OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Amrita Pritam. Amakri (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAmrita Pritam
Asar nomiAmakri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Hind adabiyoti
Boʻlimlar
   - Progressivizm
Mualliflar
   - Amrita Pritam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbdusattor Jumanazarov (Hindiy tilidan)
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil, 2-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Amakri (hikoya)
Amrita Pritam

Ojizlik va kuchli nafrat oʻtidan Kishorning lablari titrardi. Toʻyining birinchi kechasiyoq xotinining koʻksiga lablarini bosganda, ogʻzida sholgʻom ta’mini tuygandek boʻldi...

Bugun otasi hovlining hammayogʻini elektr chiroqlari bilan bezattirib qoʻydi. Alohida ajralib turishi uchun opalari, yangalariyu doʻstlari Kishorning yotoqxonasiga shamchiroqlar qadab chiqishdi.

Kishor sham yorugʻida xotinining yuziga tikildi. Uning goʻzal chehrasida tabassum oʻynardi. Soʻng shamchiroqlarga naear soldi: ulardan mum yoshlari oqardi. Shunda Kishor xayolan, xotinini bor kuchi bilan siltab, «Koʻrib qoʻy, sening birgina tabassumingni deb, qancha koʻz yoshlari toʻkilmoqda», demoqchi boʻldi. Biroq tilini tishlab qoldi. Xotini shu zahoti qah-qah urib: «Hovlidagi dabdabani koʻryapsanmi? Bir tomonda radio boʻlsa, bir tomonda yaxdon, bir tomonda karavotu javon boʻlsa, bir tomonda kiyim-kechak toʻla sandiq. Darvoza yonida esa mashina! Bularning hammasini sen oʻzing orzu qilganding-ku!» deyayotgandek edi.

Kishor koʻz yoshlarini artayotgandek, shamchiroqlarning hammasini bir-bir oʻchirib chiqdi. Zulmat xotinining tabassumini oʻz roʻmoli ila bekitgandek boʻldi. Ancha vaqtdan soʻng, uydagilarning hammasi uxlagach, u oʻrnidan turib eshikni avaylab ochdi va hovliga chiqib ketdi.

Hovlida chiroqlar charaqlab turardi. Katta xoʻjayinning amriga koʻra hovli tun boʻyi shu tariqa yorishib turishi lozim edi.

Kishor diqqat bilan kaftiga tikilgan edi, Amakrining marjon tugmali, ixchamgina qora kamzuli yodiga tushdi. Uning xotirasida buvisi jonlandi. Buvisining qishlogʻidagi odamovi jat[1] va uning qizi Amakri koʻz oʻngidan oʻta boshladi.

Kishor kollejda oʻqib yurgan kezlarida, dastlab onasining ra’yiga qarab, yozgi ta’tilni buvisinikida oʻtkazish uchun qishloqqa ketdi. Soʻngra oʻzi uch yil yozgi ta’tilni yana qishloqda oʻtkazdi.
— Amakri, menga qara, nega ota-onang senga bunday nom qoʻyishgan? — deb soʻragandi bir kuni Kishor qizdan.
— Bizning qishlogʻimizda anbah[2] koʻp oʻsadi. Odamlar undan murabbo tayyorlaydilar. Qishda tanovul qilish uchun esa tilimlab quritishadi va sirlangan xumlarga gʻamlab qoʻyishadi. Onam meni ham anbahning bir tilimiga oʻxshatgani uchun Amakri deb nom qoʻygan,— deya javob berdi nozikkina, qorachadan kelgan qiz soddalik bilan...

Ilk ta’til faqat oʻyin-kulgi bilan oʻtdi. Kishor qishloqqa ketayotib, onasiga: «Men gapingiz yerda qolmasin deb joʻnayapman, lekin shuni aytib qoʻyay, u yerda uzoq turmayman, besh-olti kundan keyin biror doʻstimnikiga boraman»,— degandi. Ammo Amakrini uchratgach, bu gaplar Kishorning esidan ham chiqib ketdi.

