OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlinazar Egamnazarov
Asar nomiTinib-tinchimas hamkasblar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Alinazar Egamnazarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 2-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tinib-tinchimas hamkasblar (hikoya)
Alinazar Egamnazarov

«Kabobni Olib Kel»

Marhum jurnalist Xolbek Yodgorov oshxoʻrlikni yaxshi koʻrardi. U «Qizil Oʻzbekiston»da ishlagan 50-yillarda mehnat ta’tiliga chiqqan yoki xizmat safariga borib kelgan xodimlarning choyxonada osh qilishi an’anaga aylangan edi.

Bir kuni tahririyat xodimlaridan besh-olti kishi ravoqda turganida Xolbek aka Sulton Akbariyga debdi:
— Buxoroga bir haftalik xizmat safariga bordingiz-u, lekin nega osh qilib bermadingiz?
— Hozir pulim yoʻq, — debdi Sulton aka.
— Qachon boʻladi?
— Yaqinda bir joydan qalam haqi kelishi kerak, oʻshanda qilib berarman.

Shu payt ravoq boshida pochtachi koʻrinibdi. U jurnalistlar yoniga kelib koʻrishgach, debdi:
— Xolbek aka, sizga Fargʻonadan «извещение» bor.

Shunda davradagilardan biri:
— Ana, osh qilish uchun pul topildi, — debdi.

Xolbek aka esa:
— Hozir pochtaga borish uchun vaqtim yoʻq, — debdi-da, xonasiga kirib ketibdi.

Pochtachi ortiga qaytib ketayotganida Toʻlagan Soatov uni toʻxtatib:
— Xolbekning «извещение»sini bering. Unga oʻzimiz berib qoʻyamiz, — debdi.

Pochtachi «извещение»ni Toʻlagan akada qoldiribdi. Xolbek aka bir oy avval Fargʻonaga borganida viloyat gazetasi uchun yozgan bosh maqolasiga 30 soʻm qalam haqi yuborilgan ekan.

Pochtachi ketgach, Toʻlagan Soatov:
— Kimning pasporti yonida? — debdi:
— Mening pasportim yonimda, — debdi Sobit Toirov.

Toʻlagan Soatov oʻsha zahoti Xolbek Yodgorov nomidan ishonch qogʻozi yozib, uning imzosini qoʻyib, Sobit akaning qoʻliga tutqazibdi. Sobit aka darrov pochtaga borib, pulni olib kelibdilar. Keyin besh-olti jurnalist «Toshkent» restoraniga kirib, ajoyib gazaklar bilan tushlik qilishibdi. Qaytishda ikkita non orasiga kabob va gazaklardan solib, gazetaga oʻrab, Xolbek akaga «nasiba» olib kelishni ham unutishmabdi.

Voqeadan kimdir Xolbek akani xabardor qilgan ekan. U pochtaga telefon qilib: «Hozir bir odam soxta ishonch qogʻozi bilan mening pulimni olgani boradi, unga pul bermanglar», — debdi. Lekin xabar kechikkan, bu paytda Sobit aka pulni olib, pochtadan chiqib ketishga ulgurgan ekan. Buni bilgach, Xolbek akaning kayfiyati battar yomonlashibdi.

Sobit aka bundan bexabar restorandan keltirilgan «sovgʻa»sini olib kirib:
— Xolbek aka, biz toʻrt-besh kishi bir joyga mehmondorchilikka borgan edik. Dasturxondagi noz-nematlardan sizga ham ilindik, — debdi.

Shunda Xolbek aka:
— Koʻtar sovgʻangni, men senlarning sarqitlaringga zor emasman! — debdi.

Sobit aka bir narsa deya olmay qaytib chiqib ketibdilar. Biroz vaqtdan keyin muharrir muovini Qobiljon Uzoqov oldiga ish bilan kirsa, u:
— Sobitjon, qilgan ishlaringdan Xolbek xafa boʻldi. Restoranga borganlar oʻrtada yigʻib, pulini qaytarib beringlar, — debdi.

Sobitjon aka Qobiljon akaning aytganini qilib, yana Xolbek akaning oldiga kiribdi-da:
— Ustoz,siz pochtaga borib ovora boʻlib yurmang deb, qalam haqingizni men borib olib kela qoldim, — deb oʻttiz soʻm pul uzatibdilar.

Xolbek aka pulni olgach, jilmayib debdilar:
— Endi boyagi kabob bilan nonni olib kel, Sobitxon, choy qoʻyib yuborishni ham unutma.

