OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiHoloti Pahlavon Muhammad
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Holoti Pahlavon Muhammad
Alisher Navoiy

Bismillohir-Rahmonir-Rahim
«
Ey charx, ne davrlarki dast etting,
Davringda muhabbat ahlini mast etting,
Har kimniki, olamda zabardast etting,
Oxir ajal ilgida ani past etting.
»
Tariq fanosida mufarrad va fano tariqida mujarrad, jahondagʻi pahlavonlarning pahlavoni jahoni va pahlavonligʻ jahonining jahon pahlavoni, surat va ma’nida beshabih va benazir, ya’ni Pahlavon, shamsul-millati vaddin[1] Muhammad Kushtigir[2] siyrat va suratida.

Pahlavonning nasabida sayodat sharafi bor, ammo chun tagʻoyisi Pahlavon Abusaid[3]kim, zamonning pahlavon va musallam kushtigiri erkondur va Pahlavon kichik yoshligʻ erkonda ul fanda kundan-kunga andin gʻaribosor va ajib namudorlar zohir boʻlur erkondir. Andoqki, oz fursatda jami’ abnoyi jins borini magʻlub qilib, borigʻa foiq va gʻolib kelibdur. Chun roʻzgor harunligʻidin va laylu nahor buqalamunligʻidin[4] Pahlavon Busaid hayot vadyatin muqtazoyi ojil[5]gʻa topshurubdur. Pahlavon istihqoq bila pahlavonliq sartakiyasiga oʻlturubtur va bu toyifa sarhalqaligʻin tav’ va ragʻbat bila qabul qilibdurlar. Nevchunki ul, agarchi kuch va zabardastlikda zamonning munfaridi erkondur, ammo kushtidonligʻ va zabardastligʻda ham andoq ekondur va bu toyifadin bu oʻtgan toʻrt-besh yuz yil, balki ming yilda aningdek hech yod bermaydur va naql qilmaydur. Bovujudi ulki, oʻz fanidaki, kushti boʻlgʻaykim, shuhrati ul ism biladur va oncha yakfanliqda va mardum afkanliqda kichik yoshliq erkondurkim, shogird kushtigir erkondur va bu fanda ne varzish qilur erkondur. Chun qobiliyati baland tushgandur va muloyamati tab’i borcha funungʻa munosib va bahramand voqe’ boʻlgʻondur, koʻp fazonil va kamolot ham kasb qilgʻondurkim, zamon ahli borchada Pahlavonni musallam tutar erdilar.

Ul jumladin advor[6] va musiqiy ilmidurkim, chun lahjasi va husni savti xoʻb ekandur va usuli mazbut va harakoti va sakanoti margʻub. Ul daqiq fanda koʻshish va sa’y koʻrguzub, daxli tom va mahorati molokalom topib erdi va dilkash naqsh[7]lar va amal[8]lar va dilpisand qavl[9]lar va gʻazallar tasnif qilur erdi va xoʻb aytur erdi. Andoqki, eshitgan xavos va avom xushhol boʻlmoqda beixtiyor va oʻrganmoqda beqaror erdilar.

Ul asrning bu fanda mohirlari misli: Ustod Muhammad Xorazmiy va Mavlono Nu’mon va Mavlono Sohib Balxiy va Shayx Safoyi Samarqandiy va Xoja Yusuf Andijoniy[10]dek kishilarning tasnifoti muqobalasida ishlar yasabdur va naqsh va sufiya va amal va qavl va jir chorzablardek va chun oʻzi alarning koʻpidan ham xushgoʻyroq va ham xushxon ermish, ishlarining shuhrati koʻproq voqe’ boʻlur emish.

Mashhur amallaridan biri «chahorgoh» amalidurki, Mavlono Toʻtiy[11] (alayha rahma) ning ul she’ridinkim, matlai budur:

Soqiyo, de rafta hastu ahvoli fardo nopadid,
Xeshro imruz xush doremu fardoro ki did?[12]

kim, Mir Buzurg Termiziy[13] otigʻa bogʻlabdurkim, bagʻoyat xushoyanda va muloyim eshitilur va dalil bukim, Xuroson mulkida, balki Samarqand va Iroqda hamul ishni bilmas goʻyanda yoʻqtur, balki gʻayri goʻyanda dagʻi behad va hasr xaloyiqning yodidadur. Yana «segoh» amalidurkim, Mavlono Xusrav[14]ning she’rigʻa bogʻlabdur va matlai budurkim:

Ey zi tobi orazat sham’e ba har koshonay,
V-ey asiri purxami zulfat dili devonay[15]

kim, Bobur[[16] otigʻa bogʻlabturki, ul dagʻi bagʻoyat muassir va xushoyanda ishdur. Yana «segoh» amalidurki. Mavlono Kotibiy[17]ning ul she’ridinkim, matlai budurkim:

Gahiki, tigʻi tu dar qatli ahli did baroyad,
Ba yak mushohada maqsudi sar shahid baroyad[18].

Bu ishni bogʻlamoqdin gʻarazi bu matla’ ermishkim:

Manoli Kotibiy az shomi gʻam ki subhi saodat
Ba yumni davlati Sulton Abusaid baroyad[19]

kim, Sulton Abusaid mirzo[20] otigʻi bogʻlabdur, nihoyatdin tashqari dilpazir ish tushibdir.

Va ulkim, Sultoni Sohibqiron[21] xizmatigʻa musharraf boʻldi, Mashhaddin «saydi gʻazol»[22] shoʻ’basida ul humoyun hazratning ismigʻa oʻzining bu she’rinki:

Onjo ki bar dargahat roʻi niyoz ovardayem,
Roʻi dil dar ka’bai iqbol boz ovardayem[23]

amal yasab erdi va bozgoʻyi[24]da bu ikki baytin bogʻlab erdi va insof olamida bu ikki baytdek oz aytibdurki, mamduhning beshinchi otasigʻacha zikr boʻlmish boʻlgʻaykim:

Sulton Husayn xusravi gʻoziyki misli oʻ
Hargiz nabuda dar sadafi ruzgor dur.
Shoh ast shahriyor padar bar padar ki hast,
Mansur Boyqaroyi Umarshayxi bin Temur[25].

Bu amalda base maqomot[26] va shaabote[27] darj qilib erdikim, ta’rifdin mustagʻnidur va asru dilpazir va bagʻoyat benazir bogʻlanib. yana ishlar ham misli: «qavl» va «gʻazal» va «chorzarb»[28]dek va «savt»[29] va «naqsh» xud behaddu add bogʻlabdurki, xaloyiq orasida mashhurdurki, borchasin darj qililsa mujibi itnob boʻlur.

