OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alisher Fayz. Pul sanash (hikoya)
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Fayz
Asar nomiPul sanash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Alisher Fayz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pul sanash (hikoya)
Alisher Fayz

Margarita Zya pul sanashni yaxshi koʻrardi. Bu mashgʻulot uni ovutar va ayni paytda hayajonga solardi. Ayniqsa, qalin pul bogʻlamlarining huzuri boshqacha edi. Aslini olganda, pulning qanaqaligi ahamiyatsiz — milliy pulmi yoki xorijning pulimi, yirik yoki mayda pulmi, baribir edi. Lekin bir safar oʻgay akasining yuzdollarlik pullarni uch bor qayta sanagani tez-tez yodiga tushib turadi. Oh, shunda qanday lazzat olgan edi-ya! Bu oʻn daqiqacha davom etdi, chamasi. Margarita, bor dunyoni butkul unutib, osmonu falakka pavoz qildi.

U biror bank yoki idorada hisobchi boʻlishni xayoliga ham keltirmasdi. Oʻqituvchilik qilardi va taqdiridan nolib gapirmasdi. Biroq oʻziniki boʻladimi yo begonanikimi, pul sanashga, qayta-qayta sanab koʻrishga har doim, har joyda shay edi. Ba’zan Zya tushida pul sanar, lekin, hayratga soladigani, tushida bu mashgʻulot har doim ham yoqimli boʻlmasdi. Bir safar pullar qoʻliga chippa yopishib qoldi, Margarita ulardan hech qutulolmadi. U gir aylanar, qoʻllarini silkitib ularni yulqib tushirmoqchi boʻlar, lekin pullar aksincha badtar terisiga birikib, singishib ketardi. Boshqa bir qoʻrqinchli tush ham koʻrgan edi: qogʻoz pullarning katta toʻdasi navbatga turib, Zyaning qayta sanashini kutardi. Pullar uni sanashga rozi boʻlishga, undab yalinishdi. «Iltimos qilamiz, bizni bir sanang!» — deb qichqirishardi ular nochor ahvolda. Margarita ortiq chidab turolmasligini yaxshi bilsa-da, ancha vaqt qarshilik qildi. Nihoyat, sanashni boshladi. Dastlab bu unga yoqdi, lekin pullar kelaverdi-kelaverdi, ularning keti koʻrinmasdi. Oralaridagi surbetlari: «Meni sanang, meni sanang», — deya navbatga qaramay tiqilinch qilardi. Margarita pullardan qochib, qayergadir berkinishga majbur boʻldi, lekin ular yetib kelishib qurshab olishar, har tarafdan suqilishib, uni sanashga, qayta-qayta sanab chiqishga majbur qilishardi...

Bugungi kun ertalabdan yaxshi boʻldi, Londonda mayning odatdagi havosi hukm surardi. Havo toza, yomgʻir ora-sira tomchilab oʻzini eslatib qoʻyar, biroq injiqlik qilmasdi.

Zya ishlaydigan maktab uyiga yaqin joyda edi. Margarita odatdagiday ishga piyoda ketdi. Yoʻl yashil oʻrindiqlar oʻrnatib qoʻyilgan chogʻroq bogʻ ichidan oʻtardi. Oʻrindiqlardan birining yonidan shundoq oʻtayotib, Margarita tuyqusdan yerda yotgan, yelim qogʻozga oʻrogʻliq bir dasta... pulni koʻrib qoldi. Avvaliga koʻzlariga ishonmadi — Londonning qoq markazidagi bogʻda buncha pul nima qilsin? Lekin, yaqinroq kelib qoʻliga olganidan soʻng, pullarning haqiqiyligiga, ya’ni yap-yangi yuzdollarliklar ekaniga ishonch hosil qildi. Qalin bir dasta yuztaliklar!

Vaqt ertalabki sakkizu oʻttiz edi, dars boshlanishiga yarim soat bor, lekin bolalarni roʻyxatdan oʻtkazishgacha oʻn minut qolgan. Nima qilsin — politsiyani chaqirsinmi, yoʻlovchilarga qichqirsinmi? Balki pullarni shu oradagi, yaqinroqdagi... Biroq u bir qarorga kelolmasdi. Yo uyga eltsinmi? Yoki maktabga olib borgani ma’qulmi? Keyin bamaylixotir gazetaga e’lon berar? Balki ularni shu yerga tashlab ketar? Atrofda hech kim koʻrinmas, onda-sonda uzoqdan yoʻlovchilarning qorasi koʻzga chalinar, Margaritaning boshida esa fikrlar gʻujgʻon oʻynardi.

