OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlijon Zohidiy
Asar nomiToʻydan keyingi tomosha (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Alijon Zohidiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻydan keyingi tomosha (hajviya)
Alijon Zohidiy

Tungi navbatchilikdan keyin ishdan horib-charchab kelsam, xotinim qoʻlimga telegramma tutqazdi.

«Ikki kundan keyin toʻy, — deyilibdi unda. — Tutingan oʻgʻlingizni uylantirayapmiz. Siz kelmasangiz bizga tatimaydi. Kamoli ehtirom bilan falonchi.»

Telegrammani oʻqib oʻylanib qoldim. Keyin falonchining kimligi esimga tushib ketdi. Bundan oʻn yilcha muqaddam olis tumanlardan birida koʻrichagi yorilib asorat bergan bir bolani operatsiya qilgan edim. Oʻshanda ota-onasi «Endi oʻgʻlimizning tutingan otasi boʻlasiz», degan edilar. Shunga ham allaqachon oʻn yil boʻlib, oʻgʻilchamiz uylanayapti ekan. Dam olish kuniga toʻgʻri kelgani uchun toʻyga borishga qaror qildim. Hamkasbim Azim doʻxtirni ham hamrohlikka koʻndirdim.

Yozning boshi emasmi, hali kelinchak koʻklamning tarovati ketmagan, atrof koʻm-koʻk, havo dam olishga chorlovchi tarovatli. Mashinani boshqarib ketar ekanman, nuqul ashula aytgim keladi, yurak sururga toʻla. Hash-pash deguncha togʻli tumanning toʻyxonasiga kirib bordik. Atrof tumonat odam. Kuyovbolaning dadasi bizni toʻyxona ahliga rosa bir soat tanishtirdi... Buyogʻiga esa oqu qizili aralashib ketdi. Tungi soat oʻn ikkilarda toʻy tugadi...
— Mehmon ako, — dedi kuyovbolaning togʻasi qoʻlimdan tutib. — Ende bizning hovliga borib dam olamez. Hovli shundoqqina qishloqning chetida, bir yogʻi toqqa tutashib ketgan, maza qilib hordiq chiqarasez. Hayme?

«Hay» — deyishdan boʻlak iloj qolmagandi. Buning ustiga kecha navbatchilik ogʻir oʻtgan, tuni bilan operatsiyada boʻlgan edik. Charchoqning zoʻridan koʻzlar biyo-biyo boʻlib turibdi. Yarim soat oʻtar-oʻtmas togʻaning hovlisiga yetib bordik. Kelinoyi hovliga, kattagina qayragʻochning tagidagi supa ustiga Azimboy ikkalamizga oʻrin solib berdi. Qishloq tuni chindan ham tarovatli, mayin shabadadan daraxtlar jilva bilan chayqaladi, bepoyon osmonda yulduzlar koʻz qisib charaqlaydi. Togʻdan esgan toza havo odamni mast qilay deydi. Allaqaerlardan kelayotgan bahorgi gullarning anvoyi hidi dimoqni qitiqlaydi.
— Bunday goʻshada yashagan odam keksaymasa kerak, — dedim azbaroyi rohat qilganimdan Azimboyga qarab... U esa... allaqachon xurrakni urgan ekan... Shirin xayollar meni ham girdobiga tortib, qanday uyquga ketganimni bilmay qolibman... Bir payt reaktiv samolyotning mudhish ovozidan uygʻonib ketdim-u yarim yalangʻoch oʻtirib olgan Azimboyga koʻzim tushdi... Qoʻrquvdan koʻzlari kattalashib ketgan. Bechoraning tili kalimaga kelmasdi. Qarasam, togʻaning harom qotgur qirchangʻi eshagi boʻshalib kelib, naq tumshugʻimizning tagida hangrab yuborgan ekan.
— Haytovur, — dedi Azimboy ichkoʻylagining yoqasiga tuflab. — Men bomba portladimi debman.

Charchoq zoʻrlik qildimi, birpasdan keyin ikkalamiz ham qotib qoldik. Necha daqiqa uxladim, bilmayman. Isrofilning suridek mudhish hayqiriqdan sakrab turib ketdim. Ovoz sohibi Azimboy ekan.
— It boʻlay, — dedi u koʻrpadan irgʻib turib. — Oyoq tomonimdan koʻrpa ichiga bir balo oʻrmalab kirdi. Ilon boʻlsa kerak.