Va she’r va muammo[30] bobida ilmiy va amaliysida Pahlavon sohib vuquf va jald erdi, ul nav’kim, zamon shuarosining yuzidin biriga oncha shuur va vuquf yoʻqtur va aksar nazm ahli har nav’ she’r aytsalar erdi — Pahlavon nazarigʻa yetqururlar erdi va aning isloh va tagʻyir va tabdilin qabul qilur erdilar va oʻzining dagʻi she’r va muammo fannida tab’i muloyim erdi. Andoqki, bu matla’ Pahlavonningdurki:

Guftamash»: «Dar olami ishqi tu koram bo gʻam ast?
Guft xandon zeri lab: «Gʻam nest, kori olam ast»[31].

Va «Kushtigir» taxallus (qilur erdi) va bu tab’ning taxallusi asru xoʻb voqe’ boʻlubturki:

Az xayoli pechtobi kokuli mushkini oʻ,
Dudi dil bar farqi Kushtigir hamchun parcham ast.

Muammo tariqida xud muxtari’ erdi. Jam’iki muammo ayturlar[32], base zahmat bila bir baytdin yo bir ruboiydin bir ism hosil qilurlar. Pahlavon ustod ab’yotidinkim, qoyil muammo qasdi qilmamish boʻlgʻay, tab’i oʻzi bila ismlar paydo qilib erdi va bu koʻp voqe’ boʻlubturkim, holo ushshoq orasida bor. Ul jumladin, Hazrati Xoja Hofiz Sheroziy[33]ning devonining burungʻi gʻazalining matlaidinki, bagʻoyat mashhurdur. «Ali» ism chiqoribdurki:

Alo yo ayyuhas-soqiy adir ka’san va navvilho,
Ki ishq oson namud avval, vale aftod mushkilho[34].

Ham Xoja Hofiz bu matlaidinkim:

Holiyo maslahati xesh dar on mebinam,
Ki kasham raxt ba mayxonavu xush binshinam[35].
«Amin» ism hosil qilibdur. Bu baytdinkim:
Ganji zar gar navbad ganji qanoat boqist,
On ki on dod ba shohon ba gadoyon on dod[36].
«Taqiy» ism hosil qilibturur.

Va yaxshi ruboiylari ham bor. Xoh bir mahalda birov uchun aytgʻon, xoh birovning ruq’asigʻa javob yuborgan. Ba’zi yoronlarigʻa[37] bu ruboiyni bitib yuborib erdikim:

Gar jon ajalam zi tani noshod barad,
Hosho ki maro mehri tu az yod barad.
Xoham ki shavam xok maro bod barad,
Boshad ki ba soʻi Astrobod barad[38].

Va ham ba’zi muxlis va mu’taqid yoronlari ruq’asi javobida[39] aytib erdikim:

Az ohui romi xud faromoʻsh makun,
V-az sayde ki romi xud faromush makun.
Harchand ki boshad faromoʻshkori,
Az sari gʻulomi xud faromoʻsh makun[40].

Va muloyim qit’alari ham bor. Ul jumladin biri budurkim, joʻyi «Sultoniy» yoqasida Pahlavon bir langare[41] bunyod qilibdurki, aning ta’rifini qilmoq — quyosh ravshanliqgʻa va mayni mastliqgʻa ta’rif qilgʻondekdur va bir qatla Sulton Sohibqiron ovdin qaytgʻonda ul takiyaga tushubdur va Pahlavon hozir ermas erkandur. Bu jihatdan bagʻoyat mutaraddid va mutaassir boʻlubtur. Ul mahalda uzr uchun bu qit’ani aytib erdikim,

qit’a:

Tak’yai moro sharaf biguzasht az charxi barin,
Po ba roʻ afkanda soya soyai parvardygor,
Garchi gardun atlasi xud kard poyandozi shoh,
Kosh man mebudami to joni xud kardi nisor[42].

Dagʻi yaxshi soʻz masnaviysi ham borki, nazm ahlining mutaayyinlarigʻa ul nav’ abyot voqe’ boʻlmaydur.

Ul jumladin budurkim, pahlavon Piriy kushtigirkim, Pahlavoni nomurod umrin aning tarbiyatigʻa sarf qildi va nazari bu erdikim, qarigʻon chogʻdaki, ul jahon pahlavoni kushtigir boʻlib, Sulton Sohibqiron matbu’ tab’ nadimi majlisi va Pahlavon farzandi munisi va sham’i majlisi boʻlgʻay va ul bevafoliq qilib Pahlavondin ayrildi va Pahlavon nomusliq va gʻayratliq jigarxor kishi erdi va anduhdin koʻnglida soʻz va badanida gudoz erdi, ammo mutloq hech kishiga izhor qilmas erdi. Ammo hech nav’ maxfiy sirri va rozi yoʻq erdikim, bu faqirdin yashurun boʻlgʻay. Andoqki bu faqirning ham andin. Alqissa qarigʻonining sharhida va pahlavon Piriyning bu qarigʻon chogʻda umrdek bevafoliq bobida masnaviy aytibdurki, bu faqir ab’yotin besh bayt va oʻn bayt aytur mahalda oʻqur erdi, bir necha bayt sabt qilildi va ul abyot budurkim,

masnaviy:

Chu bar charx ravshan shavad holi man,
Ba sad dida gir’yad bar ahvoli man.
Maro bor budy guli navshukuft,
Daregʻo ki bodi xazonash biroʻft.
Hama umr tuxmi behi koshtam,
Chu vaqti baromad nabardoshtam.
Zi on talx shud zindogonin maro,
Ki piri fikand az javony maro.
Kunun man na on sheri zanjiriyam,
Badar burda ham zi gʻam piriyam.
Ba xurdi padar tifl az on parvarad,
Ki to dar buzurgy gʻam naxoʻrad.
Zi on dar javoniy bor oyadash,
Ki dar ahdi piri ba kor oyadash.
Maro piry on nav’ oxir fikand,
Ki hecham javony nashud sudmand[43].

Bu masnaviy nihoyatin podshoh duosi bila xatm qilibdur va hol ahli bu abyotdin ma’lum qilurlarkim, Pahlavonning tab’ida ne miqdor dardi hol choshnisi bor ekandur.

Yana sanoyi’[44] aruz[45] qofiyasi[46]da ham koʻp sohibvuquf erdi. Dagʻi qiroat ilmin ham yaxshi bilur erdi va xoʻb maxraj va tajvid[47] bila Qur’on oʻqur erdi va gohi huffozdin qiroat bobida soʻrar erdikim, alar javobidin ojiz boʻlur erdilar. Pahlavondin istifoda qilur erdilar.

Yana nujum ilmin[48] oncha bilur erdikim, har mavlid uchun royijai tole’ bitiy[49] olur erdi.

Yana tibb va hikmatgʻa koʻp muloyamati bor erdi. Mavlono Qutbuddin[50]kim, bu mulkning mutaayyin tabibidur — bu fanni kasb qilur erdi. Mavlono Alo ul-mulk[51] tabib bila Mavlono Abdussalomi Sheroziyki, benazir muolij erdi — Pahlavongʻa musohib erdi va doyim bu fan bahsida va guftu shunuftida alar Pahlavon soʻzlarin musallam tutib, muolajalarin ham ta’rif qnlur erdi va ashobdin harqaysigʻa maraz tori boʻlsa erdi, koʻpi ul erdikim, oʻzi muolaja qilur erdi.

