OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAkutagava Ryunoske
Asar nomiSuvosti mamlakatida (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Akutagava Ryunoske
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOydin Niso (Rus tilidan)
Hajm96KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnalidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Suvosti mamlakatida (qissa)
Akutagava Ryunoske

Bu voqeani ruhiy kasalliklar shifoxonasining birida yigirma uchinchi raqamli bemor hammaga gapirib beradi. U, chamasi, oʻttizni qoralab qoʻygan, ammo zohiran juda yosh koʻrinardi. U nimalarni koʻrgan-kechirgan… umuman olganda, nima farqi bor koʻrgan-kechirganlarining? Mana, u men va shifoxona direktori shifokor S.ning oldida tizza quchib oʻtirgan koʻyi oʻz tarixini uzundan-uzoq zerikarli hikoya qilarkan , vaqti-vaqti bilan panjara orqasida – qovogʻi soliq qorli bulutlar tomon panjalarini uzatgancha, eman daraxti koʻrinib turgan deraza tarafga qarab-qarab qoʻyardi. U har zamon imo-ishoralar bilan butun gavdasini ishga solib, har xil qiliqlar qilardi. Masalan,«men qoyil qoldim», deyayotib, u boshini keskin orqaga tashlardi. Men uning hikoyasini baholi qudrat aniq-tiniq qogʻozga tushirdim,deb oʻylayman. Mabodo hikoyamdan qoniqish hosil qilmasangiz, Tokio yaqinida joylashgan N. qishlogʻidagi shifokor S.ning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga boring. Yigirma uchinchi raqamli koʻrinishi yoshgina bemor, ehtimol, sizga muloyim ta’zim qiladi va oʻtirishingiz uchun qattiq stolni koʻrsatadi. Keyin ma’yus tabassum bilan sokin ovozda bu hikoyani takror gapirib beradi. Tugatgach esa… Men yaxshi eslayman uning yuzi qanaqa tusga kirishini. Hikoyasini tugatgach, u oʻrnidan turib, ikkala mushtini doʻlaytirib baqira boshlaydi:
– Yoʻqol bu yerdan! Yaramas! Haromi! Ahmoq, ichiqora, uyatsiz, surbet, kattazang, beshafqat, jirkanch maxluq! Yoʻqol! Yaramas!

Bu voqea uch yil oldin roʻy bergandi. Koʻpchilik qatori men ham yelkamga safarxaltamni osib, Kamikoti issiq buloqlariga yetib keldim va u yerdan Xotakayaga koʻtarila boshladim. Ma’lumki, Xotakayaga borish yoʻli bitta – Adzusagava boʻylab tepaga yuriladi. Mening ilgari ham Xotakayaga va hatto Yarigatakega ham borishimga toʻgʻri kelgan, shuning uchun yoʻl koʻrsatuvchining keragi yoʻq edi, tonggi tuman ogʻushida yotgan Adzusagava daryosi boʻylab yolgʻiz yoʻlga tushdim. Ha… tonggi tuman ogʻushidagi. Buning ustiga, bu tuman hali-beri tarqaydiganga oʻxshamasdi. Tarqash u yoqda tursin, borgan sari quyuqlashardi. Bir soatlar yurgandan keyin men toqqa koʻtarilishni bas qilib, orqaga – Kamikotiga qaytish haqida oʻylay boshladim. Garchi bu qarorim qat’iy boʻlsa ham, baribir tuman tarqashini kutishga toʻgʻri kelardi, u esa atay qilganday, har daqiqada quyuqlashib borardi . «E-e, chiqishmi, chiqish-da », – oʻyladim oxiri va oʻngu soʻlga qaramay, gʻarovzorga oʻzimni urdim, ammo shu bilan birga qirgʻoqdan ham koʻp uzoqlashmaslikka harakat qildim. Koʻrganim faqat quyuq tuman edi. Toʻgʻri, vaqti-vaqti bilan tuman ichidan qora qayinning yoʻgʻon tanasi yo oqqaragʻayning yashil shoxi koʻrinib qolar, yoki toʻsatdan koʻz oldimda oʻtlab yurgan sigir va otlarning tumshugʻi paydo boʻlardi, ammo bular bari koʻrinib ham ulgurmay, oʻsha zahotiyoq quyuq tuman ichiga gʻarq boʻlardi. Shu asnoda oyoqlarim tolib, qornim hushtak chala boshladi. Buning ustiga, tumanda namiqqan alpinistcha kostyum va pledim ham haddan ziyod ogʻirlashib ketgandi. Men baribir chekinishga majbur boʻldim va toshlarga urilib oqayotgan suv ovozidan yoʻnalishni taxmin qilib, Adzusagava qirgʻogʻiga tusha boshladim.

Suv yaqinidagi toshga oʻtirib, eng avval ovqatga unnadim. Tuzlangan goʻsht solingan bankani ochdim, quruq novdalardan olov yoqdim… Bular uchun taxminan oʻn daqiqacha vaqt ketdi va shunda e’tibor berdimki, qalin tuman asta-sekin siyraklasha boshlayapti. Chaynagan nonimni yutayotib, xayol bilan soatga qaradim. Buni qarang-a! Birdan yigirma daqiqa oʻtib qoʻyibdi! Ammo bundan ham koʻproq meni boshqa narsa hayratga soldi. Soatimning dumaloq oynasida qandaydir qoʻrqinchli bashara aksi koʻzimga tashlandi. Qoʻrqib orqamga qaradim va… Ana shunda hayotimda birinchi marta oʻz koʻzim bilan men haqiqiy tirik kappani[1] koʻrdim! U orqamdagi qoya ustida xuddi qadimgi rasmlarda tasvirlangandek, bir qoʻli bilan oqqayin tanasini quchib, ikkinchisini koʻziga soyabon qilib, menga qiziqsinib qarab turardi.

Hayratdan anchagacha qimir etmay turib qoldim. Aftidan, kappa ham taajjubda edi. U ham qoʻlini koʻtargan koʻyi qotib turardi. Oʻrnimdan sapchib turib unga tomon yugurdim. U ham naryoqqa qarab yugurdi. Harholda, menga shunday tuyuldi. Bir vaqt u oʻzini chetga tashladi-da, shu zahotiyoq xuddi yer yutganday koʻzdan gʻoyib boʻldi. Hayratim oshib, gʻarovzorni koʻzdan kechirdim. Xoʻsh, nima boʻldi, deysizmi? Kappa bor-yoʻgʻi mendan ikki-uch metr narida ekan. U egilgancha qochishga shay boʻlib, yelkasi osha menga qarab turardi. Bu yerda hali hayratlanarli hech nima yoʻq. Mening gangitib qoʻygan va chalgʻitgan narsa uning tanasining rangi edi. Kappa qoyadan menga qarab turganida kulrang edi. Endi esa u boshdan-oyoq zumraddek yam-yashil boʻlib qolgandi. «Hap sen yaramasni!» – deya baqirdim va yana unga tashlandim. Kutganimday, u qochdi. Gʻarovzorni kesib, toshlardan sakrab oʻtib, oʻttiz daqiqacha uning orqasidan yeldek uchdim.

Oyoqlarining tezligi va chaqqonlikda kappa maymundan hech qolishmasdi. Uni vaqti-vaqti bilan koʻzdan yoʻqotib, sirpanib, qoqilib, oʻpkamni qoʻltiqlagancha orqasidan yugurdim. Kappa sershox bahaybat kashtangacha yugurib bordi va baxtimga, uning oldini hoʻkiz toʻsdi. Hoʻkizki, juda baquvvat, oyoqlari yoʻgʻon, koʻzi qonga toʻlgan. Uni koʻrgan kappa ayanchli vangillab, lip etib oʻzini chetga oldi va bor kuchi bilan chakalakzorga – baland gʻarovlar orasiga otildi. Men-chi… Nimayam qilardim, shoshilmay uning izidan bordim, chunki u mendan qochib qutulib boʻpti, degan xayolda edim.

Aftidan, u yerda yetti uxlab tushimga ham kirmagan chuqurlik bor edi. Barmoqlarim kappaning silliq badaniga tegishi bilan qorongʻilik qa’riga dumalab ketdim. Oʻlim yoqasida turib ham biz insonlar qandaydir bir bema’ni narsalar haqida oʻylaymiz. Dahshatdan nafasim ichimga tushib ketgan paytda Kamikoti qaynoq buloqlari yonida «Kappabasi» deb nomlanuvchi koʻprik borligi esimga tushdi. Keyin… Keyin nima boʻldi, eslay olmayman. Koʻzimdan oʻt chiqqanday boʻldi va hushdan ketdim.

Hushimga kelganimda, meni kappalarning katta toʻdasi oʻrab olgandi. Men osmonga qarab yotardim. Tepamda semiz tumshugʻiga koʻzoynak osgan kappa koʻkragimga stetoskop bosgancha tizzalab turardi. Koʻzimni ochganimni koʻrib, imo-ishora bilan tinch yotishimni soʻradi va qayrilib toʻdadan kimgadir: «Quax, quax», dedi. Oʻsha zahotiyoq qaerdandir zambil koʻtargan ikkita kappa paydo boʻldi. Meni koʻtarib zambilga yotqizishdi va biz katta olomon kuzatuvida shoshilmasdan qandaydir bir koʻchadan keta boshladik. Bu koʻcha Gindzidan hech nimasi bilan farq qilmasdi. Ikki chetiga buk ekilgan yoʻlaklarda peshtaxtasining usti chodir bilan yopilgan risoladagiday doʻkonlar qatorlashib turar, katta yoʻllarda avtomobillar gʻizillab uchardi.

Nihoyat, biz tor koʻchaga burildik va meni bir binoga olib kirishdi. Keyin bildimki, bu koʻzoynakli kappa – shifokor Chakkning uyi ekan. Chakk meni toza oʻringa yotqizib, ichgani bir stakan rangi tiniq qandaydir dori berdi. Men oʻzimni Chakk marhamatiga topshirib yotardim. Toʻgʻri-da, boshqa nimayam qila olardim? Boʻgʻinlarim shunaqangi zirqirardiki, qimirlashga holim yoʻq. Chakk kuniga bir necha marta meni tekshirgani kirardi. Birinchi marta koʻrgan kappam – baliqchi Bagg ham ikki-uch kunda bir holimdan xabar olib turdi. Kappalar insonlar haqida biz ularni bilganimizdan koʻra koʻproq bilishadi. Aftidan, kappalar bizning qoʻlimizga tushganidan koʻra insonlar kappalar qoʻliga tez-tez tushib turgani uchun ham shunday boʻlsa kerak. Ehtimol, «qoʻliga tushish» unchalik toʻgʻri ibora emasdir, ammo bundan qat’i nazar, mengacha ham koʻp insonlar kappalar mamlakatida boʻlgan. Hatto koʻpchiligi umrining oxirigacha bu yerda qolib ketgan. «Nega?» – deb soʻrarsiz. Negaligini aytsam, kappalar mamlakatida, biz kappa emas, inson boʻlganimiz uchungina ishlamasdan, yeb-ichib yashashimiz mumkin. Insonlarning bu mamlakatdagi ustunligi shu edi . Baggning soʻziga qaraganda, bir paytlar tasodifan kappalar qoʻliga bir yoshgina yoʻlsoz ishchi tushib qolgan. U urgʻochi kappaga uylanib, oʻlgunicha birga yashagan. Ochigʻini aytganda, u mamlakatning old goʻzallaridan boʻlgani uchun ham juda mohirlik bilan eriga xiyonat qilib yurgan.

Bir haftadan soʻng shu mamlakat qonunlariga binoan meni «alohida imtiyozlardan foydalanuvchi fuqaro» darajasiga koʻtarishdi. Men Chakk bilan qoʻshni edim. Uyim unchalik katta emas, ammo did bilan jihozlangandi. Aytish kerakki, kappalar mamlakati madaniyati boshqa oʻlkalar, ya’ni harholda Yaponiya madaniyatidan deyarli farq qilmaydi. Mehmonxona burchagida, koʻchaga qaragan deraza yonida kichkina pianino turadi, devorlarda romga solingan suratlar osilgan. Faqat atrofdagi narsalar, uyning oʻzidan tortib jihozlargacha tub aholi boʻy-bastiga moslanganligi tufayli men bir qancha noqulayliklarga duch kelardim. Har oqshom mehmonxonamga Chakk va Bagg kelishar va men ular bilan shu mamlakat tilini oʻrganishni mashq qilardim. Biroq meni koʻrgani keluvchilar faqat ular emasdi. Men alohida imtiyozlardan foydalanuvchi fuqaro sifatida hammani qiziqtirardim. Shuningdek, mehmonxonamga qon bosimini oʻlchatgani Chakkni har kuni uyiga chaqiradigan shisha firmasi direktori Gerday odamlar ham boʻylab turardi. Lekin hammasidan koʻra, dastlabki ikki haftada men baliqchi Bagg bilan yaqin boʻldim.

Dim oqshomlarning birida mehmonxonamdagi stolda Bagg bilan yuzma-yuz oʻtirardik. Birdaniga hech nimadan-hech nima yoʻq Bagg tilini yutib, katta-katta koʻzlarini yanayam yirib ochib, menga baqrayib qoldi. Albatta, bu holdan men hayratga tushdim va soʻradim:
– Quax, Bag, quo quel quan?

Yaponchaga tarjima qilganda bu: «Menga qara, Bagg, senga nima boʻldi?» degani. Lekin Bagg hech nima deb javob bermadi. Buning oʻrniga u birdaniga stoldan sirgʻalib chiqib, uzun tillarini chiqarib, polga xuddi kattakon qurbaqaday yalpayib oʻtirib oldi. Hozir ustimga sakrasa-ya! Meni vahima bosdi va xonadan qochib chiqish niyatida sekin oʻrindiqdan turdim. Baxtimga, ayni shu payt mehmonxonaga shifokor Chakk kirib qoldi.
– Bagg, bu yerda nima qilib oʻtiribsan? – soʻradi u baliqchiga koʻzoynagi ostidan jiddiy tikilib.

Bagg uyalib, kaftlari bilan boshini silagancha uzr soʻray boshladi:
– Ma’zur tutasiz, janob shifokor. Men oʻzimni tutib turolmadim. Mana bu janobning qoʻrqishi juda kulgili ekan… Siz ham, janob, oʻtinib soʻrayman, muruvvat qilib meni kechiring, – qoʻshib qoʻydi u menga qarab.

