldingda avvalgi landavur Bahrom turgani yoʻq.
– Gapirib boʻldingizmi?
– Nimaydi?
– Meni ishdan qoʻyyapsiz.
– Rozimisan?
– Sizdan nafratlanaman!
– Nafratlanasan?! Nima uchun?
– Mard erkak birovning ayoliga koʻz olaytirmaydi. Undan koʻra oʻz xotinining koʻngliga yoʻl topishga harakat qiladi. Farzandlariga tarbiya beradi, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Odob-ahloq bobida namuna boʻladi.
– Falsafangni qoʻysang-chi, Malika. Men bu yerga lektsiya eshitgani kelganim yoʻq. Bir vaqtlar qoʻldan chiqarib yuborgan muhabbatimni qaytarib olish uchun keldim, bildingmi? Endi bu yoʻlda menga hech kim va hech narsa toʻsiq boʻlolmaydi. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi. Bir marta!
– Agar toʻgʻri maslahatga koʻnmasangiz, oʻzingiz bilasiz. Biroq men endi siz bilan boshqa gaplashmayman.
– Gaplashasan. Gaplashishga majbur qilaman. Obroʻ uchun, bolalaringni kelajagi uchun shunday majbur boʻlasanki...
– Siz haqiqatan ham nafratga loyiq odam ekansiz. Sizni tanlamay toʻgʻri qilgan ekanman.
– Hali shunaqami? Nafratlanadilarmi? Nafrat qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman, senga! Undan koʻra taklifimga rozi boʻl. Har zamonda bir uchrashib tursak, tinchgina yashayverasan. Meni boshqa...

Bahromning gapi ogʻzida qoldi. Shu payt eshik ochilib oʻrta yoshlardagi juvonning xijolatomuz yuzi koʻrindi. Malika ayolni oʻylab oʻtirmay ichkariga tak-lif qildi. Gapi chala qolgan Bahrom nima qilarini bilmay labini tishlagancha Malikaga qattiq tikildi. Soʻng noiloj eshik tomon yurarkan, gʻaribona bir tovushda dedi:
– Sizdan iltimos, doʻxtir, dardimga shifo toping? Boʻlmasa, telba boʻlib qolishim hech gapmas. Men yana kelaman.

Eshikni ochgan ayol dardi ogʻir «bemor»ga yoʻl berdi. Malika qimmatbaho xalatga toʻlishib turgan, kalta sochlari xafsalasizlik bilan taralgan, yuzlari biroz soʻlgʻin, rangpar ayoldan minnatdor boʻlsa-da, aslida u shu tobda yolgʻiz qolishni, oʻzini surbetlarcha tutgan Bahrom bilan boʻlib oʻtgan suhbatni qay tarzda kechganligini, nimalarni ayta oldiyu oʻylab qoʻygan qaysi gaplari ichida qolib ketganligini qayta xayolidan oʻtkazmoqchi, oʻzicha mulohaza qilib koʻrmoqchi edi. Koʻzlarini loʻq qilib oʻzining shahvoniy his-tuygʻularini yashira olmagan, dimogʻi baland oshiqning oldida gʻururini, nomusini saqlay oldimi yoki ranglari oqarib shalvirab qoldimi? Taklifiga nima dedi? Javob qaytara oldimi?

Malika koʻrinishidan oʻttiz yoshlar chamasidagi juvonni oʻtirishga taklif qildi, ammo oʻzi xayolida ketma-ket chaqmoqdek «yalt» etib paydo boʻlayotgan savollar girdobidan qutulolmadi. Bosh shifokorning oʻychan holatini gaplarimni diqqat bilan tinglamoqchi chogʻi, deb tusmol qilgan juvon dardini shoshmasdan toʻkib socha boshladi. U qoʻlidagi kichkina roʻmolchani qayta-qayta taxlar, har zamonda gapiraveraymi, deganday shifokorga tezgina nigoh tashlab olar, ba’zan iymanib, ba’zida esa fikrini ochiqroq ifodalashga tirishar edi.

Malika ayolning uzul-yuluq gaplaridan ismi Nazokatligini, endigina yigirma uch yoshga kirganligini, befarzandlikdan alam chekaverib yurak-bagʻri ezilganini va yaqinda poliklinika atrofidagi «Boʻston» mahallasiga koʻchib kelganini anglab oldi. Lekin unda hech qachon bunday beparvo munosabat boʻlmagan edi. Kelgan har bir bemorni iloji boricha qabul qilishga, kasalini aniqlashga, davolanishiga yordamini ayamasdi. Eng muhimi, mayin tabassumi va bir ogʻiz shirin soʻzini aslo darigʻ tutmasdi. Bu safar unga nima boʻldi? Ie, barmoqlari nega titrayapti? Hali rangi ham oqarib, koʻrinishi bir holatdadir?

Malika oʻrnidan turib ketganligini sezmay qoldi. Bu paytda gapini tamomlab bosh shifokorning ogʻziga qarab turgan Nazokat ham beixtiyor joyidan qoʻzgʻaldi.
– Nima maslahat berasiz, opa?
– A-a! – savol Malikani xushyor torttirdi. Noqulay vaziyatga tushib qolganini sezib darhol qoʻliga qalam oldida bir parcha qogʻozga nimadir yozdi. Soʻng jilmayishga harakat qilib dedi: – Gapingizni tushundim, singlim. Men bir tanishim bilan gaplashib koʻraman. Erta-indin vaqti boʻlsa, borib uchrashasiz.

Bosh shifokorning holatiga tushuna olmagan Nazokat qayta-qayta «rahmat» aytib chiqib ketdi. Malika oʻrnidan turganda shkafning ichidagi katta oynaga oʻzini solmoqchi edi. Shu tobda bu narsa xayolidan koʻtarildi – asta yurib kelib oʻzini divanga tashladi.

«Demak, bu safar kelishida asl qiyofasini namoyon qildi. Avvaliga sevaman, deb yaxshi gapirib koʻrdi, boʻlmadi. Keyin qoʻrqitishga oʻtdi, eplolmadi. Endi esa... har zamonda uchrashib tursam boʻldi, emish. Voy, ahmogʻ-ey! Oʻzini kim deb oʻylayapti? Demak, u avvaldan ham sevmagan».

Malika xayolan oʻzi bilan oʻzi gaplasha boshladi. Biroq birdan eshik ochilib kotiba qiz ichkariga moʻraladi.
– Nima gap?
– Agar manda zarur ishingiz boʻlmasa...
– Tinchlikmi?
– Tikuvchimnikiga oʻtib kelmoqchiydim. Keyingi hafta... dugonam turmushga chiqayapti.

Malika nima ham derdi. Toʻyga yangi koʻylak kiyish kerak, albatta. Ayniqsa, kelinning yonida yuradigan boʻlsa... Ruxsat olgan Barnoning koʻzlari porlab ketdi. Eshik qanday ochilgan boʻlsa, shunday ohista yopildi. Malika orqasiga suyandi. Koʻzlarini yumdi. Biroq xayoliga kelgan ayovsiz fikrdan uning shahlo koʻzlari charaqlab ochildi.

«Tuhmat qilsa-ya?!»

Malikaning gʻururidan asar ham qolmadi, u tuhmat toshining zarbini yaxshi bilar, hayotida bunday baloga uchragan odamlar bilan koʻp gaplashgan, ularning ayanch-li taqdiridan, gʻam-gʻussaga botgan qora kunlaridan xabardor ham edi. Bu ofatdan Xudoning oʻzi asramasa, juda qiyin. Bandaning qoʻlidan ba’zan hech narsa kelmaydi. Uning qarshisida shunday nochor ahvolga tushib qoladiki, haqiqatni roʻyobga chiqarguncha ona suti ogʻziga keladi. Gohida kurashib magʻlub boʻlish ham hech gapmas...

* * *

Kuzning izgʻirin shamoli ta’sir qildimi, xonaga kirgan Malika anchagacha plashini yechmay oʻtirdi. Ishni nimadan boshlashni oʻyladi. Aslida u ertangi bajariladigan yumushlarni qogʻozga yozib ketishga odatlangan edi. Bunga oʻrgangani uchun ertalab reja tuzishga bosh qotirmas, kelardiyu gʻayrat bilan ishga kirishib ketardi. Mana uch kundirki, stoli ustidagi qogʻoz oppoq. Unda na biror belgi, na biror soʻz yoʻq.

Nogoh eshik taqilladi. Malika boshini koʻtardi.
– Redaktsiyadan kelishibdi, Malika opa. – dedi kotiba qiz ichkariga kirgach negadir mamnun qiyofada, – Xotin-qizlar jurnalidan ekan.
– Shuning uchun xursandmisan?
– Axir biz toʻgʻrimizda yozishsa, yomonmi?

Malikaning qoshlari tutashdi. Uning muxbirlar bilan uchrashishga, gazeta yoki televideniyaga intervyu berishga umuman xohishi yoʻq edi. Hayotida bir marta televizorda koʻrindiyu boshiga bir dunyo tashvish orttirib oldi. Endi undan qutulolmay yurganda, yana nimasi bu?

«Shu yetmay turuvdi, – oʻyladi Malika noiloj oʻrnidan turib plashini yecharkan. – Jurnaldan kelishgan boʻlsa, hoynahoy rasm ham soʻrashadi. Agar suratim Bahromning qoʻliga tushib qolsa... yana kelishini davom ettiraveradi. Ey, yoʻq, menga hech qanaqa maqtov kerak emas!».
– Kirsinlarmi?

Joyiga kelib oʻtirgan Malika bir muddat oʻylanib qoldi. Soʻng chuqur «uh» tortdi-da, kotibaga yuzlandi.
– Mayli, kirsin-chi.

Malika toʻgʻri oʻylagan ekan. Jurnalda boʻlim boshligʻi boʻlib ishlaydigan oʻrta yoshlardagi ayol atay oʻzi kelibdi, ocherk yozarmish, tadbirkor ayol, tajribali shifokor, mehribon ona sifatida ta’riflab kattagina suratni ham bosib chiqararmish. Oʻzini Sojida Bonu deb tanishtirgan muxbir ayol bir zumda yozilajak ocherkning mazmunini aytib, qahramonimni qiziqtira oldim, deb oʻyladi. Biroq, bosh shifokorning oʻychan qiyofasi uni lol qoldirdi. Koʻpni koʻrgan muxbir aslida ocherk qahramonini biroz uyalishini (nomiga boʻlsa-da), jurnalning muqovasida katta rangli surati berilishini eshitib koʻzlari sevinchdan porlashini, poliklinikadagi yaxshi ishlarni koʻrsatishga shoshib qolishini kutgandi.

Lekin Malika xotirjam edi. Goʻyo yoniga hech qanaqa muxbir kelmagan, aksincha, qandaydir bemor tashrif buyurib oʻz dardlarini shosha-pisha aytmoqdayu shifokor uning soʻzlarini jimgina, sipolik bilan eshitib oʻtiribdi.
– Xoʻsh, nima deysiz. Rejam sizga ma’qulmi? – Nihoyat hamrohining fikrini bilishga qiziqdi muxbir.
– Ocherk deganlarida maqtov koʻproq boʻladi-da. – Malika muxbir ayolga sinchkov nazar tashladi.
– Nima, bu yomonmi?
– Yoʻq, yomon emas albatta. Lekin men sizning muammoli maqola yozishingizni istardim. Ya’ni...

Shu payt kotiba qiz choy koʻtarib kirdi. Malika gapni nimadan boshlashni oʻylaguncha yana chiqib kelgan Barno qoʻlidagi shokolad qutini divan oldidagi moʻ‘jazgina ishlangan xontaxta ustiga qoʻydi, choynakdagi issiq choyni ikki marta qaytardi. Keyin mayin tabassum ila bosh shifokorga yuzlandi.
– Malika opa, divanga oʻtib bemalol suhbatlashinglar. Qani, mehmon, marhamat!

