OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alber Kamyu. Roman va isyon (esse)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlber Kamyu
Asar nomiRoman va isyon (esse)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Alber Kamyu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Roman va isyon (esse)
Alber Kamyu

Ma’lum nuqtai-nazarga koʻra, adabiyot boshqa turlarga nisbatan ancha murosachi ekanini qayd etish zarur – bu ayblov oʻtmish daholaridan tortib, yangi davr dahriylarining qarashlarigacha mos tushadi. Avvalgi zamonlarda roman noyob janr hisoblanardi. Unda voqealik emas, xayol koʻproq aks etardi; «Habash ayol» bilan «Astrey»ni eslashning oʻzi kifoya[1]. Mohiyatan olganda bular choʻpchak, roman emas. Yangi davrda – dahriylarda esa roman haqiqiy janr tusini oldi, xuddi inqilobiy harakatlar kabi oʻz qamrovini kengaytirib, mukammalashib bordi. Roman ruhiy va ma’naviy isyonkorlik mahsuli sifatida maydonga keldi va estetik nuqtai-nazardan ham u isyonga intilish edi.

Littrning lugʻatida romanga «nasriy yoʻlda yozilgan uydirma voqealar» deb baho beriladi. Faqat shumi? Bir katolik tanqidchisi – men Stanislav Fyumni nazarda tutayapman – masalani ancha jiddiy qoʻyadi: «San’at oʻz oldiga qanday maqsadni qoʻymasin, baribir xudo bilan bahs boylashishga kirishgan dahriylikdir». Aslida ham fuqarolar jamiyatidagi tortishuvga gʻarq boʻlgandan koʻra roman xudoga yuz burgani ming marotaba maqbulroqdir. Tiboda Balzak ijodi haqida ancha toʻgʻri fikrni bayon qiladi: «Insoniyat komediyasi» – bu Parvardigori olamga taqliddir». Ulugʻ adabiyotlarning ulugʻ maqsadlari ham aslida bizga oʻxshash qahramonlar yashaydigan oʻziga xos dunyo, olam yaratilishidan iborat boʻlib kelgan. Gʻarb adabiyoti hech qachon oʻzining ulugʻ asarlarida kundalik hayotni tasvirlash bilangina chegaralanmagan. U xayolning ulugʻvor qudratiga intilib, bizning tasavvurlarimizga hamisha mash’ala yoqib kelgan, izidan xayol dunyosiga ergashtirgan.

Kimki roman yozayotgan yoki oʻqiyotgan boʻlsa, mohiyatan gʻalati holatga duch keladi. Asli gʻirt uydirmadan iborat bu voqealarga inson nega bunchalik ehtiyoj, tashnalik sezadi?! Agar bu gʻalati ehtiyojga yozuvchi yoki oʻquvchidan qoniqarliroq javob olingan taqdirda ham imonim komilki, baribir odamzot yana shu uydirma bilan oʻz ehtiyojini qondirishda davom etaveradi va unga boʻlgan qiziqishiga zarracha putur yetmaydi. Inqilobiy tanqid buni voqelikni tasvirlashdan ataylab qochish deb baholaydi. Oddiy soʻzlashuv tilida jaydari bir jurnalistning uquvsiz uydirmasini «roman» deb atashadi. Bir necha yillar muqaddam kundalik voqealikdan ustun turuvchi «romantik» kayfiyatdagi qizlar sevimli va ardoqli sanalardi. Oʻz-oʻzidan oydinki, ana shunday mahbubaning mavjud voqelik haqida hech qanday tushunchaga ega emasligi, uning sof xayoliy dunyosi yuksak qadrlanardi. Bir soʻz bilan aytganda, romantik ideal hayotdan hamisha uzilgan boʻlardi va bu idealning naqadar maftunkorligi har kimning xayoliy qudratiga bogʻliq edi. Shunday qilib, roman san’ati haqida gap ketganda, uning yutugʻi voqelikdan qanchalik ustun turganiga qarab baholanardi. Burnining tagidagidan narini koʻrishga quvvai hofizalari yetmaydigan kishilar bu borada Inqilobiy tanqid bilan bir xil fikrda edi.

