OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkbar Nurmatov
Asar nomiInternet globallashuvi (maqola)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Akbar Nurmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Internet globallashuvi (maqola)
Akbar Nurmatov

Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari bu jarayonda qanday ishtirok etmoqda?

Ming yilligimizning oxiriga kelib, insoniyat tarixida kuzatilmagan va dunyoni umuman boshqa yoʻnalishga burib yuborgan «gʻayritabiiy hodisa» (globallashuv)ga guvoh boʻldik.

Globallashuv jarayonining kelib chiqishi va unda OAVning roli toʻgʻrisida gapirishdan oldin «globallashuv» terminiga izoh bersak. «Globalizatsiya» — «gloub» (inglizchadan «globe», ya’ni yer shari), «global» («global», ya’ni butun dunyoga tegishli) va «globallashuv» («globalize», ya’ni butun dunyoga tarqalishi) soʻzlaridan kelib chiqqan.

Collins English lugʻatida (1998) globallashuv moliyaviy va sarmoya kirituvchi bozorlarga davlatlar va millatlarning oʻzaro bogʻlanmaganliklaridan foydalangan holda rivojlangan va tartibga solingan aloqalar orqali boshqarish imkoniyatini beradi, deb ta’kidlanadi.

Globallashuv jarayoni 1990 yillar oʻrtalarida asrning buyuk kashfiyoti internet paydo boʻlgach, yanada murakkab tabiatga ega boʻldi. Moskvaning globallashuv muammolari instituti chop etgan «Globallashuv amaliyoti. Yangi asr oʻyin qoidalari» toʻplamida (2000 yil. 16-bet) globallashuv jarayoni axborot inqilobi, ayniqsa, internetning rivojlanishi hamda moliyaviy bozorlarning integratsiya­lashuvi bilan uzviy bogʻliq ekani yoziladi.

Globallashuv jarayonini olimlar «internatsionallashtirish yoki baynalminallashtirish», «liberallashtirish yoki erkinlashtirish», «universallashtirish» hamda «gʻarblashtirish», deb talqin qilishadi.

«Internatsionallashtirish» — mamlakatlararo munosabatlar, xalqaro savdoning oʻsishi, demokratiya va inson huquqlari kabi gʻoyalarni oʻzaro almashinishidir.

«Liberallashtirish» — mamlakatlararo ochiq savdoning chegaralashning man etilishi va jahon iqtisodiyotini erkinlashtirish.

«Universallashtirish» — bu turfa qarash va tajribalarning yer yuzidagi barcha insonlar orasida tarqalishi. Iqtisodiy va madaniy aloqalarning oʻsishi milliy madaniyat va qadriyatlarning uygʻunlashuviga olib keladi. Boshqacha aytganda, madaniyatlarning qoʻshilib ketishi natijasida oʻzgacha madaniyat yuzaga keladi.

Ingliz olimi Voterning fikriga koʻra, «gʻarblashtirish» jarayonini «zamonaviylashtirish» jarayoni deb ham aytish mumkin. Biroq «zamonaviylashuvning ijtimoiy tuzilishi» boʻlgan kapitalizm, mustamlakachilik, sanoatlashuv, byurokratizm, imperalizm va hokazolar globallashuv jarayonining asosiy negizini tashkil qiladi. Ya’ni gap «gʻarblashtirish» haqida ketganda, gʻarbiy kapitalizmning jahon miqyosida ustun turishi nazarda tutiladi. Masalan, 2000 yil ma’lumotlariga koʻra, dunyoda internetdan foydalanuvchilar soni 304 millionni tashkil etgan. Lekin butun dunyoni egallab olgan mazkur axborot tarmogʻidan foydalanuvchilar soni davlatlar va mintaqalarda teng taqsimlanmagan. 1999 yil oxirlarida internetdan foydalanuvchilarning 88 foizi rivojlangan davlatlarda istiqomat qilishgan. Bu esa dunyo aholisining 15 foizini tashkil qiladi. AQSh va Kanadada yer yuzi aholisining 5 foizi istiqomat qiladi va mana shu besh foiz aholi internetdan foydalanuvchilarning 50 foizini tashkil etadi. Ma’lumotlardan koʻrinib turibdiki, internetni butun dunyo axborot tarmogʻi deya atash ham qaysidir ma’noda nisbiylik kasb etadi. Hozirgi kunda dunyo globallashuvining yangi davri «axborot asri» yoki «elektron yuz yillik» tomon qadam tashlamoqda. Sun’iy yoʻldoshlar va internet orqali telekommunikatsiyalarning faoliyat yuritishi har kim va har narsa uchun yer sharining xohlagan chekkasiga borish va joylashish, ya’ni diterritoriallashish imkoniyatini yaratadi.

