OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiNavodir un-Nihoya (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm208KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Navodir un-Nihoya (III- qism)
Alisher Navoiy

Gʻazallar (davom)

597

Yuz jafo tong yoʻqki ul nomehribondin koʻrgamen
Kim, vafo koʻrmish birovdinkim men ondin koʻrgamen.
Kimsa abnoyi zamondin koʻrmadi hargiz vafo,
Kim men ul xunrezu oshubi zamondin koʻrgamen.
Qoʻyki itdek telba koʻnglum necha mehnat, ey rafiq,
Har dam ul ovorai behonumondin koʻrgamen.
Oʻzgalar arzin netaykim jonima orom erur,
Javru bedodikim ul oromi jondin koʻrgamen.
Nozaninlar jilvagohi ichra har yon telmurur,
Koʻzlarimkim ul sumanbarni qayondin koʻrgamen.
Yeru koʻkni ashku ohim sayli dudi qildi gum,
Necha ranju mehnat ul ikki yomondin koʻrgamen.
Dema ul oy orazin koʻrsang urar boshinggʻa tigʻ,
Har balo kelsa boshimgʻa osmondin koʻrgamen.
Xirqayu sajjodani qilsam fano dayrida rahn,
Ikki olam sudini mundoq ziyondin koʻrgamen.
Ey Navoiy, soʻrmagʻilkim qilmogʻumdur oshkor,
Yuz nihoni dardu mehnatkim falondin koʻrgamen.

598

Ikki gul bir kecha koʻnglumni guliston aylabon.
Oldilar jonimni bedod ulcha imkon aylabon.
Biri boʻrkin sindurub, jonlar safin sindurgʻali
Aqlu din mulkin safi mujgoni vayron aylabon.
Biri bir necha hilolin egri bogʻlab noz ila,
Anjumu aflokni husnigʻa hayron aylabon.
Biri xatti sabzasidin gulga aylab hoshiya,
Bazmni ul sabzayu gul bogʻi rizvon aylabon.
Biri olam ahlining koʻngli qushin sayd etgali
Sunbuli domini gul uzra parishon aylabon.
Biri qoshu kirpigidek oʻq bila yo ilgida,
Lek ul yo birla oʻq jonlarni qurbon aylabon.
Biri voʻsma birla surma rangidin koʻk toqini
Ofat angizu qaro nargisni fatton aylabon.
Biri bogʻlab bargni toʻn uzra minorang qoʻr,
Naxli qaddin gʻayrati sarvi xiromon aylabon.
Biri gulgun toʻngʻa sarigʻ ostardin zeb etib,
Sarvi ra’nosin guli ra’noda pinhon aylabon.
Mastligʻdin ul qilib ilgida dogʻin oshkor,
Shoʻxlugʻdin jongʻa bu yuz dogʻi xirmon aylabon.
Zulm ila ul oʻlturub, bu lutfi birla tirguzub,
Gar bu qilsa zulm ul ham lutfu ehson aylabon.
Men agar boqsam bu yon tigʻ urub oning ishvasi,
Boqsam ul yon gʻamzadin bu tiyri boron aylabon.
Ey Navoiy, bu fasonang yo tush ermish, yo xayol,
Necha lof urmoq oʻzungga muncha boʻhton aylabon.

599

Ul oy firoq ila qismim gʻam etsa naylagamen,
Visoli gʻayr ichin xurram etsa naylagamen.
Mengaki tori vafo sust ayladi ul dam,
Raqib birla ani mahkam etsa naylagamen.
Xazinu oshiqu zor etti, nayladim ojiz,
Ki ishq tigʻi qatili ham etsa naylagamen.
Meniki hamdam edim qovdi, naylay, ul damkim,
Raqibni oʻziga hamdam etsa naylagamen.
Chu mahrami men edim, qildi zulm ila mahrum,
Visoli mahramini mahram etsa naylagamen.
Sipehr mehrin agar mendin etti kam ne iloj,
Taxayyul ilaki mundin kam etsa naylagamen.
Demangki, etsa ijozat borurgʻa koʻyidin,
Debon zamini siyah mulzam etsa naylagamen.

600

Telba koʻnglum javridin andoq parishon holmen,
Kim aning bedodining sharhin demaktin lolmen.
Gʻam sipohi chun hujum aylar aning toʻsh-toʻshidin,
Holigʻa rahm aylabon gʻam xayligʻa pomolmen.
Gohi majnunvashligʻi birla boʻlurmen muztarib,
Gohi behol oʻlmogʻidin za’f aro beholmen.
Za’f holingʻa necha rahm aylagaymen, ey koʻngul,
Sen dogʻi rahm etki men ham bas zaif ahvolmen.
Kosh itsang uylakim nomu nishoning topmasam,
To desam ishq anduhidin emdi forigʻbolmen.
Ishq aro gohi boʻlurmen zor moʻyungdin, chu moʻy
Furqat ichra gohi nolangdin nechukkim nolmen.
Ey Navoiy, necha dermen ishq tarkin aylayin,
Chun ish ishga yetti aylarmen yana ihmolmen.

601

Jilvai qadding koʻrub sarvi ravondin kim desun,
Javhari la’ling borinda naqdi jondin kim desun.
Doʻst koʻyinda chu manzil tutilar ahli visol,
Men kibi ovorai bexonumondin kim desun.
Koʻp dema voizki, ul qaddu labu yuz ollida
Toʻbiyu kavsar bila huri jinondin kim desun.
Ogʻzi vasfida deyilgan xurdadonlar, ey koʻngul,
Sen kibi ma’dum benomu nishondin kim desun.
Bordurur oni yuzungdakim, quyoshda oncha yoʻq,
Sen borinda kim quyosh kim boʻlgʻay andin kim desun.
Yorgʻa holin demakka oncha yaxshi yori bor,
Ey koʻngulkim, yaxshi boqsang men yomendin kim desun.
Shayx soʻz maqsud ahli kasbida koʻp soʻrdi lek,
Chora anda juz fano yoʻq har qayondin kim desun.
Gah zamondin shikva, gah ahli zamon javrin dema,
Boda ich ahli zamon birla zamondin kim desun.
Gar Navoiy desa ul yuz gulshanidin yoʻq ajab,
Demayin bulbul hikoyat gulsitondin kim, desun.

602

Koʻrub zulfung aro oʻtluq koʻngullardin asar har yon,
Tunu anjum dema, bilgil tutun ichra sharar har yon.
Gʻaraz bu ulki ishqingdin gʻalatqa solgʻamen elni,
Bu kim istab sumanbarlarni solurmen nazar har yon.
Pari ruxsoralar toshi meni devona davrinda
Sochilgʻandekdurur naxli malolatdin samar har yon.
Dema koʻyumdin el ketsunki band etmish chibin yangligʻ,
Ulusni soʻzda la’ling noʻshidin oqqan shakar har yon.
Ulus qonini tufroqqa toʻkarga soʻrma, koʻz solkim,
Oʻlar qon birla tufrogʻ ichra bir xunin jigar har yon.
Buzuq qabrimni koʻrgan oʻqchi doʻkonigʻa oʻxshatqay,
Firoqing oʻqidin anda koʻrub paykonu par har yon.
Ul oy husnigʻa ishqingni yoshurgʻil dema, ey nosih,
Ki tutmish olam ahli ichra shuhrat bu xabar har yon.
Mayu ma’shuq uchun poʻyamgʻa kulmang, ey saloh axli,
Yugurmay netgamen yetsa qazo birla qadar har yon.
Seni istarda mumkin yoʻq, Navoiy, multafit boʻlmoq,
Nechakim jilva qilsa noz ila bir siymbar har yon.

603

Hajr shomidnn qarongʻuroq tun oʻlgʻaymu ekin,
Yorab, ul tundin xalos oʻlgʻan kun oʻlgʻaymu ekin?
Barq yangligʻ olam oʻrtar lam’ai shomi firoq,
Doʻzaxi hijron chiqargʻon uchqun oʻlgʻaymu ekin?
Koʻyida itlar izi ruxsorgʻa boʻldi baho,
Andin oyo qiymatiroq oltun oʻlgʻaymu ekin?
Subhi furqat bir balo daryosi buzdi dahrni,
Shomi hijronimda yoqqan shudrun oʻlgʻaymu ekin?
Gul masallik toza qonligʻ dogʻlar birla tanim,
Dard bogʻida ochilgʻan gulbun oʻlgʻanmu ekin?
Tiyri boroni firoq ahbob jonidin oʻtar,
Hech yomgʻur mundin oyo oʻtkun oʻlgʻaymu ekin?
Bogʻ aro gullarga oʻt soldi Navoiy nolasi,
Benavo bulbulgʻa, vah, mundoq un oʻlgʻaymu ekin?

604

Zarvaraqtin yo kibi qoshingda zevarmu ekin?
Yo magar mushkin hilol ustida axtarmu ekin?
Yel uchurgʻan parniyon har yon burunchak azmidin
Ul pari uchmoqqa egni ustida parmu ekin?
Titraguch gavharlari erkin boshingda yo magar,
Oy boshinda hay’ati parvin musavvarmu ekin?
Koʻzgu ichra orazing aksimu erkin jilvagar,
Yo zilol ichra koʻrungan mehri anvarmu ekin?
Sochbogʻing oʻrgʻanmudur siymin taning davrigʻa pech,
Yoʻqsa husnung kunjigʻa chirmashgʻan ajdarmu ekin?
Bu chaman gulbunlarida xor ekinmu yo magar,
Zor bulbul joshshing qasdigʻa nishtarmu ekin?
Ey Navoiy, men xud ul on vaslidin mahrummen,
Bilmon oʻzgalarga bu davlat muyassarmu ekin?

605

Bu kecha hajr kuni shomi qiyrgunimu erkin?
Yoʻq ersa sa’bi gʻamim doʻzaxi tutunimu erkin?
Chu shayx ruq’asigʻa ruq’a tikti jismi tutashti,
Samum xullasidek koʻnglagim yoʻrunimu erkin?
Firoq dashtidin itgan koʻngul yelib chiqa olmas,
Aning bu dodi aro gʻul rahnamunimu erkin?
Koʻzum uyiniki sayli sirishk buzdi, yiqilmas,
Qading xayoli bu vayronaning sutunimu erkin?
Bu oʻtki telba koʻngulni pari xayoligʻa solmish,
Yuzung shuoyi deya shoʻ’lai jununimu erkin?
Birovki kasbi fano qildn, koʻkka qoʻydi qadamni
Bumu zabun anga yo ul munung zabunimu erkin?
Navoiy, ozdi esidin chu ketti jismigʻa koʻp na’l,
Talab yoʻlining alar na’lbozgunimu erkin?

606

Garchi ul mahvash jafo aylar taammul qilmaiin,
Chunki oshiqmen nedur choram taxammul qilmayin.
Hajr biymin anglabon aylar koʻngul vasltda maks,
Qatl uchun elturda el bormas taallul qilmayin.
Ogʻzin anglarda belnn koʻnglumda aylarmen xayol,
Xurdadon boʻlmas kisht nozik taxayyul qilmayin
Ishq sirrin gar bayon aylay desam, ey piri aql,
E’tiroz etma xadisimni taaqqul qilmayin.
Vah, necha qon yutqamenkin, soqiyi davron menga
Chun yetar har davr aro oʻlmas tagʻoful qilmayin.
Foniy oʻl faqr istar ersangkim, erur maqsud mahol,
Yoʻlgʻa chun qoʻygʻay qadam rahrav tavakkul qilmayin.
Ey Navoiy, shart qildimkim, agar boʻlsam xalos
Ishqidin, oʻzga bu ish zikrini bilkul qilmayin.

607

Chok-chok etting koʻngul komini hosil qilmayin,
Keskulatting notavon saydingni bismil qilmayin.
Hajr oʻtining manzili boʻlmoq koʻngul ne sudkim,
Yetgach oʻq oʻtti xadanging anda manzil qilmayin.
Tushmasun har koʻz yuzungga, elga ham oʻt tushmasun,
Chiqma uydin parda oʻtluq yuzga hoyil qilmayin.
Garchi hajri roʻzgorim tiyra qilmish, ey sipehr,
Mahfilim yorutma oni sham’i mahfil qilmayin.
Ul pari majnunidur koʻnglumni zinhor, ey hakim,
Band qilma zulfi qaydidin salosil qilmayin.
Dahr ishi oludaluqdur, ey xusho, ul pokroʻ
Kim, oʻtar bu jiyfagʻa koʻnglini moyil qilmayin.
Ey Navoiy, shart qildimkim, qutulsam hajridin,
Necha koʻnglum desakim, ishq orzu qil, qilmayin,

608

Gar desam koʻz birla ruxsorin tamosho qilmayin,
Vaslini naylab koʻngul birla tamanno qilmayin.
Gavhari ishqigʻa koʻnglumni netib qilmay hadaf,
Muncha baskim koʻzni ifshosigʻa daryo qilmayin.
Oh oʻtiyu ashk saylidin boʻlur yer-koʻk toʻla,
Necha dermen ishq asrorin huvaydo qilmayin.
Oʻt tushub koʻnglumdayu koʻksumda ravzan zaxmidin,
Dudining oning ne yangligʻ oshkoro qilmayin.
Ul pari har jilvasidin aqli kull shaydo boʻlur,
Telbalikdindur desam koʻnglumni shaydo qilmayin.
Qilmagʻil, ey shayx, usruklar unidin shikvakim,
Mast oʻlub mayxonada qilmas alolo qilmayin.
Soqiyo, andoq toʻla tut bodakim, behud boʻlay,
Toki davr oshubigʻa bir lahza parvo qilmayin.
Ey Navoiy, olam oro husnini chun ochti yor,
Boʻlmas emdi oʻzni olam ichra rasvo qilmayin.

609

Oʻrtama koʻnglumni komin hosil etmasdin burun,
Qushni kim biryon etibdur bismil etmasdin burun.
Jism aro ishqing vatan qilmay hanuz oldi koʻngul,
Oʻt yoqar yer topti uyni manzil etmasdin burun.
Oshiq oʻldum jonim osonliq bila ol, ey ajal,
Ishq dardi jongʻa ishni mushkil etmasdin burun.
Ey koʻngul, yor ochti yuz hijronda oʻlmak sa’b erur,
Jon fido qil yuzga burqa’ hoyil etmasdin burun.
Pandlar berdi xirad koʻnglumga yuz shukr, ey pari,
Telba qilding nosih oni oqil etmasdin burun.
Foniy oʻlsun kim baqoyi jovidon istar ani,
Foniy oʻlgʻanlargʻa davron doxil etmasdin burun.
Ey Navoiy, gʻayri naqshidin arit koʻnglungnikim,
Fayz mumkin ermas oʻzni qobil etmasdin burun.

610

Oshiq oʻldum necha javr ahli zamondin tortayin,
Ulki oshubi zamondur bori ondin tortayin.
Yor ila agʻyor zulmi haddin oʻtti, vah, necha
Vasl uchun javru jafo yaxshi-yomondin tortayin.
Hajr girdobidurur koʻnglum kamandi, vasl ber
Kim, solib ani bu hajri begarondin tortayin.
Sen tana’um gulbunidin uz farogʻat gʻunchasi,
Men balo paykoni jismi notavondin tortayin.
Borgʻali koʻyida egnimdin chiqar goʻyo qanot,
Javridin desam ayoq ul ostondin tortayin.
Mehmonim boʻlsang ollingda havodis tuhfasi
Nesh tandin oʻq, koʻnguldin nola jondin tortayin.
Ey Navoiy, necha qilgʻaylar etakdek poymol,
Men dogʻi emdi etak ahli jahondin tortayin.

611

Qil bu yon javlonki jonni xoksoring aylayin,
Boshingga evrulgali qoʻpqon gʻuboring aylayin.
Bu bahona birla chunkim jonni sadqang ayladim,
Aqlu xushu sabru naqdin ham nisoring aylayin.
Yuz agar ochsang nazarning qushlarin sayding qilay,
Oʻq agar otsang koʻngul saydin shikoring aylayin.
Qochib el nazzorasidin gar kirarsen aksdek,
Koʻzgudek koʻnglumni temurdin hisoring aylanin.
Sen labingdin jon berib vaslingdin elning koʻnglin ol,
Men xazin jonu koʻngulni xoru zoring aylayin.
Xonaqahda, eyki oʻzluk jomidin maxmursen,
Kir fano dayrigakim daf’i xumoring aylayin.
Toʻlsa paymonang Navoiy dayr aro may birla yub,
Boshining xum kirpichin xishti mazoring aylayin.

612

Yorumas sham’i visoling rishtayi jon oʻrtabon,
Furqating dardi kam oʻlmas dogʻi hijron oʻrtabon.
Koʻngluma oʻt, boshima solding qilich, ammo ne sud,
Oshkoro urmogʻing su elni pinhon oʻrtabon.
Barq kulmak birla kuydurgan kibi jismim xasin,
Ohkim, kul qildi ul gulbargi xandon oʻrtabon,
Oʻqlarin oʻrtab tanimda toʻkti koʻnglum qonini,
Turfa saydi ayladi bismil nayiston oʻrtabon.
Soqiyo, sol otashin la’ling bila bir oʻt menga,
Kim koʻngulga shoʻ’la solsun jonni oson oʻrtabon.
Xayli ishqing har soʻngakni tanda bir yon oʻrtadi,
Korvon yoqqandek oʻt, xaslarni har yon oʻrtabon.
To Navoiydek boʻlay ozod oʻzluk mulkida,
Har nenikim oʻrtamaklik boʻlgʻay imkon oʻrtabon.

613

Chehra yopting xasta jonimni anga zor aylabon,
Zulf yigʻding telba koʻnglumni giriftor aylabon.
Gar muroding qatl esa jon topshurgʻay olgʻil ravon,
Rahm etib oʻlturma yillar hajringga zor aylabon.
Dema javridin agar ul qochsa kimga javr etay,
Kim qochargʻa azm qilgʻumdur xabardor aylabon.
Soʻzki la’lingdin eshitsam uylakim obi hayot
Qonmon, ey jon, to tirikmen ani takror aylabon.
Dema Majnun ul pari hajrida menmen dasht uza,
Nola chekkan tosh ila koʻksumni afgor aylabon.
Faqr koʻyida gadoligʻ garchi faxrimdur valek,
Saltanat arz etsalar mayl aylamon or aylabon.
Koʻyi azmida Navoiygʻa navo yetsa ne tong,
Kim qilur bulbul navo ohangi gulzor aylabon.

614

El gʻamimdin kuymasun deb nolayi zor aylamon,
Dardu holimdin mingidin birni izhor aylamon.
Yoʻqsa yoʻqtur hech soatkim figʻoni zor ila
Yuz tumon ming bagʻri toshning koʻnglini zor aylamon.
Turfa bu kim tortibon yuz muncha doʻzax shoʻ’lasi,
Yor koʻnglin bu haroratdin xabardor aylamon.
Turfaroq bukim figʻonimdin uyumay dahr eli,
Uyquluq baxtim koʻzin har lahza bedor aylamon.
Ishq aro men oʻzga, Farhod oʻzgadur, ey doʻstlar,
Teshai gʻam birla men togʻ bagʻrin afgor aylamon.
Soqiyo, andoq sabuh istar koʻngulkim, bersa dast
To qiyomat subhi andin oʻzni hushyor aylamon.
Ey Navoiy, sudrab eltur boda birla mugʻbacha,
Ixtiyorim birla azmi koʻyi xammor aylamon.

615

Shomi hijron zulmatida obi hayvon istamon,
Ne uchunkim sensiz, ey umrum xushi, jon istamon.
Chun tilar koʻnglum samandingning izidin topsa na’l,
Gʻayri koʻnglum sohati raxshinggʻa javlon istamon.
Chun oʻqungdin bir boshoqdur qatra su, ey qoshi yo,
Sendin oʻtluq koʻngluma juz tiyri boron istamon.
Istasam la’ling mayin har dam berur xunob charx.
Men xud oʻz komim bila may oʻrnigʻa qon istamon.
Ul parivash tifli toshi tanda dermen tutsa yer,
Yoʻqsa koʻp devonaligʻdin oʻzni uryon istamon.
Yor koʻnglum buzmoq istar, men ham istarmen buzuq,
El yoshursun ganj deb bu uyni vayron istamon.
Ey Navoiy, koʻrgach el hayronligʻin oʻlsam ne tong,
Menki gʻayratdin anga doʻzaxni hayron istamon.

616

Jongʻa har dam ishqidin yuz ming balo kam istamon,
Oʻzgaga ming yil oʻtub yuzdin birin ham istamon.
Yor chun istarki gʻamnok oʻlgʻamen hijronidin,
Ne ajab gar vaslidin koʻnglumni xurram istamon.
Tigʻi ishqing zaxmidin jonim bir osoyishtadur,
Kim agar yuz qatla oʻlsam dogʻi marham istamon.
Dev siyratlar bila koʻrsam ne hol oʻlgʻay menga,
Ul parigʻa chun malak haylini hamdam istamon.
Ne taxammul gar yuzungga tushsa nomahram koʻzi,
Oʻz koʻzumni ayni izzatdin chu mahram istamon.
Oncha el javrin koʻrubmenkim tilarmen fardligʻ,
Boʻlsa yori ham vafoligʻ jinsi odam istamon.
Ey Navoiy, ishq agar olamgʻa rasvo aylamas,
Men xud oʻzni kuch bila rasvoyi olam istamon.

617

Necha ashkimdin menga, ey ishq, bedod etgasen,
Ohdin jismim xasin har lahza barbod etgasen.
Elga dilbar iltifotidin meni aylab gʻamin,
Elni boʻlgʻandin menga nomultafit shod etgasen.
Menkim oʻldum gʻamda jon bermak menga ta’lim etib,
Ulki qotildur anga oʻlmakni irshod etgasen.
Ey koʻngul, bergaysen elga sur nafhidin xabar,
Aylab ohingdin qiyomat chunki faryod etgasen.
Har zamon ishqing chu yuz ming qatlgʻa qoni’ emas,
Furqatingdin yoʻqturur hojatki imdod etgasen.
Ishqdinkim jonima yuz gul ochilmish, ey hakim,
Jahl erur gar nomiya ruhigʻa isnod etgasen.
Uyla mahv oʻlmish, Navoiy, xotiringdin, ey pari,
Kim unutub shoyad ul devonani yod etgasen.

618

Yoʻq damekim ul quyosh yodida faryod aylamon,
Aylamon faryodkim gardunni barbod aylamon.
Nola qilmonkim xaloyiq koʻnglini qilmon xazin,
Navha chekmon gʻam arokim elni noshod aylamon.
Orazu qaddi xayoli bas menga, ey bogʻbon,
Gul sari qilmon tamosho mayli shamshod aylamon.
Qoʻyma yuz huru pari vasfigʻa, ey roviyki, men
Qiblai jon gʻayri ul huri parizod aylamon.
Aylamon ma’mur aqlu sabr ila koʻnglum uyin,
Chun meni buzdi, men ul vayronni obod aylamon.
Har necha qildim vafo koʻrguzdilar javr, ey koʻngul,
Ayb qilma gar zamon abnosidin yod aylamon.
Ey Navoiy, tarki ishq etkim, qutulsam men dogʻi,
Kimsaga koʻnglumni mundin nari moʻ’tod aylamon.

619

Koʻrguzur agʻyor yuz tuhmat nihoni naylayin,
Yorkim soʻrmay inonur, bu baloni naylayin?
Yuz jafo eldin chekib, vahkim, jafogarlikka ot
El aro paydo qilibmen, bu jafoni naylayin?
Kimki dardi boʻlsa yor aylar davo, men yorsiz
Dard aro oʻldum, bu dardi bedavoni naylayin?
Dam-badam qonimgʻa tonugʻluq berur koʻz, ey koʻngul,
Bilmon ul tardomani yuzi qaroni naylayin?
Yuz vafo aylab xaloyiqqa, koʻrubmen ming jafo,
Aylamay xoliqqa emdi iltijoni naylayin?
Qilmangiz dayri fanogʻa kirmagimni aybkim,
Chekmayin jomi fano dardu anoni naylayin?
Ey Navoiy, chun vatanda bir dame xush urmogʻim
Mumkin ermas, ixtiyor etmay jaloni naylayin?

620

Yor holidin menga, vahkim, xabar yoʻqtur bukun,
Bu jihatdin aqlu xushumdin asar yoʻqtur bukun.
Subh selobi sirishkim oqti koʻp, ey doʻstlar,
Band uchun kelmangki ul sudin guzar yoʻqtur bukun.
Kechakim bagʻrim boʻlub qon oqti koʻzdin gʻam emas,
Gʻam budurkim itlaringga mohazar yoʻqtur bukun.
Men bukun oʻlgach, aning koʻyiga toʻldi xalqkim,
Ashku ohim saylu barqidin zarar yoʻqtur bukun.
Va’dai vaslingni tongla demagilkim, umrgʻa
E’timodim hajr shomi to sahar yoʻqtur bukun.
Ichmagum, ey dayri piri, jomi may ul magʻbacha
May tutargʻa bazmi aysh ichra agar yoʻqtur bukun.
Oʻzlukin chun soldi oʻtgan kun Navoiy boshdin,
Bu jihatdindur anga gar dardisar yoʻqtur bukun.

621

Lablaring sharbatini chashmai hayvonmu deyin?
Demasam chashmai hayvon, ne deyin, jonmu deyin?
Tunu kunumkim yorugʻ ul yuzdin erur, vahkim, ani
Mohi anvarmu deyin, mehri duraxshonmu deyin?
Kulubon jilva qilur chogʻda qadu ogʻzin aning
Sarvi ra’nomu deyin, gʻunchai xandonmu deyin?
Gʻamzai qotil ila kofiri xunrez koʻzin
Dushmani jonmu atay, ofati imonmu deyin?
Ishq dardini desam sa’b meni ayb etmang,
Ishki ming mushkil erur zimnida osonmu deyin?
Aql agar ishq oʻtidin qochsa nechuk man’ qilay,
Shoʻ’ladin sa’y qilib chiqsa birov yonmu deyin?
Ichmakim zohid agar bildi, Navoiy, naylay,
Soʻrsa soʻz uyla kishi ollida yolgʻonmu deyin?

622

Koʻz bila qoshing aro ul xoli mushkinobdin,
Nuqta kofir uzra tushmish yo quyi mehrobdin.
Ul ogʻiz ollidakim har la’lidur obi hayot,
Nomunosibdur demak soʻz gʻunchai serobdin.
Uylakim zulfung gʻamin olamgʻa tarqatmish nasim,
Ne ajab sudralsa yuz jon boʻyni har qullobdin.
Nuqtai mavhum erur ogʻzing, netib kom istayin,
Kim tamattu’ kasb qildi javhari noyobdin.
Hajr tobu pechidin qisqardi umrum rishtasi,
Tor ul yangliqki boʻlgʻay qisqa pechu tobdin.
Olam asbobidin oʻt gar istasang koʻnglumni jam’,
Kim parishonligʻdin oʻzga yetmas ul asbobdin.
Ey Navoiy, yor koʻyida qaro tufrogʻ aro
Qolibon ortuq koʻrarmen bistari sinjobdin.

623

Necha ul chehrani koʻz lavhida tasvir etayin,
Ani koʻrmakka bu suvrat bila tadbir etayin.
Necha tun tonggʻacha koʻrmakka quyoshdek yuzini
Yuz tahayyul qilibon borigʻa tafsir etayin.
Necha yoʻq yerda xayolingni taaqqul qilibon,
Furqating sharhi gʻamin ollida taqrir etayin.
Necha xad yozgʻali yoʻq yerda senga holimni
Nomalar kilki tahayyul bila tahrir etayin.
May ber, ey barahman, ar mugʻbacha ishqiyu koʻngul
Boʻlsa badmasti firoqi bila ta’zir etayin.
Ey Navoiy, dema jon bergilu ilgin oʻpgil,
Mundoq iqbol ilik bersa ne taqsir etayin.

624

Necha gʻamim oʻtin ahli jahongʻa yetkurayin,
Sharoru dudin aning osmongʻa yetkurayin.
Qadam boshimdin etib koʻyi azmi qildimkim,
Bu makr ila ani ul ostongʻa yetkurayin.
Labinggʻa may bila obi hayot yetgandek,
Aning xayolini men dogʻi jongʻa yetkurayin.
Koʻngul chu koʻyida kam boʻldi, ne koʻngul birla
Oʻzumni kom tilab gulistongʻa yetkurayin.
Koʻngulni istayu vayron badanni elturmen
Ki, xonumonini bexonumongʻa yetkurayin.
Jahonda fitnadur, aylab soʻrogʻ mayxona,
Oʻzumni sa’y ila dorul amongʻa yetkurayin.
Navoiy ohi senga za’fdin chu yetmas, kel
Ki, vaslidin madad ul notavongʻa yetkurayin.

625

Ishq aro men kibi yoʻq besaru somon boʻlgʻan,
Xonumon buzgʻan aloxonu alomon boʻlgʻan.
Oh dudi bila ishq oʻtini zohir qilgʻan,
Lek ul dud aro axgar kibi pinhon boʻlgʻan.
Tiyri boroni baloi ishq anga yogʻdurgʻan,
Tanida har sari moʻy oʻrnigʻa paykon boʻlgʻan.
Sarsari ohi bila naxli umidi singʻan,
Sayli ashki bila sabri uyi vayron boʻlgʻan.
Pora-pora jigari hajr oʻtidin oʻrtangan,
Qatra-qatra yuragi hajr oʻqidin qon boʻlgʻan.
Ishq daryosi ani odami obi etgan,
Hajr sahrosi aro gʻuli biyobon boʻlgʻan.
Tong yoʻq oʻldum esa ishq ichra jahon rasvosi,
Kimdurur oshiq oʻlub oqili davron boʻlgʻan.
Soqiyo, bodaki, yo vasli keraktur, yo may,
Maxlas istar esa pobastai hijron boʻlgʻan.
Mezbonligʻda Navoiy ne ajab jon bersa
Kim, oʻluk tirguzur ermish anga mehmon boʻlgʻan.

626

Ishq ichra qani men kibi zeru zabar oʻlgʻan,
Har kimki yoʻq andin batar oʻlgʻan, batar oʻlgʻan.
Chun dilbari kirpiklar oʻqi el sari otqan,
A’zosi aro har sari moʻ nishtar oʻlgʻan.
Menmen labi jonbaxshing uchun la’l masallik
Bagʻri teshilib gʻarqai xuni jigar oʻlgʻan.
Dehqon deki, mendek yana davron chamanida
Kim koʻrdi vafo naxligʻa hijroni samar oʻlgʻan.
Jismi sharar ayrilmogʻ ila bilki tugandi,
Koʻnglida muhabbat shararidin asar oʻlgʻan.
Mast ulki jahon mehnatidin topti farogʻat,
Davrongʻa kelib ketganidin bexabar oʻlgʻan.
Faqr ichra ne tong oʻzlukidin kechsa Navoiy,
Fard oʻldi fano shevasidin bahravar oʻlgʻan.

627

Qomatingdek bogʻi husn ichra yoʻq sarvi ravon,
Orazingdek xud qani sarv uzra argʻuvon.
Siymi soid koʻrguzub koʻnglum oldi ul quyosh,
Kuchluk aning panjasi, men bagʻoyat notavon.
Gʻam yukidin men kibi qadi xam boʻlmoq ne tong,
Har qarikim dilbari boʻlgʻay aning navjuvon.
To qaroqchi koʻzlaring din yoʻlini urdilar,
Zuhdu taqvo mulkidin kelmadi bir korvon.
Naqdi jon istasa meni qiynasa kofir koʻzung,
Netgamen har yonkim ul turk mastidur avon.
Dahr elidin zinhorkim vafo qilma tama’
Kim, tama’din kimsaga yuzlanur doim havon.
Ey Navoiy, goʻyiyo kelgusidur yorkim,
Oʻtrusigʻa koʻz yoshing turmayin boʻldi ravon.

628

Oy yuzung ustida koʻz andoqki, oraz uzra ayn,
Nun bila ikki qoshing ichra tafovut binu bayn.
Men kimu taqvo musulmonlarki, har soat solur,
Koʻngluma ul ikki kofir koʻz xayoli shoʻru shayn.
Anjum istar charx tosida tugunlar ishqdin,
To koʻrubtur ul maqomirvash qoʻlida ka’batayn.
Yirtting umrum sijjilin tigʻ ila boshim chopib,
Qolmadi boʻynumda hijron oʻlturub bori bu dayn.
Dedi ogʻzimdur sening umrung, visolin istagil,
Umr agar budur visolin topqamen al umrat ayn.
Soqiyo, koʻp va’da qilding roh ila rohat yetur,
Yoʻqsa qil ma’yuskim, alya’su ihdar-rohatayn.
Ey Navoiy, nega ma’yus oʻlgʻay ulkim, shohdur,
Xisravi Gʻoziy muizzi mulku din Sulton Husayn.

629

Yorutmas quyosh tiyra shomim qarosin,
Ki bu shom etar tiyra aning ziyosin.
Ochar shoh oʻzi band qilgʻanni, lekin
Xalos aylay olmas birov mubtalosin.
Gar Ayyub sabr etti turluk baloda
Valek koʻrmadi hajr shomi balosnn.
Bulut boʻldi ohimki, ul oyni yopqay,
Ulustin qilib tichra ishqn havosin.
Diram oʻrnigʻa bersa anjumnn toshlar,
Agar imtihon qilsang, ul on gadosin.
Qani ra’iy mundin savob, ey koʻngulkim,
Kishi qoyil oʻlsa, bilib oʻz xatosin.
Navoiy erur bulbulung, lekin ul gul
Unutturdi hajring xazoni navosin.

630

Musavvireki qilur goʻyi gardining raqamin,
Qoʻyungki koʻzga chekay surma milidek qalamin.
Yilon taharrukin ar qush tutarda koʻrmaysen,
Koʻngul olur chogʻi koʻr bandi zulfi pechu xamin.
Nihon tan ichra tugonlardin oʻldi munglugʻ jon,
Gadoki tarbiya qilgʻay libos aro diramin.
Koʻngulki gʻam sipahin koʻrdi chekti shoʻ’lai oh,
Birov kibiki tikar moʻr xayligʻa alamin.
Xiromin asru sevarmen, vale koʻzum ichra
Ayogʻ chu qoʻydi tilarmen koʻtarmagay qadamin.
Xumor muhlik edi dayr piri tutti qadah,
Unutmagʻung agar oʻlsa dogʻi aning karamin.
Navoiyo adam istar falak vujudungni,
Teng anglasin dogʻi aning vujud ila adamin.

