OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlinazar Egamnazarov
Asar nomiToʻydan soʻng (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Alinazar Egamnazarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻydan soʻng (hikoya)
Alinazar Egamnazarov

Oʻshanda Shahlo kelinlik libosini kiyganiga bir haftasi kam olti oy boʻlgan edi. Shahloning mazasi qochib qoldi. Uyga «tez yordam» chaqirishib, uni shifoxonaga olib borishdi. U yerda Shahloni tajribali hakimlar koʻzdan kechirishgach, tugʻruqxonaga oʻtkazishdi. Azonda esa Shahloning koʻzi yoridi.

Ertalab ortidan yoʻqlab kelgan qaynonasi kelinining koʻzi yoriganini eshitib, avvaliga qoʻrqib ketdi.
— Chala tugʻdimi?! — dedi Lazokat xola shoshib. — Omon boʻlgur biron bir ogʻirroq narsani koʻtargan boʻlsa kerak-da.

Doya ayol tabassum bilan bosh silkidi.
— Xavotirlanmang, xola, keliningiz soppa-sogʻ, pahlavonday oʻgʻil tugʻdi. Suyunchini choʻzing!

Shunda Lazokat xolaning rangi birdan oqarib, oyoqlarining boʻgʻinlari boʻshashib, yonidagi oʻrindiqqa oʻtirib qoldi.

Doya ayol hayron boʻlib dedi:
— Sizga nima boʻldi, xola?!
— Axir, toʻy boʻlganiga hali olti oy ham boʻlgani yoʻq-ku! Nega u tugʻadi?!

Lazokat xola hayotida birinchi marta qizi Manzurani ham, oʻgʻli Orifni ham yomon koʻrib ketdi.

Shahloni akasiga koʻrsatgan, uyga olib kelib tanishtirgan, onasini shu qiznikiga sovchi boʻlib borishga da’vat etgan Manzura edi. U Shahlo bilan chevarlik bilim yurtida birga oʻqirdi.

Ikki marta borishganida qiz tomon toʻyga rozilik berdi. «Yoshlar avvalroq topishib, «donlashgan» ekan-ku, bilmagan ekanman-da, — deb xayolidan oʻtkazdi Lazokat xola. — Oʻgʻlim ham ahmoq, yengiltak boʻlgan ekan... Voy, man nodon-a, voy, man anqov-a!»

Keyin Lazokat xolaning xayolidan boshqa bir shubha oʻrmalab, qoʻrqib ketdi. «Nahotki, nahotki, bu bola mening zurriyotim boʻlmasa, nahotki, u haromi boʻlsa?!» — dedi u oʻziga oʻzi.

U yonida qoqqan qoziqday turgan doya ayolga dedi:
— Jon singlim, chaqaloqni bir koʻrsam boʻladimi?

Doya ayol biroz oʻylanib turib:
— Boʻladi, — dedi.

U ichkariga kirib ketib, oq yaktak, oq durra olib chiqdi. Lazokat xola yaktakni kiyib, durrani tangʻigach, doya ayol uni zinadan ikkinchi qavatga olib chiqdi. Bir xonaga olib kirdi-da, hamshiralardan biriga dedi:
— Azonda koʻzi yorigan Shahlo Parpievaning chaqalogʻini olib keling.

Hayal oʻtmay hamshira chaqaloqni olib keldi. Hamshiraning qoʻlida bigʻ-bigʻ yigʻlayotgan goʻdakning yuzi qopqora, sochi jingalak edi. U na otasiga, na onasiga oʻxshardi.

Lazokat xola goʻdakka bir qaradi-yu: «Yoʻq, bu mening bolam emas! Mening bolam emas!» — deb ingraganday tovush chiqardi. U birdan chakkasiga mushtladi, yanoqlariga koʻz yoshlari duv-duv toʻkildi: «Bu nima sharmandalik?! Bu gapni qoʻni-qoʻshnilar eshitsa nima deyishadi?! Voy, toʻyga sarflagan pulimiz halol edi-ku!..»