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin dunyo siyosati mazmun-mohiyat jihatidan mutlaqo yangi va murakkab bosqichga oʻtdi, xalqaro siyosatdagi manfaatlar kuch va qutblarining markazlarida ham jiddiy tuzilmaviy oʻzgarishlar yuz berdi. Qoʻporuvchilik harakatlari natijasida xalqaro jurnalistikada mavjud huquqiy me’yorlar va kasbiy etikaning OAV hamda jurnalistlar tomonidan suiiste’mol qilinishi, kasbiy vakolatlar, majburiyatlarning qoʻpol tarzda buzilishi, eng muhimi, mustaqil va xolis fikr bildirishga nisbatan mas’uliyatning kamayishi hollari butun dunyo miqyosida kuchaydi. Hozirgi kunda xalqaro munosabatlar, kapital va moliyaviy institutlarning kengayishi natijasida ommaviy axborot vositalari ham jahon tarixida misli koʻrilmagan tarz­da globallashib bormoqda. Muayyan bir millat va davlatga yoki ma’lum bir siyosiy kuchlargagina daxldor boʻlgan munosabatlar va aloqalar hamda hududiy chegaralardan chiqib, gibrid xarakterga ega boʻlgan oʻta murakkab siyosiy-ijtimoiy va madaniy voqelikka aylanmoqda. Mazkur jarayonlar Oʻzbekiston siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ma’naviy hayotiga, xususan, mamlakat OAViga jiddiy va kuchli ta’sir koʻrsata boshladi. Negaki, globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan hozirgi davr­da Oʻzbekiston mustaqil, ochiq va demokratik tamoyillar asosida rivojlanayotgan davlat sifatida ushbu voqelik ta’siridan chetda qola olmaydi. Shuningdek, XXI asrning boshiga kelib dunyoda shunday bir siyosiy-iqtisodiy vaziyat yuzaga keldiki, u Oʻzbekistonni bevosita xalqaro hamjamiyat va xalqaro almashish jarayonlariga shiddat bilan integratsiyalashishini talab qilmoqda.

Ayni paytda Oʻzbekiston OAVlari ta’sir doirasining cheklanganligi, chuqur iqtisodiy asos va axborot bozorining toʻla qaror topmaganligi, jahon axborot tarmoqlariga kirib borishining sustligi mamlakat OAVlarining global axborot almashish jarayonlarida faol ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmoqda. Natijada dunyo hamjamiyati Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi axborotlarni uchinchi manbalardan yoki jahon jurnalistikasida katta ta’sir doirasiga ega boʻlgan Rossiya OAVlari orqali olmoqda. Bu esa oʻz navbatida butun dunyoda ayrim hollarda Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi noxolis va notoʻgʻri tasavvurlarning hamda fikrlarning tarqalishiga olib kelmoqda, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsiga putur yetmoqda.

Globallashuv jarayonining Oʻzbekis­ton jurnalistikasiga koʻrsatayotgan eng jiddiy salbiy ta’sirlaridan biri bu respublika OAVlarining faqatgina iste’molchiga aylanib qolayotganidadir. Misol uchun, Oʻzbekiston televideniesining butun mamlakat boʻylab efirga tarqaluvchi das­turlarining 2004 yil 1 yanvardan 30 iyungacha boʻlgan tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, OʻzTVning toʻrtta kanallari ichida faqatgina OʻzTV1 («Oʻzbekiston» kanali) koʻrsatuvlarining aksariyatini ushbu kanalning oʻzi tayyorlagan koʻrsatuvlar tashkil etadi. Ya’ni, 6 oylik davrda ushbu kanalning umumiy efir vaqti 2938 soatni tashkil qilgan boʻlsa, shundan 2304,32 soatini, ya’ni 78,4% koʻrsatuvlari oʻz mahsulotlarining efir vaqtiga toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich qolgan uchta kanalda, ya’ni TV2da 51,4%ni, TV3da 45% va TV4da 25,7%ni tashkil etadi.