631

Netib tama’ qilayin boʻynuma soching rasanin,
Kim ul quyosh yuziga soldi chin ila shikanin.
Buzugʻ koʻngul aro ishqing chu kirdi, qochti xirad,
Bu ajdahoni koʻrub bum qoʻydi oʻz vatanin.
Tirildi xattu yuzungdin koʻngul, magar ekting
Xizr suyi bila bu bogʻ sabzayu samanin.
Qatili ishqing agar kirsa ravza tavfigʻa,
Ketursa hulla ola olmagʻay aning kafanin.
Koʻngulda xor gʻamidur oʻlarmen, ey Maryam,
Masih ignasi birla chekay desang tikanin.
Jahonda raz qizining la’lidin ogʻiz olma,
Desangki, koʻrmagamen zoli charx makru fanin.
Navoiy usruk agar dayr ichinda oʻrtadi dogʻ,
Magarki suzguch ila kimsa bogʻlagʻay tuganin.

632

Xating kim mehr uza chekti savodin,
Xamono mushkdin qilmish midodin.
Sochingda chun girihdin oʻzga yoʻqtur,
Ne nav’ andin tila, koʻnglum kushodin.
Ajaldin yoʻq malolim mundin oʻzga
Ki, qobil qoʻymagʻay qilmoqqa yodin.
Boʻlur koʻnglum uyidin xayr barbod,
Qachonkim fikr qilsam xayr bodin.
Murodi gar emas dilbar murodi,
Ilohiy bermagil oshiq murodin.
Salohin gar koʻrar zuhd ichra zohid,
Riyoyu ujbdin koʻrmas fasodin.
Navoiy topmasa yuz qatla oʻlgay
Ising bir qatla har soat sabodin.

633

Ishqing oʻtigʻa quruq jismim oʻtun,
Koʻngul ahgardur anga, oh tutun.
Tigʻ ila yordimu koʻksungni demang
Aylamas tigʻ ila xud ani butun.
Roʻzgorim qarorib zulfungdek,
Tori umrumgʻa tugun uzra tugun.
Vasl aro debsen olurmen jonin,
Hajring olmay durur angla burun.
Va’dai vaslin etar tongla netay,
Intizori meni oʻltursa bugun.
Boda zarfi boshigʻa yetmoq uchun,
Soqiyo, qolmadi xirqamda yurun.
Oʻynab oʻlturdi Navoiyni, koʻrung,
Chini ne erkin, agar budur oʻyun.

634

Yetishti bayramu daf’ etti roʻza qaygʻusin,
Hilol musqili yorutti boda koʻzgusin.
Sipehr jomi hiloligʻa jilva berdi magar,
Ki boda zabt eta olmas nishot koʻzgusin.
Magarki qildi shabistongʻa azm shohidi iyd,
Ki toʻkti charx ayogʻigʻa axtar injusin.
Dalil rohi shafaq rangu jomi menoyi,
Shafaq mayini koʻru charx jomi menusin.
Farogʻate tilar ersang, koʻp ogʻzi xishtin ol,
Ushat bu xisht bila zuxd nangu nomusin.
Saharki xalq Musallogʻa yuz qoʻyar, xush tut,
Borurgʻa dayri fano sari tong qorongʻusin.
Navoiy, ich qadahu foni oʻlki, topti baqo
Biravki, topmadilar el soʻrogʻi bilgusin.

635

Yuz oʻtida yuz qatra su ne tong yoʻq xayi gʻaltonidin
Koʻnglum oʻtida yoʻqmudur yuz qatra su paykonidin.
Qilgʻanda raxshin garm poʻy ul shahsuvori tund xoʻy,
Qilgʻay debon olingda goʻy olmon boshim maydonidin.
Bu dardu gʻamdin lolmen, maydon aro pomolmen,
Kim koʻrgach-oʻq beholmen ul ishvagar javlonidin.
Boshim sari nazzora qil, ey charx, idboringni bil,
Dogʻi saodat anglagʻil har zaxm oning chavgonidin.
Maydongʻa ul chobuk surub boshimgʻa chavgon yetkurub,
Sargashta jonim kuydurub el poʻyasi har yonidin.
Koʻk mazraidin xoʻshaye kasb aylasang qil toʻshaye,
Kom istabon tut goʻshaye koʻyi falak davronidin.
Gardun chekib tigʻin nihon, yuz javr birla toʻkti qon,
Oxir Navoiy topti jon topqach vafo jononidin.

636

Tirik qolsam gar oʻzni bazmi vasling ichra solgʻaymen,
Firoqing shiddatin de olmasam xud yigʻlay olgʻaymen.
Qabo bir qatla vasli xilvatida meni, ey gardun,
Necha hijroni zindonida ul oyning qobolgʻaymen.
Junun toshi boshinggʻa yogʻdi deb ta’n etma, ey nosih,
Tasavvur qilmakim bu sarzanishlardin uyolgʻaymen.
Nigoring gar borur, bot kelgusidur, yema gʻam dersiz,
Hamono sogʻinursizkim, men ul kelguncha qolgʻaymen.
Meni davron buzubtur, siz yasay olmaysiz, ey ahbob,
Menga ne jurm azaldin chun buzuq mundoq yasalgʻaymen.
Agar ahbob te’dodin qilursiz, boʻlmogʻum sonda,
Menga bas bu sharafkim, itlari ichra sanalgʻaymen.
Sabuhi vasl aro tut bir qadah, ey soqiyi davron,
Necha hijron tuni maxmurliq birla qiynalgʻaymen.
Oʻlarmen yo yetarmen maqsadimgʻa, yonmoq imkon yoʻq,
Badan za’fi bila yoʻl shiddatidin garchi tolgʻaymen.
Koʻngul uzdum, Navoiy, koʻyi tavfidin, ne tong, emdi
Erishsa itlari ul koʻy aro koʻnglumni solgʻaymen.

637

Tariqi ishq aro elni fard qilsa birov,
Harif emas anga yer, koʻk necha erurlar ikov.
Koʻnguldin ayla mavolid maylin kam kim,
Boʻlurgʻa fard mavone’dururlar ushbu uchov.
Desang falakka chiqay, foniy oʻl anosirdin,
Nedinki ruhunggadur chormix bu toʻrtov.
Havosi xams ila maqsud boʻlmadi mudrik,
Koʻngulni top ikki-uch uzv besh emas bu beshov.
Fanoyi mahz etar sittayi zaruriya,
Nedinki yoʻqqa zarurat emas bu nav’ oltov.
Xilofi shar’ agar yetti koʻkka chiqqungdur,
Yaqinki yetti tomugʻdin batardur ul yettov.
Navoiyo, sakiz uchmogʻ xavosidin kech kim,
Bular mavoni’ erur yor istar oʻlsa birov.

638

Falakdin gar senga har lahza yuz qaygʻu kelur oʻtru,
Agar har qaygʻudin soʻng bir sevunmak bor, emas qaygʻu.
Vagar har tiyralikka bir yorugʻluqni inonmassen,
Yigʻi koʻr charxdin, har shom dogʻi subhidam kulgu.
Kamol istar esang sidq ahlidin qilma koʻngul tiyra,
Mukaddar aylamas xurshid subh anfosidin koʻzgu.
Safo ahligʻa gulruhlar xayolidin tagʻayyur yoʻq,
Qachon gul aksi tushmaklik bila gulrang boʻlgʻay su.
Fano naqdi jahoninggʻa chu ermas bir zamon ma’lum,
Diram naqdigʻa umrung har zamon sarf etmagil asru.
Junun zanjirida oshiq yonida xiylagar zohid,
Kishi koʻrsa tasavvur aylagay sher ollida tulku.
Koʻngul mir’oti ichra jilvagardur yoru sen gʻofil,
Toriqma hajrdin koʻpkim, emassen yordin ayru.
Fanoning ham fanosin istagil vasl ersa komingkim,
Bu yoʻlda vosil oʻlmoqning tariqi ushbudur ushbu.
Ketur bir boda, ey soqiyki, ichsam qolmagʻay boqi,
Fanodin, bal baqodin ham zamirim lavhida belgu.
Navoiy dayr aro mast oʻlsa shohdin panoh, andin
Oʻtarda tutqusi, albatta, bir sogʻar chiqib oʻtru.

639

Qayon qilsa havo ul turfa qush uyqu olur qaygʻu,
Vagar kulbamda bir tun qoʻnsa xud koʻzdin uchar uyqu.
Firoqing shomida subhi visoling yodima kirgach,
Kelur har lahza tinmay yigʻlamoq ichra menga kulgu.
Quyoshim sarvdek qad birlakim har yon qilur jilva
Ayogʻi ostida, vah, soyadur yo sunbuli gesu.
Yangi jon topqamen boʻlsa labing obi hayotidin,
Oʻlarda ogʻzima chun tomizurlar paxta birla su.
Labingning xolidin jon istadim, ul oldi jonimni,
Gunah mendindur, andin yoʻq chu ishni aks etar hindu.
Qul oʻldum xolu zulfu qaddingga gar javrdin qochsam;
Erur koʻksumda har yon dogʻ ila na’lu alif belgu.
Qadah mir’oti ruh ey soqiyu maxmurluq ranji,
Meni oʻlturdi, bovar qilmasang qoʻy ogʻzima koʻzgu.
Chu davron bevafodur, necha sohibi joh esang, ey shah,
Gadolar xotirin asrayu magʻrur oʻlmagʻil asru.
Ichar ermish ul oy ushshoq yodi birla sogʻarlar,
Seni ul el tufayli, ey Navoiy, yod qilgʻaymu.

640

Oʻt yolindek sen qachon chopsang samandi barqrav,
Bir alamdur oʻtqa boshing ustida gulgun yalov.
Tortibon tigʻi jafo bagʻrimni yuz chok ayladi,
Bordi ulkim der edilar el meni bagʻri butov.
Xullai kofirgun ul xil’ati xazro uza
Sabzai jannatqa goʻyo tushti rahmatdin qirov.
El inoni ixtiyori chiqti yaksar ilgidin,
Poʻyada har sari ul chobukki qaytardi jilov.
Xoʻblar ichra birov koʻnglumni olmishkim, ani
Mendin oʻzga kimsa birla qilmagʻil, yorab, ikov.
Tiyralar lutf aylabon tutmas safo ahli yerin,
Yorugʻan birla uchi sham’ oʻrnini tutmas kosov.
Gar Navoiy kilkidek el kilki shakkarrez emas,
Ayb qilmang birdek oʻlmish nayshakar birla gʻarov.

641

Yuzungga shiftai qoshlar boʻlmasa oshiq nagʻu,
Boʻldilar har qaysi bir devonai joʻlida moʻ.
Boʻlmasa devona, bas ne vajhdin zanjir etib,
Kelturubdursen ayogʻi sari zulfi mushkboʻ,
Ul araqnok otashin ruxsoringa mayl ettilar,
Telbalar moyil boʻlurlar koʻrsalar oʻt birla su.
Telba ermas balki ikki hindui sohirdurur,
Bosh qoʻshub afsun uchun goʻyo qilurlar goʻftugoʻ.
Yo tamosho qilgʻali, yo sehri ta’lim olgʻali
Zulfining hindulari har sari qilmishlar gʻulu.
Shoʻxlarning qoshlarigʻa, ey koʻngul, mayl etmakim,
Ofiyat koʻyiga hojiblardur ikki roʻbaroʻ.
Qoshigʻa tushgan girihlar birla koʻnglung bogʻlamish,
Ey Navoiy, ishqini tark ayladim deb boʻldimu?!

642

Yordin ayru may ichmak qindurur, balkim ogʻu,
Xoh ogʻizda talx su, xohi burunda shoʻr su.
Deb eding, ey hajr, yoring kelmasa jon bergasen,
Chiqti jonim birga, vah, bu ikkidin vaqt oʻldimu.
Istasam husnung zakotin gar boʻlur mone’ raqib,
Ne ajab chun it boʻlur doim gado birla adu.
Nevchun ogʻzinggʻa yetar deb jomi gulgun dam-badam,
Xasta koʻnglum gʻunchadek qon bogʻlanibdur toʻ-batoʻ,
Men gado oʻldum koʻyida koʻnglum oʻti dudidur,
Zogʻdin qilmang gumon qonligʻ tanim uzra gʻulu.
Zohidi xudbingʻa xirqam zayli tegdi, ey rafiq,
Olib egnimdin fano dayri aro may birla yuv.
Ey Navoiy, koʻrgach ul qotilni qoʻydung yerga bosh,
Buyla bosh qoʻygach nafas tashvishidin forigʻ uyu.

643

Koʻnglumu bagʻrimni gʻamzang tigʻi aylar kov-kov,
Yoʻq ajab gar qon oqar ikki koʻzumdin ikki nov.
Xayli xatting charkasi yuz davri uzra goʻyiyo,
Kim iki mushkin gʻizoling sayd etarga boʻldi ov.
Ishqing oʻti shoʻ’lasin mufrit tilar majnun koʻngul,
Uylakim doim tilar devonalar qilmoq olov.
Ishqi oʻzlukni chu boshimdin chiqardi, urdi tigʻ,
Ani boshtin sov etib, boshni tanimdin qildi sov.
Zohido, ishqingni yoshur dersen andin soʻngrakim,
Holima tashni’ ila solding bori olamgʻa chov.
Qayda mumkindur alifdek chiqmoq eldin xossakim,
Kavn aro olti jihatdin qolmisham andoqki «vov».
Ey Navoiy, tigʻ tortib, chobukum javlon qilib,
Boshima yetgach dedim: Tark et urushni! Dedi: – Hov!

644

Roʻzada labtashnaliqdin qildi za’f ul mohroʻ,
Jon berurmen la’ligʻa to boʻlgʻusi jonimda su.
La’ligʻa su orzu boʻlmish susizliq tobidin,
Kim koʻrubtur chashman hayvon su qilmoq orzu.
Istaram ul gulni serobu bu kim beob erur,
Xasta koʻnglum gʻunchadek qon bogʻlanibtur toʻ-batoʻ.
Men solay ohim bila olamda zulmat, ey Xizr,
Sen su keynicha yugur chashmang sari olib sabu.
Za’fdin har dam quyoshim xushidin gʻoyib boʻlur,
Qoʻz soling tengri uchun xurshid gʻoyib boʻldimoʻ?
Tashnaliqdin zohidi xushk oʻldi ul oy roʻzador,
Garchi zuhd ahlin xarobot ichra qildi koʻ-bakoʻ.
Ey Navoiy, har dam ul on za’fdin behol erur,
Hech bilmonkim, ne qilgʻaymen, ajab hol oʻldi bu?!

645

Ey sabo, ovora koʻnglum istayu har yon boru,
Vodiyu togʻu biyobonlarni bir-bir axtaru.
Topa koʻr ani, chu topsang har qayon ozim esa,
Boshigʻa evrul quyundek dogʻi aldab qaytaru.
Sa’y etib keltur mening sariyu gar xud kelmasa,
Ollida bedilligimning dostonin oʻtkaru.
Aytqilkim, sen xud etting jon dogʻi chiqmoqqadur,
Boshima yetkuru gar xud kelmas oʻlsa yolboru.
Ola kel, vah, boʻlsa Majnun shevayu beixtiyor,
Qoʻymayin oʻz ixtiyorigʻa bu sori boshqaru.
Kelturub chok aylabon koʻksum oni oʻrniga sol,
Meni bedillik baloyu mehnatidin qutqaru.
Ushbu yangligʻ istagil doim Navoiy koʻnglini
Kim, gar andin yetmasa haqdin senga yetgay qaru.

646

Sipehri oyinagun gar damimdin erdi qorongʻu,
Asar yoʻq emdi damimdin qoʻyuulsa ogʻzima koʻzgu.
Firoqi bazmida ermas surohi ogʻzida gʻulgʻul,
Ki qildi qah-qaha birla gʻarib holima kulgu.
Sipehr bahrigʻa boqsang yuzungga aksdurur mehr.
Koʻrunur ikki quyosh chun boʻlur quyoshqa su oʻtru.
Yuzungda qatrai xoʻy xol nuqtasinmu yoshurdi,
Va yo choʻmub nafas asrar hayot suyida hindu?
Netib habib visolin tama’ qilay meni shaydo,
Ki telba beadabu tund xoʻy erur pari asru.
Yorugʻ gar oʻlmadi sham’i muroding etma koʻp soʻz,
Kishi qazo bila boʻlmas urushmoq, aylama yorgʻu.
Navoiy, istar esang yor la’li komini, jon ber,
Oʻzung de elga tirilmaklik oʻlmaguncha boʻlurmu?

647

Ne ajab gar qilmasam gul rangu boʻyin orzu
Kim, erur andin dimogʻim ichra oʻt, koʻzumda su.
Sarvni ham istamonkim koʻzga andin oʻqdurur,
Kimsa bir oʻqni koʻziga qanda qilgʻay orzu.
Guljabinlik sarvqad mohim kerak, yoʻq sarvu gul,
Ul yuzu qadsiz menga ne ul keraklikdur, ne bu.
Qomatu ruxsori komimdur, yoʻq ersa bogʻ aro
Har taraf koʻp saf tuzatgay sarvu gul qilgʻay gʻulu.
Sarv qaddi birla gul ruxsorini koʻp istadim,
Ul qadu yuzdin yiroq koʻnglungga taskin boʻldimu.
Azmi dayr etsang qilib gʻusli tariqat kom koʻy,
Lek avval din ila islomdin ilgingni yuv.
Ey Navoiy, dahr boʻstonida koʻptur lavnu atr,
Lek yoʻq mehru vafodin anda mutlaq rangu boʻ.

648

Xating ermas gul uzra, sabzai bogʻi eramdur bu,
Ne sabzagun yuzida tun savodidin raqamdur bu.
Gar ohim shoʻ’lasi oʻtti quyoshdin tong yoʻq, ey mahvash,
Sen ahli husn aro shahligʻ uchun chekkan alamdur bu.
Latofat suyidin boʻlmish zanaxdoning chohi goʻyo,
Tarashshuh aylagan kun chashmasidin barcha namdur bu.
Jafo dogʻin qoʻyubkim jonim olding, asrasam tong yoʻq,
Nihon koʻksum arokim jon berib topqan diramdur bu.
Ilojimdin boʻlub ojiz dedilar hikmat ahlikim,
Gʻaribu xasta yoʻqkim oshiqu devona hamdur bu.
Butekim, kuch bila chekti boshimni sajdagʻa emdi,
Vafodin bosh chekar, koʻrgulki ne sarkash sanamdur bu.
Olib din naqdi piri dayrkim, qildi meni sarxush,
Koʻrung, oxir ne kamlik oʻtrusida ne karamdur bu.
Qadah davrini xush tut, charx javrin boqma, ey soqiy,
Ki ul tutqach vujud albatta bilkim, kal’adamdur bu.
Navoiy, gʻofil oʻlma ul sanamning qasrin aylansang,
Samad zikrini mazkur aylakim tavfi xaramdur bu.

649

Yigʻlamoq kam qilmadi bu diydai giryonda su,
Ikki origʻ ayrilib ne oʻksugay ummonda su.
Yetmay el ogʻzigʻa la’li obdoring jon berur,
Bu latofat birla yoʻqtur chashmai hayvonda su.
Ne ajab koʻrgach yuzung koʻp oqsa yoshimkim, boʻlur
Chashmalar ichra bahor ayyomida tugʻyonda su.
Har koʻzumdin gohi su, gah qon oqar koʻyung aro,
Toʻrt ariq oqqan masallik ravzai rizvonda su.
Buzgʻudektur charx uyin ashkim hamono yoʻq ishim,
Nisficha olamni vayron aylagan toʻfonda su.
Jongʻa shirindur oʻqung, vah, nayshakardurmu, nayi,
Yo magar jon shirasidin boʻldi ul paykonda su.
Eyki dersen la’li serobimgʻa koʻp labtashnasen,
Mundin oʻzga yoʻq ishim to boʻlgʻusidur jonda su.
Soqiyo, maxmurluq ogʻzim qurutmish, rahm etib,
Boda gar yoʻqtur solib ber sogʻari davronda su.
Shodligʻ xayli Navoiy koʻngliga tushmay oʻtung
Kim, bu manzilning oʻti koʻptur vale yoʻq anda su.

650

Ohu ashkimdin shikoyat aylamish ul tund xoʻ,
Ne dey olgʻaymenki bir ogʻzida oʻtdur, birda su.
Jonfizo vaslin qilurmen, kom muhlik hajr aro
Jon berur ul aylaganda umri jovid orzu.
Muddaiylarning hujumi bul ajab holimdadur,
Nogahon kirgan kibi koʻrgach gʻarib itlar gʻulu.
Menu kunlar yuz balosin kom ila yuz aysh sur,
Menu tunlar uyqusizliq noz ila sen xush uyu.
Soqiyo, chini idish birla takalluf qilmakim,
Betakalluflargʻa xushroqtur surohidin sabu.
Huru jannatdin murodim davlati diydor erur,
Yorsiz bogʻu kanizi besh emastur ulu-bu.
Ishq dashtida fanodin nari ermish yuz xatar,
Ey Navoiy, yor ishqida berib jon boʻldimu?

651

Sayli ashkim birla tutmish jumlai olamni su,
Jumlan olam neki bu obgun toramni su.
Aylagandek mardumi obi burun koʻz mardumin,
Emdi ul nav’ aylamish xayli bani odamni su.
Hajri ashkim yetkurur har dam quyoshqa bir hayot,
Uylakim, yetkurdi Kayxusravgʻa jomi Jamni su.
Zaxmim ichra qoldi paykoning, ne yangligʻ butgay ul,
Chunki qoʻymas yoragʻa yopushqali marhamni su.
Istangiz koʻnglumnikim, sahroda ashkim saylidin,
Qanda soldi erkin ul bemor devonimni su.
Darddin gʻamginmen, ey soqiy, qadah saylini quy,
Boʻgʻzuma to eltgay koʻnglum uyidin gʻamni su.
Ey Navoiy, buyla nazm etting bu durri obdor
Kim ajab yoʻq, rashhasidin gar tutar olamni su.

652

Koʻp qochar yor oni koʻp qilsam meni zor orzu,
Anda bisyor ijtinobu menda bisyor orzu.
Kufri zulfi orzusidin berurmen naqdi din,
Kim koʻrubtur, ey musulmonlar, bu miqdor orzu?!
To koʻzung ayni tanosidin menga qilgʻay nazar,
Kechayu kunduz qilurmen oʻzni bemor orzu.
Chun erur har tori zulfung rishtai jon, bas ne tong,
Jon qushin ul dom aro qilsam giriftor orzu.
Jannat oʻlsa maskanim koʻyung tilarmen uylakim,
Doʻzax ahli aylagan jannatqa izhor orzu.
Bogʻ tavfidin gʻaraz andoqki, boʻlgʻay sarvu gul,
Bizga koʻyung ichra bor ul qaddu ruxsor orzu.
Soqiyo, aylar xumorim qasdi jon qilsam ne ayb,
Xasta jonimni muqimi koʻyi xammor orzu.
Kundai doʻzaxdurur bu ravzada har bargi shox,
Aylaram savsan kibi oʻzni sabukbor orzu.
Andin oʻldum ozimi dayri fano, ey mugʻbacha,
Kim qilibmen halqai zulfungni zunnor orzu.
Zohido, boshtin ayogʻing zarq erur qoʻy pandkim,
Besarupolargʻa boʻlmas kafshu dastor orzu.
Orzu aylar Navoiy koʻyung ichra orazing,
Zor bulbul aylagandek bogʻu gulzor orzu.

653

Kofurgun libos aro ul sarvinoz ekinmu?
Yo shomi hajr dafi’gʻa sham’i tiroz ekinmu?
Qatl aylarida dahr eli bosh qoʻydilarmu erkin,
Yo Qiblai jamoligʻa el sajdasoz ekinmu?
Yelmu nihollarni chamanda xam etti, yo xud,
Ul sarvinoz ollida ahli niyoz ekinmu?
Koʻz bahru koni boʻldi nisor anga naqdi jon ham,
Bu kim tarahhum etmadi bilmon bu oz ekinmu?
Yagʻmo solurgʻa har taraf otlandi ul sitamgar
Koʻnglum viloyati sari bu turktoz ekinmu?
Ushshoq ishq bodiyasin qat’i etarda oyo,
Ma’shuq koʻyi qasdlari yo hijoz ekinmu?
Koʻnglung, Navoiyo, sochidin kech yetar yuznga
Aqshom qarongʻu yoʻlda nishibu faroz ekinmu?

654

Gul sochar yel bogʻ aro sarvi ravonim keldimu?
Jon isi guldin kelur oromi jonim keldimu?
Behud erdim aytgali koʻnglum, chu keldim holima,
Ayting ul ovorai bexonumonim keldimu?
Qolmish erdi xasta jon kirganda men mayxonagʻa,
Anglamonkim, ul zaifi notavonim keldimu?
Demangizkim keldi mahvashlar seni oʻlturgali,
Muni dengkim qotili nomehribonim keldimu?
Hajrdin oʻldum demangkim boshingga kelmish
Masih, Ayting ul osoyishi ruhi ravonim keldimu?
Koʻyunga ushshoq kelgandin xabar tuttung, valek,
Demading ul zori benomu nishonim keldimu?
Zuhd koʻyiga koʻngul birla demangkim kelmading,
Ey Navoiy, necha aytib ul yomonim keldimu?

655

La’lini desam chashmai hayvon erur ushbu,
Der nuktai jon berurikim jon erur ushbu.
Jismimni ajal dedi junun dashtida goʻyo,
Sahroyi qiyomat dogʻi uryon erur ushbu.
Bilmangki erur gʻunchai nobing koʻngul ichra,
Yo hajr oʻqidin qon aro paykon erur ushbu.
Gʻam dashti aro oh samuminki yoyibmen,
Kim koʻrsa degay shoʻ’lai hijron erur ushbu.
Koʻz hayratini tonglama ulkim seni koʻrmish,
Yo husnungga, yo holima hayron erur ushbu.
Gʻam shomi erur tiyra gar ichsam mayi ravshan,
Ayb etma menga sham’i shabiston erur ushbu.
Ishqimni Navoiy qiladur tark demishsen,
Jon tarkini ham qilsa ne imkon erur ushbu.

656

Oldi chun ilgiga ul huri sumanbar koʻzgu,
Aksidin qildi ravon ruhi musavvar koʻzgu.
Javhari husnin agar koʻnglida qplmaydur naqsh,
Ne uchun topti javohir bila zevar koʻzgu.
Uylakim oyu quyosh olligʻa kelib boʻldi munir,
Roʻbaruyungda qilur oʻzni munavvar koʻzgu.
Orazing oyinasi hajrida koʻksum boʻlmish,
Har taraf eski tugan birla sarosar koʻzgu.
Oy sari boqmayu xurshidni mir’ot etkim,
Koʻrguzur egri emas boʻlsa mudavvar koʻzgu.
Tilasang fayz koʻngul ila xavotirdin pok,
Aylamas aksi qabul oʻlsa mudavvar koʻzgu.
Mayda soqiy yuzi, soqiy yuzida may koʻrdum,
Ey Navoiy, bu safo qayda topar har koʻzgu.

657

To tushta yuzin koʻrdum boʻlmish meiga kom uyqu,
Lekin gʻamidin boʻlmish koʻnglumga harom uyqu.
Koʻnglum ne uchun yetgach zulfunggʻa boʻlur behud,
Ma’hud emas elga chun avvali shom uyyoqu.
El koʻzlaridin ul koʻz uyquni tamom olmish,
Bu ishdin ekin oxirkim, boʻldi tamom uyqu.
Chun sayli sirishkimdin koʻzning qarosi bormish,
Ne nav’ tuta olgʻay ul yerda maqom uyqu.
Yo tushta koʻran oni, yo gʻayrini koʻrmay deb,
Koʻz ochmayin istarmen hajrinda mudom uyqu.
Bu marhalada solik koʻz yumsa qolur yoʻldin,
Yoʻl ahli qachon aylar aylarda xirom uyqu.
Uyqusi Navoiyning gar oʻchti ajab ermas,
To dona sirishk oʻlgʻay boʻlmas anga rom uyqu.

658

Yuzung bayozida ul xoli mushkso hindu,
Gʻarib tushti Xoʻtan kishvari aro hindu.
Ne xol erurki koʻngulni rabuda aylab olur,
Kishi bu nav’ qachon koʻrdi dilrabo hindu.
Qaro koʻzungki vafo aynidin menga boqmas,
Ajab emastur agar boʻlsa bevafo hindu.
Tutub quyosh uza maskan solur jahongʻa balo,
Yuz uzra xoling erur voqean balo hindu.
Koʻnglumni olsa malohat bila tafovuti yoʻq
Xitoy oʻlsunu yo armani va yo hindu.
Teng oʻldi bulbulu zogʻ ushbu bogʻ aro, ya’ni
Fasohat ichrayu kachcha yuzi qaro hindu.
Navoiy etti oʻzin uyla turk hindusi,
Ki ahli Chnnu Xito boʻldilar anga hindu.

659

Tigʻ tortib chu kelur qatlima jonon oʻtru,
Har dam ogʻzimgʻa yetar chiqmoq uchun jon oʻtru.
Koʻngluma kelsa xayoling chiqar oʻtrusigʻa jon,
El chiqar uyga kirar vaqtda mehmon oʻtru.
Istamon vasli qachon koʻyiga ozim boʻlsam,
Kelmas ollimgʻa bajuz novaki hijron oʻtru.
Ul quyosh hajrida otsam kechalar novaki oh,
Holadin charx tutar daf’iga qalqon oʻtru.
Dashti devonasigʻa men qiluram istiqbol,
Chiqsa Majnungʻa ne tong gʻuli biyobon oʻtru.
Mayda soqiy yuzn chun jilvagar oʻlmish ne ajab,
Tutsam ul koʻzguni ollimgʻa farovon oʻtru.
Keladur erdi habibim, meni koʻrgach, yondi,
Ey Navoiy, nega chiqtim meni nodon oʻtru.

660

Kamandi zulfung aro solma pechu tob asru,
Koʻngul shikanjasigʻa eshmagil tanob asru.
Bihishti vasl aro qoʻykim dame tana’um etay
Ki, hajr doʻzaxida chekmisham azob asru.
Kuyuk bagʻir uza shoʻroba toʻkma koʻp, ey koʻz,
Ki qochmagʻay iti shoʻr oʻlsa bu kabob asru.
Raqiblargʻa tutub jomi ayshu men mardud,
Alarni mastu meni aylading xarob asru.
Ayoq sol ikki koʻzum halqasigʻa, ey chobuk,
Ki oʻpmasun ayogʻing ul iki rikob asru.
Visol chehrasidin parda och boʻlub foni
Ki, oʻzlukung yuzi oʻlmish anga hijob asru.
Navoiy oʻlgusi azm istasang, ey sarv,
Tilab halokin aning qilmagʻil shitob asru.

661

Agar oshiq etsa visol orzu,
Ayon etmish oʻlgʻay mahol orzu.
Anga baski qilgʻay agar bersa dast,
Yiroqtin koʻrargʻa jamol orzu.
Koʻrub ogʻzim istarmen ul chehrani
Suvsiz aylagandek zilol orzu.
Suvgʻa, yoʻqsa koʻzguga solgʻil nazar,
Ki etsang oʻzungga misol orzu.
Ham oshifta, ham tiyradur boʻlgʻali
Zamirimgʻa ul zulfu xol orzu.
Quyoshdek manozil tay etmak kerak,
Ne rahki qilgʻali kamol orzu.
Navoiy tilar iyd shomi qoshing,
Ulus aylagandek hilol orzu.

662

Soching rangi anbarmudur mushki chinmu,
Labing ta’mi shakarmudur angabinmu?
Soching boʻlmadi kufr eligamu zunnor,
Boʻyun tavqigʻa qoʻymadi ahli dinmu?
Kuyarga koʻngul la’ling ermasmu oʻtluq,
Gulungni qadah qilmamish otashinmu?
Koʻngul ganjiga qufl emasmu boshogʻing,
Yangi dogʻ emas anda naqshi niginmu?
Deding mastu oshiqni qatl aylamishmen,
Degil qoldi bir shayxi xilvatnishinmu?
Meni bogʻ gulgashtigʻa chekma dehqon,
Vafoligʻ, degil, gulmudur yo saminmu?
Navoiyning koʻngliga kor qilmas,
Figʻon tortma yoʻqsa ohi xazinmu?

663

Nash’a yetmas boda gulgun bazmgoh gulzor esa,
Gar koʻngul ichra birovning xori xori bor esa.
Bazm aro gar hoziru gar gʻoyib oʻlsun bok emas,
Tengri yori qayda boʻ'lsa yor bizga yor esa.
Vasl noʻshidin agar ummidi marhamdur, ne gʻam,
Hajr nishidin bagʻir choku koʻngul afgor esa.
Ham kecha hojat emastur sham’u ham kunduz quyosh,
Munisim gar subhu shom ul sarvi gulruxsor esa.
Naqdi imonimni ul kofir chu toroj ayladi,
Ne ajab, ollinda but, boʻynumda ham zunnor esa.
Kechalar har koʻchada itdek yugursa toig emas,
Kimki oning dilbari bir shabravi ayyor esa.
Ey xarobot ahli bizdin jur’ai tutmang darigʻ
Kim, erur may rahni gar xud jubbau dastor esa.
Tut qadah davrini xushkim yoʻq bajuz sargashtalik,
Dahr davrida bu toʻqquz gunbadi davvor esa.
Ey Navoiy, may bila daf’ ayla ul oy hajridin,
Xasta jisming zor esa, koʻnglungda yuz ozor esa.

