OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlber Kamyu
Asar nomiIjod va inqilob (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Alber Kamyu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ijod va inqilob (esse)
Alber Kamyu

XX asr inqilobi va san’ati murosasizlikning asosiy tayanchi sifatida aynan bir xil qarama-qarshilikni boshdan kechirmoqda. Amaliyotda yaroqsizligi tobora oydin boʻlib borayotgan ta’limotdan oʻzini xalos qilishga urinayotgan har ikkalasi ham beboshdoqlik hissidan qutulishga urinayapti. Kechagi kunning ziddiyatidan paydo boʻlgan inqilob bugungi kunda – yangi asr arafasida oʻz qiyofasini oʻzgartirishga kirishdi. Oxir-oqibatda maqsadi va va’dalari bir nuqtada tutashib ketadigan kapitalistik va inqilobiy jamiyatlarning intilishlari faqat yagona sanoat ishlab chiqarishi aqidasiga amal qilgandagina bir butunlik tusini oladi.

Biroq birinchisi qoʻllayotgan vositalariga zid ravishda hayotni toʻliq qamrab olishga qodir boʻlmagan, qotib qolgan aqidalarga tayanib va’da berayotgan boʻlsa, ikkinchisi pirovardida faqat tanazzulga olib boradigan voqelikka tayangan qarashlariga yopishib olgan. Ishlab chiqaruvchilar jamiyatining qoʻlidan faqat ishlab chiqarish keladi, ijod qilish emas.

Murosasizlikka mukkasidan ketgan zamonaviy san’at ham shaklparastlik va moddiyatparastlik oʻrtasida sarson-sargardon boʻlib yuribdi. Darvoqe, moddiyatparastlik burjua jamiyatida boʻlgani kabi sotsializmda ham oʻzini zamonasozlik ortiga yashiradi. Xuddi shuningdek, shaklparastlik ham eski jamiyatda qanday safsataboz boʻlsa, yangi jamiyatda ham shunday tashviqot libosini kiyadi. Aqlga zid inkorga berilgan badiiy til qay tarzda almoyi-aljoyilikka aylansa, aqlga zid e’tirofga berilgan badiiy til ham shu tarzda mutelik vositasiga aylanadi. Haqiqiy san’at ana shu ikki qutb orasiga manzil quradi. Mabodo, isyonkor ham xomxayolga, ham moddiyat hukmronligiga shaydo boʻlishdan qochayotgan ekan, unda san’atkor ham puch shaklbozligu estetik mustabidlikdan oʻzini himoya qilishi shart.

Bugungi dunyo, shak-shubhasiz bir butunlikka, biroq nigilizm bilan yoʻgʻrilgan bir butunlikka intilayapti. Taraqqiyot esa aqidaparastlikka aylangan nigilizm bilan bir qatorda aqidasiz nigilizmdan ham voz kechsagina, ijodiy faoliyat bilan uygʻunlashishi mumkin. Vaholanki, san’at sohasida ham oxiri yoʻq sharhbozligu-vaysaqilikning kuni bitib, u haqiqiy ijodga yaqinlashayapti.

Ammo buning uchun san’at va jamiyat, ijod va inqilob, inkor bilan e’tirof, xususiy bilan umumiy, shaxs bilan tarix murakkab tarzda muvozanatga kirishgan isyonning asl mohiyatiga qaytishi zarur boʻladi. Isyon – taraqqiyotning darakchisidir. Biz hozir kirib qolgan boshi berk koʻchadan, xuddi Nitsshe «hakamlar va eziluvchilar oʻrnini ijodkorlik egallaydi» deb e’tirof etganidek, faqat ugina boshlab chiqa oladi va kelajakka ilinj uygʻotadi. Biroq bundan san’atkor shoh boʻlgan shahar haqidagi xomxayol choʻpchakni oqlayapti, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Peshona teri bilan bitilgan asarlar ijodkor qobiliyatini yoʻqotib, toʻliq ishlab chiqarishga boʻysungan davrimizning fojeasini yaqqolroq anglatadi, xolos. Industrial jamiyat mehnatga va uning mahsulotiga ijodkorlik bagʻishlamay, mehnatkashlarning ijodiy salohiyatiga yoʻl ochmay turib, taraqqiyot sari intilayapti. Aslida esa bizga zarur taraqqiyot badiiy ijodni shakl va mazmundan, ruhni tanadan ajratib, tasavvur qilib boʻlmagani kabi mehnatkashlarni ham xoh sinf, xoh inson sifatida haqiqiy ijodkorlik ruhidan mahrum qilmasligi kerak. Isyon oʻzi da’vat qilayotgan taraqqiyotni ana shunday tasavvur qiladi. Shekspir, etikdoʻzlar jamiyatni boshqaradi, degan fikrga qarshi turganligi nafaqat adolatsizlik, balki mutaassiblikdan boshqa narsa emas edi, biroq Shekspirni mutlaqo inkor qilgan etikdoʻzlar jamiyati bundan ham dahshatliroq mutaassibdir. Etikdoʻzni inkor qilgan Shekspir mustabidlikning quroliga, Shekspirni inkor qilgan etikdoʻz mustabidlikning quliga aylanadi. Har qanday ijodkorlik mohiyat-e’tiboriga koʻra sohiblik va qullikni inkor qiladi. Biz bugungi kunda yashayotgan mustabidlik va qullik faqat butun jamiyatda ijodiy ruh hukmron boʻlgandagina mutlaq barham topadi.

