OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Ibodinov
Asar nomiBir tomchi yosh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Alisher Ibodinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir tomchi yosh (hikoya)
Alisher Ibodinov

— Hammaning kelini abitta oʻtiri-ib kashta tiksa, meniki kitobga termiladi! «Olima-da!» — Qudasi Qurbon kampirning ma’rakada katta-kichikka eshittirib va atayin unga tegizib shangillashi Sobira xolaga ogʻir botdi. Atrofida oʻtirgan bir-ikki kampir labini qimtidi. Qoʻshnisi Payzi otin uning tizzasiga qoʻlini bosib:
— Indamang! — dedi.

Sobira xola ogʻiz ochmadi. Ma’rakadan soʻng boshda tuguni bilan qudasinikiga oʻtdi.
— Quda, — dedi. — Mana siz kelin-kevat koʻrgan kayvoni xotinsiz. Mangina shu yosh, lodon qizimni sizga topshirganmanki, bilmaganini oʻrgatar, oʻzi bovlab olar deb. Lekin, haligi, ma’rakadagi gapingiz teshib ketdi-da, mani, quda!

Shunday dedi-yu, ovozi titrab, koʻziga yosh keldi. Sobira xolaning koʻngli boʻsh. Sal dili ozor cheksa, darrov koʻzi gʻiltillab qoladi boyaqishning. Qurbon kampir kesatigʻi qudasiga alam qilganini sezdi-da, ichidan yayrab ketdi. «Oʻla, achitibdi-ku, gapim», deb xayolidan oʻtkazdi va yumshoq ohangda:
— Ha, endi, ogʻizning darvozasi yoʻq, bir chiqib ketgandir-da, bunga xafa boʻlmang, — dedi. — Toʻgʻri, Ma’sumaxon yaxshi, mehnatkash, qobil juvon. Kelinim bor, desa arzigulik. Odobi ham joyida. Ammo... shu boʻsh qoldimi, oʻquvradi-oʻquvradi... Yuraklarim siqilib ketadi, unga qarab! Hoy, deyman, kelin, siz oʻzingiz bir kolxozchi boʻlsangiz, oʻqib, nima, shahar olib berarmidingiz eringizga! Undan koʻra kashta tiking, koʻrpa-yostiq qoplang. Bekordan xudo bezor, deb mundoq nasihat qilsam, bezrayib turaveradi. Miq etmay uyiga kirib yana kitobga termiladi. Ana, innakeyin menikiyam alanga oladi-da, quda!

Sobira xola bildiki, kudasi ham chakana alamzada boʻlmabdi. U yotigʻi bilan gapira ketdi.
— Ma’suma yoshligidan shunday: koʻp oʻqiydi. Bu dard unga yoʻrgakda tekkan. Qizlik payti necha martalab oldidan otib yuborganmanu, kitobni!
— Erminan yaxshi, Xudoga shukur. — Uning ogʻzidan gapni ilib ketdi qudasi. — Qattiq-quruq ish kam oralarida. Endi... Ora-sira boʻp turadi. Bir kuni Rajabboy daladan kech qaytib, dam olayotsa, Ma’suma unga gʻazal oʻqibdi. Charchagan emasmi, noilojdan eshitib oʻtirgan bolamni uyqu bosibdi. Shunga qancha arazlashdi-yu...
— Arazlashga arazlaydi, lekin menga oʻxshab darrov koʻzining suvini sel qilavermaydi qizim. Sizga yolgʻon, xudoga chin, quda, shu qizni oʻstirib, hali bir tomchi koʻz yoshini koʻrganim yoʻq! Esini tanibdiki, birov bilan urishsa, arazlaydi, tumtayadi, ammo yigʻlamaydi! Mening yigʻimni ham siz yigʻlab qoʻygansiz, deydi.
— Ha, ishqilib omon boʻlishsin... — Qurbon kampir shahdidan tushdi. Koʻp oʻtmay qudalar apoq-chapoq tarqalishdi.

Ma’suma kech qorongʻusida daladan qaytdi. Dalachilar tushgan mashina qishloq oʻrtasida toʻxtashi bilan shovqin-suron koʻtarildi.
— Ma’ruf, tugunni uzat!
— Hoy, tushsangiz-chi, tezroq!

