OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAndre Morua
Asar nomiChorshanba uchun binafsha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Andre Morua
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOzod Sharafiddinov (Rus tilidan)
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chorshanba uchun binafsha (hikoya)
Andre Morua

— O, Jenni, ketma, qol!

Tushlik vaqtida Jenni Sorbe hammani ogʻziga qaratib oʻtirdi. Qaynar buloqday chiqayotgan latifalaru har xil voqealar haqidagi hikoyalari mehmonlarni mahliyo qildi-qoʻydi. Jenni ularni chinakam aktyorlarga xos mahorat va tugʻma yozuvchiga xos ilhom bilan toʻkib soldi. Leon Loranning mehmonlari unga maftun boʻlib qolishdi. Jennining ulfatchiligida oʻtkazilgan vaqt ularning nazarida koʻz ochib yumguncha oʻtib ketgan sehrli daqiqaday tuyuldi.
— Buni qarang, soat toʻrt boʻlib qolibdi-ku! Bugun — chorshanba... Oʻzingiz bilasiz, Leon, chorshanba kunlari men har doim doʻstimga binafsha olib boraman...
— Koʻp chakki boʻlipti-da, afsus! — dedi Leon beqiyos ohangdor ovozi bilan. Shu ovozi bilan u sahnada hazilakam shuhrat qozongani yoʻq. — Aytgancha, sizning bir soʻzliligingiz hammaga ma’lum... Mayli, sizni ushlab qolmay, boʻlmasa...

Jenni ayollar bilan oʻpishib xayrlashdi, erkaklar esa tavoze bilan uning qoʻllaridan oʻpishdi. Jenni ketdi. Uning orqasidan eshik yopilishi bilan, mehmonlar biri olib, biri qoʻyib, uning sha’niga maqtov gaplar ayta boshladilar.
— U haqiqatan xam juda jozibador! Hozir nechaga bordi, Leon?
— Saksonlar atrofida boʻlsa kerak. Bolaligimda onam meni Komedi Fransezning ertalabki tomoshalariga olib borib yurganida Jenni Selimena rolini qoyilmaqom qilib oʻynardi. Holbuki, endi mening ham yoshim bir joyga borib qoldi.
— Iste’dod qarimaydi, — dedi Kler Menetrie. — Binafsha olib boraman degani nima oʻzi?
— O, butun boshli roman bu... U bir marta menga gapirib bergan edi, lekin bu toʻgʻrida hech qachon yozgan emas... Lekin gaplarim qovushmayapti. Undan keyin biror narsani hikoya qilib berishga jur’atim yetishmaydi. Qiyoslashga mening misim chiqadi.
— Ha, taqqoslar umuman xavfli narsa. Biroq biz sizning mehmoningizmiz. Sizning vazifangiz — bizning vaqtimizni chogʻ qilish. Jenni ketib qoldi. Endi siz uning yoʻqligani bildirmasligingiz kerak.
— Mayli boʻlmasa. Men sizlarga chorshanba binafshalari tarixini aytib bera qolay... Faqat bir narsadan xavotirim bor — bu voqea hozirgi kunlar uchun chuchmalroq koʻrinmasa boʻlgani...
— Qoʻrqmang, — dedi Beritran Shmit. — Bizning davrimiz nafosatga va sevgiga mushtoq. Siyratda surbetroq va behayoroq koʻrinsa ham, aslida, uning zamirida haqiqiy tuygʻularga ilinj yotardi.
— Shunday deb oʻylaysizmi?.. Mayli, boʻlmasa! Unda oʻsha ilinjni qondirishga harakat qilaman... Sizlar, ya’ni bu yerda oʻtirganlarning hammasi hali juda yoshsizlar — shuhratining avj pallasida Jenni naqadar goʻzal boʻlganini bilmaysizlar. Olovday qizgʻish sochlari uning bejirim yelkalari bilan bitta boʻlib yoyilib yotardi. Quv va charos koʻzlari, hamisha hayajonlanayotgani sezilib turadigan jarangdor ovozi uning yorqin va magʻrur husniga yana husn qoʻshardi.
— Juda suxandon ekansiz-ku, Leon!
— Qoʻrqamanki, mening soʻzamolligim ancha eskirib qolgan. Shundoq boʻlsa ham, maqtovingiz uchun rahmat... Jenni konservatoriyani 1895 yilda birinchi mukofot bilan tugatgan va darhol Komedi Fransezga taklif qilingan edi. Ammo tajribamdan yaxshi bilamanki, bu mashhur teatrning truppasida yangi kelgan odamga juda ogʻir boʻlardi... Har qaysi oʻrinda bir dongdor aktyor bor. U oʻzining rolini koʻz qorachigʻiday ehtiyot qiladi. Eng jozibador va iste’dodli yoshlar ham Marivo va Moler pesalaridagi yetakchi rollarga erishgunlaricha oʻnlab yillar kutmogʻi kerak edi. Oshuftakor Jenni sahnaning tish-tirnoqlari bilan oʻz taxtu ravonlariga yopishib olgan qirolichalariga roʻpara keldi. Uning oʻrnida boshqa har qanday qiz boʻlganda ham taqdiriga tan berib jimib qolishi yoki bir yil-ikki yil behuda urinib, Madlen xiyobonidagi teatrlardan biriga oʻtib ketishi mumkin edi. Ammo bizning Jenni bunaqa qizlardan emasdi. U ixtiyorida bor narsaning hammasini safarbar qilib jangga otildi. Nihoyat, uning artistlik iste’dodi va juda zoʻr bilimdonligi, benihoya kuchli latofati va jon olgʻuvchi koʻzlari gʻolib chiqdi.

