OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiQaro koʻzum (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, Ғафур Ғулом номидаги, Адабиёт ва санъат нашриёти, 1988
Hajm153KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/09
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ўзбекистон Фанлар Академияси Тил ва Адабиёт Институти
Ҳамид Сулаймонов номидаги Қўлёзмалар Институти

Таҳрир ҳайъати:Азиз Қаюмов, Абдулла Орипов, Абдуқодир Ҳайитметов, Бегали Қосимов, Жамол Камол, Натан Маллаев, Одил Ёқубов, Омон Матжон, Суйима Ғаниева
Тузувчи: Марям Раҳматуллаева
Масъул муҳаррир: Ваҳоб Раҳмонов



Annotatsiya
«Ўзбек адабиёти бўстони»нинг ушбу жилдига буюк Алишер Навоийнинг «Хазойинул-маоний» китобига кирган ғазаллардан саралаб олинди.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaro koʻzum (III- qism)
Alisher Navoiy

Gʻazallar (davom)

Yor holidin manga, vahkim, xabar yoʻqtur bu kun,
Bu jihatdin aqlu hushumdin asar yoʻqtur bu kun.
Subh selobi sirishkim oqti koʻp, ey doʻstlar,
Pand uchun kelmangkim, ul sudin guzar yoʻqtur bu kun.
Kecha gar bagʻrim boʻlub qon oqti koʻzdin, gʻam emas,
Gʻam budurkim, itlariga mohazar yoʻqtur bu kun.
Men bukun oʻlgach, aning koʻyiga toʻldi xalqkim,
Ashku ohim saylu barqidin zarar yoʻqtur bu kun.
Va’dai vaslini tongla demagilkim, umrgʻa,
E’timodim hajr shomi to sahar yoʻqtur bu kun.
Ichmagum, ey dayr piri, jomi may, ul mugʻbacha
May tutargʻa bazmi aysh ichra agar yoʻqtur bu kun.
Oʻzlukin chun soldi oʻlgan kun Navoiy boshidin,
Bu jihatdindur anga gar dardisar yoʻqtur bu kun.
* * *
Bizga ul oy hajridin bir yilchadur har tiyra tun,
Kunduzin angla bu tundin ham qorongʻu, ham uzun.
Balki yoʻqtur bu tunu kunda tafovut, lek bor
Har birida bir gʻami muhlik bu mahzun jon uchun.
Gar oʻtar yuz ming suubat birla kunduz mehnati,
Voyu yuz ming voy, men bekasga boʻlgʻach kechqurun.
Gar butun ermas yoqam, ey doʻst, hayrat qilmakim,
Tosh urardin koʻksum ichra bir soʻngak ermas butun.
Hajridin oʻrtansa jismimda soʻngaklar, tong emas
Kim, erur oʻt asru itik, dogʻi bas qoqshol oʻtun.
Ishq naxlining bari hijron emish, ey doʻstlar,
Bu nasihatdin yengiz bar oshiq oʻlmastin burun.
Necha tun hijron aro oldi Navoiy jonini,
Kimga yetsa vasl, tutsin mugʻtanam bir necha kun.
* * *
Subh chun borgʻung, kelib kulbamgʻa pinhon kechqurun,
Hajr oʻqin jonimgʻa sen otma tong otmasdin burun.
Necha el mendin yoshurgʻaylar seni, vah, bir kecha
Netti kulbam sari kelsang, barcha eldin yoshurun.
Jon magar chiqqay va yoxud sayli ashkim koʻyidin
Chiqqudekmen, bori ul koʻy ichra tutmay men oʻrun.
Jilva qilgʻanda koʻrunmaslar koʻzumga shoʻxlar,
Ey pariy, sen bori bu devonagʻa gohi koʻrun.
Nolam andoq boʻldi, bagʻrin yorasi islangʻali
Kim, yonimdan oʻtmas, el tutmay quloq birla burun.
Chirmabon berkit surohi ogʻzini, ey piri dayr,
Qayda koʻrsangkim, uzulmish choki xirqamdin burun.
Ey Navoiy, tifllar qovgʻon zamon majnun debon,
Bu bahona birla oʻz laylivashing sari urun.
* * *
Ishq dashtin hech gʻurbatkash musofir koʻrmasun,
Men gʻarib ul dasht aro koʻrganni kofir koʻrmasun.
Yormangiz Farhodu Majnun ollida koʻksumnikim,
Botinimning dardu dogʻin ahli zohir koʻrmasun.
Dahrni qil tiyra, yo rabkim, aning tufrogʻidin
Har ne koʻz mumkin esa boʻlmoqqa nozir, koʻrmasun.
Har boqishda qatli om aylar koʻzungkim, dahr eli
Hech kimni sen kebi bu fanda mohir koʻrmasun.
Voizo koʻp vasf qilding somirining sehrini,
Hozir oʻlgʻilkim, seni ul koʻzi sohir koʻrmasun.
Kimki oshiqlik asiridur, taxayyul birla ham
Ishq koʻyida oʻzin osuda xotir koʻrmasun.
Kim, Navoiydek fano vodiysida istar huzur,
Kechsun oʻzdin, balki xud oʻzlukni hozir koʻrmasun.
* * *
Borsang ol jonimni, to sensiz manga jon qolmasun,
Jon qolib, jon ichra nogah dogʻi hijron qolmasun.
Chun oʻlarmen — chin deyin, ishqi buzugʻ koʻnglumdadur,
Men oʻlub, ul ganj bu vayronda pinhon qolmasun.
Ey koʻngul, dey koʻzga bu damkim, tirikmen, kelsa yor,
Orazidin bahra olsun, asru hayron qolmasun.
Hajrida oncha balo yetkur manga, ey charxkim,
Oʻzgalar ishqin havas qilmoqqa imkon qolmasun.
Mujdai vaslin tilab, eykim, koʻnguldin hajr oʻqin
Tortasen, vah, oncha voqif boʻlki, paykon qolmasun.
Dahr aro andoq maosh etgilki, sendin qolmasa
Toat andoqkim, keraktur bori isyon qolmasun.
Ey Navoiy, sobit oʻlsun shoh Gʻoziy davlati,
Ollida qul boʻlmagʻan olamda sulton qolmasun.
* * *
Sensizin, ey umr, bir soat manga jon boʻlmasun,
Sen boʻlu bas, tubiyu firdavsu rizvon boʻlmasun.
Deb emishsen: kuyduray bir dogʻ ila koʻnglin aning
Har nechuk dogʻ oʻlsa oʻlsun, dogʻi hijron boʻlmasun.
Qoshigʻa qilgʻach sujud, oʻlturdi ul kofir meni,
Hech musulmon yori, yo rab, nomusulmon boʻlmasun.
Ishqida jonim uqubatlar bila ol, ey ajal,
To aning oshiqligʻi hech kimga oson boʻlmasun.
Ul pariy koʻnglumda mehmon oʻlmish, ey jon voqif oʻl,
Oh oʻti dud etmasun, zaxm ichra paykon boʻlmasun.
Ey koʻngul, maste chiqib shahr ichra solmish rustahez,
Vah, xabar tutkim, bizing beboki nodon boʻlmasun.
Dedikim: jon ber dogʻi oʻpgil ayogʻim tufrogʻin,
Ey Navoiy, tezrak boʻlkim, pushaymon boʻlmasun.
* * *
Gʻam yelidin, yo rab, ul gulga gʻubore boʻlmasun,
Balki onsiz dahr bogʻida bahore boʻlmasun.
Qaddining sarvigʻakim, bogʻi latofat naxlidur,
Chashmayi hayvondin oʻzga joʻybore boʻlmasun.
Ayshu ishrat jomidin boʻlsun yuzi gul-gul, valek
Koʻngliga gʻam gulbunidin xor-xore boʻlmasun.
Jilvasoz oʻlgʻanda maydon ichra chobuk shoʻxlar
Shohu sarxayl andin oʻzga shahsuvore boʻlmasun.
Gar buyursang sadqa boshigʻa evurmak, ey rafiq,
Budur ummidimki, mendin oʻzga bore boʻlmasun.
Dahr bogʻining nasimi sovurur gul xirmanin,
Anga ul gul gulshani sari guzore boʻlmasun.
Ey Navoiy, qil duo jonigʻavu jahd aylakim,
Mayling aning qullugʻidin oʻzga sori boʻlmasun.
* * *
Yoridin hech kim meningdek zoru mahjur oʻlmasun,
Jumlayi olamda rasvoliqqa mashhur oʻlmasun.
Men boʻlay ovora to ishqimdin aylab guftugoʻy,
Oti aning har kishi ogʻzigʻa mazkur oʻlmasun.
Jonima bedodu zulmin, yo rab, ul miqdor qil
Kim, aning oshiqligʻi har kimga maqdur oʻlmasun.
Men xud oʻldum, lek har oshiqki, bordur pokboz,
Navha tortib motamim tutmoqda ma’zur oʻlmasun.
Pand ila koʻnglum uyin qilma imorat, ey rafiq,
Bizni buzdi hargiz ul, yo rabki, ma’mur oʻlmasun.
Kechalar ul gul chekar ermish qadah, ey tong yeli,
Voqif oʻl holimni aytur chogʻda maxmur oʻlmasun.
Yor vasligʻa quvondim, qovdi koʻyidin meni,
Ey Navoiy, hech kishi davlatqa magʻrur oʻlmasun.
* * *
Agar ishqing havosida yogʻar har jola tosh oʻlsun,
Nishona har biriga dermen ushbu xasta bosh oʻlsun.
Yuzungnung mehridin bir zarra sotmon, gar falak javfi,
Toʻla boʻlsun filuriy, har filuriy bir quyosh oʻlsun.
Sitam zangin temurdek koʻnglidin, vahkim, qira olmas,
Nechakim nolai zorimda suhondek xarosh oʻlsun.
Quyoshni boʻlmas, ey gardun, ul oygʻa aylamak tashbih,
Ogʻiz gar zarra, Choʻlpon — koʻz, yangi oy anga qosh oʻlsun.
Agar paykonlaring koʻz istabon topti koʻngul, gʻam yoʻq,
Kelib yigʻlar mahal ul qatra sular koʻzga yosh oʻlsun.
Sipohi husnunga bir mahchasi raxshon alam boʻlgʻay,
Quyosh koʻzgusiga ohim sutuni gar tutosh oʻlsun.
Koʻngulda sirri ishqin asray-asray oʻldum, ey soqiy,
Qadah tutkim, xarobot ahligʻa fosh oʻlsa fosh oʻlsun.
Koʻngulga jon bila bir dogʻing ozdur, qoʻy yana bir ham.
Necha ikki gadogʻa bir diram uzra talosh oʻlsun.
Ularda tengdurur shoh aylasun gulshan gulin mafrash,
Vagar gulxan kuli uzra gado sohibfirosh oʻlsun.
Navoiy ashk durridek tilarkim koʻzda yer bergay,
Agar ishqing havosida yogʻar har jola tosh oʻlsun.
* * *
Doʻstlar, bir chora men devonai shaydo uchun,
Kim oʻlarmen ul paripaykar malaksiymo uchun.
Otashin gul tegrasida la’lgun yuz barg emas,
Balki yuz na’l oʻtqa solmish bulbuli shaydo uchun.
Xom koʻnglumkim dudogʻingni tilab afgʻon qilur,
Bordurur ul tifldekkim yigʻlagʻay halvo uchun.
Ashk ichinda gʻarqamen, zulfungni tutqaymenmu deb,
Oʻylakim tojir tengiz ranjin chekar savdo uchun.
Turki mastedur koʻzung uyquda, koʻz kunjida xol
Oʻgrikim qilmish kamin yonida qoʻrgon yo uchun.
Gulxanidekdurki istar gulxanu olotini,
Siflakim mehnat chekar dunyovu mofiho uchun.
Bu Navoiy bandani, ey sarv, ozod asrakim,
Boʻyla bir bulbul kerak sendek guli ra’no uchun.
* * *
Yorni derlarki chekmish yuz jafo men zor uchun,
Boʻlsa ming jonim fido aylay jafokash yor uchun.
Yorkim yori uchun cheksa jafo bil ani yor,
Ulsa ozdur kimsa andoq yori mehr osor uchun.
Yorliq koʻrguzdi men jon birla minnatdorliq,
Jonini haq asrasun bu zori minnatdor uchun.
Men ne qilgʻaymen anga loyiq magar ming sarvu gul,
Olib ozod etkamen ul sarvi gulruxsor uchun.
Rostliq birla ravishkim anda bordur, kimda bor,
Xoʻb ekandur oʻlmakim ul qomatu raftor uchun.
Oʻlmakim bemorliqdin sahldur chun tirguzur
Ani, yo rabkim, salomat asra bu bemor uchun.
Ey Navoiy, yoʻq edi olamda oyini vafo,
Haq nasib etti sanga senda bu ma’ni bor uchun.
* * *
Oʻt yolindek sen qachon chopsang samandi barqrav,
Bir alam ul oʻtqa boshing ustida gulgun yalav.
Tortibon tigʻi jafo, bagʻrimni yuz chok ayladi,
Bordi ulkim der edilar el meni bagʻri butav.
Hullai kofurgun ul xil’ati xazro uza,
Sabzai jannatqa goʻyo tushti rahmatdin qirav.
El inoni ixtiyori chiqqti yaksar ilgidin,
Poʻyada har sari ul chobukki qaytardi jilav.
Xoʻblar ichra birav koʻnglumni olmishkim, ani
Mendin oʻzga kimsa birla qilmagʻil, yo rab, ikav.
Tiyralar lutf aylabon tutmas safo ahli yerin,
Yorigʻan birla uchi, sham’ oʻzini tutmas koʻsav.
Gar Navoiy kilkidek el kilki shakkarrez emas,
Ayb qilma, birdek oʻlmas nayshakar birla gʻarav.
* * *
Garchi koʻp sargashlik etti bogʻ aro bunyod sarv,
Qomatinggʻa banda boʻlmay, boʻlmadi ozod sarv.
Dahr dehqoniki, yuz ming sarv qildi jilvagar,
Gulshani davron aro bermas qadingdek yod sarv.
Boshigʻa to qomating da’vosidin tushti havo,
Koʻrdi koʻp qushlar lagadkoʻbi bila bedod sarv.
Topmamish yeldin sado birla taharrukkim, koʻrub
Qomatingni iztirob aylab, qilur faryod sarv.
Goʻyiyo qaddinggʻa oshiqliq havosin tuzdikim,
Sarsari ohim yetib, berdi oʻzin barbod sarv.
Laxli qadding shavqidin boʻston aro chun tushsa oʻt,
Shu’la tez aylar oʻtundin, uylakim, shamshod sarv.
Sheva qil tuzlukka, osibe xazondin koʻrmadi,
Toki boʻldi rostligʻ oyinida mu’tod sarv.
Doimo ozodlarning sabzu xurram boʻlmogʻi,
Bogʻ aro bulbul tili birla qilur irshod sarv.
Ey Navoiy, dahr boʻstonida bulbul men kebi
Boʻlmagʻay, topsang yurub, bir guljabinlik zod sarv.
* * *
Yuzungda may guli yo gul ochilgʻan boʻstondur bu,
Gulungda qatra xoʻy boʻstondagʻi sudin nishondur bu.
Koʻzumda qatra qonlar bogʻlagʻan ermas hamonokim,
Nazar bogʻida shavqingdin ochilgʻan argʻuvondur bu.
Emas vasling tilab uchqan koʻzum atrofida kirpik
Kim, ul daryoyi qushlargʻa qamishdin oshyondur bu.
Koʻnguldin chiqqon ohim aylar afzun xalq savdosin
Ki, shaydoligʻ diyoridin yetishgan korvondur bu.
Qizil ranglar koʻzumda koʻrgan anglar ashk saylinkim,
Oqargʻa kelgan ul yoʻllar bila har sari qondur bu.
Labindin xastadur koʻnglum dam ochma, ey Masih, oʻtkim,
Ilojin yuz seningdekning beganmas notavondur bu.
Quyundek dasht aro koʻrsang meni, koʻp qochmakim, har dam
Boshinggʻa evrulur sargashtayi bexonumondur bu.
Koʻngul mayxona romi, xotirim xush may batidinkim,
Munga ruh-ul-amindur ul, anga dor-ul-amondur bu.
Dema, hijron tuni har dam yetar ul oygʻa faryodim,
Ul oy faryodinga yetmas, Navoiy, ne figʻondur bu.
* * *
Hajrida koʻnglumga bor ul la’li serob orzu,
Ne ajab maxmur qilsa bodayi nob orzu.
Ul pariy majnuni oʻldum bu sababdinkim, erur
Zulfining zanjiridin boʻynumgʻa qullob orzu.
La’lidin behush boʻlmogʻliq havasdur jonima,
Kimga, vahkim, boʻlmagʻay mundoq shakarxob orzu?!
Ittim ogʻzin istabon men, yoʻq tamannoligʻni voy
Kim, adam yoʻlida gum qildi bu noyob orzu.
Koʻrdim um ul but qoshlari, kofirmen, ar islomi bor,
Qa’ba ahli qilmasa bu nav’ mehrob orzu.
Faqr koʻyining qora sholi bila gulxan kulin
Topqali, billahki, qilman kishu sinjob orzu.
Gar Navoiy tarki ishq etti havas oʻlturmakim,
Chin emastur aylamish bu ishni oʻynab orzu,
* * *
Belingu zulfung xayolin sharh etarmen moʻ-bamoʻ,
Tashnadurmen la’linga to bordurur jonimda su.
Orzu aylar labing ollinda jon bermakni Xizr,
Xizr suyidin oʻlug umr aylagandek orzu.
Sharbati la’ling qoʻyub noʻsh aylagan hayvon suyi
Boʻlgʻay andoqkim, qoʻyub hayvon suyin ichkay ogʻu.
Sunbulungni qilgʻali oshufta yoʻl topmas nasim,
Baski atrofidadur shaydo koʻngullardin gʻulu.
Terlagan yuz qatrasidinkim, yuzum qonin yudung,
Vah, ne deykim, ishq aro toptim ne yangligʻ obroʻ.
Koʻnglaking lavnidin oʻldum, atridin toptim hayot,
Qaysi gul barginda bor erkin bu yangligʻ rangu boʻ.
Ey Navoiy, yor sarvaqtinggʻa yetmak istasang,
Ohu ashkingdin supur vaqting harimin, balki yu.
* * *
Bulbuli ruhum qilur bogʻi visolin orzu,
Suyu dona oʻrnigʻa ruxsoru xolin orzu.
Ham koʻngul gulzorida gulbargi ruxsorin havas,
Ham nazar boʻstonida qaddi niholin orzu.
La’li serobin gar ettim orzu, vah, kimdurur
Ulki, qilmas chashmai hayvon zulolin orzu.
Men kimu topmoq va lekin bir yiroq ummid uchun,
Doim aylarmen visoli ehtimolin orzu.
Ishq aro ahvolim andoq sa’bdurkim, tunu kun,
Aylaram Majnun bila Farhod holin orzu.
Muntaqildur jon adam mulkiga baskim, bor aning
Qildi gʻurbatdin vatanga intiqolin orzu.
Sham’i gulroʻyum firoqinda qilurmen uchqali
Jismima bulbul parin, parvona bolin orzu.
Shoh dardu ishq agar qilsa havas, bor uylakim,
Soyil etkay saltanat johu jalolin orzu.
Ey Navoiy, goʻyiyo ul yuz koʻzum ollindadur,
Baski aylarmen tamoshoye jamolin orzu.
* * *
Yor mustagʻniyu muhlik gʻami hijron asru,
Ohkim, qolmisham oʻz holima hayron asru.
Raxnalar soldi oʻqung kasrati koʻnglum uyiga,
Ul yogʻin ayladi bu kulbani vayron asru.
Ey rafiq, oʻqini zaxmimdin agar chekting, lek
Yetadur jonima koʻnglumdagi paykon asru.
Shayx taklifi namoz etti, vale bilmaskim
Ishq tiygʻi yarasidin boradur qon asru.
Noz etib gʻamza oʻqin gar otar, ey jon, asra
Kim, otar gʻamza oʻqin noz ila jonon asru.
Gʻussa jomiki bu davr ichra labolabdur, ani
Vahki, bot-bot tutadur soqiyi davron asru.
Ey Navoiy, dema iqboli baqo mushkil erur,
Foniy oʻlgʻangʻa erur ushbu ish oson asru.
* * *
Firoqing ichra ishim iztirobdur asru,
Tarahhum aylaki, holim xarobdur asru.
Koʻzumdin ashk tugandi, koʻnguldin oʻt oʻchti,
Gʻamingda bu iki beobutobdur asru.
Firoqing oʻtida ranjimgʻa yoʻq hisob, oʻlma
Bilurga ranjaki, ul behisobdur asru.
Jamol davrida ushshoq koʻnglini asra
Ki, husn xayligʻa oyin shitobdur asru.
Birorta shiftai jonu koʻngulga rahm ayla
Ki, bu xarobdur, ul bir yabobdur asru.
Angaki masjid aro yetmadi kushod, ne gʻam,
Yetishsa maykadagʻa fathi bobdur asru.
Navoiy andin erur gʻussa tufrogʻi orast
Ki, koʻnglin olgʻali olijanobdur asru.
* * *
Sochti gerdin gul uza ul sarvi gulruxsor su,
Kuymagim daf’igʻa qildi oʻt uza izhor su.
Yuzda xay tugʻyonidin gar kulsa ogʻzi yoʻq ajab,
Gʻunchagʻa boʻlmas ochilmoq, ichmayin gulzor su.
Tiygʻi bot-bot zaxm urardin zor jismim qildi za’
Zamzam oʻlsunkim, koʻp ichsa yetkurur ozor su.
Yor ayogʻi tufrogʻidin oʻzga koʻrman doruye,
Ey muolij, koʻzlarimdinkim kelur bisyor su.
Mehrkim, ul chehra aksidur nedur, gar boʻlmamish
Oʻtlugʻ ohim shu’lasidin gunbadi davvor su.
Gʻam oʻtidin, ey hakim, oʻlmak tilarmen, jomima
Zahr qoʻshsang qoʻsh valekin qotmagʻil zinhor su.
Xasta koʻnglum ogʻzi zaxmi paxtaligʻ paykonidin,
Bor aningdekkim, momuq birla ichar bemor su.
Shar’din ayru riyozatdin safo kasb aylagan,
Uyladurkim sof oʻlur taskin bila murdor su.
Toʻrt yondin oʻqi yoʻl qilmish Navoiy koʻnglini,
Ishq savdosi uchun goʻyo yasaptur chorsu.
* * *
Yuziga tushub erdi uyquda gesu,
Quyoshni yoshurgonda tun ne tong uyqu.
Yaram kasratidin ulus yigʻlar, ammo
Kelur har birisiga holimgʻa kulgu.
Iki koʻz jamolingdin ar bahra topti,
Koʻngul yutti qonlar, budur qushqa qoru.
Yuzung oʻtrusida quyosh xush koʻrunmas,
Quyoshqa aningdekki, oy boʻlsa oʻtru.
Yuzung oʻtin ohim yorutur erur, shukr
Ki, ul dam bila tiyra boʻlmas bu koʻzgu.
Manga may nashotin koʻrub qaygʻurur shayx,
Nashot aylaram men koʻrub anda qaygʻu.
Navoiyni ishq oʻlturur, tirguzur ham,
Zihi ishq ishi ne qnyomat erur bu.
* * *
Gʻamimnimu deyin yo begʻam elning mojarosinmu?
Koʻngul holinmu yoxud koʻnglum olgʻanning jafosinmu?
Qatiq ishqim balovu shiddatinmu aylayin taqrir,
Yoʻq ersa benihoyat ishtiyoqim ibtilosinmu?
Adadsiz dardu ranjim sa’b ekannimu qilayin sharh,
Sifatqa rost kelmas shavqum oshubi balosinmu?
Koʻngulda vasl bogʻi orzusinmu bayon aylay,
Bagʻirda xori hijron noʻgining muhlik yarosinmu?
Vafosiz yor beparvoligʻiningmu soʻzin aytay,
Manga javru jafo tiygʻin urub, elga vafosinmu?
Falak zulmi, ulus bedodi yo bir sarvi ra’noning
Mening holimni aylab behavo har yon havosinmu?
Navoiy, iltifot ogʻoz qildi yor, bilmankim,
Firoqidin shikoyatmu qilay, vasl iltimosinmu?
* * *
Jonda jonparvar soʻzidurmu labi xandonimu,
Ruhum oromi deyinmu ani jonim jonimu?
Koʻnglum ichra nishlarkim, sanchilibdur anglaman,
Nishtari mujgonidurmu novaki paykonimu?
Ey koʻngul, olam buzarda qay biri ortugʻ ekin
Nuh toʻfonimu ashkim saylining tugʻyonimu?
Jon olurda qaysining sa’b erkanin sharh aylayin,
Ishqining bedodimu, yo shiddati hijronimu?
Nesi ul gulning Eram gulzoridin ortugʻ emas,
Jilva aylar sarvimu, yo gʻunchayi xandonimu?
Eyki, berding dahr shoʻxigʻa koʻngul, qatling uchun
Ishvayi paydosimu yoʻq, ofati pinhonimu?
Qatl qildilar Navoiyni valekin bilmadim,
Koʻnglin oldurmoqmu erdi, yo koʻngul olgʻanimu?
* * *
Yuzunga oshufta qoshlar boʻlmasa oshiq nagʻu,
Boʻldilar har qaysi bir devonai joʻlida moʻ.
Boʻlmasa devona, bas, ne vajhdin zanjir etib,
Kelturubtursen ayogʻi sari zulfi mushkboʻ.
Ul araqnok otashin ruxsoringa mayl ettilar,
Telbalar moyil boʻlurlar, koʻrsalar oʻt birla su.
Telba ermas, balki ikki hindui sohirdurur,
Bosh qoʻshib afsun uchun goʻyo qilurlar guftugoʻ.
Yo tamosho qilgʻali, yo sehr ta’lim olgʻali,
Zulfining hindulari har saridin qilmish gʻulu.
Shoʻxlarning qoshlarigʻa, ey koʻngul, mayl etmakim,
Ofiyat koʻyiga hojiblardur ikki roʻbaroʻ.
Qoshigʻa tushkan girihlar birla koʻnglung bogʻlamish,
Ey Navoiy, ishqini tark ayladim deb boʻldimu?
* * *
To tushta yuzin koʻrdumu boʻlmish manga kom uyqu,
Lekin gʻamidin boʻlmish koʻzumga harom uyqu.
Koʻnglum ne uchun yetkach zulfunggʻa boʻlur bexud,
Ma’hud emas elga chun avvali shom uyqu.
El koʻzlaridin ul koʻz uyquni tamom olmish,
Bu ishtin ekin oxirkim, boʻldi tamom uyqu.
Yo tushta koʻray ani, yo gʻayrni koʻrmay deb,
Koʻz ochmayin istarmen hajrinda mudom uyqu.
Bu marhalada solik koʻz yumsa, qolur yoʻldin,
Yoʻl ahli qachon aylar aylarda xarom uyqu.
Chun sayli sirishkimdin koʻzning qorasi bormish,
Ne nav’ tuta olgʻay ul yerda maqom uyqu.
Uyqusi Navoiyning gar oʻchti, ajab ermas,
To dona sirishk oʻlmas, boʻlmas anga rom uyqu.
* * *
Mehrida men xastaning har lahza holi oʻzgacha,
Lek ul badmehrning har dam xayoli oʻzgacha.
Gulbun oʻldi past vard asru biyik, billahki, bor,
Sarvi gul roʻyim qadining e’tidoli oʻzgacha.
Bogʻ naxlining qadingdek boshida gul butmamish,
Husn bogʻining boʻlur ermish niholi oʻzgacha.
Har zamon la’ling mayi yodi koʻngulni mast etar,
Ani har dam aylar ul fikri muholi oʻzgacha.
Ey musavvir, aylasang taqlid jonon suvratin,
Chekmagil jonkim erur aning misoli oʻzgacha.
Gar guli ra’no qizil, sarigʻ koʻrunur vajhi bor,
Har dam aylar ani chehrang infioli oʻzgacha.
Taqvi ahlidek borib mugʻ dayrida yoʻl topmaduq,
Soqiyo, may tutki bu qatla borali oʻzgacha,
Xonaqah ahligʻa, ey zohid, meni oʻxshatmakim,
Zuhd eli bor oʻzgacha, rind louboli oʻzgacha.
Ikki dunyodin kechib yor istagan topmish visol,
Ey Navoiy, kelki yoʻqtur ehtimoli oʻzgacha.
* * *
Vahki, chamandin yana esti shamol oʻzgacha,
Har dam oʻlur atridin koʻngluma hol oʻzgacha.
Bulbulu qumri chekib lahnu navo oʻzga nav’,
Koʻrguzadur sarvu gul gʻanju dalol oʻzgacha.
Savsan oʻlub sarbaland, gʻuncha qilib noʻshxand,
Elga alardin yetib daf’i malol oʻzgacha.
