OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkutagava Ryunoske
Asar nomiChakalakda (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Akutagava Ryunoske
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad A’zam
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chakalakda (novella)
Akutagava Ryunoske

Mahkama toʻrasi tergovida oʻtinchining aytganlari

Xuddi shunday. Murdani men topdim. Bugun ertalab ham, hamishagidek oʻtin chopish uchun toqqa, uzoqroqqa chiqqan edim. Oʻlik shu togʻ tagidagi chakalakda yotgan ekan. Aniq qaerda? Yamasinga oʻtadigan qatnov yoʻlidan taxminan toʻrt-besh tyo* ichkarida bambuk bilan yangi kriptomeriy aralash oʻsgan ovloq bir joy.

Murdaning egnida poytaxtdagilar kiyadigan och-havorang suykan*, boshida nimdoshgina abosi* qalpoq bor edi. U chalqancha yotgan ekan. Keyin, mana, gavdasida bitta shu jarohat koʻrindi, lekin qoq koʻkragida, atrofidagi quruq bambuk xazonlari misoli aniq shingarfiga boʻyalgandek. Yoʻq, qon boshqa ketmayotgan edi. Jarohati, koʻrinishidan, qotgan shekilli. Ha, yana bitta narsa, jarohatda qon soʻrib toʻygan soʻna ham qoʻnib turgan edi, oyoq tovushimdan uchib ham ketmadi.

Qilichmi yo shunga oʻxshagan biron narsa koʻrinmadimi? Yoʻq, hech narsa koʻrinmadi. Faqat yonida murda yotgan kriptomeriy tagida arqon ham tushib qolgan ekan. Ha yana... ha, ha, arqondan boshqa yana u yerda taroq bor edi. Yoʻq, boʻldi, murda yonida bori – shu ikkita narsa edi. Nima, ot yoʻqmidi? E, u yoqqa hech bir ot oʻta olmaydi. Ot yoʻli nariroqda, chakalakdan keyin.

Mahkama toʻrasi tergovida yurtgashta rohibning aytganlari

Marhum bilan men kecha koʻrishgan edim. Kecha... tush paytlari chamasi. Sekiyamadan Yamasinga boradigan yoʻlda. U otga mingan xotin bilan Sekiyamaga qarab ketayotgan edi. Xotin gardishi keng, hijobli shlyapa kiygan edi, shuning uchun yuzini koʻrganim yoʻq. Xagi naqshi nigorli ipak koʻylagi koʻrindi, xolos. Oti jiyronga moyil, yoli qirqilgan. Boʻyimi? Odatdagidan chamasi toʻrt tyo balandroq. Rohibman-ku men, bunaqa narsalarni uncha farqlamayman. Erkakning... ha, belida qilichi bor edi, yelkasiga kamon oʻqli sadoq osilgan. Hozir ham esimda: loklangan qora koʻn sadoq, yigirmatacha oʻqning uchi ham chiqib turgan edi.

Uning shunday qismatga uchrashi tushimga ham kirgani yoʻq. Rostdan ham, inson umri lahzalik gap, shudring nimayu chaqmoq nima! Oʻh, bunga soʻz bormi, juda qaygʻuli.

Mahkama toʻrasi tergovida posbonning aytganlari

Shu, men tutgan odammi? Bu – nom koʻtargan yoʻltoʻsar Tadzyomaru. Ushlagan vaqtimda u Avadagutidagi tosh koʻprik ustida otdan yiqilib, inqillab yotgan edi. qachon? Oʻtgan kecha, birinchi tunqotar mahalida. Oldingi gal, ushlashimga sal qolganda, uning ustida xuddi shu suykan, kamarida qilichi taqilgan edi. Bu gal, mana, koʻryapsizki, kamon bilan kamon oʻqlari ham bor. E shunaqami? Oʻlgan odamning narsalarining oʻzimi? Xoʻp, unda qotillik, shubha yoʻq, Tadzyomaruning ishi. Charm tortilgan kamon, loklangan qora sadoq, lochin patli oʻn yettita kamon oʻqi, shularning hammasi, demak, oʻldirilgan odamniki boʻlgan. Ha, ot, oʻzingiz aytgandek, jiyron, yoli qirqilgan edi. Taqdir-da, qarang-a, shu ot tashlabdi-da. Koʻprikdan sal narida oʻtlab yurgan edi, uzun jilovini sudrab.