Ikki Oylik Baxt

Marhum hamkasb doʻstim Hamid Ikromovni koʻchada uchratib qolib, soʻradim:
— Hamidjon, mehnat ta’tiliga chiqdingizmi?
— Yoʻq,
— Qachon chiqmoqchisiz?
— Tahririyatimizdagi «N» mehnat ta’tiliga chiqib kelganidan keyin.
— Sizning mehnat ta’tiliga chiqishingizning u odamga nima aloqasi bor?
— Bilasiz-ku, men uni jinimdan battar yomon koʻraman. U ta’tildan qaytganidan keyin chiqsam, uni ikki oy koʻrmaslik baxtiga muyassar boʻlaman.

«... Beting Qursin»

50-yillarda «Qizil Oʻzbekiston» gazetasida M.ismli ancha ishyoqmas matn koʻchiruvchi boʻlarkan. U mashinkaga yangi qogʻoz qoʻyib, toʻrt-besh qator yozgan boʻlarkan-da, soʻng yonidagi hamkasbi bilan gap sotib oʻtiraverarkan. Jurnalistlar ba’zan shoshilinch maqolalarni aytib yozdirish uchun uning oldiga kirsalar: «Shu betim chiqsin, keyin siz bilan yozaman», deb bahona qilarkan. Lekin bu bet ha deganda chiqavermas ekan.

Bir kuni jurnalist Shoahmad Shorahmedov yangi maqolasini M.ga aytib yozdirish uchun matn koʻchirish xonasiga kiribdi. M. esa: «Mana shu betim chiqsin, keyin yozib beraman», debdi. Shoahmad aka, «Yaxshi» deb qaytib chiqib ketibdilar. Oradan yarim soatcha vaqt oʻtgach, yana matn koʻchirish xonasiga kiribdilar. M. haligi javobini takrorlabdi. Shoahmad aka ortiga qaytib chiqib ketibdilar. Yarim soatcha oʻtgach, yana kiribdilar. M. bu gal ham eski javobini aytgan ekan, Shoahmad aka unga yaqin kelib oʻqrayib qarab:
— Xoʻ, beting qursin! — debdi.

Galstuk

Saidvaqqosovga hokimlikdan qoʻngʻiroq qilishib, ertaga soat oʻn birga Valixonov qabuliga kelish kerakligini aytishdi. Valixonov kimsan — hokim, Saidvaqqosov esa kichik shaharda madaniyat boshqarmasi boshligʻi. Hokim qabulida boʻlishning nozik jihatlari koʻp. Ya’ni, baxtingiz chopsa, yuqoriroq lavozimga oʻtib ketishingiz mumkin. Dakki berish, ishdan olish uchun chaqirgan paytlari ham boʻladi. Bundan xudo asrasin.

Saidvaqqosov ertalab ishga «poʻrim» kiyinib keldi. Boshqarmadagi ziyrak xodimlar esa boshliqdagi bu oʻzgarishga darhol e’tibor berib, bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Boshliq ikki-uch xodimni huzuriga chaqirib ish yuzasidan gaplashguncha, soat oʻn boʻldi. Xonada yolgʻiz qolgach esa, oʻrnidan turib, eshik yonidagi devorga ilingan oynaga qarab, ust-boshiga razm soldi. Shunda boʻynidagi galstugi yaxshi bogʻlanmaganligiga e’tibor berdi. Galstukning tugunini toʻgʻrilamoqchi boʻlganda, uchi tugun orasidan sirgʻalib chiqib ketdi.

Saidvaqqosov galstuk bogʻlashni bilmasdi, shu bois kotibasini chaqirdi:
— Lobar, galstuk bogʻlashni bilasizmi?
— Yoʻq.
— Kim biladi?
— Surishtirish kerak.
— Darhol surishtiring, men hozir hokim oldiga borishim kerak.

Kotiba xonama-xona yurib, xodimlardan kim galstuk bogʻlashni bilishini surishtirdi. Ming afsuski, oʻttiz kishilik jamoada faqat bir kishi galstuk bogʻlashni bilarkan-u, u ham aksiga olib, hozir ishxonada yoʻq ekan. Kotiba buni Bosit Saidvaqqosovichga ma’lum qilgandi, u shoshib:
— Kim ekan u? — debdi.
— Shoirimiz Nurulla Joʻshqin.
— Qaerga ketibdi shoir?
— «Beshqarsak» dastasining yangi dasturi koʻrigi boʻlayotgan ekan, oʻsha yoqqa ketibdi.
— Shofyorimga ayting, hoziroq borib uni olib kelsin.