Oradan koʻp oʻtmay u teatrning yetakchi artistlaridan biri boʻlib qoldi. Direktor uni qoʻyishga joy topolmasdi. Dramaturglar biri olib, biri qoʻyib, oʻzlari yaratgan asarlardagi eng qiyin rollarni Jenni oʻynashini talab qilishardi. Ularning fiqricha, boshqa hech kim bu rollarni xalqqa yetkazib berolmas emish. Munaqqidlar gʻayritabiiy yaqdillik bilan uning sha’niga madhiyalar yogʻdirishardi. Hatto eng dahshatli Sarsening oʻzi ham Jenni toʻgʻrisida shunday deb yozgan edi: "Boshining jinday qilt etgani, ogʻzidan chiqqan jinday tovush hatto timsohni ham maftun etishga qodir!"

Mening otam oʻsha yillarda Jenni bilan tanish edi. Otamning hikoya qilishicha, u oʻz kasbini ehtiros bilan sevardi, kasbi toʻgʻrisida donolarcha fikr yuritardi va sira tolmasdan yangi-yangi aktyorlik yoʻllarini izlab topardi. Oʻsha paytlarda teatr realizmga berilgan edi, biroq bu realizm anchayin joʻn, anoyi realizm edi. Agar roli boʻyicha Jenni biror pesada zahar ichib oʻlmogʻi kerak boʻlsa, u har gal spektakl oldidan kasalxonaga yoʻl olardi va u yerda zaharlanib jon taslim qilayotgan odamlarning talvasalarini koʻrib kelardi. Insoniy tuygʻular kurashini u oʻz misolida oʻrganardi. San’atga xizmat qilayapman deb, u ham xuddi Balzakka oʻxshab inson tuygʻularini ifodalaganda har qanday andishani yigʻishtirib qoʻyardi. Balzak ham romanlaridan birida oʻz ehtiromlarini va ma’shuqasining tuygʻularini tasvirlaganda xuddi shunday qilgan.

Oʻzingiz, albatta, sezib turgan boʻlsangiz kerak — yigirma ikki yoshga kirgan tengsiz husnu jamolga ega, yashin tezligida katta shuhrat qozongan qizning jazmanlari ham behisob boʻladi. Teatrdagi oshna-ogʻaynilari, dramaturglar, bankirlar, yana qancha-qancha kazo-kazolar uning iltifotini qozonish payida edi. Qiz bankir Anri Stalni tanladi. Uning boyligi uchun emas — Jenni ota-onasi bilan birga turar va hech narsaga muhtojligi yoʻq edi. Buning sababi shuki, Anri Stal ham xuddi qizning oʻzi kabi haddan ziyod jozibador edi va eng muhimi, qizga uylanmoqchi boʻlgandi. Ehtimol, sizning xabaringiz bordir — ular darhol oila qura olganlari yoʻq, Stalning ota-onasi ancha vaqtgacha rozilik bermay yurdi. Anri bilan Jenni uch yil oʻtgandan keyingina turmush qurishdi, biroq koʻp oʻtmay ajralib ketishdi — Jenni mustaqil xarakterga ega boʻlganidan oilaviy qullikka boʻysunishga dosh berolmadi. Bu endi boshqa tarix. Hozir esa Komedi Fransezga, Jennining qanday ish boshlaganiga va binafshalarga qaytaylik.

