OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlber Kamyu
Asar nomiIsyon va san’at (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Alber Kamyu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Isyon va san’at (esse)
Alber Kamyu

San’at bir paytning oʻzida ham e’tirof, ham inkor etuvchi hodisalar sirasiga kiradi. «Bironta ham san’atkor voqealikka oxirigacha dosh berolmaydi», deydi Nitsshe. Bu haqiqat, biroq bironta ham san’atkor voqealikni chetlab oʻtolmasligi ham haqiqat. Ijod – vahdalul vujudga intilish, shu bilan birga mavjud olamdan qochish, uni inkor qilish hamdir. Biroq u olamda oʻzligini topolmagani, bu olam oʻzligiga mos kelmagani uchungina inkor qiladi. Bu inkor mohiyatan ibtidoga, tarix zanjirining ilk halqalariga, olam ezgulik va yovuzlikka boʻlinayotgan pallalarga qaratiladi. Isyon – olam boʻlinishidan boshlangan. Shu sababli san’at isyonning mohiyatini bizga toʻla ochib bera oluvchi vosita boʻlishi ham mumkin.

Biroq ajablanarlisi shundaki, inqilobchi islohotchilar haqiqiy san’atga yot koʻz bilan qarab kelishgan. Aflotunning qarashlari bu masalada hammadan oshib tushadi. Uning uchun «goʻzallik hamma narsadan ustun, til bor-yoʻgʻi jilo beruvchi vosita edi». Shu sababli u oʻz davlatidan shoirlarni badargʻa qilishda tashabbuskor boʻlgandi. Zamonaviy inqilobiy harakatlar ham san’atni sud qilishga kirishdi. Jamiyatga madadni tabiatdan izlagan Russo san’atga xurofot deb qarardi. «Aql tantanasi» uchun yozgan dasturida hamma narsani avval momoqaldiroq gumburlatib, soʻng yashin bilan kuydirmoqchidek taassurot qoldiradigan Sen – Jyust Aql ma’budasini goʻzallik emas, koʻproq mehr-shafqat sohibi sifatida koʻrishni istadi. Frantsuz inqilobi uchar jurnalist Demulen[1] va muxolif yozuvchi Saddan boshqa biron san’atkorning olqishiga sazovor boʻlolgani yoʻq. Aksincha, oʻsha davrdagi eng ulugʻ va yagona shoirning boshi tanidan judo etildi[2] , yagona katta yozuvchi esa Londonga qochib ketishga majbur boʻldi[3] va u yerda mutassib taqvodorga aylandi. Sal keyinroq «sensimonchilar» san’atning «jamiyat uchun foydali» boʻlishini talab qila boshladilar. «Taraqqiyot uchun san’at» – XIX asr aql sohiblarining birdan-bir da’vosi edi, garchi haqligini isbotlay olmagan boʻlsa-da, hatto Gyugo ham shu da’vo bilan bayroq koʻtargan edi. Faqat Vales[4] san’atni xumori qonguncha soʻkishdan va unga ma’lum vazifa yuklashdan oʻzini tiydi.

Rus nigilistlari ham shunga yaqin qarashda edilar. Pisaryov moddiy foyda bermaydigan estetikani tan olmadi. «Rus Rafaeli boʻlgandan koʻra rus etikdoʻzi boʻlish foydaliroqdir», derdi u. U hatto Shekspirga ham etik tiktirmoqchi boʻldi. Keyinchalik mashhur va katta shoir boʻlib yetishgan nigilist Nekrasov «Pushkindan koʻra bir burda pishloq menga afzal» degan edi. San’atni «tarbiya vositasi»ga aylantirmoqchi boʻlgan Tolstoy qarashlari hammaga ma’lum. Ulugʻ Pyotr sa’i-harakati bilan Peterburgdagi Yozgi bogʻga keltirilgan va Italiya quyoshida pishgan, marmari hozirgacha yaraqlab turgan Venera va Appolondan esa Inqilobiy Rossiya butunlay yuz oʻgirdi. Qashshoqlik ba’zida behisob boylikni koʻrganda ana shunday burnini jiyiradi.