Bu Tadzyomaruning oʻzi poytaxtda izgʻib yuradigan boshqa qaroqchilarga oʻxshamaydi, ayollarga juda oʻch. Esingizdami, bultur Bindzuruga atalgan Akitoribe ehromi orqasidagi togʻda bir ayolni. .meningcha, ziyoratchilardan boʻlsa kerak, qizchasi bilan oʻldirishgan edi? Ana shunda ham Tadzyomaruning qoʻli bor deb aytadilar. Ana, jiyron ot mingan juvon, agar Tadzyomaru erkakni oʻldirgan boʻlsa, u qayoqda qoldi, unga nima boʻldi? Noma’lum. Kechirasiz, aralashyapman, lekin buni bir surishtirib koʻrish kerak.

Mahkama toʻrasi tergovida kampirning aytganlari

Ha, mening qizim turmushga chiqqan odamning murdasi. Faqat u poytaxtdan emas. Vakafadagi Kokufudan, samuray. Oti Kanadzava Takexiro, yigirma olti yoshda. Yoʻq, unga biron-bir odamning qasd qilishi mumkin emas – juda yumshoq fe’lli edi.

Mening qizimmi? Uning oti Masago, oʻn toʻqqiz yoshda. Uning fe’li botir, erkaklardan qolishmaydi. Takexirogacha hech qachon bironta ham xushtori boʻlmagan. U bugʻdoyrang, chap koʻzining burchagida xoli bor, yuzi kichkina, choʻzinchoq.

Kecha Takexiro qizim bilan Vakasaga ketgan edi. qaysi gunohi uchun bu musibat boshiga tushib turibdi? Nima boʻldi qizimga? Kuyovimning qismatiga-ku, koʻndim, na iloj, yoʻq, lekin qizimning kuyugiga chiday olmayapman. Men bir kampir odam, barcha avliyolar haqqi, yolvoraman, hamma oʻrmonu dalalardan izlang, faqat qizimni toping! qanaqa vahshiy ekan bu yoʻltoʻsar, oti inima edi, Tadzyomarumi? Faqat kuyovimni emas, qizimni ham... (boshqa gapirishga holi kelmay, yigʻlab yuboradi.)

Tadzyomaruning iqrori

Bu odamni men oʻldirdim. Lekin juvonni men oʻldirganim yoʻq. qayoqqa ketdi? Buni men ham bilayman. Toʻxtang! Meni qancha qiynamang, bari bir, bilmagan narsamni bilaman, deb ayta olmayman-ku. Bundan tashqari, endi shunday boʻlib qoldimi, qoʻrqib oʻtiramanmi, hammasini ochiq aytaman.

Bu erkak bilan juvonni tushdan sal oʻtib koʻrdim. Juvonning ipak yopinchigʻini shamol bir koʻtardi, shu payti yalt etib yuzi ochildi. Bir lahzaga – lip etdiyu yana bekildi – balki shuning uchundir, yuzi menga malak siymosidek koʻrindi. Shu zahoti erkagini oʻldirib boʻlsa ham juvonga erishaman deb qasd qildim.

Sizga bu vahshiylik boʻlib tuyulyapti, a? Arzimagan narsa, erkakni oʻldirish ham ish boʻptimi? Ayolga erishaman deganda erkakni doim oʻldiradilar. Faqat men belimdagi qilichim bilan oʻldiraman, siz esa qilich ishlatmaysiz, hokimiyat, pul, ba’zan esa shirin gaplar bilan oʻldirasiz. Toʻgʻri, bunda qon toʻkilmaydi, erkak bus-butun turadi – lekin bari bir oʻldirgan boʻlasiz. Bunday oʻylasa, qaysimizning gunohimiz ogʻirroq - siznikimi, menikimi, - kim biladi? (Zaharxanda iljayish.)

Bu, erkakni oʻldirmay ham ayolga erishish iloji boʻlsa, koʻnglim joyiga tushmaydi. degani emas. Bu gal esa ayolga erkakni oʻldirmay ham shunday erishmoqchi boʻldim. Faqat qatnov yoʻlda bunaqa ishni qilish mushkul. Shuning uchun ikkovini ham chakalak ichkarisiga qanday kirgizishni oʻyladim.

Bu qiyin boʻlmadi. Ularga yoʻlovchiman, deb qoʻshilib oldim-da, toʻgʻridagi togʻda bir qoʻrgʻon bor, bugun oʻsha yerni kavlagan edim, koʻp qilich bilan oyna chiqdi, begona koʻzdan pana qilib, togʻ

tagidagi chakalakka koʻmib qoʻydim, endi xaridor chiqsa, soʻragan

narsasini arzongarovga sotaman, deb gapni toʻqidim. Erkak sekin-asta gapimga laqqa tushaverdi. Mana, nima deb oʻylaysiz? Dahshatli narsa-da ochkoʻzlik! Yarim soat ham oʻtmadi, ular otining boshini toqqa burib, soʻqmoq yoʻldan menga ergashdilar.

