OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alisher Navoiy. Mahbub ul-Qulub
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiMahbub ul-Qulub
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm253KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Mahbub ul-Qulub
Alisher Navoiy

Bismillohir-Rahmonir-Rahim

Hamd angakim, zotigʻa hamd onchakim, sazovordur, aytsa boʻlmas va sano angakim, ehsonigʻa sano onchakim, yeri bordur bitsa boʻlmas. Zoti jami’ kamolat sifoti bila mavsuf, sifotidin majmu’i kamolot kashf ahligʻa makshuf. Tanzihi til sharh qilurdin mubarro, taqdisi el vasf etardin muarro. Azamati bogʻida sipehri davvor bir nilufardin kam va qudrati ollida nujumi sobita va sayyora ul nilufar yuzida bir necha qatrai shabnam. Nilufar yuziga shabnam sochquchi ham ul va shabnam suyidin nilufarzor, balki gulistoni Eram ochgʻuchi ham ul. Beniyozligʻi janbida charxi nigun bir gadoy, niyozmand va chorasozligʻi ollida dahri buqalamun bir bechorai ajzpayvand. Vujudi mulohazasida ofarinish vujudi nomavjud, zoti mutolaasida avvalin va oxirin budi nobud. Xoni ehsoni tegrasida oliy shon shohlar rizqqa soyil va ilmi bepoyoni taaqqulida oliy makon ogohlar jahlga qoyil. Qahhorligʻi sarsari uchururgʻa sobit va sayyor, nastaranning sochilgʻon yafrogʻlari jabborligʻi quyuni sovururgʻa dahri gʻaddor. Bayt ul-hazanning toʻkulgʻon tufrogʻlari yoʻqni bor qilmoq va borni yoʻq qilmoq aning qudratigʻa oson, boru yoʻq va yoʻqu bor aning ehsonidin umidvor va qahridin haroson. Bir ovuch tufrogʻni malakut xaylida xilofat taxtigʻa oʻlturmoq anga yarashur va yillar maloikai muqarrabingʻa peshvolik qilgʻonning boʻynigʻa la’nat tavqi ul solur.

Qit’a:

Qodirekim, qudratidin muncha yuz amri gʻarib,
Boʻlsa har soatda mavjud andin ermastur ajab,
Oʻn sekiz ming olamu odam yaratib, aylamak
Bir kishini ofarinish daftaridin muntaxab.
Ul qila olur anga keldi musallam bu umur,
Gar oʻzi erdi musabbab, lek bu boʻldi sabab.

Va durudi noma’dud ul mahbubi oqibat Mahmudgʻakim(1), haq taolo anga qurb va manzilat berdikim, olam va odam vujudidin maqsud aning vujudi erdi. Xujasta tiynati ruhi pokdin tohir va farxunda xilqati anosir tarkibidin pok erkani zohir. Anosirining(2) yeli Masih(3) anfosi va tufrogʻi Ya’qub(4) koʻzining toʻtiyosi va suyi Hizr(5) chashmasining zuloli va oʻti kalim daraxtining nori ishti’oli. Bu anosirni ruhi pok desa yeri bor va ruhigʻa ruhi fidok demak sazovor. Toyiri sidranishin Buroqi(6) barqgomi va soyiri. Ruh ul-aminning(7) ulvi xiromi. Aflok shabistoni yuzi bahoridin gulshan va maloiki uyuni raxshi gʻuboridin ravshan. Kalomi sha’nida «Mayantiqu inal xavy»(8) va nutqi bayonida «in huva illo vahyun yuho»(9). Asrori ilohigʻa zoti amin va inoyat nomutanohidin oti «rahmat ul-olamin»(1)0.

Masnaviy:

Iki gisusi iki laylat ul-qadr,
Bu yangligʻ iki layl ichra yuzi badr,
Laylu badr oʻlub sham’i shabiston,
Uzoridin xoʻy anda kavkabiston.
Bu kavkablardin aylab tengri mavjud,
Nubuvvat ma’sharigʻa durri maqsud.
Nubuvvat spehrida quyosh erkoni ma’lum,
Musohiblar sha’nida ashobi kaniujum(11).

(Salovati Ollohi alayhi va alo olihi va ashobihi alo yavmiddini)(12).

Ammo ba’d: fuqaroning gadoyi va gʻaroib masturalarining chehrakushoni al-faqir ul-haqir Alisher al-mulaqqab bin-Navoiy (gʻaffara zunubihi va sattara ayyubihi)(13) mundoq arz qilur va adosin oʻziga farz bilurkim, bu xoksori parishon roʻzgor shabob avonining bidoyatidin kuhulat zamonining nihoyatigʻacha davron voqeotidin va sipehri gardon hodisotidin va dahri fitnangiz buqalamunlugʻidin va zamonai rangomiz gunogunligʻidin muddati madid va ahdi baid har nav’ shiq va suratda aqdom urdum va har tavr suluk va kisvatda yugurdum va oʻzumnn yaxshi-yamon xizmat va suhbatigʻa yetkurdim. Goh mazallat va ano vayronida shevan koʻrguzdum va goh izzat gʻino boʻstonida anjuman tuzdum.

Masnaviy:

Gahe topdim falakdin notavonligʻ,
Gohe koʻrdim zamondin komronligʻ,
Base issigʻ, sovugʻ koʻrdoʻm zamonda,
Base achchigʻ, chuchuk tottim jahonda.

Iflos va notavonligʻ hangomida, ya’ni falokat va nomurodligʻ ayyomida goh ilm madorisida safi niolda yer tuttum, goh ulamo majlisida ilm nuridin koʻngulni yoruttum. Goh atqiyo masojidida alar qadami yetgan yerga yuz qoʻydum va sajda kasratidin manglayim terisini soʻydum. Va goh safo xonaqohi ahli ibrikigʻa suv quymoq bila arjumand boʻldum va goh fano dayri xayli sabukashligidin sarbaland boʻldum. Va goh laimlar olida xorligʻ va goh arzollar olida bee’tiborligʻ koʻrdum. Va goh ishq koʻyida beboklik va odamiykush parichehralargʻa haloklik dast berdi. Va goh junun mahallasida arzol boʻynumgʻa silliy urdilar va atfol boshimgʻa tosh yogʻdurdilar va goh shahrim eli sitamidin gʻurbatka tushtum va gʻarib xaloyiqka qoʻshuldum va qovushtum. Va jibol kullasi oromgohim boʻldi va goh saxro etogi panohim boʻldi. Va goh gʻurbatda alil va gʻarib elga zalil boʻldum. Goh bu shiddatlardin azmi vatan qildim. Va goh azizlar xizmatidin oʻzumni bahramand va soʻzumni dilpisand va arjumand toptim.

Ruboiy:

Gardun gah manga jafou dunluq qildi,
Baxtim kibi har ishta zabunluq qildi,
Gah kom sari rahnamunluq qildi,
Alqissa: base buqalamunluq qildi.

Ammo shugʻl va komronliq chogʻida va koʻngul mulki xalq hujumi bulgʻogʻida va goh amorat masnadida oʻlturdum va hukm va hukumat mahkamasida dodxoh soʻrdum va goh podshoh nayobatida taraqqub tuzdum va nazzoragar elga oʻzumni komron koʻrguzdum. Va goh makrumat ayvonini makon qildim va akobir va ashrofni ta’zim yuzidin mehmon qildim. Va goh nishot bogʻida bazm tarhi soldim va soqiy va mutrib bazmu simoidin bahra oldim. Va goh salotni muxolafatlarida arogʻa kirdim va munozaatlarin muvofaqatgʻa qaror berdim. Goh harb ma’rakasigʻa oʻzumni soldim, va jahl va nodonliq tuhmatin boʻynumga oldim. Va goh xayrot ahligʻa oʻzumni qottim va har nav’ xayr buq’alari tuzattim, andoqki, sa’yimdin rabotlar boʻldi va andin musofirlargʻa nishotlar boʻldi.

Bayt:

Dimogʻima tushubon koʻp tasavvuru pindor,
Oʻzumni johu ulugʻluqqa ayladim izhor.

Bu muqaddimotdin maqsad bukim, har koʻy va koʻchada yugurubmen va olam ahlidin har nav’ elga oʻzumni yetkurubmen va yaxshi-yomonning af’olin bilibmen va yamonu yaxshi xislatlarin tajriba qilibmen. Xayr va shar’din noʻsh va nish koʻksumga yetibdur va laim va karim zahm va marhamin koʻnglum dark etibdur. Va zamon ahlidin bayozi ashob va davron xaylidin ba’zi ahbobki, bu hollardin xabarsiz va koʻngullari bu xayr va sharrdin asarsizdur.

Qit’a:

Ne bilgay ul kishikim, shahdu mayni totmaydur
Ki, vaslu hajr kibi ul chuchuk durur, bu achigʻ.
Bilur zalil musofirki, poʻya aylarda,
Qumu toʻzong yumshogʻ, togʻu xoradur qatigʻ.

Bu nav’ ashob va ahbobgʻa intiboh qilmoq va alarni bu nav’ holatdin ogoh qilmoq vojib koʻrundiki, har toifa xisolidin vuquflari va har tabaqa ahvolidin shuurlari boʻlganki, munosib el xizmatigʻa shitob qilgʻaylar va nomunosib el suhbatidin ijtinob vojib bilgaylar va bori el bila maxfiy rozlarin soʻzlashgaylar va shayotin va ins makru firibdin boziy yemagaylar. Va har nav’ el suhbat va xususiyatiki, alarga havas boʻlgʻay, bu faqirning tajribasi alargʻa bas boʻlgʻay.

Chun bu maqolatning qulubgʻa mahbublugʻi ma’lum boʻldi, anga «Mahbub ul-qulub» ot qoʻyuldi. Va bu bitilgan favoidning kayfiyati chun bilildi, ani uch qism qilindi.

Avvalgʻi qism: soir un-nosning af’ol va ahvolining kayfiyati(14).

Ikkinchi qism: hamida af’ol va zamima xisol xosiyati(15).

Uchinchi qism: mutafarriqa favoid va amsol surati(16).

Umid ulkim, oʻqugʻuvchilar diqqat va e’tibor koʻzi bila nazar solgʻaylar va har qaysi oʻz fahmu idroklarigʻa koʻra bahra olgʻaylar, bitguchiga ham bir duo bila bahra yetkurgaylar va ruhini ul duo futuhi bila sevundurgaylar.

Avvalgi Qism: Xaloyiq Ahvol Va Af’ol Va Aqvolining Kayfiyati

Ul Qirq Fasldur

Birinchi Fasl: Odil Salotin Zikrida

Odilu oqil podshoh ibodullohgʻa zillulloh. Xilofat mulki aning farmonida «inni joilun fil arz xalifa»(1)ning sha’nida. Bukim odil podshoh ta’rifdin biyikroq erur «valadat fiz-zamon as-sulton ul-odil(2)» andin xabar berur. Ulki aning zoti bila mubohidur xojai kavnayn(3) debdurkim, «adli soat xabara min ibodat ul-saqlin»(4).

Odil podshoh haqdin xaloyiqqa rahmatdur va mamolikka mujibi amniyat va rafohiyat. Quyosh bila abri bahordek qora tufrogʻdin gullar ochar va mulk ahli boshigʻa oltun bila durlar sochar. Fuqaro va notavonlar aning rifq va madorosidin osuda, zalama va avonlar aning tigʻi siyosatidin farsuda. Hirosatidin qoʻyu qoʻzi boʻri xavfidin emin va siyosatidin musofir koʻngli qaroqchi vahmidin mutmain. Rif’atidin har maktabda atfol gʻavgʻosi va muxofazatidin zuafo hammomida alarning alolosi, haybatidin yoʻllar qaroqchidin xoli va qoʻllar toʻla ulus moli va zabtidin amaldorlar qalami sinuq va sitamkorlar alami yikuq. Jiddidin masojid jamoat ahlidin mamlu va madoris bahs va jadal xaylidin gʻuluv. Qisosi tigʻidin oʻgʻri ilgi el molidin koʻtoh, intiqomi biymidin qoti’ tariq holi adam biyobonida taboh. Tunning koʻpi doʻkonlarda savdo uchun sham’ va avbosh koʻcha gashtidin koʻngullari jam’. Shomdin to sahar xonaqohlar eshigi ochuq va xilvatlar ibodat nuridin yoruq. Shahrda qoʻylar posboni ul, yozida qoʻylar shuboni ul. Raiyyatgʻa saro va bogʻ andin ma’mur va sipohigʻa kom va farogʻ andin mavfur.

Andin kechalar atrok zuafosi ishi oʻrgʻushtak va atfol varzishi oq soʻngak. Ajuzlar charx uni maddi bila aning duosigʻa nagʻmasoz va kanizaklar momuq sabamoq uni bila aning olqishigʻa nagʻmapardoz. Fuqaro ishi anga ham duo va ham nozish, aning da’bi fuqarogʻa ham saxo va ham navozish.

Ochlar gʻizosi bazl va atosi xonidin, yalangʻochlar libosi xizonai lutf va ehsonidin. Mulk bogʻin ma’mur qilurgʻa abri serob va mulk ahli koʻzin yoruturgʻa mehri jahontob. Oʻzga mulkning raoyo va xalqi aning orzusida va yana kishvar mazlumlari aning adli duosi guftigoʻsida. Yaxshi otigʻa ulamo ishi rasoil tartibi va yaxshi sifotigʻa shuaro varzishi qasoyid tarkibi, mugʻanniylar ishtigʻoli sanosi uchun surud tuzmak va musanniflar maqoli duosi ohangida nagʻma koʻrguzmak. Xalq rizosidin haq rizosigʻa tolib va dodxoh soʻrarda soʻrugʻ kuni vahmi koʻngligʻa gʻolib.

Masnaviy:

Ulus podshohiyu darveshvash,
Anga shohliqdin kelib faqr xash,
Jahondorlargʻa sipehr intiboh,
Valiy ahli faqr olida xoqi roh,
Jahon mulki olinda xoshokcha,
Vale bir koʻngul mulqi aflokcha.
Bori benavolar navosozi ul,
Hamul nav’kim, Shoh Abulgʻozi(5) ul,
Kelib ayni insonu insoni ayn,
Jahon vorisi Shoh Sulton Husayn
Ki, to boʻlsa gardungʻa davvorliq,
Anga boqiy oʻlsun jahondorliq.
Xaloyiqqa bu shahdin oʻlsun nishot,
Dame boʻlmasun xoli andin bisot.

Ikkinchi Fasl: Islompanoh Beklar Zikrida

Mundoq shohga musulmon bek nabiy xizmatida toʻrt yordin biridek. Nomurodlarning panohi va podshohning davlatxohi. Shohgʻa dunyoda chin soʻz deguvchi va aning oxirati gʻamin yeguvchi. Yomonlar andin haroson va yaxshilar dushvorligʻi oson. El moli tama’i koʻnglida nobud va ayoli xayoli zamirida nomavjud. Murodi raoyo amniyati va maqsudi baroyo jam’iyati. Ul musulmonlargʻa rizojoʻy va musulmonlar anga duogoʻy. Oʻzining zoti tuzuk va sa’yi shoh eshigida tuzukluk.

Shoh eshigi mundoq bekdin xoli boʻlmasun va davlatning andin oʻzga intiqoli boʻlmasun.


Uchinchi Fasl: Nomunosib Noiblar Zikrida

Yolgʻonchi xudnamo noib nisbati musallamai kazzob millati, nubuvvat tuhmatin oʻziga solgʻon va Jabroil(6) vahydin degoni bori yolgʻon. Munga ham shox xususiyati izhori gʻayri voqe’ yolgʻon bori. Yolgʻon hukm yetkururiga bois tama’i shum va oʻtruk parvona yetkururiga sabab hirsi mazlum. Nima olurda yolgʻon anga chin oʻrnigʻa va musulmonlargʻa nuqson anga din oʻrnigʻa, yolgʻon borida anga chin demaki mahol va rishvat olurda oʻzga soʻz deb, ammo koʻnglida oʻzga xayol. Mundoq noibki, bir boʻlmagʻan fe’liyu qavli, shoh eshigidin gum boʻlgʻoni avli.


Toʻrtinchi Fasl: Zolim Va Johil Va Fosiq Podshohlar Zikrida

Odil podshoh koʻzgu va bu aning uchasidur. Ul yoruq, subh, bu aning qorongʻu kechasidur. Zulm aning koʻngligʻa margʻub va fisq aning xotiriga mahbub. Mulk buzugʻligʻidin zamiriga jam’iyat va ulus parishonligʻidin xotirigʻa amniyat. Obodlar aning zulmidin vayrona, kabutar toqchalari boyqushgʻa oshiyona. Boda seli chun bazmida toʻgʻyon qilib, ul sel mulk ma’muralarin vayron qilib. Suvchi xonasigʻa farsh masjid ravoqi toʻkulgonidin va koʻplari boshigʻa xisht mehrob toqi yemrulgonidin. Agar qon toʻkmak anga pesha, kimki joni bor anga andesha. Agar shurbgʻa mash’uf - koʻy va koʻcha musulmonlargʻa maxuf. Agar fosiq boʻlsa va bad, af’ol - el irzi va ayoligʻa andin biymu nakol. Va sitezaroʻy boʻlsa va xudroy mushfiq Navoiy jonigʻa voy!

Oʻz noshoyisti oʻz olida xoʻb va el ma’quli anga mardud va ma’yub. Koʻp xizmat oz sahv bila olida nobud va koʻp haq va rost oz xato bila ilayida nomavjud. Xato royi oʻng kelmasa, daxlsizlarga shirkat, balki naqiz tutqonlargʻa ziyoda tuhmat. Nosavob xayoli tuz chiqmasa, shirkati yoʻqlargʻa itob va balki xabari yoʻqlarga aroda azob. Hayot suyin ogʻu desa, musallam tutmogʻon gunahkor va quyosh nurin qorongʻu desa, tahsin qilmogʻon tiyra roʻzgor.

Oʻz jonibidin qatraning daryocha hurmati va zarraning bayzacha qiymati. El tarafidin moli olam bir qora puldin kam va fido qilgʻon joni aziz, oncha yoʻqkim, bir pashiz. Qora quzgʻunni oq tuygʻun desa, qozni yaxshi olur demagan muqassir. Yoruq kunni tiyra tun desa, suho koʻrunadur demagan mudbir.

Chin der elga - jon xatari, xayrgʻa dalolat qilgʻuvchigʻa oʻlum zarari. Haq aning qoshida botil, xiradmand aning aqidasida johil.

Eldin koʻnglida kiynasi - maxfiy xazinasining dafinasi. Qatl uchun jon bermak shiori, el molu jonigʻa qasd - shikori.

Bu yomon podshohki, boʻlgʻay vaziri ham yomon, andoqki, Fir’avn nayobatida Homon(7).

Bayt:

Uylakim shoh morgʻa boʻlgʻay mumid ham ja’fariy,
Yo vaboyi xalqqa toun ham oʻlgʻay bir sari.

Tengri mundoq balolarni adam chohidin vujud taxtgohigʻa kelturmasun va yoʻqluq zindonidin borligʻ shahristonigʻa yetkurmasun.


Beshinchi Fasl: Vuzaro Zikrida

Vazir vizrdin mushtaqdur va bu fe’l aning zotigʻa ahaq va alyaqdur. Bu ishni pisandida qilgʻon Osaf(8) ermishkim, nigini naqshi «qad rahimallohu man in-safa»(9) ermish. Hamonoki, Osaf bordi, insofin olib bordi va insof gavharin bu noinsoflar orasidin chiqordi. Kishi agarchi oʻzin yeldek har yon solgʻay, Osafni bu xokdonda qayda topa olgʻay. Dahr elida birovki Osaf nihoddur, bilgaykim, Sulaymon taxti barboddur.

Bu zolimlar - mulkni barbod berguvchilardur va mulk ahli yigʻishturgʻonlarin bitirguvchilardur. Avlo ulkim, bular zikrida kishi xoma surmagan va bu xomadek qora yuzluklar otin qalam tiliga kelturmagay. Zahr berib bemor oʻlturguvchi tabib, bularning holigʻa mushobehdur va qarib.

Bu ikki xayldin har biri bir af’i, shohgʻa vojibdur bularniig daf’i. Bular, jumlasi chiyonlar, xaloyiqqa yetkurur ziyonlar. Kilklari noʻgʻi aqrab nishi, raiyat jonigʻa ul nish tashvishi. Necha bu nish mazlumlargʻa sanchilgʻay, umid ulki, boshlari ajal toshi bila yanchilgʻay.

Masnaviy:

Bulardin gar a’lo gar adno durur
Kim, andin xaloyiqqa izo durur.
Shah oʻlturmas avlodur ul elni bot
Ki, debdur nabiy «iqtilso almu’ziyat»(10)


Oltinchi Fasl: Noqobil Sadrlar Zikrida

Bediyonat sudur bid’ati sayyiadur bilo-zarur. Bu nokas agar omiydur fisqu fujur aning komidur. Majlisida nagʻmanavozliq ilm va taqvo azosigʻa - navhasozliq. Ulamo kelturgan gulob shishalariki xoli qolib, boda solurgʻa ani mulozimlari olib. Bu kelturgan nabot gazak uchun ushalib, vazifa vajhlari oʻzga asbob uchun saygʻolib Badkirdor anda gʻalaba va poykor anda talaba. Navkarlariga osh xonaqoh rotibasidin va chuhralarigʻa maosh shayx va mudarris vazifasidin. Bazmigʻa may kelturgali muhtasib rozi va maygʻa bodapolo rishi qozi, kishvarki, anda manohiy mundoq behisob boʻlgʻay, islom va shariatgʻa ne izzat va ne hisob boʻlgʻay.

Sadr kerak ulamogʻa dastyor boʻlsa va mashoyixqa korguzor va xizmatkor va sodotgʻa mumid va fuqaro xizmatida mujid. Zulm rishtasin uzguvchi va avqof buzugʻin tuzguvchi va ziroat kasratida sa’y koʻrguzguvchi.

Masnaviy:

Yoʻq ulkim fosiqu xammoru zukka
Ki, buzgʻay garchi boʻlgʻay xoja dukka.
Rikobi naqshi kimsonligʻ sarosar
Toʻnida ortiq ondin zebu zevar.

Qit’a:

Keraki boshigʻa qoʻysa aloqalik dastor,
Yana rido ham aning egnida mavoliydek.
Yoʻq ulki, markabi boʻynigʻa bogʻlab ossa qoʻtos,
Osilgʻay oʻzining oʻz boʻgʻzidin saqolidek.


Yettinchi Fasl: Fosiq Va Badmaosh, Bahodirliq Lofin Urgʻonlar Zikrida

Shoh eshigida yormoqni zoye’ qilgʻuvchi jamoatkim, alardin ne tengrigʻa toatdur va ne shahgʻa itoat.

Tariqlari - xudnamoliq va rasmlari - xudoroliq. Ishlari - mastligʻ, varzishlari - xudparastligʻ. Chin demaklari lof, ma’nili soʻzlari gazof. Jur’akashlik - dinlari va kofirvashlik - oyinlari. Koʻngullari toʻbichoq sekreturdin orom topmoq va soʻzlari bosh yalang yuzga chopmoq Bazmda da’volari Xotamliq(11), razmda taloshlari Rustamliq(12). Oʻtagʻalaridin nasri toyirgʻa ram, nayzalaridin simoki romih yuzi darham. Tavrlaridin oshuftaroq alargʻa dastor va dastor aloqasidin uchalarida ozor.

Mulk dushmani daf’i shuhratlari, shohga mulk asrar minnatlari. Bu da’vo boshigʻa yetguncha nechasini may oʻlturub, nechasini oʻzga fisq doʻzaxga yetkurub. Yuzdin biriki ma’rakagʻa yetib, yoʻrtoq chopish bilan oʻzin zoye’ etib. Muboriz afganliklari oʻz holigʻa, safshikanliklari oʻz yasoligʻa. Bu nav’ bahodir hech ma’rakada boʻlmasun va hech saf buzarda aning qoni toʻkulmasin. Shohgʻa sipoh-darvishlar duosidur - fuqaro himmati va tengri rizosidur. Shohkim, anga haq inoyati sipoh boʻlgʻay, livosining ziynati nasr min Olloh boʻlgʻay. Shohgʻa to davlat bor -dushman erur xor va xoksor. Davlatga yetkurguvchi tengri, ham olgʻuvchi, ham berguvchi tengri. Ul bersa, kishi ola olmas, ul yetkursa, kishi yiroq sola olmas. Shohki, haq amrin bajo kelturgay, bu davlat koʻp xavflargʻa rajo yetkurgay.

Qit’a:

Shaheki, sidqi aning tengri birla tuz boʻlgʻay,

Ne gʻam aduvsi aning bir yoʻq ersa yuz boʻlgʻay.

Kishiga tengri berur fath yoʻqki, xaylu sipoh,

Pas e’timod anga aylamas ne soʻz boʻlgʻay.

Bayt:

Cherik boʻlsa va boʻlmasa baxtiyor,
Sipahgʻa aduv xaylinnng hukmi bor.


Sekkizinchi Fasl: Yasovul Guruhi Zikrida

Yasovul, bir mazlum ishi keyincha borgʻay va ul mazlumni zolimdin qutqorgʻay. Agar muzd tilamagi maqdurdin ortuqroqdur, ul zolimga ulugʻroq oʻrtoqdur. Agar sa’yigʻa yarasha olur xayoli boʻlgʻay, ota merosi va ona sutidek haloli boʻlgʻay. Va agar tama’i haqq us-sa’yidin kamdur, erlik va muruvvat anga musallamdur. Va agar sa’y qilgʻay va olmagʻay, muzdkim anga haqdur, ani desa boʻlgʻaykim, valiyi mutlaqdur.

Koʻp eranlar bu ishni shior etibdurlar va bu suluk bila maqosidgʻa yetibdurlar.

Masnaviy:

Avliyoullohki, har suratda bor,
Ba’zi etmish bu ravishni ixtiyor,
Chun erurlar qubbalar ichra nihon,
Haqdin oʻzga kimsaga ermas ayon.


Toʻqquzinchi Fasl: Yasogʻliq Va Qora Cherik Zikrida

Yasogʻliq degan qora cherik, ya’juj va ma’juj xayligʻa sherik. Emgakdin alargʻa orom yoʻq, yasoq tortardin bir nafas kom yoʻq. Ishlari talay olgʻonni talamoq, yot yurtda chugurtkadek sabza va yafrogʻni yalamoq.

Insonliq bila alar orasida muboyanat, musulmonliq bila alar oʻrtasida munozaat. Fahmu idrokdin alar zoti oriy, aqlu insofsiz bizzot bori. Qayongʻakim yuzlandilar, alargʻa yonmoq yoʻq, kecha va kunduz tagʻoful uyqusidin uygʻonmoq yoʻq. Isigʻ va sovuq tanlariga tafovut qilmay, ochligʻ va yalangʻochliq zararini jismlari bilmay. Odamiysizliqda maxluqotdin mumtoz, hayvonliqlari koʻpu mardumliqlari oz.

Ruboiy:

Ul qavmdin a’juba xaloyiq boʻlmas
Kim, me’dalari harom yerdin toʻlmas.
Oʻlguncha balo chekib erurlar mavjud,
Chin boʻldi bu da’voki, yasogʻliq oʻlmas.

Turfa bukim, chun haqning har nav’ elga inoyati pinhoni bor, bular orasida ham yashurun eranlarning imkoni bor. Oʻrdu bozori oʻzin yasogʻliqqa qotgʻuvchi, oʻngay ham ulush olmay ogʻir sotgʻuvchi. Cherik ulushidin har bor alar shatalxor, andoqkim mulk ahlidin amaldor.

Bayt:

Sipohiy molin ul xayli tabohi,
Tunu kun muft olib xohi naxohi.

Mumkin yoʻqkim, odamizod alargʻa sazo bergay, magar tengri alargʻa balo birla jazo bergay.


Oʻnunchi Fasl: Shoh Ulusi Oʻziga Mushobih Boʻlur Zikrida

Shohgʻa har kimki, mulozim va tobi’ boʻlgʻay, ishi va tavri shoh ishigʻa mushobih voqe’ boʻlgʻay. Agar shohgʻa adolat shior, ulusi shiorida ham adolatdin osor. Agar zulmpesha - elida ham zulmidin andisha. Agar ul islomoyin, xalq shiori ham islom bila din. Agar ul kufrxisol - elga dogʻi kufr tariyqi af’ol. Hukamo shohni debdurlar: daryoyi zaxxor va qavmu xaylin daryo tegrasidagʻi anhor. Daryo suyigʻa ne kayfiyat va ne xosiyat, anhorgʻa ham ul kayfiyat va xosiyat.Ul achchigʻ - bu achchigʻ; ul chuchuk - bu chuchuk; ul tiyra - bu tiyra; ul suzuk - bu suzuk.

Masnaviy:

Arigʻlarki, ul bahrdin ayrilur,
Biliklik alarning suyin ham bilur,
Chu birdur suv daryo bila nahr aro,
Emas ta’mida hojati mojaro.


Oʻn Birinchi Fasl: Shayx Ul-Islom Zikrida

Shayx ul-islom musulmonlar peshvosidin iboratdur va islom muqtadosida ishoratdur. Mundoq kishi olime kerak islompanoh va orife kerak muqarrabi dargoh, xiradmandi shariatshior va faqrgʻa xursand va tariqatosor. Yaxshi-yamon shafqati fayzi om va ulugʻ-kichikka irshodi naf’i molokalom. Komi boʻlgʻay shar’ qonunigʻa rosix va barcha mubtade’lar bid’atigʻa nosix. Angakim, bu nav’ boʻlgʻay oyini islom shayx ul-islom desa boʻlur vassalom.

Bayt:

Mundin oʻldi muqarrabi boriy,
Shayx ul-islom piri Ansoriy.


Oʻn Ikkinchi Fasl: Quzot Zikrida

Qozi islom binosigʻa arkondur va musulmonlar xayr va sharrigʻa nofizi farmondur.

Ulumi diniyadin koʻngli mulki ma’mur kerak va yaqiniy farosatdin xotiri jam’iyati befutur. Mayli shaxsiy zamiri kishvaridin mutavoriy va mudohana tarrori muloyamatidin sof koʻngli oriy. Mahkamasi maxzani ulumu shar’iya va hukm qilurida oshnoyu begona anga alas-saviya(13). Ilmu taqvosidin koʻngullarda shukuh va diqqat, farosatidin bediyonatlar koʻnglida anduh. Koʻngli Kalomulloh ahkomidin qaviy va hukmida muqtado ahodisi mustafaviy.

Shar’iy hiylalar girihidin koʻngli ochuq, fuqaho tazvirlari tiyraligidin zamiri yoruq. Rishvaxoʻr muftilar - qoshida mankub va hiylakor vakillar - olida ma’yub.

Omiy qoziki may ichkay - oʻlturgulukdur va doʻzax oʻtiga yetmasdin burun kuydurgulukdur.

Qoziyi rishvaxoʻr-islom hisorigʻa raxnagar. Ulki rishvat berib qazo ola olgʻay, rishvat olib ham shar’ni buza olgʻay. Qoziy kerakkim, jodai shar’din qadam chiqarmagʻay va siroti mustaqimdin tashqari bormagʻay. Mustaqim xat har qayonkim, mayl qildi egri boʻldi. Soz toridekkim, e’tidoldin tajovuz qildi, tuzuki buzuldi. Ulki hukmi el moli va jonigʻa joriy boʻlgʻay, kerakkim, da’bi muqmir shiori boʻlgʻay. Ayogʻikim, siroti mustaqimdin toyildi va yal chohi tubin maqom qildi. Bu ishni oʻzi qilurmen degan beboku kozib, kozibi bebokka paygʻambar shar’i hokimligʻigʻa ne munosib.

Qit’a:

Muxbiri sodiq shahekim qildi dinu shar’ni,
Bori adyon nosexi andoqki, mumkin erdi tuz.
Kozib ul yoʻlni nechuk tuzgayki, bir kazzob ham,
Qildi koʻp da’vo, vali qoʻydi jahannam sori yuz.


Oʻn Uchunchi Fasl: Muftiyi Faqihlar Zikrida

Muftiyi faqihe kerak mutadayyin va olime kerak moʻ’min, islom ilmida mohir va diyonat nuri jabinida zohir. Mayldin koʻngli bequsur va hiyladin zamiri befutur. Qalami rivoyotda sodiq, raqami mujtahid soʻzi bila muvofiq; yoʻqki fosiqe boʻlgʻay mayxor va johile boʻlgʻay badkirdor va gʻaddor. Bir diram uchun yuz haqni nohaq etguvchi va oz karam uchun koʻp «lo»ni «naam»(14) bitguvchi. Bir sabat uzum uchun bir bogʻni kuydurmakdin gʻami yoʻq va bir botmon bugʻdoy uchun xirmonni sovurmoqdin alami yoʻq. Muftiyeki, hiyla bila fatvo tuzar qalami noʻgi bila shariat yuzin buzar. Muzd uchun siym olibki, moligʻa qotar dinini dunyogʻa sotar. Mundoq mufti odamiykush tabibdur, biriga islom qatli, biriga musulmonlar qatli nasibdur.

Ruboiy:

Muftikim, ishiga muzd olib qilsa raqam,
Muzd ortuq esa, mayl kerak qilgʻay kam,
Fatvoda chu boʻldi muzd uchun «lo» vu «naam».
Qilmoq kerak ul qalamzai ilgini qalam.


Oʻn Toʻrtinchi Fasl: Mudarrislar Zikrida

Mudarrisning kerakki, gʻarazi mansab boʻlmasa va bilmas ilmni ayturgʻa murtakib boʻlmasa va xudnomoligʻ uchun dars havzasin tuzmasa va xudsitonligʻ uchun takallum va gʻavgʻo koʻrguzmasa. Jahldin dastori uluv va aloqasi uzun boʻlmasa va mubohat uchun madrasa ayvoni boshi anga oʻrun boʻlmasa. Diniy ulum bilsa va yaqiniy masoil ta’lim qilsa. Bebokliklardin haroson va nopokliklardin gurezon boʻlsa, yoʻqki oʻzin olim bilgay necha majhulgʻa anvoi fisqni muboh, balki halol qilgʻay, qilmas ishlarni qilmoq andin ma’lum boʻlgʻay va qilur ishlar tarki andin qoida va rusum boʻlgʻay. Bu mudarris emasdurkim, mubtade’dur va mundoq kishi suhbati islom mumtane’dur.

Olim kerakkim, mutaqqiy boʻlsa va ogoh va ayturgʻa qola Alloh, qola Rasulloh.

Qit’a:

Har ne aytur boʻlsa Xudovu Rasuldin
Andin soʻng oʻlsa mujtahidu avliyo soʻzi.
Andin kishi ne kim eshitur va yoki oʻrganur boʻlsa,
Xudo soʻzi yoʻq esa, Mustafo soʻzi.


Oʻn Beshinchi Fasl: Atibbo Zikrida

Tabibgʻa oʻz fanida hazoqat kerak va bemorlar holigʻa shafqat va marhamat kerak. Va nafsi tibgʻa tab’i muloyim va xukamo qavligʻa payrav va mulozim. Soʻzida rifqu diljoʻyluq va oʻzida ozarmu xushxoʻyluq.

Hoziq tabibki shafqati boʻlgʻay - Insoi Ruhullohgʻa(15) nisbati boʻlgʻay. Iso ishi chiqqon jonni tangʻa kivurmak duo bila, munung tandin chiqadurgʻon jongʻa mone’ boʻlmoq davo bila.

Mundoq tabibning yuzi mariz koʻngliga mahbubdur va soʻzi bemor jonigʻa margʻubdur. Dami alillargʻa davo va qadami xastalargʻa shifo. Xizri najot aning tal’ati va obi hayot aning sharbati.

Agar fanida mohir boʻlsa, ammo badxoʻy va beparvo va durushtgoʻy, marizga, agarchi, bir jonibdin iloj yetkurur, ammo necha jonibdin tagʻyiri mijoz yetkurur va lekin omiy tabibkim, erur shogirdi jallod, ul tigʻ bila, bu zahr bila qilgʻuvchi bedod. Ul mundin yaxshiroqdur. Beishtibohkim, aning qatili gunahkordur va munung - begunahki, hech gunahkor, anga zalil boʻlmasun va hech begunax munga alil boʻlmasun.

Bayt:

Hoziq tabibi xushgoʻy tan ranjigʻa shifodur,
Omiyyu tundu badxoʻy el jonigʻa balodur.


Oʻn Oltinchi Fasl: Nazm Gulistonining Xushnagʻma Qushlari Zikrida

Ul necha tabaqadur: avvalgʻi jamoat-nuqudi kunuzi ma’rifati ilohiydin gʻaniylar va xalq ta’rifidin mustagʻniylardur. Ishlari maoniy xazoinidin ma’rifat javharin termak va el fayzi uchun vazn silkida nazm termak. Nazm adosi bagʻoyat arjumand va benihoyat sharif va dilpisand oʻldugʻi uchun oyoti kalomda nozil bor va hadisi mu’jiz nizomda tilagan topar, chun maal - qasd(16) emas, el hurmati jihatidin ani she’r demas.

Ammo bu aziz qavmning peshvo va muqtadosi va bu sharif xaylning sardaftar va sarxayli valoyat bahrining gavhari va karomat avji munir axtari Amir ul-moʻmin Ali(17) (razi allohu anhu va karimullohu va vajhu)(18) durkim, nazm devonlari mavjuddur va anda asror va nukat noma’dud.

Bu mazhari ajoyibqa guruhekim tobe’dur, ba’zini arz qiloliki, kimlar voqe’dur; forsiy iboratda ul jumladin, nozimi javohiri asror Shayx Fariduddin Attordur(19). Yana qoyili «Masnaviyi ma’naviy», gʻavvosi bahri yaqin Mavlono Jaloluddin, ya’ni Mavlaviy Rumiydurki(20), maqsadlari nazmdin asrori ilohiy adosi va ma’rifati nomutanohiy imlosidin oʻzga yoʻqtur.

Yana ham avliyoi ogoh va mashoyix va ahlulloh borkim, bulargʻa tatabbu’ qilibdurlar va bular kalomi adosin va haqoyiqi ma’nosin mustahsan bilibdurlar. Bu xayldur haqiqat tariqining suxanvari, balki kimiyogari va kibriti ahmari.

Yana bir jamoatdurlarkim, haqiqat asrorigʻa majoz tariqin ahsul qilibdurlar va kalomlari bu uslubda marbut etibdurlar. Andoqki, maoniy ahlining nuktapardozi Shayx Muslihuddin Sa’diy Sheroziy(21) va ishq ahli guruhining pokbozi va pokravi Amir Xusrav Dehlaviy(22), va tasavvuf va diqqat mushkilotnning girihkushoyi Shayx" Zahiruddin Sanoiy(23) va faridi ahli yaqin. Shayx Avhaduddin(24) va maoniy adosigʻa Hofiz Shamsuddin Muhammad ul-Hofiz(25).

Yana jam’e bordurlarki, majoz tariqi adosi alar nazmigʻa gʻolib va alar bu shevaga koʻprak rogʻibdurlar. Andoqkim, Kamol Isfahoniy(26) va Xoqoniy Shervoniy(27) va Xojuyi Kirmoniy(28) va Mavlono Jaloluddin(29) va Xoja Kamol(30) va Anvariy(31) va Zahir(32), va Abdulvosi’(33) va Asir(34) va Salmon Sovajiy(35) va Nosir Buxoriy(36) va Kotibiy Nishopuriy(37) va Shohiy Sabzavoriy(38).

Yana haqiqat va majoz tariyqida komil va ilmi ikalasi tariqida vofiy va shomil, nazm ahlining muqtado va imomi hazrati shayxulislom Mavlono nur ul millati va-a-din Abdurahmon al-Jomiy (navvarallohu marqadahu va quddisa sirrahu)(39) durkim, avvalgʻi tabaqa ravishi va kalomida ham sharifmaqol va soʻnggʻi tabaqaning ham adosi latoyifida sohibkamoldurkim, olamda zavqu hol ahli bular latoyifi bila masrurdurlar va bular maorifi bila huzur qilurlar.

Yana adno tabaqasi jamoatedurlarkim, nazm faqat bila koʻngullar xushnud va xursand va roziyu bahramanddurlar. Va yuz mashaqqat bila bir baytkim bogʻlashturgʻaylar, da’vo ovozasin yetti falakdin oshurgʻaylar. Soʻzlarida ne haqoyiq va maorif noʻshidin halovat va nazmlarida ne shavq va ishq oʻtidin harorat. Ne shoirona tarkiblari ahsan va ne oshiqona soʻzu dardlari shu’laafgan. Ba’zidin agar gohi birar yaxshi bayt voqe’ boʻlur, ammo oʻn oncha yamon da’vo zohir boʻlurki, u ham zoye’ boʻlur.

Agar biri bir nozuk ma’nida pisandida pech qilur, ammo oʻn oncha nopisand da’vo bila ani ham hech qilur. Goʻyo oʻzlariga aqidada muvofiqdurlar va soʻzlariga e’tiqodda muttafiq. Turfaroq bukim, har birining soʻzida ma’no ozroq va oʻzida da’vo koʻproq (nauzu billohi min shururi anfusino va min sayyoti a’molino)(40).

Ruboiy:

A’lolaridur nedinki dersen a’lo,
Adnolari ham barcha danidin adno.
Avsatlarikim, hech nimaga yaramas,
Bilkim, nafas urmamoq alardin avlo.


