OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiHoloti Sayyid Hasan Ardasher
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Holoti Sayyid Hasan Ardasher
Alisher Navoiy

Bismillohir-Rahmonir-Rahim
«
Lutf aylabon, ey nasimi quds[1] osor,
Bir qatla fano[2] gulshaniga ayla guzor.
Ahbobgʻakim toptilar ul yerda qaror,
Mendin yer oʻpub arzi niyoz et zinhor.
»

Soliki foniy va gavhari koniy, orifi maoniy. Sayyid Hasani Ardasher[3] (Rahmatullohi) siyar va holotida.

Alarning otasi Ardasher Boysungʻur mirzo[4] mulozimi erkandur. Qushchiliq[5] shevasida mulozamat qilur erkandur. Ul fanda gʻoyati muloyamat va nihoyati mahoratdin qushbegilik mansabigʻa yetibdur, balki mundin dagʻi koʻp biyikrak manosib kasb etibdur.

Bayt:

Koʻp hunarliq kimsa shahlargʻa etar damsozliq,
Qush tilin bilgan Sulaymon[6]gʻa etar hamrozliq.

Ammo oʻzlari ham ul otalari mulozamati va mutobaatida Boysungʻur mirzo xizmatlarida boʻlubturlar va kichik yoshdin oʻqumoq va bitmakka tab’lari muloyim va moyil ermish.

Bayt:

Chun tab’i mulonim boʻlur oʻrgangali moyil,
Oz vaqtda koʻp nav’ qilur kasbi fazoyil.

Chun alar kichik yoshdin fazoyilu kamolot iqtisobigʻa avqotlarin sarf qilur ermishlar. Bot abnoyi jinsdin har bilik bobida mumtoz, balki koʻprak zamonning tab’ va fazl ahliga foyiq va sarafroz boʻlubdurlar:

Ammo adab va hilm va tavozu’ va xayo zotlarigʻa aningdek - gʻolib ermishkim, bu mujmalmazkur boʻlgʻon fazoyildinki, tafsili: sarf va nahv[7] va lugʻat va arabiyat[8] va mantiq[9] va kalom[10] va fiqh[11] va hadis[12] va tafsir[13]dur va soyir tasnifot, misli: she’r va muammo[14] va ta’rix[15] va nujum va advor[16] va musiqiy boʻlgʻay agar ba’zi majolisda soʻz oʻtsa erkandur, bovujudn ulki, majlis ahlining koʻpidin yaxshiroq bilur erkandurlar ham hayo va adab jihatidin, ham birovga, ilzomu xijolat yetmasun deb, koʻp soʻz aytmas ermishlar, balki koʻp majolisda takallum ham qilmas ermishlar.

Bu hamida xisol va pisandida af’ol jihatidin yaxshi v.a yamon ahli zamon qoshida azizu mukarram va muhtaram boʻlur ermishlar.

Bayt:

Pok gavharki, boʻldi pok shior,
Shohlar boshi ustida yeri bor.

Ul podshoh bu holotlaridin alargʻa farzandona iltifotlar qilur ermish va oʻzining ba’zi farzandlarigakim, ba’zi holoti koʻngliga yoqmas ermish, alarning qiliqlaridin taassuf yeb, der ermishkim: «Ne boʻlgʻay, sening af’olu hisoling ham falonigʻa oʻxshasa erdi!» Va bu soʻzdin gʻarazi alar ermishlar.

Va falak qazosidin va roʻzgor havosidin andoqki, oʻzga podshohlar yana bir mulkka azimat qilibdurlar, ul podshoh dagʻi alargʻa payravliq tariqin bajo kelturdilar va alarning otasi ham oʻzga yerga qadam urdi.

Fard:

Ketargʻa kelur muncha shohu gado,
Agar xud oʻgʻuldur va gar xud ato.

Alar zohir ulumi ishtigʻolidin farogʻat topibdurlar. Sipohiyliq[17]din mutanaffir ermishlar.

Ammo alarning bori podshohzodalarikim, Boysungʻur mirzoning oʻgʻlonlari boʻlgʻay, misli: Alouddavla mirzo va Sulton Muhammad mirzo va Bobur mirzo bir-biridin soʻngra mutaoqibki, taxtgʻa oʻlturubdurlar, har qaysialarning rioyat va tarbiyatigʻa mashgʻul boʻlubturlar, Alar xizmat va taraddudidin ibo qilibdurlar va ijtinob kurguzubdurlar. Va haddin oʻtgandin soʻngra andoqki, shabob ayyomining iqtisozidur, oʻzlarin may ichmakka va lavandvashliqlargʻa va oshiqpeshaliqlargʻa solibdurlar. Chun zot va koʻngullari va tiynatlarn arigʻliqqa mushohid va muqarrar ermish, zamonning asil mirzozodalari taraddud va ijobsiz va tahoshiy va iztirobsiz alar bila musohib boʻlur ermishlar va alarning suhbatin mugʻtanam tutar ermishlar.

Nazm:

Foniyvasheki, ham soʻzidur pok, ham oʻzi,
Xush davlat ul kishigaki tushgay aning koʻzi.

Boysungʻur mirzo zamonidin Bobur mirzo zamonining oxirigʻacha bir qarngʻa yaqin koʻprak avqotlarin betaayyun oʻtkaribdurlar.

Saltanat taxti Sulton Ibrohim mirzo[18]gʻa qaror tutgandakim, tarix sekkiz yuz oltmish erdi, bu faqir alar suhbatigʻa musharraf boʻldum. Alar tariq va ravishi bu faqirni andoq shefta qildikim, bir kun alar mulozamatigʻa yetmasam erdi, sabru toqatim qolmas erdi va alar ham kelib ahvol soʻrarlar erdi: «tashvishe boʻlmamish boʻlgʻaykim, bukun sendin xabar topa olmaduq».

Va bu faqirni faqr tariqigʻa dalolat va irshod qilurlar erdi va nazm ayturgʻa targʻib koʻrguzurlar erdi. Chun ul avqotda faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutub erdi, alar dagʻi iltifot qilib, ba’zi abyotni koʻp oʻqurlar erdi va majolisda xushvaqt boʻlurlar erdi Ul jumladin bu matla’durkim, fard:

Furqatingdin za’faron uzra toʻkarmen lolalar,
Lolalar ermaski bagʻrimdin erur pargolalar.

Yana bir bukim:

Ul parivashkim boʻlubmen zoru sargardon anga,
Ishqdin olam manga hayronu men hayron anga.

