OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Ibodinov
Asar nomiKoʻl boʻyida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Alisher Ibodinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻl boʻyida (hikoya)
Alisher Ibodinov

Eski darvozaning gʻijirlashi ayvondagi soʻrida kitob oʻqib yotgan yigitning diqqatini boʻldi. Yoʻlakda kalta xonatlas koʻylakli, timqora sochlari yelkasiga yoyilgan, koʻhlikkina qiz turar edi. U mehmon hurmati uchun oʻrnidan qoʻzgʻalgan yigitning xushqomat jussasiga bir zum tikilib qoldi.
— Salom!
— Vaalaykum assalom. — Yigit ayvondan tushib, notanish qizni soʻriga taklif etdi. — Qani...

Qiz mezbonning koʻziga tik boqib:
— Rahmat, — dedi. — Men... haligi... folklor ekspeditsiyasidanman. Xabaringiz bordir?

Togʻ bagʻridagi bu kichik qishloqqa Toshkentdan filolog studentlar ekspeditsiyasi kelgan edi. Yigit bosh irgʻadi.
— Shunga... eskicha qoʻshiqmi, ertakmi biladigan kishi boʻlsa...

Yigit qizning saraton oftobida boʻgʻriqqan yuziga afsuslanib qaradi.
— Onamlar yoʻq edilar-ku...

Qiz birdan boʻshashdi. «Mayli, boʻlmasa», degandek parishon jilmaygan kuyi bosh silkib, darvoza tomon yoʻnaldi.
— Shoshmay turing, — dedi yigit. — Anavi dovon orqasida, koʻl boʻyida enamlar yashaydilar. U kishi eski termayu afsonaning koni. Xohlasangiz — Oʻsha yoqqa olib chiqaman?..

Ertasiga qiz bir dugonasi bilan keldi. Uchovlon qishloq tepasida xoʻmraygan qoyalar ortidagi Oydinkoʻlga joʻnadilar. Qiz oʻzini Gulya — Gulnora; oʻrta boʻy, sochlari ikkita oʻrilgan, shirmon yuzli dugonasini esa Aziza, deb tanishtirdi.

Koʻp oʻtmay yoʻl torayib, togʻ bagʻriga oʻrladi. Yigit yoʻl-yoʻlakay enasini ta’riflab bordi.

Bobosi yoshligida Qoʻqon madrasalarida oʻqigan, Yassaviyga ixlos qoʻyib, oʻzi ham gʻazallar bitgan ekan. ld yillar ilgari mulla dunyodan etak siltaydi-da, xotinini olib, toqqa, kimsasiz koʻl boʻyiga koʻchib chiqadi. Eru xotin shu yerda boshpana quradi, xurjunda tuproq tashib, tosh ustida bogʻ qiladi. Oʻtar bobo togʻ yon bagʻridan yulib olgan bir parcha yeriga bugʻdoy ekadi, qishda kaklik tutib sotadi, mol-hol orttiradi.

Shu tariqa uzoq yillar tanho umr kechirib kelayotgan ekanlar. Bola-chaqalari ulgʻayib qishloqqa tushib ketishgan, u yerda nevara-chevaralari serob. Amir — kenja nevara.

Chol-kampir esa hamon koʻl boʻyida yashaydi.
— Qiziq... Nega bunday... Robinzonga oʻxshab? — deb soʻradi Gulnora.
— Kim bilsin, — deb yelka qisdi yigit. — Bobomiz enamizni rashk qilganidan toqqa olib chiqib ketgan, deb chala-yarim eshitganman. Odamlarning gapi...

Enam yoshligida shu qishloqlik bir yigitga koʻngil qoʻygan ekanmi-ey... Xullas, shunaqa gaplar... Ilon izi soʻqmoq tobora yuqorilar edi.
— Charchadilaringiz shekilli, — dedi Amir yuzlarini reza ter bosgan qizlarga. — Asli eshakda kelsak boʻlarkan.
— Fu! — Gulnora labini burdi.
— Shoshmanglar, koʻlga yetaylik. Bobomning qoʻydek yuvosh oti bor, minib rosa sayr qilasizlar.

Qizlar bir zum oʻzlarini koʻl atrofida ot choptirib yurgandek tasavvur etib, entikib qoʻydilar.

Soʻqmoq yon-veridagi bir turtkiga mahtal zalvorli xarsanglar goʻyo hozir qulab tushadigandek omonat tuyuladi.

Dovonga koʻtarilguncha qizlar qora terga botib, hansirab qoldilar. Biroq tepadan Oydinkoʻlga qarashlari bilan charchaganlari ham shu zahoti esdan chiqib ketdi.

Atrofini oʻshshaygan qoyalar qurshagan kaftdek vodiy oʻrtasida koʻz yoshidek tiniq koʻl sokin mavjlanib yotar edi.

