OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiMajolis un-Nafois (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm248KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Majolis un-Nafois (II- qism)
Alisher Navoiy

Yettinchi Majlis

Salotini izom va avlodi vojub ul-ehtiromlari zikridakim, ba’zi yaxshi mahallarda xub bayt oʻqubturlarkim, filhaqiqat oʻzlari aytqondek xubdur va ba’zi nazm latoyifiga mashgʻul boʻlubturlarkim, ul dagʻi matlub va margʻubdur

Muluk shajarlarining boʻstoni va salotin gavharlarining ummoni, xoqoni jahongiri sohibqiron, ya’ni:

Temur Koʻragon(1) — agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqe’da oʻqubdurlarkim, aningdek bir bayt oʻqugʻoni ming yaxshi bayt aytqoncha bor. Tabarruk haysiyatidinkim, ul hazratning muborak ismi bu muxtasarda boʻlgʻay va ul latoyifdin biri bila ixtisor qushilur. Mundoq naql qilurlarknm, chun Tabrizda Mironshoh Mirzo(2) chogʻirgʻa koʻp ishtigʻol koʻrguzdi. Dimogʻi va mizoji e’tidol tariqidin inhirof topib, andin nomuloyim amr koʻp surat tuta boshladi. Samarqandda ul hazrat arzigʻa bu nav’ yetkurdilarkim, uch nadimi borkim, mufrit chogʻir ichmakka bois alardurlar. Hukm boʻldikim, tavochi miod bila chopib borib uchalasining boshin keltursun. Alardin biri Xoja Abdulqodir erdi va yana biri Mavlono Muhammad Koxin erdi va yana biri Ustod Qutb Noyi erdi. Tavochi bo-rib ikkisini yasoqqa yetqurdi. Ammo Xoja Abdulqodir qochib qalandar boʻlub, oʻzin devonaliqqa solib mulkdinmulkka mutavori yurur erdi, to ulkim, ul hazrat yana Iroq yurushi qildi. Ul mamolikda Xojaning ul holi ba’zigʻa ma’lum boʻlub, yuqori arz qildilar. Hukm boʻldikim, tutub keltursunlar. Ul hazrat taxtda erdilarkim, Xojai faqirni devonaliqqa qoʻymay, sudrab taxt ilayiga kelturdilar. Andin burunkim, siyosat hukm boʻlgʻay, chun Xojaning kamolotidin biri qur’on hifzi va qiroat ilmi erdi, filhol biyik un bila qur’on oʻqumoq bunyod qildikim, ul hazratning gʻazabi lutfqa mubaddal boʻlub, fazl va kamol ahli sori boqib, bu misra’ni ba vaqt oʻqudikim:

Abdol zi biym chang bar mushaf zad(3).

Andin soʻngra Xojagʻa iltifot va tarbiyatlar qilib, oʻz oliy majlisida nadim va mulozim qildi. Idrok va fahm ahli bilurkim, yillar balki qarnlarda mundoq latif soʻz voqe’ boʻlmas. To olam ahli bilgʻaylarkim, Sulton sohibqirongʻakim, majolisda paydar-pay xub abyot va yaxshi soʻzlar darmahal voqe’ boʻlur dagʻi. mavrusiydurkim, nisbatin ul jaddi buzurgvorgʻa tuzaturkim, ul birining makoni ravzai jinon va bu biri jahon mulkida jovidon boʻlsun!.

Xoqoni Said Shohrux Mirzo(4) kim, avlodi vaamjod orasida sohibqiron otasining qoyim maqomi boʻldi. Ham nazmgʻa mashgʻulluq qilmas erdi, ammo xub bayt va yaxshi soʻzlar koʻp ul hazratdin ham voqe’ boʻlur erdi. Muni ham bir naql bila ixtisor qililur. Bu faqiri haqir Bobur Sulton muborak tilidin mundoq eshittimkim bir majlisda akobir sari bo-qib Shohrux Mirzodin naql qildilarkim, ustod Qivomiddin me’morgʻa bir imorat jihatidin e’tiroz qilib bir yil mulozamatdin mahrum ekondur. Yil boshida taqvim istixroj qilib bu vasila bila shoyad Mirzoning muborak dindorin koʻra olgʻaymen deb eshikka kelib, sudurni vosita qilib, oni sudur koʻrguzub taqvimin arz qilibturlar, Mirzo tabassum qilib bu baytni oʻqubdurlarkim:

Tu kori zaminro naku soxti
Ki, bo osmon niz pardoxti(5).

Aningdek otadin mundoq oʻgʻul hech ajab emas.

Abobakr Mirzo — nabira boʻlur. Bahodirlugʻi va qilichi zarbi Chigʻatoi ulusida mashhurdur. Chun tab’ida nazm choshnisi bor ermish. Hamul bahodirlugʻ tavrida bu tuyuq andin mashhurdurkim:

Er kerak oʻrtansa yonsa yolina,
Yora yeb yotsa otining yolina.
It oʻlumi birla oʻlsa yaxshiroq,
Er otonib dushmanigʻa yolina.

Agarchi ba’zi alfozi turkonarohdur, ammo tajnisini yaxshi topibdur.

Sulton Iskandar Sheroziy ham nabiradur. Saltanat tajammulini, derlarkim salotindin ozi oncha qilmish boʻlgʻay. Yetti yo sakkiz yilliq saltanatida goʻyoki uch ganj topibdur. Mavlono Haydar turkigoʻy, aning modihi ekandur. Bu aning masnaviysidindurkim:

Himmat elidur yadi bayzo degan,
Er nafasidur dami Iso degan.

va Sulton Iskandarni derlarkim, tab’i nazm erdi. Va bu tuyuqni andin naql qilurlarkim:

Toʻlun oygʻa nisbat ettim yorumi,
Ul xijolatdin kam oʻldi yorumi.
Tori moʻyungning zakotin men beray,
Yo Misrki, yo Halabni yo Rumi.

Burungʻi tuyuqdin bu turkonaroqdur.

Xalil Sulton(6) — hazrat sulton us-salotinning voqeasidin soʻngra Samarqand taxtida saltanat qildi. Zurafo va shuaro majlisida jam’ boʻlurlar erdi. Mashhurdurkim, oʻzi she’r aytur erdi. Andoqkim, devoni ta’rifida Xoja Ismatulloh qasida aytibdur, ammo tilab topilmadi, ushbu matlaidin oʻzgakim:

Ey turki pari paykarimiz, tarki jafo qil,
Komi dilimiz, la’li ravonbaxsh ravo qil.

Ulugʻbek Mirzo(7) — donishmand podshoh erdi. Kamolati bagʻoyat koʻp erdi. Yetti qiroat bila qur’oni majid yodida erdi. Hay’at va riyoziyni xoʻb bilur erdi. Andoqkim, zij bitidi va rasad bogʻladi va holo aning ziji oroda shoye’dur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmgʻa mayl qilur. Bu matla’ aningdurkim:

Harchand mulki husn ba zeri nigini tust,
Shoʻxi makunki, chashmi badon dar kamini tust(8).

Boysungʻur Mirzo(9) — xushtab’ va saxiy va ayyosh va hunarparvar podshoh erdi. Xattot va naqqosh va sozanda va goʻyandadin muncha benazir kishikim, aning tarbiyatidin orogʻa kirdi, ma’lum emaskim, hech podshoh zamonida paydo boʻlmish boʻlgʻay. Ulcha imkoni bor, olamni xushluq bila oʻtkardi. Derlarkim, bu matla' aningdurkim:

Nadidam on du rux, aknun du moh ast,
Vale mehrash base bar joni mo hast(10).

Taxallusi budurkim:

Gʻulomi roʻi u shud Boysungʻur
Gʻulomi xubroʻyon podshoh ast(11).

Bobur Mirzo — darveshvash va foniy sifat va karim ulaxloq kishi erdi. Himmati olida oltunning dagʻi kumushning tosh va tufrogʻcha xisobi yoʻq erdi. Tasavvuf risolalaridin «Lama’ot»(12) bila «Gulshani roz»(13)gʻa koʻp mash’uf erdi. Tab’i dagʻi nazmgʻa muloyim erdi. Bu ruboiy aningdurkim:

Chun bodavu jomro baham payvasti,
Medon ba yaqinki, rindi bolo dasti,
Jomast shariatu, haqiqat boda
Chun jom shikasti, ba yaqin badmasti(14).

Agarchi turkcha nazmlar ham aytur erdikim, barchagʻa qabul erdi. Ammo u bayt ham aningdurkim:

Necha yuzung koʻrub hayron oʻlayin,
Ilohi, men sanga qurbon oʻlayin.

Abdulatif Mirzo(15) — savdoyi mizoj va vasvasiy tab’ va devonasor kishi erdi. Mundin oʻzga dagʻi gʻarib badfe’lliqlari bor erdikim, zikridin behijobliq lozim kelur. Oʻtar dunyo maslahati uchun donishmand va podshoh otasin oʻlturdi. Har oyinakim, saltanat Shiruyagʻa vafo qilgʻoncha anga qildi. Ammo tab’i nazm erdi va she’rni obodon aytur erdi. Bu matla’ aningdurkim:

Bar dilu jon sad balo az yak nazar ovard chashm,
Chun biguyam shukri in, yo rab, nabinad dard chashm(16).

Jahonshoh Mirzo(17) — dagʻi she’r aytur erdi. Bu maqta’ aningdurkim:

Az lutfi doʻst yoft haqiqi murod dil,
Be jiddu jahdi toatu be minnati amal(18).

Ya’qub Mirzo(19) — turkman salotinida aningdek pisandida zotligʻ va hamida sifotligʻ yigit oz boʻlgʻay. Darveshsifat va foniyvash erdi. Bu ruboiy aningdurkim:

Olamki, dar u sabot kam mebinam,
Dar har tarabash hazor gʻam mebinam,
Chun koʻhna rabotestki, az har tarafash
Rohe ba biyoboni adam mebinam(20).

Sayid Ahmad Mirzo(21) — salim tab’ va pok zehn kishi erdi. Xili mashhur nazmlari bor. Ham gʻazal, ham masnaviy, ham turkiy, ham forsiy gʻazal tavrida devoni bor. Va masnaviy tavrida «Latofatnoma» aningdur. Bu turkcha matlai yaxshi vaqe’ boʻlubturkim:

Sayd etti firoqing meni murgʻi sahariydek,
Qil odamiyliq, qilma nihon yuzni paridek.

Bu forsiy matla’ ham aningdurkim:

Maham gar pesh az in pinhon bimonad,
Ajab, gar bedilonro jon bimonad(22).

Sulton Ahmad Mirzo — darveshvash, yaxshi axloqlik, pisandida atvorliq, odamisheva kishidur. Ota jonibidin xushtab’liq anga mavrusiydur. Yillar Xuroson taxtida hukumat qildikim, hech kishi andin shikoyat qilmadi va ta’n etmadi. Va Sulton sohibqirongʻa ota mayobasidadur va ikki devon ixtiyori va mulku mol mushorun ilayhi va sipohi va cherik mu’tamaddun alayhi uldur va gohi nazm ham aytur. Bu bayt aningdurkim:

Sen kiby shoʻxi sitamgar dunyida paydo qani,
Sehr bobida koʻzungdek kofiri yagʻmo qani?

Boyqaro Mirzo — bovujudi ulkim, Sulton Sohibqironning tugʻqon ogʻasi erdi. Yillar Balx (qubbat ul-islomiy)da saltanat qildi. Va lekin shikasta nafsliq va kichik koʻngulluk, tavozu’ va ta’zimliq kishi erdi va haqshunosligʻi a’lo martabada erdi. Tab’i dagʻi nazm hul’yasidin muarro emas erdi. Bu matla’ aningdurkim:

Zihi tajallii husni tu dar jahon paydo,
Va z-in tajallii u gashta joni mo shaydo(23).

Kichik Mirzo(24) — xub tab’liq, tez idrokliq, shoʻx zehnlik, qaviy hofizaliq yigit erdi. Oz fursatda yaxshi tolibi ilm boʻldi va koʻproq ulum va funundin oʻz mutolaasi bilan vuquf hosil qildi. She’r va muammoni xub anglar erdi, balki koʻngli tilasa ayta ham olur erdi. Bovujudi bu fazoyil darveshliqlarga moyil boʻlub, Makka ziyorati sharafigʻa musharraf boʻldi. Ammo bagʻoyat mustagʻni kishi erdi. Boʻla olurkim, faqir istigʻnosi erkan boʻlgʻay. Bu ruboiy aningdurkim:

Umre basaloh mesutudam xudro,
Dar shevai zuhd menamudam xudro.
Chun ishq omad kadom zuhdu chi saloh,
Alminnatulillah, ozmudam xudro(25).

Ba’zi derlarkim, bu ruboiy hazrat Maxdumiy Nuran bila tavorud(26) voqe’ boʻlubtur. Andoq dagʻi boʻlsa ulugʻ davlat turur.

Sulton Badiuzzamon Mirzo(27) — husni surat va husni siyrat bila orosta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur. Razm atvoridin otar-tutarda dilpisand va bazm asbobidin ichmak va bagʻishlamoqda bemonand. Tab’i ham nazm uslubida muloyimdur. Bu matla’ aningdurkim:

Mahi man, be guli roʻyat dilam xum gashta chun lola,
Jigar ham az gʻami hajrat shuda pargola-pargola(28).

Bu turkiy matla’ dagʻi tarkibda xub va holatda margʻub voqe’ boʻlubturkim:

Ey sabo, gar soʻrsa holim shammai ul sarvinoz,
Evrulub boshigʻa men sargashtadin yetkur niyoz.

Shoh Gʻarib Mirzo(29) — shoʻx tab’ligʻ va mutasarrif zehnlik va nozuk taxayyulluq va daqiq taaqqulluq yigitdur. Nazm va nasrda naziri ma’dum va mutaxanyila va hofizada adili noma’lum. Ov va qush xotirigʻa margʻub va qurro va oʻqush koʻngliga mahbub. Bu matla’ aningdurkim:

Qaysi bir gulchehra ul gulbargi xandonimcha bor,
Qaysi bir shamshod qad sarvi xiromonimcha bor?

Bu matla’ ham yaxshi voqe’ boʻlubturkim:

Tarki mehr aylab agarchi boʻldi jonon oʻzgacha,
To tirikman, qilmagʻumdur ahdi paymon oʻzgacha.

Bu matlai xos xayol va gʻarib ado topibdurkim:

Porso yorimgʻa may ichmak shior oʻlmish yana,
Baski tortarman sabu, egnim figor oʻlmish yana.

Bu forsiy matlai ham bagʻoyat oshiqona tushubturkim:

Bozam baloi jon gʻami on mohpora shud,
Ey voy, on marizki dardash du bora shud.

Bu matlai ham bagʻoyat oshiqona va muxlisona va muassirona voqe’ boʻlubturkim:

Doʻston, har gah guzar soʻi mazori man kuned,
Joi takbiram duoi joni yori man kuned(30).

Devon ham jam’ qilibdur. Yaxshi matla’lari bu muxtasargʻa sigʻmas, magar yana bir kitob bitilgay.

Faridun Husayn Mirzo(31) — Faridun hasabliq va Husayn nasabliq. Zoti ta’zim va viqorliq va xulqi adab va hurmat shiorliq, yoy kuchida yagona va oʻq otarda zamona ahliga nishona. Toat va taqviygʻa moyil. Zikr va tilovatqa mashgʻul yigitdur. Xub tab’i va muloyim zehni bor. Bu matla’ aningdurkim:

Garchi dar koʻi tu pomoli jafo gardidam,
Ba xudo gar sari moʻe zi vafo gardidam(32).

Bu turkcha matla’ ham aningdurkim:

Ey sabo, yetkur manga sarvi ravonimdin xabar,
Rahm etib bergil manga oromi jonimdin xabar.

Muhammad Husayn Mirzo(33) — xaloyiq ani adolat va shijoat va saltanat oyinida koʻp ta’rif qilurlar, ammo ulcha zohir boʻldi — bagʻoyat sarkashlik va begonavashlik goʻyo zotida bor. Har taqdir bila derlarkim, bu matla’ aningdurkim va yaxshi tushubtur:

Oludai gardi zi pai saydki, gashti,
Gʻarqi araqe bar dili garmki, guzashti(34).

Boysungʻir Mirzo(35) — tab’i diqqatliq va zehni javdatliq. Saltanat taxtida faqrpeshalik va makrumat bisotida fanoandeshalik yigitdur. Fazoyil va hunarlarga rogʻib va fazl ahli taqviyatigʻa murtakib. Nazm oyini dagʻi anga maqbul va gohi ul fikrga tab’i mashgʻul. Bu matla’ aningdurkim:

Kosh dar ishqi buton devonaye boshad kase,
Tarki olam karda dar vayronaye boshad kase(36).

Sulton Mas’ud Mirzo(37) — ravshan zehnlik va mustahsan tab’liq va pokiza hisol va mahmud faol yigitdur. Vafo va diljoʻyluq aning shiori, saxo va darveshxoʻyluq aning atvori. Mulk ravnaq va intizomida axtari mas’ud. Nazm zeb va ziynat itmomida abnoi jinsqa maqsud. Bu turkcha matla’ aningdurkim:

Yor borib jongʻa qoʻydi dogʻi furqat, ey rafiq,
Koʻngluma kor etmasunmu dardi gʻurbat, ey rafiq?

Sulton Ali Mirzo(38) — holo Samarqand mulkida saltanat taxtida mutamakkindur. Derlarki, tab’i nazmgʻa moyildur. Bu matla’ni andin naql qilurlarkim:

Vaslida magʻrur boʻldung hajrida zor, ey koʻngul,
Ne aning birla, ne onsiz, toqating bor, ey koʻngul.

Yettinchi majlisniig tuganchisi

Bu oliyjoh podshohlar va anjumsipoh falak dastgohlardin avvalgʻi Jamshid(39) va Faridun(40) monand ota bila farzandgʻa soʻnggʻi avlod va axfod va amjodqa falak Jamshid bila Faridungʻa ichirgandek, ayogʻi ichurdi va vujud bazmgohidin surdi va adam faromushxonasigʻa kiyurdikim, dunyoda haq taolo alarni shohi taxtgir qilgʻondek oxiratda ham muqarrabi dargoh va arshi sarir qilgʻay. Va alarning mulku taxt va saltanatin va toju sipoh va hashamatin alargʻa vorisi barhaq va mulkka horisi mutlaq, ya’nn Sulton Sohibqirongʻa musallam tutgʻay va ruhlarining sham’in ham oʻz oʻchogʻlari shu’lasi bila yorutgʻay va soyir shohzodalar dagʻi bu davlatdin bahramand va shoh inoyatidin sarbaland boʻlgʻaylar.

To Temuru Shohrux degan boʻlgʻay ot
Andin soʻnggi shahlar bori farxunda sifot.
Ey davlatu iqbolgʻa orostai zot,
Majmuicha boʻlsun sanga davroni hayot.

Sakkizinchi Majlis

Sulton sohibqironning latif tab’i natoyijining zebolari, husn va jamoli zikrida va sharif zehni xasoisining ra’nolari ganj va daloli sharhidakim, har qaysi zamon safhasi boʻstonida ranginligʻ va ravonligʻdin gul’uzoredur sarvqad va har birisi davron arsasi gulistonida ravonligʻ va ranglikdin sarvi ozodedur, ulxad

Saltanat bahrining durri yaktosi va xilofat sipehrining xurshedi jahonorosi, saxovat havosining abri guharbori va shijoat beshasining huzabr shikori, adolat chamanining sarvi sarbalandi va muruvvat ma’danining gavhari arjumandi, koʻshish razmgohining Rustami(1) dostoni va baxshish bazmgohining Hotami(2) zamoni, fasohat ilmining nukta birla sehrsozi va balogʻat jahonining diqqat bila mu’jiza pardozi - Sulton us-salotin Abdulgʻozi Sulton Husayn Bahodirxon –

Kim, mulki davomi to qiyomat boʻlsun,
Zotigʻa bu mulk uzra iqomat boʻlsun,
Adl ichra tariyqi istiqomat boʻlsun,
Olam ahli uchun salomat boʻlsun.

Bu xusravi gardunjohnikim, nasabi bobida xoma sursam yuz ming xon va xoqonni bu juzvi muxtasarda yigʻishtursa boʻlurmi? Va bu doroi anjumsipohnikim, hasabi sharhida qalam ursam yuz tuman xoqon va qoonning hamida axloqicha soʻzni bu muhaqqar avroqqa yigʻishtursa boʻlurmu? Nasabi bobida fasohatshior yaxshilar «Nasabnoma»(3) bitibdurlarkim, har safhasi Moniy korgohin xijil etar va hasabi sharhida balogʻatdisor munshilar tarixe tartib beribdurlarkim, har varaqi Chin nigoristonin munfail aylar. Har kishi ul «Nasabnoma»gʻa boqsa bilgʻaykim, xoqon va roy anga bir turk va bir hindu bandadur. Va har kim, ul tarixni mutolaa qilsa, anglagʻaykim, Jamshid va Iskandar aning ham bilganlaridin, ham qilgʻonlaridin sharmandadur. Bas chun bu muxtasarda nima ul jins soʻzlardin sugʻursa boʻlmas va alar sharhida nukta sursa boʻlmas. Va yuqorigʻi soʻz uslubi taqozoi ul qilurkim, ul hazratning latoyifi tab’idin bir necha matla’ bila bu avroqqa zeb va ziynat qilgʻay va natoyiji zehnidin bir necha bayt bila bu ajzogʻa qadru qiymat berilgay va har oshiqona matla’ bila dard ahli jonigʻa shu’lai fano yoqilgʻay va har dardmandona bayt bila ishq ahli koʻngligʻa barqi balo chaqilgʻay. Bas emdi, shuru’i maqsudqa va ruju’i matlubqa qilali-im, soʻz itnobi ul sharif tab’gʻa mujibi kalol va fasonai tuli ul latif zehngʻa boisi malol boʻlmasun. Ul hazratning xub ash’ori va margʻub abyoti bagʻoyat koʻptur va devon ham murattab boʻlubtur. Devon ibtidosidin bunyod qilildi va har gʻazaldin bir matla’ yozildi:

«Alif» harfi:

Manzurning xoʻyining bul’ajabligʻidakim, mehrida oshiq jon bersa, bovar qilmosligʻining besababligʻida:

Ne ajoyib xoʻy erur, ey shoʻxi siyminbar, sanga —
Kim, necha mehringda jon bersam emas bovar sanga.

Mahbubning mufrit iltifotidin behol boʻlub bexudona ul iltifotni izhor qilur ma’nida bu matla’ gʻarib ado topibturkim:

Evrulub gul boshigʻa bulbul visol oʻlgʻay anga,
Gul aning boshigʻa evrulsa, ne hol oʻlgʻay anga.

Gul vaqtida birov xor gʻamidin mubtalo erkanining izhori va loladek bagʻrida yuz dogʻ bila erkanining namudori:

Boʻldi gul vaqti-yu men xor gʻamidin mubtalo,
Hajr oʻtidin loladek bagʻrimda yuz dogʻi balo.

Koʻngli nolasin vayronadagʻi choʻgʻz faryodigʻa nisbat qilibtur. Ul ma’ni sharhida bu matla’ yaxshi tushubtur:

Vahki, koʻnglum nolasi hardam buzulgʻon jon aro,
Goʻiyo bir choʻgʻz erur faryod etar vayron aro.

Sirishki daryosidin girdobgʻa tushganin va torjismi ul girdobdin pechu tobgʻa qolgʻonin bu matla’da izhor qilurkim:

To tushubturmen sirishkim bahridin girdob aro
Zulfidek sargashta jismim qoldi pechu tob aro.

«Be» harfi:

Furqat oʻtidin jismi betob ekanin va gʻamgin koʻpgli pechu tobidin koʻzida xunob ekanin bu matla’da gʻarib nav’ ado qilur. Bu matla’ mavqufdur oʻzga abyotqa, ammo dastur bila matla’ bitildi:

Furqatingda yoʻq edi jismimda jon, koʻnglumda tob
Koʻzda xunob erdi-yu, gʻamgin koʻngulda iztirob.

Bedilligʻidin telba koʻnglin tilay borgʻoni bu gʻazalda oxirgʻacha musalsal aytilibdur va zebo deyilibdur:

Telbarab itgan koʻngulni istadim har yon borib,
Togʻu daryovu biyobonlarni bir-bir axtorib.

Manzur yuzi olida koʻzgu rashkidin pechu tobi va koʻnglida ul quyosh tobidin zarradek iztirobi:

Zarra yangligʻ, ayb emas, koʻnglumga tushsa iztirob,
Mehri ruxsorigʻa hardam chun erur koʻzgu hijob.

Firoq zulmidin jonigʻa oʻt va koʻnglida tobin oʻtqa tushgan qil pechu tobigʻa tashbih qilibdur va gʻarib tashbih voqe’ boʻlubtur:

Ey firoqning zulmidin jonimda oʻt, koʻnglumda tob,
Oʻtqa tushgan qil kabi jismim aro ham pechu tob.

Musofir yori hajridin koʻnglining xarobligʻin va ul oshubdin joni betoqat va betobligʻin xubrok vajh birla ajab yaxshi ado qilibdurkim:

Bir musofir oy xayoli qildi koʻnglumni xarob,
Qolmadi jonimda onsiz vahki ne toqat, ne tob.

«Te» harfi:

Manzur labidin obi hayotni xijl va Iso(4) oni qoshida dam urmogʻdin munfail degani obi hayotdek ravonso va Iso damidek ruhafzo tushubtur:

Ey dudogʻing sharbati sharmandasi obi hayot,
Nutqung ollida erur Isogʻa dam urmoq uyot.

Hajri barqidin shabistonigʻa oʻt tushganining ifshosi va uchqunidin bayt ul-ehzoni kuyganining adosi ajab oʻtluq matla’ tushubturkim:

Vahki, hijron barqidin tushti shabistonimgʻa-oʻt.
Uchquni birla tutashti bayt ul-ehzonimgʻa oʻt.

«Se» harfi:

Bu harfda turk shuarosining malik ul-kalomlari she’r aytmaydurlar, balki ayta olmaydurlar, to anga ne yetgayki, bu muqobalada kishi oni keturgay yo nisbat bergay. Bu matla’ ta’rifida muncha basdur:

Yor koʻyidin oʻtarda koʻrguzur bu zor maks,
Soʻz desa dogʻi javobida qilur bisyor maks,

«Jim» harfi:

Rahmsiz yori qonin toʻkib tarahhum qilmagʻoni va mehrsiz dildori holin koʻrib tabassum qilmagʻonini aytur:

Toʻkub qonim, tarahhum qilmading hech,
Koʻrub holim, tabassum qilmading hech.

Bu radif ham goʻyoki sharif tab’ va latif zehnning ixtiroidurkim, eshitilmaydur, bagʻoyat shirin va dilpazir va rangin voqe’ boʻlubtur:

Xasta jonim za’figʻa la’li shakarboring iloj,
Zor koʻnglum dardigʻa jonbaxsh guftoring iloj.

«He» harfi:

Bu harfqa dagʻi turkiy alfoz guharin nazm silkiga tortquvchi shuaro taarruz qilmaydurlar, hamonoki, ishkoli jihatidindur, yordin ne kelsa, oni muboh bilib, jon berurda debtur:

Yordin ne kelsa oshiq bersa jon boʻlgʻay muboh,
Daftari ishq ichra goʻyo buyla boʻlmish istiloh.

«Xe» harfi:

Bu harfda turkigoʻy shuarokim, devon tartib qilibdurlar, oʻzlarin ma’zur tutub oʻtubdurlar va bagʻoyat xub matla’durkim:

Oy yuzungdek koʻrmadi bir mehr davronida charx,
Balki kun tortib xijolat mehri raxshonida charx.

«Dol» harfi:

Ma’shuq vasli umididin muddate mustamand boʻlub ul davlat muyassar boʻlgʻondin soʻngra sihhat marazgʻa mubaddal boʻlgʻon tahririda bu ikki baytning dagʻi ma’nisi bir-biriga muvaffaq va musalsal voqe’ boʻlubtur asru va gʻarib tartib va ajib tarkib tushubtur:

Muddate ishqing xayoli birla erdim mustamand,
Bodai vasling bila bir dam boʻlay deb bahramand.
Chun bu davlat boʻlgʻudek boʻldi muyassar, voykim,
Sihhatim ul lahza tole’ za’fidin topti gazand.

«Zol» harfi:

Bu harfda dagʻi muqaddam turkiygoʻy shuarodin, xok Mavlono Lutfiy va xoh Mavlono Sakkokiykim, Movarounnahrda malik ul-kalom erdilar, nazargʻa kelmaydur, hamono yoʻqtur:

Qildi ruhafzo labing qulmak bila jonimni ahz,
Yigʻlatib kofir koʻzung ham naqdi iymonimni axz.

«Re» harfi:

Ul mazmundakim, bovujudi ulki, bahor vasli muyassardur, koʻngul firoq xazonining xorlaridin ozurdadur, bu matla’ soʻznok voqe’ boʻlubturkim:

Toza boʻldi bogʻu koʻnglumda firoq ozoridur,
Jilva qildi gul, netay, bagʻrimda hijron xoridur.

Mahbub jamolidin koʻz ravshan boʻlub, xasta koʻngulga visoli maskan boʻlgʻon shukronagʻa bu matla’dek oz voqe’ boʻlubturkim:

Shukrlillahkim, jamolingdin koʻzum ravshandurur,
Xasta koʻnglumga visoling kulbasi maskandurur.

Jononning za’f holatida sustaygʻonining xasta jonining za’f qilgʻoniga tashbih qilibdur va koʻp munosibdur:

Za’fdin hardam chu ul oromi jonim sustayur,
Jonim oʻlub xasta, jismi notavonim sustayur,

Koʻngli firoqu dard oʻqidin yora erkani va bagʻri hajr tigʻi zahmidin yuz pora boʻlgʻonini base xub bu nav’ ado qilurkim:

Ohkim, koʻnglum firoqu dard oʻqidin yoradur,
Vahki, bagʻrim tigʻi hijron zaxmidin yuz poradur.

Ishq oshubidin uy kunjida ashki gulnor erkanin zohir qilur va guliston sayrida gul aning koʻzlariga xor koʻrunganin paydo etar:

Boʻlsam uy kunjida, ashkim qatrasi gulnor erur,
Azmi gulzor aylasam, gul koʻzlarimga xor erur.

Furqatdin koʻngul qatra-qatra qon erkanin burungʻi misra’da aytib, soʻnggi misra’da oʻtqon mukarrar lafz muqobalasida «Olloh-olloh» lafzi ham mukarrar va asru muassir ado topibdurkim:

Furqatingdin xasta koʻnglum qatra-qatra qon erur
Olloh-olloh, bu ne hajri behadu poyon erur.

Jannat sabzasi yorning xatti namudoricha ermasligʻin aytibdur va Masiho(5) nutqi dildorning la’li shakarboricha boʻla olmasligʻin debtur:

Qaysi jannat sabzasi xatti namudoricha bor,
Yo Masiho nutqi ul la’li shakarboricha bor?

Bir gʻunchai xandondin ayru koʻnglida qolgʻon xorxorin koʻrguzubdur va tinmagʻur jongʻa onsiz dunyidin rihlat maqomin tuzubtur:

Gʻunchai xandon borib, koʻnglumda qoldi xor-xor,
Tinmagʻur jonimgʻa onsiz dunyida bore ne bor.

Gulroʻyning gʻunchadek ogʻzi va ruxsori uzra koʻrganin zarra xurshed yuzida paydo boʻlgʻonga xub tashbih qilibdur:

Uylakim xurshedi tobi zarrani paydo qilur,
Gʻuncha ogʻzing sirrini ham gul yuzung goʻyo qilur.

Koʻzi yorining yuziga tushgach, koʻngli beqaror boʻlgʻoni va yor ham ani oʻz lutfi mehridin umidvor qilgʻonn sharhida base xub va pisandida tushubtur:

To koʻzum tushti yuzungga, koʻnglum oʻldi beqaror,
Sen ham etting lutfi mehringdin meni ummidvor.

Gul ruxsori yonida sarigʻ lola sanchqon va yonida zulfni kokulidek keyin solgʻon namudorida:

Gul yuzi atrofida ul lolai asfarmudur,
Yonida zulfimudur yo kokuli anbarmudur?

Zulfi sahobining soyaboni oydek yuziga yoyilgʻonn va sarsardek oh tahrikidin ul bulut gah yopilgʻoni va gah ochilgʻoni husn bahorida bagʻoyat turfa koʻrunurining sharhi:

Soyaboni zulfikim, oydek yuziga yopilur,
Sarsari ohimdin ul gah ochilur, gah yopilur.

Vaslidin bahra yetmay, tigʻi hijron koʻnglini halok qilgʻani va hajr zahri bergʻoniga oʻxshar va vasldin taryok topilmagoni:

Tigʻi hijron surdi yetmay vaslidin koʻnglumga bahr,
Noʻsh bermasdin burun, berdi manga bir qatra zahr.

Elni noz kulkusi bila tirguzmakdin hikoyat va oʻzining rishtai hayotin zulm ilgi bila uzmakdin shikoyat:

Elga boqib har zamon yuz noz ila kulmak nedur?
Oʻzgalarni tirguzub, vah, meni oʻlturmaq nedur?

Mahvashi bexabar erkandin aning xotiri zori hayronidin sharhi hol va gʻamkashi gʻofil erkandin aning rozi pinhonidin gilaomiz maqol, base xub voqe’ boʻlubturkim:

Mahvashe yoʻq soʻrgʻali bu zori hayrondin xabar,
Gʻamkashe yoʻq topqali bu rozi pinhondin xabar.

Habibekim, figʻonidin anga asar boʻlmagʻay aning anduxi va rafiqekim, yomon holidin anga xabar boʻlmagʻan, aning figʻon va anduhi:

Ne habibekim, figʻonimdin anga boʻlgʻay asar,
Ne rafiqekim, yamon holimdin ul topqay xabar.

Oʻtluq ohining shararlarin mahbub yuzigakim sochilur zar huqqa harirning zar rishtalarigʻa tashbih qilur:

Chun yuziga oʻtluq ohimning sharori sochilur,
Goʻiyo zar huqqayedurkim yuziga yopilur.

«Ze» harfi:

Oʻz niyozi va badxoʻy yori nozi sharhida bu nozanin matla ne balo niyozmandona voqe’ boʻlubturkim:

Vah, ne holatdurki, men har necha koʻrguzsam niyoz,
Ey mahi bemehr, sendin zohir oʻlmas gʻayri noz.

Ashk qoni va koʻngul choki izhorida bu matla’ yagona va bagʻoyat oshiqona voqe’ boʻlubtur:

Qon koʻrub ashkimni, koʻnglum yorasini soʻrmangiz,
Chok oʻlub koʻksum, jigar pargolasini soʻrmangiz.

Bu matla’ ma’nisiniig gʻarobati ishq shu’lasidin ravshanrogʻdur va oʻt zabonasidin muayyanroq:

Ishqni man’ etsalar shavqim oʻti aylar sitez,
Shu’la yangligʻkim, nafas ta’siri aylar oni tez.

Nargis koʻzluk va gʻuncha ogʻizligʻ gul'uzori koʻzu ogʻzin nargis bila gʻunchagʻa tarjeh(6) qilgʻoni ajib nav’ voqe’ boʻlubtur:

Nargis olmas yerdin ul fatton kuzung olida koʻz,
Ogʻzing olida tutulmish gʻunchaning ogʻzida soʻz.

Oshiqona kinoyat bila husn ahligʻa elni shaydo qilur ma’nida nasihat qilibdur va olamgʻa rasvo qilur ma’nida mav’izat etibdur, base gʻaribdur:

Ba’dazin, ey husn ahli, elni shaydo qilmangiz,
Bevafoliq aylabon olamgʻa rasvo qilmangiz.

«Sin» harfi:

Vaslidin mahrumluq bobida manzurni koʻrmak muayassar boʻlmasa, anga nazar tushgon yerni koʻrmak orzu qilibdur. Bu nodir ma’nidur:

Bir nafas ul oyni koʻrmak chun emasdur dastras,
Oni koʻrgan yerni, vah, borib koʻroyin bir nafas.

Manzurning labi tabassumini va oʻzini qonalgʻon dogʻini gʻunchai xandon va lolai Noʻ’mon(7)gʻa tashbih qilibdur va ma’nisi she’r sanoyeidin «tajohil ul-orif»(8) uslubida xush voqe’ boʻlubtur:

Ayladi la’li tabassum, gʻunchai xandon emas,
Dogʻini koʻnglum qonatti, lolai noʻ’mon emas.

Oʻz niyozi va nozaninining istigʻnosi izhorida va oʻzi jon bermakida aning beparvoligʻining osorida shundoq matla’ oz voqe’ boʻlubturkim:

Menda har dam yuz niyozu anda istigʻnovu bas,
Har zamon yuz jon beray ul shoʻx beparvovu bas(9).

«Shin» harfi:

Yorning oʻzgalarga iltifotidin gilamandligʻi va koʻnglini muxotab qilib koʻngli oromidin shikoyatpayvandligʻi:

Ey koʻngul, ul dilraboning oʻzga yori bor emish,
Vah, sanga dushman boʻlub, ul oʻzgalarga yor emish.

«Sod» harfi:

Bu harfda dagʻi turkigoʻy fasohatshiorlar varaq gʻoziga qalam surmaydurlar va hech nav’ nazm arogʻa kelturmaydurlar:

Ey koʻngul, boʻlsang vafosiz dilrabolardin xalos,
Shukr qil, boʻlgʻon kishn yangligʻ balolardin xalos.

«Zod» harfi:

Turkigoʻy balogʻatosorlar bu harfning ham tarkin tutubturlar va hech nav’ nazmgʻa jilvai zuhur bermay oʻtubturlar:

Ishqdin to qilmisham paydo meni shaydo maraz,
Qilgʻudekdur za’fliq jismimni nopaydo maraz.

«To» harfi:

Turk kalomining malik ul-kalomlari bu harfda dagʻi takallum tuzmaydurlar va kalima nazm haysiyatidin varaqda koʻrguzmaydurlarkim:

Ey jamoling gulshanida sabzai serob xat,
Orazing kofuri uzra zeb mushki nob xat.

«Zo» harfi:

Bu harf hamul jumladindurkim, turk tilining shirinash’or va shakarguftorlari dushvorligʻi jihatidin mutlaq taarruz qilmaydurlar:

Koʻnglum etti ishq asrorin qilib takror hifz,
Kimsa qilgʻondek kalomi poki vahy osor hifz.

«Ayn» harfi:

Bu qofiya va radif hazrat Sulton Sohibqironning ixtiroidurkim, hech nazm aytilmaydur va hech devonda bitilmaydur:

Ohkim, hijron oʻtidin kuydi jonim oʻzga nav’,
Oʻrtadi ofoqni oʻtluq figʻonim oʻzga nav’.

«Gʻayn» harfi:

Ishq dogʻidin shukr izhori qilibdur va hajr dogʻidin shikoyat osori koʻrguzubtur, base muassir tushubdurkim:

Dogʻi ishqing bermish erdi xasta koʻnglumga farogʻ,
Vahki, qoʻydi shu’lai hijron yana dogʻ uzra dogʻ.

«Fe» harfi:

Ishqu muhabbat havosining humoyi baland parvozi Xoja Hofiz Sheroziy — kalomi tavrida tushubtur va salosat va tarkibda anga yovushubtoʻr:

Gʻam sipah qasdimgʻa chekti, soqiyo, tut jomi sof.
Kim, boʻlur jomi may ichkandin daler ahli masof

«Qof» harfi:

Firoq tiyraligining majorasi va oʻz kuymakligining dardi bedavosi:

Qildi baxtimni qaro zulfidek ul moh az firoq,
Necha koʻydurgay meni dilxastani oh az firoq.

Yor ishtiyoqinnng suubatida va dardi firoq uquba-tida bu matla’ behad Dilnavoz va bagʻoyat jongudoz voqe’ boʻlubtur:

Bor emish yor ishtiyoqi asru qattiq ishtiyoq,

Vasl topmon, vah, tuganmas dard emish, dardi firoq.

