OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlisher Nazar
Asar nomiOʻzingizdan uyalasizmi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Alisher Nazar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzingizdan uyalasizmi?
Alisher Nazar

Uyat hissi... Bu gʻoyatda noyob tuygʻu, toʻgʻrimi? Agar u bu qadar kamyob boʻlmaganida nima boʻlardi? Olam guliston boʻlardi! Misol uchun, Vatan haqida she’r yasab oʻtirgan shoir qogʻozdagi tizmalariga qarab qizarib ketardi. Soxta satrlari qoshida xijolat boʻlardi. Vatan haqida shunchaki yozib boʻlmasligini, bu soʻzning zalvorini har qanday yelka ham koʻtarolmasligini his qilardi. Bu muborak kalom qarshisidagi mas’uliyatdan qoʻrqib, yozuv stolidagi nimarsalarini gʻijimlardi-da, burchakka uloqtirardi. Ertasi kuni esa «Tanlanma» toʻplamingizda Vatan haqida she’r yoʻq ekan, yozib keling», degan noshirdan qoʻlyozmasini qaytarib olardi.

Ancha yillar burun bir ijodkor akaning nomi unvon oluvchilar ruyxatiga tirkaldi. Shoʻrlikning ilinji umidga, umidi ishonchga aylanib unvon sharpasini bedor boʻlib kutdi. Ne hasratki, roʻyxat katta idoralar eshigidan qaytib chiqqach, infarkt boʻldi-qoldi. Chunki uning nomi «oluvchilar» ruyxatidan tushib qolgan ekan. Bir oz koʻngilchan hamkasblari bechoraga achinishdi. Ammo bu soddalar bilmasdiki, unga unvon bersalar ham shu dardga giriftor boʻlardi. Chunki bu dard oʻlgur haddan tashqari quvonchda ham zohir boʻladi-da.

Aslida u juda yaxshi odam edi. Eshityapsizmi, bor-yoʻgʻi yaxshi odam edi, xolos! Lekin har bir yaxshi odamga mukofot berib boʻlmaydi-ku! U buni tushunmasdi. Chunki u kishimda ham oʻzidan, oʻz ijodidan uyalish hissi andak kamyob edi. U oʻzini sal kam daho ijodkorlar qatoriga qoʻyardi. Toʻgʻrirogʻi, unda shunday olamshumul da’volar paydo boʻlishiga ba’zi bir uyatsiz ...shunoslar sababchi edi. Quyuqqina ziyofat ustida yozilgan «taqriz»lar, «soʻzboshi»lar uni shu kuyga solib qoʻygandi.

Oʻzidan uyalish hissi shuning uchun ham lozimki, insonda biror narsani «meniki» deyishdan avval bunga ma’naviy haqim bormi degan andisha yuzaga chiqadi. Uyalish tuygʻusi insonni bedor qilib qoʻyadi. Bu kechinmaning qudrati shundaki, agar u zohir boʻlsa, yumshoqqina kursida «yoʻq»ni «bor» qilib imzo chekayotgan amaldorning ham qoʻllari qaltirab ketadi. «Oʻl-e, – deydi unga ichki bir ovoz, – qachongacha xalqning nonini «tuya» qilasan? Bir kuni hamma narsaning javobi borligini bilmaysanmi?» Avvaliga u buni eshitmaslikka oladi. Qoʻliga qogʻoz-qalamni olib nimalarningdir rejasini tuzgisi keladi. Daholar misol bir nuqtaga tikilib chuqur-chuqur oʻyga botmoqchi boʻladi. Ammo nachora, yuksalmagan odam teranlasholmaydi. U endi oʻzini chalgʻitmoq ilinjida atayin trubkani olib kimlargadir dagʻdagʻa qiladi. Kimlarnidir topshiriqni bajarmagani uchun koyib beradi. Shu bilan vijdoniga suv sepmoqchi boʻladi. Lekin koshki bu «suv» ichkaridagi «oʻt»ni oʻchirsa. Vaqt oʻtgan sari ichki ovoz baland pardalarda jaranglay boshlaydi. Natijada bu amaldor nima qiladi, bilasizmi? «Mening bu lavozimda oʻtirishga ma’naviy haqim yoʻq» deydi. Qoʻliga kishan solib olib chiqib ketmasdan burun tinchgina oʻzi chiqib ketadi.