Jenni Dyumaning oʻgʻli yozgan "Bagʻdod malikasi"ni oʻynash uchun paydo boʻlgan kuni oqshom teatr foyesini bir koʻz oldingizga keltiring-a! Bu pesa nuqsonlardan xoli emas. Meni bilasizlar — "Chala zodagonlar", "Ayollarning doʻsti", "Fransiyon"ga oʻxshagan pishiq-puxta yozilgan pesalardan zavqlanib yuraman. Lekin hatto men ham Dyumaning "Musofir juvon", "Bagʻdod malikasi" pesalaridagi oʻjarligini koʻrib, oʻzimni kulgidan toʻxtatolmayman. Ammo Jennini bosh rolda koʻrganlarning hammasi uning haqqoniy obraz yarata olganini yozishdi. Biz u bilan oʻsha zamonlar haqida tez-tez gaplashib turardik. Eng gʻalati joyi shunda ediki, Jenni ijro etayotgan rollarining chinligiga oʻzi ishonardi.

"Yoshlik yillarimda, — deb yorildi menga bir kuni, — Dyuma asarlaridagi qahramon ayollarga oʻxshab mulohaza yuritardim. Ichimda pishib yetishayotgan narsani, qalbimning eng pinhona nuqtalaridagi tuygʻularimni chiroq nurlari porlab turgan sahnada ijro etish juda maroqli edi". Bunga yana shuni qoʻshib qoʻyingki, bu roli unga juda ta’sirchan usulni qoʻllashga imkon berardi — u oʻynayotgan vaqtida sochlarini yoyib yuborar, ular uning yalangʻoch yelkasiga shaloladay tushardi. Xullas, Jenni naqd ofatijonning oʻzginasi edi.

Odamlar guldiros qarsaklar bilan muborakbod qilib boʻlishgach, antrakt vaqtida Jenni artistlar foyesiga chiqadi. Bir zumda uning tevaragini odamlar qurshab oladi. Jenni divanga — Anri Stilning yoniga oʻtiradi. Muzaffar odamga xos koʻtarinki kayfiyat ogʻushida mast boʻlgan Jenni quvnoqlik bilan unga nimalarnidir hikoya qiladi.
— Oh, azizim Anri! Mana, men yana yuzaga qalqib chiqdim. Nihoyat, koʻkragim toʻlib nafas olyapman... Uch kun avval qanaqa oʻynaganimni oʻzingiz koʻrdingiz... Oʻshanda hech narsaga yaramas edim, toʻgʻrimi?.. Nazarimda jarlikning tub-tubida tipirchilab yotganday edim. Nafasim boʻgʻilgandi. Nihoyat, mana — bugungi oqshom. Bir hamla qildimu yana yuzaga chiqib oldim! Menga qarang, Anri, soʻnggi pardaga borib rasvo boʻlsam nima boʻladi? Oxirigacha suzishga kuchim yetmay qolsa nima qilaman! O xudoyim-ey! O, xudo!

Kirib kelgan kapeldiner unga gullarni tutqazdi.
— Kimdan boʻlsaykin bu gullar? A, Sen-Ludan ekan... Sizning raqibingizdan, Anri... Guldastani mening xonamga olib borib qoʻying.
— Manavi maktub ham bor, mademuazel, — dedi kapeldiner. Konvertni ochib koʻrib Jenni qah-qah urib kulib yubordi.
— Maktub litsey talabasidan ekan. Ular litseyda "Jennining jazmanlari" klubini tuzishganmish.
— "Jokey klub" endiliqda bugunlay sizning jazmanlaringiz klubiga aylangandir-da...
— Menga litsey talabalari ma’qulroq... Buning ustiga, maktubning oxirida she’r ham bor ekan... Mana, eshiting, azizim...

"Sevdim" degan joʻnroq satrni
Qoralamang, inkor ham etmang.
Oʻtinaman — shoʻrlik shoirni
Direktorga hech qachon aytmang.