Oʻn Yettinchi Fasl: Kotiblar Zikrida

Kotib shuaro soʻzining varaqnigoridur va soʻz maxzanining xazonadori. Xozin hunari amonat boʻlur va tasarrufi xiyonat boʻlur.

Aminki, xiyonatgʻa mansub boʻlgʻay va oʻz hunarida ma’yub boʻlgʻay, andoqning ilgi qat’i xoʻb boʻlgʻay. Yaxshi xat va nuqtadin safhagʻa jamol, andoqki, yaxshi yuz safhasigʻa xattu xol. Xushnavis kotib soʻzga oroyish berur va soʻzlaguvchiga osoyish yetkarur. Roqimki, raqami rostdur, rostlar koʻngliga qabuliyati bexost. Muharrirki, tahriri tuz pisandidadur, agar bir bayt bitir, agar yuz. Agar xat surati noxushdur ma’ni xayli andin mushavvashdur.

Xushnavis hamkim, sahvi koʻp boʻlgʻay ilgi falaj illatigʻa joʻb boʻlgʻay. Ulki, bejo nuqta bila «habib»ni «habis» qilgʻay va «muhabbat»ni «mehnat» - aningdek habisi mehnatzadagʻa yuz la’nat. Yamon xatgʻa gʻalati behisob, qarriyi masxara soqoligʻa xizob. Ul xatni qirqib mabrazgʻa tashlagʻoli yaxshi va iyasini moliki doʻzax jahannamgʻa boshlagʻoli.

Mahbubdin maktubkim, ham xati xoʻb boʻlgʻay va ham mazmuni xoʻbjongʻa uldur margʻub va koʻngulga uldur matlub. Xati yamon ham boʻlsa yamon emas, muhib mahbub xatini yamon demas.

Yamon kotib manzili qalamdonidek choh aro boʻlsun, qalamidek boshi yaro va yuzi qaro boʻlsun.

Bayt:

Qaysi bir kotibki, ul soʻzga qalam surgay xilof,
Ul qaro yuzluk boshi boʻlsun qalam yangligʻ shikof.


Oʻn Sakkizinchi Fasl: Dabiriston Ahli Zikrida

Maktabdor begunoh ma’sumlargʻa jafokor. Atfol azobigʻa rogʻib va alar ta’dibigʻa murtakib. Zoti bemadoro, dimogʻi poʻlod va koʻngli xoro. Gʻazabdin qoshida chin, gunahsizlar bila oyini xashu kin. Koʻpragida tab’ gʻilzati va tama’ illati padidor va aql qillatigʻa giriftor. Ammo tavsani atfol ta’bini jafo bila rom qilgʻuvchi, nohamvor sigʻor tavrigʻa siyosat bila andom berguvchi. Agarchi xoʻylari durushluqda namoyondur, ammo atfol nohamvorligʻi islohigʻa irik suhondur.

Aning ishi odamdin kelmas, qaysi odamki, dev qila olmas, har qattigʻ kishini bir tifl muhofazati ojiz etar, ul bir surukka ilm va adab oʻrgatgay, anga ne yetar. Oncha borkim, ul qavmning idroku fahmi oz tushar, andoq kishiga yuz muncha mashaqqat ne bushar. Har taqdir bila atfolgʻa haqqi koʻpdur, agar podshohliqqa yetsa va anga qulluq qilsa xoʻbdur. Shogird agar shayx ulislom, agar qozidur, agar ustod andin rozidur - tengri rozidur.

Bayt:

Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.


Oʻn Toʻqquzunchi Fasl: Imomlar Zikrida

Imomat qilgʻuvchi oʻz qiroatining sheftasidur va oʻz namozining fireftasidur. Kishilikdin xayolida tasavvurlar va yaxshilikdin zamirida takabburlar. Oʻz namozin maqbul taxayyul qilgʻon jamoat namozi qabuliyatini ham takafful qilgʻon. Biyik qiroati mahzi ra’noliq va anoniyat jamoatdin ilgari chiqmagʻay ayni rasvoliq va nafsoniyat xayoli xalqqa peshvoliq va tasavvuri elga muqtadoliq. Namozgʻa imomat komil imom ishidur va oʻzni mundoq tasavvuf qilgʻon johil va notamom kishidur. Imomat munosibdur pirdin murid xayligʻa tafhim uchun yo muallimdin suruki tifli norasidagʻa ta’lim uchun yo olimdin juhholgʻa shafqat uchun, yo komildnn tanobe’ va iyolgʻa tarbiyat uchun. Odobi ibodat. talqinigʻa kamohi va ta’limi shariat oyinigʻa nokohi nokomdin munosibdur, zaruratdin tajviz qilsa boʻlur. Ammo vazifa va ulufa yemak va oʻzin muqtado va imom demak odamiy ishi emas. Va andoq kishini odamiylar kishi demas.

Qit’a:

Valoyat ahliga(41) jam’i malomatigʻa boq
Ki, xalq koʻzidin aylar namozini yashirun.
Bu turfaroqkim, namozida mu’jibi nodon,
Tutar imomat uchun xayl qiblasida oʻrun.


Yigirmanchi Fasl: Muqriylar Zikrida

Muazzineki, haq ibodatigʻa nido qilgʻay, jon anga fido, agar yaxshi savt bila ado qilgʻay. Agar poklik va niyoz bu ishga mulhaqdur, omu xos koʻngliga maqbuli mutlaqdur. Bu nido yomonlarni fisq kunjidin masjid sori boshqarur andoqki, fusungar yilonni tarona bila teshukdin chiqarur. Agar muqriy lavanddur, bad ovozu kulgʻundidur, lahni nosoz, badani vuzu’ qaydidin nopok va xush vaqt rioyatidin bebok. Ruhi toat zavqidin bexabar va uni savt ul-hamirdin ankar. Man’ va nahy tufrogʻin ogʻzigʻa urmoq avlo, balki toq yo minordin uchurmoq avlo.

Ruboiy:

Muqriyki, erur pokroʻ va zohidvash,
Alxoni xush va husni adosi dilkash.
Jon anga fidoki, ruh etar andin gʻash,
Agar boʻlsa munung aksi nafas urmasa xash.


Yigirma Birinchi Fasl: Huffoz Zikrida

Hofizgʻaki, yaxshi mahzaj va ado bila tilovat boʻlgʻay, mustame’larning ruhiga andin osoyish va jonigʻa halovat boʻlgʻay. Agar husni savt bulargʻa yordur eshitkuvchi sohibhol boʻlsa, ishi dushvordur. Agar bad lahja boʻlsa va bad ado surma aning gʻizosi qilsin xudo. Agar fosiqdur, bad maosh surma ham hayfdur, boʻgʻzigʻa munosibdur tosh. Agar bovujudi bu hollar bila koʻp oʻqugʻay umid ulkim, ogʻzi sadaf ogʻzidek va tili savsan tilidek qurugʻay.

Bayt:

Yorabki, hech bazmda ul nagʻma qilmagʻay,
Ogʻzi gʻizodin oʻzga nimaga ochilmagʻay.


Yigirma Ikkinchi Fasl: Mutrib Va Mugʻanniylar Zikrida

Mutribi tarabafzo, mugʻanniyi gʻamzudo - ikalasiga dardu hol ahli jon qilurlar fido.

Ulki koʻrguzgay muloyim taronau nagʻam, agar eshitguvchining hayoti naqdi anga fido boʻlsa ne gʻam. Koʻngul quvvati-xushnavozdin, ruh quti - xushovozdin. Xushxon mugʻanniydin dard ahlining oʻti tezdur, agar malohati boʻlsa, hol ahligʻa rustoxezdur. Har mugʻanniyki, dardmandonaroq nagʻma chekar, aning nagʻmasi zaxliq yurakka kovgarroq tegar. Otashin yuzluk mugʻanniyki, xilqidin muloyim surud chiqorgʻay, hol ahlining kuygan bagʻridin dud chiqorgʻay. Muloyim mutribki, tab’ va fahm anga yor boʻlgʻay, xususanki, ham aytgʻay va cholgʻay, koʻngul mulkiga ne qoʻzgʻolonlarki solgʻay.

Soʻluk ahligʻa bir maxuf yer bu manzildurkim, anda ham kamol, ham nuqson hosildur. Solik bu yerda bir muhlik oh bila ham maqsudgʻa yetubdur va bir na’ra’i jonkoh bila yillar qozgʻongʻoni ham ilgidin ketibdur.

Shibliy(42) va Nuriy(43) (quddissa sirrihumo)(44) samo’da kettilar, bu yoʻl suluki bila maqsud sarmanziligʻa yettilar. Baso ahlullohki, argʻanun unidin dayrgʻa kirdi va din va islom naqdin mugʻbachalargʻa boy berdi.

Mayxonada kimki maydin ibo qilgʻay, nay uni bir dilkash navo bila ani rasvo qilgʻay. Agar kishi may xavosin boshidin chiqorur, gʻijjak maddi nolasi bila anga yolborur. Va tanbur pardadagʻi fitnadin halok etar va ofiyat pardasin chok etar va chang zorligʻ bila boʻgʻzin tortar va ud lisoni nagʻmasining targʻibi changidin ham ortar. Andakim rubob boshin yerga qoʻyub niyoz koʻrguzgay va qoʻbuz quloq tutub ayshgʻa targʻib ohangni tuzgʻay. Chun qonun va chagʻona nolasi quloqqa tushgay va mahvashi soqiy yukunub, may ayoqqa tushgay, ul vaqt zuhdu taqvogʻa ne e’tibor va xushu xiradgʻa ne ixtiyor. Agarchi ishq faqr ahlini rasvo qilurda bulardin farogʻdur va lekin ul oʻtni yoruturgʻa nay damidin yelu maydin yogʻdur. Arab tevasi «hudiy»(45) lahni bila bodiya qat’ida tez boʻlur, bulut buxtisi ra’d sadosidin soiqaangiz. Insongʻa mahzi gʻalat xayoldur va odamiygʻa bu ofatdin qutulmoqliq maholdur.

Ammo bu toifaning soyiri ham agarchi taraboyin va mehnatzadadurlar va lekin filhaqiqat, laimsiyrat va gadodurlar. Aytquvchi va cholgʻuvchi zorligʻ va iynamak bila olgʻuvchi. To buyurgʻuvchida sila va in’om bor, alar mulozimdurlar va xizmatgor. To suhbatda ne’mat koʻp, alarga barcha amru nahying joʻb. Chun bazmda tana’um oz boʻldi, alar ishi istigʻnou noz boʻldi. Ne’mat degan nimaki tamom yoʻq boʻldi, alarning koʻngli sendin tamom toʻq boʻldi. Agar yillar bahra olibdurlar ehsoningdin, oshnoligʻ bermay oʻtarlar yoningdin. Oz olsalar nosipos, koʻp olsalar haqshunos. Aksari fosiq va badxoʻy va qolgʻoni kajtab’u durushtgoʻy. Harakotlari tuzuksiz soʻzlaridek va kalimotlari hashv va mahalsiz nozlaridek. Vafo alar tab’idin maslub, vafo ahli olida mardud va manqub. Mugʻanniy vafosiz, kungir hayosiz. Agar yillar rioyat qilibsen va hamxonadur, bir qatlaki bermading - begonadur.

Er suratida shohidedur tannoz va muloyim kisvatida mufsidedur xona barandoz. Xavosqa dilfirebedur savt(46) va nagʻam(47) bila, avomgʻa rohzanedur tablu alam bila.

Nazm:

Kishiga boʻlmasun bu fitna duchor
Ki, unidin najoti tayri uchor.
Yonsa qoʻnmoqqa tabl urar har dam,
Kim oʻshul qushqa koʻprak oʻlgʻay ram.


Yigirma Uchunchi Fasl: Qissasoz Va Qissaxonlar Zikrida

Qissasoz - bekor va qissaxon - harzaguftor; har kim ma’junnok yo bangi, koʻnglida aning ma’rakasi ohangi. Biyik un bila ovuch qoqmogʻi har dam, xirad va ozarm qushlari topmoq uchun ram. Harakotidin zohir telbalar atvori va kalimotidin bohir usruklar shiori. Teva qumalogʻin sotarda qand deguvchi, ma’rakasidagʻi mu’taqidlari ani sotqun olib yeguvchi.

Bayt:

Kishikim boʻlmagʻay ma’junu qandining Xaridori,
Oning hangomasi birla tuzalmas hech bozori.


Yigirma Toʻrtunchi Fasl: Nasihat Ahli Va Voizlar Zikrida

Voiz kerakki, «qolalloh»(48) soʻz aytsa va «qola rasululloh»(49) muxolafatidin qaytsa, xudo va rasul yoʻligʻa qadam ursa. Oʻzi kirgondin soʻngra nasihat bila elni ham kivursa. Yurumagon yoʻlga elni boshqarmoq, musofirni yoʻldin chiqormoqdur va biyobongʻa keturmak va bodiyada iturmakdur. Usrukki, elga buyurgʻay xushyorliq - uyquvchidekdurki, elga buyurgʻay bedorliq Uyqusida soʻz degan jevligon boʻlur va degondek qilmoq ne degon boʻlur.

Va’z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidur. Avval bir yoʻlni bormoq kerak, andin soʻngra elni boshqarmoq kerak. Yoʻlni yurmay kirgan itar va gʻayri maqsud yerga yetar.

Voiz uldurki, majlisigʻa xoli kirgan toʻlgʻay va toʻla kirgan xoli boʻlgʻay. Voizkim, boʻlgʻay olim va mutaqqiy - aning nasihatidin chiqqan shaqiy. Ulki, buyurub oʻzi qilmagʻay, hech kimga foyda va asar aning soʻzi qilmagʻay. Nazoirxon bila surguvchi maqol - dastiyor bila yirlagʻuvchi qavvol.

Qit’a:

Voizki, dastyorsiz oʻlmas suxanguzor,
Anga yorodu(50) munga ayolgʻuvchi(51) hukmi bor.
Tengri soʻzin ayolgʻuvchi boʻlmay dey olmagʻay,
Bir soz boʻlsa ham kerak ul qilgʻay ixtiyor.


Yigirma Beshinchi Fasl: Ahli Nujum Zikrida

Munajjimki, savobit va sayyor nazoratidin hukm surar, rammoldekdurki, nuqtalari hisobi bila lof urar. Ziji(52) - hech va tafhim va tavqimi-gʻalat taqsim; va usturlobi vojib-ul-ijtinob(53) va rif’at ul-qamari(54) befoyda va besamar. Gʻofiledur bu asbob bila hangoma tutgʻon va haq taolo qazo va taqdiri soʻzin unutqon. Oʻz ilgida bir anor boʻlsa bilmaski, necha parda va necha xonasi bor va har parda va har xonasida necha donasi bor va ul dona achchigʻmudur yo zumuxtvash yo chuchukmudur va yo mayxush; borlar ani kesib yebdur va xosiyat va kayfiyatini bilib, elga ham sharh bila debdur.

Falaki mudavvar va nujum va burjidin afsona der va alarning sa’d va nahsi hukmin surub tarona der. Bovujude ulki, oʻn soʻzidin ittifoqe biri ham rost kelmas, munung qabohatin yo bilmas va yo bilib koʻziga ilmas. «Kizb al-munajjimun»(55) mazmuni bila aning soʻzi yolgʻondur va oʻz rostligʻ kishvaridin yiroq qolgʻondur va basirat koʻziga gʻaflat pardasin solgʻondur.

Bayt:

Emas afloku anjum holi benaf’u zarar, lekin
Ani tengri bilur, ermas munajjim bilmagi mumkin.


Yigirma Oltinchi Fasl: Tijorat Ahli Zikrida

Tujjori sayohatshior aqolim va buldon holidin xabardor, ajoyibdin afsonaguzor va gʻaroyibdin nodiraguftor.

Jibol toshi va dasht qumigʻa noqa surgan, bihor amvoji talotumdin naf’ va zarar koʻrgan. Halol roʻzi kasbiga masofatlar qat’ etgan, jamiyati zohir tilabu botin parishonligʻlari anga yetgan.

Biri yuz boʻlurdin boshida ming savdo, boʻzi katon boʻlurdin koʻnglida necha tamanno. Mundoq kishining maqsudi tamom asigʻ boʻlmasa va bu asigʻ husuli uchun ranji qattigʻ boʻlmasa, savdo uchun tengizga kema surmasa, dur uchun nahang komigʻa qadam urmasa, mol va diramni azamatigʻa sabab qilmasa, xadam va hashamni hashmatigʻa jihat bilmasa, nafis ajnosni(56) ayab chopon kiymasa, laziz agʻziyani isirkab qurugʻ non yemasa, ranji maosh suhulati boʻlmasa va sudi koʻngul farogʻati uchun boʻlsa, safardin azizlar suhbatigʻa yetmak murodi boʻlsa va rioyatidin nomurodlari ishi kushodi boʻlsa shar’iy zakot boʻynida qolmasa, fuqaro haqin oʻz boʻynigʻa olmasa, yoʻqki, molin aziz asrab, oʻzini xor etgan va oʻz molin tamgʻodin oʻgʻurlab oʻziga mazallat yetgay, yo vorissipor uchun yigʻingʻay, yo hodisa qoʻzgʻar uchun qovgʻongʻay. Mundoq kishi xoja emas, muzdurur va oʻz razilligʻidin hamisha ranjurdur.

Bayt:

Mundoq kishida yoʻq xirad va hushdin nishon,
Bilgil gado agarchi erur Xojai Jahon.


Yigirma Yettinchi Fasl: Shaharda Olib Sotquvchilar Zikrida

Shahr savdogari gʻadrkish oʻziga sud va musulmonlargʻa qahtandish. Elga ziyon aning sudi, oʻngʻoy olib ogʻir sotmoq aning maqsudi. Olurda katonni boʻz deb, sotarda boʻz vasfida katondin ortugʻ yuz soʻz deb. Sholni toʻrqa oʻrnigʻa oʻtkara olur boʻlsa, ta’sir yoʻq, boʻryoni zarbaft yerida sota olur boʻlsa, taqsir yoʻq. Doʻkonida barcha mato’ mavjud, gʻayri insof. Noinsofligʻidin barcha jins hosil gʻayri taqsirgʻa e’tirof. Tojiri musofir ul kadbonugʻa hamzonu, balki ani cherikchi desa boʻlur, muni kadbonu. Anga sud - olgʻuvchigʻa nuqsoni mol, ikki jonibdin yolgʻon ont ichguvchi dallol.

Bayt:

Bu xayl odam emaslar, yaxshi boqsang,
Erur suding alardpn gar yiroqsai.


Yigirma Sakkizinchi Fasl: Bozor Kosiblari Zikrida

Bozorda savdogar kosib-tengrigʻa xoin va va’dagʻa kozib. Birga arzirin yuzga sotmoqdin alargʻa ming mubohot, mingga tegarni yuzga olmoqdin alargʻa yoʻq bir zarra uyot. Rostliq bila savdo alargʻa ziyonkorlik va va’dagʻa vafo alargʻa badkirdorliq. Oxirat ikki savdosidin e’rozlari va amal mezoni adolatigʻa e’tirozlari. Oʻgʻul atogʻa boziy bermak peshalari, dagʻalliklarin kirom ul kotibindin(57) yoshurmoq andeshalari.

Bayt:

Bulardin kimki der oʻzni valiydur,
Agar qilsang yaqin, bir dogʻuliydur.


Yigirma Toʻqquzinchi Fasl: Soyir Hunarvar Va San’atpardoz Zikrida

Hunarvar va san’atpardoz yolgʻonlari koʻpdin-koʻpu chinlari ozdin-oz. Ishlarida dagʻallik maqdur va haddidin nari, va’dalarida xilof xayol va gumondin tashqari. Chin soʻzkim, erga ulugʻ hunardur, alar qoshida aybi tamom, yalgʻonkim, xaloyiqqa ulugʻ aybdur, alar olida hunari molokalom.

Masnaviy:

Tongdin oqshomgʻa ishda san’atsoz,
Hunar atvorida fusunpardoz,
Aylabon bu tariyqni varzish
Ki, birovga yugurtgaylar ish,
Gar muaddiy, gʻaniy yoʻq ersa faqir,
Anga bozi berurda yoʻq taqsir.


Oʻttuzinchi Fasl: Shahna Va Zindoniylar Va Asaslar Zikrida

Dorugʻa va shahna va asas oʻgʻri va xuniygʻa mumid va faryodras. Zindon ahli - doʻzax ahli. Asaslar maloikai azob, shahna moliki doʻzaxdek hukmron va olijanob. Gunoh ahli tavqu zanjirgʻa giriftor, bu zanjiru tavqlari salosil va agʻloldin namudor. Kissabur bila muqammir asaslaridin bozor va qimorxonagʻa musta’jir. Zindon chohidin oʻgʻrilar koʻngli tiyraligi ma’lum, jurm ahligʻa anda parishon koʻngulda havotirdek hujum. Gunahkorgʻa anda umiddin biym koʻprak va badkirdorgʻa anda inoddin taslim koʻprak. Har qatlakim, birovni tortib chiqorgʻaylar, anda qolgʻonlar oʻzlaridin borgʻaylar.

Qaytib kelganlarning naqllari muvahhish va xabar kelturganlarning mojarolari mushavvish.

Biri debki: Dorgʻa chekarda yaxshi turdi va biri debki: Boʻynin choparda yaxshi oʻlturdi. Biri maqtulning yigitigidin tahassurda, biri yatimning ruboiy oʻqugʻonidin tahayyurda. Bu nav’ sa’b hol behaddur va mundoq gʻarib ahvol beadaddur.

Amal hirsi chogʻi asas mujrimning tutulmogʻigʻa soniy, amado oʻz matlubini hosil qilgʻonidin soʻngra qutulmogʻigʻa doiy. Dunyoda bu manzil qiyomatkirdor va mahsharda doʻzaxdin namudor. Bandu zanjirliq gunahkorlar shahar zindonida, andoqki, ishq muqayyadlari baytul-ehzonida. Tengri barchani bu yerga kelturur af’oldin yiroq tutsun va manzilgʻa tushurur ahvoldin qiroq.

Bayt:

Bir manzil erur anda base ranju uqubat.
Tushgan kishiga anda oʻkush dardu suubat.
Vale ul haram ichra boʻlgʻongʻa xos,
Umid ulki ham tengri bergay xalos.


Oʻttuz Birinchi Fasl: Dehqonlik Zikrida

Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bila rizq yoʻlin ochar. Agar rostliq va salohi bordur, oʻyi Solih noqasidin namudordur. Qoʻshi ham ikki zoʻr pahlavon, yukiga boʻyun sunub olida ravon; ish qilurda hamdam va hamqadam, dehqon alarni suradi andoqki Odam(58). Olam ma’murligʻi alardin, olam ahli masrurligʻi alardin. Har qayon qilsalar harakot, elga ham qut yetkurur, ham barakot.

Dehqonki, tuzluk bila dona sochar, haq biriga yetti yuz eshigin ochar. Sochqon dona koʻkarguncha, oʻrub xirmon qilib, mahsulin koʻtarguncha qurtu qush andin bahramand va dasht vahshi aning bila xursand. Moʻrlar uyi andin obod va goʻrlar xotiri aning bila shod. Kabutarlargʻa andin mastliq, toʻrgʻaylargʻa andin nishotgʻa hamdastliq. Oʻroqchigʻa andin roʻzi, boshoqchiniig yorub andin koʻzi.

Barzagargʻa andin kom hosil, pushtakashgʻa andin murod vosil. Gado andin toʻq, kadxudo toʻqlugʻi ham andinoʻq. Musofirgʻa andin taom, mujovirgʻa andin kom. Itmaqchi tanuri andin qiziq, allof bozori andin issiq. Fuqaro rizqi vofiy, gʻurabo quti andin kofiy. Zohidgʻa andin xuzuri toat, obidgʻa andin lofi qanoat. Soyil xaritasida andin muhayyo aqtoi, shoh xizonasida andin bahru kon matoi.

Dehqonning bir dona socharida bu holdur, oʻzga ishlari ta’rifi maholdur. Bogʻi jannatdin namudor, polizida ruh quti padidor. Ashjorining har biri charxi axzar, ul shajar va rayohin va favoqihi nujum va axtar. Fuqaro sirka va dushobi andin, agʻniyo nuqlu mayi nobi andin.

Gunogun favoqih bilakim bogʻda tazyin, chaman mulkida bogʻlanib ta’biya va oyin.

Mundoq kishi kerakki, buxldin muarro boʻlsa va kizbu imsoqdin mubarro. Shoh molin berurdin ibo qilmasa va zabun sherikka jafo qilmasa, to donosi durri saodat bar bergay va tuxm sochib, anjumi uluvvi rif’at tergay. Mundoq dehqon Odamning farzandi xalafidur, balki marzuqlar anga farzand va ul Odami safiydur.

Qit’a:

Kimki dehqonligʻ ayladi pesha,
Dagʻi non bermak oʻldi anga shior.
Buyla kimsa uluvvi rif’atdin.
Odam oʻlmasa, odamiy xud bor.


Oʻttuz Ikkinchi Fasl: Yatim Va Laimlar Zikrida

Avbosh bila arzol musulmonlardek alargʻa ne maosh va ne xisol. Insoniyat tab’laridin oriy, hayvoniyat balki sabuiyat alarning shiori. Yatimki pichoq urmoq aning ishi boʻlgʻay, oʻzi telba it, pichoq aning tishi boʻlgʻay. Sogʻligʻida qutuz it va usrukligida qochib andin yuz it. Panjalari nishi ajal qullobi, nechukkim dasht siboi, oʻlturur kun uchun iymon duosidek oʻrganib ruboiy. Yaxshi-yamon soʻkunj yetkurib, aqrabdek nechaki yetsa nish urub. Ne aql alarda ne din, ne hayo alarda va ne tamkin. Ishlari noe’timodligʻ va nopoklik, varzishlari bemuruvvatligʻ va beboklik. Shahrning soir arzoli hasharat ul-arz, xaloyiqgʻa alardin ehtiroz vojib, balki farz.

Bayt:

Xaloyiq iyzo alargʻa sifot,
Nabiy dedikim: «Uqtul ul-muziyot»(59).


Oʻttuz Uchunchi Fasl: Gʻarib Va Benazolar Zikrida

Jut va loʻlining koʻpragi muzhik harakoti va tuz usuli. Muallaq urmoqlarida xoksorligʻ oshkor, sarnigun turmogʻlarida bee’tiborligʻ padidor. Anoniyatlari yuziga tezak solib chamanvar va insoniyatligʻlari doirasi manmunlarigʻa chanbar. Kishilikdin sekrimoqlar bila qochib, yaxshiligʻdin masxaraligʻlar bila malomat eshigin yuzlariga ochib. Bukun topqonni yeb, tongla gʻamin yemay, tilab nima bermagandin shikoyat soʻzin demay. Vatan va maskanlari xorligʻ vayronasi, manzil va ma’manlari xoksorligʻ koshonasi. Tong otqoch er va xotuni kasb uchun tarqashib, oʻgʻul va qizlari koʻy va koʻchada butrashib. Har qaysi har nekim hosil qilib, oqshom barcha bir yerga yigʻilib, topqonlarin tugatmaguncha uyqu mayli qilmay; tongla ne yegumizdur demak soʻzin bilmay. Tongla ishlari oʻtgan burungʻi kun ishi, bu ham bir ishdur agar qila olsa kishi. Bu razolat kishilik takabburidin xoʻbroq va bu zalolat yaxshiliq tasavvuridin margʻubroq.

Bayt:

Kishi agar kishi oʻlsa, oʻzin kishi demagay,
Qilurda hech ishin ham kishi ishi demagay.


Oʻttuz Toʻrtinchi Fasl: Mubrim Gadolar Zikrida

Tilanchi va gado koʻpragi begʻayrat va bahayo. Kunduz kezmaklari ibrom bila eldin nima olmok uchun, kecha kelib oʻgʻurlargʻa el jihotigʻa koʻz solmoq uchun. Ne ne’mat olib mun’imdin shokir, ne in’om topib mukrim uzrigʻa tillari zokir. Yemak bila ju’ ahlidek me’dalarigʻa toʻlmoq yoʻq, tilamak bila mustasqiydek suvdin serob boʻlmoq yoʻq. Qadu va kachkuli mamlu bangilar xotiridek mutanavvi’ xayolotidin. Xaritasi toʻla riyoiy sufiylar zamiridek mutalavvin xavotir holotidin. Har diramki tugub, gʻassoldin oʻzga kishi ochmoq mahol, har siymkim koʻmub, tufrogʻdin oʻzga birov ani yemakka yoʻq ehtimol.

Koʻzlari hirsning «sod»i(60) va tama’ning «ayn»i(61) va bu hirs va tama’din jonu koʻngullarida mahrumluq shayni. Bular orasida oʻziga qalandar ot qoʻygʻon mal’un, odamiyligʻdin magʻbun va dev va shayton olida mat’un. Insoniyat va musulmonliqdin yiroq, toʻnguz va ayigʻ odamiyligʻda alardin yaxshiroq. Shakl tagʻyiri bila odamiyligʻdin karona, poʻstun evura kiymaklari hayvonligʻ va sabuiyatdin nishona. Ulugʻ-kichikdin har turlukda gadoyi muvahhish, fosid xavotiridek sofiy koʻngulga mushavvish.

Nazm:

Bermak boʻlmas alargʻa inson hukmi,
Yo odamu moʻ’minu musulmon hukmi.
Fosid axlotigʻaki vojibdur daf’.
Boʻlgʻaymu kishi beray desa jon hukmi.


Oʻttuz Beshinchi Fasl: Qoʻshchi Va Sayyod Zikrida

Qoʻshchi sayyodlargʻa muqtado va hukmron va bu jamoat anga raiyyat va ma’muri farmonkim, ilgida qush kecha-kunduz ranj va mashaqqatgʻa tush. Kecha uyqusi harom, emgakdin yoʻq anga orom. Nafis hazzi uchun bir gunohsiz ayogʻiga solib band va uzun tunlar aning azobi bila xursand. Amal rishtasin tama’ ignasiga chekib, ul bezabonning koʻrar koʻzni ham tikib. Maqsudi ani sayyod qilmoq va oʻzga jonligʻlar qasdigʻa jallod qilmoq. Qunduz dashtu vodiygʻa chopib, bir necha zabun gʻofil topib, yuz makru hiyla bila qushin alargʻa solib va ul solgʻoni ul mazlumni olib. Oldurgʻondin soʻngra ul sayd boshi ustida tutib oʻrun, qoni toʻlgʻon zabunni bismil qilmasdin burun, ne deyki qanotin suvurib, qoʻltigʻinmu yoradur va oʻzi ul qotil shogirdin shaaf bila toʻygʻoradur. Necha mundoqningkim, qonin toʻkti va qoʻltugʻin yorib, qanotin soʻkti. Fitrokiga bogʻlab uyiga yondi, oʻzi va qushi qilgʻonlargʻa quvondi. Shum nafs hazzigʻa bir-ikki ayogʻlarigʻa irtikob qilgʻay va olida shirolgʻasin kabob qilgʻay. Ba’ziniki, tongla begiga eltib tortqay, aning iltifotidin koʻngliga juldu tama’i ortgʻay.

Qush ta’rifida degani barcha lof, oʻz tahsinida soʻzlagani bori gazof. Muncha mazmun amrigʻa bois nafs komi, xoh emgagi, xoh tomoshasi, xoh kabobi, xoh bek in’omi.

Masnaviy:

Bular boisi barcha nafsoniyat
Ki, anda doxil insoniyat.
Koʻnolgʻa olib qayda qoʻnsa diram,
Ot arpasi ham, qushigʻa toʻ’ma ham.


Oʻttuz Oltinchi Fasl: Tarbiyat Topib, Xaromnamakliq Qilgʻon Navkarlar Zikrida

Navkarki, vali ne’matidin rioyat koʻrgay va bek va maxdumidin tarbiyat va inoyat koʻrgay. Erlik va insoniyat uldurkim, muqobalasida qulluq va hidmatkorlik, balki yakjihatliq va jonsiporliq qilgʻay va tilagaykim, anga jon fido etgay to shafqati huquqin ado etgay. Hamiyat ul emaski, maxdum yana birovga koʻprak multafit boʻlgʻonidin shikoyat izhor qilgʻay va gilamandligʻ guftu guzori, to ish anga yetgaykim, ne’mat kufroni orogʻa tushgay va haq noshinosliq tugʻyoni mojarogʻa surushgay va bu odamiysizliq qochmoqqa munjar boʻlgʻay, aduv eshigiga borurgʻa muqarrar boʻlgʻay. Oʻzin birovga qul deb sotqon dodaktur, balki dodakdin yuz qatla kamrakdur. Bataxsiski, mufrit tarbiyat koʻrmish boʻlgʻay va muqobalada beandom loflar urmish boʻlgʻay. Abrki, bir yerdin yana bir yerga qochqay, nomardliq tufrogʻin yigitlik boshigʻa sochqay. Chun mundoq kishi erlik sonidin noridur va yigitlik doirasidin tashqaridur. Hokimekim, kiyosati bor, aning qoshida mundoq kishiga qachon eranlar siyosati bor. Eranlardin mardona gunoh vujudqa kelsa, boʻynigʻa yuklangandin soʻng boʻyin urarlar, qizil yuzluk qilur uchun boʻynigʻa tigʻ surarlar. Ammo aning soʻrxroʻlugʻigʻa gulguna sazovordur va yuz oqligʻigʻa munosib sapida bordurkim, qari muxannas mabhut va aning xolazodasi kaftori fartut shirkat bila mashshotaliq tuzgaylar va bu kelin zebu ziynatida sehrlar koʻrguzgaylar va qoshin olib, vusmaga shoyista qilgʻaylar. Saqolin qirqib, ikki quloq tuzigʻa zulflar oshuftahol qoʻygʻaylar. Ammo ikki uzori tarafidin chap va rost ikki xol qoʻygʻaylar. Oriyati dastorin boshigʻa burunjok qilgʻaylarki, arusi masturadur va gardizi nomasturdur kashidaligʻ yogʻliq farfigʻa lachak solgʻaylarki, javoni mahdur va xalla nozukligi nomaqdurdur. Bu nav’ orasta qilgʻondin soʻngra chanbarshoh yoʻrgʻa oʻyga teskari mindurgaylar va shahrning koʻy va mahallotigʻa kezdurgaylar va nazzoragar el ta’nu tashni’ bilakim, «chor dong sipohgari govmish toxtan ast»,(62) -deb faryod qilgʻaylar. Va agar yuz qaroligʻidin uyot va qaro tillik boʻlurdin hijob boʻlmasa anga munosib hariflar mastur va anga muvofiq oshiqlar mazkur boʻlgay erdi va ayshu nishot bazmi qurilgʻay erdi. Ammo andoq siyohroʻyning tavzihi ul nav’ qaro yuzlukning tafzihi har nechakim olam ahliga multamas boʻlgʻusidir.

Bayt:

Bu nav’ masxaraliq elga bas durur hayrat
Ki, oʻlgʻay eshitibon kimga bor esa gʻayrat.


Oʻttuz Yettinchi Fasl: Kadxudoligʻ Sifati Va Xotunlar Zikrida

Muvofiq tushsa kadbonu, davlat va jamiyatgʻa boʻlmoqdurur hamzonu. Uyning oroyishi andin va uylukning osoyishi andin.

Jamoli boʻlsa margʻub va salohi boʻlsa jongʻa matlub. Oqila boʻlsa, roʻzgorgʻa andin saloh va intizom va maosh asbobigʻa andin tartib va saranjom.

Bu nav’ juft kishiga qovushsa, balki mundoq komgorliq ilikka tushsa, nihoniy gʻamu mehnatda hamroz va hamdaming boʻlgʻay va maxfiy va pinhon dardu mashaqqatgʻa damsoz va marhaming boʻlgʻay. Roʻzgordin har jafo yetsa, anising ul va charxi davvordin har ibtilo kelsa, jalising ul. Koʻnglung gʻamidin ul gʻamnok va badaning za’f malolatidin ul halok.

Agar husnu jamoli oʻrta chogʻligʻdur va muvofaqati rishtasi muxolifatqa bogʻluqdur, xavfu rajo bila tirilmakdur va hikmat va mador bila maoshini bilmakdur. Kadxudoning ba’zi mushkili boʻlsa osondur. Ammo koʻproq holida koʻngul harosondur. Bu nav’ ne ham nofarjomliq va nokomliq bila tahammul qilgʻay va har nechuk boʻlsa oʻtkarilgʻay. Ammo, nauzubillox, nosoz juft elga muhlik marazdur oshkor va nuhuft. Salita boʻlsa, koʻngul andin shikanja. Yamon tillik boʻlsa, abushqa koʻngli andin yaroligʻ.

Ulki avval mazkur boʻldi va yuqoriroq mastur boʻldi roʻzgʻor anosidin yuz yilda bir tugʻmas va yuz mingdin bir yuliqmas. Yoʻluqqan kishiga toji torak boʻlsun va bu saodat anga muborak boʻlsun.

Alar makri ta’rifida koʻp ulumda dono va koʻp diqqatligʻ xukumo kitoblar tasnif etibdurlar va mujallidlar bitibdurlar va mubolagʻalar bila bastlar qilibdurlar. Va hanuz oʻzlarini ojiz va muqassir bilibdurlar. Bu bir necha parishon kalomot birla ne nav’ ta’riflarin aytsa boʻlgʻay va tavsiflarining yuzdin biriga yetsa boʻlgʻay. Ammo xos ul-xoslari bulargʻa aksi mutlaq haqgoʻy va haqshunos va tillarida haq va koʻngullarida dagʻi haq. Ulamoi islomgʻa alardin foyidai umid, avliyoi a’zam alar anfosidin mustafid, anbiyo mursilinni alarga modih bilgʻil, maloika muqarribin alargʻa egachi-singil. Iffat toridin boshlarida muqna’ va ismat hullasidin yuzlarida burqa’, bu burqa’ni ul yuzidin haq yiroq qilmasun va futur yelidin bu parda ul vajhdin ochilmasun.


Oʻttuz Sakkizinchi Fasl: Riyoiy Shayxlar Zikrida

Shayxi riyoiy - ra’noliq jilvanamoyi. Misedur, oltun bila roʻkash, tashi xushnamo va ichi noxush. Surati darveshvash va ma’nisi sarosar gʻash. Orostaligʻi barcha qayd va karomati tamom shayd. Amomasi riyosat yuki, boshida bir fosid xayol har tuki. Egnidagʻi muraqqa’ rangomezliq bila mullama’. Ridosi uyubining pardadori va riyo charxi igirgan har tori. Misvoki tama’ tishin elturga suhon; shonadonida rishxand olati nihon. Muhrabozliq tasbihin evumak va uzunroq namozdin gʻarazi el koʻrmak. Kulohi davlat ul davlatmandgʻa dastor va uzunroq aloqasi tulku quyruqidin namudor. Mahalsiz sayhasi bagʻoyat sovuq, andoqki, vaqtsiz un tortqon tovuq. Gʻaflatdin avrodida alolo, nechunkim mastlar bazmida «dirno talolo»(63). Barcha kalimoti hiylatangez va majmu’ harakoti gʻarazomez. Voqeasi bari yasalgʻon. Uygʻoqligʻida degani barcha yolgʻon. Simoi usuldin tashqari, vajdu sa’qasi ta’rif ohangidin nari. Suratida muncha pech dar pech, ma’nisi xud boshdin-ayoq hech. Bu habis zotgʻa muncha oroyish, eranlar holidin anda namoyish.

Hayhot-hayhot, uyat, yuz ming uyat. Turfa bukim, bu mazhargʻa muridlar ham bor, xizmatida barcha sheftau qaror. Ul bu doʻkonni yurutib tadbir bila va ma’rakani qurub tazvir bilakim, shayotingʻa mahalla hayratdur va devi laingʻa mujibi ibrat va nafratdur.

Nazm:

Faqr ismi birla muncha zarqu shaydu bu riyo,
Saltanatdekdurki, qilgʻay podshohi boʻryo.
Bu agar darvesh oʻzin qilsa gumon, ul podsho,
Yoʻq ajab, chun ikkisida yoʻq turur aqlu hayo.


Oʻttuz Toʻqqizinchi Fasl: Xarobat Ahli Zikrida

Rindi(64) xarobatiyki, may ichmak bila oʻtar avqoti, hubobdek boda havosi boshida, surohidek bosh qoʻyar yeri sogʻar qoshida. Dayrda(65) har qayonki bazme qurub, sabukashlik vasilasi bila oʻzin yetkurub. Nomus dastorin boshidin olib, bir, jur’a uchun mayfurush oyogʻigʻa solib. Mayxona taraddudidin bexonumonligʻi, paymona taalluqidin besaru somonligʻi. Har mugʻbacha ilgidinki, jome tortib, Jamsheddin(66) istigʻno va shavkati ortib. Mugʻbachalar yuzi olida butparast, dayr piri ayogʻida boshi tufroqqa past.

Yoqasi mayxora shoʻxlar ilgidin chok, koʻngli ham alar ishqi tigʻidin zaxmnok. Dayrda may gadoligʻigʻa ashgʻoli, ilgida mayxonaning sinuq safoli. Rasvoliq koʻyida ayogʻi yalang, boshi xam va badmastlar dastburdidin manglayi zaxmliq, qoshi ham. Vujud shaxsin qilur uchun pomol, majolisda yeri safi niol. Boshigʻa amoma mehnatin ortmay, boʻynida rido minnatin tortmay. Nafsi garchi tufroqqa hamdast, himmati olida falak past. Zamon navoyibidin koʻngli gʻamsiz, falak havosidin xotiri alamsiz. Bujud va adamdin boʻlmay haroson, boru yoʻq himmati olida yakson. Surohidek talx yigʻlamoqdin nishoti, maydek ayoqgʻa tushmakdin inbisoti.