Bu baytni dagʻi koʻp oʻqurlar edikim:

Labing koʻrgach iligim tishlaram har dam tahayyurdin,
Ajab holatki, tutmay bolni barmoq yalaydurmen.

Masnaviydin bu bayt yodlarida erdi:

Har nechaki puxta boʻlsa tadbir,
Berur anga goʻshmol taqdir.

Va turkigoʻy shuarodin Mavlono Lutfiy she’rlaridin abyot oʻqurlar erdi va bu matlain ta’rif qilurlar edikim:

Nozuklik ichra belicha yoʻq tori gisuyi,
Oʻz haddini bilib belidin oʻlturur quyi.

Va bu matlaigʻa dagʻi mu’taqid erdikim:

Ulki husn etti bahona elni shaydo qilgʻali,
Koʻzgudek qildi meni oʻzini paydo qilgʻali.

Va bu matlain ham oʻqur erdilarkim:

Laylat ul-me’rojning sharhi sochi tobindadur,
Qoba qavsayn ittihodi qoshi mehrobindadur.

Mavlono Muqimiyning ul tarje’igʻa mu’taqid erdilarkim:

Sensen asli vujudi har mavjud,
Sendin oʻzga vujudga ne vujud.

Forsiy ash’ordin hazrati Xoja Hofiz Sheroziy[19] (qudisa sirrihu) devonigʻa koʻp aqidalari bor erdikim, balkim ul devondin aksari alarnnng xotirida erdi va koʻp abyot majolisda ul devondin mazkur qilurlar erdi va masnaviy jinsidin Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy[20] (rahmatullohuoli) «Boʻston[21]»igʻa mu’taqid erdilar va hazrati Shayx Farnduddin Attor[22] (quddisa sirrihu) ning «Mantiq ut-tayr»[23]ining koʻpragini yod bilurlar erdi va koʻp oʻqurlar edi va koʻp soʻz xotirlarida bor erdi. Bataxsis «Kimiyoi saodat»[24]din va Shayx Aziz Nasafiy[25] (quddisa sirrihu) rasoilin ham ta’rif qilurlar erdi va andin soʻzlar naql qilurlar erdi.

Va zamonning shuaro va fuzalo va zurafosidin alarning visoqi xoli ermas erdi, balki darveshlar va ahluloh dagʻi doim alarning uyin musharraf qilib, suhbat tutar erdilar, Va shahrning sozanda va xonanda va goʻyandasi doim alar suhbatida. hozir boʻlurlar erdi. Bu mazkur boʻlgʻon zurafodin hargiz yoʻq erdikim, alarning manzilida kishi boʻlmagʻay, balki bu toifaning majmai alarning visoqi erdi va bu jamoat doim anda.

Bayt:

Xush ulkim, anga lutf birla xudo,
Ulusning qabulini qildi ato.

Yigitlik ayyomidakim, rind[26]liq va lavandvashliqlar boshidur, bu toifa kunduz va kechalar alarning maskanidin chiqmaslar va barcha asbob alar uchun muhayyo erdi. Va ishrat va inshoot asbobidin boshqa borur chogʻlarida har qaysiga oʻz xoʻrdi holigʻa koʻra uzrhohliqlar bila yegulikdin yo biror nima xarjidinkim, ul toifa qoshida kulliydur, rioyat qilib, mardumliq va insoniyat tariqi bila lutf koʻrguzur erdilarkim: «uy sizningdur, har qachon iltifot qilsangiz xizmatgʻa turubmiz», deb uzaturlar erdi va alarning hamida axloqi om erdi. Ulugʻ-kichikka suchuk soʻz va mufrit xulq zohir qilurlar erdi.

Va rindliq tavrida necha nima alarga dast berib erdikim, bu toifaning ozigʻa muyassar boʻlub erkan; biri saxoy zotiykim, anda takalluf boʻlmagʻaykim, bazl va ziyofat vaqtida oz va koʻpning tafovuti koʻrunmagʻay va oʻzidin elga koʻp nima oz ham koʻrunmagay va eldin oʻziga juzviy nima bagʻoyat koʻp va kulliy koʻrunub, birga oʻn evaz yetkururning fikrida boʻlgʻay.

Nazm:

Oʻzidin elga daryo — qatra oso,
Vale eldin oʻziga qatra — daryo.

Yana biri shafqati mufritki, borcha rindlarni aziz tutqaylar va mo-amkana[27] rioyatlarini vojib koʻrgaylar va alardin har xato va zalal voqe’ boʻlsa muvoxazasigʻa mashgʻul boʻlmagʻaylar va islohigʻa koʻshish qilgʻaylar va sahvlarin afv qilib, yuzlariga kelturmagaylar, to alargʻa xijolat voqe’ boʻlmagʻay va alarni rifqu mudoro bila ul maqomdin oʻtgaylar.

Bayt:

Bu ish erur valoyat ahli ishi,
Qila olmas bu ishni oʻzga kishi.

Yana biri: lutfu tavozu’ va adab va yumshoq soʻzkim, bu barchadin azimroqdur.

Yana biri: tahammul va burdu borlikdurkim, har kishidan harna alargʻa yetishsakim, filfoqe’ nafsi amrda qatigʻ boʻlgʻay, ani suhulat bila oʻtkarib, oʻziga koʻp taraddud yoʻl bermagaylar.

Yana biri: koʻngulning yumshoqligʻikim, dardmandona soʻzdin va nazmdin va nagʻmadin mutaassir boʻlgʻaylar va alarning ul hollari ashob va yoronlargʻa asar qilgʻay va bu — majlisning tuzi va malohatidur.

Yana biri: zotiy betakallufluqkim, filvoqe’ alar qoshida ipak bila palos orasida tafovut boʻlmagʻay, balki mutakallaf liboslar makruh koʻrungay va darveshona kiymakliq muloyimroq boʻlgʻay.

