OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Andre Morua. Tarjimai hol (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAndre Morua
Asar nomiTarjimai hol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Andre Morua
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOzod Sharafiddinov (Rus tilidan)
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tarjimai hol (hikoya)
Andre Morua

Moʻlgina yemakxonani yoritib turgan chiroqlarning piligi pastlatib qoʻyilgan — bu yil Londonda nimqorongʻida oʻtirib ovqatlanish rasm boʻlgan. Erve Marsena joyini topib oʻtirganda koʻrdiki, uni juda keksa bir xonimning — ledi Xemptonning yoniga oʻtqaziptilar. Erve keksa xonim bilan bir stolda oʻtirishga e’tirozi yoʻq edi. Yoshi oʻtinqirab qolgan xonimlar odatda ochiq koʻngil boʻlishadi. Va koʻpincha gʻaroyib voqealarni gapirib berishadi. Koʻzlarida porlab turgan istehzo yolqinlariga qaraganda esa, ledi Xempton hazil-mutoyibaga moyil ayolga oʻxshab koʻrinadi.
— Qaysi tilda soʻzlashmoqni ma’qul koʻrasiz, janob Marsena? Fransuzchami yo ingliz tilidami?
— Yoʻq demasangiz, ledi Xempton, men fransuz tilini afzal koʻrardim.
— Lekin yozganda ingliz mavzularida yozasiz-ku! "Jozef Chemberlenning hayoti" degan kitobingizni oʻqiganman. Uni oʻqib ancha koʻnglim yozildi. Negaki, men bu odamlarning hammasini tanir edim. Hozir nima ustida ishlayapsiz?

Fransuz yigit chuqur tin oldi.
— Men Bayron haqida kitob yozmoqni orzu qilaman. Lekin uning toʻgʻrisida juda koʻp yozilgan... Rost, yangi materiallar topilipti — Meri Shellining maktublari, grafinya Gvichcholining qogʻozlari. Ammo bularning bari e’lon qilinib boʻldi. Men biron-bir noma’lum hujjatlarni topsam derdim, ammo hech narsa topolmayapman.

Kampir jilmaydi.
— Bayronning batamom noma’lum bir sarguzashtini sizga aytib bersam, nima deysiz?..

Erve Marsena toʻsatdan changalzorda kiyikka roʻpara kelgan ovchiday yoki birjada qaysi aktsiyalarning narxi koʻtarilishidan xabar topgan gumashtaday birdan sergaklandi.
— Bayronning mutlaqo noma’lum sarguzashti deysizmi? Aql bovar qilmaydi-ku, ledi Xempton? Axir, togʻ-togʻ tadqiqotlar yozilgan boʻlsa...
— Uni "batamom noma’lum" deb jinday mahobat qildim, shekilli. Chunki bu sarguzashtga aloqador xonimning nomi tadqiqotchilarning tiliga tushib boʻlgan. Men ledi Spenser-Sviftni nazarda tutyapman...

Ervening tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, lablarini bujmaytirdi.
— E, e, bunaqa demaysizmi!.. Ha, ha, eshitganman. Ammo bu voqeaning taf-silotlarini hech kim aniq bilmaydi.
— Azizim Marsena, axir bunaqa voqealarning tafsilotlarini, umuman, bironta odam aniq bilishi mumkinmi?
— Albatta, ledi Xempton. Koʻp hollarda ixtiyorimizda maktublar, hujjatlar boʻladi. Rost, ba’zan maktublarda ham yolgʻon gaplar uchraydi, ayrim guvohliklarga ham ishonib boʻlmaydi. Lekin tadqiqotchining tanqidiy tuygʻusi bor...

Ledi Xempton suhbatdoshiga oʻgirilib, unga qadimiy lorneti orqali qaradi.
— Agar men sizga ledi Spenser-Sviftning kundaligini bersam, nima deysiz. Uning ismi Pandora edi. Bu kundaligini Bayron bilan muloqotda boʻlib yurgan kezlarida yozgan. Pandoraning undan olgan maktublarini ham ixtiyoringizga beraman.

Yosh fransuz yigit mamnuniyatdan yayrab ketdi.
— Nima derdim, ledi Xempton? Hindularga oʻxshab, otam ham siz, onam ham siz derdim. Sizning sharofatingiz bilan kitob yozilib qolardi... Sizning qoʻlingizda chindan ham shu hujjatlar bormi? Shunaqa savol berganim uchun ma’zur tutasiz... Sira aqlim bovar qilmayapti-da..,
— Yoʻq, — deb javob berdi u. — Bu hujjatlar mening qoʻlimda emas, lekin ularning qaerda ekanidan xabarim bor. Ular hozirgi ledi Spenser-Sviftning, ya’ni mening pansiondagi dugonam Viktoriyaning qoʻlida. Viktoriya bu hujjatlarni hozirga qadar hech kimga koʻrsatgani yoʻq.
— Undoq boʻlsa, nega endi menga koʻrsatsin?
— Chunki bu toʻgʻrida undan men iltimos qilaman... Siz hali bizning mamlakatimizni yaxshi bilmaysiz, janob Marsena. Bu yerda siz har qadamda sirlar-u kutilmagan voqealarga roʻpara boʻlasiz. Shahar tashqarisidagi qasrlarimizning yertoʻlalari va chorbogʻlarida chinakam xazinalar yotibdi. Ammo egalari ularga zarracha qiziqmaydilar. Birorta odam xonavayron boʻlib, uyi kimoshdida sotilgan taqdirdagina arxivlar yorugʻ dunyoga chiqadi. Agar tutgan joyidan kesadigan tadbirkor amerikalik Bosvellning mashhur qogʻozlarini topmaganida ular kroket sharlari solingan qutida umrbod qolib ketgan boʻlardi.
— Oʻylaysizki, tutgan joyidan kesadigan tadbirkor fransuz yigitning ham ishi oʻngidan keladi? Amerikalik Bosvellning qogʻozlarini bir necha ming dollarga sotib olgandi. Holbuki, fransuz yigitda bunaqa pul yoʻq.
— Viktoriya Spenser-Svift dollarga uchadiganlardan emas. U mening tengdoshim, saksondan oshib qolgan. Oʻzining daromadlari unga bemalol yetib ortadi. Siz uning koʻnglini topolsangiz bas — ma’qul boʻlsangiz sizga qogʻozlarini koʻrsatadi. Undan tashqari, erining katta buvisini kitobingizda chiroyli qilib tasvirlaysiz deb umid qiladi...
— Lord Spenser-Svift oʻtib ketganmi?
— Lord emas, baronet... Ser Aleksandr Spenser-Svift ularning urugʻida shu unvonga sazovor boʻlgan soʻnggi shaxs edi. Viktoriya hali ham oʻsha — Bayron mehmon boʻlgan uyda yashaydi... Bu Gloster grafligidagi Yelizaveta zamonlaridan qolgan juda bejirim qasr... Baxtingizni sinab, bir oʻsha joyga bormaysizmi?
— Bajonu dil... agar meni taklif qilsalar...
— Buni men boʻynimga olaman. Bugunoq Viktoriyaga maktub yozaman. U sizni, albatta, taklif qiladi... Agar maktub keskin ohanglarda yozilgan boʻlsa, bundan choʻchimang. Viktoriya qariligimiz muayyan ustunlik beradi deb hisoblaydi — xayolimizga kelgan gaplarni roʻyi-rost, ochiqchasiga aytmasak, qariligimiz qayoqqa boradi? Nimaning ham andishasini qilmoq kerak? Zarurati bormi?

