OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlfons Dode
Asar nomiBoker dilijansi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Alfons Dode
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHamdam Orziqulov
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/29
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boker dilijansi (hikoya)
Alfons Dode

Oʻsha yerga ilk bor borishim edi. Eski boʻlsa-da, birmuncha yaroqli, ammo qulaysizligidan «patash» laqabi bilan el ogʻziga tushgan, Boker dilijansiga chiqqandim. Joʻnash joyidan borar jiyigacha katta yoʻl bosish «patash»ning chekiga koʻp ham tushavermasdi. Ammo shunday boʻlganda, u butun yoʻl boʻyi, ayniqsa kechqurunlari, toza havodan toʻyib-toʻyib olish uchun atayin qilganday, sekin-sekin oʻrmalardi. Haydovchini hisoblamasak, koʻnkada besh kishi edik.

«Patash»ga minganlarning biri jundor, quloqlariga kumush isirgʻa ilib olgan, katta-katta koʻzlari oʻljasiga oʻqtalgan yirtqich qushning qontalash koʻzlaridek, jussasi kichik boʻlsa-da, chorpahil odam, Kamarglik otboqar; ikkitasi Bokerlik boʻlib, birining yuzi qip-qizil, koʻrinishi tangada zarb etilgan Imperator Vitelius aftidan ancha chiroyli nonvoy, ikkinchisi esa uning kuyovi ekanligini gaplaridan angladim. Haydovchi yonida, oldingi oʻrindiqda, yana bir odam..., - yoʻgʻe!- bir shapka, quyon terisidan tikilgan bahaybat shapka, ma’yus, yoʻlga tikilib borardi.

Oʻsha yoʻlovchilarning barchasi bir-birini tanishar ekan, shekilli, oʻzlarining va oʻzgalarning sarguzashtalaridan baland ovoz bilan bemalol gapirib kelardi. Nim shahridan qaytayotgan Kamarglik bir choʻponga qanday panshaxa sanchib olganini va mahkamada qanday tergov qilinganiini hikoya qildi. Kamarg tarafning odamlari andak qiziqqonli... Ammo, Bokerliklar ham ulardan qolishmaydi! Bizning bu ikki Bokerlik Muqaddas Ma’sumaning boʻy qiz va juvon koʻrinishidagi tasviri borasida bahslashib, bir-birlarini qariyb boʻgʻizlashdi. Aftidan, nonvoy Provansliklar Hazrati Ona deb ulugʻlaydigan, chaqaloq alayhissalomni qoʻlida koʻtarib turgan, muqaddas ma’budaga sigʻinuvchi cherkovda azaldan toat-ibodat qilarkan; kuyovi esa, bil’aks, har bir barmogʻidan nur taralib turgan qoʻllarini osiltirib turgan Hur Qizga sigʻinuvchi va ayol egriliklarini ayblovchi cherkovda oldiga kitob qoʻyib olib, ashula aytarkan. Janjal ana shundan kelib chiqdi. Bir mazhabga mansub bu ikki nasroniy bir-birlariga nimalar demadi, Hazrati Ona va Hur Qiz boshiga ne bir bid’at-qabohatlar yogʻdirmadi!

-Juda chiroyli-da, sening, gunoh qilmagan, qizing!

-Yoʻqol ma’suma onang bilan!

-Falastinda ne bir gunohlarga botmadi, oʻsha hur qizing!

-Heh, sening ma’sumang-chi? Oʻsha badbasharang? Eh-he, ne bir qilgʻiliklarni qilmadi... Ularga Yusuf alayhissalomning oʻzlari guvoh.

Neapol portiga, janjalkash odamlar orasiga, tushib qolmaganimni tushunib yetishimga faqat pichoqlarning qinidan qalqib, yarqiramagani imkon berdi. Xudo haqi, agar haydovchi aralashmaganda, bu ajoyib teologiya turniri ana oʻshanday yakunlangan boʻlardi.

