OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alisher Navoiy. Munshaot (Munojot)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiMunshaot (Munojot)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, «Камалак», 1991
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Матнни изоҳ ва таржималар билан нашрга тайёрловчи: Суйима Ғаниева


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Munshaot (Munojot)
Alisher Navoiy

Munojot

Bismillohir-Rahmonir-Rahim

Zihi isming azim, rahmonligʻu rahimligʻing — vojibut-ta’zim. Ism — sening isming va rahmonliq va rahimliq — sening qisming, sen — ganj va ofarinish —tilisming. Isming jam’i sifoti — asmoi husno, rahmonligʻ va rahimliginggʻa yuz ming hamdu sano. Rahim ham sen, rahmon ham sen, azim ham sen, subhon ham sen. Subhonolloh, ne kibriyovu azamatdurkim, sendin oʻzgaga vujud itloqi boʻhton va tuhmatdur. Zoting — qayyumi barhaq, vujudung boqiyi mutlaq. Sendin oʻzga mavjud koʻrunganlar namudi benamud, balki nobudu nomavjud, vujud va mavjuddin sen maqsud. Taolo sha’nuka va amma ehsonuka va lo iloha gʻayruka. Yo vadud va Ma’budi vojib ul-vujud.

Hamd. Ilohi, azamat va jabarut sening sha’ningdadur va mulku malakut — sening hukmu farmoningda, azaliyatinggʻa bidoyat yoʻq va abadiyatinggʻa haddu nihoyat yoʻq. Dahr gulshanida har giyohu yafrogʻ — sening hamdinggʻa zokir va sipehr anjumanida har harfu avroq — sening ne’matinggʻa shokir. Jamoliyating boʻstonida sekiz uchmoq—bir rayhoni dilnavoz va jaloliyating zindonida yetti tamugʻ — bir samumi jongudoz. Hashamating borgohida bir shamma — mehri munir va san’ating korgohida bir lavha — sipehri asir. Yuz bu olamcha mavjud etay desang, «kun fayakun» iborati anga kofiy va ming onchani ma’dum etay desang, «haboan mansuro» ishorati anga vofiy. Vahdoniyat sifatida shariku vazirdin mubarro va fardoniyat siyratida volidu valaddin muarro. Ilming daryosidin har gavhar nujum duraridin pokroq, mulkung sahrosidin har lola quyosh mash’alidin otashnokroq. Bemonandligʻinggʻa «laysaka mislihi shay’un» guvohi sodiq, bepayvandligʻinggʻa «lam yalid va lam yulad» dalili muvofiq. Har negakim tashbih qilinsa oʻxshamassen, yaxshi boqilsa ul sandin durur va sen ul emassen. Hamdingda takallum ahli tili kosir, siposingda mutakallimlar ajzdin mutahayyir. Bu bobda «lonuhsi sanoan alayka» mazkur boʻlur, har necha balogʻat lofin urgan dam urmasa, ma’zur boʻlur.

Na’t. Ulki, «kuntu nabiyyan va Odamu baynal-moi vattin» mazmuni anbiyoga muqaddamdur, «rahmatan lil-olamin va xotamun nabiinin» mantuqi bila alarga muaxxar va xotamdur, habibi Hazrati Iloh Muhammad rasululloh sallallohi alayhi vasallamdur. Yuz yigirma toʻrt ming anbiyoyi mursal xilqatidin murod ul va barcha anga xayl va oʻn sekiz ming olam ixtiro’idin maqsud — ul va ofarinish anga tufayl. Nubuvvat taxtida humoyui farqi uzra toj, anbiyovu rasul xaylida sohibme’roj, avvalinu oxirin xalqi aning shafoatiga muhtoj. Buroqi inoyat aning markabi ulvi xiromi va Jibrili hidoyat aning payki barqgomi, laylat ul-me’roj aning shabistoni va «li ma’ollohi vaqtun» aning maqomi. «Salavotullohu alayhi va alo olihit-tayyibin va ashobihit-tohirin».

Munojot. Ilohi, akram ul-akramin — sen va men — gunohkor.

Ilohi, arham ar-rohimin — sen va men tiyra-roʻzgor.

Ilohi, agarchi jurmu isyondin oʻzga ishim yoʻq, ammo sendin oʻzga ham kishim yoʻq.