Orifning toʻyi toʻymisan toʻy boʻlgandi. Toʻy haqida taassurotlar hali ham koʻpchilikning xotirasida edi. Avval sakson kilo guruch damlab, yurtga osh berishdi. Nikoh bazmida esa ikki guruh atoqli san’atkorlar qatnashishdi. Obroʻli-obroʻli mehmonlar soʻzlab, oilaning ta’rifini keltirib, maqtab, ikki yoshga baxt-saodat tilab, qadahlar koʻtarishdi.

Toʻydan keyingi shirin gaplarni aytmaysizmi! Qizil atlas koʻylak, jiyakli atlas lozimda, boshiga oq shohi durra oʻrab, oyogʻiga zar shippak kiyib, yal-yal yonib hovlida xizmat qilib yurgan kelinni koʻrgani kirgan qoʻni-qoʻshnilar Lazokat xolaga: «Voy, kelin emas, gul olibsiz. Ana husn, ana latofat! Keliningizga tez-tez isiriq solib turing, koʻzikmasin», deyishgandi. Oila a’zolari quvonchining ham cheki yoʻq edi.

Endilikda bu gaplarning hammasi behuda boʻlib qoldi.

Lazokat xola shularni xayolidan oʻtkazib, yum-yum yigʻladi. Doya ayol uni yaxshi gaplar bilan yupatib, uyiga joʻnatib yubordi.

Uyda voqeadan qaynota xabardor boʻlgach, u ham tutaqdi. Lekin gʻazabini sirtiga chiqarmay, xotiniga tasalli berdi: «Shoshma, xotin, gapning tagiga yetmay bichib toʻqima. Oʻgʻling kelsin-chi, u nima derkin. Shunga qarab ish qilamiz».

Orif geolog edi, xizmat safari bilan bir oyga Ustyurtga ketgandi. Uni ishlayotgan joyidan barqnoma yuborib chaqirtirishdi. U ertasi ertalab yetib kelib, boʻlgan voqeadan xabardor boʻlgach: «Bu bola meniki emas, — dedi. — Men bu haqda sizlarga gapirolmay yurgan edim. Shahloni shu uyga bolasi bilan olib keladigan boʻlsanglar, men bosh olib chiqib ketaman».

Rahim aka bilan Lazokat xolaning boshlari qotib qoldi. Bu voqea koʻpchilikka oshkor boʻlsa, Rahim aka oilasining ham, quda tomonning ham obroʻsiga yaxshi boʻlmasdi. Shuning uchun ham Lazokat xola sinchkov qoʻshnilar: «Keliningiz qani?» deb soʻrashsa, «Saqlanishda yotibdi», deb yolgʻon javob qila boshladi.
— Zoti past, qiz tarbiyalashni bilmagan odamlarga quda boʻlgan ekanmiz, — dedi u eriga. — Betlari qursin! Chuv tushdik... Kelinning husniga mahliyo boʻlibmiz-u, tagi-zotini surishtirmabmiz. Turing, adasi, qudalaringizning oldiga borib, deydiganimizni deb kelamiz. Toʻyga ketgan xarajatlarni ham toʻlaysizlar, deymiz.
— Oʻchir ovozingni! — dedi shunda Rahim aka xotiniga oʻshqirib. — Qizing ikkoving pishirgan osh bu. Endi bir kamim qudalar bilan janjallashib, mahallaga sharmanda boʻlishim qoldimi? Boʻlar ish boʻldi. Janjallashgan bilan oʻrniga kelmaydi. Oilamizning shovqini koʻchaga chiqsa, men or qilaman. Kechqurun bir oʻzim borib gaplashaman. Qudalarning oʻrniga oʻzingni qoʻyib koʻr. Ularga ham oson emas. Bolamiz shunday boʻlsin, deyishmagandir, axir... Hozirgi yoshlarning tarbiyasi qandayligi ravshan-ku! Ota-ona har bir farzandining ortidan poyloqchi qoʻyolmaydi.