Malikaning yuziga nim tabassum yugurdi. Oʻrnidan turarkan, muxbir ayolni divanga taklif qildi. Kotiba avval mehmonga, soʻng mezbonga xuddi kelinlardek chiroyli qilib choy uzatdi. Bosh shifokor yaxshilab yuvilgan, erimay artib-tozalangan choynak-piyolaga razm solib qoʻygach, asta gap boshladi.
– Ocherkni men toʻgʻrimda emas, aksincha, meni qiynayotgan masalalar, oldimda turgan muammolar haqida yozsangiz. Yoki bir tekshiruv oʻtkazsangiz, buni sizlarda jurnalist tadqiqoti yoki jurnalist tekshiruvi deb atashadi. Ya’ni shu keyingi ikki yil ichida poliklinikamizga qarashli mahallalardan shahar shifoxonalariga nechta bemor murojaat qiladiyu ularning qanchasi yotib davolandi. Agar ilojini qilolsangiz, oʻsha bemorlarning yotgan kunlarini, davolanishga qilingan sarf-xarajatlarini ham oʻrgansangiz. Keyin ularni avvalgi yillarga taqqoslardik. Menimcha, shunda masala oydinlashadi-qoʻyadi. Biz yaxshi ishlayotgan boʻlsak, demak, hududimizdan kamroq bemorlar borgan, agar ishimiz qoniqarsiz boʻlsa, shifoxonalarda yotganlar soni koʻp. Bu tadqiqot men uchun juda zarur, Sojidaxon.

Malikaning holatida oʻzgarish boʻldi. Har zamonda choydan xoʻplab qoʻyarkan, yuragining tubiga choʻkkan shijoati, gʻayrati asta yuzaga chiqa boshladi.
– Tunov kuni vazirlikka borgandim. Katta amaldorlardan biri, biz poliklinikalarni qisqartish ustida ish olib borayapmiz. Ma’lumingizkim, bozor iqtisodiyoti sharoitida iloji boricha vositachilardan voz kechishga harakat qilinadi. Demak, biz ham oʻz sohamizda vositachilik vazifasini oʻtayotgan poliklinikalar xizmatini keskin ravishda qisqartirishimiz kerak. Bu yangi davr talabi. Bemor kasalini tekshirishi uchun poliklinikaga qatnashi, navbat kutib vaqtini bekorga sarf qilishi shart emas. Endilikda ular toʻgʻridan-toʻgʻri kasalxonalarga borib bemalol murojaat qilaverishlari mumkin. Agar shunga erisholsak, bilasizmi, qancha shtatlarni qisqartirishimiz, davlatning millionlab mablagʻlarini tejashimiz mumkin, deb qoldilar.

Lekin men boshqacha fikrdaman. Toʻgʻri, yomon ishlayotgan poliklinikalar yoʻq emas. Ularda tepsa tebranmas, quruq yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdan boshqasiga yaramaydigan vrachlar ham bor. Biroq bu barcha poliklinikalarni qisqartirish, butunlay yoʻq qilish degani emas-ku. Balki ularning ishini qayta koʻrib chiqish kerakdir, uchastka shifokorlarining mas’uliyatini oshirish lozimdir. Zarur boʻlsa, attestatsiya oʻtkazishsin, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib borishsin. Axir bu kabi ishlar vazirlikda oʻtirgan oʻsha amaldorlarning birinchi galdagi vazifasi-ku!

Siz balki ishonmassiz, biz atrofdagi mahallalarda yashaydigan odamlarning poliklinikaga boʻlgan munosabatini oʻzgartira oldik, deb oʻylayman. Hozir poliklinikamizni oilaviy poliklinika desa ham boʻladi.

Ammo yuqoridagilarning poliklinikalarga vositachi deb munosabat bildirilayotganiga hayron boʻlaman. Nima deysiz, shu muammolarni koʻtarib chiqsangiz boʻladimi? Bu yerda bizni maqtashning hecham keragi yoʻq. Aslida vazifamizni sidqidildan bajaryapmiz xolos. Maqsadimiz odamlarga birinchi tibbiy yordam berish. Siz buni balandparvoz gaplar, deb aslo oʻylamang. Ish tajribasidan kelib chiqib tibbiyot tizimini butunlay kengroq ma’noda tushuna boshlayapman xolos. Men uning asl mohiyatini endi-endi anglayapman. Ya’ni men odamlarni davolash emas, balki kasallikning oldini olish tarafdoriman. Biz katta-katta shifoxonalarimiz, ularning soni, biratoʻla yuzlab bemorlarni birdaniga qabul qilishlariyu kasalni davolashga ketgan sarf-xarajatlarning ulkanligi bilan maqtanmasligimiz kerak. Buni sogʻliqni saqlashga berilayotgan katta e’tibor emas, aksincha loqaydlik deb ta’riflagan boʻlardim. Qani, oʻzingiz ayting, Sojidaxon, yongʻinni oldini olib, hududida biror marta oʻt balosi chiqishiga yoʻl qoʻymagannimi yoki olov ichida qolgan uyni qancha kuch va texnika sarflab yongʻinni mahorat bilan oʻchirgan xodimni maqtash kerakmi?

Siz jurnalist boʻlsangiz, shular haqida yozing. Axir poliklinikalar ishi ham xuddi shunga oʻxshab ketadi. Biz mahalladagi har bir xonadonga kirib, uy egalarining sogʻligʻini nazorat qilib tursak, boshlanadigan kasallikni oldini olsak, oʻylaymanki, shifoxonalarga ogʻir ahvoldagi bemorlarning borishi keskin kamayadi. Soatlab operatsiya qilishga, oʻlim bilan olishishga koʻpam hojat qolmaydi. Menimcha, tibbiyotning asl maqsadi shunaqa boʻlishi zarur.

Malika soʻzini tamomlab muxbir ayolga koʻz qirini tashlb qoʻydi. Oradagi sukut uzoq choʻzilmasligi uchun yana oʻzi gap boshladi.
– Bu gaplar ocherkka mavzu boʻlarmikin?
– Nima ham derdim, maqsadingizni tushundim, muammolarni yoritishga harakat qilaman. Lekin sizdan ancha narsani oʻrgansa boʻlarkan.
– Koʻp gapirib boshingizni ogʻritib qoʻymadimmi, axir. – Birdan hushyor tortdi bosh shifokor. – Uzr, agar zeriktirib qoʻygan boʻlsam.
– Nega unaqa deysiz, Malikaxon. Shunday ehtiros bilan gapirdingizki, men ham toʻlqinlanib ketdim. Bir tomondan esa shunday mavzularni yoritmaganimdan xijolat tortdim. Koʻrdingizmi, xonadan chiqqandim, sizday ajoyib shifokorni uchratdim.
– Men Muzaffar akamga doim gapiraman. Jurnalistlar ham biror kasbga jiddiy ixtisoslashishi kerak, deb.
– Kechirasiz, u kishi kim?
– Muzaffar Qosimjonov. Eshitganmisiz?
– Yoshlar jurnali bosh muharririni nazarda tutayapsizmi? Hm, u kishi sizning turmush oʻrtogʻingizmi? Juda ajoyib uchrashuv boʻldi-da, Malikaxon. Tanishganimdan behad xursandman. Buni qarang, hech oʻylamagandim. Unda... rasmingizni muqovaning birinchi betiga bersak ham boʻlarkan.

Ayollarning samimiy kulgisi yangradi. Eshik ochilib kotiba qiz koʻrindi.
– Choyni yangilab kelaymi, Malika opa?
– Yoʻq, rahmat. – Muxbir oʻrnidan qoʻzgʻalarkan, minnatdorchilik bildirdi. – Qizgʻin suhbatingiz uchun sizga ham katta rahmat, endi poliklinika bilan tanishtirsangiz degandim.
– Bajonidil.

Malika yoʻl boshladi.
* * *

Kotiba eshikni ochdi...
– Sizni soʻrashyapti, Malika opa.
– Kim?
– Tanimadim. Qandaydir... erkak kishi.

Malika goʻshakni koʻtardi. Kotibaning eshitmayotganiga ishonch hosil qilgach, ovoz berdi. Ammo... keyin afsuslandi, tutoqib ketdi.
– Yana nima deysiz? Tinch qoʻyasizmi-yoʻqmi?
– Tinchlik istasang, yaxshilab gaplashib olishimiz kerak, – ovoz keldi goʻshakdan.
– Men siz bilan gaplashishni istamayman!
– Shoshma, shoshma, Malika. Birinchidan, avval gapimga quloq sol. Ikkinchidan, muhim bir narsani hal qilib olishimiz zarur. Qoʻrqma, begona joyga taklif qilmayman. Avval eshitsang-chi! Muhim boʻlmasa, telefon qilarmidim. Ha, aytganday, ertaga boshqarmada yigʻilish bor-a. Bilaman, taklif etilgansan. Borishing shart. Majlis uch soatlar davom etsa, rosa birlarda tugaydi. Demak, seni bir yarimda Oʻrdadagi Anhor kafesida kutaman. Agar ishxonangga borib toʻpolon qilishimni istamasang, albatta kelasan. Bu safar koʻp vaqtingni olmayman. Xoʻp, koʻrishguncha! Kutaman!

Aloqa uzildi. Bahrom Malikaning javobini ham kutmay atay gapni qisqa qildi. Rad javobini eshitishdan qoʻrqqanligi aniq. Buni Malika ham tushundi. Biroq u ayni paytda juda taajjubda edi. Boshqarmaga taklif etilganligini, yigʻilish qachon boshlanishiyu soat nechada tugashini qayoqdan bildiykin?

«Nahot Barnodan hamma gapni bilib turgan boʻlsa? Arzimaydigan sovgʻa-salomga sotildimikin-a?» Malika bu gaplarni koʻnglidan oʻtkazar ekan, achchigʻlandi. Hoziroq kotibani chaqirib urishmoqchi boʻldi. Lekin... u yana Rahmonning gapiga quloq tutdi. Podadan avval chang chiqarish ma’qul emasligini oʻylab fikridan qaytdi.

U endigina deraza yoniga kelganda, xoʻjalik mudiri Karim aka ruxsat soʻrab ichkariga kirdi. Qoʻlidagi qogʻozlarga qoʻl qoʻydirgach, muloyimlik bilan «Sogʻ boʻlsinlar», dedi-da xonani tark etdi.

Malika kundalik yumushlarini davom ettirmoqchi boʻldi. Ammo qayoqda. Bahromning nogoh qoʻngʻirogʻi, kun rejalaridan xabardorligi uni yana oʻylashga majbur etdi.

«Endi, osonlikcha undan qutula olmayman, shekilli. Nima qilsam ekan-a? Muzaffar akamga aytsammikin?... Biroq gapimni toʻgʻri tushunarmikinlar? Yoki biroz shoshmay turaymi? Uf, bu xira pashshadan qanday qilib qutulaman endi?»

Xayollar girdobida qolgan Malika ertangi uchrashuvning natijasini kutishni ma’qul topdi. Qani, Bahrom bu gal nima derkin?...

* * *
Tushlik vaqti boʻlgani uchunmi, kafeda odamlar koʻp edi. Malika atrofga sinchkov nigoh tashlarkan, xayajonlanayotganini, kimdandir qoʻrqayotganligini sezdirmaslikka harakat qildi. U zinadan tushgandayoq oʻrnidan turib olgan Bahromni koʻrgandi, biroq atay koʻrmaganga oldi. Erim uchrab qolsa-ya, degan oʻyda shundoq kiraverishda biroz turib qoldi. Tanish chehraga koʻzi tushmagach, havotiri ortga chekindi. U endi asta bir chetdagi stolga – Bahrom oldiga yaqinlashdi. Istamaygina bosh irgʻab salomlashdi.

– Qani, marhamat, oʻtirsinlar, – iltifot koʻrsatdi Bahrom jilmaygancha.
– Koʻp oʻtirishga vaqtim yoʻq, nima gapingiz bor? – Malika kursidan joy olarkan, stol ustidagi narsalarga tezgina nigoh tashladi. Bu yerga aziz bir mehmon keladiganday tayyorgarlik koʻrilgan edi.
– Avvalo kelganing uchun ming bor tashakkur. Sen goʻzal va latofatli boʻlish bilan birga aqlli ayol hamsan. Mendan qanchalar jahling chiqmasin, baribir mulohaza qilib ish yuritishingga ishonardim. Qani, mana bulardan ol-chi, – Bahrom gap orasida Malikani tamaddi qilishga chorlar, goh yaxna sharbatdan, goh choydan quyib uzatar, ikki koʻzini qimtinibgina oʻtirgan ayoldan uzolmas edi. – Endi senga rostini aytay, bir dargohda oʻqiganimiz, oʻtmishga aylangan boʻlsa-da chinakamiga yaxshi koʻrganim hurmati, senga aslo yomonlik istamayman. Tunov kungi ahmoqona gaplarimni unut. Oldingga qanday borib qolganimni, nimalar deb aljiraganimni oʻzim ham bilmayman. Toʻgʻrisi... oʻsha kunlari xotinim bilan it-mushuk boʻlib yuruvdim. Alamimni kimdan olishni bilmay turganimda nogoh televizorda seni koʻrib qoldim. Hayotimda menga shunday badbaxt xotin uchraganiga, turmushim zahar-zaqqumga aylanganiga, umrim shu shallaqi ayol bilan oʻtayotganiga seni aybdor deb oʻyladim-da, uydagi bor narsalarni ostin-ustun qilib yubordim. Aslida esa... bunga oʻzimning noshudligim, sen uchun kurashmaganim sabab edi. Ha, ayb oʻzimda. Ammo bu haqiqatni tan olish juda ogʻir kechdi, Malika.

