OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAndre Morua
Asar nomiOltin yombining qargʻishi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Andre Morua
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOzod Sharafiddinov (Rus tilidan)
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oltin yombining qargʻishi (hikoya)
Andre Morua

Men Nyu-Yorkdagi "Oltin ilon" restoranining doimiy mijozlaridan edim. Bu gal restoranga kirishim bilan birinchi stolda oʻtirgan kichik jussali cholga koʻzim tushdi. Uning oldida taqsimchada qonlari silqib turgan bifshteks bor edi. Rostini aytganda, avval diqqatimni goʻsht oʻziga jalb qildi, chunki yilning bu faslida goʻsht kamchilroq boʻlardi. Keyin esa men cholning oʻziga, uning ma’yus yuziga qiziqib qoldim. Men bir lahzada uni avval ham uchratganimni his qildim. Bilmadim, Parijdami yo boshqa biror joydami? Stol yoniga oʻrnashib oʻtirib olgach, xoʻjayinni chaqirdim. Asli Perigordan kelib qolgan bu abjir va chaqqon odam kichkinagina, torgina yertoʻlani shinavandalarning sevimli maskaniga aylantirgan edi.
— Ayting-chi, janob Rober, eshikning oʻng tomonida oʻtirgan anavi qariya kim boʻldi? Adashmasam, fransuz boʻlsa kerak-a?
— Qaysisini aytyapsiz? Stol ortida yolgʻiz oʻtirgan odammi? U kishi janob Borak boʻladi. Bu yerga har kuni kelib turadi.
— Borak? Sanoatchimi? Ha, albatta. Endi tanidim. Lekin avval men uni bu yerda biron marta ham koʻrmagan edim.
— U odatda hammadan avval keladi. Yolgʻizlikni yaxshi koʻradi. Xoʻjayin stolim ustiga egildi-da, ovozini pasaytirib qoʻshib qoʻydi:
— Uning oʻzi ham, xotini ham allanechuk gʻalati odamlar... Rost aytaman, jinday dovdirroqmi-ey. Koʻrib turibsiz, hozir bir oʻzi nonushta qilyapti. Bugun kechqurun soat stgida keling — uning xotinini koʻrasiz. U ham bir oʻzi oʻtirib ovqatlanadi. Bir-birlarini koʻrgani koʻzlari yoʻq boʻlsa kerak deb oʻylash mumkin. Haqiqatda esa juda inoq yashashadi. Ular "Deltoniko" mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Men ularni tushuna olmayman. Turgan-bitganlari jumboq!..
— Xoʻjayin! — deb chaqirdi yugurdak bola. — Oʻn beshinchi stol bilan hisob-kitob qilar ekansiz.

Janob Rober ketdi. Men esa bu gʻaroyib er-xotin haqida oʻylay boshladim... Ha, albatta, men u bilan Parijda tanishgan edim. U yillarda, ya’ni ikkita jahon urushi oraligʻida u tez-tez dramaturg Fabernikiga kelib turardi. Faberning unga allanechuk tushunib boʻlmaydigan moyilligi bor edi; aftidan, ularni qandaydir mushtarak tashvishi birlashtirib turardi — ularning ikkovi ham sarmoyalarini eng ishonchli joyga qoʻyishni oʻylar va toʻplagan pullaridan ajrab qolishdan qoʻrqishardi. Borak... Hozir u saksonlarga borib qolgan boʻlsa kerak. 1923 yillar tevaragida sarmoyasi bir necha millionga yetganini esladim. Oʻsha paytda frankning qadrsizlanishidan bechora ancha kuygan edi.
— Bema’nilik! — deya xunobi chpqardi uning. — Qirq yil ter toʻkib mehnat qilay-da, oxirida kunlarim qashshoqliqda oʻtsinmi? Rentam bilan obligatsiyalarimning ikki pullik qadri qolmadi. Bu ham yetmagandek, sanoat korxonalarining aktsiyalari ham koʻtarilmay qoldi. Pullar koʻz oʻngimizda kulga aylanyapti. Qariganda kunimiz nima kechar ekan?
— Mendan oʻrnak oling, — deb maslahat berdi unga Faber. — Men jamiki pulimni funtga aylantirib qoʻydim... Funt ishonsa boʻladigan valyuta...