* * *

Shahlo «saqlanish uchun» tugʻruqxonaga yotganini Lazokat xola qudasi Robiya opaga sim qoqib, ma’lum qilgandi. Robiya opa turmushga chiqqan toʻngʻich qizi Nafisaga qoʻngʻiroq qildi. U ertalab singlisidan xabar olishga va’da berdi.

Shahlo rostmana bola tuqqanini shifokorlardan eshitgach, Nafisa ham ong-tong qotib qoldi. Ikki chekkasiga ogʻriq turdi. U oʻz uyiga emas, onasining qoshiga bordi. Uyga darvozadan yigʻlab kirdi.
— Nima gap? Singling sogʻ-salomatmi? — dedi ona hayron boʻlib.
— Sogʻ boʻlmay, qora yer boʻlsin, qizingiz!
— Voy, nega unday deyapsan?
— U tugʻibdi.
— Chala tugʻibdimi?
— Goʻrda chala boʻladimi! Rostmana bola tugʻibdi. Uch kilo ikki yuz gramm.
— Voy shoʻrim, bu nima koʻrgilik?!
— Bola tugʻmay oʻlib qoʻyaqolsa yaxshi boʻlardi. Endi qanday bosh koʻtarib yuramiz. Oʻzi tovuq miya edi bu qizingiz, mana natijasi. Bu gapni qaynonam, tili qilichday qaynagachilarim eshitsa, men nima degan odam boʻlaman?!

Bu voqea Robiya opa bilan Parpi akani kalovlatib qoʻydi. Ular Nafisaga nima deb tasalli berishni bilishmadi. U ichkari xonaga kirib, divanga choʻzilgancha yigʻlab-yigʻlab charchagach, ota-onasiga xayr ham demay uydan chiqib ketdi.

Tushdan keyin Robiya opa tugʻruqxonaga borib, shifokorlardan qizi bilan xoli uchrashtirishni iltimos qildi. Ular iltimosni bajarishdi.

Shahlo onasini koʻrib: «Meni kechiring, oyi!» — deb unga oʻzini tashladi. Robiya opa qizini itarib yubordi. Shahlo gandiraklab borib, devorga suyanib qolib, yigʻlab yubordi. Ona kaftlarini tizzalariga bukib, qizini qargʻadi, yigʻladi. Keyin:
— Kimdan boʻlgan bu haromi, rostini ayt?! — dedi.

Shahlo indamadi. Ona jahl bilan savolni takrorladi.
— Shavkatdan, — dedi shunda sekin Shahlo.
— Qaysi Shavkat?
— Turon koʻchasida yashaydigan, uzoqqa yuk tashiydigan avtomoshina haydaydigan Shavkatdan.
— Boʻlar ish boʻlgan ekan, nega uning etagini mahkam ushlamading?
— U meni aldadi.
— Qanday aldadi?
— Qornimdagi homilamni oldirib tashlaylik, doʻxtir top, desam u: «Men Rossiyaga bir borib kelay, bir hafta-oʻn kunda qaytaman, soʻng homilangni oldirib, senga uylanaman. Hozir pul kamroq», dedi. Lekin Rossiyaga ketib, qirq kunda keldi. Bu orada homilam katta boʻlib qoldi. Keyin oldirgani qoʻrqdim.
— Nega buni menga aytmading?
— Qoʻrqdim... Oʻzimcha bolani tushirmoqchi boʻldim, lekin evidan chiqolmadim... Qoʻymaganingizdan keyin Orifga tegishga rozi boʻldim.
— Qorningdagi bola uniki emasligini ering sezganmidi?
— Avval sezmadi, keyinroq sezdi. Oxirgi paytda u menga qaramay qoʻygan, uyga tez-tez ichib keladigan boʻlib qolgandi...

Robiya opa uyiga qaytdi. Qizi bilan boʻlgan gaplarni eriga aytib turganda, qudalari Rahim aka kirib keldi. Mehmonni «keling» deb kutib olib, ostiga yangi koʻrpacha solishga Robiya opaning zoʻrgʻa madori yetdi, Parpi aka qudasi bilan qoʻl berib soʻrashdi-yu, uning koʻzlariga tik qarolmadi.

