OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkutagava Ryunoske
Asar nomiOʻrgimchak uyasining tolasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Akutagava Ryunoske
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshod Nurulloh (rus tilidan)
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Oʻrgimchak uyasining tolasi (hikoya)
Akutagava Ryunoske

1

Kunlarning birida Budda jannat hovuzining boʻyida tanho kezib yurardi. Hovuz yuzasi marvariddek oq nilufarlar bilan qoplangan, ularning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar boʻy taralar edi.

Jannatda tong pallasi edi.

Xayollar ogʻushiga choʻmgan Budda toʻxtadi-yu, koʻzi birdan nilufar gullarining enli yaproqlari aro jilvalanayotgan suv oyinasiga tushdi. Nilufar hovuzining tubida gʻalati manzara namoyon edi.

Jannat hovuzining chuqurligi doʻzaxgacha borib yetgandi.

Shaffof suvda Igna togʻi va Sandzu daryosi xuddi zarrabin koʻzchasidagidek, yaqqol, ochiq-oydin koʻrinib turardi.

Tubsiz doʻzax osiy bandalar bilan toʻlib-toshgandi. Buddaning nigohi Kandata ismli bir osiyga tushdi.

Kandata ashaddiy qaroqchilardan edi. Qarangki, juda koʻplab qabihliklar qilgan — Oʻldirgan, talagan, odamlarning xonumonini kuydirgan shu bandaning nomai a’molida ham bittagina xayrli ish bor ekan.

Kunlardan bir kun Kandata oʻrmon oralab yurganida, soʻqmoq ustida pildirab ketayotgan oʻrgimchakka koʻzi tushadi. Kandata uni bosish uchun oyogʻini koʻtaradi-yu, oʻylanib qoladi: «Yoʻq, kichik boʻlsa ham, baribir tirik jonzot-ku. Bekordan-bekorga oʻldirib savob topmayman».

Oʻrgimchakka tegmaydi.

Doʻzax tasvirlarini tomosha qilarkan, Budda qaroqchi Kandataning oʻrgimchakka rahm qilganini eslab, ilojini topsa, birgina shu xayrli ishi uchun bu osiy bandani doʻzax changalidan qutqarmoqchi boʻldi. Tasodifni qarangki, shu payt yonida jannat oʻrgimchagini koʻrib qoldi. Oʻrgimchakdan chiqqan ajoyib kumush tola chashma toshlaridek yam-yashil nilufar yaprogʻiga ilinar edi.

Budda ehtiyotkorlik bilan tolani qoʻlga olib, uning bir uchini marvariddek oq nilufarlar orasidan suvga tushirdi. Tola eshila-choʻzila, axiyri doʻzax tubiga yetib bordi.

2

Kandata doʻzax tubidagi Qon koʻlida boshqa gunohkorlar qatori goh yuqoriga suzib, goh girdobga choʻkib, ayanchli qiynoqlarga chidashga majbur edi.

Qayoqqa boqmang, hammayoqni zim-ziyo qorongʻulik qamrab olgan. Gohi-gohida nimadir qorongʻulikda milt-milt yorishib koʻrinardi, xolos. Bu — dahshatli Igna togʻining ignalari edi. Mazkur koʻrinishning butun dahshatini tasvirlashga soʻz topish amri-mahol. Atrof goʻyo qabristondagidek jimjit. Faqat ora-sira osiylarning unsiz xoʻrsinishi quloqqa chalinadi.

Doʻzax tubida koʻplab azob-uqubatlarga duchor boʻlayotgan bu gunohkor bandalarning ingrashu oh-voh qilishga ham majollari qolmagan edi.

Qon koʻlining qonida choʻmilib nafasi qaytayotgan buyuk qaroqchi Kandata ham joni uzilayotgan qurbaqadek unsiz tipirchilab qoʻyardi, xolos.

U tuyqus boshini koʻtarib Qon koʻlining ustidagi qorongʻulikka qaradi. Bu timqora boʻshliq aro, uzoq-uzoqlardagi osmondan, oʻzidan zaifgina yogʻdu taratib, goʻyo boshqa gunohkorlar sezmasin uchun ehtiyotkorona bir maromda, oʻrgimchak tolasi tushib kelayotgan edi.

Kandata quvonchdan qarsak chalib yubordi. Bu tolaga ilinib olsa bas, asta-sekin yuqoriga koʻtarilaveradi. Qarabsizki, doʻzax azobidan forigʻ boʻlib turibdi-da! Ajabmas, omadi chopib, jannatga ham tushsa. Unda hech kim hech qachon Igna togʻining choʻqqisiga haydab, yana Qon koʻliga tashlamaydi.