Oradan uch-toʻrt yil oʻtgandan soʻng ikkala ogʻaynini yana uchratdim. Ular sarosimada edilar. Borak Faberning maslahatiga amal qilipti. Ammo shundan keyin Puadkare frankning kursinn koʻtarishga muvaffaq boʻlipti. Funt esa juda tushib ketipti. Endi esa Borak qanday qilib daromad soligʻiga chap berish yoʻlinp oʻylamoqda edi. Oʻsha kezlarda daromad soligʻi ham oʻsa boshlagandi.
— Kip-qizil bolasiz-a, — deb koyidi uni Faber. — Mening gapimga kiring... Dunyoda hech narsa kor qilmaydigan bitta-yu bitta narsa bor — oltin... 1918 yilda oltin yombilarini olib qoʻyganingizda daromadingiz uncha koʻp boʻlmas edi, lekin hech kim sizga soliq ham solmas edi. Qarabsizki, bugun boyu-badavlat boʻlib turaverar edingiz... Bor-yoʻgʻingizning hammasinp oltinga aylantiring-da, bemalol uyquni uravering.

Eru xotin Boraklar Faberning gapiga kirishdi. Ular tilla sotib olishdi, bankda poʻlat sandiqni pjaraga olishdi, keyin vaqti-vaqti bilan bu moliya ma’budiga borib, xursandliqdan ogʻizlarining tanobi qochib, oltin sanamlariga ta’zim qilib turishdi. Keyin men oʻn yilcha ularni nazardan qochirib qoʻydim. Keyin ularni 1937 yilda Fobur-Sent-Onoreda rasmlar sotadigan savdogarning doʻkonida uchratdim. Borak oʻzini juda sipo tutardi, qora shohi roʻmol oʻrab olgan jussasi kichik Borak xonim esa juda anoyi va samimiy koʻrinardp. Borak xijolat cheka-cheka mendan maslahat soʻradi:
— Siz, doʻstim, oʻzingiz san’at odamisiz. Nima deb oʻylaysiz, sizningcha, impressionistlarning narxi yana koʻtarilishiga umid qilsa boʻlarmikin? Bilmayman deysizmi? Ancha-muncha odam shunday boʻlishi mumkin deb hisoblayapti. Lekin impressionistlarning rasmlari shundoq ham juda qimmatlashib ketgan-ku! Eh, ularning rasmlarini asr boshida olib qoʻymaymanmi!.. Undan ham koʻra, qaysi oqim modaga kirishini oldindan bilib, ularning rasmlarini hozir arzon-garov sotib olib qoʻysa xoʻp zoʻr ish boʻlardi-da! Biroq chatoq joyi shundaki, bu ishda oldindan hech kim kafolot berolmaydi. Xoʻb zamonlarga qoldik-da! Hatto ekspertlar ham ojiz. Ishonasizmi, azizim, men ulardan soʻradim: "Yaqin oʻrtada qanday rasmlarning bahosi koʻtariladi?" Ular boʻlsa dudmallanadi, dami ichiga tushib ketadi. Bittasi Utrilloning bahosi oshadi deydi. Ikkinchisi Pikassoni aytadi... Ammo bular koʻpdan beri yaxshi tanilib qolgan nomlar-da...
— Xoʻsh, tillalaringiz nima boʻldi? — deb soʻradim undan.
— Tillalarim oʻzimda, oʻzimda... Men yana ancha-muncha yombi sotib odtsim... Ammo hukumat tillani musodara qilishni oʻylayapti. Poʻlat sandiqlarni ochish payidan boʻlayapti... Oʻylashga qoʻrqasan, kishi... Bilaman, siz aytmoqchisizki, eng ma’quli hammasini xorijga oʻtqazib qoʻyish... Bu gap-ku toʻgʻri-ya!... Lekin qayoqqa? Britaniya hukumati ham xuddi biznikidek iddizga bolta uradigan xilidan... Gollandiya bilan Shveytsariya urush boʻlib qolgan taqdirda juda katta xavf ostida qolishadi. Faqat Qoʻshma Shtatlar qolyapti. Biroq Ruzvelt prezident boʻlgandan beri dollar ham... Bundan tashqari koʻchib borib oʻsha yerda istiqomat qilish kerak boʻladi. Aks hodda, bir emas, bir kuni sarmoyalarimizdan uzilib qolishimiz hech gap emas...