Telba koʻnglining ishqda shaydoligʻin va oʻzga parilargʻa beparvoligʻin bir rafiqni muxotab qilib arz qilur:

Telba koʻnglum to erur ishq ichra shaydo, ey rafiq,
Aylamas oʻzga parilar sori parvo, ey rafiq.

Manzurning la’li labi ustida sabzai xat hay’atin koʻrub ajab ranglarda bu matla’ voqe’ boʻlubtur va filvoqe’ rangin tushubtur:

La’li uzra sabzai xatti namudorigʻa boq,
Shoʻxi rangomizning shingarfu zangorigʻa boq.

Koʻngli oʻtining oromi yoʻqlugʻiga hasrat ohi tortibdur, hamonoki, ul oʻt shu’lasi bu yaldin ortibdurkim:

Ohkim, ishqing oʻtini bir zamon oromi yoʻq,
Istagan orom ul oʻtqa juz xayoli xomi yoʻq.

«Kof» harfi:

Matlubning mohi orazin saodat matlai va xoki dargohin ahli binish toʻtiyosigʻa nisbat berilibdur. Bu matla’ salis va sof va pok tushubturkim:

Ey saodat matlai, ul orazi mohing sening,
Ahli binish toʻtiyosi xoki dargohing sening.

Mohi tobonin muxotab qilib andin ayru tushganda chashmi giryonining qon yoshin izhor qilibdur, mubkiyi muhlik tushubtur:

Sendin ayru tushgali, ey mohi tobonim mening,
Dam-badam qonyoshi yigʻlar chashmi giryonim mening.

Bu faqirning bir gʻazaliga bu gʻazal javob voqe’ oʻlubturkim, oʻzum insof yuzidin mu’tarifmankim, andin yuz martaba ortuqroq tushubturkim:

Tushgali hajringda, ey sarvi gulandomim mening,
Ne koʻzumda uyqu bor, ne jonda oromim mening.

Shomi hijronin koʻrub, mehr otin tutmagʻon mazmunida va va’dai subhi visol aylab yorutmogʻon afsunida:

Shomi hijronim koʻrub sen mehr otin tutmading
Va’dai subhi visol aylab vale yorutmading.

Ishqdin jahon ichra, afgʻonidin kalom va koʻyu-koʻchada bu dostonidin payom:

Vahki, ishqingdin jahon ichra figʻonimdur mening,
Barcha koʻyu-koʻchada ham dostonimdur mening.

Mahbubning zulf ochqonidin va oʻz oshufta ahvolligʻi va qoshi chinidin koʻngli beholligʻi bobida:

Zulf ochib men telbani oshufta ahvol aylading,
Qosh uza chin koʻrguzub koʻnglumni behol aylading.

Gʻam tundi bodidin jismi binosi vayron, balki yer birla yakson boʻlur ma’nida bu matla’ bagʻoyat xub ado topibdurkim:

Gʻam yeli jismim binosin boʻldi vayron qilgʻudek,
Qaysi vayronkim, qaro yer birla yakson qilgʻudek.

Manzurning savodi xatti aro la’li xandoni muqobalasida oʻz gʻami aro koʻzi durri gʻaltonin solibdur, dilpazir tushubturkim:

Ul savodi xat ichinda la’li xandonin koʻrung,
Bahri gʻam ichra koʻzumning durri gʻaltonin koʻrung.

Bayt ul-ehzonining tiyraligin dudi hijronidin degani xub va vayronining yemirulganin ashk toʻfonidin degani diloshub voqe’ boʻlubturkim:

Dudi hijrondin qarordi bayt ul-ehzonim mening,
Sayli ashkim birla ham yemruldi vayronim mening.

Sarsari ohin bayt ul-ehzoniga ofat degani xush oyanda debtur va vayronidin gardi balo boshigʻa yogʻarini dilraboyanda ado qilibdurkim:

Qolgʻoch ohim sarsarigʻa bayt ul-ehzonim mening,
Yogʻdurur gardi balo boshimgʻa vayronim mening.

«Lom» harfi:

Safar azmida musofiridin ayrilur chogʻda xayrbod mazmunluq alfozni radif qilib aytqon she’rning matlai furqatnamo kelibdur va anduhoso aytilibdur:

Oh ila-azm ettim, ey rozimgʻa mahram, yaxshi qol,
Dard ila ayrildim, ey dardimgʻa marham, yaxshi qol.

evafosi koʻyida koʻngliga maskan qilmogʻini targʻib qilmogʻi xub va yigʻlab holini ado qilurda shevan qilmogʻini ta’lim bermaki margʻub:

Ey koʻngul, ul bevafo koʻyida maskan aylagil,
Zor yigʻlab, sharh etib, holingni shevan aylagil.

Manzuridin bir nazargʻa xursand boʻlub hajr torin vasl sarrishtasigʻa payvand qilurin xubroq vajh birla istid’o qilur:

Netti, bir boqmoq bila koʻnglumni xursand aylagil,
Hajr torin bir zamon vaslinggʻa payvand aylagil.

Ishqdin boshigʻa kelgan suubat sharhida takallum koʻrguzmak va Farhodu Majnun oʻl suubatni xayol qila olmasligʻida tarannum tuzmak majnunvor va farhod-osor kelibdur:

Ishqdin keldi mening boshimgʻa oncha sa’b hol,
Kim, oni Farhod ila Majnun qila olmas hayol.

Bu gʻarib xayoldurkim, Sulton Sohibqironniig xotirlarigʻa kelibdur va nazm ahliga zohir qilib erdilarkim, aytsunlar, barcha ayttilar, ammo hech qaysi ul hazratcha ayta olmadilar. Ul bu matla’dur:

Hajring oʻti jismi zorim qildi kul, ey yor, bil,
Gar bino qilsang mazorim tarhin ul kul birla qil.

Xurvashening gulshan koʻyidin ravzai rizvon munfail va yuzu xattidin lolavu rayhon xijil erkanin latifoyin bila zohir qilibdur:

Gulshani koʻyungdin, ey jon, ravzai rizvon xijil,
Yuzu xatting rashkidin ham lolavu rayhon xijil.

Vasl orzusidin koʻngli qushigʻa qanot tamannosi qilib, vasl havosida parvoz buyurgʻoni oshiqona va mushtoqona tushubtur:

Kirpikimdin, ey koʻngul, hardam qanotlar soz qil,
Hajr dashtidin visoli koʻyiga parvoz qil.

Bu faqirning mashhur matlaigʻakim:

Anglading, yo yoʻqmukim, aylar safar yor, ey koʻngul,
Vahki, boʻlduk hajri ilkidin yana zor, ey koʻngul

javob voqe’ boʻlubtur, ammo yuz martaba ondin ravonroq va yaxshiroq voqe’ boʻlubtur:

Chun junun zanjirigʻa boʻldum giriftor, ey koʻngul, Boʻlgʻasen men telba holidin xabardor, ey koʻngul.

«Mim» harfi:

Ishq oʻtidin oʻz dardu hasratin va furqat dardidin yor gʻaflatin bu matla’da asru va soʻznok ado qilibdur:

Haddin oshti ishqing oʻti birla dardu hasratim,
Voykim, sen gʻofilu kuydirdi dogʻi furqatim.

Ma’shuq umidida dardu hasratini izhor qilib betoqatligʻigʻa rahm etmasida u matla’daoʻq javob ul tab’i durarbordin va xomai guharnigordin raqam topibdurkim, vasfida aql hayron va fahm sargardon:

Necha boʻlgʻay vasling ummidigʻa dardu hasratim,
Rahm qilkim, yoʻqturur hajringda emdi toqatim.

Masal tavrida bu matla’dek parvarda, va orosta, va murattab, va piyrosta oz voqe’ boʻlubturkim, ul hazratning latif tab’idin va sharif zehnidin bosh urubdur:

Men halok oʻldum gʻamingdin sen qoʻyoshsen, ey sanam,
Ayb emas gar mendin oʻlsa kamligu sendin karam.

Ham bu matla’gʻa javob agarchi masal tavrida emas, ammo gʻarobat jonibini mar’i tutulub, bas nozuk va pokiza deyilibdur:

Vahki, ishqim shu’lasi hardam chekar andoq alam,
Kim, maloyik koʻzi dudidin boʻlur har lahza nam.

Bu matla’ qofiyasida ikki she’r ayttilar, uchunchn matla’ ham quvvat yuzidin aytilibdur, alardin ortuq boʻlmasa, kam ham ermas:

Sen gʻamim bilmay xayoling birla bordur hayratim,
Bilganingni anglasam, bilmam, ne boʻlgʻay holatim.

Yer qaddi hajridin sarv maylin mafqud debdur va yuzi shavqidin gul orzusin kobud bilibdur. Alhaq ravshan va rost tushubturkim:

Qaddu yuzung hajridin, vahkim, menga boʻlmish mudom,
Sarv mayli bartaraf, gul orzusi xud harom.

Oʻz jismigʻa tutoshqon shu’lani yorgʻa arz qilurgʻa bu matla’ni ham otashin va rangin xayol qilibdur:

Otashin xil’at dema jismim uza, ey dilbarim
Kim, erur ishqing oʻti birla tutashqon paykarim

Pariroʻyi tarki muhabbat qilgʻanin bildirur, bu jihatdin jovidon koʻngliga furqat oʻti tutashqonik yor arzigʻa yetkurar:

Qilgʻon ermish ul pari tarki muhabbat, bilmadim,
Tushgon ermish jovidon koʻnglumga furqat,bilmadim

Bu qofiyada bovujudkim, ikki rangin matla’ oʻtubdur, nazm tavrida gʻoyat qudratdin soʻz adosida nihoyati diqqatdin bir matla’ dagʻi deyilibdurkim, xubluqdag ul matla’larcha bor:

Necha kuygay hajr ila farsuda jonim dam-badam,
Koʻnglum ichra gʻam uza gʻamdur alam uzra alam.

Soʻzu gudozin ham degali mahvash topmagʻondin alami va rozin aytkoli mushfiqe koʻrmagondin gʻami maraq voqe’ boʻlubtur:

Qani bir mahvash, angʻa soʻzu gudozimni desam.
Qani bir mushfiqki, birdam ongʻa rozimni desam

Ham bu matla’ tavrida-oʻq qofiyagʻa tagʻyir berilib, hamul radifda bu matlai dagʻi asru diloro vaanduhafzo tushubtur:

Topmadim bir mushfiqekim, holi zorimni desam,
Yoxud ul guldin ichimda xor-xorimni desam.

Parivash hajrida ozorlaridin ani xabardor qilmoq orzu aylabtur va aning jilvasi muqobalasida koʻzin guharbor qilmogʻni havas qilibdur va ikkisi nodir voqe’ boʻlubturkim:

Zor oʻlarmen ul pari yoʻqkim xabardor aylasam,
Jilva qilgach, ollida koʻzni guharbor aylasam.

«Nun» harfi:

Mavlono Yaqiniygʻa(10) javob aytilibdur. Va yaqindurkim, Mavlono tirik boʻlsa erdi, joni birla insof bergay erdikim, andin yaxshiroq voqe’ boʻlubtur:

Ey visoling xasta koʻnglum marhami, oromi jon,
Oʻlmadim hijron elidin men qatiq jonligʻ yamon.

Va bu bahr va qofiyada yana bir she’rdurkim, ikkalasi bir-biridin xubroq tushubturkim:

Ey sening qoshu koʻzung bir fitnai oxir zamon,
Lablaringdur xasta koʻnglumga hayoti jovidon.

Yuz davrida qiron ta’rifida va bu matla’ oʻtkan ikki matla’ qofiyasida voqe’ boʻlubtur, tajnis rioyat qililibdurkim, bu nav’ shirin va rangin va xush tartib oz voqe’ boʻlmish boʻlgʻay:

Ul quyoshkim oy yuzining davrida qilmish qiron,
Barcha mahvashlar arosida erur sohibqiron.

Bu matla’ faqirning bir matlai muqobalasida tushubturkim, agar burunroq aytilmish boʻlsa erdi, faqir hargiz oʻz matlaimni aytmagʻay erdim Aytmish boʻlsam ham, bitmagay erdim:

Tigʻ ila koʻksimni qilding zaxm, ey siymin badan,
Qoni turmaydur deb ul zahm uzra kuydurdung tugan.

Ishq suubatidin holining bir-bir shiddatnn aytib, hech kishiga bu hollar boʻlmasun, deb istid’o koʻrguzmakda bu matlai ajab xub tushubturkim:

Ishq aro hech kim mekingdek zoru shaydo boʻlmasun,
Boʻlsa ham, vah, men kibi mahjuru rasvo boʻlmasun.

Ma’shuq ishtiyoqidin xayol qilmish boʻlgʻaykim, oni koʻrgachfigʻon jondin burun chiqqay va joni xud rashkdin figʻondin burun chiqqani gʻaribado topibdur:

Seni koʻrgach der edim chiqqay figʻon jondin burun,
Chiqmasun deb rashkdin jon chiqti afgʻondin burun.

Bu matla’ hamkim, qofiya tagʻyir topib hamul radifda voqe’ boʻlubtur, gʻoyat zeboligʻda va nihoyat ra’noligʻda voqe’ boʻlubturkim:

Vasl aro oʻltur meni hijron jafosidin burun,
Netti gar qilsang xalos oning balosidin burun?

Yor vaslida hijron balosi biymidin oʻlum orzu qilmoqki, hijron dogʻi bila nogah kuymaki va vasl aro oʻrtagʻon dogʻi darmonsiz debtur, ya’ni mahzi darmon:

Vasl aro oʻltur meni to dogʻi hijron koʻrmayin,
Kuydur andoq dogʻ ilakim, hech darmon koʻrmayin.

Oʻz qotiligʻa zoru hayronligʻin va aning bodai ishqidnn koʻz va zulfidek mast va parishonligʻin xush debdur va dilkash ado qilibdur:

Vahki, bir qotilgʻa andoq zoru hayronmen bukun
Kim, koʻzu zulfi kibi mastu parishonmen bukun.

Mahzun koʻngulning yorsiz devona boʻlmogʻining uzri va ul hajridin Vomiq va Majiundek rasvoliqqa afsona boʻlmogʻining ma’zirati:

Yorsiz mahzun koʻngul devona boʻlmay naylasun,
Vomiqu Majnun kibi afsona boʻlmay naylasun? (11)

Oʻrtangan koʻngli dudidin olam qarorgʻoni va oʻrtangan bemehri qahri lutfoyin va lutfi itoboludin oʻz-oʻzi bila takallum qilibdur va tarannum koʻrguzubtur:

Kuydi bu mahzun koʻngul olam qarordi dudidin,
Qahri lutfoyin bila lutfi itoboludidin.

Oʻz qotili vayrona qabrini ziyorat qilgʻoli kelganin iddio qilur va ul vayronani imorat qilmogʻni istid’o etar bobda:

Gar kelib vayrona qabrimni ziyorat qilgʻasen,
Rahm etib, ey qotilim; oni imorat qilgʻasen.

Gulchehrasi kelsa savsandek demaktin lolligʻi va kelmasa hajridin bodi sabodek beholligʻi:

Kelsa ul gulchehra, savsandek demaktin lolmen,
Kelmasa, bodi sabodek hajridin beholmen.

Sabrsiz koʻnglining ishq va jununin va notavon holining dardu shavqi bir-biridin fuzunin devonavor degoni va majnunkirdor ado qilgʻoni:

Sabrsiz koʻnglumga boqsam ortadur ishqu junun,
Notavon jonimni koʻrsam, dard ila shavqi fuzun.

Manzurning xat va zulfida bu uch matla’durkim, birbiriga javob voqe’ boʻlubtur. Qofiya va radifi ul hazratning bu fanda mujtahid tab’ining ixtiroidur. Avvalgʻi matla’ budurkim:

Sabzai xatting ichida oʻylakim jondur nihon,
Huqqai la’ling aro ham durri gʻaltondur nihon,

Ikkinchi matla’ budurkim:

Zulfi ichra bel, xat ichra la’li xandondur nihon,
Uylakim, jondur nihon, ham rishtai jondur nihon.

Uchinchi matla’ budurkim:

Zulfi ichra gul, gul ichra la’li xamdondur nihon,
Tunda mehru mehr aro bir chashmai jondur nihon.

Ishq shiddati ajzidin koʻzni a’moliqqa xitob qilgʻoni base dardmandona tushubturkim:

Koʻzlarim koʻr et, qazo, bir shakli mavzun koʻrmayin,
Oʻzni bir laylivashe ishqida Majnun koʻrmayin.

Bu matla’ dagʻi oʻz holi sharhidakim, anvo’i baliyat bir ishq jihatidin bir-birining ustida boʻlmish boʻlgʻan. Bu matla’ yaxshi voqe’ boʻlubturkim:

Yoʻq damekim, telbalardek ul parigʻa zor eman,
Sabru hushumdin judo, dardu balogʻa yor eman.

Manzurning parchami oshuftaligʻi sharhida va oʻz koʻnglining anda barhamligʻi adosida bu matla’ koʻngullarni oshufta va barham qilgʻudek tushubtur:

Ul quyoshkim, charx aro oshufta parchamdur bukun,
Xasta koʻnglum zulfi tobi ichra darhamdur bukun.

Filjavobi bagʻayr:

Ul quyoshning mehri nechun bandagʻa kamdur bukun,
Koʻz yoshim tinmay oqardin yer yuzi namdur bukun.

Parivash yori ishqidin holining parishonligʻikim, til sharhidin lol bulgʻay, nihoyat xubliqdan bayon topibdur:

Bir parivash ishqida andoq parishon holmen
Kim, aning sharhin qilurda asru gungu lolmen.

Gardun bedodidip elni boda qutqorur mazmunda soqiyni muxotab qilib, may tutmoq istid’osida bu bayt mufattihdur:

Soqiyo, tutqil toʻla gardun knbi sogʻarnikim,
Jonima dermen dame bedodi gardun koʻrmayin.

«Ve» harfi:

Sabodin sarvi ravonining kelgan xabarin soʻrar va andin jon, isi, kelgan munosabat bila ruhi ravonining hadisin soʻrar:

Ey sabo, bergil xabar sarvi ravonim keldimu?
Jon isi sendin kelur, oromijonim keldimu.

Bu she’rning qofiyasidin soʻngra atf vovin(12) kalimaning asli harfi oʻrnigʻa tutulub gʻarib ixtiro’ qilibdur:

Ey jafo tigʻi, kelib majruh koʻksumni yoru,
Qoʻl yalang aylab solib haryon ichimni axtaru.

«Xe» harfi:

Koʻngli ranj bila kuyub jononigʻa demagʻonin bulbul kuysa guli xandonigʻa gʻam boʻlmasligʻin tashbih qilib, ishq chamanida bulbuldek gulbong urgʻoni:

Ranj ila kuydi koʻngul demas ani jononigʻa,
Qayda bulbul kuysa gʻam boʻlur guli xandonigʻa.

Sarvi parirux yodigʻa kelsa, hur va jannat yodidin chiqarni yod qilib, bu-tarona bila gʻamgin koʻnglin shod qilurkim:

Har qachonkim kelsa ul sarvi parirux yodima,
Kelmas ul dam jannatu hur xotiri noshodima

Koʻngliga xitob qilurkim, aning dardin mahi tannozigʻa yetkurgay va jonining halokligin sarvi nozigʻa arz etgay:

Ey koʻngul, dardimni arz et, ul mahi tannozima,
Xasta jonimnn halokin ayt sarvi nozima.

Bu matla’din yorning kinoyatomez uzrxohligʻining man’idurkim, shirin labin shakarrez qilib, ul afsun tili bila oshiq oʻtini tez qilmagʻay:

Uzr uchun shirin hadisingni shakarrez aylama,
Bu fusun birla oʻtumni dam-badam tez aylama.

Sarvi ozodining bogʻ aro jilva qilgʻoni uchun ishq ahli ohu faryodi kuydururining adosi soʻznok tushubtur:

Jilva qildi bogʻ aro ul sarvi ozodim yana,
Kuydurur ishq ahlini bu ohu faryodim yana.

Malik ul-kalom Mavlono Lutfiyning mashhur matlai javobida debtur:

Ey qading tubiyu jannat xaddi gulgun ustina.

Bu matla’ voqe’ boʻlubturkim:

Xattining tori tushubtur la’li maygun ustina,
Uylakim, jon rishtasi bir qatrai xun ustina.

Basirat ahli qoshida zohirdurkim, tafovut ne chogʻlikdur. Ne uchunkim, Mavlono yuzni jannatqa nisbat qilubdur va bu munosib tashbihdur. Bovujudi bu ikki misra’ bir-biriga marbut emas va javobi bovujudi gʻarobati ma’ni ikkalasi bir-biriga muvofiq va alfozi bir-birining muqobalasida loyiq voqe’ boʻlubtur. Va qofiyaga tagʻyir berib ham ushbu radif bila yana uch gʻazal deyilibtur. Bovujudi ulkim, Mavlono javobi matla’da xat ta’rifidur, uch matla’ning ikkisida xat ta’rifidur va birida xol ta’rifidur. Mundin nazm tavrida gʻoyati quvvat ma’lum boʻlur.

Ul uch matla’din biri budurkim:

Ul zumurrad xatki chiqmish la’li xandon ustina,
Sabzai xatting ichida uylakim jondur nihon,

Ikkinchi matla’ budurkim:

Sabzai xatting savodi la’li xandon ustina,
Xizr goʻyo soya solmish obi hayvon ustina.

Uchinchi matla’kim xol ta’rifida voqe’ boʻlubturkim:

Nuqtai xoling ajab yoʻq la’li xandon ustina
Kim, boʻlur bir qatra doim obi hayvon ustina.

Ishq uyquni koʻzdin uchurgʻoni jihatidin kechaning sa’b holi sharhida bu matla’ning xublugʻi gunashdin ravshanroqdur:

Bir quyosh hajrida chektim oʻtluq afgʻon bu kecha,
Kuymagim dudidin oʻldi charx giryon bu kecha.

Filjavobi bigʻayrihi:

Oncha chektim bir kuyosh hajrida afgʻon boʻ kecha
Kim, figʻonimdin uyumas jinnu inson bu kecha.

Mehroraz yori chehra ochib jon oʻrtarining tazarrui va oshkoro lutf koʻrguzub koʻnglini pinhon oʻrtarining tazallumi:

Orazing mehrin ochib, jismim aro jon oʻrtama,
Oshkoro lutf etib, koʻnglumni pinhon oʻrtama.

Filjavobi bigʻayrihi:

Oʻt solib el jonigʻa sen meni pinhon oʻrtama,
Oʻrta jonimni-yu, jonim, elni chandon oʻrtama.

Ishq oshubi va bedodi hikoyatida va hajr zulm va taaddisi shikoyatida bu matla’ asru dardmandona va bagʻoyat niyozmandona tushubtur:

Necha ul oy hajrida koʻnglum buzulgʻay gʻam bila,
Necha jismim uyi yemrulgay gʻamu motam bila.

Bu qofiya va radif ham ul hazratning xossai tab’idur va hech yerda eshitilmaydur va bagʻoyat shirin va rangin tushubtur. Hajr shomi suubatida oʻzini anjum va aflok bila mashgʻul tutar kayfiyatida bu gʻazal boshtin oyoq xub va puroshub voqe’ boʻlubturkim:

Hajr shomi oy chiqib men yigʻlar erdim dard ila,
Sayrlar qildim seni istab mahi shabgard ila.

Bu avqotda hukm boʻlub erdikim, turkigoʻy shuaro tatabbu’ qilgʻaylar. Ba’zeki, ayttilar — lat yedilar, ba’ze ayta olmasligʻigʻa mu’tarif boʻldilar. Ul jumladin biri faqir erdimki, insof berdim va matlai budurkim:

Oʻtka solgʻil sarvni, ul qaddi ra’no boʻlmasa,
Yelga bergil gulni ul ruxsori zebo boʻlmasa.

Yorni agʻyor bila koʻra olmasligʻidin koʻz qoni deb ayni rashkdin bu matla’ xub ado topibdur:

Qani koʻzkim, seni koʻrgaymen dame agʻyor ila.
Yo taammul qilgʻamen agʻyor ila guftor ila.

Ishq zulmidin toriqqanda koʻzga ham yor va agʻyor sori boqardin man’qilur ma’nida bu matla’ ham oshiqona, ham dardmandona tushubturkim:

Ey koʻz, oʻzga yuz sori oʻzungni hayron istama,
Bir vafosiz ishqidin koʻnglungni ham qon istama.

Ul hazratning xossa ixtirootidin bu toʻrt she’rdurkim, «oʻzgacha» lafzin radif qilib, qofiyalari har qaysining oʻzgacha voq’e boʻlubtur. Har qaysining latofati birbiridin ortugʻrogʻ tushubtur va alardin biri budurkim:

Gʻam yeli ayshim binosin qildi vayron oʻzgacha.
Hushu sabrim mulkini yer birla yakson oʻzgacha.

Ikkinchi matla’ budurkim:

Ohkim boʻldum yana ishq ichra shaydo oʻzgacha,
Aqlu hushumdin judo xalq ichra rasvo oʻzgacha.

Uchunchi matla’ bu nav’ voqe’ boʻlubturkim:

Boʻlgʻali la’ly uza xatti namudor oʻzgacha,
Tutti ohim barqidin koʻk yuzi zangor oʻzgacha.

Yana bir matla’ bu nav’ voqe’ boʻlubturkim:

Vahki, hijron tarhin ul oy soldi bunyod oʻzgacha,
Notavon koʻnglumga bunyod etti bedod oʻzgacha.

Koʻngliga sabrdin oʻzga chora ishqida bilib sabr qila olmagʻondin bechoraligʻ izhori qilibdur va bade’ado topibdur va gʻarib muaddo boʻlubtur:

Chorai ishqi nedur, juz sabru mahzun koʻngluma,
Chun qila olmas, qiling bir chora majnun koʻngluma.

Gʻardun shikoyatidakim, ofiyatin rasvoligʻ bila badal qilmish boʻlgʻay, bu matla’ nishotfarso va anduh afzo voqe’ boʻlubturkim:

Ey koʻngul, gardun baliyat toshini yogʻdurdilo,
Har taraf sabrim uyin devorini sindurdilo.

Bu radifda yana bir matla’kim, gʻazal tavrida marsiyaomez Xoja Hofiz Sheroziyga voqe’ boʻlgʻon yoʻsin bila ul hazratqa dagʻi voqe’ boʻlubtur va bagʻoyat nodirdur:

Voy, yuz ming voykim, sarvi ravonim bordilo
Sabru hushum mulkidin oromi jonim bordilo.

«Yo» harfi:

Matlubin istab, topolmasligʻidin va hech hamdam ani bu musibatda zorligʻin soʻrmasligʻidin oʻz-oʻzi bila gilamandligʻ izhor qilibdur:

Qayda istay, istasam, qaydin topay sen yorni
Kim, manga hamdam boʻlub soʻrgʻay dame men zorni.

Koʻngul har necha yor dardu gʻamidin ozor topar, ammo aning mohruxsorin koʻrgach, mehri fuzunroq va muhabbati sarrishtasi uzunroq boʻlur mazmunda bu matla’ benazir tushubtur:

Nechakim, tortar koʻngul dardu gʻamu ozorini,
Mehrim ortar har necha koʻrsam mahi ruxsorini.

Parivashining qaro libosidin hayrat qilgʻonikim, quyosh qaronqu tunda koʻrunmak gʻaribdur va vasl kavkabi sa’di hajr tiyra shomida tulu’ qilmoq ajib:

Hayratim bor to qaro qilmish libosin ul pari,
Kim qaronqu tunda koʻrmish oftobi xovariy.

Koʻzin sarvi siyminbari kelur mujdasidin yigʻlamoqdin tiyibdur, jonin xurshidi anvari vasli bashoratidin kuymakdin man’ qilibdur:

Yigʻlama, ey koʻzki, ul sarvi siyminbar kelgusi,
Kuymagil, ey jonki, ul xurshidi anvar kelgusi.

Jonida harf gʻami yozar tahririgʻa koʻngli ajz va notavonligʻidin unamasligʻigʻa tadbir va chora topmasdin bechoraligʻ zohir qilur:

Jongʻa ayturmen, yozay harfi gʻaming tahririni,
Koʻnglum oʻlmas, vahki, bilmasmen bu ish tadbirini.

Oʻz sabz xatining sabzai xati hajrida oʻlsa, qabri sabzasi xati hijron nishtari butmak iddio qilibdur va gʻarib ma’ni voqe’ boʻlubtur:

Sabzai xatting savodi birla oʻlsam, ey pari,
Sabzai qabrim ne tong, gar boʻlsa hijron nishtari.

Bu matla’ning burungʻi misraida xat va lab ta’rifida va ikkinchi misraida yuz va zulf hayrat izhori voqe’dur. Toʻrtalasi nodir tushubtur:

Mushkboʻ xattinmu dey, yo la’li durborinmu dey,
Yuzi iymoninmu dey, yo zulfi zunnorinmu dey?

Bu matla’ ham manzurini husn yuzidin Shirin va Layligʻa va oʻzin ishq bobida Farhod va Majnungʻa tarjih qilibdur. Bu nav’ oz eshitilibdur:

Husn ila sen komilu Shirinu Layli shuhrati,
Ishq aro men zor oʻlub, Farhodu Majnun tuhmati.

Ishq oʻti hirqati ta’rifidakim, ul oʻrtamagan nima qolmamish boʻlgʻay, bu matla’ soʻznok tushubturkim:

Ishqing oʻti jismu joni notavonim oʻrtadi,
Turfa oʻt erdiki, paydovu nihonim oʻrtadi.

Hajr tunida vasl orzusidin bul’ajab xayolin bayon qilur va firoq shomida visol shavqidin sa’b holin ado koʻrguzur:

Kecha hajringdin visolinggʻa hayolim bor edi,
Hech kimga ayta olmonkim, ne holim bor edi.

Bu qofiya va radifda bu faqirning ham she’ri bor va mashhurdur, ammo ul hazratning bu she’rikim, aning javobi tushubtur, hech nisbati yoʻqdurkim:

Qilmagʻay erdim yuzin koʻrmak tamanno koshki,
Solmagʻay erdim koʻngul mulkiga gʻavgʻo koshki.

Mahzun koʻnglini aldab dilrabosining kelur xabarini debtur va orgʻadab ishratfizoi vasli xabarin aytibdur, ajab nav’ shirin voqe’ boʻlubturkim:

Gʻam yema, mahzun koʻngulkim, dilraboying kelgusi,
Bazmi ishqing tuzguchi ishratfizoying kelgusi.

Ishq tariyqida oʻz kamolin zohir qilurkim, ishq ahli yagonalari andin soʻzu gudoz tamanno qilibdurlar, balki boshtin-ayoqlarigʻacha ul oʻtqa yoqibdurlar:

Ishqim oʻtidin kelib Majnun bir uchqun istadi,
Ol dedim, sungʻach ilik, boshtin oyogʻin oʻrtadi.

Gʻoyat bedilligʻidin, gʻam dashtida itgan notavon koʻnglin yod qilur va tarki jon aylagan bexonumon koʻngli yodi bila oʻz anduhin ziyod qilur:

Vahki, gʻam dashtida itgan notavon koʻnglum qani?
Tarki jonim aylagan bexonumon koʻnglum qani?

Hijron balosidin jonigʻa yetib, ajalgʻa iltijo qilur va el mojarosidin toriqib, oʻlumni orzular, bu uslubda soʻz bas gʻaribdur:

Ey ajal, osuda qil hijron balosidin meni,
Bir yoʻli qutqar ulusning mojarosidin meni.

Bahor fasli boʻlub aysh guli ochilgʻoni va gʻam xazoni yelidin sabri xirmoni sovrulgʻoni bobida deyilibdur:

Navbahor oʻldi, ochilmas, vahki, ayshim gulshani
Gʻam xazoni yelidin sovruldi sabrim xirmani.

Bu she’r qofiyasida yana bir she’r oʻttiki, bu anga javobdur va ikkalasi bir-biridin xubroq tushubtur:

Bir parivash shavqi, vahkim, jismu jonim oʻrtadi,
Ayrilib har uchqun andin xonumonim oʻrtadi.

Zolim yorni zulm qilmoqqa beixtiyorligʻi aytilibdur va oʻzining mazlumshiorligʻini xubroq vajh bila ado qilibdur:

Yer zulm aylar uchun beixtiyor oʻlmish netay,
Vah, anga javru sitam qilmoq shior oʻlmish netay.

Yor firoqidin yoshu qon toʻkmoq koʻzining fani boʻlgʻonni bu jihatdin ul bahru kon inju va la’l maxzani boʻlgʻonni gʻarib suratda nazm qilur:

Ey firoqingdin koʻzumning yoshu qon toʻkmak fani
Kim erur ham la’lning qoni, ham inju maxzani.

Yor koʻyida tushgan soʻzon koʻnglinki, yori poymol qilmish boʻlgʻay, yerga tushgan oʻtqa tashbih qilgʻonikim, ayogʻ bila yerga surtub oʻchururlar, xossa ma’nidur:

Tushgali soʻzon koʻngul koʻyung aro filhol oni,
Yerga tushgan oʻt edikim, aylading pomol oni.

Hijron sogʻaridin dam-badam oʻzdin borurni ibo qilib, vasl jomi muyassar boʻlsa, labolab sipqorurni muddao qilibdurkim:

Necha hijron sogʻaridin dam-badam oʻzdin boray,
Vasl jomin gar tutar boʻlsang labolab sipqoray.

Bovujudi oʻz ishqi oʻti va yor husni oʻti riqqati qalb va tarahhum jihatidinkim, ishq ahli lozimasidur yana bir mazlumi zor ishqining oʻti bila ham koʻnmak va matla’din she’rning oxirigʻacha bu ma’nini har baytda izhor qilibdurkim, nazm elidin hech kimga dast bermaydur:

Bas emas erdi manga ham oʻz oʻtum, ham yor oʻti
Kim, anga afzun dagʻi boʻlmish yana bir zor oʻti.

Jon ogʻziga yetganda jonon labin tamanno qilmoqki, jon topshirgʻay va jonongʻa yashurun naqdi pinhon topshirgʻay, bas latif voqe’ boʻlubtur:

Yetti jon ogʻzimgʻa yetkur labnikim, jon topshuray,
Bori oʻlmasdin burun bu naqdi pinhon topshuray.

Majnunni ishq tariyqida oʻziga oʻxshatmoq va devonaligʻ rasmin anga oʻrgatmak kamoli oshiqliqqa va devonaliqqa doldur va ishq va junun ahligʻa bu nav’ bas bul’ajab holdur:

Ishq aro Majnunni dermenkim, oʻzumga oʻxshatay,
Hushini zoyil qilib, devonaligʻni oʻrgatay.

Parivashining tufuliyat jihatidin yorligʻ bilmasin va aning shavqidin shaydo koʻngli hushyorligʻ bilmasin zohir qilib, dard ahli qoshida oʻz dardi dilin aytibdur:

Ul parivash tifl, vahkim, yorligʻ bilmas netay,
Shavqidin shaydo koʻngul hushyorligʻ bilmas netay.

Ul olam ahli sultoni himmati qoshida baski sultonligʻi muhaqqir koʻrinur va faqirni filhaqiqat saltanatqa tarjih qilur, bu baytdakim, haqiqat ma’nisi majoz suratida ado topibdur. Umid ulkim, ul hazratning tariyqida ham necha majozi boʻlsa haqiqatda mubaddal boʻlgʻay va majoz ahligʻa ehson va haqiqat ahliga mustahsan voqe’ boʻlubtur:

Kim gadoying boʻlsa olamdin kechib, ey dilrabo,
Faqr ahli ichra ul sultoni olamdur bukun.

Xilvat(13). Olam ahligʻa andoqki, majlis boʻlur, majlis ahli hasratidin tab’gʻa kalol va zehngʻa malol yuzlangandin soʻngra har toifa oʻz xurdi holigʻa koʻra maxsuslari bila xilvat ixtiyor qilurlar. Chun «Majolis unnafois»ning yetti majlisni tab’ ahli gʻavgʻosi va nazm xayli alolosi bila oʻtkarildi. Sekkizinchi majlis Sultoni Sohibqiron majlisidurki, ani andoqki, haqidur bayon qilmoq mumkin ermas va ul da’vogʻa aqlkim, munsif hakamdur, ruxsat bermas. Nechukkim, boʻlsa shikasta va basta va ba’zi parishon va ba’zi payvasta ado topti. Emdi xilvatda dagʻi bir-ikki naql ul hazratning gʻayri nazm latoyifidin ham bitilsa va bir-ikki soʻz sharh etilsa yiroq boʻlmagʻay.

Uljumladin — Mavlono Lutfiy (alayha rahma)ki, oʻz zamonida Xuroson mulkida turkiy va forsiyda malik ul kalom erdi, bir kun bahor ayyomidakim bulug oshiq koʻzidek ashkbor va ul ashk qatarotidin har biri: ma’shuq va’dasidek bir mavhum tor oshkor qilur erdi, bu faqirgʻa yoʻluqti va dedikim, bu yogʻin torlari maxsus boʻladur, Mir Xusrav (alayha rahma) hinducha ash’orida bir ajib-gʻarib ma’ni aytibdur va ul budurkim: mahbub bahor ayyomida bir yon boradurmish boʻlgʻay va yogʻin jihatidin yer balchiq boʻlmish boʻlgʻay va aning. ayoqi balchigʻdin toyib yiqilur chogʻida gʻoyat nozuklugidin yogʻin rishtasin madadi bila tutub qoʻpmish boʻlgʻay. Bu faqir bu ma’nini eshitgach, xushhol boʻlub, Mir Xusravning bu daqiq xayoligʻa ofarinlar oʻqudum va tab’ ahlidin yogʻin taqribi bila harkim qoshida bu soʻz naql qilildi. Manga yuzlangan xushvaqtligʻ anga ham yuzlanib, Mir Xusravning ta’rifida beixtiyor boʻldi. Bir kun ham mazkur boʻlgʻon taqrib bila Sultoni sohibqiron Oliy majlislarida banda bu soʻzni arz qildimkim, bir kun Mavlono Lutfiy Mir Xusravdin bu nav’ gʻarib ma’ni naql qildi, deb. Xayolimda bu-kim, ul hazratning ham latif tab’larigʻa xush kelib, ta’rifda muboligʻa qilgʻuvsilardur. Banda koʻp shaaf bila aytqon uchun filjumla tabassum qilib, inbisot izhori qildilar. Ammo koʻp iltifot voqe’ boʻlmadi. Soʻnggʻi kun andoq ma’lum boʻldikim, ul hazratning muborak tab’larigʻa Mir Xusravning bu xayolida e’tiroze yuzlangan ermish boʻlgʻay, yana hayrat dast berdikim, Mir Xusravning bu xayoligʻa jame’ tab’ ahli ta’rif va tahsindin oʻzga hech nima zohir qilmadilar, oyo, ul hazrat ne e’tiroz qilib erkinlar. Oliy majlisda yer oʻpub, arz qildimkim, ul e’tirozni guharbor alfozdin eshitmak muroddur. Dedilarkim, ul e’tirozbudurkim, ul yogʻin qatrasi yuqoridin quyi inib keladur, muqarrardurkim, rishtasigʻa dagʻi hamul holdur. Rishtaikim, mayli quyi boʻlgʻay, aning madadi bila yiqiladurgʻon oʻzin asramogʻi maholdur. Ul hazrat bu e’tirozni naql qilgʻoch, faqir bildimkim, men va har kishi hamkim, bu ma’nini eshitib, tahsin qilibdurbiz —barcha gʻalat qilgʻon ermishbiz. Quloq tutub oʻz nuqsi tab’imgʻa mu’tarif boʻldim. Andin soʻng ul hazrat dedilarki, bu bayt andoq boʻlubturki, e’tiroz mahalli yoʻqturkim;

Za’fdin kulbamda qoʻpmoq istasam aylar madad,
Ankabute rishta osqon boʻlsa har devorgʻa.

Umid ulkim, mundoq sof tab’ kuzgusiga hargiz davron havodisidin gʻubore oʻlturmagʻay va mundoq ravshan zehn sham’in hargiz navoyibi sarsari oʻchurmagay.