Koʻchadagi tiq etgan tovushga quloqlari ding boʻladigan bolalar kechki ovqatlarini tashlab, onalari, opalarini qarshilagani yugurib chiqishdi.

Jimjit koʻcha olomonga toʻldi.

Ma’suma uyiga burilayotib, Ma’rifatxon bilan xayrlashmoqqa qaradi-yu, mashinadan «tap-tap» pastga irgʻitilayotgan oʻt bogʻlarini koʻrib, birdan boʻshashdi: bugun ham oʻt yulmabdi! Tushlikdan soʻng dam olishayotganda Ma’rifatxon ketuvdi-ya oʻtga, u kitobga qiziqib unutibdi. Ana endi jazosiga eshitadi qaynanasining sayrashini! Non tugunidagi kitob biqiniga botgandek boʻldi. U tugunni orqasiga yashirdi.

Yuk mashinasi bir jigʻillab qoʻzgʻaldi-da, chiroqlarining yorugʻi yoʻl yoqasidagi teraklarni, paxsa devorni, ikki tavaqali sariq darvozani va shu darvozaga yoʻnalgan Ma’sumaning xipcha qomatini, barmoqday-barmoqday oʻrilgan sochini, yelkasidagi ketmonini, chang bosgan kirza etigini bir zum oltin nurga burkadi. Soʻng ikki dumaloq nur qoʻshni uy devorini, simyogʻochni keskin suzib oʻtdi-da, uzoqlarga chuzilgan tasmaday, asfalt yoʻlga toʻfilandi. Mashina joʻnadi. Ma’suma darvoza tavaqasini ichkariga itardi. Berk.

«Voy-ey, yoʻq boʻlsaydi!» shirin tin olib xayolidan oʻtkazdi u omadiga ishonmay. Darvoza tavaqalari orasidan koʻlini suqib zanjirni tushirdi.

Oʻrtasi dahliz, ikki uy, ayvonli imorat qorongʻida xoʻmrayib turardi. Ayvon oldi ishkom. Ishkomdan nari — tomorqa. Hovli paxsa devor bilan oʻralgan. Uy qarshisida molxona. Kimdir kelganini sezib, sigir shikoyatomuz «moʻ...oʻ»ladi.

«E, bugun Savri xolanikida ma’raka-ku! Kechki oʻtirishga joʻnagandir, qaytmaydi endi!» Ma’sumaning oyogʻi ildamlashib, charchogʻi tarqab ketdi. Chiroqni yoqib, tugunini soʻriga qoʻydi. Soʻng yana kelib qolsa, xarxasha qilmasin, degan mulohazaga bordi-da, tugun ichidagi kitobni toʻshak tagiga yashirdi. Tushlikdan ortgan nonni qayoqdandir yetib kelib, koʻzlarini moʻltiratib turgan paxmoq kuchukka tashladi. Etigini ayvonga yechib, kelinlik xonasiga kirdi. Kenggina, tokchavand xona did bilan bezatilgan edi. Toʻrdagi mehrobga qoʻyilgan naqshdor sandiq ustiga duxoba, atlas koʻrpachalar taxlangan, qoziqlarga har xil gullar tikilgan sochiqlar iligʻliq. Xona chetida ichi chinni idish-tovoqlarga liq toʻla bufet. Polga gilam tushalgan. Tokchalardan biriga «Kvarts» televizori oʻrnatilgan.

Ma’suma ust-boshini oʻzgartirdi-da, koʻchaga chiqib, artezian qudugʻidan suv keltirdi. Dahlizdagi obrezda yaxshilab yuvindi. Oʻsma qoʻydi. Shifoner oynasiga qarab pardoz boshladi. Sochlarini yozib «prichyoska» qilib koʻrdi. Orqasi bilan bitta ipakdek sochi uni kinolardagi frantsuz goʻzallariga oʻxshatib yubordi. U sochini goh oʻng tomonga, goh chap tomonga agʻdarib, bundan zavqlanardi. Sochlarini «laylak uya»day tepaga turmakladi. Bu ham chiroyli chiqdi. Shifonerdagi yangi atlas koʻylagini olib kiydi, oʻzini oynaga soldi. Koʻylak xiyol uzun edi. Etagini bukib boqdi. Bari bir koʻngliga oʻtirmadi. U u yoq-bu yoqqa alangladi-da, lozimini yechdi.