Bir necha kundan keyin Erve Marsena ushoqqina mashinasida Gloster grafligidagi xushmanzara qishloqdan ketib borardi. Oʻtgan yoz odatdagidek seryogʻin boʻldi va bu daraxtlar bilan gullarga juda qoʻl keldi. Eng kamsuqum xonadonlarning derazalarida ham chappar urib turgan gullarni koʻrish mumkin edi. Mahalliy oltin rang toshlardan qurilgan imoratlar Shekspir zamonasida qanday boʻlgan boʻlsa, hozir ham shundayligicha turardi. Ingliz manzaralarining nafis goʻzalliklarini yaxshi koʻradigan Erve Vindxerst parkini koʻrib qoyil qoldi. Ledi Spenser-Sviftning qoʻrgʻoni shu yerda joylashgan edi. Qingʻir-qiyshiq yoʻlni qalin oʻt-oʻlan bosgan edi. Maysazorlar hafsala bilan tarashlab qoʻyilgan. Ularning tevaragini baquvvat eman daraxtlari oʻrab olgan. Gʻovlab ketgan qirqquloqlar va qirqboʻgʻinlar orasida hovuz yaltirab koʻrinadi. Nihoyat, Erve qasrga yetib keldi va yovvoyi uzum bilan qoplangan darvoza oldida mashinani toʻxtatdi. Soʻng yuragi oʻynagan koʻyi qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Ichkaridan hech qanday javob boʻlmadi. Erve besh daqiqacha kutdi. Keyin ohista eshikni itarib koʻrdi. Eshik ochiq ekan. Dahliz nimqorongʻi. Oʻrindiqlarda sharflar va paltolar uyulib yotipti. Dahlizda hech kim yoʻq. Ammo qoʻshni xonadan yod olingan matnni gʻoʻddirab aytayotganday ovoz eshitildi. Fransuz eshik oldiga kelib, devorlariga katta-katta portretlar osilgan choʻzinchoq zalni koʻrdi. Bir guruh sayyohlar frak kiygan ulugʻsifat eshik ogʻasining tevaragini qurshab olishgan. Eshik ogʻasining fraki ostidan toʻq siyohrang jileti va yoʻl-yoʻl shimi surinib turipti.
— Mana bu, — deydi eshik ogʻasi suratni koʻrsatib, — ser Uilyam Spenser-Svift (1775—1835). U Vaterloo yonidagi jangda ishtirok etgan va Vellingtonning shaxsan doʻsti boʻlgan. Suvratni ser Tomas Lourens chizgan. U kishining asli ledi Spenser-Sviftning surati ham ser Tomas Lourensning moʻyqalamiga mansub.

Tinglovchilar oʻrtasida pichir-pichir eshitildi.
— Oʻsha xonimning oʻzimi...

Eshik ogʻasi yuziga sirli tus berib, sezilar-sezilmas bosh irgʻab qaradi. U sipoligini qoʻldan bermaslikka urinayotgani sezilib turardi.
— Ha, — deya ilova qildi eshik ogʻasi shivirlayotganday past ovozda, — bu oʻsha xonim. Bayronning ma’shuqasi boʻlgan. Bayron unga "Pandoraga" degan mashhur sonetini bagʻishlagan.

Ikkita turist sonetning birinchi misrasini yoddan aytdi. Eshik ogʻasi sipolik bilan bosh irgʻadi:
— Xuddi shunday, — deb tasdiqladi u. — Bu esa ser Robert Spenser-Svift. Avvalgi Spenser-Sviftning oʻgʻli (1808—1872). Portretni ser Jon Milles ishlagan.

Keyin tinglovchilar tomon bir oz egilib, sir aytayotganday ohangda dedi:
— Bayron Vindxerstda mehmon boʻlib ketgach, toʻrt yil oʻtgandan soʻng ser Robert dunyoga kelgan.

Yoshgina juvon soʻradi:
— Bayron bu yerga nima uchun kelgan edi?
— U ser Uilyamning doʻsti edi.
— E, shunaqami? — dedi juvon.

Har ikki portretni yaxshilab koʻrib olmoq uchun Erve Marsena sayyohlardan ajralib qoldi. Ledi Spenser-Sviftning eri ser Uilyamning yuzi yapaloqroq, ichaverib shishinqiragan, durustgina shamol yegan edi. Uning yuziga qzras serjahl va mutakabbir odam boʻlganini taxmin qilish mumkin edi. Xotinining nafis husnida esa ulugʻvorlik bilan bokiralik mujassam edi. Ammo tikilibroq qaraganda ledining sof nigohidagi yashirin hischanlikni ham, bagʻritoshlikdan holi boʻlmagan tamannoni ham ilgʻab olish mumkin edi. Sayyohlar tomoshani tugatib, eshik tomon yoʻl oldilar, yigit esa hamon xayolchanlik bilan suratlarni tomosha qilishda davom etmoqda edi.

Eshik ogʻasi u tomonga engashib, andisha bilan dedi:
— Kechirasiz, ser, biletingiz bormi? Siz boshqalardan kechikibroq keldingiz... Hamma kirish haqini toʻlab boʻlgandi. Shuning uchun izn bersangiz..
— Men sayyoh emasman. Ledi Spenser meni lutfan taklif qilib, shu yerda dam olib ketishga undagan. U meni qiziqtirgan hujjatlarni koʻrsatishga va’da bergan...
— Afv etasiz, ser... Bundan chiqadiki, ledi Xempton tavsiya etgan yosh fransuz siz ekansiz-da? Bir daqiqa, ser. Men bu odamlarni kuzatib qoʻyay, shu zahotiyoq xonim-afandiga xabar qilaman... Sizga ajratilgan xona muntazir, ser. Yuklaringiz mashinadami?
— Mening bittagina chemodanim bor.