Tosh devorli qoʻrgʻon darvozasi yonida kigiz qalpoqni qoshiga qadar bostirib kiygan, nihoyatda keksa, lekin qisiq koʻzlarining dadil boqishi, choʻyandan Quyilgandek ogʻir gavdasini yengil koʻtarib yurishidan ellik-oltmish yoshlar chamasida koʻringan alp kelbat chol qarshi oldi. Qoʻrgʻon oʻrtasida oldi quyoshga qaragan uch xonali pastak uy. Uy devorlari ham toshddts faqat nari-beri loysuvoq qilingan.

Ichkaridan ikki yuzi qip-qizil, jikkak, sochigd soʻlkovoy tangalar taqilgan kampir pildirab chiqdi.
— Ena, — dedi Amir qizlarni bagʻriga bosib koʻrishayotgan kampirga,— atay shahardan kelishgan ekan, yaxshilab siylaysizda endi, ham qoʻshiq bilan, ham.
— Voy, aylanay chiroqlarim, xudo bir yorlaqabdi-da...

Gulnoraga kampirning gaplari, yoqasiga, yenglari uchiga jiyak tutilgan qopdek koʻylagi, tumshugʻi qayrilgan kavushi gʻaroyib tuyuldi. Mehmonlarni oʻtqazgani joy topolmay shoshib qolgan kampirga ham bu qizlar gʻoyat antiqa koʻrinar edi.
— Hoy, menga qara, — deb shipshidi u ayvonda ayron simirayotgan Amirga. — Kim oʻzi bularing? Anavinisi muncha dumi yulingan hakkaga oʻxshamasa?

Amir miyigʻida kulimsiradi.
— Qoʻyavering, ena... bor narsani yashirishning hojati yoʻqdir-da...

Tokchadan u-bu narsa olayotgan kampir uning gapini eshitmadi.
— Qani, ilohi omin, — dedi u poygakka tiz choʻkib, fotihaga qoʻl ocharkan. Gulnora avval goʻlayib turdi, biroq Aziza bilan Amir kampirga ergashgach, barmoqlarini oʻquvsiz birlashtirib, yuziga yaqinlashtirdi. — Tinchlik-xotirjamlik boʻlsin, Ollohu akbar!..

Xonadan pichan hidi anqir edi. Shiftga oq-koʻk xalta-xultalar, makkajoʻxori soʻtalari osilgan.

Gulnora devorga qoqilgan qoʻy poʻstagiga irganibgina qaradi-da, dasturxon yoniga bahuzur oyogʻini uzatdi. Enasi oldida qizning oppoq boldirlariga qarab oʻtirish oʻngʻaysiz edi, Amir tashqariga yoʻnaldi. Eshikdan chiqayotib, Azizaning yalt etgan hurkak nigohini sezdi. Bir ozdan soʻng ichkaridan kampirning xiyol xirqiroq, zaif va ana shu zaif-hazinligi bilan yurakka allanechuk hasrat soladigan ovozi eshitila boshladi:

Ket desang Qashqar ketay,
Yoʻllarda yolgʻizlik yomon.
Yolgʻizlikdan kim oʻlibdi,
Hammadan xoʻrlik yomon...

Amir ayvonda jimgina yer chizib oʻtirar edi.

Anov turgan olmamikan, normikan, normikan,
Soyasida yotgan bizning yormikan-ey, yormikan?
Soyasinda yotgan bizning yor boʻlsa, yor boʻlsa
Ikkimizni koʻshar kunlar bormikan-ey, bormikan?

U xonaga qaytib kirganida, kampir roʻmoli yelkasiga sirgʻalib tushganini ham sezmasdan, koʻzlari yumilib kuylardi.
— Ena, — dedi Amir tomoq qirib. — Qizlarga ozgina dam bering, charchab qolishmasin. Koʻl boʻylarini bunday bir aylanib kelishsin.

Kampir birdan toʻxtab, gunohkorona jilmaydi, shosha-pisha roʻmolini qoʻliga olib, sekin gʻijimladi.

Gulnora dik etib oʻrnidan turdi-da, Azizaning qoʻlidan tortdi:
— Aziza, ketdik, ot minamiz, yur!

Aziza allanechuk ma’yus tortib qolgan kampirga termulib oʻtirarkan, unamadi.

Amir darvoza yonidagi boshini solintirib turgan, egari ustidan koʻrpacha tangʻilgan biyani koʻlga olib tushadigan xivichday soʻqmoqdan yetakladi. Gulnora ergashdi.
— Hech ot minganmisiz?
— Yoʻq, sektsiyasiga qatnashmoqchi edim, ayam koʻnmadi. Oʻzingnikidan qolma, yiqilib mayib boʻlasan, deb qoʻrqdi.
— Oʻzingizniki qaysi?
— Badiiy gimnastika. Birinchi razryadim bor! Musobaqalarda sovrinlar olganman, bilsangiz...

Amir kalta atlas koʻylakdagi durkun, sarvqomatni oʻgʻrincha koʻzdan kechirib, uning gapi rostligiga ishonch hosil qildi.

Gulnora suhbatni yana ulashga tirishdi:
— Ashula aytishni bilasizmi, Amir?
— Ha... — Soʻqmoq asta pastlab borar, tevarak-atrof suv quygandek jimjit edi...