664

Yuzin koʻr, qilmagʻil mujgonu xattu xolidin nola,
Ki boʻlmas xorsiz gul, dudsiz oʻt, dogʻsiz lola.
Chu men dur tishlaring hajridin oʻldum, nyo osigʻ, gar charx
Nujumi ashkini yogʻdursa boshimgʻa uylakim jola.
Emas bir-bir sirishkim qonikim, koʻz mardumi solur
Iting ollida bagʻrimdin uzub pargola-pargola.
Labing obi hayotin Xizri xatting noʻsh etar soat,
Hubob oʻlmish ushoq bir-ikki oni dema tabxola.
Yuzungdur uyla davri chatr aro ey xoʻblar shohi,
Ki boʻlmasdur qamar davrida hargiz uyla bir xola.
Yuziga, ey falak, ne zeb ber, ne vasf qilgʻilkim,
Quyosh husnigʻa ne mashshota hojatdur, ne dallola.
Piyola birla may ogʻzimgʻa koʻpdin quyma, ey soqiy,
Kim ul javhargʻa goʻyokim munosib kayl erur kola.
Base mushtoqing erduk dayr aro kech kelding, ey mutrib,
Ki sozing tarkidin bizga yangi oy boʻldi har tola.
Bu bazm ahligʻa bilkim oqibat juz benavoliq yoʻq,
Navoiy xohi lahni aysh tuz, xoh aylagil nola.

665

Chiqti paykoning koʻnguldin ohi dud olud ila,
Shoʻ’la oʻtdin ayrilib andoqki chiqqay dud ila.
Yuz qoʻyub tufroqqa gard olud etar yuz ahli din,
Har qayon yuz qoʻysang ul ruxsori gard olud ila.
Zulfi savdosi meni sudu ziyondin qildi fard,
Menu ul savdo ishim yoʻqtur ziyonu sud ila.
Aysh ravshan subhi vasl ahligʻa boʻlsun, chunkn men
Mehnat ichra oʻrganibmen shomi qiyr andud ila.
Gʻussa gardidin yetar el jonigʻa farsudaligʻ,
Har qayon mayl aylasam bu jismi gʻam farsud ila.
Bud ila nobud chun xuznu tarabgʻa arzimas,
Shod boʻlma bu ila, gʻam yema ham nobud ila.
Maygʻa ohang et, Navoiykim, navoye har zamon
Aysh tahrisin ayon aylar lisoni ud ila.

666

Yusuf ermas chun malohatda jamoling shabih,
Husnungga ani malih oʻlmagʻay etsam tashbih.
Odam asrorining ijmolini qildi tafsil,
Mundin erkinki deding alvaladu sirri abih.
Chun berur bogʻ gulu shoʻra tikon, sen ochibon
Lutfdin gul nechakim xori jafo ursa safih.
Vosil oʻldi nafasing ruhini anglab orif,
Sharh tuzdi chu aning zohirini bildi faqih.
Andakim, sen chekibon izzu nazohat etagin,
Yoʻq janobingda maloyikka mahalli tanzih.
Ham qamar shaqqin ishorat bila aylab zohir,
Ham shajar mashyin irodat bila aylab tanbih.
Kimki sendin evurub chehra qaro topib vajh
Kim, hadisinggʻa qilib ta’i debon betavjih.
Oy tulu’ etsa boʻlur mehri jamoling zohir
Kim, boʻlur fahmi jamil olligʻa kim keldi karih.
Gar Navoiy sari mahsharda nazar aylamasang,
Saqaru nordek oʻlgʻay anga xullu mofih.

667

Bu nav’ oʻldi jamoling mushafining sirridin ogah,
Ki fihrastida keldi ikki qoshing ikki bismillah.
Jamoling buki mushafdur xadising haq kalomi ham,
Dey olur mushafi notiq seni hamkim erur ogah.
Xadisi pok nutqi jonfizoingdin topib Iso,
Ki anfosi qilib ibro agar abras agar akmah.
Gar oʻlsa taxti johing arshu farsh uzra rusul xayli,
Tong ermaskim alar bori mulozim keldilar, sen shah.
Hazizi arz agar boʻldi makoning faqr edi bois,
Agarchi lomakon avji edi raxshinggʻa javlongah.
Rasuldin hech rahrav hamrahing boʻlmoq emas mumkin.
Maloyikdin chu sayringda ne rahrav keldi, ne hamrah.
Qoshinggʻa qoba qavsayn oyatidin yoʻq nima alyaq,
Sochinggʻa yoʻq savodi laylatul me’rojdin ashbah,
Zanahdon chohiyu gesu kamandi gar bu yangligʻdur,
Boʻlur vasfigʻa bersam tul Yusuf qissasi koʻtah.
Sening ishqing Navoiygʻa ikki olam aro basdur,
Habibullohgʻa oshiqliq anga garchi had ermas, vah.

668

Chamanda sarv yo gul sabodin tebranur nogah,
Sogʻinib sarvi gulroʻyum kelur afgʻon chekarmen, vah.
Boshimni olmagʻaymen sajdai shukr aylayu yerdin,
Agar sarvi xiromonigʻa boʻlsam soyadek hamrah.
Oʻzum ham ermon oʻz holimdin ogah to ani koʻrdum,
Yoʻq ulkim ermas ahvolimdin ul nomehribon ogah.
Yuz olmon sarv birla gul ayogʻidinki, vah, yoʻqtur
Aning qaddu yuziga bogʻ aro bu ikkidin ashbah.
Zanaxdoningda xoʻy ermaski obi zindagonidur,
Ki hayvon chashmasining ostida voqedurur ul chah.
Yuzung vasfini yuz tah safhagʻa yozsam tamom oʻlmas,
Ki boʻlgʻay safhayi xurshidcha ul safhadin bir tah.
Jununum man’ qilding ul pari ishqida, ey zohid,
Kishi devona boʻlsa yaxshiroq yuz qatlakim, ablah.
Tajammul raxtidin, ey shah, gadogʻa qilma istigʻno,
Chu bogʻlar raxt bu dayri fanodin gar gado, gar shah.
Navoiy koʻp dema gʻam xaylidin mayxona ma’mandur,
Azimat qilsang ul dorulamongʻa fi amonullah.

669

Ingali gʻam xayli koʻktin zinadur qilsang nigoh,
Hajr oʻtidin tortsam tobu shikanliq dudi oh.
Zulfining har halqasida bir shikandur uylakim,
Hibs zanjirida har tavq ichra bir ahli gunoh.
Buki ohim tiyri boroni borur gardun sari,
Gʻam sipohi ingali koʻnglumga uldur shohiroh.
Tigʻ surmay netsun ul qotilki, xunbor ikki koʻz
Qonima dorilqasosi ishq aro boʻldi guvoh.
Buki urdung boshima har tuk hisobi tigʻi javr,
Boʻlsa boʻlmas har sari moʻ boʻlsa bir til izzu joh.
Dayr aro jon ber Masihi dam bila, ey mugʻbacha,
Kim xumor oʻlturgudek holimni aylabtur taboh.
Kirpikidin qochti yuz sori, Navoiy, tong emas,
Xordin gar qilsa gul qolqonini bulbul panoh.

670

Sen qaro par boshing uzra koʻrguzub, men dudi oh,
Bu mening oʻtumdin, ul sarkashligingdindur guvoh.
Xoʻblar anjum, sen ul xayl ichra mehri anjuman,
Mehrni sulton desam yoʻq anbu anjumni sipoh.
Egma qad birla tutub koʻksum shigofin kelmisham,
Xanjari ishqing bila darding yukiga uzrixoh.
Ulgum erdi gah-gahi yodingdin oʻlsam erdi mahv,
Emdi jon aylab fido yodinggʻa kirmon goh-goh.
Baski boshimgʻa yogʻar atfol toshi, ey pari,
Qilgʻali qasdim junun xayli ul oʻqdur shohroh.
Xonaqahda oʻzluk ishgʻoli yetibdur jonima,
Yoʻq ajab gar istasam dayri fano sori panoh.
Dayr piri soqiyu may birla tirguzdi meni,
Huru kavsar hasratidin oʻldi shayxi xonaqoh.
Boʻynuma zunnor bogʻlab kelmisham, ey mugʻbacha,
Gar riyoyi sajdadin boʻynumda bor erdi gunoh.
Ey Navoiy, hasrat ohi birla oʻldum hajr aro,
Yor vasli yetmasa faryodima vo hasratoh.

671

Yana shoʻ’laliq koʻngulni gʻaming etti pora-pora,
Buki butrashur erur poralari emas sharora.
Ulus ichra orazingdin nazar ancha asradimkim,
Ola olmagʻum koʻz oʻlguncha, gar aylasam nazora.
Badalu safar emish chorasi ishqning demishlar,
Badaling yoʻqu safardin gʻamim ortadur, na chora.
Meni telba birla Farhod orasida farq koʻptur,
Anga xora qazmoq ish, vahki, yogʻib boshimgʻa xora.
Dema boʻlgʻay oʻqlaringdin taning ichra necha paykon,
Qatarotini yogʻnnning kim etibdurur shumora.
Bu chaman aro gahi ovla hazar koʻnglin, ey gul,
Ki yetishgusi xazon chopquni uylakim xazora.
Buki dayrdin Navoiyni haramgʻa shayx istar,
Netayinki yoʻl koʻrunmas necha qilsam istixora.

672

Gulgun yeng ichra ilgin ul mushkbu gʻazola,
Yo rang qildi mushkin, yo qoʻlgʻa tutti lola.
Oshifta sochin ul gul yigʻdiyu tishlab oʻrdi,
Garchi qilur parishon sunbulgʻa yetsa jola.
Sanchilmamish gajakkim jonu koʻngul chekarga,
Oyirdi ikki qoʻllab ul anbarin kulola.
Yuz davrida qirondur, yo anjum injusidin
Gardun terib mudavvar qildi qamargʻa hola.
Yogʻligʻ alingda tah-tah kim naqshi xat yozilmish,
Javru jafo fanida yozding magar risola.
Razzoqi haqni angla har vaqt, har makonda,
Har kimga roʻzi oʻlsa har xonda, har navola.
Faryodinga ul oy chun yetmaydurur, Navoiy,
Nedur falakka har dam yetkurmak ohu nola.

673

Menmudurmen koʻz yoshim rangin bagʻir qoni bila,
Lek bagʻrim qon birovning tigʻi hijroni bila.
La’li yodidinki, koʻnglum, muztaribdur, ey rafiq,
Pand anga koʻp bermakim, darmondadur joni bila.
Su oʻgʻurlab boʻlsa koʻnglum zaxmi muhlik ne ajab,
Kim su kelturdi oʻqung zaxm ichra paykoni bila.
Xatti koʻnglumda soʻngak yangligʻ tanimni chirmagʻan,
Muhrlugʻ bir noma yangligʻ dogʻi pinhoni bila.
Dardkim koʻnglumni buzdi, chiqmas andin yaxshidur,
Chugʻz yangligʻkim erur xursand vayroni bila.
Chun bu gulshangʻa vafo yoʻq, ey koʻngul, zinhorkim,
Koʻp quvonma sunbulu sarvu xiromoni bila.
Ey Navoiy, gar muroding davlati boqiy erur,
Uns tutmoq bir taraf qil olami foniy bila.

674

Koʻnglakim qon ila har dogʻki boʻlmish toza,
Toza bila qonidin erur andoza.
Hajrdin kuymish edim, yana deding hajr soʻzin,
Eski dogʻimni yangi dogʻ ila qilding toza.
Derki, ishqingni yashur, vah, netibon yashurayin,
Emdikim tutti bori dahrni bu ovoza.
La’li avsofini gul barglari uzra yozay,
Aylayin hifzigʻa jon rishtasidin sheroza.
Zeb uchun yuzunga gul bargi emastur hojat,
Hojat ul nav’ki gul bargiga ermas gʻoza.
Oqibat qabr eshiksiz uyiga chun kirgung,
Emdi gar yo senga ne sud ochuq darvoza.
Ul pari suvratini cheksa Navoiy ne ajab,
Qalama topsa maloyik yungidin pargʻoza.

675

Orazing xoli nedin qildi meni devona,
Qushni sand etmadi chun suda koʻrungan dona.
Kirib oq uyi aro jon qushlarini kuydurdung,
Garchi fonusda sham’ oʻrtamadi parvona.
Tiyri boroni gʻaming buzdi koʻngul maskanini,
Bizning uy boʻldi yogʻin xasratidin vayrona.
Hajr za’fidin oʻlubmen tanimasdek, ne ajab,
Oshnolar menga boʻldilar esa begona.
Buzdi ul shoʻxi qadahnoʻsh salohim uyini,
Menga mundin nari bas manzil erur mayxona.
Soqiyo, toʻlgʻuncha paymona yerim maykadadur,
Meni mast etgali koʻp yaxshidurur paymona.
Jurm esa yor boshim uza yetib oʻlmaganim,
Ey Navoiy, meni oʻlturmak erur jurmona.

676

To qulogʻinggʻa zirih soldingu qoshinggʻa girih,
Xasta koʻnglumdadur yuz girih andoqki zirih.
Koʻngluma gʻuncha kibi tushti tugun uzra tugun,
Koʻrgali sunbuli zulfungda girih uzra girih.
Ne nazohatdurur ul gulshani ruxsordakim,
Ravzai xuld aning shabnamidin boʻldi nazih.
Boʻlsa qoshu koʻzidin zulfi saromad, ne ajab,
Kim koʻngul qaydi uchun ikkisidin keldi firih.
Anga gʻam tigʻi bu bogʻ ichra harom oʻldikim,
Kiydi pashmina sarigʻ yuz bila andoqkim beh.
Qoshi yosigʻa dedim chilla kerak rishtai jon,
Bu soʻzumga ne ajab bor esa har goʻshada zih.
Xonaqoh ichra Navoiygʻa yetar koʻp makruh,
Dayrdin ul sari bermoqqa ham erdi karih.

677

Zulfi yangligʻ paykarimni chekti pechu xam bila,
Ul sifatkim tortqay ajdar birovni dam bila.
Nola chekmakdin chu qilding man’, ey la’ling nigin,
Bir yoʻli ogʻzimni qilgʻil muhr ul xotam bila.
Marhami vaslin koʻngul chokidin olma, ey rafiq,
Kim chiqar jonim dogʻi ayrilmay ul marham bila.
To gʻaming vodiysida ovora boʻldum, ohkim,
Oʻzni hargiz topmadim bir xotiri xurram bila.
Rashkdin ishqing tilarmen jonu koʻnglumdin nihon,
Boʻlmas el sirrin deyishmak ikki nomahram bila.
Betalab yoʻq vaslidin tolib vale mahjurmen,
Qolmisham darmonda ushbu nuktai mubham bila.
Ey Navoiy, xalqdin tut goʻshakim, men tinmadim,
Toki boʻldum oshno xayli bani odam bila.

678

Istaram yetsam quyundek gul’uzorim qoshigʻa,
Ollida tufrogʻ oʻlub evrulsam aning boshigʻa.
Xora uzra lola butgandek erur har yerda qon,
Boqsalar jismimgʻa otqan har malomat toshigʻa.
Koʻzlarimdin yosh oqizgʻay balki qon beixtiyor,
Har kishikim solsa koʻz giryon koʻzum qon yoshigʻa.
Ishq dashti zogʻining minqoridur yoqutrang,
Goʻyiyo tushgandurur la’ling haloki loshigʻa.
Koʻzlarim qilsun sadaf, kirpiklarim etsun qalam,
Boʻlsa dur boyisti zebo suvrating naqqoshigʻa.
Koʻp tajammul sotmagʻil, ey charxkim, har kavkabing
Bir diramcha yoʻqturur dayri fano qalloshigʻa.
Har guharkim vasfida sochti Navoiy nazmidin,
Ul pari devona deb bir tosh otar podoshigʻa.

679

Men netib ishqida oqil qolayu farzona
Kim, parivashlar erur hasratidin devona.
Choklik koʻksum aro telba koʻngul turmas hech,
Garchi Majnungʻa vatan loyiq erur vayrona.
Sham’ girdida magar soyasi rashkidin erur,
Aylanib buki qanotin uyurur parvona.
Oshno aylamak ul oyni ne mumkinki, sipehr
Mehri oyinidin aylabtur ani begona.
Dostonimni demang yorgʻa nevchunki gahe
Yigʻlatur, garchi gahi kuldurur ul afsona.
Gʻarqi may boʻlsam aningdek bu fano dayri aro,
Ki hubob uyidin-oʻq boʻlsa menga mayxona.
Bir qadah birla Navoiyni bu dam tirguzsang
Netti, ey mugʻbacha, toʻlgʻuncha anga paymona.

680

But olligʻa chu sajda aylagum ichib boda,
Diram yoʻq ersa, garov xirqa birla sajjoda.
Uchurdi aqlim oʻtin, balki yiqti dinim uyin,
Ne angladimki, ne sayli balo emish boda.
Agarchi dayrda usruk yiqildim, ammo shukr,
Ki bori mugʻbacha koʻyida boʻldum aftoda.
Yetishmagay mayi vahdat furugʻi boʻlmagʻuncha,
Zamir shishasi soqiy uzoridek soda.
Chu zuhd keldi riyoyu yoʻq odamida vafo,
Ne boʻldi tutsa menga boda bir parizoda.
Qilur mubolagʻa koʻp ishqu boda tarkida shayx,
Meni ham istar oʻzi yangligʻ aylagay loda.
Navoiy, oʻlgʻil ikki kun maylidin ozod,
Ki doʻst gʻayrigʻa boʻlmas muqayyad ozoda.

681

Bir kichik yoshligʻ nigore topmisham nozukkina,
Sekreturga tavsanin maydon aro chobukkina.
Gah vafo, gah nozu gah afsun bila oʻzginasin
Koʻrguzur har lahza dilbarligʻda bir turlukkina.
Javr ila tahdidi bedillargʻa bori chingʻina,
Mehr ila har va’dakim qilsa bori oʻtrukkina.
Asru yolgʻon va’dasidin kuymish erdi jongʻinam,
Ongdibon bir kecha tushti ilgima usrukkina.
Istadim boʻynun quchub, yuzginasidin oʻpgamen,
Iztirob aylab talashdi, bor emish kuchlukkina.
Yuz oʻparga qoʻymadi, ilgin dedim borin oʻpay,
Tashladi yumruqqina, qildi koʻzumni koʻkkina.
Har ne deding bor edi yolgʻongina boshdin oyoq,
Ey Navoiy, muncha yolgʻon deguchi oʻl shukkina.

682

Uzdi mendin doʻstlugʻ ul shoʻxi siymintan yana,
Onchakim mumkindur etgil aysh, ey dushman, yana.
Mazrai jismimdin ermastur qarorgʻon toza dogʻ,
Toki kuymish barqi ishqingdin qayu xirmon yana.
Ishqim erdi yoshurun fosh etti giryon koʻzlarim,
Qildilar gʻammozligʻ bu ikki tardoman yana.
Sham’ yangligʻ oʻt tutoshib boshima hijron tuni,
Yashurun holimni elga ayladi ravshan yana.
Qochtilar ahli junun har yondin andoqkim sharar,
Baski toʻldi oʻtlugʻ ohim dudidin gulxan yana.
Dahr ra’nosi fanu makri bila topsang firib,
To ne makr etgay ayon bu dallai purfan yana.
Ey Navoiy, chun zamon zulmigʻa sud etmas jaza’,
Kasb qil bu shevanikim, qilma bu shevan yana.

683

Dayr ichra yana kirdim bir jur’a uchun, vah,
Ul but menga minnat qoʻyar alminnatu lillah.
Masjidqa yana kirmasu yuz Qiblagʻa qoʻymas,
Har kimki boʻlur dayr ila but sirridin ogah.
But shohid erur dayr dogʻi dayri fanodur,
Kufr ahli erur sirrini chun bilmadi gumrah.
Dermen nechakim tongla chiqay dayrdin ammo,
Loyaqil etar mugʻbacha may birla sahargah.
Soqiygʻa vayo aksigʻa may ichra boqarmen,
Andin munga, mundin anga chun topmadim ashbah.
Dayr ichra bugun kavsaru hur oʻldi nasibim,
Tonglagʻa menga va’da berur voizi ablah.
Haq sirrini har kimga bayon etma Navoiy,
Ta’n aylamagay bilmas ulus anglasa nogah.

684

Sipehr saqfigʻa oltun sutun boʻlur, ey moh,
Damiki charxqa cheksam gʻamingda shoʻ’lai oh.
Dedimki:– Oʻlturasen ishq aro nedur gunohim,
Dediki:–Ishqdin ortiq yana boʻlurmu gunoh.
Demaki toza tugonlar guvohi ishqing erur,
Yuzi qaroligʻi yolgʻon boʻlurdin oʻldi guvoh.
Koʻzuma kirdi xayoling sirishk kasratidin,
Qachon yogʻinda qilibdur kishi bulutni panoh.
Chu kuydi gʻayr xayoli, koʻngulga tushti xatting,
Ki sabza xush koʻkorur dasht aro, chu kuysa giyoh,
Fano yoʻlidin agar yonsa rahrav ne ajab,
Ki yoʻl maxufduru anda yoʻqdurur hamroh.
Navoiy ar dedi, juz haq vujudi yoʻq, ey shayx,
Ne yozgʻurasen oni la ilaha illalloh.

685

Xalq mehrigʻa yana, yorab, meni zor aylama,
Aylasang ham, mehri yoʻqlargʻa giriftor aylama.
Mehribonlargʻa dogʻi uchratsang elning mehrini,
Nogahon xotirlari ichra padidor aylama.
Ey pari, qatlimgʻa mayl etsang fido jonim, valek
Oʻzga sari xotiringning maylin izhor aylama.
La’lidin kim qilsa bir jonbaxsh soʻz naql, ey uoʻngul,
Ollida jon javharidin oʻzga isor aylama.
Tushta vasli boʻlsa gar xud, barcha soʻnggi uyqudur,
Ey Xizr, hayvon suyi ichmakka bedor aylama.
Xalqai kufr ichra chun qoʻydum qadam, ey piri dayr,
Mugʻbacha zulfi xamidin oʻzga zunnor aylama.
Ey Navoiy, dam-badam afgor koʻnglung sogʻinib
Ing-ing ovunu el koʻnglini afgor aylama.

686

Sarvu gul husn ichra yoʻq ul sarvi gul ruxsorcha,
Uylakim, qumriyu bulbul nolada men zorcha.
Ul bahori husn uchun har sayli ranginkim, bulut
Zohir etti yoʻq edi bu diydai xunborcha.
Garchi davron xoridin gul yafrogʻidur yuz toʻshuk,
Hajr neshidin emish bu xotiri afgorcha.
Zulfinnng har tori bir moʻminni chun kofir qilur,
Desa boʻlgʻay oni din ahligʻa ming zunnorcha.
Koʻyini ul hurning selobi ashkim kasrati,
Aylamish jannot tajri taxta hal – anhorcha.
Abri rahmat soyayi sihhat boshimgʻa solmagʻay,
Ul quyosh koʻyi diyorinda buzugʻ devorcha.
Bu koʻhan dayr ichra bir dam qilgʻali daf’i xumor,
Amni manzil topsa boʻlmas kulbai xammorcha.
Olam ahligʻa vafo aylab jafo koʻrgan erur,
Yuz tuman ming zor emas, ammo biri men zorcha.
Chun Navoiy koʻnglini sindurdung, emdi butmagi
Mumkin ermas, itti chun har yon tushub bir yorcha.

687

Xating savodigʻa sun’ ilki yoʻndi chun xoma,
Ham ul raqam qildi meni siyah noma.
Yigʻildi, vahki, xating xayli davrasidayu bas,
Necha qizitti jamoling quyoshi hangoma.
Koʻzung xayoli koʻngul mahzanin tasarruf etib,
Magarki xifzi uchun bosti muhri bodoma.
Koʻngul xarobasida soldi tarxi mehring ishq,
Ki uy mavoligʻ oʻlur chun boʻlur davo shoma.
Mening kibi kechar el koʻngliga maydin nokom,
Birovki, sendek erur yori mastu xud koma.
Maol ilmida mendin ham erdi johilroq,
Qayuki tutti oʻzin olam ichra alloma.
Navoiy oʻlsa kerak piri dayr bazmida xos,
Ne desa desun ani va’z ichindagi oma.

688

Koʻngulni qildi ming qotilcha yora,
Jafo tigʻidin ul shoʻxi xazora.
Samandi oʻt chaqilgʻandek chu sekrir,
Ul oʻtdin sekretur na’li sharora.
Itingga toʻ’maliqqa boʻldi oson,
Bukim bagʻrimni qildi pora-pora.
Koʻrungach koʻzga ul yuz xasta boʻldum,
Oʻlarmen yaxshi gar qilsam nazora.
Ne istar chora dardi ishq uchun el,
Chu yoʻq bechoraliqqa oʻzga chora.
Koʻngul olam uyiga bogʻlama koʻp
Ki, baytidur senga ul istiora.
Fano yoʻli Navoiy bas qatigʻdur,
Magar osonroq oʻlgʻay bora-bora.

689

Oʻtgʻa solgʻil sarvni ul qaddi mavzun boʻlmasa,
Yelga bergil gulni ul ruxsori gulgun boʻlmasa.
Sarsari ohim esar gʻam shomi hijron togʻigʻa,
Yaxshidur tong otqucha ul togʻi Homun boʻlmasa.
Telbalikdin, nahki, har dam dardim afzundur, agar
Ul pari ishqida har dam dardim afzun boʻlmasa.
Gar koʻngul qatl istadi sen va’da qilding tongla deb,
Ushbu dam oʻltur bu ehson birla mamnun boʻlmasa.
Xirqa jinsin rahn uchun, ey shayx, olmas piri dayr,
Boda bermas toki oʻzluk jinsi marxun boʻlmasa.
Foni oʻl, vasl istar ersang benavoligʻdin ne gʻam,
Boʻlmasun hargiz matoyi dunyai dun boʻlmasa.
Ey Navoiy, tonma gar der ul pari majnun seni,
Oshiq oʻlgʻaymu parigʻa ulki majnun boʻlmasa.

690

Boʻlur shom ul mahi naxshab ravona,
Kamandi zulfin ochib shabravona.
Qaro tun azm etarkim koʻrmagay el,
Jamolidin vale yorur zamona.
Meni man’ etmish oʻz hamrohligʻidin
Menga, vahkim, ajab ish tushti yona.
Hayotim emdi xud mumkin emastur,
Ki oʻlmakka tilar erdim bahona.
Koʻz ochqaymen magar mahshar sabohi
Ki, ichmishmen ajab shomi shabona.
Bu gulshan gullari chun bevafodur,
Alardin chekma, ey bulbul, tarona.
Navoiy oʻlsa yodin qilmagʻilkim,
Oʻlar el ham desang andin fasona.

691

Yor ishqim anglamay la’li susabtur qonima,
Toki ma’lum etsa kelgay ne balolar jonima.
Ochmay oʻtluq chehra chunkim oʻrtadi koʻnglum uyin,
Ochsa ne oʻtlarki tushgay kulbayi exzonima.
Uyquda ul koʻz menga yuz fitna bedod aylamish,
Noz ila uygʻonsa netgay angla, xonumonima.
Ichmayin may buzdi koʻnglumni, gar ichsa, tutsa ham,
Koʻr, ne ofat sayli yuzlangay yiqugʻ vayronima.
Mast oʻlub zunnori zulf ochsa muhiqdurlar, agar
Aqlu zuhdu ilm motam tutsalar imonima.
Nosiho, chun oshiq oʻlduq anglakim, mundin nari
Tanimasbiz biz seni, sen dogʻi bizni tonima.
Gar Navoiydek boʻlub oshiq oʻlarmen, pand deb
Jonima qilmang azob, ayting ani jononima.

692

Dayr aro to aylading koʻnglumni zor, ey mugʻbacha,
Kufr ila zunnor qildim ixtiyor, ey mugʻbacha.
Dema chun dayr ichra kirding but qoshigʻa sajda qil,
Sen boringda butgʻa xud ne e’tibor, ey mugʻbacha.
Dayr pirining muridimen, sening ham oshiqing,
Yoʻqsa din ahligʻa dayr ichra ne bor, ey mugʻbacha.
Ahli islom ichra nogah chiqma sarxush dayrdin,
Yuz xalal din ichra qilma oshkor, ey mugʻbacha.
Kecha sham’u may bila qoshinggʻa kelgumdur deding,
Subh boʻldi necha tortay intizor, ey mugʻbacha.
Hashr subhigʻacha mast oʻlgʻum, gar etsam bir sahar,
Bodayi la’ling bila daf’i xumor, ey mugʻbacha.
Mast agar oʻlsam asogʻa bogʻlabon zunnorni
Qil alam, koʻyung aro aylab mazor, ey mugʻbacha.
Dayr piri savlati man’ etmasa har dam koʻrub,
Boshingga evrulgamen devonavor, ey mugʻbacha.
Asru gʻamgindur Navoiy may tila, ey piyri dayr,
Boʻl anga soqiyliq aylab gʻamguzor, ey mugʻbacha.

693

Rangsiz xoling erur ul tal’ati diljoʻ uza,
Zang ul yangligʻki koʻrguzgay asar koʻzgu uza.
Nash’a yoquti mufarrahdin gar ermas dam-badam,
Durji la’lingda nedin kulgu erur kulgu uza.
Xozini hikmat magarkim xol birla qoʻydi muhr,
La’ldin chun soldi qufl ul huqqaliq inju uza.
Qoshi yosin qurgʻali el qasdigʻa boʻlmish kerish,
Fitnaligʻ kim chin tushar ul nargisi jodu uza.
Anbarin zulfung maloyik shahparidin soyadur
Kim, ayon boʻlditajalli aqshomi yogʻdu uza.
Soqiyo, ishrat suyin bunyod ila sogʻargʻa quy,
Ne uchunkim, dahr bunyodin koʻrarmen su uza.
Koʻyi tufrogʻida qon yutsa Navoiy yaxshiroq,
Bodai kavsar chekardin ravzai menu uza.

694

Ey sabo, holimni arz et gulruxi tannozima,
Egma qaddimning salomin ayt sarvinozima.
Ayt koʻpdin-koʻpu ozdin oz shikibim sharhini,
Dardu sabrim naqdi sadqang boqma koʻpu ozima.
Chunki oʻlgum yoshurun ishqim ayon qil sham’ai
Voqif etma lek ishq ahlin bu maxfiy rozima.
Novak andozimki elni yiqti koʻp andozadin,
Vahki, emdi tortmish novak mening andozima.
Ul kabutargʻa fido jonimki, shavqum nomasin
Qilsa taslim eltibon shoʻxi kabutarbozima.
Changdek gʻam bazmida qaddim xam oʻldi, ey rafiq,
Ashk har toridin ortar nolai bu sozima.
Ey, Navoiy, ishq aro qochma balodin zinhor,
Chunki oshiqqa balokashlik kelibtur lozima.

695

Yor aksi chunki aylar jilva may koʻzgusida,
May icharmenkim yuzi boʻlgʻay yuzum oʻtrusida.
Ey sabohat birlakim kuldung, menga mehr oʻldi fahm,
Mehr fahm oʻlmoq tong ermas subhning kulgusida.
Uylakim, xayli xubob ichra tushar xas bormen,
Ashk aro sargashta ul sultoni husn oʻrdusida.
Urdi olam buzgʻali bir-birga kirpik saflarin,
Fitnalar bedor qilmoq koʻr ul oy uyqusida.
Ne xato qilgʻay koʻngullarga koʻzung, mujgon oʻqin,
Har qayon chun boqsa saydidur aning qobusida.
Navbahori dahrigʻa qoʻymang koʻngulkim, yoʻq vafo
Ne guli boʻstonida, ne lolai xudroʻsida.
Shohlar poboʻsing etgandin, Navoiy, yaxshiroq
Kim, boshingni xokiroh etsang aning poboʻsida.

696

Men oʻlar holatdayu koʻyida itlar qoshima
Jam’ oʻlur ahbobdek afgʻon qilurlar boshima.
Charh koʻzgusin shafaqgun topqay aning aksidin,
Ul yuzu lab hajridin boqqan kishi qon yoshima.
Oʻlmisham la’li mayi shavqida may soling mudom,
Yoʻndurub har yon qadahlar qabr qilgʻan toshima.
Koʻyiga qoʻygach qadam boshimgʻa urdi tigʻi zulm,
Sarfaroz etti bu xizmat aylagan podoshima.
Topmagʻay shoyad sabuh aylarga may, ey tong yeli,
Elt jonim naqdini mayxorai qalloshima.
Shammai fosh ayla sargardonligʻimdin, ey quyun,
Uchrasang dasht uzra Majnun ismlik qardoshima.
Dur sochar koʻzdin Navoiy lek ul yoʻqturki, bor
Bir kecha soʻngʻay oyogʻin diydai durposhima.

697

Koʻzlarimda ishqdin su erdi uyqu oʻrnida,
Turfa koʻrkim hajridin qon boʻldi ul su oʻrnida.
Kimgakim kirpik oʻqin yogʻdursa ul gul, rashkdin
Jismim ichra bir tikandur har sarimoʻ oʻrnida.
Gʻayr naqshidin qilib siz pok koʻnglum safhasin,
Tut ul oy ollida, ey mashshota, koʻzgu oʻrnida.
Shaxsuvorimning ayogʻin oʻpkali rozidurur,
Oy bila kun har birisi bir tepingu oʻrnida.
Iztirob etsa qoshing koʻrgach ne tong shaydo koʻngul,
Telbakim koʻrdi yangi oy oʻltururmu oʻrnida.
Dahri boʻstoni aro barqu bulutdin anglakim,
Yigʻlamoq, yuz qatladur, bir qatla kulgu oʻrnida.
Ey Navoiy, dersen ul qomatni koʻnglungdin chiqar,
Ne nihol oʻlturtayin ul sarvi diljoʻ oʻrnida.

698

Bas yomon holi tushubtur, yorlar, men zorgʻa,
Kim yomon holimni zohir aylay olmon yorgʻa.
Eyki debsen yer yuzini lolazor etmish bahor,
Goʻyiyo koʻz solmading bu diydai xunborgʻa.
Toshlaringdin yaxshiroq boʻlmoq tanimda dogʻlar,
Sukkai behbud uzgʻondekdurur dinorgʻa.
Subh vaslim demasang qilgʻan nihon shomi firoq,
Nega yopting zulf shabgun zulfidek ruxsorgʻa.
Jonfizo qilmish yuzung boʻstonini har sori xoʻy,
Bu gul ochqay bersalar hayvon suyi gulzorgʻa.
Qatli mayli qilmasang nevchun yana minding samand,
Belga rust aylab etak, gul sanchibon dastorgʻa.
Ey nasihatgoʻ, koʻzumni tiyra aylabtur xumor,
Rahm etib qil rahnamunluq kulbai xammorgʻa.
Jomi may tutqilki, tarixi binosin topmadim,
Nechakim soldim nazar bu toqi minokorgʻa.
Dayrdin gar boʻlmasun gʻoyib der ersang mugʻbacha,
Ey Navoiy, bogʻla zunnori uchin zunnorgʻa.