Sunbuli purtob ham, lolai serob ham,
Dud ila oʻtdin boʻlub shibhu misol oʻzgacha.
Kirdi magar dilbarim, huri pariy paykarim,
Gulshan aro koʻnglida fikru xayol oʻzgacha.
Boʻlsa manga dogʻi yoʻl, andaki aysh aylar ul,
Qilsam edi mast oʻlub qolu maqol oʻzgacha.
Umri abad topqamen, tutsa manga bir qadah,
Nash’aye maydin anga husnu jamol oʻzgacha.
Dahrda yoʻqtur karam, dahrning ahlida ham,
Qilmagʻasen, ey koʻngil, fikri muhol oʻzgacha.
Zuhd, Navoiy sanga bermadi masjidda fayz,
Emdi kirib dayr aro, tarhni sol oʻzgacha.
* * *
Hirotdin agar oʻt tushsa Sabzavorgʻacha,
Boʻlay samandaru tortay oʻzumnn yorgʻacha.
Koʻngul dogʻi bu oʻt ichra yoʻluqsa ham xushtur
Ki, boʻlsa hamrahim ul sarvi gul’uzorgʻacha.
Junun aro yorishib gohu goh qichqirishib,
Yetishsak ikkimiz ul tundi shahsuvorgʻacha.
Emas chu umr ishi ma’lum, har nechuk boʻlsa,
Oʻzumni yetkurayin yor oʻlur diyorgʻacha.
Ajal chu yetti aning koʻyi sari sudransam,
Fidosi jismi nizor oʻlsa joni zorgʻacha.
Chu koʻyi ichra mazorimgʻa bersalar tartib,
Qadamin qilsa gahe ranja, ul mazorgʻacha.
Visol qaydayu men qayda, soqiyo may tut
Ki, moʻr sayri emas charxi zarnigorgʻacha.
Erur bahor gʻanimat, may ichki, bilmassen
Ki, dahr bogʻida boʻlgʻung yana bahorgacha.
Navoiyo, gʻamim oʻlturdi, gʻamzada may ber,
Yoʻq ersa boshla meni yori gʻamgusorgʻacha.
* * *
Oʻzgalar bogʻindadur navras niholim bu kecha,
Tonggʻa tegru oʻzgadur har lahza holim bu kecha,
Hajr dashtida yuz oʻtluq vodiyu har dam meni
Oʻzga vodiygʻa solur, vahkim, xayolim bu kecha.
Soʻrma koʻnglum holini, bedod ila oʻlturgusi,
Oʻzin ul devonai bee’tidolim bu kecha.
Barcha bir-birdin sovurmoq biymidur, nekim oʻtar,
Anjumu aflok birla qiylu qolim bu kecha.
Yuz quyosh qilsa tulu’, ermas yorugʻluq yetkudek,
Andoq etmish tiyra olamni malolim bu kecha.
Buylakim, har dam urarmen jongʻa yuz tigʻi halok,
Tonggʻacha, vah, to qayon yetkay maolim bu kecha.
Ey ajal, jonim fidong oʻlsunki, botroq et xalos.
Chun koʻrunmaydur tirilmak ehtimolim bu kecha.
To qiyomat subh toli’ boʻlmasun emdiki, bor
Hashr subhi sari mayli intiqolim bu kecha.
Ey Navoiy, har ne zulmikim qilib erdi xayol,
Barchani jonimgʻa qildi charxi zolim bu kecha.
* * *
Uyquni ohim yeli koʻzdin uchurdi bu kecha,
Aqlu his avroqu ajzosin sovurdi bu kecha.
Anjam ermas, charx zulmin holima anglab qazo,
Tiyra ruxsorimgʻa ming qatla toʻkurdi bu kecha.
Hajrdin tufrogʻ boʻldum, goʻyiyo ashkim suyi
Boshima charxi koʻhan toqin yemurdi bu kecha.
Zulm toshi yogʻdurub, hijron qilichi indurub,
Ne balolar ishq boshimgʻa keturdi bu kecha.
Zaxm koʻptin men oʻlum holida oʻlgan sogʻinib,
It yalab qonim, soʻngaklarni koʻmurdi bu kecha.
Subh toli’ boʻlmadi, garchi ul oydin ayru hajr,
Boshima ming qatla gardunni uyurdi bu kecha.
Charx men sargashta yoshidin xijil boʻldiki, koʻp
Anjumi ashkim shihoboso yugurdi bu kecha.
Tiyra andindurki, oy, kun sham’in ohim sarsari
Charx fonusi aro bir-bir oʻchurdi bu kecha.
Ey Navoiy, oʻlmakim anglab ul oyning koʻyida,
Itlari bir dam ulub, bir lahza hurdi bu kecha.
* * *
Pardagʻa kirgan kebi xurshidi raxshon har kecha,
Azmi xilvat aylar ul sham’i shabiston har kecha.
Ul kulub ahbob birla subhdek, men sham’vor
Oʻrtanib koʻnglum toʻkarmen durri gʻalton har kecha.
Bir quyosh hijronida uryon tanim gardun kebi
Mehr oʻtidin koʻrguzur ming dogʻi pinhon har kecha.
Gah-gah, ey maxmuri xobolud, soʻr ul xastani
Kim, yetar ogʻzigʻa la’ling yodidin jon har kecha.
Nosiho, ne nav’ pinhon toat aylakim, olur
Dinu donish naqdini bir nomusulmon har kecha.
Bir kecha soʻrgʻil meni andin burunkim, soʻrgʻasen,
Qani ul bedilki, aylar erdi afgʻon har kecha.
Chek, Navoiy, nola, koʻz may bersunu bagʻrim kabob,
Chun boʻlur ul oy xayoli bizga mehmon har kecha.
* * *
Yuzi ollida gul, nazzora qildim, xoʻb emas ancha,
Qadi qoshigʻa boqtim, sarvgʻa margʻub emas ancha.
Habibim ishqida devona boʻlgʻanda, pariy dogʻi
Koʻzumga jilva qildi, borlar mahbub emas ancha.
Boʻlubmen yorgʻa tolib va lekin hurgʻa zohid,
Muni men istamasmenkim, manga matlub emas ancha.
Iti oʻltursa ham, koʻprak sogʻinurmen raqibidin,
Nedinkim, xotirimdin bu pariy maslub emas ancha.
May ichsam behisob, eskarmayin kavsar suyin, yoʻq ayb,
Fano kasbida bu ollimda chun mahsub emas ancha.
Junun koʻnglumga Majnundin erur gʻolibroq, ey oqil,
Taaqqul aylasang savdogʻa bu magʻlub emas ancha.
Agar zuhdi riyoiy ahlidin kufr ahlini koʻproq
Sogʻinsam ayb emaskim, bu manga ma’yub emas ancha.
Koʻzum ashkini yoʻq, lekin qurutmoq bahrni mumkin
Ki, xilqat vajhidin tab’i munung martub emas ancha.
Navoiygʻa keraktur yor, gul bulbulgʻa boʻlsunkim,
Yuzi ollida gul, nazzora qildim, xoʻb emas ancha.
* * *
Sarvu gul husn ichra yoʻq ul sarvi gulruxsorcha.
Uylakim, qumriyu bulbul nolada men zorcha.
Ul bahori husn uchun har sayl ranginkim, bulut
Zohir etti, yoʻq edi bu didai xunborcha
Garchi davron xoridin gul yafrogʻidur yuz teshuk,
Hajr neshidin emas bu xotiri afgorcha.
Zulfining har tori bir moʻminni chun kofir qilur
Desa boʻlgʻay ani din ahligʻa ming zunnorcha.
Koʻyini ul hurnnng selobi ashkim kasrati
Aylamish jannatu tajri tahtuhol-anhorcha.
Abri rahmat soyai sihhat boshimgʻa solmagʻay,
Ul quyosh koʻyi qirogʻinda buzugʻ devorcha.
Bu koʻhan dayr ichra bir dam qilgʻali daf’i xumor,
Amni manzil topsa, boʻlmas kulbai xammorcha.
Olam ahligʻa vafo aylab, jafo koʻrgan erur,
Yuz tuman ming zor emas, ammo biri men zorcha.
Chun Navoiy koʻnglini snndurdung, endi topmagʻi
Mumkin ermas, itti chun har yon tushub bir porcha.
* * *
Gar quyoshtin qadrim ortugʻroqdurur shoh ollida,
Zarradin yuz qatla oʻksukrakmen ul moh ollida.
Yenida oy ollida xurshid erur har kimsakim,
Goh boʻlsa dilbarining yonida, goh ollida.
Koʻz yumub ochquncha garchi koʻnglum olib oʻrtadi,
Vah, netib asray koʻngulni buyla dilxoh ollida.
Oy falak xirgohida andin chekar yuzga sahob,
Kim ocha olmas yuzin ul mohi xirgoh ollida.
Husn shohi boyu men munglugʻ gadoligʻ qilmasam,
Kimni topib aylagaymen shayalilloh ollida.
Ulki, vahdat sharhin aylar, sirridin ogoh emas,
Gar fano kasb etmagan boʻlsa bir ogoh ollida.
Ishq iqboli Navoiygʻa ekandur sarnavisht,
Koʻrmay oʻlmas ulki, mehnat boʻlsa yo joh ollida.
* * *
Ul soʻyulgʻan bargi gul chogʻliq yuzung boʻstonida,
Bir qizil gul bargi butmish goʻyi oq gul yonida.
Yoʻqsa oyning yonida Bahrom boʻlmish jilvagar,
Jilvasi Bahromning, ne tong, qamar davronida.
Yoʻqsa bir tirnogʻing oʻlmishdur xinodin la’lgun,
Oyati keldi yadi bayzo chu ilging shonida.
Yoʻqsa nomam safhasin bir qatra qon etti nnshon,
Qon yoshim mahzun koʻngul dardin sanga yozgʻonida.
Yoʻqsa ul yuz koʻzgusi bir qatra terdin tutti rang,
Chun quyosh tobi ayon boʻldi sipehr ayvonida.
Safhai jonimgʻa, ey soqiy, tomiz bir qatra may
Kim, oʻzin topting, koʻngul ne hol esa jononida.
Orazi ul shoʻx chobukning soʻyulgʻan vajhidin,
Yuz ming andoq zaxmdur miskin Navoiy jonida.
* * *
Koʻnglum itti zor husni onining tugʻyonida,
Ayladi oshiq meni husnu malohat onida.
Yuz tuman taqvo sipohin raxshi aylar poymol,
Mast aylar chogʻda javlon xoʻbluq maydonida.
Qasri davlat ichra eldin jon olurning ne gʻami,
Xastadinkim jon talashqay za’fdin vayronida.
Necha ul oy itlari bor ersa sondin tashqari,
Men kimu boʻlmoq aning koʻyida itlar sonida.
Vah, ne kofir erkin ulkim, zulfining zunnoridin
Soldi yuz ming uqda taqvo ahlining imonida.
Ey xush ulkim, garchi tunlar yoni yerga yetmadi,
Koʻrdi oʻz sham’i shabistonini bir tun yonida.
To Navoiy telbarabtur sensiz, ey gulrux pariy,
Bir tikan har tuk soyu koʻrgil tani uryonida.
* * *
Ey niholi qomating sarsabz jon boʻstonida,
Jilvasidin vola oʻlmoq sarvu toʻbi shonida.
Qoshlaringdur goʻyi ikki hinduiy otashparast,
Mayl qilgʻon sajdagʻa oʻtluq uzoring yonida.
Oʻlsam olmang ul parivash toshlarinkim tutti yer
Kim, erur jonlar bu majnunning tani uryonida.
Qolqigʻay har sari gardun bir mujavvaf goʻydek,
Hajr shomi tushsa ashkim saylining tugʻyonida.
La’li hajrinda bagʻir pargolasidur istasang,
Koʻz yoshimning la’lgun har qatra tomgʻan qonida.
Chun falak davronigʻa yoʻq e’timode, ey quyosh,
Mehr koʻrguzmakni xoʻy et hoʻbliq davronida.
Bazl ilgin yuqori soyil qoʻlin koʻrgil quyi,
Teng boʻlurmu termaku sochmak xirad mezonida.
Shomi hajr ermas hamonokim, chu zolimdur sipehr,
Tushti mazlum ohi aning kulbai ehzonida.
Ul Masih anfosqa yoqmas Navoiy, ne osigʻ,
Nagʻmai Dovud agar zohir qilur afgʻonida.
* * *
Nildin har bir alif ul mahjabin ruxsorida,
Bir niholi sarv erur goʻyo Eram gulzorida.
Ishq sultoni siyosat ayladi ushshoqni,
Xalq jismidur, somon ermas balo devorida.
Toza dogʻedur figʻonim oʻtidin boʻynumdagʻi
Har mudavvar shakl shingarfiy junun tumorida.
Tavqlar boʻlmish jaliy tortargʻa imon ahlini
Halqalar zanjiri zulfung rishtasi zunnorida.
Telbalik togʻi tanimdur, bosh uza joʻlida soch
Har biri bir notavon Majnun junun koʻhsorida.
Tushsa yuz dastor boshdin, bosh egindin, vah, ne tong
Kim, erur gulrang may boshida, gul dastorida.
Ey Navoiy, zor jisming nola qilmas za’fdin
Uylakim, sust oʻlsa, un boʻlmas mugʻanniy torida.
* * *
Kecha el osudadur, koʻnglum birav qaygʻusida,
Ulki, men qaygʻusida, osuda noz uyqusida.
Oʻlturub tun, subh tirguzmak meni zohirdurur,
Shomning giryonligʻiyu subhning kulgusida.
Ohkim, bu shomi hijronimgʻa yoʻq subhi visol,
Garchi yoʻq shomeki, yoʻq subhi aning oʻtrusida.
Uyquda orom yoʻq tun-kunki, aksin topmadim,
Tun qamar mir’otida, kunduz quyosh koʻzgusida.
Mehr yogʻdusida zarra boʻlmagʻandek oshkor,
Yuz tuman ming mehr pinhondur yuzung yogʻdusida.
Kimsa chun oʻtkanga yetmas, holni tut mugʻtanam,
Umrni oʻtkarma, oʻtkan hayf ila afsusda.
Na’l kesmaydur Navoiy qullugʻidindur nishon,
Ishq aynidur alomat yorning belgusida.
* * *
Yor aksi chunki aylar jilva may koʻzgusida,
May icharmenkim, yuzi boʻlgʻay yuzum oʻtrusida.
Ul sabohat birlakim, kuldung, manga mehr oʻldi fahm,
Mehr fahm oʻlmoq tong ermas subhning kulgusida.
Uylakim, xayli hubob ichra tushar xas, bormen
Ashk aro sargashta ul sultoni husn urdusida.
Urdi olam buzgʻali bir-birga kirpik saflarin,
Fitnalar bedor qilmoq koʻr ul oy uyqusida.
Ne xato qilgʻay koʻngullarga koʻzung mujgon oʻqin,
Har qayon chun boqsa, saydedur aning qobusida.
Navbahori dahrgʻa qoʻymang koʻngulkim, yoʻq vafo
Ne guli boʻstonida, ne lolai xudroʻsida.
Shohlar poboʻsing etkandin, Navoiy, yaxshiroq
Kim, boshingni xokirah etsang aning poboʻsida.
* * *
Topib hayoti zuloli xating qorasinda,
Yozildi oyati rahmat yuzung safosinda.
Iki labing yopishurlar, gar obi hayvondin
Rutubat oʻlmasa ul ikkining orasinda.
Ne nutq ila ne ado topti ruhbaxsh labing
Ki, ruhi notiqa ojizdurur adosinda.
Firoq biymi durur choklik koʻngulda ne tong,
Gar oʻlsa ulki qilich zaxmidur yarosinda.
Koʻzung otib manga novak xato qilur amdo,
Tirikligimga xatodur aning xatosinda.
Dedimki, umr vafo qilsa dahr ham qilgʻay,
Valek bahsdur ul ikkining vafosinda.
Navo ming aylasa bulbul Navoiy ortuq emish
Ki, munglar oʻldi adadsiz munung navosinda.
* * *
Tushta koʻrdum yorni xandon raqibin oʻtruda,
Rashkdin har lahza tish qirchillaturmen uyquda.
Ul pariy vasli aro yodimgʻa kirsa furqati,
Telbalar yangligʻ toʻkarmen ashk ayni kulguda.
Koʻzgu jannat ravzanidurkim, tamosho qilgʻali
Hur kelmish goʻyiyo, aksing emastur koʻzguda.
Yulduz itkandek quyosh yogʻdusida, itti quyosh
Orazing xurshidi chun qildi tulu’ ul yogʻduda.
Soqiyo, bir jur’a tut, shoyadki yuzlangay nashot,
Necha boʻlgʻay hajrdin ozurda koʻnglum qaygʻuda.
Oʻzlukumni ashk eltib, oʻzdin andoq yotmen
Kim, oʻzumni tonimon, aksimni ham koʻrsam suda.
Chun Navoiy yor sari yuzlanur, qaygʻu qolur,
Soya qolgʻandek keyin, xurshid boʻlgʻach oʻtruda.
* * *
Koʻnglakim qon ila har dogʻki boʻlmish toza,
Toza dogʻim bila qonidin erur andoza.
Hajrdin kuymish edim, yana deding hajr soʻzin,
Eski dogʻimni yangi dogʻ ila qilding toza.
Derki, ishqimni yoshur, vah, netibon yoshurayin,
Emdikim tutti bari dahrni bu ovoza.
La’li avsofini gul barglari uzra yozay,
Aylayin hifzigʻa jon rishtasidin sheroza.
Zeb uchun yuzunga gul bargi emastur hojat,
Hojat ul nav’iki, gul bargiga ermas gʻoza.
Oqibat qabr eshiksiz uyiga chun kirgung,
Emdi giryo senga ne sud, ochuq darvoza.
Ul pariy suvratini cheksa Navoiy, ne ajab,
Qalami topsa maloyik yungidin pargʻoza.
* * *
Rangsiz xoling erur ul orazi diljoʻ uza,
Zang ul yangligʻki koʻrguzgay asar koʻzgu uza,
Nash’a yoquti mufarrihdin gar ermas dam-badam,
Durji la’lingda nedin kulgudurur kulgu uza.
Xozini hikmat magarkim xol birla qildi muhr,
La’ldin chun soldi qufl ul huqqaliq inju uza.
Qoshi yosin qurgʻali el qasdigʻa boʻlmish kerish,
Fitnaligʻ chinkim tushar ul nargisi jodu uza.
Anbarin zulfung maloyik shahparidin soyadur
Kim, ayon boʻldi tajalli aqshomi yogʻdu uza.
Soqiyo, ishrat mayin bunyod ila sogʻargʻa quy,
Ne uchunkim, dahr bunyodin koʻrarmen su uza.
Koʻyi tufrogʻida qon yutsa Navoiy, yaxshiroq
Bodai kavsar chekardin ravzai minu uza.
* * *
Kuydi koʻnglumkim, nedin manzil emas jononagʻa
Tushti oʻt ganj orzusidin bizing vayronagʻa.
Ul pariy usruk koʻzin istab biyobon tutmisham
Kim, kiyik birla mudom ulfat boʻlur devonagʻa.
Keldimu koʻrdum yuzin qayturmen emdi oʻrtanib,
Sham’ni koʻrgan nafas yonmoq kerak parvonagʻa.
To manga begona boʻldung koʻnglum oʻldi shodkim,
Oshnodin ulfating koʻprakdurur begonagʻa.
Charxdin yigʻlarsen, ey koʻz, bilki boʻlmish yetkudek
Sayli ashkingdin xalal bu ertagi gʻamxonagʻa.
Eyki, istarsen berib jon, vasl topqanlar soʻzin,
Safhagʻa oʻt sol qachon yetsang bizing afsonagʻa.
Ey Navoiy, necha bagʻring su boʻlub toʻkkung sirishk,
Toyiri davlat chu boqmas boʻyla obu donagʻa.
* * *
Ne haddim yozmoq bitik ul mehri olamtobgʻa,
Chun yoza olmon jafosin zarraye ahbobgʻa.
Nomasigʻa rishta chirmabkim yubordim rashkdin,
Tori jismim rishta yangligʻ tushti pechu tobgʻa.
Bordi qosid, boʻldi shomu kelmadi andin javob,
Tonggʻacha to nelar oʻtkay diydai bexobgʻa.
Kim oʻqugʻay noma dogʻi kelsa chun koʻz bahridin,
Men tushubmen nomaning pechi kebi girdobgʻa.
Kimki istar nomaye sabru salomat boqmasun
Xoʻblar xolu xatdin nuqtau a’robgʻa.
Boda mavjining xututidin koʻzum topti jilo,
Soqiyo, jon ham erur moyil bu la’li nobgʻa.
Jonda yoshurgʻum alifdek, ey Navoiy, nomasin,
Shoyad andin za’f daf oʻlgʻay tani betobgʻa.
* * *
Ishq koʻp soldi meni dardu baliyat chohigʻa,
Vahki, emdi sudratur hijron siyosatgohigʻa.
Ey xush ulkim, aylay olgʻay oʻltururda dardi ishq,
Bir tazallum shohigʻa yo bir vasiyat mohigʻa.
Ul quyosh har yonki borsa, soya hamrohi aning,
Soyadek behol oʻlurmen rashkdin hamrohigʻa.
Qoʻrqaramkim, yetmagay holimgʻa may nisyonidin,
Nechakim, bor e’timodim xotiri ogohigʻa.
Yo rab, u bedilki, bir dilxoh aning matlubidur,
Ani ham yetkur meni bedil kebi dilxohigʻa.
Uyladurkim, sotibon Yusufni olgʻay siymqalb,
Kimki matlubnn qoʻyub, mayl etsa dunyo johigʻa.
Bir bihishtiy hur hajridin tamugʻning dudidur,
Boqsang oʻtlugʻ koʻnglidin chiqqan Navoiy ohigʻa.
* * *
Ul uchugʻ ermas qabargʻan la’li ruhafzosigʻa,
Shishada hayvon yeuyi solmish ulus ehyosigʻa.
Ne uchun sham’ ollida sargashtadur parvona, gar
Sadqa qilmas oʻzni aning qomati ra’nosigʻa.
Oncha ul oy koʻz qarortibtur mening qonimgʻakim,.
Surma chekmak hojat ermas nargisi shahlosigʻa.
Boqmas istigʻnodin elga, vah, ne erkim ishqidin,
Yuz tuman xayli balo har dam koʻngul yagʻmosigʻa.
Topmasa la’li mayigʻa bodapaymoligʻ koʻngul,
Xushturur nazzora ham la’li qadahpaymosigʻa.
Husn aro magʻlub anga Shirinu Laylo uylakim,
Ishq aro Farhodu Majnun ham aning shaydosigʻa
Ohu vovaylodin oʻldum, ohu vovaylo agar
Boqmasa ul shoʻx koʻnglum ohu vovaylosigʻa.
Soʻfi ibn-ul vaqtdur gar istasang osudaligʻ,
Ey koʻngul, koʻp iltifot etma zamon abnosigʻa.
Bogʻladim zunnor, ammo qilmadim ma’lumkim,
Iso aylar iqtido bu dayrning tarsosigʻa.
Gar Navoiy oʻldi ishqi tigʻidin zinhorkim,
Qoʻygʻasiz tufroqqa yuz holin debon mirzosigʻa.
Ulki toʻqqiz charx ayvoni oʻzun koʻp koʻrdi past,
Chun nazar soldi biyik dargohining kiryosigʻa.
* * *
Yoʻlunda tufrogʻ oʻldum, ey sabo, oʻtsang gʻuborimgʻa,
Quyun boʻl dogʻi eltib sadqa qilgʻil guluzorimgʻa.
Gar oʻlsam ul malak siymo pariy hajrinda, aylangʻay
Pariy birla malak parvonadek sham’i mazorimgʻa.
Firoqi tiyr boroninki, chektim qushgʻa oʻxshatqay
Ki, yulmishlar yungin boqqan kishi jismi figorimgʻa.
Quyosh yangligʻ yuzung hajrinda ermas yorumoq mumkin,
Gar oʻlsa yuz quyosh toli’ qorargʻan roʻzgorimgʻa.
Yigitlar ishqini gar ixtiyor etmay desam, qoʻymas
Yigitlik birla oshiq shevalik oʻz ixtiyorimgʻa.
Junun vodiysida qolur sabo yuz dashti poʻyamdin,
Anga yetmon, ne ildam sayr ekin chobuksuvorimgʻa.
Seni, ey mugʻbacha, mahrumluqdin asrasun tengri,
Agar bir jomi may birla iloj etsang xumorimgʻa.
Fano mayxonasining mayfurushigʻa fido jonim
Ki, may ehson qilur holatda boqmas yoʻqu borimgʻa.
Vafo oʻtigʻa men kuydum vale topqay Navoiydek
Muhabbat rishtasi boqqan kishi har bir sharorimgʻa.
* * *
Yoqodek qurb agar topmon sening siymin saqoqinggʻa,
Etakdek ham yomon ermas tusha olsam ayoqinggʻa.
Chuchukluktinmu yo kuydurganidinmu qabarmishtur,
Labim to yetti la’li otashin yangligʻ dudoqinggʻa.
Koʻngul mujgoning uzra kirpigimda qatra qondektur,
Bu yangligʻ dashna yebtur to asir oʻlmish firoqinggʻa.
Banogoʻshingni oʻpmak komu, vahkim, xalq biymidin,
De olmon oshkoro, gar desang aytay quloqinggʻa.
Labing oʻpmakka haddim yoʻq vale lutf aylasang oncha
Ki, munglugʻ koʻzlarimni surtsam qoshu qaboqinggʻa.
Sanga yondoshmoq istab qomatim yo, ohim oʻq boʻldi,
Hasaddin bir taraf qurboninga, bir yon sadoqinggʻa.
Ajab ermas agar, ey mugʻbacha, maydin koʻtarman bosh,
Oʻlubmen, tashna labning boshi bir yetmish ayoqinggʻa.
Junundin togʻu sahro ichra ayb etma figʻonimni,
Budur ish, ey pariy, tokim tushubturmen suroqinggʻa.
Navoiy koʻngli qonin toʻkkali asrabsen, ey qotil,
Umidim yoʻq edi koʻnglumni muncha asramoqinggʻa.
* * *
Koʻyida yigʻlar edim men zor har bemorgʻa,
Emdi yigʻlarlar bari bemorlar men zorgʻa.
Hajri bepoyon yoʻlin qat’ aylamak dushvor erur,
Za’fdin menkim yururmen qoʻl tayab devorgʻa.
Telba koʻnglumning qushidin qonu yuzdin za’faron,
Qilsalar daf’i jununum basdurur tumorgʻa.
Ishq paydovu nihon oʻlturdi, lekin yoʻqturur
Zahra bu holimni ham ixfogʻa, ham izhorgʻa.
Zulfida men foniyu tasbih ila magʻrur shayx,
Subha torin bas, ne yangligʻ oʻxshatay zunnorgʻa.
Yoʻq ajab oʻlsam dagʻi kavsar suyi boʻlgʻay nasib
Naz’ vaqti solsam oʻzni kulbayi xammorgʻa.
Zor oʻlub miskin Navoiy nechakim chekti figʻon,
Qilmadi ul oy tarahhum bu figʻonu zorgʻa.
* * *
Surati devordek hayronmen ul ruxsorgʻa,
Yoʻqsa gʻamzang oʻqlari tikmish meni devorgʻa.
Zor jismimda boʻgʻunlar mehnatimning sonidur
Kim, sanab, har yerda tugdum bir tugun har torgʻa.
Tori zulfung ichrakim, ashkim toʻkar kofir koʻzing,
Mehrai tasbih tortar rishtai zunnorga.
Bir-iki kun zor koʻnglumdin firoqingni ketar,
Zahrkim, bermish bu kunluk tonglaliq bemorgʻa.
Zaxmi koʻpluktin koʻngul sirrini fahm etmak boʻlur
Kim taammul birla boqsa bu tani afgorgʻa.
Gar desang sargashtalik koʻrmay yoʻlungnn tuz yuru,
Gar inonmaysen, nazar qil charxi kajraftorgʻa.
Ey Navoiy, gar desang hijron xumorin daf’ etay,
Jahd etib, solgʻil oʻzungni kulbai xammorgʻa.
* * *
Qoʻydi usruk yuzni bu xoki tani bemorgʻa,
Sham’ yangligʻki tayamishlar ani devorgʻa.
Anjum oʻlsa mehr uza, oncha koʻrunmas lutf aro
Kim, gahi ter qatrasi ul mehrvash ruxsorgʻa.
Ul koʻz ermaskim, chekilmishdur uchi zulfung sari,
Kofiredur, olgʻali mayl aylamish zunnorgʻa.
Qildi olamni guliston, ulki gulgun raxsh uza,
Chiqti gulgun toʻn kiyib, gul sanchibon dastorgʻa.
Dahr tufroqigʻa mehnat sabzasi bosh chekti boq,
Har taraf paykon uchi chiqqan tani afgorgʻa.
Husni davroni oʻtar barham boʻlur, ey sarvi noz,
Zor koʻnglumni koʻrub, mayl etmasang ozorgʻa.
Istadi foius aro surat kebi sargashtalik,
Elga ulkim, davr berdi gunbadi davvorgʻa.
Yor yoʻq olamdakim, bir yor sirrin asragʻay,
Bas ajab sirredururkim, el degay agʻyorgʻa.