Yana fiqh ilmi[52]da ibodotdin faroyiz va sunan va vojibot va mustahabbot va bu ibodatgʻa muvofiq ad’iyakim, koʻprak fuqaho va zuhhodgʻa mazbut va mahfuz emas, Pahlavonga mazbut erdi.

Va ustod abyotin: masnaviy va qasida va gʻazal va har sinf she’rdin xoʻb va ham koʻp yodida erdi. Andoqki, har mahalda har nav’ munosib nazmlardin shirin iborat va takallum bila va ba’zi mahalda rangin alhon va tarannum bila andoq ado qilur erdikim, aksar majlis huzzorigʻa nasridin xabar va nazmidin asar voqe’ boʻlub, riqqatlar dast berur erdi va koʻp mashoyixlar va ahlulloh va darveshlar majlisigʻa bahramand va xizmat va mulozamatlaridin sarbaland va arjumand boʻlub, sharafi qabul topib va base har sifatdin ahli tariq pahlavonlar va ulugʻ kishilarga shoyista xizmat qilib, kisvatlar havola qilib erdilar. Haq subhonahu va taolo anga qobiliyat karomat qilib erdi. Har nav’ ishga xotir mutavajjih qilsa erdi — ul nav’ daxl qila olur erdikim, ul fan ahlining mohirlarigʻa mustahsan tushgay va bir nav’ qabuliyatni aning zotida xalq qilib erdikim, har nav’ xaloyiq bila ixtilot qilgʻoch, alarning koʻngliga matbu’ va tab’igʻa mahbub erdi va pisandida atvori begʻoyat va hamida ahloqu shiori benihoyat, mijozida bazlu saxo gʻolib va tab’ida shafqatu raho mufrit, ulugʻlargʻa zotiy niyozmandligʻ va xizmat va kichikroq notavonlargʻa rasmi mehru shafqat va sarpayvandliq va mutavassitul-hollargʻa ishi muloyamat va xoʻb zabonliq va fuqaro va masokingʻa varzishi muvofaqat va naf’rasonligʻ. Kecharoklik va kunduzlik yigirma toʻrt soatda Pahlavonning tak’yasyda hoh safarda, hoh hazarda tabx ishtigʻolidin farogʻat yoʻq erdi, turluk-turluk at’ima erdi. Andoqki, bu ne’matu agʻziyadin fuqaro va masokinu muqim va musofir mahzuz erdilar. Agʻniyo va ahli tamkin va ozodalaru shohzodalar va akobiru ashrof bahramand erdilar, hattokim, sultonus salotin ham yetgach, bu mazkur boʻlgʻon at’imalar ham tortilur erdi va yetmasalar erdi — Pahlavonning ushoqlari koʻtarib togʻgʻa elturlar erdi va agar eltmasalar erdi — yuqoridan kishi kelib, tilab elta borurlar erdi va ashriba va favoqih va halviyot[53] hamul at’imagʻa - yarasha muqarrar erdikim, tortilur erdi va har tarafdin kelgan fuqoro va gʻuroba va ak-sarash oʻn kun, balki bir oy-ikki oygʻacha tavaqquf qilsalar erdi — bu ma’kulot alarning ilayiga kulfatsiz, balki ikki-uch qatla tortilur erdi va ulogʻlariga arpa va somon, ulogʻlar va oʻzlariga orosta maskan ham tayyor erdi. Va bu xaloyiqdin koʻpi andoq erdikim, borur chogʻlarida Pahlavon muruvvat va karamidin yoʻl xarjisi va ba’zi darveshona liboslar va tabarruklargʻa ham mustafid boʻlub erdilar. Jamii ahli turuq oʻzlarini Pahlavonning fotiha va takbirigʻa yetkurmagʻuncha oʻz tariqlarida ishlari tamom boʻlmas erdi.

Borcha sodotu mashoyix va ulamoyu fuqaroning mahbub ul qulubi erdn va podshoh eshigida arkoni davlatdin oliyshon beklar va oliymakon ichkilar va sudur va soyir xaloyiqgʻa Pahlavonning suhbati navroʻz va bayramcha bor erdi, hattoki sultonzodalar tilamas erdilarkim, bir lahza onsiz boʻlmagʻaylar erdikim, podshohzodalardin nechaki mu’tamad otlanib, Pahlavonning tak’yasiga borib, suhbatligʻe qilgʻaylar erdi. Ul dagʻi borchasigʻa loyiq xizmatlar qilib, suhbatlar tuzib, ne’matlar tortib, sozandaligʻ va goʻyandaligʻ buyurub, samo’ va raqs qilib, alarni xushhol va munbasit uzotur erdi.

Va Sultonus-salotinning gʻarib shafqatu ulfati va ajib inoyatu nisbati Pahlavon borasida bor erdi. Hech suhbat tilamaslar erdikim. Pahlavondin ayru qilgʻanlar. Borcha majlis va mahfilda Pahlavon hozir erdi va suhbatnnng xushlugʻigʻa bois erdi.

Va she’r va muammo va musiqiyki, suhbatning mujibi nishot va inbisotidur, chun Pahlavonning borchada vuqufu daxlu tasarrufi zohir, balkim ul fununda ahli fandek mohir erdi — suhbatning yuzi Pahlavongʻa evrulur erdi. Va Sulton us-salotnining nadimi majlis va anisi anjuman va xilvati va har rozda mahrami va har holda hamzabonu-hamdami erdi. Takallufsiz va mubolagʻasiz podshohdin gadogʻacha va ahlullohdin yahud va torsogʻacha Pahlavonni sevmas va tilamas kishi yoʻq erdi.

Subhonalloh, yuz ming hamdu sipos va sanoyi behadu qiyos ul qodir sun’igʻakim, har bandasigʻakim, bir ovuch tufroqdin xalq qilibdur, muncha qabuliyat va qobiliyat va axloqi hamida va atvori pisandida va zohir yuzidin muncha fazlu kamol va ma’ni tarafidin muncha vajdi hol bera olurkim, bir jahon xalqin muloyamat bila sayd va bir olam ahlin zanjiri irodati bila giriftori beqayd qilgʻay.

Alqissa, Pahlavonning borcha nav’ ishlarining xushlugʻi bayonida va har tavr siyrat va suratining dilkashligʻining sharhida zabonvarlar tili qosir va dostongustarlar nutqi ojizdur.

Qirq yilgʻa yaqin bu faqir bila musohibi joniy mahrami rozi nihoniy erdi. Falokat ayyomidin zohir yuzidin taayyun va istitoat zamonigʻacha koʻprak avqot bila ekandur. Biz ikovdin-ikov har koʻyda yugurgan, oʻzni har ahli dil sharafi mulozamatigʻa yetkurgan. Aning rifqu muvofaqatin ne til bilan taqrir qila olgʻaymen va ne qalam tahriri bila bayon qila olgʻaymen.