Bu sifatlarda haq subhonahu va taolo alarni komil xalq qilib erdi va rindliq va tajarru’ ayyomida soyir rindlardin koʻprak ichar erdilar. Andoqki, ba’zi ikki qatla va ba’zi uch qatla mast boʻlub, majlisdin chiqib, uyub, yana majlisgʻa kelurlar erdi va alar oʻz hollarida erdilar. Oqshomki, majlis ahli odati bila usrub, uyur chogʻ boʻlsa zrdi, alar birin-birin usruk boshigʻa yetib, mulozimliq elni mulozimlarigʻa topshurub, navkarsiz nomurodlarni muhofazat qilib, yonlari ostigʻa nima soldurub, boshlari ostida nima yastab, ilaylarigʻa koʻzalik suv qoʻydurub, ba’zining kafsh va dastorlarin va yogʻliqlarin va aning uchida tugunginasi bulsa, belguluklarin mulozimlargʻa topshurub, xotirlarin ul toifa jam’idin soʻngra xuftan namozin ado qilib, oʻz hujralarida osoyishgʻa mashgʻul boʻlur erdilar. Bu majlis ishtigʻoli jihatidin hargiz alargʻa namoz qasdan qazo boʻlmadi. Va agar ba’zn kunlar alar suhbatida soda yuzluk yigitlar mast boʻlguncha ichib, chun alar atvorigʻa ancha e’timodlari bor erdikim, oʻz uylaridin eminrak bilurlar erdi, ham yiqilsalar erdi, alarni atodek kishilarnnng amnobod uylariga yotquzub, qufl qildurub, moʻ’tamad amin kishilar alar muhofazati uchun ta’yin qilib, eshikni ustidin bogʻlatib, ul muhofizgʻa tashqaridin posbonliq buyururlar erdi. Va sabuhiy vaqtigʻacha bir-ikki qatla barcha usruk yotgʻon rindlardin oʻzlari yurub xabar tutarlar erdi.

Bayt:

Rindlardin bir aningdek yoʻq erur ogoh rind,
Shoh edi rind ahligʻa, balkim erdi shohi rind.

Va bu avqotdakim, bu nav’ rindliqlargʻa murtakib erdilar, har namozda munojotlar qilib, haq subhonahu va taolodin oʻzlarigʻa tavba va tavfiq tilar erdilar. Va mutabarrak mazorotgʻa borib, aziz darveshlar va ahlulloh majolisigʻa yetib, oʻz maxlaslari uchun fo-tihalar daryoʻza qilur erdilar va ul buzurgvorlarkim, alar xizmatigʻa musharraf boʻlurlar erdi — qabul va iltifot nazarlari topar erdilar.

Ul jumladin biri Mavlono Boyazid Puroniy erdi va Hazrat Bahovuddnn Umar (quddisa sirrihu) erdi, Hazrat Xoja Abu Nasr Porso (rahmatullohu taolo) va Xoja Muhammad Kusaviy (quddisa sirrihu) va Shayx Ziyoratgohiy[28] (alayha rahma) va zamonning ma-shoyix va darveshlarining aksarining mulozamatlarigʻa yetib, suhbatlarigʻa musharraf boʻlub, maxsus iltifot va nazarlar toparlar erdi. Chun oʻzlaridagʻi faqru fano tariqi akmal vajh bila zohir erdi, bu toyifaning soʻzlarigʻa tab’lari muloyim. Mazkur boʻlgʻon azizlar dagʻi alarning suhbatin tilar erdilar va alarning muddaosygʻakim, tengri yoʻligʻa kirmak, erdi, balki intizor tortar erdilar.

Asrning ulamo va ashrof va aimmasi bila doim musohib erdilar va chigʻatoy ulusining oliy miqdor beklari ulcha yoshgʻa va yoʻlgʻa alardin ulugʻ erdilar va ulcha teng erdilar, alarni sharafi nafs jihatidin oʻzdin ulugʻ tutub, anga koʻra ta’zim qilurlar erdi. To ul vaqtgʻachakim, Sultoni Sohibqiron Xuroson taxtin oldilar, chun mulkning mutaayyin xalqi podshoh xizmatigʻa musharraf boʻldilar. Alar dagʻi hamul dastur bila podshohning muborak diydorngʻa koʻzlarin munavvar qildilar. Podshohning muborak xotirigʻa alarning mulozamati yoqti va suhbatu soʻzi bagʻoyat xush keldi va inoyati mutaoqib qildilar. Alar podshohning xotiri uchun andoq taraddud va ixtilot va mulozamat qildilarkim, podshohning koʻngul qushin sayd qildilar, chunki yaxshi mulozimlardin yaxshiroq, zaruriyroq hech nima boʻlmas. Bataxsis, mulozimkim, alardek muncha hamida xisolgʻakim, mazkur boʻldi, muttasif boʻlgʻay.

Har oyinakim, ulugʻ manosib taklifi voqe’ boʻldi, chun podshoh alarni podshohona rioyatlar va darveshona yumshoq va chuchuk soʻzlar bila sayd qilib erdilar, yoʻq deya olmadilar. Ish ul yerga yettikim, saltanat korxonasining mustashori boʻldilar va mulku mol ishiga daxl qildilar va andoq suluk voqe’ boʻldikim, podshoh shokir va soyir xaloyiq va raoyo alarning zikri xayrigʻa zokir boʻldilar va podshoh xilvatnda anisu mahram va anjumanda rafiqu hamdam erdilar.

Xuroson mulkining kulliy ixtiyorin podshoh alarning soib rayigʻa va tadbiri mulk oroyiga vobasta qilgʻudek erdikim, chun alargʻa faqri zotiy va fanoyi jibilliy[29] mavjud erdi va yoshlari oltmishdin oʻtub erdi va zotiy munosabat mayliga gʻolib boʻldi va asliy maqsudi shavq tugʻ’yon qila boshlab, mulozamat tariyqidin istigʻfor zohir qildilar. Va filvoqe’ holiq ibodatining tarki va maxluq bandaligʻining ishtigʻolikim, ayni beboklik va mahzi beoqibatligʻdur, andoq ish ilaygʻa kelurkim, devsorlarning tahammuli qolmas, to malakosorlargʻa va farishtakirdorlargʻa ne yetgay.

Bayt:

Dunyoki qatigʻ durur garonborligʻi,
Qattigʻroq aning ulusining yorligʻi,
Koʻprak nimakim, boʻlsa giriftorligʻi,
Koʻprak kelur el olligʻa dushvorligʻi.

Voy, dunyo shugʻlining ibtilosidin! Va yuz ming voy, dunyo ahlining zulmu jafosidin, balki malolat va izosidin! Oh, zamon javru bedodidin! Nauzu billoh, abnoyi zamon qasdu ifsodidin! Qalam jardai xushxiromining inonin bu ravishdin uyurmak kerak, yoʻq ersa, inoni ixtiyorni ilikdin olib, soʻz uzar va maqsudum bozorin buzar,

Alqissa; uchun alargʻa haq yoʻlining suluki domangir boʻlub, mulozamatdin ijtinob zohir qilib, istigʻfor tariqidin kirib, arzgʻa yetkurdilar. Podshohgʻa bu amr mahol koʻrunub, ibo zohir boʻldi, alar tazallum va tazarru’ ogʻoz qildilar. Hech nav’ bila maqbul tushmadi va alar ikki yilgʻacha podshohning muborak xotiri uchun cheriklar mashaqqatin tortib safarlar balosigʻa oʻzlarin solib yurudilar va in’omu ulufa[30] mutlaqo olmadilar va darveshona kisvat bila mulozamat qilurlar erdi.