Mugʻ dayridek bir dam sogʻolmay, dahr xayru sharrigʻa koʻz solmay, Zamon yaxshi-yamoni bila ishi yoʻq, desa boʻlgʻayki, olamda mundoq kishi yoʻq. Dahr ahli zulmidin mundoq maosh muhiq, haq avf va rahmatigʻa mustahiq. Vujud maykadasi tufrogʻida foniy, umidi haq karamidin baqoyi jovidoniy. Rind va gadogʻakim yetib bu iqbol va davlat, shohlargʻa aning holidin orzu va hasrat.

Ruboiy:

Rindeki, fano jomini tortar payvast,
Dunyo bila oxiratqa ermas pobast.
Haq rahmati umidi bila tun-kun mast,
Koʻp ortuqroqki, zohidi zarqparast.

Umid ulki, bori nomurodlargʻa haq bu fano davlatin qarib qilgʻay va tavba saodati bila baqoyi jovid nasib etgay.


Qirqinchi Fasl: Darveshlar Zikrida

Darvesh(67) uldurkim, boʻlgʻay rizoandesh, agar ichida boʻlsa yuz nish toshi boʻlgʻay marhamoyin va malomatkesh. Darvesh kerakkim, sidqu fano tariqin tuzgay, oʻzin nechukki, bor andoq koʻrguzgay. Anoniyat gʻilzatigʻa qotiq riyozatlar bilasafo bermish boʻlgʻay va nafsoniyat shiddatidin azim mujohidalar bila chiqib, faqr tariqigʻa kirmish boʻlgʻay va fano dor ulamoni jamoat xonasigʻa yetmish boʻlgʻay. Himmati nazarigʻa mosivollohi nomavjud, balki vujudi mutlaqdin oʻzga barcha nobud. Ichi toshi bila muvofiq, balki ortigʻroq, botini zohiri bila musoviy, balki yorugʻroq. Agar zohirida botin ixfosi uchun koʻrunsa andin murode boʻlsa malomatkashliq. Botini sofi zohir tiyraligi koni munofiy. Darvesh toʻni yirtuq andoq tururkim, ganji makoni buzuq. Saro ahli jahonda andoqdururkim, Faridun(68) ganji vayronda. Ma’ni ahli haqiqati maxfiy va surat ahlining haqiqiy da’vi va da’viyi haqiqatda bema’ni. Eranlar hollari suratin yoshurubturlar va malomat suratida na’li bozguna urubturlar va zohirlari binosin buzubturlar va botinlari asosan tuzubturlar. Qazodin ne kelsa oʻzlarin rizogʻa yosobturlar va olam ahlining qotigʻ ranj va irik malomatigʻa chidabdurlar. Yemak-ichmakdin kechibdurlar. Haq rizosin istarda gʻam yeb va qon ichibdurlar. Rizovu taslim zoviyasi maqomlari, fano bodiyasida oromlari. Adabu tavoze’ alargʻa kish dushman va doʻstigʻa inkandesh. Bu sifat va oyin bila boʻlgʻon erur darvesh.

Ruboiy:

Yo rabki, fano qushin romim ayla,
Romim demayinki, saydi domim ayla.
Ham faqr tariqida xiromim ayla,
Ham zoviyai fano maqomim ayla.


Ikkinchi Qism: Hamida Af’ol Va Zamima Xisol Xosiyatida

Avvalgi Bob: Tavba Zikrida

Tavbai(1) haqiqiy mazmumi af’ol qabohatigʻa moʻtalle’ boʻlmoqdur va tavfiqi rafiq boʻlub, ul af’oldin ijtinob qilmoqdur. Tavba mujrim bandaning vaqti koʻzgusin isyon zangidan oritur va niyoz musqili bila yoritur. Shakovat tariqining nihoyatidur, hidoyat jodasining bidoyatidur, anoniyat gʻaflatidin seskanmakdur va bashariyat uyqusidin uygʻotmakdur va nashoyist ahvolin anglamoqdur va noboyist af’olin tonglamoq va yaramas maxfiylargʻa koshif boʻlmoqdur va kerakmas da’viylariga voqif boʻlmoq va a’mol qaboyihidin sharmandaligʻdur va af’ol fazoyihidin sarafkandaligʻ va ogahligʻdur, bashariyat inodigʻa voqifligʻdur, nafsi amora fasodigʻa va koʻngulga naformonligʻidin mutagʻayyir boʻlmoqdur va ruhgʻa nafarjomligʻidin mutanaffir boʻlmoqdur. Va haqdin najot vaqti yetmakdur va bandai nafs mutobaatin tark etmakdur. Bu gavhari shabchirogʻ har tiyra roʻzgor loyiqi emas va bu sham’ tavfiqni hodiyi inoyat har kimga bermas. To qaysi origʻ tiynatligʻ yoʻldin ozmish boʻlgʻay va qayu pok xilqatligʻ jodadin chiqib, qilur ishin yozmish boʻlgʻaykim, anga gʻarib, holat hodis boʻlmish boʻlgʻay va ul holatqa shum nafs bois boʻlmish boʻlgʻay va hodiyi tavfiq yetgay va ani ul holatin ogah etgay. Chun ogah boʻldi hayotidin toriqqay va uyot dudi dimogʻidin chiqqay va e’tizol bila qiladurgʻonidin ibo qilgʻay va istigʻfor bila qiladurgʻon jurmidin iste’fo qilgʻay va nohamvor af’oligʻa andom bergay va birovning berohligʻidin chiqib, haqiqat yoʻligʻa kirgay. Bu martaba tariqat ahlining avvalgʻi gomidur va maqsad vodiysining avvalgi manziligʻa homiydur. Bu saodat kishiga oʻzlugidin yetmak «ma’sho zolika fazululloh yu’tiha man yasha’»(2). Har sohib davlatka bu ogahligʻ bir vasila bila yetibdur va har saodatmand bu iqbolni bir vosita bila kasb etibdur.

Ruboiy:

Haqdin angakim, yetti inoyat vaqti,
Koʻngliga yomon fe’li siroyat vaqti.
Isyonigʻa fosh oʻlur nihoyat vaqti.
Bu boʻldi hidoyatqa bidoyat vaqti.

Hikoyat: Mazhari sun’i haqqi taboraka Shayx Abdulloh Muborak(3) (quddisa ollohi sirruhu)ning tavbasining bidoyati va tuz yoʻlgʻa kirarning hidoyati bu ermishkim, hol avoyilida bir parivash ishqigʻa giriftor erdi va xalq arosida majnunshior koʻngli bir shoʻx husnigʻa mubtalo va xush va xirad. koʻngli mulkidin jalo. Bir qish kechasi ma’shuqi devori tubida vasli umidi bila pobast va yuzi xayolidin andoq bexud va mast erdikim, bovujudi ulkim bulut havodin zamharirbor va tun mushki ul zamharirdin kofurkirdor erdi va day sarsaridin qor koʻngli mulkiga ishq sipohi chopquyidin nishona koʻrguzur erdi va burudat shiddatidin ashjor yafrogʻlari sovugʻ etgan, lol tillar holidin afsona aytur erdi. Ul ishq oʻti haroratidin bu holdin xabarsiz va yolang a’zosi kor va zamharir burudati shiddatidin asarsiz tutub erdi. Anga tegrukim, tongqushi nola tuzdi va sahar muizzini na’ma koʻrguzdi. Ul eshitgach, sogʻindikim, xufton namozining nidosidur va asho salovatining adosi ibtidosi. Chun tong yovushti quyoshdek ichiga iztirob va oshub tushti. Va subhi sodiq nuridin koʻngliga yorugʻliq yetti va mulhami hidoyat ani ogoh etti. Oʻziga dedikim ey Muborakning nomuborak oʻgʻli va ey tengrining qochqon va beadab quli! Xufton namozi qiroatida agar imom uzunroq sura oʻqusa malomat tutar va yuz fosid xayol koʻnglungga oʻtar, qishning bir uzun tunini andoq shum nafsing havosigʻa mash’uf va mazmum tabiating komi xayoligʻa magʻlub oʻtkarursenkim, xuftondin vuqufung va sahar yetgandin shuuring boʻlmas. Bu holatda aning ichiga qoʻzgʻolon tushti va uyotdin ruhi badandin muforaqat qilgʻali yovushti. Inoyati ilohiy qoʻldadi va tavba hidoyatigʻa yoʻladadikim, andoq riyozat va sulukka rosih boʻldikim, oz vaqtda Makka va Madinada shayx ul-mashoyix boʻldi. Umid ulkim, haq subhonahu taola barcha yoʻldin ozgʻonlarni ogohliq bila bahramand kilgʻay.

Qit’a:

Tavbayekim, aning saodatidin,
Bir qul oʻgʻli bu poya kasb etgay
Kim, anga shohlar qul oʻlgʻaylar
Munga oʻzluk bila nechuk yetgay.


Ikkinchi bob: ZUHD ZIKRIDA

Zuhd(4) dunyo orzularidin kechmakdur va nafs alarning mavto zahrin ichmakdur. Va molu joh xayoli rishtasin koʻnguldin uzmakdur va nangu nomus butlarin ushaturgʻa oʻzin tuzmakdur va qabul umidigʻa riyozat tariqin tutmakdur. Va shariat jodasida mardona turmoqdur. Va boshni riyoyi sajdagʻa indurmamakdur, balki andoq toatni xayolgʻa kechurmamakdur. Koʻzni asramoqdur barcha nomahram yuzdin va tilni tutmoqdur barcha nomashru’ soʻzdin. Quloq karligidur molo, ya’ni mas’mu’otdin ilik tortmogʻligʻdur barcha nomashru’otdin. Ayogʻ langligidur xaloyiq taraddudin va nutq gunglgidur soʻzda el tashdididin. Ogʻizga savm muhridur nedinki, nafs tamannosi boʻlgʻay va nafsgʻa ya’s kofuridur har shay’dinki tabiat taqozosi boʻlgʻay. Taom qil-latidur onchakim, muyassar va aning jibillati rioyatidur onchakim, maqdur. Xilvatta ulfatdur alaldavom, uzlatga mudovamatdur molokalom. Va layl qiyomigʻa muvozabatdur va zikr davomigʻa mudovamatdur. Har solikkakim, bu maqom dorigʻay xilqati riyozat nuri bila nafsoniyat lavsidin origʻay. Qoʻngli uyigʻa oshnoligʻ sham’idin nur yetgay va ul nur partavi aning koʻngluni masrur etgay. Ibodat natoyiji yeta boshlagʻan va riyozat favoyidi bahramand eta boshlagʻay. Ul soatan fisoatan ishida isigʻroq boʻlgʻay va lahzatan filahzatan qilmishida qiziqroq boʻlgay. Bu fayz sogʻarlaridin ichib qonmagʻay va bu zavq qadahlaridin jur’a tortardin oʻsonmagʻay. Yorab, aning jur’ai jomidin mahrum tashnalablarni kamyob qilgʻil va bu vodiyda ogʻzi qurugʻonlarni serob etgil, yo karim, yo rahim!

Bayt:

Bu talabda kimki boʻlsa anga roʻzi etma hirmon,
Bu taabda kimki boʻlsa anga qil vasl ila darmon.

Hikoyat: Qidvai ahli yaqin Mavlono Shamsuddin Muiddi Ucha(5) (quddisa sirruhu) Jom viloyatida mazkur boʻlgan kentda boʻlur erdi, Oʻtuz yil erdikim, jam’i zohir tana’ummotidin bebahra erdikim, qoyim ul-layl(6), ud-daxr(7) erdi. Bir masjidda munzaviy erdikim, gʻayri tajdidi vuzu’ uchun mazkur muddatda andin chiqmaydur erdi. Va jinsi bashardin nima qabul qilmaydur erdi. Va Hazrati Risolat (sallallohu alayha vassallam) mutoba’atigʻakim, Uhud gʻazvasida(8) muborak tishlari shahid boʻlib erdi, oʻtuz iki tishin ushotib erdi va bu oʻtuz yilda yoni ostida bir boʻryo va boshi ostida bir xisht bila oʻtkarib erdi. Kichik Mirzo(9) (alayha raxma)(10) ul viloyatdin oʻtarda bu azizning, mazkur boʻlgan sifotin eshitib, aning ziyoratigʻa yetti. Mavlono hamul masjidgʻa kirganda egnidagi xirqa va boshidagi eski boʻrk bila erdi va taalluqi rangi itloqi anga qilsa boʻlmas erdi. Mazkur Mirzoning koʻngliga riqqat kelib bir ovuch diram kelturub iltimos qilibdurkim, bu niyozmandligʻin qabul qilgay. Mavlono debdurkim, chun men bu tariq bila odat qilibmen, hech nimaga ehtiyoji yoʻqdur. Agar Sizning xotiringiz uchun olsam ham manga ta’lim qilingkim, ne qilay va qoʻyay. Sizning bir mulozimingizning bir juzviy vasilasigʻa oʻltururmen, minnatdor boʻldum. Siz karam qilib, meni ma’zur tutung. Kichik Mirzo bu soʻzga javob topay olmay, yigʻlab, quloq tutib, yer oʻpub chiqibdur, Oʻzi (rahma illoh) bu faqirgʻa mundoq taqrir qildi. Bir necha vaqtdin soʻngra bu faqr ham Mavlono xizmatigʻa musharraf boʻlub, siyratini ham bu tariq bila muvofiq toptim, balki ortuqroq ham. Haq subhonahu va taolo barcha tolibi niyozmandlargʻa bu tariq orzumandlargʻa ul gulistondin tuhfaye va ul rayohindin shammaye nasib qilsun.

Bayt:

Kimki koʻnglidin aning faqr orzusi ketmagay,
Bu durur ummedkim, haq oni navmid etmagay.


Uchunchi bob: TAVAKKUL ZIKRIDA

Tavakkul(11) haq yoʻlida vosita asbobin raf’ qilmoqdur va vasila hijobin daf’ qilmoq. Va sabtlargʻa miyonchiliqdin uzr qoʻlmoqdur va sabab va uzrsiz musabbibqa banda boʻlmoqdur. Taqdir quti bozusi oldida sabab rishtasi churukda va qazo mash’ali partavi qoshida vosita uchquni oʻchuq. Tavakkul ahlikim, maqsud vodiysigʻa qadam qoʻyubdurlar yoʻl zodi haq xoni ehsonidin bilibdurlar. Tavakkul durust elning yemagi haq xoni in’omidur va ichmaki aning sharbatxonasi jomidin va kiymagi aning xizonai ehson ikromidin. Bas bular mavjud koʻrungandin ul necha xushhol boʻlgʻay va nobud ekandin anga malol. Daryodin oʻtargʻa kemani sabab desang toboni nam boʻlgʻay oʻtguvchilargʻa ne soʻzung bor va biyobon qat’ etarga markabni vosita gumon qilsang tayyi arz bila borgʻuchilar ollida markab ne e’tibor. Andoqki, sening nasibangni yana birov yemas, aning ham nasibin sen yemak mumkin emas. Sening roʻzing sangadur, aning qismi anga. Tilamasang ham yetkurur, yemasang ham yedirur. Muni anglagʻanlar qutulubturlar roʻziy uchun mehnat chekardin va tinibdurlar farogʻat uchun dona ekardin. Roʻziy uchun kasbda ihtimom tavakkul qusuridin boʻlgʻay va maishat uchun sa’yi molokalom yaqin futuridin boʻlgʻay. Tengri razzoqligʻin bilgan roʻzi uchun gʻam yemagay va qassomligʻin bilgan kishi rizq ozu koʻpida soʻz demagay. Ulki vahshu tayr rizqigʻa zomindur, sanga yetkurmaygaymu? Ulki moʻru malahka roʻziy berur, sanga bermagaymu? Sa’y bila azal qismatin orturay degan yogʻin rishtasigʻa gireh uray der. Vajd bila qalam yozgʻon qazoni qaytaray degan quruq yerda kema suray der. Bu ishlar koʻngli uyi yaqin nuridin tiyralar ishidur va botiniy koʻzi haqiqat quyoshidin xiralar odat va varzeshidur. Tavakkul ahli barcha asbob vositasidin koʻz yumubdurlar va «filaytu qulli alo illoh»(12) daryosigʻa choʻmubdurlar va roʻziy yetkurguchi haqni bilibdurlar. Ani yeydurguchi ham ani aqida qilibdurlar. Va shak va taraddudi qote’ tariqlaridin e’roz etibdurlar. Va vositasiz tavakkul bodiyasigʻa qadam urub maqsud ka’basigʻa yetubdurlar.

Bayt:

Kimki qat’ etsa tavakkul qadami birla tariq,
Yogʻinu sel anga muziy emas va barq-hariq.

Hikoyat: Shayx Ibrohim Sitnaba(13) bir muridi bila (quddisa sirruhumo) tavakkul qadami bila Ka’ba azimati qildilar. Shayx janobi muridgʻa ayttikim, senda hech ma’lum bormu? Murid Shayxgʻa dedikim, yoʻq, men tavakkul qadami bila bu yoʻlgʻa qoʻyubmen, amin va ma’lumni ne tilar! Yana bir necha qadam borgʻondin soʻngra Shayx muridgʻa yana ayttikim: - sen oʻzungni yaxshi ehtiyot qil, ma’lumung boʻlsa tashlagʻilkim, mening ayogʻim ogʻirlik qilur. Yana murid dedikim: bir-ikki na’layn shiroki borki, bodiya qat’ida na’laynim shiroki uzulsa oni tortargʻa olibmen. Shayx muridgʻa dedikim: Holo xud na’layning shiroki butundur, uzulmaydur. Dedi: bale. Shayx dedi: Bas, ortuq shirokni tashla. Murid debdurkim, tashlamay choram yoʻq edi, zaruratdin tashladim va gireh bila borur erdim, yoʻlda nogoh na’laynim shiroki uzuldi, turub ilik urdumkim, ani na’layn surub tashlagʻaymen va Shayxni ul amrda ta’n qilgʻaymen. Koʻrdumkim, na’layn yonida bir shirok tushub yotur. Men taajjub yuzidin ul shirokni na’layngʻa torttim va Shayxqa erishtim, har qachonkim, na’layin shirokigʻa ehtiyoj voqe’ boʻlsa erdi, hamul dastur bila muhayyo shirok zohir boʻlur erdi. Bu ishda mening tavakkulim durust boʻldi.

Tavakkul ahli haq yoʻlin bu nav’ yorutublar va aning gʻayrigʻa tavassul xayolin koʻnguldin chiqoribdurlar.

Qit’a:

Tavakkul chin durust ermas muxaldur,
Anga na’layining ortugʻ shiroki.
Durust oʻlgʻach yigʻilsa ganji Qorun
Yoʻl ul dam rohravning hech boki.


Toʻrtinchi bob: QANOAT ZIKRIDA

Qanoat(14) ibodat quvvati hosil boʻlgʻoncha quvvat bila oʻtkarmakdur va andin ortugʻ barcha nimaning havasin xayoldin, koʻtarmakdur. Va benavoligʻ bila nafsni ozurda tutmoqdur va mahrumligʻ bila quvoyi shaxvoniyni pajmurda qilmoqdur.

Qanoat chashmayedurkim, suvi olmoq bila qurumas va maxzanedurkim, naqdi sepamoq bila oʻksumas va mazrayedurkim, tuxmi izzat va shavkat bar berur va shajaredurkim, shoxi istigʻno va xurmat samar kelturur.

Koʻngulga andin ochugʻluq foydasi yetar va koʻz andin yorugʻluq natijasi kasb etar.

Qone’ darveshning quruq noni, tome’ shohning xitoyi xonidin xoʻbroqdur. Va forigʻi faqrandishning yovgʻon umochi olgʻuvchi gʻaniyning nabotiy kulochidin margʻubroq. Shoh uldurkim, olmagʻay va bergay. Gado uldurkim, sochmagʻay va tergay.

Ulkim qanoat moʻ’tod boʻldi - shoh va gado taraddudidin ozod boʻldi. Maosh uyi garchi boʻlur tor, ammo har kecha mubolagʻa qilsang yeri bor. Hisoredurkim, anda kirsang, nafs sharridin qutulursen va koʻhsoredurkim, anda chiqsang, dushman va doʻstdin mustagʻniy boʻlursen aftodaligʻedurki, natija sarafrozliq va niyozmandligʻedur; foydasi beniyozligʻdur - tuxmi bari gʻino va shajaredur samari istigʻno; mayedur - achchigʻ na nash’asi tarabangiz; yoʻledur - qattigʻ, ammo manzili farahomez.

Qanoatda nechakim, farogʻbol, aksi tama’da razolat va nakol.

Xasis ta’bgʻa doʻstedur laimvash-gadoshevalik va razolat aning tavriga xush. Muvofaqatigʻa asar xorligʻ, munosabatigʻa bahra sabukborligʻ. Har tab’dakim, ul mavjud boʻldi, ul kishi ulus tab’igʻa mardud boʻldi. Laimliq va razolatqa kamol andin, odamiylik va insoniyatqa zavol andin. Oʻtedur nomus uyin kuydurguvchi, yeledur izzat xirmanin sovurguvchi va viqor sham’in oʻchurguvchi. Tama’ in’omgʻa andoqdurki, sharataomgʻa, ul biri dunlar harakoti, bu biri bahoyim sifoti.

Qanoat javharedurkim, elni mundoq ikki balodin oʻtkarur va mundoq ikki ibtilodin qutqarur. Bu ikki zamima fe’lki, yomondur, goʻyo ikki nohush tav’amondur, ul mundin yomon va bu andin yomon, ikkalasi yomondin-yomon. Biri laim va biri mudbir ikkalasining haqiqati bir. Muxbiri sodiq(15) (sallollohi alayha vas-sallam) munga mundoq debtur: «Qone’ ne azizgʻa tome’, ne zalilgʻa nisbat beribdur».

Ruboiy:

Har kimki, qanoat tarafi nisbati bor,
Borcha el aro tavozeu izzati bor,
Ulkim tamau hirs bila ulfati bor,
Yaxshi-yamon ichra zillatu nakbati bor.

Hikoyat: Koshifi asrori ilohiy Shayx Shoh Ziyoratgohiy(16) (quddisa olloh sirrihu) ibodat farogʻati uchun qanoat shior qildi va Ziyoratgoh qasabasida maskan ixtiyor qildi. Va ulus nazr va hadiyasin parvo qilmadi, va salotin in’om va suyurgʻolin koʻzga ilmadi. Muhaqqar Mavrusi muhavvatasigʻa ashjor tikti va ekin ekti. Oʻz muborak iliki bila ekin suvorurgʻa bel urar erdi va ashjor tarbiyati tesha va arra surar erdi. Bu nav’ qanoat bila natijasi «azza man qanaa»(17) hukmi bila ul yerga yettikim, Hirot dor us-saltanasidin salotini masnadnishin va ulamoi din va mashoyixi ahli yaqin uch shar’i yoʻlni ul buzurgvor xizmatigʻa borur erdilar va ostoni tufrogʻin oʻpmak bila tafoxoʻr boshin falakdin oʻtkarur erdilar va ul ziroat nonidin va ul favokih jonidin har ne iliklarigʻa tutsa koʻzlarigʻa surtub, qoʻyunlarigʻa solib, tabarruk uchun shahrgʻa ayol va atfollari uchun kelturur erdilar va andin yeganlar oxirat najotigʻa ham umidvor boʻlur erdilar. Qanoat natijasi mundin komilroq oz vuhur qilib erkin va xursandligʻ bogʻchasining rayohini mundin tarovatligʻroq kam ochilib erkin.

Qit’a:

Jahon ichra koʻp sun’ koʻrguzdi sone’,
Emasdur kishi turfa andoqki, qone’.
Kishidin talabsiz gʻino hosil etmas,
Yana judgʻa boʻlmamoq hech mone’.


Beshinchi bob: SABR ZIKRIDA

Sabr oʻzni chiqarmoqdur huzuz nafsonidin va tana’umot jismonidin va nafsni habs qilmoqdur ibodat mehnatida va qadamni sobit qoʻymoqdur riyozot suubatida. Haq yoʻlida qotigʻ irikka tuzmakdur va yaxshi-yomondin har ne eshitgan va koʻrganga taxammul koʻrguzmakdur. Achchigʻdur, ammo sudmand; qattigʻdur, ammo dofei gazand. Qaysi nomurod ilik etagiga urdikim, murod topmadi? Va qaysi giriftor koʻngul sabr bandigʻa qoʻydikim, kushod topmadi? Farahlar miftohidur va bandlar attohidur.

Rafiqedur suhbati mumil, ammo oqibati murodqa qariyiliq va harifedur umidi uzun ammo nihoyati matlubqa hamnishinliq. Samandedur kohilxirom ammo manzilgʻa yetkurguvchi va buxtiyedur saqilgom, lekin ma’mangʻa tushurguvchi.

Nosihi talx guftordek tab’ andin ozurda va lekin zimnida maqsud hosil, tabib batiy-ul-ilojdek,(18) mariz andin pajmurda, ammo soʻngʻida sihhat vosil.

Ishq ahli zikridin mutagʻayyir va lekin gʻoyati vaslgʻa umidvorliq, hajr eli yodidin mutanaffir va leknn nihoyati ittisolgʻa komgorlik.

Qafasida jon bulbuligʻa ne xamushluq sud etib, ne navo va ilhon, majlisida ruh toʻtisigʻa ne sukut naf’ yetkurub, ne faryod va figʻon. Sahrosida farogʻat hamonu iztirob hamon, biyobonida darang hamonu shitob hamon. Soʻxtai firoq oʻlmakdin anga gʻam yoʻq, anduxtai ishtiyoq kuymakdiin anga alam yoʻq. Hajr shomidek tiyra uzun, ammo gʻoyati subhi visol, haj yoʻlidek qattigʻ va yiroq, ammo nihoyati Ka’bai iqbol.

Har giriftorgʻakim, ul nobud hayoti andin bariy va har umidvorgʻakim, ul nomavjud ruhi andin sipariy.

Oshiqlargʻa marazedur va bemorlargʻa zahredur halohil. Sahih aning suubatedin bemor, havos aning uqubatidin nokor. Ruh ishi ani tortarda taallul, koʻngul aning qattigʻligʻidin betoqatu tahammul. Yoʻli bodiyasida zulumoti ofat, Hizrdek ani qat’ qilgʻongʻa bahra zuloli hayot. Shiddati yukiga homillardin biri Ayyubi(19) nabiy va suubati hamligʻa komillardin biri Muhammadi arabiy.

Bayt:

Ajab ranjeki andin sa’b yoʻq ranj,
Vale chekkan kishinnng bahrasi ganj.

Hikoyat: Bir notavon koʻnglida bir gul’uzor xorxori boʻldi va ul tuhmat bila zindon giriftori boʻldi. Ul ish iqrori uchun anga qilmagʻan azob qolmadi, ammo ul maxfiy sirrin koʻnguldin tilga solmadi. Oqibat bir kun asaslar bordilar va ani zindondin band bila sudrab chiqordilar. Va bosh-ayogʻidin tortib uzottilar va bir quchoq yigʻoch aning a’zosigʻa ushottilar. Andoqki, boshdan - ayogʻi jarohat boʻldi va bari a’zosinnng terisi soʻyuldi. Tayoq a’zosin andoq afgor qildikim, qon ul ma’rakani lolazor qildi. Mazlum mutlaqo dam uradi va iqror takallumin tiliga surmadi. Chun ta’zib shiddatidin hordilar, ul majmu’din sudrab chiqordilar. Navmidligʻdin qoʻyaberdilar va insof olamida muhiq erdilar. Chun jafopeshalar yiroq bordi, jafokash ogʻzidin bir usholgʻon diram chiqordi. Ja’miki ani koʻrdilar. Ul ish kayfiyatin soʻrdilar, ulcha javobidin mafhum boʻldi, bu holat ma’dum boʻldikim, siyosat hangomasida manzuri hozir ermish va bir goʻshadin aning holiga nozir ermish. Anga yetarda ul bedodu sitam tishi ostida ermish ul diram. Azob e’tidoldin oʻtarda diramgʻa tishin berkitur ermish va tish zaxmi bila ul diramni pora-pora ushotur ermish va manzur nozir olida sabru tahammul qilur ermish va aning nazzoragar erkanin bilur. Manzur chun bu holni bildi, mehr va shafqat bila boshigʻa keldi, yumshoq soʻz bila yaralarigʻa marham yetkurdi va chuchuk til bila majruh tanigʻa jon kivurdi. Xayoligʻa kechmas davlatgʻa sazovor boʻldi va gumonigʻa oʻtmas odatgʻa komgor boʻldi. Bu barcha shiddatdagʻi sabru shikeboligʻ natijasi erdi va ul suubat va shiddatda tahammuldin anga dast berdi.

Bayt:

Kimki bir shiddat aro sabru tahammul ayladi,
Baxt aning nishini noʻshu xorini gul ayladi.


Oltinchi bob: TAVOZU’ VA ADAB ZIKRIDA

Tavozu’ xalqni kishi muhabbatigʻa shefta qilur va ulusni foil mavaddatigʻa firifta qilur. Doʻstlugʻ gulshanida nazorat gullari ochar va ul gulshandin uns va ulfat bazmida turluk gullar sochar. Mutakab bir dushmangʻa muloyamat sari yoʻl koʻrguzur va mu’jib xasm xotirigʻa insoniyat zavqin oʻlturgʻuzar. Takrori hayosiz muddaiyni uyat sarhaddigʻa boshqarur va te’dodi insofiz aduvni yamonlikdin oʻtkarur.

Agarchi borcha eldin xoʻbdur va bari xaloyiqdin margʻub, ammo sarafrozlardin xoʻbroqdur va beniyozlardin margʻubroq. Abnoyi jinsdin bir-biriga mustahsan, akobirdin asogʻirgʻa ahsan. Saxo qilmay elni shod qilur va ato koʻrguzmay kishini gʻamdin ozod qilur. Adab kichik yoshligʻlarni ulugʻlar duosigʻa sazovor etar va ul duo barakati bila umrdin barxurdor. Kichiklar mehrin ulugʻlar koʻngligʻa solur va ul muhabbat koʻngulda muabbad qolur.

Ushogʻlarni koʻzga ulugʻ qilur atvoridin xalq ulugʻliq bilur. Xalq jonibidin behurmatliq eshigin bogʻlar va kishini hazl va istixfofdin saxlar.Tabiatgʻa insoniyat tariyqida andom berur va mijozgʻa odamiyliq manzilida orom yetkurur. Kichiklargʻakim, andin muncha boʻlgʻay, ulugʻlargʻa koʻrkim, necha muncha boʻlgʻay.

Muhabbatgʻa zebu piroya adabdin yetar va muvaddatgʻa ravnaq va baho tarkidin ketar. Adab va tavozu’ koʻzgusigʻa jilo berur, ikki jonibdin yorugʻluq yetkurur.

Tavozu’ va adab ahtligʻa ta’zim va hurmat yetar va ul donani ekkan bu mahsulni jam’ etar. Xalq ixtilotida hamida axloq ibtidosi bu xisoldur va bu rusux topsa muhabbat ixtiloli maholdur. Ikki jonibdin agar xulqi karim boʻlgʻay, adab va tavozu’ muqobalasida izzat va ta’zim boʻlgʻay. Xusho, bu nav’ ahbob orasida suhbat va bu tavr ashob orasida muvaddat. Mundoq ahli muhabbat va vadod va xayli muvaddat va ittihod. Agar zoxirda doʻstlugʻ safosi uchundur dunyoda komgorliqdur. Va agar ma’noda tengri rizosi oxiratda umidi rastgorliqdur. Va agar tengrilik uchun boʻlsa, «At-ta’zimu li amrilloh»(20) saodati hosil va agar xoliq doʻstligʻi uchun boʻlsa, «Ash-shafqatu alo xalqilloxi»(21) davlati vosil.

Bu oliy martabagʻa shonista va loyiq muvaffaqedurki, zoti faqr davlatigʻa muloyim va muvofiq, yoʻqki, mutakabbiri hudpisand va johili noxiradmand.

Bayt:

Aqlu hikmat ishidur buyla maoshu oyin,
Qayta topqay muni har nafsparastu xudbin.

Hikoyat: Axbor roviylari va osor hoviylari mundoq rivoyat qilibdurlarkim, bir ov hangomasi gʻavgʻosida va chopmoq va otmoq orasida Xusrav Parvezning sarafrozliq tojidin gavhari obdor va durri shahvor uzulub yerga tushti. Va ov ishtigʻolidin anga hech kishiga xabar boʻlmadi. Ovdin Madoyingʻa kayttilar. Chun ul ishni bildilar va xaloyiqni munodi bila chiqordilar va ul gavhari noyobni tilay bordilar Chun ul zebi toj mulk xiroji erdi, topqongʻa koʻl nima va kiromand sila va’da boʻldi. Xalq ul biyobonda justu joʻyida va sila orzusi guftigoʻyida.

Ittifoqo ikki hamroh: biri gʻofil va biri ogoh. Gʻofil jahl yuzidin xudpisand, ogoh tavozu’ va adab zevaridin arjumand. Birining ismi Mudbiri jahongard va birining oti Muqbili javonmard. Ul biyobondogʻi yoʻlgʻa ozim va shahr sari borurgʻa jozim. Poʻyanamo va dashtpaymo erdilar, chun dar talab elga yovushtilar. Ul xalqni boshlab chiqqon kishiga yoʻluqushtilar. Mudbir takabbur bila anga boqmay oʻtti. Muqbil insoniyat tariyqin ilgari tutti. Ul solorgʻa adab va tavozu’ bila bosh indurdi, ayogʻi ostida gavhar xudtushgan ermish, koʻrub olib, oʻpub ul solorgʻa tuta berdi, ul xud mav’ud silaning vakili erdi. Muqbilning iligin tutub shahargʻa qaytti. Xusrav xushhol va munbasit boʻldi. Va aning uzrin degandin ortuq ehson bila qoʻldi. Mudbir takabbur natijasidin shahar gulxanida maqom tutub, Muqbil adab va tavozu’ foydasidin gavxari maqsud topib, shoh gulshanida orom topti.

Bayt:

Mutakabbir kezibon shaharda xoru mardud,
Mutavozi’ni gʻaniy ayladi durri maqsud.


Yettinchi bob: ZIKR ShARHIDA

Zikr koʻngul bila haq yodi ishtigʻolidur va til bila dagʻi hamul takallum maqoli. Va ba’zi tilga ul amrdin ma’dulluq debdurlar va koʻngulga mudovamat va mashgʻulluq. Koʻngul bila Haq yodidin xoliy boʻlmoqdur va aning gʻayri xaylidin xoliy boʻlmoqdur. Va ul mashgʻulluq «ma xalaqa olloh»(22) fanosidur va «mo xalqi olloh»(23) xoliqining baqosidur. Nafy kalimasi bilakim, «lo iloha» boʻlgʻay, mosivollohni unutmoqdur va isbot kalimasi bilakim, «Illalloh» boʻlgʻay koʻngulni ovutmoqdur va mashgʻul tutmoqdur. Va aning nihoyat martabasi zokiri mazkurda nobud va yoʻq boʻlmoqdur. Va anda tilga kogal yoʻq va taqriru bayongʻa madxal yoʻq. Ne lisongʻa takallumdin xabar va ne bayongʻa tarannumdin asar. Bu haramgʻa kulli mahram boʻlmagʻliq nafyi xotirdur va ifnoyi mavjud va nomavjud. Va gʻoyib, va hozir oʻzni budu nobud xayolidin qochurmoqdur va maqsudi asliy talabida oshno boʻlsa boʻlmas. Va budu nobuddin xoliy boʻlmogʻuncha bu hayot zulolidin toʻlsa boʻlmas. Bu daryogʻa kirgan gavhari maqsud tilasa dam asramoq kerak va bu haramgʻa yoʻl topqon mahramliq tilasa dam urmamoq kerak. Shoh rozin asramoqda tilin tiymagʻanning boshi boribdur va gʻayrat va siyosat tigʻi aning nihodidin zamor chiqoribdur. Bu may ichgandin kayfiyat izhori koʻngli betobligʻidindur va bu boda mastligʻining sharobligʻidindur.

Ruboiy:

Mayxona jam’iki erur bodaparast,
Zohir may ichgandin oʻlurlar badmast.
Mingdin bir emas bu haqiqat mayidin,
Ichgan ani oxsum oʻlsa tong yoʻq payvast.

Hikoyat: Muqarrabi Hazrati boriy Xoja Abdulloh Ansoriy(24) (quddisa sirruhu) dedikim, ul takallumgʻakim Mansur(25) dam urdi, men ham urdum. Ul oshkor etti va men yoshurdum. Menkim yoshurdum, tojdorligʻ manqarib boʻldi. Ul oshqor etti, dorgʻa tok boʻlmoqlik nasib boʻldi. Ul hanuz xom erdi va bu ma’nidin xurush qiluri behangom erdi. Eshitguvchi ibo etti va anga yetti va ulcha yetti. Men ul soʻzni anjumanda guhor etarmen va izhorida isror va takror etarmen hech kas manga nima dey olmas va demaskim, soʻzumning agarchi ma’nisi uldur, ammo suvrati ul emaskim, suvrat ahli suvratga nazar solurlar va ma’ni ahli ma’nidin bahra olurlar.

Ilohiy, bu ogohlar ayogʻi tufrogʻidin biz gumrohlar tiyra koʻngliga ochugʻliq yetkur va qororgʻon koʻzlariga yorugʻlugʻ yetkur.

Bayt:

Hamul koʻhl ul javohirni koʻzumga toʻtiyo ayla,
Ul iksiri saodatdin vujudim kimiyo ayla.


Sekkizinchi bob: TAVAJJUH ZIKRIDA

Tavajjuh(26) Haq subhonahu taolagʻa yuzlashmak va ul yon elanmoqdur. Va xalqdin taalluq torin uzub anga ulanmoqdur. Jami’ orzudin chiqmoqki, Haqning gʻayrigʻa aylandurgʻay va Mosivolloh ishtigʻoligʻa chirmondurgʻay. Andoqkim, dunyo va oxirat saodatin arza qilsalar va siddiqlar va paygʻambarlar marotibin jilva bersalar, solik ul yon nazar oʻqin otmagʻay va koʻngliga alarning raddu qabulin mutlaqo yoʻlatmagʻay. Agar tavajjuhda yuziga oʻqlar kelsa, koʻz yummoqni unutqay, agar bir koʻzini ul oʻqlar zoye’, yana birin ilgari tutqay. Agar ul nazzorada tosh yogʻsa boshin yoshurmagʻay va ani muhofazat qalqonigʻa qochurmagʻay. Agar ollida sheri jayon yuzlansa, anga moʻrcha kelmagay yomon va agar pili damon uchrasa, ul hamon boʻlgʻay va pashsha hamon. Seli balodin tavajjuhga nam yetmagay va sarsari ofat bir tori moʻyin xam etmagay. Charxi gʻaddor fitnaliq nujumi bila anga bir zarafshon varaqi moviy va barqi havodis anga yel uchurgʻon bir sariq gul yafrogʻi bila musoviy. Mehri munir ollida zarradin haqir va xoksor, bahri zaxxor nazarida bir qatradin bemiqdor, ya’ni ul tavajjuhiga mone’ mumkin boʻlmagʻay va ul nazzorasi shu’lasi daryolar suyi bila sokin boʻlmagʻay. Va bu maqom solikning sidqiga doldur va ixlosigʻa guvohi xoldur. Va oshiqligʻida yakdilligʻigʻa dalili beishtiboh va yakroʻy, yakjihatligʻigʻa guvoh va shavqi gʻoyatsiz erkaniga guvohi sodiq va muhabbati nihoyatsiz erkaniga dalili muvofiq.

Masnaviy:

Tavajjuh birla hindu sa’y etar chogʻ,
Tushurur koʻk yogʻochdin toza yafrogʻ.
Kashaf aylab tavajjuh bayzasigʻa,
Borar koʻz birla bosmay kosasigʻa.

Hikoyat: Bir gulxaniyi mehnatkash koʻngliga bir shahzodai xurshedvash ishqi harorati tushti va harorat tobidin qoni qurushti va ruhi muvoraqat qilurgʻa yovushti. Xirad matoi ilgidin bordi va junun shaydoliqqa bosh chiqordi. Atfol quvub tosh urarlar erdi. Koʻchadin koʻchaga surarlar erdi. Aning ogʻzida shahzoda oti mazkur va koʻngli aning zikri bila masrur. Chun atfol toshidin toʻyar erdi, qochib gulxangʻa yuz qoʻyar erdi. Chun gulxaniyi majnunni shahzoda ishqi mashhur etti, bu soʻz shahzoda qoʻlogʻiga ham yetti. Andoqki, pok ishq bil-xosiyat ma’shuq koʻngliga jozib boʻldi. Shahzodai parivash devonasin koʻrarga rogʻib boʻldi. Sayr asnosida markabni ul gulxan sori surdi, chun devonai nomurodni koʻrdi, nazzora va tavajjuhi andoq bexudluqqa ulashtikim, gulxan oʻti boshin ayogʻiga tutashti. Ul nazzoradin bexabar el yetib oʻtin oʻchirguncha andin ne xabar qoldi va ne asar. Shahzodai qotil devonasi holidin yigʻlab gʻussa yutti, turfa koʻrkam, oʻzi oʻltirib, oʻzi azo tutti.