Mundin oʻtmaski, qirq yil bir meningdek xudroy va besarupoy oshuftasori parishon roʻzgor kishi bila musohibliq qilgʻayki, xotirgʻa kelmaski, andin xotirgʻa gʻubore oʻltirmish boʻlgʻay va koʻngulgʻa yetmaski, hargiz andin koʻngulgʻa ozore yetmish boʻlgʻay, balki andoq nisbat qilmish boʻlgʻaykim, kundan-kunga muhabbat rishtasi mahkamroq va mavaddat qoida va tariqi muakkad va mustahkamroq boʻlmish boʻlgʻay va hol ulkim, yetmish ikki firqa bila maoshi ushbu nahaj bila voqe’ erdikim, har kishi aning muloyamatin oʻz holigʻa mulohaza qilsa erdi — xayoligʻa bu kelur erdikim, andin maxsusroq va muloyimroq yori va musohibi yoʻq erdi erkan.

Aning zehnu zakosi latofatidin va hofizasi tezligi va zarofatidin bir necha kalima xotirgʻa kelur; ado qilmogʻi holi az munosabate emas. Sulton Abusaid mirzo zamonidakim, Xuroson ahli Samarqand ahligʻa asir erdilar va har nav’ zulm va taaddiki, alardin voqe’ boʻlsa, bu asirlar mute’ va farmonpazir.

Bu faqirni ayni iflosu falokat va sarnavishu ranjurish Mashhad sori tortib eltti va anda yetgandin soʻngra mafosil marazi[54] tori boʻlib, bir goʻshada yiqildim. Ittifoqo Pahlavon xizmatlari ham ul ayyomda Mashhadda erdi. Bu faqirning holidin xabar topgʻondin soʻngra har kun qadam ranja qilib, ulcha qoidai shafqat va yorligʻ va tariqi muhabbat va gʻamxorliq bajo kelturur erdilar — angachaki maraz daf’ boʻldi. Va Mavlono Abdussalom Sheroziy[55] rahimahullohki, ul zamonning mohir hakimi va hoziq tabibi erdi — bu zaifgʻa muolij erdi. Andoqki, atibbo da’bidurki, mariz mizojida marazni zoyil qilgʻondin soʻngra chun adno xilt jild taxtida qolur — taraddud va dalk buyururlarki, ul mavodni tahlil bila daf’ qilgʻay — ul dagʻi bu faqirgʻa buyurub erdi. Pahlavon mehribonliq va shafqat yuzidin har kun iyodatimgʻa kelur erdi va dalk xodimligʻi va tariqin chun kishi andin yaxshiroq bilmas erdi va oʻzi ham hakimsheva kishi erdi — iltifot qilib, ul amrgʻa ishtigʻol koʻrguzar erdi. Qazoro, bir kunkim, sahari faqir bu she’rni aytib erdikim, matlai budirkim:

Har qayon boqsam, yuzumga ul quyoshdnn nur erur,
Har sori qilsam nazar, ul oy manga manzur erur.

Va bu she’r yetti bayt erdi va musavvir qilib jaybimgʻa solib erdim va hanuz kishiga oʻqumaydur erdim va koʻrsatmaydur erdim.

Pahlavon iltifot yuzidin ma’xud dasturi bila egnimni tutar erdi, muqaddima bunyod qildikim:
— Seni bu kun derlarkim turkcha she’rni yaxshi aytursen va turkcha nazm aytur eldin eshitib, bizga bu soʻzni musallam tutarlar. Bizning bir savolimiz bor.
— Javob beray, siz bori savolingizni ayting.

Dedi:
— Savolimiz budurki, turkiygoʻy, shuarodin ulcha she’rlari roʻzgor safhasida sabtdur, qaysi yaxshiroq aytibdurlar? Va sening aqidang aning yaxshi aytmoqigʻa borur, sen begonursen?

Faqir dedim:
— Borcha yaxshi aytibdurlar, men begonurmen.

Pahlavon dedi:
— Sen takalluf va kasri nafsni qoʻy, voqe’ yuzidin soʻz aytki, buki: borini begonurmen dersen, borcha xud birdek emas, albatta tafovut bor.

Faqir ayttimkim:
— Mavlono Lutfiy holo musallamdurlar va bu qavmning ustodi va malik ul-kalomidur.

Dedi:
— Nechuk Sayid Nasimiy[56], demading?

Faqir dedim:
— Xotirgʻa kelmadi va bar taqdir kelmoq, Sayid Nasimiyning nazmi oʻzga rang tushubdur, zohir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur. Bu savolda sening gʻarazing majoz tariqida aytur el erdi.

Pahlavon e’tiroz yuzidin kinoyatomuz dediki:
— Ravo boʻlgʻayki, Sayid Nasimiy borida Lutfiy nazmini pisand qilgʻaysen va hol ulkim, Sayid Nasimiyning nazmi zohir yuzidin majoz tariqigʻa shomildur va ma’ni yuzidin haqiqat tariqigʻa va yuqori bitgan baytni oʻqudikim, faqir bu sahar aytib erdim. Chun matla’ni oʻqudi, oʻzga ab’yotin ham mutaoqib bayon qildi va taxallusikim, bu nav’ voqe’ boʻlubturkim:

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab koʻrsa ranj,
Yoʻq ajab, nevchunki, xom etgan kishi ranjur erur.

«Navoiy»ni «Nasimiy»ta tagʻyir berib oʻqudi va filvoqe’ bu baytda Navoiy lafzidin Nasimiy lafzi munosibroqdur va faqir mutaajjib boʻldum. Ohistaroq ilgimni jaybimgʻa elttim va mulohaza qildim: oʻzum bitib jaybimgʻa solgʻon musavvada mavjud erdi, hayratu taajjubim ortti. Va Pahlavon hamul aytgan soʻzni ioda qiladur erdi va ul she’rning abyotin mukarrar oʻqur erdi. Va bu faqir betahammul boʻlub soʻrdumkim, ul ish kayfiyatin ma’lum qilgʻaymen. Ul oʻzin yiroq tutti va oʻz soʻzida rusux koʻprak zohir qildi. Faqir mubolagʻa qilgʻon soyy Pahlavon ham mubolagʻa koʻrguzdi. Zarurat yuzidin soʻrdumki:
— Bu she’rni qachon yod qilib tutub erding?

Dedi:
— Oʻn ikki yil boʻlgʻayki, Bobur mirzoning majlisida bu she’r oʻtar erdi, menga bagʻoyat xush keldi, bitib olib yod tuttum.