Shu umid yuragiga oʻt yoqib, oʻrgimchak uyasining tolasiga ikki qoʻli bilan qattiq yopishib olib, bor kuchi bilan tepaga tirmasha boshladi. Pixini yorgan oʻgʻri uchun bu oppa-oson ish edi.

Ammo jahannamdan jannat makonigacha ming-minglab ri[1] masofa bor.

Harchand urinmasin, togʻ tepasiga yetib olish oson boʻlmadi. Yuqoriga tirmasha-tirmasha chiqayotgan Kandatani, ha-ha hatto shunday pahlavonni ham charchoq yengdi. Bir nafasda osmongacha chiqolmadi.

Bir muddat toʻxtab, nafas rostlashdan boshqa iloji yoʻq edi. U toʻxtab, oʻrgimchak uyasining tolasida osilgancha dam olarkan, pastga, chuqur jarlikka qaradi.

Ha, Kandataning chirmashishlari zoe ketmagan ekan. Hozirgina oʻzi azobdan qutulgan Qon koʻli qorongʻulik bagʻriga singib yotibdi. Jahannam tubida xira yiltirayotgan qoʻrqinchli Igna togʻining choʻqqisi endi uning oyogʻi ostida. Agar yana shunday chaqqonlik bilan tirmashishda davom etsa jahannam changalidan qutulishi aniq edi.

Oʻrgimchak tolasini mahkam qisgan Kandata koʻp yillardan soʻng yana birinchi bor inson ovoziga ega boʻldi va qah-qah otib kulganicha qichqirdi:
— Xalos boʻldim! Xalos boʻldim!

Ammo birdan, pastda boshqa son-sanoqsiz gunohkor bandalarning ham oʻrgimchak uyasining tolasiga tirmashib olganlaricha, xuddi chumolilardek saf-saf boʻlib tobora balandga oʻrmalab chiqayotganliklarini koʻrdi.

Bu manzaradan qoʻrquv va hayratga tushgan Kandataning koʻz soqqalari oʻynab, merovlarcha katta ochilgan ogʻzi yopilmay qoldi.

Bu nozik tola uning oʻzini zoʻrgʻa tutib turibdi-yu, shuncha odamni qanday koʻtaradi?! Tola chirt uzilsa bormi, unda oʻzi ham — Oʻylayapsizmi, oʻzi ham! — shuncha azoblar bilan amallab koʻtarilib olganida, oyogʻi osmondan boʻlib yana pastga uchadi-ya!..

U oʻylar ekan, osiy bandalar Qon koʻlining tubidan moʻrmalaxday oʻrmalab kelishar edi. Yuzlab, minglab gunohkorlar uzun zanjirdek choʻzilib, shoshganlaricha ojizgina yogʻdu sochayotgan oʻrgimchak uyasining tolasi boʻylab chiqishardi.

Tezroq, tezroq biror tadbir qoʻllashi kerak, boʻlmasa, hozir tola uziladi-yu, jahannam qa’riga uchadi.

Shunda Kandata bor ovozi bilan hayqirib yubordi:
— Hoy osiylar! Bu tola meniki! Sizlarga kim ijozat berdi? Qani, tezda pastga tushinglar! Pastga tushinglar!

Ammo, oʻsha soniyada nima boʻldi deng?!

Shuncha vaqt bus-butun, hech bir shikastsiz turgan oʻrgimchak uyasining tolasi aynan oʻsha Kandata ilinib turgan joyidan chirt etib uzildi!

U oh-voh qilishga ham ulgurmay, chirpirak boʻlib, shamoldek gʻuvillab pastga, qorongʻulik tubiga uchib ketdi.

Faqat oʻrgimchak uyasi tolasining bir kichik boʻlagigina, jahannamning yulduzsiz, oysiz osmonida ojiz shu’la taratib osilib turardi.

3

Budda Nilufar hovuzining chetida turib, nimalar boʻlayotganini boshdan-oyoq kuzatdi. Kandata xuddi uloqtirilgan toshdek, Qon koʻlining tubiga choʻkkanida Buddaning yuzi ma’yus tortib, yana oʻz sayrida davom etdi.

Kandataning yuragiga mehr-shafqat tuygʻusi yot edi. U qanday qilib boʻlsa ham faqat oʻzim jahannamdan qutulib qolay, degan edi. Shunga yarasha jazosini oldi: doʻzax girdobiga itqitib yuborildi. Budda uchun bu ayanchli va ezgin manzara edi.

Nilufar koʻlidagi nilufarlar esa bularning bariga beparvo edilar.

Ularning marvariddek oppoq kosachalari Buddaning poyida ohista chayqalardi.

Buddaning har bir odimi bilan nilufarlarning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar boʻy taralardi.

Jannatda vaqt peshinga yaqinlashib qolgan edi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.


  1. Ri - masofa oʻlchovi