Xoʻsh, biz roman oʻqish bilan xayolimizni nimadan olib qochamiz? Qora turmush tashvishlaridanmi? Biroq hayotda yetishmovchilik nimaligini tasavvur qilolmaydigan odamlar ham boyligini sanashu hashamlardan ortgan paytlari roman oʻqiydi-ku? Bundan tashqari badiiy dunyo ertayu-kech xayolimizni band qiladigan va bizning ogʻir mehnatimizni, hech qursa xayolda boʻlsa-da, yengil qiladigan darajada ohanrabo va maftunkor ham emas. Biroq shunday esa-da, Adolf nega Benjamen Konstanga nisbatan koʻnglimizga yaqin[2], nega ahloqshunoslarga nisbatan bizni graf Moska[3] koʻproq ishontiradi?! Bir kuni Balzak siyosat va dunyo taqdiri haqidagi uzundan-uzun ma’ruzasini shunday soʻzlar bilan tugatgan: «Endi jiddiy masala haqida gaplashsak». U bu bilan oʻzining romanlarini nazarda tutgandi. Ikki asrdan buyon romannavis daholar bizga taqdim etayotgan va bizni maftun qilayotgan son-sanoqsiz miflarni jiddiy sharhlamasdan, shunchaki, voqelikdan qochish deb baholashning oʻzi bilan mohiyatni ochib boʻlmaydi. Romannavis ijodkorlar voqelikdan qochganligi yoki uni chetlab oʻtayotganligi aniq va bor gap. Biroq bu chetlashishni shunchaki qochish deb boʻlmaydi. Gegel ta’kidlaganidek, real dunyo aziyatidan oʻz qalbining uzlatiga chekingan, oʻzi uchun faqat axloq hukmronlik qiluvchi badiiy dunyo yasab olgan bunday chetlashishni voqelik bilan bogʻlaydigan rishta bormi? Hatto pand-nasihatga toʻla, katta adabiyotdan uzilib qolgan «Pol va Virjiniya» kabi koʻz yoshlarga toʻla asarlarni oʻz ichiga olgan eng hikmatgoʻy romanlar ham bizga tasalli berishga qodir emas.

Bor haqiqat shundaki, real dunyoni inkor qilayotgan odam, ayni zamonda bu dunyodan mutlaqo uzilishni ham istamaydi. Odamlar shu dunyoda yashashga mahkum etilganlar va undan ayri yashashni hech qachon tasavvur qilolmaydilar. Oʻz makonida darbadarlik va quvgʻinga giriftor boʻlgan bu hurkak mavjudot oʻzi yashayotgan dunyoni abadiy unutishni emas, aksincha, uni yana ham koʻproq oʻziniki qilib olishni istaydi. Turmushning butun koʻlamini aks ettiradigan azobu-uqubatlar hali koʻz oldida mukammal gavdalangan emas; dunyo faqat shundan iborat boʻlolmaydi. Toʻgʻri, xoxish-istak tutqich bermaydi, boshqalar xohish-istaklari ortida yoʻqolib ketadi, soʻng birdan boshqa bir qiyofada oʻz ortidan ularni xuddi Tantalning tashna lablari suvning izidan behuda quvgani[4] kabi yana besamar yugurtiradi. Xoʻrlikka mahkum etilgan odamning bor-yoʻq maqsadi lablarini suvga tegizish, xayoli kabi tutqich bermas toʻlqinni jilovlab olish va uni oʻz taqdiriga aylantirish, xolos. Biroq bu amalga oshmas orzu: shu sababli u xayolan boʻlsa-da, orzusiga yetishni xohlaydi – xayolan boʻlsa-da taqdir va oʻlimdan ustun kelishni va koʻz oldidagi besamar va beadad dunyoga qarama-qarshi oʻlaroq oʻzining xayoliy dunyosiga ega boʻlishni istaydi.