Bori har hol bila bukun oʻtti, ul tak’yasigʻa bordi. Tongla hamul dastur bila yana keldi, yana suhbat boʻldi, yana bu soʻz oragʻa tushdi. Yana faqir soʻrdum va ilhoh qildimkim, bu ish kayfiyatin ma’lum qilgʻaymen. Bu qatla xud dediki:
— Ul vaqtki, men bu she’rni yod tuttim, kushtigirlardin ham nechasi bor erdilar ham oʻrgandilar, — deb uch-toʻrt piyoda sort kushtigirniki, aning bila kelib erdilar tilab dediki: «Oʻqung, andoqki mening bila oʻrganib erdingiz». Alar dagʻi paydarpay ravon oʻqudilar. Faqirgʻa taajjub ustiga taajjub voqe’ boʻldi va Pahlavon soʻzi sidqida mubolagʻa qilur erdi. Agarchi mubolagʻa xojat emas erdi, nevchunkim, sidqi da’vosida necha tonuq ham oʻtkardi.

Oqibat andoq ma’lum boʻldikim, egnimni ulaydurgʻonda jaybimda qogʻoz koʻrubtur, ohistaliq bila ul qogʻozni chiqorib koʻrubtur va ma’lum qilibdurki, ushbu yaqinda aytilgʻon she’rdur. U qogʻozni ochuq yonida qoʻyubdur va yod tutubdur va chirmab, jaybimgʻa solibdur. Hamul zamon boʻlgʻon soʻzlarni oragʻa solibdur. Oqshomki, tak’yasigʻa boribdur, kushtigirlariga taklif bila oʻrgatibdur va buyurubdurki, ehtimomi tamom bila takrrr qilibdurlarki ravon oʻqur chogʻda ravon oʻqugʻaylar.

Pahlavonning ul nav’ gʻarib ishlari va ajib zarofatlariki, tab’gʻa mujibi taajjub va aqlgʻa boisi tahayyur boʻlgʻay — koʻp erdi.

Dar silsilai faqir ba irshodi tuyem,
Dar shomu sahar hamesha bo yodi tuyem,
Dar doirai fano ba avrodi tuyem,
Ya’ne ki yatimi Ne’matobodi tuyem[57].

Pahlavon javob bitgan ruq’ada bu ruboiyni bitib erdikim:

E, Mir, tu piru mo ba irshodi tuyem,
Doim ba duogoʻiyu bo yodi tuyem,
In shahr ba tu xush astu mo bo tu xushem,
Murdemu xarobi Astrobodi tuyem[58].

Sulton Sohibqiron asari inoyatidin va mahzi tarbiyatidin Pahlavonning ishi ulugʻ boʻldi. Andoqki, ulugʻluqgʻa ta’zim qilurlar erdi va istihqoqi bor erdi va Ne’matoboddakim, aning tak’yasi erdi — podshoh davlatidin yuzga yaqin kushtigir yana muncha hamdin ortuq soyir xuddom Pahlavon xizmatida bor erdilarkim, yuzcha kushtigirdin oʻnchasi talabkash va yigirmaga yaqini qadargir va jaldi navxostakim, borcha ma’rakada tutarlar erdi. Hattokim, salotin zamonida ham yana oʻn-oʻn besh sozanda va goʻyanda va xonandakim, ul silsila ahlidin hech qachon hech qaysigʻa dast bergani ma’lum emas. Va munga yarasha borcha tartibu odob va tazyinu asbob muhayyo erdiki, bayak bora Pahlavonning ushoqlaridin biri bu faqir qoshigʻa iztirob bila yugurub keldiki, Pahlavongʻa bevosita gʻashe[59] voqe’ boʻlubtur va hushi zoyil boʻlub, bexud yiqilibdur, sizga xabar qilduqki, tabib yuborgaysiz. Faqir filhol Mavlono Abdulhay[60] bila Mavlono Nuriddinkim, hozir erdilar, ta’jil bila yubordim. Alar boshigʻa yetguncha Pahlavon xud oʻzga olam azimatigʻa oyoq urgan ekandur. Atibbo bir zamondin soʻngra Pahlavon motamidin gʻamzada boʻlub, yuz dardu hasrat bila qaytib keldilar.

Bu holdin Sulton Sohibqiron mizojigʻa gʻarib anduh va iztirob tushub, gʻoyat huzn va malolatdin talx-talx shoʻroba toʻkub, hoy-hoy yigʻladi va shahzodalar dagʻi ushbu dastur bila motam amrigʻa murtakib boʻldilar va arkoni davlatdin oliy miqdor umaroi zavil — iqtidor va vuzaro va sohib tamkin ichkilar va xususiyat oyin gulchehralar va soyir eshik ahliki, borcha Pahlavongʻa yor vahavodor erdilar, beixtiyor soʻgvorliq rasmini bajo kelturub, oʻzni motamiy tuttilar va shahr aholisidin sodoti oliyshon va ulamoi oliymakon vamashoyixi izom va quzoti kirom va xavosu avom majmui ta’ziyat tutub, libosigʻa tagʻyir berib, marsiya va ta’rixlar aytib, daynini oʻzlarigʻa iqror qildilar, balki boshqa-boshqa oʻzlarin sohib azo koʻr-guzub, oshub va shayn zohir qildilar. Va zarofatosor shuaro va diqqatshior zurafoki, Pahlavonning borcha vaqt musohibi erdilar va haqiqat maob ahli tariq va tariqat intisob ahli tahqiq, Pahlavon doyim alarning xizmat va diljoʻyligʻigʻa ishtigʻol koʻrguzur erdi — borcha ma’lul va gir’yon va ul motamdin parishon va besaru-somon boʻldilar va tegrasidagi yori ushshoq va mulozimlar va hamnishin va soyir fuqaro va masokin «vovoylo, vomusibato!» niqobin falaki asirgʻa tortib, nav-halar va nudbalar koʻrguzdilar.

Va Sultoni Sohibqiron Pahlavonning madfanin Ne’matobod ichidakim, Pahlavon uchun yasagʻon erdi — ta’yin qildilar va anda dafn qildilar. Va podshohona jashn tuzub, azim oshlar berib, xatm qoidasini bajo kelturdilar.

Chun Hazratn Mahdumiy Shayx ul-islomiy qahf ul-anomiy[61] Mavlono Nuriddin Abdurahmon il-Jomiy[62] (qaddasallohu ruhuhu)din bir yil soʻngra Pahlavon hamul Hazratning payravligʻigʻa; bu fano tangnoyidin baqo gulshani fazosigʻa xirom koʻrguzdi va ul Hazratning Pahlavon bila benihoyat iltifotlari va behaddu gʻoyat maxsus muloyamat va holatlari bor erdi, favtining ta’rixi gʻarib uslub bila voqe’ boʻlubdurkim, favtlarning ta’rixi boʻlur:

Muhammad Pahlavon haft kishvar,
Ki dar dahrash navbad aqronu amsol.
Saru sarhalqai ahli tariqat,
Ki raft az qaydi geti forigʻ ul-bol.
Zi ba’di qutbi olam orifi Jom,
Ki oʻ mahdumi davron bud az iqbol.
Pas az sole soʻi jannat xiromid,
Az in derina dayri muxtalif hol.
Agar pursad kase ta’rixi favtash,
Biguyam: «ba’di Maxdumi ba yak sol»[63].