699

Uyquni ohim yeli koʻzdin uchurdi bu kecha,
Aqlu his ajzoyu avroqin sovurdi bu kecha.
Hajrdin tufroq boʻldum, goʻyiyo ashkim suyi
Boshima charxi koʻxan toqin yumurdi bu kecha.
Zulm toshi yogʻdurub, hijron qilichi indurub,
Ne balolar ishq boshimgʻa keturdi bu kecha.
Anjum ermas charx zulmin holima anglab qazo,
Tiyra ruxsorigʻa ming qatla tukurdi bu kecha.
Zaxmi koʻpdin men oʻlum holida, oʻlgan sogʻinib
It yalab qonim, soʻngaklarni koʻmurdi bu kecha.
Subh tole’ boʻlmadi, garchi ul oydin ayru hajr
Boshnma ming qatla gardunni evurdi bu kecha.
Charx men sargashta yoshidin xijil boʻldiki, koʻp
Anjumi ashkim shahob oso yugurdi bu kecha.
Tiyra andindurkim, ey kun, sham’in ohim sarsari
Charx fonusi aro bir-bir oʻchurdi bu kecha.
Ey Navoiy, oʻlmagim anglab ul oyning koʻyida,
Itlari bir dam uyub, bir lahza hurdi bu kecha.

700

Har gulki ochibdur may ul orazi diljoʻda,
Gullarmu ekin suda gul aksimu koʻzguda.
Koʻzguda yuzung aksi gar yaxshi nazar qilsang,
Bor uyla biaynihkim kun aksi tushar suda.
Noz uyqusida ul koʻz oshubi jahon ichra,
Uygʻonsa koʻzung netgay olam buzub uyquda.
Ollimgʻa yuzung kelgach husn ahlini koʻrmasmen,
Koʻz anglamas ash’yoni boʻlgʻach quyosh oʻtruda.
Gar shahrni tark aylab sahrogʻa qoʻyubmen yuz,
Ma’zuri erurmenkim, mohim erur oʻrduda.
Olam ishi sartosar gʻam yerga kira qilmas,
Soqiy, tutubon jome qoʻyma meni qaygʻuda.
Vasl istasang oʻl foni andoqki Navoiykim,
Har ishki munung gʻayri bordur, bari behuda.

701

Tiyralik xatting savodidin labi xandon uza,
Xizr soldi soya goʻyo chashmai hayvon uza.
To xazin koʻnglumni la’ling hayrati qon aylamish,
Anda xoling naqshi oʻlturgʻan chibindur qon uza.
Jonu koʻnglum nolasidin ikki haqgoʻ qush kibi,
Kecha ul oy koʻyida afgʻon erur afgʻon uza.
Toiri mehnat buzugʻ koʻnglumda qoʻymish oshyon,
Chugʻz andoqkim nishiman aylagay vayron uza.
Ey musulmonlar, yeting faryodimakim, kofire
Jonu koʻnglum oldi, emdi soʻz borur imon uza.
Charx toqidin topar kun shamsasi har kun zavol,
Zarvaraqdin shamsa chekmak ne osigʻ ayvon uza.
Ey Navoiy, to dedi dardim yukin koʻnglungga qoʻy,
Koʻnglum uzra qoʻydum ul yukniyu minnat jon uza.

702

Eyki yuz ming dogʻ qoʻydung jismi gʻamparvardima,
Bilki, boʻlmish har biri oxir davo bir dardima.
Hajr aro holim gahi behushlugʻ, gah gʻam yemak,
Ishqing iqbolida qil nazzora xobu xoʻrdima.
Toza qonligʻ dogʻ isi koʻnglum aro muhlikdurur,
Atri ruhafzo koʻrung gʻam bogʻi ichra vardima.
Uyla xoki jism ila ketmak tilarmen dahrdin
Kim, ajal ham yetmagay sur’atlar aylab gardima.
Sovugʻ ohim hasrati ishq ahli koʻnglin oʻrtadi,
Turfa ishtur el ichin kuydurmak ohi sardima.
Dahr bogʻining xazoni yafrogʻidur qon yoshim,
Obkash yangligʻki xatlar chekti roʻyi zardima.
Yel keturgach koʻyi tufrogʻini toptim shohligʻ,
Ey Navoiy, qil tamosho ganj bodovardima.

703

Novakingning tusidin ermas nishone boʻynigʻa
Kim, erur qatl aylagan ahbob qoni boʻynigʻa.
Begunoh ishq ahligʻa tigʻi jafo surgum desang,
Bilki mendin oʻzga tutmas kimsa oni boʻynigʻa.
Hajrdin gar yuz qilich boʻynumgʻa urdung, ey sipehr,
Sarbasar qildim qoʻlum yetgan zamone boʻynigʻa.
Qotilimni kimsa bilmay, zaxm yeb oʻldum valek,
Men bilurmenkim, erur qonim falone boʻynigʻa.
Tavq bil jannat qushi boʻynigʻa to mushkin ipak
Tushti, ta’viz etgali xirzi yamoni boʻynigʻa.
Maygʻa egnimdinki sajjodam garavdur qildi man’,
Goʻyiyo zohid koʻra olmas ridoni boʻynigʻa.
Gar Navoiy oʻlsa, ul kofir diyorigʻa cheking
Bogʻlabon sudrarda zunnori fanoni boʻynigʻa.

704

Vahki, umrum borcha zoye’ boʻldi el komi bila,
Bodai nob oʻrnida xunoba oshomi bila.
Kimsa ming yil komronliq qilsa bilkim, arzimas,
Dahr aro bir lahza boʻlmoqqa birov komi bila.
Qushqa yung maskan aro xushroqdurur ozodlik,
Boʻlgʻanidin band aro sayyod ipak domi bila.
Zahrni oʻz komi birla ichsa andin yaxshikim,
Ichsa hayvon sharbatin nokomliq jomi bila.
Yuz dilorom aylagandin ravza hibsi yaxshiroq,
Boʻlmoq oʻz vayroni ichra koʻngli oromi bila.
Ey koʻngul, el subhi ayshi sari boqma xoʻy qil,
Fardligʻ vayronida mehnat qaro shomi bila.
Boʻlmoq itlar mun’imi tan toʻ’ma aylab yaxshiroq,
Tanni qilgʻuncha samin nokaslar in’omi bila.
Johu markab birla, eykim, bormading maqsad yoʻlin,
Qat’ oʻlur betushaligʻ zodi fano komi bila.
Ey Navoiy, xuzn ila oʻtkar qariliq mehnatin,
Chun yigitlik bordi ayshu ishrat ayyomi ila.

705

Menki gʻam dashtida ittim ohi dard olud ila,
Istagan topqay kecha oʻt birla kunduz dud ila.
Infiolingdin quyosh kirdi qaro tufrogʻ aro,
Qilgʻaningda jilva ul ruxsori gard olud ila.
Ul ogʻiz ma’dumu menda oʻpmaki savdosidur,
Sud agar istab turur sarmoyayi nobud ila.
Ne iting boʻlmoqqa toli’, ne itingga toʻ’ma ham,
Tushgali koʻyung aro bu jismi gʻam farsud ila.
Gʻam tuni qilmish qaro bosqan kibi muztar meni,
Buylakim, nokormen bu baxti qirandud ila.
Uyla mahvungmenki kelmas xotirimgʻa hajru vasl,
Sen murodimsen, ishim yoʻqtur ziyonu sud ila.
Ey Navoiy, asru maqbul el bila xoʻy etti yor,
Xushlugʻi gar yoʻqturur, ne ayb sen mardud ila.

706

Budu nobudum agar teng boʻldi jonon ollida,
Zarra yoʻqu bori tengdur mehri rahshon ollida.
Koʻzlarimning chashmasi ollida ummon hajr aro,
Koʻr, biaynih uyladurkim chashma ummon ollida.
Vasl ichinda doʻzax oʻti birla qoʻygʻan toza dogʻ,
Otashin guldek gumon qil dogʻi hijron ollida.
Ey musulmonlar, ne holatturki, ishq etmish asir,
Yuz musulmon xaylini bir nomusulmon ollida.
Ulki majnun deydilar, chindurki, har dam koʻrguzur,
Chok boʻlgʻan koʻnglakin bu jismi uryon ollida.
Faqr ila shod ulki har kim boʻlsa ahli ma’rifat,
Dahr tufrogʻ birla teng boʻlmoq ne imkon ollida.
Ey Navoiy, jon sabo ollida qilgʻaymen nisor,
Bu gado holin desa yotganda sulton ollida.

707

Qayu qushkim qoʻnar bu paykari majnun misol uzra,
Erur tan za’fidin qushdekki yoʻngʻaylar xilol uzra.
Balo toshi xam oʻlgʻan qaddim ustidin yiroq ketmas,
Biaynih nuqta yangligʻkim tushar yozgʻanda dol uzra.
Agar maygunlugʻidin rang aylar boʻlsa mashshota,
Koʻzumning mardumin yoqqil uyuub ul turfa xol uzra.
Qoshingning toqi ustinda emastur anbarin xoling,
Zuhal goʻyo ochibtur orazin mushkin hilol uzra.
Ne tong nozuklugʻidin gar qurayshi boʻrk ogʻir keldi,
Ham aylar chun qirov koʻprak yogʻar nozuk nihol uzra.
Savodi xati bila ham orazing xurshidi ravshandur,
Safoda ne tafovut soya tushgandin zilol uzra.
Belingga to soching chirmashti, rashkidin aning har tun
Dimogʻimda tong otquncha xayol oʻlmish xayol uzra.
Koʻzumni istasang ravshan qadahni yopma, ey soqiy,
Kerakmastur sahob ul axtari farxunda fol uzra.
Navoiy, yor la’lida uchuqdur, yoʻqsa yopushti
Chibinning parridin qolmish qoʻngʻan chogʻida bol uzra.

708

Solib qon oncha qoʻydung dogʻ bu jismi figor ichra,
Ki oncha dogʻ ila qon boʻlmagʻay bir lolazor ichra.
Qushekim, tushsa ohim girdibodidin chiqa olmas,
Birov yangligʻki, qolgʻay eshiki bogʻliq minor ichra.
Iki ruxsori ikki zulfi yotqandin nihon boʻlmas,
Nechukkim shoʻ’la dud ichra, quyosh yoxud gʻubor ichra.
Yuzung shavqida ashkim koʻzlar ichra jola bogʻlatmish,
Yogʻin ul nav’kim dur bogʻlagʻay abri bahor ichra.
Qolibtur anbarin zulfung ichinda bogʻlanib koʻnglum,
Kiyikdin qatra qon qolgʻan kibi mushki tator ichra.
Qiziq koʻnglumdagi paykonlari dardin ne fahm etgay,
Anga kim qatralar xoʻydindurur oʻtlugʻ uzor ichra.
Chu oʻlgum xasratidin shoyad oʻtgan chogʻda koʻrgaymen,
Meni sudrang gadolar koʻyida bir rahguzor ichra.
Gar ul shoh bazmidin bir jur’a may topmon ajab ermas,
Ki may shoʻxi kiribdur shiradin mahkam hisor ichra.
Menikim aylamish ul mugʻbacha ishqi mayi maxmur,
Magar ham dayr piri chora qilgʻay bu xumor ichra.
Vafo aylarda elga roʻzgoring aylama zoye’,
Ki ulkim sen tilarsen yoʻqtur ahli roʻzgor -ichra.
Navoiy gar falak davri senga yetkurmas ul oyni,
Ne chora chun sipehr ermas kishiga ixtiyor ichra.

709

Suvrati devordek hayronmen ul ruxsorgʻa,
Yoʻqsa gʻamzang oʻqlari tegmish meni devorgʻa.
Zor jismimda boʻgʻunlar mehnatimning sonidur,
Kim gʻaming har birga tugdi bir tugun bu torgʻa.
Tori zulfung ichrakim ashkim toʻkar kofir koʻzung,
Muhrai tasbih tortar rishtai zunnorgʻa.
Bir-ikki kun zori koʻnglumdin firoqingni ketar,
Zahrkim bermish bu kunlugʻ tanglaligʻ behorgʻa.
Zaxmi koʻplukdin koʻngul sirrini fahm etmak boʻlur
Kim, taammul birla boqsa bu tani bemorgʻa.
Gar desang sargashtalik koʻrmay yoʻlungni tuz yuru,
Gar inonmaysen, nazar qil charxi kajraftorgʻa.
Ey Navoiy, gar desang hijron xumoring daf’ etay,
Jahd etib solgʻil oʻzungni kulbai xammorgʻa.

710

Koʻyida toshe tilarmen qoʻygʻali bosh ostigʻa,
Nogah oʻlsam qoʻysalar boshimni ul tosh ostigʻa.
Kunduzi xurshid oltun xishtidin oʻtgay boshim,
Ostoning xishtini qoʻygʻan kecha bosh ostigʻa.
Goʻshadin tushmish pulak chekkanda mushkin yoy aro,
Anbarin xolin savodi ul qaro qosh ostigʻa.
Su kishisidur biaynih koʻzlarimning mardumi,
Yigʻlarimdin qolgʻaln daryo kibi yosh ostigʻa.
Hajr aro baytulxazanda qilmangiz ashkimni man’,
Yemrulub vayrona kulbam, qolgʻamen kosh ostigʻa.
Sof eting may durdi sajjodamdakim, bordur haqir
Olib egnim ustidin solmoqqa avbosh ostigʻa.
Ey Navoiy koʻk qizib boʻlmish qizil, ermas shafaq,
Shoʻ’la oʻtlardinki, ohing ayladi fosh ostigʻa.

711

Hajr oʻti dogʻi bila koʻnglumni, ey jon, oʻrtama,
Doʻzax oʻti birla kuydur, dogʻi hijron oʻrtama.
Oʻrtabon har kimni oʻt jonimgʻa solma rashkdin,
Xalqni paydo, meni mahzunni pinhon oʻrtama.
Lama’i ruxsor ila din kishvarigʻa solma oʻt,
Muncha islom ahlini, ey nomusulmon, oʻrtama.
Ohim oʻti uchqunin gardungʻa tortib, ey pari,
Ul chaqinlardin malak xaylini har yon oʻrtama.
Gar qoʻlum, gar jismu jonim oʻrtading qildim bihil,
Oʻz qoʻlung, ey jismu jonim sadqang, oson oʻrtama.
Chunki sen ham qolmagʻung oʻrtanmay, ey sham’i tiroz,
Oraz oʻti birla parvonangni parron oʻrtama.
Chun Navoiy vaslidin kechti, ani hajr oʻtida
Oʻrtamay deb aylab erding ahdu paymon, oʻrtama.

712

Hargiz ermas mehri ul husni jahon oroyicha,
Mehr aning ollida mehr ollida boʻlgʻay oycha.
Bir-biri uzra necha yo koʻrguzur qavsi kuzah,
Boshqa-boshqa ermas ul ikki muanbar yoyicha.
Ogʻzima yetgach shakar su boʻldi ne nav’, ey koʻngul,
Bas boʻla olgʻay shakar ul la’li shakkarxoycha.
Gar mufarrah boʻlsa yoquti labing jonbaxsh erur,
Ul boʻla olgʻaymu bu yoquti ruxafzoycha.
Layliyu Shirin sitam aylarda oʻz ushshoqigʻa,
Hargiz ermas erdilar sen shoʻxi beparvoycha.
Gar farogʻat mulki istarsen may ich kim, boʻlmadi
Gʻamsiz oʻlmoqliqda shah rindi qadah paymoycha.
Oʻkma bulbulnikim, ul gul hajrida har kechalik
Nolasi ermas Navoiy tortqan bir voycha.

713

Tikmagaymen tigʻi zaxmin oʻlsam ul ozor ila,
Boʻlsa Iso ignasi Maryam igirgan tor ila.
Dogʻlar shakli kishi koʻksumda koʻrsa fahm etar,
Kim baloni anda tikmishlar magar mismor ila.
Koʻk ravoqida quyosh vasfini qilmang, chunki men
Koʻyida xursand oʻlubmen soyayi devor ila.
Yuzu zulfi ishqida kofir, moʻmin yo ahli din
Boʻylakim, mushaf xamoyil qilmisham zunnor ila.
Sabzai xat yorutubdur orazing mir’oti, oh,
Koʻzguga bu nav’kim bermish jilo zangor ila.
Sogʻinurlar qon ila boʻlmish munaqqash kisvatim,
Har yon etsam azm bu uryon tani afgor ila.
Davr ayogʻin, soqiyo, xush tut damekim, yoʻq turur
Xushlugʻum davr ahli balkim gunbazi davvor ila.
Boru yoʻqning mehnatin chekmas, bu davlat basdurur,
Har kishi olamda qoni’ boʻlsa yoʻqu bor ila.
Koʻkka yetgay boshi qoʻygʻan lahza shoh ollida bosh,
Gar Navoiy ichsa may shohi falak miqdor ila.

714

Va’da aylab vasl jismi notavonim oʻrtama,
Kelmagungdur, intizor oʻtigʻa jonim oʻrtama.
Ishq oʻtining oʻrtari basdur yana jonim aro
Dogʻi hijron, har dame nomehribonim oʻrtama.
Jonni olding, solma oxir notavon jismimgʻa oʻt.
Naqd uchun yagʻmogʻa bordi xonumonim oʻrtama.
Novakingning kasratidin kim nayistondur koʻngul,
Oʻt olib kirma qoshimgʻa, naysitonim oʻrtama.
Jonima oʻt soldi ishqing, bal jahonim oʻrtadi,
Rahm etib mundin nari jonu jahonim oʻrtama.
Har nafas kuydurma oʻt birla, ey gardun, meni,
Kuydururga har dam aylab imtihonim oʻrtama.
Qilma nisbat xoʻblar sori Navoiydek meni,
Tuhmat aylab har zamon, ey badgumonim, oʻrtama.

715

Vahki, kelturdung firoqingdin balolar boshima,
Ul balolardinki qochtim keldi olar boshima.
Zaxm agar boʻlsa boshimning har tuki sani ne tong,
Muncha toshkim yogʻdururlar dilrabolar boshima.
Sarv qadlarning tamannosi boshimdin chiqmagʻay,
Qahr etib, ey shayx, snndursang asolar boshima.
Koʻrmayin koʻzlar qachon keldi boshimgʻa yuz balo,
Koʻp balo kelturdi bu yuzi qarolar boshima.
Ishq aro gah-gahki el pandigʻa bosh indurmadim,
Keldi turluk-turluk andin mojarolar boshima.
Muddaolar boshima tushguncha, har dam aqldin
Kelsa xushroq ishq tigʻidin yarolar boshima.
Koʻyida oʻldi Navoiy, qochti andin itlari,
Yoʻq edi oʻlganda yoru oshnolar boshima.

716

Gʻuncha gul ichra gahi paydo boʻlur gulzorda,
Boʻlmadi hargiz ayon aksing sening ruxsorda.
Za’fdin kulbamda qoʻymoq istasam aylar madad,
Ankabuti rishta osqan boʻlsa har devorda.
Kim jununumgʻa yozar ta’viz iynak ashku yuz,
Gar kerak shingarf birla za’faron tumorda.
Sayli ashkimdin demakim mulk emas mardumnishin,
Balki mardum qolmadi bu dindai xunborda.
Dardi tufrogʻigʻa butmish, sabza der koʻrgan kishi,
Zanglik yuz noʻgi paykon bu tani nokorda.
Bir-birisin angla bir kofir jafosidin hisob,
Bu girihlarkim tugubmen rishtai zunnorda.
Sinsa ibriqi vuzu andin menga bas bir safol,
May gadoligʻ aylamakka kulbai xammorda.
Charx ayvoni munaqqashdur, vale naqqoshi sun’
Chekmadi naqshi vafo bu toqi minokorda.
Ey Navoiy, yer yuzin agʻyor tutsa gʻam yema,
Bir sari moʻ gar sening fikring bor ersa yorda.

717

Kishi visol tuni yori birla yotquncha,
Jamoli sham’igʻa qilsun nazar tong otquncha.
Muyassar oʻlmadi jon bermaku labin oʻpmak,
Nedinki qolmadi jonim ani unotquncha.
Meni yoʻq etgan erur hajri sangi boroni,
Nedinki, yogʻdi tanim tosh ichiga botquncha.
Maloldin meni bir jur’a birla sotqun ol,
Xurushu arbada aylab jahongʻa sotquncha.
Koʻngul jarohatigʻa yoq visol marhamini,
Firoq xorasi birla boshim ushotquncha.
Saloh toʻnini chok etsa yaxshiroq, ey shayx,
Riyo yuruni bila xirqani yamotquncha.
Navoiy, ahli fano dayri halqasin xush tut,
Oʻzungni zuxdi-riyo majma’igʻa qotquncha.

718

Yordin yaxshi emas aylamagi yor gila,
Yoʻqsa ul yordin erdi menga bisyor gila.
Buki agʻyorgʻa mendin gila izhor etti,
Har necha aylasam izhor yana bor gila.
Koʻrubon gʻayrgʻa lutfungni agar dam urmon,
Dema yoʻqtur gilalik aylamon izhor gila.
Koʻp jafosidin agar oʻlsam erur turfa bukim,
Yana mendin qilur ul shoʻxi jafokor gila.
Xirqa kuydurdi xumor oʻtida qilma, ey shayx,
Ani qilsam garovi kulbai xammor gila.
Chun azal qismatidin hech nima xorij emas,
Aylamas foqasidin voqifi asror gila.
Ey Navoiy, desang oyini rizo hosil etay,
Yordin har ne kelur aylama zinhor gila.

719

Za’fda ingranmogʻim elning figʻoni zoricha,
Har damim ishq ahlining bir ohi otash boricha.
Mehri ruxsorida ne qoshdur, ne koʻz, ne xat, ne xol,
Vah, desam boʻlgʻanmu oni mahvashim ruxsoricha.
Nuqtai mavhumni yuz qismi faraz etsang, biri
Desa boʻlmas bor aning yoʻq ogʻzining miqdoricha.
Gul yuzungdin qatra ter har yerga tomsa, ul sudin
Charx ul yerni yasay olur Eram gulzoricha.
Dayr koʻyi sokini menkim, bu zangori sipehr,
Rif’at ichra ermas oning kulbai xammoricha.
Boʻldi mugʻ dayrida xirqamning chubulgʻan iplari,
Har biri kufr ahligʻa bir barhaman zunnoricha.
Dayr piri ne ajab gardunni sogʻar aylamak,
Va’da chun qilmishki bergay boda maylim boricha.
Faqr atvorida yo chiqmoq kerak ofoqdin,
Yo kerak turlanmak ofoq ahlining atvoricha.
Ey Navoiy, ayladim har koʻy aro sayru suluk,
Kelmadi ollimda ishq oyinining dushvoricha.

720

Ul yashil toʻnluq parivash la’lishakkar bor ila,
Ruh toʻtisin qilibdur munfail guftor ila.
Garchi axzar toʻn bila bogʻi latofat sardidur,
Lek hayron aylamish yuz sarvini raftor ila.
Gar soʻkuldi ul etak kirpik bila tiksam boʻlur
Kim, erur gul xil’atin tikmak munosib xor ila.
Angla axzar sham’u sorigʻ boʻrki oning shoʻ’lasi,
Tiyra kulbamni yorutsa koshki ruxsor ila.
Naxli qaddurmu yashil toʻn ichra yoxud naxli mum,
Bogʻlagʻan sun’ ilki yuz ming san’atu hanjor ila.
Soqiyo, jomi zumurradgun aro quy la’li may
Kim, erur shingarf behad xushnamo zangor ila,
To boʻlay la’lu zumurrad orzusidin xalos,
Tortibon oni Navoiydek navoyi zor ila.

721

Qoshining yoyi chekilmish zulfi chavgonigʻacha,
Zulfi chavgoni dogʻi koʻyi zanaxdonigʻacha.
Demangiz mushkin bulutkim boʻldi koʻk toqi qaro,
Baski ohim dudi bordi charxi ayvonigʻacha.
Ichgali soʻzon koʻngul qonin oʻqung ochti ogʻiz,
Oʻt tushub su foridin kul boʻldi paykonigʻacha.
Koʻp yashurdum holim, oxir chok etib koʻksumni ishq,
Oshkor etti koʻngulning dogʻi pinhonigʻacha.
Boʻlmasun darde itinggakim, bagʻirni tashlagʻach,
Yedi har yondin uzub yerdin yalab qonigʻacha.
Tushti goʻyo bulbul afgʻoni muassir gulgakim,
Chok-chok etti giribonini domonigʻacha.
Boʻlgʻaningdin mehmon oʻlsa Navoiy ne ajab,
Chekti chunkim ollinga boru yoʻqin jonigʻacha.

722

Ne ajab ushshoq aro boʻlsam meni zor oʻzgacha
Kim, erur ma’shuqlardin ul sitamkor oʻzgacha.
Boshima ahbob boʻlmish jam’, ya’ni itlaring
Goʻyiyokim za’fdin boʻlmish bu bemor oʻzgacha.
Dahr aro oshubdurkim, chiqmish ul bebok mast,
Egnida toʻn oʻzga, boshida dastor oʻzgacha.
Oʻzgacha boʻldi oʻtum paykonlaringdin uylakim,
Qatra terlardindur ul gulrang ruxsor oʻzgacha.
Holim oʻlmish oʻzgacha har damkim ul oy koʻrguzur
Labda guftrr oʻzgacha, qomatda raftor oʻzgacha.
Qil rioyat, soqiyokim, bazmida bir dam boʻlay
Kim, mengadar dam boʻlur holi padidor oʻzgacha.
Jondin oyirmoq emas mumkin aning zulfinikim,
Chirmashibtur rishtai jonimgʻa har tor oʻzgacha.
Olam ahli ichra odam demak oʻlmas onikim,
Joh ila boʻlgʻay anga qonuni atvor oʻzgacha.
Ey Navoiy, dahri gulzoridin oʻtkim, har guli
Koʻrguzur yuz xoru har xorida ozor oʻzgacha.

723

Tonggʻa solma va’dai vaslingni bori bu kecha,
Kim meni oʻlturgusi tong intizori bu kecha.
Chun yashurdi ul quyosh oʻtluq jamolin, vah, koʻrung
Kim, oʻtar gardundin ohimning sharori bu kecha.
Charx uza har yon shahob ermaski, koʻkning holima
Yosh toʻkar har lahza chashmi ashkbori bu kecha.
Subh agar urmas nafas oʻlgumdurur, yo ul, Masih
Bir nafas kelmas meni dilxasta sori bu kecha.
Bazmida anglading, ey sham’u qadah yigʻlab, kuyub,
Buki oʻlturdi meni hajr iztirobi bu kecha.
Soqiyo, vasling shafaqgun jomidin tirguz meni
Kim, qilibdur qasdi jon hajring xumori bu kecha.
Ey Navoiy, sen agar kunduzga yetsang ne gʻam, ul
Kim gʻamidin qolmadi jon bizga bori bu kecha.

724

Har oyki gʻayrima zarra mehri fosh oʻlsa,
Oning sari boqa olmon agar quyosh oʻlsa.
Koʻzumda ashkdek ul tifl parvarish topmish,
Nazar haqqini kerak bilsa necha yosh oʻlsa.
Visol umidiga oʻzni yaqin solur oshiq,
Firoqdin necha jonidadur yosh oʻlsa.
Ne tong figʻoni bagʻirdin xaroshliq chiqmoq,
Birovki bagʻrida gʻam changidin xarosh oʻlsa.
Bahorim oʻldi chu gulchehra shoʻxlar, ne ajab,
Yogʻar nima boshima jolavor tosh oʻlsa.
Xush ulki togʻ etagin tutsa xalqdin qochibon
Uzalsa ostida xoro anga farrosh oʻlsa.
Demang Navoiy agar yoring oʻlsa qatling etar,
Nekim murodidurur uyla qilsa, kosh oʻlsa.

725

Baski qon bogʻladi alamlar yuzlanib har dogʻima,
Za’f ifroti yaqinlashurdi borur chogʻima.
Bazm aro yodim bila tufroqqa gohi may toʻkung,
Kim erur ul ham yaqinkim toʻkkasiz tufrogʻima.
Bu maraz hijrondin oʻlmish berma sharbat, ey tabib,
Kim, zuloli Xizr yetsa zahr oʻlur qursogʻima.
Jism za’fidin teri qolmish soʻngak uzra yana,
Hajr oʻqi parron oʻtar chun yetsa bu yargʻogʻima.
Belga men zunnor bogʻlabmen vale xayli ajal,
Vahki, sudrarlar iliklar birkitib belbogʻima.
Ma’rifat bogʻida ul qushmenki hayrat aylagay,
Toiri quds aylasa bir dam nishiman bogʻima.
Ey Navoiy, dard togʻinda sogʻingʻay lolazor,
Boqqan el ham toza qonligʻ ham qaroligʻ dogʻima.

726

Guli ruxsoring aro boʻlgʻali pinhon gʻuncha,
Rashkdin bogʻda pinhon yutadur qon gʻuncha.
Gʻunchai serob boʻlur lek ogʻizu la’lingdin,
Oshkor ayladi sarchashmai hayvon gʻuncha.
Topmay ogʻzingni ovutmoq tilasam gulshan aro,
Sanchilur koʻngluma ul nav’iki paykon gʻuncha.
Koʻz yoshimdin agar ogʻzingda erur kulgu, ne tong,
Chun boʻlur necha bulut yigʻlasa handon gʻuncha.
Gul yuzung vasli bila koʻnglum ochilmas, garchi
Dard bogʻida ani ayladi hijron gʻuncha.
Ochmadi juz gul dard onchaki bedili bulbul,
Qildi koʻksida koʻngul oʻrnida pinhon gʻuncha.
Doʻstlar, vasl oʻtin istarga Navoiy bormish,
Fosh qilmang bu hadisini aning yongʻuncha.

727

Sunbuli shomida yuz ayladi gulrez yana,
Boʻldi har uchqunidin shavqum oʻti tez yana.
Gulning atrofida yuz gʻuncha degil zohir etar,
Orazing davrida ul zulfi dilovez yana.
Otashin la’lu yuzi sham’in ochar tong yoʻq agar,
Kulsa xoshoku xasi tavbai parxez yana.
Ne tarovatdurur ul yuzdaki xoʻydin, qilmish
Gulni shabnamzada, shabnamni gulomez yana.
Mayni hijronda ukar xalqu lekin onsiz
Zor koʻnglumga erur boda gʻamangez yana.
Anglagʻan ishq aro Farhod ishi Shirinligʻini,
Oʻlsa ham aylamagay hashmati Parvez yana.
Ey Navoiy, kelur ul husn bahori bu taraf,
Barqi ohingni bukun qilma sabukxez yana.

728

Chokligʻ koʻnglum nishoni gʻunchai xandonida,
Munda toza dogʻ yangligʻ xoli oning yonida.
Yuqturur itlarga son koʻyida, vah, koʻrgil meni
Kim, ul oy koʻyida men, vah, yoʻqmen itlar sonida.
Qon boʻlub bagʻrim oqar koʻzdin, tilasang topilur
Lola ichra sabzadek paykon sirishkim qonida.
Uyladur ra’no gʻazolim lojuvardi toq aro
Kim, emas andoq gʻazoli zar sipehr ayvonida.
Asru nofarmondur ul gulkimlibosidur binafsh,
Garchi gulruxlar erur bori aning farmonida.
Hajrida barcha azob oyatlari shonimdadur,
Barcha rahmat oyatidek nozil oning shonida.
Davr ayogʻidin vafo ahlin unutma, soqiyo,
Kim vafo yoʻq juz unutmoqligʻ falak davronida.
Donish ahli kaffasida keltirur nodonni charx,
Fikri yoʻqkim rost kelmas bu xirad mezonida.
Gar Navoiy bulbule erdi xush ilhon koʻrki, hajr
Navha rangi koʻrguzur har dam oning ilhonida.

729

Dahr elidin naf’ agar yoʻqtur, zarar ham boʻlmasa,
Marham ar yoʻhtur koʻngulga, nishtar ham boʻlmasa.
Olam ahli bazmidin gar yoʻq jigargun sogʻare,
Koshki yuz ming qadah xuni jigar ham boʻlmasa.
Mahvashekim boʻlmagʻay vaslidin ummidi hayot,
Xushturur gar jongʻa hajridin xatar ham boʻlmasa.
Bedilekim, bexabar tushgai birov hijronidin,
Ne balodur gah-gahi andin xabar ham boʻlmasa.
Soqiyo, netgay meni ul nav’ qilsang mastkim,
Aqlu xushumdin nishon, balkim asar ham boʻlmasa,
Kim tuzay mastona Shohi Gʻoziy avsofida savt,
Bu koʻngul gar boʻlsa oʻz holida, gar ham boʻlmasa.
Ey Navoiy, sen chekarsen oh, lekin yaxshidur
Ul parining zulfi bu yel birla darham boʻlmasa.

730

Ul jigar pargolasi ashkim jigargun qildilo,
Shod etay deb notavon koʻnglumni maxzun qildilo,
Va’da aylab jilvasin bogʻ ichra andoqkim pari,
Dasht uza ovora qilmoqliqqa Majnun qildilo.
Dedi vaslim birla koʻpdin-koʻp gʻamingni kam qilay,
Ani kundin-kunga oʻksutmakdin afzun qildilo.
Qutqaray deb charx javridin meni sargashtani,
Anjumi paykon bila jismimni gardun qildilo.
Zulfigʻa vahshiy koʻngul saydin giriftor etgali,
Yoʻq ogʻizdin bor ekancha haddi afsun qildilo.
Muflis erdim may qilib singʻan safolim jomi Jam.
Xotirim vayronasin xud ganji Qorun qildilo.
Kim Navoiydin xalos istar, erur gʻofil base,
Hirqayu sajjodasin ul maygʻa marhun qildilo.

731

Labing fikri bagʻrimni qon qildilo,
Chu qon qildi koʻzdin ravon qildilo.
Yuzumni demaykim bori yer yuzin
Hamul qon ichinda nihon qildilo.
Dedi koʻnglung ettim nishon vasl uchun,
Firoqi oʻqigʻa nishon qildilo.
Koʻngulkim buzuldi tilab ganji vasl,
Ani chugʻzi hajr oshiyon qildilo.
Koʻngul birla koʻz sirrini, ey rafiq,
Yana ohu ashkim ayon qildilo.
Vafo ahlini charx bekom etib,
Jafo xaylini komron qildilo.
Navoiygʻa gar tavba yaxshi edi,
Yana tarkini ul yomon qildilo.