Bahrom bir zum tin oldi. Boʻsh qadahlarni aroqqa toʻldirgach, birini Malikaga uzatdi. Ayol aftini burishtirdi. Bahrom majbur qilmadi. Qoʻliga qadahni olib, unga tikilib turdi-da qaytib joyiga qoʻydi. Yana Malikaga tikilarkan, bir yutinib qoʻyib gap boshladi.
– Keyin... keyin koʻzimga hech narsa koʻrinmay qoldi. Shaharda qolganingni, qaerda ishlashingni bildim-u toʻgʻri oldingga keldim. Oʻshanda shaytoniy xayollar aqlimni oʻgʻirladi. Sen haqingda turli boʻlmagʻur oʻylarga bordim. Kimga turmushga chiqdiykin? Eri qanaqa odamiykin? Axir u hech kimni sevmasdi-ku, eri bilan allaqachon urishib qolgandir, balki ajrashgandir yoki birortasi bilan... e, nimasini aytay senga. Boshim aylanib, aqlimni yoʻqotdim. Shuning uchun avvaliga yaxshi gapirdim, keyin yuragingga qoʻrquv soldim. Vahima qilsam, taklifimga rozi boʻlarsan, deb oʻylabman-da. Oʻsha paytdagi birdan-bir maqsadim seni bagʻrimga bosish, nima qilib boʻlsa ham senga yetishish edi. Ahmoqlik ham shunaqa boʻladimi? Bularni aytishga... ha, mayli, oʻtgan gaplarni unut, Malika. Bu yerga taklif qilganimning sababi bitta, u ham boʻlsa – sendan kechirim soʻrash. Ha, oʻsha kuni toʻgʻri aytding, sevgan odam bunaqa qilmaydi, deb. Haqiqatan ham shaytonning gapiga kirib tinchingni buzdim, yuragingga ozor yetkazdim. Endi oʻylab qarasam, katta xatoga yoʻl qoʻygan ekanman. Men sevgan odamning emas, alamzada erkakning ishini qilibman. Iltimos, mendan jahling chiqmasin. Agar kechirolsang oʻzimni baxtli hisoblardim. Negaki, senga doʻst tutinaman deb naf-ratingga uchrab oʻtiribman. Men ahmoqligimni endi bildim.

Sen... hamon oʻsha men bilgan goʻzal va vafodor Malikaligingcha qolibsan. Senga baxt tilayman, Malika, haqiqiy baxt. Endi senga yana yetisholmagach, xotinim bilan yarashishga, oʻsha shallaqi bilan yana murosa qilishga toʻgʻri keladi. Sen haq gapni aytding, toʻrtta bolada nima gunoh. Yana ularning uvoliga qolmay. Ha, aytganday, xotinga mana bu sovgʻani oluvdim. Bir koʻr-chi, soxta emasmikin?

Malika sekin oqayotgan anhordan koʻz uzib Bahromga qaradi. Bu oʻsha kungi qoʻpol, shiddatkor, niyati buzuq Bahrommi yoki... Nahot bir haftaning ichida shunchalar oʻzgargan boʻlsa? Balki rostdan ham uni sinab koʻrish uchun har xil gaplarni aytgandir. Axir bir gal suhbatda eri ham xuddi shunday gap qilgandi: «Erkakning tabiati shunaqami, goʻzal xonimlarni koʻrganda atay gap tashlab koʻradi. Qanday ayolligini bilishga qiziqsa kerak-da». Demak, Bahrom shunday yoʻl tutdimikin? Endi qoʻlga kiritolmasligiga aqli yetib «kechirim» soʻrayotganmikin?.

Biroq uning koʻzlari bu safar ham aldamayaptimikin? Bir tekisda, xuddi yodlab olganday mayin va ta’sirchan soʻzlari yurakdanmi yoki bu chekinishning ortida qandaydir sir bormikan? Bahromning uzr soʻrashini oʻziga mulohaza qilib koʻrayotgan Malikaning xayolida turli oʻy-fikrlar charx urardi.

U ayni paytda oʻzini or-nomusi toptalgan, nohaq xoʻrlangan odamday his qilar, muz qotgan yuragi gʻazab va nafratga toʻla edi. Bu jajji yurakdagi muz qatlami shu qadar ulkan, shu qadar cheksiz ediki, uning atigi bir chetini, bir boʻlagini ilitmoq juda mushkul edi.
– Men bunaqa narsalarni tushunmayman.
– Har qalay ayol kishisan-ku, bir koʻr-chi? Qoʻrqma, senga berayotganim yoʻq-ku.

Bahrom tilla zanjirni osiltirib turaverdi. Malika noiloj qoʻlini choʻzdi. Keyin bir zumgina koʻrgan boʻldiyu darrov egasiga qaytardi.
– Haqiqiymi?
– Shunaqa boʻlsa kerak.
– Rahmat senga.

Bahrom bir zumga gapidan toʻxtadi. Ofitsiant ayol ikki kosada yarimlatib quyilgan issiq ovqat keltirib qoʻyib ketdi. Malika nazarini solib ham qoʻymadi. Tobora toʻlqinlanib borayotgan Bahrom gapi uzilganidan jahli chiqdi, lekin «yoqimli ishtaha» tilagan fartukli ayolga indolmadi. Malikani ovqatdan ichishga undadi. Keyin yana gapini davom ettirdi.
– Agar xafa boʻlmasang, bir narsani soʻrasam. Avvalo, bunday boʻlishini aslo xohlamayman. Lekin mobodo, ering senga xiyonat qilganini bilib qolsang...
– Muzaffar akam siz oʻylagan erkaklardan emas!
– Buning uchun ming rahmat unga. Men faqat mabodo deb soʻradim, xolos.
– Ajrasharmiding yoki senam yurib ketasanmi, degan savollaringiz ham bordir?
– Umuman...
– Bunaqa narsalarning tashvishini qilmay qoʻyaqoling. Har qanday sharoitda ham sizga ishim tushmaydi.
– Hozir gapirish oson, Malika. Chunki bunaqa voqea boshingga tushmagan. Undan keyin eringni begona ayollar bilan don olishib yurganini bilmaysan. Agar eshitsang, oʻzingni qaerga qoʻyishni bilmay qolasan. Dunyo koʻzingga qorongʻu koʻrinib ketadi. Yurish-turishingda halovat yoʻqoladi, yeb-ichishingda esa maza-matra boʻlmaydi. Hatto bolalaring ham senga yupanch boʻlisholmaydi. Shunday ruhan tushib ketasanki, nihoyat, oʻzingni oʻzing oʻldirishga qasd qilasan. Biroq... oʻldira olmaysan. Oxirating kuyib ketishidan qoʻrqasan. Bu yomon narsa, Malika. Avvalo boshingga tushmasin. Tushsa, sen mehr qoʻygan, pokdamon er deb yurgan aziz kishi yuzingga nohaq tarsaki tushirganday yoki boplab tuflab yuborganday boʻladi. Keyin esa... bu dunyoda yolgʻiz qolgan yetim qoʻzidek boshingga ne tashvish-u malomatlar, ne-ne koʻrguligu jabr-jafolar tushishini bilmay sarson-sargardon kezasan.
– Shifokorlik kasbini tashlab, falsafadan dars bermayapsizmi mabodo?
– Sen kulma, Malika. Bu shafqatsiz dunyoda nimalar boʻlmaydi, deysan. Kutilmagan voqealar, nohaqligu baxtsizliklar oldida bosh egib qolishing mumkin. Bilmadim, oʻshanda ham kularmikansan yoki...
– Nimaga shama qilyapsiz? – Malika oldiga qoʻyilgan kosadagi ovqatni nariga olib qoʻydi.
– Ozgina ichsang-chi! Qoʻrqma, kuf-suf qilinmagan.
– Xuddi biror narsani biladiganday bemalol gapirganingizga hayron boʻlyapman-da.
– Hayron boʻlma, shunchaki soʻradim-qoʻydim. Eringga ishonganing yaxshi, albatta. Faqat... juda qattiq ishonaverma, demoqchiman, xolos. Ha, aytganday, sendan yana bir narsani soʻramoqchi edim.
– Yoʻq, rahmat, endi men turaman.
– Hozir, bir daqiqa. Soʻng ikkimiz birga turamiz. Men seni kuzatib qoʻyaman.
– Kerak emas! Men oʻzim ketaman.
– Ha, yaxshi.

* * *

Malika yolgʻiz qoldi deguncha oʻzi bilan oʻzi gaplashadigan boʻlib qoldi.

«Nahot Muzaffar akam menga xiyonat qilayotgan boʻlsa?» Oʻyida tinimsiz charx urayotgan bu gumondan qutulishning chorasi yoʻq.

Kechalari uyquning oʻrniga shu shubha paydo boʻlardi.
– «Oila va jamiyat» gazetasida «Endi nima qilay?» degan maqolani oʻqidingizmi? – soʻradi Malika dam olish kuni eridan gap olish maqsadida.

Tushlikdan soʻng endi divanga yonboshlagan Muzaffar erinibgina xotiniga joy boʻshatdi. Malika erining yoniga oʻtirarkan, qoʻlidagi gazetaga termuldi. Er-xotin bunday maqolalar yuzasidan tez-tez fikrlashib turishlari bois, bu aslida odatdagi savol edi. Ammo shu safar Muzaffar peshonasini tirishtirdi. Soʻng qoʻlini Malikaning yelkasiga asta tashlarkan, norozi qiyofada dedi:
– Ke, qoʻy, birovlarning muammosini. Ishdan ham gap ochmasang, juda yaxshi boʻlardi.
– Nega endi? – ajablandi Malika erining qoʻlini yelkasidan olarkan. – Yoki oʻzingiz hayotiy biror voqea-ni gapirib berasizmi?
– Qanaqa voqeani?
– Deylik, sizni bir ayol yoqtirib qoldi. Uylanganingizni, hatto farzandlaringiz borligini ham biladi. Ammo shularga qaramay yoqib qoldingiz. Bu haqda noqulay boʻlsa-da u sizga gapirdi. Xoʻsh, nima qilgan boʻlardingiz?
– Yoqtirishini davom ettirishini soʻrardim.
– Nima uchun?
– Bu uning shaxsiy ishi. Istaganicha yoqtiraversin.
– Hazil qilmay gapirsangiz-chi!
– Hazili yoʻq, – jiddiy ohangda javob qildi Muzaffar. – Meniyam ayollar yoqtirsa, bu yaxshi gap-ku?
– Yoqib ketdimi, deyman. Balki, siz ham birortasini yoqtirib qolgandirsiz?
– Nega endi birortasini, masalan, menga koʻp ayollar yoqadi.
– Rostdanmi? Demak, menga xiyonat qilayotgan ekansiz-da...
– Yoqtirish bilan xiyonat oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor, – Malikaning gapini choʻrt kesdi Muzaffar.
– Kechirasiz, menimcha, orasi bir qadam, xalos.
– Nahot?
– Ha, shunaqa.
– Lekin sen bu gal bahslashmoqchi boʻlgan raqibga oʻxshamayapsan qandaydir... Oʻzingni gʻalatiroq tutyapsan-da. – Muzaffar oyoqlarini yigʻib butun vujudi bilan xotini tarafga qarab oʻtirdi.
– Sizga koʻp ayollar yoqishini bilmagan ekanman.
– Rashk qilayapsanmi?
– Nega endi?
– Ayol kishi oʻzining chiroyli odobi, muomalasi, yurish-turishi bilan oʻzga erkakning hurmat-e’tiboriga sazovor boʻlishi mumkin. Bu munosabatlarning sevgi yoki xiyonatga umuman aloqasi yoʻq.
– Qaysi bir kitobda: mutloq vafoli erkaklarni «Qizil kitob»dan qidirish kerak, deb yozishgan ekan.
– Balki bu gapni ishxonangdagi gʻiybatchi ayollardan eshitgandirsan?

Malika eriga tezgina qarab olarkan, kitobdan oʻqiganini ta’kidladi. Muzaffar xotiniga yaqinroq surildi.
– Shu bugun tinchgina dam olsak boʻlmaydimi?
– Boʻlmaydi.