Chakalakka yetib borganimizdan keyin narsalarning chakalak ichiga koʻmilganini aytib, kirib koʻrishlarini taklif qildim. Koʻzi ochlik erkakning ich-etini kemirayotgan edi, albatta u yoʻq demadi. Lekin juvon otdan tushmay, shu yerda kutaman, deb turib oldi. Uning aqli joyida ekan, chunki chakalakning juda qalinligini koʻrib turardi. Hammasi xamirdan qil sugʻurgandek boʻldi, juvonning oʻzini qoldirib, erkakni chakalakka ergashtirib kirdim.

Chekkada faqat bambuk oʻsgan edi. Lekin chamasi bir tyo yurganimizdan keyin kriptomeriya uchray boshladi. Oʻylagan ishimni qilish uchun bundan qulay joy yoʻq edi. Shox-shabbani yirib yoʻl ochib borib, xazinani kriptomeriya tagiga koʻmganimni rostga oʻxshatib gapirdim. Erkak meni eshitgani sayin oʻsha yoqqa, kriptomeriyaning nozik novdalari koʻrinayotgan joyga oshiqar edi. Bambuk kamaya borib, atrofni kriptomeriya tutgan joyda erkakka tashlandim-da, uni yerga bosdim. Uni daraxtga bogʻlash birpaslik ish boʻldi. Arqon hamishagidek belimda edi, chunki chetanlardan oshib oʻtishda doim menga asqotadi. Turgan gap, baqirmasin deb bambukning toʻkilgan barglarini ogʻziga tiqin qildim, u bilan qiladigan boshqa ish ham qolmadi.

Erkakni hal qilib, juvonning oldiga qaytib keldim, unga yoʻldoshining birdan mazasi qochib qolgani, oʻzi borib koʻrmasa boʻlmasligini aytdim. Bu ish ham oʻylaganimdek chiqqanini gapirib oʻtirish shart emas. U gardishi keng shlyapasini boshidan oldida, qoʻlimni qoʻyib yubormay, chakalak ichiga yurdi. Lekin eri daraxtga bogʻlangan joyga kelishimiz bilan, uni koʻrdiyu qoʻlini qoʻyniga tiqib, shartta xanjar chiqardi. Hech qachon bunaqa chars, botir xotinni koʻrmaganman. Hazir boʻlib turmaganimda qornimdan tigʻ yeyishim hech gap emas edi. Bunga-ku chap berdim. Lekin u ayamay toʻgʻri kelgan joyimni chavaqlayverdi. Ha endi, men ham bekorga Tadzyomaru emasman, axiyri qilich ishlatmay, qoʻlidagi xanjarini urib tushirdim. qurolsiz qolgandan keyin har qancha qoʻrqmas boʻlmasin, juvonning qoʻlidan nima ham kelardi. Ha, mana. nihoyat, oʻylaganimdek, erkakning umriga zomin boʻlmay, ayoliga erishdim.

Ha. erkakni tirik qoldirib. Oʻzi uni keyin ham oʻldirish niyatim yoʻq edi. Lekin oxirida, koʻzyoshiga choʻmib yotgan juvonni shunday tashlab. chakalakka biqinib ketmoqchi edim, u birdan esini yoʻqotgandek yengimga tarmashdi-da, hirqirab: «Yo siz oʻlasiz, yo erim... Ikkovingizdan bittangiz oʻlishingiz darkor... Ikkita erkakning koʻz oldida benomuslik oʻlimdan battar. Bittangiz oʻlishingiz shart. Kim tirik qolsa, shuni er qilaman», deb chinqiraverdi. Shunda erkakni oʻldirsammikan deb qoldim. (Ma’yus iztirob.),

Endi sizlarga bu gaplarni aytib berganimdan keyin meni juda bagʻritosh deb oʻylasangiz kerak. Sizga qolsa, shunday, negaki, bu juvonning yuzini koʻrmagansiz. Negaki, uning yonib turgan koʻzlarini koʻrmagansiz. Shu qarashiga koʻzim tushganida, mayli, turgan joyimda yashin urib oʻlsam oʻlaman, lekin uni xotinlikka olaman deb koʻnglimga tugdim. Kallamda uni xotin qilishdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Yoʻq. bu siz oʻylagandek yovvoyi mayl emas. Agar xayolim faqat shahvatda boʻlgan-da, ayolni bir tepib, tashlab ketgan boʻlar edim. Unda qilichimni ham erkakning qoniga bulgʻab oʻtirmasdim. Lekin oʻsha fursatda, chakalakning gʻira-shirasida juvonning yuziga qaragan paytimda, erini oʻldirmay bu yerdan ketmayman, deb ont ichdim.