Mana shu yerdan aksariyat odamlarda oʻzgalar hayotiga shafqatsiz munosabat va hasad bilan qarash paydo boʻladi. Bu hayotni chetdan kuzatib turib, undagi yaxlitlikni va jamul-jamlikni koʻramiz, mohiyatan shunday boʻlmasa-da, biz uchun bu hayot yengilmas va boʻysunmas boʻlib tuyuladi. Biz faqat bu yerda ikir-chikirlarni emas, yuksak va qadri baland choʻqqilarni koʻramiz. Shunda biz bularning barini san’atga jo eta boshlaymiz, ularni ibtidoiy tarzda romanga kirgizamiz. Shuning uchun ham har bir odam san’atda mohiyatan oʻz hayotini koʻrishni istaydi. Biz, garchi bu mumkin boʻlmasa ham muhabbat abadiy davom etishini istaymiz – mabodo u moʻ‘jiza tufayli butun umr davom etgan taqdirda ham, baribir u tugal boʻlolmasdi. Vaqtdan ustun boʻlishga tuganmas xohish bizni mangu uqubatlarga roʻkach qilsa, balki dunyoviy uqubatlarning mohiyatini chuqurroq anglagan boʻlarmidik? Ehtimol, irodasi kuchli odamlar ham dunyoviy uqubatlar bir lahzaligini anglab yetgandan keyin vahimaga tushib qolishar? Tuganmas uqubatni his qilgach, balki biz bitmas-tuganmas baxt borligini ham tushunib yetarmiz? Biroq, afsuslar boʻlsinki, bizning eng beadad mashaqqatimizning ham chegarasi bor. Va ajoyib kunlarning birida qalbimizni hayotga tashnalik hissi chulgʻab, biz umidsizlikdan daf’atan uygʻonarmiz va uqubat sanalib kelingan narsalar mohiyatan baxt ekanini sezib qolarmiz?

Oʻzlikni anglashga intilish – bu azal-abadga intilish vositasi xolos: undan soʻng muhabbatga mubtalolik boshlanadi. Bironta mavjudot, hatto eng otashin va qizgʻin sevgiga mubtalo boʻlganlar ham men mutlaq muhabbat sohibiman deb aytolmaydi. Oshiq-ma’shuqlar ayro tugʻilib, soʻng yana ayriliqda oʻlishga mahkum etilgan bu shafqatsiz dunyoda mahbubdan butun umri davomida faqat oʻzi uchun yashashni talab qilish amalga oshmas orzu boʻlib qolaveradi. Bunday shafqatsiz talab qoʻyishga muhabbatning oʻzi dosh bermaydi. Bunday muhabbat mahbubni adoyi tamom qiladi. Yolgʻiz oshiqning besamar azobi bugun oʻziniki boʻlgan mahbubasi ertaga kimnidir sevib qolishi mumkinligini anglagandan keyin yana ham tiyiqsiz tus oladi. Har qanday holatda ham oshiq vaqtdan ustunlik hamda mahbubani umrbod oʻziniki qilish istagiga mubtalo boʻladi va ayni shu istagi bilan mahbubasini ertangi kundan judo qiladi. Dunyoviy me’yorga sigʻmaydigan ana shu istak haqiqiy isyondir. Kimki oʻzi muhabbat qoʻygan jami narsadan, garchi orzusi hech qachon amalga oshmasligini bilib turib, abadiy hurlik va mahliyolikka da’vogarlik qilib, shu yoʻlda oʻzini qurbon qilishga tayyor his etmagan boʻlsa, unga isyon va uning tiyiqsiz nafrati tushunarsiz boʻlib qolaveradi. Mohiyat esa hamisha ham yuz koʻrsatmaydi – u ma’lum bir tushunchaga hech qachon sigʻmaydi. Shu nuqtai-nazardan qarasak, hayot shaklsizdir. U oʻz shaklini izlab, tiyiqsiz oqayotgan daryoga oʻxshaydi. Buning aksi oʻlaroq odam hayotda oʻzini shoh deb his qilish uchun betinim shakl izlaydi. Jilla qursa biron-bir tirik mavjudot odam xohlagan shaklga kirganda edi, inson dunyo bilan abadiy sulh tuzgan boʻlur edi.