Podshohi islompanoh chun koʻrdilarkim, alar borasida kuch boʻlgʻudekdur, tahqiq bildilarkim, haq yoʻli va ibodatining sheftasi boʻlubturlar, bovujudi muncha qatla maxsuslardin alargʻa inoyat va muhabbat yuzidin mulozamat tariqida iltimos voqe’ boʻldi, chun. alar podshohi haqiqiy[31] qullugʻinyng mubtalosi boʻlub erdilar, foyda bermadi.

Bayt:

Yor koʻyida yuzida mubtalo boʻlgʻon netar,
Gulshan ichra gulni, balkim, jannat ichra xorni?

Chun podshoh ulcha imkoni bor, iltimosda mubolagʻa qildilar. Koʻrdilarki, alarning giriftorligʻi andoq yerda ermaski, oʻzluklari bila yo birovning sa’y va ehtimomi bila xalosliq mumkin boʻlgʻay. Koʻrdilarki, ortugʻroq mubolagʻa voqe’ boʻlsa, zulm boʻlgʻudekdur, rahm qildilar va chorasiz ruxsat voqe’ boʻldi.

Ul kunki, bu ruxsat ishi surat bogʻladi — gʻarib kun erdikim, podshoh zor yigʻlaydur erdi va alar xud zor-zor yigʻlaydurlar erdilar. Va saltanat majlisi huzzorigʻa ham bu hol erdi, nevchunkim, borcha xalqgʻa alardin kerak erdi.

Alqissa, chun alar navkarliq balosidin va sipohiliq ibtilosidin tengri inoyati bila xalos boʻldilar, cherikdin qaytib, shahrda sokin boʻldilar va ul avqotda janobi haqiqatmaob, qutbi doirai haqiqat va murshidi ahli shariat va tariqat, koshifi ulumi rabboniy Mavlono Shamsuddin Muhammad Tabodgoniy[32] (qaddasallohu ruhoh ul-aziz[33])ki, hazrati shayxul-mashoyix olimil-murshidi tavoifil-umam shayx zaynul-millati vad-din al-Xavofiy[34] (rahimahumullohu taolo)ning ixtiyoriy xulofosidin erdilar, irshod masnadida toliblar va muridlar takmiligʻa mashgʻul boʻlur erdilar, barcha asbobi suvariyni barham urub, ul buzurgvor xizmatigʻa borib, faqr tariqin ixtiyor qildilar va necha yil alar suhbat va mulozamatlarida suluk qilib, xonaqohlarida azim arbainlar chiqardi[35]lar va faqru fano sulukida kulliy manozillar qat’ qildilar va ulugʻ martabalar va biyik maqomlargʻa qadam qoʻydilar va alarning suluk va muomalalarin ul xonaqoh ahli, darveshlar — borcha musallam tutub, izhori irodat va ixlos qilurlar erdi.

Ittifoqo, bu faqirning manzili ul darveshlar xonaqohlari javorida voqe’ boʻlub erdi va ul yerdinkim, iltifoti zotiysi bu faqir bila bor erdi va farzand deb erdilarkim, oʻz havlim goʻshasida alar uchun bir muxtasar maskane alohida tartib qilib erdim, gohiki, mufrit riyozatlardin tab’larigʻa kalole voqe’ boʻlsa erdi, xotirlari tashxizi uchun ul maskangʻa kelib, bir kun-ikki kun turub, yana xonaqohgʻa oʻz xilvatlarigʻa borurlar erdi.

Alarning avvalgʻi arbaini bu faqir hazrati Mavlono Muhammad Tabodgoniy (quddisa sirruhu) mulozamatlarigʻa borib erdim, alar holidin soʻrdum, dedilar: «bu kun bir maqomdadurlarki, solik avvalgʻi arbainda ul maqomgʻa yetsa, darde aning oligʻa kelurkim, agar buqoi mufrit yuzlansa, ishining guftorigʻa dalolat qilur, alargʻa bu hol yuzlanibdur va bagʻoyat umidvorligʻlaredur».

Uyla oshiqki, hijrondin koʻrub dardu malol,
Shodligʻdin yigʻlagʻay, topqonda davroni visol.

Bu faqir alarning xilvatlari eshigiga bordim: gʻarib hoy-hoy yigʻlamoqda erdilar, hech nima dey olmadim va mutaassir boʻlub, yigʻlab qaytdim.

Bu faqir fuqaro ahli, darveshlar va ahlulloh mulozamatigʻa koʻp yetibmen, faqir tariqida alardek oz koʻrubmen.

Sayyid Muhammad alarning yolgʻuz farzandi erdi. Adabu tavozu’ va hilmu hayo tavrida ul otagʻa munosib oʻgʻul erdi. Tab’i xoʻb va surati mahbub va axloqi hamida va atvori pisandida, oʻn toʻrt yoshda tolibi ilmligʻi shogird kitobliqgʻa yetib erdi. Hirot xalqining oʻz tavrida yagonasi va nodirasi erdi. Bu sinnda anga qazo yetti. Aksar ani tanir-bilur el oʻzni sohib azo tuttilar. Bataxsis, bu faqirkim, ani farzanddek ulgʻaytib erdim, alargʻakim, asl ota erdilar, aslo tafovut qilgʻoni ma’lum boʻlmadi. Soʻzlari bu erdikim, «Al-hukmu lilloh»[36] egasiga bizdin keraklik ekandur — eltti, umid uldurkim, rahmat qilgʻay».

Ani chiqorur kun arigʻ toʻn kiyib, arigʻ dastor chirmab, motamiylargʻakim, anduhu iztirob yuzidin beixtiyor yigʻlar erdilar, alar nasihat qilib, taskin berur erdilar, xususan bu faqirgʻa. To madfangʻa, bu faqir yasagʻon haziragʻa elttilar, alar oʻzlari sunnat tariqi bila maqbara ichiga tushub, aziz farzandni shar’ vajhi bila oxirat yeriga qoʻyub, tengriga topshurub, talabi gʻufron[37] uchun duolar qilib chiqtilarkim, hech nav’ tagʻayyur hollarigʻa zohir boʻlmadi.