-Oʻsha ma’sumalaring bilan bizni tinch qoʻysanlarmi, yoʻqmi? –Bokerliklarga poʻpisa qildi haydovchi. Axir, buning hammasi ayollarning uzoq-uzoq oʻtmishi-ku! Erkak odam ham ayolning gʻiybatini qiladimi?

Shunday dedi-da, boshi uzra jahd bilan qamchinni bir aylantirib oldi. Shu zohatiyoq hamma hovridan tushdi.

Tortishuv tugagan edi; ammo jazavasi pasaymagan nonvoy qolgan soʻzamolligini koʻrsatishga oʻzida ehtiyoj sezdi-da, lom-mim demasdan, oʻz oʻrnida gʻamgin oʻtirgan badbaxt shapka tomon oʻgirilib, masxaraomiz dedi:
— Ha, sening xotiningchi, charxchi?... Senii farishtang qaysi cherkov ma’budasi?

Butun koʻnka qahqaha otib yuborganiga qaraganda uning bu gapida bir masxaraomiz kinoya borligiga ishonsa boʻlardi... Faqat bir kishi, charxchi, kulmadi. U oʻzini eshitmaganday tutardi. Buni koʻrgan nonvoy men tomonga burildi-da:

-Janob, siz buning xotinini, oʻsha ayolni, bilmaysizda. E, asti qoʻyaaering, u ibodatxonaning antiqa qavmi! Bokerda uning xotiniday ayol bittayu bitta, ikkita topilmaydi.

Kulgi yanada kuchliroq koʻtarildi. Charxchi pinagini ham buzmadi. Xolos, boshini koʻtarmasdan mingʻirladi:

-Jim boʻl, nonvoy.

Ammo bu shayton nonvoy jim boʻlish oʻrniga tilini yanada qayrab, masxara gapni qaytadan doʻndira ketdi:

Eshak olati! Bu doʻstim shunday xotini borligidan oʻkinmasa ham boʻladi... Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, xotinidan qandoq nolisin, u bilan bir fursat ham birga boʻlmasa... Har olti oyda uning parivashini kimdir ergashtirib ketadi. Albatta, sirli safardan qaytgan parizodning sizga aytadigan koʻp sarguzashtlari boʻladi...

-Menga-ku bari bir, davom etdi nonvoy, faqat, bu ham bir antiqa kasb-kormi, deymanda...

-Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, janob, bir yil mobaynida eru xotin bir toʻshakda bir marta ham yotmasayu, xotin qurgʻur qaytgan kuniyoq hayo-huv! Qarab turibsizki, bu shoʻrpeshananing jufti haloli qandolat sotuvchi bir boyvachcha bilan Ispaniyaga joʻnab ketmoqda.

Er bechora oʻz kulbai vayronasida soʻqqabosh qolib, koʻz yosh toʻkishdan va alamini vinodan olishdan oʻzga chora topolmadi... U jinnisifat boʻlib qoldi. Bir muncha vaqt oʻtgach, parizod ispan libosida tovlanib, qoʻlida qoʻngʻiroqchali kichkina doira bilan yurtiga qaytib keldi.

-Eringning koʻziga koʻrinma, -derdik hammamiz unga, -u seni oʻldiradi.

-Evoh holingga! Uni oʻldirdi, deysizmi? -Yoʻq, bu xilda xayollarni oʻylamang... U, hech nima koʻrmaganday, xotini bilan qaytadan qoʻshildi ketdi. Xotini esa eriga bask doirasini doʻm-doʻm qilishni ham oʻrgatdi.

Qaytadan qahqaha gumburladi.Charxchi kunjakdan yana poʻngʻilladi:

-Jim boʻl, nonvoy.