Hikoyani davom ettirishdan oldin sizlarga kappalar haqida ba’zi umumiy ma’lumotlarni berishni oʻz burchim deb bilaman. Kappa deb ataluvchi jonzotlarning haqiqatdan mavjudligi odamlarda haligacha shubha uygʻotadi. Ammo men uchun bu masalada hech qanday shubhaga oʻrin yoʻq, chunki oʻzim kappalar orasida yashaganman. Xoʻsh, bu qanaqa mavjudot? Ularning tashqi koʻrinishi «Suyko-koryaku» singari manbalarda berilgan ta’rifga butunlay toʻgʻri keladi. Haqiqatan ham kappalarning boshi kalta jun bilan qoplangan, oyoq va qoʻl barmoqlarini suzish pardalari bir-biriga bogʻlab turadi. Boʻylari oʻrtacha bir metr. Shifokor Chakk keltirgan ma’lumotlarga koʻra, ularning ogʻirligi yigirma-oʻttiz funt orasida oʻzgarib turadi. Biroq aytishlaricha, ellik funtlik kappalar ham kam boʻlsa-da uchrab turarkan. Keyin, kappa boshining qoq uchida suyri likopcha shaklida chuqurcha bor. Yosh oʻtgan sari bu likopchaning tagi qattiqlashib boradi. Masalan, qariyotgan

Bagg bilan yosh Chakkning boshidagi likopchasi bir-biridan farq qiladi. Ammo kappalarning eng ajablanarli xususiyati, oʻylashimcha, tanasining rangi. Gap shundaki, ular terisining muqim bir rangi yoʻq. U tashqi muhitga qarab oʻzgaradi – masalan, mavjudot oʻtlar orasida yursa, rangi ularga moslashib, zumraddek yashil, qoyalarning ustida esa xuddi tosh kabi kulrang tusga kiradi. Biz bilamizki, xuddi shu xususiyat buqalamunda ham bor. Ular terisining ustki qatlami bir xil tuzilishga ega boʻlsa kerak. Men bular haqida bilganimdan keyin esladimki, xalq ogʻzaki ijodida gʻarbiy viloyatlardagi kappalar terisi zumrad-yashil, shimoli-sharq kappalari esa qizil rangli boʻlishi qayd etilgan. Shuningdek, orqasidan quvganimda qanday qilib Bagg xuddi yer yutganday gʻoyib boʻlganini ham esladim. Darvoqe, kappalar terisining ostida yogʻi ham durustgina boʻlsa kerak: yer osti mamlakatida oʻrtacha harorat ancha past boʻlsa ham (farengeyt hisobida ellik graduslar atrofida), ular kiyim nimaligini bilishmaydi. Ha, har qanday kappa koʻzoynak taqishi, oʻzi bilan portsigar olib yurishi, hamyon tutishi mumkin. Ammo choʻntagi yoʻqligi ularga noqulaylik tugʻdirmaydi, chunki kappaning qornida xuddi kenguruniki singari oʻz qopi bor, u yerga turli mayda-chuydalarini solib yurishadi. Menga faqat ularning avratlarini hech nima bilan yashirmasliklari juda ajablanarli tuyulardi. Bir kuni Baggdan buning sababini soʻradim. Javobiga Bagg boshini orqaga tashlab uzoq qah-qah otib kuldi-da, dedi:
– Nima uchun sizlar uni yashirib yurasizlar, menga shunisi kulgili!

Men sekin-asta kappalar kundalik hayotda qoʻllaydigan soʻzlarni oʻrganib boraverdim. Shu yoʻsinda ularning tabiati va urf-odatlari bilan tanishish imkonini qoʻlga kiritdim. Hammasidan koʻproq kappalarning kulgili va jiddiy narsalar toʻgʻrisidagi gʻayrioddiy, hatto teskari deyish mumkin boʻlgan tasavvurlari meni hayratga soldi. Biz insonlar muhim va jiddiy qabul qiladigan odatlarimiz ular uchun kulgili tuyuladi, insonlar uchun kulgili sanalgan narsalarni esa ular muhim va jiddiy deb tushunishga moyillar. Mana, masalan, biz insonparvarlik va adolat tushunchalariga juda jiddiy munosabatda boʻlamiz, kappalar esa bu soʻzlarni eshitishlari bilan kulgidan qorinlarini changallab qolishadi. Qisqasini aytganda, kappalar bilan bizning yumor haqidagi tushunchamizda yer bilan osmoncha farq bor. Bir kuni men Chakka tugʻishni rejalashtirish toʻgʻrisida gapirdim. U ogʻzini ochib, shunaqangi xoxoladiki, koʻzoynagi tushib ketdi. Men jahlim chiqib, uning bu kulgusi sababini tushuntirib berishini talab qildim. Ehtimol, men uning gaplarining nozik jihatlarini anglab ololmagandirman, chunki u paytlarda hali kappalar tilini yaxshi oʻzlashtirmagandim, ammo Chakkning javobi taxminan shunday boʻlganini eslayman:
– Chindanam faqat ota-onaning xohishi bilan hisoblashish qiziq tuyulmaydimi? Chindanam bu xudbinlik va faqat oʻzini oʻylashga kirmaydimi?

Biroq biz insonlar uchun kappalarning tugʻruq jarayonidan koʻra bema’niroq narsaning oʻzi yoʻq. Chakk bilan suhbatimizdan soʻng bir necha kun oʻtib, Baggning xotinini toʻlgʻoq tutdi va men jarayonni kuzatish uchun Baggning kulbachasiga bordim. Kappalarda tugʻuruq xuddi bizdagi kabi kecharkan. Tugʻayotgan ayolga shifokor va doya yordam berarkin. Lekin tugʻishdan oldin ota-kappa ogʻzini tugʻayotgan xotinining qorniga qoʻyib, xuddi telefonda suhbatlashgandek bor ovozi bilan soʻraydi: «Sen dunyoga kelishni xohlaysanmi? Yaxshilab oʻylab koʻrib, keyin javob ber!». Bagg xotinining tepasida choʻkkalab oʻtirib, bu savolni bir necha marta takrorladi. Soʻng turib, stol ustida turgan finjondagi tozalovchi suyuqlik bilan ogʻzini chaydi. Shunda onasining qornidagi chaqaloqning uyalganga oʻxshagan tovushi elas-elas eshitildi:
– Men tugʻilishni istamayman. Birinchidan, otamning suyak suruvchi savdoyiligi meni qoʻrqitadi. Bundan tashqari, kappalar oʻzi tiqilib yotibdi, yana koʻpayishning nima keragi bor?

Bunday javobni eshitgan Bagg xijolat boʻlib gardanini qashladi. Shu orada doya yoʻgʻon shisha nayni uning xotinining qorniga tiqib, qanaqadir suyuqlik yubordi. Ayol yengil tortdi. Ayni paytda uning qorni dami chiqqan pufakday shalvirab qoldi.

Kappalarning bolalari onasining qornida yotib shunchalik javob berarkan, turgan gapki, ular dunyoga kelishi bilan mustaqil yuradi va suhbatlashadi. Chakkning gapiga qaraganda, hatto bir chaqaloq yigirma olti kunligidan «Xudo bormi?» degan mavzuda lektsiya oʻqigan. Chakk yana shuni ham qoʻshib qoʻydiki, bu chaqaloq ikki oyligida olamdan oʻtgan.

Tugʻilish haqida gap ketarkan, men bu mamlakatga kelganimga uch oy toʻlganida bir koʻcha burchagida koʻrganim haybatli shior varagʻi haqida aytib oʻtmasam boʻlmaydi. Varaqning pastki qismida karnay chalayotgan va qilich oʻynatayotgan kappalar tasvirlangandi. Tepa qismida esa kappalar yozuv deb qabul qilgan soat prujinalariga oʻxshash burama ieroglif belgilar gʻij-gʻij edi. Varaqa matnining tarjimasi taxminan quyidagicha edi (bu yerda yana biror uncha ahamiyatga ega boʻlmagan xatolarga yoʻl qoʻymadim, deb soʻz berolmayman, ammo men choʻntak daftarchamga Rapp ismli talaba kappa bilan aylanib yurganimizda, u oʻqib berganlarini soʻzma-soʻz yozib qoʻyganman):

«Nosogʻlom irsiyatga qarshi kurashayotgan koʻngillilar safiga kiring!!! Sogʻlom modalar va narlar!!! Nosogʻlom irsiyatni tugatish uchun bemor modalar va narlar bilan turmush quring!!!»

Oʻz-oʻzidan ravshanki, men oʻsha zahotiyoq Rappga bunday narsalarga yoʻl qoʻyish kerak emasligini ta’kidladim. Javobiga Rapp xoxolab kuldi. Varaqa yonida turgan boshqa kappalar ham qoʻshilib qah-qah otishdi.
– Mumkin emasmi? Lekin sizning gaplaringizga qaraganda, bizda qanday boʻlsa, sizda ham shunday-ku. Nima deb oʻylaysiz, nega sizlarning boyvachchalaringiz oqsoch qizlarga ilakishadi, boy qizlar esa haydovchilarga koʻz suzishadi? Albatta, ichki sezgiga asoslanib, gʻayriixtiyoriy tarzda nosogʻlom irsiyatdan qutulishga intilishadi. Mana endi siz tunov kuni gapirib bergan qandaydir bir temir yoʻl deb bir-birini qirib tashlagan koʻngillilarni olaylik, nazarimda, bizning koʻngillilar ulardan koʻra ancha oliyjanobroq.

Rapp bu haqida jiddiy gapirdi, ammo uning mesh qorni haliyam kulgini ichiga yutganday silkinib turardi. Ammo mening kayfiyatim quvonadigan darajada emasdi. Qandaydir bir kappa mening e’tiborsizligimdan

foydalanib, avtoruchkamni oʻgʻirlaganini sezib qoldim. Gʻazablanib, uni ushlab olmoqchi boʻlgandim, terisi sirpanchiq boʻlgani uchun bu ish oson kechmadi. U qoʻlimdan sirgʻalib chiqib, oyogʻini qoʻliga olib, qochib qoldi. Chivinday ingichka tanasini oldinga eggancha shunaqangi tez yugurdiki, nazarimda hozir qoqilib, yoʻlda uzala tushib yotib qoladiganday koʻrinardi.

Rappning menga koʻrsatgan xizmati Baggnikidan kam emasdi. Lekin, eng avvalo, Tokk bilan tanishtirgani uchun men undan minnatdorman. Tokk – shoir. Shoir kappalar soch oʻstirishadi va shu jihati bilan bizning shoirlardan farq qilmaydi. Vaqti-vaqti bilan zerikib qolsam, koʻnglimni yozish uchun Tokkning yoniga borib turardim. Har borganimda uni torgina hujrasida, baland togʻlarda oʻsuvchi gullar ekilgan gultuvaklar orasida erkin chekib, she’rlar yozib, oʻzi xohlaganday rohatlanib oʻtirgan holida uchratardim. Hujra burchagida uning modasi qoʻlida tikish-bichishi bilan oʻtirardi. (Tokk erkin muhabbat tarafdori edi va oʻz ahdiga sodiq qolib , uylanmagan). Men kirib borsam, u doimgiday tabassum bilan kutib olardi. (Toʻgʻri, kappalar tabassumini koʻrish unchalik zavqli emas. Harholda, men birinchi paytlarda qoʻrqardim).
– Kelganingdan xursandman, – derdi u. – Mana bu stulga oʻtir.

Tokk menga kappalar hayoti va san’ati toʻgʻrisida tez-tez va koʻp gapirardi. Uning fikricha, dunyoda oddiy kappalar hayotidan koʻra bema’niroq hech narsa yoʻq. Ota-onalar va bolalar, er-xotinlar, aka-singillar – hammalari hayotdagi yagona quvonchni bir-birlarini ayovsiz qiynashda koʻrishadi. Va Tokkning aytishiga koʻra, eng katta bema’nilik bu – oiladagi munosabatlar tizimi. Bir kuni Tokk oynadan qarab, ijirgʻanish bilan dedi:
– Mana, bir tomosha qil!… Qanchalar telbalik!

Koʻchada oyna tagida juda yosh bir kappa oyoqlarini bazoʻr sudrab yurib borardi. Uning boʻyniga bir nechta moda va narlar osilgan, shulardan ikkita yoshi oʻtganrogʻi uning ota-onasi boʻlsa kerak. Tokk uchun kutilmaganda bu yosh kappaning fidokorligi meni qoyil qoldirdi va uni maqtay boshladim.
– A-ha, – dedi Tokk, – koʻrib turibman, sen bu mamlakatning munosib fuqarosiga aylanibsan… Aytgancha, sen sotsialistsan-ku?

Men, shubhasiz, «qua» deb javob berdim. (Kappalar tilida bu «ha» degani).
– Sen yuzta oʻrtamiyonalar uchun bir dahoni hech ikkilanmay qurbon qilarmiding?
– Sening e’tiqoding-chi, Tokk, qanaqa? Kimdir menga seni anarxist degandi.
– Men-a? Men a’lo odamman! – magʻrur javob berdi Tokk.

San’at toʻgʻrisida ham Tokkning qarashlari oʻziga xos edi. Uning e’tiqodiga koʻra, san’at hech qanday ta’sirlarga boʻysunmaydi , san’at san’at uchun boʻlishi kerak, bundan chiqdi, san’atkor hammadan baland, yomonlikka ham, yaxshilikka ham koʻz yumib oʻtadigan boʻlmogʻi lozim. Biroq bu qarash faqat Tokka tegishli emasdi. Deyarli barcha unga safdosh shoirlar shunday fikrda edi. Biz Tokk bilan a’lo odamlar klubiga bir necha marta bordik. Bu klubga shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar, tanqidchilar, rassomlar , bastakorlar, haykaltaroshlar, san’at havaskorlari va boshqalar yigʻilardi. Ular hammasi a’lo odamlar sanalardi. Biz borganimizda ular hamisha elektr bilan yorqin yoritilgan dam olish xonasida kayfi chogʻ suhbat qurib oʻtirishardi. Vaqti-vaqti bilan ular bir-birining oldida gʻururlanib a’lo odamlarga xos oʻz iste’dodlarini namoyish etishardi. Misol uchun, bir haykaltarosh shayton qirqquloqlari oʻsgan ulkan tuvaklar orasidan yoshgina kappani tutib olib, hammaning koʻz oʻngida astoydil ishratparastlik bilan shugʻullandi. Moda yozuvchi esa stol ustiga chiqib, naqd oltmish shisha ermonga toʻyintirilgan aroq ichdi. Oltmishinchi shishani tugatgach, stoldan dumalab tushib, oʻsha zahotiyoq narigi dunyoga ravona boʻldi.

Oydin kechalarning birida biz Tokk bilan qoʻltiqlashib a’lo odamlar klubidan qaytayotgan edik. Odatga qarshi Tokk dami ichiga tushib borardi. Kichikkina yorugʻ oyna yonidan oʻtayotganimizda u birdaniga toʻxtadi. Oyna ortida stol atrofida katta moda va nar, aftidan, er-xotin boʻlsa kerak, va uchta bolacha ovqatlanib oʻtirishardi. Tokk xoʻrsinib dedi:
– Sen bilasan, men sevgida a’lo odamlarga xos qarashlar tarafdoriman. Lekin mana shunday bir manzarani koʻrsam, havasim keladi.
– Senga bunda qandaydir bir qarama-qarshilik borday tuyulmayaptimi? Tokk oy shu’lasi ostida qoʻllarini koʻksida chalishtirib, besh kappaning osoyishtalikda oʻtayotgan tanovuliga bir qancha vaqt jim qarab qoldi.
– Ehtimol. Lekin nima boʻlganda ham hu anavi stol ustidagi qovurilgan tuxum hozir har qanday sevgidan koʻra foydaliroq.

Gap shundaki, kappalar sevgisi insonlar sevgisidan butkul farq qiladi. Oʻziga mos narga koʻzi tushgan moda darhol uni egallab olishga harakat qiladi. Bu yoʻlda u hech narsadan tap tortmaydi. Eng toʻgʻri va ochiqkoʻngil modalar esa ortiqcha soʻzlab oʻtirmay ustiga tashlanadi. Bir moda aqldan ozganday undan qochgan sevgilisining orqasidan quvganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Buyam kamday, oʻsha qochoqning orqasidan yosh modaning ota-onalariyu aka-ukalari ham birgalikda quvlashadi… Bechora narlar! Hatto agar ularning baxti kulib qochishga muvaffaq boʻlishsa ham, bunday ta’qibdan keyin ikki-uch oy uyiga qamalib jon saqlashiga toʻgʻri kelsa kerak.

Bir kuni men uyda Tokkning she’rlar toʻplamini oʻqib oʻtirgandim. Kutilmaganda xonaga talaba Rapp uchib kirdi. U polga choʻzilib, hansiragancha dedi:
– Qanday dahshat!… Meni baribir tutib olishdi!