Oʻshanda unga nima deb javob berganim esimda yoʻq. Bu eru xotinlar gʻashimga tega boshladi — butun olamga oʻt ketyapti-yu, ular oʻzlarining xumchalaridan boshqa hech narsani oʻylamaydilar. Muzeydan chiqib ular bilan xayrlashdim-da, xush axloqli, lekin qora libosga oʻralib olgan bu ikki mudhish siymo mayda-mayda ehtiyotkor qadamlar bilan ketib borayotganiga ancha vaqt qarab qoldim. Mana, endi men Leksington-avenyudagi "Oltin ilon"da Borakka roʻpara kelib oʻtiribman. Urush boshlanganda ular qaerlarda yurishdi ekan? Qaysi shamol uchirib olib keldi ularni Nyu-Yorkka? Qiziqish tobora ortib borardi. Borak oʻrnidan qoʻzgʻolganda, men uning oldiga bordim-da, oʻzimni tanitdim.
— O, boʻlmasa-chi! Albatta, esimda, — dedi u. — Sizni koʻrganimdan juda xursandman, azizim. Biznikiga bir piyola choyga kirib chiqarsiz? Yoʻq demassiz? Biz "Delmoniko" mehmonxonasida turamiz. Xotinimning boshi osmonga yetadi... Biz bu yerda juda siqgoshb ketganmiz. Na u, na men inglizcha bilamiz.
— Amerikada doimiy yashayapsizmi?
— Boshqa ilojimiz yoʻq, — deb javob berdi u. — Biznikiga keling, hammasini tushuntirib beraman. Ertaga soat beshlarga.

Men uning taklifini qabul qildim va aniq aytilgan vaqtga yetib bordim. Borak xonim hamon oʻsha 1923 yilgi qora shohi koʻylakda, boʻynida bir shoda noyob dur. U menga juda ham kayfi buzuq koʻrindi.
— Shunday siqilganmanki, qoʻyaverasiz, — deb shikoyat qildi u. — Biz shu ikki xonaga qamalib olganmiz. Yaqin-atrofda bironta tanish zot yoʻq... Umrimning oxiri shunaqa badargʻada oʻtadi deb sira oʻylamagan edim.
— Kim sizni bunga majbur qilyapti, xonim? — deb soʻradim men. — Menga ma’lum boʻlishicha, shaxsan sizning iemislardan qoʻrqishingiz uchun hech qanday sabab yoʻq. Ya’ni aytmoqchimaiki, siz ularning xumi ostida yashashni xohlamagansiz, buni bilaman, albatta. Lskin oʻz ixtiyoringiz bilan badargʻa boʻlish, tilini bilmaydigan begona yurtlarga kelish...
— Nima deyapsiz, nemislarning bu ishga sira daxli yoʻq, — dedi u. — Biz bu yerga urushdan ancha oldin kelganmiz.

Uning eri oʻrnidan turdi, eshikni ochib yoʻlakka nazar tashladi, hech kim bizning gaplarimizga quloq solmayotganiga ishonch hosil qilib, eshikni qulfladi-da, oʻrniga qaytib oʻtirib, shivirlab dedi:
— Men sizga hammasini gapirib beraman. Tshshngiz mustahkam ekaniga ishonchim komil, doʻstona maslahat esa hozirgi ahvolimizda bizga juda qoʻl kelardi. Rost, bu yerda mening oʻz advokatim bor, lskin siz meni yaxshiroq tushunasiz... Bilasizmi... Esingizdami-yoʻqmi, bilmadim — Hokimiyat tepasiga xalq fronti kelgandan keyin biz oltinimizni fransuz bankida saqlashni xatarli deb hisobladik va uni Qoʻshma Shtatlarga oʻgkazib yuborishning ishonchli yashirin yoʻlini topdik. Tabiiyki, oʻzimiz ham bu yerga koʻchib oʻtishga qaror qildik. Axir, oltinimizni takdir qoʻliga berib, indamay qarab turolmas edik-da... Xullas, bu oʻrinda tushuntirib oʻtirishning hojati ham yoʻq. 1938 yilga kelib, oltinlarimizni qogʻoz pulga — dollarga aylantirdik. Amerikada pul boshqa qadrsizlanmaydi deb hisobladik-da (bu hisobimiz toʻgʻri chiqdi ham). Bundan tashqari ba’zi bir boxabar odamlar bizga ma’lum qilishdiki, ruslarning geologiya sohasidagi yangi izlanishlari natijasida oltinning bahosi tushib ketadi... Buni eshitgandan keyin "pulimizni qanday asramoq kerak?" degan masala koʻndalang boʻldi. Bankda hisob ochmoq kerakmi? Pullarni qimmatli qogʻozlarga aylantirgan ma’qulmi? Yo aktsiyalar sotib olmoq zarurmi? Agar biz Amerikaning qimmatli qogʻozlarini xarid qilsak, daromad soligʻi toʻlash kerak edi. Amerikada esa bu soliq juda baland... Shuning uchun hammasini qogʻoz dollarlarda qoldira qoldik.