Qishloqda anbahzorlar juda koʻp, shulardan bittasi Amakrilarniki edi. Kishor kuni boʻyi ularning bogʻida oʻtirib kitob oʻqir, quyosh tikkaga kelganda anbah soyasiga chorpoya qoʻyib uxlardi. Qoq tushda, xoh issiq shamol boʻlsin, xoh yer qizib yotsin, daraxtzordagi suv baribir muzdek boʻlardi, Shuning uchun Amakri boqqa yap-yangi koʻza keltirib, uning boʻgʻziga misdan yasalgan yaltiroq kosacha ham osib qoʻygandi.

Negadir Kishor koʻp chanqar edi. U xuddi anbahzor qoʻriqchisiga oʻxshab oʻtirar va Amakridan suv soʻrardi.
— Kishor babu, nega siz hadeb chanqayverasiz? — derdi Amakri unga. Qizning jarangdor kulgisi Kishorning xayolini oʻgʻirlardi. Kishor Amakrini anbah novdasiga, uning yashil koʻylagini esa xuddi novdadagi yaproqlarga oʻxshatardi. Amakri bu koʻylagini boshqasiga almashtirib kelgan kunlari Kishor buni uning esiga solar va qiz ertasigayoq oʻsha koʻylagini yuvib, yana kiyib kelardi. Xullas, birinchi yilgi dam olish oʻyin-kulgi bilan oʻtib ketdi. Kishor shaharga qaytib keldi. Harholda uni kichkinagina, qushchadek Amakri sehrlab qoʻyganga oʻxshardi. Ayniqsa, u keyingi yili dam olish vaqti kelganda buni chuqurroq his etdi va darhol buvisinikiga joʻnadi.

Kishor bu safar qishloqqa kelganda oʻtgan yilgi nozikkina, qorachadan kelgan, bir mahallar oʻzi anbah novdasiga oʻxshatgan soddagina qizni emas, balki, sochlari quyuq yaproqlar kabi yelkasini toʻldirgan, butunlay anbah daraxtiga aylangan Amakrini uchratdi. Uning koʻzlari ham anbah mevalari kabi oʻzgarib ketgandi. Kishor Amakrining yuziga mahliyo boʻlib tikildi. Qiz qoʻllari bilan koʻzlarini bekitib olgandan keyingina hushi joyiga keldi. Anbah mevalari koʻzdan gʻoyib boʻldi, Amakri yugurib bogʻdan chiqib ketdi.

Ikkinchi kuni Kishor bogʻda oʻzi uchun daraxtlar soyasiga qoʻyilgan chorpoya va uning yonida suvga toʻlatilgan yap-yangi koʻzani koʻrdi. Oʻsha kuni tush paytida Amakri boqqa keldi. U egniga yashil koʻylak kiyib, qoʻllariga oʻshanday rangdagi billur bilakuzuklar taqib olgan edi.

Bu ta’tilda Kishor Amakrini bagʻriga bosgisi kelaverdi. Bu xohish uning vujudini yondira boshladi. Bu istak kundan-kun alangalanib, Kishorning toqatini toq qildi.

Bir kuni u shartta Amakrining qoʻlidan tutdi. Amakri qoʻlini shoshib tortib olarkan, «Kishor babu! Bu anbah, boʻlagiga changal solishdan nima foyda sizga? Bugun yeb koʻrib, ertaga bir poʻchoq singari tashlab yuborasiz»,— deya boshini quyi egdi. Kishorning yuzi xijolatdan qizarib ketdi.

Bu ta’tilda oʻyin-kulgi oʻz oʻrnini koʻz yoshlariga boʻshatib bera boshladi. Kishorga u shaharga qaytib kelganida oʻzi bilan bir qancha «oh-voh»lar olib keldi va ularning bir ulushini Amakriga ham qoldirdi.

Uning keyingi yozgi ta’tilgacha sabri chidamasdi. Qishki dam olishdayoq oyogʻini qoʻlga olib, bir dunyo orzular bilan buvisinikiga yetib keldi. Bu safar Amakri oʻz qalbining boʻlaklarini vujudiga oʻrab, unga baxsh etdi.