* * *

Kuzning goh iliq, goh izgʻirinli kunlari qizgʻin ish bilan oʻtib borardi.

...Qish boshlangan kunlarning birida endigina tushlikdan qaytgan Malika stoli ustida daftar hajmicha keladigan och jigarrang konvertni koʻrib taajjubga tushdi. Bir koʻngli Barnoni chaqirib soʻramoqchi boʻldi, ammo tezda fikridan qaytdi. Asta joyiga oʻtirarkan, qoʻliga qaychi oldi.
– Rasmlarmi?

Malika konvertni yonidan ochib uning ichidan anchagina suratlarni oldi. Keyin ularga qoʻrqibgina nigoh yugurtirarkan, birdan boʻshashib ketdi: goʻyo ustiga kimdir muzdek suv quyib yubordi. Biroz oʻziga kelgach rasmlarni bittalab koʻra boshladi. Ammo endi uning koʻzlari kattalashib, yupqa lablari titrashga tushdi. Soʻng ichida nimadir olovlandi, harorat butun vujudini qizdira boshladi. Shart oʻrnidan turib ketdi. Rasmlarni stol ustiga yoyib tashladi. Nigohi suratdan-suratga oʻtarkan qanday qilib baqirib yuborganligini oʻzi ham sezmay qoldi:
– Voy, iflos-ey!

Malika ichidan toshib kelayotgan gʻazab va nafratni bosa olmadi: stoli ustini sidirib yuborgandi, rasmlarga qoʻshilib turli qogʻozlar ham polga yoyildi. Nogoh orqasiga yurgandi, kursi agʻdarildi. Gursillagan ovozdan xavotirlandimi, eshikda kotiba qiz koʻrindi.
– Yop eshikni!

Eshik qanday shoshib ochilgan boʻlsa, shunday tez yopildi. Figʻoni falakka koʻtarilgan Malika bir zum nima qilarini bilmay qoldi. Soʻng bilinar-bilinmas titrayotgan qoʻllari bilan stolga tayandi. Ammo bu holatda koʻp turish mumkin emasdi. Istagan paytda xonaga kimdir kirib qolishi... Xudo koʻrsatmasin, mabodo rasmlarga koʻzi tushsa... Malika aqlini yigʻdi, tishini-tishiga bosganicha suratlarni toʻplab, yana konvertga joyladi. Ish joyini biroz tartibga keltirgan boʻldi, keyin asta divanga kelib oʻtirdi.

«Voy oʻlay, endi nima qilaman!». Malika ichida boshlangan gʻalayonni bosish uchun koʻzlarini yumdi, boshini divanga qoʻydi. Yoʻq, u xayollar girdobidan qutulolmadi.

... Shahd bilan yotoqxonaga kirgan Malika yanglishmagandi. Ishdan kelgan Muzaffar kiyimlarini almashtirgach, odatdagiday bir zum dam olish uchun oʻrniga choʻzilgan edi. Malika eshikni zichlab yopgach, qoʻlidagini eriga otdi. Muzaffar epchillik qilib ilib olmaganda, yarim kilocha keladigan konvert «shap» etib yuziga tushishi aniq edi.
– Nima bu? – xotinining kutilmagan zardasidan jahli chiqsa-da er oʻzini qoʻlga oldi. Toʻgʻrisi, rangi oqarib titrab-qaqshab turgan Malikaning tajovuzkor holati achchiqlanishiga yoʻl qoʻymadi.
– Siz, siz munofiq, ekansiz. Bildingizmi?
– Munofiq!
– Ha, undan ham battarsiz. Sizdan nafratlanaman! Uyatsiz! Xotinboz! Xoʻsh, kim u? Qaysi oʻynashingiz?!
– Qaerdan olding bularni? – nihoyat tilga kirdi Muzaffar. U oʻsal boʻlganidan shunchalar qizarib-boʻzarib ketgandiki, umrida hech qachon bunaqangi ayanch-li ahvolga tushmagan edi.
– Nima ishingiz bor? Nima, xotinim menga ishonadi, orqamdan poylab yurmaydi, istagan paytimda maishat qilaveraman, deb oʻylaganmidingiz! Odamlar gapirishganda ishonmagandim, endi oʻz koʻzim bilan koʻrib turibman. Kech boʻlsayam, koʻzimni moshdek ochib qoʻyishdi. Afsus, shuncha umrim bekor ketdi. Tanlab-tanlab xotinboz bir shoirga erga tegibman-a!
– Boʻldi, bir pas shoshmay tursang-chi!
– E-e, yoʻq, endi, siz shoshmay turing. Meni shu paytgacha laqillatib yurganingiz yetar. Nahot, umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan, buning ustiga sevib uylangan er fohisha bir ayol bilan koʻcha-koʻyda quchoqlashib, oʻpishib yursa? Hali, boshqa holatdagi suratlaringiz ham bordir? Ularni qachon olaman!
– Nimalar deyapsan, Malika! – Muzaffar rasmlarni otib yubordi – Bular gʻirt tuhmat-ku! Men umuman begona ayol bilan boʻlmaganman!

Bu gapni eshitib Malika battar tutoqib ketdi. Rasmlar ichidan birini qoʻliga oldi-da barmogʻi bilan niqtab dedi:
– Unda, mana bu qaysidir koʻl boʻyida yalangʻoch ayolning ustida yotganingiz ham yolgʻonmi? Ana shu fohisha bilan mashinada oʻpishib turganingiz-chi?
– Hozir senga hammasini tushuntirib beraman. Oʻtir, – Muzaffar oʻrnidan turib Malikaning qoʻlidan ushlab oʻtqazmoqchi boʻldi.

Malika shart qoʻlini tortib oldi.
– Keragi yoʻq, shundoq ham hammasi oydek ravshan! Endi siz bilan yashashga or qilaman. Marhamat, mard boʻlsangiz, uyni boʻshatib qoʻying. Boʻlmasa, men ketaman. Bolalarimni olamanu, boshim oqqan tomonga joʻnayman!
– Malika, Malika, – xotinini tinchlantirishga urindi Muzaffar.
– Siz bilan boshqa gaplashmayman. Urush-janjal ham qilmayman. Yaxshilikcha ajrashaman-qoʻyaman.
– Gapimga quloq solmaysanmi?
– Yoʻq.
– Avval eshitsang-chi? – astoydil jahli chiqdi Muzaffarning.
– Agar men nomusimni saqlay olmaganimda, qoʻlingizga begona erkak bilan oʻpishib turgan rasmlarimni berib ketishganda siz nima qilgan boʻlardingiz? Meni kechirarmidingiz? Gapiring!.. Yana shunaqa, pichoqni avval oʻzingga ur, ogʻrimasa birovga! Gap tamom! – Bevafo erning keragi yoʻq, menga.
– Shunaqami? Tushunishni istamaydilarmi? Yaxshi, keyin afsus qilmaydilarmi?
– Afsus qilsam, ersiz oʻtarman.
– Nimayam derdim, – bir oz oʻylanib turgan Muzaffar eshik tomonga yoʻnaldi. – Ammo ketish oldidan bir gapni aytib qoʻyay. Men bu ayol bilan umuman birga boʻlmaganman. Xohla ishon, xohla ishonma. Biroq atay uyushtirilgan qandaydir boʻlmagʻur rasmlarni deb ajralib ketishimiz bu gʻirt ahmoqlik. Qoʻyayotgan sharting ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Kimdir bizni urushtirib qoʻymoqchi. Ajrab ketishimizni xohlayapti. Mana bu rasmlarga qarab shunday xulosaga keldim. Sen esa qaysidir gʻalamisning boʻhtonlariga darrov ishonyapsan, oʻylamay-netmay laqqa tushyapsan.
– Suratlar tuhmat emas. Sizning jirkanch basharangizni fosh qiluvchi haqiqat ular! Oʻzingizni oqlamay qoʻya qoling. Siz bilan bir daqiqa ham yashay olmayman.
– Bolalarni tirik yetim boʻlishini istaysanmi?
– Ularga ham xotinboz ota kerak emas. Agarda mana bu rasmlarni koʻrishsa bormi, bir umr aftingizga qarashmaydi.
– Jinni boʻldingmi?
– Unda tinchgina keta qoling.
– Demak, oxirgi gaping shu!
– Ha!

Muzaffar noiloj kostyumini yelkasiga tashladi. Malika nimadir demoqchi boʻlgan iltijoli nigohlardan koʻzini olib qochdi.

Eshik «Qars» etib yopildi.

Biroq xiyol oʻtmay eshik qayta ochilganday boʻldi. Malika «Uf» tortib yoʻlakka chiqarkan «Yana nega qaytdingiz?» deb eriga jahl qilmoqchi edi, biroq... tili gapga aylanmadi: lang ochilgan eshik oldida tirjaygancha Bahrom turardi.

Malika turgan joyida qotib qoldi. Qoʻrqib ketganidan ranglari oqardi. Oʻziga kelib eshikni yopmoqchi boʻlgandi, nimagadir qoqilib yiqilib tushay dedi. Shunda u seskanib ketdiyu...

Xayolini yigʻib oldi.

Ichiga tuflab qoʻygach, asta oʻrnidan turdi. Xonadan chiqar ekan, oʻyladi: «Nahot, bu rasmlar rost boʻlsa? Bahromning yoz boʻyi qilgan ishi shumikin hali?. Nima qilsam ekan-a? Avval tekshirib koʻrsammikin? Ha, aytganday, avval Baxtigul bilan maslahatlashsammikin?»

Malika uyga yetib kelguncha tuzgan rejasini hozircha sir tutishga qaror qildi.

* * *

U ishdan shunchalar horib qaytdiki, na kechki ovqatni yeyishga, na bolalar bilan gaplashishga kayfiyati boʻlmadi. Oʻzini qoʻlga olishga qaror qilgani rost, biroq ichki bir iztirob, darz ketgan yurak tugʻyoni yetilib kelayotgan vulqonni eslatardi.

Soat oʻn birga yaqinlashganda eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Bolalari uxlab qolgan shekilli, qoʻngʻiroq qayta ovoz berdi. Malika noiloj oʻrnidan turdi. Qovoqlari osilgan, ovzoi buzuq eriga koʻzi tushib hayron boʻldi va istar-istamas salom berdi-da oshxona tomonga oʻtib ketdi.

Tishini tishiga qoʻyib choy qoʻydi, qizi tayyorlagan ovqatini isitdi. Biroq Muzaffar hadeganda yotoqdan chiqavermadi. Odatda u ishdan kech kelishiga qaramay, uyga quvnoq kayfiyatda qadam ranjida qilardi. Kiyimlarini tez almashtirardi-da «Xoʻsh, jonim, bugun qoʻllaridan qanday taom yeymiz?» deya oshxonaga kirib kelar, sevimli yorini yelkalaridan quchib (agar bolalar boʻlmasa), boʻynidan asta oʻpib qoʻyardi. Bunga oʻrganib qolgan Malika shu tobda achchiqlangan holatda boʻlishiga qaramay biroz xavotirlandi. Keyin oʻyladi: «Rasmlarni koʻrdimikin? Balki shuning uchun kayfiyati yoʻqdir?».

Malika dasturxon yozishdan avval, nimadir bahona qilib xonalariga kirdi. Kirdiyu ishdan qanday kiyimda kelgan boʻlsa, shundayicha oʻringa tashlagan erini koʻrib battar taajjublandi. Dim tushgancha yotgan Muzaffar oyoq tovushini eshitsa-da oʻgirilib ham qoʻymadi.
– Nima yotish bu, Mu..., – nihoyat tilga kirib soʻradi zardasi toshgan Malika, biroq u erining ismini aytib chaqirishdan oʻzini tiydi.
– Nima gap? – Birozdan soʻng yana qaytardi Malika.
– Ishdan boʻshatishdi, – dedi Muzaffar boshini salgina koʻtarib, lekin uning ovozi juda zaif eshitildi.
– A-a...

Malika tilini tishladi: sal boʻlmasa «Ajab boʻpti!» deb yuborayozdi.
– Nega boʻshatishdi? – oʻzini xotirjam tutishga uringan Malika beixtiyor deraza raxiga suyandi.

Muzaffar istamaygina yonboshiga agʻdarildi. Soʻng xotiniga koʻz qirini tashlarkan, gʻijinib gap boshladi.
– Bir firibgar ayol meni toza bopladi. Biz uni tuppa-tuzuk shoira deb yursak, uchiga chiqqan gʻirt koʻchirmachi ekan. Zulfiyaning she’rlarini faqat sarlavhasini oʻzgartirib olib kelsa, qaramasdan bosib yuboribmiz. Mana, – Muzaffar yon choʻntagidan ikki bukilgan jurnalni olib oyoq tomoniga tashladi. – Padaringga ming la’nat.