Sayyohlarning kelib turishi ledi Spenser-Sviftni soliq toʻlashdan ozod qilardi. Oʻz qasrining eshiklarini xorijiy turistlarga ochgan kunlarda ledi Spenser-Sviftning oʻzi ikkinchi qavatda joylashgan mehmonxonada istiqomat qilardi. Yosh fransuzni oʻsha yerga taklif qilishdi. Keksa ledi oʻzini magʻrur tutar, lekin unda mutakabbirlik yoʻq edi. Uning tik qaddi-qomatida» gʻurur yogʻilar, lekin muomalasidagi toʻgʻrilik uni ancha yumshatib turardi.
— Minnatdorligimni qanday izhor qilishimni ham bilmayman, — deb gap boshladi Erve Marsena. — Yetti yot begona odamni qabul qilyapsiz...
— Noma’qul gapni qoʻying, — dedi ledi. — Nega begona boʻlarkansiz? Siz eng yaxshi dugonamning tavsiyasi bilan keldingiz. Kitoblaringizni oʻqiganman. Men bu voqeani odamlarga odob bilan bayon qilib bera oladigan odamni koʻpdan beri kutaman. Siz bu ishga har jihatdan toʻgʻri kelasiz deb oʻylayman.
— Aytganingiz kelsin, miledi. Lekin, sira ham omad menga kulib boqqaniga ishona olmayapman. Nahotki, Bayron hayotini tadqiq etgan sinchkov ingliz olimlaridan hech qaysisi qoʻlingizdagi hujjatlarni e’lon qilgan boʻlmasa?..
— Buning hayron qoladigan joyi yoʻq, — deb izoh berdi ledi. — Mening marhum erim katta buvisining kundaliklarini bironta tirik jonga koʻrsatishga ruxsat bermas edi. Bu masalada u eskicha qarashlarga qattiq rioya qilardi.
— Nahotki, bu qogʻozlarda tilga olib boʻlmaydigan... gaplar boʻlsa?
— Bilmadim, — dedi u. — Men ularni oʻqigan emasman. Xat juda ham mayda — uni oʻqiyman deb koʻzdan ayrilish hech gap emas. Bundan tashqari, yigirma yashar juvon birovga oshiq boʻlib qolsa, kundaligida nimalar yozishi mumkinligini hammamiz ham yaxshi bilamiz.
— Miledi, men bu qogʻozlar ichida Bayron bilan eringizning katta buvisi oʻrtasida... m-m... yaqinlik boʻlganini isbotlovchi dalillarga duch kelib qolmaymanmi? Shunday boʻlib qolgan taqdirda ham hech narsani yashirmaslikka haqqim bor deb hisoblayveramanmi?

Ledi fransuzga taajjub bilan qaradi. Uning nigohida jinday ensasi qotgani sezilib turardi.
— Albatta-da! Aks holda sizni taklif qilmoqning nima hojati bor edi?
— Juda oliyhimmat ekansiz, ledi Spenser-Smit... Holbuki, koʻp oilalar hamma narsa ayon koʻrinib turgan boʻlsa-da, ota-bobolarining nomus-orini oʻttizinchi boʻgʻingacha himoya qilishadi.
— Bema’ni gap, - deb takrorladi kampir. — Ser Uilyam toʻngak edi, yosh xotinining ahvolini tushunmas edi. Buning ustiga unga xiyonat qilib, tevarak-atrofdagi kizlar bilan don olishib turardi. Ledi Spenser-Svift lord Bayronni uchratganda, u nafaqat ulugʻ shoir edi, balki farishtaning qiyofasiga va iblisning aqliga ega boʻlgan erkak ham edi. Ledi juda zoʻr odamni tanlagan edi. Buning uchun kim ham unga dashnom berardi?

Erve bu mavzuni ortiq muhokama qilishga hojat yoʻqligini his qildi.
— Meni avf etasiz-u, ledi Spenser-Smit, siz, axir, bu kundaliklarni oʻqimagan boʻlsangiz, Bayronning Vindxerstda faqat uy egasining doʻsti sifatidagina mehmon boʻlib ketganini qayoqdan bilasiz?
— Oilaviy rivoyatimizda shunday deyiladi, — deb qatiy javob berdi u. — Mening erim buni oʻzining otasidan eshitgan, u ham otasidan eshitgan. Bunga siz oʻzingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin, chunki, yana qaytarib aytaman, hujjatlar sizning ixtiyoringizda, hozir men sizga ularni koʻrsataman. Siz esa qaerda ishlamoqchi ekaningizni aytsangiz.

Ledi Spenser-Svift serviqor eshik ogʻasini chaqirdi.
— Miller, yertoʻladagi qizil xonani ochib bering, u yerga shamlar olib bo-ring. Temir sandiqning kalitini menga bering. Janob Marsenani u yerga oʻzim kuzatib qoʻyaman.

Marsena tushib qolgan sharoit xayolot olamini qoʻzgʻamasligi mumkin emas edi. Imoratning pastki qavatida joylashgan, devorlariga qizil mato qoplangan yertoʻlada boshqa xonalardan farqli oʻlaroq elektr chiroq yoʻq edi. Shamlar shu’lasi tevarak-atrofga titroq soyalar tashlab turipti. Devorlardan birining tagiga kattagina poʻlat sandiq qoʻyilgan. U oʻrta asrlar sandigʻiga oʻxshab bezalgan. Uning roʻparasida kenggina divan turipti. Keksa ledi fransuzning qoʻliga tayanib, viqor bilan yertoʻlaga tushdi, kalitlarni qoʻliga olib, qulfning uchta teshigiga soldi-da, tezgina buradi. Shundan keyin sandiqning zalvarli eshiklarini Miller ochdi.

Marsenaning koʻzlariga kumush qoshiq va sanchqilar yaltirab koʻrindi. Uning nigohidan charmdan ishlangan allaqanday gʻiloflar lipillab oʻtdi, ammo beka qoʻllarini muqovasi oppoq saxtiyon teridan ishlangan qalin albomga uzatdi.
— Mana, Pandoraning kundaligi, — dedi u. — Mana bular maktublar. Ularni Pandora oʻz qoʻli bilan manavi pushtirang tasmalarga oʻrab bogʻlab qoʻygan.