Oʻzidan uyalish hissi insonni oʻz-oʻziga hisobot berishga majbur qiladi. Kechqurun koʻk choyni ichib, miya bir oz orom olgach, chekkaroqqa oʻtib kolxozning buxgalteriday oʻzingizni hisob-kitob qilishga tushasiz. «Qirq yillik qadrdon edi-ya», «Bilib qolsa nima boʻladi?», «Bu ham mayli, manavi arzimas pul uchun shuncha yolgʻon ishlatish shartmidi? Bunisi-chi?» Koʻrpani jahl bilan gʻijimlab, boshingizga burkab olasiz. Qani endi bu bosh koʻrpaning ichida tinchiy qolsa. Qiynalasiz. Ertalabgacha burga talab chiqadi. Biroq nachora, boshni tashlab ketib boʻlmasa!

Lekin siz angladingizmi, yoʻqmi, baribir baxtlisiz. Sizga bu iztiroblar muborak boʻlsin! Axir qiynalmay oʻtib ketsangiz nima boʻlardi?

Bir notanish yigit bilan uzoq safarga chiqqandik. Qaysidir manzilda u-bu olish uchun muhtasham bir magazinga kirdik. Qaytib chiqqach, hamrohim qoʻlidagi qimmatbaho konfetni koʻrsatib: «Qancha turishini bilasizmi?» dedi. «Bilaman, bu juda qimmat» dedim. «Kassirning yoniga borsam, pul olish oʻrniga qaytimini oling deb yana shuncha pul berib yubordi. Oʻziyam Xudo berdi-da, aka», dedi ogʻzi qulogʻida.

Oʻzini-oʻzi hisob-kitob qilayotgan odam, siz mening oʻsha notanish hamrohim oʻrnida boʻlib qolsangizu, sizga ham shunaqa qilib Xudo «berib» tursa nima boʻlardi? Shunisiga shukur qilmaysizmi? Shukur qilasiz, chunki oʻzidan uyalish hissi insonga shukr qilish ne’matini beradi.

Oʻzidan uyalish hissi, insonning soʻzi bilan amalini uygʻunlashtiradi. Oʻzidan uyaladigan odam, soʻzidan ham uyaladi. Oʻzi amal qilmagan soʻzlarni aytishdan qoʻrqadi. Chunki bunday soʻzlar uning yuziga bir necha marta tarsaki tortib yuborgan. U shundan qoʻrqadi.

Bir paytlar Paygʻambar alayhissalom ham ummatlariga shunday pand etgan ekanlar: «Odamlar orasida avvalgi paygʻambarlardan saqlanib qolgan bir gap shuki: agar uyalmasang, xohlagan ishingni qil!» Aslida Muhammad alayhissalomgacha oʻtgan paygʻambarlarning deyarli barcha koʻrsatmalari ma’nodan uzilgan edi. Lekin insondagi uyat, hayo mangu oʻchirib boʻlmaydigan meroslar ichida qoldi.

Bizning milliy fojialarimiz ham aynan SOʻZ bilan AMAL ikki qutbga ajralib qolgan zamonlardan boshlangan. Agar tarixga diqqat qilinsa, bugungi ilm-fan taraqqiyotining poydevori yer yuziga Islom ta’limoti kelganidan keyin besh asr ichida barqaror boʻldi. Ne saodatki, bu taraqqiyotning ilk gʻishtlarini qoʻyganlar bizning buyuk bobolarimiz edi. Shu zamindan chiqqan ulugʻ zotlar dunyo ahliga muallim boʻldilar. Ammo vaqt oʻtgan sari jamiyatda soʻz bilan amal oʻrtasida tafovut paydo boʻla boshladi. Odamlar dinu diyonatdan uzoqlashib, ezgulik haqidagi da’vatlar ularning boʻgʻizlaridan nariga oʻtmay qoldi. Amal yoʻqoldi, halollik soʻzda qoldi, xolos. Hazrat Bobur «Boburnoma»da 1393-1394 yillar kechmishi haqida yozar ekan, Samarqanddek moʻ‘tabar shaharning ma’naviy ahvolini tasvirlaydi va la’natlar aytadi. Bu davrga kelib odamlar oʻspirin bolalarini hatto koʻchaga chiqarishga ham qoʻrqib qoladilar. Chunki beklar va bekzodalar iymonli inson tilga olishga ham hazar qiladigan axloqsizliklarga shoʻngʻib ketgan edilar. El-yurt, din va mamlakat taqdiri hech kimni qiziqtirmay qoʻygandi. Sababi, jamiyatda soʻz bilan amal birligi yoʻqolib qolgan edi. Natijada jaholat boshlandi.