Malika jurnalni varaqlar ekan, uning oʻrta sahifasida jilmayib turgan ayolga nigohi tushdi-yu... birdan quti uchib koʻzlari qinidan chiqib ketayozdi.
– Axir bu, bu... – nafrat tuygʻusi shunchalar kuchli ediki, u birdaniga portlagani tufayli Malikaning boʻgʻziga tiqildi.

Muzaffar yalt etib xotiniga qaradi. Malika rasmlarni oʻzi bilan olib kelmaganiga juda afsuslandi. Agar yonida boʻlganda rosa mavrudi kelgan ekan-da: suratlarni bitta-bitta erining basharasiga otardi. «Manavi oʻynashingiz-ku bu ayol!» deb sharmandasini chiqarardi.

Malika jurnalni beixtiyor gʻijimlay boshladi. Muzaffar uning bu qiligʻini tushunmay angrayib qoldi. Vujudini nafrat tuygʻusi egallay boshlagan ayolning xayolidan ayni paytda. «Aldagan boʻlsa, juda boplabdi. Sizga oʻxshagan xotinbozlarni xuddi shunaqa qilib ta’zirini berish kerak. Tavbasiga tayantirish zarur!» degan fikr kechdi.
– Senga nima boʻldi, Malika? – oʻrnidan turib ketgan Muzaffar xotiniga yaqinlashdi.
– Qaytar dunyo deb shuni aytsalar kerak-da. Birovni aldamoqchi boʻlasan-u, ammo oʻzingni oʻzing aldayotganingni bilmaysan. Qilgan gunohimni hech kim koʻrmayapti, deb oʻylaysan. Ammo bir kun kelib shunday sharmandai sharmisor boʻlasanki...
– Nima deganing bu?
– Tushunmadingizmi?
– Yoʻq.
– Qiziq... shu narsani deb ishdan boʻshatishdimi?
– Ha.
– Avval tanimasmidingiz bu ayolni?
– Bir-ikki koʻrganman, – dedi Muzaffar ancha siniq ovozda. Biroq sal oʻtmay qiyofasiga jiddiy tus berdi. – Mening oʻrnim kimgadir kerak boʻlgan. Boʻlmasa, bunaqa materiallarni nazm boʻlimi tayyorlaydi. She’rlarni tekshirish ham ularning vazifasi. Ammo... kaltak negadir mening boshimda sindi. Ha, mayli, bu kunlar ham oʻtib ketar.

Muzaffar xotinining qoʻlidagi jurnalga qoʻl choʻzar ekan, hamon hayratda edi. Koʻzlarida gʻazab uchquni sachrayotgan Malikaning ayni paytdagi holati vahimali edi. Uning nimadir demoqchi boʻlib turganligini Muzaffar ichki bir tuygʻulari ila sezib turardi. Gʻijimlab tashlangan jurnal, goh qimtilgan, goh bilinar-bilinmas titragan nozik lablari, ba’zida ma’yus, ba’zida esa chaqnab turgan shahlo koʻzlari Muzaffarni taajjubga solar, goʻyo u qandaydir sirdan voqif, nimanidir biladiyu, ammo aytishga qiynalayotganday tutardi oʻzini.
– Jurnal menda turadi.
– Nega? – battar hayratlandi Muzaffar.
– Sizni ishdan olishgan kundan esdalik uchun. Undan keyin mana bu ayol menga yoqib qoldi. Ba’zida suratini koʻrib turaman.
– Ustimdan kulyapsanmi? – dedi Muzaffar biroz sarosimaga tushib.
– Nega endi? Mening erimni sharmanda qilib obroʻsini tushirgan, jonajon ishidan ketishga majbur qilgan soxta shoira bilan bir uchrashmoqchiman.
– Nima? E, qoʻysang-chi boʻlmagʻur gapni. Men oʻzim...
– Tilingiz qisiq joyi yoʻqmi, ishqilib? – Malika xonadan chiqarkan, erining gapini boʻldi.
– Yoʻoʻq, – dedi Muzaffar boʻgʻiq ovozda.

Malika erining yonidan oʻtarkan, koʻzlariga razm tashladi. Muzaffar doska oldida savolga javob bera olmagan oʻquvchiday birdan qizarib ketdi, soʻng negadir yutinib qoʻydi.

Malika boshqa indamadi.

Xonadan chiqib ketishi bilan Muzaffar oʻzini yana oʻringa tashladi.

* * *

Keyingi kunlarda Malikaning qoʻli ishga bormay qoldi. Goʻyo kimdir uning orzu-umdlarini chilparchin qilgan-u endi kelajakdan najot yoʻq. Rahbarning gʻayrat-shijoati soʻnganini xodimlar allaqachon payqashgan, ishdan ketgan eri toʻgʻrisidagi mish-mishlarni ham eshitib ulgurishgan. Ammo bular haqida hech kim goʻyo gaplashmaydi. Bir qarashda har kim oʻz vazifasini bajarish bilan band: ortiqcha gap-soʻz eshitilmaydi, bekorchi yugur-yugur koʻzga tashlanmaydi.

Malika hamkasblarining samimiy munosabatlarini sezib tursa-da, lekin nazarida ular sal boshqacharoq boʻlib qolganday tuyulardi. Aslida u oʻzini qiynar, ichidan zil ketar, mehr qoʻygan eri xiyonat qilganiga sira chiday olmayotgan edi. Figʻoni koʻkka koʻtarilgan paytlarda «hozircha jim turish kerak» degan qarorni buzib, eri bilan orani ochiq qilib olgisi kelardi. Shunda sal hovuridan tusharmidi, alami bosilarmidi.

Shubha-gumon ayolning ichini kemirib borardi. Oʻylagan sari oʻyining adogʻiga yetolmasdi. Tunov kungi suhbatdan keyin eridan butunlay koʻngli qoldi. Demak, oʻzini shoira deb tanishtirgan anavi ayolni avvaldan yaxshi bilgan. Pinhona uchrashib turgan, shuning uchun she’rlarini jurnalda chiqargan. Voy pismigʻ-ey, yana tilim qisiqlik joyi yoʻq, deydi-ya? Eridan nafratlana boshlagan sari, qandaydir kuch uning qulogʻiga shivirlay boshladi.

«Eringga boʻsh kelma, shart borib yoqasidan ol. Rasmlarni koʻrsatib, sharmandasini chiqar. Nimani kutyapsan? Seni mensimay, oyoqosti qilgan bevafo erkakni nega ayab oʻtiribsan? Xiyonatini fosh etmaysanmi? Gaplariga ishonib oʻtiribsanmi? Topgan bahonasini qara, boʻlimdagilar aybdor emish. Axir rasmlardan koʻrinib turibdi-ku bu ayolning kimligi. Tili qisiq boʻlgani uchun ham oʻzi koʻrsatma bergan, hatto koʻrib, tekshirib chiqishlarigayam vaqt qoldirmagan. Boshliqning dagʻ-dagʻasidan qoʻrqqan-da u bechora xodimlar ham. Ha, bu yerda ering aybdor. Buni oʻzing ham bilib turibsan. Shunday ekan, uni ayab oʻtirma! Xiyonat qilish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻy. Nima, sening orqangdan yurganlar yoʻqmi? Butun boyligini oyogʻining ostiga tashlayman deganlar qancha. Hamon gul koʻtarib kelib turganlar ham bor. Sen boʻlsa, oʻzingni faqat eringga bagʻishlab yuribsan-a... Qadringga yetmagan odamning boridan yoʻgʻi yaxshi. U ham xor-zor boʻlishi kerak. Qoʻrqma, ersiz oʻlib qolmaysan. Qani, tur, oʻylanma!»

Malika bunday noxush oʻylardan bazoʻr qutulardi. Ba’zida yuragi ezilib, koʻzlaridan shuv etib yosh oqardi. Keyin birortasi koʻrib qolmasin, deb shosha-pisha artishga tushardi. Oʻzini qoʻlga olganda esa yana bir qandaydir kuch uni yovuz fikrlardan voz kechishga undardi.

«Sabr qil. Shaytonning gapiga quloq solma. Sen hali qaerdan bilasan, balki bularning barini haqiqatdan ham kimdir atay uyushtirgandir? Hamma rasmlarda, hatto jurnaldagi suratda ham oʻsha ayol ekan, bu bir kishining dushmanlik ishi ekanligiga nahot aqling yetmayapti? Eringni ishdan boʻshatish, sening mustahkam irodangni sindirish, nomusingni bulgʻash uchun ataylab qilingan boʻlsa-chi. Yaxshilab oʻyla, Malika. Bir tomonda farzandlaringning boʻyi yetib turibdi. Oldinda qator-qator toʻylar bor. Agar ajrashsang kuning kimga qoladi? Niyati buzuq Bahromgami? Bu koʻngilsiz voqealarni u sodir qilayotganini nahot payqamayotgan boʻlsang? Agar yodingda boʻlsa, «Isbotlab beraman» degandi. Mana qandaydir yoʻllar bilan isbotladi ham. Xoʻsh, endi uning gapiga, u olib kelgan behayo rasmlariga ishonishing kerakmi? Sen aqlli ayolsan. Yetti oʻlchab bir kesishing zarur. Keyin afsus-nadomat qilganingni foydasi yoʻq. Oila muqaddas narsa. Uni asrab-avaylash koʻproq sen kabi oqila ayollar qoʻlida. Dushmanning sinov uchun bergan yolgʻon zarbidan darrov oʻzingni yoʻqotib qoʻyma. Aql bilan ish tut. Sabr tagi oltin, deb bekorga aytishmagan. Sabr-qanoatli boʻl, Malika!»

Shoʻrlik Malika ikki oʻt orasida qolgandi. Nima qilish kerakligini bilolmay, hayron. Sabr qilay desa, erini koʻrgan sari yonib ketardi. Yoqasidan olay desa, sal narida tirjayib turgan Bahrom koʻziga koʻrinardi...

Allamahalgacha qizining yonida yotgan Malika beixtiyor marhuma onasini esladi. Rahmatli bir gapni koʻp takrorlardi. «Eshit, – derdi qizini yoniga oʻtkazib olib.
– Insonning ikki yelkasida bittadan farishta oʻtiradi. Chap yelkasidagi farishta gunoh ishlarini, oʻng tomondagisi esa qilgan savobu yaxshiliklarini yozib turadi. Yaratgan egam oʻz bandalariga mehribon zot. Buni qara, agar bandalarim savob ish qilsa, darhol yozinglar, deb oʻng yelkada oʻtiradigan farishtaga koʻrsatma bergan ekan. Mabodo gunoh qilib qoʻysa, chap yelkadagi farishtaga sabr qilishni uqtirgan ekan. Ya’ni «Ertalab gunoh ish qilsa peshingacha, agarda kunduzi sodir etsa, kechqurungacha yozmagin, balki bandam oʻz gunohiga dildan iqror boʻlib, astoydil tavba qilsa, men uni magʻfirat qiluvchiman», deb amr qilgan ekan. Bu gaplarda hikmat koʻp, qizim. Odamzot shaytonning emas, rahmonning gapiga quloq solishi zarur. Shundagina qilgan ishlaridan pushaymon boʻlmaydi. Doimo sabrli boʻl, ona qizim!»

Malika marhuma onasi bilan xayolan gaplashganicha tunlarni bedor oʻtkazardi. Faqat tongga yaqingina koʻzi ilinib bir zumgina orom olardi. Biroq u uyqusida ham tinch yotmasdi, tushida kimlar bilandir urushib chiqardi, ertalab turganda butun vujudi zirqirab ogʻrir, battar toliqqan, battar ezilganday his etardi oʻzini. Na kechasi, na kunduzi tinchlik yoʻq edi bechora Malikaga.

Ba’zida kechalari boʻladigan ayoz goʻyo qattiq qishdan darak berardi...

* * *

Yoʻq, endi bunday yashay olmaydi. Qachongacha qoʻl qovushtirib oʻtiradi. Yuragini ezib, oʻziga oʻzi azob bergani yetar. Turmushi qanday osuda edi-ya. Tinch hayot yoʻlida bezori Bahrom paydo boʻldiyu hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi. Endi ishining qizigʻi ham, yelib-yugurishining ma’nosi ham yoʻqolganday. Eridan-ku butunlay koʻngli qoldi. Rasmlar ming uyushtirilgan boʻlsa-da oʻsha benomus ayolni suvdan koʻtarib chiqqani, qirgʻoqqa yotqazib oʻpgani rost emasmi? Axir hammasi aniq-tiniq koʻrinib turibdi-ku. Yana qanaqa isbot kerak?