Ijodiylik zarur degan gapdan ijodkorlik oson ish ekan degan fikr kelib chiqmaydi. San’atdagi ijodkorlik ruhi shaklsiz voqelikka qat’iy munosabatdan tugʻilgan uslubning mukammalliligiga suyanadi. U oʻz davri ehtiroslarini shaklga solgan sayin oʻzi ham shakllanib boradi. Boshqa tomondan esa biz oshiq-ma’shuqlikning joʻshqin ehtiroslaridan uzoqlashar ekanmiz, bugungi san’atkordan de Lafayet xonim boʻlish talab etilmaydi. Shaxsiy gʻam-hasratlar ommaviy ehtiroslar tagida koʻrinmay qolgan bugungi kunda san’at faqat oshiq-ma’shuqlarning joʻn ehtiroslari bilan shugʻullanolmaydi. U yangi tarixiy kurashlar jarayonida ommaviy ehtiroslarni oʻrganishi zarur boʻladi. Ehtiroslar aqlga boʻysungan, dunyo qiyofasi mavhumlashgan ayni paytda san’at uchun oʻzini taqdir qoʻliga topshirishdan boshqa chora qolmadi; shunday boʻlsa-da, u hamon mustabidlikka qarshi birlikka da’vat qilayapti. Xuddi shu da’vati bilan oʻzini-oʻzi xavf ostiga tashlayapti. Bugun ijod qilish – oʻlim bilan yonma-yon yashashga oʻxshab qoldi. Ommaga xos ehtirosni ifoda etmoq uchun hech qursa uni oʻz jismida sinab, boshidan kechirib koʻrish kerak. Biroq bu ehtiroslarni boshidan kechirmoqchi boʻlgan san’atkorga uning ichida yoʻqolib ketish xavfi ham mavjud, zero zamonamiz san’at asaridan koʻra kundalik matbuot oldi-qochdilari izidan quvib yuradi. Matbuot bizga vaqtimizni behuda sarflashga oʻrgatmoqda. Pirovardida muhabbat va romantik xayolparastlik davrining aksi oʻlaroq bu ehtiroslar bilan oʻzini muolaja qilishga intilish – kasallikni qoʻzgʻatib yuborish bilan barobardir, negaki, ommaviy ehtiroslarga mahliyo boʻlish faqat uni deb, faqat uning uchun oʻzini qurbon qilishni talab qiladi. Bugun san’atni yana ham yuksaklikka koʻtarish imkoniyati qanchalik mavjud boʻlsa, uning tanazzul xavfi ham shunchalik koʻpdir. Ijod qirgʻin va qatli om bilan bir joyda yashay olmas ekan, tez orada ijodkorlar anqoning urugʻiga aylanadi, chunki bugun yer yuzi qirgʻin va qatli om boshpanasidir. Qop-qora bulut boʻron darakchisi boʻlgan kabi ishlab chiqarishni beadad kengaytirish ham qirgʻin va urush darakchisidir. Urush Pegi* (*Sharl Pegi(1873-1914) frantsuz shoiri va publitsisti. Birinchi jahon urushida harbiyga koʻngilli boʻlib ketgan va Marna yonidagi jangda halok boʻlgan) kabi shoirlarning jonini olib, Gʻarbni kundan-kun fayzsiz qilib bormoqda. Ustiga-ustak vayronalarini tugatib ulgurmay turib, burjua olaboʻjisi oʻziga qarab kelayotgan inqilob olaboʻjisini koʻrib qoldi. Endi Pegi qayta tugʻilmaydi va yana dahshatlisi shundaki, urush tahdidi Pegi boʻlishni istayotganlardan ham shafqatsiz qasos oladi. Bundan buyon ijodiy davomiylik mabodo oʻzini aqalli bitta namoyanda qiyofasida tiklay olsa ham, bunday namoyandani yuzaga chiqarish uchun butun bir avlodning umri sarf boʻladi...