Haq subhonahu va taolo har zamon yuz qandil nur va har dam ming mash’al berur, purfutuh ruhigʻa nozil qilsun va aning ruhi madadidin bu shikasta va gʻamzada va bu xasta motamzadaning dunyo maqosidin va oxiri murodotin hosil!

To hashr uza aning marqadi purnur oʻlsun,
Haq rahmatidin ravon magʻfur oʻlsun,
Jannat chamanida ruhi masrur oʻlsun,
Kavsar suyi besoqiy anga hur oʻlsun.

  1. Shams ul-millati vad-din – millatning va dinning quyoshi. Bu oliy rutbali shaxslarga beriladigan laqab.
  2. Pahlavon Muhammad davrning yirik madaniyat arboblaridan edi. Alisher Navoiy bu goʻzal insoniy fazilatlarga ega, ilgʻor fikrli shaxs bilan 40 yil mobaynida yaqin doʻst boʻlgan va uni oʻzining murabbiysi sanagan. Pahlavon Muhammad xalq kurash turlaridan «kushtigir» – yakkama-yakka kurash tushishda shuhrat qozongan. Hech shubhasizki, Navoiydek ulkan arbob va buyuk shoir faoliyati hamda ijodiyoti yoʻnalishida, ravnaqi va takomilida Pahlavon Muhammad kabi ulkan madaniyat namoyandalarining oʻrni katta boʻlgan.

    Pahlavon Muhammad vafotidan keyin Navoiy uning xo-tirasini abadiylashtirib, bu risolasini yozgan. Unda doʻsti va murabbiysining gʻoyat jozibali obrazini yaratgan hamda xarakterini goʻzal va betakror chizgilarda ochib bergan.
  3. Paxlavon Abusaid – Pahlavon Muhammadning togʻasi, mashhur kurashchi – pahlavon, kichikligida Pahlavon shu togʻasidan kushtigirlikni oʻrgangan.
  4. Roʻzgʻor harunligʻidin va laylu nahor buqalamunligʻidin – taqdirning oʻjarligi va kechayu kunduzning oʻzgaruvchanligidan, demakdir.
  5. Muqtazoyi ojil – oʻlim.
  6. Advor – musiqa nazariyasi.
  7. Naqsh – kuy, ashula.
  8. Amal – kuy, ashula, ohang.
  9. Qavl – soʻz, gap, musiqaga solingan she’r.
  10. Ustoz Muhammad Xorazmiy, Mavlono Nu’mon, Mavlono Sohib Balxiy, Shayx Safoyi Samarqandiy, Yusuf Andijoniy Hirot madaniy hayotining faol ishtirokchilari, shoir, bastakor va sozandalar.

    Navoiy Pahlavon Muhammad ularning asarlari qabilida musiqalar yaratganini ta’kidlab, ba’zi jihatlarini ulardan yaxshiroq chiqishiga erishgan, ovozi gʻoyat yoqimli va goʻzal boʻlgani sababli koʻproq shuhrat tutgan edi, deb yozadi.
  11. Mavlono Toʻtiy – asli turshizlik shoir. Navoiy «Majolis un - nafois»da Mavlono Toʻtiy Abulqosim Bobur Mirzo zamonida tarbiyat topganligini ta’kidlaydi va yaxshi qasida va gʻazallari borligini e’tirof etadi. Yoshlikda dunyodan oʻtgan bu shoir vafotiga Navoiy «xurus» soʻzi bilan ta’rix tushirgan edi, bu soʻzdan abjad hisobida 816 yil chiqadi. Demak Mavlono Toʻtiy 1461 – 62 yillarda vafot etgan.
  12. Tarj.: Ey soqiy, qishning ikkinchi oyi ketdiyu ertaniig ahvoli noma’lum; oʻzimizni bugun xursand qilaylik, ertani esa kim koʻribdi?
  13. Mir Buzurg Tirmiziy - oʻz davrining gʻoyat nufuzli siymolaridan. Abu Said mirzoning oʻgʻli Sulton Mahmud mirzoning otasi, Sulton Mas’ud mirzoning bobosi.
  14. Mavlono Xusrav – bu bilimdon sohibi devon, lekin dagʻal tabiatli. Hirotda vafot etgan shoir haqida «Majolis un-nafois»ning II majlisida Navoiy ma’lumot berib yozadi: «Da’voliq va buzurgmanish va tundxoʻ kishi edi. Faqir qoshigʻa ba’zi mahalda she’r keltursa erdi, burunroq andoq kalom surar erdikim, daxl qilmoq yuli bogʻlanur erdi. Zaruratan, barcha she’rni tahsin qilmoq kerak erdi.
  15. Tarj.: Chehrang toblanishidan har bir jonga sham’ paydo boʻladi, devonalar dili jingalik buralib ketgan sochlarnning asiridir.
  16. Bobur – Abulqosim Bobur, temuriylardan. 1447 – 57 yillarda Xurosonda hukumronlik qilgan. Shohrux vafotidan keyin avj olib ketgan temuriy shohzodalarining oʻzaro kurashlariga bardosh bera olmay shaharni tashlab ketganlar Abulqosim taxtga oʻtirgach, qaytib kela boshlaydilar. Ular orasida Alisher Navoiy oilasi ham bor edi. Shoirning otasi shoh xizmatiga kiradi va birozdan keyin Sabzavor hokimi qilib tayinlanadi. Otasi vafotidan soʻng yosh Alisher ham saroy xizmatiga kiradi. Abulqosim Bobur ma’rifatli hukumdor edi. U ilm va adab ahliga homiylik qilar edi. «Majolis un-nafois»da Navoiy u yoki bu shoir yoki voqealar munosabati bilan 12 joyda Bobur mirzoni tilga oladi va VII majlisda unga alohida maqola bagʻishlandi. Uning darzeshvash tabiati, goʻzal ahloqli, yuksak hikmatli shaxs boʻlganligini ta’riflab, tasavvufda ham bilimdon va yaxshigina shoir ham boʻlganini qayd etib oʻtadi. Boburning bir forsiy ruboiysi va quyidagi turkiy baytni keltiradi:

    Necha yuzung koʻrub hayron boʻloyin,
    Ilohi man sanga qurbon boʻloyin.

    Abulqosim Bobur 1457 yilda Mashhadda vafot etgan.