Ey Navoiy, xonaqahda koʻrmading juz dardi sar,
Ani daf’ aylarga yuzlan kulbai xammorgʻa.
* * *
Chunki moyildur koʻngul agʻyor sari yorgʻa,
Sadqa jonim yorning koʻngli uchun agʻyorgʻa.
Istaram agʻyor ayogʻin oʻpkamen, balkim koʻzin
Kim, borib koʻyiga yetmish davlati diydorgʻa.
Chun yetar atri dimogʻimgʻa, kirar jismimgʻa ruh,
Har nasimikim, esa ul sarvi gulruxsorgʻa.
Har biriga jonni dermen sadqa aylay jilvada,
Yuz tuman jon sadqa boʻlsun ul qadu raftorgʻa.
Naqdi jonu xirmani umrumni sarf ettim, valek
Ul sanam qoni’ emas bu mablagʻu miqdorgʻa.
Xalqdin yuz dasht yoʻl tutsun qiroq ul zorkim,
Derki oʻzin solmayin har lahza ming ozorgʻa.
Xilvatingda chun kushode topmadim, ma’zur tut,
Boʻlsam, ey shayx, emdi azm kulbai xammorgʻa.
Ey Navoiy, besarupoligʻ chu qilding ixtiyor,
Kir fano koʻyiga, boqma kafsh ila dastorgʻa.
* * *
Yoʻq ilojim gar meni bir javr ila yod etmasa,
Vah, ne boʻlgʻay elni ham yuz lutf ila shod etmasa.
Ishq aro, eykim, deding, har lahza faryod etma, voy,
Oʻt tutashqan chogʻ boʻlurmu kimsa faryod etmasa?!
Nosiho, yozgʻurmakim zor oʻlmagʻay koʻnglum qushi,
Tengri ul orazni gul, ul qadni shamshod etmasa.
Xoʻblargʻa chun vafo yoʻq, avlo uldurkim, koʻngul
Oʻzni ul qattigʻ koʻngulluglarga mu’tod etmasa.
Yaxshi ochilmish bahoring gullari, ey bogʻbon,
Gʻam xazoni xushtur avroqini barbod etmasa.
Va’dayi vasl etti, olib jon xoʻyigʻa yoʻq e’timod,
Yaxshiroqdur gar bu savdo ichra miy’od etmasa.
Men vafoda oʻldum, ammo ul jafoda xoʻb erur,
Bevafoligʻ shevasin bu jonib isnod etmasa.
Boshni qutqargʻay pariylar toshidin har telbakim,
Yorligʻ rasmida mayli odamiyzod etmasa.
Dilbar bedodidin aylar Navoiy shikva, lek
Jongʻa bedod aylar ul bir lahza bedod etmasa.
* * *
Koʻngulni xayli gʻaming qildi yoʻl ubur bila,
Nechukki moʻr safi yoʻl yasar murur bila.
Gar uchmaq itti sening koʻyung ollida, ey hur,
Anga ne nav’ koʻrungay oʻkush qusur bila.
Quyosh qoshida erur zarradek base maxfiy,
Yuzung qoshida quyosh gʻoyati zuhur bila.
Huzuri toat etar shayx vasf, vah, netayin,
Xayoli qoʻymasa toat aro huzur bila.
Shabobu ishqu bahoru firoqdur, ey shayx,
Boʻlurmu zuhd ila tavba bu nav’ umur bila.
Yoʻlida men kebi yuz xasta oʻlsa, qayda gʻami,
Samandi husnki javlon berur gʻurur bila.
Boʻlay rafiq junun dashtidayu hush ilakim,
Vafosiz eldin oʻlubmen, base, nufur bila.
Oʻzungni asrama bir lahza mutribu maysiz,
Desang bu gʻamkada ichra boʻlay surur bila.
Navoiy, istama nazmingda rabtu jam’iyat
Ki, koʻnglung oʻldi zamondin oʻkush futur bila.
* * *
Bir qadah may ichmadim sarvi gulandomim bila,
Bir nafas evrulmadi davron mening komim bila.
Har mayekim onsiz ichtim topgʻali gʻamdin amon,
Zahri gʻam goʻyo ezilmish erdi ul jomim bila.
Tunga yetmas kunni oʻtkardim oʻlub hijronida,
Kunga yetkaymenmu, vah, bu subhi yoʻq shomim bila.
Qayda boʻlsin muztarib koʻnglumga orom, ey rafiq,
Tutmadim orom chun bir dam diloromim bila.
Ey sabo, ul gulga muhlik furqatim paygʻomin ayt,
Balki jon naqdin anga yetkur bu paygʻomim bila.
Koʻnglum ichra but gʻami, kufr ichra oʻlsam yaxshiroq,
Ahli din ollinda borgʻuncha bu islomim bila.
Ey Navoiy, oʻlsam armon eltkimdur, ichmayin
Bir sabuhi guluzori boda oshomim bila.
* * *
Gar sabodek hamdam erman sarvi ozoding bila,
Bormen, ey gul, qaydakim boʻlsam, sening yoding bila,
Range yoʻqtur chun qizil guldin sanga, ey andalib,
El qulogʻin asru koʻp yolqitma faryoding bila.
Eyki dersen, koʻzlarim koʻnglungni ne nav’ etti sayd,
Bir kabutar netsun oxir ikki sayyoding bila.
Masjid ichra butparast oʻlmoq necha, ey piri ishq,
Din uchun kirdim fano dayrigʻa irshoding bila.
Sehr erur, ey ishqkim, koʻnglum bila paykonidin,
Xirqayi jism ichra oʻtu suni asroding bila.
Gar itobe zohir etsang oʻzgalarning koʻnglin ol,
Negakim men xoʻy etibmen zulmu bedoding bila.
Ey Navoiy, telbalik tark etkasen koʻrgach visol
Hur siyratlik, malak xoʻluq pariyzoding bila.
* * *
Koʻnglum ogʻzingning xayolidinki toʻlmish gʻam bila,
Naqd uza mumedururkim, naqsh erur xotam bila.
Gʻam tuni anjumni ohim oʻqlari zaxmigʻa charx
Ul momuqlar bilki, qoʻymishdur yasab marham bila.
Yigʻlama, ey koʻzki, bormas zulm naqshi koʻnglidin,
Toshda qozgʻon xat ne imkonkim buzulgʻay nam bila.
Ul alifdurkim ayondur bir tarafdin shamrasi,
Qaddi bir yondin osilgʻon mushkboʻ parcham bila.
Shayxi gʻofil koʻnglin etti zarq ohidin qora
Tifldekkim, koʻzguni qilgʻay mukaddar dam bila.
Ohkim, ovora boʻldum ayta olmay shammaye,
Yoshurun koʻnglumdagi dardimni bir hamdam bila.
Ey Navoiy, gar desangkim benavoligʻ koʻrmayin,
Oshnoligʻ qilmagʻil jinsi baniy odam bila.
* * *
Yor har bazm ichra, men xorij mushavvashligʻ bila,
Vahki doxil ham boʻla olman sabukashligʻ bila.
Kirmayin bazmida topsam itlari xayligʻa yoʻl,
Shod oʻlay naylay ish ochilmas mushavvashligʻ bila.
Jonni xushlugʻ birla ul kofirgʻa berdim, negakim,
Ul xud olur, qolsa ish olmaqqa noxushligʻ bila.
Ey fusungar, qoʻp, magar ul vasldin qilgʻay iloj
Kim, meni devona aylaptur pariyvashligʻ bila.
Kim falakning shashdaridin emin oʻlgʻay buylakim,
Eltadur jon naqdini, lekin bori gʻashligʻ bila.
Der esangkim soya yangligʻ boʻlmayin tufroqqa past,
Ul quyoshqa boqmagʻil, ey sarv, sarkashligʻ bila.
Ey Navoiy, shayxqa shayton gar afsor urmadi,
Bas nega doim qilur hazl ul uzun fashligʻ bila.
* * *
Ilgin ul gulrang etibdur lola yafrogʻi bila,
Kaflarin bargi bila, tirnogʻlarin dogʻi bila.
Rishtayi zulfi xayolidin havo qilgʻan koʻngul
Bir qushedurkim, qochibdur goʻyiyo bogʻi bila.
Reshlar koʻksumda koʻr, Farhod bahsin qoʻykim, ul
Qazmadi mendek balo togʻini tirnogʻi bila.
Sham’ hamdardimdurur hijron tunikim men kebi
Hajr oʻtida qovrulur ul dagʻi oʻz yogʻi bila.
Otashin la’ling shahidi qabridin gulgun gʻubor
Kim, qoʻpor, oʻtdur, emas qon rangi tufrogʻi bila.
Bemahal gulbong ila yolqitma bulbul elnikim,
Dahr bogʻi gullari xushtur, vale chogʻi bila.
Lola ermas, urdi oʻt gulshangʻa bir gul hajridin,
Oʻrtanib har dam Navoiy nola qilmogʻi bila.
* * *
Koʻngul qushidur aning zulfi tobdori bila,
Chibinki, bogʻligʻ erur ankabut tori bila.
Sipand ofat emas, lolazor ofat erur,
Yuzinda har sari xol otashin uzori bila.
Magarki zulfida ishq ahlining koʻngullaridur,
Ne dudkim, nafasimdin chiqar sharori bila.
Niholi vasl aningdek quruptururki ani
Koʻkarta olmadi koʻz ikki joʻybori bila.
Sipehr emin emas manjaniqi ohimdin,
Oʻn ikki burjlugʻ ushbu biyik hisori bila.
Muvaffaq oʻlmasa tavfiq ila, emas mumkin
Oʻz ixtiyorini qoʻymoq oʻz ixtiyori bila.
Churuk soʻngaklarim oʻlmish quyun aro xoshok,
Boshinggʻa evurladurgan tanim gʻubori bila.
* * *
Lablaringkim, hayf erur teng tutmoq ani qand ila,
Sindurur yuz qand bozorini shakkarxand ila.
Toki hayronmen sanga nomus ila itmish koʻngul
Telba yangligʻkim, qochar el gʻofil oʻlgʻach band ila.
Odam ul soatki jannat ichra avlodin koʻrar,
Ne quvangʻay, dam-badam sen nozanin farzand ila.
Qoʻy nasihat, zohidu oʻtlugʻ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yoʻqturkim sogʻalgʻay, pand ila.
Hojatingni elga arz etmakka hojat boʻlmasun,
Xush chiqishsang lahzaye bu zori hojatmand ila.
Lablaring hajrinda yuz parkandkim boʻlmish koʻngul,
La’l erur mahlul qon oʻrnigʻa har parkand ila.
Chun Navoiy koʻngli sindi emdi lutfung ne osigʻ
Kim, ushatsa shishani butmas yana payvand ila.
* * *
Tushti oʻt koʻnglum uyiga ohi dardolud ila,
Koʻzda kirpik dema bu ravzan, qorarmish dud ila.
Telba it deb har taraf yoʻldin qocharlar ahli hush,
Oʻt sochib ogʻzim, yugursam jismi gardolud ila.
Charx sayr etmas, nechuk subh istagaymen gʻam tuni,
Javfi chun madrus erur bu shomi qiyrandud ila.
Yusufum hajrida Ya’qub gʻam ichra, mutribo,
Uylamenkim, xushlugʻum yoʻq nagʻmayi Dovud ila.
Dema har dardinggʻa aylay bir davo, qoʻykim oʻlay
Kim, malul oʻlgʻungdurur bu dardi noma’dud ila.
Shah tilar davlat baqosin, men gado yor ogʻzini,
Ranjadur shohu gado bir komi nomavjud ila.
Ey Navoiy, qildilar dunyoni rad ahli qabul,
Gar desang maqbul oʻlay, yor oʻlma bu mardud ila.
* * *
Menki gʻam dashtida ittim ohi dard olud ila,
Istagan topqay kecha oʻt birla, kunduz dud ila.
Infiolingdin quyosh kirdi qora tufrogʻ aro,
Qilgʻaningda jilva ul ruxsori gardolud ila.
Ul ogʻiz ma’dumu menda oʻpmaki savdosidur,
Sudkim istabdurur sarmoyai nobud ila.
Ne iting boʻlmoqqa tole’, ne itingga tu’mamen,
Tushkali koʻying aro bu jismi gʻam farsud ila.
Gʻam tuni qilmish qora bosqan kebi muztar meni,
Buylakim, nokormen bu baxti qir andud ila.
Uyla mahvungmenki, kelmas xotirimgʻa hajru vasl
Sen murodimsen, ishim yoʻqtur ziyonu sud ila.
Ey Navoiy, asru maqbul el bila xoʻy etti yor,
Xushlugʻi gar yoʻqturur, ne ayb, sen mardud ila.
* * *
Yana har dam ishim sochmoqdurur koʻz bogʻidin lola
Ki, boʻlmish loladek qonligʻ koʻngul pargola-pargola.
Koʻzungdur fitnavu afsun savodidin qora nargis,
Yuzumdur mehnatu idbor dogʻidin sarigʻ lola.
Umidim mazrain, dedim koʻkartay ashkdin, lekin
Sovugʻ ohimdin oʻldi ul ekinga bu yogʻin jola.
Shafaq ichra emas anjumki gardun javfida ohim
Harorat oncha koʻrguzdiki, erni boʻldi tabxola.
Marazliq zaxmi koʻp tandin bayone koʻnglum afgʻoni,
Buzugʻdin uyladurkim, chugʻd qilgʻay dam-badam nola.
Deb erding, jon beray oʻlsang yetishti ul mahal, vahkim,
Gado sultongʻa netkay juz gadoligʻ oʻtsa ham hola.
Navoiy dahrning kun yuzi, tun sochigʻa mayl etma
Ki, oxir umr naqdin muxtal aylar ushbu muhtola.
* * *
Yuzun koʻr, qilmagʻil mujgonu xattu xolidin nola
Ki, boʻlmas xorsiz gul, dudsiz oʻt, dogʻsiz lola.
Chu men dur tishlaring hajridin oʻldum, ne osigʻ gar charx
Nujum ashkini yogʻdursa boshimgʻa uylakim jola.
Emas bir-bir sirishkim qonikim, koʻz mardumi solur
Iting ollida bagʻrimni uzub pargola-pargola.
Labing obi hayotin Xizri xatting noʻsh etar soat,
Hubob oʻlmish ushoq bir-ikki, ani dema tabxola.
Yuzungdur uyla davri chatr aro, ey xoʻblar shohi
Ki, boʻlmaydur qamar davrida hargiz uyla bir hola.
Yuziga, ey falak, ne zeb ber, ne husn sotqilkim,
Quyosh husnigʻa ne mashshota hojatdur, ne dallola.
Piyola birla may ogʻzimgʻa kuptin quyma, ey soqiy
Ki, ul javhargʻa goʻyokim munosib kayl erur kola.
Base mushtoqing erduk dayr aro, kech kelding, ey mutrib
Ki, sozing tarkidin bizga yangi oy boʻldi har tola.
Bu bazm ahligʻa, bilkim, ofiyat juz bevafoligʻ yoʻq,
Navoiy xoh lahni aysh tuz, xoh aylagil nola.
* * *
Yorab, ul yuzni dame koʻzumga pinhon aylama,
Yo koʻzumni andin oʻzga yuzga hayron aylama.
Chehrasiga mizbon oʻlsun koʻzum, ul chehrani
Koʻzlarim uyidin oʻzga uyga mehmon aylama.
Ochmayin zulfi parishon koʻngluma chekturma oh,
Yetmayin ohim yeli zulfin parishon aylama.
Jonima la’lidin oʻzga la’ldin berma hayot,
La’ligʻa jonimdin oʻzga jonni qurbon aylama.
Boshima koʻyidin oʻzga koʻyni qilma vatan,
Koʻyida boshimdin oʻzga boshni gʻalton aylama.
Ey koʻngul, davr ahlidin ming yilchilik yoʻl goʻsha tut,
Yo alardin yetsa yuz ming gʻussa afgʻon aylama.
Istasang, ey gul, Navoiydek hush ilhon bulbule,
Gʻunchadek koʻnglun malomat xoridin qon aylama.
* * *
Zulfigʻa mayl, ey nasimi anbarafshon aylama,
Tarqatib yuz pora koʻnglumni parishon aylama.
Olam ahli jonigʻa rahm aylab, ey chobuksuvor,
Otlanib usruk, yana ohangn maydon aylama.
Azmi gasht aylab tun aqshom, oy kebi aylab tulu’,
Charxning yuz ming koʻzin husnungga hayron aylama.
Zaxmligʻ bagʻrimni yuz ming pora aylab tigʻ ila,
Zulmdin har porasin bir qatrai qon aylama.
Deb emishsen, aylagum islom elinda qatli om,
Aylama bu zulmni, ey nomusulmon, aylama.
Gar desang koʻnglungni gardun tah-battah qon etmagay,
Xurda maylim gʻundachek koʻnglungda pinhon aylama.
Ey Navoiy, bazm tuzgan ermish ul gul bogʻ aro,
To parishon boʻlmasun, bulbuldek afgʻon aylama.
* * *
Yor ishqim anglamay, la’li susabtur qonima,
Toki ma’lum etsa, kelgay ne balolar jonima.
Ochmay oʻtluq chehra chunkim oʻrtadi koʻnglum uyin,
Ochsa ne oʻtlarki, tushgay kulbai ehzonima.
Uyquda ul koʻz manga yuz fitna bedor aylamish,
Noz ila uygʻonsa, netkay, angla, xonumonima.
Ichmayin may buzdi koʻnglumni, gar ichsa, tutsa ham,
Koʻr — ne ofat sayli yuzlangay yiqugʻ vayronima.
Mast oʻlub zunnor zulf ochsa, muhiqdurlar agar
Aqlu zuhdu ilm motam tutsalar imonima.
Nosiho, chun oshiq oʻlduq tanima mundin nari,
Tanimasbiz biz seni, sen dogʻi bizni tonima.
Gar Navoiydek boʻlub oshiq, oʻlarmen pand deb,
Jonima qilmang azob, ayting ani jononima.
* * *
Bilgay ulkim manzil etkay xotiri vayronima
Kim, ajab dushvorligʻlardur balokash jonima.
Hajr dashtida hamono berkitibtur bir balo,
Har tikankim nesh sanchibtur tani uryonima.
Dardu gʻam ahli oʻlum holi boʻlurlar chiqqucha,
Kirsalar holim soʻrargʻa kulbai ahzonima.
Bagʻrimu koʻnglum gʻamu dardigʻa taskin bergali,
Oʻlturubturlar baliyat oʻqlari har yonima.
Buki bagʻrim qon edi, qatlimgʻa xud hajr erdi bas,
Rashk oʻqi ham hojat ermas erdi kirmak qonima.
Qilma koʻp oshufta ul zunnori zulf, ey mugʻbacha
Kim, tugunlar tushti andin rishtai imonima.
Ey Navoiy, men xud oʻldum olgʻali koʻnglumni yor,
Jonni dogʻn olibon, yetkur koʻngul olgʻonima.
* * *
Sarv qad gulruxlar oʻtmas xotiri noshodima,
Sarvu gul koʻrsam, alar kirgay magarkim yodima.
Uyla gardun zulmi etmish roʻzgorim tiyrakim,
Yoruta olmas quyosh kirsa xarobobodima.
Nega faryod etmayin, yoxud netay faryod etib,
Buylakim, faryod etib, yetmas kishi faryodima.
Qazmasa koʻnglum yana gʻam Bestunin yaxshiroq,
Hech Shirin lab chu qilmas rahm bu Farhodima.
Shoʻxlar mujgonidin zuhdum qutulsin, vah, necha
Igna birla naqb teshmak qal’ai poʻlodima.
May quyoshin dayr aro har dam chekar boʻlsam, ne gʻam,
Gar quyosh tigʻin falak har dam chekar bedodima.
Ey Navoiy, ofiyat koʻyi gʻanimatdur valek
Naylayin, gar kirmasa shaydo koʻngul irshodima.
* * *
Tushda yetkandek dururmen sarvi hurizodima,
Koʻr, yomon tole’ki, ul ham yaxshi kelmas yodima.
Sogʻinurmenkim, topilmas bir koʻngul olamda shod,
Shodligʻ hargiz chu yetmas xotiri noshodima.
Yoʻqki, za’fimdin unum chiqmasda rahm etmas ul oy,
Koʻkka ham yetkanda nolam, yetmadi faryodima.
Aytsam, xushtur koʻngul bogʻi giyohi mehr ila,
Derki, bu javharni tengri bermamish poʻlodima.
Dod sultondin toparlar, vahki, ul sultoni husn
Azm yetar har lahza tigʻi kin chekib bedodima.
Odat aylar yor hijron shevasin, ey doʻstlar,
Voykim, netkaymen onsiz xotiri mu’todima.
Men chu boʻldum dayr pirining muridi, ne osigʻ,
Emdi shayxi xonaqah qoʻymoq koʻngul irshodima.
Bir xarob oʻlgʻayki, hargiz topmagʻay obodliq,
Kimki qilsa bir guzar kunji xarobobodima.
Ey Navoiy, telba koʻnglum dardu gʻam togʻin qozar,
Koʻrsang, axvolim degil Majnun sifat Farhodima.
* * *
La’li serobingdin ul yangligʻ kelur jon ogʻzima
Kim, agar xud tomizurlar su totir qon ogʻzima.
Novakingdin koʻnglum andoq toʻldikim chekkanda oh,
Zor koʻnglumdin kelur har lahza paykon ogʻzima.
Bodai hajr andoq achchigʻdurki, ani ichkali
Zahr oʻlur gar xud yetishsa obi hayvon ogʻzima.
Vasl noʻshin chunki totmay men mazoqim tonimas,
Lek anglarmen yetishkach zahr hijron ogʻzima.
Garchi koʻp qon yutmisham aylar talofi barcha umr,
Umr oʻtub bir yetsa ul gulbargi xandon ogʻzima.
Jon berib ul za’fni topmanki jonbaxsh ernidin,
Kasbi quvvat sharbate yetkursa jonon ogʻzima.
Davr ayogʻin, soqiyo, tutgʻonda la’ling qil gazak
Kim, mayi yetkurmamish juz zahri davron ogʻzima
Bagʻrimu koʻnglum aro mundoqki soldi la’ling oʻt
Dam yeriga gʻayri oʻt kelmak ne imkon ogʻzima.
Ey Navoiy, ishq dardi koʻrgan el jonin olur,
Oʻz oʻlar dardim demakta kelsa afgʻon ogʻzima.
* * *
Buki men mahrumu el mahramdurur jononima,
Mungranib bekasligimdin oʻt tutoshur jonima.
Garchi vayron etti aqlu hush ila sabrim uyin,
Kosh bir qatla yetishsa kulbai vayronima.
Ey baliyat novaki, ul fitna koʻzdin ayrilib
Kim, havoiysen kelib, sen dogʻi oʻltur yonima.
Qatlim istab qonligʻ ashkim saylidin oʻtti raqib,
Ne uchun, yo rab, kirar erkin gunahsiz qonima.
Qolgʻali hayron sanga, yopilmadi hayron koʻzum,
Uyqudur bir xayli hayronlardin ul hayronima.
Koʻngluma kirgach gʻaming toʻksam bagʻir xunobini,
Ne ajab, gulrang may matlub erur mehmonima.
Kufr ila boʻldi badal dinim magar, ey mugʻbacha,
Rishtai zunnor payvand aylading imonima.
Ishq dashtida balo gardi manga chun parda bas,
Atlasi gardunni yopmasmen tani uryonima.
Ey Navoiy, to seni tanibmen afgʻondur ishim,
Jonima rahm et, meni sen bori emdi tonima.
* * *
Vahki, kelturdung firoqingdin balolar boshima,
Ul balolardinki qochtim, keldi alar boshima.
Zaxm agar boʻlsa boshimning har tuki soyi ne tong,
Muncha toshkim yogʻdururlar dilrabolar boshima.
Sarv qadlarning tamannosi boshimdin chiqmagʻay,
Qahr etib, ey shayx, sindursang asolar boshima.
Koʻrmayin koʻzlar qachon keldi boshimgʻa yuz balo,
Koʻr, nelar kelturdi bu yuzi qorolar boshima.
Ishq aro gah-gahki el pandigʻa bosh indurmadim,
Keldi turluk-turluk andin mojarolar boshima.
Muddaolar boshima tushkuncha har dam aqldin,
Kelsa xushroq ishq tigʻidin yarolar boshima.
Koʻyida oʻldi Navoiy, qochti andin itlari,
Yoʻq edi oʻlganda yoru oshnolar boshima.
* * *
Falakdin yaxshiliq yetkay debon, koʻnglungni shod etma,
Yomonligʻkim yetar, holo unut, oʻtkanni yod etma.
Zamona ahligʻa gar yuz quyoshcha koʻrguzubsen mehr,
Vafo zinhorkim, bir zarra chogʻligʻ e’timod etma.
Nujumu charx deb oʻkma gadoning bax’yaliq sholin,
Tutunni charx, uchqunlarin anjum e’tiqod etma.
Fano ahli ayogʻi tufrogʻi sharhin yozar boʻlsang,
Qarogʻimni hal ayla, ey rafiq, oʻzga midod etma.
Midod etkan qarogʻimni qilibon kirpikim xoma,
Koʻzumning pardasidin oʻzga kogʻazga savod etma.
Qilib solih amal kasbi shioringni saloh etgil,
Vale fosid xayoling birla har dam bir fasod etma.
Chu bilding, rizq erur maqsum, chekma doʻstdin minnat,
Qazodin xorij ermas ish, adugʻa inqiyod etma.
Tilarsen faqr dashtin qat’i qilgʻaysen eranlardek,
Bagʻir su qil, yurak pargolasidin oʻzga zod etma.
Navoiy, istasang uqbo murodin, nomurod oʻlgʻil,
Agar dunyo murodi yoʻqtur, oʻzni nomurod etma.
* * *
Halokingmen, chekib tigʻi jafo oʻlganni oʻlturma
Chu ishqing oʻrtadi hajr oʻtidin, kuyganni kuydirma.
Meni devona chun tufrogʻing oʻldum, ey pariy paykar,
Jafo toshini majnun deb, bu tufrogʻ uzra yogʻdurma.
Ichib qonin tilar koʻnglum shikastin koʻzlaring, deykim,
Chu mayni noʻsh qilding, shishasin, ey shoʻx, sindurma.
Seni koʻrgachki faryod ayladim, beixtiyor erdim,
Yozuqdin ihtiroz aylab meni bu ishda yozgʻurma.
Men ar zulmungdin oʻldum, lutf etarga oshiqing koʻptur,
Alar birla oʻzungni shod tut, holimgʻa qaygʻurma.
Chu men tufrogʻ boʻldum koʻyida, ey sarsari hijron,
Esib ul yon damo-dam tufrogʻimni bore sovurma.
Qotiqdur ishq, ul shoʻx etsa jilva, boqma, ey oqil,
Koʻngulni gar desang oldurmay, avval koʻzni oldurma.
Mayi la’lingdin ahli bazm usrukdurlar, ey soqiy,
Chu ichsang boda, mendin oʻzgaga sogʻarni topshurma.
Navo gar yetkurursen, sen bilursen tindurub elni,
Navoiyni jafoyu javr oʻtidin bore tindurma.
* * *
Boʻlur shom ul mahi Naxshab ravona,
Kamandi zulfin ochib shab ravona.
Qora tun azm etarkim, koʻrmagay el,
Jamolidin vale yorur zamona.
Meni man’ etmish oʻz hamrahligʻidin,
Manga, vahkim, ajab ish tushti yona.
Hayotim emdi xud mumkin emastur
Ki, oʻlmakka tilar erdim bahona.
Koʻz ochqaymen magar mahshar sabohi
Ki, ichmishmen ajab jome shabona.
Bu gulshan gullari chun bevafodur,
Alardin chekma, ey bulbul, tarona.
Navoiy oʻlsa, yodin qilmagʻilkim,
Oʻlar el ham, desang andin fasona.
* * *
Sham’dek qomatu yuz sham’i ila jonona,
Qildi oʻrtarga koʻngullar qushini parvona.
Aqlning silsilai zulfunga vobastaligʻi,
Koʻrunur uylaki zanjir ichida devona.
Oshnodur chun sanga jon bila koʻnglum azali,
Ne tafovut, manga boʻlsang abadiy begona.
Koʻp buzugʻ koʻngluma yogʻdurma balo oʻqinikim,
Bir yogʻindin teng oʻlur yer bila bu vayrona.
Yor agar kulbai ehzonima kirmas, tong emas,
Kimsa bosh suqqudek ermas bu buzugʻ koshona.
Xonaqah ichra riyo ahlidin oʻldum diltang,
Ey xusho ahli xarobot bila mayxona.
Bogʻlasam dayrda zunnor, ne tong, mundoqkim,
Dinni yagʻmo qiladur mugʻbachalar mastona.