Bayt:

Majoziy ishqda mundoq tavajjuh ayla xayol,
Agar oʻlsa ishqi haqiqiyda koʻr ne boʻlgʻay hol.


Toʻqqizinchi bob: RIZO ZIKRIDA

Rizo(27) oʻz dilxoh va rizosidin kechmakdur va Haqqi subhonahu rizosi jomin lo jur’a ichmakdur. Oʻz koʻngli tilaganlar mavto adosin farq bilmak va mahbubi haqiqiy rizosi bila tirilmak. Bu maqoldur. Solikning a’zam maqomoti va arfa’ darajoti nechunkim, solik bidoyatda maskanat va haqorat maqomida haqirning rizosi va matlubi ham haqir boʻlur. Chun oʻz rizosin bilkull fano oʻtigʻa otti va haq subhonahu taolo rizosi bila oʻzin tuzatti. Mosivolloh lavsi oriydin qutildi va «almutaxalliqu biaxloqillo-hi»(28) sifati bila Mutaassif boʻldi. Ajab maqoledurkim, agar bu korxonada xitoyi naqshin koʻrsun va agar islomiy parchani naqqosh naqshbandxonai sun’idin mutasavvir bilgʻay va har birini oʻz yerida benazar tasavvur qilgʻay. Ravzai xuldidin koʻp shod va doʻzax dudidin koʻp tiyra nihod boʻlgʻay. Kalimulloh madhida mubolagʻa koʻrguzmagʻay. Xalilullohi(29) ogoh bila Namrudi(30) mardud arosida muxolafat eshikin rust koʻrgay. Va muvofaqat rishtasin durust. Ofarinish bogʻidin agar boshigʻa gul yogʻilsun, va agar ayogʻigʻa tikan sanchilsun, chun bogʻbon chamanoro rizo va ixtiyori biladur ne ul biridin boshin yoshurgʻay va ne ul biridin ayogʻin yigʻishturgʻay. Va doʻst rizosigʻa jon fido qilgʻay va agar yana jon tirikligin aning rizosi uchun tilagay va oʻlumda aning rizosin topsa, jon istagay rizosin. Haq rizosi bilmish boʻlgʻay va murodin aning xostida mahv qilmish boʻlgʻay va oʻzlugidin xabar qolmamish boʻlgʻay va oʻziga oʻz rizosidin asar. Haqdin agar gʻafforligʻ zuhur etar-aning margʻubi va agar qohhorligʻ zuhur etar ham aning mahbubi. Nish yetsa zaxmigʻa marham va gar marham yetsa bagʻri zaxmigʻa ham mugʻtanam.

Bayt:

Rozi oʻlsa gar yomon, gar yaxshi boʻlsa jilvagar,
Sun’i kilkidin musavvardur chu har yangligʻ savar.

Hikoyat: Valoyat daryosining gavhari va hidoyat sipehrining axtari asadulloh ul-gʻolib, Amir ul-moʻ’minin Ali ibni Abu Tolib (raziollohu anxu va karamollohu vajhu) rizo maqomi ta’rifida va solikning roziliqqa mutaassir boʻlgʻoni tavsifida varaq yuziga maorifnigor xoma urubtur va bu nav’ daqiq nukta surubdurkim, rizo maqomigʻa kamol oʻz rizosi haq rizosigʻa muvofiq qilgʻongʻa hol budurkim, soʻl koʻzung xonasi Xaybar eshigiga makon boʻlsun va ul poshina ochilur-yopilurda ul makonda koʻrunsun. Eshitkuvchi ayni rizodin oʻz shonin unutmagʻay va gʻoyati ta’zimdin oʻng koʻzin ul xizmat uchun ilgari tutmagʻay. Agar mundoq qilsa, ulcha anga qazodur, aning muqobalasida ham fuzulluq, ham adam rizodur. Rizo maqomigʻa oʻzin nobud va farmonbardorligʻda oʻzlukin nomavjud qilgʻongʻa bu vujud qaydin keldikim, soʻl koʻzni xor, oʻng koʻzni aziz bilgʻay. Va bu xoru bu aziz arosida tamiz ham qilgʻay, anga rizo sharti uldurkim, amrigʻa toat qilgʻay va ma’mur boʻlgʻon izhori toat. Va bu shirin meva valoyat bogʻi shajarasidin boʻlgʻay va bu laziz fokiha hidoyat shajarasining samarasi boʻlgʻay.

Bayt:

Valoyat ichra boʻlgʻay mevalar koʻp ta’mu holatligʻ,
Vale qaysi valoyat boʻlgʻay muncha lazzatligʻ.


Oʻnunchi bob: IShQ ZIKRIDA

Ishq(31) axtaredur duraxshanda, bashariyat koʻzi nur va safosi andin va gavharedur raxshanda, insoniyat tojining zeb va bahosi andin. Mehredur tole’, mahzun xotirlar xoristoni andin gulshan va badredur lome’, tiyra kungullar shabistoni andin ravshan. Bahredur vase’, har igrimi yuz aqlu hush kemasin choʻmurgʻon va togʻedur rafe’ har tigʻi ming zuhd va taqvo boshini uchurgʻon. Shu’layedur soʻzanda, xoshoki koʻp jonu koʻngul boʻlgʻon va barqedur furoʻzanda, koʻp jonu koʻngul ashi’asida kul boʻlgʻon. Ajdahoyedur xunxor, olamni dami bila tortmoq anga kom, poshshohedur qahhor, komi har olam ahligʻa qatli om. Va har necha zulm qilgʻon anga qonmoq yoʻq. Soiqayedur, aqludin xirmanin kuydurguchi va sarsaredur alarning kulin koʻkka sovurguchi.

Inodi olinda teng ham podshoh, ham gado. Bedodi qoshinda bir ham fosiq, ham porso. Oshiq koʻngliga ma’shuq havosin solgʻuvchi ham ul va bir jilvasi bila naqdi hayotin olgʻuvchi ham ul. Va oshiq mundoq baloning giriftori va mundoq ofatning beixtiyori, mundoq toʻfonning gʻariqi va bu nav’ soiqaning hariqi, mundoq gʻaddorning zabuni va mundoq parizodning maftuni va mundoq devkirdorning majnuni. Va munungdek oshubning sheftasi va bu yangligʻ qotilning fireftasi, bu tavr xunrezning haloki va bu turluk baloangezning dardnoki.

Ishq koʻhistoni bedodining noshodlaridin biri Farhoddur va sahroyi junun zabunlaridin biri Majnundur. Va shabiston savdosi devonalaridin biri parvona va guliston havosi noshikeblaridin biri andalibi devona. Va otashgoh harorati garmravlaridin biri Xusravi nomiy va maykada dardmandligi nomiylaridin biri Jomiy (navvarallohu marqadahu nuran vaffaqanallohu!)

Bayt:

Ki to boʻlgʻay bular bir-birlari birla qariyn boʻlsun,
Samandarlar kibi ishq oʻti ichra hamnishin boʻlsun.

Bu ta’rif qilgʻon ishq va bu bayon etgan ahli ishq ma’shuq vujudi birla qoyimdurlar va bu ado topqon holotgʻa mansubluklari doyim. Va ul ma’shuq husnidin iboratdurkim «Innallohu jamilun yuhibb ul jamol(32)» andin xabar berurkim, ishq bu e’tiboru jaloli bila va bu ixtiyoru istiqloli bila husn saropardai kibriyo va borgohi istigʻnosi tegrasida bir bandai chovush va bir kamina halqa bagoʻshdurkim, har qachon husn sultoni mahbublugʻ niqoblaridin va masturlugʻ hijoblaridin chiqmoq asbobin tuzsa va zuhur tajallisi bila jilva gar koʻrguzsa, ul nur oshiqi mahjur koʻzi ravzani shishalari ravzan koʻzi shishalaridek hayron qilib ishqi bebok ayyori ul ravzan yoʻlidin oʻzin koʻngul ma’murasigʻa tashlar va ul ma’murada xarobliq ogʻoz qilib, xirad va hush xayligʻa qoʻzgʻalon sola tashlar. Ul ma’lum emaskim, husn sultonining bu zolim chovushi bedodidin ul mulk ahlining mazlumlari netgay va hollari aning tashaddudi suubatidin ne yerga yetgay. Bovujudi bu hol ul kishvarning asirlari va ul mulkning qatlu toroj koʻrgan ahli faza’ va nafirlari ul jilva mayidin masti bexud va ul jamol tamoshasidin volavu hayron boʻlib, aning havosigʻa mash’uf va aning tamoshasigʻa magʻlub boʻlurlar.

Endikim, ul kishvarni tasxir qildi va ul mulk ahlin yagʻmoda asir etti yana ul sulton jilvagoh fazoyi eramidin xilvatgoh xafosi haramigʻa mayl etib, hamul nur va zulmat pardalarigʻa yuzlansa va jamol quyoshin hamul shabanduz niqob sahoblarigʻa yoshursa va bu turktoz topib, musaxxar boʻlgʻon mulk axligʻa va bu qatlu toroj koʻrub, buzulgʻon kishvar eliga ul tamosho xirmanidin va ul nazora imtidodi arshidin rustoxeze toʻshlangʻay va qiyomate yuzlangaykim, juz’i akbaru avliyosi va oshub va faza’i mahsharda shavqosi alarning nihodidin falaki gʻaddorgʻa mayl etgay va bu sipehri davvorgʻa yetgay. Bu holatedurkim, munung shiddati taqriridin toshqoridurkim, muni koʻrmagan kishi bilmas va munga yetmagan bovar qilmaskim, hijronu firoq mundin iboratdur va ishqa marotibdur va ul uch qism bila munqasim boʻlur.

Avvalgʻi qism. Avom ishqidurkim, avom un-nos orasida bu mashhur va shoye’durkim, derlar: «Falon falongʻa oshiq boʻlubtur». Va bu nav’ kishi har nav’ kishigʻa boʻlsa boʻlur, shagʻab va iztiroblaricha lazzati jismoniy va shahvati nafsoniy emas va bu qismning biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnatdur va muboh. Va pastroq martabasida parishonliq va mushavvashliqlar va besomonliq va noxushliqlareki, zikri tarki adabdur va bayoni behijobliqqa sabab.

Ikkinchi qism. Xavoss ishqidurkim, xavoss ul ishqqa mansubdurlar. Ul pok koʻzni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok koʻngul ul pok yuz oshubidin qoʻzgʻolmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq. Ishq ahlining pokbozlari va shavqu niyoz ahlining nazmtiroz va afsonapardozlari mutaqaddimindin andoqkim, nazm beshasining gʻazanfari va dardu ishq otashkadasining samandari va zavqu hol vodisining pokravi Amir Xusrav Dehlaviydurkim, pok nafas va guftori, pok alfoz va maoniyliq ash’ori ishq ahlining orasida gʻavgʻo va vajduhol anjumani fazosida alolo solibdur.

Yana soʻzi poku, koʻzi pok ishq ahlida mujarrad va munfarid va bebok bu toifaning benaziru adil va toqi faxrulmillatu vad-din Shayx Iroqiydurkim(33), ishq sifotigʻa muttasifdur va lamaoti pok maoniy va tarokibigʻa munsifdur. Va mutaaxxirindin ikki olamni bir dov bila oʻynagʻon muqammir shevalar pokbozi va ishq dayri fanosida haqiqat bodasidin mast rindlar hamrozi shamsul-millati vad-din Xoja Hofiz Sheroziydur. Dunyo va oxiratni bir oh ila oʻrtagan pok oshiqlar imomi va mulk va malakutda soyirlar shayx ul-islomi hazrati murshidiy va maxdumiy nur ul-millat vad-din Abdurahmon Jomiydur (navvarallohi marqadu- hu) kim, agarchi alar vasfi nazmgʻa nisbat berurdin yuqoriroqdur, ammo har sinf nazmda benazir erdilar va nechaki ta’riflari she’rda mahoratdin tashqaridur va lekin har uslub she’rda jahongirdurlar. Va nazimlarida har she’r bila ishq oʻtin olamgʻa urubturlar, she’rlarida har bayt bila dard ahli jonu koʻngul olamin koʻydurubdurlar.

Yana ul hazrat jomi muhabbatidin durkashlar va irshodi sulukidin foniyvashlarkim, dardu ishq tavri adosida guftorlari turk ulusida haroratomez va sort xaylida ofatangizdur. Borining gʻarazi guftorlari ishtigʻolidin va ano yolinidin ajzu niyozliq holati va dardu balo choqinidin soʻzu gudozgʻa mubohoti oʻzin bu ishqqa mansub qilmoqdur, balki koʻrunur bu ishq olamida oshiqliqning sa’b holi va ma’shuqning mufrit jamoli har yerda har birining ajab holoti va gʻarib xayoloti va gʻoyatsiz bul ajablar va nihoyatsiz rangu taablarga yuzlanibdur va aning izhori lozim kelibdur. Ul jumladin, ma’shuq husnu jamolining benihoyatligʻi va nozu istigʻnosining behaddu gʻoyatligʻi. Va andoq ahvolkim, munga muvofiq boʻlgʻay, andin soʻng oshiq dardu shavqining farovonligʻi va ajzu niyoz va soʻzu gudozining bepoyonligʻi. Va har umurkim, unga munosibdur, yana ikkalasining bir biriga imtizoji va tarkibidin va ixtisosi va tarbiyatidin vuqu’ topqon holot adosida va yuz koʻrguzgan mushkilot imlosidakim, har birida agar kitoblar tasnif qililsa va mujalladlar tarkib etilsa, hanuz ulcha aning adosining haqqidur tahrirgʻa keturmak, taqrir qalamin surmak mutagʻayyir koʻrunur, balki mutaazzirdur. Va qoinot bozorining gʻavgʻosi va unsuriyot chorsusining alolosi bu takallum va tarannum biladur va munsiz inson kalomi tanedur jonsiz va bashar alfoz va iboroti chamanedur gulu rayhonsiz.

Soʻzkim, dard choshnisidin harorati boʻlmagʻay, nursiz sham’ bil va sarvarsiz jam’ gumon qil. Hosilikim, soʻzga bu taronadur va mundin oʻzga barcha afsona, dur va soʻz ishq soʻzidur va koʻngulda hayot nash’asi ishq oʻzidur.

Bayt:

Soʻzki ma’nosida ishq oʻti nishoni boʻlmagʻay,
Bir taharruksiz badan onglaki, joni boʻlmagʻay.

Hikoyat: Majnun ishqi oʻti hijron gudozigʻa ulashti, zaif badanigʻa ul haroratdin isitma shu’lasi tutashti. Har muolajakim qildilar sud etmadi, maraz ortti va isitmasi ketmadi. Chun bemor ishi naz’ holigʻa yetti, birov ul holdin Layligʻa xabar etti. Parivashni ul xabar noshod qildi, devonasin soʻrargʻa noma savod qildi, qosidkim ul nomani Majnungʻa yetkurub berdi, ruhdin tanida ramaq yoʻq erdi. Mehribonlarkim, nomani mutolaa qildilar bemorgʻa istimoidin asar bildilar. Har kimki ani takror etar erdi, ul nafasdin bemor tanigʻa ruh yetar erdi. Ul damkim, ishi hirz va duodin oʻtdi, ma’shuq nomasi hirz va duo yerin tutti.

Mariz za’fdin sihhat topkuncha takror qildi chun sihhat topti, boʻynigʻa tumor qildi. Ishq soʻzidin marazi sihhat topti va ul soʻz takroridin-badani quvvat.

Bayt:

Oshiqqa garchi za’fu marazliqdurur mijoz,
Ma’shuq zikri ul marazigʻa erur iloj.

Uchunchi qism. Siddiqlar(34) ishqidurkim, alar xaqning tajalliyoti jamoligʻa mazohir vositasidin ayru vola va magʻlubdurlar. Va ul mushohada bexudligʻida alardin shuur, alardin maslub. Shuhudlari istigʻroqqa yetgan za ul istigʻroqdin istihloq maqomin hosil etgan. Agar havodis yeli sipehr gulshani avroqin uchursa, alargʻa andin xabar yoʻq va anjum gulbarglarin har sori sovursa alargʻa andin asar yoʻq. Havosslari nokor tajalliyot jamoli sadamotidin va shavqlari nomiqdor ishq hujumi gʻalabotidin. Anbiyoyi mursalin yetgandii nazarlarin maqsuddin olmay va maloika muqarribin oʻtgandin nazarlarin ul sari solmay. Hollari matlub mushohadai jamoli va ishtigʻollari ham aning mulohazai sanoye’ va kamoli visol mayi zoʻridin koʻngullari bexud va mast, mutaoqib tajalliyot satvatidin a’zolarida shikast. Vasl bodasidin oʻzga ruhlariga kom yoʻq va haq mushohadasidin oʻzga koʻngullariga orom yoʻq. Bulardur ishqda vasldin kom topqon va «inda malikin muqtadirin» maqomida orom topqon. Va bu toifani vosillar debdurlar, ishqdin vasl maqsudi hosillar.

Hikoyat: Haj sharafin hosil qilgʻan mashoyix va avliyoyi alayhum attahiyat vad duo Arofatda munojot qilib, har qaysi bir murod istar erdi va oʻzlari uchun bir tilak tilar erdi. Va koʻpning duosi bu erdikim: - Ilohi, bizga tavfiqing birla hamrohligʻ ber va oʻz haqiqatingdin ogohligʻ. Va kutb us-solikin va sulton ul orifin irfon tariqida avliyodin mumtoz Shayx Abu Said Harroz(35) (quddisa sirruhul-aziz) ogʻzida sukut muhri zoxir va jamoli tajalliyotqa mustagʻriq va mutahayir turub erdi, koʻzin osmongʻa urub erdi. Birov dedikim: - Yo Shayx, bu mahalda maqbuldur va bori mashoyix duogʻa mashgʻul. Sen nechuk dam urmassen va duo raxshin ijobat maydonigʻa surmassen. Shayx (quddisa sirrihu) dedikim: - Har ne bu xaloyiq duo bila tilaydurlar, borini manga beribdur, balki ortugʻroq koʻnglum uyida beribdur. Andin ne istay va duo qilib ne tilay? Alarki, ogohligʻ tilaydurlar, manga matlub. Bir zamon gʻaflatdur va holima evrulgali bir nafas muhlatdurkim, aning vujudi tajalliysi sadamotidin betobu tavonmen va ul ogʻir yuk ostida xasdek notavonmenkim, aning jamoli hayratidin oʻzumdin xabarim yoʻqtur va oʻzlugumdin asarim yoʻqtur. Ishqning gʻoyati bu yergachadur va oshiqqa vasling nihoyati bu soʻzni dergachadur. Bu oshiqlarkim, olinda qabul ahlidurlar va tariqati mashoyix istilohotida vusul ahlidurlar, bularni tangriga oshiq desa boʻlur, mahbub ham va haqga tolib ot qoʻysa boʻlur, matlub ham.

Ruboiy:

Bu yerga yetursa bandasin lutfi iloh,
Tahqiq bilur har kishikim bor ogoh.
Kim, topmas aning ollida mavjud savo (h)
Ul qoldi-yu tengri qoldi Olloh, Olloh!


Uchinchi Qism: Mutafarriqa Favoyid Va Amsol Surati

Joh istigʻnosigʻa davr tengri taoloning mulku malakutining taammulidur va kibr ibtilosigʻa iloj ham aning kibriyou jabarutining taaqquli boʻla olur.

Saodatmand agar olim boʻlsa, nodonlar soʻzi anga mujibi ibrat va e’tibor; besaodat johil boʻlsa, olim soʻzidin anga or. Va filhaqiqat, johilliqdin besaodatliqroq ne nima bor?! Ulki oʻzin begangay zihi gʻabovat va ulki oʻz soʻzin begangay, zihi shaqovat! Olam ahli oʻzlari qoshida mahbubdurlar va soʻzlari oʻz ilaylarida margʻub. Va bashar jinsi bu sifatgʻa majhuldurlar va nafslari beixtiyor bu da’vogʻa mashgʻul.

Tanbeh (1)

Andinki nafs komidur va nafsoniyat maqomidur. Hech kim oʻz koʻngligʻa gʻam tilamas va oʻz nafsigʻa alam istamas. Ammo oʻzganing sharif zotigʻa behad mazallat koʻrsa, oncha tavofut qilmaski, oʻziga juzviy shiddat va yana bir aziz nafsigʻa beadad mehnat anglasa, oncha mutaassir boʻlmaski, oʻziga oz kulfat. Va barchagʻa oʻzgadin oʻzi azizroq va oʻzgalar soʻzidin oʻz soʻzi lazizroq. Olam yaxshiligin kishi oʻzidin darigʻ tutmas, ammo oʻzga kishiga yovutmas.

Tanbeh (2).

Eranlar yasanmogʻikim, namoyish uchundur, xotinlar bezanmagidekdurki, oroyish uchundur. Agarchi bu ma’no ikkilasiga kabixdur, ammo eranlargʻa koʻprak mujibi tafzihdur. Barcha oʻz namoyish va oroyishigʻa alil va bu oʻz qoshlarida mahbubluqqa ravshan dalil.

Shoirki, harzasi kulmakka loyiq, oʻz xayolida Sa’diy va Xusravgʻa foyiq. Kotibki kalogʻpoyi zogʻi mulavvas ayogʻidin mankubroq, oʻz olida Ja’far(1) va Azhar(2) xatidin mahbubroq. Musavvirki, muvahhishdur suratining yamoni, oʻz tasvirida Abdulxaydur(3) va Moniy(4). Muzahhibki, xitoyisi xatodur va farangisi qalam ahlining nangi, Atoridgʻa(5) ta’n urmoqdur soʻzining rangi. Har peshavargʻakim, hunari ta’rifida mubolagʻa voqe’dur, ul ta’rif, filhaqiqat, oʻz nafsigʻa roje’dur. Jadal ahlining madrasasida qiylu qoli ham xudpisandliqqa tortar maoli, bu aning soʻzin rad qilur va ul munung soʻzin, har qaysi beganur oʻz soʻzin va oʻzin.

Tanbeh (3).

Xudpisand - noxiradmand. Xudoro - shohidi ra’no. Mustagʻniy - magʻbun, mutakabbir - mal’un. Shahvatparast - nafsgʻa zardast. Xudparast - butparast. Bu balolardin nafsin fano qutqarur va bu mahlaklardin najot sari boshqarur.

Tanbeh (4).

Fano axligʻa koʻp aytmoq marduddur va koʻp eshitmak matlub va mahmud. Eshitmak elni toʻla qilur va aytmoq xoli, eshitguvchi va aytguvchining budur holi. Koʻp degan koʻp yangilur va koʻp yegan koʻp yiqilur.

Qolab amrozining moddasi koʻp yemakdur va qalb amrozining moddasi koʻp demaq. Koʻp demak soʻzga magʻrurluq va koʻp yemak nafsgʻa ma’murluq. Odamiygʻa bu sifatlar zavoid, barchasi xudparastliqqa oid.

Tanbeh (5).

Xudparastliqki, erur moddai idbor, munda dagʻi tavofut va matib bor. Xudparastki, ne qilgʻoni oʻziga xoʻbdur, bu nopisand fe’lgʻa tafovut koʻpdur. Agarchi anga koʻp aqsom lozim boʻlur, ammo bu yerda ixtisor uchun qismgʻa munqasim boʻlur.

Avvalgʻi qism uldirkim, oʻzining aqvoli va af’oli va ashkoli har nekim bor, oʻziga xoʻb koʻrungay, agarchi elga mardud boʻlgʻay, anga mahbub va margʻub koʻrungay, andoqki, mazkur boʻldi va avroqqa mastur. Ikkinchi qism uldurki, jamni holoti noxush xayoloti oʻziga pisandida va raboyanda, mustahsan va xush oyanda koʻrungay. Va ul kaboyixni yaxshi deb oʻkungay. Karih zot oʻzin Yusufi Kan’oniy(6) degay. Va «ankar-al-asvot»(7) uning Yusufi Andigoniy(8) alhoni. Nomavzun abyotin Salmoning(9) «masnu’» qasidasidin yaxshiroq bilgay va bema’ni hazayonin Jorulloh(10) bitgan «Kashshof»(11) gumon qilgʻay.

Haqning hech amrigʻa boʻyun qoʻymagʻay va shayotinning barcha buyrugʻin bajo keltururdin toʻymagʻay. Oʻz olida dono va chechan va har nomaqbul qiladurgʻoni anga ma’qul va mustahsan. Maygʻa haris, badmast va muzmin, majlisigʻa giriftor boʻlgʻonning qutulmogʻi nomumkin.

Nomuborak bazmigʻa ulki giriftor boʻlgʻay, nomatbu’ harakotidin umridin bezor boʻlgʻay. Majlisida oʻkta hukmlar surar chogʻi, barcha ijroni ahkom bir, bu dogʻi, giriftor majlisidin qoʻparga suruk qaltaboni mone’ va agar ani gʻofil qilib eshigiga yetsa, darboni mone’. Mubtalogʻa baloye tushgayki, oʻlumni koʻziga, toʻtiyo qilgʻay, oʻlturub seni bu balodin kutqoray deganga jonin fido qilgʻay, gar kutulsa, Rum, balki Faranggacha turmagʻay, yana majlis agar bihisht boʻlsa, ul yon qadam urmagʻay.

Bu xudpisandi badkirdor va bu lavandi murdor bu palid majlisidakim, zindon andin yaxshiroq va bu najis mahallidakim, mustaroh andin arigʻroqdur, agar ilayidin kekirsa va keynidin oʻzga yel sekirsa, oʻz qoshida mahbublugʻi ul martabada va oʻz af’olining xoʻblugʻi oʻz olida ul masobodakim, tama’i bukim, bazmidagʻi hozirlar va bu ahvol va af’oligʻa voqif va nozirlar bu voqe’ boʻlgʻon harakotning ham unin dilpisand degaylar, ham royihasin sudmand. Bu qaboyihni kishi anga ayta olmagʻay va ayta olgʻonning soʻziga quloq solmagʻay va eshitsa ham, musallam tutmagʻay va nomuloyim ishini oʻz «sharif zotigʻa» yovutmagʻay. Nosihgʻa izo va qasd etgay va bu nasihatdin anga koʻp mazallat yetkay. Bu nav’ kishiki, anga mundoq boʻlgʻay kirdor, halo bu davrda mavjud va hozir bor.

Bu tavrda yana azizlar ham jilva qilurlarkim, zamon ahli taammul qilsalar borin bilurlar. Agar ba’zi mazkur boʻlgʻon azizlardin kichik boʻlsa, ba’zisi uluqtur va agʻar ba’zi ishlari andigʻ oʻksuk boʻlsa ba’zisi ortuqdurkim, koʻpiga bu faqiri mazlum nomaqdur rioyatlar yetkurubdur va muqobalada nomahsur zulm va taaddilarin koʻrubdur va koʻrmasga solib kechurubdurkim, tengri alarni insof haramigʻa xos qilgʻay yo bu mazlumni va soyir mazlumlarni alar zulmidin xalos.

Bu mazkur boʻlgʻon af’ol va bu mastur xisol barcha kishi qoshida oʻz mahbubligʻidindur va nafsi shayton amrigʻa ma’mur va magʻlubligʻidindurkim, majmui zamoyim af’ol munga doxildur va barining daf’i shikastaligʻ va fanodin hosil.

Qit’a:

Kishiki topsa fano koʻrasi oʻtigʻa guzor,
Agarchi zotida yuz nav’ qalbi gʻashliq bor,
Vujudi oltuni ul qalbu gʻashdin ayrilibon,
Ne javhariy ani koʻrsa topar tamom iyor.

Uchinchi qism. Bu nav’ ishda mufrit bee’tidollikdur, ul ham uch nav’dur. Avvalgi nav - bu mazkur boʻlgʻon atvorda mufriti bee’tidolliq tuzmakdur va ul gʻoyatqacha ifrot koʻrguzmakdurki, boshigʻa saltanat havosi bunyod boʻlgʻay va ul bosh bu havo bila barbod boʻlgʻay. Va bu nav’ koʻp bexirad nodonlar oʻzlarin sharifu aziz tasavvur qilgʻan uyla qillatbonlar azizu sharif umr tarkin qildilar va mazallat va horliq bila siyosat dorigʻa osildilar va toj xayoli bila boshlarin tark ettilar adam mulki taxtgohigʻa kettilar.

Ikkinchi nav’ - bu jamoatdin mutahavvirroq va bu guruhdin xudpisandroq va mutakabbirroq. Ul xayledurkim, nubuvvat da’visi maydonigʻa markab surdilar va bu fosid xayol qal’asi burjiga alam urdilar va shu’badalariga e’joz tuhmati bogʻladilar va bema’ni xarzalarini vahiy kisvatida jilva berdilar. Va har xoin kozibki, bu da’vi qila kirishti anbiyo arvohidin anga jazo va rasvoliqlar yetishti. Va doʻzaxqa yetmasdin burun ba’zini kuydurdilar va ba’zini soʻydurdilar va kulini koʻkka sovurdilar va alarning fitnasi oʻtin oʻchirdilar.

Uchinchi nav’ - bulardin dagʻi gʻaflatkirdorroq va la’natqa sazovorroq ham oʻtubturlarkim, gʻarib da’vi yoʻlin tutubturlar. Andoqkim, Fir’avni beavn va Namrudi mardud. Yana ham bulardek beadab va behayolarkim, qilib sahvu xatolar ogʻizlarigʻa tosh va tufrogʻkim, mazkur boʻla olmas ishga da’vi va loflar urdilar va da’vilari ustida gazoflar surdilar. Oxir xudovandi bemislu monandkim, anga yoʻqtur shabih va shurik va volid va farzand, yaktoyedur behamto, beishtibohu ikroh (vahdahu lo sharika lahu lo iloha illolloh)(12) gʻayrati ilohiy va gʻazabi nomutanohiy bila alargʻa ham ne rasvoligʻlar nasib etti va darak ul-asfalgʻa ketib, ishlari ne yerga yetti.

Bayt:

Zarradin ming qatla kamrakkim, quyoshliq ursa lof,
Kimki boʻlsa zarra aqli bilurkim der gazof.

Tanbeh (6)

Subhonalloh, ne vasi’ dargoh va ne rafi’ borgohdurkim, anda pil xartumi pashsha xartumigʻa zabundur. Ne ajab, agar aql sarkashi mabhut va ilme sarnigundur aningkim, yuz kilola pili bor erdi, yarim pashshai muhlik nishigʻa zabun va zor erdi. Bu da’vigʻa ul ravshan dalilidur ashobi filvoqiasi bila tayran abobildur.

Tanbeh (7).

Har nekim, baqosi payvasta emas, parastishgʻa shoyista emas. Har nekim, bir oʻzidekka muhtojdur, almavhiyat va kishvaridin ixrojdur. Tengridurkim, kishiga oʻxshamas va kishi anga oʻxshamas. Ulki, bu nav’ emas, tengrilikka yaramas. Uldurkim, ne kishi anga oʻxshar, ne ul kishiga. Har oyinakim, hech kishining hech ishi oʻxshamas aning hech ishiga. Ne anga zamonu makon ehtimoli, ne zamonu makon andin xoli. Ne xalo aning yeridur, ne malo. Ammo xalo va ham malo andin toʻlo. Kibriyo va jabarut asosi xoliqi Jabbordur. Bu sifatqa ul sazo va bu sifat anga sazovordur. (Jalla jalolahu umma navollahu va lo iloha gʻayruhu)(13).

Tanbeh (8).

Takabbur shayton ishi va biyiklik nodon ishi. Mutakabbir tengri doʻstlari olida mat’un va tengri qoshida mardud va mal’un. Xudpisand, ishi bari elga nopisand. Bilikigʻa magʻrur, bilur elga ma’yub va tengrigʻa maqhur. Butparastliq yaxshiroqkim, xudparastliq.

Tanbeh (9).

Yana bir amri azim ehsondurkim, aning bayonida koʻp soʻz ayondur. Al-insonu ubayd al-ehson anga dol va halli jazo al-ehson ilal al ehson(14) anga guvohi hol. Jami’ mazohib va milal ahli qoshida sobitdurkim, yaxshiliq jazosi yoʻqtur - bajuz yaxshiliq va nubuvvati lison moʻ’jaz bayonigʻa dagʻi bu ishorat oʻtubdurkim, ahsin kama ahsana allohu ilayka(15) ul Hazrat mundoq amr etibdurki, yaxshilik yetkur andoqkim, tengridin sanga yaxshiliq yetibdur. Bu amr sifatigʻa mavsuf boʻlmoq qadur, mundin azimroq amr ne nav’ boʻla olur va anbiyo va hukamo va avliyo va uqalo va ulamo dagʻi munga mutaffiqdurlar va hech kishi muxolifat qilmaydurlar va mundin ehson tariq bilmaydurlar.

Ehson sifati saodati abad bil, fitna va ofat ya’juji daf’igʻa sadd bil. Insoniyat bogʻining dilpisandroq shajari ehsondur va odamiyliq konining arjumandroq gavhari ham ehsondur. Jam’i pisandida sifot va mustahsan holat ehsongʻa tobe’dur va aning zimnida mudarij va voqe’dur; ul barcha yaxshiliqlargʻa jome’ va bari yaxshiligʻlar, filhaqiqat, anga roje’.

Qit’a:

Ajab sifat erur ehsonki har sharif sifat
Ki, kelsa jinsi bashardin anga erur doxil.
Javohir angla sifot oni javhariy qafasi
Ki, bordur anda qayu birni istasang hosil.

Tanbeh (10).

Ammo bu zamon va davronda yo davroni zamon inqilobi qusuridin yo davron va zamon ahli xirad va insoniyat futuridin, holo bu varaq evrulubtur va bu qaziya bar aks boʻlubtur, yaxshilik jazosi xushunatdin oʻzga va muloyamat podoshi takabbur va ruunatdin oʻzga naqsh tutmas va surat bogʻlamas. Har kimgakim, bir xizmat qilding oʻn shiddatgʻa muhayyo turmoq kerak va har kishiga yuz muloyamat koʻrguzdung ming gʻilzat va quduratgʻa salo urmoq kerak.

Anikim, bir duo qilding, koʻp qargʻish bila qutulmoq yoʻqtur. Birovgakim, bir madh deding, oʻn zam bila xalos boʻlmoq yoʻqtur. Bir sogʻar may bergandin qadah-qadah xunob yutmoq kerak va bir qadah noʻsh ichirgandin ayoq-ayoq zahrgʻa oʻzni omoda tutmoq kerak. Har nav’ xidmatkorliq qilib, muqobalada yuz jafo ham koʻrsang yana xidmat koʻz tutarlar. Va agar vafodorliq qilib, oʻtruda ranju ano ham cheksang, yana ubudiyat tama’ qilurlar.

Har vafogʻa yuz jafo tortmasang, gunahkorsen va har mehru muhabbatgʻa ming dardu mehnat qabul qilmasang, tabah roʻzgorsen. Alargʻa jon fido qilsang, shukronai jongʻa minnat qoʻymoq tilarlar, agar bu shukronani ado qilsang, takrorgʻa shuru’ qilmoq istarlar. Yuz muddaolari hosil boʻlub, biri qolsa, boshdin ayoq muqassirsen. Ming orzulari butub, kishi bir uzr arogʻa solsa ayoqdin bosh mudbirsen. Yamonliq qilgʻonlarnga ming niyoz koʻrguzsang sening ishingdin yamonroq hech kishining ishi yoʻq. Joningni doʻstlugʻlarida bermasang, dushmani joning erurlar, xotirlari uchun nohaq qongʻa rozi boʻlmasang, qoninggʻa tonugʻluq berurlar. Doim tilaganlaridek qilgʻongʻa bir qatla ta’xir boʻlsa, shikoyat va tashni’lari shoye’ va mudom istaganlaridek qilgʻoninggʻa bir navbat taqsir boʻlsa, umrungda qilgʻonlaring bari zoye’. Payopay olmoq alargʻa hunar, yuz din biriga evaz xayolidin koʻngullariga zarar.

Emgaklarigʻa koʻp chidasang, oting beidrok, takliflaridin oz yod etsang, zotinggʻa tuhmat va imsok. Borlar molingni fidolari qilsang bir qatla sahvdin unutsang, laqabing bemuruvvat. Jafolarn muqobalasida uzrxohliqqa jon bermasang, xitobing beahamiyat. Boshlarigʻa gul sochsang, alardin yuzungga tikan sanchilur, agar ul gul sochmogʻni bas qilsang, bagʻringga choʻqur tikilur. Mutaoqib niyozlargʻa mutavotir noz peshalari va payopay sitamlarigʻa damodam lutfu karam koʻz tutmoq andishalari. Bechora ul mazlumkim, bu zulmkeshlargʻa giriftor va bu sitamandeshlargʻa farmonbardor boʻlgʻay, bular jafosin bu jafokash jonidin soʻr va sitamlari jarohatlari majruh bagʻri zaxmidin koʻr.

Qit’a:

Jafolarkim, mening jonimgʻa yetmish dahr xalqidin,
Biri kuffordin kelmas asir oʻlgʻon musulmongʻa.
Ne bedodikim, istarlar qilib soʻngra oʻkush tuhmat,
Dagʻi yuklarlar oxir bu jafokash zoru hayrongʻa.
Bu bedod ahlidin gar jon berib maxlas erur mumkin,
Qilib joni fido, billahki, minnat qoʻygʻamen jongʻa.

Tanbeh (11)

Saxovat va himmat bobida

Saxovat insoniyat bogʻining borvar shajaridur, balki ul shajarning mufid samaridur. Odamiyliq kishvarining bahri mavjvari, balki ul mavj bahrining samin gavhari. Saxovatsiz kishi - yogʻinsiz abri bahor va royihasiz mushki totor. Mevasiz yigʻoch hamonu oʻtun hamon va yogʻinsiz bulut hamonu tutun hamon. Saxosiz kishi birla gavharsiz sadafning bir hukmi bor. Dursiz sadaf bila oʻlub qurugʻon ne e’tibor.

Bahil behishtqa kirmas agar sayyidi Qurashiy boʻlsun va saxiy tamugʻi bormas, agarchi bandai habashiy boʻlsun. Saxiy bulutdur - ishi xirmon, balki maxzan bermak. Baxil moʻrdur - da’bi xoʻsha balki dona termak. Himmat ahligʻadur saxovat ixtisosi va bu ikki sharif sifat valoyat xosi. Saxovat odamigʻa badandur va himmat anga ruh va himmat ahlidin olamda yuz ming futuh. Himmatsiz kishi er sonida emas, ruhsiz badanni kishi tirik demas. Oliy himmat shohbozedur baland parvoz va behimmat sichqon sayyode yurutachi toz. Shunqor maskani shohning bilagi, yurutachi maqomi oʻluksaning sassigʻ badani va soʻngagi.

Arslon ishi sayd urub sibo’ni toʻygʻormoq va sichqon varzishi diram oʻgʻurlab, tugunni axtarmoq. Sohibi hikmat muflisliq bila past boʻlmas, himmatsiz ganj topsa, biyiklarga hamdast boʻlmas. Chinor ilgi xoliligʻidin biyikligiga ne nuqson va tufroqqa nihon ganjlari bila ne ulvi shon. Himmat ahligʻa agarchi biyik kavkabdur, ammo saxovatgʻa necha martabadur, Isrof saxo emas va itlofni ma’no ahli saxo demas. Haq molin kuydurganni devona derlar va yorugʻ kunda sham’i kofuriy yoqqonni aqldin begona derlar. Mubohot uchun bermak xudnamoliq va aning bila oʻzin saxiy demak behayoliq. Ulki el koʻrmaguncha bermas - laimdur, saxiy emas. Tilab berganni ham sahodin yiroq bil; ibram bila bergandin bermaganni yaxshiroq bil. Birta oʻtmakni ikki boʻlub, yarmin bir ochgʻa berganni saxiy de; oʻzi yemay barin muhtojga berganni axiy de.

Tanbeh (12).

Hunarlarni topmoq - yedurmakdur va ayblarni yonmoq - kiydurmaqdur. Mahallida bergan eski chortora toʻn-saxovat va bemahal bergan zarboft chorqab-shaqovat. Desangki, taoming zoye’ boʻlmagʻay - yedur va tilasangki, libosing eskirmagay - kiydur. Saxo tariyqin mazkur boʻlgʻon soʻzla angla, ammo karam oyini va futuvvat rusumi oʻzga angla.

Tanbeh (13).

Karam va futuvvat tariqida

Karam bir jafokashning shiddati yukin koʻtarmakdur va ani ul suubatdin oʻtkarmakdur. Birovning mehnati xori hamlin qabul qilmoq va ul tikan noʻgidin guldek ochilmoq va ul qilgʻonning tilga kelturmamoq va ogʻizgʻa olmamoq va ul kishiga minnat qoʻymamoq va aning yuziga solmamoq. Karam sifoti akram ul-akramin ishidur, sohib karam kishi haqning bu nav’ sifatigʻa mutobe’ kishidur.

Bu davrda karam sabzasi tarrafurush doʻkonidin oʻzga yerda topilmas va mehr guli sipehri tezkoʻsh gulshanidin oʻzga yerda ochilmas. Karam bashar tab’ida noyob va nobuddur, bu sababdin karam ahli nopaydo va nomavjuddur.

Tanbeh (14).