  17. Mavlono Kotibiy – Shamsuddi Muhammad ibni Abdulloh (tavalludi noma’lum, Turshez – 1435, Astrobod), mashhur shoir, xattot va munshiy. Yaxshi kotib boʻlganligidan «Kotibiy» taxallusini olgan. Shoirning Nishopurda tahsil olgani, Hirot, Samarqand, Mozandaron, Shilon, Hijoz, Tabriz va Isfahonlarda boʻlgani haqida ma’lumotlar bor. Umrining oxirlarida Astrobodda muqim boʻlgan va shu yerda vafot etgan. Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»ning bir majlisida Qotibiyga maqola bagʻishlagan. Uning qasida janrida ixtirolar qilgani, «Tajnisot», «Zul-bahrayn», «Zulqofiyatayn», «Husn va Ishq», «Nosir va Mansur», «Baxrom va Gulandom» nomli masnaviylari, gʻazallar devoni, qasidalar devoni borligini ta’rif qilib, Navoiy «Xamsa»ga kirishdiyu oxiriga yetkaza olmadi, deb yozadi. Navoiy taassuf bilan «Bizning Sulton Sohibqirondek (ya’ni, Husayn Boyqaro – S. Gʻ.) suxandon podsho anga murabbiy boʻlsa erdi va umri dagʻi biror nima vafo qilsa erdi, koʻp elning koʻnglin she’r aytmoqdin sovutqay erdi», – deb yozadi va Kotibiyning she’riyatidagi mahoratiga yuksak baho berib, gʻazal, qasida va masnaviylaridan namunalar keltiradi.

    Kotibiy toun – vabo kasalidan vafot etgan va Astrobodda «Nuh goʻron» qabristoniga dafn etilgan.
  18. Goho tigʻing oshiqlar qatli uchun koʻtarilganda, bir koʻrish bilan yuz shahidning maqsadi hosil boʻladi.
  19. Tarj. Kotibiy gʻam tuningdan nolima, Abusaid davlati barakatidan saodat tongi otib qoladi.
  20. Sulton Abu Said – Qarang: ushbu kitob 220-bet, 38-izoh.
  21. Sultoni Sohibqiron – Sulton Husayn Boyqaro – Qarang: ushbu kitob, 186-bet, 32-izoh.
  22. «Saydi gʻazol» – mumtoz musiqa yoʻllaridan biri.
  23. Dargohingga yolvorib yuzlanganimda, koʻngil yuzini iqbol ka’basiga yoʻnaltirgan boʻlaman.
  24. Bozgoʻy – ashulada biror soʻz yoki she’rni takror aytish.
  25. Sulton Husayn gʻolib podshohdir, uningdek roʻzgor sadafida hech kim, hech qachon boʻlmagan; U shohdir, otasi – Mansur Boyqaro Umarshayx bin Temur ham buyuk shoh boʻlgan.
  26. Maqomot – musiqashunoslik ilmida Shashmaqom, Horazm maqomlari va Fargʻona - Toshkent maqom yoʻllarining majmuasi ma’nosida qoʻllaniladi.
  27. Shaabot – musiqa yoʻllari.
  28. Chorzarb – musiqiy kuy nomi.
  29. Savt – musiqiy kuy.
  30. Muammo – Qarang: ushbu kitob, 217-bet, 14-izoh.
  31. Unga aytdimki, sening ishqing Olamida ishim gʻamdin iborat boʻldi. U kulgi aralash miygʻida «gʻam emas», olamning ishqidir, – dedi.
  32. Tarj.: Uning jingalak – buralgan kokili xayolidan koʻngil dudi kushtigirning boshi ustida xuddi qora nishondir.
  33. Xoja Hofiz Sheroziy – Qarang: ushbu kitob, 218-bet, 19-izoh.
  34. Ey soqiy, kosani aylantir va ich, dastlab ishq oson koʻringan edi, biroq mushkil tushdi.
  35. Hozirda oʻzim uchun shuni maslahat koʻrdimki, mayxonaga koʻchayin va u yerda shod oʻtirayin.
  36. Garchi oltin xazinasi boʻlmasa ham, qanoat xazinasi boqiydir, uni shohlarga, bunisini gadoylarga berdi.
  37. Ba’zi yoronlarigʻa – bu yerda Alisher Navoiy koʻzda tutiladi.
  38. Agarchi ajal noshod tandan jonni olsa, aslo mehringni mening yodimdan ola olmaydi; xoxlaymanki, tuproq boʻlsamu uni shamol olib ketsa, shunday boʻlsaki, uni Astrobod tomonga eltsa.
  39. Ba’zi muxlis va mu’taqid yoronlari ruq’asi javobida – bu yerda Alisher Navoiy maktubiga Pahlavon yozgan javobi koʻzda tutiladi.
  40. Rom boʻlgan ohuyingni unutma. Sayd qilingan romingni unutma; unutmoqlik ne chogʻliq boʻlmasin, oʻz qulingni unutma.
  41. Langar – yoʻlovchilar qoʻnib oʻtadigan joy; kambagʻal, yetimesirlarga ovqat ulashadigan gʻaribxona ham langar deyiladi.
  42. Parvardigorning soyasi tak’yamga oʻz soyasini solib, uning sharafini baland osmondan ham yuksaltirib yubordi. Agarchi osmon oʻz atlasini shohga poyandoz qilgan esa-da, koshki oʻzim bor boʻlsaydim, jonimni nisor qilardim.
  43. Agar holim falakka ma’lum boʻlsa, yuz-koʻz bilan ahvolimga yigʻlar edi; menda yangi ochilgan gul bor edi, vo darigʻ uni xazon shamoli olib ketdi; umr boʻyi yaxshiligʻ urugʻini ekdim, unib chiqqanda esa yigʻib ololmadim; shunnng uchun hayot menga achchiq boʻldi. Keksalik meni yoshlik pallasidan itqitib tashladi; endi men ul zanjirband sher emasman. Keksalik gʻami meni butunlay olib ketdi. Ota bolani shuning uchun tarbiya qiladiki, toki u katta boʻlganida gʻamxoʻrlik qilsin; undan yigitligida foyda boʻlsin, keksalik paytlarida esa, ishga yarasin. Meni keksalik shunday sindirdiki, yigitlik aslo foyda keltirmadi;
  44. Sanoyi’ – san’at soʻzining koʻpligi, hunarlar ma’nosida ham keladi. Bu yerda adabiy san’atlar nazarda tutiladi.
  45. Aruz – she’rning vaznlari, oʻlchovlari haqidagi fan.
  46. Qofiya – she’rda bayt yoki misralar oxiridagi soʻzning ikkinchi bayt yoki misra oxiridagi soʻzga mos ohangdosh boʻlishi. Sharq poetikasida qofiyaning oʻziga xos nazariyasi bor. Shuning uchun qofiyaga oid adabiy ilm mavjud.
  47. Tajvid – Qur’on karimni talaffuz qoidalari bilan oʻqish. Bu ham ilm darajasida oʻrganilgan,
  48. Ilmi nujum – osmon jismlari va uning haraktlarini oʻrganuvchi ilm, astronomiya.
  49. Mavlid uchun royijai tole’ – keyingi vaqtlarda keng tarqalgan garaskopni anglatadi.
  50. Mavlono Qutbiddin – oʻsha davrning mashhur tabibi. Pahlavon Muhammad undan tib ilmini oʻrgangan, asli Nasafdan boʻlgan.
  51. Mavlono Alo ul-mulk – Pahlavon atrofidagi tabib doʻstlaridan.
  52. Fiqh ilmi – dinning yoʻl-yoʻriqlari, qoidalari toʻgʻrisidagi ilm.
  53. Ashriba va favoqih va halviyot – sharoblar, xoʻl mevalar va holvalar (qand-qurslar ham kiradi).
  54. Mafosil marazi – boʻgʻimlarning zirqirash kasali.
  55. Mavlono Abdussalom Sheroziy – zamonasining mashhur hakimi, haqiqiy tabibi. Mashhadda Navoiyni davolovchi tabib boʻlgan.
  56. Sayid Nasiiiy – buyuk ozarbayjon shoiri, faylasufi. Ismi – Ali, Imodiddin – laqabi. Asli Shirvondan, 1370 y. da Shamohi shahrida tugʻilgan, ilk tahsilni ham shu shahar madrasalarida olgan. U avval «Husayniy», «Sayyid» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Nasimiy Temurning istilochilik siyosatiga va istibdodiga qarshi kurashga da’vat qiluvchi, ya’ni tariqat – hurufiylikni qabul qilgan va uni faol targʻib-tashviq etgan. U bu jabhada keyinchalik unga doʻst boʻlib qolgan ustozi, hurufiyliq tariqatiga asos solgan Fazlulloh Naimiy bilan tanishgach -«Nasimiy» taxallusini oladi. Naimiy Mironshoh tomonidan qatl etilgach, vatanini tark qilgan, Nasimiy Bagʻdod, Onatoʻli, Tokat, Bursa va boshqa joylarda yashaydi, oxiri Halabda qaror topadi. Misr sultoni Muayyaddin Nasimiyni dahriylikda ayblab, 1417 yilda uni tiriklayin terisinn shildirib, qatl etishga erishdi. Shoirning fojiali oʻlimi haqida koʻplab rivoyatlar mavjud. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da shoir haqida yozadi: ...mazkur boʻlgan mulk ahligʻa aning she’ri muqobalasida hamonoki she’r yoʻqtur. Hamono taqlid ahli (riyokorlar – S. Gʻ.) ani mazhabida qusur tuhmatiga muttaham qilib, shahid qildilar. Mashhur mundoqdurki, terisin soʻyar hukm boʻlub-tur.. Ul holatda bu she’rni debdurkim,