Na’sh bila borgʻon darveshlar va akobiru ashrofni hayrat lol qilib, taajjub behol qildi. Bu nav’ fano va istigʻroq va havsala bashar xaylidin noma’lumdurkim, kimda boʻla olgʻay.

Alar der erdilarkim, dunyo johining mastligʻi chogʻir mastligʻigʻa oʻxshamaskim, chogʻir mastligʻi ichgan kunidur, ammo joh mastligʻi agar sohibi joh yillar joh ustidadurkim, mastdur, aning maxmurligʻi johdin ma’zul boʻlgʻonidadur. Ne muskir xamrdurkim, sarmastligʻi odamiyni yillar oʻzidin bexabar qilgʻay.

Bir kun bir taqrib bila ash’yo orasida tafovut bobida fazl ahlidin birov bu mashhur baytni oʻqudukim,

Bayt:

La’l sang astu degi sangin sang,
Lek andar miyon tafovuthost.

Alar qoyilining maqsudining naqizi jonibidin soʻz boshlab dedilarki, shayxe aytibdurki, tosh qozon va la’l — ikkalasi toshdur va lekin oralarida tafovut bor. Tosh qozondin gʻayri naf’ hech nima mutasavvar ermaskim, laziz va mulavvan at’ima anda pisharkim, xosu om andin muntafe’ boʻlurlar va la’ldin xaloyiqqa anvoi zarar mutasavvardur.

Va ittifoqo ul uchurda Sulton Abusaid mirzo[38] har kishida javohir boʻlsa olib, boʻlmasa tafahhusida mubolagʻalar qilib, elga anvoi izo va zarar yetkazib erdi. Va bu baytni oʻqugʻon majlisda ham tosh qozonda osh pishadur erdi.

Yana bir majlisda qariligʻning mashaqqatlarining bobida soʻz oʻtadur erdi, har kishi bir nima deydur erdi. Dedilarkim: qariligʻda hech nimaning zavqi yigitlikdagicha ermas: gʻizodin va sharbatdin, hatto suvgʻa deguncha».

Bir ulugʻ kishi soʻrdikim: «barchani musallam tutduq, ammo suvning zavqi nechuk yigitlikdagicha boʻlmagʻay? Har kishi suvsiz boʻlsa xoh qari, xoh yigit suv ichgach, atashi daf’ boʻlub, zavqe topar».

Alar dedilarkim: «Rost, zavq topar, ammo tafovut bor. Yigitlikda harorati gʻariziy gʻolibdur, qariliqda ul harorat qolmas. Suvsiz kishining harnecha harorati gʻolib boʻlsa, ul oʻtgʻa suv taskin berur. Ammo qarikim, gʻariziy harorati[39] muntafiy boʻlmish boʻlgʻay, atash anga gʻariza haroratdin oriz boʻlmay, ul suvni ichmish boʻlsa, qachon andin zavq topgʻay».

Mahrur mizoj yigitlar barcha musallam tutub, alarni bu hikmat soʻzlaridin ta’rif qildilar.

Hayotlarining oxirida haj safari muddaosin qildilar. Ammo koʻp mavone’ paydo boʻldi va muyassar boʻlmadi.

Samarqandgʻa Hazrati Xoja Nosiruddin Ubaydulloh[40] sharafi suhbatlarigʻakim, zamon ahlining koʻpi, xususan Samarqand ahli Xojani «Qutb»[41]gʻa nisbat berurlar erdi, musharraf boʻlurgʻa azimat qildilar. Xoja bila necha kun suhbatlar tutub, ta’zim va tashriflar topib, yana Hirot shahrigʻa azimat qildilar. Va tarix sekkiz yuz toʻqson toʻrtda[42] — yetmish uch yoshlarida olamdin oʻttilar.

Va alarning favti zamonida bu faqir shahrda yoʻq erdim. Podshoh hukmi bila bir sori borib erdim. Kelgandin soʻngra, chun sohib azo faqir erdim, ta’ziyat qoidasin bajo kelturub, shahrning shimoli haddida togʻ etagida alar uchun hazira yasadimkim, «Joʻyi nav» suvi aning ichidin oʻtar, bagʻoyat biyik va xushhavo yerdur.

Va xeli azizlarkim, alargʻa tiriklikda musohib erdilar va qabrlari parokanda yerlarda voqe’ erdi, yigʻishturub, alar javorida qoʻyuldi. Bu jihatdin ba’zi azizlar ul yerni «Azizlar hazirasi»[43] debdurlar va bu ism mashhur ham boʻlubdur.

Va alar favtining ta’rixi bu ab’yotdin hosil boʻlur.

Ta’rix:

Sarxayli fano Sayyid Hasan raft,
Ki joi oʻ bihishti jovidon bod.
Pai on pokrav justand ta’rix,
Biguftam: «Jannati pokash makon bod»[44].

  1. Quds – arabcha poklik, tozalik, muqaddas demakdir. Nasimi Quds - poklik shabadasi. Bu yerda shoir undan avval oʻtgan doʻstlar, suhbatdoshlar yotgan joyga borib, yer oʻpib, salom yetkazgil, deya iltijo qiladi.
  2. Fano – yoʻq boʻlish, oʻlish; tasavvufda oʻzlikni yoʻqotib, butun borliqdan kechib, ilohiyatga singishdir.

    Fano gulshani – mozoriston.
  3. Solik – birorta tasyavvuf maslagiga mansub shaxsdir.U ollohga yaqinlashish tolibi boʻlib, bu niyatida tugʻilgandan vafotiga qadar boʻlgan yoʻlni bosib oʻtadi.

    Sayyid Hasan Ardasher – Alisher Navoiyning doʻsti, mas-lakdoshi va otasi oʻrnidagi murabbiysi. Navoiy u bilan 860/1455 – 56 y. da birinchi marta uchrashadi. Bu voqea Alisher Mashhadga borib, Abulqosim Bobur shoh xizmatiga kirgan vaqtlarda sodir boʻladi. Navoiy Sayyid Hasanning hayoti soʻnggiga qadar u bilan ota-boladek munosabatni saqlaydi va uning vafotidan 2 yil oʻtgach, maxsus risola yozib, xotirasini abadiylashtiradi. Sayyid Hasan vafoti vaqtida Hirotda boʻlmagan Navoiy gʻoyat ta’sirli marsiya ham yozgan edi.

