OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlixontoʻra Sogʻuniy
Asar nomiTurkiston qaygʻusi (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarix
Mualliflar
   - Alixontoʻra Sogʻuniy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm251KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/21
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Matnni arab imlosidan kirillga oʻtkazib nashrga tayyorlovchilar:
Ahadxontoʻra Gʻapporov
Uvaysxontoʻra Shokirov



Annotatsiya
Ushbu kitob ulugʻ bobokalonlarimizdan boʻlgan alloma Alixontoʻra Sogʻuniy qalamlariga mansub nodir bir asardir. Muallif «Turkiston kaygʻusi» (1966—1973) nomli bu asarida xalqimiz qanday kilib bosqinchilarga qaram boʻlib qolgani va dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi, mustaqillikni qoʻlga kiritish uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi toʻgʻrisida oʻsha mustabid sovet tuzumi davrida yetuk siyosiy arbob sifatida chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etadi.

Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan to XIX asr oxirigacha boʻlgan davr ichida qurgan davlatlari, Amir Temur haqida, turkiy xalqlar etnografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar ham bor.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Turkiston qaygʻusi (I- qism)
Alixontoʻra Sogʻuniy

Ulugʻ Bobom Va «Turkiston Qaygʻusi» Asari Haqida

Bismillohir rohmanir rohiym
Muhtaram oʻquvchi! Ma’lumdirki, inson bolasi oʻz padari buzrukvoriga qarab qad rostlaydi. Lekin millatni jahon miqyosida shuhratlantiradigan buyuk shaxslar haqida yozish hamisha sharafli, mas’uliyatli va bir vaqtda oʻta murakkab vazifadir. Mazkur vazifaning qoʻshimcha ogʻirligi oʻz bobongiz haqida yozishdir, chunki «hissiyotlarga berilib, mavzu xolisona yoritilmagan» deyilishi mumkin gumonlarga asos boʻlmasligi kerak. Shu sababli boshqalar yozishadi degan umidda koʻp yillar oʻtdi. Keyingi yillarda bosilib chiqayotgan maqolalarning koʻpi bir tomonlama boʻlib, Alixontoʻrani oʻz davrining siyosiy, mafkuraviy tuzumini qabul qilgan, uning gʻoyalariga ishonib aldangan olimlar qatorida ifoda etishga urinishlar boʻldi. Bu, albatta, shu davrning yozuvchilari uchun qulay, chunki bu inson ham oʻzimizdan edilar demoqchi boʻlishadi. Lekin haqiqat unday emas ekanligini ushbu kitobdan bilib olasiz. Shu bois bu haqda batafsilroq ma’lumot berish zarur deb bildim.

Ulugʻ bobomiz Alixontoʻra Sogʻuniy (1885 — 1976), Alloh u kishini rahmat qilgan boʻlsin, komil inson boʻlib, zamonamizning koʻp ilmlarni mukammal egallagan buyuk allomalaridan edilar. Birinchi navbatda u kishi diniy ilm teologiya sohasida katta bilimga ega boʻlganligi va mashhurligi hozirgi kunda koʻpchilikka ma’lumdir. Xususan, «Tarixi Muhammadiy» asari nashrdan chiqqandan keyin (T., 1991) u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida shuhrat qozondi. Shu bilan birga bobomiz oʻtkir zehn sohibi, tarix ilmining, ayniqsa islom tarixi va Turkiston tarixining zukko bilimdonlaridan edi.

Sermazmun hayotining oxirgi 30 yili davomida Alixontoʻra yozib qoldirgan ulkan ilmiy meros ichida «Turkiston qaygʻusi» tarixiy asari alohida oʻrin egallaydi. Bu asarda u kishining yigitlik va kamolotga yetgan davri xotiralari asosida oʻz e’tiqodi, dunyoqarashi, qaysi gʻoyalar uchun jonfido boʻlib kurashganlari, nimalarga Vatan ahlini da’vat qilganliklari, suyukli Vatanimiz tarixi saboqlari, kelajak boʻgʻinlar ulardan qanday xulosalar chiqarmoqlari kerakligi, Vatanimiz mustaqilligi muqarrar ravishda qoʻlga kelishi bashorati, uni mustahkamlash uchun nimalar qilmoq zarur ekanligi toʻgʻrisida chuqur oʻy-fikrlar oʻz ifodasini topgan va bayon etilgan.

Bu asardan ayrim parchalar «Yoshlik» jurnalida (1992 yil, 3 —4-sonlari) va shu yili «Oʻzbegim» kitobida chop etilgan boʻlib, toʻliq holda u endi birinchi marta kitob shaklida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

«Turkiston qaygʻusi» asari 1966 1973 yillarda Toshkentda yoziladi. Bu davrda sovet mustabid tuzumi kuch qudratga toʻlgan, oʻz siyosatini zoʻravonlik bilan nafaqat mamlakat ichkarisida, balki uning uzoq tashqarisida ham oʻtkazib turgan payt edi. Shu sababli koʻpchilik ziyolilarimiz hukmron maslakka qattiq ishonib, kechayu kunduz uning xizmatida boʻldilar. Qanchadan qancha yuksak qobiliyat egalari, iste’dodli shoir va yozuvchilarimiz bu soxta mafkura kuychilari, tashviqot va targʻibotchilari edi. Ular tuzumga toʻgʻri boʻlmagan bir ogʻiz siyosiy soʻz, mustaqil fikr aytish u yoqda tursin, bu toʻgʻrida oʻylashning oʻzi notoʻgʻri, telbalik, aqldan emas deb bilishar, boshqalarni ham bunga ishontirish uchun barcha minbarlardan bor rasmiy, norasmiy usullar va jonfidoyilik bilan harakat qilishar edi.

Boshqa millat vakillari boʻlgan inson huquqlari himoyachilari, umuminsoniy qadriyatlar targʻibotchilari akademik A.Saharov, yozuvchi A.Soljeniqin va shular safidagi boshqa mustabid tuzumning zulmini koʻrgan haqiqat va adolat kurashchilari tarix sahnasiga endi birinchi qadamlarini qoʻymoqda edi.

Mana shunday muhitda, ya’ni yurtimizda hukm surayotgan ixtiyoriy qullik davrida, sobiq qizil imperiya hududida birinchilardan boʻlib, bobomiz bu tuzum va mafkura tub negizi va mohiyati bilan inson tabiatiga, umuminsoniy qadriyatlarga zid, insoniyat taraqqiyoti yoʻlining xato koʻchasi ekanligini asoslab shunday yozadilar: «Hayot olamida eng ulugʻ, oliy darajalik yaratilgan narsa shubhasiz shu insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ayrilmas bir tarmogʻidir. ...Madaniyat qayerda, qaysi millatda boʻlsin, insoniyat haqlarini saqlash uchun hukumat qoʻlida adolat quroli boʻlib turar ekan, ana shu chogʻdagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladi. Buning natijasida insoniyat xususiyati boʻlgan har kimning erk-ixtiyori oʻz qoʻlida saqlanadi. Yer yuzining qaysi oʻlkasida boʻlishni kim tilar ekan, hech qanday toʻsqinlik koʻrmaydi».

«Asrimiz boshida chiqqan siyosiy firqalar ichida kommunizm kabi aqldan yiroq, xayoliy bir maslak ahli boʻlgan emas. Mana shu xayoliy maslak egalari 50 yildan beri aqldan tashqari tuzumlarini qurol kuchi bilan xalq ustida yurgizib keladilar».

«...Insoniyat olamining ofati, kufrnifoq madaniyatining zaharlik mevasi hisoblangan kommunistlar bozori qanday yerda qizidi? Soʻzga tushunmagan, hech narsa bilmagan, ayniqsa, yoʻqsillik-kambagʻallikda yashayotgan gumroh, Vatan, millat nima ekanligini bilmaydigan ongsiz nodonlar koʻp boʻlsa, mana shular ichidagina rivojlanib, tezdan ishlari avj oldi».

«... Hech davrda koʻrilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bolsheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy yemak ,ichmak, oziq-ovqatlariga osilib, biror kishi uyida don urugʻidan ortiqcha hech narsa qoldirmay yigʻib olishdi. Shu orqalik xalqni och oʻldirish qoʻrqinchi bilan oʻzlariga boʻysundirmoqchi boʻldilar. ...Chunki 6u kabi boshi tuyuq, qorongʻu koʻchaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina boʻlishi mumkindir».

Oʻsha davrda, Toshkentda yashab turib, maxfiy uy nazorati ostida boʻlishiga qaramay, insonlar haq-huquqi, sovet tuzumi va mafkurasi ustida shu kabi haqiqatni qaygʻurib soʻzlash uchun qanday iymon e’tiqod, maslak va irodaga ega boʻlmoq kerak edi? Qaysi qudrat va gʻoya u kishini bunday jasoratga boshlagan? Nega boshqa ziyolilarimiz shu paytda bu toʻgʻrida fikr yuritishga jur’at etolmaganlar? Ular oʻz boshlarini asrab, turmush rohatini koʻzlab, qanday qullikda, mutelikda, kimlarning tobeligida hayot kechirayotganliklarini anglashni istamadilar.

Bulardan farqli oʻlaroq, bobomlardagi birinchi quvvat ummoni haqiqiy islomiy iymon etiqodi va haqqoniy hur fikrligi boʻlsa, ikkinchi ulugʻ manba ul zotning Vatan va millatga boʻlgan cheksiz muhabbatidir.

Bobomlar yozadilar: «Umrim ichida qanchalik ogʻir ishlarni, koʻp qoʻrqinchlik kunlarni boshimdan kechirdim. U chogʻda koʻnglimdagi iymon e’tiqodim, Allohga va uning haq paygʻambari Muhammad alayhissalomga boʻlgan muhabbatim, men uchun eng kuchlik ishonchim va eng ortiq suyanchim edi. ...Iymonlik kishilarga har vaqt bu ulugʻ davlat nasib boʻlgʻusidir».

«Hozirgi madaniyat davrida diyonat bilan taraqqiyot birga yasholmaydi degan xato fikr oqillar oldida emas, jahon boʻyicha johillar orasida tarqalmishdur. Haqiqatda esa, din poklikdur. Poklikka qurilgan axloqdur. Dinimizning asli aqldur, quroli ilmdur. Hozirgi taraqqiyot islom axloqi asosida olib borilsa, insonlar uchun eng foydalik madaniyat boʻlishida shak yoʻqdir. Umuminsoniy haq huquqlar butun xalq oldida, ayniqsa, hukumat doiralarida qonuniy ravishda himoyalanib saqlanar ekan, oʻshandagina madaniyati fozilaga erishiladi. Shu kunlarda ustimizda hukmron boʻlgan dinsizlar madaniyati ersa fosiq madaniyat deyiladi. Bunday madaniyat insonlarni ham axloqiy, ham ruhoniy fazilatlaridan butunlay ajratadi».

Vatanimiz, millatimiz yuz yildan ortiq bosqinchilar qoʻlida, mustamlaka zulmi ostida yotganining asosiy sabablari xonliklar davrida Turkiston oʻlkasida yuzaga kelgan ittifoqsizlik; dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida boʻlishi; mamlakat mudofaa quvvatiga ahamiyat berilmagani; xalqimizning xurofot zulmati va jaholat botqogʻiga butunlay botganligi; zamonaviy fan ilmlarini oʻqish va oʻqitish ishlariga e’tibor boʻlmaganligi haqida bobomlar kuyinib gapiradilar.

«Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqogʻiga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida boʻldilar. Oʻzlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa bogʻlamadilar, oʻqish oʻqitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uygʻonish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari boʻlmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur». «Bular Vatan va millat oldida eng kechirilmas jinoyatchi odamlar, chunki davlatlarini inqirozga, millatlarini qullikka, Vatanlarini xorlikka olib keldilar».

«Hozirgi madaniyat olamida millatning oʻz xuquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina bogʻlanmishdir. Shuning uchun toʻliq mudofaa kuchiga ega boʻlmagan millatlar insoniy huquqlaridan butunlay ajrab, hayvonlar qatorida xoʻrlik bilan yashamoqqa majburdirlar». «Shunga koʻra, Vatan bolalari oldimizdagi kelajak kunlarni eskarib, zamonaviy ilm oʻqishga chin koʻngillari bilan kirishib, halol meros oʻz Vatanlarini egallash uchun mudofaa quvvati tayyorlashga tish-tirnoqlari bilan yopishsinlar».

Kitobda hozirgi zamon ilm-fanini tirishib oʻqish, zamonaviy texnika va texnologiya hunarlarini yaxshi oʻzlashtirish bilan bir qatorda, xalqning milliy hissiyotini koʻtarish, oʻz ona tilini saqlash, adabiyotini yuksaltirish bizni millat sifatida yutilib ketishdan toʻgʻon kabi asraydigan zarurat ekanligi uqtiriladi: «Hozirgi oʻqimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik boʻlmas ekanlar, ulardan bizga, ya’ni oʻz xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini oʻzimizdan chiqargandek, yov qoʻlida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol boʻladilar. U holda esa oʻzlaridan umid etilgan vatan oʻgʻillarining qoʻllari bilan vatan ahllarini koʻmishga chuqur qaziladi demakdir.

«...Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan boʻlsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan oʻzimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qoʻyilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogʻda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda oʻsib saqlangʻusidir. Agar bunday boʻlmay, balki, aksincha, oʻz ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogʻda koʻp uzoqlamayoq alvido aytib, oʻz tillaridan abadiy ajragan boʻladilar. Shundoq boʻlib oʻz ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yoʻqotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulugʻ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday boʻldi demak, ulugʻ Turkiston ulusi Turon nasli r tilagicha, qurbon boʻlgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon sharaflik nom nishonlari oʻchiriladi demakdir».

Alixontoʻra umr boʻyi Turkiston xalqining ozodligi va milliy mustaqilligi uchun kurashgan, yoshligida chor Rusiyasiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonlarda faol ishtirok etgan, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyatining 1-Prezidenti va marshal boʻlgan, mustabid sovet tuzumining butun kirdikorlarini ilk kunlaridan boshlab tanqid qilgan va unga qarshi turgan, uning mustamlaka siyosatini qabul qilmagan fidoyi inson edi. Umrining koʻp qismini quvgʻinda, qamoqxonalarda, tazyiq va ta’qib ostida oʻtkazdi.

Har davrda «saxovatli» sovet hukumati tomonidan taklif etilgan har xil «in’omlarni», jumladan, u kishiga umrbod tayinlangan katta nafaqani, oilasi bilan yashash uchun ajratilgan katta hovlini, Fanlar Akademiyasiga a’zo boʻlish taklifini rad etib, oʻz iymon-e’tiqodiga har doim sodiq boʻlib qolganlar. U kishi oddiy xalq ichida tanilib, katta obroʻ e’tiborga ega boʻlganligi uchun sovet tuzumining maxfiy idoralari tazyiq oʻtkazib turgan boʻlsa ham, mahkamaga tortish, qamash choralarini qoʻllashga jur’at etmaganlar.

Ul zotning metinday mustahkam iymon-e’tiqodini, Vatanimizga, millatimizga boʻlgan chuqur muhabbatini, istiqlolning qoʻlga kelishiga, milliy davlatchiligimizning tiklanishiga boʻlgan ulugʻ ishonchini hech narsa buka olmagan. «Biz, Oʻzbekiston xalqi, haqiqatda shu vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, yer ustiga qadam qoʻygan kundan boshlab, bizning ota bobolarimiz shu Oʻzbekiston oʻlkasida yashab kelgan ekanlar shu kunlargacha tiriklarimizni boʻynida koʻtarib, oʻliklarimizni qoʻynida saqlamishdir. Bu Uzbekiston Vatanimizning bir qatlami biz oʻzbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan koʻtarilmishdir. Boʻynida koʻtargan, qoʻynida saqlab oq sut berib tarbiyat qilgan bu Oʻzbekiston Turkiston bizning oʻz ona vatanimizdir.

Endi biz shu kungi holimizni yuzaki emas, chuqurroq tekshirib koʻraylik. Qaysi holda turamiz, qanday xorlik ostida yashaymiz, hayotimiz ustidan kimlar hukm yurgizib, takdirimiz kimlar qoʻliga topshirilmishdir? Jannat kabi bogʻi-boʻston, noz-ne’matlik Vatanimizga kimlar ega boʻlib, ul joylarda kimlar oʻltiradi? Vatanimiz, boz ustiga mol-dunyomiz, axloq-odoblarimizdan bizni kim ajratdi? Butun hayot, hosilot, erk ixtiyorimizni majburiy ravishda qoʻlimizdan kimlar tortib oldi?».

«Kerakligicha din ilmini oʻqish hammaga farz boʻlganidek, oʻz hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini oʻqib bilishlik ham farzdir». «Vatanimizni ozod qilish, oʻz davlatimizni qoʻlga keltirish va uni saqlash uchun, har davrning oʻziga yarasha butun sabablarini qilish, Qur’onda aytilgan Alloh amri deb bilishimiz kerak».

«...Paygʻambarimizning gʻoyibdan xabar bergan moʻ’jiza soʻzlariga qaraganda va hozirgi jahon siyosatining ketishicha, oldimizda ulugʻ voqealar boʻlishi shubhasizdir. Mana shu kabi buyuk voqealar boʻlar ekan, dunyo boʻyicha umumiy oʻzgarishlar boʻlmay qolishi mumkin emas. Shu oʻzgarishlar natijasida mustabid tuzumning temir qoʻrgʻonlari tor mor qilinib, asrlar boʻyi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari oʻzlarining halol meroslari ona vatanlari boʻlgan Turkiston oʻlkasiga shunda, albatta, ega boʻladilar».

Umumjahon siyosatining oʻzgarishi, millatlarning milliy uygʻonishlari kuchayishi natijasida mazlum xalqlarning oʻz milliy yetakchilari ham yetishib chiqishini bobomlar orzu qilib aytadilar: «Yer usti insonlari yer osti ma’danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir-koʻmirlari koʻp boʻlgʻandek, oltin-olmoslari ham oz emasdir. ...Agar shundoq kunlar toʻgʻri kelar ekan siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi oʻz hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning oʻz hukumati oʻz qoʻlida boʻlmas ekan, choʻponi-qoʻychiboni yoʻq bir toʻda qoʻy kabi yirtqich qushlarga, och boʻrilarga yem boʻlib, oxiri inqirozga uchrab yoʻqoladi».

Asarda kelajakda quriladigan milliy davlat va jamiyat asoslari haqida ham fikr bildirilgan. Islom dini bilimdoni Alixontoʻra Sogʻuniy qarashlaricha, ular umuminsoniy haq-huquqlar himoyalanib saqlanadigan, din erkinligi kafolatlanadigan, islom axloqi va madaniyatiga tayanadigan, kuchli ilmiy, askariy quvvatga ega boʻlgan dunyoviy davlat va jamiyatdir. Shunday boʻlganda keyingi asrlarda Turkiston xalqi boshiga tushgan qoʻrquvparast ruhiy muhitdan qutilmoq, qudratli qoʻshni davlatlar siyosatining qurboni boʻlishdan saqlanmoq, zamonaviy taraqqiyot toʻgʻri yoʻlida tez rivojlanmoq imkoniyatlari yaratiladi. «Endi shuni bilmak kerakkim, deydi Alixontoʻra, Qur’onning hukmiga, Rasulullohning yoʻliga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, oʻz Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolgʻon musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni oʻzlashtirib, butun huquqlariga ega boʻlgan kofirlar, albatta, ortiqdur».

Kitobda Turkiston xalqlarining ittifoqi masalasi ham har tomonlama keng yoritilgan. «Mustamlaka zulmi ostiga tushib qolishimiz sabablarining birinchisi xonliklar vaqtida yuzaga kelgan ittifoqsizlik shumligidir. Xozirgi davrda millatimiz manfaatini dunyo siyosati darajasida toʻla himoya qilish uchun Turkiston xalqlari, davlatlari, birinchi navbatda, mintaqaviy ittifoqqa birlashmoqlari zarur. Shundagina bu ittifoqning yaratadigan qudratli siyosiy va iqtisodiy salohiyati dunyo siyosatdonlarini undagi davlatlar manfaatini hurmat qilishga majbur qilishi mumkin. Boʻlmasa ma’lum bir tarixiy sharoitda qudratsiz davlatlar yana kuchli davlatlarning qurboni boʻladi. Turkiston davlatlari birlashishlari uchun tabiiy asos mavjud. Bu tarix, yurt va madaniyat birligi, umumiy din va til borligidur. Qur’on moʻminlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi».

Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan XIX asr oxirigacha boʻlgan davr ichida qurgan davlatlari, sohibqiron Amir Temur haqida, turkiy xalqlar madaniyati, turmushi, etnografiyasiga oid qimmatli tarixiy, ilmiy ma’lumotlar mavjud. Ayniqsa Sharqiy Turkiston oʻlkasida shu paytdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy mustaqillik uchun uygʻur xalqining olib borgan kurash tarixi keng yoritilgan. Milliy tariximizni qoralab sovet davrida «bosmachilar harakati» deb nomlangan, aslida Vatan ozodligi uchun kurashgan millat qahramonlari toʻgʻrisida ham fikr bildirilgan. Albatta, muallif bu harakatga oʻzining shaxsiy munosabatini bildiradi va ular magʻlubiyatining asosiy sabablaridan biri buyuk ozodlik gʻoyasi atrofida millatni birlashtirgan, zamon siyosatini yaxshi tushungan, ongli rahbariyat yoki millat yetakchisi boʻlmaganligini koʻrsatadi.

Kitob nihoyatda tiniq, badiiy goʻzal, ravshan tilda yozilgan. Jumladan, tabiat manzaralarining tasvirlari oʻquvchi qalbida ona Vatanimizga chuqur muhabbat va mehr uygʻotadi.

«...Bu tarixiy soʻzlarni yozishdan koʻzlagan mening tubgi maqsadim, deydi Alixontoʻra, oʻz Vatanida turib gʻarib boʻlgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajak Vatan yoshlarini ogohlantirib, oʻlim uyqusidan uygʻotishdir. Koʻnglimdagi munglik qaygʻularimni qalam tumshugʻidan toʻkib yozgan bu kitobimni oʻquvchi va ham eshituvchi vatanparvar, millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirigʻim shulki, tilim uchidan emas, dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik soʻzlarimni faqat uqibgina oʻtmasdan har bir ogʻiz soʻzini tekshirib, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas, madaniyat taraqqiyoti boʻlmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini saqlash uchun qaysi narsalarni qoʻlga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning chorasiga kirishsinlar».

Oʻzining bu soʻzlariga amal qilib, Alixontoʻra Sogʻuniy 1962 yildayoq ulugʻ sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari» nomli kitobini eski forsiydan oʻzbek tiliga tarjima qiladilar. Dastlab «Guliston» oynomasi sahifasida bu kitobning koʻp qismi 1967 yili u kishining jur’atli kirish soʻzi bilan bosilib chiqadi. Oʻsha davrda «qonxoʻr Temur»ni oqlab yozish katta jasoratni talab qilar edi. Vaholanki, bobomiz sohibqiron Amir Temurni oʻzbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Shundan bir yil keyin, ya’ni 1968 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining viqe prezidenti I.M. Moʻminov koʻpchilik tarixchi olimlar muhokamasidan oʻtkazgan holda «Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli» risolasida ehtiyotlik bilan u kishiga ijobiy baho berishga harakat qiladi. Shundan keyin Oʻzbekiston matbuotida deyarli 25 yil davomida bu mavzuda ma’lumot berilmaydi. Ajablanarli hol shundaki, 1991 yili «Temur tuzuklari» qaytadan kitob shaklida chop etilib, tarjimon bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifi qoʻshib qoʻyildi. Unga kirish soʻzi yozgan tarixchi olimning fikricha, bu «asarning muallifi ma’lum emas»mish. «Temur tuzuklari» feodalizm, hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini koʻzlab yozilgan ...» asarmish. Oʻsha olimning keyingi yillarda Amir Temur haqida yozgan asarlarini oʻqib, bu kabi koʻz-qarashlari ancha oʻzgarganidan xursand boʻlasan kishi. Mustabid tuzumning yemirilgan davrida ham tarixchi olimlarimiz Alixontoʻraning birinchi boʻlib ulugʻ bobomiz sohibqiron Amir Temurni va uning shon-shuhratini himoya qilib koʻrsatgan bu jasorati toʻgʻrisida ochiq gapirishdan, tarixiy haqiqatni tiklashdan biroz hayiqdilar.

Mustahkam iymon, buyuk e’tiqod, haqqoniy maslak egasi boʻlgan, Vatanim Turkistonim deb qaygʻurib yigʻlagan, uning ozodligi, istiqboli uchun umr boʻyi kurashgan, davr tuzumining siyosiy, iqtisodiy tazyiqlariga bardosh bergan insonlarni odatda millatning vijdoni deb bilishadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Alixontoʻra Sogʻuniy 1960—1980 yillarda ana shunday insonlardan boʻlgan edi, deyishga toʻla haqlimiz. U kishining ta’limoti zamonamiz yoshlarini yuksak ma’naviyat, axloq, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash imkonini yaratadi. Shunday ekan, umid qilamizki, minnatdor avlod oʻzining buyuk bobokalonlaridan boʻlgan Alixontoʻraning Vatanimiz, millatimiz oldidagi xizmatlarini munosib taqdirlaydi, hayoti va koʻp qirrali ijodini chuqur oʻrganadi, milliy tariximiz va adabiyotimiz sahifalarida ul zotning oʻz munosib oʻrni boʻladi, inshoalloh!

Oʻtmish tariximizdagi buyuk bobokalonlarimizga uy muzeylari tashkil qilish imkoniyati boʻlmagan boʻlsa ham, yaqin yillarda yashab oʻtgan bu kishiga sharafli hayoti, ibratli ta’limoti haqida toʻla ma’lumot beradigan uy-muzeyi tashkil qilinsa yaxshi boʻlur edi. Bu muzey u zot qanday sharoitda yashab millat ozodligi uchun kurashgan, dilida millat va Vatan ishqi yongan haqiqiy inson nimalarga qodir ekanini bildiradigan, kelajak avlod oʻgʻil-qizlarimiz tarbiyasi uchun oliy ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladigan bir tabarruk joy boʻlur edi.

Bobomlar biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham boʻlganlar. Mening yoshlik, yigitlik davrim u kishining yonida, umrlarining oxirigacha tarbiyasida boʻlish baxti bilan oʻtgan. 1964 — 1967 yillari u kishining qoshida norasmiy «Ong oʻstirish toʻgaragi» mavjud boʻlib, bu yerda biz yoshlar har haftada ikki marta yigʻilar edik. Arab tili va islom dini asoslaridan saboqni, milliy tariximizdan darslarni, axloq-odob, inson haq-huquqlari toʻgʻrisida birinchi tushuncha va ma’lumotlarni u kishidan shu paytda uqqan edik. Bobomiz biz uchun ma’naviyat, tarix va milliy qadriyatlarimizning tirik qomusi; har qanday mushkulot yechimini topa oladigan dono murabbiy zamonamiz tuzumi, siyosati haqida bor haqiqatni toʻgʻri soʻzlovchi botir inson edilar. Ul zot islom dini, oʻtgan ulugʻlarimiz, milliy qadriyatlarimiz, Vatan va millat haqida gap ketganda gʻoyatda toʻlqinlanib, behad gʻurur bilan soʻzlardilar. Notiqlikda oldiga tushadigani kam topilardi. Soʻzlaganlarida nuroniy yuzlaridan hamisha yogʻdu taralib turar edi. Darslarda bizga nihoyatda samimiy muloqotlari ohangrabodek ta’sir etardi va hayajonli taassurot qoldirardi. Yoshlikdan ilmni qunt bilan oʻrganish lozimligini aytib, «Yoshlikda egallangan bilim toshga oʻyilgan naqshdur», «Ong yoʻq joyda jasorat boʻlmaydi», «Bu dunyoda hech narsa tan-sogʻliqqa yetmas» kabi shiorlarni koʻp eshitar edik.

Milliy tarix darslaridan birida shunday deganlar: «Insonlar oʻz hayotlarini ongli ravishda tushunib turishlari uchun dunyo ilmlari ichida boshqalardan koʻra tarix ilmiga hojatlari ayniqsa koʻpdur. Shuning uchun har davrning dono olimlari tarafidan bu toʻgʻrida bek (koʻp) kitoblar yozilmish ekandur. Tarix demak, oʻquvchilarning koʻz oldilariga qoʻyilgan bir koʻzgu kabi boʻlib, unga qaragan kishilar esa yuz-koʻzlariga yuqqan yomon narsalarni koʻrar ekanlar, albatta, undan oʻzlarini tozalaydilar.

Shunga oʻxshash, oʻtmishdagi ota-bobolarning oynaklarini keyingi bolalari qoʻllariga olib qarasalar, oʻzlarining kim ekanliklarini, endi kim boʻlgʻonliklarini shu koʻzguda ochiq koʻradilar. Mehribon ona Vatanlari bosqinchi oyoqlar ostida depsalib, ingrab yotqonligʻini koʻrgach, uning sabablarini tekshirishga kirishadilar. Ongsizlik oʻlim uyqusida yotgan bir millatni uygʻotish uchun oʻtmishdagi ota-bobolarining shonlik tarixini bilishdan ortiq narsa yoʻqdir.

Bu ilmdan kutilgan asosiy maqsadlar bir davlat qurilgandan soʻngra, u qaysi ishlar bilan taraqqiy topib rivojlanmishdur, yoki inqirozga uchrab zavol topishi nima sababdan boʻlishidur. Chunki dunyoda oʻtgan, yo oʻtmoqda boʻlgan yaxshi-yomon ishlar paydo boʻlishining, albatta, sabablari bordur. Hayot olamida hech narsa sababsiz yuzaga chiqishi mumkin emasdur. Masalan, ilgari butun dunyoga nomi chiqqan, tillarda doston shu Oʻzbekiston bizning suyukli ona Vatanimiz nega qoʻlimizdan chiqdi? Biz Turkiston xalqi oʻz davlatimizdan nega ajradik? Mana bularning sabablarini koʻrsatish tarix ilmining asosiy vazifasidur.

Yana bir darsda aytganlari: Kelajakka faqat oʻtmish yoʻl koʻrsatadi. Tarix shuni bildiradiki, ikki buyuk qoʻshni davlat bilan olib boriladigan yaxshi, oʻzaro manfaatli siyosat yetarli emas. Chunki ular har doim Turkistonga oʻz manfaatlari boʻlgan muhim oʻlka sifatida qarab ish yuritishgan. Shu sababli asosiy masalalarda hamisha til topishib, Turkiston taqdirini oʻz manfaatlari yoʻlida hal qilishgan. Masalan, Sharqiy Turkiston xalqining ozodlik uchun olib borgan kurashi bu davlatlar manfaatiga zid boʻlganligi sababli qurbon qilindi. Yoki Turkiston xalqi oʻzining qaysi tub manfaatlarini koʻzlab, Ikkinchi jahon urushida shuncha koʻp qurbonlar berdi?

Yer kurrasining imkoniyati chekli boʻlishiga qaramay moddiy ehtiyoj keskin oʻsib borayotgan XX asrda millatlar taraqqiyoti va taqdiri koʻproq qudratli davlatlar siyosati va manfaatiga bogʻliq boʻladi. Shu sababli Turkiston oʻlkasida uchinchi bir buyuk davlat manfaatini yaratish zarurati bor. Ravshanki, muhim masalalarda uch davlatning hech biri birortasining bir tomonlama manfaatdor boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Shunda tadbirli siyosat yurgizuvchi kichik davlat, albatta, uning manfaatini koʻproq koʻzlab ish tutayotgan davlat tomonida boʻladi».

Shu tartibda biz bobomizning «Tarixi Muhammadiy» qoʻlyozma asari orqali islom dini va tarixi bilan tanishdik, oʻzlari fors tilidan tarjima qilgan mashhur Herman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» asarini va ulugʻ sohibqiron Amir Temur «Tuzuklari»ning birinchi tarjimasini qoʻlyozma holatda u kishining ishtirokida oʻqib oʻrgandik. Islom falsafasi nimalarga koʻproq urgʻu beradi degan savolga: «Sharq falsafasi avval boshidan boshlaboq asosan inson ruhiyatini, uning ma’naviy olamini bilishga, odamlarning oʻzaro munosabatlarini anglashga e’tibor bergan. Bu ta’limotda odam qalbini hayvoniy hirslardan ozod etish, uni Allohga ishonch, iymon nuri bilan yoritish, komil inson masalalari ustida koʻproq fikr yuritiladi», deganlarini uqqanmiz.

Har doim 3 - 4 soatdan kam davom etmaydigan maroqli darslarimizda koʻp tarixiy voqealarga ul zotning ajoyib mukammal, siyosiy-ijtimoiy mantiq qonunlariga asoslangan sharhlarini eshitishga muyassar boʻlganmiz. Masalan, Vatanimiz mustaqilligi va erkining yoʻqolishiga nobop kishilarning hokimiyat tepasiga chiqib qolishi ham sabab boʻlganligi toʻgʻrisida gapirib, aytganlarini eslayman: «Har bir davlat arbobi siyosatda bilimdonlik, sezgirlik, izchillik va jasorat kabi fazilatlarni oʻzida mujassamlashtirmogʻi kerak. Bu toifadagi hukmdorlar oʻzlari kuchli boʻlganligi uchun atrofiga mard va ochiqcha soʻzlasha oladigan kishilarni toʻplab ish yuritadi. Ulugʻ bobomiz sohibqiron Amir Temur shunday zotlardan edi. Temur sulton ta’rificha, hukmdorga oʻz fikrini va mulohazalarini aytishga botina olmaydigan hamda oʻz soyasidan choʻchiydigan, qul tabiatli mansabdorlar saltanatning eng xavfli dushmanlaridur. Chunki ular oʻzlarining ojizligi va jasoratsizligi orqasida ikkiyuzlamachilik bilan ish yuritadilar, kezi kelganda esa oʻz hukmdoriga va hatto vataniga xiyonat qilishdan toymaydilar. Shu boisdan buyuk Amir Temur qul tabiatli amaldorlarni yoqtirmay, oʻz qadru-qimmati, vijdoni, or-nomusi va gʻururini saqlay oladigan kishilarni davlatning ustuni deb hisoblagan».

Ul zot yana shunday deganlar: «Agar moʻmin-musulmon bir nohaq ishni koʻrsa, albatta, ul ishga qoʻli bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati yetmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech boʻlmasa koʻngli bilan norozi boʻlsin. Bu soʻnggisi iymonning eng kuchsiz boʻlishidandur. Agar koʻngli bilan ham ul ishga norozi boʻlganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu hol iymonsiz kishilarning belgisidur. Ularni paygʻambarimiz tiriklar oʻligi deb aytganlar.

Paygʻambar Muso alayhissalom ummati vujudiga singdirilgan qullik asoratini siqib chiqarish uchun oʻz qavmini qirq yil Sahroyi Kabirda olib yurgan ekan. Chunki bu illat millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora koʻrilmas ekan, koʻp uzoqlamayoq hayot olamidan oti oʻchirilib, u millat tub tomiri bilan yutilib yuboriladi.

Insonning eng sevgan qadrlik, qimmatlik toʻrt narsasi bordur. Bu toʻrt narsaga ega boʻlmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum boʻladilar.

Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam oʻz erk va ixtiyoriga ega boʻlmokdur. Oʻzida erki yoʻq, qoʻlida ixtiyori yoʻq odamlarning hayvondan nima farqlari bor?

Ikkinchisi — shar’iy yoki qonuniy kasblari orqali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining oʻz haqqi boʻlgan xos mulkidur.

Uchinchisi — har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tugʻilib oʻsgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq Vatan avlodlarining kechirilmas ogʻir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.

Toʻrtinchisi — har mamlakat xalqining asrlar boʻyi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur».

Bobomizning Naqshbandiya ta’limotiga e’tiqod qoʻyganlari ham ma’lumdir. «Hazrat Bahouddin Naqshband tariqatlari Qur’oni karim va Hadisi sharifga asoslanadi. Ul zotning «Dil ba yoru dast ba kor!», ya’ni koʻngil Alloh yodi bilan, qoʻl esa ish bilan band boʻlsin, degan shiorlari butun musulmon olamiga mashhurdir. Sohibqiron Amir Temur ham bu tariqatga amal qilgan. Raiyat ravnaqini koʻzlab, «Kam yenglar — ocharchilik koʻrmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono boʻlasizlar!» deb bu kishining nasihatlarini ta’kidlaganlar. Allohni sevish, uning visoliga yetish uchun ogʻir, mashaqqatli poklanish yoʻlini bosib oʻtishimiz lozimdir. Har bir kishi oʻz vaqtini sarhisob qilib turishi, chunki vaqt boyliqdur, bir kasbni egallashi, oʻz qoʻl kuchi bilan halol luqma topmoqligi bu ta’limot asoslaridandir», deganlarini eshitganmiz. Oʻz hayotlari davomida shunga amal qilib dorishunoslik, tibbiyot ilmlarini mukammal egallaganlar va hojatbaror shifokorligi tufayli koʻpchilik oʻrtasida katta obroʻ-e’tiborga ega edilar. Kichkina hovlining tashqarisida doimo sogʻin sigir bilan bir tana boqilar edi. Yoshligimda ularga yem-xashak va ivitilgan somonga kepakni ixlos bilan oʻzlari qorishtirib berayotgan ish ustida bobomlarni koʻp marta koʻrganman.

Erta bahor kunlari edi. Saharda bir qarindoshning toʻy oshiga bobomlar bilan birga bordik. Kun sovuq, endi tong otmoqda edi. Koʻpchilik aytilgan boʻlsa kerak, koʻchada saf tortib, osh yeyishga navbat kutib, odob bilan bobomlarni oldinga kuzatayotgan tumanat odamlarni koʻrib, hassaga ikki qoʻlini qoʻygan holda toʻxtadilar. «Bay, bay, bay! Qani edi bu oʻzbek oʻgʻlonlari shu tartibda, shunday gʻayrat va ixlos bilan Vatan ozodligi uchun jangga kirsa!» deb, tizilib turgan uzun safga zavq bilan uzoq tikilib qolganlarini eslayman. Shunda bu manzara toʻqsonni qoralab qolganiga qaramay, qomatini magʻrur tikka tutib turgan sobiq marshalning Vatan ozodligi uchun olib borgan shiddatli muqaddas janglarining qaysi yolqinli damlarini koʻngliga solgan ekan, deb oʻyladim.

Alixontoʻra keng bilimlar egasi, chinakamiga qomusiy olim edi. Yuqorida tilga olingan asarlaridan, tarjima qilgan kitoblaridan tashqari u kishining qalamiga mansub «Shifo ul-ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzdan koʻp kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan. Koʻp tillarni chuqur bilganligi bois shu tillarda she’rlar ham yozganlar. «Devoni Sogʻuniy» nomli devon sohibi hamdir. Shu davr ichida bobomiz tomonidan yana Ahmad Donishning «Navodir ul-vaqoye» asari, Darvesh Ali Changiyning «Musiqa risolasi» asari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Alloma Sogʻuniyning obroʻ-e’tibori oddiy xalq orasida nihoyatda yuqori edi. Ul zot faqatgina islomparvar boʻlmay, balki tom ma’noda insonparvar boʻlgani sababli oldiga uzoq-yaqin joylardan juda koʻp kishilar oʻz dardlari va tashvishlariga davo, maslahat izlab kelishar edi. Ayniqsa «Temur tuzuklari» oynomada bosilib chiqqandan keyin mashhurligi yanada oshdi. Koʻplar fors, arab, turkiy tillarida bosilgan, turli sohalarga mansub qadimgi nodir asarlarning tarjima va sharhlariga yordam soʻrasalar, boshqalar ilm izlab kelganini, tabobat, milliy tarix, diniy ilm sohalarida bilim olish uchun shogird boʻlish niyatida ekanini bildirardilar. Koʻp oʻzbek shogirdlari uydan qatnab ilm olsalar, uzoq yurtlardan kelgan tojik, qirgʻiz, qozoq, tungon, kavkaz xalqlariga mansub shogirdlari tashqari hovlidagi boloxonada yotib dars olardilar. Har payshanba kun iftorliklariga koʻpchilik qatnashishga intilar edi, chunki bu yerda boʻladigan ajoyib maroqli suhbat va majlislarda ulugʻ e’tiqod, milliy qadriyatlarimiz, shon-shavkatli tariximiz, diniy masalalar yuzasidan fikr va sharhlar aytilar edi. Keyinchalik bu suhbatlar kengayib, jumladan, muborak ramazon oyi iftorliklari mehmonga chaqiriladigan katta hovlilarda, dala bogʻlarida oʻtkaziladigan boʻldi. Bu kishining ishtirokidagi majlis va suhbatlarga katta ilm sohiblari, ayrim shoir va yozuvchilar, din arboblari, olimlar va boshqa obroʻyli kishilar juda katta hurmat va ehtirom, haqiqiy ma’naviyatga chanqoqlik bilan qatnashar edilar. Kundalik hayotimizdagi oʻzgarish va hodisalarga u kishi katta qiziqish va xalq manfaati nuqtai-nazaridan qarar edilar. Ular millatimizning erki, tinchligi va kelajagi uchun foydali boʻlsa butun vujudi bilan xursand boʻlib, olqishlar edi. «Huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan oʻgʻlon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib oʻzlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur» deganlarini bilaman.