732

Zihi tajalliyi husnung kelib jahon oroy,
Jamillar senga oyinayi jamol namoy.
Jamol birla jaloliyatingdin oʻldi bu nav’,
Sahar uzori uza shomi zulfi anbarsoy.
Bu tiyra dahrni gar oshiq etmasang boʻlmas,
Arusi mehri falak manzarida jilva namoy.
Basiti olam aro gar sen oʻlmasang bosit,
Koʻngulga qayda boʻlur Zuhra laxni basti fizoy.
Chaman aroyishi zebigʻa boʻldi sun’ungdnn,
Zilol oyinadoru nasim nofakushoy.
Sening xayoling ila xonaqahda hoy ila hoʻy,
Sening visoling uchun dayr ichinda nolayu voy.
Navoiy oʻldi guli hamdu shukrungga bulbul,
Oni bu bogʻ aro lutf aylab ayla nagʻmasaroy.

733

Gar yana bir qatla oʻz vaslingga yetkursang meni,
Istasam hajring bihildurmen, gar oʻltursang meni.
Ul eshikdin kirgum uy toshini itdek aylanib,
Bu eshikdin tosh ila yuz qatla gar sursang meni.
Qolgʻusi bir dogʻ koʻyungda kulumdin yodgor,
Yozgʻurub hijron gunohi birla kuydursang meni.
Orzudur ostoning tufrogʻigʻa oʻlmakim,
Toza jon topqum gar ul tufroqqa topshursang meni.
Garchi jurmum koʻp, xusho, ul jurmkim tahqiq uchun,
Soʻrgʻaln gah-gohi oʻz qoshinggʻa keltursang meni.
Tarki jon ettim boshim boʻlgʻusiyu ul oston,
Sen bilursen lutf qilsang yoʻqsa yozgʻursang meni.
Ka’bai koʻyida yuz qoʻydum, bu yoʻldin yonmagʻum,
Ey Navoiy, har nechakim yoʻldin ozgʻursang meni.

734

Topmadim ahli zamon ichra bir andoq hamdame,
Kim zamon osibidin bir-birga aytishsaq gʻame.
Kimki davron sogʻaridin dam-badam xunob ichar,
Gʻam yoʻq ar har dam gʻamin ayturgʻa topsa hamdame.
Charx uzukning halqasidur, lek har kavkab anga
Qatl uchun ostida qolgʻon zahri pinhon xotame.
Yoʻq farogʻat dahr arokim shomdin sochin yoyib,
Yogʻdurub ashkin tutar holinggʻa har tun motame.
Gar budur olam, kishiga mumkin ermas anda kom,
Haq magarkim kom uchun boshtin yaratqay olame.
Yoʻq vafo jinsi bani odamda boʻl navmidkim,
Sen vafo koʻrmak uchun xalq oʻlgʻusi yoʻq odame.
Nukta nozik boʻldi asru, boʻlgʻay erdi koshki,
Shammai bu ramzdin zohir qilurgʻa mahrame.
Dardu zaxm oʻlmish ichu toshim, qadah quy ogʻzima,
Soqiyo, koʻksumga loyidin dogʻi yoq marhame.
Davr aro suhbat bu yangligʻdur, Navoiy, tong emas,
Nolayu faryodi birla gar tuzar zeru bame.

735

Bogʻdin keldi nasimu gul isin kelturmadi,
Ne tikanlarkim bu gʻam koʻnglum aro sanchilmadi.
La’li yodidinki yutqum dam-badam hasrat suyin,
Olloh-olloh, qaysi qonlarkim bu gʻam yutturmadi.
Shomi hajrim tiyradur, andoqki kunduz ham boʻlub,
Har nechakim ehtiyot ettim quyosh bilgurmadi.
Hajri zulmidin dedim aylay ajalgʻa dardi dil,
Oqibat jonimgʻa rahm aylab anga yetkurmadi.
Vasl aro koʻp istadi jonimki andin tingʻamen,
Hajr to jonimni tandin olmadi tindurmadi.
Qaysi gul bedodi bir bulbul parin sovurdikim,
Charx zulmi ham aning yofrogʻlarin sovurmadi.
Ey Navoiy, bevafodur xoʻblar, boʻldi xalos
Ulki, ba’zigʻa koʻngul, ba’zigʻa koʻz oldurmadi.

736

Ne may xushtur menga, ne gul keraklikdur, ne gulzori,
Kerak maydin gul ochqan yorning gulzori ruxsori.
Ne jonimgʻa kerak hayvon suyi balkim xiromi ham,
Kerak chun ul hayotim gulshanining sarvi raftori.
Junun tumorima zangoru shingarf aylama zoyi’,
Ki daf’ aylar ani ul la’lu xati shingarfu zangori.
Mening xud roʻzgorim tiyra boʻldi shomi hijrondin,
Qiling subhi zisoli shukrin, ey ishq ahli, siz bori.
Ne sud etgan ayogʻimdin tikan chekmaklik, ey mushfiq,
Ki toshlar birla koʻksumga qoqilmish hajri mismori.
Nihoni yuz yaram bor hajr tigʻidinki sharh etsam,
Qilur ozurda bir olam elin har birning ozori.
Base sargashtamen gardundin, ey soqiy, qadah bergil,
Shafaqgun may toʻla aylab menga gardun namudori.
Ki davron javridin ilgimga olib sipqoray andoq,
Kim anjum qatrasi ham qolmagʻay koʻz tushsa har sori.
Aningdek mastligʻ uyqusidin ochqay Navoiy koʻz,
Sabohi hashr ul ham yovar oʻlsa baxti bedori.

737

Ne bir subh ul quyosh bazmi aro ichtim toʻla jome,
Ne yottim mast ruxsorim ayogʻigʻa qoʻyub shome.
Ne bir qush hargiz ul gulshan sari yetkurdi paygʻomim,
Ne bir yel hargiz ul guldin menga yetkurdi paygʻome.
Oʻqungdin ming toʻshukluk koʻnglak ichra talpinur jismim,
Ham ul qush mislikim oni muqayyad aylagay dome.
Nechukkim tutmading, ey umr, vayronim aro orom,
Gʻamingdin tutmadi jon ham buzugʻ jismimda orome.
Hamul kundin sarigʻ chehramda gulgun ashk dur, ey shayx,
Qi bir zarbaft gulfome kiyib chiqti gulandome.
Yugurdung Ka’bai maqsad tilab koʻp lek yetmaysen,
Chiqarsang oʻzlukungning dayridin oʻzni erur kome.
Navoiy, tongla huru sofiy kavsardin ortuqdur,
Bukun ul mugʻbacha ishqida boʻlsang dardi oshome.

738

Ne ajab giryon koʻzum gar boʻlmas uyqu manzili,
Kim yetishmas bahrning bir-birga ikki sohili.
Eyki koʻrdung jonima furqat kuni yuz ming balo,
Bilki ermastur bular hajrim kunining doxili.
Demang ul orazda burqa’durki yoxud yoʻqturur,
Yo emastur gʻoyati ravshanligʻidin hoyili.
Dafn etar chogʻda ichimdin chekmangiz paykonlarin
Kim, bu javharlardurur naqdi hayotim hosili.
Har taraf chun tigʻ chekti rashkdin boʻldum halok,
Elga jon berdi va lekin boʻldi jonim qotili.
Ishq mayli chunki hijron sori ermish, ey xush, ul
Kim burundin boʻlmadi koʻngli birovning moyili.
Gar junun ahli aro aytur Navoiy darsi ishq,
Ne ajabkim uldurur devonalarning oqili.

739

Necha koʻyidin chiqargʻa yoʻl sari boqib turay,
Chiqsa el yaqin taloshib, men yiroqtin telmuray.
Necha ul shoʻxi balo yuz ishva aylab har taraf,.
Men yiroqtin boshima tufrogʻlarini sovuray.
Necha el raxshi sovurgʻan gard ila koʻz yorutub,
Men yiroqtin boshim sufrogʻlarini sovuray.
Necha ul yuz oʻtidin el ravshan aylab sham’i vasl,
Jon qushin ul oʻtqa men parvona yangligʻ kuyduray.
Necha bazmi aysh aro har kim boʻlub hamdam anga,
Men yutub qon kulbai hijronda har dam oh uray.
Vasl jomidin xumori hajr chun daf’ oʻlmadi,
Oʻzni oʻlmastin burun mayxona sori yetkuray.
Ey Navoiy, gar menga topshursa shoʻxi mayfurush,
La’li may yutqach mayi la’lin evaz jon topshuray.

740

Boshimgʻa kosh gohi yetsa raxshin sekretib mohi,
Su bersam koʻzlarimga xoʻyfishon ruxsoridin gohe.
Malohat avji birla husni boʻstonida yoʻq ravnaq,
Qani bu bogʻ aro sarvi, qani ul avj uza mohe.
Dema oxirki yoʻqtur ishq savdosida bir bedil,
Ani koʻrgilki bormu husn bozorida dilxohe.
Ne tong afsurda dil boʻlsamki to husn oʻti oʻchmishdur,
Koʻnguldin dogʻi hargiz chiqmamish bir shoʻ’laliq ohe.
Ne boʻlgʻaykim bahori husn aro ochilsa bir gulkim,
Tushub bir barqi ishq oʻrtansam andoqkim, parigohe.
Kirib ishqu muhabbat dashtigʻa, eykim yana yonding,
Muhiqdursen nedinkim topmading bu yoʻlda hamrohe.
Navoiy, bor esang ogah salomat mulki ham xushtur,
Valekin rahbaring boʻlsa yoʻli qat'ida ogohe.

741

Nogah oʻldum bir koʻzi sohir giriftori, netay,
Kim agar sehr aylasam boqmas mening sori, netay.
Men chu oʻldum kirpikining zahrliq paykonidin,
Gar oʻlukni tirgizur la’li shakar bori, netay.
Tiyra zulfi subh ayshimni chu qildi shomi gʻam,
Oʻzgalarga sham’i majlis boʻlsa ruxsori, netay.
Mumkin ermas chun nazar ollida koʻrmak suvratin,
Safhai xotirda naqsh etmay namudori, netay.
Eyki dersen zulfi chun toʻlgʻondi urma tobu pech,
Har sari moʻyumgʻa bogʻligʻ boʻlsa bir tori, netay.
May bila gʻam rangiga bersam jilo ayb etmangiz,
Buyla boʻlsa iqtizoyi charxi zangori netay.
Dayrdin qoch der, Navoiy, jilva qilgʻach mugʻbacha,
Boʻynuma gar mahkam oʻlgʻan boʻlsa zunnori, netay.

742

Chehra koʻrsatgilki jon bermak tariqin koʻrsatay,
Ishq atvorini da’vo qilgʻan elga oʻrgatay.
Koʻrsatib yuzkim deding qilma koʻngulni muztarib,
Garchi xoʻb istarsen ancha turkim, oni toʻqtatay.
Baxtim uygʻonmas bu nafxi surdek faryod ila,
Menki marg uyqusi bosqanlarni dermen uygʻotay.
Mehr ila vasling kuni bir subhdek kuldur meni,
Necha hajring tunlari koʻzni falakdek yigʻlatay.
Rishtai ashkim kerishdur egma qaddim yosigʻa,
Oh oʻqin gʻam shomi baxtim kavkabi chiqqach otay.
Koʻngluma holing xayoli kirsa mardumliq qilib,
Koʻz uyida oni mardumlar ichinda asratay.
Kelki gʻamzang ignasiga toqibon jon rishtasin,
Koʻnglakim choki bikin koʻksum shikofin tevratan.
Bir qadah may birla tirguzgil meni, ey mugʻbacha,
Dayr eshiginda necha maxmur oʻluk yangligʻ yotay.
Ey Navoiy, sharbati la’li erur jonbaxsh, lek
Za’fdin oʻlsam ne hadkim degamen andin totay.

743

Ul pari savdosi men sargashtadin ayrilmadi,
To meni devonayu rasvoyi olam qilmadi.
Yoʻq koʻngulda har sari moʻyumda bir afgʻon erur,
Kim jafosi neshi yolgʻuz koʻngluma sonchilmadi.
Dedim oʻltur emdikim ishqim nihondur, ohkim,
Qilmadi qatlim bu ish olamgʻa to yoyilmadi.
Xasta ushshoqigʻa rahm etti menga yoʻq, koʻyiga
Za’fdin ul xayl aro bor erkanimni bilmadi.
Tigʻi to yetti koʻngulni chok qildi turfakim,
Yetmayin ul nav’ su bu gʻunchagʻa ochilmadi.
Qoldi aytilmay nihoni ishq sirri nechakim,
Qolmadi bir soʻzki bu ma’ni aro aytilmadi.
Necha qon yutqay Navoiy, boda tut, ey mugʻbacha,
Kim xumori hajri ul mayni ichib yozilmadi.

744

Yor tandin jonim ayrulgʻuncha zulmin qilmogʻi,
Ermas ancha sa’bkim mendin oʻzi ayrilmogʻi.
Gar tutulmoq istamas koʻnglum qushin bas negadur,
Donoi xol uzra zulfi domining ochilmogʻi.
Bogʻlayin dermen koʻngul toatqa qoʻymas naylaynn,
Har nafas koʻnglumga ul but gʻamzasi sanchilmogʻi.
Kirpiking yonmish koʻngullar ilgʻali qullobdek,
Buyladur ul shoʻxning koʻnglumni koʻzga ilmogʻi.
Vaslidin, vah, ne soʻz aytaykim emas mumkin valek,
Xoli izgʻishi ham ermas har zamon otilmogʻi.
Har kishikim dayr ichinda gʻoyib etti naqdini,
Ey musulmonlar, aning mumkin emas topilmogʻi.
Chok etib koʻksin Navoiyning koʻrub koʻnglida oʻt,
Dedi bevajh ermas ermish muncha afgʻon qilmogʻi.

745

Halqai zulfung koʻngul chekmasmu erdi, ey pari,
Kim gajakdin sanchting qulloblar ham har sari.
Tobu pech ermas gajakdakim, ajab yoʻq pechu tob,
Chun yuzining oʻtigʻa tushmish parining bir pari.
Oʻtda bir noxush berur is, vah, muattar aylamish,
Oʻtqa tushgan pargʻa monand ikki zulfung anbari.
Goʻyiyo ermas gajaklarda bu yangligʻ tobkim,
Chehrang oʻti tobidin qaytardilar yuz har sari.
Chashmai xurshid ul yuz yonida qullobi zulf,
Soldilar goʻyo gajak ul chashmaning oʻrdaklari.
Oʻgʻridur ul zulf voqif boʻlki, behad biymi bor
Halqai qullobigʻa tushsa qulogʻing gavhari.
Gar Navoiy telba boʻlsa yoʻq ajab bu nav’kim,
Zulfining zanjirini qildi parishon ul pari.

746

Istadim yoriki koʻnglum dam-badam shod aylagay,
Bilmadim jonimgʻa bedod uzra bedod aylagay.
La’li anfosidin ochilgʻay hayotim gʻunchasi,
Yoʻqki umrum hirmanin bir damda barbod aylagay.
Vasl ila yiqqay koʻnguldin dardu gʻam bunyodini,
Yoʻqki har dam oʻzga hijron tarxi bunyod aylagay.
Sham’i ruxsori yorutqay tiyra koʻnglum kulbasin,
Yoʻqki zulfi dudi oni mehnat obod aylagay.
Rishtai jonimdin ochqay noʻgi mujgoni girih,
Har birin qatlimgʻa yoʻqkim neshi poʻlod aylagay.
Hech gulga boʻlmasun moyil birovkim, sarvdek
Desakim oʻzni xazon davridin ozod aylagay.
Koʻp Navoiy nolasin man’ aylamang kim, toki ul
Yorini yod aylagay, albatta faryod aylagay.

747

Vahki, dinim kishvarin toroj qildi kofire,
Kufr eliga homiyu din ahligʻa yagʻmogare.
Chobuki ra’no qadi, noʻshin labi xoro vale,
Mahvashe, shirin uzore, gulruxe siyminbare.
Jon berurda la’lidin Iso sifat jononaye,
Koʻngul olurda yuzidin Yusuf oyin dilbare.
Zulfi koʻzlarni qaro qilmoqqa shomi furqati,
Shomi Furqat daf’igʻa ruxsori mehri anvari.
Ham guliston sayri ichra sarv qomatligʻ gule,
Ham shabiston bazmi ixyosida sham’i xovare.
Olloh-olloh, buyla ofatning giriftori boʻlub,
Naylagay bir men kibi zori zaifi abtare.
Ne qaroru, ne sabru, ne tobu tavon, ne toqate,
Ne koʻngul, ne jonu, ne ruhu ravon, ne paykari.
Soqiyo, dildorim ul yangligʻ, meni miskin bu nav’,
Rahm etib tutqil menga aylab labolab sogʻari.
To boʻlub behud Navoiydek qilay devonaliq,
Kim tarahhum qilmasa qilgʻay tamosho ul pari.

748

Yuzi davrinda qironmu zohir etmish ul pari,
Yo quyosh birla qiron aylabturur yuz mushtari.
Yoʻqsa anjum halqa urdilar tamosho qilgʻali,
Jilvai husn aylaganda oftobi xovari.
Bu bahona birla raftorigʻa yetgaymenmu deb,
Rishtai jonim aro tortildi ashkim gavhari.
Gul uza shabnam emas ul yuzda dur monandikim,
Infiolidin botibdur terga gul bargi tari.
Jolalarning lolazor ichra yoʻq oncha zebikim,
Lolagun ruxsoring atrofinda durlar zevari.
Dur bila faxr etmakim, ul besh emas bir qatra su,
Pand durrigʻa quloq sol, ey sanamlar sarvari.
Yuzi vasfida Navoiy dogʻi aylabtur qiron,
Nazm silkiga chekilmish durri ma’ni har sari.

749

Ey sabo, koʻzdin uchur Mozandaronning vardini,
Kim qilibmen surma Marvi Shohjahonning gardini.
Ulki ahbobin qilur parvarda ayshu noz ila,
Gʻam emas yod aylasa gohi bu gʻamparvardini.
Chekma zahmat, ey tabib, ermas chu mumkin aylamak,
Sharbati vasl oʻlmagʻuncha daf’i furqat dardini.
Anglagʻay doʻzaxda bor issigʻ-sovugʻ birla azob,
Hajr aro kim koʻrsa oʻtlugʻ koʻnglum ohi sardini.
Anjumi ashkin toʻkar tong otqucha mendek sipehr,
Yoʻqlamish ul ham magar bir mehri olam gardini.
Ey koʻngul, vasl istasang behud boʻlub koʻp gʻam yema,
Kom topilmas kimsa qilmay tark xobu xoʻrdini.
Yor agar hijron aro soldi Navoiyni yiroq,
Bok emastur vasl ila gar qilsa boz ovardini.

750

Boʻlsa koʻyung tufrogʻi za’f ichra jismim bistari,
Soʻzi jismimdin aning rangi boʻlur xokistari.
Uyladur za’fimki odam qilmagʻay erdi gumon,
Gar yoʻluqsa erdi Majnungʻa vujudum paykari.
Dema ashkim jolasin gʻam shomi durri shab charogʻ,
Kim erur ayni malolatdin nuhusat axtari.
Dasht aro el anglamas devonadurmen, yoʻqsa dev,
Uylakim bilmon senikim odamisen yo pari.
Orazing uzra erur xoʻy kasrati daryoyi lutf,
Nildin xoling latofat bahrining nilufari.
Gulshani davrongʻa moyil boʻlma ziyrak qush esang
Kim, tikan tori qilur har toza gulbargi tari.
Sabzai xatting xayoli birla savdo dashtidin
Gar Navoiy chiqsa tong yoʻq, Xizr erdi rahbari.

751

Ul quyosh oq uydayu men muztaribmen har sari,
Uylakim fonusdin parvona qolgʻay tashqari.
Sadqasi boʻlmoq erur maqsud men sargashtagʻa,
Oq uyi davrigʻa bukim aylanurmen har sari.
Ichkari ul gul, tuvurlugʻni koʻtarmaslar netay,
Ey sabo farroshi, bir lutf aylabon ul yon dari.
Parda ketgach men zaifi zorgʻa oson erur,
Yoʻllaridin chigʻning solmoq oʻzumni ichkari.
Oq uy ichra har nedur zohirdur ul yuz tobidin,
Sham’ boʻlsa uyda tashqardin boʻlur zohir bari.
Gar falak xirgohi boʻlsa peshi xonang ne osigʻ,
Umr xayli chunki kundin-kunga kelmas ilgari.
Ey Navoiy, ul mahi xirgahnishin hifzi uchun
Koʻzanak ermaski, har sori tikilmish koʻzlari.

752

Ne deb aylay jonni zulfi mushki boʻyung sadqasi,
Boʻlsa ming jon ozdurur har tori moʻyung sadqasi.
Naqsh etib koʻnglumga jannat evrulurmen koʻyunga,
Aylaram bu nav’ ila jannatni koʻyung sadqasi.
Yelga hamroh otashin gul mayl etar bazminggʻakim,
Boʻlgʻay ushbu vajh birla rangu boʻyung sadqasi.
Pardai jonim libosing boʻlmoq istar, boʻlmagʻay,
Gʻunchadek gulgun hariri toʻ-batoʻyung sadqasi.
Ovlading koʻnglum soʻrub istab bu ne lutf erdi, vah,
Kim bu sargardon kibi yuz joʻstu joʻyung sadqasi.
Qahr ila jonimni olsa mugʻbacha, ey piri dayr,
Bok emas yuz jon bu tifli tund xoʻyung sadqasi.
Qaddu raftoring Navoiy koʻrgali boʻlmoq tilar,
Koʻngli raftoring fidosi, joni boʻyung sadqasi.

753

Xasta jonim rishtasi koʻrganda hajr ozorini,
Gar uzuldi, qil anga payvand zulfung torini.
Dema ogʻzin gʻuncha, qaddin sarvkim, el koʻrmamish
Sarvning raftorini, yo gʻunchaning guftorini.
Gulda xolu mehrda xat yoʻq, ne yangligʻ oʻxshatay
Mehru gulga xol ila xatligʻ ikki ruxsorini.
Yogʻmadi hargiz chu shabnam injusi gul bargidin,
Anga tashbeh etsa boʻlmas la’li shakkarborini.
Ne qilurdin qasdi sunbulni etar jon qasdi dom,
Aylamon monand alargʻa zulfining zunnorini.
Charxi qasrinda quyosh uzra koʻngul mayl aylamas,
Kim gʻanimat tutmish oning soyayi devorini.
Sayrdin paykonlari to koʻngluma topmish sabot,
Koʻzga ilmasmen falakning sobitu sayyorini.
Davri sirri pardasin gar ochmamishsen, soqiyo,
Boda tutkim dey senga bu pardaning asrorini.
Ey Navoiy, daxl qilma gar tilar ersang navo,
Har necha xorij navo koʻrsang sipehr advorini.

754

Qon aylading koʻngulni nihoni,
Koʻrgul ikki koʻzumda nishoni.
Tushti figʻongʻa koʻnglum ul oydin,
Tong yoʻq yetishsa koʻkka figʻoni.
Hajring tuniga, tushgali koʻnglum
Boʻlmish koʻziga tiyra jahoni.
Hayrat guli ham ul dam ochilgʻay,
Bagʻrimning tomsa koʻyida qoni.
Har kimsaga ne tuhmat etaykim,
Itgan koʻngulni oldi faloni.
Aylarda ishqing sharhini tahrir
Sigʻmas qalam tiliga bayoni.
Xusrav, Navoiyo, seni koʻrsa,
Shahni degay maliki shahi soniy.

755

Vahki, hajring oʻti jismi notavonim oʻrtadi,
Notavon jismimga tushgan shoʻ’la jonim oʻrtadi.
Qoʻzgʻabon koʻnglum aloxonu alomon ayladi,
Ne aloxonu alomon, xonumonim oʻrtadi.
Barqi ishqing chunki tushti jismu jonim boʻldi kul,
Turfa oʻt erdiki paydoyu nihonim oʻrtadi.
Dema ishqim nayladikim, roʻzgorimdur qaro,
Oʻrtadi, ey qotili nomehribonim, oʻrtadi.
La’li mahlul aylagandek oʻt yoqib xoshok ila
Hajri jonnm kuydurub, jismimda qonim oʻrtadi.
Boʻlmasa nomu nishonim ayb qilmangkim, firoq
Roʻzgor avroqidin nomu nishonim oʻrtadi.
Shomi hajrimda shafaq koʻrsang, Navoiy, bil yaqin
Kim falakni shoʻ’lai ohu figʻonim oʻrtadi.

756

Borgʻil, ey hamdam, har yoni,
Koʻnglum itmish, topqil oni.
Holin soʻrgʻil, ul ham soʻrsa,
Dekim, sensiz yoʻqtur joni.
Istid’o aylab yondurgʻil,
Kelmas boʻlsa, de pinhoni.
Kim ul dilbar qilmish va’da
Bu tun boʻlmoqqa mehmoni.
Chin deb kelsa ani emdi,
Aylay koʻksumda zindoni.
Soqiy, bizni gʻamdin qutqar,
Kelturgil rohi rayhoni.
Ul oysiz un cheksa Navoiy,
Oʻtgay gardundin afgʻoni.

757

Meni oʻlturgay edi mugʻbachalarning alami,
Dayr pirining agar boʻlmasa erdi karami.
Oʻzining boru yoʻqidin ne shikoyat qilayin,
Tengdurur chun mening ollimda vujudu adami.
Charx naqqoshi surohini munaqqash qilsa,
Shisha ogʻzi qilidin keldi munosib qalami.
Shayxning, uyla ki oshiqqa momugʻ ostida dogʻ,
Tevuruk ruq’alar ostida tikilmish dirami.
Ulki boshimni xirom ichra qilibdur pomol,
Har qayon borsa, mening boshimu oning qadami.
Osmon boʻlmadi chun ishq yukiga homil,
Tah-batah bir-biri qaddida nedin boʻldi xami.
Har dam, ey ahli zamon, mayli sitam qilmangkim,
Har nechakim desa bas bizga zamonning sitami.
Basdur oʻtlugʻ kafanim zoru qurugʻ jismim uza,
Xashr aro qay sori ishq ahli yuz ursa alami.
Gar Navoiy nafas urmas tuganib zaxmida qon,
Goʻyiyo oʻldiki, chiqmas yana ul xasta dami.

758

Koʻngulki etgali andin topilmadi xabare,
Topilsa ham anga mendin topilmagʻay asare.
Qadingki naxli balodur, sitam yogʻar andin,
Ne boʻlgʻusi samari boʻlsa ul sifat shajare.
Ne shomi furqat ekin, vahki, umr oʻtub anda
Tulu’ qilmadi xurshid vaslidin sahare.
Guzarda koʻrmak uchun za’fdin yiqilmishmen,
Gadoyi xastadek ul koʻy aro tutub guzare.
Itingki bor anga ushshoq bagʻridin toʻ’ma,
Qilay deganga ani mehmon kerak jigare.
Oqar, qadahqa, tomar yerga bodang, ey soqiy,
Humor ahligʻa yetmasmu hech oqar – tomari.
Firoq oʻtida, eyki Navoiyni kuydurasen,
Chu ishqing ayladi xascha anga ne bas sharare.

759

Siyosat etti soching mushk chun xato qildi,
Ki barcha jismi qarorib teriga tortildi.
Qadinggʻa qullugʻi ahdini nayshakar buzmish,
Ki boʻyla bir-biridin band-bandi ayrildi.
Boshinda toji zar oʻldi oyogʻi ostida nat’,
Chu sham’i xizmating aylarda poyasin bildi.
Magarki koʻz yumub ochquncha noz oʻqin otting,
Ki, bir ajab tikoni bagʻrim ichra sanchildi.
Koʻzi xadangi balo yogdururni fahm ettim
Ki, raxshi na’lidin oʻtlar koʻzumga choqildi.
Qadah keturgilu dam urma dahr sirridin,
Ki mubham oʻldi bu soʻz har necha kim aytildi.
Jigar kabobgʻa mayl etmagan esa ul mast,
Navoiyo, nega bagʻringni har taraf tildi.

760

Necha davron ahlining bedodidin shiddat chekay,
Soqiyo, may tutki ber ham sogʻari ishrat, chekay.
Bir nishot afzo mayi gulrang ham quy boʻgʻzuma,
Davr jomidin necha xunobai mehnat chekay?!
Necha el birla jigargun boda noʻsh aylab habib,
Bagʻrima tish berkitib, men nishtari xasrat chekay.
Eyki, koming oʻzgalardin vaslu mendin hajrdur,
Sen visol ayyomini xush tutki men furqat chekay.
Garchi eldin jon olib yetkurmading navbat menga,
Qoʻyki jonni ollinga men dogʻi bir navbat chekay.
Ham habibim xoki rohimen gar andoqkim Masih,
Nayyiri a’zam boshigʻa soyayi rif’at chekay.
Bir anga chun oʻxshamas, ne sud, agar jon lavhida,
Har zamon qilki taxayyul birla yuz suvrat chekay.
Tufroq oʻlmoq avlo avvaldin chu gardun oqibat
Teng qilur tufrogʻ ila chun charx uza robit chekay.
Otashin ruxsorai kuydurdi bulbuldek meni,
Ey Navoiy, kelki, men ham nolayi xirqat chekay.

761

Muxandise topayu egnima qanot yasatay,
Uchub havosida qushlar aro oʻzumni qotay.
Muyassar oʻlmasa bu, toʻrt ayogʻlanib kechalar
Tanimni itdek etib itlari sari uzatay.
Yoʻq ersa oʻtganida koʻrgamen debon yuzini,
Gadoyi xasta kibi koʻyi tufrogʻinda yotay.
Muhol erur bu tamanno visoli kim, men kim,
Necha el ichra bu savdo bila oʻzumni sotay.
Tanimgʻa ishqida berdim shikast, ya’ni ul oʻt
Yorurgʻa ushbu qurugʻ hemadin dedim ushatay.
Chu faqr koʻyida vaslimgʻa hech oʻlturmas,
Qachongʻa xirqam uza zarqi ruq’asin yamatay.
Navoiy uyla ulus xonigʻa erur oshiq,
Ki turk qullari Joʻjidur oningu Chigʻatoy.

762

It kibi necha samanding soʻngicha poʻya uray,
Nogah oʻtsang boqibon sen yana oʻtguncha turay.
Chunki yetting koʻrub ul chehrani behol boʻlub,
Oʻzga kelgach yana ul raxshi soʻngincha yuguray.
Toʻrt oyogʻlanib iting xayli aro meni majnun,
Gar kesak otsang oʻpay, gar soʻngak otsang koʻmuray.
Uyqunga mon’i agar boʻlmasa ul koʻy ichra,
Yugurub itlar ila kecha tong otquncha huray.
Subhdam kim uyur itlar, menga chun yoʻq uyqu,
Posini mehr ila olam yorugʻuncha yeturay.
Ishq koʻyida agar sheri jayondur, itdur,
Tong yoʻq ar faxru mubohot ila bu nukta suray.
Netti itlikka Navoiy kibi qobil ersam,
Elga koʻz yoʻqmudurur agarchi ani men yoshuray.

763

Necha men mehnat chekib, ul oy tana’um aylagay,
Oshkoro yigʻlasam, pinhon tabassum aylagay.
Javridin ul nav’ xushmenkim, oʻlum xoli boʻlub,
Vah, etarmenkim koʻrub nogah tarahhum aylagay.
Nukta surgach la’li oʻlganlar topar umri abad,
Umrida Iso qachon mundoq takallum aylagay.
Tigʻi zulmi tegmagay deb aylasa el koʻngli vahm,
Tegmasun gʻayrigʻa deb koʻnglum tavahhum aylagay.
Dema zulmum koʻp yetib koʻnglung tazallum aylamish,
Kim agar oz yetsa shoyadkim tazallum aylagay.
Ey koʻngul, bir lahza hijron shiddatigʻa arzimas,
Gar visol ichra kishi yuz yil tana’um aylagay.
Yor bazmigʻa chu yoʻl topmas Navoiy, ne osigʻ,
Dil xarosh afgʻonu gar dilkash tarannum aylagay.

764

Bu shaxsuvorki goʻy oʻynamoqda ichmish may,
Saman dursa bu yon boshim ollida oʻynay.
Magarki raxshi ayogʻindadur sabo mudgʻam,
Ki chopsa olam-olam masofat aylar tay.
Damodam ursam ilik rashkdin boshimgʻa, ne tong,
Tegar chu goʻygʻa chavgoni boshi paydarpay.
Chek emdi lutf ila sarsarvashing inoninkim,
Qilibdur oyinagun yer yuzini sarsarday.
Bu fasl aro xush erur oq uy ichra boda oʻti,
Bu oʻt yorurgʻa mugʻanniy ogʻzigʻa olmoq nay.
Nimaki aylasa boʻlgʻay anga shay itloqi,
Koʻzungga olma nedinkim jahon erur loshay.
Navoiy, aylasa laylivashing azimati dasht,
Munosib oʻldi nujum oʻrdasi ulusigʻa hay.

765

Xunfishon koʻzni yubon oq etti ashkim kasrati,
Garchi ketmas lolaning sudin savodu xumrati.
Shusha oltunlar erur durri visolinggʻa baho,
Kohi a’zam uzra eskirgan aliflar hay’ati.
Tushta vaslin koʻrgali, vahkim, ajal uyqusigʻa
Bordimu koʻnglum aro qoldi ul uyqu hasrati.
Garchi ollindin oʻtarsen har zamon maydonda, voy,
Kim erur moni’ yuzung koʻrmakka raxshing sur’ati.
Tigʻi zulmungdin emastur zaxmlar koʻnglumdakim,
Choklar qildi bu uyni hajr oʻtining shiddati.
Boʻyla, hokim johilu mahkum erur olam anga,
To hakimi sun’ining ne erdi erkin hikmati.
Ey Navoiy, koʻzga koʻnglumdin aduvroqmenki, bor
Menga koʻnglum mehnati, koʻnglumga koʻzning ofati.