Lekin, uni oʻldirsam ham, nomardlarcha oʻldirgim kelmadi. Uni arqondan boʻshatdim, qilichda solishamiz, dedim. Daraxt tagidan topilgan arqon - oʻshanda men tashlagan arqon. Erkak oʻsha zahoti betini tirishtirib, qoʻliga ogʻir qilichni oldi-da, bir soʻz ham gapirmay, gʻazab bilan menga tashlandi. Bu olishuv qanday tugaganini aytib oʻtirish shart emas. qilichim yigirma uchinchi sermashda uning koʻkragiga sanchildi. Yigirma uchinchi sermashda, - iltimos, shuni unutmang! Haligacha aqlim bovar qilmaydi – bu dunyoda faqat bitta shu odam men bilan yigirma marta qilich urishtirtirdi. (Shodon tabassum.)

U yiqilishi bilan, qoʻlimda qonga belangan qilich, juvonga oʻgirildim. Lekin, tasavvur qilasizmi, – hech qaerda yoʻq edi u. Daraxtlarni oralab izladim. Lekin toʻkilgan bambuk yaproqlarida hech qanaqa iz-piz yoʻq. Tevarakka quloq tutaman, erkakning boʻgʻzidagi ramaqijon xirillashidan boshqa tovush kelmaydi.

Balki biz olishayotganda juvon yordamga chaqirish uchun chakalakdan chiqqandir? Shu gumon kallamga kelishi bilan, gap oʻzimning hayotimga taqalganini angladim. Oʻlgan odamning qilichi, kamonu oʻqlarini olib, darrov avvalgi soʻqmoqqa chiqib oldim. U yerda ayolning oti tinchgina oʻtlab yurgan ekan. Keyin nima boʻlganini aytib berish behuda gap sotish boʻladi deb oʻylayman. Faqat bitta narsa – poytaxtga kirish oldida menda oʻsha qilich yoʻq edi. Mana, bor iqrorim shu. Meni eng shafqatsiz jazoga torting – axir, bir kuni kelib boshim xodaning uchiga sanchilib turishini bilaman-ku

Kiyomidzu ehromidagi izhori dilda juvonning aytganlari

Koʻk kiygan erkak menga erishgandan keyin bogʻlogʻli erimga oʻgirilib qaradi-da, masxara qilib xa-xoladi. Erimga qanchalar ogʻir boʻlgan boʻlsa! Lekin u qancha toʻlgʻanmasin, bogʻlangan arqon tanasini shuncha battar qiyar edi. Men beixtiyor butun vujudim bilan unga talpindim, - yoʻq. faqat talpindim, xolos. Lekin bu erkak meni bir tepib yerga agʻnatdi. Ana shu lahzada yuz berdi bu. Shu lahzada men erimning koʻzida ta’rifga sigʻmas bir oʻt koʻrdim. Ta’rifga sigʻmas... hatto hozir uning koʻzlarini eslasam, titrogʻimni bosolmay qolaman. Bir ogʻiz ham gapirishga chogʻi kelmasa-da, erim shu lahzada butun yuragini bir nigohda toʻkib berdi. Lekin uning koʻzlarida gʻazab yo mashaqqat azobi emas, - menga boʻlgan sovuq nafrati yonar edi, mana, qarashi nimani bildirardi! Anovi erkakning tepkisidan emas, shu qarashdagi dahshatdan oʻzimni yoʻqotib, qichqirib yubordim-da, hushimdan ketdim.

Oʻzimga kelganimda koʻk kiyimli erkakning qorasi oʻchgan edi. Faqat erim kriptomeriya tanasiga bogʻlogʻligicha turar edi. Toʻkilgan bambuk yaproqlari ustidan bazoʻr turib, erimning yuziga termildim. Lekin uning qarashida tariqcha oʻzgarish sezilmadi. Koʻzlarida boyagi-boyagidek sovuq nafrat va botiniy jirkanish bor edi. Oʻshanda ne ahvolda ekanimni qanday aytishni bilmayman - ham nomus, ham alam, ham gʻazab... Gandiraklab, qaddimni zoʻrgʻa ushlab, erimga yondashib bordim.