1976 yil fevral oyining oxirgi kunlari, men Leningrad shahrida xizmat safarida edim. Bobomlarning ahvoli ogʻir ekanligi toʻgʻrisida xabar keldi. Tezda Toshkentga uchdim. Samolyotdan tushib toʻgʻri bobomlarning Taxtapuldagi hovlisiga yoʻl oldim. Qarindosh-urugʻ, yaqinlar bilan toʻlgan hovliga kirishim bilan otamning «Oʻgʻlim, tezroq kir, bobong ketmoqda», degan nidosini eshitdim. Uyga kirishim bilan musaffo sokinlikda koʻzlari yumuq yotgan bobomlarga koʻzim tushdi. Atrof-yonlarida farzandlari. Koʻzlariga termulib otam nihoyatda past, mungli tovush bilan Qur’ondan «Yosin» surasini tilovat qilib turardi. Koʻzlaridagi yosh bilan shoshilinch holatda menga suv tutib, «Otamga suv tomiz», dedilar. Yigʻlab turib muborak lablariga dokada sekin suv tutdim. Ohista koʻzlarini ochdilar. Otam bobomga tikilib turib, nihoyatda past ovoz bilan «Oʻgʻlingiz Uvaysxon yetib keldi», dedilar.

Bobomning koʻz qorachiqlari men tomonga yalt etib oʻgirildi. Bir «uf» tortdilar, muborak, xotirjam yuzlariga ikki tomchi yosh dumalab tushdi. Koʻzlarini asta yumdilar va shu zahoti kalimai shahodat ustida jon uzdilar. Hayotlarining oxirgi soniyalarida ul zotning oldida boʻlish va muborak lablariga oxirgi suvni tomizmoq menga nasib etganidan Allohga koʻp shukronalar qilaman. Bu ne’matni hayotligida qilgan ulugʻ duolarining ijobati, ul kishiga boʻlgan cheksiz muhabbatimning bir belgisi deb bilaman.

Oʻzbekistonning har joyidan va Markaziy Osiyo respublikalaridan yetib kelishgan koʻp sonli kishilar bilan birga butun Toshkent ahli ul zotning tobutlarini Taxtapul mahallasidan yelkalarida koʻtarib, vasiyatiga koʻra Koʻkcha dahasidagi soʻnggi maskani boʻlgan Shayx Zayniddin bobo qabristoniga oborib qoʻydi. U kishining janozasini vasiyatiga binoan taqvo birodarlari Temurxontoʻra oʻqishlari lozim edi. Ammo asrlar boʻyi zolimlar tomonidan xalqimiz qalbiga singdirib kelingan qullik asorati boʻlmish jur’atsizlik oqibatida janozani Koʻkcha jome’ masjidida marhum Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon mufti hazratlari oʻqidilar.

Hazrat Imom al-Buxoriy nasliga mansubligimiz bilan hurmatdamiz, Temur avlodidan ekanligimiz bilan faxrlanamiz, Alixontoʻra Sogʻuniy vatandoshimiz boʻlganligi bilan gʻururlanamiz. Mana shunday buyuk siymolar shu Vatandan chiqqanligi uchun, ular umuminsoniy qadriyatlar asoschilari va targʻibotchilari boʻlganliklari uchun va biz ham shu millat ahlidan ekanligimiz uchun bu Vatanni sevamiz! Uni milliy madaniyat, din, axloq goʻzalliklarining majmuasi boʻlganligi uchun, oʻzlikni anglash gʻururini qalblarda uygʻotgani uchun yana ham koʻproq sevamiz! Yosh avlod shu muqaddas Vatanimizga, ulugʻ ajdodlarimizga munosib boʻlib fikr yuritmogʻi, mehnat qilmogʻi va hech kimdan kam boʻlmaslikni maqsad qilib kelajakka intilmogʻi kerak! Shunda ulugʻ bobolarimiz ruhlari shod va Vatan kelajagidan xotirjam boʻladi.

Shunday ekan «Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida» deb nomlangan 700 betlik yangi tarix kitobida 1960-1980 yillarda oʻzbek xalqining mustabid sovet tuzumiga qarshi olib borgan kurashiga bagʻishlab muhtaram tarixchi olimlarimiz juda oz ma’lumot berganini qanday izohlash mumkin! Bundan shu jannatmakon Vatanni bizga meros qoldirgan ulugʻ ajdodlarimiz ruhlari iztirob chekishi, qolaversa mustaqil Oʻzbekiston tarixining bu sahifalarini oʻqiydigan yosh avlodda ota-bobolarimiz mustabid tuzumga qarshi yetarlicha kurashmagan degan notoʻgʻri fikr tugʻilmaydimi?

Axir, bu tuzumdan norozi boʻlib, unga qarshi harakat qilgan boshqa shaxslar ham boʻlgan. Masalan, milliy enqiklopediyada nomlari keltirilib, faoliyati boshqa kitob va jurnallarda ham keng yoritilgan, asarlari oliy oʻquv yurtlarida darslik qatorida oʻrganilayotgan, maktab, mahalla va koʻchalarga nomlari qoʻyilgan Alixontoʻra Sogʻuniy va uning singari koʻplab allomalarning har tomonlama chuqur asoslangan Vatan ozodligi, milliy mustaqillik uchun kurash gʻoyalarini tarix kitoblarida keltirish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Oʻzbek tili va adabiyoti darsliklariga Alixontoʻra Sogʻuniyning Vatanni, ilmni, oʻzligimizni ulugʻlaydigan she’r va dostonlaridan parchalar ham kiritilsa farzandlarimiz tarbiyasi uchun foydali 6oʻlardi.

Oʻzbek millatiga mansub ekanmiz, uning kelajagi uchun hammamiz mas’ulmiz. Shu sababli millatimizning istiqbol tomon harakatida yoʻl koʻrsatkich shamchiroqlaridan boʻlgan Alixontoʻra Sogʻuniy haqida jamiyatimiz, birinchi navbatda, uning ongli qismi ziyolilarimiz umumiy, asosli bir fikrni bildirganlarida nur ustiga a’lo nur boʻlur edi.

Asarda yozilishicha, otamlar bobomlarni jallodlar qoʻlidan tun qorongʻusida qochirgan ekanlar va ul zotning vasiyatiga binoan tarix kitobining davomini yozishga muyassar boʻldilar. Bizga bunday ulugʻ sharafli ishlar nasib qilmagan boʻlsa ham, bu kitobni nashrga tayyorladim va uni toʻlaligacha kompyuterga kiritdim. Oʻz xotiralarim, muallif va asar toʻgʻrisidagi ayrim taassurotlarim haqida ojiz fikrimni bu yerda bildirdim.

Yana shuni aytishim kerakki, muallifning oʻzi mazkur asarini qism yoki boblarga boʻlmagan. Asarni sinchiklab oʻrganish va nashrga tayyorlash jarayonida uning mundarijasini berish lozim deb, uni taxminan 13 qismga boʻlib nomladim. Asarda koʻrsatilgan kursiv ajratmalar, tushunilishi qiyin soʻzlar, ayrim shaxs va joy nomlari uchun izohlar ham biz tomondan berilgan. Kitob muqovasidagi manzara ham muallifning asosiy gʻoyasini ifodalaydi. Hayotbaxsh Turonzaminda ulugʻ Turkiston eli qadim chinorining keyingi boʻgʻin millatlari kallaklangani koʻrsatilgan. Bu zaminga taxdid solib bulutli osmon tagida ikki buyuk davlat manfaatlari qoya boʻlib turibdi. Ufqda ozodlik quyoshi tong otmoqda. Uning nurlarida kesilgan boʻgʻinlar, albatta, koʻkarib oʻsishiga ulugʻ ishonch ramziy bildirilgan.

Bu kitobni bosmaga tayyorlash va chiqarishda menga yordam bergan, koʻmaklashgan kishilarga minnatdorchilik izhor etishni oʻzimning muqaddas burchim deb bilaman. Birinchidan, 6u kitobdan parchalar tayyorlab oldinroq xalqimizni u bilan tanishtirgan va bobomiz ilmiy meroslarini dunyoga tinimsiz targʻibot qiluvchi amakimiz Qutlugʻxontoʻraning xizmatlari kattadir. U kishiga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Hozirgi kunda bu kitobning turkcha tarjimasi Turkiyada u kishining boshchiligida amalga oshirilmokda. Ikkinchidan, qarib qolgan chogʻlarida gʻayrat qilib, bu asarni arab imlosidan kirillga oʻtkazgan va uni ukamiz Abdullaxon, jiyanimiz Ma’rufxonlar bilan birgalikda xatolarini toʻgʻrilab qayta bosgan akamiz Ahadxontoʻraga katta minnatdorchilik bildiraman. U kishining bu tashabbusi kitobning tezroq bosilishiga turtki boʻldi. Oʻgʻillari qishloq xoʻjalik fanlari doktori Furqatxon bobomizning bosh evarasi bu kitobning bosilishiga birinchi fidoyilardan boʻldi. Kitobni chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha moliyaviy masalalarda jonkuyarlik bildirib, yordamini ayamadi. Jiyanimning bu himmati va gʻayrati uchun unga koʻp tashakkurlar aytaman. Barcha amakilarim, ukalarim, jiyanlarim, oʻgʻlim va oʻrtogʻi Saidumar otamiz boshliq bu ishning har xil jarayonida oʻz maslahat va yordamlarini koʻrsatdilar. Ularga va bu yerda nomlari aytilmay qolgan boshqa birodarlarimizga oʻz tashakkurlarimni ayturman.

Alohida minnatdorchiligimni qoʻlyozmani koʻrib chiqib, taqriz yozib oʻzlarining qimmatli maslahatlarini bildirgan Oʻzbekiston FA Tarix instituti direktori, professor D.Alimovaga, tarix fanlari doktori S.A’zamxoʻjayevga, arxitektura fanlari doktori P.Zohidovga va Tarix institutining yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Q.Rajabovga bildiraman.Tariximizning qorongʻu yillarida Vatanimiz ozodligi, millatimiz haq-ququqi uchun kurashgan bu ulugʻ zotning kelajak avlod uchun vasiyat qilib aytgan yolqinli soʻzlari xalqimizning oʻzligini anglashi, Vatan tuygʻusining shakllanishi, gʻururimizning tiklanishiga xizmat qilar degan umidda bu kitobni chop qildirdim. Shu kichik bir xizmatimiz xalqimizga xushnud tushsa bobomiz vasiyatlarini va farzandlik burchimizni qisman boʻlsa ham bajardik va u kishining ruhlarini shod etdik, deb umid qilgan boʻlur edik.

Uvaysxontoʻra Alixontoʻra Sogʻuniy nabirasi

Soʻz Boshi

Bismillohir rohmanir rohiym

Ulugʻ ruhlik, toʻliq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam oʻzida bor yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda yetkudek, keyingilar ibrat olgʻudek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.

Men, Ali Sogʻuniy, yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini toʻliq ravishda oʻzlashtirdim. Zamonning menga koʻrsatgan toʻsqinliklariga qaramay, Tangri yordamida keng koʻlamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma’lumotlarga ega boʻldim. Arabcha, forsiychalarni yozish-soʻzlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r aytish qobiliyati menda boʻlsa ham, oʻz turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq koʻrdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladilar.

Yuqorida oqillar tilidan aytilgan soʻzga qarab, oʻzimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini tanlab oldim, chunki shu hozirgi davrimiz 1966 yilda, oʻz Vatanlarida turib gʻarib boʻlgan xalqimiz uchun, tarix ilmi baliqqa suv oʻrnida boʻlishi koʻpdan beri menga sezilmish edi. Oʻtmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorongʻuda qolgan qoʻlida tayogʻi yoʻq koʻr kishi kabi qayoqqa oyoq qoʻyishini bilmaganligidan dushman yetakchisi keynidan ketishga majbur boʻladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan oʻgʻillari tarixning qanday zarur ekanligini mening shu soʻzlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak

Endi, Vatanim meni suymas ekan, men uni sevganligimdan, ulusim meni tanimas ekan, men uni taniganligimdan, Vatan ustida boʻlayotgan tarixiy oʻzgarishlarni va ham buning kelajakdagi yaxshi-yomon natijalarini koʻrsatib, Vatan bolalariga ulgu (namuna) boʻlgudek, boshqalar bundan ibrat olgudek tarixiy bir asar yozishga kirishdim. Biroq, men yolgizgina islomparast emas edim, balki yaralishimdayoq insonparast edim. Xalqqa qaysi yoʻlliq yaxshilik qila olgayman deb, yoshlik-yigitlik davrlarimni gʻam-gʻussa kunlari bilan oʻtkazdim. Endi esa soch-soqolim oqarib, qariligim yetdi. Yoshim saksonga erishib, ichki-tashqi kuchlarim orqaga chekindi, qarilik yuki ostida bukula turib, oldimizda koʻrina boshlagan halokat chuquri yaqinlashayotganiga chidayolmay, kelajak boʻgʻin nasllarimiz gʻamxoʻrligi uchun, har yoqlama qiyinchiliklar boʻlsa ham, shu tarixni yozishga boshladim. Qalamim tilidan dardlik soʻzlarim qonlik koʻz yoshima qoʻshilib, bu kitob varaqlari yuziga toʻkilmish edi. Shuning uchun buning otini «TURKISTON KAYGʻUSI» qoʻydim.

Men bu asarimni, bundagi tarixiy soʻzlarimni hozirgi Oʻzbekiston atalgan oʻz Vatanim ulugʻ Turkiston nomiga yozishim kerak edi. Biroq bu yerlarda boʻlib oʻtgan soʻnggi kunlardagi eng ogʻir hodisalar, dahshatli voqealar, tubsiz dengiz kabi tuganmas doston boʻlgʻonliqdan vaqtincha boʻlsa ham ularni qoʻyaturib, shu kunlarda ajdarho ogʻziga kelib, bizdan ham ilgariroq yutilish oldida turgan Sharqiy Turkiston ustidan yozmoqni ortiqroq koʻrdim. Chunki bu yerda 1931 yildan 1946 yilgacha boʻlib oʻtgan ulugʻ tarixiy voqealarga oʻzim boshchilik qilib emgakim (mehnatim) singgan, koʻzim koʻrgan edi. Boshqa vijdonsizlar kabi tarix yuzini qoralashdan saqlanib, oʻtgan hodisalarda boʻlgan voqealarni hech yoqqa burmasdan, boʻlganicha toʻgʻri yozishni oʻzimga lozim tutdim. Lekin, bu ikki oʻlkaning

tarixi, siyosiy hollari bir-birlariga qattiq bogʻlangan edi va ham butun dunyoga maydon1 oʻqigan sovet hokimiyatining, 1917 yili qurilgan kunidan boshla 1931 yilgacha oʻtgan dahshat vahshatlik kunlarni xirmondan bir dona, balki dengizdan bir qatra boʻlsa ham, yozib oʻtmoqni tarixiy vazifam deb bildim. Shuning uchun cheksiz qudratli ulugʻ Tangriga sigʻingan holda Sharqiy Turkistonga oʻtkunimcha koʻrganlarimni, qilgan ishlarimni bayon qilmoqchi boʻlib soʻzga kirishdim.

Koshgʻarga Oʻtishim

Hayot tarixi insonlarning sinfiy kurashlaridangina iborat degan xato fikr Karl Marks tomonidan oʻrtaga yetishgan kunidan boshlaboq, xalqaro yopirilib yotgan hasad oʻti qoʻzgʻalib, inson olamiga fitna-fasodlar eshigi ochilmish edi. Bu fikrni koʻrlarcha qabul qilguvchi odamlar qoʻliga hukumat oʻtgandan soʻngra, xalq oʻrtasida sinfiy ayirmachilikni va ham xususiy mulkni yoʻqotish uchun, ishchilar hokimiyati otidan dahshatli qonunlar chiqardilar.

Uning natijasida qora ishchi, nodon dehqonlardan boshqa xalq ichida haqlik, haqsiz degan fitna gʻavgʻosi boshlandi. Dindorlarcha Alloh odati, dahriylarcha tabiat qonuniga qarshi turishib, hayot olamida bir tekis haqli yaratilgan insonlar ichidan bir qismini, oʻzlari chiqazgan xayoliy qonunlariga asoslanib, hayot huquqlaridan butunlay mahrum qildilar. Bu orqali otilgan-chopilgan gunohsiz kishilar hisobi yoʻq edi. Ulardan oshib qolgan haqsizlar va ham qochibpisib yurib qoʻlga tushmagan kishilar haqida har turli jazo belgiladilar. Ba’zilarning borliq narsalari yorgʻu (musodara qilish) qilinib, bola-chaqalari koʻchalarga haydalib, oʻzlari uzoq yerlarga surgun qilindi; koʻplari esa, uzun muddatli qamoqqa olinib, ogʻir xizmatlarga solindi. Xalq oʻrtasidagi ba’zi bir odamlarni qoʻrqitish va aldash yoʻllari bilan yoshirin xizmatlarga bogʻladilar

Urush-soʻkish va qiynashlar dahshatidan imonlik-imonsiz, vijdonlik-vijdonsiz kishilar, bu mansabparast jallodlar oldida bir tekis turishga majbur edilar. Chunki topshiriqlari toʻliq ravishda bajarilmas ekan, ular uchun belgilangan ogʻir jazolar darhol amalga oshmogʻi shubhasiz edi. Hech qanday gunohsiz, oʻzlariga qarshi deb bilgan kishilarni tovush chiqmas yer osti uylariga kirgizib, qiynov ostida oʻldirish kabi vahshiyliklari odatdagi ishlaridan edi. Bu jallodlar qoʻliga tushgan baxsiz mazlumlar, qiynovning qattiqligʻidan koʻngillaridagi soʻzlari, koʻmilgan mollarini yoshirib qolish buyon tursin, umrlarida eshitmagan, kishi xayoliga ham kelmaydigan siyosiy tuhmat soʻzlarini iqror qilishga majbur boʻlganliklaridan, koʻplari fojiali halok boʻldilar.

Inqilob boshlanish davrida koʻzga koʻrinarli kishilar oʻz uylariga sigʻmaganligidan, men ham oʻz Vatanim Toʻqmoq (Qirgʻizistondagi Chuy viloyati markazi) shahrida turolmay, bizdan yuz chaqirim yiroqdagi Soʻquluq degan joyda, tungonlar ichida kun kechirishga majbur boʻldim; chunki Buxoro oʻqishini shu zamon odaticha bitirib qaytganim soʻnggida, diniy ilm oʻquvchilari oz boʻlsa ham shular ichidan topilur edi. Buning ustiga ular boshqalarga qaraganda, har toʻgʻriliq bizga yordamchi edilar. Tungon xalqining kelib chiqishi, tarixini oʻrni kelganda albatta yozishimiz bizning vazifamizdir

1919 yil oxirlarida Pishpekga (Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahri) qarashli Qora-bolta, Oqsuv kabi 18 rus qishloqlari birlashgan holda bolsheviklarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishdi. Boylikka botib yotgan Pishpek, Soʻquluq tungonlari ham tushunmasliqdan bu ishga qoʻshilib qoldilar Natijada tortquluq (tortqiliq, koʻrgulik, zulm) butunlay ular ustilariga tushib, eng ogʻir zarbalik kaltaklar bular boshlarida ushatildi. Shundoqki, besh yuz uylikka yetmagan Soʻquluq tungonlaridan sakkiz yuz kishini haydab kelib, bozor oʻrtasida pulemyotga tutdilar. Ular ichidan oʻq tegmay qolgan yoki yarador boʻlib, joni chiqmay turganlarni qizil askarlar oralab yurib, nayzalab oʻltirdi. Qoʻzgʻolonchilar markazi boʻlgan besh ming chamali Oqsuvlik ruslardan ilgari-keyin boʻlib, oʻlim jazosi koʻrganlari oʻttizdan oshmagan edi.

Alloh saqlasa balo yoʻq deganday, shu yili Soʻquluqga borishdan meni saqlab, bu kabi natijasiz qonlik qoʻzgʻolon ofatlaridan oʻzi asramishdir. Shu voqea boʻlishida men Toʻqmoqdan sakkiz chaqirim shimol tarafidagi tungon qishlogʻi Qoraqoʻngʻiz masjidida edim. Pishpek, Soʻquluq qochoqlari qilich, miltiq kabi borliq qurollarini osingan holda tanigan, tanimagan aralash meni qora tortib ustima tushdilar. Buni koʻrishgan masjid qavmlari oʻz boshlaridan qoʻrqishib va yana meni ayashganliklaridan, ularni bu yerda qoʻndirmaslik uchun maslahat koʻrsatgan boʻlsalar ham, men bunga rozilik bildirmadim. Bu kabi ulugʻ ofatlardan meni necha martabalar asrab oʻtgan mehribon Tangrim iltifotiga ishonganligimdan, bu mazlumlarni erlarcha ochiq yuz bilan qarshi olib, siniq koʻngillarini koʻtardim. Bu yerda yoshirinib olish imkoniyati yoʻqligidan, bosh-oyogʻi ikki-uch kun turishganidan soʻng, Olmota, Yorkent chegaralari orqali Gʻuljaga oʻtmoqchi boʻlib ketdilar.

Biz hozir shunday sharoitsiz, ogʻir ahvol ustida turibmiz. Mahalla koʻchasidan oʻtayotganimizda yoʻl boʻylab, talan-bulan qoldiqlari, chochilib yotgan narsalar, kuydirib-yondirilgan imoratlar ichida vayron-talqoni chiqib, yiqilib yotgan tomlari koʻzga tashlanmoqda edi. Bularni koʻrgach, koʻz yoshimiz qurimasdan, shu yurganimizcha mazlumlar qonlari bilan boʻyolgan Soʻquluq qishlogʻiga kirdik. Bu voqea oʻtib, ortidangina borganimiz uchun, musulmonlar otilgan-chopilgan koʻcha qonlari tozalangan boʻlsa ham, qirgʻinning boshqa belgilari yoʻqolmagan edi. Soqchi kishilari bizning boshqa yokdan kelganimizni koʻrib, oldimizdan toʻsib, idoralariga boshladilar. Oʻlganlarning xotin-qiz, yetim bolalariga atalgan bir qancha kiyim-boshlarni koʻrsatib, yordam uchun kelganimizni bildirdik. Soʻngra, yoʻl xatlarimizni tekshirib, bizga ruxsat qilgan boʻlsalar ham, yana oramizda ishonmaslik paydo boʻlib, anchagina soʻz oʻtmish edi.

Ma’lumdirki, mahkumiyatda ezilgan, qurolsiz, duduq tillar gʻolibiyat zulmi bilan gʻururlanib turgan, har birining tumshugʻidan toʻngʻiz qurti tushgan qurollik, shahdam tillar oldida nima deya oladilar? Shu bilan gʻolib dushman oldidan, qandaydir qutulib chiqqanimizdan soʻngra, yordamga kelturgan ozdir koʻpdir narsalarimizni tarqatdik. Oʻlganlar oilalariga koʻz yoshimiz bilan qiroat oʻqib, koʻngil aytdik. Bu foydasiz fitnada manim oʻz shogirdlarimdan yigirmadan ortiqroq kishi shahid boʻlmish edilar. Bulardan eng kattalarining yoshi oʻttizdan oshmagan edi. Shunday qilib, bu joyda ikki-uch kun turganimizdan keyin yana Toʻqmoqqa qaytib keldik

Qish oʻtishi yaqinlashib, yerdan koʻkatlar yangigina bosh koʻtarmish edi. Bir kuni ertalab koʻcha eshigimizdan kishi chaqirgan tovush eshitildi. Qarasam, oʻz mahallamizdagi Mirzaboy degan kishi ekan. U meni koʻrgach, koʻziga yosh olib: «Sizga yaxshilikdan boshqani tilamaymiz. Hozirgi hukumat oldida, eshitishim boʻyicha, ustingizdan har turli xabarlar borga oʻxshaydi. Endigi maslahat shulki, manavu ishlar yuz bosti boʻlguncha, oʻrin oʻzgartib, boshqaroq yerda turishingiz yaxshiroq koʻrinadi», dedi. Uning bu soʻzidan oʻylanib, qandaydir ehtiyot yuzasidan, yot bir hukumat tuprogʻiga oʻtmoqchi boʻlib, safar jamolgʻosiga kirishdim. Lekin boshqa chegaralar bizdan yiroq boʻlganlikdan, Koshgʻar tomoniga oʻtishni ma’qulroq koʻrdim. Jonfido shogirdlarimdan tungon Dovudhoji safar yoʻldoshim boʻlib, yoʻlga tushdik.

Bolosogʻun Toʻqmoq bilan Koshgʻar oraligʻi otliq oʻrtacha yurishda oʻn-oʻn bir kunlik yoʻldir. Bolosogʻun shahrining eski turkcha nomi Moqul boligʻ boʻlib, moqul yaxshi, boligʻ shahar demakdir. Islomdan koʻp yillar ilgari Issiqkoʻl boʻylaridagi Beshboligʻ bilan Bolosogʻun shaharlarida uygʻurlarga oʻxshash oʻtroq madaniy turklaridan oʻgʻuz turklari yashagan edi. Rum podshohlarining laqabi Qaysar, eroniylarniki Xisrov boʻlganidek, Beshboligʻ, Bolosogʻunga kim podshoh boʻlar ekan, unga Ediqut laqabi qoʻyulur edi. Aslida, Turkiston beshigi va poytahti Beshboligʻ-Bolosogʻun shahridir. Hozir ham Issiqkoʻlning kungay (janub), terskay (shimol) tomonlariga suv ichida qayiq bilan yurgan kishilarga Beshboligʻ harobalari koʻrinib turadi. Biz bola vaqtimizda koʻlning sayozroq yeridan bir hammom binosi topilmish edi undan chiqqan pishiq gʻishtlardan qirgʻizlar olishib, ulkan manaplar (aslzoda, oq suyaklar) qabrlari ustiga bir necha gumbazlar yasatganlari hali esimizda bordir. Koʻlning toʻlqinlari bilan chet yoqaga surilib chiqib qolgan oʻsha zamonning uy asboblari, dehqonchilik saymonlarini (ish qurollari, asbob-uskunalari) shu kungacha ham topib oladilar. Bu Beshboligʻ shahrining harob boʻlishiga kelsak, biz koʻrgan tarixlarning hech birovida buning bayoni koʻzimizga tushmadi. Oʻtmishdagi tabiat oʻzgarishlari orqali, yer tebranishi bilan shahar oʻrinlari koʻlga aylanib, suv ostida qolgan boʻlishi ham mumkindir. Qanday boʻlsa ham, Beshboligʻ obidalaridan topilgan asarlar eskidan beri oʻtroq turklarida ilm, madaniyat bor boʻlganligini bildiradi. Bolosogʻun miloddan ikki ming yillar ilgari oʻtgan Erondagi Qiyoniy podshohlaridan Kaykovuz, Kayxisrovlar zamondoshi eroncha Afrosiyob, turkcha Doʻkuxon atalgan turk hoqonining uchinchi poytaxti boʻlgan ekan. Uning birinchi poytaxti Samarqand boʻlishini eski tarixchilar shubha qilishadilar. Biroq shahar chetidagi keng maydon harobasi, yerlik xalq ogʻzida, Afrosiyob atalishi va bu yaqinlarda u yerdan miloddan eski davr asarlari topilishi, turk hoqoni poytaxti Afrosiyob boʻlganligini quvvatlaydi. Bunga koʻra Samarqand shahri jahongir Iskandar Makedoniy tomonidan qurilgan degan, ba’zi tarixlarda yozilgan soʻz asossiz boʻlib qoladi, chunki Iskandar Afrosiyob davridan koʻp keyin kelganligi hammaga ma’lumdir.

Tarix hijratning 536 yili qoraxitoy xoni Gurxon bilan sulton Sanjar Binokand (Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻida Ohangaron suvining quyilish joyida boʻlgan oʻrta asr shahri. Keyingi nomi Shohruhiya boʻlgan) yaqinida toʻqnashib, sulton Sanjar qattiq yengilmish edi. Bu urushda Sanjar askaridan 30 ming kishi qurbon boʻlmishdir. Shu bilan butun Movarounnahr Sanjar qoʻlidan chiqib, 71 yil qoraxitoy Gurxon qoʻlida qoladi. Soʻngra xorazmlik sulton Muhammad Gurxon askarini Buxoro, Samarqand, Fargʻonadan haydab chiqaradi. Taroz Talasda (hozirgi Jambul) boʻlgan urushda Gurxon tarafdorlari qattiq yengilib, bosh qoʻmondoni Toyangu asir olinmishdir. Buni anglagach, Gurxon Olmaligʻ (hozirgi Gʻulja shahri), Beshboligʻ turklaridan oʻz qoʻmondasida kuchlik qoʻshin tuzib, ketgan yerlarni qaytarib olish uchun yoʻlga chiqadi. Taroz gʻalabasidan soʻngra sulton Muhammad Toyangu boshliq butun asirlarni olib Xorazmga qaytmish edi. Gurxon bu xabarni eshitishi bilan butun borliq askarini unga qarshi keltirib, yana Binokand yaqinida ikki hukmdor qoʻmondonligʻi ostidagi turk askarlari eng qattiq jang qiladilar. Bu urushda Gurxon tarafdorlari ochiq yengilgan boʻlmasalar ham, uning askarlari orqaga chekinishga majbur boʻla-dilar; chunki bu orada Oltoydagi Nayman turklaridan Toyanguxon oʻgʻli Kushlukxon Gurxonga qarshi orqa tomondan hujum boshlab, Olmaligʻni olib, Bolosogʻunga kelayotgan xabari onglanmish edi. Bu chekinishda xorazmiylar orqadan taqamish (ta’qib qilish, izma-iz quvmoq) berib, Tarozga yetguncha quvgʻin qiladilar. Bu yerda ham Gurxon toʻxtab qarshilik koʻrsatmagach, bu chekinish urush aldovi boʻlmasin deb, sulton Muhammad shu yerda toʻxtalib qoladi.

Gurxon shu yurganicha yurib Bolosogʻunga kelmishdir. Qarasa, qal’a qapqoqlari uning yuziga yopilmish edi, chunki bu yerdagi oʻgʻuz musulmonlari Xorazmshohning Gurxon ustidan gʻalaba qozonganligini onglashib, uning tomonidan qoʻyilgan shahar bosqoqlarini (hokimlarini) oʻziga qarashli kishilari bilan qoldirmay oʻldirishib, Sulton askarining kelishini kutishmoqda edilar. Lekin ularning Gurxon ortidan yeta kelib, dushmanga eng soʻnggi zarbani bergudek kuchlari yoʻq edi. Shuning uchun yordamsiz qolgan Bolosogʻun muculmonlarini, koʻchmanchi turk uluslarining har turidan toʻplangan qoʻshin bilan kelgan Gurxon qattiq qamal ostiga oladi. Qurol-jabduqlari toʻliq, urush ustidan qaytgan, qiziqqon, oʻljalariga yetolmagan, qoʻllari quruq, oz boʻlganda yuz ming chamalik askar qarshisida u zamon sharoitiga koʻra bir shahar xalqi qanday chidab tura olsin?

Qamaldan oʻn olti kun oʻtgandan soʻngra, och boʻridek ochiqqan koʻp askar kuch bilan kirib shaharni oladilar. Oʻlja asirlardan boshqa bu urushda musulmonlardan 70 ming kishi oʻldirilmish edi. Shu bilan Oʻgʻuzxondan qolgan eski madaniyatdan namuna boʻlgan, oʻtroq oʻgʻuz turklarining markazi sanalgan qutlugʻ Bolosogʻun shahri hayot olamidan koʻz yummishdir. Chingiz davriga kelguncha, Turkiston xalqi ichida bunday qirgʻin boʻlib, koʻp qon toʻkilmagan edi. Bu shahar hozirgi vaqtgacha (1966 yil) oʻzining oʻtmishdagi shonlik sharafining taniqli belgilari boʻlgan Oqpeshin, Toʻrtkoʻl, Burona harobalarini qoldirmishdir. Bu yerda.

nohaq toʻkilgan qonlar egalari Burona minorasi orqali hanuz shahodat barmogʻini koʻtarib, oʻzlarining islomiyatlarini soʻnggʻilariga bildirib turadilar.

Butun turk ulusining eng eski madaniyatli adabiy tili hisoblangan «Qutadgʻu bilik» (Qut otliq bilim) kitobini yozgan Yusuf Xos Hojib shu Bolosogʻunlik edi. Islom olamida shuhrat qozongan mashhur lugʻat kitobi «Sixox Javhari»ni arabchadan forschaga tarjima qilguvchi Jamol Qarshiy ham shu Bolosogʻunliqdir. «Tarixi Rashidiy»ning egasi Mirzo Muhammad Haydar koʻragon, bir vaqtlar Bolosogʻunda yuzlab kitob tasnif qilguvchilar boʻlganligini shu tarix kitobida yozmishdir.

1908 yili Bolosogʻun harobatidan oʻn besh chaqirimcha shimolda, hozirgi Toʻqmoq shahrida bir qabr tosh topilgan edi. Undagi arabcha xatni yoshligimda oʻzim oʻqib chiqargan edim. Oradan 60 yillik uzoq vaqt oʻtgan boʻlsa ham, mazmuni yodimda qolmishdir. Shu qabr egasi oʻz zamonasida eng ulugʻ olimlardan boʻlib, bir necha kitoblar tasnif qilganligi, yoshi oʻttizga yetmay turib, 500-hijriyda shahid boʻlganligi ma’lum boʻladi. Bu toshdagi butun xatlarni yozib olishga qiziqqan boʻlsam ham, unga ulgurolmay qoldim, chunki u tosh Toʻqmoqdagi tungon boylaridan boʻlgan Mahammadjon Pisangoʻy uyida saqlanur edi. Odat boʻyicha, musulmonlarning bayram kunlari ularni tabriklash uchun ruslardan bir necha shahar boshliqlari kelmish ekanlar. Kishi koʻngliga qiziqarlik, koʻrinishi haykal misolliq boʻlib, uyning tokchasida turgan bu toshga ularning och koʻzlari tushgach: «U nima?» deb soʻraydilar. Ma’lumot topgandan soʻngra: «Buni biz oq podshohning muzeyiga yuboramiz», deb olib chiqib ketgan ekanlar. Shunday qilib, boshqa narsalarimizdan ajralganimizday, bundan ham ajrab qolganmiz. Yoʻq esa, toshning bosh oyogʻigacha boʻsh oʻrin qoldirmay, anchagina tarixiy soʻzlar yozilmish edi.

Har holda, boshi Issiqkoʻl, oyogʻi Merki, yetti-sakkiz kunlik yoʻl boʻylab tutashgan harobalar, uzun yillardan beri bulardan chiqayotgan eskilik tarixiy asarlar, oʻz davrida bu yerlar madaniy oʻtroq oʻgʻuz turklarining obodon shaharlari boʻlganligini isbotlaydi. 1960 yillargacha sovet hukumatining eskilik izlovchi qazuvchilari koʻp narsalar topgan, jumladan, Oqpeshin harobasidan bir xum toʻla kitob, yana Burona atrofida bir quduq ichidan islomdan ilgari eng eski turkiy xati bilan yozilgan bir kitob va ham bir necha tarixiy asarlar topganlarini shu yerlik koʻrgan kishilar bizga soʻzladilar. 1965 yili Toʻqmoqqa borganimda oʻtganlarni eskarib ruhiga duo qilish uchun Bolosogʻun harobasiga chiqdim. Yerlik kishilarning aytishlaricha, shu yili kolxozchilar yer haydab yurganlarida bir xum oltin topmish ekanlar, oʻzaro kelisholmasdan, barini hukumat olib oʻzlari quruq qolibdilar. Yana, Toʻqmoq bozorining qarshisida, Chuy suvining u tomoni Shoʻrtepada, Gurxon qoraxitoydan qolgan bir sapil (tuproq qoʻrgon, qal’a) bordir. Ikkinchisi, bundan kun botish tarafiga qirq chaqirimcha tubanroq, choʻngligi (kattaligi) unga necha barobar kelgudek yana bir sapil boʻlib, oʻz vaqtida shahar qoʻrgʻoni ekanligi ochiq koʻrinib turadi. Manimcha, bosqinchi Gurxondan qolgan yerlik asarlardan Ediqut oʻlkasida shu ikki sapil harobalaridan boshqa biror narsa qolganligi ma’lum emas. Biroq oʻzlari bilmasalar ham, shu kunga davr xalq ogʻzida ikki ogʻiz xitoy soʻzi birisi domla, ikkinchisi shiypong saqlanib qolmishdir. Avvalgisi choʻng mulla, keyingisi ziyofat uyi demakdir

Shu kunlarda bu oʻlkaning janubiy tomonida qirgʻiz, shimoliy tomonida qozoq turklari yashaydilar. «Tarix al-Komil»da qirgʻiz turklari arabcha tagʻargʻar atalmishdir. Bu kitobning aytishicha, islomdan taxminan bir ikki yuz yilgina keyin shimoldagi moʻgʻul va buryat kabi kuchlik turk urugʻlarining chopullariga (hujumlariga) chidayolmay qirgʻizlar janub tomonga chekinib, Ediqut oʻlkasi Bolosogʻun togʻlariga tarqalmish edilar. Soʻnggi kunlarda ularning urugʻlari oʻsib, sonlari koʻpaygach, koʻchmanchilik odati qoʻzgʻalib, shimoldan quvgʻin yeb kelganlari esidan chiqib, oʻtroq va zamonasiga koʻra madaniy hisoblangan oʻgʻuz turklari ustiga koʻz ochirmay chopul qilgali turdilar. Kuchlik qurolga ega boʻlmagan shahar xalqi urush maydonlarida har vaqt dala koʻchmanchilaridan yengilishlari odat hukmini olmishdur. Buning sabablari har kimga tushunarlik boʻlganlikdan, yozib oʻtirishni loyiq koʻrmadim. Shuning uchun Bolosogʻun xalqi oʻzlarini qirgʻizlardan mudofaa qilolmay yangidan otogʻi el ichida tarqalayotgan Olmaligʻdagi qoraxitoy Gurxonga tobun (fuqarosi, tobe) boʻlishib, uni chaqirishga majbur boʻldilar. Xitoy xalqidan adolat uzulmaydi degan xalq ogʻzidagi yolgʻon dovruqqa aldanishgan Bolosogʻun xalqi boʻridan qochib, qassobga yoʻliqqan qoʻy kabi boʻlmish edilar. Chunki qirgʻizlar qanday boʻlsa ham oʻz qarindoshlari edi, bular bilan yarash choralarini izlashning oʻrniga, boshqa bir yot millatni chaqirishlari oʻz Vatanlariga xiyonat qilmoq demakdir. Bunday yanglish siyosatlar natijasida oʻz hokimiyatlaridan ajrab, qullik zanjiriga giriftor boʻlgan xalqlar tarihda koʻplab uchraydi

Moʻgʻulcha Moqul boligʻ atalgan Bolosogʻun shahri toʻgʻrilik bu kungacha men koʻrgan tarixlarning hech birida biror ogʻiz soʻz boʻlsa ham uchratolmadim. Turk beshigi atalgan bu oʻlka uygʻur oʻgʻuz elini oʻz quchogʻida saklab butun dunyoga tanitgan edi. Shunday qutlugʻ ona Vatanimizni, jaholat orqali oʻz bolalari yotlarga bostirib, uning shonlik sharafini eslaridan butunlay chiqargan edilar. Yuzlarcha emas, minglarcha yil oʻtgan soʻnggida boʻlsa ham, men uning eng kenja oʻgʻloni boʻlganligimdan, oʻz ulusi tomonidan butunlay unutilgan onamizni eskardim. Uzundan beri koʻnglimda yigʻilib yotgan bu haqdagi tarixiy soʻzlarimni, koʻp yillar davomida toʻplagan ma’lumotlarimni kelajak boʻgʻinlarimizga bildirish uchun, bu oʻrinda yozdim va she’riyat soʻzlarimga shior qilib Sogʻuniyni tanladim. Qobusi (payti, fursati, oʻrni, vaqti) kelar ekan, yot dushmanlar oyogʻi ostida depsalib yotgan ona Vatanlarini eskarsinlar!