    Nazm:

    Qibladur yuzung, nigoro, qoshlaring mehroblar
    Surating mushaf, vale xolu xating e’roblar.

    Va bu she’rning taxallusi ushbu muddaogʻa doldurkim:

    Nazm:

    Ey Nasimiy, chun muyassar boʻldi iqboli visol,
    Qoʻy, teringni soʻysa soʻysin, bu palid qassoblar.

    Aytish keraki, bu maqta’ bayt Navoiy tarjimasida berilgan. «Qatrada osmon aks etadi» deganlaridek, bayt Navoiyning yuksak tarjimonlik mahoratini namoyon qiladi. Baytning asli quyidagichadir:

    Chun Nasimi jovidoni yor ila boʻldi visol,
    Goʻy necha donarsa donsun bu yashil dulablar.

    Birinchi baytning ikkinchn misrasidagi «Mushkin xating»ni Navoiy «xolu xating» deb bergan.

    Bu yerda Navoiy Pahlavon Muhammadga Nasimiy she’riyatining mohiyati – haqiqat tariqi – yoʻllarini bayon etishlik boʻlgani haqida fikr bildiradi. Unga e’tiroz bildirib, Pahlavon deydiki, Nasimiy she’rlari zohiran majoziy, botinan esa haqiqiydir.

  57. Tarj.: Faqirlik yoʻlida sening irshod (toʻgʻri yoʻllar koʻrsatish)ing bilanmiz. Kecha-kunduz hamisha sening yoding bilanmiz. Fano doirasida sening nomingni takrorlash bilanmiz. Ya’ni, sening Ne’matoboding yetimlarimiz.
  58. Tarj.: Ey Mir (ya’ni Navoiy – S. Gʻ.) sen pirsan, biz sening irshoding bilanmiz. Doim sening duogoʻyingmiz va yoding bilanmiz. Bu shahar senga yaxshi, yoqimlidir va biz sen bilan xursandmiz. Biz oʻldik, Astroboding xarobimiz.
  59. Gʻashe – qandaydir dard.
  60. Mavlono Abdulhay – tabib, Xondamir «Habib us-siyar»da Mavlono Abdulxayni tabobat ahlidan Gʻiyosiddin Aziz va Ulo ul-mulklar bilan bir yerda tilga oladi. Ularning uchalasini «Amir» unvonlari bilan beradi va saroyda mansab va obroʻlari yuqori boʻlganini qayd qilib oʻtadi. «Makorim ul-axloq»da esa, Mavlono Abdulhay Navoiy hastining oxirgi damlarida yonida boʻlgani va tabiblardan Mavlono Shamsuddin Muhammad Chiloniy bilan shoir tomiridan qon olganliklarini yozadi.

    Pahlavon Muhammadning soʻnggi damlarida Navoiy oʻz huzurida boʻlgan mavlono Abdulhay va Mavlono Nuriddinlarni darhol uning yoniga joʻnatadi, lekin fursat oʻtgan, Pahlavon bandalikni bajo keltirgan boʻladi.
  61. Qahf ul-anomiy – insonlar tayanchi, panohi demakdir qahf gʻor, Qur’oni karimning «qahf» surasidagi birodarlar uzoq muddat uxlab qolgan gʻor boʻlib, sigʻinadigan joyni ham anglatadi.
  62. Abdurahmon Jomiy – qarang: shu kitob, 113-bet.
  63. Tarj.: Muhammad Pahlavon – yetti oʻlka pahlavoni. Dunyoda uning tenggi, oʻxshashi yoʻq. Tariqat ahli (sufiylar – S. Gʻ.) ning boshi va sarhalqasi (aqli – S. Gʻ.) dunyo kishanlaridan qanot yozib ketdi. Olam tayanchi, Jom ma’rifatchisi iqbol yuzasidan davrning hurmatli zoti (ya’ni, Jomiy – S. Gʻ.) ketidan bir yildan keyin rang-barang koʻrinishdagi bu koʻhna dunyodan jannat tomon xirom qildi. Agar kimda-kim vafoti ta’rixii soʻrasa, «Mahdumdan keyin bir yil oʻtgach» – deb ayting. Bu yerda ta’rix moddasi «ba’di maxdumi ba yak sol» boʻlib, abjad hisobida 899 – 1433 yil chiqadi.