Men kitobni qoʻyib, eshikni qulfladim. Keyin kalit teshigidan qaradim. Eshik orqasida qora saqich bilan upalangan pakanagina modacha u yoqdan-bu yoqqa oʻtib yurardi. Rapp bir necha hafta mening toʻshagimda yotdi. Buyam kamday, talabaning tumshugʻi chirib, undan butunlay ayrildi.

Biroq shunday holatlar boʻladiki, nar ham jonini jabborga berib, modaning orqasidan quvlaydi. Lekin bu holatning paydo boʻlishiga ham moda sharoit yaratadi. U shunday qiladiki, ortidan quvlamaslikka narning iloji qolmaydi. Bir safar men modani telbalarcha ta’qib qilgan narni koʻrib qoldim. Moda astoydil qochar, lekin onda-sonda toʻxtab, orqasiga qarab, ta’qibchiga tegajoqlik qilar, toʻrtoyoqlab turib olar, nozu firoqni yana davom ettirib boʻlmasligini sezgach esa goʻyo kuchdan qolganday, bajonidil oʻzini tutib berardi. Nar uni tutib olib, yerga yotqizdi. Bir muddat oʻtib, oʻrnidan turganida uning koʻrinishi juda achinarli, yuz ifodasidan yo afsuslanayotgani, yo hafsalasi pir boʻlgani koʻrinib turardi. Lekin u juda oson qutuldi. Menga boshqa bir tomoshani ham koʻrishga toʻgʻri kelgan. Kichkinagina nar modani quvlab ketayotibdi. Moda esa uni oʻziga tortish uchun qilishi kerak boʻlgan ishni qilardi. Shu payt ularning qarshisidagi tor koʻchadan haybatli bir kappa pishillab chiqdi. Moda unga birrov koʻz tashladi-da, birdaniga yoniga yugurib borib, ingichka tovushda bor ovozi bilan qichqirdi: «Yordamga! Yordam beringlar! Mana bu yaramas meni oʻldirish uchun orqamdan quvlab kelayapti!» Bahaybat nar oʻylab ham oʻtirmay kichkinasini ushlab, tosh koʻchaga yiqitdi. Kichkintoy mitti panjalari bilan yelpingancha havoni chaqirib, joniqib nafas oldi-da, jon berdi. Urgʻochi kappa-chi? U bahaybat kappaning boʻyniga osilib ulgurgan, unga yanada mahkamroq yopishib, oʻziga tortish uchun tirjaygani-tirjaygan edi.

Men bilgan nar kappalarning hammasi modalar ta’qibiga uchragandi. Moda kappalar hatto xotin , bola -chaqali Baggning ortidan ham quvlashgan. Bir necha marta uni tutib ham olishgan. Faqat birgina Magg ismli faylasuf (u shoir Tokka qoʻshni yashardi) hech qoʻlga tushmagan. Ochiqroq tushuntiradigan boʻlsak, bunga sabablardan biri undan koʻra badbashararoq kappani uchratish qiyinligi boʻlsa kerak. Bundan tashqari, u koʻchaga boshqa narlarga nisbatan kamroq chiqardi. Men unikiga goh-goh borib turardim va biz oʻtirib suhbat qurardik. Magg doim rang-barang oynali fonar bilan yoritilgan nimqorongʻi xonasida baland stol yonida qanaqadir qalin-qalin kitoblarni oʻqib oʻtirardi. Bir kuni u bilan sevgi muammolari haqida gaplashdim.
– Nega hukumatingiz tomonidan narlarni ta’qib qiluvchi modalarga jazo berilmaydi?
– Hammasidan avval shuning uchunki, – javob berdi Magg, – qonun chiqaruvchi apparatda modalar juda kam. Ma’lumki, modalar narlarga nisbatan rashkchi boʻlishadi. Agar qonun chiqaruvchi organlarda urgʻochilar soni koʻpaytirilganda, narlar yengilroq nafas olishardi. Biroq, yana ishonamanki, bunday choralar hech qanaqa natija bermagan boʻlardi. Nima uchun deysizmi? Chunki birinchi navbatda amaldor ayollar hamkasb narlar orqasidan yugura boshlardilar.
– Boʻlmasa sizga oʻxshab yashash kerak ekan-da?

Magg oʻrnidan turib, qoʻllari bilan mening ikkala qoʻlimni siqib, xoʻrsingancha dedi:
– Siz kappa emassiz, shuning uchun buni tushunmaysiz. Ba’zan shu yaramas modalar meni ham ta’qib etishlarini shunchalar xohlaymanki…

Biz shoir Tokk bilan tez-tez kontsertlarga borib turardik. Ayniqsa, uchinchi kontsert esimda qolgan. Kappalar mamlakatidagi kontsert zali Yaponiya kontsert zallaridan deyarli hech farq qilmasdi. Zina shaklidagi qatorlarda oʻrnatilgan oʻrindiqlarda qoʻllarida, albatta, dastur tutgancha uch-toʻrt yuz moda va nar kappalar quloqqa aylanib oʻtirishardi. Gapirib bermoqchi boʻlganim uchinchi kontsertga Tokk va uning modasidan tashqari faylasuf Magg ham men bilan borgandi. Bizning joyimiz birinchi qatorda edi. Avval violonchelda solo ijro etildi , keyin esa qoʻlidagi notasini oʻynatib, nihoyatda qisiq koʻzli kappa sahnaga koʻtarildi. Dasturda koʻrsatilishicha, bu mashhur bastakor Krabak edi. Dasturda…

Biroq menda dasturga ehtiyoj yoʻq edi. Krabak Tokk kabi a’lo odamlar klubi a’zosi boʻlgani uchun menga yuztanish edi.

«Lied – Craback» (bu mamlakatda hatto dasturlar ham asosan nemis tilida chop etilardi).

Krabak zalda yangragan gulduros qarsaklarga javoban yengil bosh egib qoʻyib, royal tomon yurdi va oʻzi yozgan qoʻshiqni beparvo kuylay boshladi. Tokkning soʻziga qaraganda, bu mamlakatda Krabakday daho bastakor hech qachon boʻlmagan va boʻlmaydi ham. Krabak meni juda qiziqtirib qoʻydi
– men uning ham musiqasi, ham lirik she’rlarini nazarda tutyapman – shuning uchun royaldan chiqqan ovozga diqqat bilan quloq tutdim. Ehtimol, musiqa Tokk va Magga mendan-da koʻproq ta’sir qilayotgandir. Faqat birgina jonon (kappalar shunday hisoblardi) moda, vaqti-vaqti bilan nafratlanib, uzun tilini chiqarib qoʻyardi. Maggning gapiga qaraganda, moda oʻn yillarcha oldin Krabakni quvib, tuta olmagan va shu paytdan beri bu daho bastakorni koʻrarga koʻzi yoʻq edi.

Krabak chalishda davom etar va borgan sari royal bilan kurashganday musiqani berilib chalardi. Shu payt tanobiydan baqiriq eshitildi:
– Kontsertni taqiqlayman!

Men choʻchib tushib, qoʻrqa-pisa orqamga qaradim. Ovoz, shubhasiz, oxirgi qatorda oʻtirgan baland boʻyli, savlatli politsiyachiniki edi. Orqamga qaragan paytimda u oʻrnida yalpayib oʻtirgancha yanada balandroq ovozda baqirdi:
– Kontsertni taqiqlayman! Keyin esa…

Keyin dahshatli shovqin koʻtarildi. Tomoshabinlar bir ovozdan boʻkirishdi. «Politsiya zoʻravonligi!», «Chal, Krabak! Chal!», «Ovsarlar!», «Ahmoqlar!», «Joʻna!», «Boʻsh kelma!»… Oʻrindiqlar agʻdarilgan, dasturlar toʻzgʻib uchgan, kimlardir sidradan boʻshagan shisha, tosh va hatto bodring qoldiqlarini ham irgʻitgan… Men butunlay oʻzimni yoʻqotib, Tokkdan nimalar boʻlayotganini soʻramoqchi boʻlardim, ammo Tokkning oʻzi oʻrindiqning ustiga chiqib olib, jazavaga tushgancha tinmay baqirar edi: «Chal, Krabak! Chal!» Hatto boyagi jonon ham Krabakka boʻlgan nafratini esidan chiqarib, Tokkdan balandroq ovozda chinqirardi: «Politsiya zoʻravonligi!» Shunda men Magga murojaat qildim:
– Nimalar boʻlyapti oʻzi?
– Bizda bunaqa hodisalar tez-tez boʻlib turadi. Bilasizmi, rangtasvir yoki adabiy asarda ifodalangan fikr… – Magg yonidan uchib oʻtayotgan narsalardan himoyalanish uchun yelkasini salgina qisib, doimgiday sekin va xotirjam gapirardi. – Deylik, odatda rangtasvir yoki adabiy asarda ifodalagan fikr bir qarashda hammaga tushunarli, shuning uchun mamlakatimizda kitoblar chop etish va koʻrgazmalar oʻtkazish taqiqlanmaydi. Ammo bizda musiqa asarlarini ijro etishni taqiqlash amalda uchrab turadi. Axir musiqa asari fe’l-atvor uchun qanchalik zararli boʻlmasin, baribir musiqa eshitish qobiliyatiga ega boʻlmagan kappalar uchun tushunarli emas.
– Bundan chiqdi, manavi politsiyachida musiqa eshitish qobiliyati bor ekan-da?
– Nima desam ekan… Bilasizmi, bu biroz shubhaliroq. Toʻgʻrirogʻi, bu musiqa unga xotini bilan toʻshakda yotganida yuragi qanday urishini eslatgan boʻlsa kerak.

Mojaro borgan sari avjga chiqardi. Krabak boyagidek royal yonida oʻtirib, bizga yuqoridan takabburona boqardi. Vaqti-vaqti bilan otilgan aslahalardan himoyalanish kerakligi unga dimogʻdorlik qilishi uchun xalal bersa ham, umuman, u oʻzining buyuk musiqachiga xos qadr-qimmatini saqlashning uddasidan chiqar va qisiq koʻzlaridan bizga gʻazab oʻtini sochardi. Men… Men ham hamma qatori xavf-xatardan har yoʻsinda qochishga harakat qilib, Tokkning orqasiga yashirinardim. Ammo qiziqishim ustun kelib, Maggdan soʻroqlashni davom ettirardim:
– Bunaqa tsenzura sizga vahshiylik boʻlib tuyulmayaptimi?
– Aslo unday emas. Aksincha, bizning tsenzuramiz boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha ilgʻor. Birgina Yaponiyani olaylik. Atiga bir oy oldin u yerda…

Ayni shu payt bir boʻsh shisha uchib kelib. Maggning qoq manglayiga kelib tegdi. U «quack» deb chirilladi-da, hushidan ketdi.

Qanchalik ajablanarli boʻlmasin, shisha firmasi direktori Ger menga yoqardi. Ger uchiga chiqqan sarmoyador edi. Bu mamlakat kappalarining birortasida Gernikiday meshqorin yoʻqligiga shubha boʻlmasa kerak, oʻzining chuqur qulay kursisida yastanib, ustritsaga[2] oʻxshash xotini, bodringga oʻxshash bolalari qurshovida oʻtirarkan, u toʻlaqonli baxtiyorlik ramzi boʻlib koʻrinardi. Vaqti-vaqti bilan hakam Bepp va shifokor Chakk bilan birga Gerning uyida uyushtirilgan ziyofatlarda boʻlardim. Gerning tavsiyasiga koʻra, men nafaqat Ger, balki uning doʻstlari bilan aloqador shaxslarning har xil korxonalariga ham borib turardim. Shular ichidan meni ayniqsa qiziqtirgani bir kitob nashr etadigan kompaniya fabrikasi boʻldi. Bir yosh muhandis kappa bilan tsexga kirib qolganimda gidroelektrenergiyada ishlaydigan gigant mashinalarni koʻrib, bu mamlakatda texnika darajasining yuqoriligiga yana bir bor qoyil qoldim. Aniq boʻlishicha, bu fabrika har yili yetti milliongacha nusxada kitoblar ishlab chiqararkan . Lekin meni hayratga solgani nusxalar soni emas. Hayratlanarlisi shundaki, kitob ishlab chiqarish uchun hech qanday mehnat qilishning keragi yoʻq edi. Buni qarangki, bu mamlakatda kitob yaratish uchun maxsus voronkasimon oʻtkazgichdan mashinaga qogʻoz, boʻyoq va qandaydir kulrang kukunsimon narsani solish kifoya ekan. Besh daqiqa ham oʻtmay, mashinaning ich-ichidan har xil – bir bosma taboqning biru sakkiz, biru oʻn ikki, toʻrtdan bir qismi shaklida tayyor kitoblar toʻxtovsiz oqib chiqib kelaverardi. Mashina ichidan chiqayotgan kitoblar sharsharasiga qarab turib muhandisdan oʻtkazgichga uzatilayotgan kulrang kukunning nimaligini soʻradim. Yaltiroq qora mexanizm yonida qimir etmay turgan muhandis parishonxotir javob berdi:
– Kulrang kukunmi? Bu eshakning miyasi. Quritib maydalangandan keyin undan kukun hosil boʻladi, bor-yoʻgʻi shu. Hozir ularning bir tonnasi ikki-uch senga tushadi.

Albatta, shunga oʻxshash texnik moʻ‘jizalar faqat kitob chiqarish kompaniyalaridagina uchramaydi. Taxminan bu usullardan rasm va musiqa ishlab chiqarish kompaniyalari ham foydalanadi. Gerning soʻziga qaraganda, bu mamlakatda har oyda yetti yuzdan sakkiz yuzgacha yangi mexanizmlar kashf etiladi, yalpi ishlab chiqarish ishchi kuchisiz ham davom etaveradi. Natijada barcha korxonalarda yiliga qirq-ellik mingtacha ishchilar ishdan boʻshashadi (ishsizlar soni oshadi). Shunga qaramay, men bu mamlakatda har tong qoldirmay oʻqigan gazetalarimda biror marta ham «ishsizlik» soʻziga koʻzim tushmadi. Bu hol menga gʻalati tuyuldi va bir kuni Bepp va Chakk bilan Gerning navbatdagi ziyofatiga taklif qilinganimizda tushuntirib berishlarini soʻradim.
– Ishdan boʻshatilganlarni bizda yeb qoʻyishadi, – ovqatdan keyingi sigarasini puflab xotirjam javob berdi Ger.

U nimani nazarda tutayotganini men tushunmadim, shunda burnidan koʻzoynagi tushmaydigan Chakk mening taajjubimga chek qoʻyishni boʻyniga oldi.
– Barcha ishdan haydalganlarni oʻldirib, goʻshtini ovqatga solishadi. Mana, gazetaga qarang. Koʻryapsizmi? Bu oyda oltmish toʻrt ming sakkiz yuz oltmish toʻqqiz ishchi ishdan boʻshatildi va shunga yarasha goʻshtning narxi ham tushgani aniq.
– Ular oʻzlarini oʻldirishlariga jim qarab turaverishadimi?
– Nimayam qila olishardi? Ishsizlarni oʻldirish haqida qonun boʻlgandan keyin.