Rahim aka qudalari voqeadan xabardor ekanligini darhol sezdi. Oʻtirib, fotiha oʻqigach dedi:
— Hoynahoy, tugʻruqxonaga borgandirsizlar? Voqeadan xabardorsizlar?

Parpi aka sekin bosh irgʻadi.
— Endi nima qilamiz?
— Biz hayronmiz, — dedi Parpi aka. — Bu tashvish osmondan tushganday boʻldi... Endi sizlar nima desanglar shu.
— Boʻladigan ishni qilaylik, quda. Siz ham shaytonga hay deng. Yoshlarimizning taqdiri yolgʻon taqdir ekan. Ularni yaxshilikcha ajrataylik. Sizlarga davo-janjalimiz yoʻq. Toʻy ham bir xayr-ehson. Unga ketgan xarajatlar uchun piysabillilo rozimiz. Ammo, bir gapni aytay, qizingiz tugʻruqxonadan yolgʻiz chiqsa, har ikki oilaning ham obroʻyi saqlangan, el oʻrtasida boʻladigan ortiqcha gap-soʻzlarning oldi olingan boʻlardi.
— Bola nima boʻladi? — dedi Robiya opa.
— Davlatga topshiradi.
— Shunday qilsa boʻladimi?
— Nega boʻlmaydi, boʻladi. U yerda goʻdakni ayollar suti bilan ma’lum muddat boqishgach, goʻdaklar uyiga topshirishadi yoki uni oʻsha yerning oʻzidan befarzand kishilar farzandlikka olib ketishadi.
— Aqlli odamning sadagʻasi ketsang arziydi, — dedi Parpi aka. — Mening boshim qotib qolgan edi. Yaxshi yoʻlini aytdingiz, shunday qilamiz.

Qudasi ketgach, Parpi aka xotiniga dedi:
— Ertalab qizingning oldiga borib ayt, haromisini tugʻruqxonaga tashlab chiqsin.
— Koʻnarmikan?
— Koʻnmasa koʻndirasan-da, onasan-ku!
— Shavkatning ota-onasi bilan oʻzingiz bir borib gaplashsangiz qanday boʻlarkin, adasi? Axir, bola oʻshaniki-ku.
— Boʻladigan gapni gapir, xotin! Men erkaklik gʻururimni yerga urib, u xonadon eshigiga bormayman.
— Boʻlmasa men boraqolay.
— Sen ham bormaysan. Qizing u xonadonga ortida «buzoqcha»si bilan borib baxtli boʻlmaydi.

Ertalab Robiya opa yana tugʻruqxonaga borib, bosh shifokor Umida Qodirovnaning xonasida qizi bilan uchrashib, unga otasining taklifini aytdi.
— Yoʻq, — dedi shunda Shahlo. — Bolamni tugʻruqxonada qoldirmayman. Ahmoqlik qilganimni tan olaman. Endi esa ham er, ham farzanddan judo boʻlish men uchun ogʻir.
— Sen kalta oʻylayapsan, qizim, bizlarni oʻylamayapsan. Otang bilan olti farzandni yemay yedirib, kiymay kiydirib oʻstirdik. Mana, opang yomon oilaga tushmadi, ikki farzandlik boʻlib, bib-binoyi yashab oʻtiribdi. Erta-indin ukang ham harbiy xizmatni tugatib qaytadi. Uni ham yaxshi bir oilaning qiziga uylantirish niyatimiz bor. Ota-onamning orzulari ushalsin, el-yurt oldida boshlari yerga qaramasin, onam bergan oq suti uchun mendan rozi boʻlsin, ukalarimning baxtiga zomin boʻlmay desang, bolangni davlatga topshirasan.
— Unday qilmayman. Uyga ham bormayman, alohida yashayman.
— Koʻchada orttirgan haroming bilan kim senga eshigini ochib turibdi? Yo bolangni deysan, yo bizni deysan, gap tamom.
— Bolamni deyman.
— Axir, u haromi-ku, halol boʻlsa mayli edi.
— Harom boʻlsa ham unda mening qonim bor. Nega men oʻz qonimdan boʻlgan bolamni birovga berar ekanman. Men uni toʻqqiz oy qornimda olib yurdim. Ne azoblar bilan tugʻdim. Bola tugʻish oson emas ekan-ku!
— Xoʻp, tugʻruqxonadan bolang bilan chiqib, qanday yashamoqchisan? Ijara uy toparsan, osh-nonni, kiyim-boshni senga kim beradi?
— Bir rizqimni koʻrarman... Gadoylik qilib boʻlsa ham bolamni boqib olaman. Ortiq erga tegmayman. Dunyodan shu bolam bilan oʻtaman.
— Ha yergina yutkur, qaysar! — Robiya opa qizini qulochkashlab urmoqchi boʻlganida, xonada ona-bolaning gapiga jimgina quloq solib oʻtirgan Umida Qodirovna Robiya opaning qoʻlidan mahkam ushlab, uni yaxshi gaplar bilan yupatdi.