766

Nasli odam boʻlmamish hargiz muhabbat mazhari,
Ul nimakim bilmagay odam, qachon bilsun pari.
Xoʻblar husnin qazo mashshotasi koʻp qildi zeb,
Anda yuz miig xayfkim yoʻqtur vafoning zevari.
Men kibi aylab vafo koʻrgan jafo topilmagʻay,
Axtarilsa sarbasar ahli muhabbat daftari.
Ey koʻngul, jinsi bashardin sen vafo koʻz tutmakim,
Yoʻqturur bu xayl zotida muhabbat javhari.
Eyki dersen mehri sham’i birla kulbangni yorut,
Ham magar oni yorutqay sham’i mehri xovari.
Gʻussadinkim jon olib parvo ham etmas mugʻbacha,
Behud oʻlmoq istab oʻldum dayri piri chokari.
Ey Navoiy, gar desang koʻrmay jafo, boʻlmoq kerak
Xoʻblardin, balki mutlaq nasli odamdin bari.

767

Koʻz bila koʻnglumga boʻlmish goʻyiyo vasling chogʻi,
Kim koʻzumning uchmogʻi tez oʻldi koʻnglum solmogʻi.
Dema koʻnglung mulki qay chogʻdin bu nav’ oʻlmish xarob,
To bu kishvar ahligʻa tushti qiroqing bulgʻogʻi.
Ey koʻngul qilma ayogʻi tufrogʻi haqqi qasam,
Kim koʻzumning haqqidur aning ayogʻi tufrogʻi.
Gʻam tuni koʻnglum xaroshigʻa gar istarsen dalil,
Iynak-iynak charx tahrikida anjum tirnogʻi.
Qatli hangomi shahidingkim koʻtardi barmogʻin,
Goʻyo aning oti mundindur shahodat barmogʻi.
Dahr gulzorigʻa, ey koʻnglum qushi, mayl etmakim,
Anda bulbul qonidin rangin erur gul yafrogʻi.
Hajr aro qoʻydi diramdek dogʻlar koʻksin yorib,
Vasli mumkindur Navoiyning chu koʻptur yormogʻi.

768

Ishq orzusini qilur ul navjuvon sari,
Oʻtqa solur oʻzin yana bu notavon qari.
Arz etsalarki yor kerak yo ikki jahon,
Yor aytqumdurur beri, ikki jahon nari.
Ul oy eshitmasa ne degaymen, vale oʻtar
Aflok toqining hamidin bu figʻon nari.
Usruk yoʻl oziqib dorimoq har taraf ne sud,
Bir oy ramida sayd ne boʻlgʻay bu yon dari.
Bu xokisorin ne sipehr etti qadardin,
Anjum kibi etikning ayogʻi nishonlari.
Dersenki, yor aksi senga tushgay, ey koʻngul,
Avval gʻubori gʻayrdin oyina son ori.
Ul shoʻx yuzu ashkingga boqmas Navoiyo,
Har necha za’faron yuzunga argʻuvon tari.

769

Intizorida ul oyning koʻzki soldim har sori,
Koʻz yumub ochquncha oʻtti koʻz yoshim andin nari.
Yolinib ul koʻy iti birla borurmen koʻyiga,
Vahki, ul koʻy ichra bormen men keyin, it ilgari.
Dardu gʻam turmish yasovuldek koʻngul choki aro,
Qoʻymamoqqa kelsa hushu sabri xayli ichkari.
Koʻrmasang kim oʻtni su tez aylagay, bir-bir turur
Koʻnglum ichra qatra-qatra su kibi paykonlari.
Lab aro ogʻzing chuchuk til birla goʻyo anglasam,
Shahdliq nishi bila gul bargini teshmish ari.
Zohido, har lahza oʻlmak xonaqah fikridakim,
To tirikmen chiqmagʻum dayri fanodin men bari.
Ey Navoiy, dema har damkim qadahni quy toʻla,
Mayni oxir quysa xud boʻlmas qadahdin tashqari.

770

Boʻlmasam oshiq figʻonim zor boʻlgʻaymu edi,
Kuymasam pinhon ichim afgor boʻlgʻaymu edi?
Zulfunga vobastau koʻzungga vola boʻlmasam,
Jon parishonu koʻngul bemor boʻlgʻaymu edi?
Boʻlmasa kofir koʻzung oshiftasi shaydo koʻngul,
Rishtai zulfung anga zunnor boʻlgʻaymu edi?
Istabon vasling gulistonin havoyi boʻlmasam,
Abri naysondek koʻzum durbor boʻlgʻaymu edi?
Boʻlsa erdi, ey pari, ishqing aro koʻnglumda xush,
Guftu goʻyum muncha majnunvor boʻlgʻaymu edi?
Bilsa erdi ishqida sirrimni, har bir lafzida
Yordin yuz e’tiroz izhor boʻlgʻaymu edi?
Gʻuncha kulgusiga, ey bulbul, koʻngul gar bermasang,
Bagʻringa har gul sayi yuz xor boʻlgʻaymu edi?
Ey Navoiy, qilsang erdi ofiyat kunjin vatan
Muncha munglugʻ joningga ozor boʻlgʻaymu edi?

771

Jongʻa chun dermen, ne erdi oʻlmagim kayfiyati,
Derki, bois boʻldi jism ichra marazning shiddati.
Jismdin soʻrsamki, bu za’finggʻa ne boʻldi sabab,
Der, anga boʻldi sabab oʻtluq bagʻirning xirqati.
Chun bagʻirdin soʻrsam aytur, andoq oʻt tushti menga
Kim, koʻngulga shoʻ’la soldi ishq barqi ofati.
Koʻngluma qilsam gʻazab ayturki, koʻzdindur gunoh,
Koʻrmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati.
Koʻzga chun dermenki, ey tardomani yuzi qaro,
Sendin oʻlmish telba koʻnglumning balou vahshati.
Yigʻlab aytur koʻzki, yoʻq erdi menga ham ixtiyor
Kim, koʻrundi nogahon ul shoʻxi mahvash tal’ati.
Ey Navoiy, barcha oʻz uzrin dedi, oʻlguncha kuy
Kim, senga ishq oʻti-oʻq ermish azalning qismati.

772

Soʻz vafodin demakim, ul ermas ahli husn ishi,
Javr kam qilkim vafo sendin tama’ tutmas kishi.
Ishq aro taskin tavaqqu’ tutma koʻnglum soʻzigʻa
Kim harorat daf’ini qilmoq emastur oʻt ishi.
Chekti saf kirpiklaring koʻnglum sipohi olligʻa,
Sindurur yuz qalbni lekin alarning sanchishi.
Sovugʻ oh oʻtluq koʻnguldinkim chekarmen turfa, koʻr
Kim havoyi ishqning mamzuj emish yozu qishi.
Termagaysen jolani gul bargi ichra, ey sahob,
Zohir oʻlsa yor la’li durjidin durdek tishi.
Nuri botin ichra, ey solik, tilar ersang kamol,
Qil quyosh yangligʻ manozil qat’i qilmoq varzishi.
Chekti ollinggʻa Navoiy aql ila hushu koʻngul,
Turki, cheksun jism aro gar xasta jondur qolmishi.

773

Ne ishq ediki, adam ayladi vujudumni,
Chu urdi soiqa gardungʻa chekti dudumni.
Ne nukta budu nabudumdin aytayinkim, ul
Nabud qildi fano oʻti birla budumni.
Agar shigof esa koʻksum yaqo kibi, ne ajab
Ki, hajr bir-biridin uzdi toru pudumni.
Bu yoʻlda sudu ziyondin takallum etmangkim,
Tugatti ishqida sud ar ziyonu sudumni.
Chu ishq kufri aro belga bogʻladim zunnor,
But ollida yana ayb aylamang sujudumni.
Yuzung mushohadasi qilmish uyla mustagʻraq,
Ki hajr salb qila olmas ul shuhudumni.
Navoiy, oʻzdin asar topman oʻlgʻali oshiq,
Ne ishq ediki adam ayladi vujudumni.

774

Gulshani koʻyungdin ayru bogʻi rizvonni netay,
Boshima gar gul sochar sensiz gulafshonni netay.
Naxli qadding chun emas giryon koʻzumga jilvagar,
Joʻybor atrofida sarvi xiromonni netay?
Ul itingga boʻlmasa toʻ’ma bu ollingda fido,
Za’fligʻ paykarni naylay, notavon jonni netay?
La’ligun ashkim labi hijronida ayb etmangiz,
Koʻz yoʻlidin toʻkmayin bagʻrimdagʻi qonni netay?
Zulmati hajrida chashmang vasfin etma, ey Xizr,
Menki umrumdin toʻyubmen, obi hayvonni netay?
Dogʻima marhamni koʻp taklif qilma, ey rafiq,
Tuttum ul dogʻim oʻngardi, dogʻi hijronni netay?
Yordin ayru buzugʻ koʻnglumga qildim xayribod,
Ey Navoiy, uyla ganj oʻlmay bu vayronni netay?

775

Turfa gulzor aylamish may gullari ruxsorini,
Turfaroq bukim ariq serob etar gulzorini.
Ey koʻngul, har torigʻa yuz jon muqayyaddur bukim,
Yuz girih birla koʻrursen zulfining har torini!
Yoqmangiz zaxmimgʻa marhamkim, oʻlarmen qilsa kam
Choklik bagʻrimdin ul oy tigʻining ozorini.
Bogʻlagʻaylar atridin din ahli kofirliqqa bel,
Yel parishon etsa nogah zulfining zunnorini.
Bumini zogʻ etgay ohim dudi qilsa oshyon,
Dasht ichinda men boʻlur vayronaning devorini.
Fosh etar koʻnglum sharori tiyra ohim dudi ham,
Necha dermen qilmayin ishqim oʻti izhorini.
Gʻam hujumidin ne gʻam azmi xarobot aylakim,
Qoʻymayin bir jom ila ul xaylning osorini.
Soyir aylarda qadah topsang sabot, ey mugʻbacha,
Aylayin barham falakning sobitu sayyorini.
Anglagʻil, jonoki, koʻyungda Navoiy oʻldi zor,
Topmasang itlar uni ichra figʻoni zorini.

776

Kim ekin ul koʻy aro deb kelsa andin it uni,
It uni vazni bila koʻnglum solur hijron tuni.
Demangizkim shomi hajringning nechuk poyoni yoʻq,
Subhi sham’in tiyra aylar gʻam tunining shudruni.
Shomi hajrimni qaro qilmoq ne hojat, ey sipehr,
Roʻzgorimdin qaroroqdur chu hajrimning tuni.
Ishq iqbolidin andoq kimiyoyidur yuzum,
Kim qilur kasbi iyor andin quyoshning oltuni.
Dard koʻrkim, istasa kelmak gʻamim soʻrmoqqa yor,
Rozi ermonkim sirishkim saylining bor oʻzguni.
Dahr boʻstonigʻa ziyrak qush ne qilsun maylkim,
Gʻuncha juz qonligʻ koʻngul ochmas bu gulshan gulbuni.
Gʻam Navoiyning koʻzin qilmish bulutkim, za’fdin
Istar ogʻzigʻa tomizdurgʻay momugʻ birla suni.

777

Togʻ aro Farhod har yon surma qilgʻan toshini,
Koʻzga chekkan ne ajab yuz mil oqizmoq yoshini.
Ahli ishq ul koʻy aro sargashta, vah, jodu koʻrung,
Sehr ila goʻyo bu nav’ aylandururlar boshini.
Koʻkta har oy bir hilol ul mashqdurkim, kilki sun’
Aylamish sizgʻanda ul ikki muqavvas qoshini.
Ey sabo, ushshoq naqdi jonlarin yetkur yigʻib,
Qayda topsang ul maqobir peshayi qalloshini.
Keldi chin naqqoshi ul yuz naqshini qilmoqqa tarh,
Chehra ochib naqshi devor aylading naqqoshini.
Kim meningdek xonaqahdin surdilar ahli saloh,
Mugʻtanam tutdik fano dayri aro avboshini.
La’lini kavsar mayigʻa garchi tashbih aylading,
Ey Navoiy, bordurur bu mayda oʻzga choshini.

778

Bukun oqshomgʻa tegru menki koʻrmaymen quyoshimni,
Ne tong, toʻksam falakdek kecha tong otquncha yoshimni.
Baliyyat toshidin yuz pora boʻlgʻan ham erur xushkim,
Itingga yetmagay zahmat qilurda toʻ’ma boshimni.
Yuzu xoling gʻamidin boʻstonafroʻz erur jismim,
Ki tutmishdur ichimni tuxmi gʻam, xunob toshimni.
Oʻluk jismimni koʻrgan toza qonligʻ dogʻlar birla,
Qaro qilgʻan sogʻingʻay zogʻlar gʻavgʻosi loshimni.
Vazifa koʻngluma har kun erur bir dogʻ ishqingdin,
Qanoatdin tuzubmen bir diram birla maoshimni.
Qazo tagʻ’yiri topmas chunki zoʻru zorliq birla,
Uzubmen dahri xalqidin urush birla yaroshimni.
Navoiy degasen gʻam togʻi qozmish teshai Farhod,
Koʻrub koʻksumdagi tirnogʻ ila qilgʻan xaroshimni.

779

Xayol oʻlgʻan kishi ishq ichra fahm aylar xayolimni,
Bilur hijron aro behol boʻlgʻan sa’b holimni.
Koʻngul bogʻi arodur naxli qaddi, lek qoʻrqarmen
Kim, ul issigʻ havo soʻldurmagʻay navras niholimni.
Erur hijron tuni bas tiyra, ey gardun, duraxshon qil,
Saodat matla’idin axtari farxunda folimni.
Ne za’f oʻlgʻayki bir qil gar qalamdin ustiga tushgay,
Nihon boʻlgʻay musavvir tortqan qili misolimni.
Koʻrub xandon labin ogʻzim ochildi buki oʻlmaymen,
Qilurmen daf’i kulmak birla goʻyo infiolimni.
Haqorat birla boqma, shayxu mugʻ dayri sari yuz qoʻy,
Boq ul koʻy itlari silki aro johu jalolimni.
Navoiydek agar nafs itligidin qilmagʻaymen ram,
Qachon gardun menga ram aylagay ra’no gʻizolimni.

780

Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron boʻlsa obod aylagay.
Garchi xalq ozodasimen, yor agar bandam, desa,
Andin ortuq anglakim bir banda ozod aylagay.
Yordin har kimki bir soʻz der, tuganmasdin burun
Istaramkim, avvalidin yana bunyod aylagay.
Yor hijronidin oʻlgumdur bu nav’ ermish sazo,
Ul kishigakim, birovga oʻzni moʻ’tod aylagay.
Necha sabr avroqi yozgʻay koʻnglumu bir oh ila,
Sarsari ishqing yetib borini barbod aylagay.
Shayxdin zuhdi riyosi kasb oʻlur, yo rab, qani
Dayr pirikim, fano rasmini irshod aylagay.
Odam avlodida kamdur odamiyligʻ shevasi,
Odam ermas ulki mayli odamizod aylagay.
Ne balodurkim falak har kimga cheksa tigʻi hajr,
Yongilib avval mening jonimgʻa bedod aylagay.
Besha ichra devlar maqtuli boʻlsun, ey pari,
Gar Navoiy yona azmi Astrobod aylagay.

781

Tushta sarvu guldin islab birni quchtum birini,
Aylagil, ey sarvi gulrux, bu tushum ta’birini.
Anglading oʻtluq yuzi koʻnglum ne yangligʻ qildi su,
Mum arokim koʻrmamishtur shoʻ’laning ta’sirini.
Doʻstlar daf’i jununum gar tilarsiz, bogʻlangiz
Ul pari koʻyida bu devonaning zanjirini.
Suvratingdin ojiz oʻlsa mone’ ermastur ajab,
Qayda naqqosh aylagay kilki qazo tasvirini.
Vasl ila qilgʻil buzugʻ koʻnglum, ilojinkim, qilur
Shoh adl etmak bila vayronalar ta’mirini.
Ishqu may, ey shayx, azaldin sarnavisht ermish menga,
Vah, netib xush koʻrmagaymen tengrining taqdirini.
Ey Navoiy, dersen ul oy ishqini eldin yashur,
Oti mazkur oʻlsa naylay holatim tagʻyirini.

782

Moviy yogʻligʻdin qoshing, ey jongʻa bedod etkuchi,
Koʻk bulutqa kirdi goʻyo yangi oyning bir uchi.
Gar yomon holimgʻa koʻz solmas, ajab yoʻqkim, erur
Ul qaro koʻzlar qaro baxtim masallik uyquchi.
Ilgi ashkim qonin oritmoqqa chektim dudi oh,
Ham qizardi, ham qaro boʻldi ul oyning ovuchi.
Olligʻa bosh qoʻydum, ammo tigʻ ila ayirmadi,
Bosh emas bukim erur boʻynumda aning untuchi.
Tigʻi ishqin mendin aylar imtihonu vasli yoʻq,
Ishqning goʻyoki mendin oʻzgaga yetmas kuchi.
Boda durdin noʻsh eta olmas esang, ey mugʻbacha,
Yirtibon zuhdum ridosin ayla oning suzguchi.
Gar ayogʻing chiqti ashkingning suyidin toyilib,
Ey Navoiy, shukr ul koʻy ichradur aning muchi.

783

Ishq aro tish bagʻrima ursam icharmen qon dogʻi,
Bal chekarmen hajr oʻqidin birkigan paykon dogʻi.
Belu ogʻzidin nishon soʻrmangki, zahrim derga yoʻq,
Bir sarimu oshkoro zarrai pinhon dogʻi.
Ishqidin qonim tutub erdi ani toʻkmakka sa’y,
Dashnai furqat ham etti xanjari hijron dogʻi.
Boʻynuma zanjir tortib, jismima yogʻdurdung oʻq,
Anglading goʻyoki Majnun oʻlmisham, uryon dogʻi.
Yigʻlamay holimgʻa naylaykim, aning vasli menga
Uylakim, ummid yoʻqtur, yoʻqturur imkon dogʻi.
Necha kun olamda chun mehmonsen, ichgil bodakim,
Mezbon qolmas bu xoni dayr aro, mehmon dogʻi.
Ey Navoiy, chun alif yangligʻ oʻqi joningdadur,
Qatlingga tong yoʻqki bir kun bois oʻlgʻay jon dogʻi.

784

Necha tigʻ urdung koʻngulga tiyra ohi itmadi,
Kimsa oʻtdin dud chirkin su bila oritmadi.
Bosh qoʻyarmen shukrdinkim, qilmayin boshimni goʻy
Chobukum maydongʻa hargiz raxshini sekritmadi.
Xohi tigʻi javr yo tigʻi zabon birla raqib,
Iltifote qilmadi koʻnglumgakim, ogʻritmadi.
Ayladi yuz qatla su, bir qatla qon koʻnglumnikim,
Urmadi bir tigʻ ani yuz qatla to injitmadi.
Qilmadi mahbus koʻnglum kulbasida gʻamni ishq,
Raxnalarni to malomat toshidin berkitmadi.
Ey xush ul qushkim, tegib jismigʻa bir par har tikan,
El qulogʻin noladin bulbul kibi yolqitmadi.
Bahri ashk ichra Navoiy sobit erdi togʻdek
Kim, esib bir yel tanining taxtasin qalqitmadi.

785

Koʻksumda na’l boʻldi xadanging nishonasi,
Koʻksum uyi erur aning omochxonasi.
Paykonlaringki til kibi koʻnglumdin urdi bosh,
Goʻyo bir oʻtdur ulki, bulardurur zabonasi.
Koʻp soʻz yasadi Layliyu Majnun soʻzida xalq
Ermas nechukki husnungu ishqing fasonasi.
Deb erdi bir bahona bila seni oʻlturay,
Oʻlturdi, vahki, har dam aning bahonasi.
Mehri ruhungda mehri giyah sabzai xating,
Goʻyoki xoling oʻldi ham ul sabza donasi.
Mugʻ dayri pirining qulimenki, gʻam etsa qasd,
Aylar xalos birla toʻla jomi mugʻonasi.
Ishqing Navoiy aylar ulustin nihon vale,
Fosh aylar elga zamzamai bexudonasi.

786

Chun soʻz aytursen labing titrar gʻazab qilgʻan chogʻi,
Rost andoqkim sabo tahrikidin gul yafrogʻi.
Kimki koʻrdi surating hayrat dogʻi surat kibi,
To qiyomat ogʻzi ichra qoldi hayrat barmogʻi.
Baski koʻz oqu qarosin surtmishmen shavqdin,
Ham qaro, ham oq oʻlubtur bodapoying tuynogʻi.
Ne ajab qon toʻksa tigʻingkim oning oshomigʻa,
Ogʻzin ochqan ikki ajdar zohir etmish bolchogʻi.
Boshima tufrogʻ sovurgʻandinmu chehram gard ekin,
Yo falak yogʻdurmish ustumga mazallat tufrogʻi.
Dedi la’limni soʻrarsenmuki, topqaysen hayot,
Bir hayoti toza xud yetkurdi oning soʻrmogʻi.
Dayri piri xidmatigʻa ulki der bel bogʻladim,
Chin degay ul vaqtkim zunnor boʻlgʻay belbogʻi.
Menki ellik yil chekib gʻam, topmadim hushvaqtligʻ,
Topgʻamenmu umrning emdiki oʻtmish xushrogʻi.
Ey Navoiy, olam ahlidin vafo qilding tama’,
Men edim sening kibi, men yangligʻ oʻlgʻung sen dogʻi.

787

Bir bagʻir pargolasi gʻam dashtining har lolasi,
Lek boʻlsa ishq oʻtidin dogʻ har pargolasi.
Ishq sahrosigʻa har kim kirmak oʻlmaskim erur,
Bir yurakning dogʻliq pargolasi har lolasi.
La’l uza ushogʻroq inju aylagandek ta’biya,
Koʻrguzur shirin labingni har taraf tabxolasi.
Anjum ermaskim tushubtur charx koʻzgusiga aks,
Baski yogʻdn gʻam tuni yer uzra ashkim jolasi.
Girdi bolish oʻlsa oy boshing qoʻyargʻa vajhi bor
Kim, aning davri yuzung oyining oʻlgʻay holasi.
Gul xaridori chu koʻptur, boʻlma koʻp, ey bogʻbon,
Zeb uchun mashshota yo sotmoq uchun dallolasi.
Gar Navoiy nolasidin yor yolqibdur, valek
Ishqi yoʻq deb ta’n etar, gohiki kelmas nolasi.

788

Sarsari ohimdin ul oy furqatida gʻam tuni,
Uyqugʻa qoʻymas xaloyiqni eshiklarning uni.
Ishq uyin Farhodu Majnun ruhi bilgay charx uza,
Har biriga yetsa ohim oʻtining bir uchquni.
Buki derlar kimiyodur ishq bovar qilmasang,
Qilgʻusi yuz vajh ila sobit uzorim oltuni.
Orazi maydin boʻlub gul-gul oqizdi qon yoshim,
Koʻr ne gullar ochti ul boʻstoni ofat gulbuni,
Eyki doʻzax oʻtinu mahshar kunin sharh aylading,
Uchramaydur joninga ishq oʻtiyu hijron kuni.
Chun Navoiygʻa ikki la’li mayidin tutti qoʻsh,
Qoru gar jon istasa kim jon berib topti muni.

789

Jismi ul gulning qizil toʻndinmudur gul xirmann,
Yo solib ruxsori bir xirmangʻa oʻt oʻrtar ann.
Otashin gul jismida andoqki su muzmardurur,
Uyladur gulgun toʻn ichra obi hayvondek tani.
Goʻyiyo gul ichra savsan bargi aylabtur nihon,
Yoʻqsa gulgun toʻn ichinda koʻnglakidur savsani.
Qatl uchun ol ayladi toʻn, noʻqsa ul qattolvash
Gʻarqa boʻlmish qongʻa baskim boʻldi qon toʻkmak fani.
Otashin gulmu ekin gulbuni har yon, yo magar
Ishq soʻzidin tushub kuydi bulbul maskani.
Gul sochib yuz yil agar gulrang may noʻsh aylasang,
Arzimas bir kun tikan neshigʻa davron gulshani.
Gul erur yuz xurdasi birla gadoyi jandapoʻsh,
Ey Navoiy, muflisi qoni’ni bil shohi gʻani.

790

Sahar kuyar gʻami hajringda xasta jism xasi,
Magar oʻtumni qilur tez subhning nafasi.
Koʻngulga ancha xadangnng tikildi har yondin,
Ki boʻldi xasta koʻngul andalibining qafasi.
Koʻngulki tolpinadur tanda, koʻyung istaydur,
Qafasda sekrisa qush uchmogʻ oʻlgʻusi havasi.
Ul oygʻa yetmasa qoʻl oʻtlugʻ oh ila, ne ajab,
Chinor kuysa boʻlurmu quyoshqa dasti rasi.
Ne rind oʻlsa soching kufrida etar zunnor,
Jahon yuzidagi din ahligʻa aning marasi.
Talab yoʻlidagʻi ovoralargʻa mujda dengiz
Ki, yoʻlgʻa hodi erur doʻst mahmili jarasi.
Figʻonki, xastalarin ul Masih tirguzubon,
Vale Navoiyi dilxastani unutti base.

791

Lab uza xat anbar oludi,
Otashin la’lining erur dudi.
Dardu sabrin nisoring etti koʻngul
Kim, bular erdi budu nobudi.
Jon berib koʻnglum oldi naqdi gʻaming,
Ahli savdoning ushbudur sudi.
Gar oʻqung jongʻa qasd qildi, ne bok
Ki aning bu oʻq erdi maqsudi.
Tanu jon rishtasi gʻaminggʻa libos
Bu biri tori, ul biri pudi.
Tengdurur dahrgʻa vujudu adam,
Balki ma’dum barcha mavjudi.
Gar Navoiy koʻzi oqordi, ne tong
Ashk aning qarosini yudi.

792

Demangiz har kimni kim bir yor ila bor ulfati,
Kim menga basdur mening bekasligimning mehnati.
Elni noʻshi vasl agar tirguzsa naylay, ey muhib,
Kim meni qildi halok ahbobi zahri furqati.
Sabr koʻp qilsang favoyid koʻp deding, nosih, ne sud,
Kim koʻngulni hajr aro bir lahzaliq yoʻq toqati.
Topti goʻyo har biri jismimdagi bir dogʻni,
Har taraf xirqamdagʻi tevruk – yoʻrunlar hay’ati.
Bir qaro togʻe qoʻpub gar tushsa oshiq boshigʻa,
Andin ortugʻroqdurur hijron kunining shiddati.
Hirqam olib boda ber, ey dayr pirikim, yana.
Qoʻymagʻay shayx olligʻa bormoqqa bu ish hijlati.
Ey Navoiy, har nafaskim xush kechar, tut mugʻtanam
Hech kimga umrining ma’lum emas chun muhlati.

793

Necha yilda qilmadi koʻnglumga ishqi shiddati,
Ulcha qildi xasta jongʻa necha koʻngul furqati,
Hajri bedodi aro har dam yaqindur oʻlgamen,
Doʻstlar, behad qattiq ermish yiroqliq mehnati.
Bogʻni qoʻykim, koʻngulning ul qadu yuz hajrida
Sarv ila ham unsi yoʻq, gul birla dogʻi ulfati.
Sen bilu jismim necha dogʻ oʻrtar ersang, ey sipehr,
Kim koʻngulga basdur ul badmehr dogʻi furqati.
Ey koʻngul davron eliga chunki yoʻq husni vafo,
Qayda bas husn ahligʻa boʻlgʻay vafoning nisbati.
Istasam jomi mugʻona tutsa gohi mugʻbacha,
To tirikmen aylagumdur dayr piri xidmati.
Ey Navoiy, charxi zolining firibin topmagʻum,
Yor agar boʻlsa mening birla eranlar himmati.

794

Ogʻiz ichra tilingdek gʻunchada gulbargi tar boʻlgʻay,
Vale bu shart ilakim bargi gul ichra shakar boʻlgʻay.
Qadinggʻa sarvi ra’no oʻxshagʻay lek ul zamonkim, sarv
Xiromon boʻlgʻayu gul bergay, ul guldin samar boʻlgʻay.
Koʻzungga oʻxshagʻay nargis agar qiymoch oʻlub oqi,
Mudavvar asfari ichra qaroligʻdin asar boʻlgʻay.
Xatinggʻa qadr shomi oʻxshagʻay bu shart birla kim,
Tajalli yuzidin ul shom arosinda sahar boʻlgʻay.
Chu minsang ashhabing ul dam quyosh boʻlgʻay senga monand,
Ki bersa koʻk yuzin javlon jahon zeru zabar boʻlgʻay.
Menga ishqingda Majnun birla Farhod oʻxshagʻay ul chogʻ,
Ki bu boʻlgʻay jahon rasvosi, ul mundin batar boʻlgʻay.
Xabardor oni bilgil, ey koʻngul, bu dayr javridin
Kim, ul tun-kun xarobot ichra mastu bexabar boʻlgay.
Dedim: nazm ahlining sarxayli kim boʻlgʻay, dedi, xotif,
Navoiy boʻlgʻay ulkim, sen tilaydursen agar boʻlgʻay.

795

Har oʻq ul qoshi yo koʻksumga otsa bexato yetgay,
Vagar xud oʻzgalarga otsa ham suylab mengo yetgay.
Tegib suylab dema har yerga zaxm aylabon ul oʻq,
Necha manzilda orom istagay koʻnglumga to yetgay.
Vafoyu mehr etarga ne. had, billahki, rozimen,
Ki bori gah-gahi ul shoʻxdin javru jafo yetgay.
Chu kuydum hajri oʻtidin kulumni yoʻldin olmangkim,
Ki shoyad eltgay koʻyiga ul yon gar sabo yetgay.
Koʻzi hajrida tong yoʻq butsa qabrimda qaro nargis,
Ki qoʻygʻay koʻz ayogigʻa chu ul koʻzi qaro yetgay.
Desa mingdin birin, vah, ne balo sust oʻlgʻay ul oshiq,
Boshimgʻa ishq aro har lahza gar yuz ming balo yetgay.
Junun koʻr gʻurbat ichrakim, tanishmoq mumkin ermastur,
Diyorimdin agar sarvaqtima bir oshno yetgay.
Falak boshingni kirpich muttakosi qilgʻusi, gar xud
Bu dam xurshid xishtidin boshinggʻa muttako yetgay.
Navoiy sensiz etmas bogʻ sari maylkim, shoyad
Anga bulbul bila guldin dame bargu navo yetgay.

796

Kecha hajringda tiriklikdin malolim bor edi,
Tonggʻa tegru ayta olmonkim, ne holim bor edi.
Furqating bedodidin yoʻq erdi bir soat majol,
Boʻlsa dogʻi yigʻlar erdim to majolim bor edi.
Tosh urub koʻksumga, tufroqlar boshimgʻa sovurub,
Lek bu vaqte edikim z’tidolim bor edi.
Kelsam oʻz holimgʻa nogah bu alomatlar aro,
Goh oʻzumdin, goh ulusdin infiolim bor edi.
Vasl umidi kirmasa jonim arosigʻa gahi,
Qayda jon elturga bori ehtimolim bor edi.
Vasli tarkidin agarchi mujrim oʻldum, vah, qachon
Hajrni bu nav’ sa’b erkan xayolim bor edi.
Ey Navoiy, furqatim ayyomi mundoq qolmagʻay,
Qolmadi chun ulki davroni visolim bor edi.

797

Koʻngul, oʻt berki, bir oy hajrida koʻksumga dogʻ oʻrtay,
Fatila chirmab, oy davricha solib anda yogʻ oʻrtay.
Emas mushkin gʻizolim multafitmen uylakim lola,
Necha bagʻrimni qon aylay, necha koʻnglumga dogʻ oʻrtay.
Aningdek tiyradur shomi gʻamimkim, boʻlmagʻay ravshan,
Agar xurshid sham’i yangligʻ anda yuz charogʻ oʻrtay.
Chiqing Farhodu Majnun ishq oʻti lofidin urmay dam,
Ki hijron soʻzidin bir oh tortib dashtu togʻ oʻrtay.
Emastur ul quyosh hargiz yorutmoq kulbam, ey gardun,
Oʻzumni sham’idek har tun necha boshtin ayogʻ oʻrtay.
Meni doʻzax sari boshlang ki tashlab sarnigun oʻzni,
Bu yangligʻ hajr oʻti bedodidin istab farogʻ oʻrtay.
Necha ul shoʻx elga noʻshxandu loba qilmoqdin
Yigʻimni hoy-hoy aylay, ichimni logʻ-logʻ oʻrtay.
Bu gulshan gullarida chunki yoʻq boʻyi vafo, nevchun
Tilab onn tamanno oʻtidin har dam dimogʻ oʻrtay.
Zamon ahli vafosiz debki qildim dostonlar sabt,
Navoiy, bir kishida gar vafo topsang soʻrogʻ oʻrtay.

798

Mening baxtim yuzi gʻam kojidin ul kun qaro boʻldi,
Ki koʻnglum ul koʻzi, qoshi qarogʻa mubtalo boʻldi.
Qutulmish erdi oshiqliq balosidin koʻngul, ketmish
Ul oy koʻyiga, bilmon, yona anga ne balo boʻldi.
Qoshu kirpiklaring koʻnglum uyin qildi kamonxona,
Aliflardin oʻqu har na’l anga bir halqa yo boʻldi.
Labingʻa qaysi til birla fido dey xasta jonimni,
Anga jonim fidokim joni la’linggʻa fido boʻldi.
Buzulgʻan xasta koʻnglumdin oʻqin zinhor chekmangkim,
Ul uyga bu sutun, ul notavongʻa bu aso boʻldi.
Ajab muhlik emasmu ishq dashti, ey musulmonlar,
Ki bir moʻrigʻa har kun toʻ’ma ikki ajdaho boʻldi.
Fano istar esang ich dayr piri ilgidin jome,
Nedin kim xonaqah shayxi ishi zarqu riyo boʻldi.
Vujudum foni aylab oldi din bir mugʻbacha, tong yoʻq,
Agar zunnor bogʻlab maskanim dayri fano boʻldi.
Navoiy gʻussadin maxlas tilarsen, mastu bexud boʻl,
Ki davron dardu ranjigʻa davo bu boʻldi, to boʻldi.