Erining behayo qiliqlari muhrlangan suratlarni oʻylar ekan. Malika tutoqib ketardi. Shunday paytlarda yuragi zardobga toʻlib ketgan ayol shart oʻrnidan turib raqibi bilan kurashga otlanganini oʻzi ham sezmay qoladi. Ha, hech narsani kutmaydi, ortiqcha sabr ham qilmaydi. Endi uning yoʻqotadigan narsasi yoʻq, hoziroq borib Bahromning yoqasidan oladi.

Endi eshik tutqichini ushlagan paytda qandaydir kuch uni yana toʻxtatdi. Sabr qilishga undadi. «Sabr! Axir qachongacha! Undan keyin nimani kutaman? Erim, otasi qarib qolganligini bahona qilib Jizzaxga ketib qolgan boʻlsa, Bahromning kelishini, yuragimni tigʻlab ketishini kutaymi? Axir bardoshim tugab boryapti-ku. Dardimni kimga aytay? Kimdan yordam soʻray?»

Malika koʻz yoshlarini tiyolmay, yigʻlab yubordi. Noiloj ortiga qaytdi. Oʻtirsa, beayov oʻy, shafqatsiz xayollar yana fikru zikrini yana oʻgʻirlashini bilib, derazadan tashqariga – kecha nogoh yogʻib oʻtgan birinchi qorga termuldi.

Maktabdan qaytayotgan bolalarning shodon qiy-chuvi olamni buzardi. Oʻgʻil bolalar qor bahona qizlarning ortidan yugurishadi. Goh uzoqdan qor otishadi, goh yaqin kelib yuziga muzdek qorni ishqab ketishadi. Goʻyo shu bilan oʻzlarining borligini ma’lum qilganday, qandaydir eski alamlaridan: balki yozgan xatlarini oʻqimay yirtib yuborganmi yoxud bergan gullarini olmaganmi, ishqilib ham jahl, ham mehr aralash ayab-ayamay xumoridan chiqib olishayotganday. Lekin qizlar ham anoyi emas chogʻi, oʻchini olish uchun haddidan oshgan bolalarni quvlab ketishadi.

Begʻubor yoshlik, mehr-muhabbat toʻla nodonlik. Hazil-huzil ila oʻtayotgan betakror damlar. Malika bu quvnoq manzaraga tikilarkan, miyigʻida kulib qoʻydi.

Biroq uning xayoli tiniqlangan damlar uzoqqa choʻzilmadi. Eshik ochilib hech kutilmaganda ostonada Bahrom paydo boʻldi. U sipo kiyingan, yurish-turishlari avvalgiday shiddatkor emas, oʻzini bosiq tutishidan ancha quyilib qolganga oʻxshaydi.
– Niyatingizga yetdingizmi? – dedi Malika salomga alik olish oʻrniga.
– Qanaqa niyatimga? – allaqachon divanga borib oʻtirib olgan Bahrom peshonasini tirishtirdi.
– Rasmlarni kim joʻnatdi menga? Bu sizning ishingiz! Odam degani ham shunaqa pastkash boʻladimi?

Hamon deraza yonida turgan Malika kesib-kesib gapirdi. Bahrom oʻzini hech narsadan xabari yoʻqday tuta boshladi.
– Rasmlar? Nimalar deyapsan, Malika.
– Siz nima qilgan boʻlsangiz, shuni gapiryapman! Lekin bu nomardning ishi, bilib qoʻying! Yana sevaman deb ogʻiz koʻpirtirasiz-a? – dedi jahl bilan Malika.
– Sevishim rost. Faqat...
– Bas qiling! Chiqing, xonamdan!
– Xafa boʻldingmi? Sen mendan emas, jonajon eringdan xafa boʻlishing kerak. Agar bilsang, menga rahmat aytishing lozim. Koʻzingni moshdek ochib qoʻydim, qanday ablah odam bilan yashayotganingdan ogoh etdim. Muzaffarni xiyonatkor, razil odam ekanligini, senga bevafolik qilib yurganini isbotlab berdim. Xoʻsh, gapimga endi ishondingmi? Kuppa-kunduzi begona ayol bilan quchoqlashib, oʻpishib yurish sevgan odamning ishimi? Mana, yana bir marta koʻrib qoʻy. – Qizishib ketgan Bahrom kostyumining choʻntagidan bir dasta suratlar chiqarib Malikaga uzatdi, – Ma, ol! Xoʻsh, gapir. Seni biror marta choʻmilishga olib borganmi? Mana bu ayolga oʻxshab, mehr bilan ikki qoʻllab koʻtarganmi? Yoki «Moviy gumboz»ga olib borib qoʻllaringdan ushlab shirin suhbat qurganmi?

Malika tomogʻiga tiqilgan taxir narsani arang yutdi. Bahromning qoʻlidagi rasmlarga qaragisi, erining yangi sarguzashtlari boʻlsa, tomosha qilgisi keldi. Biroq...
– Shunaqa pastkashlik qilishdan uyalmaysizmi?
– Bu pastkashlik emas. Agar bilsang, bu – bir vaqtlar mehri tushgan va sevib qolgan, ammo unga yetisholmagan ayolni bevafo eridan himoya qilish deyiladi. Ke, qoʻy, Malika, Muzaffar oʻzi senga munosib emasdi. Faqat chiroyli gaplari, sevdim-kuydim degan she’rlari bilan boshingni aylantirgandi xolos. Shirin soʻzlarga mahliyo boʻlib qanday turmushga chiqqaningni oʻzing ham bilmasang kerak. Mendek gʻururi baland, toʻgʻri soʻz, haqiqiy sevgan yigitlar esa past ketmaganmiz. Xoʻsh, mendan ustun qoʻygan ering, shumi?
– Sizning ishingiz boʻlmasin, bildingizmi? Marhamat qilib, xonani boʻshatib qoʻying.
– Haydamasang ham ketaman. Lekin mendan bekorga ranjiyapsan. Oʻshanda gapimga ishonmaganding, men faqat uni isbotlab qoʻydim xolos. Mana, eringni kimligini bilib ham olding. Nima, yomonmi? Axir u seni bir umr aldab yurishi mumkin edi-ku. Quda-andali boʻlganda bilib qolsang, nima boʻlardi? Bunday sharmandalikka chiday olarmiding? Bilsang, men seni botqoqdan chiqarib qoʻydim. Koʻrnamak eringni kimligini vaqtida bilib olding. Endi nima qilish kerakligini oʻzing bilasan. Ha, aytganday, Muzaffar bilan ajrashmadingmi?
– Ajrashgandir, deb oʻyladingizmi? Bechora Malika ersiz qolgan boʻlsa, boraqolay deb kelibsiz-da.
– Birga yashayapsanmi?
– Ha.
– Yolgʻon gapirma. Men hammasini bilaman. ZAGS ga ham borib keldim. Ajrashdi, deyishdi. Kechaginda uyingga telefon qilib oʻgʻlingdan soʻrab olganman. Ering allaqachon ketib qolibdi-ku, kimni aldayapsan?

Malikaning yuziga nim kulgu yugurdi. Shkaf tomonga qarab asta qadam tashlarkan, rejasi toʻgʻri chiqqanligidan ichida xursand boʻldi. Demak, «Nikoh uyi»ga borib toʻgʻri qilgan ekan. Yaxshiyam har ehtimolga qarshi deb u yerdagilarni ogohlantirib qoʻygani. Oʻgʻli ham uqtirgan gaplarni aytibdiki, boplabdi. Malika psixolog dugonasidan yana bir bor minnatdor boʻldi. Toʻgʻri aytgan ekan. Nahot shunday ish boʻlishini oldindan sezgan boʻlsa?

Shkafni ochgan Malika u yerdan konvertni oldi-da kelib Bahromning oldiga tashladi.
– Olib keting! Endi hammasi kunday ravshan.
– Mendan xafa emasmisan?
– Yoʻq, rahmat sizga. Koʻnglingiz joyiga tushgan boʻlsa, marhamat, keting endi.
– Mening maqsadim bunaqa emasdi, Malika. Senga doʻstlikni taklif qilgandim.
– Hayotimni zaharlagan odamni koʻrarga koʻzim yoʻq.
– Hayoting hali oldinda, Malika, – Bahrom rasmlarni konvertga joylagach, oʻrnidan turib stulga kelib oʻtirdi. – Faqat meni yoningdan haydamasang, bas. Sen uchun jonimni berishga tayyorman.
– Keting!
– Bir marta bagʻrimga bosmagunimcha tinchimayman.
– Ketasizmi-yoʻqmi?
– Sen yana jahlimni chiqaryapsan, – Bahrom birdan yumshadi. Qoʻlidagi konvertni stol ustiga tashlab ichidan rasmlarni qayta chiqardi. Shoshmasdan koʻrarkan, ham achinish, ham piching, ham gʻaraz aralash gapida davom etdi. – Aslida ering bilan ajrashganing chakki boʻlibdi. Sal shoshibsan. Bu noxush manzaralarni atay suratga olganimni sezmadingmi? Sezgansan, biroq Muzaffarni kechirmagansan. Lekin mana bu ayol «Shoira qiz» rolini toza boplab ijro etdi-da. Suv tegsa borligi bilinmaydigan choʻmilish kiyimlari bilan seni dogʻda qoldirdi. Atay oʻzini choʻkkanga solsa, ering bechora uni ikki qoʻllab qutqarib yuribdi. Qirgʻoqqa chiqqach soddalik qilib nafas olishini tekshirsa, shoira qizimiz uni shart oʻpib oladi. Soʻng bagʻriga tortadi. Qanday ajoyib koʻrinish. Mana, bu-chi? Mashinada ham stsenariy boʻyicha boʻyniga osilgan va oʻpib olgan. Xullas...
– Gapingizni gʻirromlik bilan isbotlabsiz-da.
– Agar xohlasang hammasini yondirib tashlayman. Hali sendan boshqa hech kim bilmaydi. Istasang, kechirim soʻrayman. Tiz choʻkishga ham tayyorman, Malika. Qilgan gunohimni oqlay, xoʻp, de. Men ahmoq qaysarligingni bilardim, ammo irodang sinsa, qiynalsang, taklifimga rozi boʻlarsan, deb oʻylagandim.
– Hech qachon!
– Eringni ishiga qayta tiklab qoʻysam-chi?
– Kerak emas!
– Yaxshilab oʻylab koʻr, Malika.
– Juda yaxshilab oʻylaganman. Endi oʻch olish navbati menga keldi. Sizni ham shunday sharmanda qilayki, birovning shirin oilasini ikkinchi buzmaydigan boʻlasiz. Men bu ishga hech kimni aralashtirmagan edim. Endi kerakli odamlarni ishga solaman. Yalangʻoch holatda darvozangiz tepasiga osib ketishadi sizni! Bola-chaqangiz, qoʻni-qoʻshnilar bir tomosha qilishsin. Boʻyningizga shunday xat yozib ilib qoʻyayki, oʻqiganlar aftingizga tuflab oʻtishsin. Shunaqa, endi orqaga qaytish yoʻq. Mard boʻlib maydonga chiqdingizmi, bu yogʻiga ham chidaysiz!

Malika Bahromning rangi oʻzgara boshlaganini koʻrib gapini tugatdi va hech nimaga qaramay shart xonadan chiqib ketdi.

Bunday gaplarni kutmagan Bahrom xiyol vaqtgacha oʻrnidan qoʻzgʻala olmadi. Soʻng hozir qoʻlga tushib qoladigan oʻgʻriday sekingina poliklinikani tark etdi. Oradan hech qancha oʻtmay Toshkent halqa yoʻlida paydo boʻlgan «Mersedes» rusumli mashina Yangiyoʻl shahri tomon shiddat bilan burildi...