Amir koʻp tixirlik qildi, lekin qiz yalinavergach tuyqusdan boʻgʻiq ovoz bilan sekingina kuylay boshladi:

Kecha kelgu...mdir debo... on... ul

sarvi gu...lroʻ kelmadi... a

Yigitning boshda horgʻin, erinchoq tuyulgan tovush asta tiniqlasha, soʻngra kuchaya bordi. Nihoyat, u baland, oʻktam bir ohang kasb etib yangradi.

Qovogʻi soliq qoyalar qoʻshiqqa mahliyo boʻlib qotib qolgandek edi. Pastda jimir-jimir mavjlanayotgan koʻl ham, issiqdan bir-birining soyasiga qochmoqchidek qoʻshnilari pinjiga tiqilgan archalar ham, ashula ohangiga mos loʻkillayotgan biya ham qoʻshiqqa some.

Gulnora yuzini chetga oʻgirib, bilinar-bilinmas uf tortdi. Yigit oʻz qoʻshigʻiga oʻzi erib, koʻzlarini yumib xonish qilardi.

Lahza-lahza chiqtimu chekdim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badxoʻ kelmadi...

Amirning koʻz oldida qiyrixon oʻragan durrasining bir uchini gʻoyat nazokat bilan chehrasiga pana etgan, surma tortilgan koʻzlarida hayo balqigan, uzun atlas koʻilagini sekin shitirlatib, bitta-bitta qadam bosib kelayotgan pari namoyon boʻldi. Mana, pari beqasam toʻni etaklarini juftlashtirib unsizgina tiz choʻkdi... Jonon piyolaga may qoʻydi-da, bitta... yana bitta chertib unga uzatdi...

Koʻzlaringdan nega suv kelgay, deb oʻlturmang meni

Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha suv kelmadi...
— Voy-boʻ! Maqomchilar ansamblidan emasmisiz?

Amir koʻzini ochib, qarshisida porlab turgan narsaga qaradi-da:
— Kelmadi... — dedi.
— Voy! Koʻlga yetib keldik! — deb Gulnora jimirlab yotgan suvga chopib tuptdiyu shu zahoti oyogʻini tortdi.
— Vuy, sovuhligini qarang-a! Muz-a, muz!
— Qor suvi-da! Otda bir chopaylik, sovuqligi xam xush yoqib qoladi. Qani, minmaysizmi?
— Qoʻrqaman...
— Be! Asovmidi bu opqochsa?!

Gulnor bir amallab egarga mindi-da, boshi koʻkka yetgudek boʻlib:
—Qani, chu, tulporim, chu, — deya qichqirdi.

Qovurgʻalari sanalib turgan «tulpor» loʻkillab chopdi. Omonat oʻtirgan Gulnora chap tomonga ogʻib ketdi.
— Voy-voy! Yiqilaman! — Amir epchillik qilib suyab qolmaganda u toshga qulab tushar edi... Maslahat bilan Gulnora oʻng qoʻliga yuganni tutdi, chap qoʻlini Amirga berdi.

Sayr boshlandi. Ot tuyoqlari qirgʻoqdagi taram-taram qum yuzida xol-xol iz qoldirar edi. Koʻl tarafdan salqin shabada turdi.
— Bu yoqqa qarang-a, — dedi Amir bir vaqt narigi sohilga ishora qilib. Qayoqdandir paydo boʻlgan sur bulutlar hozirgina charaqlab turgan quyosh yuzini toʻsgan, koʻl boʻyiga soya tushib, tevarak xiralashgan edi. Bulut pardasini yorib taralayotgan nur daraning u tomonida qaqqaygan qoyalar uzra quyilar, atrof qizgʻish-naparmon tusda jilvalanar edi.
— «Makkenining oltini» filmini koʻrganmisiz? — dedi Gulnora. — Oʻshanda oltin togʻlar shunday tovlanadi.

Quyosh dara ortiga choʻkib, gʻoyib boʻldi. Vodiyga salqin oqshom yoyildi.
— Qaytaylik... — dedi Gulnora.

Oʻchokdagi olov hijronzada qizning qizil roʻmolidek qaltirar, qozon atrofida kuymanib yurgan kampirning soyasi ham lip-lip tebranar edi. Gulnora otdan sirgʻalib tushgach, bir-ikki depsinib darvozaga qarab borarkan, toʻsatdan choʻchib, orqaga tislandi.

Darvoza yonidagi supada Oʻtar bobo toshdek qotib oʻtirar, vajohatida kishi vujudini jimirlatadigan sovuq bir ifoda muhrlangan edi.

Chol yonidan oʻtayotgan nevarasini ham, qizni ham payqamadi.

Uydan patnisda masalliq koʻtarib, Aziza chiqdi.

Amir ekspeditsiya rahbariga qizlarning yana bir-ikki kun Oydinkoʻlda qolajaklarini xabar qilit uchun qishloqqa qaytdi.