Men toqatim toq boʻlib, uning gapini boʻldim:
— Bundan chiqadiki, siz ellik foizlik soliqni toʻlamaslik uchun oʻzingizga oʻzingiz yuz foizlik soliq solibsiz-da?
— Bu yerda boshqa sabablar ham bor edi, — deb davom etdi u yanada sirliroq ohangda. — Biz urush yaqinlashib kelayotganini his qildik. Hukumat bankdagi hisoblarni harakatdan toʻxtatib, poʻlat sandiqlarni ochadimi deb qoʻrqdik. Buning ustiga biz Amerika grajdanligiga ega emasmiz... Shuning uchun ham pulimizni hamisha yonimizda saqlashga ahd qildik.
— "Yonimiz"da deganingiz nimasi? — deb xitob qildim men. — Shu yerda, mehmonxonadami?

Ikkovlari ham bir amallab jilmaygan boʻlib, bosh irgʻadilar va oʻzlaridan mamnun bir kayfiyat bilan bir-birlariga qarab olishdi.
— Ha, — deb davom etdi u eshitilar-eshitilmas ovozda. — Shu yerda, mehmonxonada. Biz dollarlarimizni ham, jinday tillamiz bor edi, uni ham qoʻshib, katta chemodanga joylab qoʻydik. Chemodan shu yerda, xobxonamizda...

Borak oʻrnidan turdi, qoʻshni xonaga qaragan eshikni ochdi va meni ostonaga olib borib, ichkarida yotgan qora chemodanni koʻrsatdi. U koʻrinishidan juda oddiy chemodan edi.
— Mana u, — dedi Borak shivirlab va asta eshikni yopdi.
— Biror odam chemodandan xabar topib qoladi deb qoʻrqmaysizmi? Buni qarang-a, har qanday oʻgʻrini yoʻldan ozdiradigan luqma-ku bu!
— Yoʻq, — dedi u. — Birinchidan, chemodanni advokatimizdan boshqa hech kim bilmaydi. Mana endi, siz biddingiz. Sizga toʻla ishonaman... Yoʻq, gapimga ishonavering, hammasini obdon oʻylab koʻrganmiz. Oddiy chemodan hech qachon diqqatni jalb qilmaydi. Unda butun boshli xazina yotgani hech kimning kallasiga kelmaydi. Buning ustiga biz ikkovimiz bu xonani kechasi-yu kunduzi qoʻriqlab chiqamiz.
— Hech qachon xonani xoli qoldirmaysizlarmi?
— Xonada birimiz boʻlmasak, birimiz, albatta, boʻlamiz. Bizning toʻpponchamiz bor, uni chemodanning yonida gʻaladonda saqlaymiz. Hech qachon xonani ikkovimiz baravar tark etmaymiz. Men siz bilan uchrashgan fransuz restoranida nonushta qilaman. Xotinim u yerda tushlik qiladi. Chemodan hech qachon qarovsiz qolmaydi. Tushundingizmi?
— Yoʻq, azizim janob Borak, tushunmayapman, tushuna olmayapman — nima uchun sizlar oʻz-oʻzlaringizni mana shunday ayanchli ahvolga solib qoʻydinglar? Nima uchun oʻzlaringni oʻzlaring qamab, azob chekib yotibsizlar? Soliqmi?.. Jin ursin uni-ey! Axir, pullaringiz umringizning oxirigacha bemalol yetib ortmaydimi?
— Gap bunda emas, — deb javob berdi u. — Shunchalik mashaqqat bilan topgan pulimni boshqalarga tutqazib qoʻymoqchi emasman.

