OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkobir Sayyid
Asar nomiDaraxt poʻstlogʻidagi bitiklar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Akobir Sayyid
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Daraxt poʻstlogʻidagi bitiklar (hikoya)
Akobir Sayyid

Chol bukchayib oʻzidan ham yoshi ulugʻroq yongʻoq daraxti ostini tozalardi. Yongʻoq mevasi poʻstini archaverib qoʻli, labi va yalang oyogʻidagi barmoqchalari qorayib ketgan bolakay ser¬gʻayratlikda bobosidan ham oshib tushardi. Shox-shabbalarni uloqtirib oʻynar, kezi kelganda, bobosiga taqlidan belini ushlab voy-voylab qoʻyardi. Tanish bolakay. Judayam tanish. Koʻzlari, nigohlari, quyoshdan qoraygan yuzi menikiga oʻxshaydi. U menmidim?! Chol ba’zan yongʻoqning vujudini, gʻadir-budir tanasini siypalardi. «Poʻsting toʻkilayapti-ya», deya gʻudranib qoʻyardi. «Shoxing sinayapti-ya»¬, deya oh urib qoʻyardi. Daraxt tanasidagi boʻrtiq chiziqlar cholning yuzidagi ajinlarga oʻxshardi. Cholning toʻkilib ketgan sochi yongʻoq shoxiga oʻxshardi. Bir-biriga oʻxshash ikki hayot birlashgan, ikki hayot keksaygandek edi. Men ikkalasi ham qachonlardir bu yerdan mangu ketib qolishini sezardim. Judayam qattiq his qilganimdan gʻing demasdim. «Bobo, kim bilan gaplashayapsiz?» – deya olmasdim. Tinglardim. Bobo tomoq qirib qoʻyardi. Bolakay shox oʻynash bilan ovora edi.

«Bizning muddatimiz tugab qolayapti, qariya. Yodingda bordir, men seni yoshligingdan beri bilaman. Uy qurayotganimda seni kesib tashlamoqchi ham boʻlganman. Menga uy kerak edi. Sen emas. Kechirim soʻramoqchi emasman. Sen ham hech narsa demaganding. «Keldim, dunyongni ham koʻrdim. Hech bir qizigʻidan, hech bir jozibasidan nishona yoʻq. Qursang quraver oʻsha uyingni», degandek hatto barg qimirlatmading. Keyin men aynidim. Nima, sen shoxing sinmasi juftakni rostlayverasanmi, deb oʻyladim. Men bilan yomon yashamading, shundaymi? Lekin koʻp qiynalding. Atrofingga beton toʻkdik. Kichkinamiz ZILda bosib tsement olib kelib tashladi. Qachongacha loy kechib yuramiz, dedik. Sen yana hech narsa demading. Bir kuni dardingni ichingga yutaverib quriysan, deb oʻylagandim. Joning toshdan ekan. Endi bu safar ketishimiz aniq. Sen xoh rozi boʻl, xoh boʻlma... Yerimiz biz uchun aylanishni tugatadi, quyosh biz uchun sochayotgan nurlarini bas qiladi. Nasiba».

* * *

Oʻsmirligimda chol oʻsha paytlari charchagan boʻlsa kerak, deb koʻp oʻylardim. Ayniqsa rok, pop, jaz va boshqa jazavali qoʻshiqlar ta’siriga tushib, inson tanasidan boshqa vujudni tan olmay yurgan paytlarim cholni esini yeganlikda aybladim. Ma’shuqamga soxta hayotdan kelganligimni, shaharga kelib haqqoniyatga koʻmilganimni hayajon bilan aytib bergan paytlarim boʻlgan. U oppoq tishini koʻrsatib kulgan, pushti lablarini choʻchchaytirib, «Oʻzimning yovvoyiginam», deya qulogʻimga pichirlagandi. Men cholning koʻnglini ogʻritib qoʻygan ekanman. Ishim oʻngidan kelmay yurgan kezlari cholning haqqiga duo qilgim kelib ketdi. Chol joynamozga oʻtirvolib hadeb takrorlayveradigan soʻzlarini eslay olmasdim. «la», «la», bu – arabchada «yoʻq» degani ekan. Miyamga tuzukroq gap kelmadi. Peshonam terlab ketdi. Yuk kelishi kerak edi. Issiqda kuyib-pishib oʻtiraverdik. Akrom, Zubay, Xurshid va men. Xurshid asabiylasha boshladi. Omborxona xoʻjayinini sekin yoʻqladi. Onasini ham. Men kuldim. Jahlim chiqsa, kuladigan odatim bor edi. Miyamda hamma voqealar qorishib ketar, tetapoya qilib, tilim biyron boʻla boshlagandan beri oʻtgan eng mas’ud damlarimni eslab kulardim. Goʻyoki quyoshning qaynoq nurlari qa’rida paydo boʻlgan yoʻl meni oʻsha tomonga yetaklardi. Bu yoʻl menga puldan ham qadrliroq mukofotni va’da qilar, kimgadir yoʻliqishimga ishora etardi. Oyogʻim uvishib, turishga madorim yoʻq edi.

* * *

Chol eshikni gʻiyqillatib ochdi. Bola uning ketidan qolmasdi. Kampir toʻrda nimadir tikib oʻtirardi. Chopon boʻlsa kerak. Kuyovlikbop choponlar kampirning qoʻl fabrikasidan chiqardi. Chol oyoq uchida kelib kampir yonida turgan gʻaltakka qoʻl choʻzdi. Faltak ip boshqa tomonga tortildi.

– Sezib qolding-a? – dedi chol kulimsirab.

– Xudoga shukur, koʻzim hali oʻtkir, – dedi kampir kinoya bilan.