Uljumladin budurki, Mavlono Qabuliy degan kichik yoshlik yigit Qunduz va Hisor tarafidin kelib erdi, tab’i turkiy va forsiy nazmgʻa muloyim erdi. Oliy majlisqa musharraf boʻlub, podshohona tahsin va ehsongʻa ham sarafrozboʻlub erdi. Bir kun bir turkiy gʻazalki, matlai budurkim:

Na’l kestim dardi afzun boʻldiyu kam boʻlmadi,
Dogʻ qoʻydum soʻzi kam boʻlgʻay debon, ham boʻlmadi

aytib kelib erdikim, yuqori arz qilgʻay. Faqirgʻa berdikim, tegrasida evrulgaymen va xotirgʻa kelganni anga aytqaymen. Chun oʻqudum «ham boʻlmadi», qofiyasini yaxshi aytmaydur erdi. Derdimkim, yaxshi qofiyasi budur, mundin yaxshiroq bogʻlasang boʻlur erdi. Ul dedikim, men xili tashvish torttim, yaxshi bogʻlay olmadim. Albatta, bu qofiyani siz bogʻlang. Chun mubolagʻa qildi, faqir ul qofiyani bogʻladim, bu nav’kim:

Sarv moyil boʻldikim, oʻpgay ayogʻing tufrogʻin,
Yoʻqsa har soat sabo tahrikidin xam boʻlmadi.

Alqissa, Qabuliy bu she’rni bitib navvobdin birining vositasi bila Oliy majlisqa yetkurubdur. Ul hazrat oʻqugʻondin soʻngra debturlarki, ikkinchi bayti aning nazmining rangi emas, xayolgʻa andoq kelurkim, falon muyi aning bu she’rida aytmish boʻlgʻay.

Faqirni tilab bu bobda takallum qildilarki, — bu baytni oyo ulmu aytib erkin, yo birovmu aning uchun deb erkin? Faqir taajjub qildim, ammo lutfi yoʻq erdiki, ul gʻarib yigitkim, bu she’rni oʻtkarib erdi, degaymenkim, — bu baytni men aytibmen. Chun iqror qilmadim. Mubolagʻa bila soʻruldi, ul hazratqa chun ravshan boʻlub erdi, inkor qila olmadim. Dedimkim, muborak xotirgʻakim, mavridi fuyuzi gʻaybiydur, chun zohirdur ne nav’ tongʻaymen. Bagʻoyat munbasit boʻlub, hukm boʻldikim, Qabuliyni topib keltursunlarkim, bu bobda aning bila mutoyaba qilali. Filhol ani topib Oliy majlisda hozir qildilar. Hazrat julus hukmi buyurub, iltifot zohir qilib, she’rini tahsin qildilar. Faqir mutaraddidkim, ta’rif bunyod boʻldi, anga ajab sharmandaligʻ boʻlgʻusidur va faqirgʻa andin ortugʻroq. Ul bobda hech soʻz demadilar. Muddate oʻlturdi va soʻz oʻzga taraflar tushti, to ulki, majlis nihoyatqa yetti va el tarqaldilar. Oz kishi mahramlardin qoldi. Navvobdin biri arz qildikim, Qabuliyni kelturdilar va ul bayt bobida aning bila mutoyaba qilmadilar, hamonoki unutuldi. Hazrat buyurdilarkim, unutulmadi, ammo ul soʻz zikrida anga uyat boʻlur erdi, tilamadukki, gʻarib yigit majlisda el arosida uyatligʻ boʻlgʻay, ul sababdin aning she’ri va ul bayt bobida soʻz deyilmadi. Bu faqir yer oʻpub arz qildimkim, bu rahm yolgʻuz anga voqe’ boʻlmadikim, manga dagʻi boʻldi.

Subhonolloh! Ofarin ul sone’gʻakim, bir sohib davlatqa muncha husni xulq va kamoli fazl va baland idrok va tab’ va zehni pok karomat qilibdurki, bu afsonalarni yasab, birovga bogʻlasalar, eshitgan kishi inona olmagʻay, balki ja’liydur deb, aytquchining takallumigʻa quloq solmagʻay.

Bu Sultoni Sohibqironning eramoyin suhbatlarida va firdavstazyin xilvatlarida bu nav’ gʻarib latoyif va ajib zaroyif har lahza mutaoqib va mutavotir va har lahza mutazoid va mutakosir zohir boʻlur, to sipehr shabistonining sham’i zarrin lagani badri munir boʻlgʻay va aflok shahristonining mash’ali anjumani mehri olamgir oʻlgʻan, bu adolat avjining toʻlun oyigʻa kamlik yuzlanmasun va bu saltanat-burjining xurshidi olamoroyi kamol darajasidik aylanmasun!

Ul humoyun tab’ning bu nav’ diqqatsozligʻ va nuktapardozligʻlarini sipehr dabiri yillar bitisa tamom etmas va xiradi xurdadon xush taqriri qarilar aytsa itmomigʻa yetmas. Avlo ulkim, ixtisor bila tamom qililgʻay va duo bila ixtitom berilgʻay:

Yo rab, bu zamona shahlarining shohi,
Kim, koʻngli erur sirri nihon ogohi,
Bergil anga avj mohdin to mohi,
Balkim neki bor esa aning dilxohi.
Koʻk arsasi bazmgohi oʻlsun, yo rab,
Kun shamsasi chatri johi oʻlsun, yo rab,
Kavkab adadi sipohi oʻlsun, yo rab,
Har ishda Hah panohi oʻlsun, yo rab.</div>

Izoh Va Tarjimalar

Muqaddima

1. «Va durudi noma’dud ul xulosai ma’dum va mavjudgʻakim» mavjud boʻlgan va boʻlmagan narsalarning yaratuvchisiga sanoqsiz maqtov va duolar boʻlgʻay, demakdir.

2. «Maliki allom» — Olloh koʻzda tutiladi.

3. Qur’oni karimning nozil boʻlishi haqida soʻz ketmoqda.

4. Jabroil — Islomdagi toʻrt farishtadan biri. Xudo bilan paygʻambar oʻrtasida elchilik qilgan farishta. Muhammad paygʻambarga Qur’on shu farishta orqali nozil boʻlgan.

5. «Xayr ul-anom alayhissalavotu vassalam» — arabcha: odamlarning yaxshisi, unga salom va duolar boʻlsin demakdir. Bu ibora Muhammad paygʻambar nomiga qoʻshib yoki uni nazarda tutib aytiladi.

6. Abdurahmon Jomiy (1414 Jom, — 1492 Hirot) — fors-tojik adabiyotining koʻrkamli namoyandasi, shoir, mutafakkir va olimdir. Alisher Navoiy 1476—1477 yillarda Jomiyni oʻziga pir qilib oladi va uning hayoti oxirigacha oralaridagi samimiy doʻstlikka sadoqatni saqlagan. «Jomiy va Navoiy» majmuasining noshiri mashhur matnshunos olim Porso Shamsiyev shu majmua muqaddimasida yozgan edilar: «Chin insoniy xislatlardan sabot, matonat, gʻayrat, tolmas mehnatkashlik bu ikki doʻstning mushtarak xususiyatlari boʻlib qoldi. Bu mushtarak xususiyat bulardagi buyuk ijodiy kuch va mahoratning deyarli bir mezonda borganligida koʻrinadi. Jomiy biror asar yozsa, birinchi galda Navoiyga taqdim etar, kerak miqdorda isloh etishni, kamchilik va nuqsonlarni koʻrsatib berishni talab etar edi. Navoiy Jomiyni oʻziga madadkor, qiynalganida mushkullarini hal qiluvchi va ishlarga ragʻbatlantiruvchi ulugʻ homiy va murabbiy deb bilar edi». (P.Shamsiyev. Ulugʻ doʻstlik lavhalaridan. Jomiy va Navoiy (toʻplam). Toshkent, «Fan», 1966.).

Bu ikki ulugʻ siymolar bir-birlarining tashabbuslari bilan asarlar yozar, bir birlariga oʻz asarlarida madhiyalar bitar edilar. Alisher Navoiy Jomiy haqida uning vafotidan keyin maxsus «Hamsat ul-mutahayyirin» (Hayratlanganlar beshligi) asarini yozgan.

7. «Madda zilli va irshodahu» — arabcha: Olloh uning soyasi va toʻgʻri yoʻlini uzaytirsin, demakdir.

8. «Bahoriston» — Jomiyning 1487 yilda Sa’diy Sheroziyning mashhur «Guliston» asari payravligida yozgan axloqiy va tarbiyaviy mazmundagi asari. Jomiy oʻz oʻgʻli Ziyovuddin Yusufga darslik tarzida yaratgan. «Bahoriston» muqaddima va 8 bob (ravza)dan iborat: 1) oriflar sarguzashti; 2) ulugʻlar hikmatlari; 3) adolatli shohlar haqida; 4) saxiylik targʻibi; 5) ishqiy hikoyatlar; 6) hazl-mutoyibalar; 7) she’r va shoirlar; 8) tamsillar.

Navoiy bu yerda «Bahoriston»ning yettinchi bobini nazarda tutadi. Mohiyatcha, bu bob tazkira boʻlib, unda Rudakiydan Navoiygacha 37 nafar mashhur shoirlar haqida ma’lumot mavjuddir.

9. Sultoni Sohibqiron — baxtiyor sulton ma’nosini anglatuvchi bu laqab ulugʻ, jahongir podshohlarga berilgan. Bu yerda Husayn Boyqaro nazarda tutiladi. Ilmi nujumda ikki sayyora toʻqnashgan paytda tugʻilgan bolani anglatadi. Uning gʻoyat ulugʻ martabali boʻlishiga ishonishgan.

10. Nigorxona — rasmlar xonasi; Nigorxonai chin — Chin rasmlari xonasi. Bu yerda Navoiy Jomiy «Bahoriston» asarida shoirlarga bagʻishlangan bobni shunday bezadiki, unga Chin (Xitoy) nigorxonasining ham rashki keladi, deb ta’riflaydi.

11. Amir Davlatshoh (taxminan 1436/38 — vaf. 1497, Samarqand) tazkiranavis. Otasi Amir Baxtishoh Shohrux Mirzoning lashkarboshilaridan boʻlgan. Davlatshoh «Uloin» taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. 1471 yilga qadar Husayn Boyqaro xizmatida boʻlgan. Hirotdan qaytgach, otasi mulkida dehqonchilik qilgan va adabiy ijod bilan shugʻullangan.

12. «Tazkirat ush-shuaro», Davlatshohning 1486 yilda yozgan asari. Unda Iroq, Eron va Oʻrta Osiyoda X—XV asrlarda yashab njod qilgan 150 dan ziyod shoirlar haqida ma’lumotlar beriladi. Bu asar Navoiy tavsiyasi bilan yaratilgan boʻlib, Navoiyning ijodi va arboblik faoliyati haqida maxsus bob bor.

13. «Sultoni Sohibqironning humoyun valodatlari» — Husayn Boyqaronnng tugʻilgan yili (1438 y.) nazarda tutiladi.

14. «Ammo holo bu fano dor ul-gʻururidin baqo dor us-sururigʻa intiqol qilibdurlar» — hozirda oʻtkinchi gʻurur saroyidin (ya’ni, bu dunYodan) abadiy xursandchilik saroyiga (ya’ni, u dunyoga) koʻchib oʻtishgan (ya’ni, vafot etishgan) demakdir.

15. «Holo bu farrux zamonda namoyandadurlar» — hozir bu baxtiyor zamonda hayotdirlar, demakdir.

16. «Majolis un-nafois» — Nafis majlislar demakdir.

Avvalgi Majlis

1. Amir Qosim Anvor — Shoh Qosim Anvor Tabreziy (1346, Tabrez—1433, Jom). Arab va yunon, fors va turkiy tillarni yaxshi bilgan hamda shu tillarda she’rlar yozgan. Umrining aksar qismini Hirotda kechirgan. Samarqandda ham yashagan.

Shoirnnng toʻla kulliyoti 1959 y. Tehronda nashr qilingan, unda gʻazallar devoni, «Anis ul-oshiqin» (Oshiqlar doʻsti) nomli masnaviysi, «Tavajjuhnoma» (Ollohga intilganlar haqida asar), «Voqiai Hirot» (Hirot voqialari), «Risolai vujud» (Borliq haqida risola), «Makotib» (Maktublar), «Savolu javob» va boshqa asarlari oʻrin olgan.

Qosim Anvor tasavvuf adabiyotining yirik namoyandasi sifatida mashhur. U, ayniqsa, Jaloliddin Rumiyga ergashgan. Shuningdek, Qosim Anvor asarlarida ijtimoiy-siyosiy va axloqiy masalalar ham ilgari suriladi. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida ham bu shoir haqida ancha mufassal ma’lumot beradi.

2. «Quddisa sirrihu» — arabcha: sirri muqaddas boʻlgʻay, degan ma’noni anglatadi va vafot etganlar haqida aytiladigan duo hisoblanadi.

3. Valoyat ahli — valiy, avliyo odamlar.

4. Haqoyiq va maorif — ishqi haqiqiy va ma’rifat mazmunida yozuvchilar.

5. Sadriddin Ardabiliy — XIV asrdagi mashhur tasavvuf shayxlaridan.

6. «Anis ul-oshiqin» — Oshiqlarning doʻsti demakdir. Qosim Anvorning asari.

7. Tarje’ — qaytarish, takrorlashni anglatadi. She’rda takrorlanuvchi band boʻlib, bunda shoir vazni bir, qofiyasi boshqa boʻlgan bir necha band she’rning har bandi soʻngida bir baytni takrorlab keltiradi. Takrorlangan bayt har band oxiridagi bayt bilan bogʻlanib borishi shart hisoblanadi.

8. Baytning tarjimasi (bundan keyin «tarj.:» deb berib boramiz): Ollohga shukrki, sening ikki jahon mulkiga sarmoya boʻlgan ishqing mening yuragim va jonimdadir.

9. Tarj.: Rindmiz, oshiqmiz, jahon oʻrtovchilar va yoqavayronlarmiz. Sening gʻaming turganda dunyo gʻamini chekishdan ne foyda?!

Bu baytdagi «rind» soʻzinnng ta’rifi «Gʻiyos ul-lugʻat»da: «Rind—shariat qoidalarini johillik yuzasidan emas, ongli suratda inkor qiluvchi odam», deb beriladi. Tasavvuf istilohotida «rind» barcha boylik, lavozim, zohiriy iltifotu mulozimatlardan oʻzini yiroq tashlab, olam va odamning eng yuksalgan poyasida oʻzini ozod sezuvchi hur fikrli nnsonni anglatadi.

10. Jaloliddin Rumiy (1207—1273)—shoir va mutafakknr. Ismi Muhammad, laqabi Jaloliddin. Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad Chingizxon yurishi arafasida Balxdin Nishopurga koʻchadi va shoir Shom, Halab va Arzanjonda ilohiyot, fiqh, riyoziyot (matematikaga oid fanlar), tarix va boshqa ilmlarni oʻrganadi. Davrning mashhur shayxlaridan Burhoniddin qoshida 1232 yildan sufiylik tariqati va shariatdan tahsil oladi. Quniyada esa Shams Tabriziy bilan uchrashadi va uni ma’naviy ustoz deb tanlaydi. Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy» nomli asari uni dunyoga mashhur qiladi. Unda ilohiyot, falsafa, tasavvufga oid masalalar oʻz aksini topgandir. 6 mustaqil daftardan iborat bu asarda koʻplab rivoyatlaru hikoyatlar, masalu latifalar oʻrin olgan.

11. Tarj.: Tabrizda bir Sayyidzoda bor edi.

12. Tarj.: Fe’l, sifat, zot va ismlaring bilan hamma yashirin va oshkor narsalarning asli oʻzingsan.

13. Jorubkash—masjid, madrasa, xonaqo va mozorni supuruvchi xizmatkor. Navoiy bu yerda Jom viloyatidagi Xarjurd degan joydagi mozorda dafn etilganlarga, jumladan Qosim Anvorga oʻz hurmati va e’tiqodini nzhor etadi.

14. Xamsa va salosina va samona mia — arabcha: 835 y.ni anglatadi. Milodiy hisobda 1431—32 y. ga toʻgri keladi.

15. Mir Qosim Anvor koʻzda tutilat.

16. Imom Ali Muso ar-Rizo — Ali Ibni Muso, laqabi Ali Rizo. Islom aqidalariga koʻra sakkizinchi imom. U avval Madinada yashagan, 816 y. da Xalif Al-Ma’mun tomonidan Xurosonga keltirilgan va 817 y. da Marvda 33 ming odam qatnashgan yigʻinda valiahd deb e’lon qilingan. Imom Rizoning nomi Ma’mun nomidan keyin tangalarda zarb etila boshlagan. Ma’mun hatto unga oʻz qizi Xabibani beradi. Ali Rizo Eronda qadimgi Tus shahri yaqinidagi Nukon degan qishloqda toʻsatdan vafot etadi. Ma’mun uni gʻoyat katta dabdaba bilan Sanobod degan Xorun ar-Rashid maqbarasi joylashgan bogʻda dafn qiladi. Keyinchalik bu yerda Mashhad shahri paydo boʻladi. Hozir Mashhaddagi Imom Rizoning hashamatli maqbarasi musulmonlarning ziyoratgohidir. Navoiy vazirlik davrida Imom Rizo maqbarasining janubiy qismida goʻzal bir ayvon qurdirgan va undagi ustunlarning biriga Husayn Boyqaro nomini oʻydirgan. Bu yerda shoir Mir Maxdumning otasi Makkadan Mashhadga Ali Rizo maqbarasi ziyoratiga kelganli bayon etiladi.

17. «Man xadima xudima» — arabcha: kim birovga xizmat qilsa, unga ham kimdir xizmat qiladi, demakdir.

18. Tarj.: Chalgʻuchi tarona chal, soqiy may tutgil, kimki, «may harom» degan boʻlsa, uning qoni haloldir.

19. Tarj.: Meni rindlik olamida rasvolikning nishonasi qilding, dilimni olib, jonimni yuz nadomatga qoʻyding.

20. Muammo — arabcha: yashiringan, berkitilgan, demakdir. Muammo Sharq she’riyatida kichik lirik janr turlaridan biri. Misra’, bir-ikki baytda (ba’zan jumla, ibora yoxud bir soʻz ham boʻlishi mumkin) ism yoki biror soʻz yashiringan boʻladi. Muammoda esa unga murakkab imo-ishoralar boʻladi. Muammoni maxsus qoidalarga asosan (unga ramz, imo, kinoya, oʻxshatish, soʻz oʻyini, arab alifbosidagi harflar nuqtalarini almashtirish, soʻzlarning boshqa tillardagi sinonimlarini topish, teskari aylantirish yoki «abjad» hisobi (harflarning raqam ma’nolari) va h. k. yoʻllar bilan topib olish, yechish kerak boʻladi. Muammoni tuzish va uni yechish qoidalariga bagʻishlangan maxsus risolalar ham yaratilgan. Ayniqsa, XV asrda muammo keng tarqalgan edi. Jomiy va Navoiy ham muammo haqida risolalar yozganlar.

Bu muammoda «Ahmad Mirak» ismi yashiringan. Asliyatda shunday yoziladi.

Tarj.: Men may istamayman, uni berma va tutma. Sa’dni yor koʻchasi boshigʻa eltib qoʻy.

Birinchi misra’ning yana shunday mazmuni bor: soʻz avvalidagi [harf] menda yoʻq.

Agar dan olib tashlasak, qoladi. Uning raqam ma’nosi 10, harflarda yoziladi. Bu ikki harfning raqam yigʻindisi boʻladi. 9 raqami yana birikuvidan hosil boʻladi. Shunday qilib, «may» soʻzidan «ah» boʻgʻimini chiqardik. ni — «mad»ni ol, degan ishoraga binoan «Ah»ga «mad»ni qoʻshsak «Ahmad» chiqadi. dan «mi» olinadi. Yuqoridagidek ikkinchi misradan «Sa’dni qoldirib «ro»ni, ya’ni «r» harfini qoʻy soʻzining avvaliga, ya’ni, birinchi harfi oldiga olib borib qoʻyiladi va «Mirak» hosil boʻladi. Natijada koʻrsatilgan muammo yechimi «Ahmad Mirak» ismi chiqadi.

Koʻrinadiki, muammoni yechish arab alifbosiga asoslanadi va uni tarjimasini berish bilan maqsad hosil boʻlmaydi. Shuning uchun muammolarni arab alifbosida berdik va tarjima qilmadik.

21. Tarj.: Men yomonlik qildim, uzr aytish gunohdan yomonroq.

Chunki bunda uchga buzilgan da’va bor: borlik, kuch va quvvat. Keyingi misra’ arabcha boʻlib, kuch bilan quvvat esa xudodan boshqa hech kimda yoʻq.

22. «Maqsadi aqso»— eng soʻnggi maqsad.

23. «Qasidai burda» —arab shoiri Ka’ba Ibni Zuxayr (VII asr) asari. Burda degani yoʻl-yoʻl matodan tikilgan ustki kiyim — qaboni anglatadi. Rivoyatga koʻra, Muhammad paygʻambar shol dardiga mubtalo bir bemor ustiga oʻz burdasi ustki kiyimini tashlagan ekan, u davo topib, tuzalib ketibdi. Qasidaning nomida shu rivoyatga ishora bor. Qasida uch qismdan — an’anaviy lirik muqaddima, didaktik qism va madhdan iborat. «Qasidai burda»ga juda koʻplab naziralar yozilgan, muxammaslar bogʻlangan, sharhlar bitilgan. Musulmonlar qasidaga ma’lum davrlarda ilohiy ma’no ham berib, uning ayrim parchalarini tumor tarzida oʻzlari bilan olib yurganlar (qarang: Fil'shtinskiy I.M. Arabskaya klassicheskaya literatura. M.,«Nauka», 1965).

24. Shohrux Mirzo (1377—1447) — temuriylar sulolasidan, hukmdor. Temurning oʻgʻli. Ulugʻbekning otasi uning podshohligi davrida Samarqand, Hirot va Marvda bir qancha bino, istehkom hamda inshoatlar qurildi, ilm-fan, madaniyat rivoj topdi. Navoiy «Majolis un-nafois»ning yettinchi majlisida Shohruxga alohida maqola bagʻishlaydi.

25. Tarj.: Ey bu olamda yashirin ham, oshkora ham oʻzingsan, oshiq yuragining dardi ham, asl davosi ham oʻzingsan.

26. Tarj.: Men turkman, hinduni Jaypolning oʻlaksasi deganman, Junaning dabdabasini bir dona arpaga ham olmayman.

27. «Ajoyib ud-dunyo» — Dunyoning ajoyib (ishlari); «Javohir ul-asror» — Sirlarning javharlari.

28. Tarj.: Yana tun boʻldi, koʻzim yigʻi maydoniga suv urdi: Koʻz yoshining seli uyqu sipohiga hujum qildi.

29. Ta’rix — adabiy janr turlaridan boʻlib, unda abjad hisobi usullarini tatbiq etish bilan biror muhim voqea, ulugʻ kishilar vafoti, binolarning bunyod etilishi vaqti va h. k. lar yilini yozib qoldiriladi. Ta’rix yaratuvchilarni ta’rixgoʻylar deyiladi. Ta’rix she’r bilan aytilsa, gʻoyat munosib sanaladi. Ta’rix moddasi boʻlgan soʻz, misra’, baytlar arab harfida yozilib, abjad hisobi bilan chiqarilishini e’tiborga olib, ta’rix moddasi boʻlgan soʻzlarni arab alifbosida keltirdik: soʻzidagi harflar abjad boʻyicha yigʻindisi 866 y. (1461—62 y.) soʻzidan ham shu sana chiqadi.

30. Kotibiy — Shamsiddin Muhammad Ibn Abdullo (tav. noma’lum, Turshez — 1435, Astrobod) XV asrdagi mashhur shoir, xattot va munshi. Yaxshi xattot boʻlganligidan Kotibiy taxallusini olgan. Shoirning Nishopurda tahsil olgani, Hirot, Samarqand, Mozandaron, Gilon, Hijoz, Tabrez va Isfahonlarda boʻlgani haqida ma’lumotlar mavjud. Umrining oxirida Astrobodda qoʻnim topgan va shu yerda dafn etilgan.

Manbalarda Kotibiy qalamiga 140 asar mansub dsb qayd qilinadi. Uning «Qasidalar dsvoni», «Gʻazallar devoni», «Xamsa» dostonlari mashhurdir.

31. «Zul-bahrayn» — Ikki bahrli. «Zul-qofiyatayn» — Ikki qofiyali.

32. Tarj.: Koʻz va dil tufayli tuproq badanim oʻt va suv ichidadir. Koʻz bilan koʻrgil va dil bilan rahm qilgil, ishim xarobdir.

33. Tarj.: Ey toʻgʻri yuruvchi taqdir kamoning oʻqdek; Sening oʻqdoningga bezakli osmon qoplon dumidekdir.

34. Tarj.: Koʻrshapalak feruza rang gunbazdan gunbaz feruzasiga qarab ketdi.

35. Toun marazi — vabo kasali.

36. Tarj.: Vabo olovi qahridan tuprogʻi mushkdan ham xushboʻyroq boʻlgan Astrobod birdaniga xarob boʻldi. U yerda yoshu qaridan hech kim qolmadi, chunki «oʻrmonga oʻt tushsa hoʻl va quruq barobar yonadi».

37. Ashraf—Abu Ali Husayn ibni Hasan Marogʻiy. Darvesh Hasan Xiyoboniy (tugʻ, noma’lum — vaf. 1460) nomi bilan tanilgan. 1436—1440 yillar mobaynida «Xamsa» an’anasini davom ettirgan. «Minhoj ul-abror» (Taqvodorlarning yorugʻ yoʻli), «Riyoz ul oshiqayn» (Ikki oshiqning mashaqqatlari), «Shirnn va Xusrav», «Ishqnoma» yoki «Layli va Majnun», «Haft avrang» (Yetti taxt) va «Zafarnoma» nomli «Xamsa» tarkibidagi dostonlarni yozgan. Shoirning toʻrtta she’rlar devoni va «Sad pandi Ali» (Alining yuz pandi) nomli Hazrat Aln hikmatlarining tarjimasi boʻlgan manzumasi ham mavjud. Aftidan bu oxirgi asari Navoiyning «Nazm ul-javohir» nomli asariga oʻxshash koʻrinadi. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Ashraf haqida yozadi va Hirotda boʻlganini ta’kidlaydi. Shoir «Xamsa» ustida uzoq yillar mehnat qilgani va nihoyat uni tugallashga noil boʻlgani xususida Navoiy Ashrafning quyidagi baytini keltiradi:

Az sharafi vasli tu Ashraf shudem,

Davlati mo bud musharraf shudem.

(Tarj. Sening vasling sharafi bilan Ashraf (ya’ni, sharafli) boʻldik, bu biz uchun davlat edi musharraf boʻldik).

38. Tarj.: Bilimda ilgʻor boʻlgan shaxs qoshida gunohkorni oʻldirishdan gunohni kechish afzalroqdir.

39. Tarj.: Oʻqning choʻpi boʻlishni istayman, toki sen ba’zi-ba’zida holimga koʻz uchi bilan qaragaysan. Bu yerda shoir oʻq tortganda, koʻz qiri bilan nishonga boqishi kabi holatni nazarda tutmoqda.

40. Xoja Ismatullo (tugʻ. noma’lum—vaf. 1437, Buxoro)—asosan Buxoroda yashab ijod etgai shoir. Xalil Sulton saroyida boʻlgan. Feodallar isyonidan soʻng shoir sargardonlikka uchraydi. Ulugʻbek hukmron boʻlgach, Ismat Buxoriyni saroy xizmatiga taklif etadi. Lekin shoir uzlatni, darveshlar orasida boʻlishni afzal koʻrib taklifni qabul qilmaydi. Shoirning sakkiz ming baytdan iborat she’rlar devoni, «Ibrohim Adham» nomli masnaviysi ma’lum. Uning tasavvufiy ta’surotlar, sufiyona hissiyotlar bilan yoʻgʻrilgan she’rlari xalq orasida mashhur boʻlgan.

41. Xalil Sulton (1384—1411)—Temurning nabirasi, Mironshohning oʻgʻli. 1405—1409 yillarda Samarqandda hukmronlik qilgan. Temurning Hindiston yurishida qatnashib, oʻzining harbiy salohiyati bilan ulugʻ bobosi ragʻbatini qozongan Xalil Sulton 1402 y. da Turkiston hukmroni qilib tayinlangan edi. Lekin 1404 y. da Temurning ruxsatisiz oddiy tabaqa qizi goʻzal Shodmulkka uylangani uchun uning gʻazabiga uchragan edi. Temur vafotidan 1 oy keyin 1405 y. 18 martda taxtga oʻtirgan Xalil Sulton Movarounnahrdan chetlarda tan olinadi. Feodal nizolari, vorislar orasidagi toʻqnashuvlar natijasida Xalil Sulton 1409 yil 30 martda asir olinadi va Fargʻona, Andijon, Oʻtrorlarda sargardonlikdan bezib, Shohrux bilan shartnoma tuzadi va taxtdan voz kechadi. Oxiri Rayga joʻnaydi. Manbalarning ta’kidlashicha, Shodmulk ham uning ortidan Rayga keladi. Xalil Sulton Rayda vafot etadi. Shuningdek, manbalarda Xalil Sultonning Shodmulkka boʻlgan muhabbati hamda oʻz dushmanlari, hatto xoinlarga nisbatan ham olijanob boʻlgani ta’rif qilinadi.

Xalil Sulton saroyida olimu fozillar, san’atkor va shoirlar ijod qilar, oʻzi she’riyat bilan shugʻullanar edi. Navoiy ushbu asarning yettinchi majlisida Xalil Sultonga alohida maqola bagʻishlaydi va sohibi devon boʻlganini qayd qiladi. Xoja Ismat Buxoriy Xalil Sulton devoni ta’rifida qasida ham bitgan ekan.

42. Tarj.: Yurak kabobdir undan shoʻr [gʻavgʻo] qoʻzgʻatganlar, chunki u yurakka Xalil (chin doʻst, demakdir) tuzdonidan tuz sepganlar.

43. Tarj.: Bu bepoyon dengiz jahonlarni oʻz ichiga olgandir. Ilohiy aql gʻavvosi undan gavharni payqay olmaydi.

44. Tarj.: Ey darding oʻqi oshiqlar yuragiga nishona! Butun xalq sen bilan ovorayu oʻrtada sen gʻoyibsan.

45. Tarj.: Goh butxonada goʻshanishinman, goh masjidda istiqomat qilaman. Ya’ni seni uyma-uy qidirib yuraman.

46. Tarj.: Dil shishadir, koʻzlaring uni har tomonga olib boradilar, ular mastdirlar, mabodo sindirib qoʻymagaylar.

47. Tarj.: Chang va daf sadolarndan dilim vaslingni istaydi. Chunki har bir teri ostida xudoning bir doʻsti bor.

48. Yax’yo Sebak (tugʻ. noma’lum—vaf. 448—49 y.) — shoir, aruzshunos olim va xattot. Avval «Tuffohiy», soʻngra «Fattohiy», «Xumoriy» va «Asroriy» taxalluslarida yozgan. Nishopurda yashagan. «Majolis un-nafois»ning forsiyga tarjimoni Faxriy Hirotiy shoir nazmiy risolalar, «Ta’biri xob» (Tush ta’biri) nomli asar va «Husnu Dil» degan doston yozgani haqida ma’lumot beradi.

49. Tarj.: Ey, lola davrida piyolani maydan xoli qiluvchi umr oʻtdi. Bu hasrat dogʻiga qachon davo qilursan?!

50. Xoja Hofiz—Shamsiddin Muhammad (tugʻ. 1321—vaf. 1390, Sheroz) buyuk fors shoiri. Yetim qolgach, nonvoyga shogird tushgan, Qur’onni yod bilgani va yaxshi tilovat qilgani uchun «Hofiz» nomi bilan shuhrat qozongan. She’riyatda uni taxallus qilib oladi. Hofiz ham ishqi majoziy, ham ishqi haqiqiy haqida yonib yozgan. Hofiz gʻazalsaro shoirdir. Uning devoni vafotidan soʻng tuzilgan. Sudiy degan turk olimi (vaf. 1591) Hofizning mukammal devonini tuzgan. Keyinchalik shoir she’rlariga koʻplab sharhlar yozilgan. XVII asr oxirlaridan boshlab, Hammer, Purgshtal. tarjimalari, Gyotening «Gʻarbiy-Sharqiy devoni» orqali Hofiz Gʻarbda shuhrat qozondi. Eron olimlari Abdurahim Xalxolin, Muhammad Qazviniy, Qosim Gʻaniy, Said Nafisiy, Muhammad Mu’in va boshqalar Hofiz ijodini har tomonlama tahlil etdilar, Hofiz gʻazallariga jild-jild sharhlar bitdilar. Ovrupo sharqshunoslaridan Ya.Ripka, A.Arberri, X.Ryomer, X.Ritter va boshqalar, rus olimlaridan Ye.3.Bertel's, A.N.Boldirev, I.S.Braginskiylar ham hofizshunoslikka yetuk hissa qoʻshdilar.

Navoiy Hofiz gʻazaliyotini puxta bilgan va oʻzining «Devoni Foniy» deb nomlangan forsiydagi gʻazallaridan 237 tasini Hofiz gʻazallariga tatabbu’ qilib yozgan. Bu masala tojik olimi akad. A.M.Mirzoyev tomonidan qisman tadqiq etilgan va Navoiyning Hofizning gʻazaliga javobiyalaridan namunalar alohida risola tarzida nashr qilingan. (Qarang: A.Mirzoyev. Foniy va Hofiz. Dushanbe, «Irfon», 1961).

51. Tarj.: Ey bangilar, nasha bargining arrasi (yaproq qirralari) sizning aql va imoningiz koʻchatining tomirini kesmoq uchun oʻtkirlashgandir.

52. «Bu faqir aruz fanida vosita bila Mavlononing shogirdimen» — mashhur aruzshunos Darvesh Mansurdan Navoiy aruz ilmini oʻrgangan. U esa Yax’yo Sebakning shogirdi boʻlgan. Navoiy bu yerda «vosita bila Mavlononing shogirdimen» der ekan, ana shuni nazarda tutadi.

53. 852 (1448-49 y.).

54. Hujjat ul-islom Imom Muhammad Gʻazzoliy — Abduhomid Muhammad ibni Muhammad Tusiy (tugʻ. 1058, Tus—vaf. 1111, shu shahar), mashhur mutakallim, faqih va sufiy. Avval Goʻrgan madrasasida, keyin Nishopur yaqinidagi «Nizomiya» madrasalarida tahsil koʻradi. Bir necha muddat Bagʻdoddagi «Nizomiya» madrasasida mudarrislik qiladi. Soʻngra Shom, Falastin va Hijozda yashaydi. Gʻazzoliy asarlarida falsafa, ilohiyot, riyoziyot, mantiq, tabiiyot va axloqqa oid masalalar yuzasidan bahs yuritiladi. Gʻazzoliyning tasavvufga oid asarlari xalq orasida keng ma’lum boʻlgan. Masalan, «Kimyoi saodat», «Eh’yo ul-ulum ad-din» (tirilish va din ilmi). Gʻazzoliy falsafasi asosida xudoni aql bilan anglash mumkin emas, uni ruhiy iltijolar, sigʻinish va ibodatlar orqali anglash mumkin, degan aqida yotadi. Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat»ida Muhammad Gʻazzoliyga alohida maqola bagʻishlangan. Unda olimning kuniyati (abu, ibn, umm, bint kabi soʻzlar bilan boshlanadigan laqabi) Abu Homid va laqabi Zayniddin deb koʻrsatilgan. Misrning Iskandariya shahrida, Nishopurda yashagani ham qayd qilinadi. Gʻazzoliy Nishopurda xonaqoh va madrasa qurgan. Navoiy Gʻazzoliyning yana «Yoqut ut-ta’vil» (Soʻzning (boshqa ma’nodagi) yoqutlari), «Javohir ul-Qur’on» va «Mishkot ul-anvor» (Qandil nurlari) nomli asarlar yozganini ta’kidlaydi.

55. Anvariy — Avhaduddin Ali Ibni Muhammad Ibni Ishoq (tugʻ. 1105, Abivardning Xovaron nohiyasi — vaf. 1187, Balx) mashhur fors shoiri. Tus madrasasida tahsil koʻrgan. Ilmi nujum, xikmat, handasa, falsafa va tib ilmlarini puxta egallagan. Tabiatan shoʻx va ozod fikr shoir 20 yoshlarida Sulton Sanjarga qasida bagʻishlagan va hukmron tomonidan saroyga taklif etilgan. Ma’lum muddat Marv va Nishopurda istiqomat qilgan, nihoyat 1154 y.da Balxga kelgan. Anvariyning hajviyalari gʻoyat oʻtkir boʻlib, zamona adolatsizliklari, zulmkorliklari va hukmron tabaqalarning axloqiy tubanliklariga qarshi qaratilgan edi. Anvariyning donishmandligiga, ma’rifatga chorlashlari, haqiqatgoʻyligi va turmush tarziga koʻra hakim deb ataganlar. Anvarining qasidanavislikning paygʻambari deb ta’riflaganlar. Shoirning qalamiga 250 ta qasida, 337 ta gʻazal, 472 ta ruboiy, 557 ta qit’a mansub boʻlib, she’riyatining umumiy hajmi 15000 baytni tashkil etadi. Anvariy devonidagi she’rlarga Alaviy Shodiobodiy (XVI asr) va Abdulhasan Farohoniy (XVII asr)lar tomonidan sharhlar bitilgan. Tojik olimi R.Hodizoda 1972 y. da shoir devonini izohlar bilan nashr etgan.

56. Tarj.: Oʻz istagimni Ray mulki bilan qiyos qilganimda...

57. Alauddavla Mirzo— Shohruxning nabirasi, Boysungʻur Mirzoning (vaf. 1433) oʻgʻli. 1447—1448 y. larda Xurosonning bir qismini—Xirot atroflarini boshqargan.

58. Bu qasida matla’ining birinchi misra’ida abjad hisobi bilan 849 (1445— 46 yil) berilgan; ikkinchi misra’idan ham xuddi shu ta’rix chiqadi.

59. Abu Said — temuriylardan. Sulton Muhammadning oʻgʻli. 1451 58 y. Larda Movarounnahr hokimi, 1458-69 yillarda esa temuriylar davlatining oliy hukmdori; U oʻzidan oldingi shoh Abdulqosim Boburga nisbatan ancha qattiqqoʻl, zulmkor edi. Navoiy va uning togʻalari Mir Said Kobuliy, Muhammad Ali Gʻaribiylar Husayn Boyqaroning Abu-Saidga qarshi harakatlarini qoʻllab-quvvatlaganlari uchun ularga gʻoyat sovuq munosabatda boʻlgan Abu Said ilm va san’at ahlini qadrlamagan hukmron boʻlgani uchun ham munosabatlarni yaxshilashdan koʻra Navoiyga Hirotni tark etish oson tuyulgan va u Samarqandga ketgan edi. Navoiyning Abu Saiddan norozilik tuygʻulari uning “Masnaviysi” — Sayyid Hasan Ardasherga she’riy maktubida oʻz aksini topgan. Bu asarda Navoiy oʻzining Xirotdan Samarqandga ketishini beixtiyor qilingan safar, deb e’tirof etadi. Boburda esa «Bilmon, ne jarima bila Sulton Abu Said Mirzo Hiridin ixroj qildi», degan ma’lumot bor. Navoiy Abu Said 1469 yilda Eronning Gʻarbiy qismlarini oʻziga boʻysundirish maqsadida yurish boshlab, Ozarboyjonda qatl etilgandan soʻng, Husayn Boyqaro Hirot taxtini egallagach, yangi hukmdorning taklifi bilan poytaxtga qaytadi.

