OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alber Kamyu. Isyon va uslub (esse)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlber Kamyu
Asar nomiIsyon va uslub (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Alber Kamyu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Isyon va uslub (esse)
Alber Kamyu

San’atkorning voqealikka ruju qoʻyishini ayni paytning oʻzida inkor qilish salohiyati deb ham tushunish kerak boʻladi. Voqelikning qaysidir jihatini oʻzi yaratgan badiiy olamda saqlab qolish esa u bu zulmatni ijod mash’ali bilan yoritganidan darak beradi. Zero, voqealik mutlaqo inkor etilsa, bunday paytda biz san’atga emas, faqat asarning shakliga duch kelamiz. Aksincha, san’atga aloqasi yoʻq holda yozuvchi faqat voqelikka maftunlikdan chiqib ketolmasa, biz yalangʻoch voqelik bilan uchrashamiz. Birinchi holatda isyon va murosa muvozanatidan tuziladigan ijodiy joʻshqinlik oʻzini inkorga mutlaqo qurbon qiladi. Bu xil voqelikdan qochishga urinayotgan shaklbozlik zamonamizga xos boʻlib, uning qiyofasini ochib koʻrsangiz, nigilizmni uchratasiz. Ikkinchi holatda esa san’atkor boshqa burcha nuqtai-nazarlarni mensimagan holda dunyoni bus-butun, toʻlaligi bilan aks ettirishga mukkasidan ketadi. Shu yoʻl bilan u, garchi bu tuban birlik esa-da, bir butunlikka boʻlgan intilishni namoyish qiladi.

Biroq bu bilan u badiiy san’atning eng birlamchi talabini ham bajarmaydi. Ijodiy tafakkurning nisbiy erkinligini inkor qilgan bu san’atkor oʻzini bevosita moddiy olamga mute qilib qoʻyadi. Har ikkala holatda ham ijodiy salohiyatga putur yetadi. Dastlabki holatda voqelik faqat qisman inkor qilingan edi. Keyingi misolda esa, voqealik butkul inkor etiladi yoki faqat ugina tan olinadiki, oqibatda u yozuvchi mutloq inkorning yoki mutloq e’tirofning changaliga tushadi. Hech qaysi san’at voqelikdan butkul uzilishi mumkin emas. Shaklparastlik qiyofasiz ijodni dunyoga keltiradi. Shuningdek, xayolot ishtirokisiz quruq realizm ham tubanlikka aylanib qoladi. Hatto eng yaxshi fotosurat ham quruq voqelikdan qochadi; hatto u ham realizm va xayolot qorishib ketgan manzarani izlaydi va oʻshani oʻzida zuhr qiladi. Voqeaparast ham, shaklparast ham bir butunlikni u yoʻq joydan – yo quruq voqelikdan yoki voqelikni mutlaq inkor qilgan quruq xayolotdan izlaydi. Aksincha, san’atdagi bir butunlik san’atkor voqelik bilan xayolotni uygʻunlashtira olgan manzarada mujassam boʻladi. Voqelik va xayolot – bir butunlikning ajralmas qismlaridir. San’atkor voqelikdan tanlab olgan unsurlarni badiiy til yordamida xayolot bilan uygʻunlashtiruvchi va u yaratgan badiiy dunyoning tugal boʻlishini ta’minlovchi vosita – uslub deb ataladi. Har bir san’atkor isyonkor uslub yordamida – garchi bu kamdan-kam daholarga nasib etsa-da – oʻz badiiy dunyosini va uning qonunlarini yaratadi. «Shoirlar, - degan edi Shelli, - dunyoning tan olinmagan qonun yaratuvchilaridir».

Ibtidosidan to soʻnggi namunasigacha romanchilik san’ati bu gapning haqligini isbotlaydi. U voqelikni toʻliq qabul qilolmagani kabi, undan butkul yuz oʻgirolmaydi ham. Faqat xayolotdan iborat san’at yoʻq va agarki, qaysidir asarda u mavjud boʻlsa va akl-idrokni oʻziga jalb qilolsa, unday asar bir butunlikka intilayotgan, boshqalar bilan ham shu bir butunlikni baham koʻrmoqchi boʻlayotgan ruh ehtiyojini qondirolmaydigan, badiiyatdan yiroq asar boʻladi. Chunki voqelikka suyanmaydigan sof xayoliy birlik – yolgʻon birlikdir. Pand-nasihatu tashviqiy romanlar san’atning qonunlaridan chetlashganligi tufayli ham san’at asarlari boʻla olmaydi. Haqiqiy san’at asari, aksincha, voqelikdan, faqat voqelikdan, uning muhabbatu-gʻazabidan, hasratu-ehtirosidan ilhom olib yaratiladi. Biroq bu voqelik xayolning shaffof goʻzalligi bilan uygʻunlashadi.