Men gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻldim. Borak oʻqimishli odam edi, tarixni yaxshi bilardi. Bir vaqtlar u dastxatlar yiqqan edi. Unga shuni eslatmoqchi boʻldim. Biroq xotini eridan koʻra koʻproq vas-vasga uchragan ekan — u gapni yana avvalgi oʻzaniga qaytardi. Uni qiziqtirgan birdan-bir masala shu edi.
— Men bir odamdan qoʻrqaman, — dedi u shivirlab. — Bu nemis, ertalablar xonamizga nonushta olib keladigan mehmonxona xodimi. Ba’zan u mana shu eshikka shunaqa qaraydiki, uni koʻrib qoʻrqib ketaman. Darhol koʻnglimda shubha paydo boʻladi. Rost, u kelganida hamisha ikkovimiz ham uyda boʻlamiz, shuning uchun xatar unchalik katta emas deb oʻylayman.

Ularning yana bir tashvishi — kuchuk edi. Bejirim, oʻlguday ziyrak kuchukcha har doim mehmonxonaning bir burchagida yotardi. Biroq uni kuniga uch mahal tashqariga olib chiqib, aylantirib kelish kerak edi. Bu vazifani ham eru xotin navbatma-navbat bajarishardi. Men ularnikidan oʻzimda yoʻq holatda ketdim — vas-vasga tushgan bu ikki odamning oʻjarligi gʻazabimni qoʻzgʻadi. Ayni choqda, ularning fe’lu atvorida meni mahliyo etgan nimadir bor edi.

Oʻshandan beri men roppa-rosa soat yettida "Oltin ilon"da boʻlmoq uchun ishdan vaqtliroq chiqib ketadigan boʻldim. Restoranga borib, Borak xonimning stoliga oʻtirar edim. U eridan koʻra soʻzamolroq edi va yuragidagi dardlarini hamda rejalarini bamaylixotirroq gapirib berardi.
— Ejen gʻoyatda noyob aql egasi, — dedi u menga bir kuni oqshom. — Biror ish qilsa, hamisha hamma tomonini puxta oʻylab qiladi. Bugun kechasi kallasiga bir oʻy kelipti: hukumat xususiy odamlar qoʻlida pul toʻplanib qolishiga qarshi kurash maqsadida ularni almashtirish haqida buyruq chiqarsa nima boʻladi? Unda nima qilish kerak? Biz dollarlarimizni koʻrsatishga majbur boʻlamiz-ku!
— Shuning ham tashvishi bormi?
— Boʻlganda ham, juda katta tashvishi bor-da, — deb javob berdi Borak xonim. 1943 yidda Amerika gʻaznasi muhojirlarning molu mulkini roʻyxatdan oʻtqazishni e’lon qilganida, biz hech narsamizni koʻrsatganimiz yoʻq... Endi boʻlsa ancha jiddiy koʻngilsizliklarga duch kelmogʻimiz turgan gap... Ejen shunga qarshi yangi reja oʻylab qoʻyipti. Janubiy Amerikaning ba’zi bir respublikalarida umuman daromad soligʻi Yoʻq emish. Qaniydi endi pullarimizni oʻsha yoqqa oʻtqazishga muvaffaq boʻlsak...
— Ammo ularni bojxonada koʻrsatmasdan qanday olib oʻtish mumkin?
— Ejenning aytishicha, biz qaysi mamlakatga koʻchib oʻtmoqchi boʻlsak, avval shu mamlakatning fuqaroligini qabul qilmogʻimiz kerak boʻlarkan. Agar biz, aytaylik, Urugvay fuqarosi boʻlsak, unda qonunga muvofiq pullarimizni bexavotir oʻtkazib olishimiz mumkin boʻladi.