60. Abdullatif Mirzo (tugʻ. 1422—23, vaf. 1450)—temuriylardan. Mirzo Ulugʻbeknnng uchinchi oʻgʻli, Hirotda bobosi Shohrux Mirzo tarbiyasida voyaga yetgan. 1440 y: dan boshlab harbiy yurishlarda qatnashgan Abdullatif Ulugʻbekka qarshi fitnalarda ishtirok etib, oxiri 1449 y. da qoʻshin tortadi va Samarqand beklari koʻtargan isyon sababli Ulugʻbek poytaxtga qaytadi. Abdullatif Damashq kentini ishgʻol qiladi va otasi, ukasi Ablulazizni qatl ettirib Samarqandni egallaydi. 1450 y. da Samarqand shimolidagi Bogʻi maydon yonida Ulugʻbek tarafdorlari tomonidan oʻldiriladn, Navoiy asarning VII majlisida Abdullatif haqida ma’lumot beradi va uning tabiatiga xos boʻlgan vasvasiylik va shafqatsizlikni koʻrsatib oʻtadi. Ammo «she’rni obdon aytur erdi», — deb ham ta’kidlaydi Navoiy.

61. Tarj.: Yoʻqlik dashtida u ogʻizni oʻylab yurardim, u sabza miyiq koʻrinadi-yu yoʻlimning Xizri boʻldi. Bu baytda shoir mahbuba ogʻzining nihoyatda kichikligi, miyigʻidagi moʻychalar yangi ungan yashil sabzalarga oʻxshashligi va u koʻrinishi bilan qorongʻulikdagi yoʻlida Xizr boʻlib tuyulganini ta’riflaydi.

Xizr esa afsonalarga koʻra, «obi hayvon» (tiriklik suvi)ni topgan va undan ichib, hamisha tirik yuradigan sirli karomatlar sohibi. Badiiy adabiyotda Xizr gʻoyibdan paydo boʻlib, yoʻldan adashganlarga qoʻmak beruvchi ham deb tasvirlanadi. Xizr yaxshilik va fahmu idrok timsoli hisoblanadi.

62. Tarj.: Gul, gul, dedim, may ichida ruxsoring rangi namoyon boʻldi, uning gʻunchasi tabassum qildiyu u gul oldida boshqa gullar hech boʻlib qoldi.

63. Ulugʻbek Mirzo — Muhammad Taragʻay (tugʻ. 1394, Sultoniya —vaf. 1449, Samarqand) buyuk ilmi nujum va riyoziyot olimi, davlat arbobi. Temurning nabirasi, Shohruxning oʻgʻli. 17 yoshida Movarounnahr va unga yondosh oʻlkalarning hokimi boʻlgan. 1447 yil Shohrux vafotidan keyin temuriylar davlatining oliy hukmdori boʻldi. 1449 yil Ulugʻbek uning siyosatidan norozi quchlar va shahzoda Abdullatif fitnasi natijasida shahid qilinadi. Ulugʻbek davrida ilm-fan, savdo-sotiq, hunarmandchilik, me’morchilik keng rivojlanadi. Uning oʻzi aniq fanlar qatori musiqa ilmi va adabiyot bilan shugʻullangan, she’rlar ham yozgan.

Navoiy bu asaridan tashqari dostonlarida, jumladan “Farhod va Shirin”da Ulugʻbek Mirzoni farax hamda gʻurur bilan tilga oladi.

64. Tarj. Biz baxti qaro, yomon kunga qolgan va yulduzi soʻngan kishimiz; butun umrimizda biror kecha ham maqsadimiz sham’i yonmagan.

65. Tarj.: Menda shunday ogʻiz boʻlishiga qaramay, she’r aytayki, undan suv chakillab tursin.

66. Tarj.: Ey gul gulyuzlini koʻrishni menga man’ etuvchi, dil holatini bilmaysan, meni kechirgil.

67. Tarj.: Ahvolim sirlaridan birov ogoh boʻlishinn istamayman, yoʻqsa, sahar chogʻida bir oh tortib, butun olamni kuydirib yuboraman.

68. Joʻgi Mirzo — temuriy shahzodalardan.

69. Tarj.: Yuzing mehri (quyoshi)dan tong singari sovuq damlar uraman; biror kun koʻyingga yetishim uchun dil koʻp sargardon qildi.

70. Xoja Salmon Jaloliddin Xoja Salmon Ibni Xoja Alouddin Muhammad (tugʻ. 1310, Sova — vaf. 1376, oʻsha shahar) Salmon Sovajiy nomi bilan mashhur, fors shoiri. Zamonning aksar ilmlari, jumladan adabiyot, riyoziyot, she’rshunoslik, tilshunoslikni mukammal egallagan. Shoir oʻzining «Qasidai Masnu’» nomli oʻta murakkab, bir necha bahr, turli-tuman she’riy san’atlar qoʻllanilgan muvashshah (bezatilgan, ziynatlangan, demakdir) tariqida yozilgan asari bilan shuhrat qozongan. Salmon Sovajiy “Kulliyot”i 16000 baytdan iborat. U gʻazallarida Xoju Kirmoni, Nosir Buxoriy, Hofiz Sheroziy va boshqa mashhur shoirlar an’anasini davom ettirgan. Uning “Jamshed va Xurshed”, «Firoqnoma» nomli dostonlari ham bor.

71. Tarj.: Sening qomating tufayli olamda qiyomat koʻtarildi; Agar qiyomat rost boʻlsa, sening qaddingning oʻzi bir qiyomatdir.

72. Tarj.: Siz — tuz koni, biz shoʻrbaxtmiz; xudo bizga buni berdiyu senga uni.

73. Tarj.: Oʻlgan pashsha(lar) oshim yuzidagi qayla; tirik bit(lar) nonim ustidagi kunjutlar edi.

74. Tarj.: Pokiza xilqatli podshoh madhida Siymiy bir kunda ikki ming bayt aytdi va yozdi.

75. Tarj.: Nozik ma’nodan xoli she’r butun umr boʻyi bir qoralik boʻlib qoladi (yoki bir qoralama boʻlib qoladi).

76. Boysungʻur Mirzo (tugʻ. 1397, Hirot — vaf. 1434, oʻsha shahar) Temurning nabirasi, Shohruxning oʻgʻli. Avval Mozandaron, Astrobod va Joʻrjon hokimi, keyin otasining vaziri boʻlgan. Boysungʻur Mirzo gʻoyat ma’rifatdoʻst shaxs boʻlib, Hirotda juda boy kitobxona tashkil qilib, kotibu musavvirlar, naqqoshu sahhoflarni, zarkor ustalarni yigʻib, ijodlariga madad bergan. Boysungʻur Mirzoning tashabbusi va ishtiroki bilan Hirotdagi kitobat san’ati ahllari va matnshunos olimlar Firdavsiy «Shohnoma»sining 40 ta qoʻlyozma asosidagi mukammal matnini yaratganlar va uni goʻzal nasta’liq xatida koʻchirib, nafis miniatyuralar, naqqoshlik lavhalari bilan bezaganlar. Hozirgi kunda bu moʻ’tabar va nodir qoʻlyozma Tehronda, «Koxi Guliston» muzeyi fondida Navoiyning tabarruk dastxati («Navodir un-nihoya» matni) bilan bir yerda saqlanadi.

77. Tarj.: Quyosh kabi yuzingdan agar parda koʻtarsang, mushtariy (sotib oluvchi, xaridor ma’nosini ham anglatadi) sayyorasi jonu dil bilan xaridoring boʻladi.

78. Tarj.: Ey soqiy, mayga shu qadar gʻarq boʻldimki, agar tuprogʻimdan biror gul unib chiqsa, undan may tomib turadi.

79. Tarj.: Samo shipidagi oltinsuvoq quyosh gʻishti Sulton Ali Muso Rizo maqbarasining farshi (maqbarasiga yotqizish) uchundir.

80. Tarj.: Evoh! La’l (qip-qizil) labingning shirinligi mening abadiy hayotimdir; Labni tishlab, mening jonimdan, nima istaysan?!

81. Tarj.: Goʻzallar, xudo uchun men bilan boʻling; Xudoni bilaman (aynan: menda xudo bor), keyin sizlarni.

82. Bobo Savdoiy — «Majolis un-nafois» tarjimoni Faxriy Hirotiy bu shoirning vafot etgan yilini 853 (1450—51) deb koʻrsatadi. Navoiy yozishicha, shoir 80 dan oʻtganda vafot etgan boʻlsa, taxmin 773 (1372—1374) yillarda tugʻilgan boʻladi. Ikkinchi tarjimon Muhammad Qazviniy esa shoirning Boysungʻur Mirzo bilan qilgan ajonib hazl-mutoyibalarini keltiradi: Kunlarning birida tomda ikkovlari suhbatlashib oʻtirgan ekanlar, Mirzo soʻrabdi: Agar meni sevsang shu tomdan oʻzingni pastga tashla. Bobo Savdoiy darhol turib, tezlik bilan tom chetiga qarab yuguribdi va yetgach toʻxtabdi va debdi: Men Sizni to shu yergacha yaxshi koʻraman va bas. Bu soʻzlardan Mirzo gʻoyat zavqlanib kulibdi va debdi: Agar menda ayb koʻrsang ayt, tanbeh ber, toki men uni tuzatay. Shoir debdi: Sizda sustkashlikdan boʻlak ayb yoʻqdir. Mirzo soʻrabdi: Qanaqa sustkashligim bor? Shoir javob qilibdi: Bir ogʻiz soʻz aytishda sustkashlik qilasiz. Agar menga bir ming oltin tanga berishlarini aytsangiz, men boyib qolardim. Mirzo kulib, shoirga ming oltin tanga baxshida qilgan ekan.

83. Tarj.: Xoling anbar, yuzing gul, miyigʻing rayxondir; ogʻzing gʻuncha, tishing inju, labing marjondir.

84. Amir Xusrav — Yaminuddin Abdulhasan Amir (tugʻ.1253, Patyoli — vaf. 1325, Dehli) shoir, adib, mutafakkir, bastakor. Xusrav Dehlaviy nomi bilan mashhur. Otasi Sayfuddin Mahmud lochin qabilasidan boʻlib, moʻgʻul istilosi arafasida Shahrisabzdan Hindistonga qochgan. Juda yoshlikdan she’r yoza boshlagan, avvaliga «Sultoniy» taxallusini olgan Xusrav Dehlaviy uzoq muddat Bangola va Dehli sultonlari xizmatida boʻlgan. Shoir klassik she’riyatning barcha janr va turlarida ijod qilgan. Urdu va arab tillarida ham she’r yozgan. U birinchi boʻlib she’rlarini alohida nomlar bilan hayotining turli fasllariga moslab 5 ta devonga ajratgan. Nizomiy Ganjaviyning «Panj Ganji» (Besh xazina) javobida 5 ta doston yozib, «Xamsa» deb atagan va bu bilan xamsachilik an’anasiga asos solgan. Shoir shuningdek boshqa dostonlar, adabiyot ilmi, insho san’ati va musiqa nazariyasiga oid ham asarlar yaratgan. Navoiy Xusrav Dehlaviyni har bir dostoni avvalida oʻzining moʻ’tabar salafi sifatida ta’riflaydi va uning she’rnyatdagi san’atkorligini yuksak baholaydi, she’rlarida ham shoirga payravlik qiladi. «Nasoyim ul-muhabbat»da ham Xusravga alohida maqola bagʻishlaydi. Unda shoirning Shayx Nizomiddin avliyo xizmatida boʻlganligi, Shayx shoirga Muhammad Kosales (kosa yalovchi, gadoy) deb nom berganini yozadi. Navoiy bu yerda Mavlono Zohidiyning Xusravning mashhur qasidalaridan biri «Daryoi abror» (taqvodorlar daryosi)ga tatabbu’ (oʻxshatma) qilganini yozadi.

85. Tarj.: 3uhraga chang yoki rubobni kim berdi; yo rab, tosh orasidagi la’lga porloqlikni kim berdi? Zuhra — Choʻlpon yulduzi (Venera). U Sharqda erta tongda, Gʻarbda kechqurun porlab koʻrnnadigan yorqin yulduz. Qadim yunonlarda Zuhra muhabbat ma’budasi hisoblangan. Zuhrani Nohid ham deb ataladi. Zuhra goʻzallik, muhabbat hamda musiqa ahli xomiysi sanaladi.

86. Shayx Kamol — Kamoluddin Mas’ud (tugʻ. taxminan 1318—23, Xoʻjand — vaf. 1401, Tabrez) Kamol Xoʻjandiy nomi bilan mashxur. Shoir asosiy tahsilni Xoʻjandda, keyin Samarqandda olgan. Xorazm va Shosh (Toshkand)da ham istiqomat qilgan. Kamol Xoʻjandiy nihoyatda bilimdon shaxs boʻlgan: adabiyot, arab tili, fiqh, hadis, kalom, hikmat, tafsir va tasavvufni puxta bilgan. Iroq va Ozarbayjoi hokimi Tabrez atrofidan Voliyonkuh degan mavze’ni tuhfa qilgach, oʻsha yerda bogʻ barpo etgan va uni Behisht deb atab, bogʻdorlik bilan kun kechirgan.

Navoiy Kamol Xoʻjandiy ijodiga katta hurmat bilak qaragan va «Devoniy Foniy» tarkibidagi, gʻazallardan 4 tasini shu shoirga javob tarzida yozgan.

87. Tarj.: Qismat kuni (nasiba taqsim etiladigan kun) zohiddan boshqa har kim oʻziga baxshida qilingan ayshni oldi; u esa ne chogʻlik mashaqqat chekmasin quruq qoldi.

88. Tarj.: Tun kabi qora zulfing quyoshni (ya’ni goʻzalning yuzi) bariga olgan, tun quyoshga soya solganini kim koʻrgan?!

89. Tarj.: Oshiqlik koʻchasida ahdi-paymoni mustahkam boʻlgan bir ahli dil (ya’ni, dilbar, dildor) menga aytgan edi: Sendan boshqani qidirgan kishini talabgarlikka undama, sen shunday kishiga talabgor boʻlgilki, u ham senga talabgor boʻlsin.

90. Sulton Boyqaro — temuriylardan. Sultoi Husayn Boyqaroning akasi. Inisiga navkar edi. Boburning yozishicha, «devon boshida hozir boʻlmas edi, gʻayri devonda bir toʻshakta oʻl tururlar edi. Inisi Balx viloyatini berib edi. Necha yil Balxda hukumat qildi». (Bobirnoma, Toshkent, OʻzFA nashr. 1960, 221-bet).

91. Tarj.: Sening shirin labing shakar idishiga oʻxshaydi, tishing injusi gavhar shodasiga oʻxshaydi.

92. Tarj.: Junun ahllari sening tuzogʻingga ilingan, shuning uchun Jununiy (ham) oʻsha xalqa (ichida) asirdir. Bu yerda shoir yor sochlarining uzun va jingalakligi va oshiqlarning ularga dilbastaligini ta’riflaydi.

93. Tarj.: Evoh! dard koʻz qorasini xarob qildi; zamona koʻzim chashmasini sarob qildi.

94. Tarj. Koʻzimning qizargan jiyagiga oq dori surtish xuddi kabobga mayda tuz sepishga oʻxshaydi.

95. Tarj.: Osmon gunbazida aylanding, maydondan maydonga toʻp kabi sakrading, terga pishgan paytingda yomgʻir yogʻib, oʻrtada chaqmoq chaqnagandek boʻlar edi.

96. Tarj.: To paymonam toʻlmagan damgacha mayxonadan chiqmaslikka ahd qildim.

97. Bobur Mirzo — Abulqosim Bobur. Temuriylardan, 1447—1457 yillarda Xurosonda hukmronlik qilgan. Shohrux vafotidan keyin avj olib ketgan temuriy shahzodalarning oʻzaro kurashlariga bardosh bera olmay shaharni tashlab ketganlar Abulqosim taxtga oʻtirgach, qaytib kela boshlaydilar. Ular orasida Navoiy oilasi ham bor edi, Shoirning otasi podshoh xizmatiga kiradi va bir oz muddatdan soʻng Sabzavor xokimi qilib tayinlanadn. Otasi vafotidan soʻng yosh Alisher ham podshoh saroyiga xizmatga kiradi. Bu vaqtda Husayn Boyqaro ham Abulqosim Bobur xizmatida edi. 1957 yilda Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etgan.

98. Tarj.: Yodingda boʻlsinki, sening koʻchang mening manzilim edi; ostonang tuprogʻidan koʻzim ravshanlik topar edi.

99. Tarj. Aql ustodi uchun yechilishi qiyin boʻlgan nozik ma’no, sinab koʻrganimizda bir qultum may bilan hal boʻlar edi.

100. Tarj. Mayning haromligini madrasa ahlidan soʻray deb kimning eshigini qoqsam, (u yerdagilar) bexush va alast boʻlib yotgan edi.

101. Mehri — XV asrning birinchi yarmida Hirotda yashagan shoira. Mehrining eri Xoja Abdulaziz Shohrux Mirzoning saroy tabibi boʻlgan, Mehri sofdil, ravshanfikr, iste’dodli, shirinsuxan va hozirjavob boʻlgani uchun malika Gavharshodbegimning yaqin suhbatdoshi — nadimasi ekan. Tazkiralarda qariyb bir ovozdan Mehrining nihoyatda goʻzal boʻlganligi kayd qilinadi. Shoiraning bizgacha yetib kelgan she’rlari u yoki bu hayotiy voqealar munosabati bilan badihona aytilgandir. Mehri fitna-fujurlar bois birmuncha muddat Shohrux tomonidan zindonband qilinadi. Lekin zindonda turib yaratgan isyonkorona she’rlari uni xalos boʻlishida muxim rol' oʻynaydi. Navoiy keltirgan ikki bayt tazkiralarda berilishicha, Mehri qalamiga mansubdir. Shoira she’rlarida, dadil aytilgan fikrlar, aniq his-tuygʻular, alamli armonlar goʻzal badiiy obraz va vositalarda bayon etiladi.

102. «Valloxu a’lam» arabcha: Olloh biluvchidir.

103. Tarj.: Uning jamolisiz koʻz ravshanligʻining menga nima keragi bor?! Koʻzimga ravshanlnk yor diydoridan hosil boʻladi.

104. Tarj.: Toʻsatdan (unga) toʻqnash kelgan soatimdan dod! (Endi) qaytadan dilim joyiga kelishi uchun bir qancha muddat kerak boʻladi.

105. Tarj.: Meni bir jafo bilan oʻldirib, pushaymon boʻlgandirsan, yuragim qonini toʻkib, xafa boʻlgandirsan.

106. Tarj.: Yoʻlning uzoqligi va Mugʻaylon tikanlari mashaqqatidan Ka’baga kelayotganingdan pushaymon boʻlgandirsan.

107. Sulton Mas’ud Mirzo— temuriylardan. Abu Said Mirzoning nabirasi, Sulton Mahmudning toʻngʻich oʻgʻli. Feodal urushlar oqibatida, Boburning xabar berishicha, Qunduz hukmroni Xusravshoh Mas’ud Mirzo koʻzlariga mil tortib koʻr qiladi. «Shohiy» taxallusida she’rlar yozgan.

108. Tarj.: Zayn bilan birga boʻlsang seni nojinslar-la yurishdan man’ qiladi. (Sen) Shunday begonasanki, oʻz gʻamingni chekmaysan.

109. Hazrati Mavlaviy Maxdumi Nuran — Abdurahmon Jomiy koʻzda tutiladi.

110. Tarj.: Bu mayni sansiz labimga olib borar ekanman, buni shodxurram boʻlish uchun qilmaymai; Sening qora zulfing kunimni qora qildi, oʻz qora kunimni kechaga aylantiraman.

111. Sa’diddin Koshgʻariy (vaf. 1457, Hirot)—Navoiyning «Xamsat ul-mutahayyirin»ida yozishicha, «Naqshbandiya» xojalarn silsilasining, ul zamonda komil va mukammal murshid va xalifasi erdi. Abdurahmon Jomiyning qaynatasi boʻlgan.

112. Mir Shohiy — Amir Oqmalik Ibni Malik Jamoluddin Feruzkuhiy, taxallusi Mir (amir) Shohiy (tugʻ, 1385, Sabzavor — vaf. 1453, Astrobod). Shoir xattot, naqqosh, musiqachi. Mir Shohiyning ajdodlari moʻgʻul istilochilariga qarshi dehqonlar va hunarmandlarning xalq harakati sarbadorlarning yetakchilari boʻlganlar. Bu harakatga barham berilgach, Mir Shohiy Boysungʻur Mirzo saroyidagi xizmatni tark etib Sabzavorga qaytadi va dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Davlatshoh Samarqandiy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar bu shoir shaxsiyati va ijodiga yuksak baho berganlar. Navoiyning e’tirof etishicha, u Mir Shohiyni koʻrmagan. Lekin oralarida yozishmalar boʻlib turgan. Shoirning na’shi Astroboddan Sabzavorga keltirilib dafn etilgan.

113. Tarj.: Rahmsiz koʻngil tufayli xarob boʻldik, goh-goh bizni eslab turgil; Koʻchang itlarimiz, bir tosh [otib] oxirda bizni shod etgil. 114. Tarj.: Sen jahon podshohisan, biz shahringning gʻaribimiz.

Sening uchun vatandan kechgan bexonumonlarmiz.

115.: Tarj.: Ey Sabzavor, koʻz yoshim va ohim bilan ostin-ustin boʻl! Chunki shoh shahri shohsiz (ya’ni, Shohiysiz) qolsa, hech narsaga yaramaydi.

116. Tarj.: Soqiy agar gul faslida may bermasa, mening qoʻlim soqiy etagida va gul oyogʻida boʻladi.

117. Tarj.: Umr oʻtdiyu men maydan kecha olmayman, chunki bu xaroba olamdan men mast ketmoqchiman.

118. Tarj.: Yorim noz-karashmadan oʻq, qoshdan kamon tortdi, goʻzal yuzidan neki kelsa torta berdi.

119. Tarj.: Yuzing (qarshisida) kumushdan soʻz ochib boʻlmaydi, qoʻrquvdan uni oʻpib boʻlmaydi.

Ikkinchi Majlis

1. 896 (1490—91 y.)

2. Sharafiddin Ali Yazdiy (tugʻilgan yili noma’lum, Yazd yaqinida, Taft — vaf. 1454, oʻsha yer) — Shohruh Mirzo va uning oʻgʻli fors hokimi Ibrohim Sulton saroyida xizmat qilgan. 1429 y. Shohrux uni saroyga da’vat etib Ulugʻbek Mirzoga murabbiy qilib tayinlagan. Olim «Zafarnoma» asarini ana shu adabiyot, tarixning bilimdoni Ibrohim Sulton nomi bilan bogʻlaydi. Bu asar Temur shajarasi, turkiy qabilalar tarixi va Chingizxonning toʻrt ulusini umumiy tarzda bayon etuvchi birinchi qism va Temur tarixini yorituvta asosiy qismga boʻlinadi.

Sharafiddin Ali Yazdiy «Sharaf» taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. «Zafarnoma» 1969 yilda A.Oʻrinboyevnnng soʻz boshi, izoh va koʻrsatkichlar bilan tayyorlagan nashri, A.K.Arends tahriri va kirish soʻzi ila bosilib chiqqan.

3. «Asmoulloh» — (Ollohning ismlari) Shayx Muhammad Tobodgoniy qalamiga mansub Allohning 99 muborak ismi va ularni zikr etishning fazilatlari haqidagi asar. Unga juda koʻp sharhlar yaratilgan.

4. «Hulal» — «Hulali mutarraz» (gul tikilgan ipakli mato).

Bu asar muammoni tuzish, uni yechish yoʻllaridan bahs etuvchi nazariy asardir. Muammoga bagʻishlangan birinchi shu tarzdagi asar 1392 yilda yozilgan «Ih’yo fil ilmi hall al-muammo» (Muammoni yechish ilmining jonlantirilishi) deb atalgan va Badi’ Tabriziy degan tojir qalamiga

mansub boʻlgan.

5. Tarj.: Ey sufiy, mayparast rindlarni inkor etma, chunki piyolada doʻst aksining shu’lasi bordir.

6. Tarj.: Jamoling bogʻidan koʻz va jonga zebu-ziynat yetishdi.

Nargis guliga koʻzing bilan gʻururlanish aniq farz boʻlib qoldi.

7. Tarj.: Ey koʻngil, shod boʻl, podshohlik osmonining quyoshi Sulton Husayn bizga mehribonlik soyasini soldi. Bu arabcha she’r mazmuni ochilmadi.

8. Maklubi mustaviy —she’riy san’at. Biror jumla yoki biror misra’ she’rni oʻngdan ham, chapdan ham bir xil oʻqiladigan qilib tuziladi. Xoja Fazlulloh Abullays.

10. Murod dorom (murodim bor) va — baroyad yorab (Iloho yetilgusi) soʻzlari har ikki tarafdan bir xil oʻqiladi.

11. Abu Hanifa (815—895) — adib va tarixchi, jugʻrofiya, ilmi nujum, riyoziyot va tabiat fanlarining puxta bilimdoni boʻlgan. «Kitob ush-she’r va ash-shuaro» (She’r va shoirlar haqida kitob), «Kitob ul-fasohat» (Chiroyli uslub haqida kitob) kabi asarlari adabiyot ilmida noyob sanalgan.

12. Ibn Hojib — Jamoliddin Abu Amr Usmon Ibn Umar ibn Hojib (1175—1249) arab tili boʻyicha mashhur olim. Uning nahv— sintaksisga bagʻishlangan «Al-qofiya» va marfologiyaga oid «Al-shofiya» darsliklari asrlar mobaynida madrasalarda asosiy qoʻllanma boʻlgan.

13. Sayid Sharif — Ali ibn Muhammad as-Sayyid ash-Sharif al-Jurjoniy (tugʻ. 1339, Astrobod — vaf. 1413, Sheroz) Sheroz madrasasida va Samarqandda mudarrislik qilgan. Falsafa, ilmi nujum va fiqhga oid asarlarga sharhlar yozgan. Uning atamalar lugʻati va she’riyat sirlariga oid asarlari keng tarqalgan.

14. Tarj.: Sening sarv kabi qadding mening uchun jondir, balki ravondir. Ey sarv, men tomonga ravon boʻl, senga jonimni fido aylay.

15. Muhammad Tabodgoniy — mashhur shayxlardan. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida bu shayxning fazilatlari haqida yozadi va asarlarini sanab oʻtadi. («Majolisda» berilganlardan tashqari «Asmoulloh» (Ollohning ismlari), «Tazkirat ul-habib» (Doʻstning tazkirasi) va «Vasoyo» (Vasiyatlar), zikr bobida «Arba’in» (Qirq) va faqr va suluk (xudoga yaqinlashish yoʻli) yana bir «Arba’in»). Navoiy oʻziga Muhammad Tabodgoniyning alohida iltifoti boʻlganligini e’tirof qiladi. Shayx 891/1482—83 y.da Hirotdagi Chilgaziy mahallasida vafot etgan. jumlasi bilan uning vafotiga ta’rix tushirilgan ekan. Abjad hisobida undagi harflar yigʻindisidan 891 raqami kelib chiqadi. Shayx 87 yoshda vafot etgan ekan, demak u 804 (1401—1402) y. da tavallud topgan.

16. Shayx Zayniddin (Abu Bakr) mashhur shayxlardan, ilohiyot ilmida dong taratgan. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da yozishicha, Mashhad ziyorati Tusdagi muqaddas mozorlar tavofiga musharraf boʻlgan, 791 (1388—89) yilda vafot etgan.

17. Hoja Abdulloh Ansoriy — Abu Ismoil Abdulloh ibni Abu Mansur Muhammad (tugʻ. 1006, Hirot, Quhandiji — vaf. 1088 Hirot, Kozurgoh). Shoir, olim, tasavvuf nazariyotchisi, faqih. «Piri Hirot» laqabi bilan ham mashhur. Balx, Nishopur, Tus, Bistomda yashagan. «Ilohiynoma» (Munojot» ham deb ataladi), «Ganjnoma», «Sad maydon» (Yuz maydon), «Nasoyeh» (Nasihatlar), «Tabaqot us-sufiya» (Sufiy tabaqalar) va boshqa koʻp asarlar Abdulloh Ansoriy qalamiga mansubdir. Unga 3 ta devonni ham nisbat beradilar. Lekin mutaxassislarning tadqiqiga koʻra ularda turli soʻz san’atkorlarining she’rlari jamlangan.

18. «Manozil us-soyirin» (Kezuvchilar manzillari) — Abdulloh Ansoriyning mashhur asarlaridan biri. Bu nomda muallifning 2 asari ma’lum: biri arab, ikkinchisi fors tilida. 1082 yilda yozilgan va keyinchalik unga juda koʻp tasavvuf bilimdonlari tomonidan sharhlar bitilgan.

Asarning badiiy qiymatlaridan biri shundaki, unda didaktik dostonlar yaratish uchun zamin hozirlangan, nasrdagi saj’ san’atining yuksak namunalari berilgan. Bu asar 1898 yil Tehronda tosh bosmada, 1953 yil Qohirada nashr etilgan.

19. Tarj.: Sarvdek qomatingdan boshqa [narsa]ga qaraydiganlar, rostini aytilsa hammalari past nazardirlar.

20. «Fusus» — Ibn al-Arabiyning «Fusus al-hikam» (Hikmatlar toshlari) asari. Paygʻambarlik burch-uhdalari haqida gʻoyat murakkab imo-ishoralar va majozlarga toʻla arab tilida yozilgan.

21. Tarj.: Ey voh, sening yuzingdan koʻzlarimga nur keladi: jamolingdan hamisha yomon koʻz yiroq boʻlsin!

22. Imom Faxr — Faxriddin Roziy, mashhur sufiylardan. Qazviniy «Majolis»ga qoʻshgan VIII majlisda Faxriddin Rofe’iy degan mashhur avliyo dunyoga kelganida Imom Faxr uning ogʻziga oʻz soʻlagini tomizgan ekan va buning barakatidan Rofe’iy komil olim boʻlib yetishgan, deb yozadi.

23. Tarj.: Ul oyning lab va tishlari nimaga oʻxshaydi? Xuddi qand dona-dona guruch ustida turganiga (oʻxshaydi).

24. Tarj.: Shohga shohning oʻzidan boshqa mahram yoʻq; shoh ahvolidan shohdan boshqa ogoh yoʻq.

25. Tarj.: Oʻlim balosi va qiyomat qaygʻusi qomatimiz daraxtini chanbardek egib qoʻydi.

26. Tarj.: Xalq Muflisiy devona boʻlibdi, deydi. Axir devonalikning oʻzi muflis (faqir)likdanku!

27. Tarj.: Yorning oʻqi dillarga yetilishidan rashkim keladi.

Oʻqing boshqaga tegdiyu mening dilimga ta’sir qildi.

28. Mavlono Abdurazzoq — Kamoliddin Abdurazzoq Ibni Jamoliddin Ishoq Samarqandiy (1413—1482, Hirot). Tarixchi olim, sayyoh, she’riyat bilan ham shugʻullangan. Oʻzi Hirotda tugʻilgan esada, otasi samarqandlik, boʻlgani uchun va oʻzi ham shu shaharda bir necha muddat yashagani sababli «Abdurazzoq Samarqandiy» nomi bilan keng tanilgan. U tafsir, hadis, til va adabiyot ilmlaridan puxta xabardor boʻlgan. Shohrux, Abdulqosim Boburlar xizmatida boʻlgan. Abdulqosim Boburning harbiy yurishlarida qatnashgan. Abdurazzoq Samarqandiyning Navoiy tilga olgan va ta’rif qilgan tarixiy asari. “Matla’ us-sa’dayi va majma’ ul-bahrayn” (Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qoʻshilishi)dir, Unda Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston va Ozarbayjonda mavjud boʻlgʻan siyosiy ahvolga, temuriylar davlati poytaxtlari Samarqand, Hirotdagi madaniy qurilishlar, Ulugʻbek Mirzoning ilmiy va siyosiy faoliyatiga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud. Bu asarniig ikkinchi jildining birinchi qismi sharqshunos olim A.Oʻrinboyev tomonidan 1960 yil oʻzbek tiliga tarjima qilindi va mufassal soʻz boshi hamda izohlar bilan nashr qilindi.

29. Tarj.: Mening mergan goʻzalim yana qoshlarini chimirdi, butun olamni oʻldirdi-yu endi menga oʻq otmoqchi boʻladi.

30. Tarj.: Egningdagi nozik koʻylakni shamoldan hilpillashi, yangi davlatga yetishgan kishining kumush ustida titrashiga oʻxshaydi.

31. Tarj.: Mening sarvim nayshakardek yosh nihol shirin va xoʻshqomatdir, nayning barg kiyimlari ustidan kamar bogʻlaganidek beli bogʻlidir.

32. Tarj.: Garchi aql koʻzida yetti iqlim oltin xazina boʻlib [koʻrinsada], agar yaxshiroq qarasang, yetti boshli ajdahodir.

33. Tarj.: Jahon bogʻi olti toqli, ikki eshikli xonadir. Uning toʻrt tomonidan «alhazar!» (Hazar qil! Saqlan! Saqlan!) degan figʻon eshitiladi.

34. Tarj.: Mayxonaning burchagi quyiladigan la’llardan (ya’ni, qizil maydan) safo xazinasiga aylangan. Undagi changning shakli gʻamni daf’ qiluvchi ajdaho ogʻziga oʻxshaydi.

35. soʻzidan «abjad» hisobida 816/1461— 62 yil kelib chiqadi.

36. Tarj.: Bogʻ sayriga, binafshazorni aylanishga chiqdim. Har bir bnnafshadan yorim sochlarining isi kelardi.

37. «Majolis» tarjimoni Faxriy Hirotiy Sogʻariy she’riyatidan yana bir baytni keltiradi:

To shunidamki tavon la’li turo jon guftan,
Otashe dar dilam uftodki, natvon guftan.

Tarj.: Sening la’l (lablaringni) jon deb ataganlarni eshitdim deguncha, dilimga [shunday] bir otash tushadiki aytib boʻlmaydi.

Navoiy Jomiy haqidagi «Xamsat ul-mutahayyirin» asarida Jomiyning Sogʻariy bilan hazl-mutoyiba qilishi haqida maroqli bir lavha keltiradi. Bir kuni Sogʻariy Jomiy xuzurida oʻzining bir she’rini dabdaba va baland ovozda oʻqiydi. Navoiy uning oʻqishini ta’rif qiladi. Jomiy kulib: «Bizga mundoq boziy berur» (ya’ni: bizni shunday aldaydi), —deydi va quyidagi qit’ani aytadi:

Sogʻariy meguft: duzdoni maoni burlaand
Har kujo dar she’ri man yak ma’nni xush didaaid,
Didam aksar she’rxoyashro yake ma’ni nadosht,
Rost guftastki, ma’nixoshro duzdidaand.

Tarj.: Sogʻariy aytar edi: Ma’no oʻgʻrilari har qayerda mening she’rimdagi yaxshi bir ma’no koʻrsalar [ularni] olib ketganlar. Men aksar she’rlarida ma’no yoʻqliginn koʻrdim. «Ularning ma’nolarini oʻgʻirlab ketganlar» deb rost aytgan ekan.

Shu lavhada keltirilishicha, Navoiy uning bir baytiga Sogʻariy javob yozganda Navoiy unda nuqsonni koʻrsatib beradi. Shoir, hechqisi yoʻq, Jomiy shunday e’tiroz bildirdilar, deydi.

38. Amir Suhayliy — Nizomiddin Ahmad (1444—1502). Amir Shayxam nomi bilan mashhur shoir. Davlatshoh Samarqandiy ma’lumotiga koʻra Shayx Ozariy (qarang: shu kitob 214-b. 11-izoh) shogirdi boʻlgan va ustozi tavsiyasi bilan Suhayliy (yorugʻ yulduz, demakdir) taxallusini olgan. Suhayliy oʻzbek tilida ham yozgan. Davlatshoh shoirning turkiy devoni borligini xabar qiladi. Uning Xusrav Dehlaviyning «Daryoyi abror» (Taqvodorlar daryosi), Jomiyning «Lujjat ul-asror» (Sirlar toʻplami), Navoiyning «Tuhfat ul-afkor» (Fikrlar tuhfasi) asarlariga javoblari bor. Navoiy bu shoir bilan qalin doʻst boʻlgan va uni «Yori-aziz» deb ardoqlagan. «Devoniy Foniy»da unga tatabbu’lari oʻrin olgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»da Suhayliyning: Shabi gʻam girdbodi oham az jo burd gardunro, Furoʻ burd ajdahoi sayli ashkam rub’i maskunro.

Tarj.: Gʻam tunida ohim toʻfoni osmonni joyidan surib tashladi. Koʻz yoshlari selining ajdahosi yer yuzining [inson yashaydigan qismini] yutib yubordi. Bu she’r timsolida Navoiy shoir she’riyatidagi badiiy obrazlarning oʻziga xosligi haqida fikr bildiradi va shu she’rni shoir Jomiy huzurida oʻqib berganida, u shunday deganini keltiradi: «Mirzo, she’r aytasiz yo odam qoʻrqutasiz?». Oʻsha vaqtlarda buoʻnday goʻzal zarofat, mutoyibalar xalq orasida tez tarqalib ketar edi. Suhayliyning forsiy devoni Tojikistonda Sharqshunoslik institutida, «Layli va Majnun» dostoni esa Bodlean ra Oksford kitobxonalarida saqlanadi.

39. Tarj.: Vaysiy va Sogʻariy ikkovlari Haram (Makka)ga safar qilmoqchi boʻldilar. Lekin u biri eshagi yoʻqligidan va bunisi eshakligidan u yoʻldan qoldilar.

40. Tarj.: Mening koʻzim injulari [yoshlari] bilan bahor buluti birday. Mening nolayu zorim bilan bulbul navosi birday.

41. Hazrat Shayx — Abu Muhammad Ilyos ibni Yusuf ibni Zakiy Muayid (tugʻ. 1141, Ganja — vaf. 1209, oʻsha yerda) Nizomiy Ganjaviy nomi bilan mashhur shoir. Birinchi marta besh dostondan iborat «Panj Ganj» (Besh xazina) nomi ostida «Xamsa» yaratgan; «Maxzan ul-asror» (Sirlar xazinasi), «Xusrav va Shirin», «Layli va Majnun», «Haft paykar» (Yetti goʻzal) va «Iskandarnoma». Oxirgi doston «Sharafnoma» va «Iqbolnoma» nomli ikki qismdan iborat.

Davlatshoh Samarqandiy Nizomiyni sohibi devon shoir deb ta’riflaydi va uning hajmi 20 ming baytdan iborat deb yozadi. Eron olimlari chop etgan shoir lirikasida 16 qasida, 192 gʻazal, 5 qit’a, 68 ruboiy va 17 fard jamlangan.

Nizomiydan keyin uning dostonlariga javob yozish an’anasi boshlangan. Navoiy ham turkiyda «Xamsa» yaratadi, undagi har bir dostonda Nizomiyni oʻzining buyuk ustodi sifatida tilga oladi. «Nasoyim ul-muhabbat»da Nizomiyni buyuk shayxlar sirasida keltiradi va shoir dostonlaridagi «Nazmlar agarchi zohir yuzidan afsonadur, ammo haqiqat yuzidin haqoyiq (haqiqatlar) kashfi va maorif bayonigʻa bahonadur» deb ta’riflaydi. Bu yerda Navoiy Fasih Rumiyning Nizomiy Ganjaviyning «Maxzan ul-asror»iga javob yozgani haqida ma’lumot beradi.

42. Tarj.: Sendan kimdir eshitgan har bir nafasni [soʻzni] shaksiz undan oʻzga ham eshitadi.

43: Tarj.: Yor vasli koʻyida koʻp yugurdim, [ammo] ishning haqiqati bilan tanish boʻlgan hech kimni koʻrmadim.

44. Tarse’ san’ati — badiiy san’atlardan. She’rda birinchi misra’ soʻzlari bilan ikkinchi misra’ soʻzlarining bir-biriga ohangdosh, vazndosh va qofiyadosh boʻlib kelishidir.

45. Tarj.: Oʻzni zarra qadar [ham] mavjud deb bilmaslik, kerak. Yaxshi-yomon soʻzni koʻp aytmaslik kerak. Maqbul boʻlmaydigan [narsa] ijod emas, nimaiki qabul qilinar ekan rad qilib boʻlmas.

46. Jomiyning «Nafaxot ul-uns» (Doʻstlikning hush islari) asari 1475—1476 yilda yozilgan. 609 nafar tasavvuf ilmi namoyandalari haqida ma’lumot beriladi. Mansur Xalloj, Abusaid Abulxayr, Ali Hamadoniy, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziylar shular jumlasidandir.