Ilohi, yoʻq erdim bor etting, tifl erdim, ulugʻlar jargʻasigʻa qotting, ammo nafsu havo yelidin zuhlum niholin ushotting va ofiyatim xaylin yozuq sipohi turktozidin tarqatting.

Ilohi, yomon af’olimdin parishonligʻnm choʻqtur va shum nafsimda pushaymonliq yoʻqtur, mundoq balodin qutulurgʻa ummidim sendin-oʻqtur.

Ilohi, oʻzluk yomonligidin oʻzlugum bila oʻta olmaydurmen va yaxshilarning etagin yomonligʻim uyotidin tuta olmaydurmen.

Ilohi, yillar ibodat qilgʻonni rad qilsang, hech kim daxl qila olmas va qarnlar isyon qilgʻanni qabul qilsang, hikmatin hech kishi bila olmas.

Ilohi, Odam xilofot taxtining mustavjibi oʻzimu boʻldi, sening taqdiring boʻlmay shayton muxolifatining soʻzimu boʻldi?..

Ilohi, berguchisen ham fisqu fujurni, ham zuhd, ham vara’ni, alarning tuhmatin bir necha ojizgʻa bogʻlamoq ne ya’ni?

Ilohi, inoyatinggʻa ummidvormenkim, gunohim behaddur va rahmatinggʻa sazovormenkim, xatovu sahvum beadaddur.

Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam, rad qilsa, sanga tavajjuh etkaymen va agar sen rad qilsang, netkaymen va kimga ketkaymen?

Ilohi, sening yoʻlungda tufrogʻ yetsa, toʻtiyodur va kesak yoʻluqsa, kimyodur, gʻayringdin qizil oltun qora tufrogʻdek beqadru kambahodur.

Ilohi, yomonligʻimdin agarchi koʻn alamim bor, gʻam-xorim sen boʻlsang, ne gʻamim bor.

Ilohi, dunyo mayli rishtasin koʻnglumdin uz va nafsoniyat tiyraligida hidoyat sham’i bila oʻzung sori yoʻl koʻrguz.

Ilohi, ul uzun yoʻl va qatigʻ vodiyda inoyating bila yoʻlda va aning qat’ida ayogʻim toyilsa, dastgirliging bila qoʻlda.

Ilohi, bu yoʻl sayrida shaytonni tegramga yovutma, agar ul aduv yoʻl ursa zuhdumdin ne kelgay, inoyatingni oʻksutma.

Ilohi, taqviye berki, nafsi gʻaddor anga zabun boʻlsun, vara’e nasib qilki, shaytoni nobakor boshi aning ayogʻida nigun boʻlsun.

Ilohi, gʻaflat uyqusidamen, bedor qil va jaholat mastligidamen, hushyor qil.

Ilohi, ul bedorligʻni ogohlikka yetkur va bu xushyorligʻni beishtibohlikka ulandur.

Ilohi, dushmandur shaytoni xiylanamoy manga va nafsi xudroydur korfarmoy manga, bu vartalarda dastgir boʻlmasang, voy manga.

Ilohi, agar xislatim egridur, niyatim tuzdur, bu jihatdin agar qoʻrqunchum bordur, ammo ummedim birga yuzdur.

Ilohi agar af’olimga boqsam, uyot oʻlturur va sening karamingni sogʻinsam, ummid tanimgʻa jon kelturur.

Ilohi, sendin yomonligʻ kelmas va mendin yaxshiligʻ, sen yaxshisen va men yomon. Har kimga oʻziga munosibdur qiligʻ. Tikan ishi sanchilmoq uchun, ani kuydurmak munosibdur, bahor fayzi om uchun, anga gul musohibdur.

Ilohi, tufrogʻdin el koʻziga tiyralik yetar va quyosh ashi’a bila olam ahli koʻzin ravshan etar.

Ilohi, chun har ne qililur sanga taqdirdur, qilgʻuchigʻa qilmoqta ne tadbirdur.

Ilohi, taqdir qilgʻaningni qilurgʻa ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor.

Ilohi, agarchi zalolatqa tushubmen, ammo hidoyatingga talabgormen va agarchi tamugʻ oʻtigʻa tushkali yovushubmen, ammo rahmatingdin umidvormen.