Bu gapdan keyin aytilgan soʻzlar shaftoli ekilgan tuvak orqasida kayfi buzuq oʻtirgan Beppga qaratildi. Men butunlay esankirab qolgandim. Biroq na janob Ger, na Bepp va na Chakk bunda notabiiy biror nima koʻrmasdi. Biroz sukutdan keyin Chakk ustimdan kulganday ishshayib davom etdi:
– Shu yoʻl bilan hukumat ochlik va joniga qasd qilish tufayli oʻlganlar sonini kamaytiradi. Toʻgʻrisi, ular bundan azoblanishmaydi, ozgina zaharli gaz hidlatiladi, xolos.
– Lekin baribir ularning goʻshtini yeyish…
– E, qoʻysangiz-chi shu gaplaringizni. Agar hozir buni faylasufimiz Magg eshitganida bormi, kulgidan qorni yorilib oʻlardi. Kechirasiz, oʻz qizini fohishalik uchun sotuvchi omma sizning mamlakatingizdan emasmi? Ishchilarning goʻshti ovqatga solib ishlatilishidan oh-voh qilishingiz gʻalati!

Suhbatimizni eshitib oʻtirgan Ger yonimizdagi stolchadan buterbrodlar solingan idishni olib, men tomon surdi va bamaylixotir dedi:
– Xoʻsh, nima qildik? Balki mana bundan tatib koʻrarsiz? Axir bu ham ishchilar goʻshtidan…

Men qotib qoldim. Oʻzimni juda yomon his qilardim. Men Gerning mehmonxonasidan oʻqday otilib chiqib ketarkanman, Bepp va Chakk orqamdan qah-qah otib kulib qolishdi.

Tun qorongʻi edi, osmonda birorta ham yulduz porlamasdi. Men zimiston qa’rida uyga qaytayotib, yoʻl-yoʻlakay tinmay qayt qilardim. Hatto tim-qorongʻida ham qayt qilganim narsalar oppoq dogʻ boʻlib, orqamda izday qolardi.

Ammo baribir shisha firmasi direktori Ger, shubhasiz, gʻoyatda yoqimtoy kappa edi. Biz Ger bilan u a’zo boʻlgan klubga tez-tez borib turardik va u yerda vaqtimizni xush oʻtkazardik. Gap shundaki, bu klub Tokk a’zo boʻlgan a’lo odamlar klubiga nisbatan ancha shinam edi. Bundan tashqari, bizning Ger bilan suhbatlarimiz faylasuf Magg bilan boʻlgan suhbatlarimizdek juda chuqur boʻlmasa ham, lekin mening koʻz oldimda mutlaqo yangi, cheksiz keng dunyoni ochardi. Ger tilla qoshiqcha bilan qahvasini aralashtirib oʻtirib har qanday mavzuda ishtiyoq va zavq bilan safsatabozlik qilardi.

Tumanli bir kechada qishki atirgullar solingan guldonlar orasida Gerning soʻzlarini tinglab oʻtirardim. Esimda, bu suhbatimiz eng yangi uslubda jihozlangan – oppoq devor, shift va jihozlariga ingichka zar hoshiyalar yugurtirilgan xonada boʻlib oʻtgandi. Ger yaqindagina davlat boshqaruviga kelgan «Kuoraks» partiyasi vazirlar mahkamasi haqida kinoyali kulimsirab, oʻzidan doimgidan koʻra ham mamnunroq boʻlib gapirardi. «Kuoraks» undov soʻz boʻlib, hech qanday ma’no anglatmaydi, uni «voy-boʻy, o-ho» deb tarjima qilish mumkin, xolos. Biroq, nima boʻlishidan qat’i nazar, ular «Kappalar manfaati uchun» shiori ostida ish koʻradi.

«Kuoraks» partiyasini koʻzga koʻringan siyosiy arbob Roppe boshqaradi. Bismark qachonlardir: «Toʻgʻrilik – eng yaxshi diplomatiya», degandi. Roppe esa mana shu toʻgʻrilikni ichki siyosat qoidasi qilib oldi…
– Axir Roppening chiqishlarida…
– Gapimni boʻlmay, eshiting meni. Toʻgʻri, uning hamma gapi butkul yolgʻon. Uning gaplari butkul yolgʻonligini hamma biladi, shuning uchun ham yolgʻon gapiradimi, mutlaqo haqiqatni aytadimi, deyarli ahamiyati yoʻq. Faqat siz insonlarga oʻxshagan notoʻgʻri tushunchali jonzotlargina uni yolgʻonchi deyishingiz mumkin. Biz kappalar esa unday emasmiz… Biroq bularning ahamiyati yoʻq. Biz Roppe haqida gapirayotgandik. Shunday qilib, Roppe «Kuoraks» partiyasi ishini boshqaradi, deylik. Lekin Roppe ham birovga xizmat qiladi. Bu Kuikui, «Pu-Fu» gazetasining xoʻjayini. Biroq Kuikuining ham xoʻjayini bor. Bu xoʻjayin – hozir yoningizda oʻtirgan qandaydir bir Ger.
– Ammo… Kechirasiz, ehtimol, men umuman tushunmagandirman… Lekin «Pu-fu» gazetasi, bilishimcha, ishchilar manfaatini himoya qiladi. Agar ta’kidlashingizcha, gazeta xoʻjayini sizga boʻysunsa…
– «Pu-Fu» gazetasi xizmatchilariga kelsak, ular haqiqatdan ham ishchilar manfaatini himoya qiladi. Ammo ular faqat Kuikuining gapiga kirishadi. Kuikui esa sizning xolis xizmatkoringiz Gerning qoʻllab-quvvatlashisiz bir qadam ham oldinlay olmaydi.

Ger boyagiday kinoyali kulimsirab tilla qoshiqchasi bilan oʻynardi. Men unga qarab turib nafrat hissini tuyishdan koʻra «Pu-Fu» gazetasining bebaxt xodimlariga achinib ketdim. Aftidan, Ger mening fikrimni angladi va mesh qornini yanayam oldinga chiqarib dedi:
– E yoʻ-oʻq, «Pu-Fu»ning hamma xodimlari ham ishchilarning tarafini olavermaydi. Axir bari kappalar ham avval oʻz shaxsiy manfaatini oʻylaydi-da, chunki shunday yaralganmiz… Bundan tashqari, yana bir narsa vaziyatni qiyinlashtiradi. Gap shundaki, men, ya’ni, Ger ham erkin harakat qila olmayman. Oʻylashingizcha, kim meni boshqaradi?.. Xotinim! Goʻzal Ger xonim!

Ger qah-qah urib kuldi.
– Ger xonimning xizmatida boʻlish katta baxt, – dedim men iltifot bilan.
– Umuman olganda, men mamnunman. Lekin bular haqida men, albatta, faqat siz bilan ochiqchasiga suhbatlashishim mumkin – chunki siz kappa emassiz.
– Shunday qilib, «Kuoraks» mahkamasini janob Ger boshqaradi deng?
– Hm… Ochigʻi, bunday deyish mumkinmi, yoʻqmi, bilmayman… Biroq yetti yil oldin biz boshqargan urush haqiqatdan ham modalar tufayli boshlangan.
– Urush? Demak, sizlarda ham urush boʻlgan ekan-da?
– Albatta, boʻlgan. Yana boʻladi! Bilingki, qoʻshni davlatlar bor ekan…

Oʻshanda men birinchi marta bu dunyoda suvosti oʻlkasi turidagi mamlakat yagona emasligini bildim. Ger menga dunyo paydo boʻlganidan beri qunduzlar kappalarga munosib kuchli dushman sanalishini aytdi. Qunduzlarning qurol-yarogʻ va asbob-uskunalari kappalarning qurol-yarogʻ va asbob-uskunalaridan hech qolishmaskan. Qunduzlar va kappalar oʻrtasidagi urush haqida suhbat meni qiziqtirib qoʻydi. Haqiqatdan ham kappalar qunduzlarga ashaddiy dushman sanalishini hatto «Suyko-koryaku»ning muallifi ham tilga olmagandi, Kunio Yanagidaning «Yamasima xalq afsonalari toʻplami»ni-ku gapirmay qoʻyaqolaylik.
– Oʻz-oʻzidan ma’lumki, – davom etdi Ger, – urush boshlanguniga qadar ikki taraf ham bir-birlariga aygʻoqchilar yuborib turishgan. Biz qunduzlar oldida sarosimali qoʻrquv his etardik, shuningdek, qunduzlar ham bizdan qoʻrqishi aniq edi. Mana shunday bir paytda mamlakatimizda yashovchi qandaydir bir qunduz er-xotin kappalar uyiga mehmonga boradi. Bu er-xotinlarning urgʻochisi oʻz juftini gumdon qilish payida yurardi. Eri oʻta xotinboz edi va bundan tashqari uning hayoti sugʻurtalangani ham, ehtimol, xotinini yoʻldan ozdirishga sabab boʻlgandir.
– Siz ular bilan tanishmidingiz?
– Ha… Yoʻq desam ham boʻladi. Men faqat erini tanirdim. Xotinim uni vahshiy deb hisoblaydi, ammo, mening nazarimda, u faqat vahshiygina emas, balki aqldan ozgan, jinsiy aloqa borasida buzuq tasavvurli bir bechora kappa: unga doim modalar uni ta’qib qilayotganday tuyuladi…

Shunday qilib, xotini uning kakaosiga tsianli kaliy qoʻshib qoʻyadi. Bu qanday roʻy berganini bilmadim-u, zahar solingan finjon mehmon-qunduzga tushib qoladi. Qunduz ichadiyu, albatta, oʻladi. Va shunda…
– Urush boshlandimi?
– Ha. Baxtga qarshi bu qunduzning ordenlari bor ekan.
– Kim gʻalaba qozondi?
– Albatta, biz-da. Bu gʻalaba uchun uch yuz oltmish toʻqqiz ming besh yuz kappa jonini qurbon qildi! Ammo bu yoʻqotish dushman tarafning yoʻqotishlari oldida hech narsa emas. Bizda qunduz moʻynalaridan boshqa hech qanaqa moʻynalarni uchratmaysiz. Men urush paytida shisha ishlab chiqarishdan tashqari frontga toshkoʻmir qoldiqlarini yetkazib berib turish bilan ham shugʻullandim.
– Frontda toshkoʻmirning nima keragi bor?
– Bu oziq-ovqat-ku axir. Biz kappalar qorinni aldab qoʻyish uchun toʻgʻri kelgan narsani yeyaverishimiz mumkin.
– Lekin bilasizmi… Xafa boʻlmang-u, jang maydonida jon olib-jon berayotgan kappalar uchun bu… Bizning Yaponiyada sizning bu faoliyatingizga isnod tamgʻasi bosilardi.
– Bizda ham bunday tamgʻa bosilishi mumkinligiga shubha yoʻq. Ammo bu haqida mening oʻzim tan olsam, hech kim meni sharmanda qilmaydi. Bilasizmi, faylasuf Magg nima deydi? «Qilgan yomonliging haqida oʻzing gapir, shunda yomonlik oʻz-oʻzidan barham topadi…» E’tibor berdingizmi, oʻshanda meni faqat boylik orttirish maqsadigina emas, oliyjanob vatanparvarlik tuygʻusi ham harakatga keltirgan.

Shu daqiqada yonimizga klub malayi yaqinlashdi. U Ger bilan soʻrashgach, xuddi sahnadagiday ifoda bilan dedi:
– Sizning uyingiz yonida – yongʻin.
– Yo-yongʻin!

Ger qoʻrqib sapchib turdi. Tabiiyki, men ham turdim. Malay beparvo qoʻshib qoʻydi:
– Lekin yongʻin oʻchirilgan.

Malayning orqasidan qarab qolgan Gerning yuzida yigʻlab turib kulayotgan odamnikiga oʻxshash ifoda zohir edi. Ayni shu paytda men oʻz ichimdan mana shu shisha zavodi direktoriga nisbatan anchadan beri saqlanib yotgan nafratni topib oldim. Ammo endi qarshimda yirik sarmoyador emas, eng oddiy bir kappa oʻtirardi. Men guldondagi qishki atirgullar dastasini olib, ularni Gerga uzatgancha dedim:
– Yongʻin oʻchirilibdi, lekin turgan gapki, xotiningiz qattiq tashvishga tushgan. Mana bu gullarni olib uyga boring.
– Minnatdorman…

Ger mening qoʻlimni qisdi. Soʻng mamnun ishshaygancha shivirlab dedi:
– Oʻsha qoʻshni uy ham menga tegishli. Endi men sugʻurta mukofoti olaman.

Bu ishshayish… Men oʻshanda oʻzimni yomon koʻrmaslik va nafratlanmaslikka koʻndirolmaganim Gerning bu ishshayishini haligacha eslayman.
– Bugun senga nima boʻldi? – soʻradim men talaba Rappdan. – Nima buncha qiynayapti?

Bu yongʻinning ertasiga roʻy bergandi. Biz mening mehmonxonamda oʻtirardik. Men sigaret chekardim, Rapp esa oyoqlarini chalishtirib, chirib ketgan burni ham koʻrinmaydigan darajada boshini eggancha, yerga qarab, parishonxotir oʻtirardi.
– Senga nima boʻlayapti axir, Rapp?

Nihoyat Rapp boshini koʻtardi.
– E yoʻ-oʻq, arzimagan gap, muhim hech nima yoʻq, – pinqillagan tovushda gʻamgin gapirdi u. – Bugun oyna oldida turib, shunchaki sekingina: «O-ho, mana, pashshaxoʻr rosyanka[3] ham gullapti…» dedim. Bilasizmi, opam buni eshitib qolib: «Bu nima deganing, sen meni pashshaxoʻrga chiqaryapsanmi?» deb menga tashlanib qoldi. Shu miyamni egovlay ketdi. Uning yoniga onam ham qoʻshildi, u doim opamning tarafini oladi.
– Toʻxta-toʻxta, gullab turgan pashshaxoʻrning opangga qanday aloqasi bor?
– Menimcha, u meni doimo narlarning orqasidan quvib yurishiga sha’ma qilayapti, deb oʻyladi. Qarabsizki, tortishuvga xolam ham kelib qoʻshildi
– u doim onam bilan urishib yuradi. Janjal avjiga chiqdi. Doim birday mast boʻlib yuradigan otam eshitib qolib, surishtirib oʻtirmay hammani doʻpposlay ketdi. Buyam yetmaganday, kichik ukam mojarodan foydalanib, onamning pul solingan hamyonini oʻgʻirlab kinogami… yo boshqa yoqqami…

tuyogʻini shiqillatgan… Men esa… Men…

Rapp yuzini qoʻllari bilan toʻsib, ovozsiz yigʻlay boshladi. Tabiiyki, unga achinishimga toʻgʻri keldi. Yana tabiiyki, shu zahoti men shoir Tokk oilaviy munosabatlar tizimidan nechogʻlik nafratlanishini esladim.

Men Rappning yelkasiga shapatilab, uni ovutish uchun bor kuchim va imkoniyatimni sarfladim.
– Shunga shuncha dilsiyohlikmi? – dedim men. – Bunaqa hodisalar hamma oilalarda ham boʻlib turadi.
– Hech boʻlmasa… hech boʻlmasa tumshugʻim butun boʻlganida edi…
– Qoʻlingdan nimayam kelardi, bu borada endi hech nima qila olmaysan. Menga qara, Tokkning uyiga bormaymizmi-a?
– Janob Tokkning meni koʻrgani koʻzi yoʻq. Axir men unga oʻxshab oilamdan butunlay voz kechishga qodir emasman.
– Unda Krabaknikiga boramiz.