Navoiy bu asarni turkiyga “Nasoyim ul-muhabbat” nomi ostida tarjima qilgan va bunda anchayin erkin yoʻl tutgan. Koʻp yangiliklar kiritgan, jumladan turkiy mashoyixlar haqida ma’lumotlar bergan.

47. Shayx Farididdin Attor Farididdin Abuhamid Muhammad ibni Abubakr, Ibrohim Nishopuriy (tugʻ. 1145, Nisholur— vaf. 1221, oʻsha yer) shoir, mutafakkir. Otasi tabib va attor boʻlgani uchun taxallusi Attordir. Ba’zi manbalarda shoir «Farid» taxallusi bilan she’rlar yozgani qayd etiladi. Attor adabiyot, kalom, hikmat, din ilmlari (tafsir, xadis fiqh)ni, shuningdek, tibbiyot va dorishunoslikni puxta bilgan. Tazkiralarda Attor asarlari adadi 190 deb koʻrsatiladi. Shoirning «Mantiq ut-tayr» (Qush soʻzi) asari mashxur boʻlib, Navoiy uni bolaligida sevib oʻqigan, hatto yodlab olgʻan. Umrining oxirlarida, 1499 yilda unga javoban «Lison ut-tayr» (Qush tili) asarini yozgan.

Bu yerda Navoiy Hofiz Ali Jomiy Attorning bir qasidasiga sharh yozgani haqida ma’lumot beradi. Manbalar Attor qalamiga 100 qasida mansub deb xabar qiladi.

«Nasoyim ul-muhabbat»da Navoiy Attor «Tazkirat ul-avliyo»ning muallifi ekanidan soʻz boshlaydi. Hofiz Ali Jomiy sharh yozgan Attor qasidasi 26 baytdan ortiq ekanini va sharhning ba’zi mazmunini beradi. Maqola soʻnggida Navoiy Attorning 104 yoshga yetib, 627 (1229-1230) y. da shahid boʻlganini va mazori Nishopurda ekanini bayon etadi. Tojik darsliklarida esa bu sana 1220 -1221 y. deb koʻrsatiladi.

48. Tarj.: Sen yuzingni berkitib bozorga kelding; xalqni bu tilsimga giriftor qilding.

49. Shayx Bahoviddin Umar (vaf. 875 (1470—71), Hirot) — mashhur shayxlardan. Xondamir «Habib us-siyar» (Doʻstlarning xislatlari) asarida xabar qilishicha, Shohrux Mirzo zamonida moʻ’tabar allomalardan Sa’duddin Qoshgʻariy, Shamsiddin Muhammad Asad, Xoja Zayniddin Jomiy va boshqalar hamrohligida haj safarida boʻlgan. Hirotda Iydgoh shimolida dafn etilgan. Abulqosim Bobur mirzo uning mazori ustiga oliy maqbara qurdirgan.

50. Xoja Abu Nasr Porso — olim, faylasuf, Naqshbandiya tariqatining mashhur olimi Muhammad Porsoning oʻgʻli.

51. «Majolis» tarjimoni Muhammad Qazviniy Navoiyning bu soʻzlarini tarjima qilar ekan, xuddi shunday ta’rixli qasidani Navoiy vafotiga uning yaqin doʻstlaridan Sohib Doro yozganligini ilova qiladi va har baytning birinchi misraidan «abjad» hisobida shoirning tugʻilgan yili va ikkinchi misraidan vafoti sanasi chiqadigan qasidadan birinchi baytini keltiradi.

52. «Bu ishlar bashar savhidin tashqari uchun ani derlar erdikim, Atorudni istixroj qilibdur». Bu yerda Navoiy shoirning ta’rixli qasidasining yuksak ta’rifini berib, uning iqtidoriga qoyil qolganini bildiradi va zamondoshlarini shoir, yozuvchilar homiysi, Atorud, (Merkuriy) aql, iste’dod qudratining ramzi sanalgan sayyorasini goʻyo u kashfetgan, degan mubolagʻali e’tirofni keltiradi.

53. Muhammad Qazviniy Sayyid Kamol 99 yil yashadi, deb ma’lumot beradi.

54. Tarj.: Ey (goʻzal), jon koʻziga ravshanlik sening yuzing nuridandir. Sening qadding sarvni yerga oʻtkazib qoʻygan.

55. Tarj.: Saodat shu’lali ul sham’dan jahonga yangidan ravshanlik yetishadi, deb umid qilamiz. Bu bayt Xondamirnnng «Habib us-siyar»da yozishicha, Abu Said bilan Husayn Boyqaro oralaridagi muxolifat paytida yozilgan. Bayt ma’nosini Abu Saidga yetkazganlarida shoirni pinhona (qatl etishni buyurgan. Navoiyning yuqoridagi uni halok qilishganida bir joyga koʻmish uchun soʻngaklarini ham topisha olmadi mazmunidagi soʻzlarini Xondamir ma’lumoti bilan bogʻlab tushunmoq mumkin boʻladi.

56. Hazrat Shayx Abusaid Abulxayr oti Fazlulloh, mashhurdin arbobi, olim. Tafsir, hadis, fiqh, tariqat ilmi, arab tili va adabiyotida komil bilimga ega boʻlgan. Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo asarida keltirilishicha, Abusaidning otasi Abulxayr attor boʻlgan va Sulton Mahmud Gʻaznaviy yaqinlaridan sanalar ekan. U bir saroy bino qilib, devorlariga Sulton, uning lashkarlari rasmini chizdirgan ekan. Yosh bola boʻlgan Abusaid oʻz xonasi devoriga «Alloh» soʻzini yozib chiqqach, otasiga koʻrsatibdi. Otasi «Buni nega yozding? debdi. Shunda bola: «Sen oʻz Sultoningning nomini yozding, men oʻz Sultonimning» deb javob beribdi. Shu asnodan boshlab, ota saroy devoridagi naqshlarni oʻchirtirib tashlab, farzandining ta’lim-tarbiyasi bilan mashgʻul boʻla boshlagan ekan.

57. Tarj.: Sening oy yuzingdan jon oynasi yasaganlar va u oynaga jonni telmurtirib qoʻyganlar.

58. Shoir Kamol Xoʻjandiy (qarang: ushbu kitob, 225-b. 86-izoh) koʻzda tutiladi.

59. Tarj.: «Koʻzingga ayt, bizning yuzimiz xayolidan boshqa hech bir suratni nazariga keltirmasin», dedi. Men «koʻzim ustiga» (ya’ni, jonim bilan), dedim.

60. Tarj.: Biz sening savdoyingda jonu boshdan kechishni istaymiz. Har damda jon komini la’l-lablaringdan shakarga toʻldirmoqchimiz.

61. Tarj.: Otashin la’lingdan gulnor yurakka oʻt tushgan, ey makkor sanam, sening koʻngil eltishdan boʻlak ishing yoʻq.

62. Tarj.: Butun yeru koʻkda boʻlgan hayqiriqlarning boshlanishida «jonim xudoga» degan ovoz chiqar edi.

63. Tarj.: Ey ayriliqda qolgan, sen oʻz doʻstlaringdan uzoqdasan, biz bu shaharda shunday holdamiz, sen esa boshqalarning shahrida [yurasan].

64. Tarj.: Xovar sahrosi bizning qoʻlimizni gulning etagidan tortib oldi. [Endi] qiyomat sahrosida bizning qoʻlimiz sahro etagida boʻladi.

65. Tarj.: Tong ufqdan oq bayrogʻini chiqarginda, ohim osmon choʻqqisiga tugʻ tikadi. (Yana bir bayti:) Xudoga shukrki, Hirot [shahri]ning qozisiman, insonlar atoridaman, eshak emasman.

66. Tarj.: Agarchi shahr vaqflarini butunlay sovurgan esada, xudo xayrini bersinki, shu binoni qurdi.

67. Kichik Mirzo — Mirzo Muhammad Sulton, temuriylardan. She’riyat bilan ham mashgʻul boʻlgan. Xusayn Boyqaroning opasi Okobegimning oʻgʻli. Togʻasi xizmatida boʻlgan. Navoiy Kichik Mirzoga ushbu asarning yettinchi majlisida alohida maqola bagʻishlaydi.

Xondamirning «Makorim ul-axloq» (Yaxshi xulqlar)ida xabar berilishicha, Navoiy tashabbusi bilan uning mablagʻiga Marv shahrida «Xusraviya» nomli madrasa bino qilinganida uning birinchi gʻishtini Kichik Mirzo qoʻygan edi. Bino bitganda (podshohlik demakdir) soʻzidan «abjad» hisobi bilan binoning qurilish ta’rixi, 881 (1476—1477) y. chiqarilgan edi.

68. Mavlono Ja’far Hirot xattotlik maktabi namoyandalaridan nasta’liq xatida dong taratgan.

69. Tarj.: Ey har goʻzalning chehrasini ochuvchi, sening noming har bir bemorning shifosidir.

70. Tarj.: Soyang har joyga tushsa, oʻsha yerdan gul oʻnib chiqadi, yolgiz gul emas, boshdan-oyoq gulu shakar unadi.

71. Tarj.: Yana hayit keldi, ey jonim, kel qurboning boʻlay, soʻyilgan qoʻyning koʻzidek hayroning boʻlay.

72. Tarj.: Sensiz yigʻi orasida uxlab qolsam, tushimda oʻzimni suv oqizib ketayotgan koʻraman.

73. Tarj.: Senga mushtoqman va uzoqdaman, jon qiynovchi gʻamim shundandir. Ortiq mushtoq kishilar uzoqroqda boʻladilar, oh[lar] tortishim shundandir.

74. Tarj.: Agar boshimga minglab balo keladigan boʻlsa, shunga sazovorman. Xalqning eng yomonimanu [lekin) oʻzimni yaxshi deb bilaman.

75 «Ixlosiya» madrasasi —Hirotda Navoiy oʻzi qurdirgan madrasa. Bu zeb-ziynatli bino Hirotning Injil daryochasi soxilida qad koʻtargan va Navoiy «bu madrasagʻakim, xulusi (samimiy) ixlosdin yasaldi «Ixlosiya» ot qoʻyuldi», deb yozgan edi.

76. Tarj. Bu gavharlarni koʻm-koʻk daryoda yetishtirganlar, koʻrgilki bu mash’allardan yolqinli quyosh paydo qilganlar.

77. Tarj.: Yorning la'li (labi)dan bir boʻsa oldim. [Bundan] hayot topdim, jon oldim.

78. Tarj.: Sanavbar (daraxti) sening qadding xizmatkorligidan ajralgandan beri sochi toʻzigan devona boʻlib qoldi.

79 Tarj.: Ishim yaxshi boʻlmay, yomon boʻlganiga xafa emasman, boʻlsa boʻlar, boʻlmasa boʻlmas, oxiri nima boʻlar ekan?

80. «Bard» soʻzi «sovuq» ma’nosinn anglatadn. Aftidan bu shoir tabiatan sovuk, qoʻpol soʻz boʻlgan boʻlsa kerak.

81. Tarj.: Shoh Abulqosim davrida Sulton Ali Muso Rizo [shahid boʻlgan] Mashhad jannatdan ham yoqimli buldi.

82. Tarj.: Sening mushk hidli kokiling har bir dil uchun oʻzgacha bir banddir. Sochingnnng har bir tolasi jon rishtasiga oʻzgacha bir payvanddir.

83. Tarj.: Iting oldiga har damda alohida parchalar tashlab turmoq uchun koʻngil qushining patini yulib, koʻksini qovurdim.

84. Tarj.: Peshtoki dilbarning qoshiga oʻxshash bu joy mamlakat podshohining tuproqdan yuksaltirgan binosidir.

85. Tarj.: Yulduzlar bilan bezalgai bu falakning eski varaqlari yulduzlar singari qoʻshinga ega boʻlgan koʻp shohlarning koʻhna tarixidir.

86. Hazrati shayx ul-islomiy Ahmadi Jomiy Abu Nasr ibni Abul Hasan (tugʻ. 1049, Jom vaf. 1141, oʻsha shahar) olim, mutasavvif shoir. Ahmadi Jomiy nomi bilan mashhur. Laqabi Zindapil (tirik fil) yoki Jandapil boʻlib, bu nom bilan ham keng taniqli boʻlgan.

Ahmad Jomiy Shayx ul-islom martabasiga koʻtarilgan, uning «Anis ultolibin» (Toliblar doʻsti), «Kunuz ul-hikmat» (Hikmat xazinalari), «Bihor ul-haqiqat» (Haqiqat daryolari), «Siroj us-soirin» (Sayr qiluvchilar charogʻi), «Miftoh un-najot» (Najot kalidi) va boshqa asarlari ma’lum. Ahmad Jomiyning oshiqona va orifona gʻazallari devoni ham bor boʻlib, xalq orasida aichaynn tarqalgan. «Sabzpariyu Zardpariy» nomli qissani va XVII asr shoiri Jomiy Garmiyning «Varqa va Gulshoh» asarini xato tarzda Ahmad Jomiyga nisbat beriladi. Aftidai bu asarlar tarkibida shoir she’rlari koʻplab uchrasa kerak. Navoiy «Lison ut-tayr»da gʻoyat insondoʻstlik va oliyhimmatlik gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan bir hikoyatni keltiradi.

87. Tarj.: Shodlik, zavq va xushchaqchaqlik mavsumi yetishdi. Agar gado hach oʻz dilidagi murodiga yetishsa ne ajab!

88. «Alayha rahma» — arabcha. Unga [Allohning rahmati] boʻlgʻay demakdir.

89. Tarj.: Marjon (suv hayvoni) panjasining va oʻrdak oyogʻining qizilligi daryolarda suv oʻrniga qon oqqanidan boʻlmay, nimadan edi?!

90. Tarj.; Koʻchang atrofida yuz zorlanishlar bilan aylanaman, uzoqdan bahona qilib, yana aylanaman.

91. Gʻazlfurushluq doʻkoni—yigirilgan ip doʻkoni demakdir. Ye.E.Bertel's «gʻazalfurush» deb oʻqib, yozgan edi: «na bazarax Gerata sushʻestvovali knijniʻe lavki, gde znatoki literaturiʻ mogli naytn lyuboye novoye proizvedeniye... Sushʻestvovali osobiʻe torgovsiʻ gazelyami (gʻazalfurush), kotoriʻm mojno biʻlo zakazat' kopiyu liricheskogo stixotvoreniya...» (qarang: Bertel's Ye.E. Navoi i Djami, 1965. s. 28-29).

92. Tarj.: Agar senga ma’qul boʻlsam, «Qabuliy»man, yoʻq esa: ikki dunyoda mendek nomaqbul topilmas.

93. Tarj.: Ey xitoylik qora koʻz, jon qushi senga ulfatdir, boʻlak qora koʻzlarga nisbatan dilbarim ohu (kiyik) kabidir.

94. Tarj.: Oʻjar dilbarim bilan bir lahza birga boʻlarmikanman deb, hayot [yoʻlini] kesishda yuz joydan hiyla qoʻzgʻataman.

95. Tarj.: Kechasi oʻtirib shu qadar behisob sharob berki, hisob kuni (ya’ni, qiyomat kuni)gacha oʻrnimdan tura olmay qolay.

96. Tarj.: Sen hargiz bizning gʻamgin dilimizni shod qilmading Boshqalarni oʻldirdingu meni yodga olmading.

97. Tarj.: Ey Ayoziy, pashshaxonangning rangi pashsha oʻtirgan rangda; Toʻning ham, koʻylaging ham, etiging ham pokiza emas.

98. Tarj.: Garchi mening dilim har doim yor visolini izlasa-da, yor menga qarshilik qilib, agʻyor dilini qidiradi.

99. Tarj.: Men bebaxt oshiqmanu, mastman, nima qilsa boʻladi?

Koʻngilni bagʻishlaganman, jonim qoʻlim kaftida, nima qilsa boʻladi?

100. Tarj.: Men shundaymenki, may va qadahdan boshqa faxrlanadigan narsam yoʻq. Gul yuzli soqiy, kosalarni toʻldirib-toʻldirib uzataver.

101. «Tabh ishida madad qilmakim, sherik boʻlursen» mazmuni: taom pishirishda madad qilma, sherik boʻlishing mumkin. Bu yerda goʻzal va mutoyibali lutf ishlatilgan.

102. Tarj.: Ul bodom koʻzlining xandon pistadek lablari xayolida chashm deb atalgan koʻzlarim qon chashmasi bulogʻiga [aylandn].

103. Tarj.: Oʻgʻri uy asboblarini tuynukdan tortib ketganidek, ul goʻzalning xoli koʻnglim borligʻini koʻz ravshanligʻidan tortib oladi.

104. Tarj.: Ul ogʻizdan hech kim qilcha ham nishona koʻrsata olmaydi. Bu gʻamdan shunday tang boʻldimki, [buni] hech kimga koʻrsatmasin.

105. Pahlavon Muhammad (vaf. 1493, Hirot) — XV asr Hirot madaniy markazining yirik namoyandalaridan. U riyozot matematika, ilmi nujum, kimyo, falsafa, adabiyot, san’at va kurash turlaridan gushtigirlikda nom chiqargan. Yaxshi bastakor va xonanda boʻlgan. «Gushtigir» taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. Navoiyning 40 yillar mobannidagi yaqin doʻsti, ota oʻrnidagi murabbiysi ham edi. Navoiy bu yaqin kishisi va maslakdoshiga maxsus «Holoti Pahlavon Muhammad» nomli asar yozib, uning shaxsiyati va iste’dodi qirralarini ochib beradi. Ushbu tazkiraning IV majlisini Pahlavon Muhammadga bagʻishlangan maqola bilan boshlaydi.

106. Tarj.: Xoʻjanddan kelgan bir kishi qozi bulmoq maqsadida shaxarda aylanar edi, biroq sadr uning qozi boʻlishiga rozi emas edi. (Oxiri) bir eshakni sadrga pora berib, qozi boʻldi. Agar eshak boʻlmasa, qozi boʻlmasdi. Keyingi jumlada soʻz oʻyini ishlatilgan, uni ikki ma’noda tushunish mumkin.

107. Tarj.: Muhabbat qoidasida yordan gina qilish yuqdir, bulmasa ul vafosizdan koʻpgina qilgan boʻlur edim.

108. «Siyar un-nabiy» — Paygʻambarning xislatlari.

109. Tarj.: Falak oʻz otiga [minib] chopganda, qar bir oyga bir nagʻal tashlab ketdi.

110. Tarj.: U meni goh choʻp bilan, goh musht bilan uradi, oʻynay-oʻynay meni oʻldirmoqchi boʻladi.

111. Tarj.: Men umr boʻyi havas orqasida yurakka payravlik qildim, umr oʻtdi, bilmaymanki, nimaga erishdim.

112. Tarj.: Ey zohid, bizning qiblamiz dildorning qoshi, [sening qiblangdan] afzaldir, Sen masjid bilan boʻlaver, sening yuzing devorga boʻlgani ma’qul.

113. Mavlono Riyoziy — Imomiddin Riyoziy Samarqandiy (vaf, 1479, Samarqand). Shoir xattotlik, musiqa, ilmi nujumdan xabardor va Qur’oni majidni yetti qiroat bilan oʻqiydigan hofiz boʻlgan. Ba’zi tazkiralarning ma’lumotiga koʻra, yoshligida vafot qilgan. Riyoziy devonida gʻazal, qit’a, ruboiy va fardlar mavjud boʻlib, devon nusxalari London, Bangola, Dushanbe kitobxonalarida saqlanadi.

114. Tarj.: Ul hilol qoshlining qulogʻidagi inju bir yulduzdir,

Husn yuzasidan quyoshga yondashib turadi.

115. Tarj.: Husn yuzasidan ul hilol qoshlining qulogʻidagi inju shunday bir yulduzdurki, oy bilan yondashib turadi.

116. Tarj.: Kishilar yangi oyga tikilib turganlarida u gʻoyib boʻlganidek, qora oting javlon urgan paytida nagʻaligina koʻzga chalinadi.

117. Tarj.: Agar koʻchang shu suv va havosi bilan mening manzilim boʻlsa, na Xizr suvi, na oʻlik tiriltira oladigan (Iso] nafasi kerak boʻladi.

118. «Mir’ot us-safo» — Soflik oyinasi.

119. Tarj.: Sufiy maqsad injusini qidirib borib (ya’ni yosh toʻkaverib), «majma’ ul-bahrayn» (ya’ni, ikki daryoning toʻplanish joyi) boʻladi; Chunki har bir yigʻlayotgan koʻz chashmasidan bir daryo hosil qilgan.

120. Tarj.: Ey noz qilishga oʻrgangan, biz senga yolboruzchilarmiz. Seni zamona ajoyib koʻngil oluvchi qilib yaratgan (ekan).

121. Mavlono Lutfiy (tugʻ. 1366, Hirot—vaf. 1465) — shoir, tasavvuf bilimdoni. Navoiy soʻzi bilan aytganda, forsiy va turkiyda oʻxshashi yoʻq soʻz san’atkori. Lutfiy devoni gʻazal, tuyuq, qit’a, ruboiy, qasida va fardlardan tarkib topgan. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Lutfiyga alohida maqola bagʻishlaydi. Unda, jumladan, yozadi: «Agarchi shoirlik tariqida ma’ruf va mashhur boʻldi, ammo darveshlik tariqini dogʻi ilkidan bermadi. Bu faqir borasigʻa koʻp iltifoti bor erdi va fotihalar oʻqur erdi». Lutfiyning Shohrux Mirzo, Boysungʻur Mirzo va Abdurahmon Jomiylarga goʻzal qasidalari bor. Lutfiy «Gul va Navroʻz» nomli doston ham yozgan. Lekin bu asarni Lutfiy qalamiga mansub emasligi haqida adabiyotshunosligimizda munozaralar olib borildi. Lekin masala hamon hal boʻlgani yoʻq.

122. Tarj. Tunga oʻxshash zulfingdan quyosh [yuzing] soyaparvardir; Tun kabi zulfingda oy oʻrniga quyosh chiqqandir.

123. Tarj.: Agar oshiqlar dilining ishi chin kofirga tushsa, shu singari bemehr, badfe’lga tushgandan qoʻra yaxshidir.

124. Mavlono Yaqiniy — (XV asr) shoir. Yaqiniyning nasrda yozilgan «Oʻq va Yoy munozarasi» oʻzbek adabiyotida shu janrning yetuk namunasi sanaladi. Birinchi boʻlib bu munozarani E.Rustamov “Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV v” nomli asarida atrofli tahlil etib bergan.

125. Tarj.: Bir nafas boʻlsa ham quyoshga dam urmagan tong sensan, mevasidan hech kim yeya olmaydvgan daraxt sensan.

126. Mavlono Atoiy — (XV asr) shoir. Adabiyotshunosligimizda bu shoir she’riyati ham bir tomonlama, faqat dunyoviy muhabbat kuychisi (Lutfiy kabi) sifatida talqin qilinib kelar edi. 1991 yil S. Rafiddinov nashr qildirgan Atoiyning toʻla devoni soʻz boshisida shoirning tasavvufiy she’rlari tahliliga ham urinishni koʻramiz:

127. Mavlono Sakkokiy — (XIV asr oxiri —XV asr birinchi yarmi) shoir. Mirzo Ulugʻbek davrida kamolga erishgan va she’rlari bilan shuhrat qozongan. Sakkokiy Xoja Muhammad Porsoga, Xalil Sulton (qarang: 219-bet, 41 izoh)ga atab bittadan va Ulugʻbek Mirzoga atab 5 ta qasida yozgan. Ulugʻbek Mirzoning Amiri kabiri Arslon Xoja Tarxonga ham 4 ta qasidasi bor.

128. Tarj.: Bu diyorda bizning koʻngil ovlovchimiz yolgʻiz oʻzingsan va bas; sendan bir qiyo boqishingni oʻtinamiz va bas.

129. Xoja Yusuf Hamadoniy — kuniyati Abu Ya’qub (vaf. 535/1140 -41, Marv) olim va mashhur shayxlardan. Bogʻdod, Isfaxon va Samarqandda hadislarni eshitgan, zamonning taniqli allomalari suhbatida boʻlgan. Hirotda ham yashagan. Oxiri avval istiqomat qilgan shahri Marvga qaytgan va oʻsha yerda olamdan oʻtgan. Ashobi (yaqin doʻstlari) orasida Ahmad Yassaviy va Abdulxoliq Gʻijduvoniylar boʻlganligi haqida manbalarda ma’lumot uchraydi.

130. Tarj.: Sen jannat daraxti kabi sarvu shamshod qomatsan. Men qomatingni qanday ta’rif qilay?! Qiyomatsan!

131. Tarj.: U har doim senga da’vo qiladi. [Lekin] u da’voni bema’ni qiladi. Sening mevang Samarqand olmasi kabi shirinu, uniki Balx olxoʻrisidek achchiqdir.

132. Tarj.: Umr oʻtdi, gʻaflatdan shundayin mastmanki, ne chogʻlik tavba qilmayin, uni yana sindirdim.

133. Tarj.: Sening bemor koʻzlaring meni har dam toqatsiz (zaif) qilib qoʻyadi. Ey jonon, sening jon bagʻishlovchi la’l-labing jonimga qasd qiladi.

134. Mirzo Ali Idigu Temur — «Majolis» tarjimonlari Idigu nomini Faxriy— Qazviniyda— tarzida beradilar. Aftidan Mirzo Ali Gilon hukmroni boʻlgan.

135. Tarj.: Azob bilan oʻldirilgan shahidlarning qabriga qaragilki, (qabrlarn ustiga] dil otashi va sening oʻqingdan tugʻ tikilgandir.

136. Mirzobek (vaf. 1490—91, Samarqand) — shoir. Xondamirning «Makorim ul-axloq»da yozishicha, Mirzobek vafotining ta’rixi soʻzidan abjad hisobida 896 (1490-91) y. beriladi: Navoiy «Mirzobek farzand masobasida (darajasida, oʻrnida) erdi», deb yozadi.

137. Ahmad Hojibek (vaf. 1495—96, Buxoro) — Shoir, arbob, taxallusi «Vafoiy». 10 yil Hirotda, 1496 yilgacha Samarqandda hokimlik qilgan. Boburning xabar qilishicha, Ahmad Hojibek Boysungʻur Mirzo siyosatidan norozi tarxoniylar fitnasi oqibatida Buxoroga Sulton Ali Mirzo ustiga lashkar tortib yengilganida asir olinadi va vahshiyona qatl etiladi. Navoiy Samarqandda tahsil olayotgan 1465-1469 yillarda Ahmad Hojibek unga murabbiylik qilgan va oddiy jihatdan madad berib turgan. Ahmad Hojibek tadbirkor va adolatli boʻlgan. Bu haqda Xondamir «Makorim ul-axloq»da maroqli bir voqeani keltiradi. Unda asirlardan biri Navoiy aralashuvi va Ahmad Hojibek xayrixohligi tufayli mudxish jazodan qutilib qolgani haqida hikoya qilinadi. Ushbu tazkiraning VI majlisi Ahmad Hojibekka bagʻishlangan maqola bilan boshlanadi.

138. Sallamulloh — arabcha: Alloh salomat qilsun, demakdir.

139. Sayyid Hasan Ardasher (vaf. 1488—89, Hirot) — shoir, tasavvuf arboblaridan. Navoiy Sayyid Hasan bilan birinchi marta 1455—56 yillarda uchrashgan va u bilan hayotining oxiriga qadar doʻst boʻlib qolgan. Navoiyga ota oʻrnida boʻlgan bu oqil va bilimdon alloma vafoti uni qattiq gʻamga chulgʻagan va doʻsti, maslakdosh murabbiysiga atab maxsus «Holoti Sayyid Hasan Ardasher» nomli asar yozgan. Unda Sayyid Hasanning bilimlari koʻlami — arab tili, fiqh, she’rshunoslik, muammo ilmi, ilmi nujum, musiqa nazariyasini mukammal bilishi, inson sifatida gʻoyat xoksor, kamtar, yumshoq koʻngilli va sabr-toʻzimli boʻlgani bayon etiladi. Navoiy Sayyid Hasan vafotiga marsiya (har bandi 8 baytli 7 banddan, ya’ni 112 misradan iborat) yozgan. Marsiyada koʻrkamli olim, fozil va shoirdan, ajoyib insondan judolik tuygʻulari, dil armonlari, samimiy va tiniq insoniy kechinmalar qalamga olinadi. Sayyid Hasan Navoiy hayotida, uning ijodiy kamolotida muhim oʻrin tutgan. Shair oʻzining birinchi yirik «Hasbi hol» deb yuritiladigan asari — she’riy maktubini Samarqanddan Sayyid Hasanga yuborgan, bu hol yuqoridagi fikrimizga ma’nodor dalildir.

140. «Suluk ixtiyor qilib, arbainlar chiqarib, koʻp maqosidi ma’naviy hosil qildi» — qirq kun chilla oʻtirib, toat-ibodatlar bilan koʻp ma’naviy maqsadlarga erishdi, degan ma’noni anglatadi.

141. Tarj.: Dilorom bilan tong paytida toʻla qadaxlarni sipqorishdan, gʻuncha singari har ikkimiz tor bir qoʻylak ichida chirmashib quchushmogʻimizdan yoqimliroq nima bor?!

Uchinchi Majlis

1. Madda zillahu—arabcha: Olloh soyasini (ya’ni, umrini) uzun qilsin!, demakdir.

2. Xoja Muhammad Tayobodiy — Jomiyning maxsus xizmatkori.

3. Tarj.: Yoʻlovchi, bilgilki, qahr paytida qiyinchiliklarni koʻtarish oson [koʻrinadi], tuyaning ogʻzida quruq yantoq xurmodek totli [tuyuladi].

4. «Mushorun-ilah va moʻ’tamadun-alayh» arabcha: ishorat, ya’ni zikr qilib oʻtilgan va oʻziga e’timod (ya’ni, ishonchli)li boʻlgan, demakdir.

5.«Iydiya» — arabcha: bayramona, hayitlik ma’nosini anglatadi.

6. Tarj.: Shukr, ey koʻngil, yana yuz bezak va goʻzallik bilan bayram goʻzalining gardani yangi oy ogʻushiga kirdi.

7. Tarj.: Koʻngli siniq, holi parishon oshiqni oʻldirma. Qanoti singan qushga jafo toshini nega otasan?

8. Tarj.: Hamisha qomating tufayli nolayu zor chekaman. [Bu] balo daraxti devonalik mevasini bermasa edi, deb qoʻrqaman.

9. Tarj.: Holdan tolganligidan iyagining aylanasi bulturgi olmaga oʻxshab qolgan edi.

10. Mavlono Sayfiy (vaf. 1503, Buxoro)—shoir, adabiyotshunos. Buxoro va Hirotda tahsil olgan. 1487 y. Buxoroga qaytgan. Sayfiyning 2 ta devoni: «Risolai aruz», «Risolai musiqiy» asarlari bor. Birinchi risolasi she’r va shoirlik, aruz qonun-qoidalari, bahri va doiralari anchayin sodda va ravon til hamda uslubda yaratilgan. She’rlar devonida an’anaviy gʻazalchilik yoʻlida yozilgan she’rlarn mazmun jihatidan oʻziga xos xususiyatga egadir. Ularda, Navoiy ta’kidlaganidek, kasb-hunar egalari madh etiladi. Ma’lumki, keyinchalik bu xil asarlar «shahroshub» (shahr ahlini hayajonlantiruvchi) she’riyat deb atala boshlangan.

11. Tarj.: Ey koʻngil, jononim nozik belini ta’rif qilding, bu bilan jonimning nozik jonini tilga olib, yaxshi ketding.

12. Tarj.: Pardozchi goʻzalim, koʻp kishilar bilan chiqishadiyu, men xastaning holiga aslo parva qilmagin.

13. Mavlono Osafiy — Xoja Shamsiddin Hiraviy (tugʻ. 1449, Hirot — vaf. 1517)—shoir. Hirot adabiy muhitining yirik namoyandalaridan. Sohibi devon shoir. Uning mukammal devonini 1968 yilda Hodi Arfa’ Kirmoniy katta soʻz boshi bilan Tehronda nashr ettirgan. Xondamir «Makorim ul-axloq»da Navoiy bilan Osafiy oralarida oʻtgan iliq hazil bilan yoʻgʻrilgan bir suhbatni keltiradi. Navoiy oʻzining «Soqiynoma»sida Osafiyni yaqin doʻstlari va hammaslaklari qatorida hamda zakovatlp shoir sifatida tilga oladi. Vosifiynnng «Badoye’ ul-vaqoye’» (Voqeiy badialar) asarida ham Jomiyning bir gʻazaliga javob yozish tavsiya qilinganda, Osafiy va Hiloliy mas’uliyat sezib, javob yozmaganliklarini hikoya qiladi. «Majolis» tarjimoni Faxriy Hirotiy Navoiy adabiy anjumanlarida Osafiyning quyidagi:

Badin joni balokash kas nakardast, onchi man kardam,
Dar in chashmi siyahroʻ kas nadidast, onchi man didam.

(Tarj.: Bu balokash jonga hech kim menchalik jafo qilmagan. Bu qaro koʻz bilan men koʻrganni hech kim koʻrmagan) matlaini yoddan oʻqib yurganligi haqida xabar qiladi.

Faxriy yana Osafiyning Navoiy vafotiga yozgan marsiyasidan bir bayt va tushirgan quyidagi ta’rixini keltiradi:

On Miri balandqadr, oliy rutbat,
Chun kard az in jahon ba jannat rixlat,
Az soli vafotu joyi u pursidam,
Dodand javobi manki, jannat, jannat!

(Tarj: Yuksak qadrli [va] oliy martabali ul (A) Mir bu jahondan jannatga ravon boʻlganida, men vafot yili bilan uning joyini soʻradim. Menga «Jannat, jannat» — deb javob berishdi. soʻzlaridan «abjad» hisobida Navoiyning vafoti yili 906 (1500—1501 y.) chiqadi.

14. Tarj.: Muxtasib (shariatga xilof ishlarni tekshiruvchi) mayxonadan oʻtarda may quyqasini toʻkib tashlamadi. Boshimizga bir balo kelib edi-yu, lekin yaxshilik bilan oʻtdi.

15. Mavlono Binoiy — Kamoliddin Ali ibni Muhammad Sabz (tugʻ. 1453, Hirot — vaf. 1512, Nasaf (hozirgi Qarshi) shoir, tarixchi, musiqachi. Otasi Muhammad Sabz banno — binokor, boʻlgani uchun shunday taxallus tanlagan. She’r yoza boshlaganida «Xoliy» taxallusini qoʻllagan. Jomiy va Navoiy adabiy maktabida voyaga yetishgan. 1487 yil Tabrezga Sulton Ya’qub saroyiga ketgan. 1491 yil Hirotga qaytgan. Soʻngra Samarqandda 1500 yildan boshlab Shayboniyxon saroyida xizmatda boʻlgan. 1510 yillardan Nasafda istiqomat qila boshlaydi. Binoiy 1512 yilda Eron shohi Ismoil Safaviyning Shayboniyga qarshi yurishida Qarshidagi qatli omda shahid boʻladi. Binoiyning 3 ta devoni, «Behruzu Bahrom» nomli dostoni, «Majma’ ul-gʻaroib» (Ajoyib toʻplam) nomli qasidasi, «Shayboniynoma» va «Futuxoti xoniy» (Xon gʻalabalari) degan tarixiy asarlari, «Nuh rang» (Toʻqqiz rang) va «Savt un-naqsh» (Naqsh savtlari) nomi ostida musiqaga oid ishlari ma’lum. Binoiyning tarixi asarlari Muhammad Shayboniyxon xonadoni, shaxsiyati va hukmronligi, yurishlari voqealarini qamrab oladi.

Navoiy bilan Binoiy orasida qandaydir ziddiyat, toʻqnashuvlar boʻlgani haqida Bobur ma’lumot beradi va ba’zi latifaga oʻxshash voqea, gaplarni keltiradi. Har qalay, Navoiyning Binoiy haqidagi maqolada unga haqqoniy baho bergani, iste’dodini madh etgani, «Soqiynoma»da yodga olgani ular munosabatida keskin adovat boʻlmaganligidan dalolat beradi. Binoiy ijodi haqida katga tadqiqot yaratgan olim akad. A.Mirzoyev bu masalani izchil tekshirgan hamda Binoiyning Navoiy haqidagi ta’riflarini keltirib ijobiy dalillab bergan.

16. Tarj.: Kimki yorimning koʻzlarini surma bilan qoraytirgan boʻlsa, xuddi surmadek mening roʻzgorimni (hayotimni) qora qildi.

17. Mavlono Muhammad Badaxshiy— qarang: ushbu kitob, IVmajlis. Xondamir va Vosifiy uning Navoiyga 30 yil xizmat qilgan yaqin kishilaridan boʻlganligini e’tirof etadilar.

18. Tarj.: Kimki sarv [qomatligim]ning sallasini bejab qoʻysa, chamandan suman guli terib nima qiladi?!

19. Xoja Majdiddin Muhammad (vaf. 1494, Tobuq)— Shohrux Mirzoning devonboshisi Xoja Pir Ahmad Xoniyning oʻgʻli. Husayn Boyqaro saltanatida parvonachi (vazir muovini, farmon ijro etuvchi) va vazir boʻlgan. Tarixiy manbalarda qayd qilinishicha, saroydagi ma’lum fitna-fujurlar Majdiddinga borib qadaladi. Bobur yozishicha, Husayn Boyqaroga birmuncha mablagʻ zarur boʻlib, xazinachilardan soʻraganda, ular “yoʻqdir” deydilar. Majdiddin yolgʻiz qoldirishlarini oʻtinib, shoh nazdiga shart qoʻyadi: «mening iligimni (qoʻlimni) qaviy (kuchli) qilib, soʻzumi tajovuz qilmasalar (qaytarmasa, cheklamasalar) oz fursatda andoq qilayki, viloyat ma’mur va raiyat shokir (shukr qilgan) va xizona (xazina) magʻfur (moʻl) va sipohi vofir (farovon) boʻlgʻay». Shundan soʻng shoh butun Xuroson uchun muhim ishlarni bajarishni Majdiddin ixtiyoriga topshiradi. Oz fursatda koʻp yaxshi ishlarni bajarib, «viloyatni ma’mur va obodon qildi», deb yozadi Bobur. Lekin saroy «a’yonlari va beklari bilan ziddona maosh» (ziddiyatli muomala) qilgani uchun Majdiddin poytaxtdan uzoqlashtiriladi, taftish paytida behad boyliklar yigʻgani oshkor boʻladi.

Rus sharqshunosi Ye.E.Bertel's yozishicha, Navoiyning Astrobod hokimi qilib tayinlanishini, ayniqsa 1488 y. poytaxtdan noxush xabarlar eshitgan Navoiy Hirotga kelganida Husayn Boyqaro darhol qaytishini lozim koʻrganini Majdiddinning nojoyiz faoliyati bilan bogʻlaydi.

Bu yerda Navoiy Majdiddinning ehtiyojmandlarga boʻlgan ters munosabatiga urgʻu bermoqdaki, shoir uning saroydagi faoliyati davrini «Majdiddin buzugʻligʻlari» deb atagan edi.

20. Tarj.: Xoja Majdiddin ishimizni yoʻqqa chiqardi. Ushal kun qogʻozimizni oʻqimay chirmadi qoʻydi.

21. Tarj.: Yoʻlingga qalam singari boshim bilan toʻxtalmay yurib kelaman. Ey oy, men uchun xatdan sehrgarlik yoʻlini tuzding.