Nonvoy charxchining soʻziga e’tibor ham bermadi-da, uning ustidan kulishni davom ettirdi:

-Balki, siz, janob, oʻsha tannozxon tinchigandir, deb oʻylarsiz... Eh-he, aksincha... Uning kirdikoridan eri jirkanmayaptiku! Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas... U ergashib ketgan erkaklarning soni bor, sanogʻi yoʻq. Ispaniyadan keyin bir zobit, innaykeyin Rona kemachisi, innaykeyin muzikachi... Men ularning hammasini bilamanmi? Hammasi yaxshi, hammasi ajoyib! Bir manzara har safar takror: xotin ketadi, er yigʻlaydi; xotin qaytib keladi, er tinchiydi; xotin boshqa erkak quchogʻida doim boʻlib kelaveradi, er hech nima bilmaganday uni doim xotinlikka qayta olaveradi. Bu er deganning toqati toq boʻlmas ekanda! Charxchining jajji xotini juda-juda goʻzal, nihoyatda xushbichim, oʻynoqi, dilbar... Ayolni xayoliga keltirmaydigan kardinalni ham tuzogʻiga tushiradigan bu nozik nihol oppoq badanini koʻz-koʻz qilib, jilmayganicha ohu koʻzlarini doim erkaklarga tikib turadi. Inoning, Parijlik janob, gar bir kun Bokerga qayta yoʻlingiz tushsa...

-Uh! Jim boʻlsang-chi, nonvoy, sendan iltijo qilaman... , - yurakni oʻrtaydigan ovoz bilan yana yalindi bechora charxchi.

Shu tobda dilijans toʻxtadi. Biz Angolores qishlogʻiga yetib kelgandik. Ikki Bokerlik oʻsha yerda tushishdi. Xudo haqi, men ularning ushlanib qolishini sira-sira istamasdim... Qanday zaharxanda bu nonvoy! Masxarasining qahqahasi qishloq toʻridagi hovlisidan ham hanuz eshtilib turardi.

Kamarglik Arl shahrida tushib qoldi. Oʻsha odamlar ketdiyu, koʻnkada shamol yotganday boʻldi. Haydovchi ham qonini bir oz qimirlatish mashqida otlari bilan yonma-yon koʻcha boʻylab borardi... Yuqorida faqat ikkimiz, charxchi va men qoldik. Har qaysimiz oʻz kunjagimizda sukut saqlab borardik. Havo issiq, koʻnkaning charmi qizigandan qizib borardi. Aravaning issiqda tebratishiga elib, boshim ogʻirlashib, koʻzim goh-goh ilinganday boʻlardi, ammo aslo uxlay olmasdim. «Jim boʻl, oʻtinib soʻrayman» degan juda iltijoli, juda iztirobli soʻzlar qulogʻimga doim chalinib turardi... U-chi, u bechora iztirob iskanjasida! Uyqu qayoqda, un chiqarmay yigʻlab borardi... Baquvvat yelkalarining titrayotganiga va oʻrindiq suyanchigʻida osilib turgan qariyaning qoʻlidek qonsiz va jonsiz qoʻlining qaltirayotganiga koʻzim tushdi.

-Mana, muhtaram Parijlik, manzilga ham yetib keldingiz, -dedi daf’atan haydovchi. U qamchisining uchi bilan yam-yashil tepalikni menga koʻrsatdi. Tepalikda qoʻnib turgan katta kapalakdek tegirmon koʻrinib turardi.

Men koʻnkadan tushishga shoshildim. Charxchining yonidan oʻta turib, shapkasi yopib turgan yuziga boqishga harakat qildim. U mening niyatimni oldindan anglagandek, egik boshini birdan koʻtardi-da, koʻzini koʻzimga tikib, dedi:

-Mana, meni yaxshilab koʻrib oling, oshna, -dedi boʻgʻiq ovozda, - agar kunlardan bir kun Bokerda bir kishi oʻzini oʻzi oʻldiribdi, deb eshitsangiz, men uni bilardim deb, bemalol aytishingiz mumkin.

Uning yuzi mahzun va soʻlgʻin, kirtaygan koʻzlari namli, ammo ovozi alamga toʻla edi. Alam!... Er kishining gʻazabi alam boʻlib qolmasligi kerak!... Falakning gardishi bilan men charxchining xotiniga aylanib qolsam, albatta, unday erdan hazar qilgan boʻlardim...