Ledi Spenser-Svift yertoʻlaga koʻz yugurtirib chiqdi.
— Shoshmang-chi... Sizni qaerga oʻtqazsak ekan? Manavi katta eman stolining yonida oʻtirsangiz sizga qulay boʻlarmikin? Labbay? Mayli, boʻlmasa. Juda yaxshi... Miller, janob Marsenaning oʻng va soʻl tomoniga ikkita shamdon qoʻyib bering... Endi sandiqni qulflang. Biz ketaylik. Mehmonimiz bemalol ishlasin.
— Yarim kechadan ham kechroq qolib ishlasam maylimi, miledi? Vaqtim unchalik koʻp emas, shuning uchun hamma narsani oʻqib ulgursam degandim.
— Muhtaram janob Marsena, — dedi ledi. — Shoshilish yaxshilikka olib kelmaydi, lekin, mayli, bilganingizni qiling. Tushligingizni shu yerga olib kelishadi. Boshqa hech kim sizga xalaqit bermaydi. Ertalab nonushtani sizning xonangizga olib kelishadi. Soʻngra yana ishlayverishingiz mumkin. Biz siz bilan kunduzi soat birda tushlikda koʻrishamiz... Shunday qilsak sizga ma’qul boʻladimi?
— Juda ham yaxshi boʻladi-da, ledi Spenser-Svift. Minnatdorligimni qay tarzda...
— Qoʻying, kerak emas. Xayrli tun.

Erve yolgʻiz qoldi. U portfelidan oʻzi yozar ruchkasini oldi, qogʻoz chiqarib stolga oʻtirdi va hayajondan yuragi hapriqib, saxtiyon albomni ochdi. Kampirning gapi toʻgʻri edi — xat haqiqatan ham juda mayda va aji-buji edi. Aftidan, Pandora yozuvlarimni oʻqish qiyin boʻlsin deb atayin shunday qilgan koʻrinadi. Albom erining qoʻliga tushib qolishi mumkin edi. Ehtiyot choralarini koʻrib qoʻygan yaxshi edi. Ammo Marsena har qanaqa aji-buji xatlarni oʻqishda ham ustasi farang boʻlib ketgandi. U Pandoraning jimjimalarini ham unchalik qiynalmay oʻqiy boshladi. Birinchi satrlardanoq u oʻzini jilmayishdan toʻxtata olmadi. Bayon uslubida yosh juvonning qoʻli sezilib turardi. Pandora qiziqqonligini yoxud hayajonini ifodalagan soʻzlarni tez-tez ta’kidlab turardi. Kundalik 1811 yilda — nikohdan soʻng bir necha oy oʻtgach boshlangan edi.

"1811 yil 25 oktyabr. Bugun juda toliqdim, betobman, egarda oʻtirolmayapman. Uilyam ovga ketdi. Nima bilan mashgʻul boʻlishimni bilmayman. Kundalik tuta boshlayman. Bu albomni menga padari buzrukvorim sovgʻa qilgan. Uni yurakdan, juda-juda yaxshi koʻrardim. Uni bir umr yoʻqotganimga gʻoyatda afsuslanaman. Erim hech qachon mening ahvolimni tushuna olmaydi deb qoʻrqaman. Uning yuragida yovuzlik yoʻq, lekin u ayol kishiga yumshoq muomala, erkalatish kerakligini bilmaydi. Bilmadim, umuman, biron vaqt mening toʻgʻrimda oʻylarmikin? U oʻzining xotinidan koʻra siyosat toʻgʻrisida, otlar va fermerlar haqida koʻproq gapiradi. Toʻyimiz oʻtgandan beri u hali biron marta ham "sevgi" soʻzini tilga olmadi, shekilli. Yoʻq, yoʻq, olmadi. Yaqinda u Bridjitga dedi: "Xotinim meni biram jonidan yaxshi koʻradiki..." Men koʻzimni loʻq etkazib turaverdim".

Erve shikoyatlarga va istehzolarga toʻla sahifalarni birma-bir koʻzdan oʻtkazdi. Pandora homilador edi. U hech qanday shodliksiz bolaning tugʻilishini kutardi. Eri uniig qalbida jinday boʻlsa-da ilinj uygʻota olgani yoʻq. Bola shu odam bilai Pandorani yana qattiqroq bogʻlamogʻi kerak edi. Juvonning joʻngina qaydlarida sekin-asta ser Uilyamning oʻta yoqimsiz qiyofasi shakllana boshladi. Undan achchiq alam koʻrgan xotini erining xudbinligi, shuhratparastligi, dagʻalligi namoyon boʻlgan jinday hollarni ham goʻyo guvohday qogʻozga bitib qoʻyardi. Bu orada kundalik satrlari zamiridan boshqa bir odamning — qoʻshnilari lord Petersonning siymosi borgan sari yaqqolroq koʻrina bordi. Ser Uilyam qanchalik jirkanch boʻlsa, Peterson shunchalik marhamatli koʻrinardi.

"1811 yil 26 dekabr. Kecha mavlud bayramida lord Peterson menga juda bejirim kuchukcha sovgʻa qildi. Men har doimdagidek yolgʻiz edim, lekin lord Petersonni qabul qildim — axir, u mendan ancha ulugʻ-ku! U men bilan adabiyot va san’at toʻgʻrisida gaplashdi, qani endi men uning hamma ajoyib fikrlarini qogʻozga tushira olsam! Uni tinglasang, rohat qilasan. Uning xotirasi juda ham zoʻr. U menga Valter Skott va lord Bayronning she’rlarini yoddan oʻqib berdi. Msn ularni eshitib, haddan ziyod lazzatlandim. Bildimki, men lord Petersonday odamning xotini boʻlganimda juda katta muvaffaqiyatlarga erishgan boʻlardim. Ammo u qari, buning ustiga men umrbod birovning hasmidaman. Evoh! Shoʻring qursin, Pandora!"

Bundan keyingi qaydlardan ma’lum boʻladiki, Bayronning "Chayld Garoldning sayohatlari" dostoni Pandoraga juda katta ta’sir koʻrsatgan. Pandora bu toʻgʻrida hatto eriga ham aytgan va eridan bunday javob eshitgan:
— Bayronmi? Ha, uni yaxshi taniyman. U ham menga oʻxshab jahongashta boʻlib yurgan kezlarda uchrashganmiz. Biz Italiyada qanchadan-qancha maishatli tunlarni birga oʻtkazganmiz-u... Qaytganimizdan keyin u meni oʻzining yurtiga — Nyusted abbatligiga taklif qilgandi. Bu yerda uning ixtiyorida bir guruh farishta qizlar bor. Men ular haqida biri-biridan oʻtadigan gʻaroyib hikoyalar aytib berishim mumkin edi — faqat ularni mening bokira rafiqamga aytish gunohi azim boʻladi-da... Xa-xa-xa-xa!..