22. Mavlono Hasanshoh — Hirotning mashhur shoirlaridan. Xondamir “Habib us-siyar”da bu shoirning nozik iste’dodi, shirin suxanligi, har qanday majlisga fayz kirita olgan suhbatdosh boʻlganini ta’rif qilib, yoshlik davrida Boysungʻur Mirzoning oʻgʻli Sulton Muhammad mulozimi ekanida ular orasida oʻtgan bir hazl-mutoyibali naql keltiradi. Deyarli xuddi shu naqlni biz yuqorida Bobo Savdoiy nomi bilan bogʻli holda keltirgan edik (qarang: ushbu qitob, 224-bet, 82-izoh). Lekin bu naqlda Muhammad Sulton Hasanshoh shoirga 5000 dinor inoyat qiladi. Hasanshoh bilan Navoiy orasida boʻlib oʻtgan hazl hangomani Vosifiy keltiradi: “Hasanshoh roʻzgʻordan qiynalib, oʻgʻliga Navoiyga borib, otam oʻldi, degin. Pul bersa yegulik narsalar xarid qilib kel,—deydi. Navoiy oʻgʻliga 30 xoniy pul beradi va achinib tasalli aytadi. Ertasi Hasanshoh

Navoiy huzuriga kirib keladi. Navoiy uni koʻrib rosa kuladi va deydn: Ey Mullo, siz oʻlib edingizku, bu nimasi? Hasanshoh javob qiladi: Agar kecha pul bermaganingizda oʻlgan boʻlardim”.

Xondamir ma’lumotiga koʻra, Hasanshoh vafotiga Amir Sulton Ibrohim Aminiy degan shoir qit’a ta’rix tushirgan ekan. iborasidan abjad hisobi bilan 907 (1502—1503) yil kelib chiqadi.

23. Tarj.: Labing toʻgʻrisida bir soʻz aytmoq istayman. Ul ogʻiz haqida birgina soʻz aytmoq istayman.

24. Mutahhari Udiy — Hirot madaniy muhiti namoyandalaridan.

Aftidan tabiatida tama’girlik, hirs kabi xislatlar boʻlsa kerakki, Hasanshox shoir bilan aloqador badixona qit’a aytilishiga sabab boʻlgan voqeani Xondamir . «Habib us-siyar»da keltiradi.

25. Tarj.: Mutahhar — oti bor oʻzi yoʻq narsadir. Najosatni mutahhar (tozalovchi) deb boʻladimi? Eshagi eshakka chopadiyu u pul topadi. Demak uni eshak aldovchi desa boʻladi.

26. Tarj.: Bir qoʻlingda qilichu bir qoʻlda qalam. Qilichbozlikni qoʻyib, qalamzanlik (yozuvchilik) qilgil.

27. Tarj.: Koʻzga aytdimki, beadablik bilan qarama; u dediki, beadablik nima qilsin, ayni mushtoqlikdan, bu.

28. Firdavsiy Tusiy — Abulqosim Mansur ibni Hasan Tusiy (tugʻ. 934, Tus shahri yaqinidagi Tabaronning Boji qishlogʻi — vaf. 1021) fors adabiyotining mashhur shoiri. Zamona bilimlarini puxta egallagani sababli uni “Hakim” degan faxrli unvon bilan atashgan. Yoshlikdan qissayu rivoyatlar, asotir va oʻtmish tarixi bilan qiziqqan, Firdavsiy Abu Mansur, Abulmuayyad Balxiy, Mas’ud Marvoziy va Daqiqiy kabi shoirlarning «Shohnoma»larini qunt bilan mutolaa qilgan. 975-976 yillarda oʻzi «Shohnoma» yozishga kirishadi va 994 yilda uni tugallaydi. Asarni qayta tahrir qilish ishlari 1010—1014 yillarda yakunlanadi. Firdavsiyshunoslikda bu ikkinchi tahrirni shoir hukmron Mahmud Gʻaznaviyga moʻljallab, u haqda oʻrni-oʻrnida madhu sanolar kiritgan, lekin shoh asardagi istilochilarga, zulmkorlarga oid aqidalarga ragʻbat, arablar va ularning diniga boʻlgan zid qarashlardan kelib chiqib unga nopisand munosabatda boʻlgan. Bunga javoban Firdavsiy 100 bayt Mahmud Gʻaznaviyga hajviya yozib asarga kiritgan, deb talqin qilganlar. 1990 yil oxirida Eronda «Shohnoma»ning 1000 yilligi gʻoyat tantanali tarzda nishonlandi va shu munosabat bilan oʻtkazilgan Jahon Koigressida qilingan ma’ruzalarda «Shohnoma»dagi Mahmud Gʻaznaviy haqidagi misralar va alohida hajviya Firdavsiy qalamiga mansub emasliga masalasi jiddiy qoʻyildi. Ushbu satrlar muallifi ana shu kongressda ishtirok etdi va yubiley munosabati bilan tashkil etilgan barcha tadbirlarda qatnashishga, koʻrgazmalar bilan tanishishga, qoʻlyozmalar saqlanayotgan fondlarda boʻlishga muyassar boʻldi. «Koxi Guliston» muzeyi fondida saqlanayotgan «Shohnoma»ning 40 ta Movarounnahr va Xuroson nusxalari asosida Boysungʻur Mirzo tashabbusi bilan tayyorlangan va uning mufassal soʻz boshisi mavjud hamda nafis 22 miniatyura va naqqoshlik san’atining hayratomuz namunalari bilan bezatilgan, nihoyatda goʻzal xat bilan 1429 yilda koʻchirilgan nodir va noyob qoʻlyozmasini oʻz koʻzi bilan koʻrish baxtiga musharraf boʻlganini bildiradi. Bu qoʻlyozma jahonga «Shohnomai Bonsungʻuriy» nomi bilan mashhur boʻlib, xalqimiz madaniyati tarixining zarrin sahifasi sanaladn. Aytish kerakki, Boysungʻur Mirzo muqaddimasi «Shohnoma»ning ilk tadqiqoti sifatida e’tirof etiladi. «Shohnoma»ning eng qadimgi qoʻlyozma nusxasi Italiyaning Florensiya shahrida saqlanar ekan. Yubileyga ana shu nusxaning fotofaksimilesi va 7 jildli 4 kitobdan iborat fransuz olimi Jyul' Mul' tayyorlagan matn asosidagi nashri chop etilgan edi. Oʻzbekistonda «Shohnoma»ning uch jildln tarjimasi bosilgan. Tarjimonlar Sh.Shomuhamedov, Nazarmat, Hamid Gʻulom va Jumaniyoz Jabborovlardir. «Shohnoma» va oʻzbek adabiyoti problemasi yuzasidan adabiyotshunos H.Hamidov qator tadqiqotlarni amalga oshirgan.

29. Tarj.: Oʻshanda koʻp qoʻtoslarning moda va narlarini zanjir bilan bir-biriga [shunday] bogʻladilarki, xandaq oldida fillarga qarshi toʻsiq [paydo] boʻldi. Nega fildan qoʻrqishlik kerak, u ham sigir va eshak kabi toʻrt oyoqli [hayvon]dir.

30. «Haft paykar»—Yetti goʻzal. Nizomiy Ganjavny dostoni.

31. Tarj.: Paygʻambarlikka sen loyiqsan, [chunki] qoʻlingda, nomang bor. Muhri esa ta’zim [yuzasidan] orqasidadir.

32. Tarj.: Ul notekis keng dashtda bamisoli tipratikonga oʻxshash qirilmagan boshlar yotar edi.

33. Mavlono Darvesh Mashhadiy — Faxriy Hirotiy oʻzidan ilova qilib: bu shoirning yomon tilligi, johilligi Navoiy aytganidan yuz chandon koʻpdir. Lekin odamlar uning Allohdan oʻzining it fe’li, nafsdan forigʻ qilishlikni iltijo qilib yozgan darveshona bir bayti uchun afv etadilar, deb yozadi va forsiyda yozilgan bir baytini keltiradi.

34. Tarj.: Uning qoshidan bayram oyi asarini koʻrdi. Ul oydan darak boʻlmaganiga yil [ham] boʻldi.

35. Tarj.: Gulning yuzi (haqida) yana bir ovoza yuksalmaguncha, boʻstonda bulbuldan ham sado chiqmaydi.

36. Tarj.: Yana ul fasl keldiki, bazmning sham’i loladek porlaydi. Ra’no guli la’l kabi qip-qizil mayni oltin qadahda koʻtaradi.

37. Tarj.: Kecha muhtasib hol soʻrab derdi: May arzon boʻldi, puli halollar qaydasiz?

38. Tarj.: Evoh, ey doʻstlar, ul shirin la’l havas yuzasidan bizni oʻldirdi. Pashshadan boʻlak hech kim boshimizga kelmadi.

39. Tarj.: Raqib bilan soʻzlashib turganingni koʻrdimu bu meni oʻldirdi. Soʻzlashdan toʻxtadingu mennng jonim tinchlandi.

40. Tarj.: Ajab emaski, agar bugun kechqurun parvona sham’ning umr daraxti xazon boʻla boshlaganini koʻrib jonini tark etsa.

41. Tarj.: Qanday yaxshi vaqtki, goʻzalim qoʻlida gʻazab qilichi bilan kelsa-yu hamma raqiblar qochib ketsalarda, men u bilan yolgʻiz qolsam.

42. Tarj.: Gʻam tunida dilimdan chiqqan dud ul [goʻzalning] kokili yodi bilan buralib va jingalak boʻlib koʻtariladi.

43. «Ohiy» — Faxriy Hirotiy «Oyatiy» deb beradi.

43. Tarj.: Oydin goʻzal boʻlgan chehrasining sahifasi yodi bilan Qur’ondan fol ochsam, «Yusuf surasi» chiqdi. Bu yerda qalamga olingan Qur’oni karimdagi 111 oyatdan iborat «Yusuf surasi»da goʻzallik timsoli Yusuf paygʻambar qissasi bayon etiladi. Shu asosda badiiy adabiyotda Qur’onda nomi zikr etilmagan ayol rivoyatlar zaminida Zulayxo deb atalib, doston va qissalar yaratilgan. Oʻzbsk adabiyotida «Yusuf va Zulayxo» dostonini XIV asr oxiri XV asr avvalida yashab ijod etgan Durbek degan shoir yozgan. Lekin afgʻonistonlik olim Yoqub Vohidiy bu doston muallifining nomi Homid Balxiy degan masalani koʻtardi.

45. Tarj.: Ul quyoshning suvratiga shunchalik hayronmanki, agar menga tigʻ ursalar ham koʻzimni yummay turaveraman.

46. Tarj.: May ichish paytida soqiy may qadahining ogʻzini yopgani kabi ul [goʻzalga] nima boʻldiki, qopqoq bilan mening koʻzim qorasini berkitib qoʻyadi.

47. Tarj.: Ey, mayning toblanishidan sening ruxsoring guli rang-barang boʻladi, jamoling bogʻining sabzasi ozgina-yu guli koʻpdir.

48. Tarj. Lutf-marhamatingni arzon qilib, goho gʻariblarni yoʻqlab tursang yomon boʻlmas edi. Chunki marhamat koʻrgazish goʻzallarning goʻzal odatidir.

49. Tarj.: Qoshing bilan bahslashishda yangi oy tezlik qilar va chimirilar edi. Quyosh yuzingni koʻrgach, oʻzini yumaloq va yassi qilib oldi.

50. Tarj.: Agar gʻam burchagida ul kumush tandan uzoqlikda oʻlib qolgudek boʻlsam, oʻlgan kunimning oʻzidayoq ishq ishiga xalal yetadi.

51. Tarj.: Gʻam sahrosida devonavor oʻzim-oʻzimga chang solaman. Goh toshni changallayman, goh tosh changalimdan tushib ketadi.

52. Tarj.: Mening koʻzimga togʻ bilan dasht fazosi tor boʻlib qoldi. Chunki menda Farhod gʻami va Majnun ishqining balosi bor.

53. Tarj.: Gʻamingda toʻkkan qonli koʻz yoshlarimdan menga tekkani — uning har bir qatrasi dilimning tugunlarini yechgani boʻldi.

54. Tarj.: Ul jafo axtaruvchi [yorim] menga [hamisha] ozor berganidan ozgina qilgan gʻamxoʻrligi ham koʻpdek tuyuladi.

55. Tarj.: Ey dil, hamisha taqvo ahli bilan ulfat boʻlaverish yaramaydi. May quyqasini yalaganlar bilan ham bir necha kun birga boʻlish kerak.

56. Tarj.: Zulfing domiga tushdimu devonalikda shuhrat qozondim.

57. Tarj.: Koʻz yosh gavharlarini yor yoʻliga sochdim. Oshiq boʻlganim uchun shodman, xoʻb ish qildim!

58. Tarj.: Uning yoshlik chogʻini koʻrdim va din ahliga koʻrsatdim. Jonlarga balo boʻlsin, buni sizlarga topshirdim.

59. Tarj.: Muhtasib agar rind boʻlsa mayxona eshigini oʻzi ochib beradi. Rindlar uchun mayni yer ostidan boʻlsa ham paydo qiladi.

60. Mavlono Hiloliy — Badriddin (vaf. 1529, Hirot). Astrobodda dunyoga kelgan, Yili ma’lum emas. Hiloliy qalamiga 1 devon va «Shoh va Darvesh», «Sifot ul-oshiqin», «Layli va Majnun» nomli 3 doston mansub. Devoni 2700 baytdan tarkib topgan boʻlib, uni shoirning oʻzi 1521 yilda tuzgan. Faxriy Hirotiy tarjimasiga ilova qilib yozadi: «Hazrat Amir (ya’ni, Navoiy) duosi qabul boʻlib, shoir she’riyatda hamma mahorat uslublarini paydo qildi va oʻz zamonining nodiriga aylandi» hamda Hiloliyning uchchala dostonidan 5 baytni misol tariqasida keltiradi. Muhammad Qazviniy ham oʻzidan: «Mir Alisher taklifi bilan ilmlarni egallash va oxiriga yetkazishga mashgʻul boʻlgan» deb qoʻshib ketadi. Hiloliy timsolida Navoiyning adabiyotga kirib kelayotgan umidli yosh kuchlarga alohida e’tibor bilan qaraganini koʻrish mumkin. Hiloliy ilk daf’a Navoiyga oʻz she’rini oʻqib berganda undagi badiiy iqtidorni sezib, taxallusini soʻraydi, «Hiloliy»— deb javob beradi. Shunda Navoiy «Hiloliy» emas, Badriy, Badriy!» (ya’ni, sen «yangi oy» emas, «toʻlin oy» ekansan ma’nosida), deb shoirni maqtaydi. Yana boshqa hikoyatga koʻra, kunlarning birida Navoiy shoirlarga ustozi Jomiyning mashhur gʻazaliga javobiya gʻazal yozishni buyuradi va eng yaxshilari uchun mukofot belgilaydi. Shunda Hiloliy va Osafiy degan shoirlar javob gʻazal yozmaydilar. Navoiy buning sababini soʻraganda, — javob yozishda oʻsha asardan orttirib yoki hech boʻlmasa uning saviyasida yozish lozim, biz esa oʻzimizda yetarli kuch sezmadik, — debdilar. She’rshunoslikda juda quvvatli ekansizlar deb, mukofatni Navoiy ana shu ikkala shoirga bergan ekan.

61. Tarj.: Bugun ul xushraftor va xushqomat neni shunchalik oyoqdan qoldirdiki, ertaga, balki qiyomat ertasiga ham oʻrnimdan tura olmasman.

62. Tarj.: Ey oqil, devonaga uyni nima keragi bor. Chunki men devona uyga boradigan yoʻlni bilmayman.

63. Tarj.: Yorning miyigʻi va labi sabz va qizil tusda jilva berganda, xasta koʻnglimdan sabzrang va qizil oʻt koʻtarildi.

64. Tarj.: Xudo sening xayoling bilan meni hamisha shod qilsin. Agar xayolingdan ayrulgudek boʻlsam xudo saqlasin!

65. Tarj.: Bir Layli yuzli qonim ustiga barini yeldirib yetib keladi. Bu vaqtda Majnun dilimning ahvoli qanday boʻlishligini bila olmayman.

66. Tarj.: Koʻzlarim oy yuzli yorga [boqishdan] judo boʻlgandan beri dilim qondan judo boʻldi, koʻzlar qon toʻkishdan toʻxtadi.

67. Koʻftgarlik — poʻlat aslaha, anjomlarni tilla suvi bilan qoplash san’ati. Muhammad Qazviniy tarjima izohida koʻftgarlikni kuftapazlik (taom turi) deb bergan.

68. Tarj.: Shundan xursandmanki, otgan oʻqi noshod koʻnglimga jo boʻldi, endi oʻz oʻqini qidirganida meni ham yodiga oladi.

69. Mavlono Sohib — Fasihiddin Sohib Doro nomi bilan mashhur qasidanavis shoir. Navoiyning yaqin suhbatdosh doʻstlaridan. Navoiy vafotidan soʻng Husayn Boyqaro kitobxonasiga kitobdor qilib tayinlangan. Xondamir «Habib us-siyar»da Sohibning asli Astroboddan, deb yozadi va shaxmat-shatranj bobida xoh kabir, xoh sagʻirni hozirona va gʻoyibona tarzda yuksak mahorat bilan oʻynar edi, deb ta’kidlaydi. Shuningdek, Sohib Navoiy vafotiga marsiya ta’rix yozganini xabar qiladi. Muhammad Qazviniy esa Sohibning insho fanida mohir boʻlganini qayd etadi va Navoiy bilan Sohib oralarida bir safar asnosida, boʻlib oʻtgan hazl-mutoyibani keltiradi hamda abjad hisobida har baytnning birinchi misraidan Navoiyning tugʻilgan yili ikkinchisidan vafoti yili ta’rixi chiqadigan qasida marsiyasini beradi. Bu qasida har bandi 8 baytli 5 banddan iborat boʻlib, shunday boshlanadi:

(Tarj.: Ey falak, shu yangligʻ bedodligʻ va berahmlik qilding.

Vey ajal, jahon mulkini vayron qilding).

Birinchi baytdan 844 (1441), ikkinchisidan 906 (1501) kelib chiqadi.

Vosifiy Sohib Doro ota tomonidan menga qarindosh edi, deb yozadi.

Muhammad Shayboniyxon Naxshabdan chiqib, Hirotni bosib olishi munosabati bilan ham Sohib Doro qasidata’rix yozgan ekan. Vosifiy Sohib Doro nomidan «Badoye’ ul-vaqoye’»dan bir turkum hikoyatlar keltiradi.: Ularning aksariyati Navoiy va zamondoshlari haqidadir. (Qarang: Boldiʻrev A.N. Navoi v rasskazax sovremennikov. Sb. Alisher Navoi. M. — L., 1946).

70. Tarj.: Ey doʻstlar, tokaygacha menga yor koʻchasiga borishlikni man’ qilasiz, borishni tark qilmayman, mendan kechib qoʻyaqoling.

71. Tarj.: Siynamda sitamkorning oʻqidan yara bor. Jonim dildan, ovora dilim esa jondan batang keldi.

72. Tarj.: Shunday bir kimsani istaymanki, jon chiqar paytda menga oʻz libosini kiygizsa, oʻladigan kunimda tobutimga ham yopsa.

73. Tarj.: Mening qaro baxtim habibim bilan uchrashishga mone’lik qildi, qanday badbaxtmanki, qaro baxtim ham mening raqibimga aylandi.

74. Tarj.: Dilim benavo boʻldi, shuning uchun u gʻamgindir, benavoning ham hamesha shunday boʻladi.

75. Tarj.: Ul ogʻizni baqbaqa ustidan qidirdim, u oy kulib dedi: bu yerdan tilak hosil boʻlmas.

76. Tarj.: Ey oy [yuzligim], bu kecha oʻz nuring bilan bu koshonani ravshan qil, boʻlmasa, bu uyga oʻt qoʻyib yuboraman.

77. Mavlono Majnun — Kamoliddin Mahmud Rafiqiy degan xattot va shoirning oʻgʻli. Uni «Majnun chapnavis» deb ham ataganlar. Chunki u chapdan oʻngga qarab yozish usuli «bozguna» xatining mohir ustasi boʻlgan (Qarang: Kazi-Axmad. Traktat o kalligrafax i xudojnikax (Vvedeniye, perevod i kommentarii B. N.Zaxodera). M.—L, 1947). «Oʻrta Osiyo xattotlik san’ati tarixi» kitobining muallifi, olim va xattot A.Murodov ma’lumotiga koʻra Majnun «Risolai qavoidi xutut» (Xatlar qondalariga oid risola) nomli asar yozgan. Majnun harf shakllarini nuqta oʻlchovi sistemasi asosiga qurgan ekan. Xondamir esa Majnunning yaxshi qasidalar yozganini bildiradi.

78. Tarj.: Va’z eshitishga borib, zor-zor yigʻlayman. Bu bahona bilan yor hajrida yigʻlayman.

79. Tarj.: Agar Layli va Majnun haqida yuzlab rivoyat bor boʻlsa, bular bizning ishqimiz voqealarining hikoyasidir.

80. Tarj.: Sharob qadahida rindlarning boshi hubob boʻldi. Koʻp boshlar [esa] qadah boshida sharobga aylandi.

81. Tarj.: Ey turk goʻzalim, har gal sen ziynatxonaga kirganingda, uni Xitoy suvratxonasiga aylantirib yuborasan.

82. Tarj.: Koshki edi, doim oyna uning qarshisida tursa, uning nazari boshqa agʻyor tomoniga tushmas edi.

83. Tarj.: Nozli goʻzalimga dilim ahvolidan soʻzlab nima qilaman, axir sevgim izlari sarigʻ yuzimdan koʻrinib turibdiku!

84. Tarj.: Gʻam vodiysida sapamlar ishqida shuncha oh urdim. Endi men gʻam-diyda shodlik bilan kam nafas olayapman.

85. Tarj.: Har dam u maygun lablardan uzoqlashsam, ikkala qon sochuvchi koʻzlarimdan kosa-kosa qon toʻkaman.

86. Tarj.: Garchi Majnunning dili ishq gʻamidan toʻla qon boʻlgan esa ham, lekin mening bu holim qaysi Majnunda boʻlgan?!

87. Tarj.: Ul qotil dilim xonasiga oʻz dogʻi bilan shunday muhr bosdiki, uning mehri oʻlganimdan keyin ham dilimda qolsin.

88. Tarj.: Ey dardlilarning qotili, sening tigʻingdan dardmandlar dili gʻunchadek qon boʻlib ketgan.

89 Tarj.: Ul quyosh yuzlining tor ogʻzimi yaxshilab koʻrgim keladi, uning yuziga koʻzim tushishi bilan koʻzlarim xiralashib, koʻra olmay qoladi.

90. Tarj.: Men sochlari toʻziq aqldan begonaman, ul parichehra ishqida dsvonaman.

91. Tarj.: Har bir xafa kishining nolasi [unga] jafoning koʻpligidandir. Men esa menga ham jabr qilganidan nola qilaman.

92. Tarj.: Ey parichehra, agar sen koʻzlarim saroyiga kelsang, dilim koʻzlarim pardasidan senga poyondoz toʻshaydi.

93. Tarj.: Bugun kechani yorituvchi ul sham’ , mening mehmonim boʻldi. Koshki edi, bu kecha qiyomatgacha tong otmasa.

94. Tarj.: Uning orzusida zarradek doim parishonman. Yuzining oftobisiz tinchligim ham yoʻq.

95. Tarj.: Ey xushqomat sarv, ey jafo qiluvchi shoʻxim, gʻamlaring oʻqidan bu majruh tanim chakalakzorga aylandi.

96. Tarj.: Dilim kaftidagi dogʻlar yorimning qoʻlidan kelgan. Garchi ular kuydirsada jonimning oromidir.

97. Tarj.: Hech vaqt yor mening zor-zor yigʻlaganimdan afgʻon chekmadi. Chunki men uning afgʻoniga yigʻlamagan edim.

98. Tarj.: Agar dildorimga bir ogʻiz soʻz aytish imkoniyatini topsam, afgor dilimning ahvolini arz qilardim.

99. Tarj.: Kimki qarshisida sening jamoling kitobini koʻrarkan, u qanday qilib mutolaadan koʻz uza oladi.

100. Tarj.: Garchi hayotim durust oʻtmasada, ishq bilan shodman, boʻlak qismatim yoʻq. Turmushning yaxshiligi va yomonligi bilan ishim yoʻq.

101. Tarj.: Hijron vodiysida dard bilan gʻamdan boshqa narsa yoʻqdir. Undan [yorning] xayoli bilan olam [tashvishlaridan] osoyish topaman.

102. Tarj.: Ey soqiy, biz adabsizliklar qilsak ajablanma. Biz mast kishilarmiz, bizlarda adab boʻlmaydi.

103. Tarj.: Men uning itlari galasi ichidan joy topdim. Ostonasi gʻuboridan koʻzimni ravshan qildim.

104. Tarj.: Nazar ahli mazoridan agar lola unib chiqsa; u lola dil dogʻi va jigar qonidan [iborat] boʻladi.

105. Tarj.: Koʻzlarim sening yuzing havasida boʻlgani uchun menga orqa oʻgirib, senga qarab turadi.

106. Tarj.: Yuzini oy deb atadim. Bu soʻzim butun shaharga tarqab ketdi. Tishlari haqida soʻzlagan edim, ogʻzim durlarga toʻldi.

107. Tarj.: Yorim meni nozu karashma zanjirida tutadi. Yana ishqida devonaligim meni xarob qiladi.

108. Mavlono Ziyrakiy — Hirotda anchayin tanilgan bu shoirning Navoiy «Majolis»da keltirgan gʻazaliga Turk sultoni Salimshoh Misr safari chogʻida (924/1518 y.) Muhammad Qazviniyga javob yozishni taklif etadi. Qazviniy uning matlasini keltiradi. Vosifiy Navoiy bilan bogʻliq hikoyatlarda Ziyrakiyning turli anjumanlarda ishtirok etganini qayd qiladi.

109. Tarj.: Ishq yoʻlida jafo toshlari yoʻl ozigʻimdir; togʻu dashtlarda lola — jigar goʻshamdir.

110. Tarj.: Uning yuzidagi xoldan behol boʻldim; uni yaratganga ofarinki, bu uning pargori nuqtasi boʻldi.

111. Tarj.: Ey falak, suyaklarimni tosh bilan yumshat; mabodo koʻngil oluvchimning tigʻini oʻtmas qilib qoʻymasin.

112. Badiuzzamon Mirzo (tugʻ. 1457, Marv — vaf. 1517, Istanbul) — shahzoda, shoir. Husayn Boyqaroning oʻgʻli, onasi Marv hokimi Sulton Sanjarning qizi Bika Sulton begim. Badiuzzamon 1495—1505 yillarda Siyiston va Balx hokimi boʻlgan. 1497 yilda Astrobod hokimligini talashish natijasida Husayn Boyqaro bilan oralari keskin buziladi. Xadicha begim va vazir Nizomulmulk fitnasi oqibatida oʻgʻli Moʻmin Mirzo qatl qilingach, Badiuzzamon sarkashligi yanada ortadi. Shayboniyxon 1506 yil Hirotni bosib olganda Badiuzzamon Eronga Ismoil Safaviy huzuriga qochadi.

Muhammad Qazviniy ma’lumotiga koʻra, Turk Sulton Salimxon Tabrizni egallaganida Badiuzzamonni izzat-hurmat bilan Istanbulga olib ketadi. Taxtdan umidini uzmagan Badiuzzamon Sulton Salim xizmatida boʻladi va 1517 yilda toun (vabo) kasali bilan dunyodan oʻtadi. Navoiy bu shahzoda siymosida davlatni idora etish siyosatini puxta bilgan, keng ilmlardan xabardor valiahdni koʻrishni istagan va bu yoʻlda tinmay harakat qilgan. Unga «Xamsa» dostonlarida pandu nasihatlarga toʻla alohida boblar ajratgan, tez-tez maktublar yoʻllab turgan, jumladan usuli idora xususidagi, Moʻmin Mirzo qatli munosabati bilan va b. Navoiy yozgan maktublari «Munshaot» tarkibida mavjud. Faxriy Hirotiy Badiuzzamonning Moʻmin Mirzo qatliga yozgan quyidagi baytini keltiradi:

Vazidi, ey sabo, barham zadi gulhoi ra’noro,
Shikasti z-on miyon shoxi guli navrastai moro.

(Tarj.: Ey sabo, sen esding va ra’no gullarini sovurding. Shu orada mening endi gullay boshlagan yosh shoximni sindirding). Navoiy «Majolis»ning yettinchi majlisida Badiuzzamon haqida maqola beradi.

A.Murodov Habibning «Xat va xattoton» (Istanbul, 1887) asariga tayanib, Badiuzzamon Mirzonnng turli xatlarni puxta bilganligi va ayniqsa, nasta’liq xatida gʻoyat goʻzal yozganligini bayon qiladi. Badiuzzamonning Abulfayz nomiga yozilgan bir «iydlik» (hayitlik) qit’asining rasmi mavjud ekan.

113. Tarj.: Zor koʻngilning yonishi hech qachon koʻz yoshi bilan kamaymaydi. Mendagi bu oʻt faqat tuproqdan taskin topadi.

114. Tarj.: Yolgʻizlar zamona bandlaridan ozoddirlar; ular ne birovning tuzogʻiga tushgan va na ovchilardir.

115. Tarj.: Gʻamingsiz nafas ola olmayman; gʻamsiz nafas chiqara olmayman.

116. Tarj.: Qoʻl dilda, oyoq loyda qolgan; olamda bosh koʻtarib yura olmayman.

117. Tarj.: Dilga doim jafo yetkazib turasan. Boshqalarga qilgan jafolaring menga yana boshqa balodir.

118. Tarj.: Men dilsiz [bechora] hatto soyani ham uning yonida boʻlishini istayman. Ey hajr kechasi, kel va uni yer yuzidan yoʻqot.

119. Tarj.: Kechasi ul koʻngil yorituvchining iti yonida ketar ekanman, shodligimdan tonggacha koʻzimga uyqu kelmadi.

120. Tarj.: Agar mening etagimni malak-farishta tiriklik (Xizr) suvi bilan yuvgan boʻlsa edn, hozirda jononim etagidan qoʻlingni uzoq tutgan boʻlarding.

121. Tarj.: Jodu koʻzing tufayli dil yuz pora boʻldi; men[endi] bir dil bilan emas, yuz dil bilan yuzingning oshigʻi boʻldim.

122. Tarj.: Yuzingsiz motamu gʻamim bor. Motam [boʻlganda ham] oh qanday motamim bor!

123. Tarj.: Ishqing savdosidan boshim osq ostidadir. Chunki bizning sirrimiz boshlanishini koʻrmadim.

124. «...abluq yoʻsunluq yigitdur»-ya’ni ikki yuzlamachi (laganbardor) tabiatli yigitdur.

125. Tarj.: Yor mening holimdan, agʻyor esa afgʻonimdan yigʻlaydi. Menga va mening ahvolimga doʻst ham, dushman ham yigʻlaydi.

126. Tarj.: Hajringda gʻam olovi boshimga urib ketganida, koʻzlarim girdobidan sham’ kabi yoshlar toʻkaman.

127. Tarj.: Uning oy yuzi oyinasiga gard oʻtirmasligi uchun jamoliga boʻlgan mehr qarshisida ohimning yoʻli bekildi.

128. Tarj.: Ey soqiy, men mastmanu sof may tutasan; agar badmastlik qilsam, yaxshisi, kechirgaysan.

129. Tarj.: Vaslingga bir dam yetishish abadiy hayotdan yaxshiroqdir; vaslingni eslash bilan shod edim, bu zamon shodroqdurman.

130. Tarj.: Kishilar ishqing yoʻlida, bemalol ketaveradilar, oshiq menu, boshqalar bekorga ovora boʻladilar.

131. Bu shoir haqida Muhammad Qazviniy quyidagilarni ilova qiladi. Arabistonda musiqa sohasida keng shuhrat qozonadi. Uning ikki gʻulomi boʻlib, ular birgalikda bir-birlariga ovozlarini sozlab, hamovozlikda Shayxiyning asarlarini kuylaganlar. Birisi Siyohcha nomli hindu boʻlib, Rumga ketadi. U 968 (1560—61) y. da Rumda yashaydi va ul diyorning musiqa sohasidagi mashhur san’atkorlaridandir. Ikkinchisi rumlik boʻlib, Hindistonga ketadi.

132. Tarj.: Yonayotgan koʻksimdagi bu narsa dogʻ emas, bu ishq muhridirki, sening sevging uchun jonimgʻa bosilgandir.

133. Tarj.: Bahor fasli, gul mavsumida [koʻngil] yozish kerak. Ey soqiy, may keltir, aytishning nima hojati bor!

134. Tarj.: Sening kamandingga har qanday baxtsiz ilnnavermaydi. Bu balo [domi] yolgʻiz bizning boʻynimizga tushgan.

135. Tarj.: Kecha oqshom meying nolalarim maloikalar uyqusini qochirdi; oyning [atrofidagi] yorugʻlik gardishini mening koʻz yoshlarim toʻfonidan suv olib ketdi.

136. Bu shoir haqida Faxriy Hirotiy shunday ilova qiladi: Nargisiy Navoiy yozganidek, Marvdan emas, balki Amir (ya’ni Navoiy) xizmatiga Marvda yetishgan. Hozir (ya’ni, «Majolis» tarjima qilingan. 1520 yillarda) Abharning shayxzodalaridan boʻlib, shu oʻlka odamlari uning ajdodlarini gʻoyat hurmat qiladilar. Agar avvallar bevoshlarga qoʻshilib, sharif vaqtini behuda sarf qilgan boʻlsa ham, hozir koʻproq vaqtini roʻza va namoz bilan oʻtkazmoqda.

137. Tarj.: Sening ishqing dardi kimniki devona qilgan boʻlsa, Majnun kabi vayrona burchagidan joy egalladi.

138. “Goʻyoki birovning mamluki ekandur. Xojasi ani yo ul Xojasini ozod qilibtur” kimningdir asiri boʻlgan bu shoirning ozod qilinishi haqida Navoiy xojasi uni ozod qilibdimi ekan yoki ozodlik olib, Xojasini oʻzidan xalos qilibdimn degan ma’noda istehzo bilan yozadi.

139. Tarj.: Ey Zuhra manglayli, seni koʻra olmay umrim oʻtmoqda, esizgina, aziz vaqtlarim shunday oʻtib bormoqda.

140. Tarj.: Ey xandon gʻuncha, yuragimni siqiqda tutganing uchun jon [bu] yurakdan toʻydi-yu yurak jonimni oldi.

141. Tarj.: Ey zohid, toʻningni keltirib mayga garov qoʻy; zohidlik asbobini va toat-ibodat uyini xarob qil.

142. Tarj.: Men ovoraga itlaring oldiga borib, bechora dilim ahvolini aytishga yoʻl yoʻq.

143. Tarj.: Sharob qadahidan menga jon ravshanligi keladi. Ul tiniq mayning mavji men uchun jon oynasidir.

144. Tarj.: Ey sarvi noz, bizning dilimizdan joy olmaysan, joy olasanku, lekin bizning dilimizdan emas.

145. Tarj.: Ey gʻam tuni, ul sham’dan uzoqda mening jamolimni kuydirding; yillar visol kuning va’da qilib, meni yondirding.

146. Mavlono Zeboiy — shoiralar haqida ma’lumot beruvchi tazkiralarda Zeboiyning ayol shoira ekanligi ta’kidlanadi va Jomiy uni madh etgani bayon etiladi.

147. Tarj.: Sening qomating yura boshlasa, sarvni ham oʻz bandasi qiladi, ham ozod qilib yuboradi.

148. Tarj.: Ul lola yuzli meni oʻzining quli deb ataydi, oxirda yuzimning qoraligi oʻz ta’sirini koʻrsatadi. Navoiy shoirning qora rangli qullardan ekanligini va bu matlai oʻz holiga munosib tushganligini bayon qiladi,

149. «Qalloshiy» — shuhratsiz, yalqov, daydi ma’nosini anglatadi. Navoiy shoirning «atvori taxallusigʻa munosib» der ekan, uning tabiatida qusurlar borligiga ishora qiladn.

150. Tarj.: Seni olam goʻzallarining podshohi qilib yaratgandan odamlarning yomon koʻzidan asrashini tilayman.

151. Mavlono Gadoiy — oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi, sohibi devon shoir. «Majolis» yozilgan vaqtda 90 yoshdagi shoir taxminan 806 (1403—1404) yilda dunyoga kelgan.Uning yagona devoni Parij Milliy kutubxonasida saqlanadi. Gadoiyning Shohruxning nabirasi Xalil Sultonga bagʻishlangan bir qasidasi bor. Uni E.Rustamov Temur nabirasi Xalil Sultonga xato nisbat bergan edi. Birinchi marta Gadoiy haqida shu satrlar muallifi 1962 yilda maqola e’lon qilgan. 1965 yilda shoir she’rlaridan kichik majmua chiqargan edi. 1973 yilda E.Ahmadxoʻjayev Gadoiy devonini Parij nusxasi asosida soʻz boshi bilan nashr qildi.

152. Tarj.: Senda anbar [hididan ham xushboʻy] soch paydo boʻlganidan beri bizning koʻnglimiz vatanli boʻlib qoldi.

153. Tarj.: Eshigingda arzga kelgan miskinlar nolayu zor qilib turar ekan, seni goʻzallik podshohi deb kim aytadi?

154. Tarj.: Ey dil, uning gʻami bilan boʻlib seni savdoga qoʻydim, oʻzim haqimda oʻylamaymanu, sening tashvishingni cheka olamanmi?

155. Tarj.: Mening sarvim dilimdan hzm, koʻzimdan ham joy olgan; u gul kabi pokiza, sabo kabi yoqimlidir.

156. Tarj.: Sening yuzing beqaror dillarning qiblasidir, oyogʻing izlari xoksorlar mehrobidir.

157. Tarj.: Bu kecha uning la’l lablari oshiq qoniga tashna koʻrinadi. Ey soqiy, [unga] may berma, mastlikdan uni uyqu elitmasin deb qoʻrqaman.

158. Tarj.: Sen [otgan] oʻq dilim gulzorining daraxti boʻldi; u dil yukidan boʻlak meva qilmaydi.

159. Tarj.: Uning shakar lablaridan garchi menga dashnom yetsada, achchiq soʻzlarida ham shirinlik tuyaman.

160. Tarj.: Men oy yuzingdan yiroqda har kecha sahargacha yigʻlab chiqaman. May idishi kabi qonga toʻla dilim, [koʻz yoshi bilan] nam koʻzim qarshisida yigʻlaydi.

161. Tarj.: Yuzta soʻzdan hiyla bilan biriga quloq osasan, uni ham aytmasimdanoq esingdan chiqarasan.

162. Tarj.: Hajringda dil dam-badam nolayu oh chekadi. Gʻaming dilga qasd qilib edi, endi jonga qasd qilmoqda.

163. Tarj.: Kozurgoh dalalarining havosi va Sultoniyning suvi, agar bilsang, jannat shabadasi va Hizr umrini baxsh etadi.

164. Tarj.: Uning yuzlarisiz kiprigim uchidagi har qatra qon hijron kechasining yonib turgan mash’ali boʻlib qoldi.

165. Tarj.: Sahar chogʻida ul oy yuziga niqob tortganida, xalq orasida quyosh tutildi, deya figʻon koʻtariladi.

166. Tarj.: Miyigʻidagi sabzalardan soʻz ochsam, Xoʻtan mushkidan gapirasan; [shunday qilib] qachon bu bilan zulfi haqida soʻzlashasan?

167. Tarj.: Mayxonaga boraman, uning bir burchagidan oʻzimga joy tanlayman, may kosasini topamanu, oʻsha yerda sipqaraman.

168. Tarj.: Yorimdan ayrilib, baloga giriftor boʻldim, ne balo boʻldiki, yorimdan judo boʻldim.

169. Tarj.: Gulzorga toʻkilgan gul bargi emas, bulbul yuragi yarasiga paxtadan qilingan qonli kafandir.

170. Tarj.: Bu yashil gunbazda koʻringanlarni yulduz deb oʻylama, yuzing tomoshasiga maxliyo boʻlgan hurlarning koʻzlaridir.

171. Tarj.: Qonga boʻyalgan lola pardasini xoli kurib, yuragim pardasidan chiqib ketibdi, deb oʻylabman.

172. Tarj.: Yorimning hajridan kunlarim qaro boʻldi. Mening kunlarim va roʻzgorim hech kimning boshiga tushmasin.

173. Tarj.: Yana miyigʻidagi sabzalar gulzori yangi soʻlim maysalar paydo qildi. Jahon bogʻining ishi yana boshqa rang paydo qildi.

