OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlijon Zohidiy
Asar nomiTez yordam (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Alijon Zohidiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tez yordam (hajviya)
Alijon Zohidiy

— Toʻgʻrisini aytsam, — dedi Adham ikkinchi shisha boʻshaganidan keyin qulfi dili biroz ochilib. — Asli oʻzi doʻxtirman, Tibbiyot institutini tugatganman. Tez yordam sohasida oz-moz ishlaganman ham.

Uning bu gapidan Gʻijduvonning barkashidek katta va silliq basharasiga, ayiqdek serjun va bahaybat gavdasiga angrayib qarab qoldik. U salkam ikki yildan beri biz bilan yonma-yon bozorda mayda-chuyda sotar, har oyda bir marta uch-toʻrt bozorchi qoʻshilib, gap-gashtak oʻynar edik. Ammo shu oʻtgan qariyb ikki yillik tanishligimiz davrida uning oʻtmishi bilan loaqal qiziqmagan, tibbiyot xodimi ekanligi esa yetti uxlab tushimizga ham kirmagandi.
— Xoʻsh, undan keyin-chi, — gapni chuqaladi A’zam naynov ogʻziga katta bir boʻlak goʻshtni tiqib gazak qilar ekan, koʻkka moyil koʻzlarini shigʻraytirib. — Odam doʻxtiri boʻlganmisiz ishqilib... Oʻ boyagidek... haligi... nimaydi? Mol doʻxtiri boʻlgansizmi?

Adham boʻliq sonlarini qorniga tortib, oʻngʻay oʻtirib oldi-da, oqiga toʻlatilgan navbatdagi piyolani koʻtarib yubordi, ogʻzini karrakday ochib, choʻzib bir kekirib qoʻydi. Soʻng xotiralar ummonidagi duru gavharlarni socha boshladi:
— Otam kalxoʻzning rayisi edi. U doim meni erkalab: «Bolam kattarsa rayis qilaman!» — derdi. Enam esa tez-tez kasal boʻp turgani bois doʻxtir boʻlishimni istardi. Nihoyat maktabni bitirganimdan keyin enam ustun kelib, Tibbiyot institutiga kirishimga otamni koʻndirdi. Oʻziyam institutga kirib, bitirib chiqqunimcha bir kalxoʻzning puli ketdi-yov! Sadagʻang ketgur bu institutda odamning murdasidan tortib, har xil dardi bedavo kasallarni ham koʻrishingga majbur qilisharkan! Ayniqsa, kasalxonalardagi tungi navbatchiliklarni aytmaysizmi?.. Ammo chindan ham «Talabalik — oltin davrim» deganlari rost ekan! Qizlar bilan kinoma-kino sangʻishmi, kallayi sahargacha davom etadigan oʻtirishlarmi, ziyofatlarmi — hammasini bearmon koʻrdik. Xullas, shu tariqa olti yilning koʻkini kiyib yuboribmiz. U paytlari institutni bitirganingdan keyin davlat taqsimotidan oʻtardik. Xullas, bizni ham taqsimot kengashi saxti-sumbatimizga qarab oʻtirmasdan «Tez yordam» doʻxtiri sifatida taqsimlab yubordi, deng.

Biror oy institutni bitirganimiz sharafiga ziyofatma-ziyofat yurdik. Undan keyin «Tez yordam» stantsiyasiga ilimiliqqina boʻlib kirib bordim. Oʻshanda bosh hakim allaqanday bir doʻxtirchaga qoʻshib, bir oy tajriba oʻtashga qoʻydi. Men soʻtakdek yosh bolaning orqasidan «Tez yordam» jomadonini koʻtarib, mazanglab yurishni oʻzimga ep koʻrmasdan, u bilan yaxshilikcha muomarla qildim-qoʻydim.

Doʻxtirchaning choʻntagiga besh soʻmni yumaloq-yostiq qilib tiqdim-da, yaxshi tavsifnoma berasan, qolganini oʻzimga qoʻyib beraver, dedim. U ham oʻzimizdan ekan: «Mayli, ukaxon, — dedi. — Faqat xol qoʻymasang boʻldi!»

Xullas, tajriba oʻtash muddati tugadi. Hamma qatori ohori toʻkilmagan oppoq xalatda taltayib turibmiz, deng. Bir mahal nozikniholgina dispetcher qiz meni yoʻqlab, qoʻlimga chaqiruv qogʻozini tutqazdi. Unda: «Bemor Falonchieva Pismadonchi, 78 yoshda, qon bosimi koʻtarilgan, pismadon manzilda», — degan bitiklar borakan.