«quloq soling! Endi bunday boʻlgandan keyin siz bilan umr qilolmayman. Men oʻlimni tanladim. Lekin... lekin siz ham yashamaysiz. Siz nomussizligimni koʻrdingiz. Shundan keyin sizni qanday tirik yurgani qoʻyaman.»

Ming azob bilan unga shu gaplarni aytdim. Erimning sini oʻzgarmadi, menga boyagidek jirkanib qarab turaverdi. Yuragim koʻkragimni yorib chiqib ketguday hayajonimni zoʻrgʻa bosib, uning qilichini axtara boshladim. Lekin, hammasini qaroqchi oʻgʻirlab ketgan shekilli, chakalakda faqat qilich emas, kamon ham, uning oʻqlari ham yoʻq edi. Oyogʻim ostida, baxtimga, faqat xanjar yotgan ekan. Xanjarni erimga oʻqtalib: «Endi sizning joningizni olaman. Va hoziroq oʻzim ham orqangizdan ergashaman», dedim.

Erim bu gaplarni eshitgandan keyin zoʻr bilan lablarini qimirlatdi. Albatta, ovozi eshitilmadi, chunki ogʻziga bambuk yaproqlari tiqilgan edi. Lekin lablariga qarab turib, nima deganini darrov angladim. Erim oʻsha jirkanishi bilan bitta «Oʻldir». soʻzni aytdi: Hushimni yoʻqotayozgan bir holatda xanjarni och-havorang koʻylagi ustidan koʻkragiga chuqur sanchdim. Keyin yana hushimdan ketdim shekilli. Oʻzimga kelgandan keyin atrofga alanglasam, erim oʻsha bogʻlangan koʻyi turibdi, endi nafasi tingan. Erimning oppoq yuziga kriptomeriyaning bambuk shoxlari bilan aymashgan qalin novdalari orasidan botayotgan quyoshning tutam nuri tushdi. Oʻkrab yigʻlashimni bosib murdaga chirmalgan arqonni yechdim. Keyin... keyin menga nima boʻldi? Buni aytishga holi-jonim yoʻq. Nima qilmayin, oʻzimni oʻldirishga kuch topa olmadim. Boʻgʻzimga xanjar qadadim, togʻ bagʻridagi koʻlga oʻzimni choʻktirmoqchi boʻldim, juda urindim, - lekin mana, oʻlmadim, tirik qoldim, bu bilan faxr ham qilolmayman. (Ma’yus tabassum.) Balki mehribon va gʻamxoʻr ma’buda Kannon mendek arzimas bir jonzotdan yuz oʻgirgandir. Nima -qilay, oʻz erini oʻldirgan, nomusiga qaroqchi tekkan men nima qilay? Nima men... men... (birdan oʻkrab yigʻlash.)

Karomatchi tili bilan marhum ruhining aytganlari

Xotinim bilan boʻlgandan keyin yoʻltoʻsar u bilan yonma-yon yerga oʻtirib oldi-da, uni yupata boshladi. Ogʻzim, turgan gap, tiqinlangan. Oʻzim daraxtga chandib tashlanganman. Lekin tinmay unga koʻzim bilan ishora qilaman: «Ishonma bunga! Hamma gapi yolgʻon», - mana, nima deb uqtirmoqchi boʻldim. Lekin xotinim toʻkilgan bargu xazonlar ustida gʻamga botib oʻtirganicha, tizzasidan koʻzini uzmadi. Rostdan ham, u yoʻltoʻsarning gapini jon qulogʻi bilan tinglayotganga oʻxshardi. Men rashkdan buralib-toʻlgʻanardim. Yoʻltoʻsar ustalik bilan gapni maqsadiga burardi. Bir nomusidan ayrilgandan keyin eri bilan yashab ketishi dushvor. Eri bilan bu ahvolda qolganidan koʻra, yoʻltoʻsar bilan ketgani yaxshi emasmi? Yoʻltoʻsar yuragidan urgani uchun shu badkirdor ishlarni qildi-ku... – mana shunaqa yuzsiz gaplarni gapirdi u.