Kampir koʻzoynagini koʻtarib qoʻydi. Keyin katta-katta, haqiqiy Sharq goʻzallarigagina xos boʻlgan koʻzlarini bolaga tikdi. Darrov hamma ishini yigʻishtirib eshikka chiqdi. Chol mahsisini yechdi. Bola ham sakrab turdi. Falati quvonch bilan barmoqlarini yigʻib, jajji mushtchasini namoyish etdi. «Ana, eshitdingizmi? – dedi ovozini balandlatib. – Bobo, eshitdingizmi?» Cholning koʻzi ilingan shekilli, ovozi chiqmadi. U yonboshlagancha yutinib qoʻydi.

– Ho,– dedi bolakay erkalanib, – berib boʻpman sizga. Keyin sal yumshadi: – Oʻziz-da, «Tovugʻing baqiroq, tovugʻing yigʻloq», deyaverasiz. Mayli, tuxumni choʻqqa pishirib bersayiz, sa-algina beraman. – «Salgina»ni barmoqchalari bilan ifodalab berdi. Chol kulib yubordi.

* * *

Chap koʻksini changallab qolishini kutgandim. Bunaqangi baqirishda infarkt yo insult boʻlish hech gapmas. Xurshid ayolga hamroh ikki barzangiga e’tibor bermadi. Men bilan Zubayga koʻz qirini tashlab qoʻydi, xolos.

– Xola, koʻp «shantaj» qilmang. Sizga boʻyoqni men sotganim yoʻq. U men emas.

– Kim edi u, arvohingmi? Mashinnik...

Ayolning haqoratlari koʻpaygani sari Xurshidning yuzi tundlashib boraverdi. Bozordagi aravakashdan tortib vositachi-oʻrtakashlargacha yigʻildi. Menga koʻproq Sopi Bema’nining laqillashlari yoqmayotgandi.

– Bola koʻproq qoʻshvorganmi, nima balo... Oʻrtakashga osonmas, jigar. Yuz soʻm topish uchun ming soʻmlik gap eshitishi kerak. Koʻzi koʻkargani zarariga.

Indamadim. Xurshid ham gap eshitadiganlar xilidanmas. Bozordan qorin toʻydiradiganlarning koʻpchiligi buni yaxshi biladi. Uni sirli joyga koʻmilgan portlovchi moslamaga qiyoslash mumkin. Toʻsatdan oʻzini namoyon qiladi.

* * *

Kampir sahardan taraddudlanib qoldi. Hali uyoqqa yuguradi, hali buyoqqa. Cholini oppoq kiyintirib, koʻngli tinchidi. Keyin darvozagacha kuzatib qoʻydi. Chol hassasini qoʻltiqlab ketarkan, ortiga oʻgirildi.

– Sen ham bor, – dedi jiddiy qiyofada. – Qobiljon xafa boʻladi.

Kampir dasturxon tugmasin. Mayiz, turshak, yongʻoq, oʻzi yopgan non, hammasi boʻladi. Bolani kiyintirmasin. Oʻzi tikkan ishtonchadan tortib, koʻylakchagacha kiydiradi. Ke¬yin yoʻlga tushadi. Yoʻl ora bolakayga yaxshilab ta¬yinlaydi:

– Dasturxonga qoʻl choʻzaverib, meni uyaltirma, xoʻpmi, qoʻzim. Qorning och boʻlsa ayt, ovqat suzib beray.

Shu orada yoʻllaridan shox-shabba chiqib qolishi ta¬yin. Kampir shuni ham koʻzi qiymaydi. «Harna-da, tandir qizitishga yarar». Bolakayning tili qichiydi.

– Momojon, Xurshidni toʻyimi bugun? Sunnat toʻyimi? – deya soʻraydi. – Nima, uni usta yana «halol» qiladimi?

Momo «yoʻq», degandek bosh qimirlatadi.

– Oʻtgan safar «halol» qilgan edi, bugun osh yediradi, – deydi.

* * *

Osh unchalik tatimadi. Hech narsa koʻngilga taskin berolmasdi. Xoʻrligim keldi. Qachongacha shunday yashayman? Uyga ketaman. Tamom-vassalom. Bu yerlarni tashlab ketaman. Bir omadsiz yigit sifatida bosh egib, qishlogʻimga kirib boraman. Hamma kulgan taqdirda ham bobom bilan momom yashagan hovliga qamalib olaman. Chiqmayman.

– Koʻp aljirama, – dedi Xurshid kechagi mushtlashuvdan soʻng turfa rangga kirgan yuzini men tomon burib. – Yaxshisi, mana bu diskni koʻr, xursand boʻlishing aniq.

Ekranda tanish manzara namoyon boʻldi. Xurshidning sunnat toʻyi. Oʻsha paytlari videokamera toʻylarga endigina «tashrif buyurgan» edi. Hamma bu ogʻir matohni yelkasiga qoʻndirib olgan kishini koʻrsa yo kulishga, yoki boʻlmasa qoʻl silkishga oshiqardi. «Mana, men», deb qoʻygisi kelardi. Oʻylarim ichimga tushib ketdi. Uni koʻrib qoldim. Mana, mana mening bobom. Xuddi oʻzi. Kalta soqoli. Yongʻoq daraxtinikiga oʻxshash ajinlari. Tirik ekan. Duoga qoʻl ochdi.

– Omin, – dedi Qobil amakining: «Duo bering», degan qistovidan soʻng.

Falati duo qildi. Juda gʻalati. «Mening yoshimga kirib yuringlar», deyishini kutgandim. Unday demadi.

– Barchamizni Yaratgan toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin, aslimizni unutmaylik, – dedi.