Shunday qilib, Bolosogʻun voqeasidan soʻngra, Gurxon oʻzi ham koʻp yashayolmadi. Davlatni saqlash uchun oʻz dushmani Kushlukxonga qizini berib, uni kuyov qilgan boʻlsa ham, yana maqsadiga yetolmadi. Uning poytaxti Olmaligʻ oʻlkasini atrofi bilan Kushlukxon eli Nayman turklari buzib, yorib, oʻldirib, chopib, yer bilan bir tekis choldevor qildilar. Soʻngra Kushlukxon askari bilan Uygʻuristonga oʻtib, Yorkent, Xoʻtangacha hukmini oʻrnatgan boʻlsa ham, soʻnggi kunlari Chingizxon yurishiga toʻgʻri kelganliqdan uning amribuyrugʻi bilan oʻldirilib, davlati shu bilan tugamish edi.

Yana oʻz soʻzimizga kelaylik. Toʻqmoqdan chiqqach, toʻgʻri sharqqa qarab Chimqoʻrgʻon, Burolsoy, Yelariq, Toygʻoq, Maydontol, Quvoqi orqali yurib Qoragʻov Qoʻchqorga tushdik. Bu yerdan yurganimizcha orada bir necha qoʻnolgʻular (safarda yotib yoki dam olib oʻtadigan joylar) bosib, Doʻlan dovonidan oshib, Norin suvi boʻyidagi Norin shahriga kirib bordik. Bu esa toʻrt tomoni ulugʻ togʻlar bilan oʻralgan bir eldir. Ruslar Turkistonni bosib olganlaridan soʻngra, Sharqiy Turkistonga kirish qasdida tayyorgarlik koʻrish uchun, Norin suvi boʻyiga bir qal’a bino qilmish edilar. Olatou va Tyan-Shan tizma togʻlarining eng qalinlashgan oʻrni va koʻchmanchi qirgʻiz turklarining qaynagan joyi gʻarbi janubiy Oʻzbekiston, sharqi janubiy Uygʻuriston boʻlganligidan buning siyosiy ahamiyati ortiqdir. Bu yerdan chiqib, orasi qirq besh chaqirim chamasidagi Otboshi qishlogʻiga yetib, toshkentlik Tuyoqboyhoji uyiga mehmon boʻlib tushdik. U kishi esa Toʻqmokda uzun turgan, oʻz mahallamizdan ketgan kishi edi. Bu yerning toʻrt tomoni egiz togʻlar bilan oʻralgan boʻlsa ham, dalasi keng, oʻtlov yaylovlari koʻpdir. Ular ichida Orpa, Oqsuv degan yerlarning choʻpi kuchlik, qimizi ortuq boʻlishida atogʻi chiqmishdir. Otboshida ikki kun turganimizdan soʻngra shu yerda qoʻshilgan Qoʻshmoq hojim bilan uch kishi yoʻldosh boʻlib yoʻlga tushdik.

Oldimizda bir qoʻnolgʻulik Toshrabod chegara toʻsq ovullari qirgʻiz Shomirqon, rus Chudir boshliq bir necha askar borligʻini bilgan edik. Bular oldidan oʻtishga yoʻlxatimiz yoʻqligidan, Qoʻshmoq hojim maslahaticha, toʻgʻri yoʻlni qoldirib, Beloshuv degan oʻgʻri yoʻl bilan ketmoqchi boʻldik. Yoʻlda ketayotganimizda uzokda ot yetaklab kelayotgan bir kishining qorasi koʻrinmish edi. Qachonki, choʻng yoʻldan u yoʻlga buruldik esa, oldimizdan kelayotgan kishi uzoqqan ishora bilan bizni chaqirdi. Uning bu chaqirishidan oddiy kishi boʻlmasa kerak deb oldiga bordik. Qarasak, chegara soqchilari boshligʻi qirgʻiz Shomirqon ekan. Bizni koʻrishi bilan: «Hay, sizlar qanday kishisizlar? Ochiq choʻng yoʻlni qoʻyib, yopiq kichik yoʻlga kirasizlar? Qani bu yoqqa yuringlar!», deb bizni boshlaganicha, yoʻl ustidagi karvon saroyga tushurdi. Shu orada qayoqdandir ikki uch qirgʻiz yigitlari bilan ilgargi sipohiylardek beliga kumush bellik, yoniga egri qilich osgan shu yerlik qirgʻizlarning boshligʻi ham kelib, ustimizga tushdi. Buni koʻrgan Qoʻshmoq hojimning koʻzlari alang jalang boʻlib: «Hay attang, ishimiz qanday boʻlar ekan, soʻrab qolsa yoʻlxatimiz yoʻq? Alloh saqlasin! Bizni qaytarib, Norindagi jallodlarga topshirsa, vaqt yomon, ogʻir kunlarga qolmagay edik», dedi.

Toʻgʻri, buning deganidek u kunlarda ishchi kambagʻallar hokimiyati qurilganliqdan, arzimagan narsa bahonasi bilan oʻldirish tirgizish ishlarini, insonning eng ulugʻ huquqlarini inkor qilib, oʻng soʻlini ajrata olmagan ishchi qoʻshchi qoʻllariga topshirmish edilar. Xalq ichida oz koʻp tushunarlik, koʻzga koʻrinarlik, borliq kishilar inqilob dushmanlari hisoblanur edi. Ularcha haqsiz deb tanilgan odamlar jazoga tortilishi uchun, u kundagi hokimlar oldida u bechoralarning oʻzlaridan boshqa hech qanday guvoh-isbot kerak emas edi. Mana shuning uchun uning soʻzidan menga ham biroz tashvish tushgan boʻlsa ham, es topgan kunimdan boshlab, har ish Allohdan iznsiz boʻlmaydi degan ishonchim borligʻidan oʻziga topshirib, bu ishning sababiga kirishdim. Shundoqki, choy qaynashi bilan: «Qani, mirzalar, choy ichib olaylik, biz boʻlsak qoʻlingizda turibmiz», degan boʻlib, darhol xurjundagi yogʻliq kulcha, moyliq qazi, meva chevalarni chiqarib dasturxonga toʻqdim.

Ilik uzilgan koʻklam vaqti edi. Oʻzlari och boʻlsa kerak, boʻri qoʻyga tekkandek taomga hujum boshlab yeyishgani turdilar. Qonishgandan soʻngra: «Xoʻsh, endi soʻrashib-tanishaylik, qayoqdan chiqdingiz, qayoqqa bormoqchisizlar?», deyishdi. Men ham toʻgʻrisini soʻzlab:

«Qoʻlimizda hech qanday qogʻozimiz yoʻq, hozirgi zamonni koʻrib turasiz, oʻzimizdan choʻchigan kishilarmiz, chegaradan oʻtib, Koshgʻarga bormoqchi boʻlamiz», dedim. Mening bu soʻzlarimga ishonib, boshqa gumon qilmagan boʻlsa ham, otkaz mollar bormi xayoli bilan bizga qarab: «Mehmonlar, xafa boʻlmanglar, qonun boʻyicha xurjunlarni qarashimiz kerak», deb menikidan boshlab qaragan edi, qoʻliga kitob chiqdi. Boshqalarnikini ham koʻrganday boʻlib, soʻngra aytdi: «Sizlar yaxshi kishi koʻrinasizlar, barimiz musulmon bolasimiz, buning ustiga qoʻlinglardan non yeb, tuz tatib qoldik. Bizning boshchimiz oʻris, sizlarni koʻrib qolsa, Noringa qaytarib haydashdan tortinmaydi. Endigi bizning yordamimiz shulki, bu choʻng yoʻlni qoʻyib, haligi yoʻlinglarga kirsanglar Beloshuv orqali oʻtib, chegara soqchilaridan besh chaqirim yuqori Toshrabotga tushasizlar», deyishdi.

Biz uchun 6u kabi gʻamxoʻrlik qilishini undan kutmagan edik. Bu soʻzni anglashimiz bilan uni olqishlagan holda orqaga qaytib, Qoʻshmoq hojim boshchiligi ostida yoʻlga tushdik. U yerda peshin nomozini oʻqib otlangan edik. Ikki togʻ orasidan suv boʻylab yurganimizcha uch toʻrt soatlardan keyin Beloshuv dovoniga yetib keldik. Qarasak, dovon oʻrtasida bir chaqirimcha yer oppoq qor bilan qoplangan boʻlsa ham, narigi kun chiqar tomoni koʻrinib turardi. Biroq koʻklam vaqti kelib, qor yumshab qolganlikdan, qayerga ot solsak, qulogʻigacha qorga koʻmilib, bir bosim olgʻa yurishga yoʻl topolmadik. Endi bir yokdan kechqurungi togʻ izgʻirin sovugʻi suyagimizdan oʻtib borayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tun qorongʻusi yaqinlashmoqda edi.

Buni koʻrgan men: «Bu yoʻlimiz kelishmadi, tun boʻyi qorongʻuda sovuqqa qolib, bir xatarga uchramaylik, qaysak qanday boʻlar?», desam, Qoʻshmoqhojim: «Hay taqsir, hammadan qaytishimiz xatarlikdir, togʻ toʻlgan yoʻltoʻsarlar ichidan oʻtishimiz kerak. Har qanday boʻlsa ham orqaga qaytmaylik», deb soʻz talashib, koʻz jaldirashi ustida turgan chogʻimizda, dovonning tepasidan bizga qarab kelayotgan bir kishining qorasi koʻrindi. Hizr koʻrganday, uni intizorlik bilan kutib turdik. U kishi bilan koʻrishib holimizni aytdik. Agar yoʻl topib bizni dovondan oʻtkazib qoʻyar ekan, ellik soʻm berishga va’da berdik. Bu kishi oʻzi yayov boʻlgani ustiga, kech kirib tun qorongʻusi tushkanlikdan: «Borar joyim olis edi, yoʻlda qiynalib qolaman», deb ijirgʻangan boʻlsa ham, aylanib-oʻrgilib uni koʻndirdik. «Qani boʻlmasa turinglar!», deb bir otni yetaklaganicha, oldimizga tushdi. «Qayoqdan yoʻl topar ekan?», deb qarab tursak, qor ustidagi eski yoʻlni qoʻyib, togʻ bagʻridagi yalama muzga ot solgan edi, oyogʻi toyib yumalagancha besh oʻn quloch tubanroqda yotgan qalin qorga koʻmildi. Ming turlik mashaqqat bilan uni chiqarib olgandan soʻngra, boshqaroq yerdan yoʻl topib barimiz salomat oʻtdik. Qoʻlidagi tayogʻini sancha sancha eski yoʻl iziga tushdi. Bizni ergashtirganicha oʻzi yayov, biz otliq yurganimizcha eson omon dovondan oshirib qoʻydi. Suyinganimizdan va’dalashgan aqchani oshigʻi bilan berib, uni qaytardik

Tun qorongʻusi bosib, yurar yoʻlimiz anchagina qo-rongʻulashib qoldi. Dovondan qutilgach bel oshib, ikki togʻ orasidagi uzun oʻzanga tushdik. Usti qor, muz bilan qoplangan boʻlsa ham, ostida suv oqayotganligi sezilib turardi. Tun qorongʻusida yoʻlboshchimiz yoʻqligidan dahshatga tushib, izgʻirin sovuqqa qolib ketayotganimizda, «yilt» etib uch toʻrt yerdan oʻt yorugʻi koʻrinishga boshladi. Koʻzimiz unga tushishi bilan yoʻqolgan moli oldidan chiqqan kishiday barimiz quvonishib ketayotganimizda, birdaniga muz yorilib, belimdan suvga botib qoldim. Yoʻldoshlarim hay-haylashib yurib, meni suvdan chiqarib oldilar. Qoʻnjimga suv toʻlib, egin boshlarim butunlay hoʻl boʻlgan edi. Yaxshiyamki, qoʻnolgʻuga kelib qolgan ekanmiz.

Chiroq yonib turgan uy ustiga kelib: «Mehmon keldi, kishi bormi?», deyishimiz bilan uch toʻrt odam yugirishib chiqishdi. Qarasam, oʻz mahallamiz Beshkaram saroyidagi tanish savdogar yigitlar ekan. Meni koʻrishlari bilan shoshilishgan holda oʻt ustiga kirgizib, hoʻl kiyimlarimni yechirishganlaridan soʻngra, pishib turgan taomlarini qoʻydilar. Oʻz uyimizda oʻtirgandek suyunishib, Toshrabod saroy qoshida tikilgan koʻchmanchi qora uyda, oʻrtada osilgan choʻng qozon ostga yoqilgan ulugʻ olov gir toʻgaragida, turk ulusidan tiniq koʻngilli, kular yuzli, toʻgʻri soʻzli qirgʻiz, uygʻur yigitlaridan qoʻshma bir toʻp kishi boʻlib oʻltir-dik. Kun sovuq, qornimiz och. Hay, oʻsha kuni yegan tamoqning totigʻi, oradan 46 yil oʻtibdir, haligacha koʻnglimda saqlanib turibdi. Shunday qilib, u kechani doʻst uyida yotganday koʻngil xushi bilan oʻtkazdik.

Ertalab turganimizda qarasam, eskidan qolgan Toshrabod degan tarixiy saroy oldiga qoʻngan ekanmiz. Buning birinchi binosi Koshgʻar hokimi Muhammadxon tomonidan qurilmish edi. Bunisi esa, shayboniylardan 1006 hijriyda vafot topgan Buxoro podshohi mashhur Abdullaxonning zamondoshidir. Sharqiy va Gʻarbiy Turkiston savdo tijorat karvonlarini qaroqchilar hujumlaridan saqlash uchun, har ikki hukmdor oʻzaro kelishib, shu oʻrinda kuzatuvchi askar qoʻymish edilar. Buning qanday natija berganligi ma’lum emasdir. Bu yerdan men oʻtgan vaqtda hech nar-sa qolmagan boʻlsa ham, oldi tomonidan kirish eshigi ustiga bir ikki gazlik taxta toshlar qoʻyilgan va oʻrtadagi uzun yoʻlkaning har ikki yogʻiga solingan qirqtacha kelgudek gumbazli uylarning belgilari boʻlib, qibla tomonida yuz kishi yotqudek mehroblik uy, usti oʻyilgan katta gumbazi bilan turgan edi. Shularga qaraganda, bu bino oʻz vaqtida anchagina hashamatli qurilish boʻlgan boʻlsa kerak.

Yana oʻz soʻzimizga kelaylik. Ertasi barimiz, oʻn kishicha boʻlib, Toshrabod dovonidan oshib, Chodirkoʻl boʻyiga tushdik. Bu bosh oyogʻi koʻrinib turgan, aylanasi oʻttiz-qirq chaqirim kelgudek, kichikroq koʻl ekan. Yoʻl yaqiniga qarab yangidan eriy boshlagan koʻl muzini kesib oʻtib, Toʻraqot saroyiga tushdik. Bu yerda, saroychi bir uylik uygʻurdan boshqa, hitoy hukumati tomonidan qoʻyilgan hech kishi yoʻq edi. Bir kecha yotib, ertasi Koshgʻar chegarasida Toʻyuntepa degan joyga kelganimizda yoʻlimiz ikkiga ajradi. Toʻgʻri kesak Chaqmoq qorovul oʻrni boʻlib, yoʻl tekshiruvchi xitoylar shu yerda turar ekanlar. Shuning uchun biz uch kishi boshqa yoʻldoshlarimiz maslahatlaricha, soʻl qoʻl tomonga burilib, Qoratepa dovoniga qarab yoʻl ol-dik. Dovon ostiga kelganimizda, 1800 yillarda Koshgʻar hokimi marhum Yoqubbekdan qolgan qorovul qoʻrgʻoni yonidan oʻtishga toʻgʻri keldi. Oradan uzoq davr oʻtmaganlikdan qal’a binolari hali koʻp buzulmagan edi. Bu haroba koʻzimga koʻrinishi bilan ikki Turkistonning ilgarigi tarixini koʻnglimdan kechirib, endigi qaygʻulik hollari ustida uzoq oʻylanib toʻxtaldim. Koʻring oʻgʻuz, uygʻur kabi qahramon turk ulusi bolalarini! Ongsizlik, bilimsizliklaridan bugungi kunda qoʻloyoqlariga qullik asirlik kishanlari solingan holda, insoniy huquqlaridan butunlay ajragandirlar. Bosqinchi dushmanlari hisobiga, oʻz ona Vatanlarida turib, qandayin xor zorlik bilan hayvonlarcha erk ixtiyorsiz, majburiyat qamchisi ostida ishlab turibdilar

Ulugʻ qudrat egasi Allohdek xudosi bor, butun olamga rahmat keltirgan Muhammad alayhissalomdek yoʻlboshchisi bor, xudo qonuni boʻlgan Islom dinidek dini bor musulmonlarning bu kabi xorlikka qolishlari, Qur’on hukmiga koʻra mumkin emasdir. Chunki Qur’onning aytishicha, Islom dini ilohiy bir qonundirkim, buni toʻligʻi bilan amalga oshiruvchi musulmonlar har ikki dunyo davlatiga, albatta, ega boʻladilar. Bu soʻzning haqligiga hech shak yoʻkdir. Islom davlatining avvali, ayniqsa, hazrat Umar davridagi islomning shon shavkati bu soʻzni aniq isbotlaydi. Turkiya sultonlaridan Sulton Sulaymon davrida deyarlik butun Ovrupo hukumatlari islom podshohining buyrugʻiga boʻysunmish edilar. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Bu ummatim avvalda nima bilan koʻtarilgan boʻlsa, oxirida ham shu bilan koʻtariladi», dedilar. Ma’lumdirki, Rasululloh davridan boshlab, islom taraqqiyoti davomida islom podshohlari oldida, Qur’on hukmi birinchi qoʻllanma boʻlmish edi.

Endi yuqoridagi soʻzlardan ochiq ma’lum boʻldiki, ilm-hunardan orqada qolib, boshqalar oyoq ostida ezilgan musulmonlar Kur’on hukmini amalga oshi-rolmay, haqiqiy islomiyatdan bahra topmagan ekanlar. Yoʻq esa, Qur’on hukmlari, asosan, uch ishga toʻxtalmish:
1. ittifoqlik;
2. zamonaviy ilm-hunarni oʻrganib, har ishning sabablarini imkoniyat boricha toʻliqlash;
3. dushman qarshisida oʻlimdan qoʻrqmaslik.

Mana shu uch narsaga hayot olamida har kim ega boʻlar ekan, oʻz Vatanlarini, butun insoniy huquqlarini bosqinchi dushmanlar hujumlaridan, albatta, saqlay oladilar.

Afsuski, biz yaqin oʻtmishimizda ham jirkanchli ittifoqsizlik sababli oʻz davlatimizdan ajradik. 1840 yillardan boshlab ruslar Oʻrta Osiyoni istilo qila boshladilar. Bu yerda uchta xonlik bor edi: Buxoro amirligi, Xoʻqand va Xiva xonliklari. Ovrupoda ilm madaniyat taraqqiy qilib, butun insoniyat olamiga uygonish yoedusini socha boshlagan bir davrda bu xonliklar xurofot botqogiga botib, johiliyatning nihoyatiga yetgan edilar. Ne qobiliyatlik Vatan oʻglonlari oʻzlarining aziz umrlarini Buxoroning qadimgi eski madrasalarida arabiy, forsiy tillarni oʻrganish bilangina oʻtkazdilar.

Forobiylar, Ibn Sinolar chiqqan bu ulug Vatanning va millatning kelgusi istiqboli uchun hech kim qaygurmas edi. Shunday ahvolda boʻlishlariga qaramay, ittifoqsizlik balosining eng yuqori bosqichiga yetganliklarini koʻrsatib, dushmanga qarshi birlashish oʻrniga doimo oʻzaro nizo va qon toʻkishlar bilan shugullanib keldilar. Inqiroz boʻlish oldida turishlariga qaramay, ilmsizlik natijasida, buning oldini olish uchun qoʻllarida bor imkoniyatdan ham foydalanolmadilar, keraklik sabablarini qilmadilar. Oʻqish oʻqitish ishlari oʻrta asrdagidan farqi yoʻq edi. Yetarlik iqtisodiy boylik mavjud boʻla turib, davlatning mudofaa ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Askariy tartib shu eski usulda boʻlib, nizomiy tartib kirgizilmagan va zamonaviy qurollar yoʻq edi. Bunday ongsiz hukumatning inqi-roz boʻlishi tabiiydur. Bular Vatan va millat ol-dida eng kechirilmas jinoyatchi odamlar, chunqi davlatlarini inqirozga, millatlarini qullikka, Vatanlarini xorlikka olib keldilar. Qani, Kur’on hukmiga ularning amal qilganliklari?


Yana oʻz soʻzimizga qaytaylik. Shu bilan Qorate-pa qoʻrgʻonidan oʻtgandan soʻngra dovon ustiga qarab tirmashdik. Ba’zi bir togʻlarda tutaklik (ciyrak, kislorodi kam) havo borligini xalq ogʻzidan eshitgan boʻlsam ham, oʻzim koʻrmagan edim. Yoʻlning qiyinligi, togʻning tikli-gidan ot ustida turolmay, hammamiz otlarimizdan tushib, yayov yurishga majbur boʻldik. Biroz yurganimizdan keyin yuragimiz urib, suvligʻimiz (tomogʻimiz) qisila boshladi. U togʻlarda tutak borligʻidan xabarimiz boʻlmagani uchun tibbiy tomondan uning chorasini oldinroq koʻrmagan ekanmiz. Yigitligim toʻliq, tanim sogʻ tutagi yoʻq togʻlarda takadek sakrab yurgan kishi edim. Bu yerda esa bir qadam yuqori bosishga hech qaysimizda quvvat qolmaganligidan ot quyrugʻiga osilishib, ming turli qiyinchiliklar bilan zoʻrgʻa dovon ustiga chiqdik. Qarasak, dushmanga qar-shilik koʻrsatish uchun togʻ choʻqqisidagi qisiq joyga ilgari ham cheb (chegara, post) bogʻlamish ekanlar. Dovon oshib, tutakdan qutilgach, togʻ tagida koʻrinib turgan qirgʻiz Solmirza saroyiga kelib qoʻndiq. Ertasi bu yerdan otlanib, shu yurganimizcha yuz chaqirim kelgudek Oyoq, Chanaq, Azgʻan choʻllaridan oʻtib, kun bota Ogʻu kentining toʻshiga keldik. Yoʻl usti boʻlmagach, u joyni oralab oʻtish bizga toʻgʻri kelmadi. Bu yerdan oʻtib, bir oz yurganimizdan soʻngra yiroqdan quyuq qora daraxtlar ichida koʻringan Ostinortish yurtining eng boshidagi Chitolcha kentiga kirdik. Biriga biri tutashgan kentlarni oralab yurib, tun oʻrtasi bilan yoʻldoshimiz Qoʻshmoq hojim uyiga yetdik.

Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan shaharlari va Xitoy tuprogʻidan Gansu oʻlkasi ham, 95 96chi hijriyda xalifa tomonidan yuborilgan islom mujohidlaridan Qutayba ibn Muslim qoʻlida fath boʻlib, islom diniga kirmish edilar. Lekin islom dini hali Oltishahar oʻlkasida butunlay oʻrnashmay turib, islom askari teskari qaytishga majbur boʻldi, chunki Bagʻdoddagi ibn Abdul Malik xalifa bilan Qutayba ibn Muslim oralari buzilmish edi. Shuning natijasida qaytgan askar Fargʻonaga kelgach, urush boshlanib Andijon shahridan 25 chaqirim kun chiqish tomondagi Soʻpi qishloq yaqinida, ilgarigi Fargʻona markazi Xalich shahri oldida, oʻz askari tomonidan Qutayba ibn Muslim oʻldiriladi. Shu kunlarda ham yerlik kishilar Xalichni Qutayba mozori (Qilich mozori) deb ataydilar.

Rasululloh tomonidan Sayfulloh Alloh Qilichi nomini koʻtargan islom qoʻmondonlarining eng birinchisi mashhur Holid ibn Validdan soʻngra birinchi darajali atoqlik fotih Xuroson, Buxoro, Samarqand, Fargʻona, Koshgʻar, Xoʻtan, Gansu, to Chin markazigacha islom futuxotini yetkazgan shundayin qahramon qoʻmondon Qutayba, ittifoqsizlik shumligidan shu kabi fojiaga uchradi. Muso ibn Nasr, Toriq ibn Ziyod (Milodiy 710 yilda bu buyuk islom qoʻmondonlari oʻz askarlari bilan Gibraltar boʻgʻozi orqali oʻtib Ispaniya, Portugaliya va Janubiy Fransiyani zabt etadilar. Keyinchalik bu ikki qoʻmondon oʻzaro hasadlashib qolib ittifoqlari buzilishi natijasida gʻarbdagi islom futuxoti toʻxtab qoladi) 6u qoʻmondonlarning hasaddan chiqqan ixtiloflari, gʻarbdagi islom futuxotlariga qanday toʻsiqlik qilgan boʻlsa, bularning ham oʻzaro hasadlik yogʻiy boʻlishlari sharqda islom dini tarqalishiga undan ham ortiqroq zarba yetkazgan edi. Uning natijasida markaziy shaharlarda yangidan tarqalmoqda boʻlgan islom dini toʻsqinlikka uchrab, bir ikki asr orqaga chekindi.

Bu orada Movarounnahr oʻlkasida adolatli Somoniylar davlati qurilib, bu muborak davrda ilm madaniyat, islomiya yangidan rivojga kirishib, buning soyasida Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi asarlari butun dunyoga tarqalgan olimlar vujudga chiqdilar. Ana shu davrda Erondagi islomdan ilgarigi Qiyoniy podshohlaridan Kaykovuz, Xisrovlar zamondoshi Doʻkuxon naslidan Sotuq Boʻgʻroxon Koshgʻar, Bolosogʻun va umumiy Turkistonga xon boʻlmish edi. Somoniylarga, ya’ni ulardan Nasr Somoniy davlatiga chegaradosh boʻlganlikdan, u otasidan yoshirincha islom diniga kiradi. Soʻngra Xoʻtan oʻlkasi atrofi bilan butun Uygʻuriston xalqi, bu xonning himmati orqalik islom dinini qaytadan qabul qiladilar. Birinchi islom ochgan Qutayba ibn Muslim boʻlsa ham, ikkinchi islom ochib, uni oʻrnatuvchi Sotuq Boʻgʻroxon boʻldi. Tarix hijriyaning taxminan 380 yillarida vafot topib Ostinortishda koʻmilmishdir.

Yana oʻz soʻzimizga kelaylik. Shunday qilib, Ostinortishda yoʻldoshimiz Qoʻshmoq hojim uyida ikki kun dam olgandan keyin Koshgʻar shahriga tushmoqchi boʻlib yoʻlga chiqdik. Kun issigʻi ustiga chang tuproq ichida qirq besh chaqirimcha yoʻl yurib, shahar ichiga kirib bordik. Bu yerlik kishilardan Toʻqmoqka qatnab turgan savdogarlar koʻp boʻlganligidan tanish bilishlarimiz koʻp boʻlsa ham, ular uyiga tushmasdan Yorbogʻ darvozasi saroyida bizni kutishib turgan Toʻqmoqlik yoʻldoshlarimiz ustilariga tushdik.

Shu kunlarda, ya’ni 1920 milodiy yili, ichki, tashqi dahriylar birlashib, chirigan amir davlatiny agʻdarib, Buxoroni bosib olmish edilar. Fargʻona shaharlarining har birida butun qishloq xalqlari qoʻzgʻalib, «bosmachi»lar nomidagi qoʻzgʻolonchilar bosh koʻtardilar. Natijada begunoh xalq boshiga qiyomat qoʻpmish edi. Bulardan vatanparvar, ongli va ilgʻor fikrlik boylar otilib, chopilib, oʻliklari ohak suviga tashlandi. Qolganlarning koʻp qismi oʻlimdan ortiq qiynov turmalarida uzoq yotqizilgandan soʻngra, yiroq yerlarga surgunga yuborilib, eng ogʻir ishlarda ushlanmish edilar. Ularning oldi yigirma besh, eng keyini oʻn yilga surgun boʻlganlikdan, yuzdan biri qaytib kelgan boʻlsalar ham, u yerda salomatliklari buzulganligi sababli, kelgan soʻnggida yashovchilar soni juda oz koʻrinmish edi.

Rusiya tuprogʻidan koʻtarilgan fitna vulqonlari butun mamlakat boʻylab alanga olib, uning uchqunlari chegara tashqarisiga ham tushgan edi. Men shundayin ogʻir ahvol, qiyin kunlarda chuqur fikr, katta umidlar bilan Koshgʻarga kelmish edim. Qarasam, bu yerdagi ongsizlik, ilmsizlik balosi bizdan yuz daraja ortiq ekan. Buni koʻrgach, oʻylagan rejam buzilib, oʻzim hayronlikda qoldim. Boʻlmasa shu kunlari, Koshgʻarda oyat hadis tafsiri, har turli diniy ilm oʻqituvchilari yuzlab, oʻquvchilar esa necha minglab topilur

edi. Butun Oʻzbekiston, Qirgʻiziston shaharlarini qoplagan uygʻur savdogarlari bu yerlarda boʻlib oʻtgan, boʻlayotgan xalq ustidagi dahshatli ishlarni koʻzlari koʻrib, oʻzlari ham tortmish edilar. Minglab eshitgandan, bir marta koʻrganning ta’siri ortiq boʻlishi kerak edi.

Endi shunisi qiziq, eng hayron qolurlik ishdurki, uygʻurlar qon qarindoshlari oʻzbeklar boshiga kelgan shundayin ulugʻ ofat balolarni koʻra-bila turib ongsizlik, ilmsizlik kasofati sababli bundan ta’sirlanib qilchalik ibrat olmagan edilar. Chunki, bu shum maslak rivojlanishiga ikki narsa, ya’ni kambagallik va ongsizlik boʻlishi, albatta, shartdur. Bular esa Rusiya tuprogida, ayniqsa Sharqiy Turkistpon va Xitoyda toʻlshi bilan topilganlikdan, dahriylar bundan foydalanib, shu buzuq maslaklarini bu joylarda rivojlantira oldilar. Natijada qurol kuchi bilan majburiyat orqali xalq boʻyniga yuklanib, shu kungacha tushurolmas ogir yuk boʻlib ortilib qoldi. Endi bu yerda qancha turgan boʻlsam, menga hamkor boʻlgudek, kelajak uchun qaygurgan bir kishini boʻlsa ham koʻrolmadim.

Onggi ochilmagan, bilimsiz bir millat oʻz dushmanlari oldida qushxonaga haydalayotgan bir toʻp hayvondan hech qanday ayirmasi yoʻqdir. Insonning oʻziga eng yaqin halokatlik dushmani ongsizlik, ilmsizlikdir. Shunga koʻra Alloh taolo Qur’onning birinchi surasini oʻqish, uqish, bildirish, yozish kalimasi bilan boshlamish edi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam erkak ayol, oʻgil qiz demay butun ummatlarini ilm oʻqishga buyurdilar. Kerakligicha din ilmini oʻqish hammaga farz boʻlganidek, oʻz hukumatini, Vatanini va millatini saqlash uchun zamonaviy fan ilmini oʻqib bilishlik ham farzdir. Bu esa Kur’onda xudo tomonidan «Va a’iddu va lahum man quvvatin mastata’tum» oyati bilan ochiq buyurilmishdir. Ma’nosi: «Dushmanlarga qarshi qoʻlinglardan kelguncha qurol kuchi tayyor qilinglar», demakdir. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Alo innal quvvata arramyu», deb uch qaytarib aytdilar. Ya’ni, «hushyor boʻlinglarkim, albatta kuch quvvat dushmanga oʻq otmoqdir», dedilar.

Bundan 1380 cha yillar ilgari aytgan soʻzlari qanday toʻgri ekanligini hozirgi fan ilmi ochiq isbotlab, oʻz ustimizda tajriba oʻtkazdilar. Endi oʻtmishdagi ishlarimizdan oʻkinib oʻltirish oʻrniga, ulardan ibrat olib, kelajagimiz uchun hozirlik koʻrishimiz kerakdir. Chunki ikki Turkiston bolalari ikki ajdarho ogziga yutilish oldida turibdilar. Bundan qutulishning birdan bir chorasi esa zamonaviy ilm fan bilan toʻliq qurollanib, buning ustiga milliy hislaridan ajralmay oʻz ona tillarini jon oʻrnida asrashlari lozimdir. Bu oʻrinda nega «milliy his» dedik, «diniy his» demadik? Buning sababi esa dahriylar hukumati qurilgandan boshlab butun diniy maktab va madrasalar yoʻqotilib, keyingi ta’lim-tarbiya ishlari dinsizlik asosiga qurilmish edi. Shundan buyongi maktab bolalarimiz diniy tarbiya koʻrmaganlikdan musulmonchilik yoʻllarini yaxshi taniyolmay qoldilar. Shunga koʻra Vatan bolalariga diniy tarbiyat toʻsilgan boʻlsa ham, endi oʻz milliyatlarini saqlash uchun til tarbiyatlaridan sira ajramasliklari kerakdir. Chunki har qanday bir millat oʻz dinidan ajragani ustiga oʻz tilidan ham quruq qolar ekan, uning milliyati yutilib, hayoti munqariz (inqirozga uchragan, inqirozli) boʻldi demakdir. Bunga qaraganda shu kunlardagi Chiqish (Sharqiy) va Botish (Gʻarbiy) Turkiston bolalarining, ayniqsa Uyguristonning kelajagi shu dahshat ostiga tushganligi shubhasiz koʻz oldimizda koʻrinib turibdi.

Demak, har ikki Turkiston xalqi ongsizlik, ilmsizlik kasofatidan shu kabi qulay sharoitlar boʻla turib ham, bulardan oʻz vaqtida foydalanish yoʻllarini topolmadilar. Ochiq bir maqsadni oʻz oldilariga shart qilib qoʻyib, tashkiliy ravishda ish olib borish uchun harakat qilgudek birorta odam yoʻq edi. Oʻzlarining kelgusi istiqbollari uchun hech kim qaygurmas edi. Chunki, bu bechora xalq xurofot zulmati, johiliyat botqogiga butunlay botgan edi. Bunga oʻsha davrdagi muhit aybdordir. K,ur’onning «Qul hal yastavillazina ya’lamuna vallazina la ya’lamun», ya’ni «Bilganlar bilan bilmaganlar har toʻgrida teng kelolmaydilar» degan hikmatlik soʻzini, albatta, amalga oshirish kerak edi.

Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi bunday johiliyat botqogiga botdi? Buning bosh sababi dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida boʻldilar. Oʻzlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa boglamadilar, oʻqish oʻqitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uygonish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari boʻlmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur.


Endi bu umidsizlanganim soʻshtida Afgʻoniston, Hindiston chegaralari boʻshligidan foydalanib, u tomonlarga oʻtishimni oʻylagan boʻlsam ham, yolgʻiz bosh qaygʻusida bola chaqalardan ajrab, suyukli Vatanimni dushman qoʻliga tashlab ketishni oʻzimga loyiq topmadim. Ayniqsa, yoʻldoshlarim tungonlar ichida jonfido shogirdim Dovudhoji mendan ajramasga shart qilib, qolishimga qattiq qarshilik koʻrsatmish edi. Buning ustiga, Vaqtli Kerenskiy hukumati qurilgan soʻnggida Fargʻonaga muxtoriyat berilib, uning oʻn ikki kishidan iborat Muvaqqat hukumati tarkibiga polyak musulmonlaridan boʻlgan Ogʻayev ismli bir yurist ham a’zo saylanmish edi. Muxtoriyat Millat majlisi a’zolaridan biri esa akamiz Olimxontoʻra janoblari edi. Bu ishga tishtirnogʻi bilan qarshi turishgan bolsheviklar, musulmonlarning eng kekchil dushmanlari sanalgan armanilardan toʻplangan askarlarni toʻliq qurollantirib, xalq ustiga keltirdilar. Bularning boshchi qoʻmondonlari esa turk qoniga chanqagan, qonichkich Dashnoq firqasining a’zolari boʻlganlikdan Xoʻqand shahri ustida koʻrsatgan vahshiyliklari oʻrta asr yirtqichlaridan Chingiz dahshatlarini unuttipmish edi. Ongsiz xalq buni unutgan boʻlsalar ham, dushman suqqon nayzalarining zarbalaridan yuraklari parchalanmish, koʻz qonlari bilan koʻngil sahifalariga dahshatli zulm xatlarini yozmish tarixchilar, bu kabi fojialarni hech qachon unutmaydilar. Xalq koʻzini qoʻrqitib, ularga dahshat solish uchun, bir tomondan, otish chopish boshlangan boʻlsa, ikkinchi yoqdan, oʻt qoʻyib, butun shahar bozor rastalarini kuydirmish edilar. Bu voqeadan besh olti yil keyin Xoʻqandga borganimizda buzilib vayron talqoni chiqqan koʻp imoratlarni, kuydirilgan bozor rastalari oʻrnida toʻdalanib yotgan hisobsiz kultepalarni koʻzimiz koʻrdi.

Mana shu Hoʻqand (Turkiston) muxtoriyat hukumati a’zosi Ogʻayev, yuqorida aytganimizdek, polyak musulmonlaridan edi. Chor hukumati yiqilgan soʻnggida Polsha boshliq butun Boltiqboʻyi millatlari oʻz huquqlariga ega boʻlib, muxtoriyat olmish edilar. Bunga tushunib haq talab qiluvchi va ham bu ishni boshqaruvchi bizning oʻlkamizda kishilar kamligini bilgan musulmon ziyolilarining.diniy hislari qoʻzgʻalib, Turkistonda qardoshlarining birinchi martaba yangidan qurilayotgan yosh davlatlariga yordam yetkazish uchun u kishini yubormish edilar. Oʻzi yurist boʻlib, chor hukumatiga qarshi musulmon polyaklarining milliy inqilobchilaridan edi. Hoʻqandga kelishi bilanoq oz koʻp tushungan kishilar buni takdirlab, yangi qurilayotgan milliy muxtoriyat hukumati raisining oʻrinbosari saylamish edilar.

Bu kishi butun ishlarni tartibga solib endigina ishga kirishayotgan chogʻida, balo qazodek kelib bolsheviklar bosdilar. Qochishga ulgurgan kishilar qutulgan boʻlsa ham, ulgurolmagan a’zolardan qoʻlga tushgan baxsizlar ham oz emas edi. Ana shu biz baxsizlarga yordam berish uchun oilasi, Vatani, balki butun baxti taxtidan kechib kelgan polshalik din qardoshimiz yerlik baxsizlar qatorida qoʻlga tushib, biz uchun qurbon boʻldi.