Dema farzona biravdurki, ulustin chiqmish,
Teng koʻrar chunki ulus boru yoʻqin farzona.
Ey Navoiy chu erur boisi gʻaflat koʻp soʻz,
Qariding, ish qilakoʻr, aytmagʻil afsona.
* * *
Orazing xoli nedin qildi meni devona,
Qushni sayd etmadi chun suda koʻrungan dona.
Kiribon oq uy aro jon qushini kuydurdung,
Garchi fonusda sham’ oʻrtamadi parvona.
Tiyri boroni gʻaming buzdi koʻngul maskanini,
Bizing oʻy boʻldi yogʻin kasratidin vayrona.
Hajr za’fidin oʻlubmen tashshasdek, ne ajab,
Oshnolar manga boʻldilar esa begona.
Buzdi ul shoʻxi qadahnoʻsh salohim uyini,
Manga mundin nari manzil bas erur mayxona.
Soqiyo, toʻlgʻucha paymona yerim maykadadur,
Meni mast etkali koʻp yaxshidurur paymona.
Jurm esa yor boshim uzra yetib oʻlmaganim,
Ey Navoiy, meni oʻlturmak erur jurmona.
* * *
Uzdi mendin doʻstluq ul shoʻxi siymin tan yana,
Onchakim mumkindur, etgil aysh, ey dushman, yana.
Mazra’i jismimda ermastur qorargʻan toza dogʻ,
Toki, kuymish barqi ishqingdin qayu xirman yana.
Ishqim erdi yoshurun, fosh etti giryon koʻzlarim,
Qildilar gʻammozliq bu ikki tardoman yana.
Sham’ yangligʻ oʻt tutoshib boshima hijron tuni,
Yoshurun holimni elga ayladi ravshan yana.
Qochtilar ahli junun har yondin andoqkim sharar,
Baski toʻldi oʻtluq ohim dudidin gulxan yana.
Dahr ra’nosi fanu makri bila topsang firib,
To ne makr etkay ayon bu dallai purfan yana.
Ey Navoiy, chun zamon zulmigʻa sud etmas jaza’,
Kasb qil bu shevaniyu qilma koʻp shevan yana.
* * *
Boda tut, soqiyki, ayyomi visol oʻldi yana,
Dast berdi shodligʻ, gʻam poymol oʻldi yana.
May mudom ich ul labi maygun sanam davrindakim,
Zuhd ila taqvo haromu may halol oʻldi yana.
Gʻamza birla koʻzlari ayni balo boʻlgʻon uchun,
Ushbu ma’niga parishon zulfi dol oʻldi yana.
Xoʻblar koʻyiga sayr aylar borib erdi koʻngul,
Kech kelurda anga, bilmon, kim zavol oʻldi yana?
To labi jonbaxshidin topti Navoiy komi dil,
Ey ajal, oʻlmak anga asru mahol oʻldi yana.
* * *
Sunbuli shomida yuz ayladi gulrez yana,
Boʻldi har uchqunidin koʻnglum oʻti tez yana,
Gulning atrofida yuz gʻuncha degil zohir etar,
Orazing davrida ul zulfi dilovez yana.
Otashin la’lu yuzi sham’in ochar, tong yoʻq, agar
Kuysa xoshoku xas, tavbayu parhez yana.
Ne tarovatdurur ul yuzdaki, xoʻydin qilmish
Gulni shabnamzada, shabnamni gulomez yana.
Meni hijronda ukar xalq va lekin onsiz
Zor koʻnglumga erur boda gʻamangez yana.
Anglagʻan ishq aro Farhod ishi Shirinligʻini,
Ulsa ham aylamagay hashmati Parvez yana.
Ey Navoiy, kelur ul husn bahori bu taraf,
Barki ohingni bu kun qilma sabukxez yana.
* * *
Ey koʻngul, tortar esang sarsari oh,
Olam ahlin burun etgil ogoh.
Buki qon etti labing bagʻrimnn,
Ikki xunbor koʻzum ikki guvoh.
Hola ul yuzga mudavvar koʻzgu,
Yuzining aksidur ul koʻzguda moh.
Mehri ruxsoring uza sabzai xat,
Ajab ermas bu esa mehri giyoh.
Dahrdin boʻldi panohim ishqing,
Oʻt samandargʻa, ne tong, boʻlsa panoh.
Istaram mastligʻ ul yangligʻkim,
Oʻlgucha boʻlmasam oʻzdin ogoh.
Soqiyo, bodaki, bu hasrat ila
Oʻlmagaymen meni mahzun nogoh.
Johu mol ahlida yoʻq mehru vafo,
Bas manga mehru vafo mol ila joh.
Gar Navoiy gunahi ishqing erur,
Afv qilmoqchi ham ermas bu gunoh.
* * *
Sen qora par boshing uzra, koʻrguzub men dudi oh,
Bu mening oʻtumdin, ul sarkashligingdindur guvoh.
Xoʻblar anjum, sen ul xayl ichra mehri anjuman,
Mehrni sulton desam yoʻq aybu anjumni — sipoh.
Egma qad birla tutub koʻksum shikofin kelmisham,
Xanjari ishqing bila darding yukiga uzrxoh.
Oʻlgum erdi gah-gahi yodingdin oʻlsam erdi mahv,
Emdi jon aylab fido, yodinggʻa kirmon goh-goh.
Baski brshimgʻa yogʻar atfol toshi, ey pariy,
Qilgʻali qasdim junun xayli ul-oʻqdur shohroh,
Xonaqahda oʻzluk ahvoli yetibdur jonima,
Yoʻq ajab, gar istasam dayri fano sari panoh.
Dayr piri soqiyu may birla tirguzdi meni,
Huru kavsar hasratidin oʻldi shayxi xonaqoh.
Boʻynuma zunnor bogʻlab kelmisham, ey mugʻbacha,
Gar riyoyi subhadin boʻynumda bor erdi gunoh.
En Navoiy, hasrat ohi birla oʻlgum hajr aro,
Yor vasli yetmasa faryodima, vo hasratoh.
* * *
Chamanda sarv yo gul chun sabodin tebranur nogah,
Sogʻinib sarv gulroʻyum kelur, afgʻon chekarmen, vah.
Boshimni olmagʻaymen sajdai shukr aylayu yerdin,
Agar sarvi xiromonimgʻa boʻlsam soyadek hamrah.
Oʻzum ham ermon oʻz holimdin ogah, to ani koʻrdum,
Yoʻq ulkim, ermas ahvolimdin ul nomehribon ogah.
Zanaxdoningda hoʻy ermaski, obi zindagonidur
Ki, hayvon chashmasining ostida voqi’durur ul chah.
Yuz olman sarv birla gul ayogʻidinki, vah, yoʻqtur
Aning qaddu yuziga bogʻ aro bu ikkidin ashbah.
Yuzung vasfini yuz tah safhagʻa yozsam, tamom oʻlmas
Ki, boʻlgʻay safhai xurshidcha ul safhadin har tah.
Jununum man’ qilding ul pariy ishqida, ey nosih,
Kishi devona boʻlsa yaxshiroq, yuz qatlakim ablah.
Tajammul raxtidin, ey shah, gadogʻa qilma istigʻno,
Chu bogʻlar raxt bu dayri fanodin gar gado, gar shah.
Navoiy, koʻp dema gʻam xaylidin mayxona ma’mandur,
Azimat qilsang ul dorul-amongʻa fi amonullah.
* * *
Ishq jurmidin netib inkor etay xalq ichra, vah
Kim, erurmen bu gunah ichra bagʻoyat begunah.
Boʻlsa rahbarlarning irshodi gunahdin ijtinob,
Piri ishq etmish gunah aylarga bizni roʻbarah.
Ishq agar boʻlsa gunah menmen gunahkor, ey koʻngul,
Tonmogʻim nohaqdurur bu ishda chun haqdur guvah.
Gar gunahdur ishq kosh oʻlsa xaloyiq begunah,
Men gunahga qoyil oʻlsam koshu koʻyi qatlgah.
Men gadoliqqa ne loyiq ollida, nevchunki bor
Nozi husn aylarda ul oy husnu noz ahligʻa shah.
Vahki, bagʻrimni labi hajrida tiygʻi furqati
Yupqa-yupqa kestiyu, tuz septi anda tah-batah.
Gar Navoiy yangligʻ oʻrtansa ne tong parvona ham
Kim, aning yoridurur bir sarvqaddi kajkulah.
* * *
Roʻzavu gul yettiyu ichmas ul oy gulgun qadah,
Ne koʻngul xushluq bila tortay meni mahzun qadah.
Yo meni mahrumgʻa xunobayi hijron berib,
Oʻzga mahramlar bila ul oy chekar gulgun qadah.
Bore har taqdir ilakim, bor meni labtashnagʻa
Tutmas ermish zahri gʻamdin oʻzga dahri dun qadah.
Soqiyo, bu gʻussa daf’i mastu bexudlugʻdurur,
Tut shafaqgun may toʻla gar xud erur gardun qadah.
Roʻza oyin koʻrmay ilgingdin qadahni solmagʻil,
Lek ol bayram hiloli ham koʻrungan tun qadah.
Jom erur men telbaga qonligʻ koʻzumning kosasi,
Lolalar sahroda bas, gar istasa Majnun qadah.
Chun fano dayrigʻa kirdim boda tut, ey piri dayr,
Zarf xoh eski safol oʻlsun, vagar oltun qadah.
Yuz qadah qilgʻil murassa’kim chekarsen jomi marg,
Hech kim xud topmadi Jamshiddin afzun qadah.
Ey Navoiy, bizni yod etkaymu barqandon kuni
Ichsa jomi Jam tilab soniyi Afridun qadah.
* * *
Koʻradurmenki borur yoru qolurmen meni gumrah,
Bora olman, tura olman, ne qatiq holat erur, vah.
Hajridin jonima yuz biym qolayin desa andin,
Xoʻyidin koʻngluma ming vahm boʻlayin desa hamrah.
Koʻyung ummidi, yuzung hasrati birla, agar oʻlsam
Yovumay ravzagʻa vollah, tilamay hurni billah.
Maygʻa mashgʻul oʻlubon hajrni umdan unuturmen,
Buzulur zor koʻngul, kirdi esa yodima nogah.
Aql taklif qilur koʻnglumakim, tarki junun qil,
Telbadin kim bu tama’ tutqay, agar boʻlmasa ablah.
Shohu soyilgʻa nasib ar koʻpu ozdur, ne tafovut,
Teng nasib oʻldi, chu tufroqqa agar soyil, agar shah.
Yor gʻofilligʻidin zulfida jon berdi Navoiy,
Sayd oʻlar domda, sayyod agar boʻlmasa ogah.
* * *
Ey, soching shomi aro ruxsori farruxfol subh,
Oy yuzungdin toli’ aylab kavkabi iqbol subh.
Ey sabuh ahli, iching maykim, bagʻoyat xushturur,
Lahni noʻsho-noʻsh birla jomi molomol subh.
Tun xumori hajrida badhol edim, yuz voy, agar
Jomi vaslidin meni yor etmasa xushhol subh.
Shomi subh istab qora tun ichra erdim, shukrkim,
Jilva aylab, shomi zulfin ayladi poymol subh.
Vasli subhidin tilarmen — andoq etkay shomi hajr
Kim, yuziga topmagʻay qoʻymoqqa mushkin xol subh.
Dam-badam tong yorubon olam eli gʻavgʻosidur,
Bodadin xushvaqtligʻni qilmangiz ehmol subh.
Charx davri zulmidindur goʻyiyokim sargʻarib,
Koʻrguzur yigʻlab, yaqo yirtib, ajab ashkol subh.
Ey xush ulkim, subhidam jomi sabuh ul nav’ ichib,
Mast boʻlgʻaykim, aning holigʻa qolgʻay lol subh.
Ey Navoiy, istasang sidqu safo gʻam shomida,
Boʻlma gʻofil, toki qilgʻay jilva farruxfol subh.
* * *
Nega koʻrguzdi sovugʻ ohu sarigʻ ruxsor subh,
Gar nihoniy mehridin mendek emas bemor subh.
Gar havoyiy boʻlmasa men telba yangligʻ, bas nedur,
Koʻnglakin chok aylabon togʻ uzra majnunvor subh.
Mehridin mendek nihoniy toza dogʻi boʻlmasa,
Yuzda nevchun kavkabi ashkin qilur izhor subh.
Dema shingarfiy bulut har yon erur qonligʻ momuq,
Toza dogʻidin erur mendek magar xunbor subh.
Gʻam tuni ohim sharoridin tutashti koʻkka oʻt
Kim, aning otin qoʻyuptur gunbadi davvor subh.
Kun shuoiy xatlari ermaski tutmish motamim,
Yuzni anjum tirnogʻi birla qilib afgor subh.
Soqiyo, tutqil sabuhiy bodakim, bu dayrdin,
Biz ketib bu nav’ toli’ boʻlgʻusi bisyor subh.
Ey Navoiy, istasang bargu navo bu bogʻ aro,
Guldek oʻl roki’ kecha, bulbul kebi bedor subh.
* * *
Boda keltur, chun quyoshtin chekti maxfiy jom subh
Kim, erur jomi nishot ichmakka xush hangom subh.
Oshkoro bodai gulrang ichmak xushturur,
Chun nihon aylar kavokib gullarin gulfom subh.
Siymbarlarkim, sabohat birla tutqaylar qadah,
Ne balo xushtur tulu’ etkanda siym andom subh.
Sargʻarib ashkin toʻkub, mendek yaqo chok aylamish,
Bir nihoni mehr ila to boʻldi beorom subh.
Vahki, ul subh uzoru shomi zulf anduhidin
Yigʻlaram to subh shom, afgʻon tuzub to shom, subh.
Dahr gulzorida har tun chekkali jomi sabuh,
Yetkurur tong bulbuli faryodidin paygʻom subh.
Subhi vasl ummididin oʻldn, Navoiy shomi hajr,
Anga ne sud, oʻzgalarga hosil etsa kom subh.
* * *
To qulogʻinggʻa zirih soldingu qoshinggʻa girih,
Xasta koʻnglumdurur yuz girih, andoq zirih.
Qoʻngluma gʻuncha kebi tushti tugun uzra tugun,
Qoʻrgali sunbuli zulfungda girih uzra girih.
Ne nazohatdurur ul gulshani ruxsordakim,
Ravzai xuld aning shabnamidin boʻldn nizih.
Boʻldi qoshu koʻzidin zulf saromad, ne ajab
Kim, koʻngul qaydi uchun ikkisidin keldi firih.
Qoshi yosigʻa dedim chilla kerak rishtai jon,
Bu soʻzumga, ne ajab, bor esa har goʻshada zih.
Anga gʻam tigʻi bu bogʻ ichra harom oʻldikim,
Kiydi pashmina sarigʻ yuz bila, andoqkim beh.
Honaqah ichra Navoiygʻa yetar koʻp makruh,
Dayrdin ul sari bormoqqa ham erdi korih.
* * *
Ashk xunobidin oʻlmish koʻzlarim ummon kebi,
Qon yosh aritmogʻdin ilgim panjai marjon kebi.
Koʻnglum oʻtidin qizorgʻan har taraf paykonlaring,
Su boʻlub emdi tomarlar zaxmlardin qon kebi.
Tanni gar doʻzax oʻti kuydursa, jonni oʻrtamas,
Qilmagʻil hech oʻtni, yo rab, shu’lai hijron kebi.
Ishq dashtida quyun chekmas figʻon, vah, boʻlmasun,
Xoksori bodpaymoye bu sargardon kebi.
Sabzai xat yopqan ogʻzing oʻpsam, ey gul, ne ajab,
Tufrogʻimdin gʻuncha butsa zaxmliq paykon kebi.
Dahr bogʻinda necha kunkim tiriksen, aysh qil
Kim, yana topmoq emas ma’lum bu boʻston kebi.
Ey Navoiy, ishqimu husni erurlar onchakim,
Men anga hayronmenu ul dogʻi men hayron kebi.
* * *
Sen zuloli vasl ichib, men zaxri hijron ichkuchi,
Ogʻu ichkondin ne voqif obi hayvon ichkuchi.
Ul yuzin gulrang etib men ashk xunobin toʻkub,
Kim erur ul bodai gulgunu men qon ichkuchi.
Ichsa gulgun boda olamdur guliston yuzidin,
Buyla yoʻq olam gulistonida imkon ichkuchi.
Davr ayogʻin ichmayin davrongʻa solding rustaxez,
Koʻrmadi davr ichra sendek ahli davron ichkuchi.
Oshiq oʻlmay sizki dersiz tavba qil, ey ahli zuhd,
Netsun ichmay joni mahjur oʻlsa jonon ichkuchi.
Boda shoʻxidin agar nolon boʻlubmen ayb emas
Kim, erur koʻnglumni olgʻon shoʻxi nodon ichkuchi.
Ey Navoiy, yor mehmon boʻlsa, may tutqach, sumur,
Mizbon zohid xush ermas, boʻlsa mehmon ichkuchi.
* * *
Necha yilda qilmadi koʻnglumga ishqi shiddati,
Ulcha qildi xasta jongʻa necha kunluk furqati.
Hajr bedodi aro har kun yaqindur oʻlgamen,
Doʻstlar behad qotiq ermish yirogʻliq mehnati.
Bogʻni qoʻykim koʻngulning ul qadu yuz hajrida,
Sarv ila ham unsi yoʻq gul birla dogʻi ulfati.
Sen bilu jismim necha dogʻ oʻrtar ersang, ey sipehr
Kim, koʻngulga basdur ul badmehr dogʻi furqati.
Ey koʻngul, davron eliga chunki yoʻq husni vafo,
Qayda bas husn ahligʻa boʻlgʻay vafoning nisbati,
Istasam jomi mugʻona tutsa gohi mugʻbacha,
To tirikmen aylagumdur dayr piri xidmati.
Ey Navoiy, charx zolining firibin yemagum,
Yor agar boʻlsa mening birla eranlar himmati.
* * *
Gulshan ichra jilvai noz etsa jonon qomati,
Tufrogʻ oʻlgʻan soyadek sarvi xiromon qomati.
Nozanin qadding tiriklik gulshanining naxlidur,
Sarvu tubi sendek oʻlmoqning ne imkon qomati.
Sarvdek uksuni axzar birla Layli qaddidur,
Tokdek yuz xam bila Majnuni uryon qomati.
Garchi qomat cheksalar, elga boʻlur mayli namoz,
Vahki, din qasdi qilur ul nomusulmon qomati.
Vasl shomi ravshan oʻldi partavi ruxsoridin,
Yoʻq ajab, desam erur sham’i shabiston qomati.
Dahr elidek egridurlar shoʻxlar boshtin ayoq,
Tik nazarda tuz ekin ul ahdi yolgʻon qomati.
Ey Navoiy, xoʻblar qaddida yoʻqtur e’tidol,
Nega oʻxshar sarvdin undurrak inson qomati.
* * *
Ne chogʻligʻ toshkim Farhod ushotti,
Falak borin yigʻib boshimgʻa otti.
Mening afsonam erdi bul-ajabroq,
Necha Majnun soʻzin roviy uzotti.
Taharruk qilmadi hajr aqshomi charx,
Sirishkimdin magar bolchiqqa botti.
Oʻlum sardobasi erdiki, gardun
Manga orom uchun maskan yasotti.
Firoq ollinda erdi shahd yangligʻ,
Mazoqimkim oʻlum zahrini totti.
Koʻp erdi ishq bozorida savdo,
Meni gardun vale olamgʻa sotti.
Navoiy la’li serobing gʻamidin
Yurak qonini koʻz yoshigʻa qotti.
* * *
Koʻnglum ohidin tabassum la’lingga fan boʻlmadi
Uylakim, la’l axgari yel birla ravshan boʻlmadi.
Istadi jism uyi bir ravzan oʻqungdin, voykim,
Qolmadi ravzan yerikim, necha ravzan boʻlmadi.
Dedi, bir dushnom uchun joningni olgʻumdur baho
Oʻlturur savdoki, miodi muayyan boʻlmadi.
El chamanda ul pariy birla kezib men telbaga
Vahki, ishrat jilvagohi gʻayri gulxan boʻlmadi.
Oh oʻtidin xirqani pok oʻrtakim, har bulhavas
Zarq ashkidin etak yub pok doman boʻlmadi.
Lofi ishq urgʻan koʻngul gʻam doʻzaxidin qochmasun
Kim, samandargʻa yolindin oʻzga maskan boʻlmadi.
Ey Navoiy, kimni sevsang qilma zohirkim, sanga
Kimdururkim, doʻstlugʻ fahm etti, dushman boʻlmadi.
* * *
Ohima yor ogʻzi bir dam kulmagin kam qilmadi,
Chun sabodin gʻuncha ochildi yana yopilmadi.
Nishtari ohim ajab yoʻq koʻnglungga kor etmasa,
Tezlikdin igna hargiz xoragʻa sanchilmadi.
Qatraye tomizma bizga tutqan asfar bodadin,
Sham’ oʻtidin, soqiyo, hargiz sharor ayrilmadi.
Ishqkim, har bir ishida yozdi yuz ming turfa xalq
Turfaroq budurki, yuz mingdin biri yozilmadi.
Koʻyida ohim yeli raf’ etti ul yuz burqain,
Hech gulshanda sabodin buyla gul ochilmadi.
Qaysi johilgʻa nadomat boʻlgʻay ul olimchakim,
Har ne bildi, qilmadi, har neki qildi, bilmadi.
Ey Navoiy, yor vaslin istabon ul toptikim,
Ahli hijron zumrasida istabon topilmadi.
* * *
Har tikan bu gʻunchadek koʻnglumda paykon bogʻladi,
Ey jigar pargolasi, sensiz ichim qon bogʻladi.
Sendin ayrilmoq koʻngulga mumkin ermas to abad,
Chun sening birla azaldin ahdu paymon bogʻladi.
Lablaringning shavqidin har qatra qonkim, toʻkti koʻz,
Sovugʻ ohimdin ham ul dam la’lu marjon bogʻladi.
Dedi aqlu fahm ani koʻrgach, shikebe koʻzlali,
Vahki, tun bogʻin yana ul shoʻx chaspon bogʻladi.
Qondin oʻldi dard bogʻining guli har paxtakim,
Dogʻima sabr ilgi marham birla har yon bogʻladi.
Sovurub tifli xazon tufrogʻ ila teng qilmagʻan
Qaysi bir guldasta bu bogʻ ichra dehqon bogʻladi?
Ishtiyoqingdin Navoiy oʻldiyu yetmas sanga,
Goʻyiyo bu nav’ oyogʻin bandi hijron bogʻladi.
* * *
Ishq aro holimgʻa bir hamdam tarahhum qilmadi
Yor holim bilmadi, gar bildi, koʻzga ilmadi.
To ul oy agʻyor ila noʻsh ayladi jomi visol,
Qaysi hijron neshikim bagʻrim aro sanchilmadi.
Ne ajab gar bilmasam holimni bu gʻamdinki, yor
Oʻlgali yettim gʻami ishqida holim bilmadi.
Qon yoshimning sarguzashtin kim yoshursun emdikim,
Qolmadi yerkim, bu rangin mojaro aytilmadi.
Husn bogʻidin vafo vardi tavaqqu’ qilmangiz
Kim, bu gulshan gulbunida buyla gul ochilmadi.
Ishqim ixfosini, vahkim, qilmadim hargiz xayol,
To ul oyning husnidek olam aro yoyilmadi.
Ey Navoiy, sendin oʻtu su arodur xalqkim,
Yogʻmadi ashking suyi to oh oʻti choqilmadi.
* * *
Komi la’lingning xayolidin koʻngul qozgʻonmadi,
Tushta su ichkan bila lab tashna hargiz qonmadi.
Oh sargardon koʻnguldinkim, ul oy koʻyi sari
Borgʻali bir ham bizing sari yana aylonmadi.
Koʻr, ne oʻt boʻlgʻaykn oʻrtandim, qayonkim solding oʻt,
Yolgʻiz ul oʻtdinki men kuydum, koʻngul oʻrtonmadi.
Hajr aro oʻlmakni xoʻy ettimki, chun toptim visol,
Oʻlmak etkach orzu ollinda jon emgonmadi.
Hajr oʻlturgon qiyomat dogʻi qoʻpmas, koʻrmadik
Uyqukim, gʻavgʻoye rustahez ila uygʻonmadi.
Oʻlmak osondur, koʻngul uzmak biravdin sa’b erur,
Ey xush ulkim, koʻngli bir badmehr ila oʻrgonmadi.
Gar Navoiy za’fi tebranguncha bor erdi, valek
Hajr oʻqi koʻksigakim tegdi, yana tebronmadi.
* * *
Chehra oʻti birla koʻnglum xonumonin oʻrtadi,
Otashin gul ishqi bulbul oshyonin oʻrtadi.
Ishq koʻnglum bogʻin asrab toza, oxir soldi oʻt,
Bogʻboni mastdekkim, boʻstonin oʻrtadi.
Otashin la’lingda xol ermaski, qoʻymish toza dogʻ,
Har bahona aylabon ushshoq jonin oʻrtadi.
Ishq oʻtidin zor koʻnglum ichra solding soʻzi hajr
Kim, bu yangligʻ birta kuygan notavonin oʻrtadi.
Soʻzi ishqim daftarigʻa har kishikim soldi koʻz,
Oʻrtanib Farhodu Majnun dostonin oʻrtadi.
Ishq zuhdum xayligʻa oʻt solsa, tong yoʻqkim, bu barq
Dahr aro koʻp buyla taqvo korvonin oʻrtadi.
Xonaqahgʻa soldi oʻt kirgach Navoiy dayr aro,
Hirfavardek ganjkim topti, doʻkonin oʻrtadi.
* * *
Dudi ohimdinmu har sari shararlar butradi,
Yoʻqsa yel oʻtlugʻ koʻngullarni sochingda qoʻzgʻadi.
Ishq dashtida ucha olmas yeridin hech qush,
Parlarin baskim, havoda oʻtlugʻ ohim churkadi.
Har tikankim, ildi Majnun koʻnglakidin poraye,
Hajr koʻksumga tugan qoʻymoqqa ani chirmadi.
Bogʻ aro xat ichra ogʻzingdin qizarib, sargʻarib,
Gʻuncha zangori libosi birla boshin burkadi.
Koʻr jununimniki, boʻldi telba koʻyung itlari,
Qaysi birkim, qovgʻali uryon tanimni tishladi.
Ishq naxligʻa samar chun furqat ermish, ey rafiq,
Ey xush ulkim, koʻnglin avvaldin birovga bermadi.
Ey Navoiy, oʻzgalar maqbulu sen mardud uchun,
Yer alarni mahram aylab, seni mahrum istadi.
* * *
Bor edi ul hamki bir chogʻ bizga yore bor edi,
Kulliy ar yor oʻlmasa filjumla bore yor edi.
Vasldin butqormasa taskin berur erdi soʻrub,
Xasta koʻnglum dardinikim hajrdin afgor edi.
Men agar mahrum edim, mahram ham ermas erdi ul,
Koʻnglum ar ozurda erdi, lek minnatdor edi.
Sham’ agar yorutmasa kuydurmasa ham yaxshidur,
Ne ulusqa ulfat andin, ne manga ozor edi.
Goʻyiyo shukr etmadimkim, onsiz oʻlmishmen bu dam,
Ul quyoshimni yoshurgʻan charxi kajraftor edi.
Charx bilmonkim manga bu uzrni tutti ravo,
Yoʻqsa mehr ahligʻa ul to bor edi, gʻaddor edi.
Yorsiz demang Navoiy mast emish, ey ahli hush
Kim, anga to hajr bor erdi, qachon hush yor edi.
* * *
Koʻrmadim jononni oʻtgan kun hayotim yoʻq edi,
Yuz hayotafzo yoʻluqsa, iltifotim yoʻq edi.
Koʻngluma kirganda poyandoz edi jon pardasi,
Jismu jondin oʻzga sadqa yo zakotim yoʻq edi.
Xoki poyi xosiyatda surmadur deb yozgʻali,
Koʻz savodidek, qora koʻzdek davotnm yoʻq edi.
Ashk toʻkmakdin qurugʻach ikki koʻz, kuydi koʻngul,
Daf’igʻa oʻtning bu Jayhunu Firotim yoʻq edi.
Rindliqdin osru shokirmenki, taqvo daftarin
Qildilar chun sharh, ul xayl ichra otim yoʻq edi.
Yorni koʻrgach, ne tong, gar elni koʻzga ilmadim,
Ul zamon parvoyi kulli koinotim yoʻq edi.
Ey Navoiy, ne ajab, hajr etsa xasdek poymol,.
Ishq aro chun togʻdek vaznu sabotim yoʻq edi.
* * *
Qani visolingga bir mendek orzumande,
Visol umidi bila mehnatinggʻa xursande.
Fano mayin ichib ovoraligʻ yoʻlin tuttum,
Nasihat ahli manga emdi bermangiz pande.
Erur tanimdagi yuz dogʻ birla munglugʻ jon,
Gadoki, toʻnigʻa har sari solsa payvande.
Sabab bu erdi ekin xilqatidin odamning
Ki, boʻlgʻay anga seningdek xujasta farzande.
Koʻngulni shoʻxlar andoq talashtilar kesishib
Ki, qolmadi meni bedil nasibi parkande.