Koʻylagini tizzasidan toʻrt enli yuqoriga koʻtardi. O...Y! Oynadan unga bagʻoyat kelishgan, beli ingichka, oyoqlari bejirim, sarvqad, sochlari yelkasini qoplab, bir qarashda yuraklarni jazillatadigan jonon boqib turardi.

Birdaniga raqsga tushgisi keldi. Oynaga muqom qildi-da, qoʻllarini oʻynatdi. Qoshini qoqib, koʻz qisdi. Shu payt eshik gʻijirladi. U gul-gul ochilib oʻsha tomonga oʻgirildi. Eri emas ekan. Qora, oʻgʻri mushuk bir zoʻm toʻxtab, unga koʻz yugurtirdi-da, oʻljasini tishlab, ura qochdi.
— Ha, xudo olgur! — deb nomiga poʻpisa qildi Ma’suma allaqachon koʻzdan gʻoyib boʻlgan mushukka. Qorongʻilik qa’ridan unga javoban mushukning masxaralovchi «miyov»i eshitildiyu uni oʻchdi.

Kelinchak qaytadan kiyindi-yu, ovqatga unnadi. Kartoshka, piyoz archib, gazga shoʻrva qoʻydi. Xonani supurib, koʻrpacha yozgach, koʻngli tinchib televizorni buradi. Televizorda film ketardi.

Goʻzal manzaralar, bir-biridan chiroyli, soʻnggi modada kiyingan qahramonlar... Mana, yigit bilan kiz qoʻltiklashib, parqda sayr qilib yurishibdi. Boshlariga kuzning za’faron barglari yogʻiladi. Qiz — raqqosa, yigit — ashulachi. Qiz jahonga mashhur raqqosa boʻlish orzusida, yigit ham undan qolishadigan emas...

Gaz vishilladi. Shoʻrva qaynab, toshgan edi. Ma’suma yugurib chiqib, oʻtni pasaytirdi. Shoʻrvani shopirib, tuzini koʻrdi. Pomidorni koʻp solgan ekan, shoʻrva qip-qizil. Taxirroq. Kartoshkasi xiyol ezilibdi, u butun, lekin salga uqalanadigan darajada hil-xil pishgan mushtday — tuxumday oppoq kartoshkalarni chinni kosaga oldi. Kosadagi bugʻi koʻtarilayotgan, «oʻlgan» oq piyoz halqachalari, koʻk piyozlar xolday yopishib qolgan kartoshka uyumini koʻrib, koʻngli gʻalati boʻlib ketdi. Dilidagi yaqin oʻtmish xotiralari entiktirib yubordi.

Bolaligida, uylarida, odatda, shoʻrvani alohida, har kimning oʻz kosasiga suzishgach, kartoshkasi bilan goʻshtini laganga solib, yoʻl-yoʻl chit dasturxonga qoʻyardilar. Ular obdan qaynab yetilgan shoʻrva suvini terlab ichishar, oʻrtadagi kartoshka va goʻsht uyumi dimoqni qitiqlovchi hid taratib, koʻzlarini oʻynatardi.

Ovqatdan soʻng otasi seryung oyoqlarini choʻzib, koʻrpaga yonboshlar, agar kayfi xush boʻlsa:
— Oʻqi, qizim! — derdi Ma’sumaga.

Ma’suma «Kuntugʻmish», «Shirin bilan Shakar», «Malika ayyor»larni sharillatib oʻqib berardi. Ayvon roʻparasidagi ishkomda yirik-yirik uzum boshlari chiroq nurida marjon tizimlariday osilib yotardi. Ba’zan dostonning eng qiziq joylari kelib, atrofdagilar «oh-voh» koʻtarishganda, uzum boshlari ham ohista qimirlab ketardi... Oh, qanday baxtli damlar ekan oʻsha oqshomlar!..

Keyin otasi vafot etdi. Oilada kattasi Ma’suma edi. Onasiga ergashib dalaga chiqdi. Onasi ham indamadi. Bir joʻyak gʻoʻza chopiq qilsa, bir bogʻ oʻt yulsa ham harna, dedi. Oʻshanda Ma’suma oʻn ikkiga toʻlgan edi. Shundayicha mana yigirma birga kiribdi, paxtazorning qoʻynida! Oʻqish ham qolib ketdi! Sakkizinchi sinfni zoʻrgʻa bitirdi-yu, u yogʻiga sabri chidamadi. Oʻn sakkizida uni Rajabboyga berishdi.