Ammo unda odamni shakl va yoʻnalish izlashdek mangu uqubatdan xalos qiladigan, u bilan bir tanu bir jon boʻlib ketadigan oddiy ong sohibi boʻlmish bironta boshqa mavjudot yoʻq. Shuhratparastu-janjalparastlar, hashamatparastu-inqilobparastlar, barcha-barchasi yashash uchun murosayu-madora qilib, birdamlikka intilayapti: xuddi muhabbat asoratidan qalbi vayron boʻlgan oshiq yoki ma’shuqa muhabbat qissasiga yakun yasash uchun soʻnggi imkoniyatga, soʻnggi imoga tashna boqayotgandek. Har birimiz oʻsha birdamlikka olib boradigan sehrli soʻzni izlayapmiz. Bizga shunchaki kun koʻrishning oʻzi kamlik qiladi, biz oʻlim aravasi kelmay turib, oʻz taqdirimizga ega boʻlishga intilamiz. Bu shundan darak beradiki, inson oʻzi yashayotgan dunyodan koʻra tasavvuridagi olamni yaxshiroq bilarkan. Biroq «yaxshiroq» soʻzi «boshqacha» degan ma’noni anglatmaydi, balki tasavvurni yaqqolroq ifodalaydi. Qalbimiz koʻklarga koʻtarayotgan istaklarimiz garchi nafratimizga sazovor dunyo ustiga qurilgan boʻlsa-da, undan butkul uzilib ketmaydi: bu shunchaki qochish emas, balki oʻzining mavjudligini koʻrsatishga urinish da’vosidir. Har qanday orzu-istak va harakat – xoh u diniy, xoh dunyoviy boʻlsin, oxir-oqibatda mana shu ojizona da’voga, shaklsiz hayotdan oʻziga boshpana, shakl izlashga borib taqaladi. Mana shu shijoat-xoh falakka sigʻinish, xoh insoniyatni yoʻq qilish istagi shaklida boʻlsin, butun mohiyati bilan, roman ijod qilishga, ijodkorlikka boshlab boradi.

Pirovardida roman oʻzi nima? U inson faoliyati ma’lum bir shaklga kirgan, dunyo istak-xohishiga mos tasvir etilgan, odamlar bir-birlariga izhori dil qilgan va har bir taqdir oʻz yoʻrigʻi hamda yozugʻiga ega boʻlgan qandaydir oʻzga dunyo ifodasimi?.. Romanda gavdalangan dunyo koʻz oʻngimizdagi olamning inson siyratiga mos xohish-istaklar asosida qayta yaratilishidan boshqa narsa emas. Zero, u dunyo ham azobu-uqubat, yolgʻonu-muhabbatga qorishib yashayotgan oʻz dunyomizning aynan oʻzi. Unda bizning bor qiyofamiz, ojiz va kuchli jihatlarimiz ifodalangan. Uning oʻzgaligi ham koʻz oldimizdagi dunyoning goʻzalligi va ibratidan ayro narsa emas. Biroq u dunyoda odamlar koʻz oldimizdagi dunyodan farqli oʻlaroq, soʻnggi daqiqalargacha oʻz taqdirlarining egalaridir. Ularda inson qismati mujassamlangan. Bizni hayratga soluvchi qahramonlar – Kirilov, Stavrogin, Groslen xonim, Jyulen Sorel yoki malika Klevskaya – hayotiy joʻshqinliklarini soʻnggi qatrasigacha sarflashga qodirdirlar. Bu esa hayotda bizning qoʻlimizdan kelavermaydi. Zero, ular biz hech qachon jur’at qilmagan narsalarni oxirigacha yetkazadilar.* (*Agar roman faqat qaygʻuyu gʻam, umidsizligu tushkunlikdan iborat boʻlsa, u haloskorlik yoʻlini koʻrsata oladi. Tushkunlikka ism topish, uni tasvirlash – uni yengishga intilish degani. Tushkunlik adabiyoti – bu oʻziga ism izlayotgan adabiyotdir).