Kelgusi yil yozgi ta’til boshlanishi bilan Kishor yana buvisining qishlogʻiga joʻnadi. U Amakrini, oʻsha anbah boʻlagini oʻpib erkalarkan:
— Bugun sening qoʻngʻiroq sochlaring asalari uyasiga oʻxshaydi, lablaring esa naq asalning oʻzginasi! — dedi.
— Koʻzlarim-chi? Ular asalariga oʻxshamayaptimi? Uyasiga tegsang, qoʻlingni chaqadi-ya...

Amakrining javobidan soʻng rostdan ham bu koʻzlar xuddi asalarilar kabi uning yuragiga hujum boshladi. Yuragida ogʻriq toʻla shish paydo boʻlib, tobora kattarib borayotgandek edi.

«Anbah boʻlagi»ning asalari uyasiga aylanganiga bir necha kun boʻlgan edi hamki, bir kuni Kishor uning yuvib-taralgan sochlarini hidlab: «Men hech qachon may ichmaganman, lekin seni koʻrishim bilan aqlu hushimni yoʻqotyapman», dedi. Shu yoʻsin Amakri goh anbah boʻlagiga, goh asalari uyasiga, gohida esa bir qultum sharobga aylanadigan boʻldi.

Oʻshanda Kishor Amakri bilan xayrlashayotgan edi. Ajralish paytida Amakrining qoʻllari unga mahkam chirmashib oldi. Bunga ham toqat qilmay yuragi toʻlib-toshgan qiz yigitning qoʻlidan tishlab, qizil izlar qoldirdi.
— Toki bu anor suvi izlari qoʻlingda turarkan, sen meni unutmaysan,— dedi u.
— Voy yovvoyi mushukcha-ey, voy tentakvoy-ey...

Kishor qoʻlida paydo boʻlgan shishga labini bosdi. U anbah boʻlagining, asalari uyasining, bir piyola sharobning yana bir qiligʻiga duch kelgan edi.

Shu yozda barsat[3] ancha erta tushgandi. Oʻsha kuni kechqurun xiyla salqin boʻlgani uchun Amakri marjon tugmali qora kamzulini kiyib chiqqan edi. U qulogʻiga kumush sirgʻa, qoʻllariga billur bilakuzuklar taqib olgandi. Uning bezagi bor-yoʻgʻi bir siqim tugmayu arzimagan kumush va bir nechta billurdan iborat edi, xolos. Shu kuni Kishor ilk bor oddiy qishloq qizi bilan oʻqimishli shaharlik qizlarning oʻziga zeb berishdagi farqini anglab yetdi. Oʻsha kundan boshlab Kishorga shahar va kollejdagi qizlar har xil andozada tikilgan kiyimlar kiydirib namoyish etish uchun koʻrgazmaga qoʻyilgan doʻkon qoʻgʻirchoqlariga oʻxshab tuyula boshladi.

Kishor va Amakrining qalbida paydo boʻlgan muhabbatning muattar boʻyi qishloqdan shaharga yetib keldi. Bundan xabar topgan Kishorning otasi uning onasini yoniga oʻtqazib: «Agar odam bir marta muhabbat qudugʻiga tushib qolsa bormi, uni hech kimsa u yerdan tortib chiqara olmaydi. Shunday, oʻgʻlingdan ajralib qolmaylik tagʻin. Uni bu quduqdan chiqarib olish uchun tezroq toʻy arqonini eshaver endi», dedi. Bu voqea roʻy bermaganda-ku, Kishor nochor ahvolda qolmagan boʻlardi. Uning ota-onasi qoʻllarida toʻy arqonini tutishgancha qaysar suzuvchi kabi quduqqa tushib kelishdi va Kishorning oyoq-qoʻlini bogʻlab, undan olib chiqishdi.