Shundan keyin oq albomni oʻqiyotgan odamning nigohi oldida Bayronni oʻzlarining huzuriga — Vindxerstga taklif qilishga erini majbur etmoqchi boʻlgan Pandora biri-biridan makkorroq bahonalar toʻrini toʻqiydi. Avvaliga eri qarshilik qiladi.
— Bu yerga kelib nima bilan shugʻullanadi u? — deya takrorlardi u. — Bu yerda zerikib qoladi. Oqsoqligi tufayli uzoq sayrlarda menga hamrohlik qilolmaydi. Buning ustiga, u ovchi emas...

Xotini oʻzinikini ma’qulladi:
— Oʻzim uning koʻnglini olishga harakat kilaman. Ser Uilyamning gʻazabi qoʻzidi:
— "Oʻzim" deysanmi? Bu xotinbozning koʻnglini sen olasanmi? Bir kamim — xotinimni Bayronga oʻxshagan odam bilan yolgʻiz qolishiga yoʻl qoʻyish qolgandi. Bu muttahamning uyimga kelib olib boyliklarimga koʻz olaytirishini koʻrishga sira toqatim yoʻq...

Ammo Londonda Bayronning shuhrati qancha yuksakka oʻrlagani sari bu qishloq zamindori shoir bilan doʻstligini aytib maqtanishni avj oldirdi. U bu toʻgʻrida qoʻni-qoʻshnilariga ham ogʻiz koʻpirtirib gapirdi. Qizining tugʻilishi munosabati bilan ledi Spenser-Sviftning miyasiga juda ajoyib bir fikr keldi — chaqaloqni choʻqintirishda lord Bayronni vakil ota tarzida ishtirok etishga taklif qilishsa qandoq boʻlarkin? Kichkina ledining tarbiyasi-yu vasiyligi shunday mashhur shoirning qoʻlida boʻlsa, qandoq yaxshi! Ser Uilyam taslim boʻldi: "Yaxshi, men unga yozib yuboraman, lekin u hech qachon rozi boʻlmaydi. Busiz ham uning xotinlar-u she’rlar bilan bogʻliq tashvishlari boshidan oshib yotipti". Biroq Bayron rozi boʻldi. U turfa xillikni yaxshi koʻrardi. Oʻziday bir shoir odamni chaqaloqqa, yana buning ustiga qiz bolaga vakil ota qilmoqchi boʻlganlari unga gʻalati tuyuldi va rozilik berdi.

Erve Marsena shu qadar oʻqishga berilib ketgan ediki, na och qolganini, na tashnalikni, na horiganini his qildi. Lekin serviqor Miller yonida tushlik koʻtargan xizmatkor bilan uning yoniga keldi.
— Ledi Spenser-Svift sizga oʻz ehtiromini izhor etadi va sizning biror narsaga muhtojligingiz yoʻqmi deb soʻraydi, ser?
— Hech narsa kerak emas. Lediga aytingki, hujjatlar shu qadar qiziqarli ekanki, men tuni bilan ishlashga ahd qildim.

Eshik ogʻasining nigohida bu gapni uncha ma’qullamagani sezildi.
— Tuni bilan deysizmi, ser? Rostdanmi? Unday boʻlsa, sizga yana sham kel-tirib berishim kerak ekan.

Erve olib kelingan ovqatdan nomigagina tamaddi qilganday boʻldi-da, yana albomni qoʻliga oldi. Bayronning kelishi zoʻr hayajon bilan tasvirlangan edi — Pandoraning yozuvi yanada aji-buji boʻlib ketipti.

"Bugun ertalab soat 11 da lord B. keldi. U naqadar sohibjamol va rangi oʻchgan. Aftidan, u baxtsiz boʻlsa kerak. U oʻzining oqsoqligidan xijolat chekadi. Shuning uchun ham u qadamlab yurmaydi, balki oqsashini yashirish uchun yugurib yuradi. Bekor qiladi. Oqsoqligi oʻziga biram yarashganki... Qiziq... Uilyam meni ogohlantirgan edi. Goʻyo lord B. ayollarga juda beandisha muomala qilarmish. Holbuki, u menga ikki ogʻiz ham gap aytgani yoʻq. Rost, vaqti-vaqti bilan sezdirmay menga qarab qoʻyayapti, hatto bir marta koʻzguda uning menga qarab turganini sezib qoldim. Ammo gaplashganda u faqat Uilyamga va lord Petersonga murojaat qiladi, menga esa hech gapirmaydi. Sababi nima ekan?"

Tuni bilan mijja qoqmay Erve Marsena Pandora qanday qilib asta-sekin shoirning jozibasiga asir boʻlib qolganini kuzatdi. Aftidan, yosh va tajribasiz qiz Bayronning nima sababdan bunaqa nobayronona ish tutganini tushunmagan koʻrinadi. Bayron Vindxerstga oʻzini odob-axloq doirasida tutishga qattiq ahd qilib kelgandi, chunki, birinchidan, u boshqa bir juvonga mukkasidan oshiqu beqaror boʻlib qolgandi, ikkinchidan esa, mezbonning xo-tinini ioʻldan urishni nomunosib ish deb hisoblardi. Buning ustiga Pandora unga shu qadar anoyi, gʻoʻr va nozik koʻrindiki, uni iztiroblar ummoniga choʻktirishni istamadi. U his-hayajoni lovullab turgan odam edi va tabiiy hischanligi yuziga surbetlikni niqob qilib olgandi.

Shu sabablar hammasi bir boʻlib Bayron Pandora bilan sevgi haqida gaplashmadi. Lekin asta-asta boʻlsa-da, mashmashaning toʻrlari toʻqila boshladi. Ser Uilyam Bayronga Nyusted abbatligini va u yerda istiqomat qiluvchi gah desa qoʻlga qoʻnadigan pari qizlarni eslatdi. Bir vaqtlar ulardan biri bu qishloqi zamindorning didiga mos kelib qolgandi. Ser Uilyam uni yana bir koʻrmoq istagini bildirdi.
— Menga qarang, Bayron. Meni yana bir bor Nyustedga taklif qilsangiz boʻlmaydimi? Albatta, xotinsiz...

Bayron unga ta’na qildi.
— Uyaling-e! Axir, yaqindagina uylangan odamsiz-a! Xotiningiz voqif boʻlib qolib, bevafolik bilan alamini olsa nima qilasiz?

Ser Uilyam xoxolab kulib yubordi:
— Mening xotinim-a? Xa-xa-xa! Axir, u baayni soʻfi-ku! Bundan tashqari meni jonidan ortiq koʻradi!