Eshitishimcha, bularning vahshiylik maslagidan xabari yoʻq boʻlishi kerak. «Butun dunyo boʻylab har yerdagi insonlar oʻz huquqlariga erishayotgan XX asr davrida oʻtgan vahshiylarcha otish chopish bilangina ish olib bormasalar kerak, bular bilan koʻrishib soʻzlashaylikchi, maqsadlari nimadur? Uni bilaylik», deb yuristlik qilib, huquqshunoslik yoʻli bilan bu yirtqichlarga soʻz oʻtkazmoqchi boʻlib, qoʻlga tushmishdir. Yoʻq esa, boshqa jon qutqazgan «botir»lar kabi fursatdan foydalansa, qochib qutulishi mumkin edi.

Bu qahramon qoʻlga olingandan soʻngra shundayin xorlik, zulm ostida turishdan oʻlimni ortiq koʻrib, ochlik bildirmishki, bu kabi eng soʻnggi dahshatlik choradan insoniyat olamida foyda berishi kutilur edi. Bular oldida e’tiborsiz boʻlganlikdan oʻn besh kunlab och qoldirilmishdur. Aqli ozib, oʻlar holga kelganda boshqa yoqqa olib ketganlar. Undan keyingi taqdiri bizga noma’lumdir. Insonlar huquqi himoyasi uchun qurbon boʻlib, shundayin olijanoblik koʻrsatgan bu qardoshimizga butun insoniyat tomonidan yolqinlik koʻnglimdan chiqargan tashakkurimni bildirgan soʻnggida, uning muqaddas ruhiga abadiy rahmatlarimni yoʻllayman. Bu kabi insoniyat qahramoni, haqlik qurboni boʻlmish kishining xizmati koʻmilib ketmasligi uchun, vijdonim talabicha bu oʻrinda oz boʻlsa ham yozib qoldirishni burchim deb bildim.

Yana oʻz soʻzimizga kelaylik. Endi shuni bilmak kerakkim, Kur’onning hukmiga, Rasulullohning yoʻliga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, oʻz Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolgon musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni oʻzlashtirib, butun huquqlariga ega boʻlgan kofirlar, albatta, ortiqdur.

Butun Uygʻuristonni qoplagan shu oʻxshash ongsizlik ofatini koʻrgach, u yerdan umidim uzilib, nochor, yangidan oʻt olayotgan fitna oʻchogʻi ichidagi oʻz yurtim Toʻqmoqqa qaytib keldim. Qarasam soyasidan qoʻrqqan quyondek har yerda qochib pisib yurib kun koʻrayotgan haqsiz kishilar ham oz emas ekanlar. Shular qatorida men ham shahardan chetroq Shoʻrtepa degan tungonlar qishlogʻida turib, dehqonchilik bilan kun kechirmoqchi boʻldim. Marhum otamiz nasihatlaricha imom boʻlishdan saqlanib, bir ikki yil oʻz ishim bilan shu yerda kuymanib yurdim. Lekin bu oʻlkada qora savodlik yoki savodsiz masjid imomlari boʻlsa ham, dinga asosi bilan tushungan olimlardan birortasi ham yoʻq edi. Buning ustiga bolshevik hukumati dinsizlik asosiga qurilganlikdan xudosizlar jamiyati tomonidan har joyda dinga qarshi tashviqot tarqalib, dindorlarga hujum boshladilar.

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytishlaricha, bunday vaqtda olimning sukut qilib qarab turishi oʻz diniga xiyonat qilishi demakdir. Bundan saqlanish uchun marhum otamizning «Imom boʻla koʻrma», degan vasiyatlariga qaramay, xalq talabini qabul qilib, Toʻqmoq shahri katta masjidiga imom boʻldim. Shu birinchi jum’adayoq minbar ustidan oz deganda bir ming kishiga qarata aqliy naqliy dalillar keltirib, dinsizlikka qarshi oʻtkir bir va’z soʻzladim. Masjid xalqi bundan ta’sirlangach, dillari erib, koʻzlari yoshlandi. Har joyda «oh voh» tovushlari koʻtarilib, yigʻi sigʻi boshlangani turdi. Albatta, bunday ulugʻ diniy jamiyat majlislarida u vaqtning rahmsiz jallodlari uch harflik GPU kuydurgi josuslaridan soʻz tinglovchi bir necha kishilar borligʻi ma’lum edi. Shunday boʻlsa ham biror tomondan bu ishga ochiq ravishda toʻsqinlik koʻrilmagach, diniy ruh qizgʻinligi bilan oʻz ishimda davom etib turdim.

Shu orada 1922 yillar Otboshi Norin qozoq ruslari (kazaklar) tomonidan Bonduruf (aniqrogʻi Bondaryov)2 qoʻl ostida qattiq bir qoʻzgʻolon koʻtarilmish edi. Darhol bularga qarshi otlansa otasini ayamaydigan qora turkmanlardan bir boʻluk (polk) qurollik askar keltirildi. Yordam olgʻudek tayanchilari boʻlmagan qoʻzgʻolonchilar bularga qarshi turisholmay, Koshgʻar tomonga chekinishib qochdilar. Bularning kasofatiga Toʻqmoq, Pishpekdagi boy savdogar va xalq ichida koʻzga koʻrinarlik sakson necha kishini bir kechada bosib, tekshirish surishtirish yoʻq, shu kechaning oʻzidayoq qoʻllarini sim bilan orqalariga bogʻlagan holda shahar tashqarisidagi Qorayogʻchilik bogʻiga olib borib otdilar. Bu gunohsiz mazlumlarni oʻldirish uchun qazilgan chuqur chetiga keltirilgach, otib chopib tashlay berganliqdan koʻplari chalajon edi. Shu yerlik koʻrgan kishilar aytishlaricha, bularning ustilariga jonlari chiqmay turib tortilgan tuproq usti uch kungacha toʻxtovsiz loʻmillab (loʻmbillab, koʻtarilib-tushib) yotmishdir. Bu kabi yuraklar titrab, jonlar achinarlik, soʻzlashga til seskanib, yozishga qalam jirkanarlik bu madaniy yirtqichlarning qilgan vahshiyliklarini yozib qoldirishga majburmiz. Chunki tarixda koʻrilgan ishlarning yaxshi yomoni demay, koʻrgan bilgan narsalarning barini qoldirmay qalamga olish tarixchi ustiga yuklangan muqaddas vazifa hisoblanadi. Bu esa dinsiz dahriylar hokimiyatining boshlangʻich davrlariga xirmondan bir hovuch, dengizdan bir choʻmich kabi koʻrsatgichdir. Bundan maqsad quruq soʻz dostoni soʻqib (soʻzlab, aytib, yozib), hikoya-voqea toʻplami yozish emas, balki asl maqsad kelgusi Vatan bolalarimiz bundan ibrat olib, endi kelajakda qanday yashamoq kerak ekanligini bilishlaridur.

Vatan Ahllariga Deganlarim

Tarixning aytishicha, shu Vatanimiz Oʻzbekiston oʻlkasini sharqdan, shimoldan chiqqan balo sellari qoplab, necha martaba harob qilinganligi ma’lumdir. Shuning uchun bizning ilgari porloq madaniyatimiz vayronlikka uchrab, nasllarimiz ham tabiiy oʻsishdan toʻxtalganligi koʻz oldimizda turadi. Chunki bizga chegaradosh Xitoy xalqi soʻnggi hisob boʻyicha yetti yuz millionga yetgan holda biz Turkiston xalqi bularga zamondosh boʻlsak ham, nega bularning yuzdan biricha boʻlib, shu kunga dovur oʻn millionga yeta olmadik? Buning sabablarini har yoqlama tekshirib koʻrilganda turlicha boʻlib chiqishi koʻngilga keladi.Lekin oʻtgan ulug faylasuflarning aytishlaricha hamda tarixiy tajribalarning koʻrsatishicha, qaysi bir millat oʻz milliy davlatidan ajrab, uning hukumati yoʻqolar ekan, hukumat egasi boʻlgan kelgindilar hisobiga yil sayin nasllari ozayib borib, eng soʻnggida butunlay yutilib ketishi tajribada koʻrilmishdur. Oʻz hokimiyatidan ajradi demak inqirozga yuz tutdi demakdir. Shu sabablik dunyodagi onglik, madaniy millatlar oʻz hokimiyatlarini saqlash uchun necha millionlab qurbon berishga tayyordirlar. Holbuki, har bir millatga Iymon islomini saqlash Kur’on hukmicha qanday farz boʻlsa, shu oʻxshash oʻzligini va oʻz millatini saqlash undan ham farzroqdir. Chunki paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam qaysi bir kishi oʻz otasini tashlab, boshqa birovning bolasiman desa yoki bir millat tili, dini, rasm odati boshqacha ikkinchi bir millatga yutilsa, mana shunday ishga norozilik bildirib, ularga la’nat oʻqidilar. Milliy hissini yoʻqotib, oʻz millatidan ajrash Qur’on hukmi boʻyicha haromdir.

Yer usti uchmohi (jannati) bo‘lgudek, jannat kabi noz ne‘matlik, yaylovlari ko‘p, oqar suvlari mo‘l, bog bo‘stonlik go‘zal Vatanimiz O‘zbekiston o‘lkasi atrofimizdagi ochko‘z ganimlar tomonidan har vaqt hujum ostida bo‘lib turganligi mashhur tarix kitoblarida yozilmishdir. Xozirgi kunimizdan 780 yillarcha avval dunyoga dahshat solgan o‘rta asr yirtqichlari, quyundek qoplagan Chingiz askarining birinchi zarbasi biz Turkiston ulusining ustiga tushgan edi. Yer yuzi insonlari uchun yaxshilik kutilgan yigirmanchi asrda chiqqan bolsheviklarning birinchi navbatdagi ogir zarbalariga yana biz Turkiston musulmonlari uchradik. Chunki, yuqorida aytilganicha, bu madaniyat davrining totliq yemishlaridan foydalanib, dunyo insonlari o‘z huquqlariga butunlay ega bo‘ldilar. Va ham bu orqalik ilm, madaniyat, hunar-sanoat yer yuziga tarqalib, Afrika cho‘llarigacha kira boshladi. Bizlardan boshqa har yerdagi ozu ko‘p millatlar esa Vatan bosqinchila-ridan qutulib, o‘z erklik milliy hukumatlarini qurib oldilar.

Biz bo‘lsak, haqiqatda bol‘sheviklar hukumati qurilgan kundan boshlab yolgiz milliy, diniy, vataniy haqlarimiz emas, balki insoniy huquqlarimizdan ham butunlay ajragan so‘nggida erksiz hayvonlar qatorida ishlamoqqa majbur bo‘ldik. Bir millatning o‘z^ huquqlari butunlay o‘z qo‘liga topshirilmagach, O‘zbekiston oti qogoz ustida yozilishi bilan yoki boshqalarning yukini ko‘targan, aravasini tortgan eshak otlardek birmuncha o‘zbek nomidagi vijdonsiz, quruq haykallarni o‘z maqsadlarini qo‘lga keltirish uchun o‘rindiq ustiga o‘ltirgizib qo‘yish bilan u millat qanday ozodlikka chiqdik deya oladi? Balki, bunday millatlar shu kabi xiyonat pardalari ostida butun hissiyotlaridan ajragan holda yem bo‘lib yutilib, oxiri inqiroz chuquriga yuztuban yiqilib halok bo‘lishlari shubhasizdir.

O‘tmishdagi O‘zbekiston o‘lkasida ming yillar davom etgan mustaqil davlatimizdan 1865 yili chor Rusiyasining bosqinchiligi natijasida ajragan bo‘lsak ham, boshqa ishlarimiz o‘z qo‘limizda edi. Buning ustiga Buxoro, Xiva hukumatlari 1920 yil o‘rtalarigacha saqlanib qolmish edilar. Butun sharoit qo‘llarida bo‘laturib, ongsizlik ofati, siyosat ko‘rligidan yuzlarcha yillab kutilmoqda bo‘lgan bu kabi qulay fursatni bekorga qo‘ldan chiqardilar. Yo‘q esa bu ikki o‘lka birlashib, uning ustiga xalq boyligi va yer boyligi qo‘shilar ekan, Vatanimiz Turkistonda milliy va madaniy kuchlik bir davlat qurish qobusi kelmish edi. Biroq baxtimizga qarshi bizda mudofaa quvvati yo‘qligidan o‘z yerimizda garib bo‘lib, o‘z merosimizga ega bo‘lolmadik.

Endi bu o‘rindagi mudofaa quvvati nimadan iborat ekanligini o‘quvchilarga bildirib o‘tishimiz lozim bo‘ladi. Bosqinchilarga qarshi qo‘yilgan mudofaa quvvati ersa shu hozirgi zamonaviy ilmfan, qurol jabduqqa ega bo‘lishdan boshqa narsa emasdir. Yalinib yolvorib bulardan shafqat marhamat tilamak shaytondan insof-tavfiq umid etmak kabidir. Shunga ko‘ra, Vatan bolalari oldimizdagi kelajak kunlarni eskarib, zamonaviy ilm o‘qishga chin ko‘ngillari bilan kirishib, halol meros o‘z Vatanlarini egallash uchun mudofaa quvvati tayyorlashga tish tirnoqlari bilan yopishsinlar.


Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Koshg‘ar safaridan kelganim so‘nggida marhum otamiz Shokirxonto‘ra hoji nasihatlaricha yozda dehqonchilik qilib, qishda tungonlar aro diniy xizmatda umr o‘tkazdim. «Har oqil odam o‘z zamonasiga yaxshi tushunishi va shunga qarab ish qilishi kerak», degan payg‘ambarimiz Muhammad alayhi vasallamning hikmatlik so‘zlaridan ilhomlangach, zamonamizda yangidan chiqa boshlagan kommunizm asoslarini chuqur tekshirib, hammadan ilgariroq unga yaxshi tushundim. Bu maslak butun dunyo bo‘yicha borliq dinlarga, ayniqsa islom diniga o‘t bilan suv, tun bilan kun kabi qarama qarshi ekanligini aniq bildim. Shunday bo‘lsa ham chin so‘zlab, to‘g‘ri tushunishga o‘rganganim uchun boshlang‘ich davrining aldov siyosatlarini chin chog‘lab (bilib, o‘ylab, tushunib), unga ishonmish edim. Shundoqki, taxminan 1921 yili Ulyanov Lenin tilidan tubandagilar yozilmish edi: «Agar O‘rta Osiyo musulmonlari o‘z turmushimiz uchun Qur‘on hukmi yetarlidur, Qur‘on rahbarligi ostida yashovni istaymiz desalar biz buni, albatta, qabul qilishimiz kerak».

Musulmonlarga yoqimlik bunday yaxshi so‘z Lenin tilidan aytilib, gazetada bosilganligidan ta‘sirlanib, bular haqida o‘ylagan fikrlarim bir oz o‘zgara boshladi. Shuning uchun boshqaga qaramay, To‘qmoq jome‘ masjidida har juma eng ozi bilan minglab xalq ichida va‘z majlisi ochib dinsizlikka qarshi kurash boshladim. Yuqorigi Lenin so‘zidan foydalanmoqchi bo‘lib boshlagan bu ishimni 3 4 yil uzluksiz davom etmish edim. Bu ishdan ko‘zlagan maqsadim esa, Ibrohim xalilullohni kuydirish uchun yondirilgan Namrudning' ulug‘ olovini o‘chirmoqchi bo‘lib, tumshug‘ida suv tashigan qaldirg‘och kabi, ilohiy qonun deb o‘zim ishongan Islom diniga ko‘nglimdagi sadoqatimni bildirish edi. Shunga ko‘ra ko‘ngildan chiqqan so‘z yurakka yetar deganday, manim bu diniy va‘zlarim xalq ko‘ngliga to‘liq ta‘sir qilayotganligini ko‘rgach, temir qo‘lliq siyosiy idoralar meni o‘zlarining o‘nglanmas dushmani hisobladilar. Ana shu kundan boshlaboq aytgan so‘zlarim kundan kunga tekshirish ostig‘a olindi. Oxiri 22 yili GPU (Glavnoe politicheskoe upravlenie - Bosh siyosiy boshqarma, chekistlar idorasining o‘sha vaqtdagi nomi) jallodlari tomonidan qo‘lga olinib, hozirgi Qirg‘iziston markazi Pishpek shahrining yer osti qamoqxonasida yotdim. Bu kabi dahshatlik ishni birinchi ko‘rib, bundayin vahshiylik o‘ringa dastlab kirganligimdan, 6u joyda ko‘p yotmagan bo‘lsam ham, bu zulm zarbasidan ko‘nglimning ichki tashqi hissiyoti yaxshigina yaralanmish edi. Yuqorigi Lenin tomonidan aytilib, gazetada yozilgan so‘zlar bari yolg‘on bo‘lib, aldov tuzog‘i ekanligi keyin bilindi.

Ilgari o‘tgan payg‘ambarlardan Yusuf alayhissalom Fir‘avn vazirining xotini Zulayho boshliq qilingan fitnalar ostida bir rivoyatda 7 yil, ikkinchi rivoyatda 12 yil zindonda qolmish edilar. So‘ngra Misr podshohi Fir‘avn ko‘rgan tushining ta‘birini hech kim chiqarolmay turganida uni Yusuf alayhissalom yo‘yib: 7 yil to‘qchilik, 7 yil ocharchilik bo‘lishidan xabar berib, agar vazirlik xizmati o‘ziga topshirilar ekan, bunga yaxshi choralar ko‘rib, xalqni bu balodan saqlay olishini bildirmishdir. Shu

bahona zindondan qutulib chiqar chog‘ida eshigi ustiga uch og‘iz so‘z yozib qoldirmish edi. «Bu joy tiriklarning qabridur, dushmanlarni suyundirur, do‘stlar sinalg‘usidur».

Hazrat Umar roziyallohu anhu imkoniyat boricha musulmonlarni qamoq qilmasga buyurmish edi. Shuning uchun Islom shariatida bu jazoning uch yildan ortiq bo‘lishiga ko‘pincha yo‘l qo‘yilmaydir. Chunki bundan uzayib ketar ekan, insonlar har to-monlama zararlanishi, ayniqsa oilaviy turmushlari vayronlikka uchrab, harob bo‘lishi shubhasizdir. Agar bir kishi men bu dunyoda turmayman deb qasam ichgan bo‘lib zindonband bo‘lsa, shariat bo‘yicha uning qasami buzilmaydi. Bu esa, zindon ichi shariat oldida dunyo yeridan emasligini ko‘rsatadi. Islom qonuni hukmida butun dunyo davlati nohaq to‘kilgan bir kishining qoniga arzimaydi. Hozirgi dinsizlar hokimiyati oldida esa kishi o‘limi eshak o‘limicha ham qadri qolmaganligini ko‘rib turamiz. O‘zlaricha siyosiy jinoyat hisoblagan bir og‘iz so‘zni amalga oshirish bu yokda tursin, og‘zidan chiqar chiqmas javobga tortilib, jallodlar qo‘lida yo‘qotilgan kishilar hisobsizdirlar.

Shunday qilib meni qamashdan bularning maqsadlari qo‘rqitib boshqalar kabi majburiy xizmat topshirish edi, chunki u davrda xalq ko‘ziga ko‘rinarli obro‘ylik kishilar haqida shunday siyosat qo‘llab ikki yoqlama foydalanmoqchi bo‘lishardi. Ular deganlarini qildirib, qilmaganlar uchun belgilangan og‘ir jazolarni amalga oshirar edilar. Shunday bo‘lsa ham mehribon Tangri yordami bilan bir oy to‘lmay turib, turmadan bo‘shanib chiqishim bilan ular o‘ylaganlari-dek o‘z ishimni yumshatib, orqaga chekinish o‘rniga yana ham qattiqroq kirishdim. Shunga ko‘ra dunyoni bosayotgan balo seliga to‘qnashib, 30 yillargacha dinsizlikka qarshi har vaqt tashviqot yurgizib keldim. Tajribasizlik natijasi bo‘lsa kerak, o‘z ko‘nglimda «hech bir musulmon dunyolik shaxsiy foydasi uchun oxiratini buzib o‘z diniga xiyonat qilmaydi», deb o‘ylar ekanman. Keyin ma‘lum bo‘ldiki, bunday odamlar millat ichida qo‘l bilan sanalg‘udek topilishiga ham ishonolmay qoldim.Hozirgi madaniyat olamida millatning o‘z xuquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina boglanmishdir. Shuning uchun to‘liq mudofaa kuchiga ega bo‘lmagan millatlar insoniy huquqlaridan butunlay ajrab, hayvonlar qatorida xo‘rlik bilan yashamoqqa majburdirlar. Ayniqsa dinsizlik olamining markazi hisoblangan bir davlatga chegaradosh bo‘lgan millat, o‘z huquqiga ega bo‘lishi uchun ham moddiy, ham ma‘naviy kuch quvvatini, ya‘ni zamonaviy qurol, zamonaviy ilmni qo‘lga keltirishidan boshqa chorasi yo‘qdir.

Endi bu o‘rinda shu kungi Ovrupo madaniyati ustida to‘xtalib, Vatan bolalariga bu haqda eng muhim tushunchalar berib o‘tamiz. Shuni bilishlari kerakki, madaniyat demak nimadan iborat bo‘lib, qanday bo‘lishi kerak. Mana bu so‘zning haqiqati bilan javobiga kim tushunar ekan, asl tuzuk madaniyatni ziyondosh, buzuq madaniyatdan ajrata oladi. Agar madaniyat deb ko‘rinishda obodon, haqiqatda harob, shu dinsizlar, odob-axloqsizlar madaniyatini aytadigan bo‘lsak, ulug xato qilgan bo‘lamiz. Chunki dunyodagi borliq narsalar inson turmushiga yordam yetkazish uchun yaratilmishdir. Buzuq madaniyatda esa, aksincha, insonlar ul narsalar uchun qurbon qilinadi. Madaniyat taraqqiyotining ilgari-keyin chiqara-yotgan butun yangiliklari inson hayotini yaxshilash uchun xizmat qilishi lozimdir. Xayot olamida eng ulug, oliy darajalik yaratilgan narsa shubhasiz shu insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ayrilmas bir tarmogidir.

Ma‘lumdirki, dunyoda yashagan har bir kishining eng ayamlik, qizganib saqlaydigan besh narsasi bordir. Birinchi joni, keyingilari dini, moli, oilasi, ona Vatanidir. Mana bu besh narsani saqlash uchun onglik insonlar qanday jonbozlik qiladilar! Dunyoning har bir yerida to‘kilgan va to‘kilayotgan inson qonlari ko‘z oldimizda ko‘rinib turadi. Bu fojianing birdan bir sababi shu yuqorida aytilgan narsadan boshqa emasdir. Shunday bo‘lgach qaraymiz: madaniyat qaerda, qaysi millatda bo‘lsin, shu yuqorida aytilgan insoniyat haqlarini saqlash uchun hukumat qo‘lida adolat quroli bo‘lib turar ekan, ana shu chogdagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladilar. Buning natijasida insoniyat xususiyati bo‘lgan har kimning erk ixtiyori o‘z qo‘lida saqlanadi. Yer yuzining qaysi o‘lkasida bo‘lishni kim tilar ekan, hech qanday to‘sqinlik ko‘rmaydi. Agar madaniyat shu yuqorida aytilganicha foydalik bo‘lsa, Sharq faylasufi Forobiyning aytishicha, bunday madaniyatni «Madaniyati Islomiya» yoki «Fozila» deydilar. Mana shundagina butun madaniy taraqqiyotni yolgiz inson foydasi uchun ishlatish mumkindir.

Yo‘q esa, hozirgi ustimizdagi madaniyat kabi, buni qo‘llanuvchilar xato ketganliklaridan, yolgiz jinoyatchilarni emas, balki butun inson olamini halokat chuquriga tushurishi shubhasizdir. Chunki shu kunlardagi dinsizlar madaniyatlari ta‘siri ostida insonlarning axloqi butunlay buzulganlikdan, moddiy, ma‘naviy bo‘lsin har yoqlama ziyon ko‘rayotganlari ko‘z oldimizda turadi. Bular esa o‘z maslaklarini boshqalarga qabul qildirish uchun xalqning tuzalish-buzulishlari, ularning har qanday ziyon zahmatga uchrashlari bilan hisoblashmaydilar. Balki, butkul qurol kuchi ishlatib, har qanday majburi-yat ostida bo‘lsa ham xalqni o‘z yo‘llariga kirgiza olsalar, tilaklariga yetgan bo‘ladilar. Madaniyatning ilm, fazl, hunar, sanoatlarini insonlar hojatini chiqarish, ular foydasi uchun ishlatish emas, balki o‘zlarining ko‘rlarcha ushlab yopishgan buzuq yo‘llariga kirgizish quroli qiladilar. Mana bunday madaniyatga buzuqlar boshligi bir firqapalidlar ega bo‘lgach, bular qo‘lida butun xalq erk ixtiyoridan ajrab eng tubangi hayvonlar qatorida yashamoqqa majbur bo‘ladilar. Bu kabi madaniyatlar oqillar, faylasuflar oldida «Zollata, fosiqa madaniyat», ya‘ni «Ko‘rlar, adashganlar madaniyati» deb ataladi.

Buning ochiq ko‘ringan nusxasi shu kunlari ustimizda hukmron bo‘lib turgan bol‘sheviklar keltirgan sharmandalar madaniyatidir. Chunki 50 yildan beri mustabidlar oyogi ostida ezilayotgan 15 yolgon jumhuriyat xalqlari, ayniqsa O‘zbekiston musulmonlari milliy, diniy, vataniy huquqlaridan butunlay ajradilar. Yer yaratilgandan beri ota-bobolaridan qolgan halol meroslari gulguliston, bog bo‘stonlik ona Vatanlaridan haydab chiqarilib, ko‘z oldilarida kelgindi bosqinchilarga bo‘lib berilmoqdadir. Mana bularning keltirgan iflos bosqinchilar madaniyatlaridan biz O‘zbekiston musulmonlari olgan hosilotimiz hozircha shu darajaga yetdi. Yana kelajak kunlari ustimizdan qanday rejalar qurilib, nima choralar ko‘rayotganlarini zamonga tushungan Vatan ahllari yaxshi bilsalar kerak. Endi yuqoridan boshlab shu joyga kelguncha yozgan so‘zlarimiz xozircha madaniyat taraqqiyotdan insonlar uchun qanday foydalanish kerakligini ajratish uchun har qanday odamga tushunarlik bo‘lgandir, deb o‘ylaymiz.

Dahriylar davlatining boshlang‘ich davri 1918 yildan 1925 yil orasida butun O‘zbekiston o‘lkalari bo‘yicha «bosmachi»lar otida chiqqan qo‘zg‘olonchilar ko‘paymish edi. Bularning eng mashhurlari esa Xo‘qanddan Ergash; Marg‘ilondan Madaminbek, Shermatbek; Andijon, O‘sh, O‘zgan tomonlardan Xolxo‘ja, Oxunjon, Abdurazzoq; Namangandan Omon Polvon va boshqalar edi. Bularning barilari qorong‘i xalq ichidan chiqqan qora botirlardan bo‘lib, «O‘ris kofirlarni yo‘qotib, Islom ochamiz», deyishdan boshqani bilmas edilar. Yuqorida nomlari yozilmish qo‘rboshilar qo‘l ostilarida yonar o‘tdek botir yurakli jon fido o‘zbek yigitlaridan oz deganda 10 mingdan ortiq kishi borligi ma‘lum edi. Afsuski, bu qahramon bolalarimizning onglarini ochib ishga solg‘udek, har ishga yaramlik siyosiy rahbar bo‘lg‘udek birorta kishimizning yo‘qligidan, tashkiliy ravishda ochiq bir maqsadni olg‘a qo‘yib ish olib borisholmaganlikdan mamlakatimizning baxtsiz eng botir o‘g‘illari har yerlarda dushman qo‘llari bilan otilib chopilib, bekorga yo‘qotildilar.

Bu kabi ilgari keyin o‘tgan butun dard hasrat, g‘am qayg‘ulik ishlarimizning borliq sabablari, islom diniga tub negizi bilan tushunmasdan, zamonaviy ilm hunarlardan quruq qolmishimizdir. Shuning uchun payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam «Nodonlik, tushunmaslik ko‘rlikdan yomonrokdir», dedilar. Qur‘on hukmicha, iymon islomni bilib olgandan keyin har bir musulmonga o‘z zamonasi ilmini o‘qib tushunishi va zamonaviy hunarlarni o‘rganishi birinchi zaruratdir.

Andijon Safari

Yuqorida yozilmish ediki, Millat majlisi a‘zolaridan biri akamiz Olimxonto‘ra bo‘lgan Ho‘qand (Turkiston) muxtoriyat hukumati saylanmish edi. Bu ish boshlanib 2 oy o‘tar o‘tmas, ochiq vagonlarga to‘pzambaraklar qurgan holda kelishgan bolsheviklar askarlari Ho‘qandni to‘pga tutishib, ko‘p harob qilganliklarini ham yozgan edik. Albatta bunday kunlari eng og‘ir qo‘rqinchli ishlar hukumat a‘zolari ustida bo‘lishi hammaga ma‘lumdir. Shuning uchun akamizdan ochiq bir xabar kelmagach, jigarchilik ekan, chidab turolmay, jonfido do‘stlarimizdan marhum tungon Ibiloxunni yo‘ldosh olib, Andijon safariga chiqdim.

U kunlari esa inqilobning boshlang‘ich davri bo‘lg‘anlikdan, safar yo‘llarimiz ham anchagina qo‘rqinchlik edi. Shunday bo‘lishiga qaramay safar toati bo‘lg‘och Tangriga tavakkal aylab yo‘lga tushdik. Pishpek, So‘quluq, Oqsuv, Qorabolta, Oshmorodan o‘tib, to‘rtinchi qo‘noqqa Merkiga yetdik. Bu, Bolosog‘un shahri kabi islomdan ilgarikeyin Turkiston tuprog‘ida yashagan madaniy o‘troq o‘g‘uz turklarining shahri ekanligi atrofdagi harobalardan ochiq bilinib turardi. Endi esa ilgari ota bobolarimiz o‘g‘uz turklari yashagan ona Vatanimiz yerlariga boshi Issiqko‘l, oyog‘i O‘trordan o‘tib, Sirdaryo bo‘ylarigacha yerlik xalqdan ko‘proq ruslar ega bo‘lib o‘tiribdilar. Shu bilan Merkida bir qo‘nib, ertasi tog‘ yo‘li bilan yurmoqchi bo‘lib kun yurish tomondagi Tyan-Shan tog‘lari ichidagi Jarg‘ard dovoniga qarab jo‘nadik. Bu oshuv esa orqa Turkiston bilan Farg‘ona vodiysi oralig‘idagi Olatou tog‘lari ichida eng egiz dovonlardan hisoblanadi. Buni oshib o‘tgach, ikki tomoni baland tog‘lar bilan qurshalgan qalin to‘qaylik Sochqansoy degan tor o‘zanga tushdik.

Bu tog‘li yaylov yerlarida turk uluslaridan Sayaq, Jetigan qirg‘izlari yashar ekanlar. El yaylovdan ko‘chib qishlovga tushgan kunlariga to‘g‘ri kelganimizdan, ko‘ch oralab yurguncha xufton vaqtida soy o‘rtasiga yetdik. Bu o‘rtada yo‘lovchilar uchun belgilangan qo‘nolg‘u o‘rinlari yo‘q ekan. Kech kirib gugum (g‘ira-shira, qorong‘i) tushib qosh qoraygach yo‘ldan chekkaroqqa chiqib, atrofi ochiq bir tog‘ betida yotdik. Chunki kechqurun yo‘l kelayotqanimizda ko‘rishgan ko‘chmanchilar ko‘zlari bizga tushib, shu yaqin orada qo‘nib qolishimizni payqagan edilar. Har ikki tomoni olislashgan uzun tizma tog‘lar orasida kelayotgan yaxshi otliq qurolsiz ikki yo‘ldoshga bu tog‘ qashqirlarining ko‘zlari tushgach, qiziqib qolmasinlar deb shu kechani uyg‘oqlik bilan o‘tkazmoqchi bo‘ldik.

Tong oshiradigan otlarimizni qalmoqchasiga olishtira (almashtirib, sodda-mustahkam) bog‘lab, oyoqlariga chiydar (ot tushovi) solingan holda ko‘z oldimizga keltirib qo‘ydik. Shu kecha tun qorovullig‘ini o‘zim olmoqchi edim, biroq yo‘ldoshim Ibiloxun meni qo‘ymasdan bu xizmatni yolg‘iz o‘zi bajarmoqchi bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, men unga ko‘p ishonolmay, tun yarmi o‘tgach meni o‘yg‘atib o‘zi uxlashi sharti bilan yotdim. Ot ustida o‘n soatlab uzun yo‘l yurib charchaganimdan shunday bosh qo‘yishim bilan qattiq uyquga ketibman. Bir vaqt uyg‘anib qarasam Ibiloxun dang qotib uxlab yotibdi. Otlar ikkovi ham yo‘q. «Hay, senga nima bo‘ldi?» deb qattiq qichqirishim bilan u ham uyg‘ondi. Nima qilishimizni bilolmay ikkalamiz ham bek shoshqinliqqa tushdik, chunki bu yerning har ikki tomoni ham yayov yurishga uch-to‘rt kundan kam bo‘lmagan, xatarlik yo‘l edi. Xurjun-xalashlarimizni ko‘tarishib, oziq ovqatsiz bir necha kunlab yo‘l yurishga to‘g‘ri kelar edi.

Shuning uchun Rasululloh sallallohu alayhi vasallam safar xatarlaridan saqlanish uchun uydan chiqar oldida ikki rakat safar nomozini o‘tab, «Al-hamdu» surasi so‘nggida «Oyatal kursiy» yoki ikki marta «Qul‘auzu» surasini o‘qib, nomozdan so‘ngra shu duoni qilishni buyurdilar: «Allohumma inni auvzu bika min va asoissafari va kaobatil munqolabi va suvil manzari fil moli val ahli val vald». Ma‘nosi: «Ey bor xudoyo, safar xatarlaridan saqla! Qaytib kelishda mol, jon yoki oila ichida ko‘ngilsiz, yomon ishlar ustiga chiqishdan asra» demakdir.

Qarasak, vaqt yarim kechadan og‘mish edi. Bizlarga ko‘zlari tushgan ko‘chmanchilar ataylab kelib o‘g‘irladilarmi, yoki ochiqqan, chanqagan otlar qandaydir bo‘shanib olgan bo‘lsalar, suv tovushiga ergashib, to‘qay ichiga tushdilarmikin, deb chidab turolmay, ko‘zga sanchisa ko‘rinmas qop qora tun ichida timirskilashib, har ikkovimiz ot qaramoqchi bo‘lib ikki yoqdagi to‘qay ichiga kirdik. Bunday joylarda bo‘ri, ayiq kabi yirtqich hayvonlarning bo‘lishi belgilikdur. Soqliq yuzasidan pichog‘imni qo‘limga olib, to‘qay ichida turtinib yakin ikki soat qidirganim so‘nggida, ot sharpasi bilinmagach qaytib chiqishga majbur bo‘ldim. Hay, shu kechaning uzunligi jonga botdi! Har ikkovimiz zoriqa oriqa telmurganimizcha o‘ltirib, arang tong otqizdik. Yo‘ldoshim Ibiloxun o‘z qilmishidan xijolatga qolib, bosh ko‘tara olmagan bo‘lsa ham, uyg‘urlar «Mullam, duoga zo‘rlang» deganday, men o‘z odatimcha duoga kirishib «Solotan tunajjiyno»ni o‘qish bilan tong ottirdim. Tong otishi bilan nomozimizni o‘qib olgach, yana izlashga kirishdik. Kun ko‘tarilgan chog‘i edi. Chuqur soy bo‘yidagi to‘qay ichida «Hay, ot buyoqda ekan!» deb yiroqdan qichqirgan yo‘ldoshimning uni eshitildi. Shu bilan bir zumda boshimizdan g‘am tog‘i ko‘tarilib, bu kabi qo‘rqinchlik yerlarda safar xatarlarining qayg‘ulik, qorong‘i tuni qoplagan tutiq ko‘nglimiz bir damda ochildi. Yaxshi, xudo o‘nglab boshqa harom qo‘l tegmagan ekan, tezdan otlarimizni keltirdik, yemo‘p yegizib qondirganimizdan so‘ngra, yana yo‘limizga tushdik.

Biroz vaqt yurganimizdan keyin Ketmontepa tomonidan qochib kelayotgan bola aqalik ruslar, manzilga yetgunimizcha uzulmay oldimizdan o‘tkani turdilar. Nima bo‘ldi ekan desak, O‘sh atrofidan bosh ko‘tarib chiqqan Xolxo‘ja degan qurboshi qurollik-qurolsiz yuz chamali yigitlari bilan kelib, Ketmontepa qishlog‘ida tinch yotgan ruslarni qamab qo‘rqitgan ekan. Orada bir qo‘nib, ertasi Ketmontepaga yetdik. Bu esa orqa Turkiston bilan Farg‘ona tizma tog‘lari orasiga tushgan Ora yaylov qatorida mashhur Susamir yaylovining oyog‘i bo‘lib, obxaci rtacha, yeri keng, suvlari mo‘l, kelishgan go‘zal bir yerdir. Ekinchilik ishlari bek unumli bo‘lib, ayniqsa har turlik don o‘simliklari boshqa yerlarga ko‘ra bu yerda to‘lig‘i bilan yetishadi. Bug‘doy nonlari juda ham tamlik bo‘lg‘anlikdan, chet yoqadan keluvchi yo‘lovchilar buning oldida boshqa narsani ko‘p qo‘msamaydilar. Shuning uchun chor hukumati zamonidayoq bu joylarga qiziqish boshlanib yerlik qirg‘izlar emas, rus kelgindilari bilan keraklik bari o‘rinlar to‘ldirilmish edi.

Shunday qilib otushlik savdogarlardan birining uyiga qo‘nib, bir kun dam olganimizdan so‘ngra, bu yerdan chiqib yurganimizcha Ichinsoy degan uzun bir o‘zanga tushdik. Bosh oyog‘i ko‘rinmaydigan uzun soy ichi to‘lgan pista, bodom, yong‘oq kabi qalin mevali daraxtlarni oralab yurganimizcha, Norin daryosi bo‘yiga chiqdik. U kunlari bu daryo ikki qisiq tog‘ oralig‘ida oqayotganligidan, tikka tog‘ belidagi yolg‘iz oyoq tor yo‘ldan otliq yurish anchagina xatarlik edi. Shu kungi qo‘nolg‘idan o‘tgach orada yana bir qo‘nib, Norin suvidan Xo‘ja ko‘prigi orqalik o‘tib, Uchqo‘rg‘on qishlog‘iga kirdik. Bu esa, yo‘lovchilar shimoliy tizma tog‘lardan o‘tib, Farg‘ona vodiysiga tushgach, birinchi navbatda uchraydigan qishloqdir. Namangan, Andijon va boshqa Farg‘ona shaharlariga shu yerdan tarqaladilar.

Bizning bu safarimiz 1921 yili bo‘lganlikdan «bosmachi» nomidagi xalq qo‘zg‘olonchilarining eng ku-chab yotgan vaqti edi. Bir qishloqda bolsheviklar, ikkinchisida «bosmachi»lar turib, oralarida otish-ma-chopishmalardan chiqqan miltiq tovushlari uzulmas edi. Mingan otlarimizni ko‘rgan kishilar: «Hay, qanday bo‘lar ekan, bu o‘xshash yaxshi otlarga ko‘zlari tushgaqda, hech qachon qutilolmaysizlar. Oriq otlarin berib, bu otlaringizni tortib olmasalar», deb bizni vahimaga soldilar. Shundoq bo‘lsa ham, Andijon shahriga yetkanimizcha biriga biri tutashishgan qalin daraxtlik qishloqlar oralab ketdik. Ko‘cha boshlarida o‘ltirishgan odamlar, «Hali shu yoqqa ketgan «bosmachi» beklar sizlarga qaerda yo‘liqishdi?» deb so‘rashar edi. Alloh saqlagan bo‘lg‘aykim, hech narsa ko‘rmay, yaxshi eomonlarga yo‘liqmay, to‘g‘ri yo‘limizda ketaverdik.