Yuqorida eslab oʻtganim kontsertdan soʻng biz Krabak bilan doʻstlashgan edik, shuning uchun men bu buyuk musiqachining uyiga Rappni olib borishga jur’at etardim. Krabak sarmoyador Gerdek serhasham yashamasa ham, deylik, Tokkdan koʻra ancha hashamatliroq yashardi. Uning xonasida xilma-xil mayda-chuyda bezakli narsalar (terrakota va eron sopolidan ishlangan haykalchalar kabilar)ga liq toʻla, turk divani joylashtirilgan boʻlib, odatda unda Krabak oʻz shaxsiy portreti ostida yastanib oʻtirib bolalari bilan oʻynardi . Ammo bu gal u negadir yolgʻiz edi. U qoʻllarini koʻksida chalishtirgancha qovogʻidan qor yogʻib oʻtirgandi. Oyoq ostida esa yirtilgan qogʻoz parchalari sochilib yotardi. Rapp shoir Tokka hamroh boʻlib , Krabak bilan bir necha marta koʻrishgan boʻlishi kerak , lekin hozir Krabakning kayfiyati yoʻqligini koʻrib juda qoʻrqib ketdi va unga jur’atsizlik bilan salom berib, burchakka qisilib oldi.
– Senga nima boʻldi, Krabak? – dedim men salomlashishga ulgurib-ulgurmay.
– E-e, nimasini aytay! – ovoz berdi buyuk musiqachi. – Anavi esi past tanqidchini koʻrmaysanmi? Mening lirikamni Tokkniki bilan solishtirganda hech nimaga arzimaydi, deb jar solibdi!
– Lekin sen musiqachisan-ku…
– Shoshma. Hali bunisiga chidash mumkin. Lekin koʻrmaysanmi, bu iflosning ta’kidlashicha, Rokka taqqoslaganda men hech kim emasmishman, hatto musiqachi deb atashga ham arzimasmishman!

Rokk – musiqachi, uni hamisha Krabak bilan solishtirishadi. Afsuski, a’lo odamlar klubiga a’zo emasligi uchun u bilan biror marta suhbat qurishimga toʻgʻri kelmagan. Lekin uning puchuq burunli basharasini gazetalarda chop etilgan rasmlarida koʻrganman.
– Rokk ham daho, albatta, – dedim men. – Ammo uning asarlarida zamonaviy ehtiros, joʻshqinlik yetishmaydi, senda esa bu toʻlib-toshib yotibdi.
– Sen haqiqatan shunday deb oʻylaysanmi?
– Ha, aynan shunday.

Krabak birdaniga sapchib turdi-da, tanagrad haykalchalaridan birini olib, polga irgʻitdi. Qoʻrqib ketgan Rapp chiyillab yuborib, juftakni rostlashga tayyorlanayotgan edi, Krabak bizlarni imo bilan tinchitib, sovuq ohangda dedi:
– Hamma oʻrtamiyonalar kabi sening ham eshitish qobiliyating yoʻq, shuning uchun sen shunday oʻylaysan! Men …men esa Rokkdan qoʻrqaman!
– Sen? Bunaqa kamtarlik qilmagin, iltimos.
– Kim kamtarlik qilyapti? Nima uchun men kamtarlik qilishim kerak? Men sizning qarshingizda oʻzimni tanqidchilar oldidagidan ortiq kamtar koʻrsatayotganim yoʻq! Men – daho Krabakman! Bu nuqtai nazardan Rokk men uchun qoʻrqinchli emas.
– Unda nimadan qoʻrqasan?
– Oʻzim ham bilmayman… Ehtimol, Rokkning yulduzidandir.
– Negadir men seni tushunmayapman.
– Tushunarli boʻlishi uchun boshqacharoq gapiraman. Rokk mening ta’sirimga tushmaydi. Men esa doim oʻzim bilmagan holda uning ta’siridaman.
– Sendagi ta’sirchanlik…
– E-e, boʻldi qil, iltimos. Bu yerda ta’sirchanlikning nima aloqasi bor? Rokk xotirjam va oʻziga ishonch bilan ishlaydi. U hamisha yolgʻiz oʻzi uddalashi mumkin boʻlgan narsalar bilan shugʻullanadi. Men esa unaqa emasman. Men doim bezovtalanib va sarosimaga tushib yuraman. Ehtimol, Rokkning nazarida oʻrtamizdagi masofa bir qadam ham emasdir. Men esa bizni oʻnlab millar ajratib turadi, deb hisoblayman.
– Lekin, maestro, sizning «Qahramonlik simfoniyasi» asaringiz!.. – hadiksirab dedi Rapp.
– Oʻchir ovozingni! – Krabakning qisiq koʻzlari yanayam qisilib, nafrat bilan talabaga qaradi. – Sen nimaniyam tushunarding? Sen va senga oʻxshaganlar! Men Rokkni uning oyogʻini yalab yurgan bu itlardan koʻra yaxshiroq bilaman!
– Xoʻp yaxshi, yaxshi, tinchlan!
– Agar men tinchlana olganimda… Men faqat shu haqida orzu qilaman… Qandaydir bir kuch meni, ya’ni Krabakni tahqirlash uchun yoʻlimga mana shu Rokkni qoʻyib qoʻygan. Faylasuf Magg bularning barini yaxshi tushunadi. Ha, ha, faqat oʻzining yetti xil rangli fonari ostida titilib ketgan foliantlarini[4] varaqlashdan boshqasiga yaramasa ham, buni tushunadi!
– Qanaqasiga?
– Uning oxirgi «Telbaning soʻzi» kitobini oʻqib koʻr.

Krabak menga kitobni uzatdi, toʻgʻrirogʻi, yuzimga otdi. Keyin yana qoʻllarini chalishtirib, qoʻpol ohangda dedi:
– Xayr.

Biz yana butunlay dami ichiga tushgan Rapp bilan koʻchada paydo boʻldik. Doimgiday koʻcha odamga liq toʻla edi, qoraqayinli salqin yoʻlaklarning ikki chetida katta-kichik doʻkonlar qatorlashib turardi. Biz anchagacha jim ketdik. Kutilmaganda oldimizdan uzunsoch shoir Tokk chiqib qoldi. U bizni koʻrib toʻxtadi va qornidagi xaltasidan dastroʻmolini chiqarib, peshonasidagi terni artdi.
– Sizlar bilan anchadan beri koʻrishmadik, – dedi u. – Men hozir Krabaknikiga ketyapman. Unikiga ham koʻpdan beri bormagandim…

Bu ikki san’at arbobi oʻrtasida nizo chiqishini istamasdim, shuning uchun men Tokka hozir Krabak sal oʻzida emasligini sha’ma qilib qoʻydim.
– Ha, shundaymi? – dedi Tokk. – Nimayam qilardik, tashrifni keyinga qoldiramiz-da. Oʻzi Krabakning asabi joyidamas… Ayni kunlarda oʻzimam uyqusizlikdan qiynalyapman.
– Balki biz bilan sayr qilarsan?
– Yoʻq, shart emas… Voy!

Tokk titrab -qaqshab qoʻlimga chippa yopishdi. U boshidan oyogʻigacha butunlay sovuq terga botgandi.
– Senga nima boʻldi?
– Sizga nima boʻldi?
– Menga anavi mashina oynasidan yashil maymun chiqib kelayotganday tuyuldi…

Men Tokkning ahvolidan tashvishga tushib, unga har ehtimolga qarshi shifokor Chakka koʻrinishni maslahat berdim. Ammo qanchalik undamay, bu haqida u eshitishni ham xohlamadi. Hech narsadan hech narsa u bizga shubhalanib qaray boshladi va oxiri sado berdi:
– Men hech qachon anarxist boʻlmaganman. Eslab qoling va buni hech qachon unutmang… Endi esa yaxshi qoling. Va ma’zur tuting, shifokor Chakkingizning menga keragi yoʻq…

Biz esankirab, Tokkning orqasidan ajablangancha qarab qoldik. Biz…

E yoʻq, biz emas, men, bir oʻzim. Talaba Rapp birdaniga yoʻlning oʻrtasida paydo boʻlib qolgandi. U enkayib olib, ikki tarafga keng yoyilgan oyoqlari orasidan uzluksiz qatnayotgan mashinalar oqimi va yoʻlovchilarni tomosha qilardi.
– Bu yana nimasi? Nima qilyapsan?

Rapp koʻzlarini ishqalab, kutilmagan xotirjamlik bilan dedi:
– Aytarli hech gap yoʻq. Shunchaki, koʻnglim behuzur boʻlib ketdi, shunga dunyoni teskari tomosha qilmoqchi edim. Qarasam, bari shuning oʻzi ekan. Faylasuf Maggning «Telbaning soʻzi» kitobidan parchalar:

* * *

Telba oʻzidan boshqa hammaning telbaligiga qattiq ishonadi.

* * *

Bizning tabiatga boʻlgan muhabbatimiz tabiatda bizga nisbatan na hasad, na nafrat yoʻqligi bilan izohlanadi.

* * *

Eng oqil yashash tarzi oʻz zamonasining rasm-rusum va urf-odatlaridan nafratlanishiga qaramay, uni buzmasdan yashashdir.

* * *

Biz hammasidan koʻproq oʻzimizda yoʻq narsalar bilan gʻururlanishni xohlaymiz.

* * *

Haykallarni qulatishga hech kim norozilik bildirmaydi. Ayni paytda, oʻzi haykal boʻlishga ham hech kim qarshi emas. Lekin pedestalda faqat Xudoning alohida marhamatiga sazovor boʻlganlar – telbalar, jinoyatchilar, qahramonlargina xotirjam turishi mumkin. (Shu joyini Krabak tirnogʻi bilan chizib qoʻygandi.)

* * *

Ehtimol, bizga hayotda kerak boʻlgan barcha gʻoyalar uch yuz yillar oldin aytilgandir. Bizga esa, deylik, ularni ozgina yangitdan alangalatib (choʻgʻ tashlab) qoʻyishning oʻzi yetarli.

* * *

Bizning xususiyatimiz hamisha oʻz ongimizni yengishdan iborat.

* * *

Agar baxtni ogʻriqsiz, hayotni esa koʻngil sovishlarsiz tasavvur qilib boʻlmasa, unda..?

* * *

Oʻzini himoya qilish boshqalarni himoya qilishdan koʻra qiyinroq. Kimki bunga shubha qilsa, advokatga nazar tashlasin.

* * *

Dimogʻdorlik, shahvatparastlik, shubha – mana oxirgi uch ming yil ichida tanish boʻlgan barcha illatlarning sababi. Balki, barcha fazilatlarning ham.

* * *

Jismoniy ehtiyojlarimizni jilovlash yaxshilikka olib kelishi shart emas. Balki biz yaxshilikka erishishimiz uchun oʻzimizning ma’naviy ehtiyojlarimizni ham jilovlashimiz zarur. (Krabak bu yerda ham tirnoq izini qoldirgandi.)

* * *

Biz kappalar odamlarga nisbatan kamroq baxtlimiz . Odamlar kappalarchalik rivojlanmagan. (Buni oʻqib, men tabassum qilishdan oʻzimni tiyolmadim.)

* * *

Namoyon qilish bu – uddasidan chiqish, uddasidan chiqish esa – namoyon qilish. Intihosini aytganda, bizning bu hayotimiz doim mana shu doira ichida aylanib yuradi, chiqib keta olmaydi. Boshqacha aytganda, bu yerda hech qanday mantiq yoʻq.

* * *

Aqli zaiflashgach Bodler oʻzining dunyoqarashini faqat bir soʻz bilan ifodalagan, bu – «ayol» soʻzi. Lekin hurmatini saqlash uchun u bunday demasligi kerak edi. U oʻzining daho ekaniga, buyuk shoirligiga haddan ziyod ishongan, chunki bu uning kun koʻrishiga yordam bergan. Va shuning uchun u boshqa soʻzni unutdi. «Oshqozon» soʻzini. (Bu yerga ham Krabak tirnoq izini qoldirgandi).

* * *

Biz hamma narsada aqlga tayanaversak, hech shubhasiz, oʻz tirikligimizni inkor etamiz. Aqlni ilohiylashtirgan Volterning hayotda baxtli boʻlgani insonlarning kappalardan orqada qolganini yana bir marta isbotlaydi. Sovuq kunlarning birida «Telbaning soʻzlari»ni oʻqish jonimga tegib, faylasuf Maggning yoniga yoʻl oldim. Qaysidir bir boʻsh yoʻlakda boʻshashgancha devorga suyanib turgan chivinday kappani tasodifan koʻrib qoldim. Adashgan boʻlishim mumkinmas, bu oʻsha, bir paytlar mening avtoruchkamni oʻgʻirlagan kappa edi. «Qoʻlga tushdi!» – oʻyladim men va zudlik bilan yonimdan oʻtib ketayotgan haybatli kappani chaqirdim.
– Anavi kappani ushlang, iltimos, – dedim men. – Bir oycha oldin u mening avtoruchkamni oʻgʻirlagandi.

Politsiyachi tayogʻini koʻtardi (bu mamlakatning politsiyachilari qilich bilan birga tayoqcha ham olib yurishadi) va oʻgʻrini chaqirdi: «Ey, bu yoqqa kel-chi!» Men oʻgʻri qochishga shaylanadi, deb oʻylagandim. Bunday boʻlmadi.

U oʻta xotirjamlik bilan politsiyachining yoniga keldi. Buyam kamday, qoʻllarini koʻkragida chalishtirib olib, qandaydir takabburlik bilan yuzimizga tik qaradi. Uning bu qiligʻi qornidagi sumkasidan kundalik daftarchasini olib, uni soʻroqqa tutayotgan politsiyachining jahlini chiqarmadi.
– Isming?
– Gruk.
– Nima ish qilasan?
– Biroz vaqt oldin pochtachi edim.
– Juda yaxshi. Mana bu odam uning avtoruchkasini oʻgʻirlaganingni da’vo qilyapti.
– Ha, bu bir oycha oldin boʻlgandi.
– Nima sababdan?
– Uni kichkina bolamga oʻynash uchun bergandim.

Politsiyachi Grukka oʻtkir tikildi:
– Xoʻsh, bolaga nima boʻldi?
– Bir hafta oldin oʻldi.
– Oʻlgani haqidagi guvohnoma yoningdami?

Ozgʻin kappa qornidagi sumkasidan bir varaq qogʻoz chiqarib, politsiyachiga uzatdi. U qogʻozga koʻz yugurtirib, jilmaydi va Grukning yelkasiga qoqib dedi:
– Hammasi joyida. Bezovta qilganimiz uchun kechir.

Men hayratdan dong qotib, politsiyachiga qaradim . Oriq kappa burnining tagidan bir nimalarni gʻoʻldirab, yoʻliga ravona boʻldi. Nihoyat men oʻzimga kelib soʻradim:
– Uni nega qoʻyib yubordingiz?
– U aybdor emas, – javob berdi politsiyachi.
– Lekin u mening ruchkamni oʻgʻirlagan-ku…
– Bolasiga oʻynagani berish uchun oʻgʻirlagan, bola esa oʻlgan. Mabodo nimadandir shubhalanayotgan boʻlsangiz, jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasini oʻqing.

Politsiyachi menga orqa oʻgirilib, nari ketdi. Nimayam qilardim? Men ichimda: «Jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasi», deya qayta-qayta takrorlagancha Maggnikiga yoʻl oldim.

Faylasuf Magg mehmonni yaxshi koʻrardi. Oʻsha kuni uning nimqorongʻi xonasida hakam Bepp, shifokor Chakk va shisha firmasi direktori Ger yigʻilishgandi. Ular hammasi chekishar, sigaradan chiqqan tutun yetti rangli fonargacha oʻrlardi. Mening eng katta omadim – hakam Beppning kelgani edi. Oʻtirishga ulgurib-ulgurmay unga murojaat qildim, ammo bir ming ikki yuzu sakson beshinchi modda haqida soʻrash oʻrniga boshqa savol berdim:
– Ming bor uzr, janob Bepp. Ayting-chi, sizning mamlakatingizda oʻgʻrilarga jazo bormi?