* * *

Oradan uch-toʻrt kun oʻtib qabulxonada yana telefon ketma-ket jiringladi. Beixtiyor trubkani qulogʻiga tutgan Malikaning qovogʻi uyulib, peshonasi tirishdi.
– Yaxshimisan, Malika... Bahromning tanish tovushi eshitildi goʻshakdan. – Nima ishim boʻlardi. Sogʻ-ligingni, tinch yurganingni bilmoqchiydim... yaxshi boʻlsa, xursandman... Yoʻq, shoshmay tur. Senda zarur ishim bor. Telefonda aytib boʻlmaydi. Koʻrishim kerak. Qachon boray?... Yoʻq dema, boʻlmasa, ogohlantirmay kirib boraveraman. Nima, ishxonangda janjal koʻtarishimni xohlayapsanmi? Koʻrarga koʻzing yoʻq boʻlsa-da, koʻrasan! Gaplarimni eshitasan! Ertaga albatta boraman. Allo, nega indamaysan? Allo, gapirsang-chi?
– Yana nima istaysiz mendan?
– Yaxshilab gaplashib olishimiz kerak.
– Istamayman!
– Unda, ertalabdan borib olaman-da, «Malika, menga turmushga chiq!» deb baqira boshlayman.
– Bu hafta ishlarim juda koʻp.
– Unda keyingi xafta boraman. Xoʻsh, dushanba ogʻir kun, seshanba... seshanba bemalol. Allo, eshityapsanmi? Seshanba kuni albatta boraman, kelishdikmi? Nega endi, kechga yaqin? Menga farqi yoʻq! Boʻldi, boʻldi, kelishdik.

Bahrom goʻshakning peshonasidan oʻpib, asta joyiga qoʻydi. Ogʻzining tanobi qochdi. Nahot, Malika oʻzgarib qolgan boʻlsa? Undan osonlikcha qochib qutulolmasligini bildimikin? Yoki eriga achchiq qilib... qiziq? Lekin u darrov taslim boʻladigan ayollardan emasdi-ku? Nima jin urdiykin?

Aylanma kursida huzur qilib oʻtirgan Bahrom goh taajjubga tushsa, goh shirin xayollarga berildi. Ishni oʻylamaslik uchun kotibani chaqirib, biror soat bezovta qilmasligini tayinladi.

«Malika, Malika. Nahot taklifimga rozi boʻlsang? Axir sen or-nomusni har qanday narsadan yuqori qoʻyarding-ku? Nima boʻldi senga? Yolgʻiz qiynaldingmi yoki pulga zoriqdingmi? Ish tugashiga keling, deyishingni tushunolmay qoldim. Rostdan ham men bilan gap-lashging kelyaptimi yoki atay shunday dedingmi? Balki oʻylab koʻrib hamon yaxshi koʻrishimni tushungandirsan-da. Lekin seni ogʻir tashvishga qoʻydim. Tinchgina turmushingni buzib, yuragingni tilka-pora qildim. Sen meni aslo kechirmaslikka haqqing bor edi. Hatto ismimni eshitishga toqat qilolmasding-ku, Malika? Nima boʻldi senga?

Men esa sendan aslo xafa emasman. Xira pashshadek atrofingda aylanaversam-da, aslida sening harakatlaringni toʻgʻri deb baholayman. Ichimda, haqiqiy pok ayol shunday boʻlishi kerak, deb tan beraman. Eringga boʻlgan sadoqatingga, mehr-muhabbatingga lol qolaman. Seni oʻylasam, ishxonamdagi koʻz suzib ishva qilayotgan ba’zi juvonlardan nafratlana boshlayman. Ularni ezib tashlagim keladi. Bachkana qiliqlarini koʻrib ensam qotadi. Bir ogʻiz gapimga «yoʻq» demay, «Oʻylab koʻrish kerak» deb nozlanishini koʻrib, yoqamni ushlayman. Keyin menga nima, deb qoʻl siltayman-da, ularni mayna qilaman, ustidan kulaman, bu kuningdan battar boʻl, deb xoʻrlayman. Sen esa... butunlay boʻlakchasan, Malika. Oʻz qadringni bilasan. Uni xor qilmaysan, birovga ham xor qildirib qoʻymaysan. Shundanmi, oldingga intilaveraman. Sen bilan dildan suhbatlashgim, qilbimdagi dardlarimni, ichimni kemirayotgan iztiroblarimni toʻkib sochgim keldi. Goʻyo faqat sengina ularni tushunadiganday.

Xotinimni sevmasligim rost. Uylan, deyishdi, uylanganman. Biroq koʻnglimdagi ayol boʻlib chiqmadi, shundanmi, hamon befarqman. Negaki, dilgir emas, pokiza emas. Erkak kishi bora-bora xotinning turush-turmushiga, tabiatiga koʻnikib ketarkan. Menday yigitga nega shunaqa anqov xotin uchraydi, deb ba’zida yonib ketaman. Uni senga taqqoslaymanu hayotimdan noliy boshlayman... Sen latofatli ayolsan, Malika. Senga uylanganimda albatta baxtli boʻlardim. Armonsiz yashardim. Ne qilayki, taqdirimiz boshqa-boshqa ekan.

Biroq men seni yana uchratdimu qaytadan darvesh boʻlib qoldim. Bilmadim, bu sevgidanmi yoki hirsdanmi, ajratolmay halakman, Malika. Qaysarliging, choʻrtkesarliging, menga boʻlgan nafrating, oilangga cheksiz sadoqating va oyday husnu jamoling, hamma-hammasini qoʻshganda ham seni unutolmayapman. Nechun? Buni oʻzim ham tushuna olmayman! Qalbimdagi shu gʻala-gʻovur fikrlarni senga aytgim keladi. Ammo... endi aytolmasligimga koʻzim yetib turibdi. Yomon koʻrib qolding. Meni koʻrishni ham, eshitishni ham xohlamaysan.

Aslida... senga yomonlik qilmay, boshidanoq doʻst tutinsam boʻlarkan? Shunda sening nafratingga emas, hurmatingga sazovor boʻlarmidim.»

Bahrom kunni shu tarzda kech qildi. Allamahalgacha uxlolmadi. Xotini Malohatning «Hm, nega, uxlamayapsiz?» deb bir-ikki turtib qoʻyganiga deyarli ahamiyat qilmadi. Vaqt esa shunday imillab oʻtardiki, yo tavba oʻn birmi, endi, oʻn ikkimi?..

* * *

– Salom, salom. Nahot, meni kutayotgan boʻlsang? – ichkariga oshiqqan Bahrom Malikaga qoʻl uzatdi.
– Men siz bilan soʻrashmayman.
– Shundaymi? Nailoj.

Bahrom shunday boʻlishini avvaldan bilgani uchunmi, zarracha xijolat tortmadi. Borib divanga oʻtirarkan, aksincha, quvnoqlik bilan gap boshladi.
– Shunday qilib koʻzlarimga ishonmay turibman. Qarshimdagi gʻururi baland Malikami yoki taqdirga tan bergan ojizami?
– Siz bilan oxirgi marta yaxshilab gaplashib olmoqchiman, – sovuqqina javob qildi Malika oʻz oʻrniga oʻtirarkan.
– Nega endi oxirgi marta? – Bahromning jilma-yib turgan yuzi birdan jiddiy tus oldi. Malikaning koʻzlariga sinchkov nazar tashlarkan, ikki yonga tashlab olgan qoʻllarini yigʻishtirib, oldinga bir oz egildi va yana qayta soʻradi:
– Nechun oxirgi marta?
– Yetar, shuncha azob-uqubat yetkazganingiz. Hayotdan toʻyib ham ketdim. Boshimni qayoqqa urishni bilmayman. Bu bevafo dunyoda kimga ishonishim kerak oʻzi? Umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan ering bildirmay senga xiyonat qilsa. Ish bilan ovunay desang, oldinga yurishga yoʻl berishmasa, kimdir esa paytdan foydalanib, oʻynash boʻlishga undasa!
– Men seni oʻynash boʻlishga undagan emasman!

Halitdan buyon jim oʻtirgan Bahrom gap shu yerga kelganda negadir oʻrnidan dast turib ketdi.
– Nima, yodingdan chiqdimi, eringdan ajrashgin, senga uylanaman, deganim. Unamading, toʻgʻrimi? Ayb oʻzingda. Rost, senga yomonlik qildim, lekin bularning barchasiga jahl ustida, oʻzimni bilmagan holda qoʻl urdim. E, nimasini aytay. Qani endi meni kechirsangu, oʻlguncha birga boʻlsang.
– Toʻrtta bolani tashlab, xotiningiz bilan ajrasharmidingiz?
– Boʻlmasam-chi! Uni sevolmadim, Malika, sevolmadim! Hech qachon sevolmayman ham. Tushunayapsanmi, koʻnglim yoʻq unda. Ayniqsa, hozir shunday koʻnglim soviganki...
– Shu gaplarni xotiningiz eshitib qolsa, nima boʻladi?
– Eshitsa nima? Qoʻrqadigan joyim yoʻq. Ketsa, yana yaxshi, – dedi Bahrom qoʻl siltab.
– Ajrashdim. Toshkentdan ish ham topib qoʻydim degandingiz-ku?
– Lekin sen menga tegishga rozi boʻlmayapsan-ku!
– Gapingiz yolgʻon ekanligi oshkor boʻldimi?
– Bu men uchun muammo emas, Malika. – Bahrom stolni aylanib oʻtib Malikaning oldiga keldi.
– Yaqinlashmang.

Bahrom bir oz ortga chekinish oʻrniga Malikaning stuli orqasiga oʻtib uni yelkalaridan quchmoqchi boʻldi. Malika siltanib oʻrnidan turib ketdi.
– Torting qoʻlingizni. Sizda ozgina boʻlsa-da insof bormi? Oilamni buzdingiz, erimni ishdan oldirdingiz! Yana nima istaysiz?
– Meniki boʻlishingni!
– Hech qachon!
– Seni tinch qoʻyishimni xohlaysanmi-yoʻqmi? – Bahrom oʻylab oʻtirmay Malikaning oʻrniga oʻtirib oldi. – Gapir, xohlaysanmi?
– Xohlayman.
– Unda ikki taklifimning biriga koʻnishing kerak.
– Qaysi taklifingizga?
– Nima, yodingdan chiqdimi? Yo menga tegasan yoki har zamonda uchrashib turamiz.
– Hech qachon!
– Unda, oxirgi shartimni eshit. Agar shunga ham rozi boʻlmasang, oʻzingdan koʻr.
– Yana qoʻrqitmoqchimisiz yo... pastkash ishlaringizning davomi bormi? – dedi Malika gʻazab bilan.
– Nima deb oʻylasang, oʻylayver. Maqsadim senga uylanish! Agar bunga koʻnmasang, men bilan bir marta birga boʻlasan. Boshqa seni bezovta qilmayman. Erkak-lik gapim shu! Oxirgi shartim ham shu! Faqat bir marta!
– Meni zoʻrlamoqchimisiz?
– Kerak boʻlsa zoʻrlayman ham. Yaxshisi, oʻzing rozi boʻl, Malika, – dedi Bahrom bezrayib turib.
– Ozgina uyalsangiz boʻlardi.
– Vrachda uyat nima qiladi.
– Inson sifati-chi? Yoki odamiylik qiyofangizni ham yoʻqotganmisiz? – soʻradi Malika ovozi titrab.
– Oxirgi shartimni aytdim senga.

Malika bir zum oʻyga toldi. Keyin deraza yoniga bordi. Oʻgirilib Bahromning koʻzlariga tikildi.
– Niyatingizdan qayting, Bahrom aka.

Ismini eshitgan Bahrom gʻalati boʻlib ketdi.
– Qaytolmayman, Malika, – deb yubordi sust ketib.– Sen bilan bir martagina birga boʻlsam, boʻldi, bu dunyodan armonsiz oʻtaman.
– Shu yerdami?
– Xohlagan yeringda!
– Hazillashmayapsizmi?
– Yangiyoʻldan hazil uchun kelganim yoʻq!

Malika Bahromdan koʻzlarini olib qochdi. Buni oʻzicha tushungan Bahrom asta u tomon kela boshladi. Malika «na chora» deganday yelkasini qisib qoʻydi-da, stoli ustidan kalitni olib qarshisida koʻzlari yonib turgan Bahromga uzatdi.
– Sizga shu narsa kerakmi?

Bahrom bir zum angrayib qoldi. Tili gapirishga aylanmadi. Qarshisida mayuslanib turgan ayolga tikilarkan, nima qilishni bilmay, qoʻllari bilinar-bilinmas titray boshladi. U kecha Malikaning uchrashuvga rozilik berganiga taajjubga tushgan boʻlgandi, hozirgi ishidan esa tamomila lol boʻldi.

«Nima boʻldi bu qaysar Malikaga? Nahot taqdirga tan bergan boʻlsa? Yoki keyingi tinchi uchun noiloj rozi boʻlyaptimikin?» Bahrom hamon oʻylarini yigʻib ololmayotgan edi.
– Xoʻsh, turaveramizmi shunaqa qilib?