Ayni paytda esa nigilizm koʻzlarini soʻqir qilib qoʻygan muzaffar inqilob dunyoda butunlik va ijodiylik muvozanatini zoʻrgʻa saqlab turganlarga ham tahdid qilayapti. Bugungi, demakkim, ertangi tarix qiyofasi ijodkorlar bilan yangi mustabidlar, inqilobga ijod sifatida qarovchilar bilan inqilobni nigilizm deb tushunganlar oʻrtasidagi kurashga koʻp jihatdan bogʻliq boʻladi. Bu kurashning xulosalari haqida hozir bahslashish nodonlik, biroq bir narsa aniq: bu kurashni davom ettirish kerak. Zamonaviy mustabidlar zulm va zoʻrlikni qoyillatishadi, biroq ijod qilish qoʻllaridan kelmaydi. San’atkor esa ijod qila olishi mumkin, biroq oʻldirish qoʻlidan kelmaydi. Ularning orasidan jallodlar chiqishi dargumon. Shu narsa aniqki, inqilobiy jamiyatda san’at halokatga mahkumdir. Biroq bundan inqilob hech narsa yutmaydi. Ijodkor odamni oʻldirish bilan birga jamiyat ijodkor qiyofasidagi oʻz kuch-quvvatini ham oʻldiradi: san’at bilan birga oʻz tanasidagi quvvatni ham soʻrib chiqaradi. Oxir-oqibat mustabidlar oʻz niyatlariga mutlaq erishgan taqdirda ham bu bilan yer yuzini jannatga emas, naq jahannamning oʻziga aylantirgan boʻlur edilar. Va lekin hatto jahannamda ham san’atga oʻrin topiladi: u abadiy tanazzul choʻkkan beadad oʻlik kunlar ichra soʻnib yotgan umidga yilt etgan ilinj – tiriklik bagʻishlash bilan gʻalabasi muqarrar isyon – ijodni boshlab beradi. Oʻzining «Sibir kundaliklarida» Ernst Dvinger uzoq yillar kontslagerda xoʻrlikda yashagan bir nemis leytenanti haqida hikoya qiladi: u uzun taxtachada ovozsiz fortepayanoga oʻxshaydigan soz yasab oladi va faqat oʻzigagina eshitiladigan, uni mahbuslikning uqubatli va zulmkor dunyosidan uzib olib, olislarga va hurlikka yetaklaydigan gʻalati, sassiz musiqalar chaladi. Va hatto doʻzaxda ham – asrlar osha inson qudratini koʻz-koʻz qilgan sirli ohanglar, xoʻrlik va haqoratdan yuksalgan goʻzallik hamda isyon bilan uygʻunlashgan navolar bizni zulm va nodonlikka qasdma-qasd ulugʻvorlikka chorlab turadi.

Biroq doʻzaxiy tanazzul ham abadiy emas, vaqti kelib ijodkor hayot yana qaddini tiklay boshlaydi. Balki, insoniyat umrining hududi bordir, biroq bizning vazifamiz intihoga emas, balki yangi hayot, yangi ijodiy imkoniyatdan darak beruvchi ibtidoga intilishdir. San’at bizga inson tarix qutblariga sigʻmasligini koʻrsatadi va uning tabiat ustidan hukmronligi ham mana shu jihati bilan bogʻliqdir. Ulugʻ Pan uning uchun oʻlgani yoʻq*. (* Ulugʻ Pan – grek mifologiyasidagi hayvonlar, oʻrmon, dala, tabiatning stixiyali kuchlari ma’budi. Plutarxda keltirilishicha, orol yonidan oʻtib ketayotgan dengizchilar «Ulugʻ ma’bud Pan oʻldi» degan faryodni eshitadilar. Bu antik dunyo ma’budlari tanazzulining ramzidir). Oʻzining isyonga boʻlgan botiniy ehtiyojini qondirish uchun u talab qilayotgan birdan-bir narsa – barcha zaruriy narsalar bilan birga pirovardida goʻzallikka va tenglikka olib boradigan turmush asoslarini bunyod qilishdir. Har qanday tarixni inkor qilish mumkin, biroq baribir oʻsha inkor qilingan joyda oʻzimiz yashashimizga toʻgʻri keladi. Bizga mehnat – farovon turmushning asosiy garovi deb tushuntirayotgan, tabiat va goʻzallikdan bebahra yashasa ham boʻladi deb hisoblayotgan inqilobchilar shu qarashlari bilanoq oʻzlarini-oʻzlari tarix sahnasidan hozirdanoq haydab chiqarmoqdalar. Barcha ulugʻ islohotchilar Shekspir, Servantes, Moler, Tolstoylar yaratgan ijod namunalarini oʻrganish orqali tarix sahnasiga chiqishga uringanlar. Dunyo har bir odam qalbidan joy olgan ozodlik va mavjudlikka intilish tashnaligini faqat oʻz vositalari bilan qondirishga qodir emas. Oʻz-oʻzidan oydinki, goʻzallik inqilob bilan mukammallashmaydi, biroq shunday kun keladiki, inqilobning oʻzi unga ehtiyoj sezadi. Uning voqelikni qamrab olishi va bir butunlikka intilish uchun isyon qonuniga – ijodiylik qonuniga boʻysunishi shart boʻladi. Inson tabiatini va dunyoning goʻzalligini madh etish bilan adolatsizlikni butunlay yoʻq qilish mumkinmi? Biz, mumkin, deb javob beramiz. Faqat boʻysunmas va tolmas axloqgina bizga haqiqiy ijodiy inqilob yoʻlini ochadi. Biz goʻzallik bilan yonma-yon turib, tarixiy jarayonlarning koʻpigi boʻlgan yaroqsiz aqidalarga emas, san’atkor yaratgan ijodiy olamni oʻzida mujassam etgan, nafratimizga sazovor dunyoga yangi nom, yangi mohiyat bera oladigan IJODKORga suyangandan soʻnggina boshlanajak ulugʻ uygʻonish kuniga zamin hozirlaymiz.