    Risolada Hirot madaniy adabiy hayotining koʻrkamli vakili boʻlgan keng koʻlamli bilimlar egasi, shoir va goʻzal insonning ma’lum darajada ijodiy portreti yaratilgan hamda muallifning unga boʻlgan behad hurmati, samimiy munosabati oʻz aksini topgandir.
  4. Boysungʻur mirzo (1397, Hirot – 1434 oʻsha shahar) – Temur nabirasi, Shohrux oʻgʻli Ulugʻbek mirzoning ukasi. Mozandaron, Astrobod va Jurjon hokimi, keyinchalik otasining vaziri boʻlgan. Boysungʻur mirzo gʻoyat ma’rifatparvar shoh boʻlib, Hirotda nihoyatda boy kitobxona tashkil qilgan. U kotib, musavvir, naqqosh, sahhof, zargar ustalarni yigʻib, ularga homiylik qilgan. Boysungʻur mirzo tashabbusi va ishtirokida Hirotdagi olim va kitobat san’ati namoyondalari Firdavsiy «Shohnoma»sining 40 ta qoʻlyozmalari asosida mukammal matn tuzganlar, uni juda goʻzal nastaliq xatida koʻchirib, nafis miniatyuralar bilan bezaganlar. Boysungʻur mirzo unga mufassal soʻz boshi ham yozgan. Moʻ’tabar va nodir qoʻlyozma Tehrondagi «Kohi Guliston» muzeyi fondida Alisher Navoiyning tabarruk dasxati bilan («Navodir un-nihoya»matni) bir yerda saqlanadi.
  5. Qushchilik – ov qiladigan qushlarga qarovchi shaxs. Oʻrta asrlarda saroyda qushchilik lavozimi ham boʻlgan, qushchilar nufuzli shaxs hisoblanganlar.
  6. Sulaymon – Tavrotga koʻra shoh, Qur’oni majidda esa, paygʻambar deyilgan. Sulaymon paygʻambar haqida juda koʻp rivoyat va qissalar mavjud. Ularda Sulaymon aqlu idrokli, tadbirkor boʻlgan. Uning sehrli uzugi boʻlib, ana shu uzuk (xotam) vositasida hammani oʻziga muti’ qila bilgan. Uning taxtini goʻyo shamol koʻtarib yurgan. U Sabo malikasi Bilqisga uylangan. Sulaymon qushlar, insu jinlar tilini bilar ekan. Qur’onning 44-surasida Sulaymon haqida 11 – 12 oyatlarda soʻz ketadi.

    Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da Sulaymon binni Dovud alayhimus-salom sarlavhasi ostida mufassal fiqra beradi va uning karomatlarini bayon etadi.

    Bu yerda Navoiy Sayyid Hasan otasining koʻp hunarlar egasi ekanligini Sulaymon paygʻambarga oʻxshatmoqda.
  7. Sarf va nahv – a: grammatikaga oid ilmlar nomi; nahv – sintaksisni anglatgan.
  8. Arabiyat – arab tili va adabiyoti.
  9. Mantiq – ilmning nomi; logika.
  10. Kalom – E’tiqod ilmi; Qur’oni majidga oid bilimlar;
  11. Fiqh – dinning yoʻl-yoʻriqlari, qoidalari haqidagi huquq ilmi;
  12. Hadis – Muhammad paygʻambar (a.s.)ning soʻzlari, aytganlari.

    «Hadis» va «sunnat» soʻzlari muhaddislar oʻrtasida bir ma’noda qoʻllanilib, paygʻambarning aytgan soʻzlari, fe’l atvorlari, taqdirlari va paygʻambarlikka qadar boʻlgan hamda paygʻambarlik yillaridagi siyratlarini, ya’ni hayot yoʻllarini anglatadi. (Hadis, 1991 y. 3-bet).
  13. Tafsir – a.: biror narsaning atroflicha, ochiq va aniq bayon qilish. Bu islom ilmlaridan boʻlib, diniy tushuncha, atamalarni tushuntirib berishga oiddir.
  14. Muammo – a.: yashiringan, berkitilgan demakdir. Muammo sharq she’riyatida kichik lirik janr turlaridan biridir. Misra’, bir-ikki baytda (ba’zan jumla, ibora yohud bir soʻz ham boʻlishi mumkin) ism yoki biror soʻz yashiringan boʻladi. Muammo matnida esa, unga murakkab imo-ishoralar boʻladi. Muammoni maxsus qoidalarga asosan (unga ramz, imo, kinoya, oʻxshatish, soʻz oʻyini) arab alifbosidagi harflar nuqtalarini almashtirish, soʻzlarning boshqa tillardagi sinonimlarini topish, teskari aylantirish yoki «abjad» hisobi (harflarning raqam ma’nolari) va h. k. yoʻllar bilan topib olib, yechish kerak boʻladi. Muammo tuzish, uni yechish qoidalariga bagʻishlangan maxsus risolalar yaratilgan. Ayniqsa XV asrda muammo keng tarqalgan. Jomiy va Navoiy ham muammo haqida asarlar yozganlar.
  15. Ta’rix – sodir boʻlgan biror voqeani anglatadi. Sharq she’riyatida bu kichik lirik janr boʻlib, ana shu voqealarni nazmda (ba’zan nasrda ham) harflar vositasida beriladi. Bunda har bir harfning raqam ma’nosi, ayrim soʻz yoki harflarni chiqarib tashlash yoki qoʻshish yoʻli bilan ta’rix moddasi beriladi. Shunday ta’rix she’rlar ham borki, ulardan birinchi bayt harflari yigʻindisidan she’r bagʻishlangan shaxsning tugʻilgan yili, ikkinchisidan uning vafoti yili chiqariladi. Masalan, Navoiy vafotiga sohib Doroning marsiya – ta’rix shundaydir.
  16. Advor – davrning koʻpligi, musiqa nazariyasiga oid ilm.
  17. Sipoxiyliq – amaldorlik, hukumat xizmatida boʻlish, harbiy yurish yoki mashvaratlarda qatnashish bunday xizmat doirasiga kirgan.
  18. Sulton Ibrohim mirzo – Shohrux mirzoning nabirasi.
  19. Hofiz Sheroziy – (Alloh sirrini muqaddas qilsin) Shamsuddin Muhammad (1321, Sheroz – 1390 oʻsha shahar)buyuk fors shoiri. Qur’onni yod bilgani va yaxshi tilovat qilgani uchun «Hofiz» nomi bilan shuhrat qozongan va uni taxallus ham qilib olgan. Hofiz ham ishqi haqiqiy, ham ishqi majozin haqida yonib yozgan shoirdir. Gʻazal janrini yuksak badiiy saviyaga koʻtargan Hofiz devoni uning vafotidan soʻng tuzilgan. Alisher Navoiy Hofiz she’riyatini gʻoyat qadrlagan va oʻzining forsiy devonida unga koʻplab yozgan javob va tatabbu’lari keltirilgandir. «Nasoyim ul-muhabbat»da Navoiy hofiz she’riyatining xususiyatlari haqida shunday yozadi: «Alfoz latifligʻi va tarkib pokizaligʻi va ado salosati va latofati va ma’ni gʻaribligʻi choshnisida xud alarni ta’rif qilmoq hayot soʻyin jonbaxshliqqa ta’rif qilgandek boʻlgʻay».
  20. Sa’diy Sheroziy – (Unga Allohinng rahmati boʻlsin) Muslihuddin Abu Muhammad Abdulloh ibni Mushrifuddin (1203, Sheroz – 1292, oʻsha shahar) fors shoiri, adibi va mutafakkiri. Dastlabki tahsilni Sherozda oladi va Eron moʻgʻullari tomonidan zabt etilgach, Bagʻdodga borib, «Nizomiya» va «Mustansiriya» madrasalarida oʻqiydi. U yerda arab tili va adabiyoti, Qur’oni karim, Hadisi sharif va tasavvufni oʻrganadi. Sa’diy Sharq mamlakatlari boʻylab 20 yil safar qiladi. Safarda u asosan voizlik qiladi, va’zlarida axloqu adab, hikmat, hayotiy masalalar yuzasidan maroqli hikoyatlar keltiradi. Sa’diy «Guliston» (nasr va she’rda), «Boʻston» (nazm), lirik she’rlar – devon muallifidir.