Bahromning ori keldi. Malikaning qoʻlidan shart kalitni oldi. Ammo eshikni berkitishdan avval yoʻlakka chiqdi, atrofga oʻgʻrincha nazar tashladi. hayajonlanayotgan boʻlsa-da, koʻngli bir oz joyiga tushdi chogʻi, eshikni ichkaridan qulfladi.
– Boshqa bezovta qilmaysizmi?
– Yoʻq! Qilmayman. Faqat bir marta... bir marta... Boʻlaqol, yechinsang-chi? Yoki oʻzim...
– Namuncha hayajonlanyapsiz?
– Birdan... hech kutilmaganda...
– Boʻpti, unda, hech narsa boʻlmaydi.
– Ie, nimalar deyapsan? Shu narsani bir umr kutib yashayapman-ku. Nahot, sening oyday jamolingga bugun yetishsam? Faqat... bunaqa vaziyatda... Sen bilan... Ha, mayli, nima boʻlsa, boʻldi.

Bir zumda Bahrom tursikchan qoldi. Soʻng qizarib-boʻzarib chiroqqa ishora qildi.
– Menga baribir.

Bahrom ichidan toshib kelayotgan qaltiroqni qanday bosishni bilolmay beixtiyor chiroqni oʻchirdi. «Shunisi ma’qul. Yorugʻda unga yaqinlasholmayman. Yuragim dov bermaydi. Koʻzlariga tik qarasam... sharmanda boʻlishim aniq! Keyin ustimdan... E, Xudo, oʻzing kuch-quvvat ber. Meni sharmanda qilma!». Bahrom shu bilan koʻngliga taskin berganday boʻldi va Malikaga asta yaqinlasharkan, ovozi titrashiga qaramay, soʻz aytishga oʻzida kuch topa oldi:
– Yechinmaysanmi, nega turibsan? Sening navbating.
– Yoʻq, endi mening navbatim! – Derazaga tutilgan qalin parda bir tomonga «sharaq» etib tortildiyu...

Bahrom turgan joyida haykaldek qotib qoldi. Yuziga «tars» etib tushgan shapaloqdan oʻziga keldi. Biroq dami ichiga tushib ketganidan tili aylanmadi, oyoqlari qaltirab oʻtirishga joy qidirdi.

Malohat borib chiroqni yoqdi.

Rangi boʻzday oqarib ketgan Bahrom Malikaga yeb qoʻygudek boʻlib xoʻmraydi. U xotinining oldida bunchalar sharmanda boʻlishini aslo xayoliga keltirmagan edi.

Malohat stul ustiga yechilgan kiyimlarni oldi-da, erining basharasiga qarab otdi. Bahrom kiyina boshladi.
– Sen xotinboz necha marta qasam ichasan! Yangiyoʻl qolib, endi Toshkentga oʻtdingmi? Bu yerda xotinim bilmaydi deb oʻyladingmi? Erkakmisan oʻzi, erkakmisan! – Malohat jon holatda erining yoqasidan tutib siltadi. Endigina taqilgan koʻylak tugmalari tirs-tirs uzildi.
– Qasamxoʻr. Xotinim yana kechiraveradi, deb oʻyladingmi? Bu kuningdan oʻlganing yaxshi emasmi? Gulday umrimni hazon qilding-ku, kasofating oʻzingga urgur!

Malika bu gaplarni kutmagan edi. Demak, Bahrom avval ham qoʻlga tushgan ekan-da? Nega bu haqda kecha indamadi, Malohat? «Oʻz koʻzim bilan koʻrmoqchiman. Nima desa «xoʻp» deng» deb yalingani bejiz emas ekan-da.
– Qani oldimga tush. Men endi buni shunday qoldirmayman. Mahalla-koʻy oldida, ota-onang oldida sharmandangni chiqaraman!

Bahrom «Qoʻyvor!» deb siltandi. Aftidan u oʻzini hoʻkizday yetaklab olib ketishlarini istamadi.
– Yoʻq, men bilan birga ketasan!
– Malikada bir ogʻiz gapim bor.
– Gapir!
– Tashqariga chiqib tur.
– Mening oldimda gapirasan!
– Chiqib tur! – oʻshqirdi Bahrom.

Ranglari koʻkarib, titrab-qaqshab ketgan Bahromning koʻrinishi na faqat Malikani, balki Malohatni ham biroz qoʻrquvga soldi.
– Chiq, dedim senga!

Malohat noiloj eshikni ochib, tashqariga chiqdi.
– Uyga boribsan-da.
– Bordim. – Ovozi titrab chiqqan Malika asta stolga yaqinlasharkan, koʻzi qirini qaychiga tashlab qoʻydi.
– Oʻch olmoqchi boʻldingmi?
– Yaxshi gapga koʻnmadingiz.
– Meni bopladim, deb oʻylayapsanmi? Shunday qilsam, Bahromdan qutulaman deb, xomtama boʻldingmi? E, yoʻq, mendan osonlikcha qutulolmaysan. Sharmanda qilish qanaqaligini endi senga koʻrsatib qoʻyaman. Ha, aytganday, ering bilan yarashib olibsanmi? Ajrashmagan ekansan-da. Laqillatmoqchi boʻlganmiding? Ha, yaxshi, mana buni tabrik uchun olib qoʻy. Eringga oʻzim alohida yuboraman. Omon boʻl!

Bahrom shart orqasiga burildi. Eshik «qars» etib yopildi. Oyoqlaridan mador ketib oʻzini zurgʻa tutib turgan Malika kursiga oʻtirib qoldi. Stol ustiga tashlangan oddiy konvertga qoʻrqibgina qarab qoʻydi. Keyin yuragiga gʻulgʻula tushdi.

«Nima boʻlishi mumkin ichida?» Chaqmoqdek yalt etib fikridan konvert koʻziga kattalashgandek koʻrinib ketdi. Bundan yuragini battar vahima egalladi. Vahima borgan sari butun vujudini qamrab oldi. Yoʻq, Malika joyida oʻtira olmadi. Oʻrnidan otilib turdi, hoziroq borib konvertni ushlab qolmasa, goʻyo uning ichidan qandaydir qoʻrqinchli mahluq chiqib qoladiganday peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi va shart konvertga yopishdi. Qoʻllari titraganicha bir amallab uni ochdiyu bir qancha suratlarga koʻzi tushdi.

Malikaning tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Bazoʻr yutinarkan, suratlarga tez-tez nigoh tashladi: ularning birida Bahrom Malikaning qoʻli ustiga qoʻlini qoʻyib turibdi. Boshqasida Bahrom unga qandaydir tilla zanjir uzatyapti. Keyingisida Malika taqinchoqni qoʻliga olib koʻryapti. Undan soʻng... Birdan Malikaning koʻzi oldi qorongʻulashib ketdi. Oyoqlari qaltirab arang divanga yetib bordi.
– Voy, iflos-ey, bularni qanday oʻxshatdi ekan? Gʻijimlagan suratda goʻyo Malika Bahromning boʻyniga osilib olgan, Bahrom esa uni mahkam quchib turibdi. Boshqa bittasida ularning oʻpishayotgani aks etgan.

Malika qoʻlidagi rasmlarni nima qilishini bilmay qoldi. Ularni qancha ushlab turgan sari yuragini shuncha vahima bosar, ichida birdan paydo boʻlgan olov butun vujudini tobora kuydirib, qovjiratib borardi.

Bu rasmlar Muzaffarning qoʻliga tushib qolsa, nima boʻladi? Bunaqa paytda erkak kishi mulohaza qilib oʻtirarmidi? Hamma narsani ostin-ustinini chiqarib tashlaydi-da, keyin oʻylab koʻradi. Malika erini bilmasa ekan. Balki Bahrom allaqachon eriga ham uni badnom qiluvchi bu suratlarni yetkazgan boʻlsa-chi? Yoki hozir yoʻl-yoʻlakay tashlab oʻtsa-chi? Muzaffar qanday koʻyga tushdiykin? Tishini qayrab eshik oldida kutib turgandir?

«– Meni Jizaxga joʻnatib yuborib, nima ishlar qilib yuribsan?! – Malika yuziga tarsaki tushganday seskanib ketdi. – Xoʻsh, endi sen bu suratlarga nima deysan? Shu yoʻl bilan mendan qasos olmoqchi boʻldingmi? Sadoqat, ahdu vafo haqidagi gaplaring choʻpchak boʻlib chiqdimi?
– Men... men bu odamdan zanjir olmaganman.
– Unda, oʻpishganing-chi, u ham yolgʻonmi?
– Yolgʻon! Hammasi yolgʻon!
– Meni laqillatolmaysan! Yoʻqol, koʻzimdan!»

Malika tamomila oʻzini yoʻqotib qoʻydi va beixtiyor «Ey, Xudoyim, tuhmatdan oʻzing asra!» deb yubordi. Keyin nafasi siqilayotganday boʻgʻila boshladi. Bir zumda rasmlar xiralashib, ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Yuragini changalladi. Nimadir demoqchi, kimnidir chaqirmoqchi boʻldi, biroq ovozi xirillab chiqdi. Ogʻriqqa chidolmay oldinga engashdi. «Yoʻq, bu xavfli». Bunday fikr uning xayolidan kechdimi yoki kimdir qulogʻiga shivirladimi – bilolmadi. Malika amallab qaddini tutdi. Endi unga yana ozgina kuch, salgina quvvat kerak edi: Malika soʻnggi kuchlarini yigʻa boshladi: barmoqlari orasida qolgan rasmlar asta gʻijimlandi, koʻzlari qisilib, peshonasi ajinga toʻldi, quruqshagan lablari ohista pichirladi:
– Iflos, tuhmating boshingni... yesin!

Malika oʻrnidan tura olmadi. Yuragini ushlaganicha divanga yonboshlab yiqildi. Qoʻlidagi suratlar polga tushdi. Xuddi shu payt xona eshigi ochilib, ostonada farrosh ayol koʻrindi. Malikaning barmoqlari suratlarni bir amallab divan ostiga sura oldi...

* * *

Qissaning ushbu bobini yozmoqchi boʻlmaganimni endi anglagandirsiz, Bahromni begunoh bir ayolga qilgan yomonliklari oʻzi uchun fojiaga aylanishini sira kutmagandim. U Malikaning soʻnggi ogohlantirishidan toʻgʻri xulosa chiqarib oldi, deb oʻylagandim. Biroq, Bahrom yana shaytonning vasvasiga uchdi. Malikaning yoniga qaytib borganida... ming afsuski, uni ajal quvib kelgan ekan. Xotini poylab kelganidan jahli chiqqan, ayollar ichida sharmandai sharmisor boʻlganidan figʻoni falakka koʻtarilgan Bahrom mashinaning mingga qoʻyib uchirib ketdi. Qorongʻu tushib qolganiga, Malohatning «hay-hayi»ga e’tibor ham bermadi: «Senmi meni poylaydigan! Senmi hali meni sharmanda qiladigan!» deya baqirdi, oʻshqirdi, yelkasidan itarib-itarib yubordi. Na svetoforning qizil chirogʻiga, na qarshisidan kelayotgan mashinalarning «chetroq yur» deganday qilgan signaliga, chirogʻini yoqib-oʻchishiga parvo qilmadi. Oqibatda esa... Yangiyoʻlga kiraverishdagi svetoforning qizil chirogʻida birdan toʻxtagan «Kamaz» mashinasini payqamay qoldi.

Malohatning «Koʻzingga qara!» deb qichqirigʻidan oʻziga kelganda esa... kech boʻldi.

Malohat bolalarining baxtiga tirik qoldi. Oxirgi soniyada boshini saqlash uchun oʻzini yon tomonga tashlagani jonini omon qoldirdi – Allohning unga rahmi keldi. Bahrom esa mashina rulini changallaganicha jon taslim qildi. Uning chaqchaygan koʻzlari ochiq qoldi.

Tongga yaqin Toshkentdagi shifoxonalarning birida Malika oʻziga kelgan boʻlsa, Yangiyoʻldagi shifoxonada Malohat hushiga kelib koʻzlarini ochdi.

Fojeadan bexabar boʻlgan Malika darhol Malohat haqida oʻyladi: uyiga tinchgina yetib oldimikin? Sharmanda boʻlgan Bahrom yoʻlda urib-netmadimikin?

Hushi oʻziga kelgan Malohat shu ondayoq Malika toʻgʻrisida oʻyladi: oʻz nomiga, ayollik sha’niga, muqaddas oilasiga dogʻ tushirmagan ayollar bor ekan, hali ularning iymoniga putur yetmagan ekan, dunyo davom etadi, etaveradi! Qiyomat boʻlmaydi.

Biroq... Qiyomat haq gap.