OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Navoiy
Asar nomiRisolai tiyr andoxtan
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mumtoz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Alisher Navoiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/11
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Risolai tiyr andoxtan
Alisher Navoiy

Risolai Tiyr Andoxtan[1]

Bismillohir-Rahmonir-Rahim

Alhamdu lillohi rabbil olamin vas-salavot-ussallam alo rasulihi Muhammadi va olihi ajmain[2].

«Har kim tark qilsa tiyrandozliqni oʻgrigʻondin soʻng bas tark qilmish boʻlgʻay mening sunnatimni, ul mendin emas».

Ammo xabarda andoq keltirurkim, chun Hazrati Odam Safiy[3] (salavotu lillohi alayhi) dunyoga kelgondin soʻng Xudoyi taolo aning gunohin bagʻishladi. Ersa Jabroil[4] (alayhissalom)ga amr boʻldikim, Odamgʻa dexqonchilikni oʻgrotgil. Jabroil (a. s.) kelib aydi: – Yo Odam, Xudoyi taolo sanga aydi, andin soʻng amr qildikim, dehqonchiliq qilsun. Chun Odam (a s) bu paygʻomni eshitti, ersa qabul qildi. Va Jabroil (a. s.) urugʻ olib keldi va Odam (a. s.) sochti va yerni mola qildi. Qazogʻa qargʻalar kelib, ekkan bugʻdoyni kovlab olib yeya boshladi. Odam (a. s.) andoq koʻrub, munojot qilib aydikim: – Ilohi, mening, ekkanimni zoye’ qilmagil. Bas, Xudoyi taolo Jabroil (a. s.) din Odami Safiygʻa bir yoy va necha oʻq yibordi. Chun Odamgʻa oʻq otmoqni oʻgrotti. Andin sung buyurdikim, Odam bu oʻqni qargʻalar sari otgil. Bas, Odam (a. s.) otti va xato qildi. Jabroil tabassum qilib aytdi: – Yana bir oʻq otgʻil. Bu kezikda otgan urdi. Jabroil (a. s.) shodmon boʻldi. Odam (a. s.) soʻrdikim: – Ey Jabroil, avval otqonimda nega tabassum kilding va soʻng otqonimda nega shodmon buldung? Jabroil (a. s.) aydi: – Ul tabassum aning uchun qildim va soʻng shodmon boʻldumkim, agar avvalgʻi oʻqung qargʻalargʻa tegsa erdi farzandlaring ilgidin qiyomatqacha hech nimarsa xalos boʻlmagʻay erdi. Va yana bilgilkim, oʻq otmoq Xudoyi taoloning lutfi erur va Odami Safiyning moʻ’jizasidur. Bilgilkim, oʻq otmoqliqning savobi bisyordur. Ammo andoq bayon qiloli to sizga ma’lum boʻlgʻay.

Xabarda andoq keltirurkim, Paygʻambar (a.s.) oʻq otmoqning fazilatin bisyor etti. Ersa sahobalar (rizvon allohi taolo alayhim ajmain) taajjub qilib soʻrdilarkim: – Yo Rasululloh, tiyrandozliqning savobi ne miqdordur? Rasululloh (s. a. v.) buyurdikim: – Agar tiyrandozliqni biyik savobin aytsam xalq kasbu tijoratidin qolgʻaylar. Va oʻq otmoqdin oʻzga ish qilmagʻaylar. Ammo bir soat oʻq otmoq savobi bilan ellik yilgʻi toatning savobi barobar turur. Va Rasul (a. s.) aydikim: – Har moʻ’minkim, nishonagʻa oʻq otsa Xudoyi taolo anga behishtiylar savobin bergay va agar nishonga tegsa, behishtning eshikin anga ochib, hurni anga aqd qilgʻay.

Andoq rivoyat qilurkim, Pangʻambar (a. s.) sahobalar birla bir kun borur erdilar. Sa’di Vaqqos[5] farzandlarigʻa oʻq otmoq oʻgrotur erdi. Hazrati Paygʻambar (a. s.) zamone nishonagohga boqib turdilar. Bayakbor bir yigit paydo boʻldi, ilgida oʻq va yoy. Bu yigit kelib bir oʻq otti, ersa Paygʻambar (a. s.) base shodmon boʻldi. Andin soʻng sahobalar (r. a. a.) soʻrdilarkim: – Yo Paygʻambari Xudo, ne sababqa shodmon boʻldingiz?

Paygʻambar (a. s.) aydilarkim: – Ul sababdin shodmon boʻldum: ul yigit kelur erdi – gʻarqi gunoh erdi. Chun oʻq otti, ersa barcha gunohlaridan pok boʻldi va gunohlari toʻkuldi.

Xabarda andoqdururkim, Paygʻambar (a. s.) buyurdi, har yernikim, masjid qilur boʻlsalar qirq yil burun faxr qilur ermishkim, meni masjid qiladurlar. Va har yerdakim, oʻq otar boʻlsalar sakson yil burun faxr va mubohot qilur ermishkim, meni nishonagoh qilib, bir kun oʻq otganlar.