Togʻ ortidan toʻlin oy ohista suzib chiqib, asta yuqoriga koʻtarila boshladi. Oydinkoʻl tepasiga kelganda taqqa toʻxtab qolgandek boʻldi. Oydin kecha gʻoyat tarovatli edi. Oʻshshaygan qoyalar qamalidagi Oydinkoʻd oynadek yaltirar, goʻyo yerda ham yana bitta oy tovlanib yotganga oʻxshar edi.
— Bekorga Oydinkoʻl deyishmagan ekan-da, — deb xayolan pichirladi Gulnora koʻzi ilinayotib.

...«Amir!» deb qichqirardi u tinmay oʻziga chorlayotgan oy sari tikka uchib borayotgan yigitga. Bir sovuq shamol izgʻir ekan oy yoʻlida, bir sovuq...

Gulnora dildirab uygʻondi. Oʻrnidan turib, qoziqdagi choponni oldida, oʻralib tashqariga chiqdi. Hovlida kampir gʻivirsib yurar edi. Toʻsatdan lop etib Oʻtar bobo paydo boʻldi. Kampiri yonida toʻxtab, Gulnoraga qaradiyu qisiq koʻzlari katta ochilib ketdi. Cholning avzoyini koʻrib kampir qizga alanglab nazar tashladi va shu zahoti rangi oʻzgardi. Erining gʻazabnok nigohidan bukilib ketayotgan kabi egilib:
— Hoy, qizim, — dedi qaltiragan ovoz bilan shosha-pisha. — Egningizdagi toʻnni yechib qoʻying, bobongiz unda namoz oʻqiydi.
— Nima boʻlibdi? Men iflos qilmayman-ku.

Oʻtar bobo shart orqasiga qayrildi.
— Voy, baraka topkur-ey, yecha qoling, sizga boshqa narsa beray. Chol oʻlgurning jahli belbogʻida...

Gulnora bu eski choponning shu qadar arzandaligiga ajablandi-da, yechib kampirga uzatdi.

Irmoq tarafdan Aziza chelak koʻtarib kelardi.
— Jonim qoqindiq, juda urinchoq ekansiz-da! - deb zorlandi kampir. — Oʻzim olib kelardimu...

Aziza loʻppi yuzlari qizarib, hansirab tura edi.

Nonushtadan soʻng kampir bilan Aziza qoʻy-echkilarni oʻtloqqa haydab ketishdi. Gulnora sumkasidan Uitmenning moʻ'jaz toʻplamini olib oʻqishga tutindi.

U dovon tepasida Amirning qorasi paydo boʻlganini ham, darvozadan kirib kelganini ham sezmadi.
— Xormang, Gulnoraxon...

Qiz roʻparasidagi navqiron yigitni, uning qora qoshlari, qirra burun, tiyrak koʻzlarini koʻrib bilinar-bilinmas qizardi...

Hol-ahvol soʻrashgach, Amir qizning qoʻlidagi kitobga qiziqdi. Gulnora Uitmenni oʻqimagan gumroh hamsuhbatiga afsuslanib tikilgancha bu «jahonning sakkizinchi moʻ'jizasi» haqida vijir-vijir tushuntira ketdi. Amir uning sabogʻini sabr bilan tinglab, nihoyat:
— Lutfiy darajasidagi shoir ekan-da, — deya xulosa chiqardi.
— Lutfiy? Kim u?

Yigit Gulnoraning ingliz filologiyasi boʻlimida tahsil koʻrishini esladi...
— Navoiyni ham mutolaa qilmagandirsiz?
— Maktabda oʻqiganman... bir oz, — dedi qiz taraddudlanib. — Endi kirishmoqchiman. Bilasizmi, haligi... Sharq poeziyasi bilan uncha tanish boʻlmaganim uchunmi...

Oraga sukut choʻkdi.

«Mening bechora she’riyatim!», deb xayolidan oʻtkaz-di Amir qorli choʻqqilarga hasratli nazar tashlab.
— Kursdoshlarim studentlar qurilish otryadida. Shimolga ketishuvdi, — dedi Gulnora jimlikni buzib. — Men ahmoq ulardan ajrab, bu yoqqa chiqqan edim. Ochigʻi, togʻlarda jindek dam olib kelaman, deb oʻylovdim. Endi esa zerikib oʻlyapman. Cholu kampirlarning siyqalashgan xotiralaridan eski-tuskilarni qirtishlayverish ham jonga tegdi... Toʻgʻrisi, men ularni yaxshi tushunmayman... Shu ming yillik eski gaplarning nima keragi bor-a?..

Xarsanglar ortida munkayib kelayotgan qora koʻylakli kampir, uning yonida esa oʻrik gulidek oppoq koʻylagi yanada oqroq koʻringan Aziza paydo boʻldi. Koʻrishar ekanlar, Amir Azizaning qimtinibgina qoʻl uzatganini, soʻng darhol koʻzini yerga olganini sezdi. Toʻrtovlon yassi xarsang supa ustiga choʻka qolishdi. Aziza kampirni yana ishga soldi.