Ilohi, umidimni karamingdin ma’dum qilma va rahmatingni xaloyiqqa om qilgʻonda meni ham mahrum qilma.

Ilohi, agar dastgir sen boʻlmasang, aso hamonu it gʻunjisi hamon va agar pardapoʻsh sen boʻlmasang, rido hamonu eshak argʻamchisi hamon.

Ilohi, toatinggʻa havasim bor, ammo nafska zabunmen, ibodatinggʻa multamasim bor, ammo giriftori ishqu jununmen.

Ilohi, lahvu havo mayidin mastmen, ujbu riyo jomidin mayparastmen, bu dastovizlar bila shaytongʻa hamdastmen.

Ilohi, pariuzorlarga meni devona qilding va sham’i ruxsorlargʻa koʻnglumni parvona qilding, bu sabablardin rasvoligʻ bila olamgʻa afsona qilding.

Ilohi, necha musalsal zulf savdosidin boʻynumda zanjir boʻlgʻay va muanbar xol xayolidin koʻnglum asir, sanga taqdir bu nav’ ersa, manga ne tadbir?

Ilohi, koʻnglum kishvari qaro kirpiklar yasoli yagʻmosidin buzuqtur va sabrim uyi gulrang uzorlar xoʻyi selidin yiquqtur.

Ilohi, har otashin la’l mening oʻt tushkan jonimdin namudor va har serob gʻunchada mening koʻp paykon koʻnglum shakli padidor. Bu ofatlarning iloji senga osondur, menga dushvor.

Ilohi, shoʻxi chobuklargʻa chevilanda har yon shitob solursen va alarning har yon shitobidin mening oshufta koʻnglumga har dam iztirob solursen.

Ilohi, alargʻa ul shitobdin qaror yoʻq va menga bu iztirobdin ixtiyor yoʻq. Alarning dilraboligʻi ham — sendin va oshufta koʻnglumning mubtaloligʻi ham — sendin.

Ilohi, birav husniga malohat berursen va aning tuzin mening koʻnglum jarohatigʻa sepursen.

Ilohi, birav mijasi nishin zahrolud etarsen va uning noʻgin mening yaraligʻ bagʻrimgʻa sancharsen.

Ilohi, sham’ husni bezanmagi ham sendin va parvona joni oʻrtanmagi ham sendin.

Ilohi, gul uzorigʻa dilafroʻzluk ham sen berding va bulbul figʻonu zorigʻa jigarsoʻzluq ham sen berding. Agar qaysi sham’i gulrux ishqi oʻtinkim koʻnglumgʻa solding, parvona va bulbuldek sabru qarorimni olding.

Ilohi, agar ishq suubatidin bazm tuzdum va may seli ofatidin taqvo va zuhdum uyin buzdum. Ul ne may ichmak va ayogʻ tutmak erdikim, ayogʻ-ayogʻ qon yutmoq erdi.

Ilohi, agar hajr shiddatidin tuganlar oʻrtadim, dinu islom mazra’ida xirmanlar oʻrtadim.

Ilohi, har tugan savolidin ofiyatim ruxsorin qaro qildim va aning dudidin imonim roʻzgorin qaro qildim.

Ilohi, agar havasdin bosh-ayogʻ yalang har yon yugurdum, boshdin-ayogʻim yomon erkanin xaloyiqqa bildurdum.

Ilohi, agar shavq jununidin koʻksumga tosh urdum, ul tosh bila nangu nomusum shishasin sindurdum.

Ilohi, gohi bu junundin atfol toshin boshimgʻa yogʻdurdum, gohi ahbob malomati nishin koʻnglumga yetkurdum.

Ilohi, qaysi isyon tiyraligʻi bilakim, ofiyatim yuzi harormadi, qaysi bedod suubatikim, men qaro yuzlukka bormadi.

Ilohi, yigitligʻim bu nav’ ham qatigʻ oʻtti, ham achigʻ, qariligʻda yuz qatla oʻzumni oʻltursam ne asigʻ.

Ilohi, emdi hamkim, barchadin kechmak xayolin qilurmen, oʻzlugum bila kecha olmon, yaqin bilurmsn.