Chogʻirni oqil esang la’l deb qizitma dimogʻ
Ki, oʻtni islamadi gul debon xiradmande.
Ajal, Navoiyni qutqaz baloyi hirmondin
Ki, ul zaif bu dard ichra asru emgandi.
* * *
Jonim chiqadur, hajr ila jonon kerak erdi,
Koʻnglum kuyadur, dard ila darmon kerak erdi.
Gʻam shomida parvona sifatkim, kuyadurmen,
Boshim uza ul sham’i shabiston kerak erdi.
Koʻz bogʻida yuz gul ochadur ishq, valekin
Yuzu xatidin lolavu rayhon kerak erdi.
Xush keldi hazin koʻnglum aro gʻamzalaringkim,
Oh oʻqlarigʻa bir necha paykon kerak erdi.
Qabrimgʻa xirom ettingu yoʻq tuhfaye, vahkim,
Bu xas kebi jon ichra bugun jon kerak erdi.
Xush ziynati koʻp nomadurur umr, valekin
Tavqi’i vafodin anga unvon kerak erdi.
Bilmay seni ul gul qovar, ey zor Navoiy,
Sendek anga bir bulbuli nolon kerak erdi.
* * *
Ul oyki, mehri ila olamni muhtaram qildi,
Bu telbaga nedin oyo nazarni kam qildi.
Koʻzum iziga yaqindur munga dagʻi yuz shukr,
Agarchi yoʻlida gardun qadimni xam qildi.
Nasihat etsa ulus tezrak boʻlur ishqim,
Bale, itikrak etar oʻtni ulki dam qildi.
Firoq sharhini har kirpigim yozar, goʻyo
Falak mijamni tengiz ichragi qalam qildi.
Ul oy azimat etib yuz gʻamu balo naqdin
Nasibim etti, yomon bormadi, karam qildi.
Sipehr ishqda Majnungʻa yozdi koʻp ta’rif,
Muqobilida zamona meni raqam qildi.
Koʻzumki qon aro boʻldi nihon ajab ermas
Ki, «ayn»gʻa chu dam oʻldi qarin adam qildi.
Shukufa siym chiqargʻach bu gulshan ichra xazon,
Havogʻa bargini sochmoq bila sitam qildi.
Navoiy jismin oʻqung zaxmi etti domi balo,
Visol qushlari andin magarki ram qildi.
* * *
Mening baxtim yuzi gʻam kochidin ul kun qora boʻldi
Ki, koʻnglum ul koʻzi, qoshi qoragʻa mubtalo boʻldi.
Qutulmish erdi oshigʻliq balosidin koʻngul, ketmish
Ul oy koʻyiga, bilmon, yona anga ne balo boʻldi.
Qoshu kipriklaring koʻnglum uyin qildi kamonxona,
Aliflardin oʻqu har na’l anga bir halqa yo boʻldi.
Buzulgʻan xasta koʻnglumdin oʻqin zinhor chekmangkim,
Ul uyga bu sutun, ul notavongʻa bu aso boʻldi.
Labinggʻa qaysi til birla fido dey xasta jonimni,
Anga jonim fidokim, joni la’linggʻa fido boʻldi.
Ajab muhlik emasmu ishq dashti, ey musulmonlar
Ki, bir moʻrigʻa har kun tu’ma ikki ajdaho boʻldi.
Fano istar esang, tut dayr piri ilgidin jome,
Nedinkim xonaqah shayxi ishi zarqu riyo boʻldi.
Vujudum foniy aylab oldi din bir mugʻbacha, tong yoʻq,
Agar zunnor bogʻlab, maskanim dayri fano boʻldi.
Navoiy, gʻussadin maxlas tilarsen, mastu bexud boʻl
Ki, davron dardu ranjigʻa davo bu boʻldi, to boʻldi.
* * *
Sevungil, ey koʻngul, oxirki jisming ichra jon keldi,
Quvon, ey joni mahzunkim, hayoti jovidon keldi.
Safardin ul pariy yetti, meni mahzunni shod etti,
Koʻnguldin eski gʻam ketti, tan ichra yangi jon keldi.
Xirad, yigʻ bu masofingni tahammul, qoʻy gazofingni,
Vara’, tark ayla lofingniki, oshubi jahon keldi.
Damekim andin ayrildim, koʻngulni hamrahi qildim,
Bugun keldi koʻngul, bildimkim, ul nomehribon keldi.
Keliptur yoshurun ul shah, meni majnun eman ogah,
Pariy ermas esa bas, vah, nechuk koʻzdin nihon keldi.
Falak boqti figʻonimgʻa, ajal rahm etti jonimgʻa,
Xazonligʻ boʻstonimgʻa guli bogʻi jinon keldi.
Mugʻanniy bir navoye tuz, Navoiy nagʻmaye koʻrguz,
Ayoqchi, tomsa tut, toʻqquzki Doroyi jahon keldi.
* * *
Ulus qoʻzgʻalur, goʻyo yorim yetishti,
Ulus ofati, gul uzorim yetishti.
Yana gard koʻzga erur toʻtiyo rang,
Hamonoki chobuksuvorim yetishti.
Tomar qatra-qatra koʻzum yoshi gul-gul,
Magar boisi xor-xorim yetishti.
Jahonga agar oʻzga zeb oʻlsa, tong yoʻq,
Jahon zebi birla nigorim yetishti.
Ne tong, nolada qolmasa ixtiyorim
Ki, zulm ichra beixtiyorim yetishti.
Ochilsa nishotim guli, yoʻq ajabkim,
Buzugʻ bogʻima navbahorim yetishti.
Xush ulkim, Navoiy yetishkach, dedi yor
Ki, ovorai beqarorim yetishti.
* * *
Yana hnjron oʻti jonimgʻa tushti
Ki, aning tobidin qonim qurushti.
Xumori hajrdin, ey soqiyi bazm,
Qadahkim, chiqqaln jonim yovushti.
Ilik ber, koʻzga surtay bushmas, ey shoʻx,
Qafi poyingnikim oʻptum, ne bushti.
Mening holimgʻa afgʻon chekti ahbob,
Kecha koʻyungdakim itlar ulushti.
Azalda rind xushhol oʻldi maydin
Vale xilvat aro zohid tumushti.
Safar ranji koʻnguldin chiqtikim, yor
Meni koʻrgach, ravon istab koʻrushti.
Navony hajr oʻti urgʻanda tugʻyon,
Chu urdum bodadin su, oʻlturushti.
* * *
Siyosat etti soching mushk chun xato qildi
Ki, borcha jismi qorarib teriga tortildi.
Qadinggʻa qullugʻi ahdini nayshakar buzmish
Ki, buyla bir-biridin bandi-bandi ayrildi.
Boshinda toj zar oʻldi, ayogʻi ostida nat’,
Chu sham’ xidmating aylarda poyasin bildi.
Magarki koʻz yumub ochquncha noz oʻqin otting
Ki, bir ajab tikoni koʻnglum ichra sonchildi.
Koʻzi xadangi balo yogʻdururni fahm ettim
Ki, raxshi na’lidin oʻtlar koʻzumga choqildi.
Qadah keturgilu dam urma dahr sirridin
Ki, mubham oʻldi bu soʻz har nechaki aytildi.
Jigari kabobgʻa mayl etmagan esa ul mast,
Navoiyo, nega bagʻringni har taraf tildi.
* * *
Yuzi xurshididin koʻzlar qamoshti
Va lekin tobidin jonlar tutoshti.
Bu xurshid uzra maydin gullar oʻlgʻon,
Gul uzra qatralar yangligʻ yaroshti.
Sochi savdosida oshufta qissam
Tasalsul birla bir-birga uloshti.
Ajalni jon olurda yengdi hajring,
Nechakim ul muning birla oʻchoshti.
Qoʻlini toʻlgʻadi ishqing xiradning,
Agarchi ul munung birla taloshti.
Falaktin nolani, tong yoʻq, oshurmoq,
Falak zulmi chu bizga haddin oshti.
Shafaqdin koʻk yuzi gulgun emaskim,
Firoqingdin Navoiy qoni toshti.
* * *
Necha nihoni ishorat raqiblar sari,
Koʻz uchidin nazare ham gʻariblar sari.
Tikanlar ichra boʻlur gul ne tong, gar ul gulrux
Ham etsa mayl hamisha raqiblar sari.
Bu vajhdinki davo dardmanlarga yetar,
Nasibi vasl kerak benasiblar sari.
Yuzum sening sari boʻlgʻusidur, bihamdillah,
Muhabbat ahli borurda habiblar sari.
Ne ayb telba koʻngulni qochursa nosihlar,
Boʻlurmu tiflgʻa ragʻbat adiblar sari.
Chu husn davri vafosizdur, ey guli ra’no,
Qil iltifot gahi andaliblar sari.
Navony, chu erur hajr dardidin alaming,
Tazallum etma, gar oʻlsang tabiblar sari.
* * *
Ul quyosh oquydayu men muztaribmen har sari,
Uylakim, fonusdin parvona qolgʻay tashqari.
Sadqasi boʻlmoq erur maqsud men sargashtagʻa,
Oquyi davrigʻa bukim aylanurmen har sari.
Ichkari ul gul tuvurlugʻni koʻtarmaslar, netay,
Ey sabo farroshi, bir lutf aylabon ul yon dari.
Parda ketgach, men zaifi zorgʻa oson erur,
Yoʻllaridin chigʻning solmoq oʻzumni ichkari.
Oquy ichra har nedur, zohirdur ul yuz tobidin,
Sham’ boʻlsa uyda, tashqardin boʻlur zohir bari.
Gar falak xirgohi boʻlsa peshxonang, ne osigʻ,
Umr xayli chunki kundin-kunga kelmas ilgari.
Ey Navoiy, ul mahi xirgahnishin hifzi uchun
Koʻzanak ermaski, har sari tikilmish koʻzlari.
* * *
Vahsh xaylin dasht aro men telbai mahzun sari,
Om gʻavgʻosi xayol et shahr aro Majnun sari.
Ham borurda, ham yonarda oʻtkudekdur charxdin,
Chiqsa ul oy hajrida ohim oʻti gardun sari.
Sham’igʻa parvona maylidekdurur koʻnglum qushi,
Borsa nogah ul qadu ruxsori otashgun sari.
Turfa koʻrkim, nosihim Farhod ila Majnun erur,
Bul-ajab holimgʻa boqib togʻ ila homun sari.
Har tun afzun boʻlgʻan ohim oʻtigʻa jonim sipand
Kim, gazande yetmagay ul husni roʻzafzun sari.
Soqiyo, kup kunjidin tut bizga la’li nobkim,
Bu borinda mayl boʻlmas ganji Afridun sari.
Ey Navoiy, majma’ul bahrayn boʻlgʻay oshkor,
Mayl qilsa sayli ashkim nogahon Jayxun sari.
* * *
Jilvamu aylar qizil toʻn birla har yon ul pariy,
Yo magarkim lolazor ichra kezar kabki dariy.
Telbalar qatli qizil qilmish libosin, ohkim,
Bir yoʻli devonalar qonigʻa kirmish ul pariy.
Xullasin xunobligʻ jon rishtasidin qildi charx,
Boʻldi jonlar joni, vah-vah, ul pariyvash paykari.
Orazing naqshimudur qonligʻ koʻngulda jilvagar,
Yo shafaqdin boʻldi toli’ oftobe xovariy.
Ich shafaqgun mayki, gardun qotiledurkim, erur
Yangi oy birla shafaq tiygʻu libosi ahmariy.
Qon aro koʻnglum yuzung shavqidin andoq xastadur
Kim, erur gulgun harir oltida aning bistari.
Ul pariy la’lida joning, ey Navoiy, boʻldi mahv,
La’lgun kisvatda mahv etgandek oʻzni ul pariy.
* * *
Boshni gar yerga qoʻya olmon, boqib mohim sari,
Boshima tufrogʻ sovurmoqqa boray shohim sari.
Tun aro anjum tutunda uchqun anglar, solsa koʻz
Kimsa, koʻnglum oʻtidin boʻlsa ayon, ohim sari.
Men koʻnguldin rashk elturmen, koʻngul mendin hasad,
Istasa koʻnglumki, qilsam azm dilxohim sari.
Ul quyosh sari borurda soya hamrohimdurur,
Rashkdin boqmon keyin bir qatla hamrohim sari.
Jon labing shavqidin ogah boʻlgʻali aylar Masih,
Jon berur chogʻda tavajjuh joni ogohim sari.
Ey koʻngul, ul husn ganjidin gadoligʻdur ishim,
Garchi yoʻq parvoyi aning shayalilohim sari.
Husni bogʻidur nazargohim, Navoiy, zinhor
Solmagʻil gohi nazar bogʻi nazargohim sari.
* * *
Har oʻqi kelsa meni zor sari,
Yuz duom oʻqi borur yor sari.
Chun koʻngul yoradur, jonim ham,
Kosh azm aylasa dildor sari.
Sitamidin qocha olmonki, borur
Koʻnglum ul shoʻxi sitamgor sari.
Ey Masihim, oʻladurmen, bir dam
Qadam et ranja bu bemor sari.
Bodai hajrdin ar yetsa xumor,
Azm qil kulbai xammor sarn.
Koʻzunga istamasang gardi alam,
Boqma bu gunbadi davvor sari.
Zaxmlarning asari qonidin
Boqa olmon tani afgor sari.
Qoʻrgali dayrda ul mugʻbachani,
Boʻlmisham shifta zunnor sari.
Jonni jonongʻa, Navoiy, topshur,
Yorni yetkurakoʻr yor sari.
* * *
Xushturur gulgun qadah davrinda gulbargi tari,
Xossa bayram avvali boʻlgʻay dagʻi gul oxiri.
Har varaq bir nomayi ishratdurur fahm aylagil,
Tong yelidin abtar oʻlmastin burun gul daftari.
Gʻuncha xudi birla gul qolqonigʻa yetti shikast,
Boʻlgʻali paydo sarigʻ savsanning oltun shashpari.
Gul adam shomigʻa yuzlangan uchun zanbaq guli
Bor kumush mash’al dogʻiyu xurdalardur axgari.
Lola qon uzra boʻyalib, oʻt uza anbar qoʻyub
Bor pariyxon, chiqmagʻan gʻoyib chechaklardur pariy.
Nilufar tutmish sipehri lojuvardiy hay’atin,
Jolalar yuzinda andoqkim nujumu axtari.
Oʻpsa la’lingni Navoiy sanga xush kelmas, vale
Xushturur gulgan qadah davrinda gul bargi tari.
* * *
Ey uzoring ollida sharmanda mehri xovariy,
Yoʻqsa nevchun yoshunur har kecha andoqkim pariy.
Qomatingdin azmi sahro qildi gulshandin tazarv,
Togʻ sari uylakim faryod etib kabki dariy.
Gulshani husnunggʻa ziynat berdi terdin qatralar
Kim, koʻrubtur boʻyla gulbarg uzra shabnam gavhari.
Hajr soʻzi za’fligʻ jismim aro boʻlmish nihon,
Bas ajabdur bir ovuch xas ichra doʻzax axgari.
Safhayi husnungda haq sirrin koʻrar koʻnglum ayon,
Tong emas bulbulgʻa mushaf oʻrnida gul daftari.
Yor bazmida visol ahli chekar jomi murod,
Davr chun hajr ahligʻa qism etti mehnat sogʻari.
Ey Navoiy, yor zulmigʻa ne chora, gʻayri sabr,
Kimsa netkay sabr qilmay zolim oʻlsa dilbari.
* * *
Tavsaning na’lidin istarmen boshimgʻa afsare,
Hindudekkim boshigʻa tovusdin sanchar pare.
Orazingda may, may ichra orazing zohir qilur,
Gahe axtardin shafaq, gohe shafaqdin axtare.
Bazmi ayshin koʻkka nevchun chekmagay ulkim, anga
Tutsa ruhullah dami har dam quyoshdek sogʻare.
Masnadim koʻrgilki, har tun qasri toshu farshidin,
Boshqa xoro muttakodur, tangʻa koshi bistare.
Vah, ne loʻliyvashdur ul qotilki umdan xalqning
Qonini toʻkmakka har bir kirpigidur nishtare.
Orazing vasfi tuganmas kotibi sun’ aylasa,
Dahr boʻstonida gul yafrogʻlaridin daftare.
Ey Navoiy, sarvdek ozod boʻl gar istasang,
Gul masallig shohide, bulbul kebi xunyogare.
* * *
Intizoridin ul oyning koʻzki soldim har sari,
Koʻz yumub ochquncha oʻtti koʻz yoshim andin nari.
Yolinib ul koʻy iti birla borurmen koʻyiga,
Vahki, ul koʻy ichra bormen men keyin, it ilgari.
Dardu gʻam turmish yasovuldek koʻngul choki aro,
Qoʻymamoqqa kelsa hushu sabr xayli ichkari.
Koʻrmasangkim oʻtni su tez aylagay, bir-bir turur
Koʻnglum ichra qatra-qatra su kebi paykonlari.
Lab aro ogʻzing chuchuk til birla goʻyo anglasam,
Shahdligʻ nishi bila gul bargini teshmish ari.
Zohidu har lahza oʻlmak xonaqah fikridakim,
To tirikmen chiqmagʻum dayri fanodin men bari.
Ey Navoiy, dema har damkim qadahni quy toʻla,
Mayni oxir quysa xud boʻlmas qadahdin tashqari.
* * *
Mahvashekim mehridin boʻldum jahon ovorasi,
Rahm etib bir chora qilmas oʻlsa ham bechorasi.
Zaxmlar qilding yana gʻam nishidin, ey bevafo,
Butmish erdi vasl noʻshi birla bagʻrim yorasi.
Bevafolar koʻngli tong yoʻq lablaringga boʻlsa sayd
Qaydakim la’l oʻlsa, atrofida boʻlur xorasi.
Yuziga boqqach, ajab yoʻq koʻzlarimga toʻlsa ashk,
El koʻziga yosh toʻlar qilsa quyosh nazzorasi.
Dardi hajringdin Navoiy koʻngli, koʻksi, bagʻridur,
Har biri yuz poravu ming yara har bir porasi.
* * *
Butmadi gulshan tavofi birla bagʻrim yorasi,
Bermadi oʻtumgʻa taskin sarvu gul nazzorasi,
Bir zamone sarvu bir dam gulga koʻp qildim nazar,
Boʻlmadi ul sarvi gulrux furqatining chorasi.
Gul bila sarv istabon gulshan sari mayl aylamas
Dashtdin ul sarvi gulruxsoraning ovorasi.
Qaddi hajrida har ohim dudi sarvedur baland,
Yuzidin ayru guledur koʻkragim har porasi.
Sarvu gul maftuni boʻlmakim, nigoru zeb uchun,
Sindurub har dam uzar ani falak makkorasi.
Sarv oʻqdur, gul tikan, bogʻ ichra to koʻz ollidin
Borgʻali ul sarvi gulruxning qadu ruxsorasi.
Ey Navoiy, sarvu guldin kechki, qaddu yuzidin
Bor emish yuz yilchiligʻ yoʻl sarv ila gul orasi.
* * *
Ey hayotim naqdi la’li xurdadoning sadqasi,
Javhari jonim aqiqi durfishoning sadqasi.
Koʻzlaring gar notavondur, sadqa vojibdur anga,
Yuz meningdek notavon har notavonning sadqasi.
Qomatu qoshing alif, nunikim, ul husn anidur,
Har malohat ahlikim, bor boʻlsun aning sadqasi.
Qoʻzlarimning mardumi xoling savodigʻa fido,
Bogʻi umrum gulbuni sarvi ravoning sadqasi.
Qulni boshtin evurub ozod etarlar, vah, meni,
Boshtin evur, lek ozod etma, joning sadqasi.
Tingʻasen sargashtalnkdin, ey koʻngul, gar boʻlgʻasen,
Mehrnbonligʻ bobida nomehriboning sadqasi.
Boʻlub ul gul sadqasi, holingni arz etmish sabo,
Ey Navoiy, boʻlsa yuz joning, saboning sadqasi.
* * *
Har bagʻir pargolasi gʻam dashtining bir lolasi,
Lek, boʻlgʻan ishq oʻtidin dogʻ har pargolasi.
Ishq sahrosigʻa har kim kirmak oʻlmaskim, erur
Bir yurakning dogʻligʻ pargolasi, har lolasi.
La’l uza ushogʻroq inju aylagandek ta’biya,
Koʻrguzub shirin labingni har taraf tabxolasi.
Anjum ermaskim, tushubtur charx koʻzgusiga aks,
Baski, yogʻdi gʻam tuni yer uzra ashkim jolasi.
Girdbolisht boʻlsa oy boshing qoʻyargʻa, vajhi bor
Kim, aning davri yuzing oyining oʻlgʻay holasi.
Gul xaridori chu koʻptur, boʻlma koʻp, ey bogʻbon,
Zeb uchun mashshota yo sotmoq uchun dallolasi.
Gar Navoiy nolasidin yor yolqibtur, vale
Ishq yoʻq deb ta’n etar, gohiki yoʻqtur nolasi.
* * *
Davlat tongi yuziyu sochi tong qorongʻusi,
Masti sabuh koʻzlarin eltib tong uyqusi.
Bulbul pari emas, gul erur bergali jilo,
Har bargi gulki, yeldin erur tiyra koʻzgusi.
Gulzor dahr shu’badasin goʻyiy anglamish,
Ichinda za’farondin emas gʻuncha kulgusi.
Boshimni yuqori qila olman binafshadek,
Koʻnglumga chunki chirmashur ul turra qaygʻusi.
Koʻz bahri ichra shisha kiyib mardum etti gʻavs,
Yoyildi ushbu vajh ila yuz sari injusi.
Holimgʻa hajr bazmi aro tortsam surud,
Bor navha maddi telba koʻngulning ayalgʻusi.
Qatlimgʻa mujda berdiyu oʻlturdi intizor,
Bir umrdin soʻng elga yigit va’da bergusi.
* * *
Zohir aylar ashk ila ohimni hajring ogʻusi,
Goʻyiy mundoq esnatur oxir nafasning uyqusi.
Hajri bepoyon, tuni muhlik, jununum bul’ajab,
Subh goʻyo motamim tutmishki, kelmas kulgusi.
Kuydurub jismimni, bergaysen kulum birla jilo,
Tiyra boʻlsa qon ila qatlimda tiygʻing koʻzgusi.
Meni majnundek tutuptur dasht demangkim, bu dasht
Togʻlar erdiki, homun qildi koʻnglum qaygʻusi.
Ey koʻngul, oh oʻqlarin ul gʻamzaning olligʻa chek
Kim, oʻq otmogʻligʻda sendin tuzdur aning qobusi.
Demangiz oshiq koʻziga ne yorugʻlugʻdur mufid,
Gʻam kuni dilbar yuzi, hijron tuni tong yogʻdusi.
Hajr aro tuzdi Navoiy vasl mulkin berdi yor,
Andoq ish qilgʻangʻa mundin kam kerakmas joʻldusi.
* * *
Nargisin gul uzrakim, bemor etar noz uyqusi,
Misli shoʻxedurki, sust etkay ani yoz uyqusi.
Koʻz ochib bexudlugʻumni koʻrmasa yoʻqtur ajab
Kim, manga baxt uyqusi boʻlmish, anga noz uyqusi.
Charxi soyir goʻyiyo oshiqdururkim, kechalar
Bor aning ham men kebi koʻp ashkiyu oz uyqusi,
Bizni daf’ oʻlsun debon solmish oʻzini uyqugʻa,
Zarqdin xoliy emastur ul fusunsoz uyqusi.
Har tun aylar istimo’ el qissasin, vahkim, kelur,
Menki oʻz holim desam, ul qissapardoz uyqusi.
Ista komil xidmatin gʻaflatni raf’ aylay desang
Bordur oʻzdin gʻoyib oʻlmoq zumrayi roz uyqusi.
Ey Navoiy, ochma gʻamdin koʻzki, sirrim qildi fosh,
Yaxshiroq bedorligʻidin buyla gʻammoz uyqusi.
* * *
Boʻldi iyd, ul turki chobuk azmi maydon qilgʻusi,
Vahki, el bexudlugʻi jonimni qurbon qilgʻusi.
Barqi ofat boʻlgʻusi har shu’layekim ayrilur,
Markabi tuynogʻidin ul damki javlon qilgʻusi.
Oʻq hunilab oʻt yolindek har tarafkim qoʻysa yuz,
Yuz koʻngulni kuydurub, yuz jonni vayron qilgʻusi.
Oshkoro jon olib har yon qilur mashgʻul oʻzin,
Elni bilmas deb yigit oʻzini nodon qilgʻusi.
Sham’ emas koʻz ochtilar nazzoragʻa ahli qubur
Kim, ul oy iyd oqshomi sayri xiyobon qilgʻusi.
Subh maydon azmi qilgʻach, vahki, yoʻq yolgʻuz meni
Olam ahlin iydi ruxsorigʻa hayron qilgʻusi.
Iydgoh ahli hujumi birla, ey shah, qilma kibr
Kim, falak bu jam’ni holi parishon qilgʻusi.
Ey Navoiy, rashkdin oʻldumki, ul qotil bugun
Har taraf bu shakl ila yuzlansa yuz qon qilgʻusi.
* * *
Boʻlgʻay erdi yuz tuman, ming ranju mehnat koshki,
Boʻlmagʻay erdi balovu dardi furqat koshki.
Yeldek aylarda havo sayr etkali jismim xasin
Oʻrtagay erdi urub bir barqi ofat koshki.
Xosiyat chun telbarab sahrogʻa yuzlanmak emish,
Tutmagʻay erdim pariylar birla ulfat koshki.
Ofiyat kunjin, dedim, istay buzuldum bir yoʻli,
Koʻnglum ichra kechmagay erdi bu niyat koshki.
Yuz gʻarib ahvol bekaslikda har dam bor emish,
Oʻtmagay erdi tilimga lafzi gʻurbat koshki.
Jilva qilgʻuncha tilab tovus yangligʻ ganji zeb,
Chugʻz yangligʻ tutqay erdim kunji uzlat koshki.
Yordin el rashkidin boʻldum judo, boʻlgʻay edi
Iltifotin gʻayr ila koʻrmakka toqat koshki.
Demakim, jon et fido ahbob ila topqach visol,
Ey Navoiy, umr bergay oncha muhlat koshki.
* * *
Yuzidin oʻlmasa, yo rab, ravo koʻzum tilagi,
Tazallumum iligidur adolating etagi.
Koʻngulda furqat oʻqi birkishibdur andoqkim
Kishi chekarda gumon aylagay aning soʻngagi.
Chamanda gʻuncha emaskim, boʻlushur ul gul uchun
Figʻonim onchaki, qon bogʻlanipturur yuragi.
Chechak nechukki, yopar koʻzni tiyra aylaptur,
Koʻzum bahorini gulgun sirishkning chechagi.
Labi xayolida bagʻrim shikofini tiksam,
Alifdin igna qilur, jonu rishtadin ipagi.
Xazon chamangʻa shabixun kelurga boʻldi dalil
Sanavbar ushbu chamandin kanora aylamagi.
Ne koʻnglini buzadur dardu gʻam Navoiyning,
Chu ul pariyduru bas ushbu telba koʻnglidagi.
* * *
Gul emas har yon yuzung davrida oro qilgali,
Halqa urmishlar jamolinggʻa tamosho qilgʻali.
Orazing Chin naqshi zulfung mushku haryon xol erur,
Hind elikim Chingʻa kelmish mushk savdo qilgʻali.
Yuz uza ogʻzing oʻgʻurlab naqdi din boʻldi nihon,
Chekti xatting xayli saf oʻgʻrini paydo qilgʻali.
Qilgʻali ishqingni pinhon aylading koʻksumni chok,
Dema pinhon qilgʻalikim oshkoro qilgʻali.
Eyki, soʻrdungkim qachondin sen junun oshubida,
Ul pari xayli gʻami koʻnglumda gʻavgʻo qilgʻali.
Bodagʻa rahm aylaganda ofiyat dastorini,
Yirttim bir goʻshasidin bodapolo qilgʻali.
Yoʻl chiqarmon tiyra shomimdin Navoiydek, vale
Muntazirdurmen hidoyat barqi bir choqilgʻali.
* * *
Gul emastur otashin, bulbullarin kuydurgali
Kim, libos etmish qizil ushshoqini oʻlturgali.
Koʻyiga insa maloyik pashsha yangligʻ, rashkdin
Oh dudin zohir aylarmen alarni surgali.
Demangiz ulkim sevarsen, nega qoningni toʻkar,
Lutf ortuq koʻrguzur ortuqsiroq sevdurgali.
Qatli om etkachki, qochti ishqdin har bul-havas,
Jismima jon kirdi ishqim ollida bilgurgali.
Ey Masiho, bir nafas tingʻilki, bormish doʻstlar
Jonlar oʻynab, ul quyoshni boshima kelturgali.
Dayr aro bormu gʻaming deb soʻrmagʻil, ey mugʻbacha,
Daf’ boʻlmish sen qadahni ogʻzima yetkurgali.