Oʻzidan uyalish hissi inson koʻnglida qaror topsa, u asta-sekin ijtimoiylashib boradi. U bir kuni shunday ulkanlashadiki, endi bu odam oʻzini Millat va Vatan oldida ham mas’uliyatliman deb biladi. Mana shu mas’uliyat – millatning saodati, Vatanning sha’ni-shavkatidir. Qaysiki millat xor boʻlgan boʻlsa, mana shu mas’uliyat esdan chiqqan zamonlarda boʻlgan.

Bizning oʻtgan asrlardagi fojialarimizdan yana biri mana shu mas’uliyatsizlik edi. Qoʻqon xoni Xudoyorxon Xoʻjand orqali Toshkentga qochib ketayotganda oltin, kumush, la’l, javohirlar toʻla sandiqlari bir karvon boʻldi. Xon oʻzi bilan xalqning or-nomusi, erki va ertangi kunini ham sandiqqa joylab ketayotgandi. Buxoro amiri taxtdan ketayotganda xazinasida 34 nomdagi minglab qimmatbaho buyumlar roʻyxatga olingan. Ularning umumiy qiymati million-millonlarni tashkil etardi. Roʻyxatga olinmagan boyliklar ham sonsiz-sanoqsiz edi. Afsuski, ular vaqtida chor tarafda boʻridek payt poylayotgan dushmanni koʻrolmadilar. Xalqning peshona terini sandiqqa joylab, xazinaning ustida ilondek kulcha boʻlib yotib oldilar. Natijada, jafokash xalq bu mas’uliyatsizlik alamini asrlar boʻyi chekib yashadi.

Bugun dunyoning mana man degan muhtasham muzeylarini bizning madaniy boyliklarimiz bezab turibdi. Agar biz ularning bari talab ketilgan deb xulosa qilsak, adashamiz. Bu bebaho boyliklarning koʻpchiligi XIX-asrning ikkinchi yarmi, XX-asr boshlarida Buxoro amirzodalari, beklari tomonidan qimorga tikib yuborilgan. Ajnabiy savodagarlar ularni aldab qimorda yutib olishgan. Yuzlab nodir qoʻlyozmalar, qimmatbaho kitoblar va boshqa osori-atiqalar kim oshdi savdosiga chiqarilgan. Millatning qalbi hisoblangan bu boyliklar oldida biror kimsa zigʻircha mas’uliyat tuymagan.

Bu tarzdagi ma’naviy tushkunlikdan qaygʻuga tushgan Fitrat yozadi: "Ey ulugʻ Turon, arslonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi? Nechuk kunlarga qolding? Yer yuzining bir necha polvonlari boʻlgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarin oʻzgalarga nechun qoʻydilar? Nechun..." Ammo Fitrat hazratlari bu savollarning javobini oʻzlari juda yaxshi bilardi. Fitrat bilan hammaslak boʻlgan Vadud Mahmud "Turkiston" gazetasining 1923 yil 24 dekabr sonida yurtning ma’naviy-ma’rifiy qiyofasiga nazar tashlar ekan: «Boʻza, may va umuman kayf beradurgʻon ichkiliklarining zararli boʻlishi toʻgʻrisida soʻzlab oʻltirish ortiqchadir... Bu narsa Turkistonning butun shahar va qishloqlarigʻa yoyilgʻon. Hatto ba’zi bir ziyolilar va xotinlarigʻa hurriyat tarafdori boʻlgʻon kimsalar oʻz oilalari bilan ham "rasman" ichishmakka boshlagʻonlar», deb yozadi.

Darvoqe, tarix bizga ibratlari bilan qadrli. Shuning uchun ham mulohazalarimizda kechmish kunlarimizga birrov nazar tashladik. Bu bilan birovga malomat qilmoqchi emasmiz. Zero, hazratim aytganlaridek: «Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidir». Qozilik qilmoq bizga tan emas. Bizning ta’maimiz XULOSA chiqarmoqdir.

Va nihoyat, oʻz-oʻzidan uyalish shuning uchun ham lozimki, kishi bu hissiyot qarshisida oʻz aksini koʻrib turadi. Bu «koʻzgu» shafqatsizdir...