Nemis mafkurasi ayblovi bundan ham shafqatsizroqdir. «Ruh noyobligi» sharhlovchilari bani bashar hamjihat boʻlgan jamiyatda san’atga hech qanday ehtiyoj qolmaydi, deb hisoblashadi. Goʻzallik ham yashab qoladi, biroq u badiiy tarzda emas. Aqlga muvofiq voqealikning oʻzi insonning jami ehtiyojini qondira oladi. Voqealikdan yuqori turuvchi shaklni tanqid qilish voqealikka toʻliq boʻysunuvchi san’atni ham qamrab olyapti. Marksning fikricha, san’at oʻz zamonidan tashqarida yashay olmaydi; u oʻz davrining va hokim sinflarning manfaatini aks ettiradi. Faqat inqilobiy san’at, ha, faqat oʻsha, inqilobga xizmat qila olishi mumkin. Voqealikdan ustun boʻlgan goʻzallik yaratayotgan san’at voqelikning oʻzini mutlaq goʻzallikka aylantirsagina oʻzining bosh vazifasini bajargan boʻladi. Inqilobiy harakatda oʻz oʻrnini anglagan rus etikdoʻzi goʻyo goʻzallikning haqiqiy yaratuvchisi emish. Uni yangi, inqilobiy odam uchun tushunarsiz boʻlgan, hech kimga foydasi tegmaydigan bir lahzalik oniy goʻzallik yaratgan qandaydir mujmal Rafaelga qiyoslab boʻlmaydi. Shunday boʻlsa-da, Marks, «nega yunon badiiyati biz uchun hanuz goʻzalligicha qolmoqda», deb savol qoʻyadi va shunday javob beradi: u insoniyatning beozor bolalik davrining in’ikosidir va biz, ularga nisbatan, katta boʻlib qolganlar, bu asarlarni bolalikni xotirlaganday zavqlanib oʻqiymiz[5]. Shunda oʻz-oʻzidan ulugʻ Italiya uygʻonish davri shoh asarlari, Rembrand suratlari, xitoy san’ati bilan bizni nima bogʻlab turadi degan savol paydo boʻladi. Hech narsa! San’at ustidan hukmi hoziqlik davom etmoqda va bunga san’atkorlar, aql-idrok egalari ham qoʻshilishmoqda: ular san’atga tuhmat qilar ekanlar, eng avvalo oʻzlari oʻtirgan shoxga bolta urishmoqda, oʻzlarini oʻzlari sharmandali ravishda masxara qilishmoqda. Aslida san’atkor Shekspir bilan etikdoʻz Shekspir oʻrtasidagi bahsdan shu narsa ma’lum boʻldiki, etik tikayotgan pallada emas, Shekspirni oʻqiyotgan pallada inson goʻzallik bilan yuzma-yuz keladi. Davrimiz san’atkorlari tavba-tazarru qilayotgan XIX asr rus dvoryaniga oʻxshaydi, zero ikkalasi ham vijdoni ogʻrigani uchungina uzrxohlikka oʻtgan. Mutelikni boʻyniga olganlar va murosasozlar ham uning istagi bilan hisoblashmagan holda insoniyatni, shu jumladan, etikdoʻzni ham oʻsha boy ma’naviy ne’matdan – abadulabad mahrum qilmoqchi, goʻzallikni toptamoqchi boʻlayotganlar bilan bir safda ekanligini unutmasliklari kerak.

Ammo, bu zohidona nodonlikni oqlovchi asos ham borki, bu biz uchun ham qiziqdir. Bu inqilob va isyonning estetik in’ikosi masalasidir.

Har qanday isyonda isyon qilingan narsaning maqsadga muvofiq emasligi va uning oʻrnini boshqasi bilan almashtirishdek istaklarni jamlashtirgan umumiy talablar aks etadi. Shu ma’noda isyon – yangi dunyo qurishga intilishdir. Bu san’atga ham taalluqli. Isyon oʻz oldiga, ochiqroq aytganda, estetik talablar qoʻyadi. Barcha isyonkor fikrlar, koʻrib chiqqanimizdek, yoki da’vatlarda, yoki yangi dunyoni ramzlashtirgan obrazlarda namoyon boʻladi. Lukretsiyning shahar devorlari, Sadning odam oʻtolmas qoʻrgʻonlari, xayol qoyasi va yolgʻizlik choʻqqilaridan iborat Nitsshening tafakkur oroli, Lotreamonning ilk hayot okeani, Remboning ohang panjarasi, syurrealistlarning borliqni larzaga solgan boʻrondan soʻng qoladigan iz kabi fikr istehkomlari, mamlakatning qoq yarmini egallagan qamoqxona tasvirlari, konslagerlar, ozod qullar imperiyasi – bular hammasi bir butunlikni, yagonalikni va unga boʻlgan ishtiyoqu-mayllarni ifodalaydi. Mana shu tasvir etilgan dunyoni odam tezroq anglashi mumkin: anglangan dunyo – yangilanayotgan dunyodir.

