OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Alvaro Korrado. Portlash (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAlvaro Korrado
Asar nomiPortlash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Absurdizm
Mualliflar
   - Alvaro Korrado
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonKarim Bahriyev
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Portlash (hikoya)
Alvaro Korrado

Bu sinyor hech qachon hech narsa yozmagan va hech qachon hech narsani hech kimga hikoya qilib bergan emas. U qariguncha tinch va halol yashab begʻam hayot uchun yetarli pul toʻplaganidan soʻng shahar chetidan uy sotib oldi. Yangi uyga koʻchib oʻtgach, u qogʻoz va xatlarni koʻp yillardan buyon ilk bor tartibga keltirishga qaror qildi. Ularni kovlashtirayotib, qachondir oʻzi yozgan, allaqachon unutib yuborgan bir necha sargʻish, eskirgan varaqlarni topdi. U ancha omilkor, koʻpni koʻrgan odam edi, shuning uchun oʻsha varaqlarni oʻqib boʻlgach, darhol yirtib tashladi. Ularda hech qachon gapirilmaydigan, hech kimga iqror boʻlmaydigan narsa - insonning ojizlik paytlari haqida gap borardi. Sanasi «19... yil 30 mart» deb belgilangan qogʻozda u shularni oʻqidi...

«Bugungi tong juda xunuk edi. Osmonning rangi zahil, zamin kichkina va tor koʻrinadi. Qochaymi? Qayoqqa? Avvallari koʻngliga juda yaqin, yashirinsa boʻladigan hamma tanish yerlarni birin-ketin eslaysan, biroq ular hamma narsani buzib koʻrsatadigan bugungi noayon va xira shu’laga choʻlgʻanib yotibdi; oʻlik havoda daraxtlar besoʻnaqay, togʻlar begona, dengiz jonga tegar darajada koʻrimsiz tuyulardi. Odamlar esa mingʻir-singʻir gaplariyu bachkana urinishlari bilan koʻzga bema’ni va rangpar koʻrinadilar. Goh u, goh bu esdaliklarga qaytasan, birin-ketin tanish manzaralarni xotirangda tiklaysan va butkul yangi nimadir yaratish kerak, degan xulosaga kelasan. Inson hayotidagi bunday daqiqalar oʻta xavfli: qur’aga uning butun qismati tikilgan boʻladi. Tasodifiy uchrashuv, bexos aytilgan bir soʻz butun hayotni toʻntarib yuborishi mumkin; shuning uchun bunday payt ogʻir xastalik vaqtidagiday toʻrt devor ichiga qamalib, uyda oʻtirish kerak.

Mana, gap nimada: biz tevaragimizdagi odamlarga qanday koʻrinishni istasak, ularning oldida xuddi shu qiyofada namoyon boʻlamiz, aslida kim ekanimizni esa, faqat oʻzimiz bilamiz, biroq hech qachon haqiqiy basharamizni oshkor qilishni xohlamaymiz. Koʻpincha biz oʻzimizni boshqalarga qanday tuyulsak, shundaymiz, deb hisoblaymiz. Shunday boʻlsa-da, gohida bizni qanday koʻrayotganlarini bilib qolib, hayron boʻlamiz. Qarang-a: axir, biz oʻz tashqi qiyofamiz haqida aniq tasavvurga ham ega emasmiz, odatdagi harakat va qiliqlarimizni bilmaymiz, kulayotib yoki gapirayotib, yuzimizdagi ifodani koʻrolmaymiz. Bular esa odamlar bizni chogʻishtiradigan va baholaydigan asosiy xususiyatlardir.