Ey Navoiy, koʻz-yuzidin olmoq oʻlmas. voykim.
Ortuq aylar ijtinob ortuqsiroq telmurgali.
* * *
Tanuredur ichim, goʻyo qizitqan ishq oʻti ani,
Yopishturgʻan kabob oʻrni anga har dogʻi pinhoniy.
Qizil raglar emas koʻz ichrakim, koʻz mardumin gʻamzang
Aningdek nishlar urdiki, oqmish har taraf qoni.
Erur qadding xayoli gah koʻngul, gah koʻzda goʻyokim,
Budur ul joʻyboru bogʻning sarvi xiromoni.
Tariqi ishq aro koʻnglumdadur har dam gʻame ul uy
Ajab yoʻl uzradurkim, oʻksumas bir lahza mehmoni.
Gʻamim shomin yorutti qadding ul yuz shu’lasi birla,
Netar kunduzni ulkim, buyladur sham’i shabistoni.
Yonar oʻtlugʻ koʻngulda otashin la’ling firoqidin,
Qiziq har la’lgun paykon erur bir la’li paykoniy.
Xati rayhoni ichra bodayi la’lin xayol aylab,
Uchar har lahza ruhum, soqiyo, tut rohi rayhoniy.
Munungdekkim, yiroqdur ka’bai maqsad hamonokim,
Erur manzilgʻa yetmasdin jarasning tinmay afgʻoni.
Navoiy davlati boqiy tilar boʻlsang yaqin bilkim,
Erur solikka mushkil topmoq ani boʻlmayin foniy.
* * *
Jon mazraida boʻlsa, ne tong, dard xirmani,
Ohimdin oʻldi chunki falak yel tegirmani.
Xatting xayoli koʻnglum aro qildi yuz teshuk,
Bu nav’ oʻlur buzugʻda qolin moʻr maskani.
Koʻnglum yorur, chu nomasini koʻzdin olmasam,
Uydekki, zeb kogʻaz ila topsa ravzani.
Zaxmi dogʻi fatilagʻa oʻt tushti, ey rafiq,
Dard uyining magar budurur sham’i ravshani.
Basdur yuzu qadding, gulu savsan, yana nedurur
Gulgun yilakning ustida takband savsani.
Bulbulgʻa, ey gul ayla vafo toza-tozakim,
Serobu toza doim emas dahr gulshani.
Gʻamdin Navoiy oʻlgusidur, koʻnglin asragʻil,
Chun sencha kimsa bilmadi dildorliq fani.
* * *
Jismi ul gulning qizil toʻndinmudur gul xirmani,
Yo solib ruxsori bir xirmangʻa oʻt oʻrtar mani.
Otashin gul jismida andoqki su muzmardurur,
Oʻyladur gulgun toʻn ichra obi hayvondek tani.
Goʻyiyo gul ichra savsan bargi aylabtur nihon,
Yoʻqsa gulgun toʻn ichinda koʻnglakidur savsani.
Qatl uchun ol ayladi toʻn, yoʻqsa ul qattolvash,
Gʻarqa boʻlmish qongʻa, baskim boʻldi qon toʻkmak fani.
Otashin gulmu ekin, gulbunda har yon yo magar,
Ishq soʻzidin tushub oʻt, kuydi bulbul maskani.
Gul sochib yuz yil agar gulrang may noʻsh aylasang,
Arzimas bir kun tikon neshigʻa davron gulshani.
Gul erur yuz xurdasi birla gadoyi jandapoʻsh,
Ey Navoiy, muflisi qoni’ni bil shohi gʻani.
* * *
Labing takallum etib, soʻzda lol qildi meni,
Ochildi zulfungu oshuftahol qildi meni.
Yuzi koʻrundi, oching emdi zulfi silsilasin
Ki, ul pariy yana majnunmisol qildi meni.
Oyogʻin oʻpkali boshim yoʻligʻa yetkurdum,
Figʻonki, zulfi kebi poymol qildi meni.
Qoshi xayolida payvasta baski, chektim ranj,
Falak bu gʻamda nechukkim, hilol qildi meni.
Beli gʻamida xayol oʻldum ohu afgʻondin,
Bu moʻya moʻy etib, ul nola nol qildi meni.
Kup ogʻzima quyu qoʻy adl jomin, ey mugʻkim,
Qazo bu shevada bee’tidol qildi meni.
Navoiy, anglaki, jurmumcha yuz umidim bor,
Faqiri zohid oʻzidek xayol qildi meni.
* * *
Vah, necha davron jafosi aylagay mahzun meni,
Soqiyo, bir davr ayogʻi birla qil majnun meni.
Behud oʻlmishmen mayi la’lingni koʻrgach, ohkim,
Qildi mast ogʻzimgʻa yetmay ul labi maygun meni.
Lahza-lahza uylakim, javrungki husn aylar fuzun,
Shavq aro ham ishqing aylar dam-badam afzun meni.
Elta olur bir quyun jismim xasin ul koʻydin,
Ranja boʻlma qilgʻali ovora, ey gardun, meni.
Mujdai vaslu hayot oʻlgʻay dedim noming, valek
Xatti behush aylabon qatl ayladi mazmun meni.
Menda mugʻ dayri havosi gʻolibu sizda xumor,
Maygʻa, ey ushshoq, muflis aylangiz marhun meni.
Ey Navoiy, vasl aro-oʻq kosh sursa tigʻi kin,
Furqatida oqibat oʻlturgusidur chun meni.
* * *
Ohki, ishq ayladi shaydo meni,
Soldi junun koʻyiga savdo meni.
Ishq ila savdo boʻlubon muttafiq,
Ayladilar dahrda rasvo meni.
Dasht aro Majnun demayinkim, vuhush,
Keldilar aylarga tamosho meni.
Kimniki ishq istadi qatl etkali,
Hajr ravon ayladi paydo meni.
Kimki meni oʻlturur, ul tirguzur,
Yoʻqsa qochar, koʻrsa Masiho meni.
Dayr emas erdi yerim, ozgʻurub,
Soldi buyon bir buti tarso meni.
Voyki, oʻlturgali qilmas pisand,
Ishq yana kimsani illo meni.
Soqiyi gulchehradin oshuftamen,
Demaki, mast ayladi sahbo meni.
Yor Navoiyni tilab, ey koʻngul,
Yo seni oʻlturgusidur, yo meni.
* * *
Ey quyosh, nevchun qoshingdin soyadek surdung meni,
Ravshan aylab jumlai olamni, kuydurdung meni.
Kuydurub, ey ishq oʻti, gardungʻa sovurdung kulum,
Poyada oxir bu yangligʻ koʻkka yetkurdung meni.
Hajr oʻti tobi yana behol qildi nechakim,
Ey nasimi vasl, oʻz holimgʻa kelturdung meni.
Ishq man’ida soʻzung chun hashv edi boʻldum xamush,
Qilma, ey voiz, gumonkim yoʻldin ozgʻurdung meni.
Nayladim, ey ishqim, boʻldum oʻlum mustavjibi,
Kim, bu yangligʻ hajr jallodigʻa topshurdung meni.
Vasling etting va’da, ammo hajringa qilding asir,
Koʻkka chekting, lek yerga oqibat urdung meni.
Ey Navoiy, vasl agar roʻzi emastur chora yoʻq,
Qilmading deb sa’yi bas, ne ishga yozgʻurdung meni.
* * *
Bir pariy paykar gʻami oshuftahol etmish meni,
Elga ahvolim demaktin gungu lol etmish meni.
Men havoyini, ne tong, koʻrguzsalar bir-birgakim
Egma qoshing fikri andoqkim hilol etmish meni.
Oshkor etmas edim ishqin, vale oʻtkan kecha
Boda zoʻr aylab, yigʻi bee’tidol etmish meni.
Yor koʻyi ichrakim tufrogʻ ila teng boʻlmisham,
Ishq gʻavgʻosi bu yangligʻ poymol etmish meni.
To tanimgʻa oʻt tutashmish, barqdekdur hay’atim,
Furqating to za’fdin andoqki nol etmish meni.
Oʻt solurmen oh ila olamgʻa men kim, zuhd kim,
Zohidi afsurda oyo ne xayol etmish meni.
Dashti vahshigʻa anis oʻlsam Navoiydek, ne tong,
Ul pariy savdosi chun Majnun misol etmish meni.
* * *
Yuz urma har taraf, ey shoʻxu zor qilma meni,
Qaror tut nafase, beqaror qilma meni.
Koʻzumni sham’i jamoling furugʻi birla yorut,
Tong otkucha kechalar ashkbor qilma meni.
Xudoy uchun yana har sari bexabar borma,
Figʻonu nolada beixtiyor qilma meni.
Tarahhum aylagil, ey ixtiyorsiz nola,
Damo-dam el ichida sharmsor qilma meni.
Hayot ranji, oʻlum yodi sa’b emish, soqiy,
Bu dayr ichinda dame hushyor qilma meni.
Men oʻzga, Vomiqu Farhod oʻzgadur, ey ishq,
Tana’’um ahli aro e’tibor qilma meni.
Qayonki borsang oʻlarmen Navoiy yangligʻ zor,
Yuz urma har taraf, ey shoʻxu zor qilma meni.
* * *
Zori koʻnglumda nihon, uylaki, jon deymu seni?!
Yoʻq esa shiftai jon ichra nihon deymu seni?!
Sarvdin jilvada ortuqsenu guldin toza,
Toza gul deymu seni, sarviravon deymu seni?!
Barchadin koʻzda nihon boʻldingu jon ichra ayon.
Vah, nihon deymu seni, yoʻqsa ayon deymu seni?!
Yaxshiliq yoki yomonliq bila jonim olding,
Aylading yaxshi bular birla yomon deymu seni?!
Husn mir’oti senu nozu latofat sham’i.
Soddadil deymu seni, charbzabon deymu seni?!
Fitna olamgʻa, zamon ahligʻa solding oshub,
Fitnai olamu oshubi zamon deymu seni?!
Ey koʻngul, ishq aro bir yerga yetibsenki, degil,
Ibrati dahrimu rasvoyi jahon deymu seni?!
Oʻlturub erdi xumor, aylading, ey may, ani daf’,
Quti jon deymu seni, naqdi ravon deymu seni?!
Qoʻy fano lofi, Navoiyki, soʻzung tutti jahon,
Bu taayun bila benomu nishon deymu seni?!
* * *
Tilarmen muztar etsa ofati ozurda jonimni,
Sovursa ofiyat birla tuzulgan xonumonimni.
Chiqib sarxush, chopib abrash, qilib javlon, olib maydon,
Vujud iqlimidin mahv aylasa nomu nishonimni.
Urub jonimgʻa nishi gʻam, tuzub qatlim uchun marham
Xino qilsa balo shohidlari ilgiga qonimni.
Firoq ichra alifdek qaddima gʻam togʻini yuklab,
Uhud ostidagʻi dol etsa jismi notavonimni.
Junun koʻyida usruk sudratib ratb-ul-lison qilsa
Fano avboshigʻa dayr ichra bu rozi nihonimni.
Yuzin aylab qora keynicha solib ishq atfolin,
Bori mastu malang oʻynatsa aqli xurdadonimni.
Navoiy, ne may erdikim, ichib olamgʻa fosh ettim,
Ulustin yoshurun yillar koʻngulda asragʻanimni.
* * *
Tilarmen islab-islab gʻabgʻabingni,
Gah oʻpsam orazingni, gah labingni.
Erur bu bir tamanno baski topsam,
Yuzum surtarga na’li markabingni.
Yuzu zulfin koʻrarga borgʻum, ey charx,
Judo qilgʻil qamardin aqrabingni.
Falakdin oʻtti gardi anbarolud,
Chu maydon ichra surdung ashhabingni.
Yuzi, ey charx, burqa’ ochti terlab,
Bulutqa chirma oyu kavkabingni.
Qadi borinda toʻbidin dema soʻz,
Qil, ey zohid, biyikrak mashrabingni.
Navoiy, yor rahm etkaymu, yo rab,
Eshitsa muncha «yo rab-yo rab»ingni.
* * *
Biravki ishq bila qildi muttaham bizni,
Ne nav’ yoʻq deylikim, etti muhtaram bizni.
Gʻamingda bir-iki dam qoldi, jonni botroq ol,
Hayot vahmidin oʻlturma dam-badam bizni.
Koʻngul ne mujda berursenki, bazm aro tuno-kun
Hariflar aro yod etmish ul sanam bizni.
Demangki, tigʻ surub, boshimizni soldi quyi
Ki, qildi hajrda sharmanda ul karam bizni.
Firoq muhliku vasl ichra shodligʻ muhlik,
Firoqi oʻlturur ermish, visoli ham bizni.
Icharda durdi may aylab sinuq safolni jom,
Boʻlur bu joh ila davr ahli desa Jam bizni.
Navoiy ayladi hijronda nolayu faryod,
Xarob qildi ul ohangi zeru bam bizni.
* * *
Xurdabinlar fahmi idrok aylamas yor ogʻzini,
Xurdayi ma’ni adosi qildi izhor ogʻzini.
Neshi noʻsh olud sanchib bargi gul uzra ari,
Fosh etib shirin labin, qildi namudor ogʻzini.
Nuqtai mavhum aro qilsun tasavvur suqbai.
Kimki mafhum aylamak istar aning tor ogʻzini.
Chun oʻlibmen za’fdin, dam yoʻqki, topman tiyralik,
Qoʻyki, qoʻysun chehra koʻzgusiga bu zor ogʻzini.
Zarra xurshid ichra kirsa, uylakim, boʻlgay nihon,
Xalqdin yoshurdi ul xurshidi ruxsor ogʻzini.
Qoʻyki, oʻz ogʻzimni ogʻzinggʻa qoʻyay, ey mugʻbacha,
Yoʻqsa kup ogʻzigʻa qoʻy men zori bemor ogʻzini.
Ey Navoiy, hajr oʻti sharhida chun surdung hadis,
Oʻrtading takror etarda ahli guftor ogʻzini.
* * *
Demaki, qatlima ushshoqi notavon yaxshi
Ki, buyla javrunga bir men kebi yomon yaxshn.
Xush ulki, qatlgʻa ushshoq aro yomonlardin
Ul oy meni sogʻinib dedikim, falon yaxshi.
Kishiki vasl tilar, gʻurbat ixtiyor etsun,
Ul orzugʻa burun tarki xonumon yaxshi.
Aning visolida jonu koʻngul emas mahram,
Gar ul muyassar oʻlur, gʻayrdin nihon yaxshi.
Qadahni tashlaki, bas tashnalabmen, ey soqiy,
Mening sumurmakima bahri begaron yaxshi.
Ne ayb, mugʻbachagʻa dayr tomi uzra xirom,
Yoreki qilsa quyosh jilva, osmon yaxshi.
Ajab malohat emasmu yuzungakim, koʻrunur
Senga, senga chu boqarmen zamon-zamon yaxshi.
Agarchi kelmadi bemehr yor javri yomon,
Chu yaxshi boqsang, erur yori mehribon yaxshi.
Navoiyo, yomon eltur chu noladin ul gul,
Ne sud, bulbul agar aylasa figʻon yaxshi.
* * *
Ey quyoshqa koʻz qamashturgʻon jamoling partavi,
Sarvi ra’nolikda xushraftor qadding payravi.
Qof togʻin gar parilar maskan etmishlar ne tong,
Qarilardur navjuvonim hijlatidin munzaviy.
Uylakim Moniy ishidin zoyi’ oʻldi naqshi Chin,
Ul buti Chin suvratidin boʻldi naqshi monaviy.
Ishq ilgi quvvati men xastani qilmish zabun,
Ey koʻngul, ne chora aylay men zaifu ul qaviy.
Bulbul ar gulbong urar gul suvratidin men xamush
Kim, takallum taxtigʻa kirmas adoyi ma’naviy.
Ishq sirrin rindi durdiykash bilur, yoʻq ahli dars
Ulcha avroq uzra sabt oʻlmas ne bilgay Mavlaviy.
Demangiz bulbul Navoiyni, samandardekki, bor
Nazmi ichra shu’layi Jomiyu soʻzi Xusraviy.
* * *
Koʻnglum olgʻon dilbarim dildorligʻ bilmas, netay,
Bilsa gʻamgin aylamak gʻamxorliq bilmas, netay?
Husnigʻa boqtim koʻzumning mardumigʻa urdi nesh,
Mahvashim oyini mardumdorligʻ bilmas, netay?
Dema usrukdur koʻzum, qilma tazallum ollida,
Koʻz yumub ochquncha ul hushyorligʻ bilmas, netay?
Ul pari paykargʻa yoqmas zorligʻ birla figʻon,
Telba koʻnglum yuz figʻonu zorligʻ bilmas, netay?
Odamivashliq pari ruxsorlardin xoʻb erur,
Chun bu ishni ul pari ruxsorligʻ bilmas, netay?
Eyki dersen dayr pirigʻa nedin boʻldung murid,
Shayxi hiylat pesha juz makkorligʻ bilmas, netay?
Mastu behush oʻlmogʻim tun-kun, Navoiy, soʻrmagʻil,
Charxi javrandisha juz gʻaddorligʻ bilmas, netay?
* * *
Ey koʻngul, kelkim, balo bazmida jomi gʻam tutay
Oʻz qatiq holimgʻa oʻlmastin burun motam tutay.
Yigʻlabon boshimgʻa ohim dudidin chirmab qora,
Motamim el soʻngra tutquncha, oʻzum bu dam tutay.
Olam ahligʻa necha qildim vafo, koʻrdum jafo,
Ey koʻngul, kel-kelki, tarki jumlayi olam tutay.
Emdikim, ishrat surudidin ochilmang, ey koʻngul,
Navha ohangin tuzub, bir dam seni xurram tutay.
Mastligʻdin oʻzga yoʻq dardim iloji, soqiyo,
May keturkim, ham ichay, bir lahza ani ham tutay.
Qoʻygʻil, ey nosihki, mugʻ dayrida oʻz ahvolima,
Mast loya’qil yoqam yirtib, surudi gʻam tutay.
Chun jahon birla jahon ahligʻa yoʻq ermish vafo,
Ey Navoiy, men fano sarrishtasin muhkam tutay.
* * *
Ishqing ichra koʻksuma oncha junun toshin uray
Kim, xiradning shavkatin, taqvo shukuhin sinduray.
Qilsa tavsanligʻ koʻngul tortib junun zanjirigʻa,
Hajr zindonida ishqing shahnasigʻa topshuray.
Ul pariy koʻzdin chu maxfiydur hamesha, vah, necha
Istab ani topmasa, majnun koʻngulni yozgʻuray.
Gʻam tuni anjum koʻzi yangligʻ yumulmas koʻz bila,
Vah, necha gohe yuray, gohe turay, goh oʻlturay.
Chun ne taqdir oʻlsa tagʻyir oʻlmas ermish sa’y ila,
Qaygʻu qismim boʻldi deb ortuqsi nevchun qaygʻuray.
Ul quyoshqa zarraye ta’sir uchun yoʻqtur, ne sud
Gar toʻquz aflokni ohim oʻtidin kuyduray.
Ey Navoiy, istasam oʻlmak ne gʻam el ta’nidin,
Bore men har nav’ etib, jonongʻa jonni yetkuray.
* * *
Koʻngul chun sendin uzdum, shodligʻ emdi muhol ulgʻay,
Ochilmogʻliq uzulgan gʻunchagʻa ne ehtimol oʻlgʻay.
Qading ham gul sochar, ham soya solur, ham xirom aylar
Ajab gar gulshani firdavs aro mundoq nihol oʻlgʻay.
Koʻngul bir poyboʻs ummididin zulfunggʻa bogʻlandi
Ki, topqay kom chun zulfung yururda poymol oʻlgʻay.
Su hayvon chashmasidin, yel Masih anfosidin topsa,
Qachon toʻbigʻa naxli qomatingcha e’tidol oʻlgʻay.
Jununum koʻyida bir tosh zaxmigʻa harif ermas,
Necha Farhod savdo togʻida Majnunmisol oʻlgʻay.
Koʻngul birla xayoling uyla chirmalmishki, bilmonkim,
Xayoling koʻnglum oʻlgʻay, yoʻqsa koʻnglum ul xayol oʻlgʻay.
Labi la’ling mayidin rashhaye topmish zaqan sari
Demakim, rangi maygun bu latofat birla xol oʻlgʻay.
Emas mayxonaning singʻan safoli durdidek ichsam,
Agar jomi Jam ichra Xizr suyidin zilol oʻlgʻay.
Tut, ey soqiy, manga bir mayki, aning nash’asi yetkach,
Koʻngul behol boʻlgʻay, jongʻa har dam oʻzga hol oʻlgʻay.
Xush ul rindiki, borgʻay kulbadin gulshangʻa borgʻandek,
Baqo mulkiga chun dorul-fanodin intiqol oʻlgʻay.
Navoiy, tiyrasin ahli nazar xokirahin koʻz tut,
Sanga bu surmadin shoyad yorugʻluq ehtimol oʻlgʻay.
* * *
Ne pok Majnunki, bir pariy chehra pok husnigʻa zor boʻlgʻay,
Bu pok ishq ichra pok jon tarki etsa, ne ixtiyor boʻlgʻay.
Sirishku ohim natijasidin uzori koʻnglumni chekti goʻyo
Ki, ishq obi havosi birla bu nav’ dilkash bahor boʻlgʻay.
Yuzida ter fitnasidin boʻlsam ajab emasturki, marqadimda
Ushoq tosh oʻrnida xayli anjum, oy anda sham’i mazor boʻlgʻay.
Koʻngul chu kirpiklaring xayoligʻa tushti, resh oʻldi barcha juzvi
Tikan aro tushsa bir yalang telba, yoʻq ajab, gar figor oʻlgʻay.
Men ul quyoshsizki za’faron rishtasidek oʻldum, ajab ermastur
Dalili ishq ulki, rangi asfar dogʻi badan ham nazor boʻlgʻay.
Chu jonni bekaslik ichra gʻam oldi mendin, ey ishq ahli, gʻam yoʻq
Xush ulki, muhlik gʻami yetishsa yonida bir gʻamgusor boʻlgʻay.
Xumor hijron sudo’idin mayl qildi mayxona sari koʻnglum
Magarki, ul sari moyil oʻlgʻay angaki, ranji xumor boʻlgʻay.
Zamonu ahli zamonni zinhor koʻrma xoshok birla xascha
Ki, olamda olam ahli dono qoshinda bee’tibor boʻlgʻay.
Vafo yoʻlinda Navoiy oʻldiyu koʻrmadi gʻayri bevafoligʻ,
Vafo shiori bilurki, yorigʻa bevafoligʻ shior boʻlgʻay.
* * *
Chu har dam ul pariy begona boʻlgʻay,
Yaqindurkim, kishi devona boʻlgʻay.
Shabiston ichra sen ul sham’senkim,
Kavokib davrida parvona boʻlgʻay.
Koʻrub xolingni bildimkim, qurutqon
Shikibim mazra’in bu dona boʻlgʻay.
Mayi la’lingdin ulkim, boʻldi ranjur,
Anga dorush-shifo mayxona boʻlgʻay.
Ne yer boʻlgʻay dema ming gʻamgʻa manzil
Ki, gar boʻlgʻan bizing vayrona boʻlgʻay.
Birov jonu jahondin istagay doʻst
Ki, ham ozoda, ham farzona boʻlgʻay.
Navoiy sensiz oʻlmay mujrim oʻlmish,
Gar olsang joninn, jurmona boʻlgʻay.
* * *
Yor ila bir xilvat istarmenki, agʻyor oʻlmagʻay,
Balki ul xilvatning atrofida dayyor oʻlmagʻay.
Koʻzga koʻnglum dardidin yigʻlargʻa imkon qolmagʻay
Tilga dardim sharhini aylarga guftor oʻlmagʻay.
Eldin andoq yoshurun istarmen ul xilvatnikim,
Koʻnglum andin voqifu jonim xabardor oʻlmagʻay.
Yor budi ichra nobud oʻlgʻamenkim, oʻrtada
Oʻzgalikdin demakim, oʻzlukdin osor oʻlmagʻay.
Buki, derlar bordurur devor keynida quloq,
Ul fazo davrida koʻz yetguncha devor oʻlmagʻay.
Maxfiy asrorimgʻa boʻlgʻay yor lafzidin ado,
Yordin ayru valekin sohibi asror oʻlmagʻay.
Ey Navoiy, qilma har yor ollida sirringni fosh,
Bormudur imkonikim, ul yorgʻa yor oʻlmagʻay.
* * *
Ne kun oʻlgʻayki, nigorim kelgay,
Bogʻi umrumda bahorim kelgay.
Umr bogʻida bahor uldurkim,
Sarv qad lola uzorim kelgay.
Oʻlmagaymen yoʻlida, gar boshima
Sekretib shahsuvorim kelgay.
Ul gado jonigʻa oʻt tushkaykim,
Olgʻali sham’i mazorim kelgay.
Koʻyida itti koʻngul, vah, qachon ul
Masti devona shiorim kelgay.
Qani maykim, chu ichib mast oʻlsam,
Koʻkka tuz boqqali orim kelgay.
Ey Navoiy, tilamon huru pariy,
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.
* * *
Ey koʻngul, vaslidin ul oy bizni navmid etmagay,
Jonimizgʻa furqat anduhini jovid etmagay.
Qasdi jon aylarda la’ligʻa tatabbu’ qilmagʻay,
Kungul oʻrtar chogʻda ruxsorigʻa taqlid etmagay.
Vasl ummidi bila ushshoqini qilgʻanda shod,
Gʻussaligʻ koʻnglumni hajri birla tahdid etmagay.
Tushta koʻrdum orazin koʻnglumni barqi ishq ila,
Ul qadar garm ettikim, tush vaqti xurshid etmagay.
Itlaring singʻan safoli tushkach ilgimga, koʻngul
Oncha faxr ettiki, jomi birla Jamshid etmagay.
Durri vahdat topmagʻay hargiz fano girdobidin,
Solikekim oʻzni gʻarqi bahri tajrid etmagay.
Oncha faryod etti mutriblar Navoiy nazmidin
Kim, Utorid she’ridin charx uzra Nohid etmagay.
* * *
Necha hajringda chekib un yigʻlay,
Har kecha yigʻlayu har kun yigʻlay.
Kecha faryodima yetkay deb ul oy,
Osmondin oshirib un yigʻlay.
Har taraf zohir etib kavkabi ashk,
Kun tulu’ etkucha har tun yigʻlay.
Ashkdin kirpik uza ul xat uchun
Yogʻdurub sabzagʻa shudrun yigʻlay.
Charxu anjum sari ohim oʻtidin,
Yuborib dud ila uchqun, yigʻlay.
Charx bedodidin ul mushfiq yor,
Bir zamone meni qoʻysun, yigʻlay.
Dema vaslimda Navoiy yigʻlar,
Vasl mumkin esa nevchun yigʻlay.
* * *
Necha kilki taxayyul birla bir suvrat nigor aylay,
Anga oshiq yasab, koʻnglumni umdo beqaror aylay.
Necha chirmashturub bir zulf savdosin dimogʻimgʻa,
Uzumni ahli savdodek parishonroʻzgor aylay.
Necha bir sarvdek qomat havosi birla har soat,
Jahonda ohu afgʻondin qiyomat oshkor aylay.
Necha bir lolarux dogʻi gʻamin istab tanim uzra,
Quyub yuz dogʻ ani qonligʻ yoshimdin lolazor aylay.
Erur bas tiyra shomi ishq, yo rab, husn sham’in yoq
Ki, jon birla koʻngul oʻrtanmagin parvonavor aylay.
Necha gʻam dashti ichra bir pari mehrida soyamni,
Junundin bir zamon qovub, gahi andin firor aylay.
Necha anjum bila charx ofatidin charxu anjumdek,
Havoni ohim oʻtidin toʻla dudi sharor aylay.
Chu hech ish ixtiyori kimsada yoʻqtur, qoʻy ey zohid
Ki, tarki ixtiyor etmakni men ham ixtiyor aylay.
Navoiy, boda bahri begaronigʻa meni solgʻil
Ki, gardun bahrining mavji balosidin kanor aylay.
* * *
Evrulay boshinggʻau behushu hayroning boʻlay,
Bir zamon sadqang boʻlay, bir lahza qurboning boʻlay.
Xoni vaslingdin agar qovsa raqibing, ragʻmigʻa
Koʻnglum istardek taxayyul birla mehmoning boʻlay.
Netti jon topsam visolingdin labingning xolidek,
Koʻzu zulfungdin necha mastu parishoning boʻlay.
Xushturur vasling mayidin har taraf xirqamda dogʻ,
Necha, jono, mubtaloyi dogʻi hijroning boʻlay?
Garchi bandangmen, meni ozod qilma lutfdin
Kim, quyundek sadqayi sarvi xiromoning boʻlay.
Tanni jilvang vaqti tufrogʻ aylay, ey chobuksuvor,
To boshinggʻa evrulurga gardi maydoning boʻlay.
Ey Navoiy, gungu lol istar esam tong yoʻq seni,
Tobakay ozurdayi faryodu afgʻoning boʻlay.