Karam «kof»in goʻiyo kimyo ibtidosidin olibdurlar va «ro» sin simurgʻ arosidin va «mim»in xoʻblar ogʻzidin tutubturlar. Bu javharni olam ahlidin tilamak quyoshni zarradin tilamakdur va falakni suhodin istamak.

Tanbeh (15).

Muruvvat bobida

Ma’dumlukda muruvvat karamning urugʻ - qayoshidur, balki tav’amon qarindoshidur. Ikkalasi chun el bevafoligʻidin ogah boʻlubtur, bulardin qochib adam mulki safariga hamroh boʻlubtur. Sohibi karam ul nafis matoidin ayrilurni saloh bilmaydur va sohibi muruvvat dagʻi ul sharif xalqidin ayrilmaydurkim, ikkalasi qayda boʻlsalar tengri panohida boʻlsunlar, izzat va sharaf oromgohida.

Tanbeh (16)

Vafo bobida

Vafo ul sifatdurkim, karam va muruvvat xalqni onsiz koʻrub itibdurlar va ani tilamakka adam mulki sori ketibdurlar.

Jahon gulshani vafo gulidin ziynatsizdur va bashariyat guli vafo royihasidin nakhatsiz. Vafo sham’edurkim, dahr tiyra xokdonin yorutmaydur va zamon bevafolari koʻngli bila ulfat tutmaydur. Nargisedurki, davron chamanigʻa koʻz solmaydur va koʻngullari gʻunchasida hiqdu hasaddin oʻzga qolmaydur. Mahbubedur - pok xilqat, juz pok koʻngulga unsu ulfati yoʻq. Matlubedur - pokiza tiynat, juz pokiza fitratgʻa maylu ragʻbati yoʻq. Va ul boʻlgʻon pok koʻngulda qat’o qudurat va kulfat yoʻq. Durredur samin insoniyat tojiga zevar, olamda insoniyat nobud va gavharedur otashin - odamiylik boshigʻa afsar, olam ahlida odamiyliq nomavjud. Vafogʻa hayo bila payvastaliq, andoqki, hayogʻa vafo bila vobastaliq.

Tanbeh (17).

Vafo zaylida va hayo zikrida

Karam va muruvvat ota va onadurlar, vafo va hayo ikki hamzod farzand. Har necha ul ikovga nur bila safodur, bu ikavga ittisol bila payvand. Har koʻngulnikim, vafo maskan qilur, hayo ham qilur va har maskandakim, ul topilur, bu ham topilur. Vafosizda hayo yoʻq, hayosizda vafo yoʻq. Har kimda bu ikki yoʻq - imon yoʻq va har kimda imon yoʻq andin umid koʻzin yorutsa boʻlmas. Mahbubki, bevafodur - andin jovid visoli tama’ kutsa boʻlmas...

Komillar - ahli hayo va noqislar behayo.

Vafo va hayo olam tiyra makonidin oʻtubdurlar va lomakon olamida makon tutubturlar. Va oʻzlarin bir-birlari bila ovutubturlar va qolgʻon vafosiz behayolar alarni unutubturlar.

Har kimgakim, bir vafo koʻrguzdum, yuz bevafoligʻ koʻrmaguncha qutulmadim. Va har kim bilakim bir mehru muhabbat oyini tuzdum, ming javru mazallat tortmagʻuncha xalos boʻlmadim.

Bayt:

Kimga qildim bir vafokim, yuz jafosi koʻrmadim,
Koʻrguzub yuz mehr, ming dardu balosin koʻrmadim.

Davr bevafolari javridin dod va dahr behayolari zulmidin figʻonu faryod! To olam binosidur bu oʻtgʻa hech kishi mencha oʻrtanmaydur, to bevafoligʻ ibtidosidur bu yolingʻa hech kim mendek churkanmaydur. Zamon ahli bevafoligʻidin koʻksumda tuganlar va davron xayli behayoligʻidin bagʻrimda tikanlar, har qaysigʻa raqam uray desam, Ayub sabri anga vafo etmas va qalam suray desam, Nuh(16) umrida tamomgʻa yetmas. Haq yo alargʻa rahm va insof sari tavassul bergay va bu maxrum jafokashgʻa sabr va tahammul.

Bayt:

Yo marhamat ul xayli sitamkorgʻa bergil,
Yo sabru tahammul meni bechoraga bergil.

Tanbeh (18).

Hilm zikrida

Hilm inson vujudining favoqihligʻ bogʻidur, odamiyligʻ olamining javohirligʻ togʻi. Hilmni havodis daryosida kishilik kemasining langari desa boʻlur va insoniyat mezoni toshigʻa nisbat qilsa boʻlur. Axloq shaxsning ogʻir baholigʻ libosidur va ul libos jinsining sangin debosi. Muxolif nafslar sarsari uchurmoqdin asragʻuvchi va munofiq, bulhavaslar harzasi tundbodi sovurmoqdin saqlagʻuvchi. Haloyiqdin kishiga mujibi ta’zim va e’zoz va akobirdin asogʻirgʻa boisi iltifot va imtiyoz. Necha ulugʻ kishi tamasxur va tiybat qilsa, aning qoshida beshukuh va viqor. Nechakim, musin kishi hazl va xiffat koʻrguzsa, aning qoshida beshavqat va bee’tibor. Ammo davron bogʻining xas va xoshakoyinlari va yeldek besabot va tamkinlari koʻziga hilm ahli ogʻirliqqa mansub va garon jonliq bila ma’yubdurlar. Quyundek tufrogʻni havogʻa sovururlar va sabuksorliq bila boshlarin koʻkka yetkururlar. Togʻ paykorin ayogʻ ostigʻa olmoq oyinlari va dasht ajzosin havogʻa sovurmoq tamkinlari.

Yeldek har eshikdin kirarga orlari yoʻq, oʻtdek otashdonligʻidin oʻzga shiorlari yoʻq. Yel agarchi lola tojin uchurgʻay, ammo qiyo kamarigʻa neta olgʻay. Oʻt agarchi togʻ etagin kuydurgan, ammo quyosh axgarigʻa nechuk yeta olgʻay?

Haqgoʻy qushning tamkin bila zikr ayturi qoshida qarlugʻochning bemalol yangshamogʻi malolat keltirur va mushaf avroqin xirad piri tilovat qilurda laim tiflning yelpugʻuch bila varaqni sovurmogʻi kudurat yetkurur.

Ammo yel agar koʻkka yetsun sabukbordur va bemiqdor va togʻ agar tufroqqa botsunki, sohibviqordur, hilmshior. Aning zimnida, oʻtqa yoqqudek hasu xoshok, munung javfida shoh tojigʻa tikilgudek la’li otashnok.

Bayt:

Ogʻirliq vaznidindur seldin gʻamsiz Hiriy togʻi,
Yengillik fartidin barbod erur qomgʻoq yafrogʻi.

Tanbeh (19).

Tengri doʻstlarining hikoyati va alar axloqining rivoyati afsonasidurkim, uyugʻon koʻnglumni uygʻotur va taronayedurkim, xiraligʻidin qotgan koʻzni yigʻlatur, Yaxshilargʻa erishmak - itni poklar chergasiga qotti va yomonlargʻa qorishmoq - anbiyo avlodin jahannamgʻa uzatti.

Tanbeh (20).

Angakim, yaqin koʻzi koʻrdur, tengri doʻstlarini koʻra olmas. Va angakim tavfiq oyogʻi langdur, tengri yoʻligʻa yugura olmas. Agar kishi podshoh yasogʻligʻidur, ishining ilgari boruri inoyatgʻa bogʻligʻdur.

Tanbeh (21).

Agar haqdin inoyat boʻlsa, qullar quli, shohlar shohi, agar ul qoʻllamasa, olam shayx ush-shuyuxi olam nomai siyohiy. Luqmonki(17), bir qul erdi, hikmat va nubuvvat bila farqin koʻkka yetkurdi. Jolutqa aningdek ming qul erdi, gʻazab va siyosat tigʻi bila boshin yerga tushurdi.

Tanbeh (22).

Mazlumgʻa baxshoyish koʻrguzki, zolimdin osoyish koʻrgaysan. Zerdastlargʻa naf’ yetkur, agar tilasangki, zabardastlardin zarar koʻrmagaysen. Xiradmand muxolafatdin qochar va muvofaqatgʻa muloyamat eshigin ochar. Zanbur gʻavgʻosidin nish mutasavvardur va asal savdosidin noʻsh muyassar.

Tanbeh (23).

Saodatmand ul yigitdurki, shahvat mayli qilmas, besaodat qarinnng ilgidin xud hech ish kelmas.

Tanbeh (24).

Dard ahlining nafasi bir oʻtdurkim, qattiq koʻngulni yumshatur va qurugʻ koʻzni yigʻlatur. Va soʻz ahlining dami bir yeldurki, anoniyat xoshogin sovurur va gʻazab tufrogʻin supurur. Oshiq ishi ajzu niyoz va ishq dalili soʻzu gudoz. Parvonaga kuymak va oʻrtanmak oyin, bulbulgʻa nolau zor va faryodi beixtiyordin qayda taskin? Kecha ishnar qurt zabona ishin qilmas va koʻpalak parvona ishin bilmas.

Bayt:

Kishi oʻzin yasagʻon birla boʻlurmu oshiq,
Subhi kozib yorumas, uylaki subhi sodiq.

Tanbeh (25).

Har nekim, bebaqodur, anga koʻngul bogʻlamoq xatodur. Ulki andin oʻzga borigʻa ma’razi zavoldur. Ul biri bol «lam yazal va lo-yazol»(18)dur, aning ishqin berk tut. Ul boqiydin oʻzga bori foniylarin unut.

Bayt:

Aning ishqin berk tutmoq kerak,
Yana boru yoʻqni unutmoq kerak.

Tanbeh (26).

Majoziy ishqqa bir mahbub boʻlgʻay, aning ishqida behud va magʻlub boʻlgʻay. Haqiqiy ishq beqarori va aning tajalliyoti sadamatining beixtiyori, qalaq va iztirobda anga yarasha kerak boʻlgʻay. Va galabot ham anga oʻxshashi kerak boʻlgʻay.

Bayt:

Sahoning oshiqi chun nola etgay,
Quyoshning holigʻa koʻrkim, ne yetgay.

Tanbeh (27)

Doʻst visolin tilar boʻlsang, oshiq boʻl va agar oʻzlugung bila boʻla olmasang, oshiqlari tegrasigʻa oʻgrul. Ul oʻt shu’lasi agar sanga havasdur, bir sharar sening sori yuzlansa basdur.

Nazm:

Ishq bir oʻtdurki, oning shu’lasidin bir sharar,
Tushsa gardun pardasigʻa oʻrtar andoqkim harir.
Senki, jisming parda toridin dagʻi boʻlgʻay nahif,
Tushsa ul yangligʻ choqin tuzgaymu ul tori haqir.

Tanbeh (28).

Eranlar xizmatigʻa ulki umrin sarf etar, agarchi umri ketar, ammo jovid umrigʻa yetar. Oʻzungni bu zumradin yiroq tutma, boshing borsa bu muddaoni unutma. Umr foniydur bevafo, ul boqiy hayot mujibi baqo.

Nazm:

Eranlar xizmatidin chekmagil bosh,
Agar boshingga gardundin yogʻar tosh
Ki, gar ul tosh bila boshing ushalgʻay,
Saodat xattidur, gar zaxmi qolgʻay.

Tanbeh (29).

Valine’matqa ayb ravo koʻrguvchi piriga murtad muriddur va atosigʻa haromzoda oʻgʻil, Muridgʻa pir va oʻgʻulgʻa ato va xodimgʻa maxdum haqqi andoqdurkim, bandalargʻa qodiri kayyum haqqi.

Masnaviy:

Kimki ato amrigʻa qoʻymas boʻyun,
Pir ila maxdum ishin der oʻyun.
Balki, chekar tengri yoʻlidin ayoq,
Tengri bila oq boʻlar, pirla oq.

Tanbeh (30).

Harkimki, birov bila yordur yoki yorligʻ da’viysi bordur, kerakkim, oʻziga ravo tutmogʻonni yorigʻa ravo tutmasa, koʻp nimakim, oʻziga ham ravo tutsa, anga tutmasa. Bas mashaqqatkim, andin ruhgʻa alam yetar, kishi ani oʻz jismu jonigʻa tajviz etar. Ammo ani yorigʻa taxayyul qila olmas, agar taxayyul qilsa, vahshatidin hayoti qolmas.

Qit’a:

Yor uldurki, har nechakim oʻziga
Istamas, yorigʻa ham istamagay.
Oʻzi istarki, yor uchun oʻlgay.
Ani munda sharik aylamagay.

Tanbeh (31).

Koʻngul badan mulkining podshohidur, anga sihhat, munga ham sihhat, anga tabohi, munga ham tabohi. Pas ulkim, koʻngul mulkining sohib johi boʻlgʻay shohlar shohi boʻlgʻay. Badan saloh va fasodi, koʻngul saloh va fasodigʻa tobe’ va mulk obod va xarobligʻi shoh adl va zulmigʻa roje’. Podshoh - mulk badanining jonidur va koʻngul - badan mulkining sultoni.

Bayt:

Mulk uchun solim keraktur xusravi kishvarpanoh,
Tan uchun ul uzvkim, boʻldi badan mulkida shoh.

Tanbeh (32).

Shohdin ham lutf margʻubdur, ham siyosat matlubdur. Ammo har biri oʻz mahallida xoʻbdur. Bas anga doʻstdin dushmanni farq etarga koʻp mulohaza kerak va farosat va yorni agʻyordin oyirurgʻa koʻp tajriba kerak va qiyosat. Nechukkim, andin borigʻa biym va umid bor, zaruratdurkim, koʻrguzgay oʻzin bandavor. Yaqin boʻlgʻuncha harqaysning haqiqat holi nomunosib umrning bor ehtimoli.

Bayt:

Nogahon gar betaammul sursa bir hukmi anif
Kim, zaif andin qaviy yoxud qaviy boʻlgʻay zaif.

Tanbeh (33).

Oʻkta hukmi birovni qilsa nobud, ul zamon pushaymon boʻlmoq ne sud? Yo mahalsiz birovni qilsa oliy shon, bilgandin soʻng past etsa oʻz sha’nigʻadur ziyon.

Bayt:

Taammul munda vojibdur bagʻoyat
Ki, boʻlmagʻay bu nav’ ish berioyat.

Tanbeh (34).

Podshoh dushmangʻa andoq gʻazab surmak kerakki, doʻst ham andin emin boʻlmagʻay va muxolifgʻa andoq siyosat koʻrguzmak kerakki, muvofiq ham andiq mutmayi qolmagʻay.

Bayt:

Kerakmas muxolifgʻa oncha inod
Ki, qilgʻay muvofiqni bee’timod.

Tanbeh (35).

Fosiq olim donishvaredur oʻz nafsigʻa zolim, gʻaniyi baxil nodonedur, oʻz ziyonigʻa nadim. Bu ikki kishi umr zoye’ oʻtkardilar va goʻrga hasrat va armon olib bordilar. Bir ulkim, ilm oʻrganurga ranj torttiyu amal qilmadi, bir ulkim, mol yigʻargʻa emgak chektiyu sarf qilurin bilmadi.

Qit’a:

Olimekim, ilmi erdi beamal,
Yo gʻaniykim, moligʻa buxl erdi yor.
Oʻldilar yuz hasratu armon bila,
Elga boʻldi ishlaridin e’tibor.

Tanbeh (36).

Yamonlargʻa lutfu karam, yaxshilargʻa mujibi zarar na alam. Mushukka rioyat - kabutargʻa ofatdur. Shagʻol jonibin tutmoq - tovuq tuxmin qurutmoqdur.

Bayt:

Boʻrini koʻzi bila qilgan semiz,
Kiyik jam’u xayligʻadur rahmsiz.

Tanbeh (37).

Ilm oʻrganmak din tavqiyati uchundur, yoʻqki dini jam’iyati uchun. Xayrsiz gʻaniy - yogʻinsiz sahob va amalsiz olim - dobbaki anga yuklagaylar kitob.

Bayt:

Hammol nafis raxt ila gar ursa qadam,
Yoʻq naf’ anga gʻayri muzd birikki diram.

Tanbeh (38).

Baxilning molin asrardin mehnati qattigʻ va hasudning fe’li uyotidin ayshi achchigʻkim, ul oʻz anosidin zalildur va bu oʻz qiligʻidin alil.

Bayt:

Anga molining hifzi ranju ano,
Munga fe’ling zishti dardu balo.

Tanbeh (39).

Kishi molidin nekim bahra oldi aningdekdur, har nekim asradi oʻzganing. Zahmat bila topqoningni oʻzungdin ayama va mehnat bila yiqqoningni doʻstlar bila dushmanlar uchun asrama.

Bayt:

Mol uldurkim, el andin topsa bahr,
Dushman andin topsa tengdur noʻshu zahr.

Tanbeh (40).

Uqalo salotin lutfigʻa e’timod qilmaydurlar va hukamo majonin qavligʻa e’timod, joyiz bilmaydurlarkim ul biri sohibi ixtiyordur va bu biri beixtiyor. Xiradmandgʻa ikkalasidin ehtiroz qilmoq sazovor.

Bayt:

Ul chu sohib ixtiyor oʻldi-yu bu beixtiyor,
Ikkisida jazmu hikmatning xilofi oshkor.

Tanbeh (41).

Har dushvor ishki, mol sarf etmak bila muyassardur - qilmasang jongʻa xatardur, sarfin gʻanimat bil va salomat sori azimat qil.

Qit’a:

Diram bila boʻla olsa zararni qaytarmoq,
Xatodurur kishi ul ishida aylamak ta’til.
Aning panohigʻa kir, tengrini panoh aylab,
Valek ayla bu xayr ish qilurda koʻp ta’jil.

Tanbeh (42).

Har ish kifoyatidakim, saranjomida tashaddud boʻlgʻay va tab’gʻa taraddud, ul jonibni tutkim, emgagi ozroq yuz bergay va ozori kamrak xotirgʻa kirgʻay.

Dunyoga taalluq ishini saxl tut va din ishida sud tasavvuri bila koʻngulni ovut.

Nodon pandida gʻalat muqarrardur va dushman nasihatida firib mutasavvardur. Andin bozi yema va mundin oʻzungga bozi berma.

Bayt:

Xushtur xiradi koʻp el soʻziga kirmak,
Ne boziy yemak xushu ne boziy bermak.

Tanbeh (43).

Nafsdin sanga zulm yetsa, nadomat eshikin och va tengri panohiga qoch. Va tavba etokiga ilik ur. Ul tavba ustida mardona tur.

Qit’a:

Nafsi kofirdin nekim yetgay sanga,
Tavba aylab, tavbada mardona boʻl.
Yoʻl ikidur, jurm birdur, tavba bir,
Ul yoʻq ar bogʻlandi, ochugʻdur bu yoʻl.

Tanbeh (44)

Agar badnafsdin zulm yetsa, shukr vojib bila va tengri hamdin ado qilkim, sen emassen lozim, gar biz ul emasdur mazlum va ojiz. Mazlumluq ibtilosida boʻlgʻon yaxshiroqkim, zolimliq balosida.

Bayt:

Kishi ming zulm agar cheksa kerak boʻlmasa qone’,
Lek bir zulmgʻa ming nav’ kerak anglasa mone’.

Tanbeh (45).

Zamon ahlidin oʻzin sohibdil tutqon, yolgʻon aytur va bedil tutqonning ham soʻzi yolgʻonliq sori qaytur. Nevchunkim, ulki sohibdil, bu da’vo zuhri andin mushkul. Va agar ul kishi zamon ahlining bedilligʻigʻa yuraksizliq mahmil, bu koʻngul sen xayol qilgʻon koʻngul emas. Sohibdil yurakni koʻngul demas.

Bayt:

Ham ani dajjol topib, ham nabi.
Iso ila teng boʻlurmu markabi.

Tanbeh (46).

Lahmi porai sanubari agar koʻnguldur, sanubardek sohibdil topilmas va agar bu qon bogʻlagʻon gʻuncha paykari koʻnguldur, bahorda gulbundek purdil kishi taxayyul qililmas. Ammo bularni koʻngul demak sazovor emas va koʻngul soʻzu dardi bularda padidor emas. Koʻngul ma’rifat bogʻidin va vahdat rayohinining esgan nasimidur va ruhoniyat gulnstonidin oshnoliq gullariniing shamimidur. Husn malohatin idrok qilgʻuvchi ham koʻngul va ishq oʻti yolinigʻa yoqilgʻuvchi ham koʻngul. Xoʻblar husni tuzigʻa kabobligʻ qilgʻuvchi ham ul va jamol latofati ganjigʻa xarobligʻ qilgʻuvchi ham ul.

Ishq mulki obodligʻi aning ashki selobidin va shavq shabistoni yorugʻligʻi tobidinkim, ahli dillar koʻngli bu ishq shu’lasi nuridin va ul shu’la nuri sururidin ayrulmasunlar va riyoyi zuhd xayligʻa qotilmasunlar.

Bayt:

Meni bedilgʻa, yorab bu koʻngulni tutqil arzoni,
Oni mendin ayirma, dagʻi mensiz tutmagʻil oni.

Tanbeh (47).

Ul koʻngulgakim, qattigʻ soʻzdin reshdek boʻlgʻay, achchigʻ til zahrolud neshdek boʻlgay. Koʻngulda til sinoni jarohati butmas, anga hech nima marham yerin tutmas. Har koʻngulki, til sinonidin jarohatdur ham yumshoq soʻz va shirin til anga marham va rohatdur. Muloyim takallum vahshiylarni ulfat sari boshqarur, fusungar afsun bila yilonni toʻshukdin chiqorur.

Bayt:

Husnu jamolsiz kishi shirin kalom etsa
Sayd aylar elni nukta fasohat bila desa.

Tanbeh (48).

Tilga ixtiyorsiz - elga e’tiborsiz! Harzagoʻykim, koʻy takallum surgay, itdekdurkim, kecha tong otquncha hurgay. Yamon tillik andoqkim, el koʻngliga jarohat yetkurur, oʻz boshigʻa ham ofat yetkurur. Nodonning muvahhish harzagʻa boʻgʻzin qirmogʻi - eshakning jihatsiz qichqirmogʻi. Xoʻshgoʻykim, soʻzni rifq va musovo bila aytgʻay, koʻngulga yuz gʻam keladurgʻon boʻlsa, aning soʻzidin qaytgʻay. Soʻzdadur har yaxshiliqni imkoni bor, munda debdurlarki, nafasning joni bor. Masihokim, nafas bila oʻlukka jon berdi, goʻyo bu jihatdin erdi.

Makruheki, harzasi tavil va ovozi karihdur, oʻzi savti bila qurbaqagʻa shabihdur. Ahli saodatlar ruhbaxsh zuloligʻa manba’ ham til, ahli shaqovatlar nahs qavqabigʻa matla’ ham til. Tiliga iqtidorligʻ -hakimi xiradmand; soʻziga ixtiyorsiz - laimi najand. Tilki fasih va dilpazir boʻlgʻay - xoʻbroq boʻlgʻay, agar koʻngul bila bir boʻlgʻay.

Til va koʻngul xoʻbroq a’zodurlar insonda; savsan va gʻuncha margʻubroq rayohindurlar boʻstonda. Odame til bila soyir hayvondin mumtoz boʻlur va ham aning bila soyir insongʻa sarafroz boʻlur. Til muncha sharaf bila nutqning olatidur va ham nutqdurki, agar nopisand zohir boʻlsa, tilning ofatidur. Ayn ul-quzot til sharafidin Masih guftor boʻldi va Husayn Mansur til sur’tidin dorgʻa sazovor.

Bayt:

Har necha biymi hajr soʻzi oshiq oʻlturur,
Vuslat bashorati yana jismigʻa jon berur.

Tanbeh (49).

Tildin azubat dilpisanddur va liynat sudmand. Chuchuk tilki, achchigʻliqqa evruldi, zarari om boʻldi, qandniki, muskir boda qildilar, harom boʻldi. Chuchuk soʻz sof koʻngullargʻa qoʻshdur, barcha atfol tab’igʻa muloyim halvofurushdur.

Bayt:

Xush soʻzga kim oʻlsa mastu behush,
Sharbat aro zahrni qilur noʻsh.

Tanbeh (50).

Harkimki, soʻzi yolgʻon, yolgʻoni zohir boʻlgʻoch uyolgʻon. Yolgʻonni chindek aytquvchi suxanvar - kumushni oltun roʻkash qiluvchi zargar. Yolgʻon afsonalarda uyqu kelturguvchi, yolgʻonchi uyquda takallum surguvchi. Yolgʻon aytguvchi gʻaflatdadur. Soʻzning asnofi bagʻoyat choʻqdur, yolgʻondin yamonroq sinfi yoʻqdur.

Ulki yolgʻon bila sarfi avqot etgay, anga bu yamon kelmagay yana mubohot etgay. Agar mustami’inni gʻofil topqay, yolgʻonin chingʻa oʻtkarsa maqsudin hosil topqay. Zihi tengrigʻa yamon banda, ne tengridnn, ne xalqdin sharmanda. Mundoq nahsning chun erur yuzi yamonliq sari, bu nuhusatshior qutluq uydin tashqari.

Bayt:

Ul kishini qutluq evdin tashqari surmak kerak,
Qutluq ev dunyo durur, ya’inkn oʻlturmak kerak.

Tanbeh (51).

Birovkim, yolgʻon soʻzni birovga bogʻlagʻay, oʻz qaro boʻlgʻon yuzin yoqlagʻay, kabira gunohdur. Oz soʻz hamki oʻtrukdur zahri muhlikdur - agarchi miqdori oʻksukdur.

Bayt:

Zahrning oz esa miqdori dogʻi muhlikdur,
Ignaning noʻgi zaif ersa dogʻi koʻr qilur.

Tanbeh (52).

Ulki, soʻzni bir yerdin yana bir yerga yetkurgay, elning oʻtgan gunohini oʻz boʻynigʻa indurgay. Nammomliq chin soʻzga mamnu’dur. Agar zuhur etgay - xayol qilki, yolgʻon soʻzga ne yetgay. Soʻz terguvchining agar ulugʻi, agar kichigi - balki erurlar tamugʻ oʻtining tutrugʻi.

Bayt:

Kim soʻzni terib aytguvchi ogʻzigʻa bergay,
Molik ani doʻzax oʻtining dudigʻa tergay.

Tanbeh (53).

Ulki, juz quvvat da’visi izhor qilmas, goʻyoki, haqning qaviy ul-matin erkanin bilmas. Odameki, quvvat xayolin koʻngliga kechirur-tufrogʻedurkim, yel urgʻoch uchurur. Dunyo dor ul-havodisdur va anga koʻngul bogʻlamoqqa gʻaflat boisdur. Olam umrdek bevafodur va aning davlatigʻa e’timod qilmoq xato.

Tanbeh (54).

Umrning bukun tonglaligʻi mafhum emas, balki bu kun axshomgʻacha ne boʻluri ma’lum emas. Bashar xayli dori baqogʻa ahli azimatdur va tiriklik bir necha kun gʻanimatdur. Bu dori fanoni besh kun gʻanimat bil va dori baqoning uzun yoʻli yarogʻin qil. Ul yoʻl yarogʻi solih amaldur, andin soʻngra e’timod haq lutfigʻa izzu jull. Amaleki, tengri qabuligʻa shoyistadur ham tengri tavfiqiga vobastadur. Amalgʻa ham e’timod qilurdin kech, aning fazlu karami boʻlmasa ilmu amal hech.

Tanbeh (55).

Qush to tamannoyi xomgʻa tushmas sayyod ilgida domgʻa tushmas va anga to ajal qafasi eshigi ochilmas, sayyod domu donasigʻa mayl qilmas.

Tanbeh (56).

Salotin dargohidin yiroq va xavoqin bazmgohidin qiroq, balki tegrasiga yovumagʻon yaxshiroq. Bulardin qochgʻilkim, «alfiroru mimmo loyutoq»(19). Birovkim, har ne koʻngli tilasa qila olgʻay, anga oʻz ixtiyori bila yaqin borgʻon - oʻzini oʻzi balogʻa solgʻon. Royi tutsa ayblar olida hunar va har shoyista xunar qoshida aybdin batar. Mundoq maxdum xizmatin ixtiyor qilgʻon mardaki har. Kishi manfaat uchun sher asrarmen degaymu va xosiyat topar umidgʻa zahr yegaymu? Salotin xizmatigʻa jur’at koʻrguzmak, oʻz rishtai hayotin uzmoqdur va ogʻuni icharga surmak va alargʻa taqarrub tilamak oʻz qatligʻa balo tigʻin biylamakdur.

Kulmaklarida choqin hukmi bor, yorugʻlugʻi bee’tibor va kuydurmagi vujuddin qoʻymas osor.

Qit’a:

Choqin yorugʻligʻi maddi samodin arzgʻacha,
Zamoni tuli iki lafz oʻqurgʻacha yetmas.
Vale ne yergaki tushti qatigʻ va gar yumshoq,
Berib ani suvgʻa to yetmagay qaror etmas.

Tanbeh (57).

Hukamokim, salotin holi kayfiyatin bilibdurlar, alarni oʻtqa tashbih qilibdurlar. Oʻt naf’ yetkurur yiroqtin, andin muntafe’ boʻlmoq avlo qiroqtin. Otashgoh oʻti qiroqdin naf’ yetkurur, ichiga tushganni filhol kuydurur. Anga yovumoq nomunosibdur va andoq balodin hazar vojib.

Bayt:

Oʻtdin isinurgʻacha ovuch och,
Kuydurgudek anglasang keyin qoch!

Tanbeh (58).

Podshohlar zikrida

Ba’zi karim podshohlar zikrida axloq va burdbor podshohi oliy miqdori komkor daryoyi madhigʻa botibdurlar va ani koʻprukka oʻxshatibdurlar. Bu ma’ni bilakim, koʻpruk maxluqotning xasis va sharif yukin koʻtarur. Alarni suv zahmatidin va bolchigʻ mashaqqat va gʻilzatidin oʻtkarur. Va ba’zikim, tavajjuh andeshagʻa qilibdurlar, aning nisbatin beshagʻa qilibdurlar. Bu munosabat bilakim, barcha anvo’i hayvon va inson va bahoyim va sibo’, balki nomahsur vuhush va tayurgʻa panoh va oromgoh berur, yemak va ichmaklaridin yetkarur. Va ba’zikim, naf’in om va in’omin fosh debdurlar, bu hosiyatlarda oni quyosh debdurlar, ya’ni shahr va biyobonni ravshan etar va vayron va obodqa andin yorugʻlugʻ yetar. Va ba’zikim, rafi’ va nofe’ va falaki janob debdurlar. Bu munosabatlar bila oni sahob debdurlar, ya’ni qaro tufroqqa durrlar sochar va nishlik tikondin gullar ochar. Va ba’zi turk hukamosi va bu qavm oqilu donosi oʻz tavrlari birlaki, kalom surubturlar oni boʻz kiyizga oʻxshata masal urubturlar, ya’ni suvdin va tufrogʻdin yuziga ne kelsa tahammul qilur, ya’ni oʻziga singirur. Agar nish ursalar va choʻkur sanchsalar suvurgʻondin soʻng yuziga asar yetkurmas, ya’ni oʻziga kelturmas. Va agar ikki muxolif jamoat har qaysi bir taraf tortsa, har sori ul jamoat munosabati mayl qilur, ilik tortsalar yana oʻz holigʻa koʻra yigʻilur. Yana hamki, vasfi ajnosin bir-biri ustiga teribdurlar munosib nimalargʻa nisbat beribdurlar. Ammo soʻz ixtisori jihatidin tatvil vahmidin nukta uzotilmadi va soʻz koʻprak aytilmadikim, bu mazkur boʻlgʻoncha yuz odil salotin sifatida bor va barchada zikr qilgʻoncha ming birning podshohimiz zotida taammul qilgʻon toparki, Haq subhonahu va taolo mazkur boʻlgʻon salotingʻa to tufrogʻ hazizida qaror bergay. Anga sipehri saltanat avjida mador nasib qilgʻay to sinuqlar ishi andin butgay va yiqilganlargʻa andin dastgirlik yetgay. Omin, yo rabil-olamin.

Bayt:

To qamardur, otigʻa na’l oʻlsun,
Quyoshdur, boshigʻa la’l oʻlsun!

Tanbeh (59).

Yolgʻonchi - unutquvchi va taammul va ehtiyot yoʻlidin kanora tutquvchi. Har kimki, soʻzi chin boʻlmagʻay, rostlar koʻnglida ul soʻz qabuloyin boʻlmagʻay. Yolgʻonchi soʻzin bir ikki qatla oʻtkargay, oʻzga netgay? Yolgʻoni zohir boʻlgʻondin soʻngra anga rasvoligʻ yetgay va soʻzi e’tibori el koʻnglidin ketgay. Koʻngul maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin soʻz bil.

Bayt:

Koʻngul holati soʻz degach bilgurur .
Ki, maxzanda dur yo sadafrezadur.

Tanbeh (60).

Chin soʻz - moʻ’tabar, yaxshi soʻz - muxtasar. Koʻp deguvchi - mumil, mukarrar deguvchi - loya’qil. Aybjoʻy - ma’yub, aybgoʻy - manqub. Tuz koʻrguvchi - pok nazar, hunar koʻrguvchi - rost basar. Ulkim, dimogʻida habt - soʻzida yoʻq rabt. Dimogʻi sahih - guftori fasih. Soʻzi hisobsiz - oʻzi ihtisobsiz. soʻzida parishonliq, oʻzida pushaymonliq. Soʻzki, fasohat zevaridin muzayyan emasdur, anga chinliq zevari basdur yolgʻonchi har necha soʻzida fasihroq, soʻzi qabihroq. Chin soʻz nechakim betakalluf, qoyilgʻa iborat sodaligʻidin yoʻq taassuf. Gulga yirtuq libosdin ne ziyon, durgʻa badshakl sadafdin ne nuqson. Yolgʻon soʻz juz nazmda nopisand va aning qoyili noxiradmand.

Bayt:

Soʻz ichraki yolgʻon erur nopisand,
Chu nazm ettilar qildi dono pisand.

Tanbeh (61).

Nodon - eshak. Balki eshakdin ham kamrak. Eshakka har ne yuklasang koʻtarur va qayon sursang ul yon borur, aql va tamiz da’viysi yoʻq. Bermasang ochdur, bersang toʻq. Zabunedur borkash, xorkash, balki anborkash. Nodon bu sifatlardin mubarro, zoti bilik hulyasidin muarro. Ishi gʻurur va takabbur, xayolida yuz fosid tasavvur. Bari muhmali oʻziga xoʻb, barcha makruh fe’li oʻz qoshida margʻub, koʻnglida elga yuz ozor xayoli va jahlidin ulusgʻa ming zarar ehtimoli. Eshak unidin quloqqa ozordur, andin oʻzga ne aybi bordur. Tegirmondin uyungga un kelturur, ani pishururga yozidin oʻtun kelturur. Mashaqqati minnatsiz va suubati kulfatsiz. Nodonni eshak degandin mutagʻayyir, eshak qoshida yamon va yaxshi degan bir.

Bayt:

Birida muncha hunar, ul birida muncha uyub,
Qaysining xoʻb ekanin ahli xirad bilgay xoʻb.

Tanbeh (62).

Shariat - jodayedur tuz, anda xoh kecha yuru, xoh kunduz. Sirotedur, bagʻoyat mustaqim, anda oziqmoqdin ne vahm va ne biym. Har kimki, ul yoʻlgʻa odim boʻlgʻay, iki jahon saodati anga mulozim boʻlgʻay. Andin chiqqan itti, tuz borgʻon maqsadgʻa yetti. Har solikkim, maqsadgʻa yetibdur, bu yoʻldin chiqmay ketibdur. Oziqib chiqqan, aytibdur, bu sirot istiqomati anga dast berdi «Fastaqim kama umirta»(20). Ma’muri ul erdi, qildin inchka, qilichdin itik yoʻldur. Har kim bu yoʻlni mardona qat’ qilsa, er uldur! Angakim, siroti must taqimdin abur boʻlmas, nasibi jannatda kavsar va hur boʻlmas.

Bayt:

Jodaye shar’ bilakimki, oʻzin tuz qildi,
Davlati sarmad anga har soridin yuz qildi.

Tanbeh (63).

Fosiqi benadomat - shum, qiladurgʻoni saodat ahligʻa mazlum. Zuhdu fisq elga taqdiri Yazdondindur, ammo ikkalasini birdek qoʻrmak nodondindur. Taqvoyiga shukr kerak va isyonigʻa uzr. Va nadomat budur tavfiq ahligʻa alomat. Har fisqkim, pushaymonliq oʻtin yorutqay, ul oʻt tardomanliq oludaligʻin qurutqay. Jurm e’tirofigʻa uzr - tavfiq nishonasi va zuhd gʻururidin takabbur - shayton fasonasi. Bu zuhd shayxi xudpisand ishi, ul uzr rindi niyozmand ishi. Bu biri umidi jovidgʻa sarmoya va ul biri maisi muabbadgʻa piroya.

Masnaviy:

Har zuhdki, ujb anga erur zam,
Koʻnglum haramigʻa qilma mahram.
Har fisqi, uzr anga erur yor,
Ul yon meni moyil ayla zinhor.

Tanbeh (64).

Yamon qiligʻliq badxoʻy va bot achchigʻliq turshroʻy bir balogʻa giriftordur va bir ibtilogʻa mubtalokim, har yon borsa andin qutulmas va har sori qochsa xalos boʻlmas. Gʻolib dushmanedur - doim oʻzi anga magʻlub, qohir aduvedur - hamisha vujudi anga mankub.

Tanbeh (65).

Kulagach yuzluk xush axloqkim, nifoq kuduratidin boʻlgʻay yiroq, gulshani bihisht erur jilvagoh va maqomi va firdavsi a’lodur taharruk va oromi. Ochuq yuzidin xaloyiqqa nishot va chuchuk soʻzidin ulusgʻa inbisot. Mardumluq bila koʻngullarga mahbub va insoniyat bila jonlargʻa matlub. Osuda andin yoru agʻyorki, mundoq kishi boʻlsun umridin barxurdor.

Masnaviy:

Yuzidin koʻngullarga ayshu tarab,
Soʻzidin badanlargʻa daf’i taab.
Ochugʻ chehrasi toza guldin nishon,
Hadisigʻa bulbul boʻlub jonfishon.

Tanbeh (66).

Dushman gʻururidin gʻam yema va maddoh xushomadin chin demakim, aning gʻarazi oʻz maqsudigʻa komdur va munung maqsudi sendin muhaqqar in’om. Agar ikkalasiga iltifot qilmasang va qabulin lozim bilmasang, ul oʻz qasdi ijrosidin muattal va tadbiri muhmal boʻlur va munung madhi hajvgʻa mubaddal boʻlur.

Masnaviy:

Birisiga gʻaraz oʻz muddaosi,
Birisi qasdi in’om iltimosi,
Chun sendin topmadilar hech parvo,
Biri xasmu biridur hajvoro.

Tanbeh (67).

Muvahhish xabarni chindur deb doʻstgʻa yetkurma va birovning aybi voqe’ boʻlsa yuziga urma. Qoʻygʻilki, ul chin xabarni dushman yetkursun va tahammul qilki, ul ayb mojarosin aduvsi sursun.

Nazm:

Ne soʻzdinki, yetgan birovga gʻubor,
Ne lozimki, sen qilgʻasen oshkor.
Qoʻyaberki, qilsun ayon dushmani.
Ki, bordur adovat aduvning fani.

Tanbeh (68).

Xiradmand uldurkim, yolgʻon demas, ammo barcha chin deguluk ham emas. Birovki koʻzi ahvaldur, chun xilqati xoliqdindur - anga ne madhaldur. Bu soʻzni aning yuziga qilmoq izhor bartaqdirki, chindur, ammo ne lutfi borki, haq sun’igʻa e’tirozdur va nohaq birovga xijolat va oʻzungga nodonliq izhoridur va bir koʻngulga malomat. Bu nav’ vahshatangiz chindin boʻl yiroqki, muloyamatomiz yolgʻon andin yaxshiroq.

Bayt:

Yolgʻon oʻlsa muloyamatomiz,
Vahshatangiz chindin angla aziz.

Tanbeh (69).

Bashar jinsigʻa oʻz xatosi dilpazirdur va mardud farzandi noguzir. Yamon she’rdekkim, tab’ zodasidur, ikkalasi bashar tab’i natijasidur va moddasi. Agar mankub boʻlsun yo margʻub, oʻziga koʻrungusidur mahbub. Oqil bu tariyqin shior qilmas va yaxshi-yamonni haq ortuq va oʻksuk bilmas.

Masnaviy:

Yamon-yaxshini tengridin anglagʻil,
Yamonni yamon, yaxshini yaxshi bil.
Yamonni agar yaxshi qilsang gumon
Erur yaxshini ham degandek yamon.

Tanbeh (70).

Qanoat - istigʻno sarmoyasidur va sharaf va izzat piroyasidur. Muflisi qone’ - gʻaniy va shohu gadodin mustagʻniy. Tama’ mazallatgʻa dalil va gʻaniyi tome’- xoru zalil. Tama’ bila ulkim ola olur va olmas, bu adami tama’ hech saxovatdin qolmas. Bu nav’ saxo ahli karimdur va tama’ xayli laim.

Bayt:

Xorligʻlar boshi tama’ bilgil,
Doimo «azza man qana’»(21) bilgil.