Bu holatni biz deyarli barcha san’at turlarida uchratamiz. San’atkor dunyoni oʻz tushunchasidan kelib chiqib quradi. Tabiat musiqasidagina hudud va zamon yoʻq. Borliq esa hech qachon jim turmaydi: hatto sukunat payti ham u bizdan taralayotgan ohanglarga aks-sado berib, oʻzining azaliy kuyini chalaveradi. Biroq bizga tushunarli boʻlgan tovushdan hamisha ham ohang chiqavermaydi va musiqa boʻlavermaydi. Shu bilan birga musiqa oʻzaro uygʻunlik tugagan, ohang tovushga aylangan, bizning hissimiz va kechinmalarimizga mos tabiatdagi tartibsiz ohanglar tartiblashuvga kirishgan joydan boshlanadi. «Men shunga qat’iy amin boʻlib boryapmanki, - deb yozgan edi Van Gog, - tubanlikka gʻarq boʻlgan dunyoga qarab Parvardigorga baho berib boʻlmaydi. Dunyo, shunchaki, oxiriga yetkazilmagan chizgi, xolos». Har bir san’atkor ana shu chizgini mufassal suratga aylantirish, unga yetishmayotgan manzaralarni kiritishni xohlaydi. San’at ichida eng buyugi va zahmatkashi boʻlgan haykaltaroshlik uch oʻlchovli dunyoda inson qiyofasini koinot va oʻz uslubi mujassami sifatida yaxlit tasvirlashni istaydi. Haykaltaroshlik mavjud voqelikni inkor qilmaydi, balki unga hammadan ham koʻproq ehtiyoj sezadi, biroq unga hech qachon bor kuchi bilan yopishib olmaydi ham. Uygʻonish davrida uning yutuqlaridan biri ishora – koʻz ifodasi va tasviri boʻldiki, bu bilan u bani odamdagi ishora va ifodaning ramziga aylana oladi. Uning mohiyati mavjud qiyofadan koʻchirib olishda emas, balki uygʻunlashtirishda, ya’ni bir soniyalik yuz ifodasi, tana va qomat ishorasini mangu goʻzallikka, mangu ishoraga aylantira olishda koʻrinadi. Faqat shu yoʻl bilan – namunaviy yoki odatiy obrazlar yordamida horgʻinlik sillasini quritgan odamlarning e’tiborini mangu goʻzallikka tortib, sershovqin shaharlar hashamiga yana ham hasham qoʻshadi. Balki muhabbati toptalgan oshiq yunon ma’shuqasiga bugun ham nafrat va gʻazab bilan qarar, biroq bu qarashdan hech qanday estetik zavq uygʻonmaydi.

Tasviriy san’at ham ana shunday uygʻunlik mahsulidir. Delakrua oʻz san’ati haqida mushohada qilib, shunday yozgan edi: «Daholik bu – uygʻunlashtirish va ifodalay olish iste’dodir». Mavzuni tanlash bilanoq san’atkor asarga birinchi gʻishtni qoʻyadi. Manzara tutqich bermaydi yoki xotiraning qaysidir burchagiga bekinib oladi. Shuning uchun ham manzarachi rassom yoki natyurtmorchi moʻyqalam sohibi makon va zamondan eng avvalo tutqich bermaydigan yoki betartib ranglar orasida gʻoyib boʻladigan, bir lahza koʻrinib soʻng mangulik ortiga yashirinadigan manzaralarni tezroq qogʻozga tushirib qolishga shoshiladi. Manzarachining birinchi vazifasi yaxlit suratning qism-qismlarini tayyorlashdan iborat boʻladi: qismlarni tayyorlayotgan lahzadayoq u tanlay boshlaydi. Koʻpincha syujetli surat makon va zamondagi boshqa bir harakatning in’ikosi sifatida yuzaga chiqadi. Soʻng san’atkor tasvirni yaxlitlashtirishga oʻtadi. Pero della Franchesko kabi ulugʻ moʻyqalam sohiblarining asarlari yoz faslining bir soniyasini ushlab olib, mangu toʻxtatib qoʻygandek taassurot qoldiradi. Uning qahramonlari goʻyo makon va zamonni sezmayotganday, undan butkul xalos boʻlganday, makon va zamon xavfini nazariga ilmay yashashda davom etadi; uni na makon, na zamon oʻchirishga qurbi yetadi – san’atning eng moʻ‘jizali xususiyati ham shunda. Oʻz oʻlimidan soʻng yuz yillar oʻtgach ham «faylasuf» Rembrand yillar sharpasi orqasiga yashiringan holda oʻsha oʻzi koʻtargan muammo ustida siz bilan bahslashib oʻtiraveradi. «Bizni narsalar manzarasi bilan oʻziga rom qilmoqchi boʻlgan, biroq hech qachon bizni maftun qilolmaydigan bu tasviriy san’at degani aslida bir pulga qimmat». Bu Paskalning mashhur iborasi. Delakrua hech bir asossiz ravishda «bir pulga qimmat» sifatlashini «gʻalatiroq» deb oʻzgartirgan. Bir qarashda haqiqatan ham oʻsha narsalar bizni maftun qila olmaydi, chunki biz ularni koʻrmaymiz. U bizdan uzilgan holda abadiy harakatda yashaydi. Iso Masihni qamchilayotgan jallodning qoʻlini kim koʻrgan? Salb yurishiga ketayotganlar izidan zaytunzorga singayotgan gʻuborlarni kim koʻrgan? Biroq bularning hammasi goʻzal va shafqatsiz manzaralari bilan bizni oʻsha azob-uqubatga yuzma-yuz qilish uchun muzeyning sovuq devorlariga zarb etilgan: umri gʻamu-hasratda oʻtgan Isoning bir necha soniyalik uqubati ana shu suratlarga jo qilingan. Rassomning moʻyqalami tabiat sirlariga, tarix qatlamlariga bemalol yorib kira oladi va shunisi bilan u bani olam harakatining ajralmas qismidir. San’at Gegel orzu qilgan xususiydan umumiyga qarab intiluvchi doimiy harakatdagi va kurashdagi hodisalar sirasiga kiradi. Balki bani bashar birdamligiga intilayotgan bugungi zamon shu sababli ham ana shu yaxlitlikka intilishning eng mukammal namunasi boʻlmish san’atga koʻproq ehtiyoj sezayotgandir? Badiiy tafakkur davrning ibtido va intihosiga hamisha mos keladi: bugungi tasviriy san’atning turmushga va yaxlitlikka boʻlgan betinim intilishini faqat badiiy tafakkur orqaligina tushuntirish mumkin. Van Gogning yurakni larzaga soluvchi zorlanishida barcha san’atkorlarning kibr va umidsizliklari aks etgan: «Men hayotda ham, tasviriy san’atda ham xudoni chetlab oʻtishim mumkin. Biroq mening ichki «men» im oʻzidan ustunroq «men»ni chetlab oʻtolmaydi, usiz mening ijodim ham, hayotim ham ma’nisiz boʻlib qoladi».