Urganch qishlog‘idan chiqib, Andijonga yaqinlashgan sayin urush alomatlari ko‘rina boshladi. Shundoqki Andijon, Namangan poezdlari butunlay to‘xtalgan, temir yo‘llari buzilib, stanqiyalari kuydirilgan ekan. Shu kabi alomatlar ichida yurganimizcha omon son Andijonga yetdik. Shahar ichiga kirgach qarasak, butun ko‘chalarda chuvalib ochilib yotgan paxta toylari hisobsiz edi. So‘rasak, biz kelishdan uch o‘rt kun ilgari Madaminbek shaharga hujum qilib kirganida, har ikki tomon askarlari paxta toylarini o‘zlariga qalqon qilib otishishgan ekanlar. So‘ngra bularni shahardan chiqarish uchun qal‘aga qamalgan bolshevik askarlari tomonidan otilgan to‘p ambaraklaridan shahar xalqi, xonadon uylar, bozor rastado‘konlari anchagina zararlanmishdir.

Shu vaqtlarda Rusiya mamlakati bo‘ylab boshqa joylarda ham bolsheviklarga qarshi xalq ko‘tarilmish edi. Ichki Rusiyada Kolchak, Vrangel kabi harbiy kishilar, O‘rinburg kazaklaridan Duto‘v, Aninkovga o‘xshash generallar bosh ko‘tarmish edilar. Mamlakat bo‘yicha har joydagi qurollangan harbiy kuchlar uchun kerakli bo‘lgan narsalar, iqtisodiy ishlar vayrongarchilikka uchraganligidan, hojatga yetarlik emas edi. Yoqulg‘ular esa yo‘qolishga yetib, temir yo‘l parovozlariga ko‘mir yo‘qligidan o‘tin yoqishga majbur edilar. Yana u kunlari O‘zbekistondagi butun ruslarning soni hozirgi sonidan yuzdan biricha ham kelmas edi. Buning ustiga uzun Dashti qipchoq cho‘llap orqali oramiz ajralganligi tufayli, vatanimiz O‘zbekiston Ovrupo bosqinchilari markazidan yiroq turishi; yana 6u kunga qaraganda ozu o‘p diniy, milliy hissiyotimizning borlig‘i kabi narsalar u kunlari biz uchun kerakli bo‘lgan butun ishlarimizni qulaylashtirishga yo‘l ochmish edi.Qisqasi, Vatanimiz O‘zbekistonni bosqinchi qizil askarlar qo‘lidan qutqazib olish sharoiti shu chogda tugilmish edi. Ulardan foydalanish yo‘llarini nega topolmadilar? Buning birdan bir sababi u kunlari xalqimiz ichida siyosat olamiga tushungan, oz bo‘lsa ham zamonaviy ilm o‘qib bilgan kishilarimiz yo‘q hisobida bo‘lishidir. Buning misoli shulkim, qurilish va binokorlik asbob-uskunalari agar to‘ligi bilan topilar ekan, unga rahbarlik qiluvchi muhandislar, tajribalik usta shchilar bo‘lmasa u binoning qurilishi, albatta, mumkin emasdir. Shunga o‘xshash bir millat o‘z milliy davlatini qurib olishi uchun zamonasiga loyiq butun asbob skunalarni qo‘lga keltirgan taqdirda ham, shu narsalarni o‘z o‘rnida ishlata bilgudek, milliy hissiyotlik siyosiy arboblarga, albatta, muhtojdir.

Hozirgi o‘qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo‘lmas ekanlar, ulardan bizga, ya‘ni o‘z xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o‘zimizdan chiqargak yov qo‘lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo‘ladilar. U holda esa o‘zlaridan umid etilgan vatan o‘gillarining qo‘llari bilan vatan ahllarini ko‘mishga chuqur qaziladi demakdir. Endi milliy hissiyotlarini saqlash uchun o‘zlarida ikki narsaning bo‘lishi, albatta, shartdir. Birovi din, ikkinchisi esa har millatning o‘ziga xos ona tilidur. Bolsheviklar hokimiyati qurilgan kundan boshlaboq, diniy marosimlarimizni asosi bilan yo‘qotishga kirishganlikdan hozirgi bolalarimizning diniy hissiyotlari yo‘q hisobida qolmishdur. Buning ustiga yana o‘z ona tillaridan ham ajrar ekanlar, u chogda diniy va milliy hissiyotlari butunlay yo‘qolib, ko‘p uzoqlamayoq ruslarga yutilib ketishlari shubhasizdir. Bu esa ota-bobolarining suyaklari bilan bir qatlami ko‘tarilgan go‘zal O‘zbekiston ona vatanlarini bosqinchilarga qoldirib, o‘zlari inqiroz chuquriga yuz tuban yiqilgan holda, tarix yuzidan abadiy o‘chiriladi demakdir. Bunday odamlar shu millat oldida eng katta jinoyatchi, olchoq odamlardir. O‘z ota obolarini unutib, boshqalarga qo‘shilgan bunday kishilar haqida pashambarimiz Muhammad alayhissalom norozilik bildirib la‘nat o‘qidilar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, shahar ichiga kirgach ruhi o‘chgan kishilarni, ko‘ngilsiz kuyalarni oralagancha Xo‘tan ariq bo‘yida ota mahallamizdagi pochchamiz Abdullahoji uyiga tushdik. U kecha orom olib, ertasiga Olimxonto‘ra akamiz bilan ko‘rishgandan keyin, bu yerda haftao‘n kunlab turishga to‘g‘ri keldi. Shu muddat ichida ko‘pgina kishilar bilan so‘zlashgan bo‘lsam ham, u kunlarda dushmanlar tomonidan qo‘llanilayotgan siyosat sehriga tuvalik (asosi bilan, tag-tugi bilan, chuqur) tushungan birorta kishini uchratolmadim. Shundoqqi, Maskov sehrchilari «bosmachi» nomida chiqqan qo‘zg‘olonchilarni hech kimga tuydirmay (bildirmay, sezdirmay) o‘zlarining eng yaqin qurollik askarlari qatoriga qo‘yib, ulardan foydalanmoqda edilar. Chunki, inson nasli yer ustiga taqalgandan beri hech davrda ko‘rilmagan buzuq, jirkanchli tuzumini bolsheviklar hech kimga qabul qildirolmagach, insonning hayotiy yemak-ichmak oziq-oqatlariga osilib, biror kishi uyida don urug‘idan ortiqcha hech narsa qoldirmay yig‘ib olishdi. Shu orqalik xalqni och o‘ldirish qo‘rqinchi bilan o‘zlariga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldilar. Lekin bu zulmlarini shahar ichlarida qamov dov kabi har turlik vahshiyliklar orqali tezda bajara olgan bo‘lsalar ham, shahar atrofi qishloqlarda sharoiti to‘g‘ri kelmagach, bu siyosatni yurgiza olmadilar. Chunki, bu kabi boshi tuyuq (berk), qorong‘u ko‘chaga xalqni kirgizish faqat iqtisodiy, siyosiy majburlik orqaligina bo‘lishi mumkindir. Shuning uchun bolsheviklar atrofdagi o‘zlariga qarshi bosh ko‘tarishgan nodon dushmanlarga ostirtdan (yashirincha, pinhona) qurol yetkazib turish siyosatini qo‘lladilar.

O‘lka bo‘yicha o‘n mingdan oshiq taxminlangan qo‘zg‘olonchilar askarlarini bir maqsad, bir nuqtaga keltirib, bir tug‘ ostiga to‘plagudek yerliklar ichidan ishga yaramlik birorta odam chiqmaganliqdan, bu qora botirlar nima qilishlarini bilmagach, o‘zlarini ta‘minlash uchun xalq boyligini talashga kirishdilar. Natijada butun xalq borliq boyliklaridan ajrab, qanot-quy-rug‘i yulingan qarg‘adek och-yalang‘och, bir tishlam nonga zor bo‘lgan holda «gah» desa qo‘lga qo‘ng‘udek bo‘ldi. Zamonga tushunmagan u qora botirlarga xalqning nafrati oshdi va ular bosmachi degan nomni oldi.

Bularning ichida bir oz bo‘lsa ham zamonasiga tushungan, xalq oldida hurmati bor, ishonchligi ortgan Madaminbekni o‘rtadan ko‘tarish zarur bo‘ldi. Qandaydirki, 6u masalani qurol kuchi bilan emas, balki makr-hiyla orqalik hal qilishga kirishganlikdan tubandagi moddalarni qabul qilgan bo‘lib, u bilan 6itim tuzmish edilar:

1. Farg‘ona muxtoriyatini tasdiqlash.

Sharoitga qarab o‘n mingdan qirq minggacha Madaminbek qo‘l ostida milliy askar saqlash va bularning qurol-yaroqlarini markaziy hukumat tomonidan ta‘minlash.

O‘quv-o‘qituv ishlari yerlik hukumat ixtiyorida bo‘lib, o‘z ona tillarida yurgazish.

4. Musulmonlarning diniy va o‘zaro da‘vo ichki ishlari butunlay o‘z qo‘llarida bo‘lish va shariat buyrug‘icha amalga oshirish.

Mana shular kabi eshitishga ancha foydalik ko‘ringan ishlar bilan kelishim tuzilgan so‘nggida (1920 yillar) Madaminbek Toshkentga chaqiriladi. Uning kelish hurmati uchun, chet davlatdan kelayotgan hukmdorlarga qilgandek, ko‘chalar bezatilgan holda tantana bilan qarshi olinib, katta marosim o‘tkazilmish edi. Buni ko‘rgan musulmonlarning ruhlari ko‘tarilib, tarixiy an‘analari qo‘zg‘olganlikdan milliy ozodlik umidi bilan milliy hukumatlarini eskarmish (eslamish, yodiga tushirmish) edilar. Bundan foydalangan Vatan bosqinchilari o‘zlarining oldindan o‘ylab qo‘ygan makr-hiylalik rejalarini tezlik bilan amalga oshirish siyosatiga kirishdi. Yo‘q esa har ikki tomon rizoligicha to‘xtam qilingan bitim moddalarini xalqaro qonun bo‘yicha amalga oshirishlari lozim edi.

Bunga qaramay bekka iltimos qilgan bo‘lib, Farg‘onada qolgan Ko‘rshermat, Xolxo‘ja kabi qo‘zg‘olonchilarni ham Toshkentga keltirishni unga taklif qildilar. Bu ham «Ular mening so‘zimdan chiqmaydi» deb, ishonganlikdan ehtiyot yo‘lini o‘ylamay to‘g‘ri bular oldiga kelmishdir. Holbuki, makkorlar allaqachon o‘z qo‘llari bilan chuqurlar tayyorlab qo‘ymish edilar. Shundoqki, «Mana, sizlar ishongan Madaminbeginglar kofirga sotilib, o‘z foydasi uchun sizlarni tutib bermoqchi bo‘ldi. Bu ishni bajarish vazifasi unga topshirilmishdir. Yaqin orada kelib qolsa, shunga qarab chora ko‘rish kerak», degan yolg‘on fitna so‘zlarni tarqatib, u ongsiz qora botirlarni ishontirib turgani ustiga, Madaminbek ham kelmishdir. Haqiqatan ham ko‘krak kerib ot chopishdan boshqa hech ishni bilmagan, maslaksiz qora botirlar ko‘zlari unga tushishi bilanoq gapirtirmasdan «Hoy, sen bizlarni kofir bolsheviklar qo‘liga bermoqchimisan?» — deb uni o‘ldiradilar.

Bu ulug‘ jinoyatni bajarishgan so‘nggida ozu ko‘p kutilgan umidlar uzilib, ko‘z tutilgan ishlar butunlay o‘zgardi. Bosqinchilarga haybat ko‘rsatgan Madaminbekning qo‘zg‘olonchilar qo‘lida o‘lishi, musulmonlar uchun har holda foydalik ko‘ringan yuqorigi bitimning buzilib ketishi kelajakda kutilgan yerlik xalqlar manfaatiga qattiq zarba bermish edi. Bu fojialik voqeadan Vatan bosqinchilari o‘zlari tilagandek ikki taraflama foydalanib xiyonat maqsadlariga erishdilar.

Mana shundan keyin o‘lka bo‘ylab tarqalgan qo‘zg‘olonchilarning qo‘ri tugab, jamiyatlari buzildi; ruhlari tushib, to‘plari tarqashga boshladi. Yolg‘iz bolsheviklar emas, balki o‘z xalqlari oldida ham o‘g‘ri — bosmachi nomini ko‘tardilar. U ishda rejalari to‘g‘ri chiqqach, bundan bu bosqinchilar necha yoqlama foydalanishga kirishgani turdilar. Xalqni talash-bulashda, o‘ldirish-kuydirishda bosmachi nomida chiqqanlar ularning oldingi safdagi qurollik askarlari xizmatini bajardilar. Ko‘zlagan maqsadlari qo‘l kelib, rejalari to‘lgunchalik mahalliy xalq ustida o‘tkazish lozim bo‘lgan har turlik vahshiyliklarni nodon bosmachilar qo‘li bilan bajarish siyosatini tutdilar. Ularning qurollari esa bular tomondan ta‘minlanib turmoqda edi. Ish ortini o‘ylamagan, do‘st-dushmanning kimligini bilmagan bir to‘da yasama vahshiylar orqalik o‘ylagan rejalari to‘lib, ko‘zlagan ishlari bajarilib bo‘lguncha butun ko‘pchilik xalq jonlaridan to‘yib, qanot-quyrug‘i yulingan, tumshug‘i bilan yer tirnagan qush kabi nima desa bo‘yinsunishga tayyor bo‘lgan edi.

Makkor, hiylagar Maskov sehrchilarining tubgi (asl) tutgan siyosatlari esa butun yerlik xalqlarni, yuqorida aytilgandek, o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izlash, iqtisodiy bo‘lgunlikka (inqiroz) tayyorlash edi. Telba, majnunlar qo‘llariga qurol ushlatib, shu orqali ishlari baja-rilib, rejalari to‘lgan so‘nggidagina iblis Kalinin (KPSS va sovet davlati arboblaridan, bolalarga qarshi dunyoda birinchi chiqarilgan vahshiyona «Uch boshoq qonuni»ning bosh muallifi sifatida ham «mashhur») 1925 yili Maskovdan keldi. Buning kelishini, har yoqlama iskanja azobi ostiga olinib, eng oxirgi da-mini arang olayotgan bechora musulmonlar o‘zlari uchun najot bayrami hisoblab, tantana bilan uni qarshi oldilar. Haqiqatda esa, bu jallodlarning maqsadi bo‘ri og‘zidan qutqarib olib, o‘zlariga qurbon qilish edi. Harholda bosmachilik plani to‘lib, bu hakdagi siyosat o‘zgarganlikdan Kalinin va uning hay‘atlari kelishi bilan har joyda qurilgan zulm-sudlari ishga kirishib, butun bosmachilarni o‘limga buyurdilar. Shu bahona bilan o‘zlariga to‘g‘ri kelmagan ko‘p yerlik, o‘z Vatani uchun qayg‘urgan kishilar otilib-chopilib, qolganlari surgun qilindi. «Dushman qo‘li bilan ilon boshini yanch» degan maqolimiz o‘z ustimizda ishlatilib, o‘z qo‘limiz bilan o‘zimizni bo‘g‘izlatdilar. Shunday bo‘lib, 6 — 7 yil davom etgan qo‘zg‘olonchilar hara-kati ongli ravishda ilmiy-siyosiy asosga qurilmaganlikdan oxiri achinarlik holga aylanib, butun ishlari natijasiz bo‘lib chiqdi. Yo‘q esa, qancha xalqimiz qonlari o‘rinsiz to‘kilgani ustiga ne qahramon yigitlarimiz, Vatan o‘g‘lonlari bu yo‘lda qurbon bo‘lmas edilar.

Eshitishimcha, Kalinin 1922-1925 yillari bu O‘zbekiston-Turkiston o‘lkasida o‘zlari tilaganday bajarilgan butun ishlarni yakunlab Maskovga qaytib borgach, uni yigirma mingdan ortiq odam qarshi olib, kutib chiqmishdir. Shu chog‘da ularga qaratib Kalininning birinchi aytgan so‘zi: «O‘rtoqlar! Bog‘-bo‘stonga o‘ralgan, noz-ne‘matga to‘lgan O‘zbekistondan partiyamiz sizlar uchun, butun rus xalqi uchun oliy joylar tayyorladi. Birinchi sizlarni shu bilan tabriklayman», — demishdir. Hozirgi tarixdan qirq necha yillar ilgari aytilgan uning bu sovuq so‘zi aytilgancha qolmay, balki kun sayin amalga oshayotganlikdan, u kunlarda 10% ga yetmagan ruslarning soni shu kunlarda tezdan oshib borayotgani ko‘z oldimizda turibdi.Endi boshdan-oyoq bu kabi fojialik tarixiy so‘zlarni yozishimdan ko‘zlagan mening tubgi maqsadim esa quruq dostonchilik emas, balki butun insoniy huquqlaridan mahrum etilgan, o‘z Vatanida turib garib bo‘lgan Turkiston xalqini, ayniqsa, hozirgi va kelajakdagi Vatan yoshlarini ogohlantirib, o‘lim uyqusidan uygotishdir. Ko‘nglimdagi munglik qaygularimni qalam tumshugidan to‘kib yozgan bu kitobimni o‘quvchi va ham eshituvchi vatanparvar, millatsevar qahramon bolalarimizga mening topshirigim shulki, tilim uchidan emas, dardlik dilim ichidan chiqarib yozgan yolqinlik so‘zlarimni faqat uqibgina o‘tmasdan har bir otz so‘zini tekshirib1, uning ustida fikr yuritsinlar. Insoniyat taraqqiyoti emas, madaniyat taraqqiyoti bo‘lmish XX asrimizdagi insonlar milliy, vataniy, diniy huquqlarini saqlash uchun qaysi narsalarni qo‘lga keltirishi zarur ekanligini yaxshi tushunib, uning chorasiga kirishsinlar.

Xaqiqatda esa, erklik Vatan hokimiyati o‘z qo‘limizda bo‘lmagach, boshqalar foydasiga butun huquqlarimiz oyoq ostiga tushib depsalmoqda. Lekin huquqlar himoyasining eng kuchlik quroli hisoblangan ilm-hunar, maorif eshiklari hozirgi kunda inson olami yuziga butunlay ochiqdur. Shu sababdan tushungan Vatan o‘glon-qizlarimiz zamonaviy har ilm-hunarni asosi bilan yaxshi tushunib, imkoniyat boricha bilib o‘zlashtirishga boshqalardan ortiqroq kirishmoqlari lozimdur. Chunki, «Ish — bilganniki, qilich — urganniki» degan hikmatli otalar so‘zini amalga oshirar ekanlar, albatta, Vatan ahllari, ayniqsa, zamonaviy o‘qishib yetishgan o‘gil-qizlarimiz o‘z ishlarini bajarib, munosib o‘rinlariga ega bo‘la oladilar.

Agar qo‘lida sharoit bo‘la turib, bir qonuniy mamlakatda o‘z qonuniy haqqiga ega bo‘lolmaganlar kishilik sharafidan ajragan, insoniyat haqqini tanimagan, odam suratlik hayvonlardir. Chunki sharoiti topilsa ham, o‘z haqqiga yetolmaslik esa ojizlik ustiga ishga yaramaslik demakdir. Bunday odamlarni o‘tgan donishmandlar misol keltirib, ogzidagi nonini itga oldirgan, qo‘l-oyogi sog, qurollik kishiga o‘xshatadilar.

Mana shuning uchun payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini tubandagi uch narsadan bek saqlanishga buyurmishdir:

Ojizlik,

Qo‘rqoqlik,

Dangasalik-ho‘rinlik.

Sharoiti bo‘la turib, o‘z haqqiga ega bo‘la olmagan kishini arabchada «ojiz» deyiladi.

Kishi nima narsadan qo‘rqsa, shu narsa qo‘rquvchi boshiga balo bo‘lib, aning oldida maglubiyatga uchraydi. Ko‘rqoqlar ko‘p yaxshiliklardan quruq qoladilar.

Dangasalik-ho‘rinlik — bu esa ishchanlikka qarshi bo‘lib, hayot olamida insonlar uchun eng ziyonlik yomon sifatlardandir. Shuning uchun payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Tani sog bekorchi, dangasa odamlardan Xudo bezor», — dedilar. Yana payg‘ambarimiz aytishlaricha, har bir aqli bor odamlar o‘z holatlarini tekshirib turishlari, o‘z zamonasiga to‘liq, yaxshi tushunishlari, albatta, lozimdir.

Biz, O‘zbekiston xalqi, haqiqatda shu vatan ahllarimiz. Inson nasli yaratilib, yer ustiga qadam qo‘ygan kundan boshlab, bizning ota-bobolarimiz shu O‘zbekiston o‘lkasida yashab kelgan ekanlar, shu kunlargacha tiriklarimizni bo‘ynida ko‘tarib, o‘liklarimizni qo‘ynida saqlamishdir. Bu O‘zbekiston Vatanimizning bir qatlami biz o‘zbek xalqi ota-bobolarimizning suyaklari bilan ko‘tarilmishdir. Demak, bo‘ynida ko‘targan, qo‘ynida saqlab oq sut berib tarbiyat qilgan bu O‘zbekiston — Turkiston bizning o‘z ona vatanimizdir.

Endi yuqoridagi so‘zga ko‘ra biz o‘zbeklar shu kungi holimizni yuzaki emas, chuqurroq tekshirib ko‘raylik. Qaysi holda turamiz, qanday xorlik ostida yashaymiz, hayotimiz ustidan kimlar hukm yurgizib, taqdirimiz kimlar qo‘liga topshirilmishdir? Jannat kabi bog‘i-bo‘ston, noz-ne‘matlik Vatanimizga kimlar ega bo‘lib, ul joylarda kimlar o‘ltiradi? Vatanimiz, boz ustiga mol-dunyomiz, axloq-odoblarimizdan bizni kim ajratdi? Butun hayot, hosilot, erk-ixtiyorimizni majburiy ravishda qo‘limizdan kimlar tortib oldi?

O‘zbekiston, ayniqsa Qirgiziston, Qozogiston o‘lkalarida o‘z ahllaridan necha barobar bosqinchilar ko‘payib, butun yerlarimiz ruslashtirildi. Boshqalarga ko‘z bo‘yov uchun qogoz ustida «O‘zbekiston», «Faloniston» degan nomlar berib, ish ustida Maskov tomonidan tayinlangan bir qancha Vatan xoinlari, amalparast, vijdonsiz, maslaksiz odamlarni yerlik xalqlar nomidan qo‘ygan bo‘lib, iqtisodiy, siyosiy, harbiy ishlarni o‘z qo‘llarida tutmoqdalar. Xalqimiz o‘z mehnatlari bilan topgan iqtisodiy boyliklarni va Vatanimizdagi tabiiy boyliklarni uyatsizliklarcha talamoqda.

Xrzir yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida butun dunyo bo‘yicha mustamlakachilik davri yo‘qolish oldida turishiga qaramay, biz Turkiston xalqi sovet bosqinchilarining ajoyib bir mustamlakachilik davrida turibmiz, hatto xalqimiz ruslashtirilib, yo‘qolib ketish xavfi bor. Bizlar butun huquqlarimizdan ajragan holda, bog-bo‘ston, noz-ne‘matlik Vatanimiz, ota merosi halol mollarimiz ko‘z oldimizda, baqraytib turib, bosqinchi dushmanlarimizga bo‘lib berilmoqdadir. Unumlik Vatanlaridan necha million tonnalab «oq oltin» — paxta chiqarib berayotgan baxtsiz dehqonlarimizning xo‘jaliklari bo‘lgunlikka tushib, shu kunlari qanday ogirchiliklar bilan kun kechiradilar.

O‘z eli, o‘z yerida garib bo‘lgan bu bechoralarga gamxo‘rlik qiluvchilar, bularni qaygurib eskaruvchilar bormi? Bu uyatsizlar «Itingni och saqla, or tingdan ergashsin», degan maqolni tilga keltirmasalar ham amalga oshirdilar. Haqiqatda Vatan qadrini bilmagan hozirgi (1960 yillardagi) O‘zbekiston hukumati boshliglari kabi bir necha mansabparast, ochko‘z kishilarni orqaga ergashtirib, shular orqali o‘z maqsadlarini bajarmoqdalar. Zilzila bahonasi bilan (1966 yil 26 aprel Toshkent zilzilasi) bizga yordam yetkazmoqchi bo‘lib sel kabi qoplab kelayotgan bosqinchilar kimlar hisobiga yayrashib, kimlarning Vataniga ega bo‘ldilar? Yerlik xalqlarni shahardan chetga haydab, bularning joylariga necha qavatlagan imoratlar solinib, bu imoratlarga butunlay ruszabonlarni ko‘chirib keldilar. Uyidan ajragan bechora yerlik xalq yosh bolalari bilan ko‘chalarda diydirab yurib, arangina bir oshyona solish imkoniga ega bo‘ldilar.

Mana bu fojialarga umumiy Vatan ahllari — o‘zbek xalqimiz, ayniqsa yangi hayot egalari, zamonaviy o‘qimishlik Vatan bolalarimiz, siyosatshunos vatanparvar, zamonaviy buyuk olimlarimiz ahamiyat berib qattiq qaygurishlari, albatta, lozimdir. Chunki bir millatning Vataniga tushgan ofatlar esa u millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora ko‘rilmas ekan, ko‘p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o‘chirilib, u millat tub tomiri bilan yulinib tashlanadi. Hozirda esa bizga qarshi qo‘yilgan bosqinchilar kuchi boshlangich davrga qaraganda yuz barobar oshganlikdan, biz Vatan ahllari ular oldida tog ostida qolgan chigirtkachalik ham kuchga ega emasdurmiz.

Lekin bunga qarshi toglarni agdargudek kuchga ega bo‘lgan ularning dushmanlari esa payt poylab qarshilarida qarab turibdilar. Endi bizga bularning temir changallaridan qutulish uchun zamonaviy ilm-hunarlarni qo‘lga keltirib, vaqt kutib tayyorgarlik ko‘rishdan boshqa chora mumkin emasdir.

Bayt:

Sabr qil, boglar zamon dushman qo‘lin orqasiga,
Vaqtin o‘tkazma o‘shanda, dushmanni ur boshiga.

Chunki bir davlatning qurilishi uchun misoli bir zavod binosining qurilishi kabi shunga yetarlik har xil asbob-uskunalar tayyorlash, albatta, lozimdir. Unga keraklik yaroq jabduqlar, quruvchi usta ishchilar, boshqaruvchi o‘tkir ko‘zlik muhandislar hozirlangan so‘nggida vaqti yetib sharoiti kelar ekan, davlat binosi shaksiz quriladi demakdir. Endi bu maqsadni qo‘lga keltirishga zamonaviy ilm-hunarni to‘liq ravishda o‘zlashtirib, tarixiy an‘analarimizdan ajramasdan diniy ruhimiz, milliy hissimizni qo‘ldan bermasligimiz eng birinchi shartdir.

Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Akamiz boshliq qarindosh-urug‘lar bilan ko‘rishib, zamona ahvoli bilan tanishganimizdan so‘ngra, o‘z joyimiz Bolosog‘un-To‘qmoq shahriga qaytmoqchi bo‘ldik. Kelgan yo‘limiz tog‘ safarining xatarlaridan saqlanib, poezd bilan Toshkent orqali ketmoqchi bo‘lsak ham, u kunlardagi tartibsizliklar sababli bir hafta, o‘n kunlab poezd bileti ololmay yurgan kishilarni ko‘rgach, yana tog‘ yo‘li bilan qaytishga to‘xtaldik. Qaytish kunlarimizda bosmachilar joylashgan qishloqlarni oralab o‘tishga to‘g‘ri kelganlikdan otlarimizdan ajralib qolish qo‘rquvi bo‘lsa ham, xatarli joylardan salomat o‘tib, tog‘ ichiga kirdik. Ketman dovonidan o‘tib, yo‘l o‘rtalanib qolgach, qarasak, bosmachilar sababli o‘tkinchilarni tekshirish uchun yo‘l bo‘yiga soqchi askarlar qo‘yilmish ekan. Ularga uchrashishlik ham, uchrashmaslik ham xatardan xoli bo‘lmaganlikdan, dushman yuzini ko‘rmaslikni ortiqroq ko‘rib, yo‘l chalg‘itib qutulib ketdik. Ular bizni qanday qilib ko‘zlaridan yo‘qotib qo‘yganliklarini o‘zlari ham bilmay qoldilar. Ular ko‘zidan uzab olgach, o‘yqirlik dalalari ko‘p tog‘ orasidan tizgin tortmay chopganimizcha, keng bir tekis yaylovga chikdik.

Tun qorong‘usi emas, to‘liq oydin kechasi bo‘lganlikdan, yirokdan bizga qarshi kelayotgan bir to‘p otliq kishilarning qorasi ko‘rindi. Oldimda ot tosqog‘i (elishi) bilan ketayotgan yo‘ldoshim Ibiloxun qanday qilamiz deganday qilchayib (bezovtalanib) menga qaray bergach: «Shu yurishingni buzma, yo‘ldan chiqmay, shu chopg‘aningcha yuraber», dedim. Oramiz bir-ikki chaqirimcha qolgan edikim, biz tortinmay to‘g‘ri kelayotganimizdan cho‘chishgan bo‘lishlari kerak, to‘g‘ri yo‘ldan tog‘ tomonga burilishib, ko‘zimizdan g‘oyib bo‘ldilar. Bularning bizdan qochqaniga qaraganda, ular Qirg‘izistondan O‘zbekistonga yoshirincha qatnovchi savdogarlar deb o‘yladik. Shu bilan orada bir qo‘nib, Qalmoqoshuv orqali Merki shahriga tushib, undan uch qo‘nib To‘qmoqqa yetdik. Bu safarimizning borish-kelishi yaqin bir oy chamali bo‘lmish edi.

Qorako‘l Shahri

Shu bilan To‘qmoqqa kelib ming turli tashvishlar orqali biror yil o‘tkarib edim, shu orada o‘ntacha shogirdlarini ergashtirgan holda mashhur Lo‘liqori laqablik Ro‘ziqori domla biznikiga mehmon bo‘lib Andijondan kelib qoldi. Bu kishi biz bilan Buxoroda bir pir, bir ustoz bo‘lg‘onlikdan, eng hurmatlik sanalgan aziz mehmonimiz edi. Imkoniyat boricha besh-o‘n kunlab mehmonnavozlik xizmatimizni bajo keltirdik. Qarasam, bu yerning ob-havosi mijozlariga to‘g‘ri kelib qoldi. Asli maqsadlari esa Qorako‘l (Hozirgi Qirg‘iziston shahri) orqali Yorkentga, u yerdan G‘uljaga o‘tmoqchi ekanlar. Yo‘lboshchilari u tomondan xabar kelturguncha shu yerda turmoqchi bo‘ldilar. Darhol o‘z istaklaricha, To‘qmoqdan o‘n ikki chaqirimlik tog‘ ichidagi Bektoshota mozo-riga chiqarib qo‘ydim.

Bektoshota — hozirgi tarixdan 900 yil ilgari o‘tgan Turkiston hoqonlaridan Jambuldagi Avliyoota laqablik Qoraxon podshoh bilan zamondoshdir. Bektoshota u kishining laqablari bo‘lib, nomlari esa Abdulaziz bobodir. Mehmonlarimiz bu mozorga chiqarilgach, ixloslik musulmonlar bular uchun har to‘g‘rida yordamlarini ayamadilar. Orada 30 — 40 kun o‘tgandan keyin bularni G‘ulja tomonga kuzatib qo‘ydik.

Shu kunlar dahriylar davlatining boshlang‘ich davri bo‘lganliqdan GPU jallodlarining dahshatli hara-katlari avj olmish edi. Bular ketib 5 — 10 kun o‘tar-o‘tmas meni Pishpekka chaqirib so‘roqka olg‘andin so‘ngra qamoqqa buyurdilar. Ketganlar ustidan necha qayta so‘roq o‘tkazib ilintira olmagach, uch oy chamaliq qamoqda yotib, yana bo‘shanib chiqdim. Bu esa to‘rtinchi yo‘l qamalishim edi.

Shu sababli safar taraddudini ko‘rib, To‘qmoqdan 250 chaqirim chamali sharq tomondagi Qorako‘l shahriga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqdim. To‘qmoqda turgan otushlik Abdurahmon tuyachi safar yo‘ldoshim bo‘ldi. Uydan chiqqach, orada bir qo‘nib Issiqko‘lga yetdik. U kunlari eng ko‘ngilli, manzarali bo‘lgan ko‘lni bo‘ylab yurganimizcha To‘qmoqdan chiqib beshinchi qo‘nalg‘uda shaharda bo‘ldik. Qorako‘l shahrining qurilgan o‘rni go‘zal manzarali, ko‘rkli bo‘lib bir yog‘i ko‘m-ko‘k shishadek ko‘karib turgan ko‘l qo‘ltig‘iga, ikkinchi tomoni, to‘g‘ri ko‘chalar bo‘lib, cho‘zilg‘anicha yam-yashil qarag‘ayli toqqa borib tutashgan edi. Biz borgan kunlari may oyiga to‘g‘ri kelganlikdan havo ochig‘ida ko‘l ko‘kday ko‘rinib, dala, tog‘-toshlari yam-yashil bo‘lib ko‘zga tashlanur edi. Shaharga kirgach, marhum otamiz qadrdonlaridan otushlik Ro‘zioxun hojim uyiga tushdik.

Qorako‘l shahri necha tomondan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir yer ustiga qurilmishdir. Birinchidan, bu joylarni butun tarixiy kitoblarda Turkiston beshigi, turk otasi O‘g‘uzxon poytaxti deb ataydilar. Ikkinchidan, islomdan ilgari madaniyatli o‘g‘uz turklari bo‘lgan Ediqut elining tupki vatanlari bo‘lib, Bolosog‘un esa turk hoqonlarining poytaxti edi. Uchinchidan, Movarounnahr (Turon) mamlakatlarida mo‘g‘ullar hokimiyati Temur sulton tomonidan zarbaga uchragach, To‘g‘luq Temirxon o‘g‘li Ilyosxo‘ja qo‘shinini taqamish qilib yuz ming askar bilan kelayotgan Amir Temur Issiqko‘l bo‘ylab Qorako‘l, Qorqora, Tekas, Ko‘ksuv, O‘g‘uz orqali o‘tib, cho‘ng Yulduzga tushmish edi.

U yerdagi mo‘g‘ul qoldiqlari ham yengilgach, Ilyosxo‘ja o‘g‘li O‘g‘lonxon o‘z askari bilan Oltoy orqali Qoraqurum Mong‘uliyaga qochmishdir. Bular ortidan Mirzo Ulug‘bek bobosi Temur sulton buyrug‘i bilan

o‘n ming otliq askar olib quvgan bo‘lsa ham, qochqinlarga yetolmay, Ertish suvidan quvib o‘tkazib ortga qaytmish edi. So‘ngra Ulug‘bekga yetarlik askar qo‘shib Muzdovon orqali Oltishaharga o‘tish, u yerlardagi mo‘g‘ullar hokimiyatini bitirgach, Koshg‘ar orqali Andijonga borishni buyurdi. O‘zi bo‘lsa bor lashkari bilan g‘olibiyat zafar bayrog‘ini ko‘targanicha Yulduzdan qaytib Toyoshuv, Dog‘ut, Kunas orqali To‘g‘luq Temirxon poytaxti Olmalig‘ga, hozirgi Qo‘rg‘osga kirdi. Bu yerdagi xon xazinalaridan qoldiqlarini sipirib olgandan so‘ngra, hoqon oilasiga ega bo‘lib, xon qizini o‘ziga nikohga olgach, mo‘g‘ullar uni ko‘ragon (kuyov) deb atadilar. O‘z rasmlaricha ulug‘lab, xon qizi tarog‘ini yuz mo‘g‘ul, sirg‘asini yana yuz mo‘g‘ul oltin qutilarga solishib boshlarida ko‘tarishganlaricha Samarqandga keltirdilar. Shular urug‘idan Taramochi, Sirg‘ali nomida ikki qabila o‘zbeklashib, Samarqand, Shahrisabz atrofida hozirgi kunga dovur yashab kel-moqdalar. Temur sulton shu safarida mo‘g‘ullarga eng so‘nggi qahshatqich zarba berib, Turon-Turkiston elidan ularning hokimiyatini tub-tomiri bilan yulib tashlamishdir. Chingiziylar davlatining so‘nggi hoqoni To‘g‘luq Temirxonning Samarqandga keltirilgan xazinasi ichida yashil toshdan yasalgan birovi ko‘k, ikkinchisi ok tusli kattaroq taxt toshlari ham bor edi. Samarqandda «Xitoydan kelgan ko‘ktosh» degan xalq og‘zidagi so‘z asli shundan chiqqan bo‘lishi kerak. Ko‘rganlardan eshitishimizcha, bu toshlarning to‘rt puchmog‘ida kosa og‘zidek to‘rt o‘yig‘i bor ekan.

Turkiston xalqi o‘zlariga bir kishini xon ko‘tarmoqchi bo‘lsalar, rasm odatlaricha shu o‘yiqlarga tilla to‘ldirib qo‘yar ekanlar. So‘ngra, yuz kishi sig‘ib o‘lturg‘udek, katta bir oq kiygiz ustiga xon bo‘lmish kishini o‘ltirg‘izib, to‘qson ikki bovli (unvonli) o‘zbek-turk urug‘idan kelgan to‘qson ikki ulus beklari ko‘tarishib, taxt toshi ustiga qo‘yar ekanlar. Palonchini xon ko‘tardik degan so‘z asli shundan chiqmishdir. Bu esa butun xalq uning xonligiga rozilik bildirib, unga bergan bayatlari o‘rnida qo‘llanib kelingan turk tuzuklarining birisidir. Shunda taxt toshi puchmog‘laridagi uymalangan tillani atrofdan kelgan ulus vakillari beklar bo‘lishib olur ekanlar. Mana, madaniyat vahshiylari Vatanimizga qadam qo‘ymasdan ilgari, Turon ahlining xon saylash usullari shu asosga qurilmish edi. Bunga ko‘ra butun xalq roziligini olish bu ishda shart qilinganligi bilinadi. Haqiqiy saylov shunday, xalq roziligi bilan bo‘lishi kerakdir. Yo‘q esa o‘zlarini xalq hukumati atagan madaniyat vahshiylari ko‘zbo‘yov, yolg‘on saylovlarini ellik yillardan beri kino ko‘rsatgandek qilib o‘tkazmokdalar, lekin qog‘ozni bir teshikdan olib ikkinchisiga tashlashdan boshqani hech kim bilmaydi va ham bilish haqiga ega emasdir.

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, Qorako‘l shahrida bir oy chamali turdim, bu yerdagi musulmonlarning ko‘pchiligi uyg‘urlar bo‘lib, qolg‘anlari o‘zbek, no‘g‘oy, tungon va sart qalmoq (mo‘g‘ul musulmonlari) edilar. Borgan kunimdan boshlab, kecha-kundiz demay xalq bosa boshladi. U kunlari musul-monlar mening oldimga kirishib diniy masalalar, axloqiy va‘z-nasihat anglashga ortiq qiziqar edilar. Birinchi jum‘a No‘g‘oy katta masjidida, ikkinchi jum‘a tungon jome‘sida oyat, hadislardan ma‘nilar bayon qilib, iymon-islom asoslarini tushuntirdim. Dardlik ko‘nglimdan chiqqan ruhoniy va‘zlar so‘zlaganimda, masjid to‘la necha minglagan musulmonlardan chiqqan yig‘i zori tovushlari bilan jome‘ bi-nolari larzaga kelmish edi. Bu kabi ruhiy tomondan lazzatlanib, botiniy sezgularining qo‘zg‘olish xususiyatlari ko‘pincha diniy va‘z majlislaridagina ko‘rinadi.