U koʻzini sirli bir dasta pulga qadagancha, qoqilgan qoziqday turgan joyida qaqqayib turardi. Aftidan, besh yoki yetti daqiqacha oʻtdi, ehtimol, koʻproqdir. Yonidan oʻtib ketgan ikki-uch odam unga e’tibor berishmadi.

Bu yerda qancha pul bor ekan? Qaniydi bir sanab koʻrsa. Iloji bormi? Ana oʻrindiq. Sanagani — oʻziniki qilib oldi, degani emas-ku. Sanaganda shiqirlaydigan yuzdollarliklar, bunday yap-yangi gard yuqmagan qogʻoz pullarni hali hech qachon uning qoʻli koʻrmagan. Sanasa, oʻziyam, rosa jazavaga solsa kerak! Bir marta sanaydi, xolos, keyin ularni yotgan joyida qoldiradi yoki politsiya boʻlimiga olib boradi. Maktab-chi? Hechqisi yoʻq, shuncha vaqt ishlab hali biror marta ishga kech qolmagan, bugungi mayda qoidabuzarlikni amallab tushuntirsa boʻladi. Shu yil Zya Middleseks grafligida eng yaxshi matematika oʻqituvchisi deb tan olingan, maktab ma’muriyati ham uning qadriga yetadi.

Maragarita oʻrindiqqa oʻtirdi, yelim qogʻozni ochib pullarni oldida, atrofga bir oʻgirilib qarab, sanashga tushdi. Bu aql bovar qilmaydigan qandaydir bir gʻaroyib mashgʻulot edi. Oʻta maroqli, hayratlanarli, Shveysariya shokoladidan yoki hatto Vivaldi musiqasidan-da shirin edi. Pullarning shitirlashi xuddi sevimli bastakorining Allegrosiday Zyaning joniga huzur bagʻishlardi. Yuzdollarliklar 276 ta ekan, ya’ni 27600 amerika dollari! Qariyb bir yillik maoshi uning.

Nega endi 276 ta? Ehtimol, u adashgandir? Qayta sanash kerak, bu, axir, begonaning puli-ya, xatoga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Oʻquvchilar biroz kutib turishar. Qanday yupqa, naqadar nozik bu yap-yangi pullar. Xushboʻyligi-chi, xushboʻyligini aytmaysiz! Yangi uzilgan sarhil mevalarning, dengiz havosiyu fransuz atirlarining hidi qorishib ketgan.

Margarita 58ga kelganda, maydonchada yoshgina ayol bolasi bilan paydo boʻldi. Ayol bir dasta pulni qoʻlida ushlab turgan Zyaga qiziqsinib tikildi. Rohati biroz buzilgan boʻlsa-da, Zya chalgʻimaslikka, pullarni oxirigacha sanashga qaror qildi.

Bu orada yana bir odam — keksa erkak kishi gʻilay koʻzlarini Zyaga tikdi va hatto nariroqda toʻxtab qarab turdi. Margarita, garchi hisobdan adashmagan boʻlsa-da, asabiylasha boshladi. 73,74... ammo bu, baribir, juda ajoyib hissiyot, u anchadan buyon bunday holatni boshidan kechirmagandi. Goʻyo musibatlari ariganday, yaqinginada boʻlib oʻtgan qoʻydi-chiqdi mojarolari gurillagan tramvayday gʻizillab oʻtdi-ketdi, yolgʻizlik chekindi, moliyaviy muammolar barham topdi... 113,114... aftidan, maydonchada yana kimdir paydo boʻlgan koʻrinadi, yoʻq, ikki yo uch kishi, lekin chalgʻimaslik kerak, boʻlmasa yana qayta sanashga toʻgʻri keladi... 155,156... xoʻsh, nega endi hammasi unga koʻz tikib qolishdi... 188,189...

Maydonchaga toʻplangan odamlar hayron boʻlib bir-birlariga qarashardi.

«Balki xorijlikdir, lekin oʻxshamaydi», — oʻyladi bekorchilardan biri.

«Politsiyaga xabar berish kerak, bunday bir dasta naqd pulni qoʻlda ushlab turish judayam shubhali», — degan fikr oʻtdi ikkinchi yoʻlovchining xayolidan.

«Dollarlar, hali birortasining beliyam qayrilmagan, bokira! Menda boʻlsaydi shuncha pul, darrov ishlatib yuborardim», — orzu qildi yana bir guvoh boʻlib turgan ayol.

Kutilmaganda shu atrofda oʻynayotgan bola itqitgan koptok Margaritaning yelkasiga tegdi. Bu endi quyushqondan chiqish bilan barobar edi. Qanaqa odamlar oʻzi, jamoat joyida bolalariga qarashmaydiyam! Bu ketishda hisobdan adashish hech gapmas... 223, 224... Zya baribir sanash maromini buzmadi, oʻzining ezgu tilagiga aylangan mashgʻulotini bir nafasga boʻlsin toʻxtatmadi.