— Qarang, biram yaxshiki...
— Javob berasizmi maktubga?
— Albatta, javob bermayman-da! Bunaqa maktublardan har kuni oʻnlab olaman. Ularga javob bera boshlasam, tamom boʻlaman-ku... Lekin maktublar meni xursand qiladi... Bu oʻn olti yashar jazmanlar menga yana ancha vaqt sodiq qoladi...
— Balkim? Oʻttizga borganda esa ular notarius boʻlib olishadi.
— Notarius boʻlsa nima? Notarius mening jazmanim boʻlolmaydimi?
— Mana buni ham sizga berib qoʻyishni iltimos qilishdi, mademuazel, — dedi yana ularning yoniga kelgan kapeldiner.
— Muncha yaxshi! Buni qarang, Anri! Maktubi yoʻq ekanmi?
— Yoʻq, mademuazel. Shveytsar menga aytdiki, Politexnika maktabining allaqaysi talabasi binafsha olib kelipti.
— Azizim, — deb xitob qildi Anri Stal. — Sizni tabriklashga ijozat bergaysiz. Rostini aytganda, bu qurumsoq "talabalar"dan biror narsa undirish juda qiyin.

Jenni binafshani ancha hidladi.
— Juda nafis hidi bor-da! Hurmatlarini shu tarzda ifoda qilishgani menga yoqadi. Oʻziga bino qoʻygan sipo odamlarga sira toqatim yoʻq. Peshinda ular Pale-Royalga toʻp otishini tomosha qilgani qanday borishsa, oqshomlari sahnada mening jon berishimni tomosha qilishga ham shunaqa kelishadi.
— Tomoshabinda shafqat yoʻq! — deb javob berdi Anri Stal. — Ular hamma vaqt ham shunaqa boʻlishgan. Gladiatorlar jangini eslang... Bir dasta ignani yutib yuborish yoʻlini topgan aktrisa ularning orasida zoʻr muvaffaqiyat qozongan boʻlardi.

Jenni kulib yubordi.
— Bordi-yu biror aktrisa tikuv mashinasini yutib yuborsa, uning shuhrati osmon baravar koʻtarilardi!

"Sahnaga" degan xitob yangradi. Jenni oʻrnidan qoʻzgʻoldi.
— Mayli, boʻlmasa... Koʻrishguncha... Borib ignalarni yutay... Jennining hikoya qilishicha, bu voqea ana shu tarzda boshlangan edi. Yanagi chorshanbada soʻnggi antrakt vaqtida kapeldiner yuzida tabassum bilan Jenniga yana bir dasta binafsha olib keldi.
— Ie, qiziq-ku, — deb xitob qildi u. — Yana oʻsha talabami?
— Ha, mademuazel.
— Shakli-shamoyili qanaqa?
— Bilmadim, mademuazel. Xoʻp desangiz, shveytsardan soʻrayman.
— Yoʻq, soʻramay qoʻya qoling. Nima farqi bor...

Keyingi haftaning chorshanba kuni spektakl yoʻq edi. Ammo payshanba kuni Jenni repetitsiyaga kelganda, uning xonasidagi stol ustida bir dasta binafsha yotardi. Binafsha biroz soʻlib qolipti. Teatrdan ketayotib, Jenni shveytsarning xonasiga kirib oʻtdi.
— Menga qarang, Bernar... Binafshani oʻsha yigitcha olib keldimi?
— Ha, mademuazel. Uchinchi marta olib kelishi...
— Shakli-shamoyili qanaqa bu talabaning?
— Juda yaxshi bola. Juda yaxshi... Nima desam ekan-a... Biroz ozgʻindan kelgan, yonoqlari ichiga botgan, koʻzlari ma’yus. Kichkinagina moʻylovchasi bor. Lorneti ham bor. Lorneti bilan kilichi — biqinida... Bu, albatta, kulgili koʻrinadi... Toʻgʻrisini aytsam, mademuazel, yigitchaning juda ham yuragidan urgan koʻrinadi... Har gal binafshasini menga uzatar ekan, "Mademuazel Jenni Sorbega", — deydi-da, quloqlarigacha qizarib ketadi...
— Nima uchun doim chorshanba kuni kelar ekan?
— Sababini bilmaysizmi, mademuazel? Chorshanbada Politexnika maktabining talabalari mashgʻulotlardan boʻsh boʻladi. Oʻsha kuni ular teatrda parter bilan galerkaga toʻlib ketishadi... Har bittasi yonida oyimtillasi bilan keladi...
— Mening talabamning ham oyimtillasi bormi?
— Ha, mademuazel, lekin bu oyimtilla — uning singlisi... Ular bir-birlariga juda ham oʻxshaydilar, koʻrsangiz, hayron qolasiz.
— Shoʻrlik yigitcha! Menda yurak degan narsa boʻlganida, Bernar, sizdan iltimos qilgan boʻlardim — uni loaqal bir marta sahna ortiga oʻtqazib yuboring, binafshasini menga oʻzi bera qolsin.
— Maslahat bermayman, mademuazel, sira maslahat bermayman. Bu teatr shinavandalariga e’tibor bermasangiz, ularning xavfli joyi yoʻq. Ular aktrisalarga uzoqdan turib ishqibozlik qilib, shu bilan oʻzlarini oʻzlari xursand qilib yuraverishadi... Ammo, lekin ular oʻzlariga jinday e’tibor berilayotganini payqab qolishsa, tamom — yelimday yopishib olishadi. Unda ulardan qutulishning iloji qiyin boʻlib qoladi. Ular shunaqaki, barmogʻingizni uzatsangiz, qoʻlingizni yulib olishadi... Ha, kuling, kulavering, mademuazel, lekin bu ishlarni aniq bilaman. Yigirma yildan beri shu teatrda xizmat qilaman! Shu kulbamda oʻtirib oshiqu beqaror boʻlgan oyimtillalardan qanchasini koʻrdim-u! Qancha yigitlar es-hushidan ayrildi... Hatto qarib quyilmaganlarni aytmaysizmi? Men hamisha maktublar bilan guldastani olganman-u, lekin hech kimni sahna ortiga oʻtqazib yubormaganman. Mumkin boʻlmagandan keyin iloj yoʻq-da...
— Gapingiz toʻgʻri, Bernar! Mayli, beparvo boʻlamiz, ehtiyotkor va toshbagʻir boʻlamiz.
— Bu ishingiz toshbagʻirlik boʻlmaydi, mademuazel, sogʻlom aql bilan ish tutgan boʻlasiz, xolos.