...Margʻilonning yoʻlida
Yakka terak oʻsibdi.
Yorim kelar yoʻllarni
Tikan oʻtlar toʻsibdi...

Kampir shunchaki xirgoyi qilayotgandek past ovoz bilan boshlar, soʻng avjiga chiqar, shu paytda zaif titroq tovush benihoya hazinlashar, qoʻshiq ohangida teran bir mung toʻkilar edi...

Samarqand soyiga solma imorat-o, solma imorat,
Oʻz yurtingga qilma xiyonat-o, qilma xiyonat,
Oʻz yurtingga qilsang xiyonat-o, qilsang xiyonat.
Oʻzganing yurti ham senga omonat-o, senga omonat...

Oradan zum oʻtmay zerikkan Gulnora Amirga qarab sekin imo qildi. Ular koʻzlarini chirt yumib olgan kampir va ruchkasi daftar varaqlari uzra tinimsiz yoʻrgʻalayotgan Azizaning yonidan ohista sirgʻalib, koʻl tomon joʻnadilar.
— Qizingiz bormi? — deb soʻradi Gulnora daf’atan.
— Hali uylanganim yoʻq, — javob qaytardi Amir Gulnoraning qanday «qiz» xususida surishtirayotganini sezsa-da.
— Yoʻq, sevgan qizingiz?..

Oydinkoʻl ohista shivirlar, suv sathi yum-yum yigʻlayotgan goʻzal yuzidagi moviy pardadek titrar edi. Irmoq sohilidagi yolgʻiz terak undov belgisidek tanho qaqqayib turardi.
— Men oʻshaman! — dedi Amir terakni koʻrsatib.

Qiz yigitning keng yelkalariga, marmarday tiniq yuziga ilinj yashiringan sinchkov nigoh tashladi.
— Oʻzingizda-chi?
— Bor edi, — dedi Gulnora bamaylixotir. — U...
— Ikkita edi ular, — deya uning soʻzini kesdi Amir, — biri sakkizinchi sinfdan buyon. Lekin u boshqa institutga kirdi — ajrashdik. Ikkinchisi fakultetda topgandim, chiroyli edi, yurish-turish ham yomonmas. Faqat tergayverib jonimga tegdi: falonchi bilan nega birga ketding, pistonchi bilan nega hiringlashding... Xullas, shu qadar qoloq, XIX asrdan qolgan tirik moʻmiyoning oʻzi! Bahridan oʻtdim-qoʻydim!
— Qayoqdan bildingiz?! — deb qichqirib yubordi Gulnora.
— Gapimni boʻlmang! — deb sovuq shiddat bilan davom etdi yigit. — Otangiz ziyoli odam. Onangiz ilgari ishlagan. Keyinchalik semirib ketgach, «uy beksasi»ga aylangan, «serdtsa»si chatoq. Yiliga ikki marta Yalta havosidan simirmasa «pristup» boʻladi.
— Aziza aytgan! — Qiz hangu mang, tamoman mahv etilgan edi.
— Aziza bilan gaplashdimmi?
— Unda... Qaydan?

Amir lablari qiyshayib, asabiy kuldi. Koʻzlagan niyatining chippakka chiqishini avvaldan bilgan odamgina shunday zoʻrma-zoʻraki iljaya olar edi.

«Xuddi oʻzi-ya!», deb oʻyladi Amir. Yuragi siqildi.

Xuddi shunday tim qora sochlar, xuddi shunday fusunkor yuzlar, xuddi shunday yurakka oʻt soluvchi ishvakor tabassum... Umrining eng begʻubor damlarini Amir oʻsha sirli jilmayishlarga baxsh etgan edi...

Soʻng: u suyib oʻpgan nozik qoʻlchalarni kimlardir beibo ushlagani... Oʻsha aziz, qadrdon vujudning hech tortinmay oʻzgalar ogʻushida qiyshanglagani... Birdan bularning hammasi yirik plandagi kadr kabi jonla-nib, uni titratib yubordi: «Siz eng nodon qishloqisiz! Men bari bir siz aytgandek boʻlolmayman. Boʻlolmayman! Boʻlolmayman!..»

«Eh, bari bir!»

Quyosh tikkada oʻt purkaydi. Osmonning bir chetida siyrak bulutlar erinibgina suzadi. Darada oʻtkir archa hidi kezadi. Oyoq ostida shagʻal gʻijirlaydi. Bir oʻrim sochdek chulgʻangan irmoq koʻlga tomon eshilib ket-gan.
— Hur qizlar-u-u! — deb qichqirdi birdan Amir va toʻxtab quloq soldi.

Qoyalar qa’ridan javob qaytdi:
— Huv... v... v...

