OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlbert Malts
Asar nomiEng baxtli odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Albert Malts
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonA’zam Obidov
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eng baxtli odam (hikoya)
Albert Malts

U 1908 yilda Nyu-Yorkda kambagʻal oilada tugʻildi. Kolumbiya Universitetini tugatgach, Drama maktabida oʻqidi va tez orada oʻzining bir qator pesalarini e’lon qildi. Asarlari koʻproq ekspluatatsiyaga, ishsizlikka va irqiy kamsitishga qarshi ruhda sugʻorilgan.

Jessi yigʻidan arang oʻzini tutib turardi. U stulda Tomning kelishini kutib, yalligʻlangan oyogʻiga dam berib oʻtirganidan xursand va Tomning «Nega yoʻq derkanman, albatta, xohlagan paytda ish boshlashing mumkin» deyishidan katta umid qilardi.

Ikki haftadan buyon u yomgʻirli kechalarda uxlamay, ham ochiqib, Kanzas shahridan Missuri, Tulza va Oklaxomaga koʻchib yurib, oxiri qidirgan yerini topdi. Nihoyat, Tom xonaga kirib keldi. U Jessiga e’tibor bermaganday, shunchaki qarab qoʻydi. Uni tanimadi chamasi. Aslida, Jessi Tomning jiyani edi. Toʻgʻri, ular besh yil bir-biri bilan koʻrishmadi. Faqat Tom oʻsha ilgarigi Tom edi. Yo Xudo, nahotki u shunchalik oʻzgarib ketgan boʻlsa?

Tom Breket telefonda gaplashib boʻlib, stulga suyanibroq oʻtirdi. Xunuk boqib turgan kichkina moviy koʻzlarini Jessiga qaratdi. U ilgarigiday pishik tadbirkorlarga oʻxshab oʻtirardi.

«Eshitaman, dedi u nihoyat, - mendan biror nima xohlaydilarmi?»

«Siz meni tanimadingiz chamasi, -dedi Jessi. - Men Jessi Fulton boʻlaman.

«A-ha» dedi Breket, boshka hech narsa demadi.

«Ha-ha, bu menman, Ella senga salom yoʻlladi.»

Breket oʻrnidan turdi va burchakda oʻtirgan jiyaniga yuzma-yuz keldi. Jessi astagina qoʻzgʻaldi. Breket burdalangan ot goʻshtini koʻzdan kechirayotganday gʻalati qarash qildi, uning koʻzlarida achinish alomati bor edi.

«Ha, ana endi ishondim, bu rostdan ham sen ekansan, faqat Xudo haqqi, butunlay oʻzgarib ketibsan.»

«Besh yil hazil gapmi axir, buning ustiga meni bir-ikki borgina koʻrgan boʻlsangiz.»

«Juda ozib ketibsan-ku»

Jessi jim boʻlib qoldi. Oraga sukunat choʻkdi. Birdan Breket jonlanib «Nimaga qaqqayib turibsan, qani kel, oʻtir-chi ukam» dedi va Jessining qoʻlini qisib qoʻydi. «Seni koʻrganimdan judayam xursandman, shu xolos, boshqa hech narsa deb oʻylama!»

«Hechqisi yoʻq» mingʻilladi Jessi va sekingina joyiga oʻtirdi.

«Nimaga oqsoqlayapsan?»

«Toshga qattiq qoqilib ketdim; tuflimni ham yirtib oldim.»

U oyogʻini stul ostiga yashirdi, tuflisining yirtiqligidan uyalib ketdi. Ertalabdan beri biror ishni boshlashdan avval tufli sotib olishni oʻylab oʻtiruvdi.

Breket uning tuflisiga qaradi. U bolaning ahvolini tushundi va rahmi kelib ketdi. Bu holni umrida birinchi marta koʻrib turishi edi. Singlisi unga har hafta xat yozib turgan boʻlsa-da, lekin biror marta shunchalik yomon ahvolda yashayotganini aytgan emasdi.

«Yaxshi, menga qulok sol, -gap boshladi Breket, - qani, menga hammasini aytib ber-chi, Ellaning ahvoli kalay?»

«O, u judayam yaxshi» darhol javob qildi Jessi.

«Bolalari-chi?»

«Ular ham yomon emas»

«Oʻzing-chi? Oʻzing nima ish qilyapsan? Ishing nima bulyapti?»

Jessi xuddi shu savolni kutib turgan edi:

«Tom, eshit, sening oldingga maslahatga keldim. Yordamingga muhtojman»

Breket ingrab yubordi. U Jessining shunday deyishini bilardi, shu bois darhol javob berdi: «Qoʻlimdan kelmaydi. Haftasiga bor-yoʻgʻi 35 olaman xolos.»