Bepp zar hoshiyali sigarasidan tutun burqsitib, zerikarli qiyofada javob berdi:
– Albatta, jazolanadi. Hatto oʻlim jazosi ham joriy qilingan.
– Gap shundaki, bir oycha oldin…

Avtoruchka voqeasini aytib berib, jinoyat kodeksining bir ming ikki yuzu sakson beshinchi moddasi haqida soʻradim.
– O-ho, – dedi Bepp. – Bu moddada shunday deyilgan: «Qay turdagi jinoyat boʻlmasin, ushbu jinoyatning sodir etilish sababi yoki vaziyat barham topsa, jinoyat sodir etgan shaxs jazoga tortilmaydi». Sizning voqeangizni olaylik. Oʻgʻirlik sodir boʻlgan paytda bu kappa ota edi, ammo endi u ota emas, shuning uchun ham uning jinoyati oʻz-oʻzidan yoʻq boʻldi.
– Qanday bema’nilik!
– Hech unday emas. Agar oʻtmishda ota boʻlgan kappani hozirda otalik vazifasini bajarayotgani bilan tenglashtirilsa, bu bema’nilik boʻlishi mumkin edi. Biroq Yaponiya qonunlarida bunga e’tibor berilmaydi. Ammo biz uchun, kechirasiz, bu kulgili tuyuladi. Xo-xo-xo-xo-xo…

Bepp sigaretini tashlab, qattiq kuldi. Shu payt huquqshunoslikdan butunlay yiroq boʻlgan Chakk suhbatga aralashdi. U koʻzoynagini toʻgʻrilab mendan soʻradi:
– Yaponiyada ham oʻlim jazosi bormi?
– Albatta, bor. Oʻlim jazosi osish orqali amalga oshiriladi. Beppning loqaydligi jahlimni chiqardi va men zaharxanda qilib

qoʻshib qoʻydim:
– Ammo sizning yurtingizda, shubhasiz, qatl ham ma’rifatli yoʻsinda amalga oshiriladi, shunday emasmi?
– Ha, bizda ma’rifatli yoʻsinda qatl etishadi, – oʻta xotirjamlik bilan tasdiqladi Bepp. – Bizning yurtda qatl qilish osish orqali amalga oshirilmaydi. Ba’zida buning uchun elektr tokidan foydalanishadi. Umuman olganda esa bizga elektr qoʻllashning ham keragi yoʻq. Qoidaga koʻra, shunchaki jinoyatchining yuziga uning jinoyati aytiladi.
– Nima, jinoyatchi shundan oʻladimi?
– Albatta, oʻladi. Esingizdan chiqmasin, biz kappalarning asab tizimimiz tuzilishi siz insonlarnikidan koʻra ancha nozik.
– Bu usul nafaqat oʻlimga mahkum etilganlarni qatl etishga, balki oʻlim jinoyatini amalga oshirishda ham ishlatiladi, – dedi shisha fabrikasi direktori Ger. U yuziga tushgan rang-barang shu’lalardan butunlay nofarmon tusga kirib, muloyim jilmaydi. – Yaqinda bir sotsialist meni oʻgʻri degandi, yuragim yorilib oʻlayozdim.
– Bu biz oʻylaganimizdan koʻra koʻproq uchraydi. Yaqindagina tanish bir advokatim ana shunday oʻldi.

Bu gapni faylasuf Magg aytdi va men unga burilib qaradim. Magg hech kimga qaramay, odatdagiday kinoyali tirjayib davom etdi:
– Kimdir uni qurbaqa debdi… Siz bilasiz albatta, bizning mamlakatimizda qurbaqa deb haqoratlash pastkashdan ham pastkash deyish bilan teng… U ertayu kech oʻzining qurbaqami yoki qurbaqa emasligi haqida oʻylayverib, oʻylayverib, oxiri oʻldi.
– Bu, e’tiboringiz uchun, oʻzini-oʻzi oʻldirishga kiradi, – dedim men.
– Shundayya-ku, lekin uni oʻldirish niyatida qurbaqa deyishgan. Sizning insoniy nuqtai nazaringizda balki bu oʻz joniga qasd qilish hisoblanar…

Ayni shu daqiqada devor orqasidan, shoir Tokk kvartirasi joylashgan tarafdan toʻpponcha oʻqining havoni portlatguday qattiq ovozi yangradi.

Biz zudlik bilan oʻsha tarafga otildik. Tokk baland togʻ oʻsimliklari ekilgan tuvaklar oʻrtasida polda choʻzilib yotardi. Oʻng qoʻlida toʻpponcha, boshidan qon sizib chiqayotgandi. Yonida uning koʻksiga yuzini bosib, hoʻngrab yigʻlagancha modasi oʻtirardi. Uni yelkasidan tutib turgʻazdim (Odatda men kappalarning sirpanchiq terisiga tegib ketishdan qochaman).
– Bu qanday roʻy berdi?
– Bilmayman. Hech narsa bilmayman. U oʻtirib nimadir yozayotgandi
– birdaniga oʻzini otdi… Endi men qanday yashayman?.. Qur-r-r-r… Qur-r-r-r… (Kappalar shunaqa yigʻlaydi).

Shisha firmasi direktori boshini gʻamgin chayqagancha hakam Beppga dedi:
– Mana, ortiqcha injiqlik nimaga olib keladi.

Bepp hech nima demay zar hoshiyali sigarasini cheka boshladi. Choʻkkalab jarohatni tekshirayotgan Chakk oʻrnidan turib, mutaxassisga xos ohangda bizga qarab dedi:
– Hammasi tugadi. Tokk oshqozon kasalligidan qiynalardi va uning hayotdan koʻngli butunlay sovishi uchun shuning oʻzi yetarli edi.
– Biroq bir qaranglar, – dedi faylasuf Magg xuddi joniga qasd qiluvchining tarafini olganday, – bu yerda bir xat bor ekan.

U stoldan qogʻoz parchasini oldi. Hamma (faqat mendan tashqari) uning orqasiga toʻplanib, keng yelkalari osha boʻynilarini choʻzib, xatga qarashdi.

Tur! Dunyomizni oʻrab turgan vodiyga bor.

U yerda muqaddas adirlar va musaffo suvlar. Oʻtlar va gullarning ifori.

Magg biz tomon burilib, kinoyali kulib dedi:
– Bu plagiat. Gyotening «Minona»si. Nazarimda, Tokk joniga qasd qilishining sababi, u shoir sifatida ham tamom boʻlgan koʻrinadi.

Ayni shu paytda Tokkning uyi yoniga avtomobil kelib toʻxtadi. Kelgan Krabak edi. U Tokkning murdasini koʻrib, bir necha daqiqa eshik yonida jim turib qoldi. Keyin yonimizga kelib, Maggning yuziga qarab baqirdi:
– Bu uning vasiyatnomasimi?
– Yoʻq, bu uning oxirgi she’ri.
– She’ri?

Krabakning boshidagi sochlari tikka boʻldi. Magg doimgiday pinagini ham buzmay unga qogʻozni uzatdi. Krabak hech kimga qaramay qogʻozdagi she’r misralariga koʻz qadadi. U Maggning savollariga deyarli e’tibor ham bermay, qayta-qayta oʻqirdi.
– Tokkning oʻlimi haqida nima deb oʻylaysiz?
– Tur… Men ham qachondir oʻlaman… Dunyomizni oʻrab turgan vodiyga…
– Siz, nazarimda, Tokkning eng yaqin doʻstlaridan edingiz?
– Doʻstlaridan? Tokkning hech qachon doʻstlari boʻlmagan. Dunyomizni

oʻrab turgan vodiyga… Afsuski, Tokk… U yerda muqaddas adirlar…
– Afsuski deysizmi?
– Musaffo suvlar… Sizlar baxtlisiz-ku… U yerda muqaddas adirlar…

Tokkning modasi hamon yigʻlar edi. Unga achindim va yelkasidan ushlab xona burchagidagi divanga obordim. U yerda hech nimadan bexabar ikki-uch yoshli kappacha kulib oʻtirardi. Men modasini oʻtqizib, uni qoʻlimga oldim va biroz tebratdim. Koʻzimga yosh kelganini sezdim. Bu mening kappalar mamlakatidagi birinchi oxirgi marta yigʻlashim edi.
– Bu bekorchining oilasiga rahmim kelyapti, – dedi koʻzi tushgan Ger.
– Ha, bunaqalarning ulardan keyin nima boʻlishi bilan ishi yoʻq, – ovoz berdi hakam Bepp oʻzining odatdagi sigarasini qoʻliga olib.

Krabakning baland ovozi bizni choʻchitib yubordi. Qoʻlidagi she’r yozilgan qogʻozni silkitib, oʻzicha baqirardi:
– Ajoyib! Bundan zoʻr dafn marosimi marshi chiqadi!

U qisiq koʻzlari yaltillab, shoshilgancha Maggning qoʻlini qisdi-da, eshik tomon otildi. Tabiiyki, oʻsha paytda eshik yonida Tokkning qoʻni-qoʻshnilari toʻplanib, qiziqish bilan xona ichiga moʻralab turishardi. Krabak qoʻpollik va beandishalik bilan ularni itarib, mashinasiga sakrab chiqdi. Oʻsha zahotiyoq mashina taraq-turuq qilib joyidan qoʻzgʻaldi va koʻcha muyulishida koʻzdan gʻoyib boʻldi.
– Qani, qani, tarqalinglar, tomosha qiladigan hech narsa yoʻq bu yerda!
– baqirib qoʻydi qiziquvchilarga hakam Bepp. U politsiya vazifasini boʻyniga olib, olomonni tarqatdi va eshikni qulfladi. Shuning uchun boʻlsa kerak, birdaniga xona suv quyganday jimjit boʻlib qoldi. Baland togʻlar gullari va Tokkning qoni hidi aralashgan dim jimjitlikda dafn marosimi masalasi muhokama qilindi. Faqat faylasuf Maggina murdaga parishonxotir tikilgancha nimalarnidir oʻylab, jim oʻtirardi. Men uning yelkasiga qoqib soʻradim:
– Nima haqida oʻylayapsiz?
– Kappalar hayoti haqida.
– Xoʻsh?
– Biz kappalar hayotimizdan qoniqish hosil qilishimiz uchun, nima boʻlishidan qat’i nazar… – Magg qandaydir uyalinqirab ovozini pasaytirdi, – nima boʻlgan taqdirda ham, biz kappa boʻlib yaralmaganlarning kuch-qudratiga ishonishimiz kerak.

Maggning soʻzlari dinni esimga soldi. Moddiyun boʻlganim uchun, tabiiyki, men dinga jiddiy qaramaganman. Ammo hozir, Tokkning oʻlimidan ta’sirlanib, birdaniga oʻylab qoldim: suvosti mamlakatida dinni qanday tasavvur qilishadi? Men oʻsha zahotiyoq bu savol bilan talaba Rappga murojaat qildim.
– Bizda xristianlar ham, buddaga sigʻinadiganlar ham, musulmonlar ham, otashparastlar ham bor, – deb javob berdi u. – Ammo haliyam oʻsha «zamonaviy din» atalmish dinning ta’siri katta. Uni yana «tiriklik dini» deb ham atashadi.

(Ehtimol, «tiriklik dini» unchalik aniq tarjima emasdir. Kappalar tilida bu soʻz «Kuemucha» boʻlib jaranglaydi. «Cha» qoʻshimchasi inglizcha «izm»ni bildiradi. «Kuemu» soʻzining oʻzagi «kuemal» esa shunchaki «yashash, kun koʻrish» emas, balki «toʻyib ovqatlanish, vino ichish va qovushish» ma’nosini bildiradi).
– Bundan chiqdi, bu yerda ham ibodatxona va dindorlar bor ekan-da?
– Buning kulgili joyi yoʻq. Mamlakatdagi eng hashamatli bino bu – Buyuk ibodatxonadir. Borib koʻrishni xohlaysizmi?

Tumanli kunlarning birida Rapp meni faxr bilan Buyuk ibodatxonani koʻrishga olib bordi. Haqiqatan ham, bu ulkan bino Tokiodagi Nikolay Jomesidan oʻn martacha kattaroq. Ustiga-ustak, binoda xilma-xil me’morchilik uslublari qorishib ketgan. Ana shu ibodatxona oldida turib, uning baland minoralari va dumaloq gumbazlariga qarab, dahshatga tushdim. Ular son-sanoqsiz barmoqlarday osmonga boʻy choʻzib turardi. Biz asosiy darvoza yonida turib (ularning oldida biz chumoliday bir kichik jonzotga aylangandek edik) boshimizni osmonga choʻzgancha beoʻxshov maxluqqa oʻxshab ketuvchi bu gʻalati inshootga uzoq tikilib qoldik.

Ibodatxona zali ham juda ulkan edi. Korinf ustunlari oraligʻida bir dunyo sigʻinuvchilar aylanib yurardi. Ular ham Rapp ikkimiz kabi bu yerda mittigina boʻlib koʻrinardi. Shu orada yoshi qaytib munkaygan kappa bilan koʻrishib qoldik. Rapp ta’zim qilib, hurmat ila u bilan gaplasha boshladi:
– Sizni sogʻ-salomat koʻrganimdan nihoyatda xursandman, muhtaram ruhoniy.

Qariya ham bizga ta’zim qilib, xuddi shunday izzat-ikrom bilan javob berdi:
– Adashmayotgan boʻlsam, janob Rappsiz-a? Umid qilamanki, siz ham…
– aftidan, shu payt koʻzi Rappning chirigan tumshugʻiga tushdimi, tutilib qoldi. – E-e… Ha. Harholda, umid qilamanki, siz unchalik qiynalganingiz yoʻq. Xizmat?…
– Men mana bu janobni olib keldim, – dedi Rapp. – Siz bilsangiz kerak, bu janob…

Va Rapp men haqimda obdon gapira boshladi. Nazarimda, u oʻzining mana shu tushuntirishlari orqali ruhoniyga oxirgi paytlarda juda muhim ishlar bilan bandligi uchun ibodatxonaga kelolmaganini bildirdi.
– Shu oʻrinda sizdan bu janobga ibodatxonani koʻrsatishingizni iltimos qilgan boʻlardim.

Ruhoniy iltifotli tabassum qilib men bilan soʻrashdi, soʻng indamasdan bizni zalning old qismida joylashgan mehrob yoniga boshlab bordi.
– Men bajonudil sizga hamma narsani koʻrsataman, – dedi u, – lekin siz oʻylagancha foydam tegmasligidan qoʻrqaman. Biz dindorlar mana bu mehrobdagi «hayot daraxti»ga sigʻinamiz. Koʻrib turganingizdek, «hayot daraxti»da oltin va zangor mevalar yetiladi. Oltin ranglilari «yaxshilik mevalari», zangorilari esa «yomonlik mevalari» deb ataladi…

Uning gaplarini eshitgan sari zerika boshladim. Ruhoniyning iltifot bilan soʻzlayotganlari xuddi eski, siyqasi chiqqan hikoyalarga oʻxshab ketardi. Turgan gapki, men oʻzimni uning bitta soʻzini ham qoʻymay tinglayotganday koʻrsatar, ammo vaqti-vaqti bilan atrofga ham bildirmay koʻz tashlab, ibodatxonaning ichki tuzilishini tomosha qilardim.