Ilohi, andoqki, bu balolargʻa solding, qutqor va andoqkim, bu ibtilolargʻa kiyurdung, chiqor.

Ilohi, men tavba qildim degandin ne sud, sen tavba bergilki, ham Tavvobsenu ham Ma’bud.

Ilohi, namozeki, el boʻlmagʻuncha qilmagʻaymen, xudnamoligʻdur va ul namoz uchun xirqavu rido xudoroyligʻdur.

Ilohi, ul namoyishu oroyishdin koʻnglumni mubarro qilgʻil va bu nav’ shayton libosidin paykarimni muarro etgil.

Ilohi, toatqa tavfiq bersang, riyodin asra va ibodatqa yoʻl koʻrguzsang, xatodin asra.

Ilohi, ul toatki, ujb kelturgay, koʻnglumga yovutma va ul ma’siyatkim uzrga yetkurgay, tilimdin yiroq tutma.

Ilohi, beiloj dardga alil qilma va bemuruvvat nomardga zalil qilma.

Ilohi, beasllar mazallatidin asra va bediyonatlar tuhmatidin asra.

Ilohi, johil suhbatigʻa poband etma va arozil hashmatigʻa hojatmand etma.

Ilohi, nosiposlar malomatidin yiroq tut va haqshunoslar xususiyatidin qiroq tut.

Ilohi, koʻnglumni dardu shavqing muhabbati bila ovut va koʻzumni nadomat ashki selobi bila ravshan tut.

Ilohi, tilimni ne’mati beqiyosingga shokir ayla va koʻnglumni hamdu siposingga zokir ayla.

Ilohi, qalamimgʻa hamding raqamigʻa mashgʻulluk ber va raqamimgʻa xaloyiq koʻngliga maqbulluq ber.

Ilohi, zamirimgʻa xudpisandligʻni yovutma va xotirimni el naf’i aybjoʻlugʻigʻa tutma.

Ilohi, xayolimni niyozu dard ahligʻa moyil tut va niyozim koʻzin dardmandlar ayogʻi tufrogʻi bila yorut.

Ilohi podshohi Islomni muslimin boshigʻa tutqil bardavom, ya’ni bandalarning ustigʻa koʻlankangni qil mustadom, to shohu gadogʻa duogoʻyliq qilmish boʻlgʻaymen, vassalom.

Suyima Gʻaniyeva

Alisher Navoiyning «Munojot» asari

«Munojot» haqida ilk ma’lumot Ogoh Sirri Lavandning «Turkiya kitobliklarindaki Navoiy yozmalari» nomli «Turk tili aralashtirmalari yilligi — Byulleten'» (Anqara. 1958) da bosilgan maqolasida berilgan edi. Unda Istanbul. Toʻpqopi. Ravan kutubxonasidagi Navoiy kulliyotining nafis nusxasi (kotibi Darvesh Muhammad Taqiy, ta’rixi — 901-902 (1495-96-1496-97) va Fotih nusxa (Sulaymoniya kutubxonasi)larida kulliyot avvalidan oʻrin olgan asar sifatida tavsif qilingan edi.

1973 yil «Adabiy meros — 3»da H. Sulaymonning «Alisher Navoiy kulliyoti qoʻlyozmalari tadqiqotidan» nomli maqolasi bosildi. Muallif Navoiyning jahon kutubxonalarida mavjud boʻlgan 8 ta moʻ’tabar kulliyoti fotonusxalari, ularning koʻchirilish tarixi nuqtai nazaridan xronologik tartibdagi muxtasar tavsifini beradi. Turkiya nusxalari tavsifida esa Ogoh Sirri Lavand ma’lumotlariga toʻla tayanadi. Lskin undan farqli oʻlaroq H. Sulaymon Darvesh Muhammad Taqiy koʻchirgan nusxani «shoirning oʻzi tuzgan kulliyot nusxasi boʻlib, unda kulliyot uchun Navoiyning oʻzi yozgan soʻzboshi — Munojot bor», — deb yozadi.