U anqayib turgan Gulnoraga tushuntirdi: qadim zamonlarda darada hur qizlar yashaganlar. Xuddi amazonkalardek. Bir kuni yov bosgan. Hur qizlar yov bilan olisha-olisha huv baland choʻqqiga chekinadilar. Yev har tarafdan oʻrab kela boshlabdi. Shunda qizlar malikasi tiz choʻkib, togʻu toshlarga yolvoribdi. Ulkan qoya birdan yorilibdi-da, ularni oʻz bagʻriga olibdi. Iffatni jondan yuksak bilgan hur qizlar hamon bagʻrida emish.
— Gʻalati afsona ekan... Amazonkalar... — Aytishlaricha, hur qizlardek sof, boshdan-oyoq pokiza bir qiz kelib: «Hur qizlar-u-u! Chiqinglar desa qoya yana tars yorilib ular ozod boʻlar emish. Mana shu Oydinkoʻl ham oʻsha qizlarning koʻz yoshlaridan paydo boʻlgan, deyishadi.

Quyosh qoyalar ortiga botib ketdi. Choʻqqilar gungurt-zangori tusda tovlanar, koʻl sokin mavjlana edi...
— Ollo-hu... ak-bar-r-r!... Ollohu... u... ak-bar-r.

Butun dara seskanib tushgandek boʻldi. Qoʻrgʻon tarafdan asr namoziga chorlab azon tovushi kelar edi.
— Hay...ya alas...salo...ot! Hay... ya alas... salo... ot.
— Bobom, — dedi Amir hayratdan quruqlikdagi baliqday ogʻzini ochib qolgan Gulnoraga. — Kecha eshitmaganmidingiz ?
— Yoʻq. Qiziq, namozga toshlarni chaqiradimi?
— Bobomning nazarida, azon tovushini eshitgan yeru suv poklanadi, — deb Amir atrofga ishora qildi. — Oydinkoʻlning suvini ichayotganlar ham shu tariqa ozmi-koʻpmi savobga doxil boʻlar emish. Uning bu kimsasiz joyda yashashiga sabab ham shu.
— Oʻh-hoʻ... — dedi Gulnora koʻzlarini oʻynatib. - Juda... nima desam ekan... fidoyi, yoʻgʻ-e... zamonaviy utopist ekan-ku, bobongiz...

Amirning rangi oʻzgardi.
— Utopistmi, yoʻqmi, siz bilan biz uni tushunmaymiz. Tushunmagan narsasi haqida yengil-elpi hukm chiqarishga esa hech kimning haqqi yoʻq!
— Kechirasiz... men... — dedi qiz yelka qisib.

Ular hovliga qaytib kirisharkan, oʻchoq oldida Azizaga nimanidir uqtirayottan kampirning gapi chala-yarim quloqlariga chalindi:
— ...Amirim ham Toshkentda oʻqiydi, jonim qoqindiq! Bilvoldingiz-a, endi shaharda xabar olib turasizda nevaramdan, tuzukmi?

Aziza boshini koʻtarib, Amirga koʻzi tushdiyu olov taftida qizargan yuzlari yana lovillab ketgandek tuyuldi. Soʻng allanarsani bahona qilib uy tomon shoshildi. Amir yonida Gulnoraning bor-yoʻqligini ham unutgan kabi beixtiyor bir-ikki odim tashladi. Roʻparasidagi pastak uy favqulodda charogʻon, nur sochib, kulib turgandek edi!

Kechqurun Aziza kampirni asta gapga soldi. Suhbat aravasi oʻtmishga qarab gʻildiradi.
— E...e, nimasini aytay, — deya xoʻrsinib soʻz boshladi kampir. — Mening ham sizlardek ayni oʻn yettiga toʻlib, koʻchada ot kishnasa yuragim oʻynaydigan paytlar. Mahallaning boʻz yigitlari darvozamiz tagidan yalla qilib oʻttani-oʻtgan. Ha... — Kampir hasratomuz bosh chayqadi. — Oʻsha yallalari hali-hali esimda:

Men bu yerga kelmas edim, yor keltirdi meni,
Oʻtga tushsam kuymas edim, yor kuydirdi meni.
Kichkina chorbogʻ ichinda aylanar boshim mening,
Yor yurgan koʻchalarda toʻkilar yoshim mening...

Buni eshitgach, kechalari uyqu qayda deysiz! Bizdan bir mahalla narida Qoravoy togʻa degan etikdoʻz boʻlardi. Shuning Shahobiddin degan oʻgʻli ana oʻtadi koʻchamizdan, mana oʻtadi. Har oʻtganda yangi yalla. Bora-bora ovozini eshitsam, yuzimga isitma tepadigan boʻddi. Bir kuni oʻtayotganida devordan moʻraladim. Ozoda yaktak kiygan, belida shohi qiyiq, oyogʻida oʻsha vaqtda yangi rasm boʻlgan agʻdarma etik. Kosibcha oppoq yuz, qosh-koʻzi qora. Yuragim shuv etdi. Shahobiddin gap qotdi: «Otasi sotarmikan bu hurliqoni, yo sandiqqa qamab, narxini oshirib oʻtiraverarmikan?»