Bu gʻoya menga shu qadar ma’qul boʻldiki, ertasiga ertalab nonushtaga restoranga yetib keddim. Borak meni koʻrib har doimdagidek xursand boʻldi.
— Marhamat, xush kelibsiz, — deb men bilan salomlashdi u. — Ayni vaqtida keldingiz-da. Men sizdan ba’zi narsalarni soʻrab olmoqchi edim. Venesuelaning fuqaroligiga oʻtmoq uchun qanaqa hujjatlar zarur boʻlarkin, bilmaysizmi?
— Xudo haqqi, bilmayman-a, — dedim men.
— Kolumbiya uchun-chi?
— Butkul bexabarman. Eng yaxshisi, bu mamlakatlarning elchixonasiga murojaat qilish kerak.
— Elchixonaga deysizmi? Nima balo, hushingiz joyidami? Hammaning e’tiborini jalb qilaylikmi?

U qovrilgan joʻja turgan taqsimchasini ijirgʻanib nari surib qoʻydi-da, xoʻrsindi:
— Qanaqa zamonlarga qoldik-a? Oʻzingiz oʻylang — agar biz 1830 yilda tugʻilgan boʻlganimizda tinchgina, xotirjam hayot kechirgan boʻlardik — soliqchilarning zulmidan ham xoli boʻlardik, bizni tunab ketishadi degan xavotir ham boʻlmas edi. Hozir boʻlsa, qaysi bir mamlakatni olma, hammasi yoʻltoʻsar, qaroqchi boʻlib ketgan... Hatto Angliya ham... Men u yerga besh-oltita rasm bilan gobelen-gilamlarni yashirib qoʻygandim. Keyin ularni bu yerga olib kelmoqchi boʻldim. Bilasizmi, ular mendan nima talab qilishdi? Oʻsha buyumlarni mamlakatdan olib chiqib ketish uchun yuz foiz mikdorda boj toʻlash kerak emish. Axir, bundan koʻra oʻsha buyumlarni musodara qilib qoʻya qolsa boʻlmaydimi? Kuppa-kunduz kuni odamni talashdan oʻzga narsa emas-ku! Haqiqiy talonchilik...

Shundan keyin oradan koʻp oʻtmay ishlarim yuzasidan Kaliforniyaga ketishimga toʻgʻri keldi. Boraklar oxir-pirovardida qaysi mamlakatning — Urugvaymi, Venesuelami yoxud Kolumbiyaningmi — fuqaroligini qabul qilishganidan bexabar qoldim. Bir yildan keyin Nyu-Yorkka qaytganimda, "Oltin ajdarho"ning xoʻjayini janob Roberdan ularni surishtirdim.
— Boraklar qalay yurishipti? Hali ham kelib turishadimi?
— Nimalar deyapsiz? — deb javob berdi u. — Nahotki, xabaringiz boʻlmasa? Xotini oʻtgan oyda vafot qildi. Yuragi yorildi, shekilli. Oʻshandan beri erini ham koʻrganim yoʻq. Betob boʻlib qoldimi gʻamdan deyman-da...

Lekin men Borakning gʻoyib boʻlib qolganiga sabab butunlay boshqa narsa deb oʻyladim. Men cholga ta’ziya izhor etib, uch-toʻrt enlik maktub yozib yubordim. Undan huzuriga borishga ruxsat soʻradim. Ertasi kuni u menga qoʻngʻiroq qilib, huzuriga taklif qildi. Chol ozib ketipti, rangida rang qolmapti, lablari ham butunlay gezargan. Ovozi zoʻrgʻa chiqadi.
— Boshingizga tushgan koʻrgilikni men kechagina eshitdim, — dedim. — Sizga biror foydam tegib qolmasmikin? Boshingizga tushgan judolik turmushingizni juda ham qiyinlashtirib yuborgan boʻlsa kerak?
— Yoʻq, yoʻq, unaqa boʻlmadi, — deb javob berdi u. —Men uydan chiqmaslikka ahd qildim... Boshqa choram yoʻq. Chemodanni qoldirishga qoʻrqaman, ishonadigan biror kimsa yoʻq... Shuning uchun ovqatni shu yerga olib kelib berishlarini buyurdim.
— Bunaqa butkul qamalib oʻtirish sizga malol kelsa kerak?
— Yoʻq, yoʻq, sira malol kelmaydi... Hamma narsaga koʻnikib qolar ekansan... Derazadan oʻtgan-ketganlarga, mashinalarga qarab oʻtiraman... Keyin bilasizmi, bunaqa tarzda turmush kechira boshlaganimdan keyin boshimdagi xavf-xatarlardan butkul xalos boʻlganday his qilyapman... Avvallari nonushta qilganimda, butun bir soat mobaynida xotirjamlik nimaligini bilmay qolardim: men yoʻgʻimda biron korhol boʻlmadimikin deb oʻylardim... Albatta, uyda shoʻrlik xotinim qolgan boʻlardi, lekin men uning toʻpponchani eplashini sira tasavvur qilolmasdim. Buning ustiga yuragi xasta boʻlsa... Endi boʻlsa, eshikni qiya ochib qoʻyganman. Chemodan hamishakoʻz oʻngimda... Binobarin, men uchun eng qadrli narsa hamisha oʻzim bilan. Bu esa tortayotgan azoblarim evaziga menga berilgan mukofotdir. Faqat Ferdinandga jabr boʻlgani qoldi, xolos.