Navoiyning «Munojot» asari Ogoh Sirri Lavandning 1965—68 yillar mobaynida nashr etdirgan «Alisher Navoiy» nomli 4 jildli kitobining oxirgi jildida e’lon qilingan edi. Soʻzboshida noshir yozgan ediki: «Munojot mansur yogarish (duo, oʻtinish)larning eng goʻzallaridandir. Navoiyning mansur asarlari orasida til va uslub boqimidan eng qusursizi hisoblanadi. Muallif «Munojot» Toʻpqopi va Fotih kitobxonalaridagi Navoiy kulliyoti nusxalarining boshinda yer olmoqdadur», — deb ta’kidlaydi.

«Munojot» mundarijasidan ma’lum boʻladiki. «Kulliyot» uchun maxsus yozilgan soʻzboshi emas, Navoiy «Kulliyot»ini tasnif etar ekan, oʻzining butun ijodiyotining gumanistik mohiyati, dunyoviylik pafosi, ijtimoiy, siyosiy va falsafiy xarakteri, ma’lum isyonkorlik ruhi, asarlarida oʻz aksini topgan shaxsiyati, bir soʻz bilan ayttanda, ilgʻor jihatlar davr mafkurasi nuqtai nazaridan shakkoklik sanalgan muddaolar birlashib shoirda botiniy bir hayajon ruhiy iztiroblar paydo qilgan va u Olloh nazdida tavba-tazarru’ qilish ehtiyojini sezgan, desak xato boʻlmagay. Lekin buyuk dahoning Ollohdan iltijolari ham uning dunyo qarashida va shaxsiyatidagi umumbashariy ahamiyatga molik ilgʻor nuqtalarni roʻyi rost ilgʻab olish imkoniyatini beradi.

«Munojot» Muqaddima va 3 qism: «Hamd», «Na’t» va «Munojot»dan iborat. «Hamd» va «Na’t»dagi fikrlar Navoiy dostonlari avvalidagi hamd va na’tlardagi qaydlar bilan mutlaqo hamohang boʻlib, Ollohning buyukligi, azaliy va abadiyligi, yagonalik sifatlari, Muhammad paygʻambarning ta’rifini beradi. «Munojot» qismi esa bevosita Ollohga murojaat tarzida bitilgan. Muallif undan afv iltijo qilib, oʻzini gunohkor, Ollohning karamli ekanini ta’kidlaydi va panteistik ruhdagi e’tiroflarga oʻtadi. Modomiki, deydi Navoiy, har qanday mavjudot, uning sifatlari, har bir jonzod, uning fe’l atvori, sa’y-harakatlari Olloh tomonidan qismat etilgan zkan, «taqdir qilganingni qilurgʻa ne ixtiyor, qilmasmen demakka kimning haddi bor».

Ma’lumki, Navoiy hayotining oxirida birmuncha yillar avval yuragi tubidan oʻrin olgav haj safari ishtiyoqi yana olovlanadi. U 905 (1499—1500) yillar davomida bir necha marta bevosita va bilvosita — yaqinlari orqali Husayn Boyqarodan haj safariga izn soʻradi. Har gal Sulton avvaliga ijozat berar, lekin darhol oʻzi shaxsan shoir huzuriga tashrif buyurib, safarni qoldirishga koʻndirib qaytar yoxud eng nozik doʻstlarni oraga qoʻyib shoirni ahdidan qaytarishga muvaffaq boʻlar edi. Navoiyning «Vaqfiya»da yozishicha, «ikki orzu rishtasidan (biri haj, ikkinchisi — Ijod — S. Gʻ.) oʻzgakim, girihi koʻnglum pardasidin yechilmadi va ikki murod gʻunchasidin oʻzgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi...

Menikim bu savdo nizor ayladi,
Havas ilgida beqaror ayladi.
Ne imonki, topqay qaroru sukun,
Birovkim, bu fikr etgay oni zabun».

Bu orzusi roʻyobga chiqmasligiga koʻzi yetgan chogʻlarida Navoiy ruhiy azoblar girdobida qolar, har qanday rasmiy, norasmin davlat yumushlariyu madad istab keluvchilardan gʻoyat toliqar edi, albatta.