Lafayet[5] xonim «Malika Klevskaya»ni oʻz hayotiy tajribasidan kelib chiqib yaratdi. Bir tomondan malika – bu uning oʻzi, boshqa tomondan esa – u emas. Farq shundaki, Lafayet xonim ibodatxonaga kirib olib, tarki dunyo qilgani yoʻq va uning muhabbati yoʻlida biron kishi qurbon boʻlmagan. Albatta, u bu muhabbat qissasidagi yurakni titratadigan hislarni boshidan kechirganiga shubha yoʻq. Biroq hayotda bu voqea hech qachon tugallanmasdi va agar Lafayet xonim hayotiy aqidagi bosh egib, bu joʻshqin muhabbatning davomini oʻzining benazir qalami bilan qoralab qoʻymaganda edi, biz ham uning xotimasidan hech qachon bahra ololmasdik. Xuddi shunday romantik va ajoyib voqea Gobinoning «Pleyada»sidagi[6] Sofiya va Kazimir oʻrtasida ham sodir boʻladi. Goʻzal, fozila va joʻshqin ehtirosli, - bu yerda Stendalning boshqa hech kimga oʻxshamaydigan favqulodda ayolgina meni baxtli qilishi mumkin degan gapini eslash oʻrinli, - Sofiyaga oshiqu-shaydo Kazimir birinchi boʻlib muhabbat izhor qilishga jur’at etadi. Har kuni koʻravarib va bir xil izhorlarni eshitaverib, uning joʻshqin muhabbatiga koʻnikib qolgan Sofiya oxir-oqibat undan beziydi va uni koʻrsa oʻzini haqoratlanganday his eta boshlaydi. Kazimir unga muhabbatini sudda guvohlik berayotganday bayon etardi. Ha, u Sofiyani qizning oʻzidan ham yaxshiroq bilardi va yana Sofiyasiz yashashni tasavvur qilolmaydigan bu otashin muhabbati javobsiz qolishini ham bilardi. U shusiz ham badastur yashayotgan Sofiyaga butun sarmoyasini xatlab beradi-da, qizga amalga oshmagan orzularini tashlab, oʻzi boshi oqqan chekka shaharga (bu Vilna shahri edi) ketib, arzimas nafaqa bilan gʻariblik va qashshoqlik ogʻushida kun kechira boshlaydi. Ayni paytda Kazimir Sofiyadan tirikchilik uchun olib turadigan nafaqasi oʻzining birdan-bir ojizligi ekanini tushunardi va yana Sofiyadagi vaqti-vaqti bilan unga faqat nomi yozilgan top-toza qogʻoz-maktub joʻnatib turishga ham rozilik olgandi. Avvaliga Sofiya gʻazablanadi, hech narsaga tushunmaydi, soʻng uni beadad qaygʻu chulgʻab oladi va nihoyat u Kazimirning taklifini qabul qiladi, hammasi yigit rejalashtirgandek yakun topadi: Kazimir Vilnada hijron azobidan halok boʻladi. Shunday qilib, romandagi voqea oʻziga xos mantiq bilan yakun topadi. Ma’lum bir voqeaga asoslangan holda faqat tushdagina sodir boʻlishi mumkin boʻlgan, biroq real voqelik uchun aql bovar qilmas boʻlib tuyuladigan bir xil maroqli hikoyatlarni toʻqimasiz tasavvur qilish mumkin emas. Mabodo Gobinoning oʻzi Vilnaga ketib qolganda edi, zerikib, bezib qaytib kelgan yoki oʻsha yerning oʻzidayoq biron koʻngilyozar mashgʻulot topib olgan boʻlardi. Kazimirga esa qismatini oʻzgartirish ham, hijron azobidan oʻzini xalos qilish ham ta’qiqlangan. U xuddi oʻlimga qarab borayotgan Xitklif kabi oxirigacha, toki mahshar kunigacha toʻxtamasligi shart.