    Alisher Navoiy «Devoni Foniy» dagi gʻazallarining ma’lum qismini Sa’diy gʻazallariga tatabbu’ tarzida yozgan. «Nasoyim ul-muhabbat»da Sa’diyning she’riyatini Navoiy quyidagicha ta’riflaydi: «Gʻazalgoʻy akobir va shuaro ollida mundoq muqarrardurkim, gʻazal tavrigʻa Shayx muxtari’durlar (ixtiro’chi), jonsoʻxtalar va ishqibozlargʻa va dilafroʻxtalargʻa va jongudozlargʻa filvoqe’ gʻarib haqqe sobit qilibdurlar».
  21. «Boʻston» – Shayx Sa’diyning nazmda 1257 yilda yozilgan asari, qarayb 1000 baytdan iborat. Damashqda tugallangan bu asarni Sa’diy hukmron Abubakr ibni Sa’di Zaniy (1226 – 60) ga taqdim etgan. «Boʻston» 10 bob va debochadan iborat. Unda muallif madrasalarda oʻrgangan ilmlari, safarlarda toʻplangan hayotiy tajribalari asosida odob, axloq, rasm-rusum, hikmatlarni qalamga oladi. «Boʻston» «Sa’diynoma» deb ham shuhrat qozongan.

    Asarda oʻsha davr uchun dolzarb boʻlgan siyosiy va ijtimoiy masalalar ham bayon etiladi va har masalaga hikoyat keltiriladi. «Boʻston» shirin til, sodda uslubda yaratilgan. Shuning uchun ham bu asar qadimdan darsliklardan oʻrin olib keladi.
  22. Fariduddin Attor – (Alloh sirrini muqaddas qilsin). Fariduddin Abuxolid Muhammad ibni Abubakr Ibrohim Nisho-puriy (1148 – 51/1219 – 21) – tasavvuf adabiyotining yirik namoyandasi, nomi Muhammad, kunyasi (Abu, ibn, umm, bint kabi soʻzlar bilan boshlangan laqab) Abuhamid, Fariduddin laqabi, «Attor» taxallusi uning kasbi koridan olingan. Attor qalamiga «Mantiq ut-tayr», «Asrornoma», «Musibatnoma», «Ilohiynoma», «Xusravnoma», «Muxtornoma», «Tazkirat ul-avliyo» asarlari mansub.
  23. «Mantiq ut-tayr» – (Qushlar suhbati) Fariduddnn Attorning asari, tasavvufning asosin gʻoyalaridan vahdati vujudga bagʻishlangan. Attor vujudi mutloq bilan mavjudotlarning yagonaligini majoziy tarzda Simurgʻ va qushlar olamn timsolida tasvir qiladi. Haqiqatni topib, vahdatga yetishuv uchun chiqqan qushlar talab, ishq, ma’rifat, istigʻno, tavhid, hayrat va faqru fano vodiylaridan oʻtishi zarur boʻladn. Oxirda 30 qush – simurgʻ qoladi. Dostondagi Shayx San’on qissasi irfoniy ishqning goʻzal bayonidir.