Gugurtni yoqib, oʻrin-toʻshaklarni silkitib qaradik. Azimboyning chotiga kirib olgan jonivor kichkina mushukbola ekan, bechora sovqotganmi, onasini qoʻmsaganmi, har holda issiq toʻshakka uribdi. Bir oz hovrimizni bosib, yana uyquga ketdik... Jungli oʻrmonida chupa-chups shimib sayr qilib yurgan emishman. Bir mahal chogʻroqqina togʻ bagʻridagi kattakon gʻorga duch keldim. Ichkariga kirmoqchi boʻlib, oldinga intilganimni bilaman, togʻ gʻor-pori bilan yuqoriga koʻtarildi va 180 darajaga burildi. Ne koʻz bilan koʻrayki, togʻ — ulkan dinozavr, men gʻor deb oʻylagan chuqurlik esa dinozavr dumining tagi ekan. U burilib katta tezlik bilan quva boshladi. Vahimali chinqirishini-ku, qoʻyavering! Jon holatda qochaman deb yiqilib tushdim. Koʻzimni ochib qarasam, toʻshakdan hoʻl ariqchaga agʻanab tushgan ekanman. Shundoqqina paxsa devor ustida mushuklar juftlashib, azbaroyi rohat qilganidanmi, ayyuhannos solib miyovlashar edi.
— Normalniy mushuklar fevral-martda mov boʻlmasmidi? — dedi soʻljayib oʻtirgan sherigim.

Bir amallab ichkiyimdagi loylarni artib, joyimga chiqdim. Junjikib toʻshakka kirdim. Bir ozdan keyin badanimga iliqlik inib, koʻzlarim yumildi. Necha daqiqa oʻtdi, bilmadim, dodlagan ovozdan choʻchib uygʻondim. Azimboy tutqanoq tutgandek qaltirar, chalakam-chatti kalima ham qaytarar edi.
— Meni alvasti bosdi, — dedi dir-dir titrab. — Tirnoqlari oʻtkir, koʻzlarimni oʻyib olay dedi. Tumshugʻi uchqur, qanotlari ham bor. Ilgari oʻn yoshimda palovga toʻyib, qoʻlimdagi moy yuqi bilan uxlaganimda ham bosgan edi. He, sanga qoʻshilib toʻyga kelmay...

U alamdan behayo soʻzlar bilan soʻkindi. Men Azimboyning naq qanshari ostida turgan «alvasti»ni koʻrish uchun sinchiklab qaradim. U qayragʻoch shoxida sheriklari bilan nimanidir talashib, pastga — Azimboyning basharasiga qulab tushgan babaq xoʻroz ekan. Qorongʻuda chindan ham alvastidek boʻlib turibdi. Soatga sekin koʻz yugurtirdim, uning millari tungi uch yarimni koʻrsatardi.
— Endi, ogʻayni, alvasti yoki yana boshqa birovi bosti deb vahima qilishni yigʻishtir, bir yarim soatgina mizgʻib olaylik, — dedim uni insofga chaqirib. — Hademay tong otadi, 200 chaqirim yoʻl bosib ishga ham yetib borishimiz kerak.

Xullasi kalom, qaytadan uyquga ketdik. Dimogʻimda badboʻy bir hidni sezib, koʻzlarimni ochdim. Peshonamda soʻlaqmondek tumshugʻini basharamga oʻqtalganicha bahaybat qoʻngʻir ayiq turardi. Nafasim ichimga tushib ketdi.
— Toʻyga kelmay men oʻlay, — dedim ichimda. — Ey, xudo, ajalim yetaklab keldimikan meni? Toʻxta, toʻxta, bu togʻlarda oxirgi ayiq oʻttiz yil burun otib oʻldirilgan, deb Qizil kitobda oʻqigan edim. Demak, bu maxluq gʻor-porlarda yashirinib yurgan va odamzoddan beshafqatligi uchun oʻch olmoqchi boʻlib uzoq payt poylagan. Men shoʻrpeshona uning nasibasiga toʻgʻri kelib qolganga oʻxshayman. Alvido, tanish-bilishlar. Ayiq yeb ketgan mendek bir omadsizni eslab turinglar. Alvido!