Koʻrib turganimizday, qarshimizda real dunyodan aks olgan badiiy dunyo – azob-uqubat toki mahshar kunigacha choʻziluvchi, gʻam-qaygʻusi hech qachon baxtu-saodatga aylanmaydigan, odamlar taqdirini bir-biriga chambarchas bogʻlab turuvchi va qismat sharobini oxirigacha sipqorishga mahkum etuvchi dunyo turibdi. Nihoyat, odam romanda real voqelikda sira iloji boʻlmaydigan hayotini ma’lum bir shaklga solib, unga xotima bagʻishlay oladi. Romanni inson qismatiga oldindan bichilgan xulosalarni tikib qoʻyadi. Shunday qilib, garchi vaqtinchalik oʻlim hukmi hoziqlik qilsa-da, u shunday lahzada yaratuvchiga aylanadi. Ushbu nuqtai-nazarga mos keluvchi barcha mashhur romanlarni bir xil tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, romanning mohiyati muallifning hayotiy tajribalarini ma’lum bir maqsadga boʻysundirish va unga yangi ma’no kasb etishda koʻrinadi. Oʻz oldiga na ahloqiy, na biror boshqa maqsad qoʻymagan holda bunday metafizik ma’no kasb ettirish – yaxlitlik va birdamlikka intilishga hamda umumiy botiniy ehtiyojni qondirishga qaratilgan boʻladi. Shu ma’noda roman eng avvalo gʻam-hasrat yoki isyonkor tuygʻularning ifodasi sifatidagi zakovat jangidir. Bu xil zakovat jangini frantsuz analitik romanlarida yoki Melvill, Balzak, Dostoevskiy, Tolstoy romanlarida kuzatish mumkin. Biroq bizga fikrimizni tasdiqlash uchun soʻnggi yillar romannavisligidagi bir-biriga oʻxshamaydigan ikkita an’anani – bir tomondan Prustni, ikkinchi tomondan amerika romanini – yoʻl-yoʻlakay qiyoslashning oʻzi yetadi.

«Amerika romani» ba’zida insonning botinini ochish yoʻli bilan, ba’zida uning zohiriy munosabati va holatini tasvirlash bilan zoʻr berib bir butunlikka intilayapti. U bizning klassik romanlarga xos tuygʻu va joʻshqinlikni birma-bir sinab oʻtirmaydi. U qahramonning holatini tushuntiruvchi va ma’lum bir xulosa yasovchi ruhiy asoslarni izlab, uni tahlil qilmaydi. Shuning uchun ham bu romandagi bir butunlikni faqat tasvirdagi butunlik deb atash mumkin. Uning asosiy ifoda usuli odamlarning zohiriy qiyofasini chizish, ularning hatti-harakatini chetdan kuzatish, nutqni, ba’zan takrordek tuyuladigan ichki Nutqni* (*Gap XIX asrdagi Amerika adabiyotining gullab-yashnagan davri emas, asrimizning 30-40 yillari «shafqatsiz» romanlari haqida ketayapti) hech bir ta’rif-tavsiflarsiz berishi, nihoyat, oʻzlari shart deb hisoblagan paytda kundalik, bir xil harakatlari bilan oʻzlarini namoyon qila olishga qodir boʻlgan odamga munosabat masalasida yaqqol namoyon boʻladi. Bunday shiddatli jarayonda odamlar oʻz-oʻzidan bir-biriga oʻxshab qoladi, barcha qahramonlari hatto jismoniy nuqtai-nazardan bir-birining oʻrnini toʻldirib ketaverishi mumkindek tuyuladigan ularning oʻziga xos badiiy dunyosi shu jihati bilan farqlanadi.