Haftalar oʻtdi. Har chorshanbada Jenni oʻzining ikki soʻm turadigan bir dasta binafshasini olib turdi. Bu ish butun teatrning ogʻziga tushdi. Kunlardan birida aktrisalardan biri Jenniga dedi:
— Tolibingni koʻrdim... Juda jozibador ekan. Qiyofasi biram gʻalati... Goʻyo "Shamdon"da yoxud "Sevgi bilan oʻynashmang"da oʻynash uchun yaratilganday...
— Mening tolibim ekanini qayoqdan bilaqolding?
— Men tasodifan shveytsarning xonasiga bosh suqib edim. Xuddi shu payt u gul koʻtarib kelib qoldi-da, hayiqibgina iltimos qildi: "Marhamat qilib, mademuazel Jenni Sorbega berib qoʻysangiz..." Yuraklarni eritib yuboradigan bir manzara edi bu. Koʻrinib turipti, yigitcha zakovatli edi. Oʻzining kulgili ahvolda koʻrinishini istamas, lekin shundoq boʻlsa ham, hayajonini yashira olmasdi... Men hatto bir daqiqa afsuslandim — binafshalarini menga keltira qolsa nima boʻlardi. Men uning urinishlarini qadrlagan boʻlardim, boshini silardim... E’tibor bergin-a, u hech narsani iltimos qilgani yoʻq, hatto sening oldingga kirmoq yoʻllarini ham qidirmadi... Ammo men sening oʻrningda boʻlganimda...
— Uni qabul qilarmiding?
— Albatta-da! Undan bir necha daqiqa vaqtimni ayamagan boʻlardim. Axir, u anchadan beri teatrga qatnaydi. Buning ustiga, ta’til vaqti ham yaqinlab qoldi. Sen ketib qolasan, yopishib olib bezor qiladi deb qoʻrqmasang ham boʻladi.
— Gaping toʻgʻri, — dedi Jenni. — Jazmanlar yosh boʻlganida, ularning son-sanogʻiga yetib boʻlmagan davrlarda ularga parvo qilmasang-da, oradan oʻttiz yil oʻtgandan keyin ularning ketidan girgitton boʻlib yursang, bundan ham bema’niroq narsa boʻlmasa kerak. Oʻttiz yil oʻtgandan keyin ularning soni ham kamayib qoladi, koʻplari sochi toʻkilib, tepakal ham boʻlib olishadi...