Tanbeh (71).

Borligʻki, lutfu karami om boʻlgʻay, yoʻxsulliqda anga barcha eldin kom boʻlgʻay, kom boʻlsa, bore xijolat boʻlmagʻay va el sarzanishidin malolat bore boʻlmagʻay.

Bayt:

Chu daf’i xijolat erur komcha,
Nadomat noʻqki eldin in’omcha.

Tanbeh (72).

Bot muyassar boʻlgʻon kechga tortmas va oʻkmak bila bahosi ortmas. Safol choʻchak har doshdin ming chiqar, qiymati bir diramdin ortuq emas va kunda yuz sinsa kishi hayf demas va taassuf yemas. Chiniy ayogʻ qiymati yasarda suubatigʻa koʻradur, asramoqda ehtimom qiymatigʻa koʻradur. Quymati oz - hurmati oz.

Bayt:

Qayu mato’kim oz voqe’ oʻlsa qiymat anga,
Erur muvofiq aning qiymaticha hurmat anga.

Tanbeh (73).

Sabr bila koʻp bogʻligʻ ish ochilur, ishda oshuqqon koʻp toyilur, koʻp toyilgʻon koʻp yiqilur. Ishda oshuqmoq yosh oʻgʻlon ishidur, sabr bila ish qilguvchi tajribaligʻ ulugʻ yoshligʻ kishi ishidur.

Bayt:

Har kimsaki aylamas oshuqmogʻni hayol,
Yafrogʻni ipak qilur, chechak bargini bol.

Tanbeh (74).

Razli daniykim, hazl qiligʻi boʻlgʻay, kuldurmak uchun tobonning qichigʻi boʻlgʻay. Fasaqa xaylida muqallideki, gʻarazi el kulgusidur, goʻyo fohishai qahbaning koʻrganni koʻrguzgan koʻzgusidur. Rakik hazl ishtigʻolikim boʻlgʻay birovning mujibi infioli yomonlargʻa shiordur va yaxshilargʻa, andin ordur.

Mutoyabaki, boisi inbisot boʻlgʻay, xushturki, mujibi farah va nishot boʻlgʻay. Adosida rakik guftor yoʻq, birovga andin xijolat va ozor yoʻq. Ul zarofat va ibbhatdur, andinki oʻtti safohat.

Bayt:

Tiybat xush erur boʻlsa daqoyiqdin anga zeb,
Chun boʻldi safohat netar ul soʻzni kishi deb.

Tanbeh (75).

May ichmak nahy erur tengri qavli, har hol bila aning tarki avli. Oshkor va koʻp ichmagi nosoz, sharti maxfiy ichmakdur va oz. Oz ichmagi hikmatqa dol maxfiy ichmagi xush ahligʻa xisol. Yaxshi ichmagi xilqati solim elga hol, mutlaq ichmagi ofiyatqa maol.

Ulki «umm ul-xabois»(22) boʻlgʻay, anga shefta boʻlmoqqa ham ummi xaboisi bois boʻlgʻay. Yamonroq ichguchi anga magʻlubroq, har necha yamonligʻi zohir boʻlsa aning qoshida mahbubroq. Badmastqa damodam ichmogʻidin ne bahrkim, odamiyligʻ qatligʻa ichar qadah-qadah zahr. Har oqshom usruklardin xorij tarona, telba itlar ulushqondin nishona. Mastlar orasida bir hushyor - xushyorlar orasida bir mast hukmi bor. Manhidur ulki oshkor toat etgay, oshkor ma’siyatgʻa koʻrkim ne yetgay.

Bayt:

Kimgakim haq roʻzi aylabdur tariyqi ofiyat,
Oshkoro aylamas ne toatu ne ma’siyat.

Tanbeh (76).

Koʻp deguvchi, koʻp yeguvchi - tomugʻ toʻriga oshuqub ketguvchi. Demakka mash’uf va yemakka magʻlub - hikmat sharafidin mardud va maslub. Hasud bemor, balki muhlik marazgʻa giriftor. Fosiq va xammor - ziyonzada va ziyonkor. Gʻiybat deguvchi - najosat yeguvchi. Afyuniyu bangi - odamiylar nangi. Tome’ umri zoye’ va malolati shoye’. Er kishi koʻp yasansa beva boʻlgʻay, bu sifat zuafogʻa sheva boʻlgʻay.

Bayt:

Er kishiga zebu ziynat - hikmatu donishdurur,
Yaxshi kiymak birla xotunlargʻa oroyishdurur.

Tanbeh (77).

Qarikim, qilgʻay ra’noliq - tifledurur noboligʻ. Kichik yoshlargʻa ulugʻlar harakoti anga dalildurkim, ne akli boʻlgʻay, ne uyoti. Qarikim, saqolin vusma bila boʻyagʻay, yigitdekdurkim, ani gulob bila yuvgʻan. Muflis burch olsaki bazl qilgʻay, saqol orasta qilurkim, hazl qilgʻay. Agar burchigʻa sud ortar, oʻz boʻynin bogʻlab zindongʻa tortar. Er kishikim, koʻp yasangʻay, xirad ahli aning aqlidin oʻsangʻay.

Ruboiy:

Iyd oqshomi tifl ilgida chapu rost hino,
Yo shohidi shoʻx egniga xazzu debo.
Shoistadurur qari bajuz dalqu aso,
Koʻrguzsa saqoligʻa kularlar uqalo.

Tanbeh (78).

Gʻaniygʻa chapon kiymak andoqdurkim, muflisgʻa atlasu katon kiymak.

Hoʻb yirtuq toʻn bila ham hoʻb, gul yamogʻliq chaponi bila mahbub.

Zuhal biyik maqom bila mehri xovariy boʻlmas, dev bihisht hullasin kiygan bila pari boʻlmas.

Kampir haram nozanini boʻlurmu, kaftor gʻazolai Chin boʻlurmu? Qari qahba gulgunau vusma bila yuzu qoshligʻ -buzuq mafsaqadur, shingarf va zangor bila naqqoshligʻ. Xojakim, bibi borida dodakka aylangʻay, bibining iffat etagi kulgʻa bulgʻongʻay.

Bayt:

Kishigʻa boʻlmasa oʻz sha’niga shoyista sifot,
Qilmasun ayb oʻzidekdin dogʻi andoq harakot.

Tanbeh (79).

Nodongʻa soʻz demak aygʻogʻdur va koʻp demagi yoʻrtogʻdur. Oz demagi nosih va demamagi - muslih. Elning maxfiy aybin paydo qilmoq - oʻzin bee’timod va oʻzidekni rasvo qilmoqdur. Yoʻqkim, oʻzidekni rasvo qilmoq va oʻzining ham bu nav’ aybin oshkoro qilmoqdur.

Bayt:

El aybini ayturgʻa birovkim, uzatur til,
Oʻz aybini fosh aylagali til uzotur, bil.

Tanbeh (80).

Ilm oʻqub amal qilmagʻon, yerni shiyor qilib tuxum solmogʻongʻa oʻxshar yo tuxum solib, mahsulidin bahra olmagʻongʻa.

Bayt:

Ilm oʻqub qilmagʻon amal maqbul,
Dona sochib koʻtarmadi mahsul.

Tanbeh (81).

Usruk soʻziga hikmat muxolifi javob xiradmand ishi emas va telba ramzigʻa aql muqtazosidin oʻzga xushmand nukta demas.

Masnaviy:

Kishiga necha kelsa mushkul hol,
Hikmatu aql anga erur hallol.
Kesak otqongʻa chekar yumruq,
Toʻni yirtuq durur, saqoli yuluq.

Tanbeh (82).

Mushfiq nosih soʻzin eshitmagonning sazosi taassufi mukaddardur va oʻziga nosazo demak.

Bayt:

Xiradmand pandini koʻrgan achigʻ,
Soʻngida pushaymonligʻi ne asigʻ.

Tanbeh (83).

Hunarmand qoshida behunar ilik tebratmasa, ayb tuhmatin anga taqar. Itolguga tugʻdorining kuchi yetmasa, songgʻi bila ani bulgʻor.

Bayt:

Baso ojizki xasm ostigʻa yotmish,
Ogʻiz suyin aning yuziga otmish.

Tanbeh (84).

Sayyodning baliqqa shast solmogʻi nafs muddaosi uchundur va baliqning ham qarmoqqa giriftor boʻlmogʻi ju’ balosi uchun.

Bayt:

Boʻldi sayyodgʻau saydgʻa nafs orzusi qayd,
Yoʻqsa ne ul edi sayyod, ne bu erdi anga sayd.

Tanbeh (85).

Oz demak hikmatqa bois va oz yemak sihhatqa bois. Ogʻizgʻa kelganni demak nodon ishi va olligʻa kelganni yemak hayvon ishi.

Bayt:

Koʻp demak birla boʻlmagʻil nodon,
Koʻp yemak birla boʻlmagʻil hayvon.

Tanbeh (86).

Gʻolib dushman zabuning boʻlsa shod boʻlma va ishi andishasidin ozod boʻlmakim, siyosatida tahammul vojibdur va rioyatida taammul.

Bayt:

Dushman rajou xavfi desangkim, fan oʻlmagʻay,
Andoq tirilki, kimsa sanga dushman oʻlmagʻay.

Tanbeh (87).

Olimki, johilni muqobalagʻa kelturub, ilzom qilmogʻi havas boʻlgʻay, aning oʻziga ushbu ihonat-oʻq bas boʻlgʻay. Olim kerakki, oʻz ilmining poya va miqdorin asragʻay, gavharni imtihon uchun toshqa urmagʻay.

Bayt:

Xoragʻa har kishikim, durri saminni urgʻay,
Xirad anglarki, qayu biri birini sindurgʻay.

Tanbeh (88).

Gavhar balchiqqa tushgan bila qiymati ushalmas va oʻz bahosidin qolmas. Eshak munchogʻin tojgʻa tikkan bila firuza yerin tutmas va hech kim aning kam baholigʻini unutmas.

Qit’a:

Zevar bila shakli xoʻb boʻlmas,
Har qizki, erur yomon liqoligʻ.
Harnecha qorongʻu boʻlsa hujra,
Sham’ anda boʻlur fuzun ziyoligʻ.

Tanbeh (89).

Qobilgʻa tarbiyat qilmamoq zulmdur va noqobilgʻa tarbiyat - hayf. Ani adami tarbiyat bila zoye’ qilma va munga tarbiyatingni zoye’ qilma.

Qit’a:

Qobilgʻa tarbiyat erur ul nav’kim, guhar
Tushsa najosat ichra yugʻay kimsa ani pok.
Gar it uzumigʻa kishi may birla bersa suv,
Bu tarbiyat bila qila olgʻaymu ani tok.

Tanbeh (90).

Hazlgʻa shuru’din behurmatligʻ ortar va hazlning nihoyati jidolgʻa tortar. Koʻp lahv hayo pardasin chok etar va adab va hurmat ahlin bebok. Qila olgʻoncha ta’zim va adab binosin yiqma va hayo va hurmat xilvatidin tashqari chiqma.

Ruboiy:

Iymongʻa erur nishon hayo birla adab,
Hurmat bila ta’zim saodatqa sabab.
Hayovu muaddab angakim, boʻlsa laqab,
Maqsudigʻa kech yetsa ajab, angla ajab.

Tanbeh (91).

Fosiq bari millatda nodondur va pokravlar orasida nodonroq. Fisq bari tariyqda yomondur va porsoliq ilbosida yomonroq. Ne elga yorsen - oʻzungni ul nav’ tuz, nechukki borsen - oʻzungni andoq koʻrguz.

Masnaviy:

Hayovu adab birla tuzgil maosh,
Yana ayla ta’zimu hurmatni fosh.
Ne el yeri boʻlsang, alar rangi boʻl,
Nechuk bor esang, tutqil ul sori yoʻl.

Tanbeh (92).

Sahvu xato bashariyat lozimidur. Xato va sahvin anglab mutanabbih boʻlgʻon, saodatmand odamiydur. Xatosin zoyil qilur, ulki e’tirof sari qaytgʻay, va muzoaf qilur, ulki dalil ijro qilib harza aytqay. Mubolagʻasi necha koʻprak - sahvi pandoroq va mukobarasi necha ortuqroq - oʻzi elga rasvoroq.

Masnaviy:

Xatogʻa tadoruk nedur bexilof,
Ayon qilmoq oʻz saxvigʻa e’tirof,
Vagar qilsa sahvigʻa ijro dalil
Ki, yaxshidur aylar iki oncha bil.

Tanbeh (93).

Har gʻaniyki tirikligida ehsonidin koʻngullarni shod qilmagʻay, oʻlganidin soʻng ani kimsa duo bila yod qilmagʻay. Ehson tiriklikda yaxshi otdur, oʻlgandin soʻng doʻzax azobidin najot.

Qit’a:

Kishida barcha axloqi hamida,
Chu jam’ oʻldi qoʻyarlar otin ehson.
Biri andin saxodur, bir muruvvat,
Bular gar yoʻqtur, inson ermas inson.

Tanbeh (94).

Baxilning andoqki, bugun topqoni zaxira boʻlgʻay, tongla qabri ham bu kungi maoshi uyidek tiyra boʻlgʻay. Zuhdu taqvo barcha vaqtda dilpisanddur, yigitlikda dilpisandroq. Tavba va istigʻno hama vaqtda sudmanddur, qariliqda sudmandroq.

Hilmu hayo ahli har yerda arjumanddur, ulugʻlar nazarida arjumandroq. Yaxshiliq va yomonliqni kim qildikim, jazo koʻrmadi. Saloh va fasod tuxmin kim ektikim, oʻrmadi.

Bayt:

Yaxshiliq tuxmin sochgʻilkim, budur dehqongʻa soʻz
Harnekim, ekting bugun, borin hamon tut oni koʻz.

Tanbeh (95).

Izzat ahliki mazallatqa tushti san’at ilgi yoʻqturu va savol tili. Anga tarahhum qilmoqni gʻanimat bil va ilgingdin kelgancha ehson qil. Yigit gadokim, bel ura olur va oʻtun tashimogʻni bilur, anga nima bergan tengri molin zoye’ qilur.

Tanbeh (96).

Zarbaft kisvatligʻ dunyoguzin najosat ustidagi iltirogʻuchi chibin. Muttaqii pokrav masjidda moʻ’takif boʻlgʻon chogʻi mushaf avroqi orasida gul yafrogʻi.

Masnaviy:

Biri bayt ul-harom ichra farishta,
Biri dayr ichra shayton barcha ishta.
Ne hojat sharh qilmoqliq tafovut
Ki, baytullox dindur farqi sobut.

Tanbeh (97).

Bilmaganni soʻrub oʻrgangan olim va orlanib soʻramagan oʻziga zolim. Oz-oz oʻrganib dono boʻlur, qatra-qatra yigʻilib daryo boʻlur. Oʻrganurdan qochgʻon lavand va yuziga hiyal va bahona eshigin ochgʻon tanand. Emgak tortib ilm oʻrgangan xiradmand.

Bayt:

Ilmdi oriy ulusning johili xudkomasi,
Oʻrganurga jiddu jahd etgan jahon allomasi.

Tanbeh (98).

Gadozodai xiradmand - akobir hamrozi, gʻaniyzodai lavand -arzol damsozi. Ul ilmu donish yuzidin salotinni qilib hojatmand, bu jahl va inod fartidin xaloyiq qoshida nopisand.

Qit’a:

Baso yagonai mufliski mulk sultoni
Ulum mas’alasida erur anga muhtoj.
Baso jaholatu beboklik fanida gʻaniy
Ki, podshoh oni oʻz mulkidin qilur ixroj.

Tanbeh (99).

Tinch koʻngul bila yovgʻon umoch yaxshiroqkim, takalluf va mashaqqat bila qandiy kuloch. Eski chapon bila forigʻ tufrogʻda oʻlturmoq yaxshiroqkim, zarbaft xafton kiyib birov olida turmoq.

Qit’a:

Gadoligʻ boʻryosi uzra miskin
Ki, xotir forigʻ oʻlgʻay har taabdin.
Koʻp ortuqkim boʻlub oʻzungga ma’mur,
Xazu deboda yer tutsang tarabdin.

Tanbeh (100).

Har kishikim, bir qavmning suluk va ohangin tuzar, tadrij bila hamul qavmning rangin tutar. Har kimgakim, payravligʻ etar, ul mutobaat xosiyatidin ul yetgan yerga yetar. Agar soʻz sanga koʻrunsa mahol, ashobi kahf bila itlaridin hisob ol.

Qit’a:

Nabiy oʻgʻli tomugʻni qildi maskan,
Tomugʻ ahli guruhin chun erishti.
Va lekin jannat ahli payravi it
Yetishti qaydakim ul el yetishti.

Tanbeh (101).

Odamin sharif ul-kavnayndur(23) va it najis ul-ayn(24) ammo haqnoshunos va bevafo odam haqshunos va vafoligʻ itdin kam. Vafoligʻ qoʻtuz it yaxshroqkim, va rosiz xush barno yigit.

Qit’a:

Bevafo haqnoshunos eldin yirogʻligʻ istakim,
Kelmadi hargiz alardin gʻayri bedodu jafo.
Itga itlik aylamak jonu koʻngul birla boʻlur,
Haqshunos oʻlsau boʻlsa anda oyini vafo.

Tanbeh (102)

Nafsparvardin hunar kelmas - yemakdin oʻzga va nafsparastdin naf’ yetmas - demakdin oʻzga. Ul biri bari harom taomdin va bu biri barcha ta’rifi kalomdin.

Masnaviy:

Ul biri luqmau navola soʻzin
Aytib onchakim xoli aylab oʻzin.
Bu oʻz avsofigʻa muarrif oʻla,
Aylabon bazmi anjumanni toʻla.

Tanbeh (103).

Tengri el aybigʻa nozir va sotirdur. Bovujudkim, jazosigʻa qodirdur. Va tengri dushmani ani koʻrmas va bilmas. Ammo tuhmat bila fosh qilurda taqsir qilmas.

Masnaviy:

Tengri ishin qilmoq erur farzi ayn
Kim, koʻrubon aylamoq shoʻru shayn.
Koʻrmoyin ulkim, ishi boʻhton erur,
Bilki bu xislat bila shayton erur.

Tanbeh (104).

Xiradmandgʻa el xatosidin pand yetar va savob yoʻqligʻa azm etar, andin burunkim, aning xatosidin pand olgʻaylar va aybin aning yuzigʻa solgʻaylar.

Qit’a:

Oqil chu koʻrsa elda xato ijtinob etib,
Andin savob yoʻl sari moyil qilur oʻzin,
Qoʻymas aning xatosigʻa el aylab e’tiroz
Ayturgʻa yuzi oʻtrusida saxvining soʻzin.

Tanbeh (105).

Shabob ayyomi zikrida

Yigitlik umr gulshanining bahoridur va hayot shabistonining nahori. Bu biridin ayshu nishot gullarining ochugʻlugʻi va ul biridin zavqu inbisot uylarining yorugʻlugʻi.

Insonning zebu ra’noligʻi andin va basharning tobu tavonoligʻi andin. Havos va quvogʻa andin quvvat, javorih va a’zogʻa andin sihhat. Koʻngulga ishq oshubi andin hodis va shoʻxlar sari oshufta boʻlmoqqa ul bois. Yigitlarga husnu noz tugʻyoni aning magʻrurligʻidin, qarilargʻa ashku niyoz toʻfoni aning mahjurligʻidin. Koʻz uyi mash’ali andin ravshan va yuz bogʻi anjumani andin gulshan. Nozaninlar husni istigʻnosigʻa sabab ul va ishqoyinlargʻa ishq balosidin mujibi ranju taab ul. Zabardastlar boshida mulk havosi shoʻri andin va zeridastlar ayogʻida ham mulkdin jalo boʻlib qochmoq roʻzi andin. Chobuklar aning natijasidin maydonda takovar chopib, balki ul takovar ham aning nash’asidin maydonda yugururga quvvat topib, ma’siyatdin nafsgʻa yigitlikda kom topmoq ham ibodatdin ruhgʻa yigitlikda biyik maqom topmoq. Xarobat ahligʻa rindliq va mastlik yigitlikda dilpazir va munojot ahligʻa porsoligʻ va xudparastligʻ yigitlikda benazir.

Ruboiy:

Ahbob, yigitlikni gʻanimat tutunguz.
Oʻzni qariliq mehnatidin qoʻrqutunguz.
Oyini adovatu hasaddin oʻtunguz,
Har nav’ ila oʻzni necha kun ovutunguz.

Tanbeh (106).

Shayxuxat zikrida

Shabob mayining maxmurlugʻi qariliq va yigitlik sihhatining ranjurligʻi qariliq. Shayhuhat ayyomi nishot ahlin noshod qilurkim, odame qaddin ham qilib, umr bila xayrbod qilur. Havas va orzular shoxi koʻngulda sinar, balki borcha taraddud va harakatlardin koʻngul tinar. Sarbalandligʻ xayoli boshtin chiqor. Nadomat va hasrat ashki seli qasri devorin yiqar.

Nomurodligʻlar zindoni budur va noumidligʻlar bayt ul-ehzoni ham budur.

Qad egilmagi tufroqqa mayl etmakka dol, shohidlardin tanaffus bu ma’nigʻa guvohi hol. Iliq titramogʻi umr bodasi xumoridin. Hofiza oʻrnigʻa nisyon yer tutub, oʻrganmoqni, balki unutmogʻni ham unutib. Badangʻa sihhatdin asar qolmas va kungulga xushu xiraddin xabar qolmas.

Yigitlarga tahayyur aning mabxutlugʻidin, oʻgʻlonlargʻa tamasxur aning fartutlugʻidin. Har sari moʻyidin bir maraz paydo, qariliq va ming illat aning zotidin huvaydo.

Ayol va atfol toriqib muhofazatidin. Navkar va chokar oziqib aning muloyamatidin. Turluk - turluk illat badani uyida oʻkulub, ajab-ajab maraz kasratidin hayotdin toʻngulub.

Ma’murlar nofarmonligʻidin roʻzgori qatigʻ va mahkumlar besomonligʻidin tirikligi achigʻ.

Ogʻzi soʻlakayi soʻz mazasin oqizib, maraz kasratidin mushfiqlar ogʻzigʻa suv tomizib. Erniki, bir-biriga qovushmay oʻz holigʻa kulub, boshi koʻksiga tushub, ogʻzi xuqqasidin donalari toʻkulub. Sihhat ummidi xayoli koʻnglidin yiroq, tirikligikim, oʻlmak yuz qatla andin yaxshiroq.

Ruboiy:

Chun ketti yigitliku uzoldi qariliq,
Dam sovudi, ya’ni qolmadi qon ham isiq.
Ogʻzigʻa hayot sharbati boʻldi achigʻ,
Oʻlmogʻ xushroqki, umr bu nav’ qattiq.

Ruboiy:

Afsuski, umri navjavonligʻ ketti,
Tangʻa qariliqda notavonligʻ yetti,
Gar yuz yil ulki komronligʻ etti.
Chun topmadi margdin amonligʻ, netti?

Tanbeh (107).

Peshai solikka yer zarur erkoniga odamizod vujud mulkidin xonapardozdur. Va adam kishvarigʻa safarsozdur. Safar maxsus sanga va manga emas yo xususiyat qilgʻonni kishi shohu gadogʻa demas. Har kim adam nihonxonasidin vujud anjumanigʻa qadam urubtur va bu baqosiz oromgohda bir nafas oʻlturubtur, yana qaytib asli vatangʻa azm etmak kerak va qaydin kelibdur yana ul yon ketmak kerak. Besh kun bu dori fano tirikligiga masrur va davlatigʻa magʻrur boʻlmoq kerakdur. Oʻlumdin guzir yoʻqtur va hech kishiga ul muhlikda dastgir yoʻq. Pas, aning yaprogʻida boʻlmoq zaruratdur va borur asbobin tuzatmak chorasiz suratdur. Ul safar asbobi solih a’moldur va hamida hisol. Va aning zikri ikkinchi qismda tafsil va tartib bila raqamgʻa keldi va mashruh bitildi. Ammo musofirgʻa yoʻl suubatining suhunati uchun va vodiy yiroqligining daf’i shiddati uchun yomon uqbalarkim, oldiga kelur va azim muxotaralarki, voqe’ boʻlur, rahnomaligʻi uchun va mushkulkushoyligʻi uchun bir nimakim, noguzirdur komil rahnasoyi pirdurkim, aning irshodi boʻlmayin bu yoʻlgʻa azm qilmoqni akobiri avliyo (quddisa allohu taolo arvohahum)(25) joyiz tutmaydur, balki solik atvori va sulukiga yovutmaydurlar. Har oyinakim, musofir koʻrmagan yoʻlga qadam ursa va yetmagan vodiygʻa yugursa, yoʻl yiturmak ehtimoli bor va yoʻldin ozmoq imkoni bor. Ul uqubatdin va anda yuzlangan xatarotdin musofirni hodiy oʻtkarur va komil murshidning irshodi maqsadqa yetkurur. Va yana ahlullohki, haq yoʻligʻa qadam qoʻyubturlar va talab markabin shavq vodiysigʻa surubturlar, komil pir irshodidin ayru azm qilmaydur va bu yoʻlda hodiysiz maqsad manziligʻa yetmaydurldr. Agar ahyonan yuzdin bir solik zohir yuzidin murshid piri nobud ekandur, ammo ma’ni yoʻlidin mavjud ekandur yo gʻoyib murshid taqviyati birla yo mutavaffoyi komil ruhoniyati tarbiyati bila azm etibdurlar va matlubigʻa yetibdurlar. Maqsudkim, bu yoʻlda nafs dushmandur va shayotini rahzan va har qaysi azim maxofat va ulugʻ ofatdur, to hodiy boshqarmagʻay va murshid muhlikdin oʻtkarmagʻay. Bu yoʻl kat’i mutaassirdur va maqsadgʻa yetmak mutaazzir. Va oʻzluki bila bu vodiygʻa yetgan va manozilin qat’ etgan anoniyat giriftoridur va nafsgʻa tobe’ va shaytonning masxara va mahzalidur va ranji zoye’ Bu maqsudgʻa bir vosita boʻlmay yetmak mumkin emas va murshid rahnamoy boʻlmay, bir uning yetganin kishi demas. Muridni maqsudgʻa yetkurguvchi haqdur vositai pir va solikni matlubqa qoʻshuldurgʻuchi ham haqdur va vasilai ham pir.

Tamsil: Manquldurkim, qutb us-solikin va sulton ul orifin, haqiqat ahli imomi, Shayx Boyazid Bistomiy(26) (quddisa sirrihu) bir jonibgʻa boʻlub erdi ozim va bir muridi anga mulozim. Bir ulugʻ suv ilaylariga keldi. Va Shayx «Olloh!» deb ul suvgʻa qadam urdi va muridgʻa «Boyazid», deb qadam urmoq buyurdi. Shayx va murid «Olloh» va «Boyazid» deb borurlur erdi. Va sabo va nasimdek suvdin oʻzlarin oʻtkarurlar erdi. Nogoh murid xayoligʻa keldikim, Shayx Olloh zikri bila boradur va meni yoʻlda boshqaradur, men ham vosita sham’in oʻchiray va vahdat bahrida Olloh zikri bila qadam uray. Bu muddao bila ulki qadam qoʻydi, botti. Shayx dastgirlikka qoʻlin uzotti, ilkin tutub chekti, bahr sohiligʻa otti va muhlika gʻarqobidin sudradi emin manziligʻa va dedi: Ey farzand, sen ul Boyazidgʻa yet, andin soʻngra tengrigʻa yetmak havas et. Anga bu nav’ siyosat surdi va irshod shartin bajo kelturdi bu yoʻl hodiysi har kimgakim, pirdur mundoq haloki gʻarqi oblaridin dastgirdur. Maqsudki, pir irshodidin ayru bu yoʻlgʻa qadam urmamoq kerak, balki dam.

Ruboiy:

Kimni bu yoʻl qat’igʻa soldi taqdir,
Pir amrini qilmasa, keraktur tagʻyir,
Onsiz qadam ursa, angla makru tazvir,
Mal’un desa behrakki, desalar be pir.

Tanbeh (108).

Safar manofii zikrida

Arzi sokin qayda va sipehri davvor qayda va turobi mutamakkin qayda va kavkabi sayyor qayda?!

Ul biri sukundin xoksorlar poyandozi boʻldi va bu biri taharrukdin sarafrozlar sarafrozi.

Ranj va mashaqqat moyai tavozu’ va adabdur va safar ranj va mashaqqatgʻa sabab.

Safar koʻrai gudoz va soʻzdur va ul gudoz va soʻz erning vujudi oltunigʻa iyoranduzdur.

Safar mahjurlarni matlubigʻa yetkurguvchi va mahrumlarni murod uyigʻa kivurguvchi va xomlarni pishirguvchi va taomlarni singurguvchi. Olam gʻaroyibidin bahra yetkurguvchi va ofarinish ajoyibigʻa ittilo’ berguvchi.

Buzurgvorlar mazorati fayzigʻa musharraf va mukarram boʻlmoq safardin va fayzosor eranlar xizmatigʻa muazziz va muhtaram boʻlmoq safardin. Solikning atvoriga andom berguvchi safar, koʻngulning har sari havo qilurigʻa orom berguvchi safar. Musofirni manozillardin boxabar qilgʻuvchi ul, ul marohilgʻa rahbar qilgʻuchi ul. Issiq-sovuqdin jongʻa intiboh berguvchi ul, achchigʻ-chuchukdin koʻngulni ogoh qilgʻuvchi ul. Safar vodiysida musofir ayogʻigʻa dardu balo tikanlari koʻp sonchilur, lekin har tikandin maqsud guli ochilur. Yoʻl emgagi shiddatidin badani koʻp tovshalur va vujudi rohravlar ayogʻigʻa toʻshalur va a’zosi ul ayogʻ ostida ushalur, ammo koʻngli buzugʻlugʻlari yasalur, va ruhi koʻzgusi safo olur.

Har kishvarning oroyishini va har manzilning osoyishini safar ahlidin soʻr va musofirdin koʻr. Safar qilmagʻon orom farogʻatin qayda bilsun va gʻurbat chekmagan vatanda kom rafohiyatin ne nav’ ma’lum qilsun. Daryoki sokindur, suyidin yutsa boʻlurmu va roʻdkim mutaharrikdur, zuloli tarkin tutsa boʻlurmu? Taharruk ahligʻa hayotdin asardur va jamodot xayli tiriklik nishonasidin bexabar. Bu sayr agarchi zohir sayridin hikoyatdur, ammo haqiqat yoʻli sayru sulukidin qinoyatdur. Ul maxsus emas sukun va harakatgʻa, muqayyad emas batiy sur’atgʻa va ani debdurlarki, anjumanda xilvat va vatanda sayr va harakat.

Qit’a:

Bu jamoatdurki, manzilgohdin olmay qadam,
Koʻz ham ochmay ul tarafkim, olami kavnu fasod.
Bahrdin zavraqni tortarlar tutub sohil sargi
Kim, ani gʻarq etgali yetkurmish boʻlgʻay tundu bod.

Ruboiy:

Yorabki, bu qavmkim erur xizrqadam,
Oʻlgan koʻngul ehyosi uchun isodam.
Oʻlgan va itganlarga qilib lutfu karam,
Yetkurgandek yetkur mening boshima ham.

Tanbeh (109).

Odamiyning yaxshirogʻi uldurkim, porso va pok boʻlgʻay va haq soʻzin ayturda bevahmu bok boʻlgʻay. Oʻzi poku koʻzi pokni inson desa boʻlur. Tili arigʻ va koʻngli arigʻni musulmon desa boʻlur. Musulmon uldurki, musulmonlar aning til va ilgidin emin boʻlgʻaylar va koʻzi koʻnglidin mutmain.

Tanbeh (110).

Yaxshidin yomonlar ham yomonligʻ koʻz tutmas, yaxshi yomonlargʻa ham yaxshiligʻin unutmas. Yaxshiliq qila olmasang, yomonliq ham bore qilma. Yaxshiliqdan yomonligʻni yaxshiroq bilmasang, yaxshilarga qoʻshul, yaxshiliq tegrasigʻa evrula olmasang, yaxshilar tegrasiga evrul.

Tanbeh (111).

Fisq shumlugʻidin oʻzingni yaxshilardin huratma va yomonlar orasigʻa qotma. Ul shum agarchi aqlgʻa makruhdur, ammo nafsgʻa mahbubdur; agarchi haq yoʻlida magʻmumdur, ammo shayton yoʻlida margʻubdur.

Tanbeh (112).

Bir necha jur’ani badangʻa doxil qilib, bir necha qatrani andin xorij etma. Ul jur’a quduratidin safodin ayrilib, ul qatra xurujidin balo daryosigʻa botmakim, ul jur’a selobi balodur, dinu iymoning yiqar, ul qatra girdobi ranju anodurkim, aning bila hayoting naqdi chiqar. Badan durjidin durlarnikim sochting, xoli boʻldung va jism shishasiga ul jur’alar yoʻlin ochting - nafsu havo poymoli boʻldung. Ul jur’a moddai fasoddur, taninggʻa yovutma va ul qatra naqdi hayotdur - tarkin tutmakim, muning qabulidin shayton maqbuli va maqsudisen va aning raddidin rahmon mardudisen. Ani ichmak - jigar qonin ichmakdur va mundin kechmak - bir jigar goʻshadin kechmakdur, ul birin yutmoqdin zahr yutma, bu birin sochmoqdin nasling tuxmin qurutma.

Tanbeh (113).

Dardligʻ koʻngul - shu’laligʻ charogʻ,
Yoshligʻ koʻz suvluq bulogʻ.

Teva qushin yuklab koʻchsa boʻlmas va chodir qanotin ochib uchsa boʻlmas. Oʻt ishi qovurmoq, yel ishi sovurmoq. Suvning mazasi muz bila, oshning mazasi tuz bila, odam yaxshiligʻi soʻz bila. Sihhat tilasang koʻp yema, izzat tilasang koʻp dema. Yaxshi libos - tangʻa oroyish, yaxshi qoʻldosh - jongʻa osoyish. Tome’din karam tilama, gadodin diram tilama. Baxildin amonat ajab, karimdin xiyonat ajab. Choqin siymin oʻksa boʻlmas, yoshi rishtasin tugsa boʻlmas. Telba qulogʻiga pand – quyun asgʻigʻa band.

Tanbeh (114).

Bebok - hamdamliqqa yaramas, nopok - mahramlikka yaramas. Erning qiligʻi - sutning iligʻi. Yasanchoq - mardona boʻlmas, koʻpalak -parvona boʻlmas. Doʻst javridin ingranma, dushman bedodidin gungranma.

Tanbeh (115).

Molliq nodonning demagi, oltunluq chibinning yemagi ma’lum. Fosiqdin hayo tilama, zolimdin vafo tilama. Kular yuz bilan ato, saxo ustiga saxo. Arigʻsiz ish safo boʻlmas, ip ganchisi aso boʻlmas. Aningkim shohlargʻa xizmati xoʻbraq, qoʻrqunchi koʻprak. Ishqsiz kesak, dardsiz eshak. Qone’ tilanmas farzona, qanoat tuganmas xizona. Elga qoʻshulgʻon oroyish topti, eldin uzulgʻon osoyish topti. Har yugurgan yovushmas, har ayrulgʻon qovushmas. Juhud oʻz dinidin mahjur, hasud oʻz fe’lidin ranjur. Xasm necha haqir boʻlsa, koʻngul qoʻzgʻatur va xas necha ushoq boʻlsa, koʻz bulgʻatur. Dushman soʻzi toʻzimi eldin, suv xatlari - yeldin. Ushoqlar ishi nima boʻlmas, pista qobugʻi kema boʻlmas. Dushman maqoloti - bang xayoloti.

Tanbeh (116).

Yaxshi boʻl yo yamon, ikkisi boʻlurmen degan hamonu yamon hamon. Yamon bila yaxshi orasida koʻp farqdur ikki kemaning uchin tutqon gʻarqdur. Har qavm oyini bila zuhur qilsang alardinsen alar yamon boʻlsa, sen - yamon va alar yaxshi boʻlsa, sen yaxshilardinsen. Pas oʻzni yaxshilar orasida yashurgʻon va alar etagiga ilik urgʻon yaxshiroqdur va xavfu biymdin qiroqdur. Itga eranlar suhbatidin eranlar hukmi bor, najas tuzloqqa tushsa, tuz hukmin tutar. Baso qobilki, yaxshilardin ayrildi, yamonlar suhbati ani zoye’ qildi.

Saidzodaikim, loʻlilarga oʻtkangay, maymunbozlik va duduktaroshliqdin oʻzga ne oʻrgangay. Shoh qasri kabutarikim, sahroyilargʻa qoʻshulgʻay, kecha qoʻnar yeri choh tubidin oʻzga ne yer boʻlgʻay. Yomondin yaxshiliq koʻz tutmoq fosid xayoldur, itdin kiyikka va mushukdin kabutarga shafqat maholdur. Zoti dushman va muxolifni doʻst dema, oʻzungga bozi berma va bozi yema.

Tabiiy dushman vaqte doʻst boʻlgʻaykim, suv oʻtni oʻchurmagay va yel tufrogʻni sovurmagʻay. Inson bila shayton orasida adovatdur va tabiiy muxolifat: biri oʻtdin va biri tufrogʻdin. Bu adovat oralaridadur ul chogʻdin oʻt gʻolib boʻlsa, tufrogʻni kul qilur va tufrogʻ gʻolib boʻlsa, oʻtni oʻchirur.

Odam bila shayton muxolifatin unutma. Ota dushmanin oʻzungga doʻst tutma. Otangni bihishtdek ma’manidin jalo qildi va yillar xokdon gʻaribistonida zalil va mubtalo qildi. Va otang avlodidin ba’zi anga intiqom tuzdilar va xoru zabun qilib jafolar koʻrguzdilar. Nafsni chun taqvo riyozati bila zeridast qildilar - shaytonni zalilliq bila yerga past qildilar.

Sizning bu adovatingiz hargiz adam boʻlmas. Bu dushmanliq orangizdan hargiz kam boʻlmas. Bu gʻolib dushmandin bir dam gʻofil qolma, oʻchurolmas isyon oʻtin oʻz xirmaningga solma.

Tanbeh (117).

Nodon doʻstni ham doʻst sonigʻa kivurma, xiradsham’in aning harza afsonasi yelidan oʻchurma. Baso tiflkim, ayni muhabbatdin ato saqoli tukin tortib uzubtur va sajjodasi mehrobida beadabligʻ koʻrguzubtur va namozin buzubtur. Va basr mastkim, niyoz yuzidin ayogʻ oʻpkali egilibdur va beixtiyor qayddin pokdomanlar etagin mulavvas qilibdur. Dono dushmandin naf’ imkoni bor va nodon doʻstdin zarar imkoni koʻprak bor va munga alar bila ixtilot qilmamogʻ kerak.

Tanbeh (118).

Bashar jinsidin vafo koʻz tutma va xirad naxlin fosid xayol samumi bila qurutma. Bir vafo qilsang, oʻn jafo tortargʻa muhayyo boʻl, muncha bila qutulsang, jongʻa minnat tutub uzrlarin qoʻl.

Yuqoriroq vafosiz ahli zamon dostoni oʻtubtur va xirad zamon ahli yerlarini unutib, vafo oyinidin ma’zur tutubtur.

Tanbeh (119).

Xoʻb - ruhafzo, zisht - umr farso, xushxulq nozanin - huri bihshtoyin. Yomon mijozliq zisht - devi doʻzax sirisht. Muxannas ne hashvki demagay, makiyon ne najosatki yemagay. Erdin soʻz hunar, enchidin boʻz hunar.

Jumriy oʻkunub biyik boʻlmas, oʻchku yugurib kiyik boʻlmas. Koʻnglida xalalliqqa kulgu harom, shoh ollida dushmanliqqa uyqu harom.

Tengri borchani oʻz yoʻlida rahzandin asrasun va shoh ollida dushmandin asrasun.

Bayt:

Oʻz yoʻlida tengri tutsun elni dushmandin yiroq,
Shah qoshida kimki shaytonvashdurur andin qiroq.

Tanbeh (120).

Umrni gʻanimat bil, sihhat va amniyatqa shukr qil. Fano tariyqin tuz, faqr bila mubohot koʻrguz. Mazhabingni ixfoligʻ bila eldin yaxshi asra va yormogʻingni yaxshi va yomondin maxfiy asra. Aftodaligʻ bila xoʻy tut va shikastaligʻ bila koʻngulni ovut.

Befoyda soʻzni koʻp aytma va foydaligʻ soʻzni eshiturdin qaytma. Oz degan - oz yengilur, oz yegan - oz yiqilur. Ochligʻ hikmat sarmoyasidur va toʻqlugʻ gʻaflat piroyasidur. Toʻqlugʻ hirsin koʻnguldin yoʻq qil, oʻzung och boʻlib, bir ochni toʻq qil. Oʻzungni zebo libos xayolidin oʻtkar, libos zeboligʻin tilasang bir yalangni butkar. Libos har nechakim zebodur, kiyganingdin kiydurganing avlodur.

Bayt:

Nechakim toʻnni rioyat birla kiysang eskirur,
Chunki kiydurdung yalanggʻa uframas toʻn ul erur.

Tanbeh (121).