Rajabboy qoʻshni mahalladan, Ma’suma dirkillab, toʻlishib kelayotgan mahalda u oʻninchini bitirgan, shaharga oʻqishga borib kirolmay qaytgan paytlar edi. Uzzukun mototsiklni «pat-patlatib» izgʻib yurardi. Koʻplar katori Ma’sumaning ham koʻzi tushgandi unga. Keyin armiyaga ketibdi, deb eshitdi.

Koʻp oʻtmay Ma’sumalarning eshigini ham gapdon, sermulozamat, chaqqon kampirlar — sovchilar cherta boshlashdi. Ma’suma kuyov tanlamadi. Bir vaqtlar qalbining tubida tugʻilgan jingalak soch, kelishgan ziyoli yigit — Ma’suma bilan bogʻlarda qoʻl ushlashib sayr etishi kerak boʻlgan yigit qalbining oʻsha yerida oʻlib, dafn etilgan edi.

Bir kuni oyisi uni uy burchagiga tortdi-da, kechagina armiyadan toʻlishib, aqlli-hushli boʻlib qaytgan qoʻshni mahallali Rajabboyni maqtay boshladi. Hamma qizlar nima qilsa Ma’suma ham shunday yoʻl tutdi. Axiyri koʻndi.

Keyingi paytlarning rasmini qilib, kuyov-qalliqni rayon markazida uchrashtirishdi. Ma’suma uyalib, Rajabboyga tik qaray olmadi. Ma’sumaning dugonasi bilan Rajabboyning oʻrtogʻi oʻzaro qandaydir imolar bilan kelishib, ularni yarim soatcha xoli qoʻyishdi. Rajabboy u yoq-bu yoqdan gapirdi, keyin Ma’suma bilan dugonasiga olib kelgan sovgʻalarini berdi. Ma’suma Rajabboyga koʻsh atlas dastroʻmol uzatdi. Shu bilan uchrashuv tugadi. Bir oydan soʻng uni toʻy qilib tushirib olishdi. Toʻydan keyingina Ma’suma Rajabboyning yuziga tik boqib termiladigan boʻldi. Rajabboy qoracha, qirraburun, yirik koʻzli, gavdali yigit. Ma’suma oʻn olti yoshligida xayolida chizgan yigitdan unda bir narsa — jingalak soch bor edi. U Ma’sumani yaxshi koʻrar, istaklarini bajo keltirardi. Kitoblarni ham u olib kelardi. Ma’suma ba’zan yozgan she’rlarini Rajabboyga koʻrsatar, u miyigʻida kulib qoʻya qolardi. Lekin bu masxaralash emas edi, buni Ma’suma tushunar va eriga muhabbati joʻsh urib ketardi.

Ma’sumaning koʻp kitob oʻqishi, natijada uy ishlarining qolib ketishini qaynanasi janjallarda dastak qilar, Rajabboy kechalari uning sochini silab:
— Xafa boʻlma, — derdi. — Kampir odam, kitobning nimaligini qayoqdan tushunsin...

Lekin onasi turtkilab qoʻymayapti shekilli, u ham keyingi paytlarda oʻzgardi. Mashina olish dardiga tushdi. Ikki gapning birida falonchining xotini muncha pul ishlabdi, er-xotin mashinalik boʻlibdi va hatto: «E, anovimi?.. Ha, unga mashinani xotini ishlab topgan, oʻzi kayf-safodan boʻshamaydi», qabilida uchiriqlar qiladigan boʻldi. Oʻzini ayamay kolxozda bir ish qilsa, tomorqada ikki ishni bajaradi. Oilani ovqatdan, kiyim-kechakdan siqib, mashinaga pul jamgʻaradi. Ilgarigiday Ma’sumaga kitob keltirish ham kamaygan.

Ma’suma uzun bir soʻlish olib, kostryul qopqogʻini yopdi-da, xonasiga kirdi. Kino tugabdi.

Ma’suma televizorni oʻchirdi-da, koʻrpachaga yonboshladi. Jimjitlik yuragini sikdi. Yuzini yostiqqa bosdi. Qulogʻida nimadir sokin shovullar edi. Bu — jimjitlikning tovushi! Chalqanchasiga oʻgirildi. Havo dim. Saratonning qaynoq nafasidan tunlari ham hech yerda orom yoʻq.