Mustabid inqilob tomonidan ishonchsizlik bilan kutib olinadigan san’atkorning voqelikka qarshi isyoni aslida eziluvchilar koʻtargan ongsiz isyonning samoviy yuksak koʻrinishidir. Barcha narsaga shubha va inkor koʻzi bilan qarovchi inqilobiy harakat san’atda inkordan tashqari e’tirof ham mavjud ekanligini ich-ichida his qiladi: san’atdagi harakat – yaratuvchanlik bilan, goʻzallik – adolat bilan tengdir: ba’zi holatlarda goʻzallik oʻz-oʻzidan adolatsizlikni fosh qiluvchi shafqatsiz vositaga aylanishi mumkin. Shuning uchun bironta ham san’at turi faqat inkor evaziga yashashi mumkin emas. Har qanday fikr, kezi kelsa, hech narsani anglatmagani kabi inqilobchilar ma’nisiz deb atayotgan san’atda ham ma’no va yana nimadir mavjud boʻladi. Inson umumiy adolat talab qilib, umumiy adolatsizlikka qarshi oyoqqa turishi, adolatli jamiyat ijodkori boʻlib chiqishi mumkin, biroq uning dunyodagi barcha narsaga hammasi bir pulga qimmat deb qarashga haqqi yoʻq. Goʻzallikni ijod qilishi uchun u voqelikni inkor qilishi va ayni paytda uning zavqli tomonlarini koʻra olishi shart boʻladi. San’at voqelik bilan bahslashadi, biroq undan butkul chetlashmaydi. Nitsshe har qanday ahloqiy, ilohiy tushuncha va odatlarni inkor qilishi, ularni bu hayotga, bu dunyoga gʻirt tuhmat deb atashi mumkin. Biroq oʻzining goʻzalligi bilan bizni tugʻilish va oʻlim orasidagi dunyoni sevishga va bu goʻzallikni boshqalar bilan baham koʻrishga undaydigan boshqa bir oliy tushunchalar ham mavjudligini u esdan chiqarmasligi kerak. Alalxusus, san’at bizni isyonning haqiqiy mohiyatiga – unga yuksak qadriyat va yangilovchi kuch, abadiy kurash hamda ichki tiklanishning vositasi sifatida qarashga oʻrgatadi. Bunga ishonch hosil qilish uchun hozir san’atning qayta qad rostlash jarayonini bor qiyofasi bilan aks ettira oladigan shakli – roman san’ati haqida gaplashamiz.


  1. Kamill Demulen (1760-1794) frantsuz publitsisti, siyosiy arbobi, frantsuz inqilobi qatnashchisi.
  2. Andre de Shene (1762-1794) yakobinchi terrorchilar tomonidan qatl etilgan.
  3. Fransua Rene de Shatobrian (1768-1848) 1793 yil Angliyaga qochib ketgan.
  4. Jyul Vales (1832-1885) frantsuz yozuvchisi, jurnalisti, Parij kommunasi arbobi.
  5. Karl Marks «1857-1859 yillardagi iqtisodiy qoʻlyozmalar» asari.