«Bilaman, -dedi Jessi, - bilaman, sen bizga pul berolmaysan. Lekin biz sening qoʻlingda ishlaydigan kishi bilan gaplashdik. U shahrimizga kelgan ekan. Oʻsha odam menga ish topib bera olishingni aytdi.»

Breket baqirgna boʻlib soʻradi: «Sen Kanzas shahridan 2 hafta ichida piyoda kelganing uchun ish topib berishim kerakmi?»

«Boʻlmasa-chi, Tom, yoʻqsa men nima ham qila olaman?»

«Xudo haqqi, menda birorta ishning oʻzi yoʻq boʻlsa. Buning ustiga neft ishi qanday boʻlishini ham bilmaysan-ku.»

Jessi boʻsh kelmadi.

«Axir oʻsha odam senga har doim ishchi kuchi kerakligini aytdi-ku!»

«Voey... Sen mening boʻlimimdagi ishni nazarda tutyapsanmi?» soʻradi Breket past ovozda.

«Ha, Tom, shunday!»

«Yoʻoʻq, boʻlmaydi, sen boʻlimimda ishlashni xohlamaysan, sen buning qanaqaligini bilmaysan axir!»

«Nega bilmas ekanman, bilaman!, - qattiq turib oldi Jessi, - oʻsha odam sening dispetcher ekaningni aytdi-ku, sen yuk mashinalarini joʻnatar emishsan, shundaymi?

«Kim ekan oʻzi oʻsha odam?»

«Adashmasam, uning oti Everet...»

«Egbert emasmi ehtiyot, boʻyi men bilan teng» soʻradi Tom.

«Ha-ha, Egbert edi, Egbert, endi esimga tushdi.

Tom barmoklarini bir-biriga chalishtirdi. Yuzi gʻalati tus oldi. «Yoʻq, menga ma’qul emas» dedi u.

Jessi baqirib yubordi. U Tom ish berishga rozi boʻladi deb oʻylagandi. «Yoʻq, -dedi u va yalinishga tushdi, - boshqa biron ish yoʻqmi?»

«Ish bor, dedi Tom, - Egbertning ishi bor!»

«U ishdan ketdimi?»

«U oʻldi. Ish jarayonida oʻldi. Oʻtgan kechasi tamom boʻldi, agar bilmoqchi boʻlsang.»

«Oh! Shunday degin...

«Endi menga qara Jessi, senga ba’zi narsani aytib qoʻyay. Sen haydaydigan narsa oddiy narsa emas. Bu - nitroglitserin!

«Xabarim bor, sen meni bilmaydi deb oʻylama»

«Jim tur bir oz, - buyurdi Breket, - sen bir marta aksa bersang, bu narsa hama tomonga uchib, birpasda zaharlaydi. Bilasanmi uni qanday qilib olib yurishlarini?

«Men asta-sekin, ehtiyot boʻlib haydayman», dedi Jessi, - mashina boshqarishni juda yaxshi bilaman.»

Breket battar baqirib berdi: «Sen Egbert ehtiyot qilib haydamagan deb oʻylaysanmi?»

«Tom, - iltimos qildi Jessi, - shashtimdan qaytarma, qanday boʻlsa ham eplayman, Egbert 1 mil uchun 1 dollar haq olishini aytdi, men ham shunday qilsam boʻlmaydimi?

«Albatta, sen ham shuncha olishing mumkin. Bu aytishga oppa-oson. Faqat nimaga kompaniya buncha koʻp pul toʻlaydi deb oʻylab koʻrganmisan oʻzi? Bu oson - Egbertga oʻxshab boshing toshga borib urilmaguncha yuraverasan. Vaqti kelib, mashinang bilan birga agʻdarilib tushganingda bilasan. Biz endi Egbertdan unga nima boʻlganligini soʻrab bilolmaymiz. Biror narsani aniqlash uchun mashinasi ham endi yoʻq. Tanasi ham holmadi. Hech vaqo yoʻq! Ha yoʻq! Endi tushungandirsan?»

Oraga bir oz sukut choʻkdi. Jessi uzun oriq qoʻllarini chalishtirib oʻtirardi. U koʻzini yumdi-da, muloyim ovozda «Hech narsaga ahamiyat bermayman, Tom, sen menga bir yaxshilik qilib, ish bersang boʻldi», deya oʻtindi.

Breket qoʻlini stolga qarsillatib urdi. «Yoʻq!»

«Meni eshit, Tom, - davom etdi Jessi, - nega meni tushunmaysan?» U koʻzini ochdi. Ular jiqqa yoshga toʻlgan edi. «Menga qara, men endi ortiq bunday yasholmayman. Agar koʻchada tentirab yuraveradigan boʻlsam, uyda ochimizdan oʻlamiz, Tom.»