Eh, chiroqlarim, yigitlar u paytlar shunaqa dangalchi edi! Men shaddod qiz edim, lekin ming shaddod boʻlsam ham oʻsha tobda tilim tanglayimga yopishib qoldi. Indamay uyga kirib ketdim. Ana endi koʻring. Koʻzimni yumsam, surati koʻrinaveradi, jim oʻtirsam, qulogʻimda gapi jaranglayveradi. Koʻngil ishi yemon ekan! Bir kuni sal imo qiluvdim, kechasi chorbogʻimizga keldi. Buvimni uxlatib men ham chiqdim. Nimasini aytay, rahmatlik naq qarchigʻaydek yigit edi...

Oʻsha kunlari Oʻtar buvangizdan biznikiga sovchi lar shira talashgan pashshadek uchib-qoʻnib qolishdi-ku... Bu kishi qishloqning oldi boyvachchasi. Buvish turtkilab qoʻymaydi:
— Koʻz yoshing boshingni yesin, nega qon qilasan odamni! Shiru sharvatning ichida boʻlasan, yogʻ yeb, yogʻlama tashlaysan! Hu, juvon oʻlgur!..

Xullas, uzatishdi. Qoʻqon aravada liqirlatib olib ketishyapti, deng! Oy xuddi mana shunaqa charaqlab turibdi. Xotinlarning yor-yori bir yuragimni tirnaydts, hiq-hiq yigʻlayman...

Oq miltiq, qora miltiq,
Otgan otam, yor-yor.
Oʻz qizini yot qilib,
Sotgan otam, yor-yor.
Oʻz qizining yoʻliga
Bodom eksin, yor-yor.
Bodom shoxi qayrilsa,
Bolam desin, yor-yor...

Bir vaqt uzoqdan birov yalla qildi. Shahobiddin. Yuraklarim oʻrtanib ketdi-ey! Goʻshangada ham koʻz yoshim tinmadi. Hay, dedim, qiz bolaning peshanasida shu bor ekan, nima boʻlsa, yo razzoq! Dardimni zahar ichgandek, ichimga yutdim.

Boyaqish Shahobiddin giyohvand boʻlib koʻchalarda sargardon yuradigan koʻyga tushdi. Manavi qoʻshiq uning sha’niga chiquvdi-da:

Hay, hay, usta Shahobiddin,
Koʻlda tanovaring qani?
Suydim, suydim deb yurgan,
Hurliqo yoring qani?

Keyin orada hurriyat zamonlar boʻlib ketdi. Oʻtar buvangiz qochqinda yurgan kezlari Shahobiddin koʻp odam qoʻydi. Bir yuragim hapriqdiyu soʻgʻin oʻylab, yoʻq, dedim: «Menga it tegishga tegdi, endi sening yostigʻingni oʻzingday pok bir qiz obod qilsin!», deb javob berdim.
— Sevsangiz ham-a? — deb hayratlanishdi qizlar.
— Voy qizlarim-ey, suyganimdan-da! Jonimdan ortiq koʻrmaganimda tegardim-ketardim! Suyganim uchun... Axir, oʻzganing qoʻli harom qilgan sochimni suyganimga silatamanmi-ya? Bundan koʻra murdashoʻyning qoʻli silasin, dedim.

Oxiri xotin oldi shoʻrlik. Keyin biz bu yoqqa koʻchib chikdik. Shahobiddin ov bahona, Oydinkoʻlga kelib turardi. Yirokdan lip etgan «ovi» — meni koʻradi-da, qaytadi. Xayriyat, sogʻ-omon ekan, deyman men ham. Avvallari hafta, oyda yoʻqlardi, soʻgʻin kamnamoroq boʻp qoldi. Hech esimdan chiqmaydi: kelmay yurib-yurib, oʻtar bobongiz yoʻq payti kelsa!

Yoz payti edi. Dovon tepasida toʻriq mingan Shahobiddin koʻrindi. Otini yoʻrttirib, koʻlga tushdi. Qarasam, koʻl yoqalab biz tomon kelyapti!

Shoshib soʻqmoqqa chiqdimu qoʻlimni silkitib, «Qayting, qayting!», deb baqirdim. Oʻzimning jonim boʻlsa bir ogʻriydi, bir ogʻriydi!

Bir-birimizga termulib turibmiz. Ozib-toʻzib ketibdi, rang-roʻyi bir holatda. Toʻsatdan ot boshini shart orqaga burdiyu qamchi bosdi. Ketdi! Taxtaday qotib qolaverdim joyimda. Olapar itimiz gʻinshib etagimdan tishlab tortadi. Shundagina hushimni yigʻdim.

Shahobiddin shu-shu dom-daraksiz ketdi. Biz qishloqqa tushmaymiz, qishloqdagilar ham bizdan xabar olmaydi. Bir yilcha oʻtgach, ravoch tergani chiqqan bolalardan surishtirib bildim: kasalmish! Oʻvda giyohvand boʻlib yurgan kezlarida oʻpkasini urdirib qoʻygan ekan. Oh, juvonmarg, dedim oʻzimga, bir yigitning uvoli boʻyningda-ya!

Kun-uzun kun koʻzim dovon tepasida, hadeb qovogʻim uchadi.