Har qadamida hushyor tortib yurgan Pandora uzoqdan turib boʻlsa-da bu gaplarni eshitdi va kundaligiga yozib qoʻydi. Yana buning ketidan oʻzining sharhini ham ilova qildi: "Meni jonidan ortiq koʻradi!" emish. Voy tentak-ey! Nahotki, qismatimda butun umr shu toʻngakning yonida yashash bor boʻlsa! Nega endi uning shu qiligʻiga oʻxshash bir ish qilib, undan oʻchimni olmay? Shu gapdan keyin shunaqa gʻazabim qoʻzidiki, agar shu oqshom lord Bayron parqda meni quchib, lablarimdan boʻsa olsa, hech narsa deb qarshilik koʻrsatmagan boʻlardim".

Vaqt yarim kechadan oshib ketgan. Erve shosha-pisha sahifa ketidan sahifalarni qoralamoqda. Nim qorongʻi yertoʻlada yonib tugayotgan shamlar shu’lasi borgan sari xira tortib boryapti. Ervening nazarida uning tevaragini jonli soyalar oʻrab olayotganday tuyuladi. Qizil basharali qasr xoʻjayinining jarangdor "xa-xa-xa"si uning qulogʻiga chalinganday boʻldi. U ledi Pandoraning nafis chehrasidagi ifodani kuzatdi — bu chehrada nozik tuygʻular tobora kuchayib bormoqda edi. Qorongʻi burchaqda esa Bayron turganday edi. U yuzida istehzoli jilmayish bilan bir-biriga sira mos tushmagan eru xotinni kuzatib turardi.

Fransuz yonib bitgan shamlarni almashtirdi. Keyin yana oʻqishga tutindi. Endi bu boshqa narsani kuzatardi — Pandora harchand urinib Bayronni xayolchanlik ogʻushidan tortib olmoqchi boʻlyapti. U topqirlik bilan juda dadil harakat qilyapti. Bu juvonda shuncha gʻayrat bor deb oʻylash ham qiyin edi. Erining befarqligi uning jon-jonidan oʻtib ketgan koʻrinadi. Pandora unga qasdma-qasdiga ish tutdi. Nihoyat, billiard oʻynash bahonasida u shoir bilan yolgʻiz qoldi.

"Bugun oqshom men unga shunday dedim: "Lord Bayron, ayol erkakni yaxshi koʻrsa, ammo erkak unga qayrilib ham qaramasa, shoʻrlik ayol nima qilmogʻi kerak?" U javob berdi: "Bundoq qilmoq kerak". Shunday dedi-yu, meni haddan tashqari qattiq quchoqlab oldi va..." Shu oʻrinda bir soʻz hafsala bilan oʻchirib tashlangan edi, lekin Erve koʻpda qiynalmasdan uni oʻqidi: "oʻpti".

Erve Marsena yengil nafas oldi. U omadi yurishganiga ishonib-ishonmasdi. "Tushimmi, oʻngimmi? — deb oʻyladi u. — Bizning eng ardoqli orzularimiz faqat tushdagina shunaqa toʻkislik bilan roʻyobga chiqadi-ku!" U oʻrnidan turib, qoʻli bilan poʻlat sandiqni, divanni, devorlarni ushlab koʻrdi — shu yoʻl bilan boʻlayotgan voqealarning chinligiga ishonch hosil qilmoqchi edi. Shubhaga oʻrin yoʻq — tevaragidagi hamma buyumlar chindan ham mavjud edi, kundalik ham haqiqiy edi. U yana boshi bilan oʻqishga choʻmdi.

"Men qoʻrqib ketib, unga dedim: "Lord B., men sizni sevaman, lekin yaqinda farzand koʻrganman. Bu farzand meni otasi bilan mustahkam bogʻlab turadi. Men sizga faqat doʻst boʻlmogʻim mumkin. Biroq siz menga juda keraksiz. Menga yordam bering!" U hayron qoladigan darajada mehribon va rahmdil odam ekan. Shu daqiqadan boshlab, men bilan yolgʻiz qolganida, yuragidagi dardlarning hammasi ariganday boʻladi. Menga shunday tuyuladiki, men uning qalbiga malham boʻlyapman".

Fransuz yigit tabassumini toʻxtata olmaydi. U Bayronni juda yaxshi oʻrgangan, shuning uchun uni yoshgina, himoyasizgina juvonning yonida sabr-toqat bilan unga taskin berib oʻtirgan qiyofada tasavvur qilolmaydi. Uning quloqlarida shoirning ovozi jaranglaganday boʻladi: "Axir u meni soatlab qoʻllarimdan ushlab oʻtirib, faqat she’r oʻqib berishga qobil deb oʻylasa, juda adashadi. Biz tugunni yechadigan pallaga yetib bordik".

Keyin fransuzning xayoliga bir fikr keldi — ledi Spenser-Sviftning unga bergan bir bogʻlam maktublari ichida Bayronning haqiqiy kayfiyatidan dalolat beruvchi hujjat boʻlishi mumkin. U shosha-pisha maktublar bogʻlamini yechdi. Haqiqatan ham, bular Bayronning maktublari ekan. Erve darhol shoirning ehtirosli dastxatini tanidi. Biroq bogʻlam ichida Pandoraning qoʻli bilan yozilgan yana qandaydir boshqa qogʻozlar ham bor edi. Erve tezgina ularga koʻz yugurtirib chiqdi. Bular ledi Spenser-Svift maktublarining qoralamalari edi. Juvon ularni ham saqlab qoʻygan ekan.

Yozishmani oʻqishga kirishib ketgan Erve mamnuniyat bilan ishonch hosil qildiki, uning taxminlari toʻgʻri ekan. Havoyi munosabatlar tez fursatda uning joniga tegibdi. U Pandoradan kechasi - hamma qasr ahli uyquga kirgan vaqtda uchrashishni iltimos qiladi. Pandora koʻnmaydi. Ammo uning astoydil ekani sezilmaydi. Ervening xayolidan oʻtadi: "Qoralamasini hozirgina oʻqib chiqqanim mana shu maktub Bayronga yuborilgan boʻlsa, u gʻalabaning yaqin ekanini his kilmagan boʻlishi mumkin emas", Chindan ham juvon anoyiligini namoyish qilib, faqat bitta qarshi dalil keltiripti: "Buning iloji yoʻq, chunki qasrdagi odamlarning e’tiborini jalb qilmagan holda qasrda uchrashishimiz mumkinligini tasavvur ham qilolmayman".