«Unday boʻlsa, sen menga aytishing kerak, - baqirdi Breket, - erkak kishi oilasi och turganda, soxta gʻurur bilan bemalol yurishga hecham haqqi yoʻq! Men ozroq qarz olaman va biz uni Ellaga joʻnatamiz.»

«Undan keyin-chi?»

«Keyinmi, keyin ozroq kutishga toʻgʻri keladi. Yosh bola emassan, hayotdan toʻydim deb aytishga-da haqqing yoʻq. Albatta, bir kunmas bir kun ish ham topasan.

«Yoʻq!,- dedi Jessi oʻrnidan sapchib, - yoʻq, men ham shunga ishonardim, lekin endi bunday kutib oʻtirolmayman. Sen boshimni koʻtarib yurishimga koʻmaklash. Yoki yana 5-6 yil kutib oʻtiradi deb oʻylayapsanmi?»

Breket oʻrnidan turdi. «Xoʻp, shunday deb ham oʻylaylik. Sen nima, oʻzingcha Ellani oʻylayapman deysan. Qilayotgan ishing unga yoqadi deb oʻylaysan shekilli. Mabodo bir kori hol boʻlsa-chi?»

«Balki mening baxtim kulib boqar», - oʻzini oqladi Jessi.

«Afsuski hamma shunday deb oʻylaydi, - toʻngʻilladi Tom nafrat bilan. - Bu ishni boshlaganingdan keyin esa, oʻz-oʻzidan omad soʻroq belgisiga aylanadi-qoʻyadi. Anigʻi shuki, ertami-kechmi baribir oʻlasan.»

«Shunday boʻlsa ham mayli , - darhol javob qildi Jessi. Oʻldirsa oʻldiribdi-da! Axir ungacha nimagadir ega boʻlaman-ku. Oʻzimga tufli sotib olaman, bolalarga qand-qurs deganday. Oʻzimning ham qornim toʻyib yuradi. Har kun bir marta boʻlsa ham ozroq pivo ichib turarman. Ellaga yaxshi kiyimlar olib berishni xohlayman. Oilam bilan kinoga borishni istayman...»

Breket yana joyiga oʻtirdi. «Boʻldi, bas qil!»,-dedi u.

«Yoʻq,-davom etdi Jessi, - mendan asti qutila olmaysan. Eshit, Tom, oʻylab koʻr, agar 3 oy ishlasam, ming dollardan oshiq pul ishlar ekanman. Kim bilsin, balki men bundan koʻprok yasharman. Ellani ham oyoqqa turgʻizarman.»

«Nimaga bunday deb aytyapsan?- qarshi chiqdi Breket, -oʻylashimcha, sen judayam baxtiyor boʻlmoqchisan-a? Har daqiqa, yurganingda, yotganingda tinching boʻlmaydi ahmoq, yuragingni hovuchlab ertaga oʻlamanmikin, deb turasan-ku. Eng yomoni hordiq kunlarida ishlamay yotganingda bilinadi. Bu kunlardagi asab qaqshashini kim ortga qaytarib berardi senga? Qanday qilib baxtiyor boʻlishing mumkin-a?»

Jessi iljaydi. «Men albatta baxtli boʻlaman! Sen tashvishlanmay qoʻyaver. Shunchalik baxtiyor boʻlamanki... Tom, faqat... men ham boshimni koʻtarib yashasam boʻldi»,-dedi u.

«E-e, boʻldi qil endi»,-jerkidi yana Breket.

Bolakay jim boʻldi. Ozroqdan keyin uning pichirlagani eshitildi: «Tom, oʻtinaman, unday dema. Tom, yordam ber... Tom, meni tashlab qoʻyma...»

Oraga qayta jimlik choʻkdi. Breket ikki qoʻlini boshiga koʻtargan holda kaftlarini chakkasiga qattik bosib turardi.

«Tom, Tom», - yalindi Jessi.

Breket indamadi. Va nihoyat «Hay, mayli!», dedi u, - «Sen aytgancha boʻlaqolsin. Xudoning oʻzi madad bersin senga.» Uning ovozi zoʻrgʻa eshitildi. «Agar bugun kechasi haydayman desang, mayli, bugundan boshlayqol.»

Jessi indamadi. Aniqrogʻi, u hech nima deyolmasdi. Breket unga qaradi. Shashqator yoshlar Jessining yuziga oqib tushmoqda edi.

Breket turishga shaylanarkan «Ishim koʻp, mayli» deb aytdi.

Jessi asta yurib tashqariga chiqdi. Yuragida qandaydir tasvirlash qiyin bulgan quvonch gʻimirladi. «Men dunyodagi eng baxtli odamman», pichirladi u oʻziga-oʻzi. «Men butun yer yuzidagi eng baxtiyor kishiman.»