Soat oʻn birga oz vaqt qolayotgan edi. Boshqarma haydovchisi «Volga»ni uchirib koʻrik boʻlayotgan joydan Nurulla Joʻshqinni olib keldi.

Joʻshqin yetib kelganda Saidvaqqosov xonasida yechilgan galstugini qoʻlida tutgancha hayajon bilan u yoqdan bu yoqqa yurardi. Joʻshqin ichkariga kirishi bilan boshliq:
— Nurullajon! Meni soat oʻn birda Valixonov kutyapti. Bu enangni... galstuk yechilib ketdi-ku! — dedi.
— Hoziroq bogʻlaymiz-da uni, aka.

Joʻshqin boshliq qoʻlidagi galstukni olib, barmoqlarini xuddi sehrgarday harakatlantirib, uni bir pasda chiroyli qilib bogʻlab, Saidvaqqosovning boʻyniga taqdi. Boshliq yana oynaga qarab, mamnun qiyofada Joʻshqinga dedi:
— Ming rahmat, uka! Yaxshiyamki, siz bor ekansiz...

Hokimiyatda nima gap boʻlgani noma’lumu, ammo galstuk voqeasidan soʻng koʻp oʻtmay Joʻshqin oddiy xodimlikdan yetakchi xodimlikka koʻtarildi. Uni yigʻilishlarda bironta xodim tanqid qilsa, Saidvaqqosov himoya qiladigan boʻldi.

Boshliqqa qarab, boshqalarning ham munosabati oʻzgarib, shoir bilan quyuq soʻrashadigan boʻlib qolishdi. Joʻshqin bu oʻzgarishlarning asl sababini yaxshi anglar, shu bois Bosit Saidvaqqosovga xoli joyda duch kelsa, salom-alikdan soʻng «Yechilib ketsa, men bor!» deganday uning galstugini yoʻliga boʻlsa ham toʻgʻrilab qoʻyardi. Bu boshliqqa ham xush yoqardi, albatta.

Lekin har bir yaxshi narsaning yomon tomoni ham boʻlarkan. Saidvaqqosov Joʻshqinning jamoadagi galstukni bogʻlay oladigan yagona odamligini bilgandan beri uni san’atkorlar bilan gastrollarga ham, xizmat safariga ham yubormay qoʻydi. Boshliq bu ishini har gal turli bahonalar bilan izohlardi. Aslida esa, mabodo galstugi yechilib ketsa, bogʻlab beradigan odam topolmay qiynalishini oʻylab, uni oʻzidan uzoqlashtirmasdi.

Joʻshqin bu haqda oʻylab-oʻylab, oxiri ilojini topdi. Saidvaqqosovning tugʻilgan kuni ertalab toʻqqizta chiroyli galstuk sotib oldi. Ularni yaxshilab bogʻlab, boshliq huzuriga kirdi. Uni tugʻilgan kuni bilan tabriklab, sovgʻasini topshirarkan:
— Bu galstuklar mendan sizga tuhfa, Bosit Saidvaqqosovich, — dedi, — Toʻrttasi uyingizdagi shkafda, toʻrttasi ishxonadagi gʻaladonda tursin. Bittasini doim kostyumingiz choʻntagida olib yuring. Boʻyningizdagi qaerda yechilib ketsa, oʻsha yerda shartta almashtirib olasiz.
— Ey, ofarin, Nurullajon, aqlingizga balli! Oʻzi boʻladigan yigitsiz-da, — dedi Saidvaqqosov xazina topgan devonaday suyunib. — Shu narsa shu paytgacha hech xayolimga kelmapti-ya...

Joʻshqin boshliq huzuridan xursand boʻlib chiqdi. Xonasiga kirib, qilgan ishini sirdoshi Solijon Temirovga maqtandi.
— Bu ishing yaxshi boʻlmabdi, — dedi Solijon.
— Nega?
— Obroʻdan ayrilibsan-ku! Jamoamizdagi galstuk bogʻlashni biladigan yagona xodim sifatida mavqeingni boy beribsan-ku!

— Bu yogʻini oʻylamabman. — Joʻshqin boʻshashib joyiga oʻtirib qoldi.