799

Uyla hijron tiyradurkim, zulm ekach ul oy fani,
Yoqibon kunduz charogʻ istab topa olmon ani.
La’ling ummidida munglugʻ jonim oʻlmish bir gado,
Kim munung yirtugʻ toʻnidektur aning zaxmin tani.
Ul koʻz ollida mukahhal koʻzlari husn ahlining,
Kulga boʻlgʻangʻan suruk devonalardur gulxani.
Ogʻzi jon qasdi qilur, jongʻa tavahhum yoʻq ajab,
Xavfi koʻprakdur aningkim boʻlsa maxfiy dushmani.
Kelsa tong yoʻq goh piri dayru gohi mugʻbacha,
Rindkim kunji xarobot oʻlgʻay oning maskani.
Yaxshiroqtur koʻrmagan olamda husn ahli yuzin
Qim, sanamlar ishqining bu keldi vajhi ahsani.
Ey Navoiy, kom topmay gar men oʻldum ishq aro,
Kimki topsa kom anga gohi sogʻindurgʻil meni.

800

Menmudurmenkim koʻnguldin ayrumen jondin dogʻi,
Olloh-olloh, ne koʻngul, ne jonki jonondin dogʻi.
Ul pari zunnori zulfin bogʻlamay devonamen,
Boʻlmisham begona, ya’ni aqlu imondin dogʻi.
Xonumondin ham tushubturmen meni bedil yiroq,
Koʻngul otligʻ bir aloxonu alomondin dogʻi.
Har zamon kelsa buzugʻ koʻnglum aro yoru diyor,
Olam ahlin siqtaturmen ohu afgʻondin dogʻi.
Ey ajal, jon birla minnatdormen qilsang xalos,
Intizori vaslidin ham dardi hijrondin dogʻi.
Koʻzlarim bogʻi socharda ashk gulgun ochtilar,
Bu biri aynul hayot, ul bir gulafshondin dogʻi.
Kimki istar jonigʻa davron jafosi yetmagay,
Koʻnglini davrondin olsun, ahli davrondin dogʻi.
Dahr chun buzdi meni, men ham mukofot ayladim,
Oʻtkarib ohimni barq, ashkimni toʻfondin dogʻi.
Ey Navoiy, koʻnglung or etti oni yozgʻurma koʻp,
Bu emish taqdir, emas sendin dogʻi, andin dogʻi.

801

Necha kilki taxayyul birla bir surat nigor aylay,
Anga oshiq yasab, koʻnglumni amdo beqaror aylay.
Necha chirmashturub bir zulfi savdosin dimogʻimgʻa,
Oʻzumni ahli savdodek parishon roʻzgor aylay.
Necha bir sarvdek qomat havosi birla har soat
Jahonda ohu afgʻondin qiyomat oshkor aylay.
Necha bir lolarux dogʻi gʻamin istab tanim uzra,
Qoʻyub yuz dogʻ oni qonligʻ yoshimdin lolazor aylay.
Necha gʻam dashti ichra bir pari mehrida soyamni
Junundin bir zamon qovub, gahi andin firor aylay.
Necha anjum bila charx ofatidin charxu anjumdek
Havoni ohim oʻtidin toʻla dudu sharor aylay.
Erur bas tiyra shomi ishq, yorab, husni sham’in yoq,
Ki jon birla koʻngul oʻrtanmagin parvonavor aylay.
Chu hech ish ixtiyori kimsada yoʻqtur, qoʻy, ey zohid,
Ki tarki ixtiyor etmakni men ham ixtiyor aylay.
Navoiy, boda bahri begaronigʻa meni solgʻil,
Ki gardun bahrining mavji balosidin kanor aylay.

802

Gul ne boʻlgʻaykim yuzung hajrida koʻrgaymen oni
Sepsalar kulbamga xas yangligʻ supurgaymen oni.
Bazmidin boʻlsa nasibim bir soʻngak to umri bor,
Islagʻaymen, yoʻqsa it yangligʻ koʻmurgaymen oni.
Koʻnglum oʻtidin yorut mehring charogʻin, ey sipehr,
Sarsari ohimdin ul damkim oʻchurgaymen oni.
Lablaring hajrinda gar xud boda huro la’lidur,
Mumkin ermasturki ogʻzimgʻa yeturgaymen oni.
Uyla hijrondin tilarmen behud oʻlmoq, ey rafiq,
Kim falak jomin toʻla tutsang sumurgaymen oni.
Ey Navoiy, telba koʻnglum itti emdi istamon,
Necha togʻu dashtdin topib keturgaymen oni.

803

Vah, necha davron jafosi aylagay mahzun meni,
Soqiyo, bir davr ayogʻi birla qil Majnun meni.
Behud oʻlmishmen mayi hajringni koʻrgach, ohkim,
Qildi mast ogʻzimgʻa yetmay ul labi maygun meni.
Lahza-lahza uylakim javringni husn aylar fuzun,
Shavq aro ham ishqing aylar dam-badam afzun meni.
Elta olur bir quyun jismim xasin ul koʻydin,
Ranja boʻlma qilgʻali ovorai gardun meni.
Nomai xushu hayot oʻlgʻay dedim vasling, valek
Xatti bexush aylabon qatl ayladi mazmun meni.
Menda mugʻ dayri havosi gʻolibu sizda xumor,
Maygʻa, ey ushshoqi muflis, aylangiz marhun meni.
Ey Navoiy, vasl aro oʻq kosh sursa tigʻi kin,
Furqatida oqibat oʻlturgusidur chun meni.

804

Bir kun meni ul qotili Majnun shior oʻlturgusi,
Usruk chiqib, javlon qilib, devonavor oʻlturgusi.
Gar za’f ila ojizligʻim koʻngliga rahme solsa ham,
Boshimgʻa yetgach sekretib beixtiyor oʻlturgusi.
Vasli aro gar oʻlturur jonimgʻa yuz ming shukr erur,
Chun qolsam andin bir zamon hijroni zor oʻlturgusi.
Oshiq boʻlurda bilmadim men notavoni xastakim,
Hajr oʻlsa gʻam kuydurgusi, vasl oʻlsa yor oʻlturgusi.
Maydon aro, ey ahli din, kirmang tamoshosigʻakim,
Yuz koʻrmayin ul kofiri chobuksuvor oʻlturgusi.
La’ling zakoti may tutub tirguzmasang, ey mugʻbacha,
Dayr ichra men dilxastani ranji xumor oʻlturgusi.
Derlar Navoiy qatligʻa gul-gul ochibdur orazin,
Koʻrguncha oni, voykim, bu xori-xor oʻlturgusi.

805

Necha koʻrguzsam niyoz ul shoʻx noz aylar, netay,
Javr koʻpdin-koʻp, tarahhum ozdin-oz aylar, netay?
Men niyoz aylarda istigʻnodin etmas noz ham,
Noz ham haysr elga izhori niyoz aylar, netay?
El bila kim la’lidin jon istar, aylar ixtilot,
Jon berib la’ligʻa mendin ihtiroz aylar, netay?
Vasli shomi boda yangligʻ mast etib ahbobni,
Sham’dek to subh ishim soʻzu gudoz aylar, netay?
Javrini chekmaktamen, mumtozmen ahbobdin,
Lutfi vaqti ul tarafni imtiyoz aylar, netay?
To haqiqiy ishqi mastimen, koʻngulni qovmisham,
Oni kim andishai husni majoz aylar, netay?

806

Gar alamimgʻa chora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Var gʻamima shumora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Ranjima bu esa adad xosti bu ersa naylayin,
Dardima gar kanora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Jam’ emas ersa xotirim jam’ oʻlurigʻa, zohido,
Hojati istixora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Yordin elga komlar buki mening sori gahi
Koʻz uchidin nazora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Mash’ali vasl ila ulus shomi munavvaru mening
Baxtima bir sharora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Qismi azalgʻa shodmen buki falak rioyati
Holima oshkora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!
Dedim: erur Navoiy oʻz dardigʻa chorasiz, dedi:
Gar alamimgʻa chora yoʻq, boʻlmasa boʻlmasun, netay?!

807

Yoʻqki, yomgʻurdin mening holimgʻa davron yigʻlagʻay,
Koʻrguzur gulgun bulut istar magar qon yigʻlagʻay.
Anjum ermaskim, erur aflok ashki donasi
Har tun ahvolimgʻa baskim charxi gardon yigʻlagʻay.
Chok koʻnglum qonu dogʻi koʻz yoshim daf’ etmadi,
Lola naf’idur nechakim abri nayson yigʻlagʻay.
Koʻz qurubtur ashkdin ul oy havoyi ishqida,
Bas qilur oxir bulut chun ulcha imkon yigʻlagʻay.
Parda ichra yigʻlab ashkim, vahki, pinhon qolmadi,
Sham’i fonus ichra eldin qayda pinhon yngʻlagʻay.
Moʻ’tabar ermas agar rizq ahli koʻp toʻkkay sirishk
Kim, musha’bid oz diram istab farovon yigʻlagʻay.
Hajri tigʻidin ne gʻam har dam Navoiy yigʻlasa,
Kimki boʻldi bagʻri pora-pora, oson yigʻlagʻay.

808

Menmudurmenkim ayirmish vaslidin jonon meni,
Oʻlturur onsiz tuman ming dard ila hijron meni.
Charx jismim tufrogʻin ohim yelidin sovurub,
Hajr dashtida quyundek ayladi davron meni.
Gʻam palosin jismidin Farhodu Majnun boshidin,
Oshyonin tashladi, chun gard ila uryon meni.
Ul pari andoqki pinhondur koʻzumdin aylamish,
Gʻoyati za’fu junun el koʻzidin pinhon meni.
Gar paridur dilbarim, men ham junundin vahsh aro
Uylamen vahshatdakim, boʻlmas demak inson meni.
Bir ham, ey Layli, biyobon ichra Majnunungni top,
Koʻr ani hayron menga, yoʻqkim anga hayron meni.
Ey Navoiy, gar yana bir qatla mumkin boʻlsa vasl,
Solmoq ul mahvashdin ayru hajr ne imkon meni.

809

Vahsh xaylin dasht uza bu telbai mahzun sari,
Om gʻavgʻosi xayol et shahr aro Majnun sari.
Ham borurda ham yonarda oʻtgudekdur charxdin,
Chiqsa ul oy hajrida ohim oʻti gardun sari.
Sham’gʻa parvona maylidekdur, ar koʻnglum qushi
Borsa nogah ul qadu ruxsori otashgun sari.
Turfa koʻrkim nosihim Farhod ila Majnun erur,
Bulajab holimgʻa boqib togʻ ila homun sari.
Har tun afzun boʻlgʻan ohim oʻtida jonim sipand,
Kim gazandi yetmagay ul husni roʻz afzun sari.
Soqiyo kup kunjidin tut bizga la’li nobkim,
Bu borinda mayl boʻlmas ganji Afridun sari.
Ey Navoiy, «Majma’ ul-bahrayn» boʻlgʻay oshkor,
Mayl qilsa sayli ashkim nogahon Jayhun sari.

810

Koʻrma sarigʻ bargu qil nazzora ruxsorim sari,
Qoʻy xazon bogʻin, guzar qil za’faron zorim sari.
Boqma asfar barg uza har yon qizargʻan obkash,
Za’faroni yuz uza koʻr ashki xunborim sari.
Kim xazoni yel qurutqan shohi holin koʻrmamish,
Ayladik nazzora uryon jismi bemorim sari.
Sarvgʻa boʻlmas xazonu lola ul mavsumda yoʻq,
Qilma mayl, ey oh, sarvi lola ruxsorim sari.
Angla boshimgʻa tutashqan shoʻ’layi hajr, ey rafiq,
Koʻrma sanchilgʻan xazoni barg dastorim sari.
Umr bargin to xazon toʻkmaydur etsam komi azm,
Navbahori husn aro sarmasti xummorim sari.
Ey Navoiy, chun bu fasl ichra qadah margʻub erur,
Tortay oʻzni majlisi shohi qadah xorim sari.

811

Charx agar solsa yiroq yuz yil visolingdin meni,
Oyira olgʻaymu bir soat xayolingdin meni.
Belu ogʻzing zikru fikri birla boʻlsam, ne ajab,
Shavq bir dam gʻofil etmas qilu qolingdin meni.
Yangi oydur mujibi savdoyu men devonamen,
To falak soldi judo mushkin hilolingdin meni.
Elga yuz ochnb qorongʻu qilma olamni menga,
Tiyra qilmogʻligʻ nedur sham’i jamolingdnn meni.
Jon bagʻishlab elga la’lingdin, men oʻldum tashna lab,
Vahki, qilding qatli jonparvar zilolingdin meni.
Bastai zunnor qil bir rishtagʻa, ey piri dayr,
Har sari tori chubulgʻan eski sholingdin meni.
Ey Navoiy, yana ishq aylab taxayyul zinhor,
Qilma har dam ranja bu fosid xayolingdnn meni.

812

Tan qaro tufrogʻ oʻlub oh oʻti oxir boʻlmadi,
Garchi xas kul boʻlgʻach andin shoʻ’la zohir boʻlmadi.
Husnunga mehr etti da’vo zulfdin chiqqach yuzung,
Tun hijobigʻa kirib maxlasgʻa hozir boʻlmadi.
Dema koʻksung chokini yopqilki, koʻp yoptim valek,
Choklik koʻnglak aning chokiga sotir boʻlmadi.
Orzu aylarmen olsam deb koʻzumni bir zamon,
Kim sening yuzungdin oʻzga yuzga nozir boʻlmadi.
Oʻrtamakda furqating shogirdidur doʻzax va lek
Pesha aylab kasb ustodicha mohir boʻlmadi.
Vah, ne manzildur fano koʻyikim anda istayin,
Kimsa ikki kavndin osuda xotir boʻlmadi.
Ey Navoiy, qaygʻu yetsa charxdin ich bodakim,
Ketmadi davron gʻami to jomi doir boʻlmadi.

813

Koʻz yoshim gʻalton borur ul orazi diljoʻ sari,
Tifldekkim, agʻnabon mayl aylagay koʻzgu sari.
Ul buti zebo gar istar ashkim oqsa aybi yoʻq,
Ziynat ahli mayl etarlar doimo inju sari.
Xol shirinligʻni, la’lingdin magar kasb aylamish,
Kim erur moyil bagʻoyat koʻnglum ul hindu sari.
Hajr dashtida koʻzi sari borur shaydo koʻngul,
Telba sahro sayrida borgʻon kibi ohu sari.
Har sori manl etganingdindur hasaddin oʻlmagim,
Yolgʻuz andin yoʻqki, koʻnglung moyil oʻlmas bu sari.
Obi hayvondek chuchuk la’ling muyassar chun emas,
Hajrdin har lahza koʻnglum tortar ochchigʻ su sari.
Ul mahi xirgahnishinning ostonin mendin oʻp,
Ey Navoiy, har qachon mayl aylasang oʻrdu sari.

814

Kel-kel, ey oromi jonimkim, tilaydur jon seni,
Chehra ochkim, koʻrmak istar diydai giryon seni.
Ey gʻizoli mushkboʻ, kelkim quyundek, qolmadi
Vodiyi axtarmagʻan istab bu sargardon seni.
Sen pari pinhon uchun men ham kamoli za’fdin
Gʻoyib oʻldum el koʻzidin koʻrgali pinhon seni.
Qon aro gar gʻarqasen, ey koʻz, ne tongkim tez boqib,
Zor koʻnglumni chu qatl etting tutubtur qon seni.
Garchi mumkin yoʻq vale bir qatla kirsang ilgima,
Borsa bosh aldin chiqarmoq oʻzga ne imkon seni.
Koʻz yuzungdin olmasam, ayb etmagil, ey mugʻbacha,
Aylay olmon diydadin gʻoyib meni hayron seni.
Ey pari, gar telbarab boʻlmish Navoiy darbadar,
Bu anga maqsud erurkim, istagay har yon seni.

815

Xomai mushkin raqam birla meni yor istadi,
Yotmayin nettimki hajridin yana zor istadi.
Ne jafo erdiki marham vaslidin qoʻymay hanuz,
Hajr tigʻin yogʻdurub koʻnglumni afgor istadi.
Garchi kunduz osti, lekin oʻrtadi hijron tuni,
Sham’idin holimni ul mahvash namudor istadi.
Zulfi domin hajr shomidek yopib olam aro,
Koʻyi ofoq ahlining koʻnglin giriftor istadi.
Husngʻa chun yoʻq vafoyi juz nadomat topmadi,
Bevafoyekim vafo ahligʻa ozor istadi.
Tut vafo vayronikim aksi yuzin qildi sorigʻ,
Mun’imekim qasri ayvonini zarkor istadi,
Ey Navoiy, xoʻy bekaslikka qilkim, topmadi
Qaysi bekaskim kezib olamni bir yor istadi.

816

Yoʻq vafo ahlida bir zori parishon men kibi,
Bevafovashlarni sevmakdin pushaymon men kibi.
Jon berib bu xayl uchun, birdin vafoni koʻrmayin,
Barchadin navmidu oʻz holigʻa hayron men kibi.
Xonumonidin kechib Majnunki tutmish erdi dasht,
Qayda bor erdi aloxonu alomon men kibi.
Tuttilar ahli junun vayronalik ul jam’din
Kim, parishonligʻlar ichra boʻldi vayron men kibi.
Xazlu, zavq aylarga tuttung dasht, bir soʻz qot menga
Kim, tilab topmas kishi gʻuli biyobon men kibi.
Bilmayin husn ahlidin qildim tama’ rasmi vafo,
Yoʻq alardek bevafo, andoqki nodon men kibi.
Ey Navoiy, sen dogʻi qilsang tama’ sayri Hijoz,
Qil Iroq ohangi, tark aylab Xuroson men kibi.

817

Notavon nargisidek ayladi bemor meni,
Sunbuli domi aro qildi giriftor meni.
Yor koʻyida gar oʻlsam gʻam emas oʻlturadur,
Koʻyida buki qovar har nafas agʻyor meni.
Dardi bogʻida, balo dashtida koʻrkim qilmamish,
Ishq Farhod ila Majnungʻa namudor meni.
Tongdin oqshomgʻacha noz uyqusi ichra ul koʻz,
Vahki, qilmish kecha tong otqucha bedor meni.
Kuydurub har sori dudumni parishon qildi,
Duddek zulf ila ul oʻt kibi ruxsor meni.
Kufri zulfi rasanin kim belima bogʻladi rust,
Tortti dayrgʻa ul halqai zunnor meni.
Xonaqah ahlidin asru mutanaffirdur tab’,
Piri dayr aylagali voqifi asror meni.
Chun fano yoʻlida oʻzluktin ogʻirroq yuk yoʻq,
Shukrkim ishq oʻti qildi sabukbor meni.
Dema, ey shayx, Navoiygʻaki, chnq maykadadin,
Chiqmayin qoʻysa gar ul dilbari xammor meni.

818

Bir pari paykar gʻami oshifta hol etmish meni,
Elga ahvolim demaktin gungu lol etmish meni.
Men havoyini, ne tong, koʻrguzsolar bir-birgakim,
Egma qoshing fikri andoqki hilol etmish meni.
Oshkor etmas edim ishqin vale oʻtgan kecha,
Boda zoʻr aylab yigʻi bee’tidol etmish meni.
Yor koʻyi ichrakim tufrogʻ ila teng boʻlmisham,
Ishq gʻavgʻosi bu yangligʻ poymol etmish meni.
To tanimgʻa oʻt tutashmish barqdekdur hay’atim,
Furqating to za’fdin andoqki nol etmish meni
Oʻt solurmen oh ila olamgʻa menkim, zuhdkim,
Zohidi afsurda oyo ne xayol etmish meni.
Dashti vahshigʻa anis oʻlsam Navoiydek ne tong,
Ul pari savdosi chun Majnun misol etmish meni.

819

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu chektim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻayu ul shoʻxi badxoʻ kelmadi.
Orazidin oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Roʻzgorimdek ham oʻlgʻonda qarongʻu kelmadi.
Ul parivash hajridinkim yigʻladim devonavor,
Kimsa bormukim, oni koʻrganda kulgu kelmadi.
Koʻzlaringdin necha su kelgay deb oʻlturmang meni
Kim, bori qon erdi kelgan bu kecha, su kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas yoʻqsa kim qoʻydi qadam,
Yoʻlgʻa kim avval qadam ma’shuqi oʻtru kelmadi.
Ey Navoiy, boda birla xurram et koʻnglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.

820

To parishon qoshlaring oshiftahol etmish meni,
Notavonligʻ ichra andoqkim hilol etmish meni.
Koʻzda su, koʻngulda qaygʻu, tan zaifu jon nahif,
Ey musulmonlar, koʻrung, hijron ne hol etmish meni.
Band ila zahring jununum daf’i etmas, ey hakim,
Kim pari ruxsorai majnun misol etmish meni.
Jon berib nofayi zulfidin dedim savdo qilay,
Bu sifat savdoyi ul fikri mahol etmish meni.
Ichkali la’li mayidin hushu aqlim qolmamish,
Boda mast ermish ajab bee’tidol etmish meni.
To qadah chektim qilurlar mendin el kasbi nashot,
Buyla sa’d ul axtari farxunda fol etmish meni.
Yeshurun may tarkin etmon, garchi shayxi xonaqah,
Ey Navoiy, soʻfiyi zohid xayol etmish meni.

821

Ey quyosh, nevchun qoshingdin soyadek surdung meni,
Ravshan aylab jumlai olamni kuydurdung meni.
Kuydurub, ey ishq oʻti, gardungʻa sovurdung kulim,
Poyada oxir bu yangligʻ koʻkka yetkurdung meni.
Hajr oʻti tobi yana behol qildi nechakim,
Ey nasimi vasl, oʻz holimgʻa kelturdung meni.
Ishq man’ida soʻzung chun hashv edi boʻldum xamush,
Qilma, ey voiz, gumonkim, yoʻldin ozgʻurdung meni.
Nayladim, ey ishqkim, boʻldum oʻlum mustavjibi,
Kim bu yangligʻ hajr jallodigʻa topshurdung meni.
Vasling etting va’da ammo hajringa qilding asir,
Koʻkka chiqting, lek yerga oqibat urdung meni.
Ey Navoiy, vasl agar roʻzi emastur, chora yoʻq,
Qilmading deb sa’y bas, ne ishga yozgʻurdung meni.

822

Xushtur ichmak yor yodi birla ishrat jomini,
Xossakim, qosid keturgay yorning paygʻomini.
Ruqa’si jismimgʻa jon berdi qaro ichra magar,
Obi hayvon tomizib chekmish xati arqomini.
Safhai gulgun uza yozib xati mushkin tiroz,
Yodi berdi xatti mushkinu ruhi gulfomini.
Ram yegan koʻnglum qushin tutmoqqa goʻyo safhada
Nuqtayu xat birla sochib dona, yonmish domini.
To ne afsun qildi ul sohirki, dilkash nomasi
Oldi ham jismim qarori, ham koʻngul oromini.
Jomi ishrat tortmoqdin yaxshiroq ish topmadim,
Chunki bu davr ichra bilmas kimsa ish anjomini.
Bu kecha qosid malolidin agar vahm etmasam,
Ey Navoiy, kim topa olgʻay soʻzum itmomini.

823

Demakim olamda oshiq sen kibi kam boʻlmagʻay,
Oshiq oʻlgʻay, men kibi rasvoyi olam boʻlmagʻay.
Uylakim yoʻq men kibi devonai olam aro,
Bir parivash dilbarimdek dahr aro ham boʻlmagʻay.
Koʻkka sayr aylab desang ul ostongʻa oʻlturay,
Boʻlmagʻuncha gard ul da’vo musallam boʻlmagʻay.
Gʻam yuki yoʻqkim meni, gardunni ham qildi nigun
Kimdururkim, ul ogʻir yukni chekib xam boʻlmagʻay.
Dedi koʻksungga bir oʻq andoq uraykim birkisun,
Lek tegmay necha oʻq bir-birga mahkam boʻlmagʻay.
Koʻrdunguzmu, ey xarobot ahli, rinde uylakim,
Ollida bu korgahning sirri mubham boʻlmagʻay.
Ey Navoiy, dayr piri nuktasin zahhod aro
Demakim, har kimsa haq sirrigʻa mahram boʻlmagʻay.

824

Hijron kuni har xastaki jonongʻa yoʻluqti,
Qil uyla tasavvurki oʻluk jongʻa yoʻluqti.
Zulfung qaro qaygʻusida la’linggʻa yoʻluqgʻan,
Zulmat ichida chashmai hayvongʻa yoʻluqti.
Qochti koʻngul ashkimdinu ohim aro tushti,
Yomgʻur suyidin qochtiyu toʻfongʻa yoʻluqti.
Majnungʻa yoʻluqti menga gʻam dashtida yetgan
Majnun demakim gʻuli biyobongʻa yoʻluqti.
Hayronligʻima hayrati mendin dogʻi oshti,
Ishq ahlidin ulkim meni hayrongʻa yoʻluqti.
Davronda kamol ichra quyoshtin biyik oʻldi,
Dar zarraki bir komili davrongʻa yoʻluqti.
Ishq ahli ishi tobti bari vasl ila chora,
Bechora Navoiy gʻami hijrongʻa yoʻluqti.

825

Zaxmigʻa marham yoqib gʻamgin koʻngul shod oʻlmadi,
Rahnagʻa balchigʻ suvab vayronim obod oʻlmadi.
Ul muvallih charxikim sovurdi aqlim xirmanin,
Bu quyundin qaysi bir xirmanki barbod oʻlmadi.
Ahli ishq ar men kibi majnun emaslar, ey rafiq,
Andin erkinkim olar yori parizod oʻlmadi.
Ey ajal qatl etmak ol ul gʻamzadin ta’limkim,
Qilmagʻon shogirdligʻ hech ishda ustod oʻlmadi.
Koʻnglidin boʻlmas muhabbat javharin qilmoq tama’,
Har necha kim yumshasa bir yoʻli poʻlod oʻlmadi.
Zohidi nodon gʻamim oshubidin har dam kular,
Xurram ulkim ishq atvorigʻa munqod oʻlmadi.
Ey Navoiy, oʻlsam ul tarso uchun ayb etmakim,
Dayf piridin menga juz bu fan irshod oʻlmadi.

826

Dudi ohimdinmu har sori shararlar butradi,
Yoʻqsa yel oʻtluq koʻngillarni sochinda qoʻzgʻadi.
Ishq dashtida ucha olmas yeridin hech qush,
Parlarin baskim havoda oʻtlugʻ ohim churkadi.
Xar tikankim ildi Majnun koʻnglakidin porai,
Hajr koʻksumga tugan qoʻymoqqa oni chirmadi.
Bogʻ aro xat ichra ogʻzingdin qizorib sargʻarib.
Gʻuncha zangori libosi birla boshin burkadi.
Koʻr jununumniki boʻldi telba koʻyung itlari,
Qay birikim qovgʻali uryon tanimni tishladi.
Ishq naxligʻa samar chun furqat ermish, ey rafiq,
Ey xush ulkim koʻnglin avvaldin birovga bermadi.
Ey Navoiy, oʻzgalar maqbulu sen mardud uchun
Yor alarni mahram aylab, seni mahrum istadi.

827

Bor edi ulkim menga ham birta yori bor edi,
Kulli ar yor oʻlmasa filjumla yori bor edi.
Vaslidin butkarmasa taskin berur erdi soʻrub,
Xasta koʻnglum dardinikim hajridin afgor edi.
Men agar mahrum edim mahram ham ermas erdi el,
Koʻnglum ar ozurda erdi, lek minnatdor edi.
Sham’ agar yorutmasa, kuydurmasa ham yaxshidur,
Ne ulusqa ulfat ondin, ne menga ozor edi.
Goʻyiyo shukr etmadimkim, onsiz oʻlmishmen bu dam,
Ul quyoshimni yashurgʻan charxi kajraftor edi.
Charx bilmonkim menga bu uzrni tutti ravo,
Yoʻqsa mehr ahligʻa to bor edi gʻaddor edi.
Yorsiz demang, Navoiy oʻlmamish, ey ahli hush,
Kim anga to hajr bor erdi, qachon hushyor edi.

828

Yana la’ling gʻami ashkimni jigargun qildi,
Ham jigargun ani, ham bizni jigarxun qildi.
Mazhari husnu jamol oʻldi yuzung andoqkim,
Shod etib olam elin tek meni mahzun qildi.
Soching af’ilaridin yoʻq koʻzungga hech gazand.
Sehr ila to bu yilonlargʻa ne afsun qildi.
Husni Shirin bila Laylidin agar ortuq emas,
Nega yuz xastani Farhod ila Majnun qildi.
Sayli ashkim gʻamida sarsari ohim birla
Dashtni bahr etibon, togʻni homun qildi.
Quli boʻldum, negakim, mugʻbachai bodafurush
Meni maxmurni bir jom ila mamnun qildi.
Ey Navoiy, demakim, qilmasun ul oy oshiq,
Hozir oʻl, emdi netay, hozir oʻlub chun qildi.

829

Ohkim, nomehribonim azmi bedod ayladi,
Bir yoʻli mehru vafo rasmini barbod ayladi.
Qoʻrqaram ahli vafo ohi anga qilgʻay jafo,
Bu jafolarkim vafo ahligʻa bunyod ayladi.
Boʻlmadi noshod oxir dam gunah boʻlgʻay debon,
Begunah ahbobni mundogʻki noshod ayladi.
Bir dam ichra tund sayli qahr ila qildi xarob,
Har vafo qasriki, yellar oni obod ayladi.
Dam urargʻa topmadi har kimsa to ushshoq uchun,
Shahna aylab gʻamzasin kirpikni jallod ayladi
Tindi abnoyi zamonning ixtilofi tab’idin,
Qimki oʻz tab’inn bekaslikka moʻ’tod ayladi.
Koʻngli mulkin istar obodu buzar xayli firoq,
To Navoiy azmi mulki Astrobod ayladi.

830

Oʻpmak istar chogʻda la’li jonfizosin tishladi,
Qoʻl zanaxdonigʻa chun sundum yaqosin tishladi.
Tish bila munglugʻ koʻnguldin muddaiy chekti oʻqin,
Rost it yangligʻki soyilning asosin tishladi.
Darddin bagʻrigʻa zori dam-badam berkitti tish,
Qut uchun bemor yangligʻkim, gʻizosin tishladi.
Koʻrdi chun Layli yuzinda nil qildi, nilgun
Baski Majnun jismi zori mubtalosin tishladi.
Dunki majruh etti oʻz yorin xushunat birla bor,
Itki nomardumligʻidin oshnosin tishladi.
Ogʻzi qilliq shisha bazm ichra ushatqay muhtasib,
Qozi ani koʻrdiyu qaytib, mahosin tishladi.
Ey Navoiy, oʻlsa oʻldummu degay, ulkim, ichib
Yor alidin jomu la’li jonfizosin tishladi.

831

Tigʻi hijroning kirib koʻnglumni gʻamnok ayladi
Ichkaridin koʻkragimni sarbasar chok ayladi.
Ayladi men zori maxzunni zabunu javrkash,
Ulki dildorimni mundoq mastu bebok ayladi.
Husn aro ulkim nasibing qilmadi juz boklik,
Xotirim lavhini gʻayring naqshidin pok ayladi.
Zori jismim lam’ai husnungdin oʻrtanmak ne tong
Chunki ishq ul birni oʻt, bu birni xoshok ayladi.
Dam urub gardimni yetkur koʻyiga, ey subhi vasl,
Kim, tanimni hajri bepoyon tuni xok ayladi.
Ma’rifat naxlidin ul orif hamono tobti bar
Kim, tafakkur birla fahmi moarafnok ayladi.
Nosiho, ul husndin qilmas Navoiy man’ini,
Har kishikim ishq atvorini idrok ayladi.

832

Ishq aro kim koʻrdi oyo notavone men kibi,
Bekase ovoroye bexonumone men kibi.
Yot ila oʻzdin shikasta xotiri andoqki men,
Yor ila agʻyordin ozurda jone men kibi.
Ham vujud iqlimidin yuz gʻam koʻrub boʻlgʻay jalo,
Ham adam dashtida benomu nishone men kibi.
Tesha birla qozdi togʻ Farhodu men tirnogʻ ila,
Ey koʻngul, mehnat chekarda dema oni men kibi.
Zulm qilmoq ichra gar yoʻq sen kibi ofoq aro,
Zulm chekmaklikda ham olamda qoni men kibi.
Olam ahlidin vafo koʻz tutmakim, kim tutsa koʻz,
Dardu mehnatdin xalos oʻlmas zamone men kibi.
Eyki bir mulk ichra chekting javru dodi topmading,
Tengri mulkidur borur boʻlsang qayoni men kibi.
Ey Navoiy, yetsa bir eldin baliyyat boshinga,
Boshing olib chiqqil ul eldin ravone men kibi.
Men kibi yuz boʻlmasa gʻam yoʻqki qilgʻach iltifot,
Shohi Gʻozi lutf aylar har gadoni men kibi.

833

Lahza-lahza chunki ortar ul pari zeboligʻi,
Dam-badam afzundurur Majnun koʻngul shaydoligʻi.
Xalq koʻp parvosidin jon topqaninmu aytayin
Yo onikim, ne qilur jonimgʻa beparvoligʻi.
Itti shahlar koʻnglini ogʻzi oʻgʻurlab oqibat,
Ayladi paydo bu shahkorini nopaydoligʻi.
Garchi rasvo erdi Majnun, chun mening rasvoligʻim
Boʻldi afzun, emdi afzundur aning rasvoligʻi.
Mayda soqiy zulfu yuzi gar koʻrunmas bas nedur,
Dayr pirining kecha-kunduz qadahpaymoligʻi.
Jannatu doʻzaxqa chekmas lutfu qahring boʻlmasa,
Gar munung moʻminligʻidur, gar oning tarsoligʻi.
La’li mayni to mayi la’ligʻa tashbih ettilar,
Ey Navoiy, andin oʻldi bu nishotafzoligʻi.

834

Ashk xunobidin oʻlmish koʻzlarim ummon kibi,
Qon yosh aritmoqdin ilgim panjai marjon kibi.
Koʻnglum oʻtidin qizargʻan har taraf paykonlaring,
Su boʻlub emdi tomarlar zaxmlardin qon kibi.
Tanni gar doʻzax oʻti kuydursa, jonni oʻrtamas,
Qilmagʻil hech oʻtni, yo rab, shoʻ’lai hijron kibi.
Ishq dashtida quyun chekmas figʻon, vah, boʻlmasu
Xoksori bodi paymoyi bu sargardon kibi.
Sabzai xat yopqan ogʻzing koʻrmay oʻlsam, ne ajab,
Tufrogʻimdin gʻuncha butsa zanglik paykon kibi.
Dahr bogʻinda necha kunkim tiriksen, aysh qil,
Kim yana topmoq emas ma’lum bu boʻston kibi.
Ey Navoiy, ishqimu husni erurlar onchakim,
Men anga hayronmenu ul dogʻi men hayron kibi.