Mustazodlar

Din ofati bir mugʻbachai mohyuliqodur,
mayxoravu bebok
Kim ishqidin aning vatanim dayri fanodur,
sarmastu yoqom chok.
Ham turrasining dudi vara’ beliga zunnor
men kofiri ishqi.
Ham yuzi majus oʻti kebi shu’lafizodur,
men oʻrtanibon pok.
Ul chehra furugʻi tushubon zor tanimgʻa
bir nav’ kuyarkim.
Har kimsa ani koʻrdi sogʻindiki yonodur
oʻt ichida xoshok.
Hayvon suyi jonimni olur la’lidin ayru
ul jur’ai maykim,
Tegmish anga maygun labi jonimgʻa davodur
ne zahru, ne taryok.
Bu nav’ki aylar, mayi vasli havasidin
maxmur boʻlubmen.
Mushkilki yozilgʻay bu xumoriki mangadur
sogʻar boʻlub aflok.
Soyilmenu maqsudum erur naqdi visoling
buxl aylama, jono,
Kim barcha mazohibdaki ishq ahli arodur,
mazmum erur imsok.
Hajringda yuzi sargʻoribon dam ura olmas,
bechora Navoiy.
Goʻyoki xazon faslida bebargu navodur
ul bulbuli gʻamnok.
* * *
Ne voʻsmavu ne kesmadur ul zulfi sumansoy,
ne gʻamzai jodu,
Mashshota sanga zoli falakdur magar, ey oy,
xurshid anga koʻzgu.
Qosh yosi bila kirpik oʻqin har sari otsang,
imkoni xato yoʻq,
Har kimsaki, boʻlgʻay anga bu nav’ oʻqu yoy,
tuz boʻlgʻusi qobu.
Masjid yoʻlin asrab necha din ahli yoʻluqsa,
rahzanliq etarsen,
Tengri yoʻlini asramoq, ey kofiri xudroy
bu nav’ boʻlurmu?
Gar istamadi subhi ummidimni yoshurgʻay
mehnat qora shomi,
Har yon sochilib, bas, ne uchun boʻldi sumansoy
ul turrai hindu.
Hijron tunining tiyraligʻin kavkabi ashkin
daf’ aylasa, tong yoʻq,
Anjum sipahi koʻprak erur anjumanoroy,
tun boʻlsa qorongʻu.
Gʻam dashtini qat’ aylabon ul koʻygʻa yetmon,
koʻrmon ani tush ham.
Kim boʻlsa haram shavqi bila bodiyapaymoy,
koʻzdin oʻchar uyqu.
Ul shoʻx Navoiyni, dedikim, qilayin qatl
bir koʻz uchi birla,
Ey voyki, bir ham anga koʻz solmadi, ey voy,
qatl ushbudur, ushbu.