«Odam o‘g‘lining yaxshilari farishtalardan ham ortikdir», — deb payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshliq o‘tgan barcha yalovchi payg‘ambarlar bu so‘zning chinligiga to‘nuqlik (guvohlik) beradilar. Ularning yovuz-yomonlari esa, yirtqichlarni yo‘lda qoldirib, shaytonlarga dars beradi. Hozirgi bizning davrimizda (1967 yil) G‘arbiy, Sharqiy Turkiston bosqinchilarining qilayotgan cheksiz zulmlari esa, buning jonlik guvohidir. Inson yaratilgandan beri ikki Turkiston musulmonlari uchun bu kabi ziyoni tuganmas, zarbasi uzulmas uzun ofat qizil balo hech vaqt, hech qachon ko‘rilmagandir. Negakim, dunyo borlig‘idan beri xudosiz-dinsizlar qo‘liga qurol o‘tib, hokimiyat ustiga minmagan edilar. Bu yirtqichlar insonlarni yolg‘izgina diniy, vataniy, shaxsiy huquqlaridan emas, balki insoniy haqlaridan ham butunlay ajratib, hayvonlar qatorida ishlatmoqdadir.

Asrimiz boshida chiqqan siyosiy firqalar ichida kommunizm kabi aqldan yiroq, xayoliy bir maslak ahli bo‘lgan emas. Mana shu xayoliy maslak egalari 50 yildan beri aqldan tashqari tuzumlarini qurol kuchi bilan xalq ustida yurgizib keladilar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan qiyomat alomati so‘ralmish edi: «Unda haromzodaning o‘g‘li haromzodalar hukumat egasi bo‘lib, xalq ustida zulm hukmini yurg‘izadi», dedilar. Hozirda esa, naqd shu kunlar ustida turibmiz. Endi bu firqadan qanday yaxshilik umidi bo‘lurkim, bularning asosiy tuzumlari xudosizlik, dinsizlikka, o‘zlaridan boshqa hech narsaga ishonmaslikka qurilgan bo‘lsa. Chunki, dinsizlik har bir yomonlikka yo‘l ochadi, insonni insonlik sifatida tutib turadigan, har bir yaxshilikka boshlaydigan narsa dindur.

Qorako‘l shahrida qancha turgan bo‘lsam ham, uyqi vaqtlaridan boshqa chog‘lari kelim-ketimdan bo‘shanolmadim. Shunday bo‘lsa ham vaqt topib, mashhur shved sayyohi Vanxidinning «Taklamakon» asarini va «Tibet» sayohatnoma kitoblarini o‘qib chiqdim, ulardin ko‘p foydalandim. O‘zgarish oldida talanga uchragan Qorako‘l kutubxonasi tatarcha, usmonli turkchadan tarjima qilingan nodir asarlar ko‘pligi bilan mashhur edi. Inqilob boshlangan davrda qonunsiz qora kuch, nodon odamlar hokimiyati qurilganlikdan shaharlardagi kutubxonalar va boshqa madaniy asarlarning ko‘plari zoi bo‘lmishdir.

O‘rta asr vahshiylari — mo‘g‘ul askarlari o‘z vaqtida islom markazi bo‘lgan Bag‘dod shahriga bosib kirganlarida, ular nazdida o‘ljaga arzimas, g‘oyat qimmatbaho, nafis, nodir kitoblar Dajla daryosiga tushganlikdan, olti oylab daryo suvi qorayib oqqanligi tarixlarda yozilmishdir. Undan ham jirkanchli ishlarga yigirmanchi asrda madaniy yirtqichlar hokimiyati davrida yo‘l qo‘yilganlikdan, anchagina tarixiy asarlarimizni, xalq qo‘lida saqlanib yotgan qimmatbaho, nodir qo‘lyozma kitoblarimizni egalari qo‘rqqanlaridan o‘tta yoqtirib, suvga oqizishga majbur bo‘lmish edilar. Yolg‘iz o‘zimning To‘qmoq, So‘qulukdagi biror arava kelgudek har turli kitoblarim esa, shu ko‘milganicha chirib yer ostida qolmishdir. Bu kabi fojialar yolg‘iz chet o‘lkalardagina emas, balki hukumat markazi Petrograd kutubxonalarida ham bo‘lmish edi. Shundoqqi, butun islom olami ko‘z tikkan, 1300 yildan ortiq tarixiy sharafga ega bo‘lgan Mushaf Usmoniy, ya‘ni hazrat Usmon ustida shahodat topgan Qur‘on, shu kutubxonada saqlanib kelar edi. Oti musulmon bir necha gumrohlar tomonidan uning anchagina varaqlari olinmishdir. Marhum Tatariston muftiysi hazrati Rizafahriy boshliq Musohazrat va boshqa olimlar bu fojiadan xabar topgach, darhol chorasiga kirishib, bu ulug‘ tarixiy Qur‘on shu kunga davr saqlanib qolinishiga sababchi bo‘ldilar. Alloh ularni rahmat qilsin! Hozirda esa bu Qur‘on Toshkent muzeyxonasida saqlanib, chetdan kelgan sayohatchilarga, ayniqsa musulmonlar uchun bek hurmatli nodir estalik hisoblanadi.

Shunday qilib, Qorako‘l shahrida bir oy qirq kun chamali turg‘anim so‘nggida, u yerdan qaytib To‘qmoqqa keldim va yana bir voqea ustidan chiqdim. Shundoqki, hozirgi kunlarda Arabistonda turishgan Oltinxon, Mubashshirxonlarning ustozi, asli Koson zodagonlaridan, Farg‘ona viloyatida obro‘yi baland bo‘lgan, zamonasiga ko‘ra ulug‘ olimlardan sanalgan, marhum Nosirxon to‘ra kommunistlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarmish edi. Nima qilishlarini bilolmay, suvga oqqan kishiday hayronlikda turgan musulmonlar, o‘z diniy olimlarini ilohiy kuchdan xoli bo‘lmasa kerak deb gumon qilganliklaridan, mol-jonlarini ayamay, u kishiga qo‘shiluvchilar o‘lka bo‘ylab ko‘paymish edi.

Biroq, ish vaqtidan o‘tgan, ne fursatlar qo‘ldan ketgan edi. Uzoq-yaqindagi bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar butunlay bostirilib, ishlari markazga bog‘lanmish edi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning «Har oqil kishi o‘z zamonasiga tushungan bo‘lsin», degan hikmatlik so‘zlariga amal qilish va payg‘ambarimizning 23 yillik nubuvat davridagi ibratlik tarjimai holidan xabardor bo‘lish hammadan ko‘proq islom olimlariga lozim edi. Zamonaviy siyosat olamidan xabarsiz bo‘lganlikdan u kishining butun ishlari teskarisiga aylandi. Yolg‘iz qo‘zg‘olonchilargina emas, shular bahona o‘zlariga to‘g‘ri kelmagan, ikki kishiga so‘zi o‘tarlik odamlardan Namangan, Koson atroflari bilan hech joyda qoldirmay, otib-chopib o‘ldirdilar. Qolgan qo‘lga tushganlari qattiq qamoqda yoki uzoq surgunlarga yuborilib, yo‘qotildi. Bechora Nosirxonto‘ra qochib yurgan yeridan ikki o‘spirin o‘g‘li bilan ushlanib, Toshkentga keltirilgan so‘nggida, eng qattiq, yer osti, qorong‘u zindonda yotqonlig‘ini eshitgan edik. So‘ngra ikki o‘g‘li bilan birlikda o‘lim jazosi berilib, dunyodan yo‘qotilmishdir. Agar 6u kishi o‘rnida siyosat olamidan xabardor, onglik boshqa birov bo‘lganida, ishni boshqacha tashkiliy ravishda olib borar edi. Bu qadar ulug‘ qo‘zg‘olon maydonida to‘kilgan yerlik xalq qonlari bekorga ketmas edi. Chunki, janubiy tomondagi Afg‘on va Hindiston chegaralari qo‘lga keltirilsa, u yoqdan yordam yetkazish imkoniyati tug‘ilmish edi ongsizlik shumligidan shu ishni bajara olmadilar.

Sharqiy Turkistonga O‘tishga Harakat

Bu ish (Nosirxonto‘ra qo‘zg‘oloni) boshlanish oldidan Qirg‘iziston atrofiga va boshqa joylarga maxsus kishilar yuborilmish ekan. Xudo saqlab, u kunlari men Qorako‘lda bo‘lganim uchun hech ishdan xabarim yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham uyga kelib, hafta o‘tmay, shu chog‘dagi vahshiylik odatlaricha, shirin uyqu, tun yarimida GPU jallodlari tomdan tushib, meni bosdilar. Kecha qorong‘usida qurollik harbiy kishilarga tuyuqsizdan ko‘zlari tushib, qo‘rqqanlikdan mo‘ltirashib turgan xotin bolalar hollarini nima deb aytishga to‘g‘ri keladi? Shuning uchun bu kabi dahshatlik ko‘rinish ko‘rmagan ko‘p kishilar yurak o‘ynaq kasalliklariga yo‘liqmish edi. So‘ngra ko‘zga ko‘ringan yozuvchizuvlarni yig‘ishtirib, meni haydaganlaricha, Pishpekga keltirgach, hech nima so‘ramasdan yer osti uyi zindonga kirgizib qamab qo‘yishdi. Bu yo‘li ushlanib, uch oy chamali yotganim ichida har yoqlama qattiq tekshirish o‘tkazgan so‘nggida, bu ishdan mening xabarim yo‘qligi bular oldida aniqlanmish edi. Shu bahona bo‘ldi, haqiqatda esa, g‘oyibiy kuch yordami yetti bo‘lg‘aykim, bu kabi dahshatlik qamoq balosidan ko‘p uzoqlamay yana qutulib chiqdim.

Endi bundan buyon bu yerda turishim o‘z boshim yoki dinim uchun xatarlik ekanligini aniq tushunmish edim. Shuning uchun G‘ulja tomon ketmoqchi bo‘layotgan do‘st kishilardan Abish degan qirg‘izga yo‘liqib, u bilan safar yo‘ldoshi bo‘lishga va‘dalashib, ikkovimiz qo‘l olishdik. So‘ngra bek soqlik bilan safar jamalg‘asini qilishga kirishdim. Ot uloq, oziq ovqat tayyorlangach, 1930 yili sentyabr oyi boshlarida qo‘l olishgan yo‘ldoshim Abish keldi. Men shu kunlarda esa To‘qmoqdan olti chaqirim bo‘lgan Sho‘rtepadagi yerimda dehqonchilik ishlari bilan quymalashib yotgan edim. Ishlarim chala bo‘lsada mo‘ljalim buzilmasligi uchun, borlig‘in Tangriga topshirib, oqshom nomozi o‘tagan so‘nggida chalaqozoq tog‘alardan Abdurashid xo‘ja, tungon Mokemir, yo‘ldoshchi qirg‘iz Abish to‘rt kishi otlanib el yota To‘qmoqdagi qo‘roga keldik.

So‘zim shu yerga yetgach ko‘nglim munglanib, ko‘zim yoshlandi, chunki yuqorigi yo‘ldoshlarim va bulardan boshqa ko‘p sonli mungdoshlarimdan endi hayot olamida birorta ham kishi qolmapti. Yoshlik yigitlik chog‘larimdan beri xalq uchun boshlangan g‘amqayg‘ulik kunlarim esa, umrim davomicha uzilmay shu hozirgi davriga erishdi.

Ko‘z ochkan kunimdan boshlab ko‘zlagan maqsadim Sharqiy Turkiston ozodligi qanchalik to‘kilgan Vatan bolalarining muqaddas yosh qonlari hisobiga qo‘lga kelmish edi. Nachoraki, o‘zini ezilgan yanchilgan xalqlarni zolimlardan qutqazuvchi, dunyo bo‘yicha haqsiz mazlumlarga yordam beruvchi hisoblagan aldamchi, kazzob Stalin hukumati olti million uygur musulmonlarini o‘z foydasi uchun qurbon qildi. Ko‘yni qashqir ogzidan qutqardi, lekin kechqurun qo‘l-oyogini boglab qassobga topshirdi. Ko‘ring, endi shu kunlarda (1967 yil) bu bechora mazlum qardoshlarimiz Xitoy bosqinchilari, yirtqich kommunistlar tish-tirnoqlari orasida chaynalib; diniy, milliy huquqlari buyon tursin, insoniy huquqlaridan ham butunlay ajrab, yutilish oldida turibdilar. Agar biror bahona bo‘lib, umumiy dunyo siyosati o‘zgarmas ekan, Chiqish, Botish ikki Turkiston ahllari ko‘p uzoqlamayoq bosqinchilar to‘lqinlari ostida ko‘milib ketishlari mumkindir.

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shu kecha oilam ustiga tuyuqsizdan kelib, ulardan uzilib chiqishimdagi tortgan ruhiy vijdoniy azoblarimni eslasam, oradan 40 yil o‘tgan bo‘lsa ham, o‘sha fojia zarbasidan ko‘nglim yarasi hali ham bitmaganlikdan, qalamim uchidan oqqan qora siyoh u kunni eskarib qonga aylanur edi. Chunki, hech ishdan xabari yo‘q marhuma onalari boshliq u kunda barisi yosh, uyg‘oq uyquluq o‘g‘il, qizlarim ustilariga tun qorong‘usida eshikdan kirib kelishim bilan, barilari ko‘zimga jaldirashib qarab turishdi. Endi sizlarni Allohga topshirdim. Yer usti tor ko‘rinib, hech joyga sig‘may qoldim, yo‘ldoshlarim ko‘chada qarashib turibdi. «Omin» denglar deyishim bilan, cho‘ng kichik demay uvvos tortqonlaricha qo‘l-oyoqlarimni quchoqlashib, «Bizni kimga tashlab ketasiz?» deb yig‘lashgani turdilar. Ko‘nglim buzilib boshimga tog‘ ag‘darildi, nima qilishimni bilolmay, hayronlikda qoldim. Shundoq bo‘lsa ham rahmatul olamin payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshlariga kelgan kulfatlarni ko‘z oldimga keltirib, bir oz o‘zimni bosib olganim so‘nggida, yaxshi so‘zlar bilan bolalarni ham biroz yupantirganday bo‘ldim. Shuning bilan ularga bilgan vasiyat nasihatlarimni aytib, qolganini Allohga topshirib, yo‘lga chiqdim.

Shu kecha yurganimizcha saharga yaqin Qorabuloqdan o‘tib, Burolsoy og‘zidagi bir qora saroyga tushib, kun bo‘yi kishiga ko‘rinmay, bir uy ichiga kirib yotdik. Chunki, bu to‘rt yo‘ldosh o‘rtamizda bir beshotar miltiq, uch bardanka va boshqa qurollarimiz bo‘lganlikdan, kunduz kuni ko‘rinib yurishimiz xatarlik edi.

Shunga ko‘ra oqshom nomozini o‘tab olib, ko‘z qorg‘ulang‘och otlanib yo‘lga tushdik. Ichimizda yo‘lboshchimiz Abish qirg‘iz bo‘lg‘onidek, dovyurak bahodir yigitimiz tungoni Mokemir edi. Agar dushman to‘sqovullari (chegara, yo‘l zobitlari, posbonlari) bilan uchrashib qolgudek bo‘lsak, ulardan qutulish chorasi topilmagan taqdirda qurol qo‘llash ishini unga topshirdik. Shu bilan Kemen suvini bo‘ylab yurganimizcha tongga yaqin Shodmon botir hojining qishlovi Cho‘ng Kemen ko‘prigi ostiga yetdik.

Bu kishi esa qirg‘izlar ichida ota-bobolaridan beri el so‘rab, yurt kutib kelgan Shodmon botir, Jantay botir o‘g‘li, Qorabek botir o‘g‘li, Ataka botir o‘g‘li, Tinay botir o‘g‘li bo‘lib to‘qqiz ota-bobolarigacha el ustida o‘tgan, o‘z zamonasida qozoq, qirg‘iz xoni atalgan zo‘r manaplardan edi. Marhum otamiz bilan do‘stlik aloqasi bo‘lganlikdan o‘zi bilan hayotligida ham ko‘rishib, xizmatida ham bo‘lgan edim. Insonga yoqimli yaxshi xislatlarning ko‘piga ega edi, Alloh rahmat qilsin! Kishi hayron qolgudek darajada uning qilgan bahodirliklarini shu kunlarga davr qirg‘iz qariyalari qizg‘inlik bilan o‘zaro doston qiladilar. O‘zim ko‘rganday, eshitganlarimdan bir ikkovini estalik uchun bu o‘rinda yozib qoldirishni lozim ko‘rdim.

Ma‘lum bo‘lg‘ayki, Shodmon hojining ilgaridan beri yerlab kelgan qishloq joylarini Cho‘ng Kemen, Kichik Kemen deb ataydilar. Bular esa Tyan-Shan tog‘larining qalin tarmoqlari orasida joylashgan bo‘lib, Kichik Kemenni Shodmon hojim qishloq tutmish edi. O‘z davrida Ediqut eli Bolosog‘un o‘lkasini sug‘orib qondirgan Chuy daryosining yarim qismi shu qishloq o‘rtasidan oqib o‘tardi. Bu suv, toshqin vaqtlarida ot-ulog‘ga kechik bermas edi. Suvning kelish tomoni yuqori bo‘lg‘onliqdan tez oqarligi ustiga, suv osti ko‘ram (ko‘rinadigan) toshlari bilan to‘liqdir. Bunday suvdan kechib o‘tish ko‘p xatarlik bo‘lur. Mana shunday toshqin kunlardan birida, suv hayqirib oqayotganida, mol boqib yurgan bir qirg‘iz choli oqib ketib, jon talvasasi bilan suv o‘rtasida ko‘rinib turgan bir yo‘g‘on tosh ustiga chiqib olmish edi. Shu atrofdagi qirg‘iz yigitlaridan hech bir kishi uni bu halokatlik suvdan qutqarib olib chiqishga jur‘at qilolmagach, «Botir Shodmon qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q, Hizr nazar solgan kishi», deb ishongan qirg‘izlar, bu dahshatli xabarni unga bildiradilar. Buni anglashi bilan chovitga (tashlanishga tayyorlanib turgan) turgan yo‘lborsday turqi buzilib, o‘ngi o‘zga-rib: «Hay, attang! Ingragir zamon bizga yomon bolla-rin qoldirgan ekan; tort to‘r ayg‘ir otimni», deb hayqirmishdir

Bolalik kunidan tortib, bir aytgan so‘zidan qaytmaslig‘ini bilgan xizmatchi tobunlari ilojisiz bo‘lib, u aytgan otini keltirishga majbur bo‘lg‘anlar. Shu orada cho‘ng kishilardan o‘zining teng tushlari kelishib qolib: «Hay, botir, tilsiz yovga qarshi chiqib, botirlik qilish qanday bo‘lar ekin? Ko‘pchilik el yig‘ilsa boshqa bir ilojin qilar edik», deyishib, har qancha yolvorishsa ham, qaramay, otlanib suv tomonga qarab jo‘nabdi. Buni ko‘rgach, nima qilishlarini bilolmay, yo uni bu ishdan qaytarolmay, butun xalq qo‘rqinchga tushib, hayronliqda qolibdi. Mukush, Kamol degan otoqliq o‘g‘illarining onasi, uning oldida eng suyuklik, el ichida qadri ulug‘ Lakabaybiche degan xotini yig‘lab yolvorib: «Hay, botir, bu ishni qo‘ying, sizdan so‘rardim», deb o‘zini ot ostiga tashlaganiga qaramay, otakao‘rani qishqirg‘anicha, suv yuqorisi tomon ot qo‘ymishdur.

Bunday dahshatli xabar tarqalishi bilan har yokdan ot chopishib kelgan qirg‘izlar suv bo‘ylarida to‘planishib, hayronlik holda qarashib turg‘an edilar. Ko‘rib turgan kishilarning aytishlaricha, shundayin dahshatlik o‘lim xatarlik, tilsiz yov ustiga kelganida yana bahodirligi bilinib, o‘zida hech qanday o‘zgarish sezilmagan edi. Balki o‘zini, payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Allohdan panoh tilagan ko‘zsiz tilsiz suv balosi oldida turganini ko‘rib, bu kabi dahshatlik xatarga duchor bo‘lgan bir bechorani qutqazishga himmat qilg‘onini bilgach, o‘z tilicha: «O qudoyay, qo‘ldoy ko‘r!» na‘rasini tortganicha, suv o‘rtasidagi tosh ustida baqadek chaplashib yotgan cholni mo‘l anchagina yuqorndan «Alloh» deb ot solmishdur.

Uylardek o‘rkashlab ko‘pirib yotgan dahshatlik suv to‘lqini ichida belidan botgan holda toshdan toshga urilib, «O xudo»lab kelayotgan Shodmon botirga suv bo‘yida qarashib turgan qalin xalqning ko‘zlari tushgach, «O xudo, o‘zing saqlay ko‘r», deb qichqirg‘an tovushlari ko‘kka ko‘tarilmish edi. Oila jonkuyarlari har yoqdan «O quday» deb qichqurur edilar. Shundayin haybatli dahshatlik suv ichida jon hovuchlagan holda yopishib yotgan chala o‘lik chol ustiga yeta kelib, «Joning bo‘lsa, uzat qo‘lingni!» deb qattiq qichqirgan bo‘lsa ham, esi oqqanliqdin qo‘l uzatolmag‘ach, botir qo‘liga ilinmay o‘qdek oqayotgan suv sirpandisi (suv tezligi ma‘nosida) bilan o‘tib ketmishdur. Buni ko‘rgan butun xalq suron solishib: «Endi ish tugadi, bahodirlik o‘z chekidan o‘tdi, sizday kishi bizga qaydan topiladi. Bunday chollarning necha minglari sizning bir tol tirnog‘ingizga teng kelmaydi!» deyishib, qichqirishgan bo‘lsalar ham, bularga qarab qo‘ymay, suvdan chiqishi bilan yana «Alloh» sadosini ko‘tarib, ikkinchi yo‘li bilan suvga kirganida payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam «Bahodirlarni Alloh do‘st tutqay, tilaklarini xudo qaytarmag‘ay. Har ishda chidamlik sabotliklarni maqsadlariga yetkazgay» deganlaridek, Alloh yordami yetti bo‘lg‘aykim, ul chalajon cholni o‘lim og‘zidan qutqarib, ot oldiga o‘ngarganicha (ustiga mindirganicha, opochlaganicha), bu kabi dahshatli suvdan salomat chiqmishdur.

Yana bir kuni Oq O‘rkavda qurdoshlari bilan qimiz ichib o‘ltirib ekan, yirokdan chiqqan shovqin suron tovushi eshitilmishdur. «Bu nima gap?» deb so‘rasa: «Hay, botir, suv yoqasidagi qalin chirg‘anak ichida bir yo‘lbars yotqanlig‘ini el bilishib qolib, merganlari bilan kelgan ko‘pchilik xalq uni yotqan yeridan qo‘zg‘atib ochiqqa chiqarolmay yotadilar», deganlarida: «Hay, ingragirlar, ko‘pchilik hech ish qilolmaydi, har vaqt xalqi ortida turgan bahodir, yetuk bir kishi ko‘p ish qila oladi», deb yurtovul (yurtda, ovulda, el ichida) kunlaridagi kiyim boshlarini kiyib, qilich osilgan holda otlanmishdur.

Botirning odati, kirishgan ishidan qaytmaslig‘i el ichida ma‘lum bo‘lg‘anlikdan, bu ishdan qaytarish to‘g‘risida hech kim og‘iz ochalmagan edi. Shundoq bo‘lsa ham yer usti hayvonlari ichida oti ulug‘, haybati zo‘r, changali dahshatli yirtqich yo‘lbarsga to‘qnashuvni o‘ylashib, ko‘z otar mergan inisi Momutjon yo‘ldoshi bo‘lmishdur. Shu yurganicha ergashgan tomoshachi kishilar birgaligida ko‘pchilik xalq o‘rashib olg‘an qalin chirg‘anaq yaqiniga kelganida: «Hay jonivor, sen hayvondan chiqqan yo‘lbars bo‘lsang, men insondan tug‘ilgan arslonmen!», deb yaroqlagan yalang qilichi bilan oning ustiga otil-mish ekan, botir hujumiga yo‘lbars chidayolmay, yotgan yeridan qochib chiqayotganida inisi Momut otgan o‘qdan qattiq yaralanmish edi. Buni ko‘rgach: «Hay, endi yog‘iy yaralandi, yaralang‘an yovni xotin olg‘ay», deb uyiga qaytmishdur.

Uchinchi voqea. Haj safariga ketayotganida mozorlarni ziyorat qilmoqchi bo‘lib, Samarqandga tushmush ekan. Amir Temur qabriga kirganida qarasa, sayohat uchun kelgan rus zobit (ofiqer) laridan birovi Temur sulton qabriga oyog‘ini tirab xat yozayotganini ko‘ribdur. Buni ko‘rgach bahodirligi qo‘zg‘alib: «Hay, puting (oyog‘ing) kesilgur junbosh (boshi junli, sochli), er qadrini bilmagan, tort oyog‘ingni!», deb hayqirgan ekan, qo‘rqqanidan sapchib turib kechirim so‘ramishdur.

Bolalik kunidan boshlab ko‘rsatgan bu bahodirning shu kabi kishi hayron qolarlik ishlari juda ko‘pdir. Buning bahodirligi, saxiyligi ustidan boshqa emas, o‘zim ko‘rgan bilganlarimni yozar ekanman, o‘z oldiga bir kitobcha bo‘lishi mumkindur

Inson yaxshiligi ko‘milib ketmasin, xudo xush ko‘rgan fazilat bo‘lgan turk ulusining bahodirligidan kelajak bo‘g‘inlarimizga o‘rnak bo‘lib, ibrat ol-g‘o‘dek so‘zlarni bu o‘rinda kelturdim.

Bayt:

Tilim turk xalqimga ko‘p ofarin qil,
Nayongliq maxtasang ozdur aniq bil!
Yarash chog‘ida mehmondek o‘tirg‘ay,
Urush kunlarda arslondek otilg‘ay.

Biroq payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek, har odam o‘z zamonasiga yaxshi tushunishi kerak. O‘tmishdagi ko‘krak kerib ot chopgan, nayza solib yov olgan, ota-bobolarimiz o‘z zamonalariga yarasha ustilariga yuklangan diniy, milliy burchlarini o‘taganliklari uchun Vatanlarini bosqinchilardan saqlab, o‘z hokimiyatlarini qo‘llaridan chiqarmagan edilar. Keyingi uch yuz yilda jaholat, xurofot balchig‘iga botib, nodonlik, tushunmaslik ofatiga yo‘liqqanlik natijasida ruslar Vatanimizga zo‘rlik, qurol kuchi bilan bosib kirib, erklik hokimiyatimizni qo‘limizdan tortib olganiga shu kunlari to‘g‘ri yuz yil to‘lmishdur.

Vatanimizga birinchi bostirib kirgan shum oyoq chor hukumati ellik yillik davrida Turkiston xalqini butunlay qorong‘ilikda, ilm-ma‘rifatdan uzoq tutib kelgan bo‘lsa ham, surbetlarcha ruslarni ko‘plab ko‘chirib kelmagan edi. Yerlik xalqning erki o‘zida, Vatani qo‘lida bo‘lib, diniy marosimlari, maktab madrasalari, har turli jamoat ishlari o‘z ixtiyorlarida edi. Qachonki, xalq g‘amini qayg‘urgan bo‘lib ko‘ringan yolg‘onchi aldamchi, ustal oshig‘i, mansabparast kommunistlar, qurol kuchi bilan va ham o‘ng so‘lini, foyda ziyonini ajratmagan, tushunmagan, vijdonsiz, qoraqurov nodonlardan foydalanib, o‘z hokimiyatlarini o‘rnatib olgandan so‘ngra, butun ishlarni o‘zgartirishga kirishdilar. Shundoqki, bularning hokimiyatlari dinsizlik xudosizlik asosiga qurilganlikdan, birinchi kundan boshlaboq, butun diniy ishlarni, shariat hukmlarini yo‘qqa chiqarib, maktab madrasalar, masjid xonaqolardan buzilmay qolganlarini choyxona, o‘yinxonalarga o‘xshash o‘zlari uchun keraklik o‘rinlarga aylantirdilar.

Ma‘lumdirki, dunyo yaratilgandan beri yer ustidagi insonlar o‘z erklaricha ishlab, tilagan joylarida o‘z ixtiyorlaricha yashab kelmish edilar. Chunki, inson bolasi asli yaratilishidayoq, o‘z erk-ixtiyoriga ega bo‘lishi sifatida tugilib, boshqa hayvonlardan shu orqali farqli bo‘lmishdur. Hayot olami ichra hech bir zamon, hech bir mamlakatda insonlarni erk ixtiyorlaridan ajratib, tilsiz hayvonlar qatorida majburiy ishlatish kishi xayoliga kelmagan edi. Endi bu xayoliy tuzimni qo‘llanuvchilar, xayolparast Lenin boshliq, qurol kuchi bilan shu kabi sharmandachiliklarni amalga oshirib, 50 yildan beri xalqni qiynab keladilar.

Bayt:

Qayg‘ulik tunlar uzaydi, tong otar kun bormikin?
Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib.
Bu zulm qo‘rg‘on qobig‘in sindirar kun bormikin?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur bizga yopib.
Ey, xudo, haj yo‘li bizga ochilur kun bormikin?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini toptilar.
O‘zbekiston xalqiga bu ish bo‘lar kun bormikin?
Ruslar bosti Vatanni, qopladi seldek kelib,
Bu falokatdin, xudoyo, qutilar kun bormikin?
Sog‘uniy, bag‘ring ezildi, bu Vatanning dardida
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikin?

Qog‘oz ustida o‘n olti erklik jumhuriyat hukumati deb yozilgan bo‘lsa ham, bularning hech birovida haqiqatan qilchalik ham ixtiyorlari yo‘qdir. Bu mamlakatlarning asosiy ishlari esa butunlay Maskovga bog‘langanligi uchun katta kichik har qanday ishlarini Maskovdan buyruqsiz qilolmaydilar. Ayniqsa, O‘zbekiston jumhuriyati boshqa jumhuriyatlarga qaraganda har bir ish to‘g‘rilik eng tubangi holga tushganlikdan xalqi diniy, milliy, shaxsiy, hatto insoniy huquqlaridan butunlay mahrumdirlar.

Xalq dushmani degan yolg‘on tuhmatni taqib, 1936-1937 yillarda necha minglagan millatimiz ziyolilari, siyosatga tushungan Vatan yigitlari yo‘q qilingan kundan boshlab, Maskov nima desa bosh ustiga deydigan, xalq tanimagan suymagan, lekin o‘ziga sodiq kimsalarni, Maskov o‘z tilaganlaricha O‘zbekiston qo‘g‘irchoq hukumati boshlig‘i qilib belgilab, shular orqalik o‘z maqsadlarini bajarishga kirishgani gurdilar. Buning ustiga 1966 yili 26 aprelda Toshkent shahrida bo‘lgan zilzila bahonasi bilan, uylari buzilgan o‘zbeklarga yordam yetkazish degan bo‘lib, barcha jumhuriyatlardan kishi chaqirdilar. Haqiqatda esa zilziladan vayronlikka uchragan markaziy yangi shahar binolari edi. Yerlik xalq ofatdan omon edilar. Shundoq bo‘lsa ham, buni shiltov (bahona) qilib, necha minglagan o‘zbeklarni majburiy ravishda ko‘chirib, shahar tashqarisiga chiqazdilar. Ayniqsa, Toshkentning eng tarixiy joyi hisoblangan Shayxontohur mahallasi butunlay buzilib, undan nom nishona ham qolmadi. Shahar tashqarisiga chiqarilgan bechoralarni Qurbqaobod degan qiy dalaga oborib tashladi. Uylarini buzishda yetarlik moddiy yordam berilmadi. Bu bechoralar yosh go‘dak bolalari bilan shu kunlarda ham qiynalmoqdalar. XX asrga kelib o‘z Vatanlarida o‘zlari xor bo‘ldilar.

Bosqinchilarning birinchisi chor hukumati davridan 50 yil o‘tgach, kofirlar aksi urib, ba‘zi bir o‘zgarishlar boshlagan bo‘lsa ham, u kunga davr diniy-milliy, ayniqsa til o‘zgarishlari bo‘lmagan edi. Endi esa, bu dinsiz kommunistlar davridan 50 yil unga qo‘shilib, bosqinchilarning kelganiga 100 yil to‘lmishdur. Bularning asli maqsadlari butun dunyoga dinsizlik tarqatish, o‘zlarining jirkanch sassiq tuzumlarini o‘rnatish bo‘lganlikdan, butkul ishlarini o‘zlarining buzuq siyosatlariga boglab, har narsa kommunistlar rahbarligi ostidagina bo‘lishi majburiy ravishda shart qilinmishdur. Shuning natijasida bular har ishga aralashvolib, hushyorlariga esiriklar (mastlar, behushlar), sog‘lariga telbalar yo‘lboshchilik qilgandek, butun mamlakatda bu majnunlarning aralashmagan ishlari yo‘qdir.

Xalqda ixtiyoriy hayot kechirish yo‘qolgani uchun ularning jon harakatlari, halol mehnatlari bi-lan chiqqan yer hosilotining yuzdan biriga ham o‘zlari ega bo‘lolmadilar. Oziq ovqat, yemaq ichmaq mahsulotlari bularning o‘z omborlarida saqlanib, xalqqa tilagan o‘lchamlarida berib turish kommunistlarning buzilmas qonunidir. Agar uch kun bermay to‘xtatar ekanlar, xalq boshiga qiyomat qo‘pib, shu kuniyoq ocharchilik boshlanishi ko‘rinib turadi.

Mana shunday bo‘lib, hozirgi kunda ilgari tarixlarda yarqirab ko‘ringan, tillarda doston bo‘lgan Turkiston ulusi Turon musulmonlari yolgiz diniy huquqlaridangina emas, insoniy huquqlaridan ham ajrab, yutilish oldida turibdi. Kelajakda biz uchun eng qo‘rqinchlik ish esa, yo‘q bahonalar bilan o‘n minglab, yuz minglab seldek kelayotgan bosqinchilarning Vatanimizda o‘rnasha yotqanlaridur va ba‘zi bir milliy hisi yo‘q vijdonsizlar ko‘z oldimizda yutulayotganligi ochiq ko‘rinib turibdi. Bular avlod oldida eng jinoyatchi odamlardir. Tarixlarda bosqinchilar doim shunday amalparast sotqinlardan keng ravishda foydalangan.

Hozirgi kunlarda esa xitoy bosqinchilari internaqional niqobi ostida Saypiddin Aziziy, Burhon Shahidiy kabi vijdonsizlardan shu tariqa foydalanmoqda. Bu balolardan qutulish chorasini izlash har bir Vatan bolasining muqaddas vazifasidir. Buning uchun bizlar diniy va milliy hissiyotlarimizni saqlash bilan bir qatorda, birlik ittifoqligimizni kuchaytirib, eng avval ilm qurolini qo‘lga kiritishimiz kerakdur. Havodan boshqa, o‘t suvdan boshlab inson hayotiga kerakli barcha narsalarni qulf-kalit qilib, o‘z omborlariga qamab oldilar. Ming turli qilgan hunar-tadbirlari, har kuyga solib o‘qigan baytgazallari bilan, vaqti kelganda odam bolasini bir parcha non oldida bosh egishga majbur qildilar. «Uldirmay olar jonimni, bo‘gizlamay ichar qonimni, o‘lchab berar nonimni», deb bundan necha yuz yillar ilgari aytgan qozoq shoirining so‘zi hozir bizning ustimizga kelib o‘rnashdi.

Dinsizlik tufayli o‘girlik, odob axloqsizlik, bir biriga hurmatsizlik, vijdonsizlik ko‘paydi. Hozirgi madaniyat davrida diyonat bilan taraqqiyot birga yasholmaydi degan xato fikr oqillar oldida emas, jahon bo‘yicha johillar orasida tarqalmishdur. Haqiqatda esa, din poklikdur. Poklikka qurilgan axloqdur. Dinimizning asli aqldur, quroli ilmdur. Hozirgi taraqqiyot islom axloqi asosida olib borilsa, insonlar uchun eng foydalik madaniyat bo‘lishida shak yo‘qdir. Umuminsoniy haq huquqlar butun xalq oldida, ayniqsa, hukumat doiralarida qonuniy ravishda himoyalanib saqlanar ekan, o‘shandagina madaniyati fozilaga erishiladi.

Shu kunlarda ustimizda hukmron bo‘lgan dinsizlar madaniyati ersa fosiq madaniyat deyiladi. Bunday madaniyat insonlarni ham axloqiy, ham ruhoniy fazilatlaridan butunlay ajratadi. Kommunistlarning mustabid hukmronligi ostida yashayotgan hamma, insonlik huquqlaridan butunlay mahrum bo‘lib, hayvonlar qatorida erksiz ishlayotganligini ko‘rib turibmiz.

Hozirgi davrda qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, kundan kunga ilm o‘sayotganligi ko‘riladi. Buning rahbarligi orqasida, insoniyat olami kommunistlar ofatidan qutilar kun bo‘lar degan xayoliy umidlar ham ko‘ngilga keladi. Lekin markaziy arboblardan boshlab, tubandagi tabaqaga kelguncha, hamma ish ustida o‘ltirgan hukumat xizmatchilari shaxsiyatparast, vijdonsiz odamlardangina iborat bo‘lsa, bu umidning vujudga chiqishi mumkin emasdir. Chunki, ilmga agar aql chirogi rahbarlik qilmas ekan, har kim uni o‘z qobiliyatiga qarata ishlatadi. Shuning uchun yomonlar ilmidan hozirgidek doimiy yomonlikdan boshqa natija chiqmaydi.

Buning yana bir sababi ersa, ko‘pincha ish boshida o‘ltiruvchilar ikki guruh kishilaridangina iboratdir. Birinchisi ko‘rlarcha yetakchisi orqasidan ketayotgan, qizil belatidan boshqa ishonadigani yo‘q, mansabparast kommunistlardir. Ikkinchisi esa hozirgi madaniyat sohasidagi fanlardan yetarlik darajada o‘zlashtirib, ilmiy jihatdan xalq uchun foyda yetkuzarlik ma‘lumotni egallagan bo‘lsa ham, o‘z nafsi uchun hamma narsani qurbon qiladigan odamlar, ayniqsa, iqtisodiy o‘rinlarni egallagan, ko‘proq shu vijdonsiz kishilardir

Endi ish shunday bo‘lgach, ilm ma‘rifat rivojlangan sari fikrlar o‘zgarib, o‘z ichidan o‘nglanib qolishga ko‘z tutish xayoliy umiddan boshqa narsa emas. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan «Qiyomat qachon bo‘ladi?», deb so‘raganda: «Xukumat ishlari yomon odamlar qo‘liga o‘tganda bo‘ladi. Men ko‘rsatgan oydan yoriq, to‘gri yo‘ldan ummatlarim chetga chiqqanlarida, xalq boshiga shunday fitnalar kelgusidirkim, o‘sha zamonning eng dono bilgichlari ham chora topolmay, hayronlikda qoladi», dedilar. Bundan 1360 yil ilgari bergan shu xabarlarini hozirgi kunda ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Qur‘on nima degan bo‘lsa, Rasululloh alayhi vasallam nima xabar bergan bo‘lsalar, uning haq rostligida hech gumonimiz yo‘qdir. Ko‘ngliga gumon kelganlar ko‘zlari ko‘rganda, albatta, ishonadilar.