Shunday qilib, «Tez yordam» moshinasida ayyuhannos solib, qizil-yashil chiroqlarni yaraqlatib kampirshoning hovlisiga kirib bordik. Yoʻlda qoʻlimdagi dorishunoslik darsligini varaqlab, bosim tushiradigan dorilarning nomlarini, miqdorini yodlab bordim. Boʻsagʻada baland-past boʻlib, kampirshoning kam emas, koʻp emas, naq sakkizta barzangidek oʻgʻli turganakan. Ularni koʻrib, kapalagim uchib ketdi.
— Shu kelbating bilan qoʻrqdingmi? — uni mazax qilmoqchi boʻldim men.
— Toʻgʻrisini aytsam,joʻra, ulardan zigʻircha ham qoʻrqqanim yoʻq. Ammo qoʻlimga umrimda emlovchi ignani ushlamagan, amaliy darslardan qochib, kayfu safoda yurgan mendek doʻxtir nima ham qila olardi, deysiz. Buning ustiga kitobdan hozir oʻqib olgan dorilarim hammasi miyamda algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Tavakkal qildim-da, oʻzimni kampirsho yotgan ayvonga urdim. Boyaqish kampir mening ishtirokimda asfalosofilinga ketib qolmasa goʻrgaydi! Titrayotgan qoʻllarim bilan jomadonni ochib, kitobdan qarab olgan bir necha ampula dorini aralash-quralash qilib, «emi-demi shu boʻlsin, kuf-suf» dedim-da, kampirshoning tomiriga bir amallab sanchdim. Barzangilar poygakda timrayib turishardi. Birpasdan keyin kampirshoning ahvoli battar ogʻirlashdi. Shoshib-pishib bosimni qayta oʻlchadim-u, koʻzlarimga ishonmadim, asbob 60 ga 30 mm. simob ustunini koʻrsatardi.
— Ichib-pichib kirmaganmiding, ishqilib, — voqealarning rivoji oʻz komiga torta boshlaganidan qiziqsinib soʻradim men ham.
— Qayoqda deysan, — dedi u. — Ammo yolgʻon boʻlmasin, bir kun avval Jiydazor koʻchasidagi choyxonada sobiq hamkurslar bilan miriqib ichgandik. Bu roʻyomikan, deb qayta oʻlchab koʻrdim, koʻrsatkichlar boz — boyagidek. Bosim bunday keskin kamayib ketsa, odam hushidan ketib qolishi yoki dorulbaqoga rixlat qilib yuborishi turgan gap. Keyin dorishunoslikdan yodimda qolgan bosim koʻtaruvchi dorilarni eslashga urindim, jomadonni titkilab koʻrsam, ikki-uch xili borakan, ularni aralashtirib kampirshoni emladim. Barzangilar mendan koʻzlarini uzmaydi, deng. Birozdan keyin kampirsho oʻsal boʻlib, tili kalimaga kelmay qoldi.
— Nima, oʻldimi, — vahimaga tushib soʻradi Aziz yana nima uchundir karragi singan burnini ehtiyotlab.
— Oʻlmabdi-yu, undan ham battar boʻlipti, — hikoyasida davom etdi u. — Qon bosimini qayta oʻlchab koʻrsam, 320 ga 280 mm.ni koʻrsatib turibdi, deng. Men lavang, shoshganimdan kampirshoga filning me’yorini yuborib qoʻyibman.
— Qon bosimini oʻlchaydigan asboblar 300 dan ziyodni koʻrsatmas edi, shekilli, — hayron boʻlib soʻradim men.
— Ey, ogʻaynichalish, — dedi u soʻljayibroq. — U zamondagi asboblar 350, hatto 1000 mm. simob ustunini ham koʻrsatardi. Faqat shunday kasalni topsang bas! Xullas, bunday holda bir soniya vaqt ham gʻanimat, kasalning umrini lahzalar hal qiladi. Oʻzimni yoʻqotib oʻtirmadim-da, birvarakayiga 5-6 ampulani aralash-quralash qilib, kampirshoning duch kelgan joyiga suqdim. U hatto ninaning ogʻrigʻini ham sezmay qoldi. Bosimni oʻlchab koʻrsam, 40 mm.ga 0 ni koʻrsatib turardi. Men sekin, zahar tang qilganini bahona qilib, hojatxonaga yoʻnaldim-da, oʻsha joydan quyonning rasmini chizib yubordim.
— Shunday qilib kampirshoni tinchitdingmi? — oramizdan kimdir palagʻda ovozda soʻradi. U esa nimkosadek piyolaga qariyb bir shisha aroqni agʻdardi-da, bir koʻtarishda boʻshatib, orqasidan sarimsoqni gazak qilar ekan:
— Lekin joni qattiq ekan kampirshoning, — dedi xomushroq ohangda. Odam yashayman desa, tibbiyot ham hech narsa qilolmasakan. Men surib yuborgandan keyin barzangilar oʻlim toʻshagidagi kampirshoni kasalxonaning jonlantiruvchi boʻlimiga olib kelishibdi. Muolajadan soʻng u ikki-uch kunda otdek boʻlib ketibdi. Aytishlaricha, u hozir toʻqsonlardan oshib, davru davron surib yurganmish. Men esa shu qochgancha, «Tez yordam»ning ostonasiga ham qaytib qadam bosmadim. Hali ham hujjatlarim oʻshoqda yotgan boʻlsa kerak.

U hangomasini tugatdi. Biz esa ana shunday doʻxtirning qoʻliga tushib qolishdan Yaratganning oʻzi asrasin, deb oxirgi qadahni boʻshatganimizda, tun yarmidan oqqan edi.