Bir xudo qargʻagan kun dovonda qora otliq koʻrin-di-yu! Oʻsha kuni qora qargʻa bir qagʻillovdi, bir qagʻillovdi... «Voy, jonim-ov, chavandozim, xudo senga ming yil umr ato qilsin, iloyo baxtli-taxtli boʻlgin, ti-lingdan shum emas, xushxabarlar tomchilab tursin!», deb duo qilyapman tinmay. Chavandoz koʻl yoqalab biz tomon ot qoʻydi... Kelyapti... Dukur-dukur... Ot tuyogʻi yuragimni bosib-bosib kelaverdi... Ana!.. Voy, xudoyim, Shahobiddinning jiyani-ku!..

Yetib keldiyu «Mingashing otga!», dedi...— Kampir bir zum toʻxtab, yutindi.— Shahobiddinning ayoli joʻna-tibdi. Eri uch kundirki, jon berolmay ilhaq ekan...

Qishloqqa qanday yetib borganimni bilmayman. Kirsam eshikka termulib yotibdi, bir boʻzlaydi, bir boʻzlaydi koʻzi bilan...

Xotini yugurib chiqdiyu meni quchoqlab yigʻlab yubordi.
— Opa! — dedi. — Jonim opam! Keling, shu shoʻrlikning dunyodan armoni ushalib ketsin!

Koʻzlari gʻilt-gʻilt qiladi Shahobiddinning. Ikkimizni xoli qoldirdilar. Roʻmolim bilan yuzimni bekitdim. Ikki qavat shol roʻmol ostidagi betimni labiga bosdim! «Oh!», dediyu bir tamshandi... boyaqish... uzildi...

Oʻsha kech qaytdimu shunday aytdim, shunday aytdim! Nazarimda, boʻzlashimga Oydinkoʻl chiday olmay oʻzini qirgʻoqqa uraverdi, uraverdi...

Yoronlar, endi qaytayin, Dardimni kimga aytayin. Shahobiddindan ayrilib, Men qandoq toqat etayin? Senga jonimni bermay, Yoring boʻlmay ketayin... Shunqor begim, voy-voy-y! Sardor begim, voy-voy-y!

Oʻsha kechasi bir yomgʻir qoʻydi-ey... Men boʻlsa lahcha choʻgʻdek yonib yotibman, oʻchirish yomgʻirga yoʻl boʻlsin...

Senday yigit yoʻq boʻlsa, Menday yoring oʻlmasmi? Endi sening hasrating Meni ado qilmasmi?

...Yigʻlayverib shishib ketgan Aziza qoʻllarini bazoʻr siltadi. Soʻng oʻzini kampirning quchogʻiga otdi.

«Qiziq kampir ekan...»

Gulnora kampirning gʻalati muhabbati, gʻaroyib qismati haqida oʻylab-oʻylab, koʻzi ilinganini sezmay qoldi. Osmoni falakda qanot qoqib yurgan hur qizlar tushiga kirdi... Ajab lojuvard samo bagʻrida kampir bilan Aziza ham suzib borayotganmish... Gulnora ularga qichqiray desa ovozi chiqmas emish...

U azon tovushidan uygʻonib ketdi. Oʻtar bobo Oydinkoʻlni, tilsiz qoyalaru togʻ ortida mudrab yotgan ; quyoshni — jumla-jahonni poklanishga da’vat etib azon chaqirardi. Bu nolasimon tovush asta havolanar, butun dara boʻylab parvoz etar, soʻng bu makondan oʻziga manzil topolmay koʻkka, azim osmon qa’riga intilar edi. Osmon esa cheksiz-cheksiz...
— Hay...ya alas... salo...ot! Hay... ya alas... salo...ot!

Gulnora yoniga oʻgirildi. Aziza yengil nafas olib uxlab yotardi.

«Qiziq ekan bu chol, — deb oʻyladi Gulnora. — Axir, xudo yoʻq-ku! Birdan bari behudaligini tushunib qolsa bormi?! Yuragi yorilib ketar-ey... Hur qizlar-chi?.. Bu ham gʻalati...»

daf’atan kechadan buyon yuragini kemirayotgan niya-ti esiga tushdi: u hur qizlarni chaqirmoqchi edi! Apil-tapil kiyinib, koʻl boʻyiga tushib bordi.

Havo shunday salqin, toza ediki, Gulnora oʻzini uchib borayotgan pardek yengil his qildi.

Koʻl ham uxlab yotgandek qilt etmasdi.
— Hur qizlar-u-u-u! — deb qichqirdi Gulnora

zaif ovoz bilan atrofiga alanglab. Javob qaytmadi.
— Hur qizlar-u-u-u!..

«Nahot, loaqal javob ham qaytarmasa?! Yoʻq... Hur qizlar meni hech qachon eshitmaydilar, tushunmaydilar... Xuddi men ularni eshitmaganim, tushunmaganimdek...»

Yana alangladi. Hech kim yoʻq edi.

— Hur qizlar-u-u-u!..