Muxammaslar

Ohkim, tarki muhabbat qildi jonon oqibat,
Boʻldum ushbu gʻussadin rasvoyi davron oqibat.
Qolmadi maxfiy gʻamim el ichra pinhon oqibat,
Yoshurun dardimni zohir qildi afgʻon oqibat,
Asragʻan sirrimni yoydi sayli mujgon oqibat.
Toki chekti oʻqu yo qasdimgʻa ul mujgonu qosh,
Ayladi paykonlari har sari bagʻrimni xarosh,
Pardayi sabru salomat yoyibon, ey bagʻri tosh,
Yoshurub erdim bagʻir chokini, vahkim, qildi fosh,
Har taraf koʻzdin tarashshuh aylagan qon oqibat.
Koʻp yugurdum ishq yoʻlida meni gumrohkim,
Bilgasen holimni, lekin boʻlmading ogohkim,
Ishq aro oʻlgumdurur bil, emdi, ey, dilxohkim,
Tiygʻi hajringdin nihon koʻksum shikofin, ohkim,
Elga ravshan ayladi choki giribon oqibat,
Tiyrboroni gʻaming yogʻdurgʻali koʻnglumga sahm,
Yuz tuman dogʻi nihon qoʻymish edi ul xavfu sahm,
Xalq ani fahm etmasun deb bor edi koʻnglumda vahm,
Voykim, koʻksum shikofidin ulusqa boʻldi fahm,
Ishq oʻti bagʻrimda qoʻygʻan dogʻi pinhon oqibat.
Ul pariykim, telbalarga ishqidin monand edim,
Zulfi zanjirida Majnundek asiri band edim.
Javrigʻa qone’ boʻlub vasligʻa hojatmand edim.
Shavqidin dam urmayin bedodigʻa xursand edim,
Vahki, boʻldum hajridin rasvoyi davron oqibat.
Orazi qoshida gul yuz vajh ila bordur karih,
Ming jihatdin nutqi ollinda erur bulbul safih.
Koʻziyu zulfigʻa ermas nargisu sunbul shabih,
Gar budur kofir koʻzu zunnori zulfi, ey faqih,
Boʻlgʻudekmen, dayr aro mastu parishon oqibat.
Jonni Majnun ul pariy ruxsora yodi ayladi,
Koʻzni giryon ishq zulmi may fasodi ayladi,
Tanni uryon, aqlu donish xayrbodi ayladi,
Ishq koʻyida jununumni munodo ayladi,
Hajr toshidin munaqqash jismi uryon oqibat.
Boda ichkim davr ishida e’tidole koʻrmaduk,
Navbahori husn aro sohib jamole koʻrmaduk
Kim, xazoni umrdin anda zavole koʻrmaduk,
Dahr boʻstoni aro sarkash nihole koʻrmaduk,
Soya yangligʻ boʻlmagʻan yer birla yakson oqibat.
Shahligʻ etkandin ne hosil faqr sirrin bilmayin
Hech kim mulki baqo sultoni boʻlgʻonmu ekin,
Foniyi mahz oʻlmayin Sulton Abulgʻoziy bikin,
Ey Navoiy, davlati boqi tilarsen vaslidin,
Ani kasb etmak fano boʻlmay ne imkon oqibat.
* * *
Ishq oʻtidin jismi zori notavonim oʻrtading,
Qaysi jismi zorkim, ruhu ravonim oʻrtading,
Parda orazdin olib jonu jahonim oʻrtading,
Vahki, oʻtlugʻ chehra ochib, xonumonim oʻrtading,
Otashin la’lingdin aytib nukta jonim oʻrtading.
Sen chu tiygʻi kin chekib sabrim sipohi qoʻzgʻalib,
Koʻnglum olib, azm etib, zoru hazin jismim qolib,
Emdikim, koʻnglum olib, hijron oʻti ichra solib,
Dema, ne qildim, ne qildim notavon koʻnglung olib,
Oʻrtading, ey qotili nomehribonim, oʻrtading.
Furqat ichra yoʻqki jonim kuydi yolgʻuz shavqidin
Kim, kuyar mahzun koʻngul ham kecha-kunduz shavqidin,
Necha, ey gardun, dedimkim, rahm koʻrguz shavqidin,
Oʻtda qildek toʻlgʻanib, kuyganda ul yuz shavqidin,
Nechakim tob urdi jismi notavonim, oʻrtading.
Oʻt tutashmish dahr aro har yon emastur lolazor,
Dud erur boʻston ichinda sunbul ermas mushkbor,
Togʻ aro yoqutdin axgarlar oʻlmish oshkor,
Koʻkta zohirdur shafaqdin shu’la, kavkabdin sharor
Kim, ani, ey shu’laliq, ohu figʻonim, oʻrtading.
Otlanib chiqqandakim olamni qilgʻaysen xarob,
Orazing xurshididin solding bari olamgʻa tob,
Tiygʻ tortib chun koʻngul sayd etkali qilding shitob,
Bismil etkach saydni andoqki, qilgʻaylar kabob,
Zaxm etib koʻnglumni chunkim oqti qonim oʻrtading.
Ul quyosh tokim koʻrundi didayi giryonima,
Qolmadi oʻzluk xayoli xotiri vayronima,
Har tarafdin tushti ofat barqi xonumonima,
Urgʻali, ey ishqi zolim, barqi ofat jonima,
Har ne oʻzluktinki bor erdi gumonim, oʻrtading.
To belining, ey koʻngul, azmi visoli aylading,
Toki ogʻzi nuktasining qiylu qoli aylading,
Ishq oʻtida bizni bir axgar misoli aylading,
Ey Navoiy, to belu ogʻzi xayoli aylading,
Boru yoʻq, ya’niki paydovu nihonim oʻrtading.
* * *
Boʻlmagʻay erdi jamoling muncha zebo koshki,
Boʻlsa ham qilgʻay eding koʻzlardin ixfo koshki,
Qilmagʻay erding ulus qatlin tamanno koshki,
Ochmagʻay erding jamoli olamoro koshki,
Solmagʻay erding bori olamgʻa gʻavgʻo koshki.
Emdikim ochting jamolu xalq ila qilding sitez,
Koʻrgach ani xayli ishqing tortibon yuz tigʻi tez,
Qildilar koʻnglumni hijron xanjaridin rez-rez,
Chun jamoling jilvasi olamgʻa soldi rustaxez,
Qilmagʻay erdi koʻzum ani tamosho koshki.
Ochgʻoch ul yuz shu’lasin mahzun koʻngul topmay omon,
Bor edi ul shu’lani koʻrmak hamon, kuymak hamon,
Sahv edi sendin vafo qilmoq tamanno men hamon,
Boʻlmagʻay erdi koʻzum oʻtlugʻ yuzung koʻrgan zamon,
Ishqing oʻti shu’lasi koʻnglumda paydo koshki.
Chun sening ishqing menga boʻldi baloyi aqlu din,
Va’dai vasl aylading yuz lutf ila, ey mahjabin.
Emdikim boʻldum giriftoring qilursen qatlu kin,
Aylagach zulfung balosi zor koʻnglumni hazin,
Qilmagay erding meni mahzungʻa parvo koshki.
Koʻnglum olgʻanda deding, sendin dame ayrilmayin,
Jon nisorim aylasa ishq ahli koʻzga ilmayin,
Dam-badam lutfungni ermas erdi bovar qilmayin,
Tushmagay erdi firibomez lutfung bilmayin,
Notavon koʻnglumga vaslingdin tamanno koshki.
Koʻnglum olding chehra burqa’din namudor aylabon,
Soʻngra javrung ne edi jonimni afgor aylabon,
Ey quyosh, avval vafovu mehr izhor aylabon,
Lutf ila koʻnglumni vaslingdin tama’gor aylabon,
Qilmagʻay erding yana zulm oshkoro koshki.
Ey qoshi yo, ishqing oʻqin koʻnglum ichra berkitib,
Der eding qilgʻum vafo sarvaqtinga gohi yetib,
Telbaratkach zulm qilding, va’da yodingdin ketib,
Bevafoligʻ anglagʻoch ishqingni koʻnglum tark etib,
Qilmagʻay erdi oʻzin olamda rasvo koshki.
Vasli savdosida menkim bastan gʻam boʻlmisham,
Oʻylakim Majnun balo xayligʻa hamdam boʻlmisham,
Vahki, rasvoliqqa olamda musallam boʻlmisham,
Emdikim devonayu rasvoyi olam boʻlmisham,
Vasl chun mumkin yoʻq oʻlturgay bu savdo koshki.
Dema koʻnglum kosh itsa zulfi anbar soyida,
Yo agar jon mahv boʻlsa la’li shakkarxoyida,
Yo magar boshim emasmu raxshi xoki poyida,
Ey Navoiy, bevofodur yor, bas, ne foyda,
Nechakim desang agar yoxud magar, yo koshki.
* * *
Necha, ey oy, mendin ayru aylagay davron seni,
Boʻlmagʻay yillarda koʻrmak bir nafas imkon seni,
Jon tilar, koʻnglum uyinda aylagay mehmon seni,
Kel-kel, ey oromi jonimkim, tilaydur jon seni,
Chehra ochkim, koʻrmak istar diydai giryon seni.
Borgʻali ul shoʻxkim jonim surogʻin olmadi,
Jism ani istab ne sahrokim qadamni solmadi,
Yoʻqturur bir damki, bu vodiyda bagʻrim tolmadi,
Ey gʻazoli mushkboʻ, kelkim, quyundek qolmadi
Vodiye axtarmagʻan, istab bu sargardon seni.
Furqatingdin, ey pariy, koʻnglum xayoli za’fdin
Forigʻ ermastur zamone qilu qoli za’fdin,
Demakim, nevchun koʻrunmaysen maloli za’fdin,
Sen pariy pinhon uchun men ham kamoli za’fdin,
Gʻoyib oʻldum el koʻzidin koʻrgali pinhon seni.
Chiqti ul oy huonigʻa ziynat berib, zevar taqib
Qatl etarga jonni zor aylab, koʻngulga oʻt yoqib.
Ani koʻrgach, koʻzni daryo qildi qon yoshim oqib
Qon aro gar gʻarqasen, ey koʻz, ne tongkim, bir boqib,
Zor koʻnglumni chu qon etting, tutubtur qon seni.
Qani ulkim, sogʻari vaslingni bersang ilgima,
Hazl etib gohi gulu gah nuql tersang ilgima,
Noumid ermon, nechakim kirmas ersang ilgima,
Garchi mumkin yoʻq, vale bir qatla kirsang ilgima,
Borsa bosh, eldin chiqarmoq oʻzga ne imkon seni.
Garchi dey olmonki netkil, netmagil, ey mugʻbacha,
Hajr ila jonimgʻa har dam yetmagil, ey mugʻbacha,
Rahm etib har dam qoshimdin ketmagil, ey mugʻbacha,
Koʻz yuzungdin olmasam, ayb etmagil, ey mugʻbacha,
Aylay olmon diydadin gʻoyib meni hayron seni.
Gar meni majnuni shaydo poʻya qilsam bahru bar,
Yoʻqsa shahru koʻy aro har yon yugursam bexabar,
Demagilkim, har eshikka nevchun aylabsen guzar,
Ey pariy, gar telbarab boʻlmish Navoiy darbadar,
Budurur maqsud angakim, istagay har yon seni.


Musaddas

Zulfu siymin jisming af’i ganji Qorun ustina,
Ganj uza sohir koʻzung af’igʻa afsun ustina,
Dardi ishqing ulki, qoʻydi joni mahzun ustina,
Dedi koʻrgach orazing ul qaddi mavzun ustina,
Ey qading toʻbiyu jannat xaddi gulgun ustina,
Koʻrmadi davron seningdek oy gardun ustina.
Topti jon har dam oʻlar holatda bu jismi zaif,
La’lidin jonbaxsh soʻz ayturda ul shoʻxi zarif,
Qoldi koʻzum tiyra, jismim xastayu jonim nahif,
Zulfu koʻzu la’li hajrigʻa boʻla olmay harif,
Boʻldi soʻzum nozuku koʻnglum xushu tab’im latif,
Har qachon soldim nazar ul shakli mavzun ustina.
Kelsa chin suratgari bir dam jamoling qoshiga,
Jon fido qilgay hamul dam surating naqqoshigʻa,
Loladur shirin labing, Farhodekim, qon yoshigʻa
Gʻarq oʻlub, tushmish guzori hajr togʻu toshigʻa,
Sarv aningdek qomating hayronedurkim, boshigʻa
Qildi qushlar oshiyon, andoqki Majnun ustina.
Koʻz yoʻlin, ey ishq, har soat toʻla yosh aylama,
Ey koʻngul, yoshimgʻa pargolangni yoʻldosh aylama,
Ey koʻz, ashkimni sarigʻ yuzumga durposh aylama,
Yoshurun ishqim soʻzin mashhuri avbosh aylama,
Har dam, ey koʻz yoshi, yuz koʻrmay, meni fosh aylama,
Davlatimdin ogʻnading yillar chu oltun ustina.
Jubbai sinjobing ichra vasla-vasla qoqumi,
Tugʻdi hijron shomida bir-bir saodat anjumi,
Bor qamar, aqrabda, ey, ishqing malomat qulzumi,
Orazing kofurida ul zulfi mushkin gajdumi,
Anbarin qoshing xamida xoldek koʻz mardumi,
Mushki tardin nuqtai sulsidurur nun ustina.
To koʻngul saydigʻa qoʻydi ul gʻazoli chin koʻngul,
Boʻldi sherafkanlar a’zosi aro xunin koʻngul,
Baski tortar har sanamdin bir jafo gʻamgin koʻngul,
Qildi javridin alarning tarki aqlu din koʻngul,
Necha cheksun xoʻblar ilgidin jafo miskin koʻngul,
Munchamu ofat kelur bir qatrai xun ustina!
Chun Navoiy ashki bahr oʻldi, chekib ranju taab,
Kemalikdin koʻzlari ul bahr aro topti laqab,
Koʻzida, tong yoʻq, agar tuttung maqom, ey noʻshlab,
Chun kirar el kemaga qilmoq uchun ayshu tarab,
Gar vatan Lutfiy koʻzida tutmading, yoʻqtur ajab,
Uy qoʻpormogʻliq erur dushvor Jayhun ustina.


Qit’alar

Zamonda husn eliga jon fido qilib, ne nav’
Vafoni men kebi bir benavo tama’ tutqay.
Zamona ahlida yoʻqtur vafo — ne yetkay anga
Ki, kimsa xoʻblaridin vafo tama’ tutqay.
* * *
Har kishikim topsa davron ichra johu e’tibor
Kim, aning zotida bedodu sitam boʻlgʻay qiligʻ.
Yaxshiligʻ gar qilmasa, bori yomonligʻ qilmasa
Kim, yomonligʻ qilmasa, qilgʻancha bordur yaxshiligʻ.
* * *
Gʻazalda uch kishi tavridur ul nav’
Kim, andin yaxshi yoʻq nazm ehtimoli.
Biri mu’jiz bayonligʻ sohiri hind
Ki, ishq ahlini oʻrtar soʻzu holi.
Biri Iso nafaslik rindi Sheroz,
Fano dayrida mastu louboli.
Biri qudsi asarlik orifi Jom
Ki, jomi Jamdurur singʻan safoli.
Navoiy nazmigʻa boqsang, emastur,
Bu uchning holidin har bayti xoli.
Hamono koʻzgudurkim, aks solmish,
Anga uch shoʻx mahvashning jamoli.
* * *
Erur ahli hunar qoshinda hunar
Ayb yopmoq, dogʻi hunar topmoq.
Hunarin elning oshkor etmak,
Yoʻq esa bari aybini yopmoq.
* * *
Ogʻzinga kirgan takallum rishtasin chekma uzun
Kim, bu ishtin sarnigunluq yuzlanib, nuqson kelur.
Koʻrki, chun ogʻzigʻa kirgan rishtasigʻa berdi tul,
Ankabut ul rishtadin har dam nigunsor osilur.
* * *
Pok rahravlar bila har kimki, boʻldi muxtalit,
Shak emasturkim, natija topmas illo poklik.
Har necha boʻlsa arigʻsiz chun arigʻligʻ su aro
Xilt boʻldi, mumkin ermas qolmogʻ ul nopoklik.
* * *
Uyda ravnaqdurur, agar kishiga
Yaxshi hamxona boʻlsa hamzonu.
Zeb ila turfa hargiz oʻlmas uy,
Boʻlmasa anda turfa kadbonu.
* * *
Chun gʻaraz soʻzdin erur ma’ni anga,
Noqil oʻlsa xoh xotun, xoh er.
Soʻzchi holin boqma, boq soʻz holini
Koʻrma kim der ani, koʻrgilkim ne der.
* * *
Tuzlukka moyil oʻlki, ishing borgʻay ilgari,
Yuz mushkil oʻlsa yoʻqsa ming ollingda har zabon.
Yuz safha bir qalam bila kotib qilur raqam,
Ming qoʻyni bir aso bila har yon surar shubon.
* * *
Tah-tah yuragim qon edi bir-bir sitamidin,
Koʻp-koʻp keluri chogʻida kelsa edi oz-oz.
Kech-kech keluri vaqtida ham rozi oʻlibmen
Bot-bot keluriga qiladur anda dogʻi noz.
* * *
Gadoligʻ yaxshiroq ahli fanodin
Ki, olam ichra qilsang podsholigʻ.
Jahon ahligʻa, koʻrkim, shah ne aylar,
Jahon tarkini qilgʻandin gadoligʻ.
* * *
Tirik chu oxir oʻlar, bas, ukush gʻam muhlik,
Chekib ajal madadigʻa bu iztirob nedur.
Chu har kishiki tugʻar, oʻlmayin yoʻq imkoni,
Ne ishki boʻlmayin imkoni yoʻq, shitob nedur.
* * *
Yuz tuman ming pora koʻnglum diqqati har necha bor,
Lekin ermastur ani jam’ aylamak mumkin bu kun.
Togʻni qum aylamaklik sa’y ila boʻlgʻay, valek
Shishai soat qumining rishtasi boʻlmas tugun.
* * *
Poklar chinu chigil husni aro boʻlgʻan ila,
Kimsa oloyish alar jonibigʻa yoʻl bermas.
Kim necha rang rayohin uza eskan birla,
Yel hariri, qolagay boʻlmagʻi mumkin ermas.
* * *
Vujudung naf’yu mavjudungni bazl et,
Chu mavjud oʻldi bu ish, kominga yet.
Ki, faqr ichra nimakim yetkurur sud,
Erur naf’i vujudu bazli mavjud.


Ruboiylar

Jonimdagʻi «jim» ikki dolinggʻa fido,
Andin soʻng «alif» toza niholinggʻa fido,
«Nun»i dagʻi anbarin hilolinggʻa fido,
Qolgʻan iki nuqta ikki xolinggʻa fido.
* * *
Noʻsh aylar emish qadahni jonona toʻla,
Soqiy, manga tut jomi harifona toʻla.
Quy, gar xud erur sipehr paymona toʻla,
Har nechaki, xoliy etsam, et yona toʻla.
* * *
Nomangki, tirikligimdin uldur matlub
Ochib oʻqugʻach bir necha lafzi margʻub,
Koʻp toʻlgʻanib ashk ichra oʻzumdin bordim,
Ul nav’ki, su ichiga tushkay maktub.
* * *
Nomangki, erur boisi iqbolu tarab,
Yetkursa tarab meni hazingʻa ne ajab.
Yolgʻuz mendin ketarmadi ranju taab
Kim, boʻldi base xalq hayotigʻa sabab.
* * *
Bir aybgʻa garchi xalq qilgʻay mansub,
Faqr ahlidin iztirob emastur mahsub
Sidq ersa xud etmak kerak oʻz fe’lini xoʻb
Kizb ersa, malomat dagʻi bordur matlub.
* * *
Su koʻzgusini bogʻ aro aylarda shitob,
Siymob qilur erdi taharruk bila tob.
Day qildi bu simobni andoq koʻzgu
Kim koʻzgu aning qoshida boʻlgʻay siymob.
* * *
Yoʻq bodayi vasl, obi hayvon ul emish,
Ahbob muloqoti dema, jon ul emish.
Gardun gʻamu ranj suvratin naqsh etsa,
Jon chehrasi atrofigʻa hijron ul emish.
* * *
Yillar tutubon shayx maqolotigʻa goʻsh,
Ne koʻngluma zavq yetti, ne jonima joʻsh.
Jonimgʻa navo soldiyu koʻnglumga xurush,
Bir jur’a bila mugʻbachayi bodafurush.
* * *
Olam bor emish, Navoiyo, shoʻrangiz,
Olamdagʻi el boshtin-ayogʻ rangomiz.
Ishq istar emish seni adam Misri sari,
Borgʻilki, erur el tilagan yerda aziz.
* * *
Ahbob dengizki, xonumondin tama’ uz,
Ne xonu ne mon, kavnu makondin tama’ uz.
Ne kavnu makon, jonu jahondin tama’ uz,
Lekin demangiz muniki, andin tama’ uz.
* * *
Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki, sevmak andin ortuq boʻlmas,
Andin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
* * *
La’lingni qilib nuktasaro, ey qorakoʻz,
Ishq ahli hayotigʻa yaro, ey qorakoʻz.
Chekma yana surma koʻz aro, ey qorakoʻz,
El qonigʻa qilma koʻz qaro, ey qorakoʻz.
* * *
Gar oshiq esang zebu takallufni unut,
Yaxshiyu yomon ishda taxallufni unut.
Oʻtkan gar erur yomon taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi tasarrufni unut.
* * *
Boʻldi mening oʻlmagimga savdo bois,
Savdogʻa havoyi jomi sahbo bois.
Sahbogʻa dagʻi dayru chalipo bois,
Bu barchagʻa ul dilbari tarso bois.
* * *
Qoʻrqutma meni tomugʻdin, ey zohidi yax,
Jannat manga boʻlgʻusi debon urma zanax,
Kim doʻzax oning yodi bila jannat erur,
Jannat bori sening biladur doʻzax.
* * *
Ruxsori uza xollarin ul dilband,
Ochti chu meni koʻrdi base hojatmand.
Ayshimgʻa yomon koʻz etmagan emdi gazand,
Xossaki, ul-oʻq boʻlubtur oʻt uzra sipand.
* * *
Yoshimgʻa bagʻir qoni chu erdi monand,
Koʻz asradi yoshdek boʻlub andin xursand.
Turmadi koʻzumda yetkach ul sarvi baland,
Boʻlmas kishi farzandi kishiga farzand.
* * *
Koʻnglum saydi uzub ulustin payvand,
Sargashtasifatligʻ bila erdi xursand.
Qullobi muhabbating yana soldi kamand
Saydeki, uzub edi rasan, ayladi band.
* * *
Ey sharbati la’ling obi hayvondin alaz,
Hayvon suyini qoʻyki, chuchuk jondin alaz.
Ne jondin alaz, ne obi hayvondin alaz
Kim, harneki yoʻq, andin alaz, andin alaz.
* * *
Dedim zaqaning tutub, saqogʻingni oʻpay,
Koʻz qoshingga surtubon qabogʻingni oʻpay.
Guldek yuzung islabon dudogʻingni oʻpay,
Yoʻq, yoʻq-yoʻq, agar desang, ayogʻingni oʻpay.
* * *
Har zulf xamigʻa qilma vobasta meni,
Har koʻz havasidin etmagil xasta meni.
Har qosh tamaigʻa solma payvasta meni,
Yo rab, borisidin ayla vorasta meni.
* * *
Munglugʻ boshim ostidagʻi toshimnimu dey?
Tosh ustidagi gʻarib boshimnimu dey?
Hasrat suyidin koʻzimda yoshimnimu dey?
Oʻlmakdin sa’broq maoshimnimu dey?
* * *
Koʻz birla qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,
Yuz birla soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqogʻing yaxshi,
Bir-bir ne deyin, boshdin ayogʻing yaxshi.
* * *
Nomangki, menga mujdayi jone erdi,
Hijron gʻamidin xatti amone erdi.
Zulmatqa savodi gar nishone erdi,
Mazmun anga obi zindagoniy erdi.
* * *
Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,
Har va’daki aylasa vafodur anga shart.
Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,
Olligʻa nekim kelsa, rizodur anga shart.
* * *
Bir gul gʻamidin dedim qoʻyay bagʻrima dogʻ,
Borgaymu debon atri dimogʻimgʻa farogʻ,
Borgin chu mulavvas ayladi bum ila zogʻ,
Emdi ani islamakka yuz hayf dimogʻ.
* * *
Yuz mehnatu gʻam koʻngluma yetkurdi firoq,
Jonimgʻa balovu dard oʻqin urdi firoq.
Jismimni fano oʻtigʻa kuydurdi firoq,
Chun kuydi, kulini koʻkka sovurdi firoq.
* * *
Koʻnglumni gʻamu dard ila qon ayladi ishq,
Koʻz yoʻlidin ul qonni ravon ayladi ishq.
Har qatrani bilmadim qayon ayladi ishq,
Bedil ekanim buyla ayon ayladi ishq.
* * *
Ollimda tabibi chorasozim ham yoʻq,
Yonimda rafiqi dilnavozim ham yoʻq.
Tegramda anisi jongudozim ham yoʻq,
Boshimda shahi bandanavozim ham yoʻq.
* * *
Kim koʻrdi ekin jahonda oyo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir oʻlsa paydo xushluq,
Omodadurur yonida yuz noxushluq.
* * *
Hajringda mening sabrima juz nuqson yoʻq,
Koʻnglum aro gʻayri nolavu afgʻon yoʻq.
Jonimgʻa hayot umidi xud imkon yoʻq,
Yoʻq-yoʻq, yoʻq, sabr yoʻq, koʻngul yoʻq, jon yoʻq.


Tuyuqlar

Yo rab, ul shahdu shakar, yo labdurur,
Yo magar shahdu shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali
Gʻamza oʻqin qoshigʻa yolabdurur.
* * *
Javr oʻqin jonimgʻa soqiy yozmadi,
Vasl jomidin xumorim yozmadi.
Kilki qudrat sabz xatlar ishqidin
Oʻzga ish ollimgʻa goʻyo yozmadi.
* * *
La’lidin jonimgʻa oʻtlar yoqilur,
Qoshi qaddimni jafodin «yo» qilur.
Men vafosi va’dasidin shodmen,
Ul vafo, bilmonki, qilmas yo qilur.
* * *
Charx tortib xanjari hijron bu tun,
Qoʻymadi bir zarra bagʻrimni butun.
Tunga borib bizni behol aylading,
Ne baloligʻ yer emish, yo rab, bu tun.
III- qism
 
Keyingi