Endi maydonchada it paydo boʻldi. Itga, aftidan, yangi yuz dollarlik qogʻozlarning hidi yoqib qoldi shekilli, uzun tumshugʻini choʻzib pulga yaqinlasha boshladi. Margarita jonivorlarni yaxshi koʻrardi, u hatto itlar huquqini himoya qilish jamiyatining faollaridan edi. Lekin bu koʻppakning oʻzini tutishi gʻirt bema’ni, yovvoyilarga xos. Egasi qayerda buning, qayoqqa qarayapti? Bizda faqat itlarga haq-huquq berilmagan-ku. Ket... 258, 259... qani ket bu yerdan, iltimos... 265, 266...

Ozgina qoldi, mana hozir oxiriga yetadi — Margarita sanashni yakunlaydi va ... bir necha soniya koʻzlarini chirt yumadi, lazzatli lahzalarni imkon qadar choʻzadi. Ana shu hisni yodda saqlab qolish kerak, bu bir umrga tatiydi.
— Kechirasiz, sizga buning bari gʻalati tuyulmayaptimi? — Zyaga murojat qildi shlyapali qariya. Sirli hisobchining javobini kutib atrofdagilar jonlanishdi.

Margaritaning cholga qayrilib qarashga ham imkoni yoʻq edi, u shunday maroqli mashgʻulotning yakuniga yetay deb turibdi! 276, 277... Nega bunaqa? Oldin sanaganida 276ta edi, hozir bitta qogʻoz pulga koʻp chiqdi? Bunday boʻlishi mumkin emas! Bu odamlarga oʻzi nima kerak, surbetlar, hammasini chalkashtirib yuborishdi. Oʻzlarining ishi bilan shugʻullanishsa-chi! Margarita, zoʻr huzur-halovat tuygan boʻlsa-da, baribir qattiq xafa edi.

Nima qilish kerak? Pullarni shu yerga tashlab ketaversinmi yoki har holda, politsiya mahkamasiga olib borgani ma’qulmi? E, yoʻq! Ikki bor qayta sanaganda ikki xil chiqib turibdi-yu, qanday qilib olib boradi? Qolaversa, bu gʻaroyib qogʻozchalarni yana bir marta mazza qilib sanagisi kelayotir.

Margarita 233ga yetganda, bekorchilardan birining chaqirigʻiga binoan politsiyachi yetib keldi. 247ga kelganda esa u ishlayotgan maktab direktori ham paydo boʻldi. Sotqinlar! Darrov yetkazishibdi-da! Hammasi boʻlib uning atrofida 15tacha odam toʻplandi.

278! E, bu nimasi, yana xato sanadimi? Margaritaning ta’bi juda xira boʻldi. Hayotida bunaqasi hali boʻlmagandi. E, jin ursin bu odamlarni, qurib ketsin maktabiyam! Dollarlar, yap-yangi, yupqa, moʻrtgina dollarlar oʻzlarini qayta sanashni oʻtinib soʻrashardi. Zya ham aynan shuni xohlardi. Rad etib boʻlarmidi? 1, 2... Ketinglar, tegmanglar menga... 28, 29... Politsiya! Odamlar! Meni tinch qoʻyinglar... 65, 66... Mendan nima istaysizlar? Bu mening pullarim, yoʻq bu sizning pulingiz emas... 133, 134... Kasal emasman, menga shifokorlarning keragi yoʻq, bogʻlamanglar meni, men hozir maktabga borib, bolalarga dars beraman, men okrugdagi eng yaxshi matematika oʻqituvchisiman... 168, 169... Men advokat talab qilaman, qadrimni, erkimni, haq-huquqlarimning himoyasini talab qilaman... Qoʻlingizni torting mendan... 201... Bermayman, yoʻq!.. 246, 247... Qoʻyib yuboringlar, boʻgʻmanglar meni, nafas ololmayapman... 262... Men oʻlayapman, e xudo, hushdan ketayapman... xayr... 278, 279... E, yoʻq, bu safar ham boshqacha chiqdi, yana toʻgʻri kelmadi...Qayta sanash kerak, hoziroq... 1, 2... oh, bu qanday huzur...

Kunduzi bogʻda biror kimsa koʻrinmadi. Odamlar allaqachon oʻz ishlariga tarqab ketishgandi. Biroq shu atrofda bezovtalanib yurgan it bir nimaning hidini oldi, keyin ikkita yuzdollarlik pulni topdi, nimalarnidir eslay boshladi va... sanashga tushdi... 1, 2... yoʻq... 2, 1... yoʻq...