Shu oqshom u teatrdan chiqib ketayotib shveytsarga dedi:
— Bernar, chorshanba kuni talaba yana binafsha olib kelsa, unga aytgin — uchinchi pardadan keyin guldastani menga oʻzi olib kirib bersin... Men "Mizantrop"da oʻynayman. Rol boʻyicha men atigi bir marta kiyimimni oʻzgartiraman, oʻzimning xonamda boʻlaman. Talaba oʻsha yerga kelsin... Yoʻq, yaxshisi, men uni yoʻlakda, zina oldida kutib turaman. Balki foyeda boʻlarman...
— Yaxshi. Biror kori hol boʻlishidan qoʻrqmaysizmi, mademuazel?
— Nimadan qoʻrqmogʻim kerak? Oʻn kundan keyin men gastrolga joʻnab ketaman, bu talaba esa oʻzini Politexnika maktabiga mixlab qoʻygan...
— Yaxshi, mademuazel... Lekin shundoq boʻlsa ham, mening fikrimcha... Yanagi chorshanbada Jenni Selimenani juda ham qotirib oʻynadi — u notanish yigitchaga imkoni boricha koʻproq ma’qul boʻlishni istar edi. Antrakt boshlanganda u yuragi taka-puka boʻlib, nima boʻlishini kuta boshladi. U foyega chiqib oʻtirdi. Uning tevaragida teatrning doimiy shinavandalari kuymalanib yurardi. Direktor nimadir toʻgʻrisida Blansh Person bilan suhbatlashardi. Oʻsha paytlarda bu ayol Jennining raqibi hisoblanardi. Lekin negadir talabadan darak yoʻq edi. Sabri tugab betoqat boʻlayotgan Jenni kapeldinerni izlab ketdi.
— Meni hech kim soʻragani yoʻqmi?
— Yoʻq, mademuazel.
— Bugun chorshanba, ammo mening binafshamdan hali ham darak yoʻq. Yoki Bernar uni sizga berishni unutib qoʻydimikin?.. Yoxud bu yerda biron anglashilmovchilik roʻy berdimikin?
— Anglashilmovchilik deysizmi, mademuazel? Qanaqa anglashilmovchilik? Istasangiz men shveytsarning oldiga borib kelaman.
— Ha, mayli... Yoʻq, yoʻq, bormay qoʻyaqoling. Uyga ketayotganimda Bernardan oʻzim surishtirib bilib olaman.

Jenni oʻzining ahvolidan kuldi: "Xoʻp gʻalati maxluqmiz-da, — deb oʻyladi u, — olti oy mobaynida bu yigitning savdoyi sadoqatiga parvo ham qilganim yoʻq. Endi esa birdaniga menga e’tibor berilmayotgani uchun betoqat boʻlyapman, xuddi ma’shuqasini kutayotgan qizday hayajonlanyapman... "O Selimena, dosh berib boʻlmaydigan gʻam-gʻussaga botgan Altsest seni tashlab ketganida qanchalar qaygʻurar ekansan?!"

Spektakldan keyin u shveytsarning xonasiga kirdi.
— Xoʻsh, Bernar, qani mening jazmanim? Uni mening huzurimga joʻnatmadingizmi?
— Mademuazel, atayin qilganday, u bugun kelmadi. Yarim yil mobaynida birinchi marta teatrga kelmadi. Buni qarangki, xuddi shu bugun mademuazel uni qabul qilishga rozi boʻlgan edi-ya!
— Qiziq! Balki birorta odam unga aytib qoʻygandir va u qoʻrqib ketgandir.
— Yoʻq, mademuazel, unaqa demang... Bu gapdan sizu mendan boshqa hech kimning xabari yoʻq edi. Siz hech kimga aytganingiz yoʻqmi? Yoʻq, a? Men ham indaganim yoʻq... hatto xotinimga ham hech narsa deganim yoʻq...
— Undoq boʻlsa, nega kelmay qoldiykin? Nima deysiz?
— Nima derdim, mademuazel... Balki tasodifan shunaqa boʻlib qolgandir. Balki behuda yugur-yugurlar joniga tekkandir. Ehtimol, betob boʻlib qolganmikin? Yanagi chorshanbani kutaylik-chi?