Toʻyning birinchi kuni Kishor bu quduq dunyosi uzra termilarkan, Amakrini xotirlar edi. Kishor qanchalar istasa ham bu quduqqa qaytib tusha olmasligini bilardi. U toʻy arqoni bilan chandib bogʻlangan edi. Biroq bu quduq dunyosini tark etib ham ketolmasdi. Qachonlardir bu quduqdan ichgan suvlari bugun oʻz haqqini talab qilib, uning tomirlarida koʻpirar edi.

Tun oxirlab borardi. Hovlidagi chiroqlar birin-ketin oʻcha boshladi. Bundan esa Amakrining egnidagi kamzulning marjon tugmalari bir-bir uzilib tushayotgandek tuyuldi Kishorga.

Tun boʻyi uyqusizlikdan koʻzlari qizarib ketgan, bir kechadayoq oʻzini oldirib qoʻygan Kishorni koʻrgan opalari, yangalari ertalab unga hazillasha boshladilar:
— Hoy, nima boʻldi oʻzi? Kelin qochib ketmadimi mabodo? Juda gʻamga botib, mijja qoqmaganga oʻxshaysiz?

Biroq Kishor churq etmadi. Opalari esa sepga berilgan yaxdonni ochib, qiziqib tomosha qilishga kirishdilar.
— Hoy qahramon, endi bunga nimalar qoʻymoqchisiz? — deb soʻrashdi ular. Kishorning tund yuzi bir zum oʻzgarib:
— Bu yerga sholgʻom qoʻyaman,— dedi va ulardan uzoqlashdi.

Oradan bir necha kun oʻtib, anbah mavsumi boshlandi. Uydagilarning hammasi rosa anbahxoʻrlik qilishdi. Yaxdonga ham bir qancha anbah solib qoʻyishdi. Ammo Kishor anbah tomonga qayrilib ham qaramadi. Ertalab nonushta paytida stolda anbah turgan boʻlsa, u choy ham ichmasdan xonadan chiqib ketardi. Bir kuni Kishorning uyiga doʻsti keldi. Yaxdonda bir necha shisha sharob bor edi. Qanchalik qistashmasin, Qishor undan bir qultum ham ichmadi. Bundan opasining jahli chiqdi, yangalari xafa boʻlishdi. Doʻsti achchiq-achchiq uzib olgandan keyingina Kishorning tili aylanib, «Siz menga yeb-ichish uchun hech narsa bermang, menga sholgʻom bersangiz boʻldi... menga sholgʻomning oʻzi bas... men sholgʻom yeyish uchun kelganman bu dunyoga», dedi.

Yana yoz keldi. Quda tomondagilar Kishorning xonasiga sovutgich oʻrnattirib berishdi. «Bizning Gullumiz issiq xonada yashab oʻrganmagan»,— deyishdi ular.

Kishor ishxonadan chiqib uyiga tushlik qilish uchun kelganda, xotini har doim uni salqingina xonada bir oz dam olishga undardi. Bundan Kishorning yuragi yanada ezilib ketardi. «Men erkak emasman, men bir hoʻkizman. Xotinim koʻzimni bogʻlab qaerga sudrasa oʻsha tomonga ketaveraman»,— deb oʻylardi u. Kishor xotinining gapini sira ikki qilmasdi.

Kunlardan bir kun Kishorga butun vujudi toliqib borayotgandek tuyuldi. U birpas dam olish uchun karavotga choʻzildi va shu yotganicha kun boʻyi turmadi. Uning qoni sovib borardi. U endi butunlay befarq boʻlib qoldi. Hatto Amakrini ham eslamasdi...

Kishorning ahvoli hammani shoshirib qoʻydi. Doktorlarning biri kelib, biri ketardi. Barcha oʻtkir dori-darmonlar ham unga kor qilmadi. U borgan sari choʻkib, bir parcha muzga aylandi.