«Munojot»dagi «Ilohi, emdi hamkim, barchadin kechmak xayolin qilurmen, oʻzlugum bilan kecha olmon yaqin bilurmen. Ilohi, andoqqi, bu balolarga solding, qutqor va andoqkim, bu ibtilolarga kiyurdung, chiqor», - deya iltijo qilishi shoirning yuqorida yodga olingan tushkun kayfiyatidan darak beradi. Shu bilan birga hammadan voz kechish mumkin va oson, lekin «oʻzlugi»dan kechish mutlaqo mumkin emas, bu aniq. Binobarin, «oʻzluk«ni muqaddas saqlamoqqa, uni tahlika va loqaydliklardan xalos etmoqqa intilish nihoyatda zarur, degan shoirning yuksak e’tiqodini yuzaga chiqaradi.

Diqqatga sazovori yana shuki, Navoiy iltijolari zimnida uni ijodiyoti boʻylab bosh xat boʻlib oʻtgan davr, muhitga yoʻnaltirilgan armon va oʻkinchli mulohazalarni uqsa boʻladi. Shoir iltijolarining bir necha oʻrnida nafsu havo (dunyo, boylik ma’nosidagi — S. Gʻ.) mayli, hirsu riyo kabilardan saqlanishda madadkorlik qilishni oʻtinishi fikrimiz dalilidir. Shuningdek, taqvo, zuhd, ibodat singari barcha el uchun zarur boʻlgan farzlarni bajarishda tavfiq tilaydi: «Ilohi, toatqa tavfiq bersang riyodan asra va ibodatqa yoʻl koʻrguzsang xatodin asra», — deb yozadi u. Bu hol XV asr farzandi, tasavvuf ta’limotiga daxldor ijodkor uchun tabiiydir, albatta.

Navoiyning qator iltijolari uning didaktik qarashlari bilan bogʻliqdir: «Ilohi, ashyolar (nodoʻstlar — S. Gʻ.) mazallatidin asra va bediyonatlar tuhmatidin asra. Ilohi, johil suhbatigʻa poband etma va arozil (razillar — S. Gʻ.) qashmatigʻa hojatmand etma». Bu iltijolar «Mahbub ul-qulub»dagi shoirning didaktik oʻgitlari, bir qator «tanbeh»laridagi hikmatli pandlari bilan hamohangdir.

Navoiy oʻzining ijtimoiy qarashlariga oid fikrlarini ana shu «Mahbub ul-qulub»da davom etdirib, ularni chuqurlashtirgan, yangi-yangi tushunchalar bilan boyitgan. Uning zamona teskariligi, davr kajraftorligi haqidagi oʻkinchli nolalari, zulmkorlik, behayoliklardan malul boʻlgan dilidan otilib chiqqan alamli nidolari oʻz aksini topgan edi: «Davr bevafolari javridin dod va dahr behayolari zulmidin figʻonu faryod. To olam binosidur bu oʻtga hech kim mencha oʻrtanmaydur, to bevafoliq ibtidosidur bu yolinga hech mendek churkanmaydur. Zamon ahli bevafoligidin koʻksumga tuganlar va davron xayli behayoligidin bagʻrimda tikanlar». Bular «Munojot»dagi: «...gohi atfol toshin boshimgʻa yogʻdurdum, gohi ahbob malomati nishin koʻnglumgʻa yetkurdum. Ilohi, qaysi isyon tiyraligi bilakim, ofiyatim yuzi qarormadi, qaysi bedod suubatikim, men qaro yuzlukka bormadi» kabi dardli armonlarda oʻz aksini topgandek koʻrinadi.

Navoiy «Ilohi, zamirimga xudpisandligʻni yovutma va xotirimni el naf’i aybjoʻligʻigʻa tutma», — deya iltijo qilar ekan, u oʻz umri oxiriga qadar ilgʻor insonparvarlik zaminida gʻoyat mustahkam turganligidan dalolat beradi. Xulosa tarzida aytish kerakki, Navoiyning «Munojot» asari shoir kulliyoti uchun yozilgan soʻzboshi emas, balki hayoti oxirida e’tiqodlari mustahkam, imoni komil, ijodda gʻoyaviy niyatlari yuksak, hayoti va orzu-umidlari pok va xolisligiga ishonsa-da, yana bir bor Ollohdan notinch ruhiyatiga osudalik tilab, avlodlarini ma’naviy kamolotga, e’tiqodiy ustuvorlikka, oʻzligini qadrlash va uni muhofaza etishga chorlash maqsadida yozilgan, oʻtmishga emas, kelajakka qaratnlgai dil soʻzlaridir.