«Oʻzbekiston» kanalida chet el film­lari va koʻrsatuvlari jami efir vaqti 581,35 soatni yoki 19,7% foizini tashkil etgan. OʻzTV1 telekanalining koʻrsatuvlari efirida eng kam e’tibor qaratilgani chet el sporti haqidagi koʻrsatuvlardir.

Shuningdek, Oʻzteleradiokompaniyaning har toʻrtala kanalidagi dunyo yangiliklarining deyarli 99% chet el axborot agentliklari va teleradiokompaniyalarining dasturlaridan noqonuniy tarzda koʻchirib olingan axborotlardan iboratdir. Buning ustiga, oʻzbek OAVlarining ta’sir doirasi cheklangan. Oʻzbekiston telekanallari va radio stantsiyalarini faqatgina mamlakat bilan chegaradosh boʻlgan Markaziy Osiyo respublikalari aholisigina koʻrishi va eshitishi mumkin. Bu esa Oʻzbekistondagi axborot makoni va ijtimoiy ongning toʻgʻridan toʻgʻri Rossiya va Gʻarb OAVlari ta’siri ostida qolishiga sabab boʻlmoqda hamda Oʻzbekiston OAVlarining xalqaro miqyosdagi oʻz oʻrniga ega boʻlishini tobora qiyinlashtirib qoʻymoqda.

Axborot asri sifatida talqin etilayotgan yangi yuz yillikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan internetning shiddat bilan rivojlanib borayotganligi insoniyat taraqqiyotiga yangicha mazmun va mohiyat ato qildi. Davlat va jamiyat rivojlanishining mazkur yangicha shakli «elektron» borliq koʻrinishida xarakterlanib, uning kelajagini aloqa tarmoqlari orqali butun dunyoni yagona axborot makoniga aylantirayotgan millionlab baytlar va bitlar hal qilmoqda. Internet davlat va xalqlar oʻrtasidagi axborot almashishni misli koʻrilmagan darajada tezlashtirdi, dunyoni insoniyat uchun tom ma’nodagi yagona global makonga aylantirdi.

Ta’kidlash kerakki, globallashuv jarayonining harakat manbai hisoblanmish Gʻarbning (asosan AQSh) yirik iqtisodiy kuchlari butun dunyoni oʻzlarining korporativ manfaatlarigagina javob beruvchi va xizmat qiluvchi «yagona xom ashyo, iste’mol, ishlab chiqarish va axborot bozori»ga aylantirishga urinmoqdalar. Globallashuv jarayoni Gʻarb davlatlarining umumiy manfaatlari himoyasida ham asosiy oʻrin egalladi. Ajablanarli tomoni shundaki, 6,3 milliard kishidan iborat jahon aholisining faqatgina 1 milliardga yaqini istiqomat qiluvchi Gʻarb davlatlari dunyodagi mavjud iqtisodiy resurslarning 80 foizini nazorat qilmoqda. Sayyoramiz aholisining bor-yoʻgʻi 1 foizi dunyo boyliklarining 60 foiziga ega. Bu esa milliy davlatlarning Gʻarbga siyosiy iqtisodiy va harbiy jihatdan qaramligiga olib keladi.