    Alisher Navoiy Attorning bu asarini yoshligida mutolaa qilib, yod ham olgan edi. Umrining oxirida bu asarga javoban «Lison ut-tayr» dostonini yozadi. Navoiy e’tirofiga koʻra uni Attor asarining tarjimasi yoʻsinida yaratgan.
  24. «Kimiyon saodat» – mashhur mutafakkir Muhammad Gʻazzoliyning 1094 – 1107 yillarda yozgan asari. Unda diniy, falsafiy, tasavvufiy masalalardan oʻzni, haqni, dunyo ma’rifati va oxirat ma’rifatini tanish yuzasidan fikr bildiriladi. Shuningdek, ijtimoiy-axloqiy masalalar ham qalamga olinadn. Adolat tartibi, raiyat haq-huquqini muhofaza qilish, zulm va zolimlikni qoralash shular jumlasidandir.
  25. Aziz Nasafiy – (Alloh sirrini muqaddas qilsin) ibni Muhammad (taxm. 1240 Nasaf – taxm. 1300 Eron, Abrkuh) tasavvuf mutafakkiri, shoir. Ilk tahsilni ona yurtida olgach Buxoroga boradi va u yerda ilm oʻrganadi. 1273 y. Aziz Nasafiy Eronga, Isfaxon va Sherozga safar qiladi va Abrkoʻh degan joyda muqim boʻlib qoladi. Olimning «Maqsad ul-aqso» (Uzoq maqsad), «Tanzil ul-arvoh» (Arvohning tushishi), «Kashf ul-haqoyiq» (Haqiqat kashfi), «Manzil us-sayirin» (Sayr qiluvchilarning manzillari) va boshqa asarlarida tasavvufning turli-tuman masalalaridan bahs yuritiladi. Chunonchi, u ishq, fano, baqo, zikr, haqiqat, ma’rifat kabi tasavvufning axloqqa oid masalalarini ham qalamga oladi. Olimning asarlari avombop uslubda, sodda tilda yaratilganligi uchun xalq orasida keng tarqalgan.
  26. Rind – bu soʻzning lugʻaviy ma’nosi Shariat qoidalarini johillik yuzasidan emas, ongli sur’atda, ziyraklikdan inkor qiluvchi odamni anglatadi. U barcha olam davlatu shukuhlarini rad etadi, oʻzini ozod tutadi, may ichadi, hur fikr boʻladi.
  27. mo-amkana – imkon boricha, demakdir.
  28. Oʻsha davrdagi taniqli shayx va darveshlar. Ular naqshbandiya buzurglaridan boʻlib, Sa’duddin Koshgʻariy yaqinlari hisoblanganlar.
  29. Jibilliy – a.: tugʻma, tabiiy demakdir.
  30. Ulufa – a.: amaldorlarga davlat tomonidan belgilangan maosh va oziq-ovqat.
  31. Podshohi haqiqiy – Olloh nazarda tutiladi.
  32. Shamsuddin Muhammad, Tabodgoniy – mashhur shayxlardan. Alisher Navoiy oʻzining «Nasoyim ul-muhabbat» asarida uning fazilatlari haqida yozadi va asarlarini sanab oʻtadi. «Asmoulloh» (Ollohning ismlari), «Tazkirat ul-habib» (Doʻstning tazkirasi) va «Vasoyo» (Vasiyatlar), «Arba’in» (qirq), «Qasidai Burda»ga muxammas, Ansoriyning «Manozil ussoirin»iga sharh va boshqalar. Alisher Navoiy oʻziga nisbatan Muhammad Tabodgoniyning alohida iltifoti boʻlganini e’tirof etadi.
  33. a.: Uning aziz ruhini Alloh muqaddas aylasin.
  34. Al-Havofiy – Shayx Zaynuddin Abubakr al-Xavofiy. Zohiriy va botiniy bilimlarni mukammal bilgan shayxlardan. Vafoti – 838/1434 – 1435.
  35. Arba’in chiqarmoq – toat-ibodat qilib, chilla oʻtirmoq demakdir.
  36. Al-hukmu lilloh – Ollohning hukmi bilan.
  37. Gʻufron – kechirim, shafqat.
  38. Sulton Abdusaid mirzo – temuriylardan. 1451 – 58 yillarda Movarounnahr hokimi. 1458 – 69 yillarda esa temuriylar davlatining oliy hukmdori. U oʻzidan avvalgi shoh Abulqosim Boburga va unga yaqinlarga nisbatan gʻoyat qattiq qoʻl va zulmkor edi. Navoiy va uning togʻalari Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylar Husayn Boyqaro xatti-harakatlari va intilishlarini qoʻllab-quvvatlaganlari uchun ularga sovuq munosabatda boʻlgan. Abusaid ilm va san’at ahliga ham anchayin loqayd qaragan. Alisher Navoiyga bu hukmron bilan munosabatini yaxshilashdan koʻra Hirotni tark etish ma’qul tuyulgan va u Samarqandga ketgan edi. Shoirning Abusaiddan norozilik tuygʻulari uning «Sayyid Hasanga she’riy maktub» («Hasbi hol», «Masnaviy» deb ham yuritiladi)da oʻz aksini topgan. Bu asarda Navoiy oʻzining Hirotdan Samarqandga ketishini beixtiyor qilingan safar, deb e’tirof etadi. Bobur esa «bilmon ne jarima bila Sulton Abusaid Mirzo Hiridin ixroj qildi», deb ma’lumot beradi. Abusaid 1469 y.da Eronning Gʻarbiy qismlarini oʻziga buysundirish maqsadida yurish qilib, Ozarboyjonda qatl etilgandan soʻng Hirot taxtini Husayn Boyqaro egallaydi va Alisher Navoiy yangi hukmronning taklifi bilan paytaxtga qaytadi.
  39. Gʻariziy harorati – inson va hayvonlarda nafas olishdan paydo boʻladigan ichki harakatni bildiradi.
  40. Xoja Nosiruddin Ubaydulloh – Xoja Ahror Valiy nomi bilan mashhur boʻlgan naqshbandiya ta’limotining mashhur namoyandalaridan. Samarqandda ta’lim olgan, 1428 yilda Hirotga borib, Chagʻoniyonda Ya’qub Charxiy bilan uchrashib, uni oʻziga ruhoniy pir qilib tanlagan. 1431 – 32 y. larda Toshkentda yashagan. Xoja Ahror siymosi va faoliyatiga qarash tarixshunosligimizda oʻta salbiy boʻlib kelgan va uni Ulugʻbek qatliga fatvo bergan gʻoyat mutassib din arbobi deya talqin etib kelingan edi. Hozir bunday qarash oʻzgarib bormoqda va Xoja Ahrorning ma’rifatli shaxs boʻlgani va oʻz tasarrufidagi katta boylikdan el-yurt, mamlakat ehtiyojlariga sarflab turgani ishonchli manbalar asosida bayon etilmoqda. Sharqshunos olim A. N. Boldirev oʻzining oxirgi ilmiy tadqiqoti («Yana bir bor Xoja Ahror masalasiga doir»)da Xoja Ahrorga salbiy qarash hamma mavjud manbalar (manoqiblar, maktublar va uning oʻz asarlari)dagi ma’lumotlarni ob’ektiv tarzda hisobga olinmagani va tarixni sharoitdan uzib qaralgani sabab yuzaga kelganini birinchi boʻlib isbotlab berdi. (Qarang: Xoja Ahror haqida. Toshkent, 1997. Ruschadan Suyima Gʻaniyeva tarjimasi.).
  41. Qutb – a.: har bir narsaning oʻrtasidan oʻtgan oʻqning ikki uchini anglatadi. Majoziy ma’noda har bir jamoa yoki guruhning moddiy yo ma’naviy boshligʻi, peshvosi, yoʻl koʻrsatuvchisi.
  42. Sakkiz yuz toʻqson toʻrt yil hijriy – 1488/89 yil.
  43. «Azizlar hazirasi» – a.: atrofi ihotalangan joy. Bu yerda qabristondagi xilxonaning nomi:
  44. Tarj: Foniylik yetakchisi Sayyid Hasan ketdi. Uying mangu jannat boʻlgay! U pokiza zot vafotiga ta’rix qidirdilar. Men «pok jannat makoni boʻlgʻay!» deb ta’rix tushirdim. Aslida «jannati pokash makon bod» jumlasi ta’rix moddasi boʻlib, abjad hisobida 894/1488 – 89 yil chiqadi.