* * *

Robiya opa uyiga kirib borganida, Parpi aka hovlidagi soʻrida bir oʻzi xayol surib oʻtirardi. U xotiniga tikilib:
— Nima boʻldi, tashlab chiqishga koʻndimi? — dedi.
— Yoʻq.
— Nima qilarmish?
— Bu yerga kelmasmish, bolasi bilan alohida yasharmish.
— Ha la’nati, oqpadar!
— Bilmadim, bu qizingiz kimga oʻxshadi, adasi, zotimizda bundaylar yoʻq edi-ku?

Parpi aka qozondagi yogʻday chatnab oʻtirgandi. Xotinining gapi ensasini qotirdi.
— Nega zotingda yoʻq boʻladi? — dedi beixtiyor zaharxandalik bilan. — Ammang-chi, ammang?! Norbek raisga ikkinchi xotin boʻlgan-ku.
— Endi osilmaganingiz mening qari ammam qoldimi?! — dedi birdan Robiya opaning rangi boʻzday oqarib. — Almisoqdagi gapni oʻylab topganingizni qarang. Ammam Norbek raisga ikkinchi xotin boʻlgan boʻlsa, rais uni nikohlab, halollab olgan.
— Avval ammang Norbek raisga oʻynash boʻlgan. Homilador boʻlib qolgach, nikohlab olgan.
— Yongan yuragimni qoʻlansa gaplaringiz bilan battar kuydirmang! Ammam yomon ekan, nega uning jiyani bilan yashab yuribsiz, odamning nomardi?! Meni qoʻyib yuborib, tagli-zotligidan olsangiz boʻlmasmidi!

Parpi aka soʻridan tushib, xotini yoniga keldi. Uning vajohati qoʻrqqulik edi.
— Kim nomard?
— ...
— Mana nomard! — Parpi aka xotinini tarsakilab yubordi. — Xali seni ham, buzuq qizingni ham bolta bilan chopaman!

Robiya opa yuzini ikki qoʻli bilan ushlagancha uyga kirib ketdi. Ichkaridan uning: «Turmush qurmay men oʻlay! Farzand oʻstirmay men oʻlay!» — deb yigʻlagani eshitildi.

Oqshom maktabdan qaytgan Nilufar onasining ichkari uyda yotganini koʻrib:
— Sizga nima boʻldi, oyi? — dedi.
— Sal tobim boʻlmadi, — dedi Robiya opa sir boy bermay. — Bugun kechki ovqatni sen tayyorlaysan. Ukalaring och-nahor qolishmasin.

Nilufar mastava pishirib, onasining oldiga olib kirganida ichmadi.

Bolalar odatdagidan ancha barvaqt uxlagani yotishdi.

Parpi aka tong saharda turib, tovuqlarga don olib kelgani bozorga ketdi.

Nilufar ertalab choy damlab, dasturxon yozib, onasini oʻygʻotgani ichkari uyga kirib, baqirib tashqariga yugurib chiqdi. Robiya opa oʻrnida jonsiz yotardi.

Jasadni shifoxonaga olib borishdi. Shifokorlar uni tekshirib koʻrib, marhum yurak xuruji natijasida vafot etgan, deb xulosa qilishdi.