OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkbar Rustamov
Asar nomiRamazon tunida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Akbar Rustamov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ramazon tunida (hikoya)
Akbar Rustamov

Zokir namozshom chogʻi qoʻylarini qamab uyga kirarkan, ichkarida oʻtirgan ota-onasining suhbati kulogʻiga chalindi. Tushundi: gap oʻzi haqida bormoqda.
— Yoʻq, — derdi otasi. — Ertaga qishloqdagilar falonchi oʻgʻlini boqolmay, koʻchaga gadoylikka chiqaribdi, deyishlarini istamayman.
— Voy, gadoylik nimasi. Ochliqdan chiqayotgani yoʻq-ku! Bu ham bir bolalik gashti-da. Oʻrtoqlari bilan qoʻshiq aytib kelishadi. Xoʻp deng, bolamning shashti sinmasin.

Zokir ertalab maktabga borar chogʻida onasidan «Ramazon»ga chiqishga ruxsat soʻragandi. «Boʻpti, — degan edi u, — agar yaxshi bola boʻlsang, dadangdan ruxsat olib beraman«. Shundan soʻng Zokir oyogʻini olti qilib chopdi. Maktabda shu kungi darslardan "besh" olib, kundaligini onasiga koʻrsatdi, uydagi yumushlarining hammasini bajardi, hatto qoʻylarini oʻtloqqa bir aylantirib kelishga ham ulgurdi. Demak, bugun "yaxshi bola" boʻlibdi. Hademay tengqurlari bilan »Ramazon»ga chiqadi. Chunki u otasining fe’lini yaxshi biladi. Onasiga hech qachon yoʻq demagan. Toʻgʻri, avvaliga bir oz roʻyxushlik bermaydi-yu soʻng koʻnadi-qoladi...
— Ana, toʻrt kishi boʻldik. Boshqani qoʻshmaymiz. Ulush kam tegadi. Salim joʻraboshi shu soʻzlarni aytarkan, Zokirga koʻzi tushdi-yu gapini davom ettirdi:
— Hey, sen mayda, ovozingni balandlatib aytgin. Bizniki eshitilmasin. Keyin pulni ham sen menga keltirib berasan. Chunki bizni koʻrib, yo tanib qolishsa ayb qilishadi. Senga farqi yoʻq. Hali kichiksan!

Birinchi borganlari Inom boboning hovlisi boʻldi. Darvoza oldida qatorlashib ashulani boshlab yuborishdi:

    Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon
    Xudoyim oʻgʻil bersin beshigingizga...
    Paygʻambarning oʻn bir oʻgʻli bor edi...
    Oʻn biridan shoh Yusuf gul uzor edi...

Zokir baland ovozda «Ramazon» aytarkan, shu topda oyisining paygʻambar haqidagi rivoyati yodiga tushib, uning farzand dogʻida koʻr boʻlib qolgani, Yusuf paygʻambarning esa zindondagi azoblari, qul qilinib sotilishi-yu, soʻngra baxti chopib shoh boʻlganini koʻz oldiga keltirdi.

«Ana koʻrdshggmi, bolam, yaxshilik doim gʻalaba qozonadi, - degan edi onasi oʻshanda. - Ammo birovga yomonlik qilgan kishi bir kuni yuzi shuvut boʻladi».

Inom boboning oʻzi darvozani ochdi. La’lidagi non, shirinliklarni dasturxonta toʻkarkan, «Ramazon oyi muborak boʻlsin», deya yuziga fotiha tortdi.
— Bu uyning orqasida oy koʻrdik, bu uyning egasini boy koʻrdik, — deya odatiy tarzda «Ramazon»ning davomini aytgan Zokir cholning bir necha oy ichida tez qariganini sezdi.

Inom boboning oʻgʻli bundan bir yilcha muqaddam Rossiyaga ishlagani ketgan, ammo oradan ikki oy oʻtar-oʻtmas uning jasadi kelgan edi. Shu topda bolaning koʻziga otaxon Yusufni kuduqma-quduq axtarib yurgan soʻqir Yoqub paygambar boʻlib koʻrindi.
— He, qurumsoq chol, — dedi joʻraboshi dasturxondagi yeguliklarga yomon qarab. — Shuncha mayda-chuydaning oʻrniga yuz-ikki yuz soʻm bersa oʻladimi?
— Unday dema, — e’tiroz bildirdi Zokir. — «Ramazon»ni pul uchun emas, savob uchun aytadilar.
— He, sani savobingni.. — gapga qoʻshildi bolalardan biri. — Oʻzi hammasi sen lapashangni deb boʻldi. Qaytanga seni qoʻshmasak boʻlarkan. Ana Chori traktorchining uyi. Sen ichkariroq kir. Oʻgʻil bolamisan oʻzi, muncha lallaymasang.