Ammo keyingi chorshanbada ham na talabadan, na binafshadan darak boʻldi.
— Endi nima qilamiz, Bernar?.. Nima deysiz, balki uning oshna-ogʻaynilari yigitchani izlab topishimizga yordam berar? Yo Politexnika maktabining direktoriga murojaat qilsakmikin?
— Buni nima deb qilamiz? Axir, biz yigitning otini ham bilmaymiz-ku!
— Bu gap ham toʻgʻri, Bernar. Koʻp chakki ish boʻldi-da! Oʻzi omadim yurishmagan odamman, Bernar.
— Qoʻying, mademuazel, unaqa demang. Bu yilgi mavsumni zoʻr mahorat bilan oʻtkazdingiz. Hademay gastrolga joʻnab ketasiz. U yerda sizni yangi muvaffaqiyatlar kutmoqda... "Omadim yurishmagan" desangiz, gunoh boʻladi.
— Gapingiz toʻgʻri, Bernar. Men shunaqa noshukur odamman... Lekin nima qilay, binafshalarimga juda oʻrganib qolgan edim.

Ertasi kuni Jenni Parijdan joʻnab ketdi. Bu safarda Anri Stal unga hamroh boʻldi. Jenni qaysi bir mehmonxonada toʻxtamasin, uning xonasi hamisha atirgullarga toʻla boʻlardi. Jenni Parijga qaytganda darveshsifat talaba allaqachon uning esidan chiqib ketgandi.

Oradan bir yil oʻtgach, u polkovnik Jenever degan odamdan maktub oldi. Polkovnik uning shaxsiy ishi boʻyicha qabul qilishni iltimos qilgan edi. Maktub odob saqlab yozilgandi. Uni oʻzining qadrini yaxshi bilgan basavlat odam yozgani sezilib turardi. Polkovnikni qabul qilmaslik uchun hech qanday asos yoʻq edi. Jenni polkovnikka shanba oqshomlaridan birida kelishni taklif kildi. U qop-qora fuqarolar libosida keldi. Jenni uni tabiat ato qilgan va sahna tarbiyalab voyaga yetkazdirgan samimiyat bilan kutib oldi. Ammo tabiiyki, uning butun xatti-harakatida "bu notanish odamga mendan nima kerak ekan?" degan savol sezilib turardi. U sabr-toqat bilan polkovnikning izohini kutdi.
— Meni qabul qilishga rozi boʻlganingiz uchun sizdan minnatdorman, mademuazel. Men maktubda tashrifimdan koʻzlagan maqsadimni aytib berolmasdim. Modomiki, men sizdan uchrashish toʻgʻrisida iltimos qilgan ekanman, ishonaveringki, buning boisi mening erkaklik gʻururim emas, balki otalik tuygʻularimdir... Koʻrib turibsiz, boshdan-oyoq qora kiyinganman. Oʻgʻlimga motam tutmoqdaman. Leytenant Andre de Jenever bundan ikki oy avval Madagaskarda oʻldirildi.

Jenni "Butun yuragimdan sizga hamdardman, ammo..." demoqchi boʻlganday beixtiyor harakat qildi.
— Siz mening oʻgʻlimni bilmas edingiz, mademuazel, bundan xabarim bor... Ammo u sizni yaxshi bilardi va sizga qoyil qolardi. Bu sizga aql bovar qilmaydigan boʻlib koʻrinar, lekin hozir sizga aytib beradigan gaplarimning hammasi chin. U sizni dunyoda hamma narsadan ortiq sevar va sizni iloha deb bilardi...
— Hamma gapni tushuna boshlayapman, shekilli, polkovnik. Bu toʻgʻrida sizga uning oʻzi gapirib berganmidi?
— Mengami? Yoʻq. U hamma gapni singlisiga aytib bergan. Singlisi uning yurak sirlarini tinglaydigan birdan-bir ishongan odami boʻlgan. Hamma voqea u singlisi bilan birga "Muhabbat va tasodif oʻyini"ni koʻrishga borganidan boshlangan. Teatrdan uyga qaytib kelishgach, bolalarim siz toʻgʻringizda ogʻizlaridan bol tomib gapirishdi: "Uning ijrosida qanchalik injalik va nafosat bor, kishini toʻlqinlantiruvchi noziklik mavjud". Ular yana ancha maqtovlar yogʻdirishdi. Aftidan, bu maqtovlarning hammasi oʻrinli edi. Men bunga shubha qilmayman... Lekin yoshlikka xos boʻlgan ehtiros, har narsani ilhomlashtirishga boʻlgan intilish batamom boʻlakcha edi... Mening bechora bolaginam xayolparast edi...
— Yo parvardigor! — deb xitob qildi Jenni. — Demak, u oʻsha ekan-da...
— Ha, mademuazel, oʻsha Politexnika maktabining talabasi. Ha, oʻsha oyma-oy har chorshanba kuni sizga bir dasta binafsha olib boradigan yigit mening oʻgʻlim Andre edi... Buni menga qizim aytib berdi. Uning bu bolaligi, oʻz zavqini bunaqa anoyi yoʻl bilan namoyon etgani sizning gʻashingizga tegmagan boʻlsa kerak? Axir, u sizni shu qadar yaxshi koʻrar edi. Ehtimol, sizni boʻlmasa, xayolida oʻzi yaratgan va yuragida ardoqlab yurgan obrazni yaxshi koʻrgandir... Xonasining devorlariga toʻldirib sizning suvratlaringizni osib tashlagan edi. Sizning suvratlaringizdan bironta yangi suvratingizni topib olguncha qizim bechoraning ona suti ogʻzidan kelardi... Politexnika maktabida uning oshnalari bunaqa oshiqlik ustidan kulishardi. "Hammasini yozib yubor unga" deyishardi ular.
— Afsus, u buni qilgani yoʻq...
— Qilgan, mademuazel! Men sizga bir bogʻlam maktub olib keldim. Ular yozilgan-u, joʻnatilgan emas. Biz bu maktublarni uning vafotidan keyin topdik.