174. Tarj.: Odamlar oldida koʻzim yor yuziga tushmasin deyman, lekin u yaqin kelsa, yuziga beixtiyor nazarim tushib qoladi.

175. Tarj.: Ul pari kiygan libos gul bargidandir. Kiyimning har tarafidagi bogʻichlar emas, uning par va qanoatlaridir.

176. Tarj.: Qaddim kamondek egildi; umr oltmishga yetdi, yoshlik yoydan oʻqdek tilib ketdi.

177. Tarj.: Zaiflik dil xastaligidan emas, sening hajringdandir. Dil nolasidan tab’ing ranjimagay, deb qoʻrqaman.

178. Tarj.: Tunda biz oshiqlarning toʻshagi qora tuproqdir, xolos. Ustimizga yopgan choyshabimiz [esa] osmondir, xolos.

179: Tarj.: Ey sham’, bu kecha ul oyning yuziga da’vo qilishdan kech, majlisimizni qorongʻu qilding, endi tilingni qisqa qil.

180. Faxriy Hirotiy bu shoirning nomini Xoja Mir Mast ekanligini va avval «Figʻoniy», keyin esa «Ziyo» taxallusi bilan ijod qilgani va ta’rix tushirishda mohir boʻlganini yozadi hamda shoirning bir ta’rixi, qasidasidan bir matla’ va gʻazalidan bir matla’ keltiradi.

181. Tarj.: Kimki Chin suratiga oʻxshagan yuzingga koʻz ochib qarasa, shundan soʻng seni tomosha qilishdan koʻzini uzmaydi.

182. Tarj.: Jononning mehrsizligiga bundan ortiq bardosh qila olmayman. Ey xudo, ul nomehribonni menga mehribon qilgʻil.

183. Tarj.: Qonli koʻz yoshini raqibdan yashirish uchun Majnunning yuzi doim devorga oʻgrilgan edi.

184. Tarj.: Voizimiz har doim may ichishni man’ qiladi: oʻzi shu maydan bir siphorsa-yu may uni vaysashdan bir dam toʻxtatsa, qanday yaxshi boʻlar edi!

185. Tarj.: Boshimda xumning tagidagi loyga yetishish havasi bor edi, badbaxtlikni qaraki, oʻshanga ham qoʻlim yetolmadi.

186. Tarj.: Ul hayot chashmasidirki, odamlar undan jon topadilar. Ammo u chashmadan mening ogʻzimda hayrat suvidan boshqa narsa yoʻqdir.

187. Tarj.: Yordan judolikda ishtiyoqdan boʻlak dardim qolmadi. Ey ajal, kela qol, ayriliqqa toqatim qolmadi.

188. Tarj.: Koʻzimdan yoshlar sel kabi toʻlib oqmoqda. Ikki koʻz ul sel ustidagi hubob (qabarchiq koʻpik)dek kelmoqda.

189. Tarj.: Ul [yor] uchun oʻzimni oʻldirsam, uning qahri keladi. Vah, bu qanday qahrdirki, u qahr tufayli oʻzimni oʻldiraman.

190. Tarj.: Nay ohanglar zamzamasi bilan dam ursa ham, mening nolam oldida ovoz chiqara olmaydi.

191. Tarj.: Ey koʻngil, menga uning sarv kabi qomati koʻrinmasa, jonimga har lahzada hajr oʻqi qadalaveradi.

192. Tarj.: Bayram keldi, oʻzimning oydek goʻzalim boʻlmagani uchun menga shodlik yoʻq, barcha xalq shod, mendek gʻamgin yoʻq.

193. «Bu hazratkim...»— Abdurahmon Jomiy nazarda tutiladi. Ruboiydagi «bu hazrat» Sulton Husayn Boyqaroni, «ul hazrat» esa Jomiyni anglatadi. «...ul hazrat haq sari qildi rihlat» misraidan Jomiyning vafot etgani anglashiladi. Ana shu uchinchi majlis avvalida esa Jomiyga hali hayot shoir sifatida ta’rif beriladi. Gap shundaki, Navoiy «Majolis un-nafois»ki toʻldirib, uning har majlisi alohida xotimalar yozgan va asarning ikkinchn tahririni yaratgan. Bu uhdani shoir 1498 yilda amalga oshirgan. Binobarin, bu vaqtda Jomiy hayotdan koʻz yumgan edi. Yuqorida Jomiyniig 1492 yilda vafot etgani tilga olnngan edi.

Toʻrtinchi Majlis

1. «azharu min ash-shams»—arabcha: quyoshdan porloq, demakdir. Pahlavon Muhammadning kamoloti ta’rifida aytilgan.

2. Tarj.: Ka’ba va kalisoda sening irshoding bilanmiz, ibodatxona va mayxonada sening yoding bilanmiz. Saharda zikring, shomda esa sening duolaring bilanmiz. Ya’ni, Ne’mat-oboding yetimlarimiz. Pahlavonning javobiya ruboiysi:

Tarj.: Ey Amir, sen pirimizsan, biz sening irshoding bilanmiz. Doim duogoʻyingmiz va sening yoding bilanmiz. Bu shahr senga yoqimli-yu, biz sen bilan xushvaqtmiz. Biz oʻlganmiz, Astroboding [yoʻlida] xarob boʻlganlarmiz.

Avvalgi ruboiyni Navoiy Astroboddan Pahlavon Muhammadga maktubda yozpb yuboradi va javob xatida keyingi ruboiyni oladi. Navoiy bu haqda «Holoti Pahlavon Muhammad» asarida ham yozgan.

3. Tarj.: Unga aytdimki, sening ishqing olamida ishim gʻamdin iborat boʻldi. U kulgi aralash miyigʻida: «gʻam emas, olamning ishidir», dedi.

4. Tirziq — bir-biriga munosabatsiz ravishda birikkan soʻzlar.

Kelishmagan soʻzlardan she’r bitish boʻlsa kerak.

5. Kungur — devordan chiqib turgan xodani, devor ustidagi dandanalarni anglatadi, shunigdek, «behayo», «gadoy» hamda «nogʻorachi» ma’nosida ham keladi. Navoiy Mir Sarbarahna yoshligida «kungur» laqabli Oqil degan yigit bilan birga boʻlib, poklikdan qaytib, uning yigitlari ta’siriga berilgan edi, deb yozadi. Mir Sarbarahna ijodidan keltirilgan ruboiy mazmuniga koʻra «kungur» soʻzi birinchi ma’noda olingan boʻlsa kerak.

6. Tarj.: Quyosh bilan oyga topinuvchilar sening koʻzingdan bir nazar orzu qiladilar. Ruboiyning keyingi bayti behayo mazmunda boʻlgani uchun tarjimasi berilmadi.

7. Imtilo marazi — mechkay, yuxo — yeb toʻymaslik kasali. Bunday bemorning behad semirib ketish hollari ham uchraydi.

8. «Javohir ul-asmo» — Ismlar javohirlari.

9. Tarj.: Ta’rixi shunday edi: «Alisher muhr bosdi». Navoiy ta’rixning toʻla matnini keltirmay (kamtarlik bilan ta’rif unchalik toʻgʻri emas deya), uning moddasini beradi. abjad hisobida, 876 (1471—72 y.) iborasidan esa 10 yil tafovuti

bilan 886 (1481—82 y.) kelib chiqadi.

10. Tarj.: Sanamning dastidan poklikning etagi yirtildi. Xotir lavhi-sahnidan xayolingdan boshqa nimaiki boʻlsa, oʻchib ketdi.

11. Mavlono Mas’ud — Xondamirning «Habib us-siyar»da yozishicha. Mas’ud Shirvoniy ilmi kalom, mantiq, falsafada zamona allomalaridan boʻlgan. U «Gʻiyosiya» - nomli madrasada ham mudarrislik qilgan. Navoiy ham uning ba’zi darslarini eshitgan. Faxriy Hirotiy «Mullo shudan oson ast, odamiy shudan dushvor» (Mullo boʻlish oson, odam boʻlish qiyin) matalini unga nisbat beradi. Xondamir Mas’udning «Hoshiyai sharhi hikmat ul-a’in» degan asari borligini xabar qiladi.

12.: Tarj.: Mastlar koʻksini tiniq mayning oʻtkirligi bilan kuydir, mening kuyishimga sharobdan boshqa hech narsa davo boʻla olmaydi.

13. Tarj.: Muruvvatli va gunoh ishlarni yopib ketuvchi podshoh davrida Hofiz soqiy boʻldiyu, muftiy mayxoʻr boʻldi.

14. Tarj.: Koʻzimni sening yuzing oyinasi qilmoqchi emasman, kipriklardan zulfingning anbar taratuvchi tarogʻi qilmoqchimasman.

15. Tarj.: Uning boshi atrofida jon boʻlib qolgan kokilingni xayolingga keltirmaki, parishon qiladi.

16. Mir Atoulloh Amir Burhoniddin Atoulloh Husayniy Nishopuriy (taxm. XV asr 40 yillar, Nishopur — 1513, Mashhad) adabiyotshunos olim. «Ato», «Atoiy» va «Atoulloh» taxalluslarida ijod qilgan. «Ixlosiya» va «Sultoniya» madrasalarining mudarrisi boʻlgan. Xondamir «Makorim ul-axloq»da yozishicha, Navoiy Mir Atoullohga «Ixlosiya» madrasasi yaqinidan «maydoni keng, imorati koʻp, havosi goʻzal va suvi shirin» hovli tortiq qilgan. Olimning «Badoye’ us-sanoye’» (Badiiy san’atlar) va «Risolai qofiya» nomli adabiyot nazariyasi, aruz va qofiya ilmiga oid asarlari bor, «Badoye’ us-sanoye’» Alibek Rustamov tomonidan 1981 yil oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.

17. Maqlubi mustaviy — arab alifbosida yozilgan, oʻngdan ham, chapdan ham bir xil oʻqiladigan soʻz, ibora yoki she’r san’atini anglatadi.

18. «...soyim ud-dahr erdi» yil boʻyi roʻza tutadigan edi, ma’nosini anglatadi.

19. «Shahr zarif va shoʻxlari «Vali, shaloin» ham derlar» — Shahr hazilkashlari va shoʻxlari «Shilqim (xira)lar avliyosi (boshligʻi)» ham derdilar. Navoiy tushuntirishicha, Mir Murtoz kim bilan nima masalada bahs boshlasa yengmaguncha, mulzam qilmaguncha tinchimas ekan, ya’ni odamni xit qilib tashlar ekan. Shuning uchun yuqoridagi laqab bilan ataganlar koʻrinadi.

20. Tarj.: Koʻngil oluvchining xayolidan boshqa narsa koʻngilga kelmaguncha, yoʻli ustida koʻz qorachigʻlari nazoratchi boʻladilar.

21. Mavlono Husayn Voiz (tugʻ. yili noma’lum, Sabzavor yaqinidagi Bayhaq degan joy — vafoti 1505, Hirot), taxallusn «Koshifiy» shoir, adib, voiz. Nishopur va Mashhadda ham yashagan. Jomiy va Navoiyga juda yaqin boʻlgan. Uning va’z, insho, nujum, axloq, tarix, tasavvuf, riyoziyot va fiqh fanlariga oid 37 asari bor, jumladan «Anvori Suhayliy» nomli mashhur asari «Kalila va Dimna»ning tarjimasidir,

Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin» asarida, oʻziniig Abdurahmon Jomiy vafotiga yozgan marsiyasini katta ma’rakada Xusayn Voiz Koshifiyga oʻqitgan. Bundan Qoshifiy she’rlarni ham goʻzal oʻqigani va ovozi ham yaxshi boʻlgani koʻrinadi.

22. «Javohir ut-tafsir» — Tafsir javohirlari.

23. Tarj.: Mehrob va minbarda shunday yaxshi koʻrinadigai voizlar xilvat joyga borganlarida boshqa ishlar qiladilar.

24. Tarj.: Ey sabzak miyigʻli [goʻzal], toza qora mushkni yosuman guliga sepma, [zulf kabi] toblangan sunbulni nastaran guliga urmagil.

25. Hazrat Amir ul-moʻ’minin Ali — ibn Abu Tolib (661 yilda oʻldirilgan) islomda «Xulafo ar-roshidin» (toʻgʻri yoʻldan borgan xalifalar), xalq orasida «choryorlar» deb atalgan toʻrt xalifaning toʻrtinchisi. Muhammad paygʻambarning ham amakivachchasi, ham kuyovi (qizi Fotimaning eri). Islomdagi ikki asosiy oqimdan biri «Shia» (arabcha, guruh demakdir, bu yerda Ali tarafdorlarini anglatadi) oqimini tashkil qilgan. Alini, shuningdek, ajoyib sarkarda va qahramon shaxs sifatida ham koʻp kitoblarda ta’rif qiladilar.

26. Tarj.: «Bizning Mu’inimiz koʻp qobiliyatli edi, lekin bu yogʻoch, zinapoyalar uni zoye’ qildi». Bu yerda va’z oʻqiladigan minbar zinalari koʻzda tutiladi,

27. Tarj.: Bahor fasli keldimi ekan, olam qoʻkalamlashib, shodlikka toʻldi, gʻoʻzalning visoli yetishdimikin, koʻngil vaslga hamdam boʻldi.

28. Bu arabcha she’r matnini anglab olmadik.

29. Mirxond — Muhammad ibni Xovandshoh ibni Mahmud (tugʻ. 1433, Balx — vaf. 1498, Hirot) tarixchi. Otasi Burhoniddin Xovandshoh asli buxorolik boʻlgan. Mirxond Navoiy taklifi bilan «Ravzat us-safo» (Safoli jannat) nomli temuriylarga bagʻishlangan tarixiy asar yozgan. 7 jilddan iborat bu asarning 6 jildi Mirxond qalamiga mansub, 7-jildini nabirasi Xondamir yozgan.

30. Tarj.: Kimki obi hayotdan qoʻl yuvsa, zamona Xizri oʻshadir, Kimki nafs zulmatidan, chetga chiqsa Iskandar oʻshadir.

31. Xondamir — Gʻiyosiddin ibn Humomiddin Muhammad (1475-1534), tarixchi, mashhur tarixchi Mirxondning nabirasi (qizining oʻgʻli). Yoshligidan to Navoiy vafotigacha uning xizmatida boʻlgan, kitobxonasini boshqargan. Xondamir Navoiyning birinchi biografi hisoblanadi. U «Makorim ul-axloq» asarida shoir shaxsiyati, faoliyati, ijodiyotidan muayyan ma’lumotlar keltirib, uning sharxi holini yaratib beradi. Xondamirning «Habib us-siyar» (3 jildli), «Xulosat ul-axbor», «Dastur ul-vuzaro» (Vazirlik uchun dastur), «Nomai nomiy» (Atoqli nomalar) kabi asarlari ma’lum. Husayn Boyqaro vafotidan keyin Xondamir Shimoliy Afgʻonistoning Basht degan qishlogʻida yashab ijod qiladi. 1528 yil Hindistonga Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga joʻnaydi. Boburdan soʻng Humoyun xizmatida qoladi. Bu paytlarda Xondamir «Humoyunnoma» degan asar yozgani haqida ma’lumotlar bor (qarang: D. Yusupova. Xondamir ijodi. Sharqshunoslik—1 toʻplami. Toshkent, «Fan», 1990). 1534 yilda vafot etgan Xondamir Dehlidagi mashhur Nizomiddin Avliyo va Xusrav Dehlaviy dafn etilgan qabristonga qoʻyilgan.

32. Mavlono Hamididdin — Xondamirning «Habib us-siyar»da yozishicha, uning otasi Mavlono Shamsiddnn Muhammad Tabodgoniy vafotidan keyin Hirotda (Xiyobonda) dafn qilingan joyning janubida Navoiy xonaqoh soldirgan, Hamiliddin shu xonaqohda toat-ibodat bilan mashgʻul boʻlgan va 927-1520-21 y. vafot etgan.

33. Tarj.: Goho xasta dillarni yod qilmoq kerak, biror koʻngilni xudo uchun shod qilmoq kerak.

34. «Manozil us-soyirin» — Sayr qiluvchilar manzillari. Xoja Abdullo Ansoriy asari.

35. B arabcha she’r mazmuni ochilmadi.

36. Tarj.: Jahonga kerak bu bogʻdan qanday qilib tashqariga qadam qoʻyay, chunki uning ichkarisi jannat bogʻi, tashqarisi Eram bogʻidir.

37. Mir Ixtiyoriddin — bu shoir nomini «Majolis»ning har ikki tarjimoni «Sayyid Ixtiyor» tarzida beradilar.

38. Tarj.: Bu havzning tozaligidan soʻzlamoqchi boʻlganimda, ogʻzimni yuz marta obi hayot bilan yuvaman. Har chandki, Xizr chashmasi boʻlsa ham ta’rixini «Kavsar soqiysi»dan axtaraman. She’rning ta’rix moddasi iborasi boʻlib, abjad boʻyicha 897 (1486—87) chiqadi. «Poi Hisor» deb atalgan havz ana shu yilda bitilgan ekan.

39. Tarj.: Qomating xayoli unqusiz koʻzlarda suv oʻrtasida har tomonga suzgan baliqdek aylanadi.

40. Tarj.: Ey bas endi! Goʻzal yuzlar mening tavbamday, koʻp eski tavbalarni bir qarashdayoq yoʻqqa chiqardilar.

41. Mir Husayn Muammoiy — «Habib us-siyar»da shoirning uzoq yillar «Ixlosiya» madrasasida yashagani, turli bilimlar oʻrgangani, muammoda dong taratgani hamda 904/1498—99 y. da vafot etgani va shu madrasa gunbazi ostida dafn qilingani bayon etiladi.

42. Tarj.: Hilol shaklidagi qoshlaring namli koʻzlardan nari ketmadi. Toʻgʻri, baliq ham daryodan quruqlikka chiqmaydi.

43. Faxriy — «Majolis»ning birinchi tahririda bu shoir yoʻq, u keyin ikkinchi tahrirda (1498 yil) kiritilgan. Forsiy tarjimalar ham asos e’tibori bilan avvalgi tahrir matnidan qilingan. Fikrimcha, bu «Majolis»ning birinchi tarjimoni Faxriy Hirotiy boʻlishi kerak. Faxriyning toʻla ismi Sulton Muhammad ibn Amir Muhammad (tugʻ. yili noma’lum, Hirot — vaf. 1562—63, Hindistoi) shoir va adabiyotshunos. Asarlaridan «Latoifnoma» nomi ostidagi «Majolns un-nafois» tarjimasi. 189 nafar yangi shoirlar haqidagi ma’lumotni ilova qilgan. «Tuhfat ul-habib» (Doʻstlar tuhfasi), «Javohir ul-ajoyib», «Ravzat us-salotin» (Sultonlar jannati) kabi turli mavzudagi asarlari va «Sano’ ul-hasan» (Goʻzal san’atlar) nomli badiiyat masalalariga bagʻishlangan risolasi, «Radoyif ul-ash’or» degan har-xil shoirlar she’riyatidan radiflar boʻyicha tuzilgan majmuasi ma’lum. Shuningdek, Faxriy qalamiga «Haft kishvar» (Yetti mamlakat) nomli afsona, asotirlar va axloqiy masalalardan baxs etuvchi asar hamda taxminan 5 ming baytdan iborat she’rlar devoni ham mansub, degan ma’lumotlar bor.

44. Ey sarvi nozanin, hech vaqt senga dil mehribon boʻlmagan deb aytding. Sendan [mening] bunday gumonim boʻlmagan.

45. Sayid Ja’far Muhammad Qazviniy yozishicha, bu shoirning devoni oʻsha davrlarda mashhur boʻlgan ekan.

46. Tarj.: Goʻzalim zulm zanjiriga qoʻl solib, Hizr obi hayotini tashna odam yodidan koʻtardi.

47. Mir Sayyid Husayn Abivardiy — Kamoliddin Husayn, shoir Navoiy xizmatida boʻlgan. Xondamir “Habib us-siyar”da uning Iroqda Ya’qub Mirzo saroyida bir necha yillar boʻlganini yozadi va quyidagi maroqli lavhani keltiradn. Navoiy bu shoirni Sulton Ya’qub Mirzo huzuriga Jomiyning kulliyoti va bir nechta boshqa asarlar bilan joʻnatadi. Shoir yetib borganida Sulton undan yoʻlda zerikmay keldingizmi?, deb soʻraydi. U, Jomiy hazratlarining kitoblarini mutolaa qilib keldik, deya javob qiladi. Keyin ma’lum boʻladiki, kitobdor Jomiy kulliyoti oʻrniga boshqa asar berib yuborgan va shoir uni ochib ham koʻrmagan ekan. Bu voqiadan Navoiy voqif boʻlgach, Kamoliddin Husayndan juda ranjigan, keyinchalik unga hech qachon iltifot koʻrsatmagan. Soʻngra u Balxda Badiuzzamon Mirzo xizmatida boʻlib, yuqori lavozimlarga koʻtarilgan. Shayboniyxon davrida esa elchilik qilgan.

48. Tarj.: Yuzing quyoshiga dunyo quldir. Yusufga Ya’qub deb ot qoʻyibdilar. Navoiy bu bayt ham mazmun, ham shakl jihatidan past saviyada yozilgani haqida fikr bildiradi. Muhammad Qazviniy esa, agar Navoiy «Yusufga Ya’qub deb ot qoʻydilar» tarzida emas, «Yusuf nomini Ya’qub qilding» deya oʻqiganda edi, har jihatdan she’r yaxshi chiqqani ma’lum boʻlar edi, deb oʻz fikrini ilova qiladi.

49. Tarj.: Biror dam dunyo dastidan qutula olmadim. Ey soqiy, kel, bir nafas mayparastman.

50. Tarj.: Biz doim mastdirmiz; mayxonadan nima ginayu, qadahlarning toʻla va kamligidan nima gina!

51. «rushd osori zohirdur» yetuklik belgilarin koʻrinib turibdi, demakdir.

52. Tarj.: Jahonda sening gʻamingda yurgan mendek boshqa bir kishi noʻq. Yuragi kuygan, yolvoruchan odam yoʻq. Gʻam va dardimni ochib tashlashni istayman, biroq nima qilayki, hech hamdard yoʻq.

53. Mavlono Safiy — Faxriddin Ali Safiy (tugʻ. 1463, Sabzavor— vaf. 1533, Hirot) shoir va adabiyotshunos. Uning asarlaridan «Rashahoti ayn ul-hast» — naqshbandiya silsilasi haqida, «Mahmud va Ayoz» — Nizomiy «Layli va Majnun»iga javobiya tarzida yozilgan, otasi Husayn Voiz Koshifiyning «Asrorn Qosimiy» risolasining qisqacha bayoni, «Latoyif ut-tavoyif» (turli tabaqalarning latifalari) ma’lumdir. Ali Safiyning «Latoyif ut-tavoyif»dan tanlab olingan ba’zi rivoyatlar K.Qahhorova va S.Inomxoʻjayevlar tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.

54. Tarj.: La’ldek qizil lab va xush is bilan kelibsan; ajoyib bezak bilan undan chiqibsan.

55. Tarj.: Masih agar uning ogʻzidan bir ogʻiz soʻz eshitsa, uyalganidan ortiq dam urishga ham majoli qolmaydi.

56. Mavlono Abdulvose’ — shoir, insho fanida mohir Navoiyning yaqin suhbatdoshlaridan. Xurosonning Nuri degan viloyatida dunyoga kelgan. Vosifiy «Badoye’ ul-vaqoye’»da Abdulvose’ Navoiy sharafiga Hirot yaqinidagi Barza degan joyda bergan ziyofatda qatnashgani va unga nisbatan qilingan hazlga gʻoyat zukkolik bilan javob berganini hikoya qiladi. Navoiy shoirga bergan alohida maqolasida ham uning ana shu xislatini ta’kidlab oʻtadi.

57. Xoja Dehdor — Xoja Hofiz Gʻiyosiddin Dehdor Jomiy va Navoiylarga yaqin, suhbatdoshlardan. Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin»da Xoja Dehdor haqida alohida lavha keltiradi: Husayn Boyqaro va Navoiy Jomiyga taom va yegulik narsalardan nasiba ilinganida Xoja Dehdor orqali yuborar ekanlar. U esa olib borgan narsalaridan oʻzi miriqib yeb kelar, pul-muldan ham olib qolar ekan. Shular haqida Jomiy ruboiy, qit’alar bitar ekan. Navoiy asarida ana shunday she’rlardan 4-tasini keltiradi. Bu yerda Navoiy Xoja Dehdorniig yana bir xususiyatini mohir taqlidchi ekanligini ham qayd qiladi.

Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin»da yozishncha, bir kuni Xoja Dehdor Jomiyni tushida koʻribdi, ular «Qur’on oʻqi», debdilar. Husayn Boyqaro taxtni egallagan (1469 y.)dan soʻng, 7—8 yil oldin koʻrgan tushini Xoja Dehdor Navoiyga soʻzlab beradi. Navoiyning tavsiyasi va harakati bilan Xoja Dehdor Qur’onni yodlab, yaxshi oʻqiydigan hofiz boʻlib yetishibdi. Jomiy vafotidan bir necha soat oldin Navoiy topshirigʻi bilan Astrobodga yuborilgan Xoja Dehdor Hirotga jadal qaytib keladi. Ittifoqo Jomiy boshida Qur’on tilovat qiladigan hofiz yoʻq ekan, darhol Qur’on oʻqiy boshlaydi, xatm qilishi asnosida Jomiyning joni uziladi. Navoiy soʻzini Jomiy karomati 30 yildan ziyod vaqt oʻtgach natija berdi, deb yakunlaydi.

58. Tarj.: Mushk sening miyigʻing xatlari bilan tenglashish lofini uradi qanday beboshlik! Bizning ta’na qiluvchi qora yuragimiz yanglishgan.

59. Tarj.: Ey koʻzing qaroqchisi kamoniga oʻqni qator tergan! Yangi oy qoshing kamonidan bir chekkaga yashirindi.

60. Tarj.: Soching tugunlarini tishim bilan yechishni istayman, biroq bu savdodan devona boʻlib, zanjir chaynayman.

61. Tarj.: Ey bevafo, bizga visoling qachon nasib boʻlarkin; gʻaming jununidan menda hushyorlik qayda!

62. Bu muammoni Muhammad Qazviniy keltiradi.

63. Sadr—arabchada koʻkrak, koʻks demakdir.

64. teskari oʻqilsa boʻladi. Ya’ni «zang» qoʻngʻiroq ma’nosini anglatsa, «kanz» xazina demakdir.

65. «hissi shomma» — hid bilish hissi, «majmumot» — hidli, muattar narsalar: Bu yerda Mavlono Nurning soddaligini koʻrsatuvchi bir voqea tafsiloti keltirilgan.

66. Tarj.: Koʻylaging nilufar rangli, men unga hayron qolaman, chunki har kuni uning yoqasidan quyosh chiqib keladi.

67. Sulton Ali Mashhadiy — Nizomiddin (taxm. 1432, Mashhad —1520, shu shahar), mashhur xattot, nasxta’liq xatining mohir ustasi. Manbalar uni juda chiroyli boʻlgan, deb qayd qiladi. «Qiblai ul-kuttob» (Kotiblar qiblasi), «Zubdat ul-kuttob» (Kotiblar sarasi), «Sulton ul-xattoton» (Xattotlar sultoni), «Kotib us-sultoniy» (Saltanat kotibi) degan laqab-unvonlarga sazovor boʻlgan. Ustozi Azhar xattot tavsiyasi bilan Hirotga yuborilgan. Shayboniyxon kelgandan soʻng Mashhadga qaytgan va shu shaharda dafn etilgan. Sulton Ali Mashhadiy qalamiga xattotlik ilmiga oid «Sirot ut-sutur» (Satrlar yoʻli), «Sirot ul-xat» (Xat yoʻli), «Midod ul-xutut» (Xatlar siyohi) kabi she’riy asarlar mansubdir. Kunlarning birida Husayn Boyqaro unga «Men uchun bir qabr toshi yoz» deganida, Sulton Ali: «Shohimning bu farmonlari juda uzoq muddatga qaratiladi» — deydi. Shoh kulib: «Biz ham juda yaqin vaqtda oʻlmoq xayolida emasmiz. Siz ham koʻp tezkorlik qilmang» deb javob qilgan ekan. Sulton Ali Navoiy asarlarini koʻchirgan. Jumladan, shoirning Ilk devoni va «Navodir un-nihoya» nomli ikkinchi rasmiy devoni (1488), “Xazoyin ul-maoniy”dan intixob-tanlanma (1492—93)lardir.

68. Tarj.: Koʻz yoshlarim qonli yuragimdan namuna boʻlgani kabi bahor chogʻida gul ul gulrang yuzdan namunadir.

69. Tarj.: Ishqing or-nomus va obroʻni oʻtga soldi katta-kichik barcha xalqning bor-yoʻgʻini yelga sovurdi.

70. Tarj.: Erta bahorda agar gul sabzalar orasidan unib chiqsa, sening mayin xatlaring yangi gul barglar (orasidan) unadi.

71. «Mutu qabla an tamutu» — arabcha, oʻlishingizdan ilgari oʻling, demakdir.

72. Tarj.: Ey kumush iyakli [goʻzal), mendan oʻzgaga yuzingni koʻrsatma, chunki kuchli rashkimdan jonim tanamdan chiqib ketadi. [Barcha] xalq koʻzining mardumaki — qorachigʻi boʻlishni istanman, toki sening yuzingni mendan boʻlak hech kim koʻrmagay.

73. «Al-uhdatu alar-roviy» — arabcha. Soʻzning toʻgʻri-notoʻgʻriligi aytgan kishining boʻyniga, demakdir.

74. Tarj.: Mening koʻzimga nur ul sipohning yoʻli gardidan keldi, xudoga shukurki, koʻzimning nuri yoʻl toʻzonidan keldi.

75. Tarj.: Ey sabo, ul (goʻzal) jamoli bogʻini tamosho qildingmi? Gulning gʻunchasini ochiltirgandek — seni iztirobda koʻrayapman.

76. Bediliy — shoiralar haqida ma’lumot beruvchi tazkiralarda, jumladan Mogai Rahmoniy xonimning «Pardanishinoni suxangoʻy» (Parda ostidagi soʻz san’atkorlari) nomli asarida Bediliy Hirotda anchayin ma’lum shoira boʻlganligi qayd qilinadi.

77. Tarj.: Ul sarvning goʻzal yurishini koʻrmoq uchun bogʻga boramanu nargis gulidan ikki koʻz qarz olaman.

78. Tarj.: Men bechora koʻchang boshida harchand tentirab yursamda, koʻngil ohi va koʻz yoshidan boshqa hech narsa koʻrmadim.

79. Bobo Ali Xushmardon — Xondamirning «Habib us-siyar»da yozishicha, pokiza roʻzgor va shirinsuxan darvesh boʻlgan. Abulqosim Bobur Mirzo Mashhadda qishlagan yili uning xizmatiga yetishib, shohning, iltifot va inoyatiga muyassar boʻlgan.

80. «darjiy bitib erdi»—darj — biror maqsad va masala yuzasidan risola, noma kabi asar yozmoqni anglatadi. Xoja Mahmud yaxshi xattot boʻlgani tufayli olti asl qalam va ularda yoziladigan husni xat haqida shunday kitob tuzgan koʻrinadi.

81. Bu ta’rix moddasi iborasi boʻlib, abjad qoidasiga binoan 897 (1491—92) chiqadi.

82. Ustod Qulmuhammad — ud asbobini yaxshi chalgani uchun Ustoz Qulmuhammad Udiy nomi bilan dong taratgan. Samarqandda ham uzoq muddat yashagan, tahsil olgan va ijod qilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. «Ushshoq», «Navo», «Husayniy» kabi maqom yoʻllarida peshrav, qavl, kor, amal va naqshlar yaratgan. «Peshravi Udiy», «Savti Nuriy», «Amali Udiy», «Savti Udiy» nomli tasniflari Xuroson va Movarounnahrda mashhur boʻlgan. Bu san’atkor Hirot madaniy markazining ham yirik arboblaridan boʻlgan. Vosifiyning yozishicha, Majdiddin Muhammad Navoiy sharafiga ziyofat uyushtirganda Ustod Qulmuhammad ham qatnashgan. Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin»da Ustod Qulmuhammadni kichikligida musiqiy bilimlarni puxta egallashi uchun Bu — Alishoh degan davr allomasiga tavsiya qilganligini qayd etadi.

83. Tarj.: Ul parizod yuzining mehri orqali junun odat boʻldi. Shu jihatdan men devona xalqning tilida doston boʻldim.

84. Tarj.: Bu shunday maqom-joyki, bunda gardga bulangan chehra yaxshi; dardmandligu muhtojligu koʻp dardli dil yaxshi.

85. Tarj.: Bir musofirki, safarda birga boʻlmaydi, men bexabarman, undan menga xabar kelmaydi.

86. Tarj.: Ey shayx meni tavba qildirib, oʻzingni iztirobga solma. Xudo roziligi uchun menga azob berma.

87. «alayhit-tahiyati vas-sano»—arabcha: unga ollohning duo va maqtovi boʻlsin.

86. Tarj.: Biror aysh va farovonlik shunga barobar keladimiki, erta bilan uyqudan bosh koʻtarsamu, sening yuzingni koʻrsam.

88. «barot namenavisad» — forscha: pul olish hujjatini yozmayapti, demakdir.

90. «Rangining humrati bor uchun mutoyiblari ani «surx qalb» derlar — rangida qizillik bor uchun hazlkashlari uni “qizil qalb” derdilar.

91. Tarj.: Dilning qonxoʻri [boʻlgan] sening la’l labingdan qayta jon topdim, bundan keyin koʻchang boshida bizni va koʻnglimiz zorini koʻr!

92. Tarj.: Keksa boshimdan toza nihol oʻsib chiqdi. Ul niholning mevasi gʻam, gʻussa va jigar qoni boʻldi.

93. Tarj.: Koʻngil ovlovchi sarv [qomating] shavqidan nolagar bir qumrimanki, [egma] qoshing tuzogʻidan boʻynimda sirtmogʻim bor.

94. Tarj.: Gʻam oʻti tezlansa, sabru toqatim qolmaydi; bu oʻt alangasida bir nafas oʻtirsam, yuz marta oʻrnimdan turaman.

95. Xoja Husayn Kirangiy — Xoja Kamoliddin Husayn ben Jaloliddin Qanbar Kirangiy shoir, davlat arbobi. Xondamir «Habib us-siyar»da Xoja Husayn sadr ekanida uni nelarnidir oʻzlashtirishda va aldashda ayblab, shohga yomon koʻrsatadilar. Shundan soʻng u iste’foga chiqadi va qolgan umrini farogʻatda oʻtkazadi. Xondamir ham Navoiy kabi Xoja Husaynning pok va diyonatli odam boʻlganini e’tirof etadi. Xoja Husayn Hirotning Jome’ masjidining qibla tarafida dafn qilingan ekan.

96. Tarj.: Sening yodingdan boshqa hech bir oh yurakdan chiqmaydi. Sening xayolingdan boshqa hech bir surat koʻzga koʻrinmaydi.

97. Tarj.: Ancha vaqt boʻldiki, ul pari paykar koʻzga koʻrinmayapti, dilimda jonlashib oldida, endi koʻzga koʻrinmayapti.

98. Tarj.: Zor dilim nomehribon [goʻzal]ning zulfidan joy oldi; agar [ishq] savdosidan parishonhol boʻlsa, u ham oʻrinlidir.

99. Tarj.: Kechalari ul jingalak soch tolalari shunchalik chirmashadiki, bu hol balo zanjiri giriftorlariga kam yetishadi.

100. Tarj.: Ey sabo, mening otli [goʻzalim] yoʻli gardidan keltir; bu yosh toʻkuvchi koʻzim uchun toʻtiyodir.

101. Tarj.: Bir muddat doʻstlardan judo boʻlgan edim, mashaqqat va dardga mubtalo boʻlgan edim. Agar yor men bilan oshnolik qilmasa, qarindosh va oshnolardan begona boʻlardim.

102. Tarj.: Agarchi jannatda yoqimli shaboda va kavsar suvi boʻlsada mayfurush uyinig ob-havosi boshqachadir.

103. Hoja Abdulloh Sadr — Xoja Shihobiddin (vaf. 1516, Hirot) shoir, olim, munshi, musiqashunos, bastakor va sozanda. «Bayoniy» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Husayn Bonqaro saltanatida muhrdor, vazir va parvonachi (qabulgoh mas’uli) lavozimlarida ishlagan. «Xusrav va Shirin» dostoni va «Munis ul-ahbob» (Doʻstlar munisi) nomli ruboiylar majmuasi, «Tarassul» nomli hukmronlarning farmonlar, fathnoma, davlat maktublari, shaxslarning xatlari (masalan, Xoja Ahror, Jomiy, Navoiy, Husayn Boyqaro) jamlangan toʻplami ma’lum va mashhur boʻlgan.

104. Xoja Muhammad Marvorid — Xoja Shamsiddin Muhammad Marvorid — Xondamir «Habib us-siyar»da yozishicha (vaf. 409/ 1498—99, Hirot), asli kirmonlik, davlat va din arbobi. Mirzo Jahonshoh Turkman saltanati zamonida Hirotga kelgan. Abu Said davrida vazirlikda muhrdor boʻlgan. Samarqandda ham biroz yashagan. Keyinchalik Xoja Abdulloh Ansoriy mozorini ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini boshqargan. Abdulloh Marvoridning otasi.

105. Tarj.: Koʻngil ul dilnavozning ogʻzi va goʻzal kokilini topib, tiriklik suvini ichdi-yu, uzun umrga erishdi.

106. Tarj.: Ey hamdam, ul [dilbar] bilan soʻzlashuving shukronasiga mening holimdan ham oz-moz aytib bersang nima qiladi?

Beshinchi Majlis

1. Amir Davlatshoh — qarang: ushbu kitob, 213-bet, 11-izoh.

2. «Majma ush-shuaro»—Shoirlar yigʻini. 892. (1486—87) yida yaratilgan tazkira. Muhammad Ramazoniy tomonidan E.Braun muqaddimasi va oʻzining soʻz boshisi bilan Tehronda nashr etilgan.

3.Tarj.: Qanday yaxshi! Yuzing quyoshidan jahon koʻzi ravshan, ul ravshanlik koʻz orqali koʻngil uyini ravshan qildi.

4. Mir Husayn Ali Jaloyir — shoir, arbob. Zahiriddin Bobur yozishicha, otasi Ali Jaloyir Abulqosim Bobur beklaridan boʻlgan. Oʻzi esa Husayn Boyqaro saroyida qushbegi boʻlgan. Qasidani yaxshi yozar ekan. 917 (1511—1512) yillarda Bobur Samarqandni olganida 5—6 yil uning qoshida boʻlib, yaxshi qasidalar bagʻishlagan. Navoiyning inisi Darvesh Alining xotini Ofoq begim ana shu Husayn Ali Jaloyirning qizi boʻlib, she’riyat sohasida zukko qobiliyati bor ekan. Lekin Bobur Husayn Ali anchayin bevosh, qimor oʻynash ishqibozi boʻlganligini qayd qilib oʻtgan.

5. Tarj.: Xudoga shukrki, odil shohning mehribonchiligi bilan yana bir yoʻla gulim tikandan, tikan oyogʻimdan, oyoq esa loydan chiqdi.

6. Tarj.: Goʻzalning boʻston sayrida guldan oyogʻi ozor topadi. Kipriklari tikani bor uchun men qanday qilib uni koʻzim bilan qidiray.

7. Mir Haydar—Navoiyning jiyani, shoir. Xalq orasida «Haydar telba» nomi bilan mashhur. Navoiy Astrobod hokimi ekanligida Haydarni ba’zi rasmiy topshiriqlar bilan Hirotga yuboradi. Norasmiy bir ziyofatda Navoiyga suiqasd qilingani, unga oshpaz zahar qoʻshilgan taom bermoqchi boʻlganini xabar qiladi. Husayn Boyqaro bundan voqif boʻlgach, Navoiyga maktub yoʻllaydi. Navoiy esa Haydarning aytganlarini butunlay rad etadi. Shoir maktublaridan birida shoh nazdida Haydar gunohidan oʻtganligi uchun minnatdorlik izhor qiladi. Lekin 1498 yilda Haydar Sabuhiy qatl etiladi. Bu Navoiy uchun katta musibat boʻladi, chunki Haydarni shoir oʻzi tarbiyalagan boʻlib, uni farzandi oʻrnida koʻrar edi.