Ayiqning badboʻy tumshugʻi tobora yaqinlashib, nihoyat burnimning uchiga tiraldi. U menga tashlanishga negadir shoshmasdi. Yosh bola shokoladni yeyishdan avval obdon tikilib rohatlangani kabi u ham oʻljasidan rohatlanmoqchi shekilli. Voy la’nati maxluq-ey!

Toʻsatdan zoologiya kitobida ayiqlar toʻgʻrisida oʻqigan bir narsa esimga tushib qoldi. Unda yozilishicha, ayiqlar harchand och boʻlmasin, oʻlimtiklarni yeyishmas ekan. Faqat oʻzlari oʻldirib, keyin tanovul qilar ekan. Bu ma’lumot meni bir oz ruhlantirib yubordi. Demak, nima qilib boʻlsa ham tong otgunicha oʻzimni oʻlikka solib yotishim kerak. U yogʻiga xudo poshsho! Ey xudo, bechora bandangga rahm qil!

Necha daqiqa qimir etmay yotdim, bilmayman, bir mahal orqamga burga kirib chimillatib chaqdi. Chaqqanda ham shunaqa achitdiki... Qoʻl zormandani orqamga tiqishdan va huzur qilib qashinishdan oʻzimni arang tiyib turibman. Qimirlasam, oʻlik emasligim la’nati maxluqqa ayon boʻlib qoladi, laqillatganim uchun u boshimni silamasa kerak, har holda! Aksiga olib la’nati burga naq dumbaga qaytadan nish urdi. Sakrab ketishimga bir bahya qoldi. Ey xudo, bu nima azob, yuragini har kuni kalxatlar choʻqib yeydigan Prometey ham, osmonni ikkita qoʻlida bir umr koʻtarib turadigan Atlant ham mendek bardoshli boʻlmasa kerak? Bir bora huzur qilib qashinish uchun minib yurgan mashinamni ham tikib yuborgan boʻlar edim. Ammo, gap hozir hayot va mamot ustida ketayapti, qashindingmi, oʻzingni ayiqning oshqozonida koʻraver! Undan naryogʻi oʻzingga ayon! Birpasdan keyin burgalar kavaleriyasi hujumni boshladi. Hushimdan ketganim ming bora afzal edi — oʻyladim men. Shu payt birorta soʻtakroq anesteziolog narkoz berib yuborsa ham mayliydi. Bu nima azob?

Koʻzimning qiri bilan ufqqa tikildim. Oppoq shoyi roʻmoldek boʻlib tong yorishib kelmoqda. Padari qusur, maxluq rapidadek betini basharamga tiraganicha bir qadam ham jilishni xayoliga keltirmayapti.
— Sharik, mehmonning tepasida nima qilib turibsan, qirilgur, — togʻaning xotini itini chaqirdi. — Tur yoʻqol, qani! He itdan tarqagan...

Tepamdagi maxluq sekin burilib, boshimdan nari ketdi. Ne koʻz bilan koʻrayki, bu kattaligi naq buzoqdek keladigan koʻppak ekan. Vahimachi boʻlmay men oʻlay, salgina e’tibor berib qarasam, ikki soat uning badboʻy hididan bahra olib jon hovuchlab yotmagan boʻlardim.
— Uzer mehmonjon, — bidirlagancha togʻa kelib mulozamat qildi. — Itemiz shundoq vafodor, mehmonimezga ber kor-hol boʻlmasoʻn deb sezni personalniy qoʻriqlab cheqqon. Palage toza-da jonevorneng...

He, palagingga qoʻshilib har narsa boʻlgin. Bolalarimni otasiz qoldirishingga bir bahya qoldi-ku, zangʻar!

Xullas, labdagi uchuqlar bitib gazaklar ketguniga qadar Azimboy ikkalamiz bir hafta "bolnichniy" ochtirdik. Azimboy ikki- uch oy psixiatr oshnamizga ham qatnab davo oldi. Shundan beri qishloqqa toʻyga deyishsa, uzr okajon, deymiz va ich-ichimizdan qaltiroq keladi.