Koʻpincha oʻzingni oʻrab turgan qobigʻingdan chiqqing, koʻp yillardan buyon muntazam yashirib kelayotgan narsalarni yorugʻlikka chiqarging keladi. Bu esa aynan biz oʻzimizdan norozi boʻlgan, stoldagi qartalardan tiklangan uychalarni bir qoʻl siltashda buzgan kabi hayotimizni oʻzgartirishni istagan damlardagina yuz beradi. Toʻgʻri, es-hushi joyida boʻlgan odam uchun bu tasavvurga sigʻmaydigan ish. Biroq allakim xuddi shunday qiladi. Ba’zida: «Bilasizmi, N, shunday salobatli, batartib, tuzuk odam, yuz ming lirni oʻzlashtirib yuboribdi» yoxud: «Oʻzidan yigirma yosh kichik qiz bilan qochib ketibdi», - degan gaplarni eshitib qolasan. N. koʻz oʻngimizda butukul boshqa odamga aylanadi, uning kechagi qiyofasidan faqat esdaliklargina qoladi; uning oʻtgan bor umri - bir maqsadga: tamoman muttahamlik yoki qochqinlikka qaratilgan aldov.

Men faqat aldov va qochish haqida gapirdim. Boshqa odamga aylanishning yanada oddiy yoʻllari mavjud, kasb-korni oʻzgartirsa, bas, darrov koʻngilxushliklar va odatlar ham oʻzgaradi. Kishini tanib boʻlmay qoladi. Axir, nihoyat odamning badani ham oʻzgaradi-da. Aytishlaricha, har yetti yilda inson organizmidagi hujayralar batamom yangilanadi, birorta qarigan hujayra qolmaydi.

Shunday qilib, odamlar qoʻqqisdan oʻz hayotlarini oʻzgartiradilar, yoʻq, ular bu haqda avval oʻylab ham koʻrmaganlar, atayin tayyorlangan reja haqida gap ham boʻlishi mumkin emas: bu shunday bexosdan yarq etgan fikr, kutilmaganda paydo boʻlgan oʻz hayotini oʻzgartirish va yangi rolni oʻynashga chanqoqlik.

Muhimi, oʻz hayotini oʻzgartirish istagiga berilmaslik kerak. Buning uchun gohida ozgina narsa: bir imo-ishora yoki ozgina harakat kifoya, hammasi oʻzgarib ketadi. Inson uchun eng asosiysi: oʻzining qalin qobigʻiga koʻnikmoq va azaldan yozugʻliq rolni oʻynayvermoqdir. Shunda undan hamma bexavotir boʻladi, uni qaerdan topsa boʻladi, u qanaqa odam, qoʻpolmi yoki muloyimmi, ayyormi yoki soddadilmi, biladilar. Axir, bu rol ham shaxsimizning ajralmas qismiga aylangan, uni oʻzgartirish mumkin emas. Aktyorga qandaydir shamoyil mos kelmaganiday, aynan shu odamga yarashmaydigan imolar, qiliqlar va a’mollar mavjud. Biz hayotimizning eng hushyor daqiqalarida ham hamma harakatlarimiz boshqalarda bizning xulq-atvorimiz haqida yaralgan tasavvurga qanday toʻgʻri kelayotganini oʻylab oʻtirmaymiz. Ba’zan shunday boʻladi: qaysidir odamning oʻtmishini kovlashtirib bexosdan uning bizga tuyulganidan boshqacha odam ekanini bilib qolasan: hamma uni munis va rahmdil sanardi, u esa oʻzida hech kimga aytmagan qabih instinktlari va buzuq niyatlarini yashirib kelardi; yoki, masalan, oʻzining qoʻli ochiqligi va koʻngilchanligi bilan mashhur odamning aslida oʻz yaqinlaridan nafratlanishi ayon boʻladi, boshqa keskin va ogʻir xulqli kishida tuganmas mehr-muhabbat yashirinib yotgan boʻladi.