Shuningdek, mazkur vaziyat davlatlarning OAVga ham oʻz ta’sirini oʻtkazmay qolmaydi. OAVning milliyligiga rahna soluvchi hozirda odatiy holga aylanib borayotgan, koʻproq Gʻarbga xos boʻlgan pornografik, vahshiylik, narkomaniya, fohishabozlik kabi illatlarni oʻzida aks ettirgan dasturlarning berilishi kuchaymoqda. Bu esa, oʻz navbatida, milliy OAVning milliy qadriyat va madaniyat tushunchasidan yiroqlashib, dunyo­ning yirik mediakorporatsiyalari mahsulotlariga murojaat qilib, axborot sohasida ishlab chiqaruvchi emas, balki iste’molchiga aylanib qolishiga olib keladi. Milliy OAV va jurnalistika xorijiy (asosan Gʻarb) axborot mahsulotlariga bogʻlanib qolmoqda. Xususan, Oʻzbekiston OAVlari ham dunyo yangiliklariga oid axborotlarni uzatishda butunlay chet elning yirik korporatsiyalariga suyanadi, milliy qadriyatlarni oʻzida aks ettirgan koʻrsatuvlar berilishi oʻrniga xorij seriallari, kinolari, sport koʻrsatuvlari va musiqiy dasturlarini haddan tashqari koʻp vaqt efirga uzatish jamiyatimiz uchun bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:

— chet el mafkurasi, dunyoqarashi va hayot tarzini omma ongiga singdirib, milliy qadriyatlar va an’analarga e’tiborning pasayishiga olib keladi;

— xorijiy axborot oqimlarida mavjud boʻlgan gʻarbona erkin jinsiy hayotni, zoʻravonlik, urush va qotilliklar, xudbinlik, boylikparast­lik, ota-onani hurmat qilmaslik, ichkilikbozlik, tamaki mahsulotlari va narkotik moddalarni iste’mol qilishga mukkasidan ketgan shaxs­lar va shunga oʻxshash holatlar ijtimoiy ongga, ayniqsa, yoshlar tafakkuriga salbiy ta’sir koʻrsatadi;

— Gʻarb manfaatlarini himoya qiluvchi axborot oqimlari oʻzbek jamiyatining milliy estetikasi, ahloq me’yorlariga va mentalitetiga, yoshlarga milliy mafkurani singdirish uchun qilinayotgan koʻpgina ishlarning samaradorligiga putur yetkazadi;

— Milliy OAV mahsulotlariga boʻlgan talabning pasayishiga olib kelishi;

— Milliy jurnalistika taraqqiyotini sekinlashtirishi mumkin;

— Milliy axborot makonini va ongni axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan chet el mafkurasi ta’siriga tushib qolishiga olib keladi;

Globallashuv jarayonining bunday salbiy ta’sirlarini kamaytirish uchun bir qator muammolar yechimiga e’tibor qaratish lozim. Avvalo, soʻz va OAV erkinligini qogʻozda emas, balki amalda ta’minlanishiga erishish, OAV sohasida ham toʻlaqonli bozor munosabatlariga oʻtish va uning tartibga solish tizimlarini ishlab chiqish, OAV va jurnalistika sohasidagi milliy kadrlarni tayyorlash sifatini yaxshilash talab etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov ham Oliy Majlisning ikkinchi chaqiriq toʻqqizinchi sessiyasida qilgan ma’ruzasida bugungi kunda respublikada soʻz erkinligini ta’minlashning jamiyatimiz rivoji uchun oʻta muhimligini, OAV sohasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish lozimligini, ichki va tashqi siyosatdagi murakkab masalalarni chuqur tushunadigan va tahlil qila oladigan, oʻz kasbini chinakam ustasi boʻlgan yuqori malakali jurnalistlarga katta ehtiyoj borligini ta’kidlab oʻtgan edi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, globallashuv jarayoni insoniyatning, xususan, OAVning rivojlanishi uchun (oʻzining barcha ta’sir va oqibatlariga qaramasdan) juda qulay imkoniyatlar yaratib bermoqda. Xususan, Oʻzbekiston ham globallashuvning bunday imkoniyatlaridan foydalanib, jahon hamjamiyatiga yanada tezroq integratsiyalashmoqda va xalqaro axborot almashish jarayonlarida faol qatnashmoqda. Ammo globallashuv jarayonida «jabrlanuvchi»ga aylanib qolmaslik uchun Oʻzbekiston ijtimoiy ongni va milliy OAVni tezroq erkinlashtirishi, axborot boʻshligʻi yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. Negaki, kuchli ijtimoiy fikr va OAV jamiyatni globallashuvning siyosiy-iqtisodiy va mafkuraviy tazyiqlardan himoya qilishda eng samarali himoya vositasi boʻla oladi.

Akbar Nurmatov, OʻzDJTU doktoranti