Xotinim yoʻltoʻsarni gapini eshitib, boshini ma’yus koʻtardi. Hech qachon u koʻzimga buncha chiroyli boʻlib koʻrinmagan. Lekin mening chiroyli xotinim bogʻliq paytimda yonimda turib yoʻltoʻsarga nima deb javob berdi deng? Hozir yoʻqlikda sargardonman, lekin oʻsha javobni eslasam, alam-achchiqda oʻrtab ketaman. «Xoʻp, meni xohlagan tomoningizga boshlang», - mana, xotinim nima dedi. (Uzoq sukut.)

Lekin uning aybi faqat shu emas. Bitta shuning oʻzi uchun zulumotda buncha azob bilan tentiramasdim. Nima boʻldi deng: xotinim xuddi tush koʻrayotgandek, yoʻltoʻsarga ergashib, uning qoʻlidan ushlab oldi, chakalakdan chiqaman deganda birdan rangi boʻzdek oqarib, qoʻlini daraxtga bogʻlangan menga nuqib, «Oʻldiring buni! U tirik qolsa, men sizniki boʻlolmayman!», deb telbalanib bir necha marta xuddi esini yoʻqotgandek chinqirdi. «Oʻldiring buni!» - endi bu soʻzlar toʻfon boʻlib meni zulumotning eng chuqur qa’riga uchirib ketadi. Inson qulogʻiga biron-bir marta shunaqa iflos gaplar yetib kelganmikan? Biron-bir marta... (Birdan portlagan achchiq xaxolash.) Bu gaplarni eshitgan yoʻltoʻsar ham boʻzarib ketdi. «Oʻldiring uni!» - deb xotinim uning yengiga tarmashib oldi. Yoʻltoʻsar unga koʻzini uzmay tikilib, ha ham, yoʻq ham demadi, keyin birdan uni bir tepib xazon ustiga yiqitdi. (yana achchiq xaxolashning portlashi.). qoʻllarini koʻkragiga chalishtirimb, menga oʻgirildi. «A bu xotinni nima qiish kerak, a? Oʻldiraymi yo rahm qilaymi? Javobiga boshingizni qimirlating. Oʻldiraymi?» Bitta shu gapi uchun ham uni kechirishga tayyor edim. (yana uzoq sukut.)

Men taraddudda qolgan paytim xotinim bir chinqirdi-da, chakalakning ichiga otildi. Yoʻltoʻsar shu zahoti orqasidan tashlandi, lekin hatto yengidan ham ushlashga ulgurmadi, shekilli. Men xuddi bosinqirayotgandek koʻrib turardim.

Xotinim qochib ketgandan keyin, yoʻltoʻsar mening qilichim, kamon va oʻqlarimni oldi-da, men bogʻlangan arqonning bir joyini kesib qoʻydi. Uning chakalak ichiga kirib ketayotganda: «Endi oʻzimni oʻylashim kerak», deb gʻuldiragani esimda.

U ketgandan keyin hamma yoq jimjit boʻlib qoldi. Yoʻq, hamma yoq emas, qulogʻimga yonimda xuddi kimdir yigʻlayotgandek bir tovush eshitildi. Oʻzimni arqondan boʻshatib, diqqat bilan q-uloq tutdim. Nima ekan deng? Bilsam, izillab oʻzim yigʻlayotgan ekanman.

Azoblangan tanamni nihoyat daraxtdan uzdim. Oldimda xotinim tushirib qoldirgan xanjar yiltirab yotar edi. Uni qoʻlimga olib, bir siltov bilan koʻkragimga sanchdim. Tomogʻimga qandaydir qonli bir tuyur kelib tiqilgandek boʻldi, lekin bunda hech qanday azob sezmadim. Koʻkragim sovugandan keyin atrof battar jimjit boʻlib qoldi. Oh, bu qanaqa jimjitlik edi! Togʻ bagʻridagi bu chakalakda bitta qush ham chirq etgani yoʻq. Faqat botayotgan shafaq quyoshi kriptomeriyalar tanasida tovlanar edi. Shafaq quyoshi... lekin mana, uning nurlari ham sekin oʻchdi. Endi daraxtlar ham, bambuk ham koʻrinmay qoldi. Meni, yerda uzala yotgan meni sim-siyoh qorongʻulik chulgʻab oldi.

Ha, mana shunda kimdir birov menga sekin yaqinlashdi. Kim ekan deb unga qaramoqchi boʻldim. Shunda oʻsha kimdir... shu kimdir koʻrinmas qoʻli bilan koʻkragimdagi xanjarni sekin sugʻurib oldi. Shu zahoti ogʻzim sharqirab chiqqan qonimga toʻldi. Shundan keyin yoʻqlikning zulmatiga mangu choʻkib ketdim.

1922