Bu ifoda usuli oʻzini realizm deb ataydi. Koʻrib chiqqanimizdek, realizmning oʻzi ancha mavhum tushuncha ekanligi haqida ortiqcha gapirmasdan ham bu roman dunyosi oʻzida voqelikni joʻn va toʻgʻridan-toʻgʻri aks ettirmay, balki uni ma’lum bir uslubga boʻysundirayotganini ta’kidlash joizdir. U voqelikni ataylab buzib tasvirlaydi. Mana shu yoʻl bilan bir butunlikka – toʻgʻridan-toʻgʻri yaxlitlikka emas – odamlarning va dunyoning orasidagi tengsizlikni yoʻqotishga erishadi. Bu romannavislarning nuqtai-nazariga koʻra, aynan botiniy hayotlari birdamlikka putur yetkazib, ularni bir-biriga begona qilib turibdi. Bu ishtiboh faqat qisman haqiqatdir. Negaki, bu san’at turining asosi boʻlgan isyon botiniy hayotni inkor qilish oqibati boʻlib emas, balki unga suyangan holda bir butunlikka qarab intilish mahsuli boʻlib yuzaga keladi. Uni toʻliq inkor qilish tirik odamni emas, mutlaqo toʻqima odamni yaratadi. Yoʻqsillar romani ham xuddi bir paytlardagi pand-nasihat romanlari kabi quruq safsatadan boshqa narsa emas. Unisi ham, bunisi ham oʻz nodonligidan bizga saboq bermoqchi boʻladi **(**Bu avlodning yirik yozuvchisi Folknerda ham ichki monolog fikr qobigʻidan boshqa narsa emas). Oʻz qobigʻiga oʻralib olgan moddiy hayot tasviriga ruju qoʻyish asl mohiyatga qarama-qarshi oʻlaroq, ayni paytdagi voqelikning mutlaqo aksi boʻlgan zaminsiz, xayoliy dunyoning yaralishiga olib keladi. Bu romanchilik san’atiga ziddir. Moddiy hayotdan xoli boʻlgan va mavjud voqelikka beparvo qarab turgan asl roman qahramonlari garchi oʻzlaricha «oʻrta odamlar»ning xohish-irodasini aks ettiryapmiz deb oʻylashsa-da, biroq ular oʻzida umumjamiyat botiniy dunyosini mujassam etadilar. Mazkur badiiy olamda paydo boʻlgan, son jihatdan xiylagina koʻp ruhiy bemor qahramonlar dunyoqarashi buni yana ham yaqqolroq ifodalaydi. Bu xil asarlarda asosiy ma’no kasb etuvchi ruhiy bemorlar mohiyatan oʻz xatti-harakatlariga uygʻundirlar, zero ular – amerika yozuvchilari mavjud voqealikka qarshi ojizona, biroq gʻazab va shovqinga toʻla isyonlarini bayon qilayotgan, hissiz avtomatlar inson hayotini yana ham koʻproq shiddatli-yu, biroq mazmunsiz qilib qoʻyayotgan dunyoning – umidsiz va kasal dunyoning timsollaridir.

Prust esa oʻz oldiga voqealikni betinim oʻrganish orqali olamning va oʻlimning bebaqoligi ustidan oʻzining mutlaq gʻalabasini ta’minlaydigan va faqat oʻzigagina taalluqli boʻladigan, oʻziga xos yagona va xayoliy dunyo yaratishni maqsad qilib qoʻydi. U mutlaqo boshqa vositalardan foydalandi. Bu vosita eng avvalo romannavis oʻz oʻtmishining sehrli lahzalaridan ishtiyoq bilan muhabbat soniyalarini birma-bir tanlab olishda va uni koʻz oldimizga qoʻyishida koʻrinadi. Kechagi kun oʻzi haqida hech qanday iz qoldirmay tashlandiq va bepoyon oʻlik makonga aylanadi. Agar Amerika romanlari xotirasini boy bergan mayib odamlarning dunyosi boʻlsa, Prust dunyosi – bu faqat xotiradan iboratdir. Gap kechagi kunning xarobaga aylanishini va umrning izsiz ketishini inkor qiluvchi, xohlagan payt oʻtmishga bosh suqib qaray olishga imkon beruvchi, kechagi va ertaga keladigan kunlarning muattar hidlari qorishiq holda taralib turgan nozikta’blik va zoʻr ishtiyoq bilan qurilgan xotiralar dunyosi haqida ketayapti. Qalbning ulugʻvor xazinalari boʻy koʻrsatuvchi bu botiniy olamni Prust unutishga mahkum boʻlgan olamga, gʻaflatga gʻarq, soʻqir dunyoga qarama-qarshi qoʻydi. Biroq buni voqelikka qaytish yoki uni inkor qilish deb tushunmaslik kerak. Prust oʻtmishni xaspoʻshlamagani kabi Amerika romanlaridagidek uni mutlaqo chetga surib qoʻymaydi. U boy berilgan xotiralar va ayni paytdagi kechinmalarni oʻtgan baxtli soniyalar va voqealikdan uzib olib, yagona, yaxlit bir butunlikka birlashtiradi...