Korinf ustunlari, gotika uslubidagi gumbazlar, naqshli mavritancha farshlar, zamonaviy uslubda ishlangan ibodat stollari – hammasi bir boʻlib, qanaqadir gʻalati bir johillarcha goʻzallik hosil qilganday taassurot qoldirardi. Hammasidan koʻproq mening e’tiborimni tortgani

mehrobning ikki tarafida joylashgan tokchalar ichidagi tosh haykalchalar boʻldi. Negadir menga bu tasvirlar tanishday tuyuldi. Men adashmagan ekanman. «Hayot daraxti» haqidagi tushuntirishlar yakun topgach, munkaygan ruhoniy men bilan Rappni oʻngdagi birinchi tokcha tomon boshlab borib, ichidagi haykalga qarab dedi:
– Mana bizning avliyolardan biri – Strinberg, u hammaga qarshi chiqqan. Aytishlaricha, bu avliyo juda koʻp va uzoq azob chekkan, keyin esa Svedenborg falsafasidan najot topgan. Ammo aslini olganda u qutulib qolmagan. Xuddi biz kabi u ham «tiriklik dini»ga e’tiqod qilgan.

Aniqrogʻi, uning shu dinga e’tiqod qilishiga toʻgʻri kelgan. Bu avliyo bizga qoldirgan birgina rivoyatlarini olib qaraylik. Ularda avliyo oʻzining joniga qasd qilgani haqida aytib ketgan.

Gaplaridan yuragim siqilib, keyingi tokchaga koʻz tashladim. Keyingi tokchada qalin moʻylovli nemisning byusti oʻrnatilgan ekan.
– Bu esa Nitsshe, Zardushtiylik (Zaratustra) kuychisi. Bu avliyoga oʻzi yaratgan eng a’lo odamdan qutulish uchun yoʻl axtarishga toʻgʻri kelgan. Biroq u qutula olmay aqldan ozgan. Balki u avliyolar safiga tushib qolmasdi, agar…

Ruhoniy biroz sukut saqlab, bizni uchinchi tokcha yoniga boshlab keldi.
– Bizning uchinchi avliyomiz Tolstoy. Bu avliyo oʻzini hammadan koʻp qiynagan. Gap shundaki, uning kelib chiqishi aslzoda boʻlgan va azob-uqubatlarini har narsaga qiziqaveradigan olomon oldida namoyon etishni oʻziga ep bilmagan. Bu avliyo hech ishonish mumkin boʻlmagan Iso (Xristos) ga oʻzini ishontirishga rosa harakat qilgan. Hatto shunday holatlar boʻlganki, u ishonishi haqida oshkora e’lon qilgan ham. Umrining oxirida esa barchaning oldida fojiaviy yolgʻonchi shaxs boʻlib koʻrinishga uning toqati qolmagan. Hammaga ma’lumki, bu avliyo ham ba’zan xonasi shiftidagi ustunlarga qarab turib dahshatga tushgan. Ammo u oʻz joniga qasd qilmadi – buni uning avliyolar safiga kirib qolganidan ham bilish mumkin.

Toʻrtinchi tokchada bir yapon manaman deb turardi. Bu yaponning yuziga yaxshilab razm solib uni tanigach, kutilganday ma’yuslanib qoldim.
– Bu Kunikida Doppo, – dedi ruhoniy. – Ishchilar koʻnglini chuqur tushungan, poezdning tagida qolib oʻlgan shoir. Oʻylaymanki, sizga u haqida gapirib oʻtirishning hojati yoʻq. Beshinchi tokchaga nazar soling…
– Bu Vagner boʻlsa kerak?
– Ha. Qirolning doʻsti boʻlgan inqilobchi. Avliyo Vagner hatto jamoat ibodatlarini ham olib borgan. Lekin baribir u nasroniy dinidan koʻra «tiriklik dini»ga sigʻinuvchilar izdoshi boʻlgan. Uning xatlaridan ayon boʻlishicha, foniy dunyo azob-uqubatlari uni ham bir necha marta oʻlim haqida oʻylashga majbur qilgan.

Ruhoniy hali Vagner haqida gapirishni tugatmasidan biz oltinchi tokcha yoniga bordik.
– Bu endi avliyo Strindbergning doʻsti boʻlmish frantsuz musavviri. U oʻzining xotini va bolalarini tashlab, oʻn toʻrt yoshli taityalikka uylangan. Uning tomirlarida dengizchining qoni oqqan. Ammo uning lablariga qarang. Zaharli margimush ta’sirida ularga yara toshgan. Endi yettinchi tokchaga kelsak… Ammo siz charchaganga oʻxshaysiz. Marhamat qilib, bu yoqqa yuring.

Men haqiqatdan charchagandim. Rapp ikkimiz ruhoniyga ergashgancha muattar isli koridor boʻylab yurib oʻtib, qandaydir bir xonaga kirdik. Xona kichkina, burchakda qad rostlagan qora Venera haykali ostida bir shingil uzum yotardi. Men hech qanaqa bezaklarsiz odmi rohiblar hujrasini koʻraman, deb kutganim sabab esankirab qoldim. Oʻylashimcha, ruhoniy mening ajablanganimni payqadi. Bizga oʻtirishni taklif qilishdan oldin hamdardlik bilan dedi:
– Iltimos, unutmang, bizning dinimiz bu – «tiriklik dini». Bizning Xudomiz… bizning «hayot daraxti»miz: «Koʻnglingiz tusagancha yashang» deb oʻrgatadi. Ha-ya, janob Rapp, siz bu janobga muqaddas kitoblarimizni koʻrsatib boʻldingizmi?
– Yoʻq, – javob berdi Rapp boshidagi likopchasini qashlab va iqror boʻldi: – Ochigʻini aytsam, oʻzim ham yaxshi oʻqiganim yoʻq.

Ruhoniy doimgidek xotirjam jilmayib, davom etdi:
– Unda, tabiiyki, sizga hali hammasi tushunarli emas. Bizning Xudomiz borliqni bir kunda yaratgan. («Hayot daraxti» daraxt boʻlishiga qaramay, uning uchun mumkin boʻlmagan narsa yoʻq.) Buning ustiga, u modani ham yaratgan. U zerikib qolib, narni axtarishga tushgan. Bizning Xudomiz modaning hasratiga quloq tutgan va uning miyasini olib, undan narni yasagan. Bizning Xudomiz bu kappalar juftligiga shunday degan: «Toʻyib yeng, qovushining, koʻnglingiz tusagancha yayrab yashang…»

Ruhoniyning gapini eshitib, shoir Tokkni eslardim. Baxtga qarshi shoir Tokk ham menga oʻxshab Xudoga ishonmasdi. Men kappa emasman, shuning uchun «hayot daraxti» haqida tushunchaga ega emasdim. Ammo tugʻilganidan oʻlgunicha suvosti mamlakatida yashab oʻtgan Tokk «hayot daraxti»ning nima ekanini bilmasligi mumkin emasdi. Men mana shu ta’limotni qabul qilmagan Tokka achindim va ruhoniyning gapini boʻlib, undan bu shoir haqidagi fikrini soʻradim.
– Ha-a, bu shoir har qancha achinishga loyiq, – dedi ruhoniy xoʻrsinib.
– Bizning mohiyatimiz nimada? Ishonch, holat, vaziyat. Siz, ehtimol, bu yerga irsiyatni ham qoʻshib qoʻyarsiz. Baxtga qarshi, Tokk dinni tan olmasdi.
– Menimcha, Tokk sizga havas qilgan. Mana, men ham havas qilyapman. Yoshlar ham, mana masalan, Rapp…
– Balki tumshugʻim butun boʻlganida, men ham hayotbaxsh boʻlarmidim. Ruhoniy yana chuqur xoʻrsindi. U koʻzlari yoshga toʻlgancha qimir etmay, qora Veneraga tikilardi.
– Agar toʻgʻrisini aytsam… – dedi u. – Faqat buni hech kimga aytmang, bu mening sirim… Toʻgʻrisini aytsam, men ham oʻzimizning Xudoga ishona olmayman. Qachonlardir mening ibodatim…

Ruhoniy tugatishga ulgurmadi. Xuddi shu paytda eshik katta ochilib, bir bahaybat moda quyunday yopirilib kirdi-da, unga tashlandi. Biz uni toʻxtatib qolishga urindik, ammo u bir lahzada ruhoniyni polga yiqitdi.
– Eh, sen yaramas chol! – baqirdi u. – Bugun yana hamyonimdan ichish uchun pul oʻgʻirladingmi?!

Oradan oʻn daqiqacha vaqt oʻtganda biz ruhoniy va uning xotinini orqada qoldirib, ibodatxona zinalaridan yugurgilab tushardik. Bir qancha vaqt biz jim ketdik, keyin Rapp soʻzga kirdi:
– Ruhoniy soʻzini nega «hayot daraxti»ga ishonmasligi endi tushunarli. Men javob bermadim. Beixtiyor ibodatxonaga qayrilib qaradim.

Ibodatxona ilgarigidek oʻzining baland minoralari va dumaloq gumbazlari bilan son-sanoqsiz barmoqlarday tumanli osmonga boʻy choʻzib turardi. Undan xuddi choʻldagi sarobning ta’siri kabi vahima ufurardi…

Taxminan bir haftalardan soʻng men shifokor Chakkdan gʻaroyib xabar eshitdim. Tokkning uyida arvoh paydo boʻlganmish. Oʻsha paytda baxtsiz doʻstimizning ma’shuqasi qaergadir ketgan, uyida esa fotostudiya ochilgan edi. Chakkning soʻzlariga qaraganda, bu studiyada olingan barcha suratlarning ortida Tokkning sharpasi gʻira-shira koʻrinib turarkan. Biroq Chakk butunlay moddiyunchi boʻlgani uchun narigi dunyo borligiga ishonmasdi. Bularning hammasini gapirib boʻlgach, u zaharxanda tirjayib

sharhlashga tushdi: «Ushbu arvoh siz bilan men kabi moddiy boʻlsa kerak-da». Arvohlarga ishonmaslik borasida mening ham Chakkdan farqim yoʻq edi. Lekin men Tokkni yaxshi koʻrardim, shuning uchun darhol kitob doʻkoniga yugurib borib, Tokk va uning arvohi haqidagi maqolalar hamda uning sharpasi tushirilgan rasmlar chop etilgan barcha gazeta va jurnallarni sotib oldim. Haqiqatdan ham qariyu yosh kappalar rasmlarida ularning orqa tarafidan kappa qomatiga oʻxshash gʻira-shira sharpa sezilib turardi. Rasmlardan koʻra koʻproq Tokkning arvohi haqidagi maqolalar, ayniqsa, spiritizm bilan shugʻullanuvchi bir jamiyatning hisoboti meni hayratga soldi. Men bu maqolani deyarli soʻzma-soʻz tarjima qilgandim, quyida xotiramda qolganini keltiraman.

«Tokkning arvohi bilan suhbat haqidagi hisobot (Spiritik jamiyat jurnali» №8274).

Oʻz joniga qasd qilgan Tokkning sobiq qarorgohi – hozirgi janob falonchining fotostudiyasi – 251-uyda boʻlib oʻtgan jamiyatimiz hay’atining maxsus yigʻilishi.

Biz, jamiyatning oʻn yettita a’zosi, raisimiz janob Pekk boshchiligida yigirma yettinchi sentyabr kuni soat oʻndan oʻttiz daqiqa oʻtganda tilga olingan fotostudiyaning bir xonasiga yigʻildik. Medium sifatida biz cheksiz ishonchimizni qozongan boshqaruvchi Xopp xonimni sayladik. Xopp xonim tilga olingan studiyaga kirishi bilan ruhning yaqinlashib kelayotganini sezdi. Uni tutqanoq tuta boshladi va bir necha marta qayt qildi. Uning aytishicha, bu holat marhum janob Tokk hayotligida tamakiga qattiq ruju qoʻygan boʻlib, endi uning ruhiga ham nikotin singib ketgani bilan izohlanar ekan.

Komissiya a’zolari va Xopp xonim dumaloq stol atrofidagi joylarini jimgina egallashdi. Uch daqiqayu yigirma besh soniya oʻtib, Xopp xonim birdaniga chuqur karaxtlik holatiga tushdi va shoir Tokkning ruhi uning tanasiga kirdi. Biz komissiya a’zolari yoshimizga qarab navbatma-navbat Xopp xonimning tanasiga kirib olgan janob Tokkning ruhiga quyidagi savollarni berdik:

Savol: Sen nega yana bu dunyoga qaytding?

Javob: Vafotimdan keyingi shon-shuhratimni bilish uchun. Savol: Sen va boshqa ruhlar vafotingizdan keyin ham shon-shuhrat

istaysizlarmi?

Javob : Harholda, men bu chanqoqdan yiroq emasman. Ammo men qaysidir kuni uchratib qolganim bir yapon shoiri oʻlimdan keyingi shon-shuhratdan nafratlanardi.

Savol: Sen bu shoirning ismini bilasanmi?

Javob: Afsuski, u esimdan chiqqan. Faqat uning bir sevimli she’rini xotirlayman.

Savol: Bu qanday she’r ekan?

Javob: Eski hovuz. Suvga qurbaqa sakraydi. Jimjitlikda «shalop» etgan ovoz.

Savol: Seningcha, bu buyuk asarmi?

Javob: Albatta, men uni yomon deb hisoblamayman. Faqat men «qurbaqa» soʻzini «kappa» soʻziga almashtirardim, «sakradi»ning oʻrniga esa «ajoyib parvoz etdi» degan iborani ishlatardim.

Savol: Nima uchun?

Javob: Har qanday san’at asaridan kappani topishga astoydil harakat qilish biz kappalarga xos.

Shu yerda jamiyat raisi janob Pekk suhbatni toʻxtatib, hay’at a’zolariga ular adabiy munozarada emas, ruhiy tomoshada oʻtirishganini eslatib qoʻydi.

Savol: Janob ruhlarning hayot tarzi qanday? Javob: Siznikidan hech farq qilmaydi.

Savol: Unda sen oʻz joningga qasd qilganingdan afsuslanasanmi? Javob: Yoʻq-da. Agar arvoh boʻlib yashash ham jonimga tegsa, men yana toʻpponchani olaman-da, umrni oʻz jonimga hayot ato etish bilan tugataman.

Savol: Oʻz joniga hayot ato etish osonmi?

Bu savolga Tokkning arvohi savol bilan javob berdi. Tokkning bu usuli uni tanigan barchaga ma’lum edi.

Javob: Oʻz joniga qasd qilish osonmi? Savol: Ruhlar umri boqiymi?

Javob: Bizning hayotimiz davomiyligi masalasiga kelsak, bu haqida juda koʻp nazariyalar mavjud, lekin ulardan birortasiga ham ishonish qiyin. Esdan chiqarmaslik kerakki, bizning oramizda ham xilma-xil – nasroniylik, buddaviylik, musulmon, otashparastlik kabi dinlar tarafdorlari bor.

Savol: Sen qaysi dinga sigʻinasan? Javob: Men hamisha skeptikman[5].

Savol: Lekin, aftidan, sen ruhning borligiga shubha qilmasang kerak? Javob: Men ruhlar mavjudligiga sizdan koʻra kamroq ishonaman. Savol: Oʻz olamingda doʻstlaring koʻpmi?

Javob: Hamma zamonlar va barcha xalqlar orasida uch yuzdan kam emas. Savol: Sening barcha doʻstlaring oʻz joniga qasd qiluvchilarmi? Javob: Aslo unday emas. Toʻgʻri, masalan, oʻz joniga qasd qilishni

yoqlovchi Monten mening eng hurmatimga sazovor doʻstlarimdan biri. Anavi pessimist, oʻz joniga qasd qilolmagan Shopengauer degan nusxani men bilishni ham xohlamayman.

Savol: Shopengauer salomatmi?