Inson yaratilgandan beri yer ustiga har turlik ofat balolar kelganligi yolgiz tarixdagina emas, balki, Tangri tomonidan payg‘ambarlarga tushib, bizgacha yetgan Tavrot, Injil, Qur‘on kabi ilohiy kitoblarda ham xabar berilmishdir. Lekin bu dunyo ahli qanchalik ko‘p balo ofatlarni ko‘rib, boshidan kechirgan bo‘lsalar ham, shu kunlarda bizlarning bosh ustimizga kelib o‘rnashgan dinsizlik balosini ko‘rmagan edilar. Ayniqsa, bu balodan boshqalarga qaraganda eng qattiq zararlanganlar biz Turon Turkiston musulmonlari bo‘ldik. Chunki, chor bosqinchilarining shum qadamlari yetgan kundan boshlaboq o‘z hukumatimizdan ajragan bo‘lsak ham, diniy, milliy, vataniy huquqlarimiz o‘z qo‘limizda edi, qachonki bu madaniy yo‘qsillar qo‘liga hukumat o‘tdi ersa, shu kundan boshlab yuqoridagi huquqlarimizdan ham ajradik.

Nega bunday bo‘ldik? deganimizda, Qur‘onning aytishicha, bandaga berilgan ne‘matlarning zavoliga o‘zi sababchi bo‘lur. Hech vaqt qaytarib olmagay, berganini qaytarib olishdan Alloh o‘z bandalariga nahiy qilib, ularga bu ishni loyiq ko‘rmas ekan, o‘ziga qanday loyiq ko‘radi? Xudo Qur‘onda «Sizlarga bergan ne‘matlarimga qanchalik shukr qilsanglar, men ham shunchalik orttiraman. Agar qadriga yetmasanglar, u ne‘matlardan ajraysizlar, yana qattiq azoblik javobga tortilasizlar», deydi. Vatanimizni, dinimizni dushmanlardan saqlash, Kuron hukmicha, hamma musulmonlarga farzdir. Chunki, xudo Qur‘onda: «Dushmaninglarga qarshi imkoniyat boricha qurol tayyor qilinglar», deydi.

Rasululloh zamonlaridagi musulmonlarga o‘sha zamon qurollarini tayyorlamoq farz bo‘lmish edi. Bizlarga esa, o‘z Vatanimizni ozod qilish va uni saqlash uchun zamon qurol jabduqlarini qo‘llamoq va zamonaviy ilmlarni o‘qimoq farzdir. Agar buni qilmas ekanmiz, Qur‘ondagi Alloh amriga tushunmagan bo‘lamiz. Vatanimizni ozod qilish, o‘z davlatimizni qo‘lga keltirish va uni saqlash uchun, har davrning o‘ziga yarasha butun sabablarini qilish, Kur‘onda aytilgan Alloh amri deb bilishimiz kerak. Ba‘zi bir johillarning aytganlaridek, Kur‘onda: «Bu dunyo kofirlarniki, oxirat-sizlarniki», deyilgan emas, balki «Islom hammani yengadi, hech kimdan yengilmaydi, hammaning ustida bo‘ladi, ostiga tushmaydi. Har ikki dunyo yaxshiligini Allohdan so‘ranglar», deyilgandir va ham bularni qo‘lga keltirish choralarini ko‘rsatib, butun sabablarini to‘liqlab qilishga buyurmishdir. Endi xudo va payg‘ambar so‘zlarida hech shak yo‘qdir. Nima bo‘lguluq, ko‘rguluklar boshimizga tushdi ersa, undan ibrat olib, kelajagimizni o‘nglashimizdan boshqa uning chorasi yo‘qdir.


Bayt:

Borlig‘im saqlay desang ilm hunardan qil yaroq!
Yo‘q esa olg‘ay boringni qilmay hech kim so‘roq.
Yer yuzi o‘zgardi ammo, o‘zgarishdan bizda yo‘q,
Sindi Turkiston elining boshida yuz ming tayoq.
Och ko‘zing Turon eli, zing‘irt bo‘lurmu qo‘ychibon,
Bormu bu yongliq bulon, payqab qara boshdin oyoq!
Har o‘g‘il voris bo‘lur qolgan otaning moliga,
Bo‘ldi Turkiston elining vorisi yuzsiz qaroq.
Mol egasidur qaroqchilar bu ajoyib ishga boq!
Baxt ochilmas ul kishilar, kim erurlar ilmsiz,
Ilmsizlar xor bo‘lur xohi qarodur, xohi oq.
Qaysu millat ustidin hokimlik etsa boshqalar,
Bu kabi xorlik hayotdin o‘lganidir yaxshiroq.
Ilmu iymon ikkisidin bahralik bo‘l ey o‘g‘il!
Bu ikkovlon birla olg‘aysan qo‘lingga shamchiroq

Jilaqarag‘ay Dovoni

Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Yuqorida aytilganicha Shodmon hojim qishlog‘i Kichik Kemenga kelganimizda, kutishib turgan qirg‘izlar bizni qarshi oldilar. Yaylovdan qaytgan qalin el oralab, tun bo‘yi yurganimizcha tongga yaqin bir yerga kelib tushdik. Biroz uxlab es olgan so‘nggida, u yerdan otlanib kun bo‘yi yurganimizcha, axir peshin kezida qalin qarag‘ay ichida tikilgan bir qirg‘izning uyiga keldik. Bu esa bizni kutib turgan Nazarqul degan safar yo‘ldoshimizning uyi ekan. Bizni bu yerga qo‘ndirib, o‘zi orqada qolmish uylarni ko‘chirib kelmoqchi bo‘lib, uch to‘rt yigitlar bilan tun qator qilib ketdi. Ertasi quyosh ko‘tarilgan kezda edikim, biror yuz oilalik qirg‘izlar bola chaqalari bilan yengil yuklarini olgan, boshqa mol chorvalarini, tikilgan uylarini qoldirib, yolg‘izgina uyurlari bilan yilqilarini haydashgan holda yetib keldilar. Xitoy yerlarida pul bo‘lg‘udek narsalar bilan hurjin xalashlari to‘ldirilmish edi. Ko‘pchiligi bola chaqa, xotin qizlardan to‘plangan edi. Qanday ham bo‘lsa, safar sunnatiga muvofiq Nazarqulni safar amiri qilib, o‘zim boshliq olti odamni unga kengashchi saylagan so‘nggida, oldi orqamizga mer gan yigitlardan soqchilar belgilab, yo‘lga tushdik.

Ichimizda ikki besh otar, uch to‘rt bardanka, qolgani ov miltiqlari bo‘lib, yigirmadan oshiqroq qurolimiz bor edi. Shu yurganimizcha Ko‘kquyruq o‘zanini bo‘ylab o‘ltirib, orada uch qo‘nib, Chuy daryosining boshi Oqsuv, Chelak degan ikki oshuv ayrilishiga yetdik. Bu yurgan yerimiz yo‘lsiz bo‘lib, bo‘ri yurmagan tog‘u tosh oralab yurishga to‘g‘ri kelganlikdan, tog‘ safarlarida ko‘p yurib ko‘zi pishgan yetuk yo‘lboshchi kerak edi, baxtimizga qarshi, va‘dalashgan qolovuz (yo‘lboshchi) kishimiz kelmay qoldi. Kelayotgan yo‘limizda biz bilan qochgan qirg‘izlarning qo‘rada yotgan qo‘ylari, egasiz qolgan moltovarlari, uskunalariga ko‘zimiz tushdi. Inson turmushiga kommunistlarning zulmi shundayin haroblik keltirganini ko‘rib, ko‘nglimiz vayron bo‘lganlikdan ko‘z yoshlarimizni artib ulgirolmadik.

Qochgan xabarimiz el ichiga tarqalgach, bizni qo‘lga tushirish uchun oldimizdan chegara soqchilarini to‘stirib, ortimizdan qirg‘iz kommunist otryadlarini yubormish edilar. Biz qochqunlar uch kun o‘zan bo‘ylab yurganimizcha, Oqsuv oshuvi ostiga kelganimizda ketimizdan yuborilgan qirg‘iz kommunistlar askarlarining qorasi yiroqdan ko‘rinib qoldi. Oramizda bir oz otishuvlar bo‘lib, shu kechani soqlik bilan o‘tkazdik. Yetgan yerimiz ulug‘ tog‘larga taqalgan, o‘ng qo‘limiz Chelak dovoni edi. Lekin bu dovonlarni oshib, yo‘llarini ko‘rgan boshchimiz bo‘lmag‘anlikdan qaysi biriga kirishimizni bilmay orsor (hayronlikda) qolganimiz ustiga, quvg‘inchi to‘sqinchilar oldi orqamizdan o‘ramish edi. «Ikki yo‘l kelib, qaysi biriga kirishni bilmay qolgan kishi o‘ng qo‘liga yursin», degan Rasululloh so‘zini maslahat berdim ersa, boshqa sabablar chiqib bunga yurishga to‘g‘ri kelmadi. Oxiri, so‘l qo‘ldagi Chelak dovonidan oshib olsak, qozoq yeriga tushib, bulardan qutulib ketishimizni o‘ylab, shunga kirishni to‘xtam qildik.

Ertasi saharlab ostidan bir daryo suvi toshib chiqayotgan ulug‘ tog‘ beli ustiga chiqib, shu yerga uch to‘rt qurollik qirg‘iz bolalaridan qo‘ydik, o‘zimiz ko‘pchilik qo‘sh qulonlarimiz (ko‘chgandagi yukimiz va yilqilarimiz) bilan bel (tog‘ bag‘ridan o‘tib) oshib, yolg‘iztuyoq kiyiklar izi orqali yurganimizcha bulutga tiralgan to‘rt tog‘ orasidagi suv g‘aznasi (ombori) Ko‘kko‘l degan joyga tushdik. U yerdan o‘tib, ko‘k muz oq qordan boshqa hech narsa ko‘rinmagan, bosh oyog‘i bulutlar bilan o‘ralgan Chelak dovoni ostiga kelib qo‘ndik. Kuz havosi sovuq, qattiq qor uchqunlab turardi. Qor o‘rtalarida ko‘rinib qolgan qora toshlar orasida boshi chiqib turgan bir turlik o‘simliklardan boshqa o‘tin topilmaydigan shunday qismchilik joylarda qirg‘iz xotinlari osh ovqat tayyor qilishdi. Bularning epchilligi meni hayratda qoldirdi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning «Har kim ersa bir narsaga bog‘lanib yaratilganlikdan ul narsa unga osonlashadi, har ishni o‘z egasiga topshiringlarkim, ishinglar yengillashadi», degan hikmatlik so‘zlarining sirlarini shunda tushungan edim. Ayniqsa, o‘z do‘stlarimizdan Abish, Haydarali ularning xotinlari Oysha, Oyqon bu er xotinlarning bu kabi og‘ir yo‘llar, mashaqqatlik safarlarda menga ko‘rsatgan hurmatlari, qilgan xizmatlarini eskarib, hayotim boricha ularga rahmatlar aytib duo qilurman. Alloh ularni rahmat qilib, joylari jannatda bo‘lsin! Qandag‘ ham bo‘lsa, shu kechani qor-muzlar orasidagi qora toshlar ustida tong ottirdik. Ertasi oyna ustiga tushgan yog‘du kabi, qor muz ustida yaltirab turgan quyosh ko‘tarildi. Yo‘l bilgan, yuz ko‘rgan yo‘lboshchi kishimiz bo‘lmagach, endi nima qilishimiz kerak?

Xotin bolalardan boshqa qariyosh demay butun er kishilar barimiz otlanib, toqqa tirmashdik. Ming mashaqqat bilan tog‘ tepasiga chiqib qarasak, mo‘ljali uch chaqirim kelguday, tog‘ teskayini qor muz qoplamish edi. Mana shu yerda biror yuz kishi yayov, otliq bo‘lib, bizdan ilgari qochgan kishilar yo‘l solgan bo‘lsalar, shular izidan yurib o‘tarmiz, degan umid bilan shu kuni ertadan kechgacha yo‘l izlab iz qidirdik. Biroq baxtimizga qarshi tuyoq yoki oyoq izi tushgan biror nishon topolmagach, kechki sovuqqa qolib, bo‘ron chopqunga uchramaylik deb, nochorlik bilan or-timizga qaytdik.

Xudo o‘nglab, Ko‘kko‘l beli ustiga uch to‘rt qurollik qorovul qo‘yib o‘tgan edik, yo‘q ersa orqamizdan quvib kelayotganlar izimizga tushib ustimizdan bosar ekanlar. Iz quvib kelganlar bel ustiga chiqqanda bizning qorovullarimizdan qarshilik ko‘rib, ketiga qaytmish edilar. Shu bilan ikki qo‘nib muz tog‘lar orasida yo‘l topolmay, ovora bo‘lgan so‘nggida yana orqamizga qaytib keldik. Ot ulovlarimiz charchab, o‘zimiz qiynalganimizdan bel ustida bir ikki kun eruv (dam olish, hordiq chiqarish) qilib, shu orada ikki kishini yer chorlab (atrofni bilib kelish, razvedka qilish) kelish uchun Oqsuv dovoni tomonga yubordik. Ketgan kishilarimiz ikkinchi kuni tinchlik xabarini keltirgach, bu yo‘lning ikki kunlik olisligi bo‘lsa ham, boshqa iloji bo‘lmaganlikdan shunga kirishga majbur bo‘ldik.

El yaylovdan ko‘chgan kezi, yo‘llar jimjit, issiq sovuq orasida havo ochiq bo‘lib, tinchlik bilan Oqsuv dovonini oshib, kelishgan keng bir yaylovga tushdik. Bu yerga kirgach qirga, tevarak to‘rt tomonga ko‘z soldim ersa, o‘tmishdagi erkinlik qo‘ynida kun kechirgan o‘rozlik o‘g‘uz urig‘i Ediqut eli u tog‘dan bu tog‘ga, u soydan bu soyga yer tanlab, ko‘chib yurganlari esimga tushib xayol dengiziga cho‘mdim. Keng yuzlik sabolarda (yog‘och tog‘oralarda, idishlarda) ko‘pirib yotgan qimizni qizil ko‘karlarga (yog‘och bokallarga) quyib ichganlari, qo‘y qo‘zi etlari ko‘ngillariga tekkach, qulun (biya bolasi) so‘yib yeyishga kirishgan kunlari ko‘z oldimga kelib, hayronlikda qoldim. Bir oz bo‘lsa ham erkinlik olamiga chiqqandek bo‘lib, hordiq chiqarish uchun bu o‘rinda ikki kun eruv qilib to‘xtagandan so‘ngra, Toysovrun, Boysovrun degan yaylovlardan hali el ko‘chmagan ekan, kechalab tun qoron-g‘usida u yerdan o‘tib, Jilaqarag‘ay dovoni ostidagi qalin qarag‘ayzor ichiga kirib qo‘ndik.

Bizning bu yurgan yerlarimiz Turkiston beshigi, O‘g‘uzxon poytaxti atalgan Issiqko‘l o‘lkasining shimol tomonidagi Tyan-Shan tog‘larining tarmoqlari edi. Bu yerga kelish oldida yog‘a boshlagan qor, yomg‘ir tun bo‘yi to‘xtamay yoqqan bo‘lsa ham, har tup qarag‘ay bir qirg‘iz o‘tovidek bo‘lib, tubiga tushgan musofir mehmonlarni qor yomg‘ir hujumlaridan o‘z oilasidek asramish edi. Ertasi havo ochilib kun ko‘tarilgach, bu yerdan ko‘chib shimol tomonga qarab, tog‘dan tog‘ga osha ot tortib yurganimizcha, boshi ko‘rinmay tuman bilan chirmalgan, bir ulug‘ tog‘ tubiga yetdik. Shu yerga kelganimizda havo buzilib qor ura boshlab, yolg‘izoyoq kelayotgan yo‘limiz yuzi yopilib, qayoqka yurishimizni bilolmay to‘xtalib qoldik. Qirg‘iz yigitlari esa yayovlab, tog‘ yuziga tirmashib, yo‘l izlashgani turdilar. Borgan sayin qor yog‘ishi qattiqlashganlikdan ko‘z qoplagan burosha (bo‘ron, qattiq shamol) bo‘lib, yo‘l izlashgan yigitlarimiz bir birlarini ko‘rolmay qolishdi. Buning ustiga yolg‘izoyoq yo‘l ustida uzundan uzun turib qolganimizdan, otlarimizning beli tolib yota boshladi. Qarasak, kun tushdan og‘ib boradi. Agar shu o‘rtalarda kechalab qolar ekanmiz, o‘zimiz va ot ulovimiz uchun qattiq qiyinchiliklar tug‘ilishini o‘ylab, safarda orqaga yurish yaxshi bo‘lmasa ham, boshqa iloji topilmagach, nochor keri (orqaga) qaytishga majbur bo‘ldik. Bosgan izimizga qaytib, qorbo‘ron ichida olti soat chamasi yurganimiz so‘nggida ko‘z qorayib, gugum tushgandan keyin horib-charchab, zo‘rg‘a ertalabki ko‘chgan qalin qarag‘ay ostiga kirib omon qoldik.

Bu kabi ko‘rilmagan ulug‘ dovon yo‘llarini oshib o‘tishga yetuk yo‘lboshchi lozim ekan. Shunday odamni topib keltirish uchun shu yerlik elga aloqalik bir kishini ularga kechalab yubordik. Ertasi kuni havo ochiq bo‘lib, ko‘zgudek ko‘ringan bulutga tiralgan buyuk qor tog‘larini yaltiratgan holda quyosh ko‘tarilmish edi. Shu chog‘da qolovuz ham yetib kelgani uchun barimiz suyunganimizcha unga ergashib yo‘lga tushdik. Kechagi adashgan joylarimizdan olib o‘tib, ot tizzasiga kelgan qor ichida ko‘ram toshlar oralagan holda sinchiklab yurib, yo‘l topgan yo‘lboshchimiz qirg‘iz cholga ofarinlar aytib, uni bek olqishlar edik. Shunday qilib, Jilaqarag‘ay dovonidagi qor tog‘larini omonlik bilan oshib, u tomoni Chelak, Tolg‘or yaylovlariga tushib, ikki kun eruv qildik.

Shu yerga kelganimizda otaqli qolovuzlardan qirg‘iz Qo‘ychi botir qochoqlarga yordam yetkazish uchun G‘uljadan chiqib, oldimizda ikki kunlik Qudurg‘u degan yerga kelgan xabarini angladik. Bu kishi esa besh-o‘n qurollik yigitlari bilan yo‘l topolmay yurgan qochqunlarni G‘ulja tomoniga o‘tkazib, shu kasb orqalik foydalanib yurgan qora botirlardan ekan. «Qorako‘l shahar soqchilari xabar topmay turib, chegaradan o‘tishimiz kerak, kechikkanning xatari ko‘p, tezlik bilan yetkazib kelinglar», deb qurollik ikki yigitni bizga yubormish edi. Yo‘lda qo‘shilgan qirg‘iz yo‘ldoshlarimizning orqada kelayotganlarini kutishga to‘g‘ri kelganlikdan shu yerda ikki kun turishga majbur bo‘ldik. Shunga ko‘ra Qo‘ychi botirdan biz borgunimizcha kutib turishni o‘tinib so‘rab, tortuq yo‘sinida unga bir semiz biya yubordik. Qudurg‘u tog‘i betida to‘p qarag‘ay tagida bizni kutib olishga qattiq va‘da berishib, biya yetaklagan holda bu ikki yigit bizga xo‘sh aytib qaytdi. Shu bilan ikki tun o‘tkazib ular ortidan biz ham yo‘lga tushdik.

Rahmsiz, kuchlik dushmanlar changaliga tushishdan qo‘rqib, ulug‘ tog‘larga sig‘ingan yig‘indi bir to‘da mazlum ojizlar qatorida o‘zimning ketayotganimni ko‘rib, bu xunuk manzaradan qattiq ta‘sirlanmish edim. Bir davrlarda butun dunyoni nayzasi uchida o‘ynatgan turk o‘g‘lonlari, bugunki kunda burgutdan qochgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Qochar joyini, kirar teshigini topolmaydilar. Burun nega unday ekanmiz? Endi nega bunday bo‘ldik? Mana buning sabablarini tekshirib, aniqlab bilganimizdan keyin, uning chorasiga kirishmog‘imiz kerak. Bizning ishonchimiz 6u dunyo, u dunyo bo‘lib, oxirat kuniga iymon keltiramiz.

Endi shuni bilmoq lozimdirkim, bu dunyo ishlarini Alloh taolo butunlay sababga boglamishdir. U dunyo ishlari bo‘lsa, Qur‘onning aytishicha, sababsiz, xudo qudrati bilangina paydo bo‘lur. Hayot olamidagi dunyo ishlari zarradan Quyoshgacha, barcha narsalarning bo‘lishi va bo‘lmasligi bari sababga bogliqir. Tavakkal qilish, ya‘ni, Allohga topshirishni ersa, inson toqatidan tashqari, qo‘lidan kelmaydigan ishlardagina shariat buyuradi. Shundoqki, dehqon yerni tanlab haydaydi, butun sharoitlarini bajargan so‘nggida tuproqqa urug ko‘madi. Ammo tuproq ichidan uni undirib chiqarish uning ishi emas. Bu to‘grida tavakkal qilib turishdan boshqa chorasi yo‘qdir. Bizning bu so‘zimiz hammaga tushunarlik bo‘lganlikdan, dunyo ishlarini musulmonlar, albatta, shunga taqqos qilishlari lozimdir. Payg‘ambarimiz aytdilar: «Musulmonlar dunyoda yaxshilik ko‘rsalar Allohga hamd aytsin. Agar yomonlik ko‘rar ekanlar, o‘zlaridan ko‘rsin, qilmishlari ularga qaytarilmishdir».

Oyat, hadis, xudo, payg‘ambar so‘zi mazmunicha to‘xtalgan hukm shulki, islomiyat sharoitlarini 6utun bajarish sharti bilan dunyo ishlarida moddiy, ma‘naviy tomondan zamonaviy asboblarini to‘liqlab qo‘lga keltirish musulmonlar uchun farzdir. Agar bu ishni yuzaga chiqarish uchun yuz sharti bo‘lar ekan, shulardan to‘qson to‘qqizini bajarib, biriga kelganda uzrsiz uni qoldirsa, shariat oldida xiyonat qilgan bo‘lib, shu ishda jinoyatchi hisoblanadi. Chunki, hayot olamiga qurgan Alloh qonunini buzib, yaxshi saqlamagan bo‘ladi. Qaysi narsaning salbiy, ijobiy bo‘lishi bo‘lmasligi sabablari to‘liqlanar ekan, kimning qo‘lidan bo‘lsa ham, u narsaning yuzaga chiqishi aniqlanmishdir. Biz musulmonlarga ham shunday ishonish lozimdir. Chunki, bir ishning paydo bo‘lishi uchun, uning sabablari to‘liq qo‘lga kelar ekan, uni yuzaga chiqarish Allohning hayot olamiga qo‘ygan qonunidir. Qur‘on tilida buni «odatillo, sunnatillo», ya‘ni «Alloh odati, Alloh yo‘li» deb aytiladi.

Pashambarlardan boshlab butun dunyoda yashaydirganlar shu qonunga bo‘ysunishga majburdirlar. Bunga misol Uhud urushida shu qonun yaxshi saqlanmagan edi. Bir zumda ahvol o‘zgarib, ish mo‘minlar ziyoniga aylandi. Bunga tushunmagan bir necha kishilar: «Muhammadni Xudo yuborgan bo‘lsa edi, biz shunday kunga qolarmidik, o‘zining tishi sinib, boshi yorildi, yo‘ldoshlaridan qancha kishilar dushmanlari qo‘lida o‘ldirildi», deb xato fikrga ketdilar. Haqiqatda esa bu ishga o‘zlari sababchi bo‘lmish edilar. Xudo Qur‘onda ko‘rsatgan urush qonunlarini buzib, Rasululloh buyruqlarini bajarmagach, zafar bulardan yuz o‘girmish edi. Bu qonun dunyo boricha davom etajakdir.

Endi, biz musulmonlar, ayniqsa, ikki Turkiston turkiy xalqlari: barcha o‘zbek, uygurlar hayot olamida qurilgan Alloh odatiga yaxshi tushunib, dinimiz, Qur‘onimiz buyrugini amalga oshirolmadik. Shuning uchun hozirgi hayotimizda dushmanlar qo‘lida erk ixtiyorimizdan butunlay ajralib, burnimiz yerga ishqalangan holda hayvondek ishlab, qullardek qiynalib, kun kechirmoqdamiz. Yana shunday bo‘lsa ham, kelajakda ko‘zda tutilgan umidlar asosi ko‘rinib, uygonish tuygusi o‘qimishlik yoshlarimiz orasida sezila boshlanmishdir. Fikr uygonishi ortidan ish o‘zgarish natija berishi burundan beri siyosat olamida bo‘lib kelgan ishdir. Tarix sahifalarida bunday hollarni ko‘p uchratamiz.

Kofirlik yomonmi, bilmaslik tushunmaslik yomonmi? Bu savolga dunyoning eng uluglari pashambarlardan boshlab, barcha bilimlik donishmandlar: «Bilmaslik va tushunmaslik kufrdan ham yomonroq», deb javob bermishdurlar. Chunki, o‘z zamoniga tushunmagan musulmonlar shariat oldida islom asoslarini bilmagan bo‘ladilar.

O‘z milliy hukumatidan ajragan insonlar, o‘z vatanida turgan bo‘lsalar ham, biz Turkiston xalqi kabi butun huquqlaridan ajrab, xor zorliqqa qolishlari shubhasizdir. Biz esa o‘z merosimiz ona vatanimizga ega bo‘lolmay mol-boshlarimizdan, dinimizdan borliq narsalarimizdan butunlay ajramoqdamiz.

XX asr madaniyati orqalik dunyo bo‘yicha ilm tarqalib, buning natijasida Ovrupo ajdarholarining mustamlakalarida qulchilikda yashayotgan insonlar ozodlikka chiqib, o‘z milliy hukumatlariga ega bo‘ldilar va bo‘lmoqdalar. Shu bilan barobar ikkinchi tomondan o‘zlarini «mehnatchilar gamxo‘ri» deb pardalagan kommunist qizil ajdarholar tushunilmas, buzuq tuzulmalari ostida butun xalqni qutulmas qulchilikka solib, hayvonlarcha ishlatmoqdadirlar. Ayniqsa, biz ikki Turkiston o‘zbek uygur musulmonlari ikki ajdarho ogziga taqashib, yutilish oldida turibmiz. Endi ish shundayin fojialik holga yetganda bundan qutulish uchun qandaycha choralar ko‘rishimiz mumkin va qandaycha choralar ko‘rishimiz kerak! Chunki, hayot olamidagi butun ishlar sababga bogliq ekanligini, qachon bir ishning sababi topilar ekan, uni yuzaga chiqarish, Qur‘on hukmicha, Allohning buzilmas odati ekanligini aniq bildik. Bunday bo‘lshch, bu fursatni ham ganimat bilib, yutilib ketmasdan boldirroq (oldinroq, ilgariroq), undan qutulish chorala-riga kirishimiz lozimdir.

Yer usti insonlari yer osti ma‘danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan, har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir ko‘mirlari ko‘p bo‘lgandek, oltin olmoslari ham oz emasdir. Endi esa kelajak kunlarda biz uchun yaxshi sharoit lar tugilib, qobusi kelar ekan, tog boskandek ustimizda bosib yotgan bosqinchilar qo‘lidan vatanimiz Turkistonni, albatta, qutqara olamiz. Chunki, bizlar hozirgi holda tog tagiga tushgan chumolidek ojizlikda yotgan bo‘lsak ham, bunga qarshi ko‘z oldimizda toglarni qo‘morgidek (ag‘dargudek, ko‘chirib, yulib tashlagudek), dahshatlik kuch quvvatlar fursat kutib turibdilar. Agar shundoq kunlar to‘gri kelar ekan, siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o‘z hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o‘z hukumati o‘z qo‘lida bo‘lmas ekan, cho‘poni qo‘ychiboni yo‘q bir to‘da qo‘y kabi yirtqich qushlarga, och bo‘rilarga yem bo‘lib, oxiri inqirozga uchrab yo‘qoladi.

Endi maqsadga yetmoq uchun davlatimiz qo‘limizdan ketgan bo‘lsa ham, millatimizni yutilishdan saqlab qolish kerak. Buning birdan bir chorasi esa, diniy va ham milliy hislarimizdan ajramaslik edi. Biroq bu hiylagar bosqinchilar o‘zlarining zulm-istibdod hokimiyatlari ostida diniy milliy hislarimizni yo‘qo tish uchun, tish-tirnoqlari bilan qattiq kirishganliklari natijasida, Turkiston xalqining diniy hislari ko‘ngillaridan ko‘tarilib qoldi. Nechuk ko‘tarilmagaykim, din ilmi, din tarbiyati birinchi navbatdayoq maktab madrasalardan chiqarilib tashlab, o‘quv o‘qituv ishlari butunlay dinsizlik asosiga qurilmish edi. Shundan beri 50 yil o‘tdi. Sovet hukumati kommunistik istibdod ostida diniy milliy hislarini butunlay xalq ko‘nglidan chiqarish uchun, moddiy va ma‘naviy kuchlari bilan dinga qarshi butun choralarini ko‘rmoqda. Buning ta‘siri orqalik hozirgi yoshlarimizning din haqidagi tushunchalari o‘zgarib, diniy hislari yo‘qolishi boshlandi. Uning ustiga baynalmilal pardasi ostida yoshirinib olib, millatchilik yo‘q desa ham, boshqalarni yutish qonunini amalga oshirish bilan bizni yutmoqchi bo‘ladilar. Endi bu yolmogizlarga yutilishdan o‘zimizni qutiltirish uchun, diniy, milliy hislarimizni saqlab, zamonaviy fan ilmlarini egallashdan boshqa chora topilishi mumkin emasdir.

Xulosa shuldirki, milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo‘lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o‘zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo‘yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o‘sib saqlangusidir. Agar bunday bo‘lmay balki, aksincha, o‘z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogda ko‘p uzoqlamayoq alvido aytib, o‘z tillaridan abadiy ajragan bo‘ladilar. Shundoq bo‘lib, o‘z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo‘qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday bo‘ldi demak, ulug Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon bo‘lgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon-sharaflik nom nishonlari o‘chiriladi demakdir.

«Xonligingdan ajrasang dagi, ulusingdan ajrama», degan eskidan qolgan maqol eng hikmatli so‘zdir. Chunki, bizning ishimiz va biz o‘xshash boshqalarning ham ishlari shu hozirda talashib tortishib yotgan dunyo siyosatiga bogliqdir. Shunga davr til adabiyotimizdan adashmay, milliy hissiyotimizdan ajramagan holda, zamonaviy ilmlarni egallashimiz kelajakda ko‘z tutilgan ulug maqsadlarimizning birinchi shartidur.


Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Shunday qilib, tog‘dan toqqa, dovondan dovonga osha ikki kun yurganimizcha, bizni kutib olishga mo‘ljal qilishgan tog‘ga yetib keldik. Qarasak, biz va‘dalashgan kishilardan bu yerda hech kimni ko‘rolmadik. Bu ishdan o‘ylanib gumonga tushgach, sog‘lik bilan olg‘a tomon yurib, kun tush vaqtida Qudurg‘u tog‘iga yetib keldik. Bizni kutib turmoqchi bo‘lgan Qo‘ychi botirning yoshiringan joyi to‘p qarag‘ay, qarshimizdagi tog‘ betida ko‘rinib turmoqda edi. Ko‘z tutgan yerimizdan hech kim ko‘rinmay, jim-jit bo‘lganligi uchun hayron qolib turganimizda, birdaniga uch otliq kishi tog‘ cho‘qqisidan chiqdilar. Bizning kishilarimiz bo‘lsalar kerak deb, Hizrni ko‘rgandek barimiz quvnashgan holda chuvqon (baqirish) solishib, yog‘liqlarimizni (qo‘l ro‘moli) aylantirib ularni chorlagani turdik. Bizga qarshi ular ham do‘stlik belgisi bildirib, javob qaytargan bo‘ldilar. Biz pastda, ular tog‘ ustida ikki o‘rta uzoqroq bo‘lib, tovush yetar lik emas edi. Oradan biror soat o‘tar o‘tmas tog‘dan tushib, to‘p qarag‘ay ichiga kirganlaricha, ikki uch soat kutdik, u yerdan chiqmadilar. Bu ishdan gumon olib, bizga qo‘rqinchlik tushgach, buni payqab kelish uchun ikki kishini yubordik. Bular yoshirincha borib qarasalar, bizni tutishga Qorako‘l shahridan yuborilgan o‘ttizcha askar bo‘lib yotmish ekanlar. Buni ko‘rib shoshilinch bilan qaytib kelayotganlarida yo‘lda ular tomonidan o‘ldirilgan Qo‘ychi botirning ikki yigitini ko‘rmish edilar.

Shu bilan ishning qanday ekanligi bizga ma‘lum bo‘lg‘ach, darhol qurolli kishilarimizni tog‘ betidagi yoshirin o‘rinlarga joylab, shu kuni bir birlarimizni poylashib yotdik. Kech yaqinlashgan sayin, havo buzilib, qor yog‘ib, tun qorong‘uligi bosti. Biz kelayotgan yolg‘izoyoq yo‘limizni dushman to‘sib turg‘onlikdan, otishib-chopishib bo‘lsa ham, shular oldidan o‘tishimiz yoki orqamizga qaytishimiz kerak, bundan boshqa choramiz yo‘q edi. Ko‘pchilik yo‘ldoshlarimiz qo‘shqulon, xotin bolalik bo‘lganliklari uchun, dushman oldidan kesib o‘tishga jur‘at qilolmadilar. Buning ustiga qor qattiq yog‘ib, oldi-orqa yo‘limiz butunlay yo‘qoldi. Ulug‘ tog‘lar oralab yo‘lboshchisiz yolg‘izoyoq yo‘l bilan qo‘rqinch ostida kelayotib, har tomondan dushman bilan o‘ralgan holda, bu kabi og‘ir kunga qolishimiz bizni eng qattiq dahshatga tushirmish edi. Axiri, o‘zaro kengashgandan so‘ngra, oldimizdagi dushman qo‘liga tushmaslik chorasini o‘ylab, orqamizga qaytdik. Ko‘z ko‘rmas qorong‘u kechasi, ming turlik mashaqqat bilan tog‘dan tog‘ga oshib o‘ltirib, tongga yaqin bir soy ichiga kelib tushdik. Shu kecha har qancha mashaqqat tortgan bo‘lsak ham, hozircha rahmsiz dushman qo‘lidan qutilgan hisob bo‘ldik.

Agar bu vahshiylar qo‘liga tushar ekanmiz, xotin bolalar bilan bir qatorda birortamizni qoldipmay, otib chopib yo‘qotib yuborish, bularning odatlari edi. Xudo saqlab, shu tuni qalin qor yoqqanlikdan ertalab izimizni topisholmay, boshqa yo‘l bilan o‘tib ketgan deb gumon qilib, ketlariga qaytgan ekanlar. Shu bahona bo‘lib ularning nohaq zulmlaridan bizlarni xudo qutqarmish edi. Ikkinchi kuni esa, u soydan ko‘chib, Chelak dovoni tuyug‘idagi qalin qarag‘ay ichiga kirib, omon olmoqchi bo‘lib ketayotganimizda, Issiqko‘l bo‘yidagi qirg‘izlarning oqsoqollaridan bir necha kishilar oq bayroq ko‘tarishib oldimizda ko‘rindilar. Qarasak, bular bizni yo‘ldan qaytarish uchun byr qancha aldov yolg‘on va‘dalar bilan hukumat tomonidan yuborilmish kishilar ekan. Qochoqlar ichidagi chog‘aylarga (kambag‘allarga) tarqatish uchun bir muncha tayinlangan narsalar ham bor. Bularning sirti totliq, ichi zahar so‘zlariga besh olti odamdan boshqa ko‘pchiligi aldanib, qaytishga moyil bo‘ldilar.

Shu bilan kelgan yo‘limizni qoldirib, Suttibuloq oshuvi orqalik ikkinchi yo‘l bilan, otlarimiz oriqlagan, o‘zimiz xorib charchagan holda, Issiqko‘l usti Boysovrun yayloviga qaytib keldik. Bu yerda sayaq urug‘i qirg‘izlardan ota qadrdonlarimiz ko‘p edi. Har qaysilari bizni chaqirib, ziyofat qilgani turishdi. Tanimiz sog‘ bo‘lsa ham, ko‘nglimiz tinchsiz bo‘lg‘anlikdan, yemak ichmagimiz o‘zimizga tatimas edi. Shu yerda uch to‘rt kun turganimiz so‘nggida, qirg‘iz yo‘ldoshlarimiz har qaysilari o‘z el-yurtlariga tarqalib ketdilar. Bular ichida ko‘zga ko‘ringan besh olti kishi boshimizga tog‘ ag‘darilgandek, nima qilishimizni bilmay hayronlikda qoldik.

Axiri, maslahat bilan To‘qmoqqa qaytmoqchi bo‘lganimizda o‘zim yo‘ldoshlarimdan ajrab, falon joyda topishaylik deb, ularni kechalab yo‘lga soldim. Bu yer bilan To‘qmoqning oralig‘i ikki yuz chaqirimcha bor edi. So‘ngra qadrdon qirg‘izlardan bir yo‘lboshchi olib, ko‘l bo‘ylab yolg‘izoyoq, yoshirin yo‘l bilan uch kun yurganimizda Issiqko‘ldan 30 chaqirimcha yiroqlikdagi Maydontol degan qalin to‘qay ichidagi Irisbek qirg‘izning uyiga kelib tushdik. Bu kishi ersa, xudo rahmat qilsin, bizning eng ishonimlik do‘stlarimizdan bo‘lib, buning qo‘lida 200 dan ortiqroq tul qo‘yimiz bor edi. Musulmonchilikka ixloslik, xiyonati yo‘q, bizga muhabbatlik yaxshi kishi edi. Bizdan ilgari ko‘rishgan yo‘ldoshlarimizdan bo‘lgan voqeani eshitgach, kelishimiz uchun tayyorgarlik ko‘rib, hech kimga tuydirmay, qalin to‘qay ichida yolg‘iz uy tikib, bizni kutib yotmoqda ekan. Bu yerda uch to‘rt kun yotib hordiq olg‘animiz so‘nggida, kishi yo‘q tog‘ yo‘llari orqali yurganimizcha, orada bir qo‘nib, ertasi tongga yaqin To‘qmoqqa keldik.

1930 yili sentyabr oyining o‘n beshlarida shu xatarlik safarga chiqib, 20 kundan oshiqroq tog‘u tosh, qoru muzlar orasida mehnat mashaqqatlarga qolib, axiri qazodan qochib qutulish imkoniyati yo‘qligidan, taqdirga bo‘yinsunishdan boshqa chora topolmadik. Bu rahmsiz zolimlar zulmidan qochib, suyumlik ona Vatanimizni tashlab va ham butun hayotimiz hosili o‘z oilamizdan ajrab, hasratlik ko‘zlarimizdan qon yoshlarimizni oqizgan holda ketgan bo‘lsak ham, oldimizdagi erkin ozodlik olamiga chiqish umidi bilan ulug‘ tog‘lar ustida anchagina ko‘nglimiz ochilib, ruhimiz ko‘tarilmish edi.

Zulmxona

Bu yo‘ldan (Sharqiy Turkistonga o‘tolmasdan) qaytib kelgach, hozircha, dushman qo‘liga tushmagan bo‘lsak ham, ko‘z tutqan umidlarimiz bo‘shqa (bo‘shliqqa, yo‘qqa, bekorga) ketganlikdan o‘z vatanimiz dushman qafasiday ko‘rinmish edi. Shunday bo‘lsa ham, boshqa chora topolmagach, hech kimga tuydirmay, qirq kuncha shu yerda turdim. So‘ngra So‘quluqdagi tungon shogirdlarimiz xabar topishib, yoshirincha meni olib ketdilar. Tungon xalqining bizga ko‘rsatgan yaxshiliklari ko‘p edi. Bunga qarshi ular uchun Alloxdan yaxshilik so‘rashdan boshqa hech narsa qilolmadim. Bular ichida o‘z oilamda turganimdan ortiqroq bo‘lib, ikki-uch oy o‘tkazganimdan keyin qayoqdan anglamishdir sovet davlatining uch harflik GPU jallodlari marhum Olimxon to‘ra akamizni chaqirib: «Ukangiz Alixonto‘ra chegaradan o‘tolmay qaytib kelib, So‘quluq tungonlari ichida yoshirinib yotgan emish. Bizdan kishi qochib qutulolmaydi. Siz borib birga olib keling, unga yaxshilik qilamiz», deb yubormishdir. Kelmasga choralari yo‘q, kelib ko‘rishgan so‘nggida yana qochib qutulishim mumkin bo‘lsa ham, akamni ayaganimdan nima bo‘lsa ham, o‘zim ko‘ray deb birgalikda Pishpekga keldim.