Kuchuk oʻz ismini eshitib yaqinroq keldi va xoʻjayinning oyogʻi tagiga oʻtirib, unga savolchan nigoh tashladi.
— Ana koʻrdingazmi, endilikda uni oʻzim aylantirib kelolmayman, lekin bir yugurdak bolani yollaganman. Bu yerda ularni "ve-vou" deb atashadi. Hayronman, nega hamma joydagi kabi joʻngina qilib "dastyor" deb qoʻya qolishsa boʻlmasmikin? Xudo haqki, bu amerikaliklarning inglizcha talaffuzlari meni aqddan ozdiradi, shekilli. Xullas, men dastyor yollaganman. U jinday haq evaziga Ferdinandni olib chiqib, aylantirib keladi. Shunday kilib desangiz, bu muammo hal boʻldi... Menga yordam berishga tayyor ekaningiz uchun sizdan bagʻoyat minnatdorman, aziz doʻstim, rahmat, lekin men hech narsaga muhtoj emasman.
— Janubiy Amerikaga ketish niyatidan voz kechdingizmi?
— Albatta, doʻstim, albatta... Endi u yerga borib nima qilaman? Vashington pul almashtirish toʻgʻrisida gapirmay qoʻydi, mening yoshim esa...

U chindan ham qarib qolgan edi. Hozirgi yashash tarzi ham unga foyda qil-mayotgan boʻlsa kerak. Yonoqlaridagi qizili oʻchib ketib, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa yuradigan boʻlib qolipti.

"Uni, umuman tiriklar qatoriga qoʻshib boʻlarmikin?" degan xayol oʻtdi koʻnglimdan. Unga hech narsada yordam berolmasligimga ishonch hosil qilgach, men xayr-ma’zur qildim. Men gohi-gohida uning oldiga kelib turishga qaror qildim, ammo bir necha kundan keyin "Nyu-York tayms" gazetasini ochib, "Fransuz muhojirining oʻlimi. Chemodan toʻla dollar!" degan sarlavhaga e’tibor berdim. Men xabarga koʻz yugurtirib chiqdim. Haqiqatan ham, gap mening Borakim haqida borardi. Ertalab uning jasadini topishibdi. U ustiga odeyal yopingan holda qora chemodan uzra choʻzilib yotgan ekan. U oʻz ajali bilan oʻlipti, uning xazinasi bus-butun va daxlsiz turgan ekan. Men dafn kunini bilmoq uchun "Deltoniko" mehmonxonasiga kirdim. Mehmonxona xodimidan Ferdinandni nima qilishganini soʻradim.
— Janob Borakning kuchugi nima boʻldi?
— Hech kim uni "men olaman" degani yoʻq, — deb javob berdi u. — Shuning uchun uni itxonaga berib yubordik.
— Pullar-chi?
— Agar merosxoʻrlari chiqmasa, pullar Amerika hukumatining mulkiga aylanadi.
— Buni qarang-a! Intiho ham chiroyli boʻlipti, — dedim men.

Shunday deganimda, men pullarning qismatini nazarda tutgan edim, albatta.