«Bir ezildi, buyam qaylardadir-ey!» Xayolidan oʻtkazdi u erini.

«Hozir kelsa... quchoqlab oʻpib-oʻpib olaman!» deb pichirladi u qandaydir otashin gʻazab, nozli alamzadalik bilan. Toʻsatdan u halitdan beri faqat erinigina kutib oʻtirganini sezdi.

«Kelsin-chi!..» Xayolidan oʻtkazdi a’zoi badani yonib. U erini erkalashni, butun olam boshqa yoqqa ketib oʻzlari tanho qolganlarida koʻngillariga siqqanicha shoʻxlik qilishni yoqtiradi. Ba’zan shunaqangi yoniq ehtiros bilan erini erkalardiki, eri uning quchogʻida oʻzini yoʻqotib qoʻyardi.

U koʻrpa ustiga joy boʻlolmay toʻlgʻandi. Ichi qizidi. Nimadir yuragini tirnagandek, holi joniga koʻymasdi. Koʻnglini boʻshatgisi kelardi. U oʻrnidan turdi-da, she’r daftarini ochdi.

Oynadan qorongʻi koʻchadan «viz» etib oʻtgan mashinaning yorugʻi tushdi. Ma’suma pastki labini tishlab, koʻzlarini shoʻx oʻynatdi-da, bir varaq qogʻozga yozdi:

Qirlarda lolalar ochildi,
Yigit-qizga gilam poyandoz.
Sizni kuta bagʻrim ezildi,
Siz-chi, kimga aytayapsiz roz?
Eri kelgan paytda she’rni yostiq ustiga qoʻyadi-da, oʻzini uyquga soladi!

U she’r yozilgan qogʻozni yostiq ustiga, koʻzga koʻrinarli qilib qoʻydi-da, oʻzi yuzini boshqa yostiqqa bosib, yuragi dukullab urgan holda kuta boshladi. Mana hozir u kirib keladi. She’rni oʻqiydi. Soʻng odatdagicha, Ma’sumaning sochidan tortadi. Ma’suma qaramaydi...

Gursillagan qadam tovushlari bir zum tindi-da, soʻng yana xonaga yaqinlasha boshladi. Ma’suma qiqirlab kulib yubormaslik uchun yuzini yostiqqa mahkam bosdi.

Toʻsatdan... Zarb bilan tepilgan eshikning taraqlab ochilishidan Ma’suma sapchib oʻrnidan turib ketdi. Uy burchagidagi bufet ichida chinni idishlar bir-biriga urilib, jarangladi. Eshik yonida turgan choynak agʻdarildi.

Rajabboy koʻzlari olaygan, gʻazabdan titragan holda ostonada turardi.
— Padaringga la’nat sendaqa xotinning! Sigir ochidan oʻlay deb qopti! Na oʻt yulibsan, na uydan biron nima topib solibsan! Doʻmpayib yotishingni qara!

U xuddi ovoz qaytargichi olingan mototsiklday vagʻillab ketdi. Qani endi toʻxtatib boʻlsa... Ma’suma toʻxtatishga harakat ham qilmadi. U karaxt edi. Eshitmas, sezmas, faqat labi-labiga tegmay ochilib-yopilayotgan ogʻizni koʻrardi xolos.

Birdan koʻzi yostiq ustidagi qogʻozga tushdi-yu, koʻngli yumshab ketdi. Asta egilib uni oldi-da, ohista parcha-parcha qilib yirtdi. Soʻng she’r daftarini derazadan koʻchaga, boʻtana suvlar limillab oqayotgan ariqqa otdi. Daftar qanoti yozilgan kaptardek «shigʻgʻ» etib uchib, ariqqa quladi. Mayda toʻlqinlar bagʻrida bir-ikki oqarib koʻrindi-da... Oqib ketdi!

Ma’sumaning koʻzlari tubida ham allaqachonlardan beri payt poylab yotgan bir tomchi yosh sizib chiqib kipriklariga ilashdi, soʻng oftobda qoraygan yuzida iz qoldirib, atlas koʻylagiga yumaladi, unga ham singmay, pastga oqib tushdi.