Har kishini dema mahramu hamrozdurkim, bu mato’ olam ahlida ozdur. Bashar jinsin rozinggʻa mahram bilma, balki malakni ham oʻzungga mahram qilma. Oʻzung asrardin agar sanga maloldur, yana birov ani asramoq maholdur. Oʻz maxzaningni ochsang va maxfiy durlaringni sochsang, tergan kishi sepamay netkay va asra deb, mubolagʻa qilgʻoning ne yerga yetgay? Oʻzung oʻz sirringni asray olmagʻoningni bilursen, yana birov ani fosh etsa, ayb ham qilursen.

Bu sir asramogʻingdin lavhashalloh va e’tiroz qilmogʻingdin borakalloh!

Koʻzni oʻz aybingdin olma va oʻzgalar aybigʻa koʻz solma.

Bayt:

Biynandadur oʻlsa kishi oʻz aybigʻa hozir,
Koʻz ochma boʻlurgʻa, yanalar aybigʻa nozir.

Tanbeh (122).

Chin soʻzni yolgʻongʻa chulgʻama, chin ayta olur tilni yolgʻongʻa bulgʻama. Yolgʻonchi kishi emas, yolgʻon aytmoq eranlar ishi emas. Yolgʻon soʻz deguvchini bee’tibor qilur, nechukkim, ul gavharni xazafdek xor qilur. Ulki chin soʻzni yolgʻongʻa qotar, durri saminni najosatgʻa otar.

Bayt:

Gavharekim, shohlargʻa zebi toju taxt erur,
Tashlagʻon oni najosatgʻa ajab badbaxt erur.

Tanbeh (123).

Tengri doʻstlari sidqu safo ma’danidur. Yolgʻonchini debdurlarki, tengri dushmanidur.

Tilingni ixtiyoringda asragʻil, soʻzungni ehtiyot bila degil. Mahallida aytur soʻzni asrama, aytmas soʻz tegrasiga yoʻlama. Soʻz borkim, eshituvchi tanigʻa jon kiyurur va soʻz borkim, aytgʻuvchi boshin yelga berur. Tiling bila koʻnglungni bir tut, koʻngli va tili bir kishi aytgʻon soʻzla but. Soʻzni koʻnglungda pishqormaguncha tilga kelturma, harnakim koʻnglungda boʻlsa tilga surma. Agarchi tilni asramoq koʻngulga mehnatdur, ammo soʻzni sipamoq boshqa ofatdur. Aytur yerda unutma, aytmas yerda oʻzungni mutakallim tutma. Aytur soʻzni ayt, aytmas soʻzdin qayt. Oqil chindin oʻzga demas, ammo barcha chinni ham demak oqil ishi emas.

Masnaviy:

Xiradmand chin soʻzdin oʻzga demas,
Vale bari chin ham degulik emas.
Kishi chin soʻz desa zebo durur,
Necha muxtasar boʻlsa, avlo durur.

Tanbeh (124).

Uygʻoqligʻda ne olingga kelsa, qazodin koʻr, uyquda har ne tushungga kirsa, yaxshi yoʻq. Elning soʻziga har ne yomonliq mahal topma, gʻolib aduv magʻlubing boʻlsa, shar’ tarafin zohir qilib, xayr jonibin yopma. Qaviy dushman zabuning boʻlsa muruvvat qil, karam va avf koʻrguzgil.

Zolim va bedard suhbatida nukta surma, nammom na nomard muloyamatida dam urma. Dono ilikdin borgʻondin soʻz aytmas, oʻtgan yigitlik orzu bila qaytmas.

Oʻtgan roʻzgor adamdur. Kelmagandin soʻz aytqon ahli nadamdur va hol mugʻtanamdur. Bir turk bu ma’nida debdurkim: «Dam bu damdur».

Bayt:

Moziyu mustaqbal ahvolin takallum ayla kam,
Ne uchunkim, dam bu damdur, dam bu damdur, dam bu dam.


Xotimada:

Tanbeh (125).

Suvdin asragʻulukdur tufroq va balchigʻ uyin. Va oʻtdin asragʻuluqdur yagʻoch va qamish uyin. Va yeldin asragʻulukdur boʻz uyin. Va tufrogʻdin asragʻulukdur koʻz uyin. Jami’i mosivallohdin asragʻulukdur koʻngul uyin.

Bayt:

Nechukkim, toʻrt uyga toʻrt ziddi nuqsoni shoye’dur,
Beshinchi un dagʻi agʻyordin ul nav’ zoye’dur.

Olam asbobining tuganmasligida bu tanbehdurlar: Masalan, birovkim kirpichdin bir-biriga farsh toʻshar boʻlsa, chun ma’xud budurkim, xishtni darz bar darz solmas, qirogʻlarin bir-biridin oʻtkarib, avvalgʻigʻa yondoshtura solgʻon ikki xishtning taraflarida ikki ulugʻ farja paydo boʻlurkim, yana ikki xisht tilar. Oni solmoq lozimdur. Bu qiyos bila ming yo ikki ming xisht farsh soli(n)sa bu nav’ farjalar bagʻoyat koʻp hosil boʻlur. Har qaysining islohigʻa yana xisht solgʻon sayn ul farjalar ul xishtlarga koʻra koʻp zohir boʻlur. Agarchi ul farja zohir boʻlgʻon takmili uchun yana xisht soli(n)sa, arzi olloh vossat yuzni, balki kurai arz davrasin tamom xisht solmoq lozim boʻla kelur. Bovujudi ulkim, bu mahol xayolni kishi taaqqul qilsa tuganmogʻining imkoni yoʻqtur. Qishi tuganmagini faraz qilsa, ul farjalar birla ming, balki yuz ming bilonihoyat ortar. Alaring islohini mahol faraz birla ham taaqqul qilsa boʻlmas. Muning iloji va tadoruki xishtni zoviya qilmoq bila va andin ham ushogʻroq ushatmoq bila muyassar boʻlurkim, muddao qilgʻoncha yerga chun farsh toʻshaldi, paydo boʻlgʻon farjalargʻa koʻra xishtlarni ushotib solgʻaylar yo ul dushvorligʻ osonligʻ bila ilaydin qoʻpqay.

Tanbeh (126).

Kelduk mushabbahgʻakim, olam asbobidur, kishi tilasakim, koʻngul tilagandek va bashariyat tomeasi taqoza qilgʻondek asbobini tuzatgay nima koʻp kerak ul keraklik nimalardin bir nechasi muyassar boʻlsa, yana aning itmomi va takmiligʻa yuz oncha, balki koʻprak kerak boʻlur ham aning anjomin taaqqul qilsa ul ham mujibi zavoidlar boʻlur. Andoqkim, aning saranjomining tasavvuri maholotqa yuz qoʻyar. Masalan, ba’zi salotindekkim, necha iqlimni oldilar oʻzga aqolim xayoli boshlarigʻa tushti, muning dagʻi iloji va tadoruki bir necha muddaodin kechmak va bir necha orzudniki bashar tab’ining lozimasidur, oʻtmak bila hosil boʻlur. Emdi soʻzning asligʻa shuru’ qiloli: Bu olam asbobi muddao va orzusin andoqkim, biror nima xotirdin salb qilgʻon bila koʻp tashvish za taklifdin maxlas voqe’ boʻlur, agar bilkull tamomi muddao va orzudin kishi ilix tortsa, dunyoning barcha ofat va baliyatidinkim, ishtigʻoli haq yoʻlining mone’idur, ozod va forigʻ boʻlmoq muyassardurkim, bu davlat koʻp muvofiq bandalarga dast beribdur va aroda bor ekandurlar va holo ham bor ekanlar. Va alarkim, arodin chiqibdurlar, zikrlari mashoyix va ulamo kutubida mazkurdir.

Emdi kelduk mushabbahgʻakim, farsh toʻshmamakdur, ul dagʻi andoq xishti ushotqon bila, zoviya qilgʻon bila koʻp mushkulligi osonliqqa yuz qoʻyar. Agar bu farsh xayolin tamom koʻnguldin chiqarulsa, kishi ul mahol tasavvurdin ham tinar va xalos ham boʻlur yo oʻyga agar farsh boʻlmasa tana’umoti va talazzuzotidin ne oʻksugay. Va avliyo (quddisa allohu asrorihum) axloh va sifoti ta’rifida, balki anbiyo (salovotillohi alayhum) ahkom va sharoye’i zikrida oʻy farshi soʻzi oʻtubmu ekin andoqkim, oʻy farshigʻa hech ish vobasta emas va ul hech ishga muhtoji alayh emas. Fil-haqiqat olami asbobi dagʻi besh kunlik umrdakim, nihoyati oʻlmakdur va barcha qonlar yutub hosil qilgʻon asbobin yuz hasrat va armon ila qoʻyub ketmak.

Har kishikim, haqdin qabul saodatigʻa musharraf boʻlubtur, ani rad qilibdur va bori ahli qabulning mardudi bilibdur chun ani tamomi xotirdin mahv etibdur, asli maqsudigʻa yetibdur. Va ul mushabbah va mushabbahunbih arosida bu tafovut ham borkim, ul farshqa shuru’ va tarkidin foiligʻa sud va ziyoniki, aytsa boʻlgʻay, yoʻqtur. Va dunyo asbobi ishtigʻolidakim, haq yoʻli sulukidin mone’dur bir nafs yuz olamcha ziyon va har dam ming falaki a’zamcha nuqson kutishdin ravshanroqdur.

Hikoyat: Xorun ar-Rashid(27) Shayx Bahlul(28) suhbatin havas qildi va ul matlub husulin multamas qildi. Bahlulgʻakim, bu xabar yetti, Horun suhbatin musharraf etti. Xalifakim, Bahlul ayogʻin yolang koʻrdi, kafsh kiymaganning kayfiyatin soʻrdi. Majzubkim, yillar kafshsiz sayr etib erdi, kafsh degan nima yodidin ketib erdi. Bilgachkim, kafsh dunyoda mavjud bor, tabassum bila dedikim: «Kishi ani tilasa qaydin topar?» Horun dedikim: «Bozorda koʻptur. Olur ani har kishikim, har qaysi ayogʻiga xoʻbdur». Bahlul soʻrdikim: «Har kim ani olmoq mayli qilur, ammo bahosi qaydin topilur?». Horun ayttikim: «Bahosin biz saranjom qilali va sening uchun sotqun olali». Bahlul dedikim: «Ani kiygan gohi ayogʻidin chiqarsa, kim asrar va kecha uyusa, kim sahlar?» Horun dedikim: «Qul beralikim, asrasun va sen qayda chiqarsang, saxlasun». Bahlul dedikim: «Ul ham yolang ayogʻ boʻlsa netay? Qafsh olay desa bahosi qaydin yetgay? Horun dedikim: «Ani ham biz berali, ul sanga kiydurgandek biz anga kiydurali». Bahlul dedikim: «Ul och qolsa, ne yegay va yolang qolsa dardin kimga degay?» Horun dedikim: «Kiymagin xazonadin yetkuray va yemagin bovarchidin buyuray». Bahlul dedikim: «Men ayogʻ yolang oʻrganibmen va kafsh va oʻtukdin oʻsonibmen. Kafsh kiysam, shoyad dastor ham chirmatqaysen va meni boshtin ayogʻ balogʻa qolgʻonlargʻa qotqoysen. Va oʻzung ham bu ikki taklifga qolgʻaysen. Bu savdodin kechsang sanga bu mehnatdin qutulmoqdur, manga ham bu boshtin ayogʻ balodin halos boʻlmoqdur».

Piri roh va soliki ogoh mundoq durrdek takallumkim surdi, bu gavharlarni aning qulogʻigʻa urdi. Shohni ul mojarodin oʻtkardi va oʻz ayogʻin kafshdin tortti, boshin dastordin qutqardi.

Bayt:

Forigʻ etti besaru foniy ul guftordin,
Ham ayogʻin kafshdin, boshini dastordin.

Tanbeh (127).

Kafshsizlikdin malul boʻlmagʻil, ayogʻsizlargʻa boqib shukr qil. Dastor yirtugʻlugʻidin gʻam yema, boshi yorugʻlargʻa boqib tengri hamdidin oʻzga dema. Tanpoʻshung durust boʻlmasa tandurustlugʻunggʻa shokir boʻl, iching quvvatigʻa gʻizo topmasang, ich ogʻrigʻin yoʻq shukrigʻa zokir boʻl. Kisangda agar diram yoʻq, koʻnglungda kisabur gʻami ham yoʻq. Iflos mashaqqatin burjlulugʻung yoʻqidin unut, har holda shukr va qanoat tariqin berk tut. Agar oting yoʻqtur, arpa gʻamin yemassen. Agar qulung yoʻqtur, kishi quli xud emassen. Qamar kursigʻa ilking yetmasa, qoʻgʻlama, oʻtmak ham magʻnamdur. Zarbaft baholi libosi boʻlmasa, farogʻat boʻryosi qachon andin kamdur. Agar shunqordek boshingda zardoʻzluk tumogʻadin toj emasdur, shukr qilkim, koʻzung yoruq dunyoni koʻrarga muhtoj emastur. Agar shunqor egasidek belingda bahliyi zarnigor yoʻq ham, shukrdurkim, ilging bahli panjasidek nokor yoʻq va andin sanga ozor yoʻq.

Har shiddatekim, bilursen andin qatiqroq hol bordur va har suubateki, gumon qilursen andin sa’broq koʻb kishiga giriftordur. Har mashaqqatkim, senda yoʻqtur, seningdekda bor. Ul sanga ne’matedur shukr ayturgʻa sazovor. Har ne’matkim, sanga beribtur va seningdekka bermaydur. Hamdu sano ayturgʻa kiromand haqdin bu behisob inoyatlarni bil va munga koʻra bandalik fikrini qil. Har necha ibodat qilsang, koʻnglungni taqsir qilgʻongʻa moyil tut va har necha toat qilsang, tilingni uzr ayturgʻa qoyil tut. Sen va qilgʻaning ma’dumi mahz, vujud haq vujudi, har ne aning gʻayri nobudi mutlaq va bud aning budi.

Ilohi, bu ajzokim, yaxshi-yomon sifoti anda mazkurdur, maqbulu mardud holoti mastur, bitguvchisi agarchi yomonlardindur va yaxshilardin emas, ammo sendin yaxshiliq tama’igʻa oʻzin yomonlardin demas.

Ilohi, ani yaxshilar orasidin havr etma va yomonlar xayligʻa qotma. Tiliga kelgan bila koʻnglin sodiq tut va qalamigʻa yozilgʻon bila zamirini muvofiq tut. Oʻzingdin oʻzga soʻzin koʻnglidin chiqar. Ul yon tutkim, sanga yetishgay va ul yoʻlgʻa yurutkim, sanga qorishgay. Tiliga oʻzungdin oʻzgani yovutma va koʻnglini oʻzungdin oʻzgaga ovutma. Koʻnglini tasalliyi visoling bila ovut va koʻzini tajalliyi jamoling bila yorut. Bu zamiri farzandin koʻzlarga mahbub et va bu bagʻri payvandin koʻngullarga margʻub et.

Ruboiy:

Bu nomaki, xomasigʻa qilding maktub,
Qil ahli qulub olida «Mahbubi qulub» .
El ayb topardin qilma ma’yub.
Har kim oʻqusa nasiba etgil matlub.

Tarix:

Bu nomagʻakim, lisonim oʻldi qoyil,
Kilkim tili har nav’ el ishiga noqil.
Tarixi chu «xush»(29) lafzidin oʻldi hosil,
Harkim oʻqusa, ilohi, oʻlgʻay xushdil.


«Mahbub Ul-Qulub»Ning Izoh Va Tarjimalari

Asar Navoiyning umri oxirida — 1500 yilda yozilgan. Oʻzbek nasrining gʻoyat goʻzal namunasidir. Navoiy badiiy tafakkurining, xulosasi, hayotiy mushohadalarining yakunidir. Asarda muallif oʻzigacha boʻlgan forsiy nasrning eng ilgʻor an’analarini rivojlantirgan, qator masalalarni oʻz davri ijtimoiy—siyosiy voqe’likni, hokim mafkura bilan bogʻlab, yangicha talqin qilgan. Asardagi insonni ulugʻlash, barkamol koʻrish, uning bosh xatini, hajviy portretlar, qaydlar — fosh qiluvchi qudratini, rad etishlik mantiqi — isyonkorlik ruhini, axloqiy — etik hikmat — didaktik yoʻnalishini, bayondagi fikr teranligi, tilnnng goʻzalligi, puxtalik, muxtasarlik, uslubiy jilolar, she’riy parchalarning keltirilishi — yuksak badiiyatini belgilaydi.

Muqaddimada, Navoiyning e’tirof qilishicha, bu asar zamondoshlari va avlodlarga oʻrnak boʻlishi, yaxshilik va yomonlikni anglashda, goʻzallikni ardoqlash va ezguliklarga intilish, chirkin xislatlar va yovuzliklardan asranishda dastur ul—amal boʻlishligini nazarda tutadi.

Odobi tasnif an’anasiga koʻra asar Olloh hamdi bilan boshlangan. Uning yolgʻizligi, azamati, niyozmandligi, qodirligi va h. k. madh etiladi.

Muhammad paygʻambar (alayhisallom)ning madhi na’t qismida beriladi. Shundan soʻng Navoiy oʻzi haqida, hayoti, faoliyati qanday kechganligini nimalardan xursand, nimalardan ranjib yashagani qalamga olinadi. Asarning yozishdan koʻzlagan maqsadi va uning mundarijasi bayon etiladi. Navoiy «umid ulki, oʻqigʻuvchilar diqqat va e’tibor koʻzi bilan nazar solgʻaylar va har qaysi oʻz fahmu idroklariga koʻra bahra olgʻaylar, bituvchiga ham bir duo bila bahra yetkurgaylar va ruhini ul duo bila suyundurgʻanlar, — deb muqaddimani yakunlaydi.

«Mahbub ul-qulub»ning avvalgi noshirlari davr siyosati va undagi hukmron mafkura tazyiqi bilan matnni qisqartirib tayyorlagan edi. Bu nashr e’tiborli qoʻlyozmalar asosida ilk bor toʻliq holda nashr etilmoqda. Natijada Navoiyning tasavvufga munosabati, diniy masalalarni talqin etishdagi pozitsiyasi haqida aniq tasavvur paydo boʻladi.

Kitob oxiridagi izoh va sharhlar shu tasavvurni toʻldirish hamda teranlashtirishga xizmat qiladi.

Muqaddima

1. Mahmud— Muhammad paygʻambar (a. s.)ning laqabi.

2. Anosir — toʻrt unsur (suv, havo, tuproq, olov).

3. Masih— Iso paygʻambarning laqabi.

4. Ya’qub — Ibrohim paygʻambarning nevarasi. Uning 12—oʻgʻli

boʻlgan. Otasi oʻlimidan soʻng uni Olloh paygʻambarlikka noil qilgan. Ogʻalari Yusufni quduqqa tashlab, boʻri yeb ketdi, deb xabar berganlaridai keyin Ya’qub oʻgʻli hasratidan Bayt ul-ahzon kulbasida yigʻlay—yigʻlay koʻzlari koʻr boʻlib qoladi. Yusufdan yaxshi xabarlar eshitgach, koʻzi ochiladi. Ya’qub paygʻambarning laqabi «Isroil»dir. Undan soʻng kelganlarni «Bani Isroil» deydilar. Qur’oni karimda Ya’qub haqida 15 ga yaqin oyatlar bor (masalan, Baqara, Imron, Niso va b.). Adabiyotda talmih san’atida koʻp keladi. Oshiqning huzn, iztiroblari, ayriliqdan koʻz yoshlari toʻkishi va h. k.lar qalamga olinar ekan, uning oʻzini yoki koʻnglini Ya’qubga oʻxshatiladi. Koʻpincha Ya’qub Yusuf bilan birga tilga olinadi.

5. Hizr — Obi hayot ichib, barhayotlikka erishgan avliyolardan. Adabiyotda kishilarga yoʻldoshlik, madadkorlik qilish bilan mashhurligiga urgʻu beriladi.

6. Buroq — Muhammad paygʻambar (a. s.)ning oti. «Me’roj» kechasi paygʻambar uni minib, koʻkka koʻtarilgan.

7. Ruh ul—amin — Jabroil (a. s.)ning laqabi.

8. Tarj. ar.: ishq haqida gapiriladigan narsa.

9. Tarj. ar.: vahydan boshqa narsa emas.

10. Tarj. ar.: olamga [Allohning] rahmat boʻlsin!

11. Tarj. ar.: yulduzlar kabi.

12. Tarj. ar.: Qiyomat kunida unga, uning oila a’zolari va sahobalariga ollohning salavotlari boʻlsin.

13. Tarj. ar.: gunohlaridan kechib, ayblarini bekitsin.

14. Soir un—nosning af’ol va ahvoli kayfiyati — har xil toifa odamlar fe’l—atvori va ahvoli kayfiyati demakdir.

15. Hamida af’ol va zamima xisol xosiyati — yaxshi fe’llar va yomon xislatlar xosiyati demakdir.

16. Mutafarriqa favoid va amsol surati — xilma—xil foydalar va hikmatli soʻzlarning koʻrinishi demakdir.

I qism

1. Tarj. ar.: men yer yuzida qilgʻuvchi — xalifa.

2. Tarj. ar.: Odil sulton zamonida tugʻilish demakdir.

3. Xojai kavnayn — a. f. ikki dunyo egasi demakdir. Muhammad paygʻambar (a. s.) koʻzda tutiladi.

4. Tarj. ar.: bir soatlik adolat, insu jins ibodatidan yaxshiroq.

5. Shoh Abulgʻoziy — Husayn Boyqaroning laqabi. Shoh Sulton Husayn Boyqaro (1438, Hirot —1506, oʻsha shahar) temuriylardan. Temurning oʻgʻli Umarshayxga nabira, Mansur binni Boyqaroga oʻgʻil. Onasi Temurning nabirasi Feruzabegim. Bu tarafdan Mironshoh Mnrzoning ham nabirasi edi. Husayn Boyqaro she’riyat bilan shugʻullangan sohibi devon shoirdir. U «Husayniy» taxallusi bilan asosan dunyoviy ishq va unnng kayfiyatlari haqida she’rlar bitgan. Husayn Boyqaro 1485 y.da nasriy bir Risola ham yozgan. Unda oʻzining faoliyatini shaxsiy kechinmalarga boy, koʻtarinki ruhda bayon etar ekan, mamlakatdagi madaniy ilmiy, adabiy ijod ravnaqiga alohida toʻxtaladi va Jomiy hamda Navoiylarga yuksak baho beradi. Ma’lumki, Alisher Navoiy ham oʻz faoliyatida, ham oʻzining har bir asarida Husayn Boyqaroga mustasno oʻrin ajratadi. Bu yerda Navoiy Husayn Boyqaroni odil sultonlarning eng sarasi sifatida tilga oladi.

6. Jabroil — Xudo bilan paygʻambar oʻrtasidagn vositachi, vahy keltiruvchi farishtaning nomi.

7. Homon — Muso paygʻambar zamonidagi Misr Fir’avnining vaziri. Muso dushmani boʻlgan eronli bu vazir Fir’avnga bolalarini oʻldirishni tavsiya qilgan. Homon Fir’avn uchun ikki ish qilgan: biri «tarixi Homon» nomi bilan mashhur rasadxona qurgan; ikkinchisi — katta bir savatga oʻlimtik yeydigan, uzoq umr koʻradigan kargas qushlarini solib, ustiga goʻsht parchasi tashlab qoʻygan. Fir’avn goʻyo ularga minib, Muso tangrisini mahv etajagini bildirgan.

8. Osaf — Sharq adabiyotlarida eng yaxshi vazirga berilgan unvon sifatida keladi. Osaf ben Barhayo Sulaymon paygʻambarning mashhur vaziri boʻlgan. U «ilmi simiyo (botiniy ilmlardan — Ollohning soʻzlari, goʻzal ismlarnnnng sirlarini ochish)ni puxta bilgan. Bir rivoyatda Osaf «Ismi a’zam (Ollohning eng ulugʻ 1000 ta ismidan 300 tasi Tavrotda, 300 tasi Zaburda, 300 tasi Injilda yodga olinadn. Qur’onda 100 dan 99 yodlanadi. 1 ismi esa xalqdan yashirin qoldiriladi. Bu esa Sulaymon paygʻambar xotami—uzugida naqshlangan ekan) qudrati bilan Sabo malikasi Bilqisni taxti bilan birga Sulaymon paygʻambar huzuriga keltirgan ekan. Adabiyotda Osaf «sohibi tadbir», donishmand vazir timsoliga aylanib ketgan. Umuman Osaf ismi vazir ma’nosida qoʻllaniladi. Koʻpincha bu obraz Sulaymon paygʻambar va uning xotami-uzugi bilan birga keladi. Bu yerda Navoiy ham shu ma’nolarda qoʻllaydi.

9. Tarj. ar.: Insof qilganga Olloh rahm qiladi soʻzlari Osaf uzugiga naqshlangan.

10. Tarj. ar.: azob keltiradigan (narsalardan) qutulding.

11. Xotam — Ibn Abdulloh bin Sa’dning laqabi Xotami toyi nomi bilan ham mashhur. Toy qabilasining boshligʻi va shoir boʻlganligi haqida rivoyatlar bor. Xotam adabiyotda saxovat, saxiylik timsoliga aylannb ketgan.

12. Rustam — Firdavsiy «Shohnoma»sidagi bosh kahramonlardan Zolning oʻgʻli. Firdavsiy Rustamning dunyoga kelishi va unga ism qoʻyilishini shunday hikoya qiladi; Zolning xotini Rudoba homilani ogʻir koʻtaradi. Oyi-kuni kelganda, dard boshlanishi bilan hushidan ketadi. Sarosimaga tushgan Zol afsonaviy qush — Simurgʻ vositasida jarroh topib keladi. Jarroh Rudobaning yonini kesib, bolani omon oladi. Hushiga kelgan ona yonida yotgan farzandini koʻrib xursand boʻladi va oh tortib «Rustam!» (ya’ni azobu dardlardan xalos boʻldim ma’nosida), deydi. Onaning ogʻzidan birinchi chiqqan shu soʻzni bolaga ism qilib qoʻyadilar. Sharq adabiyotida Rustam an’anaviy obraz — timsoliga aylanib ketadi. U pahlavonlik, mardlik ramzida tilga olinadi.

13. Tarj. ar.: teng, barobar demakdir.

14. «Lo» — a. «yoʻq», «naam» — «ha» demakdir.

15. Ruhulloh — Iso paygʻambarga nisbatan qoʻllaniladigan ta’bir. Otasiz tugʻilgani uchun bu ism bilan atashgan. Bu yerda Isoyi Ruhullohning oʻz nafasi bilan oʻlikni tiriltirish qudrati tabiblarning davosozligiga qiyos qilinmoqda.

16. Tarj. ar.: qasd bilan, qasddan demakdir.

17. Ali — Ali bin Abu Tolib toʻrt buyuk xalifalarning oxirgisi (598 — 661), Muhammad paygʻambar (a. s.)ning amakivachchasi va kuyovi.

18. Tarj. ar.: Alloh undan rozi boʻlsin va Alloh uni buyuk qilsin!

19. Farididdin Attor — Muhammad ibn Abubakr binni Ibrohim (1148/51—1219/21) tasavvuf olimi. Ijodiyotda Husayn ibn Mansur al—Xalloj (858 — 922), Boyazid Bistomiy (vaf. 875) ta’limotining davomchisi. U inson irodasi bilan bogʻliq hamda yaxshi va yomonlikning zamiri insonning oʻzida, oʻz tabiatida mavjud, deb hisoblagan. Attorning «Mantiq ut—tayr»iga Navoiy, oʻz e’tiroficha tarjima yoʻsini ila «Lison ut—tayr»ni yozgan. Bu yerda Navoiy Attorni sirlar javohirlarini yaratgan, shoir deb ta’riflamoqda.

20. Mavlono Jaloliddin Rumiy — tasavvufning buyuk shoiri (1207, Balx — 1273). Quniya shahrida mudarrislik qilgan. Uning ijodi Farididdin Attor ta’sirida shakllangan. Manbalarda Attor Jaloliddin bilan Nishopurda uchrashib suhbatlashgani va «Asrornoma» asarini unga tuhfa qilgani qayd etiladi. «Devoni Shamsi Tabriziy» nomi ostida mashhur boʻlgan lirik she’rlar majmuasida Jaloliddinning 3000 baytdan ziyod she’rlari 270 baytdan iborat «Masnaviyi ma’naviy» asari oʻrin olgan. Navoiy bu yerda Rumiyni «gʻavvosi bahri yaqin» (ya’ni haqiqat asrorini oʻrganuvchi, Ollohni taniganlar dengizining gʻavvosi) deb ta’—riflaydi.

21. Sa’diy Sheroziy — Muslihiddin Abu Muhammad Abdulloh ibni Mushrifiddin (1203 — 08, Sheroz — 1292, shu shahar) shoir, nosir va mutafakkir yoshligida yetim qolib, kichkina bir baqqolchilik doʻkonidan tushgan nochor daromadi bilan oilaga koʻmaklashadi. Moʻgʻullar istilosidan keyin sayohatga chiqib, 20 yil mobaynida Turkiston, Hindiston, Shimoliy Afrika, Janubiy Arabiston, Kichik Osiyo shaharlarini kezib, Bogʻdodga qaytadi. Sa’diy boshlangʻich ta’limini oʻz yurtida olgan edi. Endilikda u Bagʻdoddan «Nizomiya» va «Mustansiriya» madrasalarida arab tili va adabiyoti, hadis va Qur’oni karim, kalom va tasavvufni oʻrganadi.

Uning «Boʻston», ayniqsa «Guliston» asarlari oʻsha vaqtdayoq va keyingi davrlarda ham juda mashhur boʻlgan. 4 ta gʻazallar devonida ham gʻinoiy she’riyatining eng goʻzal namunalari jam’langan. Sa’diy ijodida ishqi majoziy va ishqi haqiqiy tarannumi chatishib ketgan. Unda didaktik yoʻnalish ham kuchli. Bu yerda Navoiy Sa’diyni «Ma’no ahlining goʻzal soʻzlar aytuvchisi» deb ta’riflaydi.

22. Amir Xusrav Dehlaviy — Yaminiddin Abulhasan Amir (1253, Patyol—1325, Dehli). Shoir va mutafakkir. Uning otasi Sayfuddin Mahmud moʻgʻullar istilosi oldidan Shahrisabzdan Hindistonga koʻchib ketadi. Xusrav ilk she’rlarini «Sultoniy» taxallusida yoza boshlaydi. Uning gʻinoniy—lirik she’rlar devoni 5 ta boʻlib (umumiy hajmi 32645 bayt), ularni alohida nomlab chiqqandi va bu an’anaga asos soladi. Xusrav Nizomiy «Panj ganj»iga javoban «Xamsa» yaratib, xamsachilik an’anasini ham boshlab bergan shoirdir. Xusrav qator nasriy asarlar muallifi hamdir. «Xazoyin ul-futux» (Gʻalabalar xazinalari) «E’jozi Xusraviy (Xusrav moʻ’jizasi), «Manoqibi Hind» (Hind manoqiblari) shular jumlasidandir. Navoiy Xusrav Dehlaviyga katta muhabbat va yuksak ehtirom bilan qaragan va uni har bir dostonida hamda boshqa nasriy asarlarida madh etib oʻtgan. Bu yerda uni ishq ahli orasidagi sadoqatli oshiq va pok aqidalar yurituvchisi, deb ta’riflaydi.

23. Zahiriddin Sanoiy — Abdulmajid Majdud ibni Odam (1079 — 80, Gʻazna, 1140, shu shahar) boʻlishi kerak. Bu shoir ismi yo laqabi Zahiriddin boʻlgani ma’lum emas. Zahiriddin Tohir ibni Muhammad Foryobiy (1160, Foryob (Balxdagi—1202, Tabriz) degan shoir ham bor. Lekin Navoiy shoir taxallusini Sanoiy deb aniq yozadi. Sanoiyning katta she’rlar devoni, ayniqsa «Hadiqat ul—haqiqat» (Haqiqatlar gulzori) nomli dostoni gʻoyat mashhurdir. 12 ming baytdan iborat bu dostonni adabiyotda tasavvuf qomusi deb ataydilar. Bu yerda Navoiy Sanoiyni «tasavvuf mushkilotlari tugunini yechuvchisi», deb yodlaydi.

24. Shayx Avhadiddin — Avhadiddin Ali ibni Muhammad ibni Ishoq Anvariy (1105, Xovaron (Abivarddigi) —1187, Balx) shoir va mutafakkir, Tusdagi madrasada ta’lim olgan. Zamonasidagi turli ilmlarning — nujum, handasa, hikmat, tib, falsafa bilimdoni. Sulton Sanjar davrida (1118 — 1157) saroy shoiri boʻlgan.U shoʻx tabiatli, ozod fikr shaxs boʻlib, she’riyatda hajvga moyil edi. Avhaddiddin Anvariyni «qasida paygʻambari deb atashgan. Uning qasida (250), gʻazal (337), qit’a (557) va ruboiylardan (472) tarkib topgan Devoni qariyb 15 ming baytdan iborat. Navoiy bu shoirni «ahli yaqin (Allohni taniganlarning) yagonasi», deb ta’riflaydi.

25. Xoja Hofiz Shamsuddin Muhammad (1321, Sheroz — 1389, oʻsha shahar) — Mashhur shoir tojir oilasida tugʻilib, yosh yetim qoladi. U nonvoyga shogird tushib, oila roʻzgʻoriga qarashadi. Qur’oni karimni yod olgan hofiz boʻlgan, taxallusi shu fazilatidan olingan. Hofizni oʻz davridayoq «rind» deb atashgan edi. Buning boisi koʻproq uning she’riyatda jaranglagan jur’atli ovozi, hur va dadil fikrlariga koʻra edi. Hofiz, asosan gʻazalsaro shoir 1967 y. Tehronda Xalxoliy Hofiz vafotidan 35 yil oʻtgach, tartib qilingan devon matnini boshqa nashrlar bilan qiyos qilib bosib chiqaradi. Unda 418 gʻazal, 5 qasida, 41 ruboiy, 3 ta kichik masnaviy — «Soqiynoma», «Ohuyi vahshiy» va «Mugʻanniynoma» asarlari mavjud. Hofiz talqinida ishq — halovat sababi ayni chogʻda ishq — aziyat mohiyati. Hofiz gʻazallarida irfoniy gʻoyalar, tasavvufga e’tiqod ustundir. Navoiy lirik she’riyatda Hofizni oʻz ustozlaridan biri sifatida e’tirof etadi. Bu yerda shoirni ma’nolarni ochib beruvchi deb ta’riflaydi.

26. Kamol Isfaxoniy — Kamoluddin Ismoil Isfaxoniy (1170, Isfaxon — 1237, oʻsha shahar). 10 ming baytdan ziyod she’rlar kirgan devonga ega shoir. Devoni gʻazal, qasida, qit’a, ruboiy va tarkibbandlardan tarkib topgan. Shoir qasidalari faqat madhiya ruhida boʻlmay, ularda mahorat bilan zamona nosozliklari, ilm -hunar ahlining nochorliklari, ba’zi davlatmandlarning johilligi yuzasidan dadil fikrlar ilgari suriladi. Shoirning ijtimoiy qarashlari, ayniqsa uning qit’alarida oʻz aksini topgandir. Navoiy bu shoirni she’riyatda koʻproq majoz tariqida yozgan shoirlar sirasida tilga oladi.

27. Xoqoniy Shervoniy — Afzaliddin Badil ibni Ali (1120, Shervon —1198, Tabriz). Kosib oilasida dunyoga keladi. Amakisi qoʻlida tabib va shoir boʻlib yetishadi, ilm oʻrganadi. Birmuncha vaqt shervonshohlar saroyida xizmat qiladi. Lekin bu muhit va undagi makr—hasad, fitna—fujurlarga dosh bera olmay Haj safariga otlanadi. Qaytgach «Tuhfat ul—Iroqayn» (Ikki Iroq tuhfasi) masnaviysini yozadi. Saroyni tark etgan shoirni Shobron zindoniga tashlaydilar. U Rum (Vizantiya) shahzodasi Andronik Komnonga qasida bilan murojaat qilib, uning koʻmagida zindondan xalos boʻladi. Zindonda shoirning mashhur «Hibsiyot» manzumalari yaratiladi. Xoqoniy devoni 17 ming baytdan tarkib topgan. Unda 220 qasida, 330 gʻazal, 300 ruboiy, 230 forscha qit'a va 450 arabcha she’rlar bor. Xoqoniy she’riyatining keyingi davr shoirlariga ta’siri sezilarli boʻlgan. Navoiy bu yerda Xoqoniyni majoz tariqida qalam tebratgan shoirlar qatorida sanab oʻtadi.

28. Xojuyi Kirmoniy— Abulato Kamoluddin Mahmud ibni Ali (1290, Kirmon —1354, Iroq), shoir Xusrav Dehlaviydan keyin Nizomiy Ganjaviy an’analarini davom ettirgan ikkinchi shoirdir. U olti doston yozib «Xamsai Xoju»ga birlashtirgan. Ikki she’riy devoni bor. «Gul va Navroʻz» hamda «Shavqiyot» nomli masnaviylar ham yarattan. Hofiz uni oʻz ustozlaridan deb bilgan. Xoju Kirmoniy Sanoiy, Shayx Attor Jaloliddin Rumiy an’analarini davom ettirgan. Navoiy bu yerda shoirni majoz yoʻlida ijod qilgan soʻz san’atkorlari sirasida tilga oladi.

29. Mavlono Jaloliddin — Ibni Ja’far Farohoniy (vaf. 1336) sohibi Devon shoir. Nizomiy Ganjaviyning «Maxzan ul—asror»iga 3 ming baytli javob yozgan. She’riyatda falsafiy, diniy va axloqiy gʻoyalarni tarannum etgan.

30. Xoja Kamol — Kamoluddin Amid XII asrda yashab, ijod qilgan shoir. Buxorodan Xurosonga Sulton Sanjar saroyiga kelgan. Donishmand inson, mohir xattot va musiqachi boʻlgan. Anvariy ta’sirida yozgan she’rlari anchagina. Kamol devoni zamonamizgacha yetib kelmagan. Ulardan ba’zi namunalar tazkiralarda berilgan. Navoiy bu shoirni majoz yoʻlida she’r bitgan ijodkorlar sirasida keltiradi.

31. Anvariy — qarang: Avhadiddin Ali ibni Muhammad. Shu kitob, 7-6.

32. Zahir — Zahiruddin Nishopuriy XII asrda yashagan shoir va tarixchi, ishqiy va axloqiy mavzularda parokanda she’rlari bor. Yana Zahir Samarqandiy degan (XII) nasrnavis boʻlgan. Eng muhim asari «Sindbadnoma» boʻlib, adolatli shoh timsolini serjilo badiiy boʻyoqlarda yaratgan. Navoiy bu yerda majoz tariqida qalam tebratgan shoirlarni sanab oʻtayotgani uchun soʻz Zahir Nishopuriy ustida ketayapti chogʻi.

33. Abdulvose’ — Badeuzzamon Fariduddin ibni Umar ibni Rabe’i Gurjistoniy. Abdulvose’ Jaboliy nomi ostida taniqli (vaf. 1160). Hirotda tahsil koʻrgan, Gʻazna va Mashhadda faoliyatda boʻlgan. Devoni qasida, gʻazal va ruboiylardan tarkib topgan. Ularda bahor va navroʻz, ishqu muhabbat, doʻstlik va sadoqat tarannum etilgan. Ayni chogʻda, zamonadan shikoyat, xalq ahvolidai ogohlikka da’vat, shaxsiy dard—alam ohanglari ham baralla seziladi. Navoiy bu shoirni majoz tariqida yozganlar sirasiga kiritadi.

34. Asir — Asiruddin Abdulloh Avmoniy (vaf. 1236) arab va fors tillarida ijod qilgan, ayniqsa Anvariy she’rlariga payravlik qilgan shoir. Sodda, ta’sirchan va shirin she’rlaridan tuzilgan Devoni taxminan 5000 baytni tashkil qiladi. Qariyb shu davrlarda yana bir Asiri Axsikantiy (Asiriddin Abulfazl Muhammad Tohir) degan shoir (1108, Fargʻona Axsikati —1196 — 98, Ozarbayjon Xalxoli) yashagan. U Hirot va Marvda tahsil olib, riyozat, tib, kimyo, nujum, hay’at, falsafa, tilshunoslikda shuhrat qozonadi. Ma’lum muddat Iroqi Ajamda istiqomat qiladi. Devonida 120 qasida, 220 gʻazal, 80 qit’a, 80 ruboiy, 4 tarkibband va tarje’band, 24 fard mavjud. Gʻoyalari — kajraftor falakdan shikoyat, davlatmandlarning hirsu havasga ruju’lari va tama’korliklarni qoralab, sabru toqat, ilm-donishga da’vat kabi irfoniy fikrlardan iborat. Fikrimizcha, Navoiy Asir deganda Asiriddin Axsikatiyni emas, Asiruddin Abullohni koʻzda tutgan. Zeroki, bu shoir Navoiy tilga olgan majoz tariqida ijod qilgay shoirlar jumlasidandir.