Oʻsmirlik paytidagi baxtli soniyalarga endi qaytib boʻlmaydi. Dengiz qirgʻogʻida gul koʻtarib oʻtirgan qiz jarangdor ovozda kuladi va shivirlaydi; biroq unga mahliyo boʻlib turgan kimsa asta-sekin undan uzoqlashib, unga maftun boʻlish baxtidan mahrum boʻlib boradi va oxir-oqibat ular hech qachon muhabbat sharobini birgalikda icholmaydilar. Prust mana shunday dilgir kayfiyat uygʻotadi. U bu dilgir soniyaga butun olamni almashishga tayyor. Biroq ularning orasida gung va hissiz yillar xarsangi yotibdi. U oʻsha baxtli va begʻubor soniyalar mangulik ichiga kirib, abadiy gʻoyib boʻlishinini istamaydi. U oʻlimga qasdma-qasd, oʻtmish zamon intihosidan kelajak ibtidosi boʻlib, aslidagidan ham koʻra mukammalroq va maftunkor qiyofada qayta yuz koʻrsatishini isbotlamoqchi boʻlgandek, bu soniyalarni qayta tiriltirmoqchi boʻladi. Shu bois ham «Boy berilgan vaqt...» oʻz mohiyat-e’tiboriga koʻra ruhiy – botiniy tahlil vazifasini bajaradi. Prustning ulugʻvorligi shundaki, mangu gʻoyiblik arafasida turgan, parchalangan soniyalarni bir butun yaxlit mohiyatga birlashtirib, aslida boy berilgan vaqtga emas, gʻoyiblikka mahkum fursatga qayta jon ato etadi. Uning oʻlimni dogʻda qoldirgan gʻalabasi shundaki, u xotira va idrok vositasida vayronaga yuz tutgan inson botinini xalos qiluvchi vahdatul vujud (bir butunlik) timsolini topa oldi. Bu xil xususiyatga ega asarlarning eng ulugʻ yutugʻi shundaki, u bizni oʻrab turgan borliqqa nisbatan qat’iy va mustahkam shaklga, yemirib boʻlmas yaxlitlikka hamda oʻziga xoslikka ega. Bunday asarlar har qanday tazarrudan ustundir. Shunga koʻra aytish kerakki, Prust dunyosi – dahriyona dunyodir; biroq unda xudo haqida soʻz bormagani uchun emas, balki u oʻziga xos, mustahkam, koinotga qaraganda mukammal, inson xotirasi va baxtli soniyasini abadiyat qadar choʻza olish, unga yangi qiyofa bera olish qudratiga ega boʻlgani uchun ham dahriyonadir! Boy berilgan vaqt...» – oʻziga xos isyonkor mangulikdir. Shu nuqtai-nazardan Prust romanlari oʻlim tahdidi va xavotiriga qarshi eng ibratli va umummiqyosdagi inson isyonini aks ettiruvchi romanlar sirasiga kiradi. U shu xususiyatiga koʻra qarshimizda inkor qilishga loyiq boʻlgan borliqqa tuzatish kirita oladigan romanchilik san’atining ulugʻvorligiga misol boʻla oladi. Hech boʻlmaganda bu san’atning eng oddiy jihati yaratgan bilan bahs-munozaraga kirishib, oʻzining abadiy xoʻrlikka mahkum mahluq emasligini namoyon qilishda koʻzga tashlanadi. Agar chuqurroq qarasak, roman goʻzallik va inson idroki bilan ittifoq boʻlgan paytda oʻlim va qismatga qarshi eng qudratli qurol ekanini koʻramiz. Shu sababli ham romandagi isyon ijodiy mohiyatga egadir.


  1. «Xabash ayol», «Astreya» III-IV asrda yashagan Geliodor asari.
  2. Adolf – Benjamen Konstan (1767-1830) romanining qahramoni.
  3. Adolf – Benjamen Konstan (1767-1830) romanining qahramoni.
  4. Tantal – grek mifologiyasi qahramoni, xudolarga qarshi jinoyati uchun mangu azobga mahkum etilgan: u boʻynigacha suv ichida yashaydi, biroq undan icholmaydi.
  5. Lafayet Mari-Madlen Piosh de la Vern (1634-1693), frantsuz adibasi, «Malika Klevskaya» nomli psixologik roman muallifi.
  6. Jozef Artur Gobino (1816-1882), frantsuz adibi, dramaturgi, faylasufi va diplomati.