Men, masalan, vazmin va beozor odam sanalaman. Balki, rostdan ham, shundaydir, - odamlar men haqimda shunday oʻylaganlari uchungina oʻzim bu fikrga kelmagandirman. Goho bugungiga oʻxshash nimqorongʻu va zerikarli kunlarda men kutilmaganda oʻzimga qachonlardir avval, hatto ilk bolalikda yetkazilgan ozorlar uchun ogʻriq seza boshlayman. Aytish kulgili, albatta, men hatto oynaning oldida soqol qirtishlayotib, butun hayotim muhrlangan, faqat oʻzim oʻqiy oladigan har bir chandiq, burushiq va ajinlar toʻla yuzimga ustara yurgizayotib ham ogʻriq tuyaman. Yuzimga bosiq va sokin tus bergan zahoti zoʻrgʻa bilinadigan, qulogʻimdan iyagimga yoʻnalgan ajin ham darrov chuqur boʻshliqqa aylanadi. Hayotning eng yurakka yaqin lahzalaridan biri - biz koʻzgu oldida, oʻtmishimiz va ehtiroslarimiz haqida guvohlik beradigan hujjat - aftimiz bilan yolgʻiz turgan payt. Oʻzing bilan ertalabki muloqotdagi eng koʻngilni iydiradigan narsa yuzimizga yozilgan mushfiqlikdir. Men hech qachon goʻyoki jismsiz, lekin tirik oʻtmishi bilan yuzlashib, ogʻriqdan xolos boʻlishga urinayotgan koʻzgudagi oʻxshashimga xotirjam qaray olmayman. Uning javob kutayotganday savolchan nazari-chi: «A-a, bu - sen. Kimsan, nima istaysan? Seni nima kutyapti?» Hamma insonlarni sevging, tushunging keladi, ishonishni xohlaysan. Nima uchun hammasi aksincha boʻladi, biz oʻzimizni aynigan, dargʻazab bolalardek tutamiz. Axir, bor-yoʻgʻi bir soʻzni aytish kifoya. Lekin uni hech kim aytmaydi.

Bir kuni shunday gʻalati voqea sodir boʻldi: allaqachon kiyingan, joʻnashga hozirlanayotgan edim, bir daqiqa stol oldida oʻtirdim. Roʻpramda yalang, mustahkam, suvogʻidagi barcha izlaru barcha oʻnqir-choʻnqirlargacha menga tanish, koʻrimsiz devor turardi. Toki devor mavjud ekan, bu izlar oʻchib ketmaydi.

Men oʻz xonamdagi buyumlarni yaxshiroq his qilish uchun begonaning nazari bilan termulishni yaxshi koʻraman. Oʻz oʻrnida turgan yoki tartibsiz sochib yuborilgan bu narsalarning har biridan goʻyo menga sodiq va xokisor bir jonning ingichka, zoʻrgʻa eshitiladigan ovozi kelayotganday boʻladi. Ular ham muqim, menga bogʻlanib qolgan. Axir, men qancha yashasam, shuncha yashaydigan, goʻyoki manguga oʻrnatilgan tartibi bor bu moʻ‘jaz koinotni boshqa birov emas, oʻzim yaratganman. Atrofdagi hamma narsa sokinlik, sabr va mening oqilligim, oqilligimga ishonch bilan yashaydi. Bizning uy ichilar, hali uygʻonmagan oila a’zolari ham aynan shunday oʻylardilar. Hamma shunday oʻylardi. Axir, qandaydir arzimagan narsa kifoya. Masalan, bor-yoʻgʻi...