Choʻntagidan bir paket chiqarib, polkovnik uni Jenniga tutqazdi. Bir gal Jenni bu maktublarni menga koʻrsatgan edi. Xati nozik, tez yozilgan, oʻqib boʻlmaydi. Yozuv matematikniki, lekin uslubi shoirona.
— Bu maktublarni asrab qoʻying, mademuazel. Ular sizniki. Nojoizroq taklifim uchun meni afv etasiz... Oʻgʻlimning xotirasi uchun shu ishni qilmasam, boʻlmaydigan koʻrindi. Siz unda qoʻzgʻagan tuygʻuda ehtiromga nosazovor, yengil-elpi jihat yoʻq edi... U sizni goʻzallik va komillik tabassumi deb bilardi. Sizni ishontirib aytamanki, Andre oʻzining ulugʻ muhabbatiga munosib edi.
— Nega, axir, u meni koʻrmoqqa urinib koʻrmadi? Nega mening oʻzim u bilan uchrashishga harakat qilmadim?.. Oh, buning uchun oʻzimni qanchalar koyiyman, qanchalar oʻzimdan ijirgʻanaman?!.
— Oʻzingizni koyiyvermang, mademuazel... Siz qayoqdan ham bilardingiz?.. Politexnika maktabini bitirishi bilanoq Andre uni Madagaskarga joʻnatishlarini iltimos qildi. Yashirmayman, uning bunday qilganiga sabab siz edingiz... Ha, u singlisiga bunday degan: "Ikkidan biri: yo hijron meni bu bedavo darddan forigʻ qiladi yeki men biron-bir jasorat koʻrsataman-u unda..."
— Nahotki, kamsuqumlik, barqarorlik va olijanoblik har qanday jasoratdan yaxshi boʻlmasa? — dedi xoʻrsinib Jenni.

Polkovnikning ketishga otlanganini koʻrib, Jenni talpinib uning qoʻlidan tutdi.
— Menimcha, men biron yomon ish qilmagan boʻlsam kerak. Lekin shundoq boʻlsa ham... Nima boʻlganda ham, marhumga nisbatan mening zimmamda ham muayyan burch borga oʻxshaydi. U shoʻrlik hayot lazzatlarini tatib ham koʻrgani yoʻq edi... Menga qarang, polkovnik, oʻgʻlingiz qaerga dafn qilingan?.. Qasamyod qilaman, toki tirik ekanman, har chorshanba kuni uning qabriga bir dasta binafsha olib borib turaman...
— Shuning uchun ham, — deb hikoyasini tugatdi Leon Loran, — shuning uchun ham bizning Jennini koʻpchilik bagʻri tosh, quruq, hatto beti qalin bir ayol deb hisoblasa-da, u har chorshanba kuni doʻstlarini tark etadi, ishini ham yigʻishtiradi va hatto sevgan odamini ham tashlab, Monparnas qabristoniga, oʻzi tanimaydigan odamning qabriga yoʻl oladi... Mana endi oʻzlaringiz ham koʻrib turibsizlar — bu voqea hozirgi zamonlar uchun haddan tashqari chuchmal koʻrinadi.

Oraga jimlik choʻkdi. Keyin Bertran Shmit dedi:

— Romantika inson bilan hamisha yonma-yon yashaydi. Biroq uni hamma ham topavermaydi.