Zokir Chori traktorchi kechga yaqin qoʻshnisining tomorqasini haydab berib qaytib ketayotganini koʻrgandi. Uning qovogʻini uyib, doimo nimadandir jahli chiqqanday yurishidan choʻchirdi. Qolaversa, Zokir bahorda uyidan narirokda oʻtib borayotgan tirkamaga osilgan, buni koʻrgan Chori amaki, traktorni toʻxtatib chaqqon harakat bilan yerga sakrab tushgandi. Oʻshanda bola ura qochayotib traktorchining «kalusning tagiga tushsang nima boʻlardi. Ajalingdan besh kun oldin oʻlib ketarding. Yana shunday qilsang, qoʻlimga tushsang, oʻzim bilaman», deya qichqirganini eshitgandi. Shu bois uyga kirishga qoʻshli ham yoʻq, oldiga quvib solsa-chi, degan hadik ham bor edi. Ammo sheriklari ustidan kulishini oʻylab, ohista qoʻshiqni boshladi:

    Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon...

Traktorchi ichkari eshikni ochib, tashqariga chiqdi-da, bolaga yaxshilab razm solgach, dedi:
— Ha, Zoirning oʻgʻli, kel. Yaqinroq kel. Zokir qoʻrqa-pisa ichkariga kirdi.
— Hozir «Ramazon» aytding-a. Yana bir marta ayt. Bola noiloj qoʻshiqni yana aytishga tutindi:

    Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon
    Ramazon aytib keldik eshigingizga
    Xudoyim, oʻgʻil bersin beshigingizga.

— Toʻxta, - dedi traktorchi. — Shu yerini qayta ayt.

    — Ramazon aytib keldik eshigingizga
    Xudoyim, oʻgʻil bersin beshigingizga.

— Eshityapsanmi, bolaning niyati ijobat boʻladi, — dedi u orqasidan ergashib chiqqan xotiniga. Keyin Zokirga yuzlandi.
— Ma, oʻgʻlim, ma, xudo mangayam sanday oʻgʻil bersii.

Shunday deb Chori traktorchi Zokirga ikkita mingtalikni uzatdi. Bola bir zum traktorchining saxovatidan hayratlanib turdi-yu rahmat aytib, tashqariga yoʻnaldi.
— Voy-bu, Zokir, traktorchining choʻntagidan borini oʻmardingmi, nima, — qoʻlidagi mingtaliklarga qarab hali ham koʻziga ishonmasdi Salim. — Agar Chori shu holida ikki ming soʻm bergan boʻlsa Sami boy bizga xazina yogʻdiradi.

Bolalar koʻproq pul ilinjida boyning naqshinkor darvozasi oldida tizilib «Ramazon» aytishdi. Birinchi marta javob boʻlmagach, yana takrorlashdi. Ammo bu gal ham ahvol oʻzgarmadi. Faqat chiroq oʻchdi xolos. Bolalar sezishdiki, boyning uyidagilar qitmirlik qilishyapti. Shunda bu holatlarda aytiladigan jumlani qaytarishdi:

    Bu uyning orqasida latta-putta,
    Bu uyning egasining... katta.

Bolalar orqasiga oʻgirilib bir-ikki qadam yurgan ham edilarki, darvoza ochvdib, ichkaridan bir bahaybat it otilib chiqdi. Yugurishga chogʻlanayotib, oʻzini oʻnglolmay yiqilib tushgan Zokir oʻrtoqlarining uni xavfli vaziyatda tashlab ketayotganligini koʻrib alami keldi va «koshki, tishlamasaydi», degan ilinjda duo aytayotgandek pichirladi:

    Shoh Yusufni ovga olib chiqdilar,
    Jarga tashlab boʻri yedi dedilar...

Vajohat bilan yugurib kelayotgan it goʻyoki bolaning koʻnglidan kechayotganini uqqandek uning roʻparasiga kelganda toʻxtadi-da bir oz turib orqasiga qaytdi.