835

Yoʻqtur anduhu malolat oʻtigʻa xas men kibi,
Bedilu bechorayu bemoru bekas men kibi.
Eyki Majnun vasfin etting oʻlmadi yor ollida,
Men qilib yuz jon fido, ul boʻlmagʻay bas men kibi.
Dema parvona kuyar sendekki, soʻz sham’ uzradur,
Ne uchunkim ul dogʻi gʻam shomi kuymas men kibi.
Turki anjumgʻa dedim husn ichra sen yo ul fuzun,
Dedikim, boʻlgʻay anga yuz banda cherkas men kibi.
Qoshlaring yosigʻa qurbon boʻlgʻali yillar tilab
Topmagʻay bir bu koʻhan toqi muqavvas men kibi.
Eyki davr ahlin vafosi yoʻq debon ozurdasen,
Oshnoligʻni alardin sen ham et bas men kibi.
Ey Navoiy, ishq oʻtin har kim yorutmoq istasa,
Yer yuzinda topmagʻan tutrugʻ uchun xas men kibi.

836

Chun ilik bermaski oʻpsam ul sitamkor ilgini,
Bir kishi ilgin oʻpaykim, oʻpgay ul yor ilgini.
Chun ayogʻi tufrogʻin oʻpguncha topmon e’tibor,
Sunsa ham nogah oʻparga ne hadim bor ilgini.
Jon sotarmen hokipoyinggʻa nedinkim, ahli bay’
Tuttururlar sotquchi birla xaridor ilgini.
Zulfidin tong yoʻq kalimullohdek etsa, ajdaho
Kim, yadi bayzodin aylabtur namudor ilgini.
Soʻrgʻali kelsa Masihim boshima domankashon,
Ul etakdin kim ola olgʻay bu bemor ilgini.
Dogʻu qondin bordurur ulkim ochilmish lolazor,
Hajring ayyomida ochsang oshiqi zor ilgini.
Ey Navoiy, bilki hijron dashtidin boʻlmas xalos,
Sayr aro matlub agar tutmas talabgor ilgini.

837

Holi shavqi oshti nosih chora yetkurgan sayi,
Ul chibindekkim, yana yonib qoʻnar surgan sayi.
Goʻyiyo koʻnglum samandardurki qilmas e’tiroz,
Shoʻ’lai shavqing ani har necha kuydurgan sayi.
Ne balodurkim, boshim sajdanggʻa moyilroq boʻlur,
Ishqi oshubi balo boshimgʻa kelturgan sayi.
Kirpiking har neshicha gar boʻlmasa la’lingda nesh,
Bas nedur men xastani tirguzmak oʻlturgan sayi.
Ne qilay uzrungki senda lutfu ehson bilgurur,
Jurm ila isyon mening fe’limda bilgurgan sayi.
Xoslargʻa dayr aro tuttung qadah, ey mugʻbacha,
Jomi vaslinggʻa meni mardud telmurgan sayi.
Ey Navoiy, qildi istigʻnoyu bosh indurmadi,
Tigʻi bedodi mening boshimni indurgan sayi.

838

Necha davron ahlining bedodidin shiddat chekay,
Soqiyo, may tutki, bir ham sogʻari ishrat chekay.
Bir nishotafzo mayi gulrang ham quy boʻgʻzuma,
Davr jomidin necha xunobai mehnat chekay.
Necha el birla jigargun boda noʻsh aylab habib,
Bagʻrima tish berkitib men nishtari hasrat chekay.
Eyki koming oʻzgalardin vaslu mendin hajrdur,
Sen visol ayyomini xush tutki men furqat chekay.
Garchi eldin jon olib, yetkurmading navbat menga,
Qoʻyki jonni ollingga, men dogʻi bir navbat chekay.
Ham habibim hoki rohimen gar andoqkim,
Masih Nayyiri a’zam boshigʻa soyayi risr’at chekay.
Bir anga chun oʻxshamas ne sud agar jon lavhida
Har zamon kilki tahayyul birla yuz suvrat chekay.
Tufroq oʻlmoq avlo avvaldin, chu gardun oqibat
Teng qilur tufrogʻ ila gar charx uza robat chekay.
Otashin ruxsori kuydurdi bulbuldek meni,
Ey Navoiy, kelki men ham nolai hirqat chekay.

839

Xurdabinlar fahmi idrok etmadi yor ogʻzini,
Xurdai ma’ni adosi qildi izhor ogʻzini.
Nesh noʻsh olud sanchib, bargi gul uzra ari
Fosh etib shirin labin qildi namudor ogʻzini.
Nuqtai mavhum aro qilsun tasavvur suqbai
Kimki mafhum aylamak istar aning tor ogʻzini.
Chun oʻlibmen za’fdin dam yoʻqki topqay tiyralik
Qoʻyki qoʻysun chehra koʻzgusiga bu zor ogʻzini.
Zarra xurshid ichra kirsa uylakim boʻlgʻay nihon,
Xalqdin yoshurdi ul xurshid ruxsor ogʻzini.
Qoʻyki oʻz ogʻzimni ogʻzingga qoʻyay, ey mugʻbacha,
Yoʻqsa kup ogʻziga qoʻy men zori bemor ogʻzini.
Ey Navoiy, hajr oʻti sharhida chun surdung hadis,
Oʻrtading takror etarda ahli guftor ogʻzini.

840

Chok boʻlgʻan koʻnglum oldi shoʻxlar filxol ani,
Gʻunchadekkim avval ochilgʻach uzar atfol ani.
Hajr aro ogʻriq koʻngul qolmish ikki zulfung aro,
Darddekkim qopsamish har soridin bir dol ani.
Bogʻi ruxsoringdadur koʻnglum qushikim, qildi sayd
Dom birla dona yangligʻ zulf birla xol ani.
Tushgali koʻyungga koʻnglum aylading tufroqqa past,
Tushsa oʻt bir yerga el qilgʻan kibi pomol ani.
Suvratingdin aql majnun boʻlgʻali bir tifl erur,
Kim qilibdur muztarib kogazda bir timsol ani.
Dahri dunni aylaru nevchunki qilmaydur qabul,
Ulki dahr ahligʻa maqbul aylamish iqbol ani.
Gar Navoiy dahr aro behol erur, soqiy, ne ayb,
Keltirur oʻz holigʻa bir jomi molo mol ani.

841

Chehra oʻti birla koʻnglum xonumonin oʻrtadi,
Otashin gul ishqi bulbul oshiyonin oʻrtadi.
Ishq koʻnglum bogʻin asrab toza, oxir soldi oʻt,
Bogʻboni mastdekkim boʻstonin oʻrtadi.
Otashin la’lida xol ermaski boʻlmish toza dogʻ,
Har bahona aylabon ushshoq jonin oʻrtadi.
Ishq oʻtidin zor koʻnglum ichra solding soʻzi hajr
Kim, bu yangligʻ birta kuygan notavonin oʻrtadi.
Soʻzi ishqim daftarigʻa har kishikim soldi koʻz,
Oʻrtanib Farhodu Majnun dostonin oʻrtadi.
Ishq zuhdum xayligʻa oʻt solsa tong yoʻqkim, chu barq
Dahr aro koʻp boʻyla taqviy korvonin oʻrtadi.
Xonaqahgʻa soldi oʻt kirgach, Navoiy dahr aro
Hirfavardek ganjkim topti doʻkonin oʻrtadi.

842

Birovki ishq bila qildi muttaham bizni,
Ne nav’ yoʻq dilikim, etti muhtaram bizni.
Gʻamingda bir-ikki dam qoldi, jonni botroq ol,
Hayot vahmidin oʻlturma dam-badam bizni.
Koʻngul ne mujda berursenki, bazm aro tuno kun
Hariflar aro yod etmish ul sanam bizni.
Demaki tigʻ surub boshimizni soldi quyi,
Ki qildi hajrda sharmanda ul karam bizni.
Firoq muhliku vasl ichra shodligʻ muhlik,
Firoqi oʻlturur ermish visoli ham bizni.
Icharda durdi may aylab sinuq safolini jom,
Boʻlur bu joh ila davr ahli desa Jam bizni.
Navoiy ayladi hijronda nolayu faryod,
Xarob qildi ul ohangi zeru bam bizni.

843

Haftayedur koʻrmamishmen ul buti cholokni,
Ne ajab gar oʻrtasa ohim yetti aflokni.
Soldi tigʻi furqating bagʻrima andoq chokkim,
Bagʻri boʻlgʻay chok-chok ulkim koʻrar ul chokni.
Hajr oʻqi jonimgʻa ortuqdur anga bas bir sharar,
Urtamak doʻzax bila, ya’ni ne bir xoshokni.
Otlanibdur mastu koʻnglakchan chekib tigʻi jafo,
To ne oʻt solgʻay jahongʻa koʻrgil ul bebokni.
Ishq oʻt birla, koʻngul su birla koʻzni qildi pok,
Pok manzillarda mehmon qilgʻali ul pokni.
Dayr aro davron gʻamidin qochmisham, ey mugʻbacha,
Bir mugʻona jom ila shod ayla bu gʻamnokni.
Boda birla yung Navoiyni xumor etsa halok,
Bogʻlangiz tobuti uzra naxli bargi tokni.

844

Asrading kuydurgali ushshoqi muztar koʻnglini,
Bogʻbondekkim oʻtun qilgʻay sanubar koʻnglini.
Otmoq oʻqni bilki, qaytarmoqchadur paykon bila
Javrdin qaytarmoq ul sarvi sitamgar koʻnglini.
Gulbunungda gʻuncha koʻnglumdek emas, ey bogʻbon,
Ochilurdekdur, xayol etsang aning har koʻnglini.
Tigʻ ila koʻksumni yorsang, shoʻ’lai ohim ne tong
Chun yolin ortar kishi chok etsa axgar koʻnglini.
Netti sogʻardek safo bersa mening koʻnglumga ham,
Ulki sofi may bila sof etti sogʻar koʻnglini.
Ey mugʻanniy, bir navoye dilkusho tuzgilki, chang
Rishtai nagʻmangga bogʻlabtur sarosar koʻnglini.
Ey Navoiy, gʻunchani dam birla ochqandek qilur,
Xalq pandi sen kibi mahzunning abtar koʻnglini.

845

Emdi buzmaydur oʻkush bedod ila davron meni,
Kim topa olgʻay oʻzi tuzmakka ham imkon meni.
Tuzmagimdin charx ojizdur nedinkim, qilmamish
Lutfi tutqan chogʻda obod etgudek vayron meni.
Kofiri ishq oʻlmisham, tong yoʻq siyosatgah sari
Boʻynuma zunnor bogʻlab, cheksalar uryon meni.
Ashk mavjida ushalsa paykarim, vah, ne ajab,
Kim urar bir togʻ uza har lahza ul toʻfon meni.
Istadim koʻnglumga tigʻin, gʻarqa boʻldum qonigʻa,
Chun men aning qonigʻa kirdim, tutubdur qon meni.
Ashk bahri igrimiga tushmamishmen chiqqudek,
Ishq ul daryoda qilmish asru sargardon meni.
Koʻp suubat birla olma xalq jonin, ey ajal,
Chunki men mushtoqmen, oʻltur kelib oson meni.
Toleimning quvvatin koʻrkim, musibat toshlari
Kimga koʻktin yetsa, aylar yer bila yakson meni.
Ming balo zaxmi bila oʻldi Navoiy, qilsa xalq
Ishqi sori mayl, sudrab koʻrguzung har yon meni.

846

Ochmagʻay erding jamol olam aro koshki,
Solmagʻay erding bori olamda gʻavgʻo koshki.
Chun jamoling jilvasi olamgʻa soldi rustaxez,
Qilmagʻay erdi koʻzum oni tamosho koshki.
Boʻlmagʻay erdi koʻzum oʻtluq yuzung koʻrgan zamon
Ishqing oʻti shoʻ’lasi koʻnglumda paydo koshki.
Aylagach ishqing balosi zor koʻnglumni hazin,
Qilmagʻay erding meni mahzungʻa parvo koshki.
Tushmagay erdi firibomiz lutfung bilmayin,
Notavoi koʻnglumga vaslingdin tamanno koshki.
Lutf ila koʻnglumni vaslingdin tamagar aylabon,
Qilmagʻay erdiig yana zulm oshkoro koshki.
Bevafoligʻ anglagʻach ishqingni koʻnglum tark etib,
Qilmagʻay erdi oʻzin olamda rasvo koshki.
Emdi kim devonayu rasvoyi olam boʻlmisham,
Vasl chun mumkin yoʻq oʻlturgay bu savdo koshki.
Ey Navoiy, bevafodur yor, bas ne foyda
Necha kim desang agar, yoxud magar, yo koshki.

847

Yordin ayrilsa qotilmogʻligʻin bilmas kishi,
Bilsa kim chun ayrilur, qotilmas ayrilmas kishi.
Kimsa oʻlsa yordin ayrilmagʻay, yuz voykim,
Ayrilurda buyla hijron shiddatin bilmas kishi.
Vasli qadrin bilmayin oʻldum gʻami hajrida, oh,
Kim visol ayyomi hajr andishasin qilmas kishi.
Hajr biymidin oʻlubmen, soqiyo, tut jomkim,
Koʻzga mast oʻlgʻan zamon Jamshidni ilmas kishi.
Yashurun dardimni qilmay oshkor oʻlgumdurur,
Ohkim, olamda ahli dard topilmas kishi.
Mendin ermas hajrdindur har taraf bagʻrimda chok
Yoʻqsa tigʻi qatl ila oʻz bagʻrini tilmas kishi.
Toʻydi jonidin Navoiy hajr aro tut, ey ajal,
Uyla maykim chun ichar to hashr oyilmas kishi.

848

Bas ajabdur ikki la’lin koʻrsangu ogʻzin dogʻi,
Buncha boʻlmoq bir-biri uzra ikki gul yafrogʻi.
Mil agar boʻlsa oʻqungdin yoʻq ajab, ey qoshi yo,
Chun koʻzumni surmadon etmish ayogʻing tufrogʻi.
Gʻarqi ashk oʻldum koʻngulda gavhari ishq uylakim,
Bahr aro dur maskani boʻlgʻay baliqning kursogʻi.
Yoʻqki tigʻing toʻkti qonim, balki chiqti dam bila,
Ul ikki ajdarki koʻrsatmish qiliching bolchogʻi.
Chiqti qon toʻkmakka ul kofir shafoat qilmangiz,
Ey musulmonlarki, mumkin yoʻq tarahhum qilmogʻi.
Bodayu ishqu shabob ayyomiyu fasli bahor,
Pand netsunkim erur oshiftaligʻlarning chogʻi.
Voiz aylar vasf jannat ichra kavsar bodasin,
Boʻl Navoiy mast xohn mundogʻi, xoh undogʻi.

849

Boda gul-gul aylamish ravshan uzoring bogʻini,
Uylakim sochqay sabo su uzra gul yafrogʻini.
Dur toʻla sanduq der har yon temur gul mix ila,
Koʻrgan el ishqing toʻla koʻksumda har yon dogʻini.
Ne ajab gulgun bulut boʻlsayu andin yogʻsa qon,
Chun sovursa yel shahid etganlaring tufrogʻini.
Xolingu la’ling qatilidinki, qildi toʻ’ma zogʻ,
La’lgun aylabturur minqor ila tirnogʻini.
Zanbaq anda lolagun butgay shajarlar surh biyd,
Har chamangʻa bersa su qonligʻ sirishkim yogʻini.
Zoye’ oʻldi, ey koʻngul, gʻaflatdin ayyomi shabob,
Bori etma favt isyondin inobat chogʻini.
Koʻr Navoiy shoʻ’lai ohsho emgaglik tanin,
Koʻrmagan boʻlsang balo barqiyu mehnat togʻini.

850

Baski koʻnglumni falak majruhu vayron istagay,
Istaram oʻlmakni andoqkim oʻluk jon istagay.
Furqating oshubidin istar koʻngul qoʻymoq tugon,
Kimsa andoqkim yara man’igʻa qalqon istagay.
Hajrkim jonim tilar har dam azob aylab erur,
Zolimekim, qiynab eldin naqdi pinhon istagay.
Boʻlmasun oshiq meningdekkim, koʻrub dildorini
Oʻzgalarga multafit har lahza hijron istagay.
Vah, necha mehnat toshi atfoldin yogʻdurgʻali
Ishq shahru koʻy aro jismimni uryon istagay.
Ul pari ushshoqigʻa rahm etsa etsun ushbu bas
Kim, meni devonayu rasvoni davron istagay.
Oʻqlaringdin oʻlganimdin soʻngra topqay qatl uchun,
Tufrogʻimdin charx agar yuz qarni paykon istagay.
Qilsun oson oʻzlugidin boʻlsa har dushvorliq,
Har kishi davron gʻami dushvorin oson istagay.
Ey Navoiy, sen kibi mahrum qolgay kimki ul
Olam ahlidin vafoyi ahdu paymon istagay.

851

Firoq ashkidin, ey koʻz, dame ochil bori,
Boshimgʻa kim qadam urmish nazzora qil bori.
Kelibdur ul pariyu beshuur telba koʻngul,
Kelib oʻzungga ne deydurmen anglagʻil bori.
Jahon xaloyiqi javrungdin oʻldi, ey badmast,
Bular tafarrujigʻa bir nafas oyil bori.
Iyodatimgʻa mening, ey Masih, chun kelding,
Dam urmay oʻlma ravon, nuktai degil bori.
Bukim jahon aro rasvomen, istamon tahsin,
Sening gʻamingdin oʻlubmen bu nav’ bil bori.
Necha ulusqa mayu, bizga zahri soqiydur,
Dedingki mastmen, ar chin deding, yongil bori.
Navoiy oʻlgusidur iltifoting ozligʻidin,
Chu koʻrmagung yana bir qatla koʻzga il bori.

852

Gul emas har yon yuzung davrida oro qilgʻali,
Halqa urmishlar jamolinggʻa tamosho qilgʻali.
Orazing chin naqshi zulfung mushku har yon xol erur,
Hind elikim Chinga kelmish mushk savdo qilgʻali.
Yuz uza ogʻzing oʻgʻurlab naqdi din boʻldi nihon,
Chekti xatting xayli saf oʻgʻrini paydo qilgʻali.
Qilgʻali ishqingni pinhon aylading koʻksumni chok,
Dema pinhon qilgʻalikim oshkoro qilgʻali.
Eyki soʻrdungkim, qachondin men junun oshubida,
Ul pari xayli gʻami koʻnglumda gʻavgʻo qilgʻali.
Bodagʻa rahn aylaganda ofiyat dastorini
Yirttim bir goʻshasidin bodopolo qilgʻali.
Yoʻl chiqarmon tiyra shomimdin Navoiydek, valek
Muntazirdurmen hidoyat barqi bir choqilgʻali.

853

Ey koʻngul, vaslidin ul oy bizni navmid etmagay,
Jonimizgʻa furqat anduhini jovid etmagay.
Qasdi jon aylarda la’ligʻa tatabbu’ qilmagʻay,
Koʻngul oʻrtar chogʻda ruxsorigʻa taqlid etmagay.
Vasli ummidi bila ushshoqni qilgʻanda shod,
Gʻussaligʻ koʻnglumni hajri birla tahdid etmagay.
Tushta koʻrdum orazin, koʻnglumni barqi ishq ila
Ul qadar garm ettikim, tush vaqti xurshid etmagay.
Itlaring singʻan safoli tushgach ilgimga, koʻngul
Oncha faxr ettiki jomi birla Jamshid etmagay.
Durri vahdat topmagʻay hargiz fano girdobidin
Solikikim, oʻzni gʻarqi bahri tavhid etmagay.
Oncha faryod etti mutriblar Navoiy nazmidin
Kim, Utorud she’ridin charx uzra Nohid etmagay.

854

Vahki, bir gʻoyib xayolidin parishonmen base,
Hush mendin gʻoyib, oʻz holimgʻa hayronmen base.
Ul quyosh bordi buzub koʻnglumni sen ham, ey sipehr,
Bir yoʻli buzma meni nevchunki vayronmen base.
Ollida jon bermadim vasli ziyonin qizgʻonib,
Furqatida ul tiriklikdin pushaymonmen base.
Lahza-lahza buki yigʻlarmen gʻamidin talx-talx,
Ayb emaskim mubtaloyi zahri hijronmen base.
Togʻ ila vodiyda, ey Farhodu Majnun, siz toping
Ofiyatkim men oloxonu alomonmen base.
Vasl komin sabru somondin toparlar, vahki, men
Hajr oshubi aro besabru somonmen base.
Yordin qosid kelur derlar, firoqu vaslidin
Ne xabar kelturmagin bilmay Xuroson men base.
Dinu donish ahligʻa bir tavba, ey nosihki, men
Kecha-kunduz dayr aro mastu parishonmen base.
Ey Navoiy, dashti vahshi ichra boʻlsam, shod boʻl,
Kim kirib xush ahligʻa bu vaqt insonmen base.

855

Soʻrmangiz ashkim suyinkim muttasilmu kelgusi,
To koʻngul ishq oʻtidin kuygusi ul su kelgusi.
Zulfunga yetgach koʻngul behad yetildi atridin,
Bilmadim ul shomgʻa kirganga uyqu kelgusi.
Tiyra boʻldi lam’ai paykoning oʻtgandin koʻngul,
Chun quyosh borgʻusi olamdin, qarongʻu kelgusi.
Haddin oʻtti orazing koʻrgach labing xandonligʻi,
Bilmadim bu za’farondin muncha kulgu kelgusi.
Chiqti koʻnglumdin havosu aql ishqing olligʻa,
Qoʻysa yuz mulkiga shohe xalq oʻtru kelgusi.
Soqiyo, tut mayki oʻzluk naqshidin boʻlgʻum xalos,
Har qachon ilgimga ul raxshanda koʻzgu kelgusi.
Ey Navoiy, oʻlma har dam ul musofir yor uchun,
Gʻam yema shah yongʻusidur, tongla urdu kelgusi.

856

Ahli dil ollida dildor iltifoti kamligʻi,
Oncha sa’b ermaski har noahl ila hamdamligʻi.
Gar oʻgʻurluq istamas la’ling dogʻi jon naqdini,
Bas nedur oʻgʻri kibi payvasta qoshing hamligʻi.
Zulfi torin torta olmas kimsa koʻnglumdinki, bor
Berkroq jon rishtasidin ham aning mahkamligʻi.
Uylakim tun dudini ohim parishon aylagay,
Tong yelidindur muanbar sunbulung darhamligʻi.
Har ne el koʻngliga xurramliq mening koʻnglumga gʻam
Kim, gʻamingdin boʻlmish ul devonaning xurramligʻi.
Soqiyo, may berki dardim zohir aylay mast oʻlub
Kim, ichim qon ayladi ish sirrining mubhamligʻi.
Gar Navoiy ayladi badmastligʻ, ey piri dayr,
Sen karam koʻp qilmagʻilkim, koʻptur aning kamligʻi.

857

Navbahor oʻldiyu ayshim gulbuni ochilmadi,
Kom ila bir gʻunchasi balkim tabassum qilmadi.
Vasli jomidin ulus mast oʻldilar, yuz voykim,
Bir qadah birla xumori furqatim yozilmadi.
El koʻzin yorutti barqu vaslu hijron kojidin
Qaysi oʻtlarkim koʻzumga barqdek choqilmadi.
Vasli gulzori aro el mastu hijron dashtida
Qolmadi erdi tikankim, bagʻrima sonchilmadi.
Lolalar koʻnglumga qonligʻ dogʻlardur navbahor
Kim, vatangʻa lolaruxsorim azimat qilmadi.
Furqatim sa’b erkanin ishq ahli ichra bilmagay,
Yorigʻa ulkim qoʻshulmastin burun oyrilmadi.
Qayda bagʻrim choki muhlik erkanin fahm aylagay,
Ulki hijron tigʻi zahr oludi bagʻrin tilmadi.
Chun oʻlarmen, sirri ishqim mahfiy oʻlgʻay, yaxshiroq
Bilmasun el ham, chu hajri jonim olgʻan bilmadi.
Bir junun oʻti aro tushmish Navoiy telbakim
Boʻldi kuymaktin xalos ulkim, anga qotilmadi.

858

Ey uzoring ollida sharmanda mehri xovari,
Yoʻqsa nevchun yoshunur har kecha andoqkim pari.
Qomatingdin azmi sahro qildi gulshandin tazarv,
Togʻ sori uylakim faryod etar kabki dari.
Gulshani husnunggʻa ziynat berdi terdin qatralar,
Kim koʻribtur boʻyla gulbarg uzra shabnam gavhari.
Soʻzi hajring za’fligʻ jismim aro boʻlmish nihon,
Bas ajabdur bir ovuch xas ichra doʻzax axgari.
Safhai husnungda haq sirrin koʻrar koʻnglum ayon,
Tong emas bulbulgʻa mushaf oʻrnida gul daftari.
Yor bazmida visol ahli chekar jomi murod,
Davr chun hajr ahligʻa qism etti mehnat sogʻari.
Ey Navoiy, yor hajrigʻa ne chora, gʻayri sabr
Kimsa netgay sabr qilmay zolim oʻlsa dilbari.

859

Muddaiylar betarahhum, yor beparvo base,
Ham alar koʻp zulm etarlar, ham bu istigʻno base.
Zulfi zanjiri magar qilgʻay, ilojim, ey hakim,
Kim dimogʻimni parishon aylamish savdo base.
Men oʻlar holatdayu motam edi ahbob aro,
Buki aqshom qildi koʻyung itlari gʻavgʻo base.
Turfa menmen ishq dashti ichra, yoʻqsa anda bor
Vomiqu Farhod ila Majnun kibi shaydo base.
Ey sabo, koʻyida eltib koʻnglumnikim, aylar emish,
Bul ajabvashliqlar ul oshiftani rasvo base.
Xastamen davron jafosidin, keturgil bodakim,
Nofi’ ermish ul marazgʻa sogʻari sahbo base.
Boda ichkim, charx rif’at ahlini koʻp qildi past,
Pastlarni koʻmdi tufrogʻ ostigʻa dunyo base.
Men kishi ermon junun ichra, yoʻq ersa koʻrguzur
Odamiliq ul pari paykar malak siymo base.
Ey Navoiy, gar desang, koʻp injimay davr ahlidin,
Har ne derlar, yo qilurlar qilmagʻil parvo base.

860

Istadim yoreki koʻnglum dam-badam shod aylagay,
Bilmadim jonimgʻa bedod uzra bedod aylagay.
La’li anfosidin ochilgʻay hayotim gʻunchasi,
Yoʻqki umrum xirmanin bir damda barbod aylagay.
Vasl ila yiqqay koʻnguldin dardu gʻam bunyodini,
Yoʻqki har dam oʻzga hijron tarxi bunyod aylagay.
Sham’i ruxsori yorutqay tiyra koʻnglum kulbasin,
Yoʻqki zulfi dudi oni mehnat obod aylagay.
Rishtai jonimdin ochqay noʻgi mujgoni girih,
Har birin qatlimgʻa yoʻqkim neshi poʻlod aylagay.
Hech gulga boʻlmasun moyil birovkim, sarvdek
Desakim oʻzni xazon davridin ozod aylagay.
Koʻp Navoiy nolasin man’ aylamangkim, toki ul
Yorni yod aylagay albatta, faryod aylagay.

861

Evrulay boshinggʻayu behushu hayroning boʻlay,
Bir zamon sadqang boʻlay, bir lahza qurboning boʻlay.
Xoni vaslingdin agar qovsa raqibing ragʻmigʻa,
Koʻnglum istardek taxayyul birla mehmoning boʻlay.
Netti jon topsam visolingdin labingning xolidek,
Koʻzu zulfungdin necha mastu parishoning boʻlay.
Xushturur vasling mayidin har taraf xirqamda dogʻ
Necha, jono, mubtaloyi dogʻi hijroning boʻlay.
Garchi bandangmen meni ozod qilma lutfdin
Kim, quyundek sadqai sarvi xiromoning boʻlay.
Tanni jilvang vaqti tufrogʻ aylay, ey chobuksuvor,
To boshinggʻa evrulurga gardi maydoning boʻlay.
Ey Navoiy, gungu lol istar esam tong yoʻq, seni
Tobakay ozurdai faryodu afgʻoning boʻlay.

862

Bormagʻil qahr bila bagʻrim etib qon emdi,
Yo bu bedil sari, yo lutf sari yon emdi.
Oʻqlaringdin koʻz aro koʻp tikan erdi qochting,
Kelki, qon yoshim ani qildi guliston emdi.
Dedi, hijron aro Farhodingga yetgum bir kun,
Za’fdin, ohki, mumkin emas afgʻon emdi.
Qatldin koʻp meni qoʻrqutmagʻil, ey muhlik ishq,
Kim ani hajr qilibtur menga oson emdi.
Bildi mahmurlugʻum, tutti qadah soqiyi davr,
Shah meni dengki, erur komima davron emdi.
Bodadin komu labing bodasidin jon topdim,
Soqiyo, yoʻqturur oʻlsam dogʻi armon emdi.
Ey Navoiy, oni tark aylaki koʻptur gʻami ishq,
Menki chektim gʻamini, tarki ne imkon emdi.

Koʻrsatkichlar

Tarixiy, Adabiy Va Mifik Shaxslar Ismi Koʻrsatkichi

Ayoz – 249

Ayyub – 629

Anas–274, 299

Anqr – 2

Aflotun–152

Afridun (Faridun)–95, 290, 808

Asas – 299

Ahmadi Mursal – 474

Ahraman– 319

Bahrom– 180

Barhaman – 718

Bishr – 476

Bilol – 63

Buzar – 274, 299

Vomiq – 858

Yefas – 106

Jabrail – 354

Jam, Jamshid –42, 95, 106, 205, 217. 276, 290, 491, 650, 841, 846, 852.

Joʻji – 760

Zulayxo – 377

Zulqarnayn – 141

Zuhal– 180, 570

Zuhra– 180, 732

Iso –4, 41, 42, 440, 510. 525, 663, 712, 746, 762

Iskandar – 17

Kayxusrav – 650

Layli (Laylo) – 2, 28, 47, 49, 61, 72, 167, 182, 191, 271 290, 390, 435, 483, 711, 784 807, 827, 829.

Majnun – 2, 12, 28, 44, 46, 47, 49, 55, 61, 64 68, 72, 73, 80, 83, 90, 93, 102, 115, 141, 150, 152 158, 167, (176, ,182, 188, 191, 219, 226, 228, 235, 239, 261, 269, 272, 287 290, 292, 312, 330, 353, 376, 383, 384, 390 400, 412, 421-, 423, 431, 432, 435, 483, 484, 498, 502, 510,' 513, 533, 534 543, 560, 561, 569, 579, 582, 591, 612, 643 658, 678, 688, 695, 729, 749, 761, 782, 784, 787, 793, 796,' 802, 803, 807 808, 815, 816, 817, 823, 825, 827, 829 832, 834, 839, 840, 853.

Malik shohi Soniy –753

Maryam – 20, 631, 712

Masih –175, 176, 189, 224, 249. 266, 265, 275, 276, 281, 305, 313, 331, 345, 346, 409, 440, 452, 468, 472, 498, 585, 631 668, 722, 759, 789, 835, 837, 850.

Musai Umron – 10

Muso – 4

Mushtariy – 180

Moniy – 416

Musallo – 634

Nohid –852

Nuh–106, 121, 408

Odam – 106

Parvez – 230, 251, 430, 576, 726

Parvin (Hulkar)– 532, 603

Sayyidjamoliddin – 109

Skandar –95, 106, 171, 581

Som – 106.

Sulaymon – 319

Suxayb – 63

Suxayl – 476

Utorud – 180, 852

Farhod – 46, 49, 64, 73, 83, 109, 141, 149, 150, 158, 188, 219, 230, 251, 254, 263, 269, 282, 287, 290, 306, 323, 367, 370, 372, 383, 390, 400, 502, 510, 513, 533, 561, 576, 589, 591, 726, 776, 777, 787, 793, 796, 808, 827, 831, 840, 853.

Fuzayl – 476

“Xamsa” – 5

Xizr – 85, 101, 141, 171, 208, 313, 346, 408, 581, 665, 684, 724. 749, 773.

Xotam – 733

Xusrav – 243, 353

Xusraviy Gʻoziy (Gʻoziy)–290, 374, 628, 728, 831

Shirin – 46, 49, 109, 123, 149 230, 254, 290, 323, 390, 589, 711. 726, 827.

Shohjahon – 748

Shuayb – 63

Yusuf (Yusufi Kan’on)-4, 123, 133, 200, 342, 377, 405, 556, 662, 663, 746

Ya’qub – 223

Qorun – 239, 423, 729

Geografik Va Etnik Ismlar Koʻrsatkichi

Ajam – 529

Amu – 463

Arab – 46, 47

Armani – 46, 657

Aras – 463

Arlot – 79

Asas – 299

Astrobod –779, 828

Atrok –416

Badaxshon – 470

Barlos –79, 311, 570

Bagʻdod – 351

Bogʻijahon – 268

Bogʻizagʻon – 143

Bogʻisafid–143

Bogʻi Eram – 718

Dajla – 423

Jayxun – 383, 423, 808

Ibro – 663

Iroq – 815

Kan’on – 206, 223

Ka’ba – 131, 174, 205, 249, 277, 345, 413, 465, 436, 445, 465, 498, 555, 731, 736, 779

Kish – 311

Marv – 748

Mari – 287

Misr – 532

Mozandaron – 748

Oltoyi – 311

Rost – 253

Tarxon –312, 570

Totor – 127

Turk – 657

Tubut– 127

Xabash – 307

Xallux – 127

Xiton (Xito) –657

Xomun – 688

Xuroson –201, 815, 853

Xoʻtan – 307

Shahna – 274, 299, 828

Shat –351

Charkas – 641

Chin – 25, 532, 535, 657, 851

Chigʻatoy – 760

Ya’juj – 141

Oʻzbek (oʻzbak) – 164, 405

Haybar – 74

Hijoz –529 652, 815 Hind – 851

Hindu – 405, 465, 657, 812

Hiriy (Hirot)–190, 374

Husayni (mazhab) – 804

III- qism
 
Keyingi