Qarshimda, shunday silliq va toza devorda ulkan siyoh dogʻi yoyilib bormoqda. Men uning kattalashayotgani, gʻaroyib shakllarga - goho daraxt, goho dengiz sakkizoyogʻi, goho allaqanday afsonaviy jonivor qiyofasiga kirib pastga oqib tushayotganiga qarayman. Buni men qildim. Bor-yoʻgʻi bir harakat qildim, stol ustidagi siyohdonni olib devorga irgʻitdim va shu tariqa yangi voqelikni yaratdim. Demak, men oʻzim ham yangi, oʻzgacha zotga aylandim. Xonamdagi barcha buyumlar ham shu zahoti oʻzlarining avvalgi holatlarini oʻzgartirishdi, goʻyoki kitoblar, mayda-chuydalar, kursilar bir joyga uyulishdi, gʻazablangan badjahl otaning oldida qoʻrqib, qaltirab turgan bolalardek bir-biriga qisilishdi. Ba’zi filmlarda shunaqa sahnalar boʻladi. Koʻp oʻtmay xonaga mangu tiriklikning ertalabki oʻygʻonishida har doim mavjud boʻlaldigan choʻpon qizining xiromiday yurish qilib xizmatkor ayol kiradi, men stol yonida xotirjam oʻtiraveraman. U menga qaraydi, keyin devorga va yana menga... Soʻng u, turgan gap: «Voy, nima boʻldi?» yoki: «Shoʻrlik sinyor...» - deydi. Ehtimol, hech narsa gapirmas. Darhol, qahva solingan patnisni stolga qoʻyib, u ham oʻzini xotirjam tutishga uringancha, tezroq xonani tark etish istagini yashirishga harakat qilib chiqib ketar. Men, avval ham shunday ishni boshdan kechirganday, xizmatkor qiz qoʻshni xonaga kirib, sinyoraga boʻlib oʻtgan voqeani aytgach, uyda shovqin koʻtarilishini aniq tasavvur qilaman, menga ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib kelayotgan odamlarning hayajonini koʻz oldimga keltiraman. Bu sahar bolalar men bilan xayrlashmay maktabga joʻnaydilar, ularga meni juda band deb aytishadi. Men oʻzimni xotirjam tutaman, hatto quvnoq va ochiqroqman. Xotinim xonaga kirganda, men jilmayaman, biroq bu tirjayish bilan ahvol badtar yomonlashadi; bunday paytda kulish rostdan ham aqldan ozganlikning belgisini namoyish qilish demak, ehtimol, dargʻazab koʻrinish kerakdir? Keyin u soʻraydi: «Oʻzingni yomon his qilayapsanmi? Charchadingmi? Sen dam olishing va davolanishing kerak». Agar kulsam, hammasini hazilga burmoqchi boʻlsam - mening ado boʻlganim, bu bilan noayon qiligʻimning ipini yanada chuvalashtirgan boʻlaman.

Tuzatib boʻlmas ish qilib qoʻyganimni juda yaxshi bilaman. Qancha yillar oʻtmasin, bu xodisa hayotimda qora dogʻ boʻlib qolaveradi, u mening atrofimda bezovtalik muhitini yaratadi, agar mushuk bir kuni gʻazabi junbushga kelib, quturgan kabi qiliq qilsa, qaytib unga ham hech qachon ishonmaydilar. Agar men oʻzimni avvalgiday tuta boshlasam, hech kim mendan qilmishimni sababini soʻrab oʻtirmaydi, albatta, ammo tirishqoqligimni kasal boʻlsam-da, sogʻ koʻrinishga urinishimda deb oʻylaydilar. Bu ish meni butun umr ta’qib qilib yuradi, undan uyimizdagi hamma kishilar, atrofdagi barcha baqqollar xabardor boʻlishadi, oqsochlar uzzu-kun shu haqda mingʻirlashadilar. Balkim, menga shunday tuyular. Agar men uzoq yillar oʻzimni vazmin va osoyishta tutsam ham xuddi shu sokinlikni ojizligimning belgisi, deb oʻylaydilar, qoʻshnilar shu tufayli meni aqldan ozgan hisoblashadi. Bir kuni bexosdan, hech qanday sababsiz siyohdonni devorga irgʻitgan odamga kim ham ishonardi? Axir, arzimagan narsa uchun kursini sindiradigan, idish-tovoqni xontaxtadan yerga irgʻitadigan odamlar ham bor-ku. Ha, biroq ular doim shunday yashab kelganlar, shuning uchun hech kim bundan hayron qolmaydi, bu ular uchun odatdagi hol. Lekin, sinyor, shunday jiddiy va...

Bu bor-yoʻgʻi vasvasa, xayol xolos. Siyohdon oʻzining odatdagi joyida turibdi. Silliq devorda dogʻ ham yoʻq. Men aytib bergan hamma narsa faqat xayolimda yuz berdi. Men jar labida edim. Xizmatkor qiz qahva keltiradi, u hamma narsani oʻz oʻrnida, yuzimni har doimgiday ekanini koʻrib xotirjam boʻladi. U devorga hatto qarab ham qoʻymaydi, hozirgina qanaqa xayollarga borganimni tasavvur ham qilolmaydi. Dunyo goʻzal. Hammasi joyida. Ba’zi fikrlarga kelsak, yaxshisi ularni hech kimga aytmaslik kerak. Bu insonning odatiy jasoratidir.