Javob: Ayni paytda u oʻzining yangi shogirdining orqasidan yelib-yugurib, pessimistik ruhda umrni oʻz joniga hayot ato etish bilan tugatish yaxshimi yoki yomonligini aniqlashtirib yuribdi.

Keyin biz, hay’at a’zolari, Napoleon, Konfutsiy, Dostoevskiy, Darvin, Kleopatra, Shakya Muni, Dante va boshqa buyuk shaxslar ruhlari haqida savollar berdik. Biroq Tokk ular haqida, afsuski, hech qanaqa qiziqarli ma’lumot bermadi, oʻz navbatida bizga oʻzi haqida savollar bera boshladi.

Savol: Oʻlimimdan keyin men toʻgʻrimda nima deyishyapti?

Javob: Qanaqadir bir tanqidchi seni «oʻrtamiyona shoirlardan biri» deb atabdi.

Savol: Bu men she’riy toʻplamimni sovgʻa qilmaganim uchun xafa boʻlib yurganlardan biri. Asarlarimning toʻliq toʻplami nashrdan chiqdimi?

Javob: Nashr etilgan, aytishlaricha, deyarli olishmayapti.

Savol: Uch yuz yildan soʻng mualliflik huquqi tushunchasi yoʻqolganda mening asarlarimni millionlab odamlar sotib ola boshlaydi. Aytganday, modam va ma’shuqamga nima boʻldi?

Javob: U kitob doʻkoni xoʻjayini janob Rakka turmushga chiqdi. Savol: Bechoragina, u hali Rakkning koʻzi yasama ekanini bilmasa kerak.

Bolalarim-chi, yaxshi yurishibdimi?

Javob: Ular bolalar uyida boʻlsa kerak.

Tokk bir qancha vaqt jim qoldi-da, keyin navbatdagi savolini berdi. Savol: Uyimga nima boʻldi?

Javob: Hozir u yerda qaysidir bir fotografning studiyasi joylashgan. Savol: Ish stolim qaerda?

Javob: Biz bilmaymiz.

Savol: Stol gʻaladonida men ayrim xatlarni yashirib qoʻyganman…

Ammo, janoblar, baxtimga juda band insonlarsiz, sizlarga buning hech aloqasi yoʻq. Endi esa bizning olamda kun botyapti, men sizlar bilan xayrlashishga majburman. Alvido, janoblar, alvido! Alvido, mening aziz janoblarim!

Mana shu oxirgi soʻzlar aytilgan paytida Xopp xonimning karaxtligi tarqab, oʻziga keldi. Biz, barchamiz, oʻn yettita hay’at a’zolari Xudoni oʻrtaga qoʻyib, yuqorida boʻlib oʻtgan suhbatning haqiqatdan ham rostligini tasdiqlaymiz. ( Ilova: bizning har qanday ishonchimizga loyiq Xopp xonim avval kun davomida aktrisalik qilib topgan pulini bizdan mukofot sifatida oldi.)»

Ushbu maqolani oʻqigach, asta-sekin ma’yuslana boshladim, bu mamlakatda qolishni ortiq istamasdim, qanday oʻzimizning dunyoga, insonlar dunyosiga qaytish haqida oʻylardim. Qachonlardir yiqilib, shu yerga tushib qolganim oʻsha chuqurni axtarib topishga urindim. Bir kuni baliqchi Bagg gap orasida menga suvosti mamlakatining qaysidir bir chekka joyida yolgʻizlik va jimjitlikda kunlarini kitob oʻqib va nay chalib oʻtkazadigan qari bir kappa yashashi haqida gapirib bergandi. «Shu kappaga murojaat qilsam qanday boʻlarkin?» deb oʻylab qoldim. Yana oʻyladimki, «Balki u menga bu mamlakatdan chiqib ketish yoʻlini koʻrsatar». Oʻsha zahotiyoq shahar chetiga yoʻl oldim. Ammo qutidekkina hujrada men qari cholni emas, boshining ustida yumshoqqina likopchasi bor oʻn ikki-oʻn uch yoshlar atrofidagi navqiron kappani koʻrdim. U sokingina nay chalib oʻtirardi. Tabiiyki, men adashib boshqa uyga kelib qoldim, deb oʻyladim. Tekshirib koʻrish uchun unga Bagg aytgan ism bilan murojaat qildim. Yoʻq, bu oʻsha qari kappa ekan.
– Lekin siz xuddi yosh boladay koʻrinarkansiz, – gʻoʻldiradim.
– Sen buni bilmovmiding? Taqdir taqozosi bilan men onamning qornini oqsoch chol boʻlib tark etganman. Keyin yil oʻtgan sari yosharaverdim, yosharaverdim, mana, endi koʻrib turganingdek, yosh bolaga aylanib qoldim. Aslida esa tugʻilgan paytimda men oltmish yoshlarda edim, hozir yoshim yuz ellik, yuz oltmishlar chamasi bor.

Xonaga koʻz yugurtirdim. Ehtimol, bu kayfiyatim bilan bogʻliqdir, lekin nazarimda bu yerdagi oddiy stol-stullar orasidan qandaydir bir tiniq baxt ufurib turganga oʻxshardi.
– Oʻylashimcha, siz boshqa kappalarga nisbatan baxtliroq yashaysiz.
– Boʻlishi mumkin. Men yoshligimda qariya edim, qariganimda esa yoshardim. Qondirilmagan xohish-istaklardan men boshqa chollarga oʻxshab qurib qolmadim va yoshlar kabi shahvoniy ehtiroslarga erk berayotganim yoʻq. Harholda, mening hayotim juda baxtli boʻlmasa-da, tinch va osuda oʻtdi, deb oʻylayman.
– Ha, bunaqa holatda hayotingiz tinch-osuda boʻlishi kerak.
– Lekin shuning oʻzi hali xotirjamlik uchun yetarli emas. Bir umr mening sogʻligʻim juda zoʻr, och qolmaslik uchun boyligim ham yetarli edi. Ammo, albatta, mening hayotimdagi eng baxtli hodisa bu – qariya boʻlib tugʻilganim.

Biz bir muncha vaqt suhbatlashib oʻtirdik. Oʻzining joniga qasd qilgan Tokk, har kuni uyiga shifokor chaqiradigan Ger haqida gaplashdik. Lekin negadir qari kappaning yuzida bu gaplarga qiziqish ifodasi koʻrinmadi. Oxiri men soʻradim:
– Nazarimda, siz boshqa kappalar kabi hayotga unchalik bogʻlanmaganga oʻxshaysiz.

Qari kappa yuzimga qarab turib sokin javob berdi:
– Men boshqa kappalar singari otam dunyoga kelishni xohlash-xohlamasligim haqida soʻrashidan oldin onamning qornini tark etmaganman.
– Men esa bu dunyoga mutlaqo tasodifan kelib qoldim, – dedim men.
– Shuning uchun, marhamat qilib menga qanday qilib bu yerdan chiqib ketishim mumkinligini aytsangiz.
– Faqat birgina bu yerdan ketish yoʻli bor.
– Qanday yoʻl ekan?
– Bu yerga qaysi yoʻldan tushib qolgan boʻlsang, xuddi oʻshanday.

Bu gapni eshitib, tepa sochim tikka boʻldi.
– Bu yoʻlni topishim amrimahol, – gʻoʻldiradim.

Qari kappa menga buloq suvidek tip-tiniq koʻzlari bilan tikildi. Soʻng oʻrnidan turib, xonaning burchagiga bordi-da, shiftda osilib turgan arqonni oldi. Oʻsha zahoti ilgari e’tiborim tushmagan dumaloq shakldagi tuynuk ochildi. Bu tuynukdan qaragʻay va sarv shoxlari ustidagi bepoyon, musaffo, koʻm-koʻk osmonni koʻrdim. Osmonga esa Yarigatake choʻqqisi ulkan kamon oʻqining nayzasi singari qadalib turardi. Quvonganimdan xuddi aeroplanni koʻrgan boladay irgʻishladim.
– Ana, – dedi qari kappa. – Ketishing mumkin.

U gapira turib arqonga ishora qildi. Lekin bu ilgari oʻylaganimdek arqon emas, arqondan yasalgan narvon edi.
– Xoʻp mayli, – dedim men. – Ruxsatingiz bilan endi boray.
– Faqat oldin oʻylab koʻr. Keyin yana afsuslanib yurmagin.
– Hechqisi yoʻq, – dedim. – Afsuslanmayman.

Men narvonga tirmashib ketayotgandim, pastga qarab, uzoqdan qari kappaning boshidagi likopchani koʻrdim.

Suvosti mamlakatidan qaytib, ancha payt inson terisining hidiga oʻrganolmay yurdim. Axir kappalar bizga nisbatan tozalikni nihoyatda yaxshi koʻrishadi. Buyam kamday, men atrofimda faqat kappalarni koʻrishga oʻrganib qolibman, shuning uchun insonlarning yuzi menga juda xunuk koʻrinardi. Ehtimol, siz buni tushuna olmassiz. Mayli, koʻz va ogʻiz kabilariga chidasa boʻlar, lekin ularning burunlari meni qandaydir bir tushunarsiz dahshatga solardi. Tabiiyki, birinchi paytlarda men hammadan oʻzimni olib qochib yurdim. Keyin, aftidan, asta-sekin odamlarga koʻnika boshladim, oradan yarim yil oʻtib esa hamma joyga bora oladigan boʻldim. Goh-goh suvosti mamlakati jonzotlari tilidagi soʻzlar ogʻzimdan chiqib ketishigina menga koʻngilsizlik keltirardi. Taxminan mana bunday:
– Ertaga uyda boʻlasanmi?
– Qua.
– Nima deding?
– Ha, ha, boʻlaman.

Qaytganimdan soʻng bir yil oʻtib men bir chayqovchilik tufayli bor-yoʻgʻimdan ayrildim, shuning uchun…

(Shu yerga kelganda shifokor S. gap qotdi: «Bu haqida gapirish shart emas». U bemor bu haqida gapira boshlasa, qattiq jazavaga tushishi, bunday paytda unga hatto qorovullarning bir nechtasi ham bas kelolmasligini ma’lum qildi).

Yaxshi, bu haqda gapirmay. Xullas, bir chayqovchilik tufayli men xonavayron boʻlib, yana suvosti mamlakatiga qaytmoqchi edim. Ha, aynan qaytmoqchi edim. Bormoqchi emas, joʻnamoqchi emas, aynan qaytmoqchi edim. Chunki oʻsha vaqtga kelib suvosti mamlakatini men oʻz vatanimday his eta boshlagandim. Sekingina uydan chiqib, Markaziy yoʻnalishdagi poezdga chiqishga harakat qildim. Afsuski, men politsiyachilar qoʻliga tushdim va meni mana shu shifoxonaga keltirib tiqishdi. Ammo men bu yerda ham bir qancha vaqt suvosti mamlakatini sogʻinib yurdim. Hozir shifokor Chakk nima qilayotgan ekan? Faylasuf Magg-chi? Ilgarigidek yetti rangli fonusining ostida mulohaza qilib oʻtirgan boʻlsa kerak. Tumshugʻi chirigan mehribon doʻstim talaba Rapp-chi? Xuddi bugungidek tumanli kunlarning birida, odatdagiday, doʻstlarimni eslab , oʻz xotiralarim ogʻushida oʻtirgandim, birdaniga baliqchi Baggni koʻrib qolib, hayratdan baqirib yuborayozdim. Qanday qilib u oldimga kirdi, bilmayman, lekin u koʻz oldimda choʻkkalab oʻtirgancha menga ta’zim qilib, soʻrashardi. Sal oʻzimga kelganimda… yigʻladimmi yo kuldimmi, eslay olmayman. Faqat esimda qolgani, uzoq tanaffusdan keyin birinchi marta qanchalar xursandchilik bilan kappalar tilida gaplashganim.
– Bagg, menga qara, bu yerga nega kelding?
– Sizni koʻrgani. Aytishlaricha, tobingiz qochganmish.
– Qaerdan bilding?
– Radiodan eshitdim.
– Bu yerga qanday yetib kelding?
– Nima desam, bu ish qiyin emas. Tokioning daryo va chuqurliklari biz kappalar uchun koʻchaday gap.

Shu paytda xuddi hozir bilib qolganday esimga tushdi, axir kappalar qurbaqalar kabi ham suvda, ham quruqlikda yashovchi jonzot sinfiga mansub-ku.
– Lekin bu yaqin orada hech qanday daryo yoʻq-ku?
– Yoʻq. Men bu yerga suv quvurlari orqali yetib keldim. Bu yerda esa men yongʻin quvurini ochdim.
– Yongʻin quvurini ochding?
– Nima, siz unutdingizmi, janob? Axir kappalarda ham mexaniklar bor.

Kappalar har ikki-uch kunda mendan xabar olib turishdi. Shifokor S. meni demenia praecox bilan kasallangan, deb hisoblaydi. Ammo shifokor Chakk (ochiq aytganim uchun kechiring) ta’kidlashicha, menda hech qanday demenia praecox yoʻq, oʻzlaring, shifokor S. dan boshlab hammalaring demenia praecoxga chalingansizlar. Tabiiyki, shifokor Chakk yonimga kelgan ekan, talaba Rapp va faylasuf Magg ham meni yoʻqlagan. Biroq baliqchi Baggdan tashqari birortasi kunduzi yonimga kelmagan. Ular ikkita, uchta boʻlishib, doim tunda, oydin kechalarda kelishadi. Mana, kecha kechasi ham men oy nuri ostida shisha firmasi direktori Ger va faylasuf Magg bilan suhbatlashdim. Bastakor Krabak esa menga skripka chalib berdi. Stoldagi mana bu qora lolaguldan tuzilgan guldastani koʻryapsizmi? Buni kecha tunda menga Krabak sovgʻa qildi…

(Men burilib qaradim. Stol ustida hech qanaqa lolagul yoʻq, stol boʻm-boʻsh edi). Mana bu kitobni menga faylasuf Magg olib kelgan. Boshidagi she’rlarni oʻqib koʻring. Umuman olganda, keragi yoʻq. Siz ularning tilini bilmaysiz-ku. Keling, oʻzim sizga oʻqib beraman. Bu Tokkning yaqindagina nashr etilgan toʻla asarlar toʻplamining jildlaridan biri.

(U eski telefon daftarini ochib, quyidagi she’rni ovoz chiqarib oʻqidi:)

Bambuklar ichra kokos gullariga burkanib Budda allaqachon jon taslim qilgan. Va qurigan qari anjir daraxti tagida Charchagan Iso-da yotibdi oʻlib.

Orom vaqti yetmadimi endi bizga ham Loaqal shu teatr sahnasida?

(Lekin sahna ortiga koʻz tashlasak, u yerda faqat yamalgan boʻz matolarni koʻrishimiz mumkin!) Ammo men manavi shoirdek pessimist emasman. Ha, hali mening oldimga kappalar kelib turar ekan… Darvoqe, mutlaqo yodimdan koʻtarilibdi, Siz doʻstim hakam Beppni eslasangiz kerak. Gap shundaki, bu kappa ish joyidan ayrilib, rostakamiga aqldan ozdi. Aytishlaricha , u suvosti mamlakatida ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekan. Eh, agar menga shifokor S. ruxsat berganida bormi, jonim bilan undan xabar olgani borib kelardim.


  1. Yapon afsonalarida uchraydigan afsonaviy maxluq.
  2. Ustritsa – dengiz mollyuskasi.
  3. Rosyanka – botqoqlikda oʻsadigan hashoratxoʻr oʻsimlik.
  4. Foliant – juda katta va qalin kitob.
  5. Skeptik – hamma narsaga shubha bilan qarovchi shaxs.