35. Salmon Sovajiy — Jamoluddin Xoja Salmon ibni Xoja. Alouddin Muhammad (1310, Iroqi Ajam Sovasi — 1376, oʻsha yer) Sharq she’riyatida voqea sanalgan mashhur «Qasidai masnu’» ijodkori. Bu qasida jaloiriylar vaziri (davri 1327—35) Xoja Gʻiyosuddin Muhammadga bagʻishlangan. Muvashshah tariqida yozilgan bu qasidada bir necha bahrlardan mohirona foydalanilgan. Adabiyotda badiiy jihatdan gʻoyat barkamol asarni «qasidai Masnu’»ga oʻxshatiladi. She’riyatda Sa’diy Hofiz, Kamoluddin Ismoil, Zahiri Foryobiy, Anvariy va Manuchehrlarga payravlik qilgan. Oʻzi asarlaridan «Kulliyot» tuzgan. 16 ming baytni oʻz ichiga olgan «Kulliyot»ida gʻinoiy she’rlari va «Jamshed va Xurshid» hamda «Firoqnoma» masnaviylari oʻrin olgan. Navoiy bu shoirni ham majoz tariqida ijod qilganlar sirasida sanab oʻtadi.

36. Nosiri Buxoriy — Shohdarvesh hamda Darvesh Nosir nomlarida ham taniqli (vaf. 1371—72) shoir. Tahsil olish maqsadida Xuroson, Ozarbayjon va Iroqqa safar qilgan. Devonida 4000 bayt she’rlar mavjud. «Hidoyatnoma» nomli masnaviysi ham bor. Lirik she’riyatda Hofizga payravlik qilgan. Bu shoirni ham Navoiy majoz tariqida qalam tebratgai ijodkorlar qatorida tilga oladi.

37. Kotibiy Nishopuriy — Shamsuddin Muhammad ibni Abdulloh (vaf. 1435, Astrobod). Nishopur madrasasida tahsil olgan. Mavlono Siymiydan xattotlikni oʻrganib, xushxat kotib boʻlib yetishgani uchun Qotibiy taxallusni olgan. Hirot, Samarqand, Astrobod, Mozandaron, Gelon, Hijozga safar qilgan. Bir necha devonlari va masnaviylari bor. Navoiy Kotibiyni «Majolis un—nafois»ning I majlisida keltiradi va «oʻz zamonining benaziri erdi. Har nav’ she’rgʻaki, mayl koʻrguzdi, anga maoniyi gʻariba koʻp yuzlandi. Bataxsis, qasoidda balki ixtiro’lar ham qildi va koʻp yaxshi keldi». Navoiy Kotibiy gʻazallari va qasidalariga yuksak baho beradi, «yaxshi soʻzi koʻpdur» deb yozadi Kotibiyning Astrobodda toun (vabo) marazi bilan dunyodan oʻtganligi va Noʻx goʻron degan mazorda dafi etilganligi «Majolis»dan ma’lum. Bu yerda Navoiy Kotibiyni ham majoz yoʻlida yozgan shoirlardan deb qayd etadi.

38. Shohiy Sabzavoriy — Amir Oqmalik ibni Malik Jamoluddin Feruzkoʻhiy, taxallusi Amir Shohiy (1385, Sabzavor — 1453, Astrobod) shoir. Ajdodi sarbadorlardan boʻlgay, Shohiy Boysungʻur mirzo nadimi sifatida saroy xizmatini bajargan. Sarbadorlar magʻlub etilgach, ota yurtiga qaytib, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan, Shohiy 5—7 baytli oshiqona gʻazallarni koʻp bitgan. Ularni Jomiy, Navoiylar yuksak baholagan. «Majolis un—nafois»da Navoiy yozadi: «Farogʻatdoʻst va xushbosh kishi erdi. Aning she’rini choshni, salosat va yakdast va latofatida ta’rif qilmoq hojat ermas. Gʻazali garchi ozdur, ammo barcha xaloyiq qoshida pisandida va mustahsandur». Navoiy uni koʻrmagan, lekin maktub yozishib turganligini ta’kidlaydi. Navoiy Shohiy nomi bilan majoz tariqida yozgan shoirlarni yakunlaydi.

39. Mavlono Abdurahmon Jomiy — Nuruddin Abdurahmon ibni Nizomuddin Ahmad ibni Shamsuddin Muhammad (1414, Jomning Xargardi —1492, Hirot) shoir va mutafakkir Navoiyning doʻsti, tariqatdagi ustodi. 3 ta she’rlar devoni, «Xamsa» yoʻlidagi 7 dostondan iborat «Haft avrang (etti taxt), «Bahoriston» kabi badiiy va qator ilmiy asarlar jumladan, «Risolan aruz», «Risolan qofiya», «Risolai musiqiy», «Risolai muammo» (3 ta) va b. sharhlar ham yozgan. Navoiy Jomiyni gʻoyat hurmat qilgan, har bir dostonida alohida madh qilgan, boshqa asarlarida ham yuksak hurmat bilan yodga oladi. Jomiy vafotidan soʻng u haqda «Xamsat ul—mutahayyirin» (Hayratlanganlar beshligi) nomli muqaddima, uch maqolat vz xotimadan iborat maxsus asar yozgan. Unga oʻzining Jomiy vafotiga bagʻishlab yozgan marsiyasini ilova qilgan. Sadruddin Ayniy bu asar «marsiya adabiyotning eng jon oʻrtovchi namunasidir. Bu tarkibbandda Jomiyning butun ilmiy va adabiy qudrati mujassamlalgan», — deb yozgan edi. Bu yerda Navoiy Jomiyni haqiqat va majoz tariqida ijod qilgan komil va yetakchi soʻz san’atkori deb keltirdi.

40. Tarj. ar.: Olloh uning yotgan joyini nurga choʻmdirib, qabrini muqaddas aylasin.

Tarj. ar.: Ollohdin nafslarimizning yovuzliklari va ishlarimiznnng yomonligidan saqlanishni soʻraymiz.

41. Valoyat ahli — avliyolar ahli. Valiy — doʻst, tasarruf sohibi va amir ma’nolariga ham ega. Ollohnnng 99 ismidan biridir. Avliyolar Ollohning amrlarini ummatlarga tushuntiradilar. Haq bilan xalq orasida bir muomaladir. Paygʻambarning valoyati nubuvvatidan ustundir, degan tushuncha bor. Valiylar Olloh hukmiga mutlaqo rioyat etishlari lozim.

42. Shibliy — Abubakr Shibliy komil avliyolardan. «Nasoyim

ul—muhabbat»da Jomiy 4—tabaqa avliyolaridan deb yozadi. Attorning «Tazkirat ul—avliyo»sida Shibliy manoqiblaridan turli hajmdagi 60 ta naql, suhbatlarni keltiradi. Shibliy 334/945—46 y. Bagʻdodda vafot etgan.

43. Nuriy — Abulhusayn Nuriy, ismi Ahmad bin Muhammad. 2 – ta baqa avliyolardan. Ibn al—Bagʻaviy nomi ostida tanilgan. Nuriy 353/964 y. Nishopurda olamdan oʻtgan.

44. Tarj. ar.: Olloh qabrini muqaddas aylasun.

45. «Hudiy» — tuyachilar ashulasi.

46. Savt — a. lugʻaviy ma’nosi — qamchi, qamchi urmoq. Musiqada ovoz, tovush, kuy, ohang, demakdur.

47. Na’am — navo, ohang, kuy, tarona.

48. Tarj. ar.: Olloh dedi.

49. Tarj. ar.: Ollohning elchisi, ya’ni Paygʻambar dedi.

50. yorod — musiqa asbobi.

51. ayolgʻuchi — kuyning choʻziq nagʻmalarini ijro etuvchi.

52. Zij — yulduznoma; jadval.

53. Tarj. ar.: qochish, uzoqlashish lozim boʻlgan.

54. Tarj. ar.: oyning yuksakligi.

55. Tarj. ar.: munajjimlar, yolgʻon gapiradilar.

56. ajnos — jinsning koʻpligi — tur, nav; mol, matoni ham anglatadi.

57. Tarj. ar.: musulmonlarning ikki yelkasida oʻtirgan ikki farishta (oʻng yelkadagisi savob ishlarini, chap yelkadagisi gunoh ishlarini yozib borar ekan).

58. Odam — Olloh yaratgan ilk nnson. «Abulbashar» (Bashariyat

otasi), kunyasi «Safiulloh» (Ollohning sof quli) laqabi bilan ham taniqli. Halqda Odam Ota deb yuritiladi. Odamning yaratilishida yer yuzidagi har jins tuproqdan olingan emish. Olloh odamga ruh kiritgach, unga malaklarning sajda qilishini buyuribdi. Ulardan biri jannatning xazinadori Azozil (Iblis, shayton) otashdan yaratilgani uchun boʻysunmabdi va Olloh uni jannatdan quvibdi. Odamning soʻl qovurgʻasi suyagidan Havva yaratilgach, ular birga nurdan liboslar kiyib, rohatda yasharkanlar faqat jannat mevalaridan yemasliklarn kerak ekan. Iblis ularni yoʻldan urmoq uchun qanchalik harakat qilmasin, jannat darvozaboni Rizvon rozi boʻlmabdi. Iblis hiyla bilan toʻrt oyoqli, goʻzal hayvon boʻlgan ilonning tishlari orasida jannatga kirib olibdi. Nihoyat Iblis nayrang bilan Havva va Odamga jannat mevalarini yediribdi. Shundan soʻng Olloh ilonni oyoq va tishlaridan mahrum etgan ekan. Olloh Odam va Havvaning liboslarini yechdirib, jannatdan quvibdi. Ular mahram yerlarini anjir yaprogʻi bilan bekitib, Iblis va ilon bilan jannatdan chiqarilibdilar. Odam Sarandib, Havva Arabistondagi Jiddaga, Iblis Maysonga, ilon esa Isfahon (yoki Nusaybin)ga borib tushibdilar. 200 yil toat-ibodat, tavba-tazarrudan soʻng Jabroil Odam va Havvani Arofatda bir—biriga qovushtiradi. Ular 20 juft (qiz va oʻgʻil — egizak) farzand koʻradilar. Bularning eng mashhurlari Hobil va Qobil hamda Shit paygʻambardir. Qur’oni karimda hadislarda va adabiyotda Odam haqida oyat naql va qissalar gʻoyat koʻp. Navoiy «Risolai tiyrandoxtan» asarida Odam ato jannatdan chiqarilgach, Olloh unga dehqonchilik qilishni, bugʻdoy ekishni buyurganini yozadi. Bu yerda ana shunga ishora bor.

59. Tarj. ar.: aziyat beruvchilarni oʻldiringlar.

60. «Sod» — arab alifbosidagi harfning nomi. «Hirs» soʻzining

oxirgi harfi «sod» bilan yozilganiga bu yerda ishora qilinadi.

61. «ayn» — arab alifbosidagi ayirish belgisining nomi, «tama’» soʻzida oxirgi harf boʻlib kelishiga ishora.

62. Tarj. ar.: Olamning toʻrt iqlimiga sipohgarlik qilish — mol handashlikdir. Bu yerda sipohiylik mohiyatiga kinoya bor.

63. Tarj. ar.: shovqin-suron, toʻpolon, taralla-yalla.

64. Rind — dunyo ishlarini xush koʻrgan kishi. «Gʻiyos ul—lugʻat»dan «Rind shariat qoidalarini, johillik yuzasidan emas, ongli suratda inkor qiluvchi odam, deyiladi. Adabiyotda rind johu davlatni koʻzga ilmagan hur fikr, isyonkor ruhiyatli, mayparast, bodadan haqiqat sarmasti boʻlib ishq sahrosi sargardonlari timsashda keladi. Hofiz

Rindon bodanoʻshki, bo jam hamdamand,
Voqif zi sirri olam va az holi odamand

(ya’ni, rindlar jom bilan hamdam bodanushdirlar, Ular olam sirlariyu odam holidan voqifdirlar), deb yozadi.

65. Dayr — lugʻaviy ma’nosi — ibodat gunbazi: kaliso, butxona, majozan: mayxona. Tasavvufda lison olamini anglatadi.

66. Jamshid — Jam Qadimiy Eronning peshdodiylar sulolasining 4—hukmdori. Mifologiyaga koʻra u Nuh zamonida 700 yoki 1000 y. yashagan. Insonlarga zarur boʻlgan koʻp narsalarni, jumladan, sipohiylik aslahalari nayza, qilich, pichoq, qalqon, yasatgan. Hammom bino qilgan. Ipak liboslar, ranglar ixtiro etgan. Istahr degan shaharni kengaytirib, unda ulugʻ bir bino qurdirgan. Imorat bitgach katta tantanali yigʻin oʻtkazib, oʻzi javohirlar qadalgan taxt ustida oʻtirganda, quyosh chiqib, uning hashamatidan hamma yoq porlab ketadi. Xalq bu kuni Navroʻz (yangi kun) Jomni esa Jamshid (nur shohi) deb atay boshladi. Oqibat Jamshidda gʻurur va kibr paydo boʻladi. Navoiy «Tarixi anbiyo va hukamo» asarida yozadi: oʻz suvrati bila butlar yasab, aqolim (iqlimlar), va kishvar (mamlakat)larga yiborib, elga oʻzining parastishini (oʻziga sigʻinishni) buyuradi. Ollohning qahriga uchradi va Zahhok Jamshidni arra bilan ikkiga boʻlib, pora—pora qildi, taxtini egalladi. Tasavvufda Alaviy, Mavlaviy Bektoshin tariqatlarida Jom bir zikr nomi boʻlib, zikrdan soʻng sharob ichiladi. Jam maqomi, jam ul—jam degan komil maqom ham bor. Bu yerda Navoiy Xarobot rindlari oʻz shavkatini Jamshidnikidan ortiq biladilar degan fikrga urgʻu bermoqda.

67. Darvesh — bir tariqatga bogʻli odam. Asl ma’nosi Olloh yoʻlida xoksorlik va faqirlikni qabul qilgan kimsani anglatadi. Adabiyotda darvesh farogʻat goʻshasida sokin, qanoat xazinasi sohibi, martabada sultondan yuksak, ma’naviyat podshohi, oʻz yurtida musofir, xirqapoʻsh sayyor sifatida qalamga olinadi.

68. Faridun — Afridun holida ham uchraydi. Qadimgi Eron peshdodiylar sulolasiga mansub podshoh. Navoiyning «Tarixi muluki ajam» asarida yozishicha, ba’zi manbalarda Jamshid nabirasi, ba’zilarida Taxmuras naslidan deyiladi. Navoiy Faridunni «Yaxshi axloqlik olim va odil podshoh erdi» deb maqtaydi. U Muso paygʻambar va Horun uning zamonida yashaganlar, deb yozadi Navoiy. Faridun oʻz yaralariga odamzod magʻzidan boshqa davo topmagan Zahhokni mahv etgan, Kova ohangar (temirchi) saxtnyonini bayroq qilish qoidasini oʻrnatgan edi. Faridun oʻzining boy xazinasi bilan ham mashhur boʻlgan ekan. Bu yerda ana shu Faridun ganjga ishora qilinadi.

II qism

1. Tavba sharoitda vojib, tariqatda shart, sulukda lozim boʻlgan tushuncha. Tasavvufda bandaning parvardigor sari safari (uning hayoti) boʻlsa, bu safar manzillari — maqomlari yettitadir. Birinchi maqom tavbadir. Tasavvuf istilohotida tavba ruhning bedorligidir, deb ta’rif qilinadi. Hatto tavbani inson ruhining birinchi isyoni hisoblaganlar. Olloh ismlari orasida Tavvob (tavba qabul qiluvchi) bor. Quroni karimda tavba 87 bor eslatiladi. Muhammad paygʻambar (a. s.) «har kuni 70 marta tavba’ qilaman», — degan ekan.

2. Tarj. ar.: Bu Ollohning fazilatidur, uni xohlagan kishisiga beradi.

3. Shayx Abdullo Muborak — Abu Abdurahmon Abdulloh bin Muborak Marvaziy (vaf. 171/787—88) Iroqning Hit shaxari, Shahanshohi ulamo, shariat va tariqatning imomi, qalam va qilich amiri deb ta’riflangan buyuk shayxlardan Attor «Tazkirat ul-avliyo»da uning manoqiblaridan 22 naql keltiradi. Jomiy «Nafahot ul-uns»da, Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da Abdullo Muborak haqida alohida maqola beradilar. Navoiy Attor keltirgan Abdulloh Muborak manoqiblaridan biri — tavbasining boshlanishi haqidagi naql beradi: U bir kanizak ishqiga giriftor boʻladi. Bir qish kechasi tongga qadar ma’shuqa devori ostida turadi. Qor va sovuqda qoladi. Sahar namozi azonini xufton deb oʻylaydi. Oʻziga kelgach, deydi: —ey Muborakning nomuborak oʻgʻli, senga uyat emasmi? Agar Imom namozda uzunroq sura qiroat qilsa, toliqarding. Endi nafsing havosiga tong otquncha mundogʻ azob tortarsen». Shundan soʻng Abdulloh Muborak tavba qilib, sulukka beriladi. Xuddi shu naql bu yerda ham keltiriladi.

4. Zuhd — dunyo va uning lazzatlari orzularidan kechib, toat—ibodat bilan mashgʻul boʻlishlikni anglatadi. Mashoyixlardan Junayd: «Zuhd shuki, mulkdan qoʻl, tab’dan dil xoli boʻlgʻay». Zohid parhezkor boʻlib, jismoniy xalovat va lazzatlardan saqlanib, dunyo, molu joh, yoru agʻyorning koʻpu oziga parvo qilmaydi. Muhammad paygʻambar: «Zohid shunday kimsaki, dunyo ya’ni, undagi xayriyatlarni yeganda moʻmindanmi yo kofirdanmi u qoʻrqmaydi»,— degan ekan.

5. Mavlono Shamsiddin Muiddi Ucha — XV asrda Jomda yashagan, sufiylar boshligʻi.

6. Tarj. ar.: kechasi bezor.

7. Tarj. ar.: yil boʻyi roʻzador.

8. Uhud gʻazvasi — 624 y.da Abu Sufyon boshchiligidagi 3 ming yaxshi qurollangan qoʻshin Muhammadga qarshi qoʻshin tortadi. Muhammad 700 qoʻshin bilan ularga qarshi chiqib, Uhud degan joyda jang qiladi. Jangda Muhammad boshidan yaralanadi va tosh tegib ikki tishi sinadi. Alining jasorati bilan madinaliklar gʻalaba qozonadilar. Bu yerda Muhammadning muqaddas jangda yoʻqotgan ikki tishi xotiri uchun Shamsiddin Muiddi oʻzining 32 tishini sugʻirib tashlagani haqida soʻz ketadi.

9. Kichik Mirzo — Husayni Boyqaroning egachisi Oqobegimning oʻgʻli. Boburning yozishicha «Burunlari tagʻoyisiga mulozamat qilur edi. Soʻngra sipohiylikni (hukumat xizmati, amaldorlik) tark qilib, mutolaagʻa mashgʻul boʻldi. Derlarki, donishmand boʻlub ekandur». Navoiy «Majolis un—nafois»da yozadi: «xoʻb tab’lik, tez idrokliq, shoʻx zehnlik, qaviy hofizalik yigit erdi. Oz fursatda yaxshi tolibi ilm boʻldi va koʻproq ulum va funundin oʻz mutolaasi bila vuquf hosil qildi. She’r va muammoni xoʻb anglar erdi, balki koʻngli tilasa ayta ham olur erdi. Bovujudi bu fazoil darveshliqlarga moyil boʻlib, Makka ziyorati sharafiga musharraf boʻldi». Bu hikoyat kichik Mirzonnng ana shu darveshlikka moyilligidan dalolat beradi.

10. Tarj. ar.: unga Ollohning rahmati boʻlsin.

11. Tavakkul — Parvardigorga dilbastalik va komil e’timod —ishonchdir. Bu ma’rifatning kamoliga bogʻliq maqom boʻlib, valiylarga nasib qiladi.

12. Tarj. ar.: Ollohga tavakkal qilsin.

13. Shayx Ibrrhim Sitnaba — Ibrohim Adham sahobalaridan. Kunyasi Abu Ishoq. Asli Kirmondan boʻlib, Hirotda yashagan, shu bois uni Hirotiy ham deyishgan. Qabri Qazvinda.

14. Qanoat — qismatdan rozi boʻlish, nafsdan voqiflikdir. Ozga qone’lik qanoatdir.

15.Muxbiri sodiq — sadoqatli xabar yetkazuvchi. Muhammad paygʻambar (a. s.)ga nisbatan qoʻllaniladigan ibora.

16. Shayx Shoh Ziyoratgohiy — XV asrdagi Xuroson mashoyihlaridan boʻlsa kerak.

17. Tarj. ar.: qanoat qilgan aziz boʻladi.

18. Tarj. ar.: tez davolanmaydigan demakdir.

19. Ayyub — paygʻambar. Ishoq paygʻambarning nabirasi. Rivoyatlarga koʻra Ayyubning mol-dunyosi, Rohma ismli xotini, bir uy farzandlari bor ekan.U dunyo lazzatlaridan bahramand ekan. Olloh uni imtihondan oʻtkazmoqchi boʻladi. Molu mulki qoʻlidan ketadi. Ayyub sabr qiladi. Bir—bir bolalari vafot etadi, u sabr qiladi. Kasal boʻladi, a’zoy badaniga yara toshadi, hatto bu yaralar qurtlab ketib, azob beradi, u sabr qiladi. Rohma unga mehribonlik bilan xizmat qiladi. Nnhoyat Olloh Ayyubga shifo baxsh etadi, Havran eliga paygʻambar qilib joʻnatadi. Unga yangidan mol-dunyo va farzandlar ato qiladi. Adabiyotda Ayyub sabr qanoat timsoli sifatida tilga olinadi. «Ayyub sabrini bersin» degan duo xalqlar orasida keng tarqalgan.

20. Tarj. ar.: ta’zim [faqat] Alloh amrichadir.

21. Tarj.ar.: Shavqat Allohning yaratganigadur.

22. Tarj. ar.: Allohnnng yaratgani.

23. Tarj. ar.: Alloh tomonidan yaratilgan.

24. Xoja Abdullo Ansoriy — Abu Ismoi Abdulloh bin Abiy Mansur Muhammad al—Ansoriy — laqabi Shayx ul—islom (396/1005—06 —481/1088—89), Orif, yozuvchi, shoir va donishmand. Jomiy «Nafahot ul—uns»da yozishicha, qalami ostidan chiqqan narsalari yodida naqshlanib qolar ekan. 1000 bayt arab shoirlari sherlarini yod bilgn. Xoja Abdullo Ansoriy Qur’on tazkir va tafsirida oʻzini Xoja Imom Yah’yo Ammornig shogirdi hisoblangan. U sof sunniy boʻlgan 300 ming hadisni, ming—ming isnodi (dalillar bilan) yoddan bilgan. Asarlari Naqli tabaqoti sufiya», «Qoshif ul—asror», «Munojotnoma», «Muhabbatnoma», «Zod ul-orifin», «Qand ul-solikin, «Qalandarnoma», «Haft hisor», «Ilohiynoma» va b. Navoiy «Nasoyim ul—muhabbat»idagi Ansoriyga bagʻishlangan maqola Jomiy asaridagi maqolaning qariyb aynan tarjimasidir.

25. Mansur — Husayn bin Mansur Halloj Bayzaviy Kuniyati Abulgʻays (857—922). Attor «Tazkirat ul—avliyo»da uning maqolasidan koʻplab naqllar, karomatlar, qatlining tafsilotlarini keltiradi. Uning «Analhaq»ini tushungan tarafdorlari va rad etgan muholiflarini nom-banom sanab oʻtadi. Jumladan, Shibliy aytgan ekan: «men va Xalloj bir mashrab (fe’l—atvor, tariqat, din) danmiz. Lekin meni devonalikka nisbat berdilar, omon qoldim. Husaynni esa uning aqli halok qildi». Mansur Xallojdan «ishq nima?» deb soʻraganlarida: «Oʻldirilgan, sovrulgan kun — ishqdir», — deb javob bergan ekan. Attor Mansurning qay tarzda qatl etilishini yozadi: avval toshboʻron qilinadi, keyin qoʻllarini, soʻng oyoqlarini, chopib, burun, quloqlarini kesib, koʻzlarini oʻyib, tashlaydilar. Har bir a’zosidan judo qilisharkan, Mansur javoblar berib turgan, jumladan tilini qirqishdan avval: «Biroz sabr qiling soʻzim bor, deb yuzini osmonga qaratib: Ilohi, sening uchun shu ranjni tortayotganlarni (ya’ni, unga azob berayotganlarni) marhamatingdan mahrum qilma, ularni shu davlatdan benasib etma!» deb iltijo qilgan ekan. Attor ta’kidlaydiki, namozshom paytida Xallojning boshini tanidan judo qilar ekanlar, u tabassum bilan boqardi har andomidan «Anal — haq» eshitilar, oqqan har tomchi qonidan «Olloh» naqshi zohir boʻlar edi», — deb yozadi.

Jomiyning «Nafaxot ul—uns», Navoiyning «Nasoim ul— muhabbat» asarlarida Mansur Halloj haqida maqola mavjud. Oxirida (har ikki maqola aynan) Mansur Hallojnyng ustodi Abu Amr binni Usmon Makkiy tavhil (Xudoning yagonaligiga va ulugʻligiga e’tiqod qilish ilmi — S. Gʻ.)da bir risola yozganligi aytiladi. Uni pinhon tutar ekan. Mansur uni yashirincha olib, oshkor qiladi. Bu asar nozikliklarini tushunmay, el uni rad etadi. Ustod Hallojni «ilohi, birovni anga gumonlakim, ilik—ayogʻin kesgay va koʻzin oʻygʻay va dorgʻa tortqay, deb qargʻagan ekan.

Nimaiki Mansur Halloj boshiga tushgan boʻlsa, ustodi duosi bilan boʻldi», deyiladi.

26. Tavajjuh — zohiran, qalban butun borligʻing bilan haqqa yuz tutmoqlikdir.

27. Rizo — tasavvufda tavakkuldan keyingi maqom boʻlib, solik

oʻz nafsi rizosidan kutilib, Xudo iroda qilgan, taqdir etgan narsalarga rozi boʻladi (Rizo qazoning achchiqligiga nisbatan dilning shohligidir).

28. Tarj. ar.: Ollohning axloqlarini qabul qilguvchilar, demakdir.

29. Xalilullox — Ibrohim paygʻambarning laqabi.

30. Namrud — Ibrohim paygʻambarni oʻtga tashlagan podshohning ismi.

31. Ishq tasavvufda tariqatning eng muhim maqomlaridan. Unga faqat komil inson yetishadi. Bu maqomda oshiqda shunday holat yuz beradiki, u oʻzidan begona, noogoh, zamonu makondan ozod, mahbub firoqida kuyadi, yonadi, unga yetishishga intiladi.

32. Tarj. ar.: Haqiqatda Olloh goʻzaldur va goʻzallikni sevadi, demakdir.

33. Shayx Iroqiy — Shayx Faxriddin Ibrohim Iroqiy (1213, Hamadon —1289, Damashq). Yoshligida Qur’oni majidni yod olgan va gʻoyat goʻzal qiroat bilan oʻqishni oʻrgangan. 17 yoshida tasavvufga mayl qilgan. Darveshlarga qoʻshilib, Hindistonda Zakariyoyi Multoniyga shogird boʻlgan va uning qiziga uylangan. Makka va Madinaga safar qilib, Bagʻdodda Shihobiddin Suhravardiy suhbatida boʻlgan. Kuniya hokimi Mu’iniddin parvona Tavqon shahrida unga xonaqoh qurib bergan. Shom va Misrda ham boʻlgan. Qasida va gʻazallardan iborat devonida 4800 bayt va Sanoiyning «Hadiqa»si payravida «Ushshoqnoma» nomli manzumasi bor. Asarlari ishqiy va irfoniy mazmunda. «Lamaot» nomli nasriy risolasi gʻoyat mashhur boʻlib, unga Jomiy sharh yozgan. Shayx Iroqiyning qabri Damashqning Solihiya degan yerida Shayx Muhyiddin al—Arabiy qabri oyogʻidadir. Uning yonida oʻgʻli Qabiriddin ham dafn qilingan.

35. Siddiq tasavvufda soʻzlari va ishlari, bilimu ahvoli, ravishu niyatlari, tabiati va axloqi toʻgʻri boʻlgan kishilardir. Siddiqlar valoyatning a’lo va nubuvvatning adno (quyi) darajasida turadilar.

35. Tarj. ar.: qudratli podshoh huzurida, demakdir.

36. Shayx Abu Said Harroz — Ahmad bin Iso Bagʻdodiy (vaf. 277/890—891). Uni «Lison ut—tasavvuf» (tasavvuf tili) deb ulugʻlaganlar. Asli Bagʻdoddan, Ikkinchi tabaqa mashoyixlaridan. Laqabi Harroz (payabzal yamoqchisi). Muhammad bin Mansur Tusiynnng shogirdi: Zunnun Misriy suhbatida boʻlgan. Tasavvufda 400 asari borligi Attorning «Tazkirat ul-avliyo»sida qayd etilgan.

III qism

1. Ja’far — Kamoliddin Ja’far binni Ali Tabriziy (vaf. 1456—58, Buxoro). Shohrux zamonida kamol topib, Boysunqur mirzo (1399 — 1434) davrida kotibi va musavvirlarning boshligʻi boʻlgan. Shu bois ja’fari Boysunquriy deb imzo chekkan. «Suls», «nasx», «riqo’», «rayhon», «tavqe’» va «shikasta» xatlarining mumtozi boʻlgan. Firdavsiy «Shohnoma»si Nizomiy «Xusrav va Shirin»i, Hasan Dehlaviy «Devoni», Sa’diynnng «Guliston»i, Hofiz devonini koʻchirgan va bu moʻ’tabar qoʻlyozmalar Tehron, Parij, Istambul, London, Leningrad shaharlarining nufuzli kitobxona va muzeylarida saqlanadi.

2. Azhar — Azhar Tabriziy (1422, Tabrez — 1502/03, Baytul-muqaddas). Ja’far Tabriziyning shogirdi, xattot Mirali va Ja’fardan soʻng «Nasta’liq» xatining uchinchi ustodi hisoblanadi. «Suls»ni oliy darajaga olib chiqqann sababli —«usuli shashgona» (sitta) ustodi ham sanaladi. Jaloliddin «Masnaviy»si, ibni Yaminning «Muqattot» (qit’alar)i, Nizomiy va Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»larini kitobat qilgan. Bu nodir qoʻlyozmalar Tehron, Istambul, Lohur, Manchestr, N'yu—York shaharlari kitobxonlari va muzeylarida saqlanadi.

3. Abdulhay (1360, Bogʻdod —1420, Samarqand) — xattot va musavvir. Sulton Uvaysiy Jaloiriy saroyida, Bogʻdodda yashagan. 1393 y. Temur Iroqni istilo qilganda Abdulhayni Samarqandga olib kelib, oʻzining tasvir ustaxonasiga boshliq qilib tayinlagan. Uning «Bat» (oʻrdak), «Jang manzarasi» va «Guliston» hikoyatlariga chizgan rasmlari davrimizgacha yetib kelgan. Umri oxirida irtijo’chi doiralar ta’sirida oʻz san’atidan voz kechgan va koʻp rasmlarini kuydirib tashlagan. «Nasx», «suls» va «riqo’» xatlarini goʻzal bitgan. Bu yerda mohir xattot sifatida nomi keltiriladi

4. Moniy — Qadimiy afsonalarga koʻra Rumda yashagan naqqosh. Nubuvvat da’vo qilib, naqqoshlikni oʻzining moʻ’jizasi deb xaloyiqni ishontirishga intilgan. «Arjang» («Arjang», «Arsang» nomida ham uchraydi) nomli asar yozgan deyiladi. Bu asarning bir nusxasi Gʻaznada mavjud degan ma’lumotlar bor. Deydilarki, Moniy «Arjang»ni bir gʻorda saqlagan ekan. Gʻorning devorlariga turli—tuman goʻzallarning rasmlarini va manzaralarini chizgan ekan. Bu gʻorni «Nigoristoni Moniy» deb atashar ekan. Mumtoz adabiyot vakillari (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy va b.) Moniyni buyuk rassomning timsoli sifatida talqin qiladilar.

5. Atorid — Utorid — Merkuriy sayyorasi. Mifologiyada bu yulduz yozuvchilarning homiysi hisoblanadi. «Dabir» deb ham yuritiladi. Utorid hokim boʻlgan burjlarda tugʻilganlar zehnli, hiylagar boʻlar emish. Doʻst yulduzlari — Qamar, dushmanlari Shams va Zuhra emish.

6. Yusuf Kan’oniy — Ya’qub paygʻambarning oʻgʻli, hayoti va qissasi Qur’oni karimda «Yusuf» surasida keltirilgan, laqabi Sinodir. Yusuf paygʻambarlikka noil boʻlgan. U goʻzallik va ezgulik timsoli sifatida Sharq adabiyotiga kirgan. U haqda koʻp qissa va dostonlar yaratilgan, jumladan, X asrda Abulmuayyad Balxiy Baxtiyoriy, Am’aq Buxoriy dostonlarn yaratilgan. Firdavsiyga nisbat berilgan Yusuf haqidagi qissa muallifi Amoniy degan shoir ekanligi ma’lum boʻldi: XI asrda bu mavzu’da Mas’ud Hiraviy, Ozori Tusiy, Mas’ud Kumiy, Mas’ud Dehlaviy, XV — XIX asrlarda shoirlar oʻnlab dostonlar yaratdilar. Turkiy zabon adabiyotlarda Ali (XII), Hamidulloh Chalabiy (XI) dostonlari yozildi. Nozim Hikmat «Yusuf Kan’oniy» nomli asar yozdi. Nemis yozuvchisi Tomas Mani 1926—33 yillarda bu mavzu’da qator romanlar ijod qildi. Oʻzbek adabiyotida «Yusuf va Zulayxo» dostonini Durbek yozgan, deyiladi. Lekin Afgʻonistonlik olim Muhammad Ya’qub Vohidiy Juzjoniy bu doston muallifinnng nomi Homidi Balxiy ekanligi haqida ma’lumot e’lon qildi.

7. Ankar al—asvot — a.: Eng yoqimsiz tovush, ovozni anglatadi.

8. Yusuf Andigoniy — «Badiiy» taxallusi bilan yozgan shoir. Navoiy «Majolis un—nafois»da ta’kidlashicha, tahsil uchun Samarqandga borganida, u Andijondan kelgan va birga boʻlishgan. Keyin Hirotda yashagan. Navoiy uning yaxshi she’rlari borligini, aruzni bilishligini, muammo risolasi borligini ta’riflaydi. «Birmuncha takabbur ham bor edi», deb qayd qilib oʻtadi. Lekin Yusuf Andijoniyning ovozga aloqador jihati haqida tazkirada soʻz kelmaydi. Binobarin, bu yerda Navoiy nimani koʻzda tutayotganini aniqlash mumkin. Balki shoir chiroyli ovoz bilan she’r oʻqigan, balki xushovoz xonanda boʻlgandir.

9. Salmon — qarang: shu kitob 25—b.; 35—izoh.

10. Jorulloh — bu nom bilan Mahmud Xorazmiy — Abulqosim Mahmud bin Umar Zamahshariy (467/1074 — 538/1143 — 44) Asli Xorazmning Zamaxshar shahridan adabiyot va lugʻat ilmida katta ishlar qilgan olim, ma’lum muddat Ka’ba mujoviri (Ka’ba yonida yashagan) boʻlgani uchui Jorullox (ollohning qoʻshnisi) laqabi bilan mashhur boʻlib ketgan. Bir oyogʻidan ayrilgan ekanligi haqida ma’lumotlar bor. «Kashshof», «Asos ul—balogʻa», «Muqadima dar lugʻat» kabi asarlar yozgan.

11. Bu yerda Navoiy Zamaxshariyning «Kashshof» (kashf qiluvchi, ochuvchi, tushuntiruvchi, ma’nodor, puxta) asarini namuna sifatida keltirmoqda.

12. Tarj. ar.: U yagonadur va uning sherigi yoʻqdur. Ollohdan oʻzga iloh yoʻqdir.

13. Jilla jalolahu umma va umma navalahu va lo iloha hayrahu — a.: Buyukligi yana ham yuksalib, ne’matlar umumiy boʻlsin. Undan oʻzga iloh yoʻq.

15. Tarj. ar.: Olloh sanga qanday yaxshilik qilsa, sen ham boshqalarga shunday yaxshilik qilgin.

16. Nuh — paygʻambar. Rivoyatlarga koʻra, odamlarni imonga da’vat qilib maqsadiga erisha olmay sarosimaga tushgan Nuhga «Kema yaratgil», — deb vahy keladi: kema tayyor boʻlgan toʻfon alomatlari koʻrinadi. Nuh oilasi, bir qancha moʻminlar va har tur hayvondan bir juftdan olib kemaga chiqadi. Uning oʻgʻli Yom «men toqqa chiqib, qutilib qolaman», — deydi. Kema dahshatli dalgʻalar orasida suzib yuradi.

Nihoyat, Ollohning qudrati bilan boʻron toʻxtaydi. Olam boshqa olam boʻladi. Nuhning uch oʻgʻli Som, Hom va Yofasdan insonlar yaraladilar. Nuhni ikkinchi Odam deb ta’riflaydilar. Nuh 1000 yoki 250 y. yashagan emish. Shuning uchun xalq orasida «Nuh umri» degan tushuncha keng tarqalgan.

Adabiyotda Nuh umri, toʻfonlarga bardosh bergan oshiq, toʻfon esa oshiqning, koʻz yoshi sifatida qalamga olingan. Bu yerda Navoiy Nuh umricha umrim boʻlsa ham davr ahli bevafoliklari va zamon xayli behayoliklarini yozib tugatishim mahol, — demoqda.

17. Luqmon — Sharq xalqlari orasida Luqmoni hakim nomi bilan mashhur asli habash boʻlib, Dovud paygʻambar zamonida yashagan ekan. U kimningdir solih quli boʻlgan, keyin ozod qilingan, degan rivoyatlar ham bor. Koʻp bilimlarni ayniqsa, tabobatni yaxshi bilgan Luqmon umri oxirida aqldan ozgan ekan. Jomiy «Nafahot ul-uns»da «Shayx Luqmon Saraxsiy» deb maqola beradi va uning dunyodan oʻtgan chogʻida mashhur shayxlardan Abu Sayd Abul Xayr va Abul Fazl Hasanlar tepasida boʻlganlarini yozadi.

Jomiy Luqmonning «Ilohi, podshohlarning qullari qarib qolganda, uni ozod qiladilar. Sen aziz podshohsan, men senga bandilikda qaridim, ozod qil», — deb iltijo qilganida, gʻoyibdan «Ey Luqmon» seni «Ozod qildim» degan nido kelgan. Uning ozodligi shunda ediki, aqli olingan edi», — deb yozadi. Bu yerda Navoiy Luqmonning oddiy bir qul boʻlgann haq inoyati bilan hakim va nabiylikka noil qilinganiga diqqatni qaratadi.

18. Tarj. ar.: yaxshilik qanotlari yoʻq boʻlmaydigan va yoʻq boʻlmaydi.

19. Tarj. ar.: Toqat qilib boʻlmas narsadan qochish.

20. Tarj. ar.: Senga buyruq qilingandek toʻgʻri boʻl.

21. Tarj. ar.: Qanoat qilgan azizdur.

22. Tarj. ar.: Yaramasliklar onasi.

23. Tarj. ar.: Ikki dunyo (bu va narigi dunyo)da muqaddas — sharif insondir.

24. Tarj. ar.: Iflos boʻlmoq.

25. Tarj. ar.: Olloh taolo ularning ruhlarini muqaddas qilsin.

26. Shayx Boyazid Bistomiy — Tayfur bin Iso bin odam bin Sarushon (vaf. 280/873—74) ulugʻ mashoyixlardan, buyuk avliyolardan. Jomiy birinchi tabaqaga mansub, deb yozadi. Junayd Boyazid haqida: «Bizning oramizda Boyazid maloikalar orasida Jabroil kabidur», — degan ekan.

Attor «Tazkirat ul—avliyo»da Boyaznd Bistomny haqidagi makrlatlarda 125 naql, karomat va hikmatlar. Shayx Boyazidning me’roji, «hamd», «Shayx Boyazidning munojati» deb nomlangan alohida boblar beradi. Navoiy bu yerda pir irshodidan chetga chnqish solik uchun xatarli, degan tushunchaning isboti uchun Boyazid Bistomiy haqidagi bir naqlga e’tiborni tortadi.

27. Horun ar—Rashid (763 yoki 766, Bogʻdod — 809, Tus) abbosiylar sulolasinnng beshinchi xalifasi. Uning davrida dehqonchilik, hunarmandchilik, tijorat, ilm—fan va madaniyat ravnoq topgan. «Ming bir kecha»dagi naqlu rivoyatlarda u adolatli hukmdor sifatida tilga olinadi.

28. Shayx Bahlul — Horun ar—Rashid davrining mashoyixlaridan, zamona allomasi Umar Kufiyning oʻgʻli boʻlgan. Oʻzini devonavashlikka solib, jamiyat norasoliklari va a’yonu ashroflar riyokorligini fosh etib yurgan. Leknn Shayx Bahlulning jununi bor, deb uni jazolashmas ekanlar. Navoiy Horun ar—Rashid bilan Bahlul orasidagi bir suhbatni shukr va qanoat bobidagi oʻz oʻgitlariga misol tarzida keltiradi.

29. «Xush» soʻzining arabcha yozilishidagi harflar yigʻindisidan «abjad hisobi» bilan 906/1500 — 1501 y. chiqadi.