Erve yana albomni qoʻliga oldi. Pandora Bayron bilan maktublar almashib turmoq uchun goʻyo oʻz kutubxonasidan unga kitoblar berayotganday boʻlganini yozipti. Shunday qilib, u hatto erining huzurida ham hushtoriga kitoblar berar, ularning ichida esa sevgi maktublari boʻlar ekan. "Bor-yoʻgʻi yigirma yoshda-ya!" — deb oʻyladi Erve.

"Bugun Uilyam ovga ketdi. Biz xizmatkorlarning koʻz oʻngida boʻlsa hamki, uzzukun lord B. bilan birga boʻldik. U bagʻoyat jozibador edi. Kimdir unga qasrdagi yertoʻla haqida gapirib beripti. U yertoʻlani koʻrmoq istagini bildirdi. Men u bilan birga tushmoqqa jur’at qilmadim, ammo murabbiya mistris D.dan mehmonga yertoʻlani koʻrsatishni iltimos qildim. Qaytib kelib, u gʻalati ohangda shunday dedi: "Goʻzal kunlarning birida bu yertoʻla shunaqa bir goʻshaga aylanadiki, men butun umrim davomida zoʻr mamnuniyat bilan uni eslab yuraman!" Bu gapi bilan u nima demoqchi boʻldi? Uning gaplarining ma’nosini chaqishdan qoʻrqaman va, ayniqsa, yuragim zir-zir titragan holda oʻylaymanki, uning mamnuniyati men bilan bogʻliq xotiralar tufayli boʻlmasin, iloyim!"

Maktublar bilan albom fransuz yigitga sarguzashtning yechimini tiklashga yordam berdi. Bir kuni kechasi Pandora Bayron bilan yertoʻlada uchrashishga rozi boʻlipti. Bu paytda uning eri oʻzining xobxonasida xurrakni vang qoʻyib uxlab yotar, xizmatkorlar esa oʻzlarining uchinchi qavatdagi uylarida edilar. Bayron olovday joʻshqin, aytganini qildirmoqqa urinardi. Pandora esa shafqat soʻrab iltijo qilardi.
— Lord Bayron, — dedi u shoirga. — Men sizning hukmingizdaman. Nima istasangiz shuni qilishingiz mumkin. Hammaning koʻzidan yashirinmiz, hech kim ovozimizni eshitmaydi. Oʻzimning ham qarshilik qilishga holim qolmadi. Men kurashmoqqa urinib koʻrdim, ammo muhabbat irodamga qarshi oʻlaroq meni shu yerga boshlab keldi. Mening xalos boʻlishim faqat sizgagina bogʻliq. Agar siz chorasizligimni suiiste’mol qilsangiz, gapingizga koʻnaman, lekin keyin uyat va alamdan butunlay nobud boʻlaman.

Uning koʻzlarida yoshi shashqator boʻldi. Juvonning iltijolaridan ta’sirlangan Bayron koʻngli erib ketganini his qildi:
— Siz mendan inson bolasining kuchi yetmaydigan narsani talab qilyapsiz, — dedi u. — Lekin men sizni shunchalar yaxshi koʻramanki, sizdan voz kechishga ham tayyorman.

Ular bir-birlarining pinjiga kirib, divanda yana ancha vaqt oʻtirdilar. Keyin Pandora oʻrnidan turib, oʻzining xobxonasiga ketdi. Ertasi kuni Bayron noshir Merey uni Londonga chaqirayotganini aytdi va Vindxerstdan joʻnab ketdi. Shu kuni Pandora kundaligiga yozgan gaplar yosh fransuzni chin koʻngildan zavqlantirdi.

"O, kallavaram! O, ahmoq! — deb yozadi u. — Hammasi tamom boʻldi, hammasi qoʻldan chiqdi! Men endi bir umr muhabbat nimaligini bilmay oʻtib ketaman. Nahotki u tushunmadi? Men, axir, dabdurustdan boʻyniga osilib ololmayman-ku! Menga oʻxshagan qat’iy axloq-odob qoidalari asosida tarbiya koʻrgan ayol, buning ustiga, menday yosh juvon oʻzini hayoli satanglardek tuta olmaydi-ku! U siz — hozirgacha shunaqa satanglarni koʻraverib pishib ketgan. Men yigʻlamogʻim kerak edi. U esa muhabbat bobida savodi chiqqan odam sifatida meni yupatishi, menga taskin berishi va butun vujudimni oʻrtayotgan tuygʻuga yon berishga meni koʻndirmogʻi kerak edi. Biroq u hamma umidlarimni chippakka chiqarib joʻnab ketdi! Umrimda hech qachon uning bu qilmishini kechirmayman".

Bu voqeadan keyin ular yana ikkita maktub almashishadi. Bayronning maktubi juda ehtiyot boʻlib yozilgan. Shubha yoʻqki, U Pandoraning erini oʻylagan — qoʻliga tushib qolsa, konvertni ochib, xatni oʻqishi mumkin. Pandora maktubining qoralamasi juvonning nozik tuygʻulariga toʻla, ayni choqda, uning pinhona gʻazabi ham seziladi. Kundalikning bundan keyingi qaydlarida Bayronning nomi yana bir necha marta tilga olinadi. Bir gal uning yangi dostoni munosabati bilan, yana bir gal uning atrofidagi navbatdagi mashmasha tufayli Bayron eslangan. Kinoyali ta’nalar bor — ularda teran bir afsus-nadomat sezilib turadi. Ammo 1815 yildan keyin Bayron Pandoraning xotirasidan butunlay oʻchib ketgan koʻrinadi.

Yertoʻladagi kichkina darchadan zaif tong nurlari shu’la tashladi. Erve goʻyo ogʻir bir darddan xalos boʻlganday tevarak-atrofiga nazar tashladi va XX asrga qaytdi. Oʻtgan tun davomida u juda goʻzal va gʻaroyib sarguzashtni boshidan kechirdi! Buni u zoʻr mamnuniyat bilan qogʻozga tushiradi. Hozir esa ishni tugatib, uyqusiz oʻtkazgan tundan soʻng ancha horiganini his qildi. U keridi, esnadi, shamlarni puflab oʻchirdi-da, oʻziga ajratilgan xonaga yoʻl oldi.