Lyusena Levenning xobgohda paydo boʻlishini Stendal bor-yoʻgʻi bitta jumla bilan ifoda etadi: tom ma’nodagi realist yozuvchi esa bu manzarani mantiqan toʻla asoslashi uchun mayda-chuyda tafsilotlarni hisobga olmaganda ham bir necha jildda tasvirlashi lozim edi. Shuning uchun ham realizmning aniq hududi yoʻq. U yaxlitlikka emas, balki dunyoning nihoyasizligini targʻib qilishga xizmat qiladi, shu tufayli u faqat mustabid inqilobning rasmiy estetikasi boʻla oladi. Biroq bunday estetika oʻzining yaroqsizligini allaqachon koʻrsatib boʻldi: hatto realist romannavislar ham oʻzlarini oʻzlari fosh qilib, voqelikni tanlab qabul qilishga oʻtishdi. Biroq voqelikni tanlash uchun yana bir narsa – fikr va ifoda imkoniyati, xayolot erkinligi ham boʻlishi kerak. Yozish – bu tanlay olish salohiyatidir. Oʻz-oʻzidan oydinki, na reallik, na xayoliylik uni chetlab oʻtolmaydi: chetlab oʻtganlari esa asarni soʻqir an’anaparastlikka olib boradi... Shuning uchun ham «sotsialistik realizm» deb atalayotgan uslub oʻzini tashviqotchilik va zamonabop mavzular, pandu-nasihatlar ortiga yashiradi. Darhaqiqat, ijodkor voqelikka ruju qoʻyishi yoki uni mutlaqo inkor qilishi bilanoq oʻzini nigilistik san’atga yaqinlashtirib qoʻyadi. Ijod yagona holatda: shakl va mazmun, inkor va e’tirof muvozanatini saqlagan holatdagina taraqqiyot bilan uygʻunlashadi. Agar bu muvozanat buzilsa, diktatura yo anarxiya, tashviqot yo safsata hukmronlik qiladi. Mohiyatan aql-idrok hurligi boʻlmish ijod har ikkalasiga ham toqat qilolmaydi. Mabodoki, u faqat jimjima-yu boshqotirmadan iborat puch xayolotga va shuhratparastlikka yoki qamchi zoʻrligida yaratilgan qoʻpol hamda joʻn voqeanavislikka yon bersa, unda zamonaviy san’at, shubhasiz, mustabidlar va qullar san’atiga aylanib oladi, ijodkor san’ati boʻlolmaydi.

Shaklga tushmagan mohiyatga yoki mohiyatsiz shaklga yuz burgan asardagi yaxlitlik quruq safsatadan oʻzga narsa emas. Boshqa sohalardagi kabi bu yerda ham uslubdan xoli butunlik parchalinish bilan barobardir. San’atkor qaysi tomondan yondashmasin, u jami ijodkorlar uchun umumiy aqida boʻlgan bir narsani – voqelik va ruhning muvozanatini saqlovchi, unga shakl beruvchi uslublashtirishni chetlab oʻtolmaydi. Faqat uslublashtirish orqali san’atkor ijodning ham, isyonning ham mohiyatini chuqur tushuntirib bera oladi... Isyonning ijodiy, joʻshqin jihati ham asardagi uslub va maqsadning oʻzaro uygʻunligida yaqqol koʻzga tashlanadi. San’at – bu ushalmas talablar oʻrtaga tashlanadigan sahna. Dilni vayron qiluvchi faryodlar va noroziliklar qat’iy soʻz shaklini olgach, isyon oʻzining birlamchi xususiyatini yoʻqotadi va uning oʻzi yaratuvchi ijodiy kuchga aylanadi. Mohiyat-e’tiboran davrimiz san’atining joʻshqin uslubi – bu eng oliy isyonga da’vatni ifoda etishdir. Aqlga zid ravishda, san’atparastlik – bu oʻz qobigʻiga oʻralashib qolish, shaklini topgan isyon esa daholikdir. Shu bois ham daholik mutlaq inkor va mutlaq tushkunlik bilan bir joyda yasholmaydi...

Ammo bundan har qanday uslub shunchaki ustamonlik ekan, degan ma’no kelib chiqmasligi kerak. Agar uslub shunchaki voqelikni tanlay olish ustamonligining oʻzigina boʻlsa, bunday uslub tezda oʻzini fosh qilib qoʻyadi va u boshqa turlardagi nazariyabozlik kabi ijodiy oʻzlashtiruvchi emas, quruq nusxa koʻchiruvchiga aylanadiki, bunday paytda ijodning asl mohiyatiga putur yetadi. Mabodo, uslublashtirishda ustamonlik talab qilingan taqdirda ham, u insonning voqelikka toʻgʻridan-toʻgʻri aralashuvining oldini olib turadi. U oʻzining voqelikka bevosita aralashuvini sezdirmasligi, san’atkorning ijodiy erkinligiga toʻliq imkon yaratishi shart. Eng san’atkorona uslub oʻzini sezdirmagan, ya’ni asar mohiyatiga toʻla singishib ketgan uslubdir. «San’atda, - degan edi Flober, - mubolagʻadan qoʻrqmasligi kerak». Biroq shu gapining izidan darhol mubolagʻa «oʻzini bildirib qoʻyadigan darajada haddan oshib ketmasligi zarur» deb qoʻshib ham qoʻygandi. Haddan oshib ketgan uslublashtirish ham asarni toʻmtoqlashtiradi va koʻzlangan jozibani bermaydi. Shuningdek, asarda uslublashtirish hech qanday rol oʻynamay, voqelik quruq koʻchirma boʻlib qolsa ham badiiyatga putur yetadi. Uslub haqiqiy isyon bilan voqelikning uygʻunlashuvidan paydo boʻlgan ijodiy muvozanatdir.