Amir ul-moʻ’minin Ali[6] (karamallohu vajhuhi) goho oʻq keltirur erdi, bosh va oyogʻlarni yolang qilib, durud aytur erdi. Bir kun Sa’di Vaqqos oʻq otar erdikim, Jabroil (a. s.) keldi va Hazrati Paygʻambar a. s.) Sa’di Vaqqos birla turub erdilar, Paygʻambar (a. s.) aydilar: – Ey Sa’di Vaqqos, mening uchun bir oʻq otqil. Va Jabroil (a. s.) aydi: – Yo Rasululloh, Sa’di Vaqqosgʻa aytgʻil mening uchun ham bir oʻq otsun. Chun Vaqqos bu ikki oʻqni otmoqdin soʻng Paygʻambar (a. s.) aydi: Bir oʻq Xudoyi taoloning nomi uchun otqil. Sa’di Vaqqos yana bir oʻq otti. Andin soʻng sahobalar (r. a. a.) borib, nishonagohdin oʻqlarni kelturdilar. Ammo ul oʻqkim, Xudoyi subhonahu taolo oti uchun otib erdilar, topmadilar. Jabroil (a. s.) kelib aydi: – yo Muhammad, Xudoyi taolo aydikim, ul oʻqni topmasunlar, aning uchunkim, ul behishtda Sa’di Vaqqosqa yer olib anda turdi.

Manquldurkim, Shayx Shafiqi Balxiy[7] (r. t. a.) naz’ holinda qoʻpub oʻq-yoy kelturub, bir necha oʻq otti, ersa yoronlari koʻrub shodmon boʻldilarkim, Shayxning ahvoli yaxshidur. Shayx (q. s.) aydikim: – Ey yoronlar, bilinglarkim, mening holim oxir boʻlubtur. Ammo andoq xayol qildimkim, bir toat qilayin va hech toat bu mahalda oʻq otmoqdin behrok koʻrmadim. Bilgilkim, oʻq otmoq savobi koʻp va mas’alasi bisyordur. Ammo muxtasar qilduk. Bo ehtirom anjomid, ba itmom rasid in nusxai sharif dar dasti bandai zaif Fatxulloh al-kotib.


  1. Alisher Navoiyga nisbat berilgan (Qarang: Bertel's Ye. E-Navoi. M.; L., 1948; Semenov A. A. Navoiy qoʻlyozmalari tavsifi. Toshkent, 1940) bu gʻoyat kichik asar ashtarxoniylardan Abdulazizxon (1645 – 1680) kitobxonasiga mansub bir majmua tarkibida mavjud, deyiladi. Ushbu satrlar muallifining Urfon Otajon bilan hammualliflikda yozgan maqolasida risolaning mazmun va mohiyati yoritilar ekan, uning Navoiy qalamiga mansubligi haqida ba’zi dalil va mulohazalar bildiriladi (Qarang: «Tafakkur» jurnali. 1995 y. 3/4-son. 120 – 124-betlar).
  2. Tarj. a.: Butun olimlarning parvardigoriga hamdu sanolar boʻlsin, Ollohning rasuli va uning oila a’zolariga duoi salomlar boʻlsin!
  3. Odam – Olloh yaratgan birinchi inson. «Abulbashar» kunyasi, «Safiulloh» (Ollohning sof quli) laqabi. Xalqda Odam Ota deb yuritiladi. Bu yerda Odam jannatdan quvilgach,. Olloh unga dehqonchilik qilishni, bugʻdoy ekishni buyurgani haqida soʻz ketadi.
  4. Jabroil – Olloh bilan paygʻambar oʻrtasidagn vositachi, vahiy keltiruvchi toʻrt farishtaning biri. Uning «Ruh ul-amin» laqabi bor.
  5. Sa’di Vaqqos – Muhammad paygʻambar sahobalaridan biri.
  6. Amir al-moʻ’minin – Aln ibn Abu Tolnb (661 yilda qatl qilingan). Islomda «Xulafo ar-roshidin» (toʻgʻri yoʻldan boruvchi xalifalar), xalq orasida «choryorlar» deb ataluvchi toʻrt xalifaning toʻrtinchisi, Muhammad paygʻambarning kuyovi va amakivachchasi. Islomdagi ikki asosiy oqimdan biri «shia» (arabcha «guruh» demakdir)ni Ali tashkil qilgan.
    «Amir al-moʻ’minin» Hazrat Alining laqabidir. Navoiy Hazrat Alining «Nasr ul-laoliy» (nasriy gavharlar) nomli asarida jam’langan hikmatlarining har birini bir ruboiyda talqin qilgan (268 ta) va asariga «Nazm ul-javohir» (nazmiy-she’rlar javharlar) deb nom bergan. Adabiyotda Ali ajoyib sarkarda va jasur shaxs sifatida ta’rif qilinadi.
  7. Shafiqi Balxiy – mashhur shayxlardan. Fariduddin Attor Ibrohim Adham tariqatini olgan edi, deb yozadi («Tazkirat ul-avliyo», 232-6.). Shafiqi Balxiy 174/790 – 791 yilda. Movarounnahrda dunyodan oʻtgan.