Qoʻngʻiroq jarangi tushlik vaqti boʻlganidan ogoh qildi. Dahlizda purviqor Miller kutib turardi. U fransuzni mehmonxonaga boshladi. Bu yerda ledi Snenser-Svift oʻtirgan ekan.
— Yaxshimisiz, janob Marsena, — dedi u erkakcha yoʻgʻon ovozi bilan. — Menga aytishdi — tuni bilan uxlamabsiz. Uxlamaganga yarasha, yaxshigina ishlagandirsiz?
— Juda yaxshi ishladim! Hammasini oʻqib chiqdim. Yigirma sahifani toʻldirib yozib oldim. Bu — beqiyos voqea! Sizga minnatdorligimni aytib tugatolmayman.

Ledi uning gapini boʻldi:
— Sizga aytib edim-ku! Suvratiga qaraganda Pandora ushoqqina boʻlsa ham, menga hamisha sevgi-muhabbat uchun yaratilgan ayolday tuyulardi.
— U chindan ham ishq-muhabbat uchun yaratilgan ekan. Biroq butun voqeaning latofati shundaki, Pandora hech qachon Bayronning ma’shuqasi boʻlgan emas.

Ledi Spenser-Svift boʻzarib ketdi:
— Nima? — deb soʻradi u.

Koʻchirmalarini oʻzi bilan olib kelgan fransuz yigit bekaga butun voqeani hikoya qilib berdi. Hikoya kilar ekan, har ikkala ishtirokchining fe’l-atvorini tahlil qilishga ham urindi.
— Mana shu tarzda, — deb tugatdi u, — lord Bayron umrida birinchi va soʻnggi marta rahmdillik tuygʻusiga yon berdi. Eringizning katta buvisi esa butun umri davomida uning bu saxovatini kechirmay oʻtdi.

Ledi Spenser-Svift uning gaplarini boʻlmay tingladi, ammo shu yerga kelganda chidab turolmadi.
— Boʻlmagan gap! — deya xitob qildi u. — Yo matnni yaxshi oʻqiyolmagansiz, yo biron narsani tushunmagansiz... Pandora lord Bayronning ma’shuqasi boʻlmagan emish. Uning lord Bayronning ma’shuqasi boʻlganini butun olam biladi-ku! Bu graflikda bironta oila yoʻqki, bu voqeani gapirib yurishmagan boʻlsin... Afsuslar boʻlsin, janob Marsena, biroq sizning uzil-kesil xulosangiz shunaqa boʻladigan boʻlsa, men bu hujjatlarni e’lon qilishga ruxsat berolmayman... Nima uchun, bilasizmi? Siz butun Fransiyaga va bu yerdagi oʻlkalarga jar solib, bu buyuk muhabbat hech qachon boʻlgan emas deb xabar qilmoqchimisiz? Shoʻrlik Pandora goʻrida tik turib ketadi-ku, afandim!
— Nega bundoq deysiz? Haqiqatni Pandora hammadan yaxshi biladi-ku! Axir, kundaligiga oʻz qoʻli bilan yozib qoʻyipti — uning bilan Bayron oʻrtasida aybsitadigan hech narsa boʻlgan emas.
— Bu kundalik, — deb e’lon qildi ledi Spenser-Svift, — poʻlat sandiqdagi joyiga qaytib kiradi-da, u yerdan boshqa hech qachon chiqmaydi. Uni qaerda qoldirdingiz?
— Yertoʻladagi stol ustida, ledi Spenser-Svift. Menda kalit yoʻq edi. Shuning uchun uni poʻlat sandiqqa solib qoʻyolmadim.
— Tushlik tugashi bilanoq ikkimiz pastga tushamiz va hamma narsani joy-joyiga qoʻyib chiqamiz. Oilaviy arxivni sizga koʻrsatmasligim kerak edi. Shoʻrlik Aleksandr bunga qarshi boʻlgan edi. Bu gal u haq boʻlib chiqdi... Sizning masalangizga kelsak, afandim, sizdan mana shu... nima desak ekan... kashfiyotingiz toʻgʻrisida lom-mim deb ogʻiz ochmasligingizni talab qilishga majburman...
— Ha, albatta, ledi Spenser-Svift. Sizning ijozatingizsiz bir satr narsani ham bosib chiqarolmayman. Bundan tashqari, sira-sira sizni norozi qiladigan biron ish qilish niyatimda yoʻq. Lekin sizga aytmogam kerakki, men tushuna olmayapman...
— Tushunishingizga hojat ham yoʻq, — deb javob berdi u. — Men sizdan faqat bitta narsani oʻtinaman — hammasini unuting.

Fransuz xoʻrsindi:
— Na iloj! Unutaman. Kundalikni ham, albomni ham...
— Mana bu gapingiz durust. Men sizga oʻxshagan odamdan boshqa narsani kutmagan ham edim. Endi boshqa biron narsani gaplashaylik. Ayting-chi, janob Marsena, ingliz iqlimi sizga yoqadimi?

Tushliqdan keyin ular yertoʻlaga tushishdi. Miller ular bilan birga tushdi. Eshik ogʻasi poʻlat sandiqning zalvarli eshiklarini ochdi. Kampir oʻz qoʻli bilan charm gʻiloflar va kumush qoshiqlar orasiga oq albomni hamda pushti tasma bilan bogʻlangan bir dasta maktubni joylab qoʻydi. Miller yana sandiqni qulfladi.
— Tamom, — dedi kampir quvnoqlik bilan. — Endi ular bu yerda mangu qoladi.

Ular yuqoriga koʻtarilganda allaqachon avtobusda birinchi guruh sayyohlar kelib, dahlizda kirish chiptalarini va qasr tasviri tushirilgan suratni sotib olib ulgurishgan edi. Miller suratlar oldida, hikoyasini boshlash uchun oʻzini chogʻlay boshladi.
— Bir daqiqaga kiraylik, — dedi Spenser-Svift fransuzga.

Ular sayyohlar guruhidan nariroqda toʻxtashib, Millerning gaplariga astoydil quloq sola boshlashdi.
— Mana bu, — deya tushuntira boshladi Miller, — ser Uilyam Spenser-Svift (1775—1835). U Vaterloo yonidagi jangda ishtirok etgan va Vellingtonning shaxsiy doʻsti boʻlgan. Suvratni ser Tomas Lourens chizgan. U kishining ayoli ledi Spenser-Sviftning surati ham ser Tomas Lourensning moʻyqalamiga mansub.

Suratni yaxshiroq koʻrib olish maqsadida toʻpdan ajralib oldinroq chiqqan sayyoh juvon shivirladi:
— Oʻsha xonimning oʻzimi?
— Ha, — dedi Miller ovozini pasaytirib. — Bu oʻsha xonim. Lord Bayronning ma’shuqasi boʻlgan.

Keksa ledi Spenser-Svift fransuzga tantanavor nigoh tashladi.

— Ana koʻrdingizmi? — dedi u.