Soʻngra bir voqea sodir boʻldi. «Ehtimol, Kishorga qishloqning toza havosi darmon boʻlar» degan mazmunda uni qishloqqa chorlab, buvisidan xat keldi. Kishor xatni oʻqib chiqdi. Biroq uning sovuq chehrasida hech qanday oʻzgarish sezilmadi. Shu kechasi Kishor bir tush koʻrdi. Tushida uning chorpoyasi anbah daraxti tagida turganmish. Chorpoya yonida yap-yangi koʻza, koʻzaning tepasiga esa mis kosacha toʻntarilib qoʻyilgan emish. Shunda Amakri mis kosachaga suv quyib, Kishorga uzata boshlabdi, biroq kosacha uning qoʻlidan tushib ketib, Amakri birdan kakkuga aylanib qolibdi va uning yonidan uchib ketibdi.

Kakkuning «ku-ku»lashi Kishorni uygʻotib yubordi. Kishor muzdek qoʻllari bilan yuzini siladi. Uning koʻzlaridan qaynoq koʻz yoshlari quyilardi. Kishor bezovtalanib karavotga oʻtirib oldi. «Shu soat, shu daqiqa ichida xonadan chiqib ketmasam, zildek suyaklarimu madorsiz tizzalarim, toʻzgʻigan oʻylarim kabi koʻz yoshlarimni ham idora etishga qurbim yetmay qoladi», degan fikr miyasiga urildi. Soʻngra u bekat tarafga joʻnadi. Qaerdan kakkuning «ku-ku»lagan ovozi kelib turgan boʻlsa, oʻsha tomonga qarab boraverdi.

Kishor ikkinchi kuni peshinda anbahzorga yetib kelganda, rostdan ham oʻsha joyda bir chorpoya turganini koʻrdi. Ha, bu uning uchun rosa uch yil asrab kelingan oʻsha joy edi. Kishor turgan joyida qotib qoldi. «Kim bilsin, mening bu chorpoyamda kim yotibdi endi?» deb oʻyladi. Chindan ham chorpoyada kimdir yotgandi. U yoniga agʻdarilganda, qoʻngʻiroq ovozi Kishorning xayolini buzdi. Kishor oldinga talpinib, Amakrining oyoqlarini quchdi. Amakri qaltirab, oyoqlarini tortib oldi. Kishor koʻrdiki, Amakri endi anbah boʻlagi emas — uning poʻchogʻi edi: asalari uyasi emas — asalari edi; endi may toʻla qadah emas — sopol sinigʻi edi.
— Kishor babu!..— dedi Amakri kakkuning «ku-ku»lashidek jaranglagan ovoz bilan.

Kishor tizzalari qaltirab, boshini chorpoyaga qoʻydi.
— Nega bu yerga kelding? — soʻradi Amakri rangi oqarib.
— Men ado boʻldim... Men olovli jaziramani sogʻinib keldim...— Kishor chorpoyadan boshini koʻtarib, titragan qoʻllari bilan Amakrini bilagidan tutdi. — Men ham insonman axir...
— Ha, insonsan, erkaksan,— dedi Amakri pichirlab.
— ...insonman... erkakman,— beixtiyor takrorladi Kishor.
— Muhabbatni oyogʻosti qilib, nikoh mehrobiga qadam qoʻygan kishi inson boʻlolmaydi! Oʻzini erkak deb atashga haqqi yoʻq uning!

Amakri shiddat bilan Kishorning qoʻliga yopishdi va unga tishlarini botirdi. Kishor qoʻlida paydo boʻlgan qonli izga tikilib qoldi. Aqldan ozgan Amakri qalt-qalt titrardi.
— Bu anor suvi emas, zaharli tomchi bu! Sen meni yovvoyi mushuk derding, yoʻq, men quturgan mushukman...
— Sen haqsan, Amakri! Tishlaring zahri butun borligʻimni kemirib boryapti. Men endi dardi bedavoman,— zorlandi Kishor.
— Bilasan-ku, quturgan hayvon tishlagan odamni oʻn toʻrt marta emlashadi. Sen hozircha bir marta uylanding, bu sening birinchi emlanishing. Yana kamida oʻn toʻrt marta uylanishing kerak...

Amakrining koʻzlari sovuq chaqnardi.


  1. Jat — dehqon.
  2. Anbah — mango daraxti.
  3. Barsat — namgarchilik.