8. Tarj.: La’l labing maymi yoki toza asalmi? Oʻzing aytgil, bu ikkidan qay biri? Yuzingdagi termi yoki gulobmi? Oʻzing aytgil, bu ikkidan qay biri?

9. Alouddavla — Shohrux Mirzoning nabirasi, Boysungʻur Mirzoning oʻgʻli. Hirot atroflaridagi yerlarni idora qilgan.

10. “Abdolnoma” — avliyolar haqidagi kitob.

11. Tarj.: Bemor koʻzlaridan dilimda yuz xil alam bor edi, oʻz koʻzi bilan koʻrmaguncha, bu alamga ishonmadi.

12. Sulton Husayn — Navoiyning akasi Bahlulbekning oʻgʻli.

13. Tarj.: Jonondan ayrilish menga behad mushkul koʻrinadi. Ey musulmonlar, shirin jon bilan xayrlashish qiyindir.

14. Muhammad Solih (tugʻ. 1455, Xorazm — vaf. 1535, Buxoro) — shoir, tarixchi, davlat arbobi. Xorazm hokimi Nur Saidbek oilasida tugʻilgan. Bobosi Amir Shoh Malik — temuriylar, jumladan Ulugʻbek Mirzo xizmatida boʻlgan. Muhammad Solih dastlab Xorazmda, soʻngra Hirotda taxsil olgan. Husayn Boyqaro saroyida, keninchalik Shayboniyxon xizmatida boʻlgan. 1500 yillarda Buxoro dorugʻasi hokimi qilib tayinlangan. Muhammad Solih «Shayboniynoma» nomli tarixiy doston yaratgan. Uning yagona qoʻlyozma nusxasi Venada saqlanadi. Bobur Muhammad Solih haqida «Sharir (yaramas) va zolim tab’ va berahm kishi erdi», deb yozadi.

15. Tarj.: Kokil yorqin oydek yuzini yopib turar ekan, parishon emasman. Oxiri tong boʻlganidan keyin tun qorongʻiligidan nima gʻam?

16. Tarj.: Ey nosih, aqlu donish koʻyida bizga rahnamo boʻlma. Ixtiyorimiz oʻzimizda emas, junun qay tomonga yoʻllasa, oʻsha tomonga ketaveramiz.

17. Tarj.: Jononimning qissasi kelib chiqarmikan [deya] majlisda hamisha goʻzallar toʻgʻrisida soʻz yuritaman.

18. Alaykabek — Husayn Boyqaro beklaridan.

19. Tarj.: Dilim dardining davosini qayerdan qidiray, qayerga boray, nima qilay, dilim ahvolini kimga aytay?

20. Mir Valibek — Husayn Boyqaro beklaridan. Bobur u haqda «Sulton Husayn Mirzo taxt olgʻondan soʻng xili, umr topmadi, bot-oʻq oʻldi. Musulmon va namozguzor va turk va sodiq kishi erdi», deb yozadi.

21. Tarj.: Dilbarim firoqida masjidga borib, sajda qilish bahonasida boshimni yerga uraman.

22. Tarj.: Hech kim meni gʻamsiz koʻrmagan, mendek gʻamdiydani gʻamning oʻzi ham koʻrmagan.

23. Tarj.: Qamon qoshli goʻzalim, men dilxastani oʻldirding; menga qarata bir oʻq uzgin, toki men qayta tirilayin.

24. Tarj.: Agar ohim yelidan quyosh bilan oyning charogʻi oʻchmagan boʻlsa, nima uchun gʻaming tunida butun olam koʻzimga qop-qorongʻu koʻrindi?

25. Tarj.: Ul kecha chehrang sham’ini yal-yal yondirganingda menga rahm qilmay, xuddi parvonadek kuydirding.

26. Tarj.: Labing va tishing xayolidan koʻzlarim jiqqa yoshdir; bu xuddi toshlari yoqut va dur boʻlgan anhorga oʻxshaydi.

27. Abduqahhor — Navoiy bu shoirning muammo fanigʻa qobiliyati bor, deb ta’riflaydi. Xondamir «Habib us-siyar»da ikki joyda Mavlono Sharafiddin Abduqahhor degan shoir Abulqosim Bobur hamda qozi Qutbiddin Muhammadlar vafotiga tushirgan ikki ta’rixini keltiradi.

28. Tarj.: Yoqamning zihini uning itiga boʻyinbogʻ qil, toki har damda etagimga qadar yirtilib tushmasin.

Oltinchi Majlis

1. Ahmad Hojibek — qarang ushbu kitob, 242-bet, 137-izoh.

2. Tarj.: Tanimdan jonimni olib koʻp zanjirli soching bilan bogʻlading; yuzingdan pardani ochib (u bilan) koʻzimni bogʻlading.

3. Xoja Xurd avliyolik rutbasiga erishgan Bobo Xudoydod deganning vafotiga ta’rixini tushirgan. Abjad hisobiga koʻra 862 (1457—58) y. kelib chiqadi.

4. «Vaqfiya»—Navoiyning nasriy asari. 886 (1481—1482) yillarda yozilgan. Mohiyatan ikki qismdan iborat: birinchn qismda Navoiyning Husayn Boyqaro saroyiga maxsus farmon (manshur) bilan taklif etilgani, saroydagi nufuzi, davlat arbobi sifatidagi koʻp qirrali faoliyati haqida, oʻz ixtiyoridagi daromaddan bir oddiy kishi roʻzgʻori uchun zarurini olib qolib, qolganini navkarlar, cherik, madrasa, masjid, xonaqohlarga va ularning ahllariga hamda har xil binolar, turli inshoatlar qurish uchun sarf qilgani toʻgʻrisida fikr yuritiladi; ikkinchisida esa Navoiyning xayriya ishlari va vaqf qildirgan mulk, yerlari, vaqfiya joylardagi idora usullari, xizmat uchun belgilangan lavozimlar, maosh, tartib-qoidalar, marosimlar, binolar ta’miri bayon etiladi. Asar xalqparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan. Navoiy shaxsiyatidagi nurli chizgilarni namoyon qiladi.

5. —ta’rix moddasidan abjad hisobida «Vaqfiya» yozilgan 886 (1481-1482 y.) chiqadi.

6. Tarj.: Shaytonsifat dev Abulbarakaning joii yettinchi doʻzax boʻlsin!

7. Tarj.: Ul juvonmarg Piri Sesadsola ustini bugʻaydi, agar shu odam pir boʻlib qolgudek boʻlsa, men hech bir pirga murid boʻlmayman.

8. Amir Mahmud Barlos — Boburning yozishicha, Mahmud Barlos Abusaid Mirzoning uchinchi oʻgʻli Sulton Mahmud Mirzoning beklaridan boʻlgan. Harbiy salohiyati bor boʻlib, she’riyat bilan shugʻullangan. Devon tartib qilgan shoir.

9. Tarj.: Mening yuzim suvdan ham tiniq dema. Mening nazarimda u oftobdan ham ravshanroqdir.

10. Darvesh Shuhudiy — «Majolis»ning har ikkala tarjimoni bu shoir nomini Mavlono Foniy deb beradilar.

11. Tarj.: Muhabbat ahli tanidagi bu dogʻlar, dard togʻiga qoʻyilgan hasrat yomgʻirlaridir.

12. Tarj.: Ogʻzingni ochgil, shirin labingdan shirin kulgingni koʻrsatib shakarning qiymatini, qandning narxini tushirgil.

13. Tarj.: Nozik tili bilan takallum boshlasa, uning tili gʻuncha ogʻzidan koʻringan gul bargiga oʻxshaydi. Bu baytning ikkinchi misrasi muammo boʻlib deydi Faxriy Hirotiy “Miram” — ismi chiqadi.

14. Tablboz, bahl — ovchilik ash’yolari — dovun va qoʻlqop.

15. Tarj.: Agar ostimda egarlangan ot boʻlganda edi, jahon mulklari qoʻl ostimda boʻlardi.

16. Tarj.: Dil ul qoʻsh zulfning bandiga tushishini istamayman; nega endi men tufayli boshqa bir dardmand baloga uchrasin?!

17. Tarj.: Tashnalik kunida oqar suvni havas qilmaymiz; tigʻing damini tamogʻimizda koʻrsak, shuning oʻzi bizga kifoyadir.

18. Tarj.: Ul qosh oʻqining zaxm yetkazishiga koʻngilning gumoni yoʻq, shu sababdan ikkinchi zaxm yetkarishi uchun ogʻzida hasrat suvini saqlaydi.

19. Tarj.: Yuzingga oshiqlikda koʻzlarim shu darajaga yetganki, rashkdan bir-birini koʻra olmaydilar.

20. Rozalik san’ati — boʻyoqchilik, tosh yoʻnish, tosh terish hunarini anglatadi. Ba’zi lugʻatlarda suvoqchi ma’nosi ham berilgan.

21. Tarj.: Ey sham’, agar kechasi men bilan hamnafas boʻlsang, ravshan boʻl, deyishdan boʻlak yaxshiroq duo bormi?!

22. Darvesh Dehakiy — «Majolis» tarjimoni Muhammad Qazviniy oʻzidan ilova qilib, yozadi: — Darvesh Dehakiy hamshaharim edi. Men u bilan koʻp suhbatlashganman. U gʻoyat kamsuqum odam edi, tanparastlik unga begona edi. U toʻquvchilik ham qilar edi.

U karbos (dagʻal ipli gazlama, boʻz) degan matoni yaxshi toʻqir, xaridor topilsa, arzon-garov berib yuborardi. Shohlar dasturxoniga koʻz tikmas, taomini yemas edi. Sulton Ya’qubxon Darvesh Dehakiyni huzuriga chorlaganda u bir baytni oʻqibdi. Uning birinchi misrai ma’nosi shunday ekan, «Agar uning oʻqi oldimga yoʻnalsa, orqamga qalqon tutaman». Buni eshitgan shoh taajjub qilib, oʻqdan saqlanish uchun orqaga qalqon tutishi nimasi? — deganda, shoir: «Sabr qiling ikkinchi misra’in eshiting debdi: «Toki uning oʻqi — novakining chiqib ketish yoʻli bekilsin». Shoh shunda lol qolib, shoirga: «Nimaki tilaging boʻlsa aytgil, bosh ustiga bajaraman» —debdi. Shoir «Doʻstga doʻstdan yaxshi narsa yoʻq» — deb javob beribdi. Shoh yana fikrini qaytarganda, shoir: «Bogʻlarimdan olinayotgan xirojdan ozod qilsangiz», — debdi. Shoh bajaribdi. Muhammad Qazviniy Darvesh Dehakiyning yana 8 baytini keltiradi.

23. Tarj.: Devordagi suvratga oʻxshab jonsiz boʻlib qolganman; Orqamni devorga qilib, yuzimni senga oʻgirib, hayronlikda qolganman.

24. Tarj.: Tikan yulqilab yuruvchi Laylining tuyasidan boshqa, Majnunning yoʻlovchiligidan kimning tashvishi bor.

25. Qozi Iso — Muhammad Qazviniy Navoiy soʻzlariga ilova qilib, «Qozi Iso Sulton Ya’qubxonni hamisha adolatga undar edi. Adolat bilan koʻpchilikning qalbida hurmat imoratini qurgan edi», deb yozadi va Sulton Ya’qubning hamshirasini (sutdosh singlisini) yaxshi koʻrib qolgani, Sulton ularning qovushishi yoʻlida uringani, lekin turklarga xos johilligi ustun kelib, bu ishdan qaytganini ham bayon etadi. Shoir she’riyatidan yana 6 bayt keltiradi.

26. Tarj.: Har kim gulshan va gulzor gashti bilan mashgʻul, biz va gʻunchadek dilimiz oʻz giriftorligʻimiz bilan ovoramiz.

27. Shayx Najm — Muhammad Qazviniy Navoiy bilan bu shaxs orasida maktublar orqali munosabatlar bogʻlanib turganini qayd qiladi va shoir she’riyatidan yana 8 bayt keltiradi.

28. Tarj.: Bir qonxoʻr koʻz shoʻxlik bilan yuragim qonini ichadi, ul fitna qoʻzgʻatuvchi jon ofati va sitamkor ekan.

29. Xoja Afzal — Xondamirning «Dastur ul-vuzaro» (Vazirlar dasturi) asarida bu shoir va davlat arbobining nomi Xoja Afzaliddin Muhammad Kirmoniy tarzida, «Kirmon shoirlari tazkirasi» nomli kitobda (tuzuvchi Eron olimi Husayn Bexzodiy) esa Xoja Afzaliddin Mahmud ben Xoja Ziyoviddin Muhammad deb beriladi. Fazlu kamolotda, davlat devoni ishlarini tartibga solishda benazir boʻlgan Xoja Afzal 878 (1473) yilda vazirlik lavozimini egallaydi. 1487 yilda Husayn Boyqaro Marvda qishlab qolgan paytida Majdiddin Muhammad Xoja Afzal payiga tushadi. U esa Astrobodga Navoiy huzuriga panoh istab keladi. Navoiy maslahati bilan Xoja Afzal Iroq va Ozarbayjonga Sulton Ya’qubbek qoshiga joʻnaydi. 893 (1488) yilda Xoja Afzal haj safariga boradi. 903 (1497—98) yilda esa Hirotga qaytadi va Navoiy qoʻllab-quvvatlashi bilan yana vazir, keyinchalik devon boshi qilib tayinlanadi. Xondamir yozishicha, Xoja Afzal mansabdorlik vaqtida madrasa va xonaqoh qurdirgan zkan. U 906 (1501) yil rajab (fevral') oyida vafot etgan. Hirot Gozurgohida Xoja Abdulloh Ansoriy yoniga dafn qilingan.

30. Tarj.: Har bir alanga dunyo ekinzorida urugʻ bogʻlaguncha koʻngil oʻti jon xirmonini yelga sovuradi.

31. Tarj.: Hech vaqt koʻnglim qora xol xayolisiz yashamadi; bu devona dil hech qachon bir qora xoldan xoli boʻlmadi.

32. Tarj.: Ey jahonni barpo qilgan, yoʻqlik [dunyosida] vujud uchun javob beruvchi [ham] oʻzingsan.

33. Mavlono Shahidiy — «Majolis» tarjimoni Muhammad Qazviniy ilova qilib, Iroqdan Xurosonga kelganida Shahidiy Abdurahmon Jomiy suhbatiga musharraf boʻlganini va oʻzi bilan koʻp suhbatlarda boʻlganini yozadi. Shahidiy 1 yilcha Qazvinda yashagan va Gilon Sultoni Mirzo Ali bu shahrga kelganda shoirga ancha tillo pul in’om qilgan ekan. U esa tillolarni uyning burchagiga toʻkib qoʻygan va yoronlaridan kimda zarurat boʻlsa, olib sarf qilavergan ekan. Shoirda mol-dunyo hirsi boʻlmagani sababli uni devona der ekanlar. Shahidiy bir necha muddat Ya’qubbek musohibi boʻlgan, keyin Hindustonga ketgan. Hozir, deydi Muhammad Qazviniy Gujarotdadir.

Bu shoirdan soʻng tarjimon Gulxaniy degan Shahidiyning jiyani (xoharzodasi) haqida ma’lumot va 5 ta baytini keltiradi. Nihoyatda abdol-devona va urushqoq boʻlgan bu odamga Navoiy salbiy munosabatda boʻlgan, hatto Hirotdan chiqarib yuborishga ham harakat qilgan ekan.

34. Tarj.: Ey ishq, kel, bizning qiynalib ketgan dilimizga oʻt qoʻy. Oʻz nuring bilan bizning oʻchiq chirogʻimizni yorit.

35. Tarj.: Ey jonon, men firoqing dastidan bir oʻlik[dek]men. Ezib tashlagan anorga oʻxshab tanamda qon qolmagan. Muhammad Qazviniy bu matladan soʻng shoirning yana uchta baytini keltiradi.

36. Mavlono Xolidiy — «Majolis» tarjimoni Faxriy Hirotiy bu shoir «Faqir odam erdi va qalandar suvratida kezib yurardi», deb qoʻshadi va yana bir baytini keltiradi.

37. Tarj.: Meni oʻldirgan chogʻingda chang [bosgan] tanamdan choʻchima, agar xanjaringga gard yuqsa mening gardanimgadir.

38. Mavlono Yoriy —Faxriy Hirotiyning qoʻshimcha ma’lumotiga koʻra, Navoiy bu shoirga koʻp shafqatlar koʻrsatgan ekan. Lekin u podshoh va amirlarning muhrlariga taqlid qilib, muhrlar yasab, yaramas xayollar bilan nishon, farmonlar yozishdek gʻayriqonuniy ishlarga qoʻl urgan ekan.

39. Tarj.: Koʻz yoshlardan dil noyob durrlarga toʻldi, kelgil, Qorun xazinasi sen uchun nisordir.

40. Tarj.: Ey jonon, hammaga ozor berish va adovat qilish payida boʻlma, chunki bu xarob [boʻlgan] olam shularning hech biriga arzimaydi.

41. Mavlono Ahliy — Muhammad Ahliy Sheroziy (tugʻ.1455 vaf. 1435—36, Sheroz) shoir. “Sham’ va parvona”, “Sehriyi halal” nomli dostonlar yaratgan. Yosh hind ayolining eri vafotidan keyin oʻzini gulxanga tashlagani hikoya qilingan har ikkala doston ham she’riy san’atlarni ishlatish jihatidan gʻoyat murakkabdir. Salmon Sovajiyning «Qasidai masnu’»si yoʻlida Navoiyga, Ya’qubbekka, uning ukasi Yusufbekka hamda Ismoil Safaviyga bagʻishlagan qasidalari ham nihoyatda murakkab uslubda bitilgan. Ye.E.Bertel's Ahliy Sheroziyning ham chapdan oʻngga, ham yuqoridan pastga qarab oʻqish mumkin boʻlgan bir ruboiysini keltiradi. Mana shunday mazmundan koʻra san’atlar istifodasiga oʻta berishlik oʻsha davr adabiy jarayoniga xos boʻlgan.

42. Tarj.: Men va Majnun ikki asirmiz, gʻam va shodligimiz bizniki. Har kimki, bu odatni bilmasa, bizning vodiydan emas.

43. Tarj.: Saodating ortgʻay, davlating ziyoda boʻlgʻay. Bu davlat va saodat bilan ming yillar yashagaysen.

44. Mavlono Mu’in — bu shoirdan soʻng Muhammad Qazviniy yana 40 nafar Sulton Ya’qub davridagi adabiy muhitga aloqador shoirlarni kiritadi.

45. Tarj.:—Shayxlik kiyimlari mayga garov boʻldi, shodmiz, chunki oxirda mayxona koʻchasi boshida toʻn yechdik.

46. Tarj.: Labiga til olib borib, jonimga alanga urdi; yashirin oʻtimdan shu’la zohir qildi.

47. «Dor ush-shifo» (Shifo saroyi) Hirotda Navoiy qurdirgai muolaja markazi, tibbiyot madrasasi ham deydilar.

48. Tarj.: Koʻkragimga xanjar urgilu tandin boshni uloqtir, bu qorongʻu uyning (ya’ni, siynaning) eshigini va tuynugini ham och.

49. Tarj.: Ul oyning oʻqlaridan pora-pora boʻlmaguncha, jahon bogʻida lola va gʻunchadek koʻnglim ochilmadi.

Yettinchi Majlis

1. Temur Koʻragon—Amir Temur, Temurlang (tugʻ. 1336, Shahrisabz —vaf. 1405, Oʻtror) yirik arbob, sarkarda. Otasi Taragʻoy barlos qabilasi zodagonlaridan. Temur temuriylar sulolasiga asos solgan va 1370—1507 yillar mobaynida barpo boʻlgan temuriylarning markazlashgan davlati Movarounnahr va Xurosondan tashqari Eron, Iroq, Ozarbayjon va Hindustonning shimoliy qismini oʻz ichiga olgan edi.

Navoiy Temur shaxsiyati, faoliyatiga yuksak baho bergan. Bu majlisni shoir Temur nomi bilan ochat ekan, soʻzni joyi kelganda nazm va nasrdan biror narsa oʻqib, adabiyot sohasidan boxabar ekanligini namoyish eta bilganligidan boshlaydi.

2. Mironshoh — Jaloliddin Amiranshoh (1368—1408). Amir Temurning uchinchi oʻgʻli. Eron, Eron Ozarboyjoni va Iroq hukmdori. Ozarboyjon hukmdori Qora Yusuf bilan toʻqnashuvda halok boʻlgan. Uning na’shi Tabriz yaqiniga dafn qilingan joydan Shahrisabzga keltirilgan va keyin Goʻri Amirga koʻchirilgan.

3. Tarj.: Qalandar qoʻrquvdan Qur’onga chang soldi.

4. Shohrux Mirzo — qarang: ushbu kitob, 218-bet, 24-izoh.

5. Tarj.: Sen yerning ishini yaxshi bajarib, [endi] osmon [ishiga] kirishding.

6. Halil Sulton — qarang: ushbu kitob, 220-bet, 41-izoh.

7. Ulugʻbek Mirzo — qarang: ushbu kitob, 224-bet, 63-izoh.

8. Tarj.: Goʻzallik mulki qanchalik qoʻl ostingda boʻlsada, shoʻxlik qilmagilki, yomonlarning koʻzi seni kuzatmoqdalar.

9. Boysungʻur Mirzo — qarang: ushbu kitob, 247-bet, 28-izoh.

10. Tarj.: Ul ikki goʻzal yuzni koʻrmaganimga ikki oy boʻldi, biroq mehri jonimizdadir.

11. Tarj.: Boysungʻur uning yuziga qul boʻldn. Goʻzal yuz(li)larning quli — podshohdir.

12. «Lama’ot» —arabcha: shu’lalar demakdir (birligi lam’a —yolqin, shu’la, ravshanlik), Faxriddin Iroqiy (vaf. 688 y.) asari.

13. «Gulshani roz»—Sir gulshani, demakdir. Mahmud Shabustariyning nazmda yozilgan tasavvufga oid asari. (vaf. 1320—216.).

14. Tarj.: May bilan qadahni birlashtirganing uchun, aniq bilgilkn, qoʻli baland rindsan. Qadah — shariatdir, may— haqiqatdir. Qadahni sindirganingdan ayonki, badmastdirsan.

15. Abdullatif Mirzo — qarang: ushbu kitob, 223-bet, 60-izoh.

16. Tarj.: Koʻz bir qarash bilan dil va jonga yuz balo keltirdi. Buning shukrini nechuk qilay? Yorab, ul koʻz dard koʻrmagay!

17. Jahonshoh Mirzo Tabriz podshohi Jahonshoh Boroniy qoraqoʻylik boʻlsa kerak. Bobur ma’lumotlariga koʻra, Jahonshohning oʻgʻli Muhammad Mirzo Sulton Mahmud (Abusaid Mirzoning uchinchi oʻgʻli, Sulton Ahmad Mirzo bilan tugʻishgan) Mirzoning qizi Poshabegimni olgan edi, demak Jahonshoh Mirzo va Sulton Mahmud Mirzolar quda boʻlganlar.

18. Tarj.: Toatda behad tirishqoqlik va ishlarda minnatsiz doʻstning lutfi tufayli dil haqiqiy murod hosil qildi.

19. Ya’qub Mirzo — Iroq va Ozarbayjon hukmroni: Navoiy bilan yaqin doʻstona munosabatda boʻlgan. Jomiy ham bu hukmdorga darin husni ragʻbat bilai qaragan va “Salomon va Absol” dostonini unga bagʻishlagan. Ya’qub Sulton boshchilik qilgan adabiy-madaniy muhitda koʻplab shoir va yozuvchilar faoliyatda boʻlganlar. Birgina «Majolis un-nafois»ning forsiy tarjimasida Faxriy Hirotiy shu muhitga mansub 40 ta shoir haqida ma’lumot beradi. Navoiy e’tiroficha, Ya’qub Mirzo yaxshigina shoir, she’riyat bilimdoni va uni qadrlovchi shaxs boʻlgan.

20. Tarj.: Olamki, unda sabotni kam koʻraman. Har bir xursandchiligida ming gʻam koʻraman, chunki u xuddi koʻhna rabotga oʻxshaydi, uning har tarafidan yoʻqlik biyoboniga bir yoʻl koʻraman.

21. Sulton Ahmad Mirzo (tugʻ. 855/1451—vaf. 899/1493—94) —Abusaid Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli. Uning xotini Mehr Nigorxonim Bobur Mirzoning onasi Qutluq Nigorxonimning egachisi edi. Bobur yozadi: «Sulton Ahmad Mirzo kamsuxan va faqir va odmi kishi erdi. Har soʻz-un va ish-kuch beklarsiz qaror topmas erdi... baland boʻyluq, qunqor (qoʻngʻir) soqolliq, qnzil yuzluq... hanafiy mazhablik, pokiza e’tiqod kishi erdi, besh vaqt namozini betark oʻtar erdi... Hazrati Xoja Ubaydullo (Xoja Ahror)ga irodati bor edi».

22. Tarj.: Agar oy (yuzligim) bundan keyin (ham) pinhon qoladigan boʻlsa, bedillarning omon qolishi ajablanarlidir.

23. Tarj.: Na goʻzalki, husnning jilosi jahonga yoyildi uning bu jilvasi tufayli bizning jonimiz shaydo boʻldi.

24. Kichik Mirzo — qarang: shu kitob, 286-bet, 67-izoh.

25. Tarj.: Oʻzimni umr boʻyi yaxshilik bilan maqtardim, oʻzimni taqvodorlik yoʻliga solardim; Ishq kelgach, na taqvodorlik qoldi va na yaxshilik. Xudoga shukrki, oʻzimni sinadim;

26. «...bu ruboiy xazrat Maxdumiy Nuran bila Tavorud voqe’ boʻlubtur». Tavorud — adabiyotda misra’ yo baytni bir-biridan xabarsiz ikki shoir tomonidan yaratilib qolish hodisasini anglatadi. Kichik Mirzoning bu ruboiysi Jomiy she’ri bilan tavorud voqe’ boʻlganini Navoiy koʻrsatib oʻtadi.

27. Sulton Badiuzzamon Mirzo — qarang: shu kitob, 253-bet, 112 izoh.

28. Tarj.: Ey oy [yuzli goʻzalim], gul yuzingsiz yuragim loladek qon bogʻladi. Jigar ham hajring gʻamidin pora-pora boʻldi,

29..Shoh Gʻarib Mirzo—Husayn Boyqaroning oʻgʻli. Bobur yozadi: «...bukri edi. Agarchi hay’ati yomon edi, tab’i xoʻb edi. Agarchi badani notavon edi, kalomi margʻub edi. «Gʻaribiy» taxallus qilur edi, devon ham tartib qilib edi, turkiy va forsiy she’r aytur edi». Husayn Boyqaro Hirotdan biror yoqqa otlansa, hukmronlikni Shoh Gʻarib Mirzoga qoldirar ekan. Navoiy «Farhod va Shirin» oxirida Shoh Gʻarib Mnrzoga alohida bob ajratadi. Unda shahzodaning yaxshi fazilatlarini, ilm-fan, ma’rifatga tashnaligini ta’riflaydi va mamlakat hamda xalq taqdiriga aloqador shaxs sifatida diniy bilimlarni (fiqh, hadis va tafsirni), hikmatni, ayniqsa, tarixni oʻrganishni nasihat qiladi.

Faxriy Hirotiy yozishicha, hirotlik bir shoir «Gʻaribiy» taxallusini olganda Husayn Boyqaro oʻgʻlining xotiri uchun uning taxallusini «Majlisiy»ga oʻzgartirgan ekan.

Navoiy Shoh Gʻarib Mirzo vafotiga har bandi 6 baytdan iborat 5 bandli (60 misra’) tarkibband marsiya yozgan. Unda marhumning kamtar va shirinsoʻz inson, adolatli va lutf marhamatli shahzoda, zakovatli shoir boʻlgani qayd etiladi. Bu marsiya birinchn marta 1971 yilda (Adabiy meros, 2) H.Sulaymonov tomonidan nashr etildi.

30. Tarj.: Doʻstlar, goho mozorim tomon kelib turing; Menga fotixa oʻqish oʻrniga yorimning duoi jonini qiling.

31. Faridun Husayn Mirzo — Husayn Boyqaroning oʻgʻli. Bu shahzoda haqida Bobur yozadi: «Yoyni yaxshi tortib, oʻqni yaxshn otar edi. Kamon guruhasin derlarkim, qirq botmon ekandur. Oʻzi xili mardona edi, vale feruzjang emas edi. Har yerdakim, urushti, magʻlub boʻldi». Faridun Husayn Mirzo Shayboniyxongʻa qarshi janglardan birida halok boʻlgan.

32. Tarj.: Garchi sening koʻzingda meni jafo ezib yuborgan esa-da azbaroi xudo vafo yoʻlidan bir qilcha chetga chiqqanim yoʻq.

33. Muhammad Husayn Mirzo — Husayn Boyqaroning oʻgʻli. Faridun Husayn Mirzo bilan bir tugʻishgan. Onalari oʻzbeklardan Minglibiy ogʻacha edi. Boburga qarshi fitnalarda, janglarda qatnashgan. Lekin Bobur qoʻliga tushganda, qonidan kechib, ozod qilib yuboradi. Keyin u Shayboniyxondan panoh topib, Bobur haqida gʻiybatlar qilib yurganini Bobur taassuf bilan yozadi. Oz fursat oʻtmay Shayboniyxon Muhammad Xusayn Mirzoni qatl qildiradi.

34. Tarj.: Ov ketidan yurib, changga botding; haroratli dil ketiga tushib, terga gʻarq boʻlding.

35. Boysingʻur Mirzo (1477—1499)—Abusaid Mirzoning oʻgʻli Sulton Mahmudning ikkinchi oʻgʻln, onasi Poshabegim. Otasi davrida Buxoroda hukmron boʻlgan va Samarqand taxtida oʻtirgan. Ogʻa-inilari bilan chiqisha olmay Xusravshoh huzuriga kelgan va tez orada qatl etilgan.

36. Tarj.: Koshki edi sanamlar ishkida biror kim devona boʻlsa Olamni tark etib, vayronada boʻlsa biror kishi.

37. Sulton Mas’ud Mirzo — Abusaid Mirzoning nabirasi, Sulton Mahmud Mirzoning toʻngʻich oʻgʻli, onasi Xonzodabegim. Otasi davrida Hisorda hukmronlik qilgan. Feodal yurishlari oʻzaro nizolar oqibatida Xusravshoh Sulton Mas'ud Mirzoning koʻzlariga mil tortib, koʻr qilgan, bu voqeadan soʻng Xusayn Boyqaro unga qizi Begim Sultonni bergan edi. Sulton Mas’ud Mirzoni Shayboniyxon qatl ettirgan.

38. Sulton Ali Mirzo — Sulton Mahmud Mirzoning kichik oʻgʻli, onasi Zuxrabegim. Ogʻasi Boysungʻur Mirzodan keyin 1499 yil oʻrtalarida Samarqand taxtiga oʻtirgan. Shayboniyxon 1500 yilda Samarqandni egallagach, Sulton Ali Mirzoni uning buyrugʻiga binoan qatl etganlar.

39. Jamshid — Eronning afsonaviy shohi. U qurol-aslaha, ipak va ranglar ixtiro’ qilgan, ulkan va hashamdor binolar qurdirgan ekan. Navoiy «Tarixi mulki Ajam»da yozishicha, Jamshid pichoq va qalqon yasagan, hammom qurdirgan. Nihoyatda ulugʻ «Chihil minor» deb atalgan bino solib, kun va tun teng kelgan kunda oʻsha binoda taxtda oʻtirib, barchaga adolat qilgani uchun shu kunning otini Navroʻz qoʻygan ekanlar. Bu yerda Jamshid deganda Navoiy Husayn Boyqaroni va boshqa temuriy shoh, shahzodalarni nazarda tutmoqda.

40. Faridun— qadimgi Eron shohlaridan. Ba’zi manbalarda u Jamshidning nabirasi, ba’zilarida esa uning birodari Taxmuras avlodidan deb qayd qilinadi. Faridun zolim va odamxoʻr, Jamshidning qotili Zahhokka qarshi temirchi Kova (Kovai ohangar) isyoniga qoʻshilib, uni mahv etadi.

Navoiy «Tarixi mulki Ajam»da Faridunni «yaxshi axloqli olim va odil podshoh erdi» deb ta’riflaydi. Bu yerda ham Faridun fazilatlari shu majlisda nomlari zikr etilgan temuriy hukmron va shahzodalarda boʻlgan va ularning ba’zilariga falak Jamshid va Faridun kabi taqdirning ajal jomini ichirdi, deydi Navoiy.

Sakkizinchi Majlis

1. Rustam — Abulqosim Firdavsiy «Shohnoma»sidagi qahramon, Eron fol'kloridagi mashhur obraz. Oʻrta va yaqin Sharq xalqlarida ham shuhrat qozongan. Rustam xalqparvar, Vatanni sevuvchi, mardlik va shijoatda bemisl pahlavondir. Uning nomi keyinchalik qahramonlik ramziga aylanib ketgan.

Rustamning dunyoga kelishi va unga ism qoʻyilishi haqida Firdavsiy shunday hikoya qiladi: Zolning xotini Rudoba homilani gʻoyat ogʻir koʻtaradi. Oy-kuni yaqinlashganda dard boshlanishi bilan hushidan ketadi. Sarosimaga tushgai Zol afsonaviy qush Simurgʻ yordami bilan jarroh topib keladi. Jarroh onaning yonini kesib, bolani oladi. Hushiga kelgan Rudoba yonida gʻoyat boʻlalik bolani koʻrib, xursan holda «Rustam!» deydi. Forsiyda bu soʻz azobu darddak xalos boʻldim, degan ma’noni anglatadi. Onaning ogʻzidan chiqqan ana shu birinchi soʻzni oʻgʻilga ism qilib qoʻyadilar.

Navoiy bu yerda Husayn Boyqaroning muruvvatliligi va bahodirligini Rustamga qiyos qiladi.

2. Hotam — Abusafona Hotam ibni Abdulloh ibni Sa’di Toyi. Taxminan VI asr oxirlari VII asr avvallarida yashagan arab shoiri. Xalq orasida Xotamtoy nomi bilan mashhur. Uning bizgacha yetib kelgan bir qancha she’rlarini toʻplab, arab adibi va xattot Rizqulloh Hassun 1872 yilda Londonda nashr etdirgan. Hotam haqida Sharqda juda koʻp afsonalar va rivoyatlar, qissa va dostonlar mavjud. Xotam nomi Saxovat ramziga aylanib ketgan. Bu yerda Navoiy Husayn Boyqaroni ham shoirlikda, ham saxovatda Hotamga oʻxshatadi.

3. «Nasabnoma» — Husayn Boyqaroning shajarasi, tarjimai holi haqidagi asar. Navoiy asar muallifining nomini keltirmaydi.

4. Iso — paygʻambarlardan biri. Laqabi Masih. Diniy afsonalarda Iso oʻz nafasi bilan oʻlganlarni tiriltirish, ularga jon bagʻishlash qobiliyatiga ega boʻlgan, deyiladi. Bu yerda shoir yor labi qarshisida obi hayot xijolatda ekanligi, nafasi Iso nafasidek jon bagʻishlovchi demoqchi boʻladi.

5. Masiho — qarang: Iso, yuqoridagi izoh.

6. She’riy san’atda «tarjeh» bir narsani yoxud biror obrazni boshqa narsa yo obrazdan baland qoʻyib ta’riflashni anglatadi. Bu baytda shoir oʻz sevgilisi koʻzlarini nargis gulidan, ogʻzini gʻunchadan afzal deb ta’riflaydi.

7. Nu’mon — arablardagi Toif shahri yaqinidagi daryoning nomi. Aftidan, shu yerlarda ungan lolaning rangi va undagi dogʻ ta’rifga loyiq boʻlsa kerak.

8. «Tajohil ul-orif» she’riy san’at boʻlib, lugʻaviy ma’nosi bilib bilmaslikka olishlikni anglatadi. She’riyatda shoir iztirobli, hayajonli lahzalarda oʻzi oʻziga savol berib, javobda fikrlarini yanada teranlashtiradi, adoni ta’sirliroq qiladi. Bu baytda shoir yorning tabassumini gʻunchaning ochilishi emas, loladagi dogʻ emas uni mening koʻnglim qonatdi der ekan, ana shu san’atning bir koʻrinishini namoyon etadi.

9. Bu baytda Husayn Boyqaro she’r san’atidagi «talmeh» (lugʻ. ma’nosi: yashin chaqnashi, koʻz qirini bir narsaga daf’atan qaratish demakdir)ni ishlatgan. Bu san’atda tarixiy shaxslar, voqia, qissa, afsonalarga va ulardagi personajlarga ishora qilmoqni anglatadi. Baytdagi Farhod va Majnunlar ana shunday qahramonlardandir.

10. Yaqiniy — qarang: ushbu kitob, 240-bet, 124-izoh.

11. Bu baytda ham «talmeh» san’ati ishlatilgai. Vomiq — «Vomiq va Azro» nomida 20 dan ziyod dostonlar mavjud. Asli yunonga borib taqaluvchi bu turkum dostonlardan ilk namunalar VI asrlarda uchraydi XI asrda fors shoiri Unsuriy «Vomiq va Azro» nomli doston yaratgan. (Vomiqning ma’nosi doʻstlashuvchi, doʻsti borni anglatadi, Azro esa bokira ma’shuqa deganidir). Keyinchalik koʻp shoirlar shu nomda doston yaratganlar. Bu dostonlarning mazmunida farqlar oz boʻlib, faqat birida Vomiq Yaman shohining oʻgʻli, Azro Hijoz hokimining qizi, boshqasida esa turli mamlakatlar hukmronlarining farzandlari sifatida qalamga olinadi.

12. «Bu she’rning qofiyasidan soʻngra «atv vovin» kalimaning asl harfi oʻrnigʻa tutulib, gʻarib ixtiro’ qilibdur» — «atv vovi» «va» bogʻlovchisini anglatadi. Baytda shoir «ey jafo tigʻi, kel va majruh koʻksumni yor» deyish oʻrniga «va»ni yor soʻzidagi asosiy harflarga tutash yozgan. Navoiy buni ajoyib ixtiro’ deb baholaydi. Navoiyning “Favoyid ul-kibar” devonida xuddi shunday san’at ishlatilgan gʻazal bor boʻlib, matlai shunday:

Ey sabo, ovvora koʻnglum istayu har yon boru,
Vodiyu togʻu biyobonlarni bir-bir axtaru.

13. «Majolis» soʻngidagi bu «Xilvat» deb berilmish ikki lavha: Husayn Boyqaro huzurida oʻtadigan adabiy anjumanlar (Navoiy «Oliy majlis» deydi) haqida, ularda yangi she’rlar, badiiyat masalalari muhokama qilinishi haqida tasavvur yaratib beradi. Birinchi lavhada Navoiy Xusrav Dehlaviyning hindcha she’rlaridagi bir ma’no yomgʻir rishtasining nozik yorga madad boʻlganligi haqidagi Lutfiydan eshitgan hikoyat va unga e’tiroz bildirgan Husayn Boyqaromana bu bayt esa e’tiroz uygʻotmaydi, deb bir baytni keltiradi. Bu bayt Husayn Boyqaro devonidan topilmadi. Uning Navoiy ilk devonidagi bir gʻazal tarkibida mavjudligiga bizning e’tiborimizni prof. H.Ne’matov tortdi. Faqat «Majolis»da «devorgʻa» soʻzi devonda «devorda» tarzida yozilgan.

Ikkinchi lavhada esa hisorlik yosh shoir Qabuliy gʻazali bilan bogʻliq boʻlib, shoir she’rida chiqmay qolgan bir baytni Navoiy yozib bergani va Husayn Boyqaro bu xolni darhol payqagani haqida soʻz boradi. Bu lavha Husayn Boyqaro Navoiy she’riy uslubini naqadar puxta bilganligi, shuningdek, yosh iste’dodlarga marhamatli boʻlganligidan dalolat beradi.

II- qism
 
Keyingi