Ertasi kuni ko‘zimizga jallodxonadek ko‘ringan idoralariga majburiy ravishda kirib ko‘rishganim so‘nggida, o‘zlaridan hech kutulmas darajada yumshoq muomala ko‘rsatgan bo‘lishib, meni tuzoqqa tushurmoqchi bo‘ldilar. Shu idora makkorlaridan biri bizning safarimizda bo‘lgan voqealarni boshdan oyoq qoldirmay so‘zlab berishni mendan so‘radi. Men ham «An najotu fissidqi», ya‘ni «najot chinlikda» degan hadisga muvofiq, bir oylik safar ichida uydan chiqqan kunimizdan boshlab o‘tgan ishlarni gapirib berdim. Shundoq bo‘lsa ham og‘izdagi so‘zimga qanoat qilmay, shularni bir ikki kun ichida yozib keltirishimni topshirib, menga ruxsat qildi. Uning degan kunidan qoldirmay, aytgan so‘zlarimning barini yozib keltirganim so‘nggida, uyga borib oilam oldida 15 kun dam olib, qaytib kelishga buyurdi.

Biroq meni o‘z xizmatlariga ko‘ndirmoqchi bo‘lib, qirg‘izlar qishlog‘i Chiyqo‘rg‘on degan yerdagi kishilar ustidan yoshirin ma‘lumot to‘plab keltirishimni menga topshirdilar. Endi bu mal‘unlarning topshiriqlarini bajarganimda, o‘zim ishongan muqaddas Qur‘on hukmiga qarshi ishlashga to‘g‘ri kelar edi. Shunga ko‘ra bu yo‘lda har qanday og‘irchiliklar bo‘lar ekan, islom hurmatini saqlash uchun, bu zolim vahshiylar topshiriqlarining birortasini ham o‘rinlatmasdan (bajarmasdan) qaytib keldim. Ertasi kuni u bilan ko‘rishganimda

xizmati bajarilmaganini anglashi bilan, u kofirning tusi o‘zgarib, g‘azabi qo‘zg‘algan bo‘lsa ham, xudo saqlab, boshqalarga qiladurg‘on urush-qiynash odatlarini menga qilishga jur‘at etmadi. Shu bilan ahvol o‘zgarganicha ikkinchi bo‘limga chiqib, bizning ustimizdan zulm qarorini yurg‘izish kengashini o‘tkazib, bir oy vaqt o‘tgandan so‘ngra, uch qavat binoning eng ostqi qavatida, yer ustidan to‘rt metrcha chuqurlikda bo‘lgan, yolg‘iz yotoq kameraga meni tushirib qamab qo‘ydilar.

Chirqillagan qish kunining chilla sovug‘ida, osti usti muzday yaltirab yotgan yer osti zindoniga kirgach, o‘zimni hayot olamidan boshqa bir dunyoda turganday bo‘lib sezdim. Bu kabi dahshatlik o‘ringa qish chillasi ramazon oyida, ro‘za og‘iz kirgan edim. Shu kundan boshlab turma qozonidan osh ichmasga shart bog‘lab, og‘iz ocharda, saharda quruq non, qaynoq suvga qanoat qildim. O‘t ko‘rmay, issiq ichmay, ro‘za tutib, yolg‘iz yotar uyda shu kabi qiyinchiliklar bilan 13 kun o‘tkazganim so‘nggida, leningradlik bir rus yigitini kechasi mening ustimga kirgizib qamadilar.

Qish kunining sovig‘i, yotoq to‘shak yetishmasligi, buning ustiga ko‘ndalang yotsak oyoq uzalmaydi, uzuniga yotganda ikki kishi sig‘maydi, qish chillasi bo‘lib, oyoq sovuqqa chidamaydi. Bu dahshatli ahvolni ko‘rgach, o‘zi ham qiyinchilik ko‘rmagan boy bolasi bo‘lishi kerak, achingan ko‘zi bilan menga qaragan holda: «Bu azobxonada turganingga necha kun bo‘ldi?», deb mendan so‘radi. «13 kun bo‘ldi», deganimda boshini chayqab, menga ichi og‘riganini bildirdi. Shu bilan qish kuni uzun kechalari sovug‘iga chidamay, yarim tungacha kamera ichida ikkovimiz navbatlashib yurib turdik. Bunga o‘xshagan xo‘rlik azobini ko‘rganiga chidayolmagan bo‘lsa kerak, choy o‘ragan bir parcha qog‘ozga xat yozib, qorovul askarga topshirdi. Menga qarab: «Bunday og‘ir ahvolda turganimizdan o‘lganimiz yaxshi. Men ochdan o‘lishga rozilik bildirib, ariza berdim», dedi. Bir ikki soat o‘tar o‘tmas kameraga komendant burutini (mo‘ylovini) shoptay (tikka) qilib, «Kim ochlik bildirgan kishi?», deb haybat bilan ustimizga kirib keldi. «Men edim» deb o‘rnidan turgach, shu o‘xshash kishilarga atalgan yolg‘iz yotoq uyga uni chiqarmoqchi bo‘ldi. Mening yotqanimga ham 13 kun bo‘lmish edi. Bunday og‘ir o‘rinda 10 kundan ortiq ushlamasligini eshitgan edim. Shunga ko‘ra, sovuq qattiqligidan tan sog‘lig‘im buzila boshladi. Shuni ko‘rsatib: «Meni ko‘pchilikka qo‘shsanglar», deb komendantdan iltimos qildim. «Yuqoridagi seni qamagan kishilar bilan so‘zlashib, so‘ngra javobini beraman», dedi. Shu bilan bir kechalik yo‘ldoshimni olib chiqib ketdilar. Oz bo‘lsa ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan qayg‘udoshimdan ajrab, yana sovuq xonada yolg‘iz qoldim. «Ha, endi, bir bahona so‘z aytib chiqib ketgan kishi meni qaydan eslasin», deb o‘ylagan bo‘lsam ham, xiyol o‘tmay kelib, ko‘pchilik ichi sakkizinchi kameraga chiqazib qo‘ydi. Qarasam, 6u yer ko‘zimga boshqa bir olam ko‘rinib, muz xonadan mo‘nchaga (hammomga) kirganday bo‘lib qoldim. Bu kamerada menga yo‘ldosh bo‘lg‘udek bir qirg‘iz, ikki rus bo‘lib, To‘qmoqlik bo‘lganliklari uchun meni yaxshi tanir ekanlar. Ular bilan so‘zlashib o‘ltirdik. Shu kuni iftor vaqti og‘iz ocharimda, topganimni oldimga qo‘yib, qaynoq choy, yumshoq non keltirgach, «Hay, dunyoda bunday joyni ham ko‘rar kunimiz ham bor ekanku», deb shu g‘urbatda rohatlangan bo‘lib o‘ltirdik. Bir necha kun o‘tgandan so‘ng meni yon qo‘shni kameraga ko‘chirdilar. Qarasam, bu yerda o‘zimning safar yo‘ldoshlarimdan to‘rt qirg‘iz o‘ltirishgan ekan. Bir birlarimizga ko‘zimiz tushgach, tug‘ishgan qardoshlarcha quvonib ko‘rishdik. Chunki bular qor, muzlik tog‘lar, toshlar orasida qochib yurgan kunlarimizdagi qayg‘u qardoshlarimiz edi.

Bayt:

Zoti yaxshi unutmas hech qachon,
Qayg‘ulik kunlardagi yo‘ldoshlarin.

Bizning safardosh ekanligimizni bu zolimlar bilmagan edilar. Shuning uchun bular bilan biror oycha birga turishib, ro‘za kunlarini o‘tkazdik. Boshqa hamsafarlarimizdan ko‘zga ko‘ringanlarini qoldirmay, qamoqqa olmish ekanlar.

So‘ngra, Otboshi Norin, Qo‘chqor, Jumg‘ol tomonlardagi qirg‘izlardan boymanap bahonasi bilan, ko‘zga ko‘rinarli kishilarni qo‘ymay, qamag‘ali turdi. Ko‘p bo‘lsa, olti yetti kishilik kameraga yigirmadan oshig‘roq odam kirgizdi. Bular ichida umr bo‘yi bozor ko‘rmagan, ulug‘ tog‘lar ustida yurib mol boqishdan boshqani bilmagan, yoshlari saksondan o‘tgan, bir necha qirg‘iz chollari bo‘lg‘anlaridek, 16 yoshlik bir qirg‘iz bolasi ham bor edi. Tog‘ toshlarda ot chopib yurgan o‘yin bolasi birdaniga bunday dahshatlik kunga qolishdan qattiq ta‘sirlanib, sochiga oq tushib qolmishdir. Odam ko‘pligi, joy torligidan kechasi ikki taraflama yotishga majbur bo‘lamiz. Oyoqlarimiz toliqqanida uzatib yuborur bo‘lsak, bir birlarimizning ko‘kragimiz, qo‘ltiqlarimizga kirganidan uyqimiz qochadi. Bu o‘rinning qiyinchiligini ko‘rib, achchig‘ini tatimagan kishilar qaydin bilsunlar buning azobini! «U dunyodagi yaxshi yomon ishlarning nusxasi, bu dunyoda ham bor», degan so‘zlar diniy kitoblarimizda yozilmishdir. Shunga ko‘ra, oqil odamlar bundagi turlik yomon muomalalarni, yomon axloqsiz kishilarni ko‘rgach, u dunyoda bandalar uchun tayyorlangan Tomug‘ (do‘zax) azobini eskarib, ibrat olishlari kerakdir.

Bayt:

Oqil odam har ishdan ibrat olur,
Qaysi hol ichra tursa foydalanur.

Turma tartibi bo‘yicha har kuni kamerani supurish, parash ko‘tarish kabi xizmatlarni navbati bilan bir odam bajarib turishi lozimdir. Keksa, qari odamlarning kezigi (o‘rni, navbati) kelganda ularning xizmatlarini ko‘pincha o‘zim qilib turdim. Odam bolasi har ishga chidayolsa ham, bekorchilikga chidayolmaydi. Shuning uchun payg‘ambarimiz: «Bekorchi, sog‘lom yigitlarni Alloh dushman tutadi, ishchan qarilarni do‘st ko‘radi. Buzuqchilik, fitna fasod ishlar ko‘pincha bekorchilardan chiqadi», dedilar. Ayniqsa, tog‘ tosh, dalatuzdan (tekislik, pastlik joy) kelgan qirg‘iz qozoqlar diniy etiqodlari bo‘sh, o‘zlari ochiq havo, keng dalalarda unib o‘sganligi uchun bunday og‘irchiliklarni ko‘p ko‘rmagan, turma mashaqqatlariga chidami yo‘q bo‘ladilar. Shu sababdan vaqtlik bo‘lsa ham, orti nima bo‘lishiga qaramay, imkoniyat boricha qutulish chorasiga kirishadilar.

Mana shu holdan foydalanib, xalq ichidagi o‘ng-so‘lini payqaydigan, ko‘zga ko‘rinarli kishilarning ko‘plarini bu makkorlar o‘zlariga josus qilib, burunlaridan bog‘lamish edilar. «Dushman qo‘li bilan ilon boshini yanchi, o‘lsa ham sening foydang, chaqsa ham sening foydang», degan maqol so‘zi bularning shiorlari edi. Bu vijdonsizlarning ba‘zi bir qo‘rqoqlari o‘z himoyalari uchun boshqalar ustidan nohaq so‘zlar keltirib, ko‘p odamlarning yostig‘i qurishiga sabab bo‘ldilar. Yolg‘iz shahar, qishloq, mahalla ko‘ylarida emas, balki har bir oilada ham, josuslik balosi boshlanmish edi. Bundan chiqayotgan fitna fasod ishlar, har tomonlama xalqqa bo‘layotgan jabr zulmlar ko‘pligining haddi hisobi yo‘q edi. Shuning uchun bu Turkiston xalqlaridan, ayniqsa, ko‘pchiligi mazlum musulmonlardan yer osti, yer ustidagi butun turmalarini to‘ldirmish edilar.

Bu kabi hech bir davrda ko‘rilmagan vahshatli dahshatli azoblar sovet hokimiyati qurilgan kunidan boshlaboq davom etmoqda edi. Shunday qilib, ortig‘i bilan 6 kishi sig‘arlik kamerada 20 chog‘li kishi eng og‘ir ahvolda bir oydan oshiqroq yotdik. So‘ngra turma odati bo‘yicha kamera almashtirish ishi boshlanib, mani to‘qqizinchi uyga ko‘chirdi. Qarasak, bundagi ko‘pchilik ilgarigiga qaraganda necha barobar ortiqroq edi. Shu joyga chiqqan kunimizdan boshlab, To‘qmoq, Pishpekka qaraganda uzoq yaqindagi qirg‘izlarning boy manaplarini qoldirmay keltirib, bizning ustimizga qamadilar. Bular ichida Sayaq urug‘idan yoshi saksondan oshgan turkman oqsoqoli boshliq, yoshlari yetayozgan Kukumboy, Qurmon deganlar bo‘lib va ham shular qatorida har urug‘ qirg‘izlaridan ismi chiqqan, atoqlik manaplari ko‘p edi. Bular esa, yer osti kameralarida ko‘pchilik bilan besh o‘n kun yotkandan keyinoq, havoning buzuqligiga chidayolmay ishigali turdi. Oxiri bulardan yuqorg‘i sakson yoshlik turkman oqsoqol boshliq qancha ko‘p kishilar shu g‘ariblik turma azobida vafot topdilar. Alloh ularni rahmat qilsin!

Shuncha ko‘p qirg‘izlar ichida sakson to‘rt yoshlik bir chol kishi qutulib ketdi. Bu esa Otboshi Norin tomonidan kelgan, mol boqishdan boshqani bilmagan, xudo yaratganicha qolgan, bir mo‘min edi. Undan kim so‘z so‘rasa, o‘z tilicha aytib «Barm ishti so‘pom ile biletqu», deb qo‘yar edi. Bu so‘ziga mendan boshqa kim quloq solsin! Bir kuni yana shu yuqorg‘i so‘zini gapirganida «so‘pom» degani nima degani ekan, «subuhona» degani bo‘lmasin, deb o‘ylanib qoldim. Har kuni erta kech turma odaticha ikki vaqt havo yangilash uchun butun qamokdagilarni turma sahniga chiqaradilar. Chiqarish vaqti bo‘lib, eshiklar sharaqlab ochilishi bilan, tor qo‘roda qamalib yotgan hayvonlar kabi, o‘zlarini eshikka urib, tashqariga chiqishga intiladilar. Boshqa nima qilish kerak, bir nafas bo‘lsa ham kamera sassiqligidan qutulib, quyosh yuzini ko‘rish, sof toza havoda o‘ltirib, boshqa kameradan chiqqan mungdoshlarimiz bilan ko‘rishish biz uchun eng kerakli narsa hisoblanur edi. Chunki, ortig‘i bilan 15 kishilik o‘ringa 50 kishini qamagandilar. Hammaning yuragi g‘am qayg‘u bilan to‘lgan, buning ustiga turma tozalig‘i nochor, ba‘zi odamlarning tan salomatligi yaxshi kutilmagan. Shu xil sabablarga ko‘ra sassiqchilik, if-loschilik qo‘pganlikdan hammani bit bosgan edi.

Shunday qilib, kameradagilar shoshilinch bilan chiqayotganlarida har kishi o‘zi bilan bo‘lib, yolg‘iz qolayotganini ko‘rgach boyagi «so‘pom»chi chol: «Hay baldar, mendag‘i qudaydin jarig‘in ko‘rayin, meni tashtamangdar», deb qattiq qichqirdi. Qarasam, shuncha ko‘p qirg‘izlardan birorta odam unga qayrilib qaramagach, men kelib qo‘ltiqlab tashqariga olib chikdim. «So‘pom»ning hurmati uchun boshqa kunlari ham «so‘pom»chiga qo‘limdan kelgan yordamimni ayamadim. Shu bilan uch to‘rt kun o‘tgach, buning ham sog‘lig‘i buzilib, salomatligi yo‘qola boshladi. Qo‘l oyog‘i tulumday (dum-dumaloq) bo‘lib ishigani turgach, o‘z oyog‘i bilan tashqariga chiqolmay qoldi. Bir kuni kamerada navbatchilik gali menga kelmish edi, qarasam, kamerani supurayotganimda cholim yig‘ini boshlab: «Aylanayin so‘pom, meni tashlab qo‘ydingmi», deb qayg‘ulik ko‘zlaridan yosh to‘kib, shu so‘zni ikki-uch qaytardi. Shunda aniq bildim, uning «so‘pom» degani «subhon» degani ekan.

Oradan 10 minut o‘tar o‘tmay, yuqorida o‘tirgan jallodlar boshlig‘idan birovi tezdan tusha kelib, qo‘lidagi qog‘ozga qarab, hammani tekshirib bo‘lg‘ach, yugurganicha yuqoriga chiqib ketdi. Xiyol o‘tmay yana qaytib tushib, hammamizni qayta boshdan so‘rag‘ali turdi. Kimning falokati arib, iqboli ochildi ekan deyishib, mendan boshqa hammalari jaldirashgan holda qarashib turardilar. Mening ko‘nglimda esa, bu cholning boyagi qilgan xudoga nolasi, otgan o‘qdek yetgan bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun «Kimni istaysiz, oti nima?», deb undan tortinmay so‘ra-dim. Boshqalar esa, jallod oldiga kelgan o‘lim kishisidek termilgan holda qarab turardilar. Haligi odamni istagan ekan. «So‘pom»chi chol shunday qilib bo‘shanib chiqib ketdi.

Har bir musulmon odamga Alloh farz kilgan iymon taqlidiy emas, balki haqiqiy iymon ekanligini aniq bilishlari kerak. Haqiqiy iymonlik odamlar haq yo‘lda chidamliq bilan turadilar, har ishga haqqoniyat ko‘zi bilan qaraydilar va shu yo‘lda hech narsadan qo‘rqmaydilar. Dinsiz dahriylar davrida o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib o‘tgan tajribalarimiz ham, taqlidiy yuzaki musulmonlarning hech ishga yaramasligini ko‘rsatdi. Bunday odamlar jonlariga emas, balki turmushlariga ozgina zarar yetgudek bir ish bo‘lib qolish ehtimoli bo‘lar ekan, bunga qarshi diniy va milliy hissiyotlarini butunlay qurbon qilib yuborishdan tortinmaydilar. Bu dunyo shaytonlariga qarshi turolmagan taqlidiy iymon, oxirat shaytoni, mal‘un iblisga qanday bardosh beroladi? Shunga ko‘ra, har ikki olam davlatini qo‘lga keltirish uchun yuzaki emas, haqiqiy iymonga ega bo‘lishlik, har bir musulmonga Alloh tarafidan buyurilgan farzdir.

Dunyo yaralgandan boshlab, hech bir davrda hozirgi zamonamizdek yer yuzini qoplagan ulug ofatlik balolar xalq boshiga tushgan emasdir. Chunki, inson nasi yaratilgandan beri, hech bir zamonda xudoga ishonmagan dinsizlar qo‘liga hukumat o‘tmagan edi. Endi esa, butun dunyoning teng yarim xalqi hech narsaga ishonmaydigan dahriylar hukmiga o‘tdi. Bularning eng yomon ko‘rgan narsalari xudoga ishonmoq va xudo qonuni bo‘lgan haqiqiy insoniy qonunlarga bo‘ysunmoqdir. Shuning uchun kommunistlar hokimiyatni qo‘lga olgan birinchi kunidan boshlaboq, diniy maktab va madrasalarni butunlay yo‘qotdilar. Shundan beri birinchi sinf bolalaridan boshlab, eng oliy yuqori darajaga yetkuncha dinga qarshi tashviqot darslari uzulmay o‘qitilib kelinmoqda. O‘z maqsadlariga erishmoq va boshqalarni ruslashtirish uchun chiqargan baynalmilal qonuni Krzogiston, Qirgiziston, O‘zbekiston va umumiy O‘rta Osiyo xalqlari ustida yuzda yuz bajarilmoqdadir.

Buning birdan bir sababi esa, Maskov makkorlari o‘z davlatini mustahkamlash uchun bu o‘lkalarning, ayniqsa, O‘zbekistonning naqadar buyuk ahamiyatga ega ekanligini yaxshi tushunishidur. Sovetga qarashlik butun o‘lkalar davlat tarkibida gavda misoli bo‘lsalar, ular oldida O‘zbekiston hayot beruvchi jon hukmida bo‘lib hisoblanadi. Bizning bu Vatanimizdan nimalar chiqmaydi? Bu boyliklar qayoqqa ketayotganligi hammaga ma‘lum edi. Birni berib, mingni oladilar, shunga ko‘ra o‘tgan chor hukumati davridan boshlaboq Turkiston o‘lkasini doimiy ravishda qo‘ldan chiqarmaslik, balki, imkoniyat topilar ekan, bu o‘lkalarni to‘la mustamlaka qilish siyosati boshlanmish edi.

Birinchi dunyo urushi chiqishi bilan olam siyosati o‘zgardi. O‘sha zamon podshohlari taxtlaridan ajragach, Rusiyada kommunistlar firqasi shlaba qozondilar. Buning natijasida sovet hukumati qurilib, unga qarashli butun o‘lkalarda dinsizlik, xudosizlik boshlandi. Endi bu ajdarhodan qutulish uchun qanday chora qo‘llanilishi kerak degan masalaning vaqti o‘tkanligidan bu haqda fikr yuritib o‘tirishning hech hojati yo‘qdir.

Biroq payg‘ambarimizning goyibdan xabar bergan mo‘‘jiza so‘zlariga qaraganda va ham hozirgi jahon siyosatining ketishicha, oldimizda ulug voqealar bo‘lishi shubhasizdir. Mana shu kabi buyuk voqealar bo‘lar ekan, dunyo bo‘yicha umumiy o‘zgarishlar bo‘lmay qolishi mumkin emas. Shu o‘zgarishlar natijasida mustabid tuzumning temir qo‘rgonlari tor mor qilinib, asrlar bo‘yi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari o‘zlarining halol meroslari ona vatanlari bo‘lgan Turkiston o‘lkasiga shunda, albatta, ega bo‘ladilar.

Lekin bu muborak kunga yetkunchalik bu ajdarhodan qutulish emas, balki unga yutilib ketishdan saq-lanish choralarini imkoniyat boricha qilib turishimiz lozimdir. Yo‘q esa butun dunyoni titratgan Temur kabi shon-shavkatpli hoqonlar mamlakati bo‘lgan ulug Turkiston o‘lkalarini bu yalmogizlar yutib singdirib ketishlari ko‘p uzoq emas. Chunki, Ovrupo davlatlari tomonidan asrlardan beri butun dunyo bo‘yicha qo‘llanib kelingan mustamlakachilik siyosati, ikkinchi dunyo urushi tugashi bilan o‘zgarib, har millat o‘z vatanla-riga ega bo‘lib, o‘z hukumatlarini qo‘lga oldilar. O‘sha kundan boshlab, yolgiz Angliya davlati Osiyo, Afrikadagi mustamlakalaridan 30 dan ortiq mamlakat halqiga ozodlik berib, yana yangi usulda hukumatlarini qurib o‘zlariga topshirdi.

Endi butun olamda mustamlakachilik yo‘qolib, ozodlik davri boshlanganiga qaramay, sovet imperiyasi bir tomondan o‘z qo‘li ostidagi o‘n olti o‘lkalik xalqqa til uchida qogoz ustida ozodlik bergan bo‘lib, ikkinchi tomondan, sharmandalarcha mustamlakachilikdan ham yomonroq siyosat qo‘llab, butun xalqni, ayniqsa, Turkiston xalqini qul qilib, hayvondek ishlatmoqdadir.

Bunga ham qanoat qilmasdan yerlik xalqni yutib singdirish, vatanlarini esa ruslantirish qastiga tushdi. Turli bahonalar bilan Rusiyadan sel oqqandek kishilarni keltirib, vatanimizning eng go‘zal joylarini bular bilan to‘ldirishga kirishdi. Qirgiziston, Krzogiston o‘lkalaridagi yerlik musulmonlar ustida,

agar siyosat shu hozirgi ketishicha davom etsa, ko‘p uzoqlamayoq bu ikki turk urugi o‘z tillaridan va ham vatanlaridan ajragan holda, hammadan ilgari ruslashib, yutilishga tayyor bo‘lib qoldilar. Chunki ikkinchi dunyo urushi to‘xtagan kunidan boshlab, hozirgi tarix 1968 yilga davr bu ikki o‘lkada yerlik xalqlarga ko‘ra rus zabonlarning soni tez ko‘payganligi shuni isbotlaydi. Shuning uchun hozir qutulish mumkin bo‘lmaganlikdan, uning vaqti kelguncha o‘zimizni yutilishdan saqlashimiz kerak. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham o‘zini saqlagan millat, vaqti kelganda sabablarni to‘liqlab, chidamlik bilan ishga kirishar ekan, albatta, maqsadni qo‘lga keltira oladi.

Endi dushmanga yutilishdan saqlanishning eng kuchlik quroli esa, shu ikki narsadan iborat: birinchisi diniy ixlos, ikkinchisi milliy hisdir. Qaysi millat bu hislarga halal yetkizmay yaxshi saqlar ekanlar, unday millat dushman tomonidan yutilib ketilishi mumkin emasdir. Kommunistlar hukymati dinga qarshi ellik yillik kurashi davomida O‘zbekiston musulmonlarini, ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchilarni o‘z dinlaridan anchagina yiroqlashtirib, diniy hissiyotlarini yo‘qota oldi. Lekin bularning milliy hissiyotlari har qancha tortishuvlar ostida bo‘lsa ham, shu kunlargacha ozmi ko‘pmi saqlanib kelmoqdadir. Endi bu hissiyotimizni doimiy ravishda saqlab qolishimiz uchun, keraklikzarur tillarni o‘zlashtirganimiz ustiga, o‘z ona tilimizga qattiq ahamiyat berib, milliy adabiyotimizni yuqori ko‘tarib, ilm va madaniyat tillari darajasiga yetkazishimiz lozim. Mana shundagina bizlar oldimizda ogiz ochib tayyorlanib yotgan qizil ajdarhoning yutishidan o‘zimizni saqlay olamiz. Til-adabiyotimiz qanchalik o‘sib, taraqqiy topar ekan, ilm ma‘rifat ham shunchalik kengayaveradi.

U holda quruq otliq O‘zbekiston bo‘lmay,. tilimiz qatorga kirgach, adabiyotimiz sohasi kengayib uning obro‘yi oshgan sayin, millatimiz hurmati ko‘tariladi. Bu esa milliy hissiyotimizni saqlab qolish uchun eng kuchlik qurollardan bo‘lib hisoblanadi. Shunga ko‘ra diniy hisdan ajraganlari ustiga milliy hislaridan ham ajramoq, XX asr madaniyat ajdarhosi ogziga tushib yutildi demakdir. Shuning uchun yosh qari demay vatanparvar, millatsevar o‘zbek olimlari o‘zlarining kelajak avlodlari oldidagi eng muqaddas vazifasi deb bilib, bu xizmatni eslaridan sira chiqarmasinlar!

Bir millat o‘z hayotiy huquqlarini kerakli sharoiti bilan qo‘lga keltirishi uchun, u millatning oliy himmat o‘gillari fidoyilarcha mol-jonini ayamay, bu yo‘lda har qancha .qiyinchilik chiqar ekan unga qarshi ko‘krak kerib, chidamliq bilan ish olib borar ekanlar, ana shundagina haqiqatni yuzaga chiqarib, o‘z maqsadlariga erisha oladilar. Himmati o‘zidan oshmagan olimlarning butun qilgan harakatlari hayvonlarcha qorin to‘ygazishgagina boglangan bo‘lib, ular irodasiz, inson suratlik janivor lardir. O‘z tillarini unitib, muqaddas dinlarini hammadan ilgari tashlagan holda, ular ilon ogziga kelgan quyondek yutilishga yaqin turadilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Kishi qaysi xalq tilini o‘rganib, ilmini olsa, uning tuzogiga tushmay, ziyon zahmatdan o‘zini qutqara oladi», dedilar. Bunday bo‘lgach, til o‘rganib, o‘quv o‘qituvdan kutilgan bizning birinchi maqsadimiz: butun dunyoga tanilgan Vatanimiz Turon Turkiston tarixini qoralashlardan saqlab va ham kelajakdagi avlod nasllarimizni seldek kelayotgan bosqinchilarga yutilishidan qutqarishdir. Agar shunday qilinmas ekan, iymonliklar xudo oldida javobga tortilib, boshqalar esa, so‘nggi avlod bolalarimiz tilida tuganmas la‘natga qoladilar.


Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Zolimlar tomonidan nohaq olingan shuncha ko‘p qirg‘izlardan yolg‘iz «so‘pochi choldan boshqa hech kim qutilolmadi. Ayniqsa, betoblikga uchragan yoshi ulug‘ kishilardan hech kim qolmadi. Buning ustiga o‘zlariga qarshi gumon qilib, yer osti kameralarida saqlanmish mazlumlardan qorong‘u tunlari, oldindan qazib tayyorlab qo‘yilgan chuqurlarning labiga keltirib, otilgan chopilganlar ham oz emas edi. Shu kabi og‘ir kunlar boshga tushganida yaxshi yomon ko‘zga ko‘rinib, do‘st dushman shunda ajraydi. Er kerakkim, shunday og‘irchilik kunlari torchilik yerlarida kishilikni yo‘qotmay o‘zini tuta bilsin.

Bayt:

Yaxshilik kunlarda barcha do‘st bo‘lur,
Qora kun tushganda kimdir ojiz o‘lur.

Shundoq qiyinchilik bilan Pishpek yer osti turmasida yotqanimda menga jon kuydirib, vafodorlik bilan xizmat ko‘rsatuvchilar So‘quluq tungonlaridan Dovudhoji, Ma‘sudhoji, Ma‘sudoxun boshliq shogirdlarim edi. Bu tarix yozilgan kunlari qarasam ul vokeadan 38 yil o‘tmishdir. Hozirgi 1968 yil tarixida esa, o‘sha sadoqatlik do‘st shogirdlarimizdan ikki uch kishigina qolib, boshqalari foniy dunyodan o‘tib, marhum bo‘lmishdirlar. Biz uchun mol jonini ayamagan, xudo uchun do‘st tutingan, vafolik shogirdlarimiz edilar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin!

O‘sha vaqt turma tartibi bo‘yicha har o‘n kunda bir yo‘li yemak olishga ruxsat berur edi. Shu kuni bo‘lganida uch to‘rt yerdan ovqat kelgani ustiga, birovi oz deganda o‘n kishiga yetarlik qilib kirgizur edilar. Ayniqsa, tungonlarning manti, manpar, suyuqosh kabi boshqalarnikidan ortiqcha lazzatli taomlari ko‘pdir. Shunga ko‘ra butun kameradagilar shu kunning kelishini kutib turishardi. Ayniqsa, ichki Rusiyadan qochib kelgan ruslar ichida soqoli ko‘ksiga tushgan xristian ruhoniylaridan bir pop bor edikim, unga shuncha ko‘p ruslar ichidan birontasi ham yaxshi ko‘z bilan qaramas edi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan ekanlar: «Uch turlik kishilarga rahm qilmoq kerak birovi shulki, avvalda, bir qavmning hurmatlik kishilaridan edi, so‘ngra xorlikka tushib qoldi. Ikkinchisi bir kishi boy edi, davlati qo‘lidan ketib, chag‘ay bo‘lib qoldi. Uchinchisi shunday olimdirki, zamonasida uning ilmini taqdirlaydigan odamlar, olimlar yo‘q bo‘lib, sof johillar ichida qoldi. Mana shunday odamlarga rahim qilinglar»,deydilar. Shuning uchun kelgan osh ovqatlarni yetganicha kamera ahllariga tarqatganimda hammadan ilgari o‘sha popga berar edim.

Yerlik nemislardan o‘qimishlik injener bir yigit ham bor edi. Shuncha ko‘pchilik ichida boshqaga qaramay, men bilangina so‘zlashar edi. Uning aytishicha, Parij dorilfununini bitirib, boshqa Ovrupo tillaridan ham ikki uch xil til bilgan holda, oliy ma‘lumotga ega bo‘lmish ekandur. Erta kech tashqariga chiqqanimizda qo‘ltiqlashib yurar, kameraga kirganimizcha mendan ajramas edi. Bir kuni menga qarab: «Hay do‘stim, bu yirtqichlardan qutilsak kishi go‘shtini yeydigan yer bo‘lsa ham borar edik, bu vahshiylar qadamlari yetmagan pok joylarda ikkovimiz shu kabi qo‘ltiqlashib yurar bo‘lsak, bu kabi vijdon azobidan qutulib, eng ulug‘ davlatga erishgan bo‘lur edik»,deb oh tortardi. Buning bu so‘zidan qattiq ta‘sirlangan bo‘lishim kerakkim, oradan shuncha davr, 38 yil o‘tgan bo‘lsa ham ko‘nglimdan ko‘tarilgani yo‘qdir.

Shunday qilib, 1931 yili butun qishni shu kabi yer osti kamera azobida o‘tkazdik. O‘limdan surgundan qolganlarimiz zo‘rg‘a yozga ulashib chiqqach, qurilish ishlari boshlanib ketdi. Hafta o‘n kunda bir marta tashqaridan kelgan halol ovqatga qanoat qilib, turmaning harom taomlaridan totinmay, quruq nonchoy bilangina turdim. Buning ustiga kecha kunduzlab yer osti buzuq havoda yotganimizdan bo‘lishi kerak, kundan kunga kuchsizlanib, sog‘lig‘im nochorlashishga boshladi. Shunga ko‘ra ish so‘rab, tashqariga chiqishga ariza berib edim, xudo o‘nglab, ishga ruxsat qildilar.

Bahor kunlari qorong‘u kameralardan tashqari chiqib, ochiq quyosh, sof havo, keng maydonda turgach, o‘zimni yangidan hayot topib, boshqa bir olamga kelganday sezar edim. «Va in taudduv nematolloh la tuhsuvxo», yani «Sizlarga bergan Allohning ne‘matlarini sanab tugatolmaysizlar», degan oyatni o‘qigan bo‘lsak ham, buning asli ma‘nosini shundagina tushundim. Shundoqkim, insonning har bir nafasida ikki ne‘mat bordir. U ham bo‘lsa toza havoning kirishi, buzuq havoning chiqishidir. Bunday bo‘lgach, boshqa ne‘matlarning hisobiga qanday yetgali bo‘lg‘ay? Shu bilan qurilish ishlarida bir qancha vaqt xizmat qilib yurdim. Xizmatga chiqish yarim qutulishday bo‘lib, eshitgan og‘aynilar deyarlik har kuni yo‘qlab turishdilar. Ayniqsa, uyg‘ur Ibrohimoxun novvoy, o‘lgan bo‘lsa xudo rahmat qilsin, uning haftalik bir savat yog‘liq kulchasi bilan, bir chora (idish, tog‘ora) mantisi, yo bir tavoqda palov oshi uzulmay kelib turdi.

Bir kuni kechqurun xizmatdan qaytib kelganimda turmadagilardan bir kishi qo‘limni ushlab turib, «Sening paloni nemis do‘sting sud bo‘lib, uzoq yerga 10 yilga surgun bo‘lmishdir. Menga topshirdikim, «O‘zbek do‘stimning qo‘lini tutqan holda, mening yolqunliq salomimni yetkur. Dushman ko‘lida uzoq safarga ketdim», demish ekan va yana: «Qayg‘ulik ko‘nglim ostidan o‘rin olgan uning muhabbatini umr bo‘yi saqlashga va‘da beraman», demish edi. Men ham 6u voqeadan 37 yil keyin, ya‘ni 1968 yili uning so‘zini eskarib, tarix yuzida qoldirishim bilan muhabbat ahli kim bo‘lsa ham, mening oldimda naqadar ulug‘ hurmatga ega ekanligini ochiq ko‘rsatdim

Bayt:

Muhabbatdan ko‘ngullar nurg‘a to‘lg‘ay,
Sakkiz jannat oningdin hosil o‘lg‘ay.

Undan ajragan so‘nggida uch to‘rt oylab o‘z odatim bo‘yicha ishchanlik bilan turlik xizmatlarda bo‘ldim. Qamalgan kunimdan boshlab, biror marta bo‘lsin meni so‘roqqa chaqirmadilar. Birga qamalgan safar yo‘ldoshlarimni urib so‘kib, turli qiynovlar bilan so‘ragan bo‘lsalar ham, ilgari keyin Alloh meni bunday ishlardan asramish edi. Lekin ishning qattig‘ligidan haftada bir kun dam olishdan boshqa kunlarda ish vaqti 12 soatdan kam emas edi. Shunday og‘ir mehnatlar ostida 4 5 oy ishlatgan so‘nggida birdaniga bizni siyosiy idora qaramog‘idan katta turmaga ko‘chirmoqchi bo‘ldi. Bizni ishga chaqirishgan kundan boshlab, qo‘ra ichiga tikilgan kiygiz o‘tovlarda yotardik. Yana shularni o‘zimizga ko‘chirgizib, turma qo‘rasiga tiktirgach, bizni kameraga kirgizmasdan ularni yotoqxona qilib berdilar. Bu yerning qiyinchilik ahvolini ko‘rganimizdan keyin ilgari ko‘rgan mehnat mashaqqatlarimiz biz uchun rohat ko‘rilmish edi. Chunki, payg‘ambarimiz aytishlaricha: «Kimga bir musibat yetsa, unga sabr qilmoq kerak, undan yomonrog‘i bo‘lmagani uchun shukr kilish lozimdir». Shu bilan 6u joyda ham ishga borib kelib yurib, bir ikki oy o‘tkazgan bo‘lsak ham, odam ko‘pligidan ko‘p qiyinchilik ostida turib edik.

Shu orada bizning ustimizdan hukm chiqardilar. Shundoqki, hamsafarlardan men bilan boshlig‘imiz Nazirqulga 10 yildan, yana birovimizga yetti yil, qolganlar esa bo‘shatilmish edi. Bo‘shaganlar suyunishgan, qolganlari, ayniqsa, bizga o‘xshab og‘ir kesilganlar ichida yig‘laganlar ham bor edi. Kesim (jazo, hukm qarori) qog‘ozini qo‘limizga bergach, o‘qitib qarasak, jazoni ijro qilish ishi Toshkentdagi konqlager ixtiyoriga topshirilmishdir. U yerda esa qirq besh mingdan ortiq odam borlig‘ini onglamish edik. Kelgan mazlumlar har qanday yiroq surgunga ketar ekanlar, shu lager orqaliqgina yuborilar ekan. Sibirning eng yiroq, eng sovuq yerlari Slavka va Arxangelsk kabi joylariga hukm bo‘lgan kishilar ham shu o‘rindan uzatilur ekan. Bu joylarning haybati quloqqa ko‘p kiravergach, insonchilik ko‘nglimga turlik xayollar kelib, bundan qutulish chorasiga kirishdim. Toqatdan tashqari ishlardan qochish payg‘ambarlar sunnati bo‘lsa ham, qutulib ketish qiyin bo‘lganlikdan uzoq o‘ylanib qoldim. O‘z o‘zimga: «Mening nima gunohim uchun o‘n yil berdilar», der edim.

Avvalgi
I- qism