OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAndre Morua
Asar nomiXayrli kech, jonginam... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Realizm
Mualliflar
   - Andre Morua
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOzod Sharafiddinov (Rus tilidan)
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xayrli kech, jonginam... (hikoya)
Andre Morua

— Qayoqqa, Antuan? — soʻradi eridan Fransuaza Kesne.
— Pochtaga. Xat joʻnatmoqchi edim. Bahonada Mauglini ham aylantirib kelaman. Yomgʻir tindi. Mentona osmonidan bulutlar aridi. Havo ochilib ketadiganga oʻxshaydi.
— Koʻp qolib ketma, tezroq qayt. Men tushlikka Sabina Lamber-Leklerkni eri bilan aytib qoʻyganman. "Eklerer"da Nitstsaga bir necha kunga kelishganini oʻqidim... Shundan keyin Sabinaga xat yozib yubordim...
— O, Fransuaza, nega bunday qilding? Uning eri yuritayotgan siyosat odamlarning nafratini qoʻzgʻayapti. Sabinaning oʻzi boʻlsa...
— Koʻp javrama, Antuan... Sabinani yoqtirmayman deb ishontirishga ham urinmay qoʻyaqol... Biz sen bilan tanishgan kezlarda u sening qalligʻing hisoblanarmidi?
— Hamma gap shunda-da! Senga uylanganim uchun u meni kechirib yuborgan deb oʻylayman... Buning ustiga uni koʻrmaganimga ham oʻn besh yilcha boʻldi. Allaqachon pishib yetilib, oʻtib ketgan boʻlsa ham ajab emas...
— Qanaqasiga yetilib oʻtib ketar ekan?! U mendan atigi uch yosh katta, xolos... Lekin, baribir, endi bahslashishning hojati yoʻq... Sabina eri bilan kechqurun soat sakkizda shu yerda boʻladi.
— Men bilan maslahatlashsang boʻlmasmidi?.. Nega taklif qilding ularni? Norozi boʻlishimni bilarding-ku...
— Yaxshi aylanib kel... — dedi Fransuaza quvnoqlik bilan va shosha-pisha xonadan chiqdi.

Antuan oralarida janjal qoʻpmaganiga afsuslandi. Bu xotinining har doimdagi ustomonligi edi — u hamisha bahslarga chap berib ketardi. Antib burunining xiyobonlarida besoʻnaqay oʻsgan qaragʻaylar oralarida odimlar ekan, u oʻylardi:

"Fransuaza sirkasi suv koʻtarmaydigan boʻlib qoldi. Bu eru xotinlar bilan uchrashishga toqatim yoʻqligini u juda yaxshi bilardi. Shuning uchun ham u rejalari toʻgʻrisida menga hech narsa demagan... Koʻpincha Fransuaza qilgʻiliqni qilib qoʻygandan keyin meni xabardor qilayapti. Axir, Sabina Lamber-Leyuedjni chaqirib nima qilardi? Faqat menu bolalardan boshqa hech kim bilan uchrap may siqilib ketgani uchun shunday qildimikin? Shundoq ham boʻlaqolsin. Lekin bu yerlarga kelib qolishni kim xoxlagan edi? Kim meni Ponde-l Erni tark etishga, shplarni yigʻishtirishga, qarindosh-urugʻlardan uzoqlashib, oʻzim istamagan holda iste’foga chiqishga koʻndirgan edi?"

Har gal u oʻzidan oʻtgan alamlarni oʻylay boshlasa, ularning roʻyxati ancha uzun boʻlib chiqardi. Antuan xotinini yaxshi koʻrib uylangan edi. Hozirgacha u ham erkak sifatida, ham rassom sifatida xotiniga talpinishdan toʻxtamagan. U xotinining bejirim burnini, makr toʻla nurli koʻzlarini, husnda tanho chehrasini soatlab, koʻz uzmasdan tomosha qilib oʻtira olardi. Ammo gohi-gohida shunaqa gʻashiga tegar ediki... Uyga jihoz olishda, libos tanlashda, gullar xarid qilishda Fransuazaning didi juda baland edi. Ammo odamlarga munsabatda unga odob yetishmay qolardi. Agar Fransuaza uning doʻstlaridan birini tahqirlab qoʻysa, Antuan qattiq iztirob chekar edi. Bunaqa tahqir uchun u oʻzining javobgarligini ham, nochorligini ham his qilardi. Avvaliga u xotinini ta’na-dashnomlarga koʻmib tashlardi. Bu ta’na-dashnomlarni Fransuaza ranjib tinglar va ularga e’tibor bermas edi. Chunki bilardiki, kechasi tomirlarida xohish joʻsh urganda Antuan xotinining hamma gunohini kechib yuboradi. Kefshchalik xotinining fe’lu-atvoriga koʻna boshladi. Oʻn yil birga oʻtkazilgan turmushdan angladiki, xotinini boshqacha qilib boʻlmaydi.
— Maugli, beri kel!

Antuan pochta boʻlimiga kirdi... Kaytayotganda u Fransuaza toʻgʻrisida oʻylashda davom etdi va oʻylagan sari kayfiyati tundlasha bordi. Loaqal xotini unga bevafolik qilmaganmikin? U bunga ishonardi. Lekin bilardiki, xotini koʻpincha oʻzini ashaddiy tannozlarday tutar va ba’zan esa odob doirasidan ham chiqib ketardi. Sabinaga uylanganida baxtliroq boʻlarmidi? U Ponde-l Erdagi bogʻni esladi. Sabina bilan yoshligida shu bogʻda uchrashardi. Butun shahar ularni unashtirilgan deb hisoblardi. Ularning oʻzlari ham bu toʻgʻrida hech ogʻiz ochmasalar-da, ertami-kechmi turmush qurishlariga shubha qilishmasdi.

"U juda joʻshqin tabiatli qiz edi-da", — deb oʻyladi Antuan raqs tushganlarida Sabina pinjiga qanday suqilganlarini eslab.

Sabina bilan visol chogʻlarida Antuan dadil harakat qilar, qizning qarshilik qilmasligini his qilib, dovdirab qolmas edi. Antuan yurak-yurakdan unga yaqin boʻlmoqni xohlardi. Keyin Fransuaza paydo boʻldi va butun dunyoning ayollari uning uchun yoʻqday boʻlib qolishdi... Endilikda Fransuazaga bir umr bogʻlangan. Oʻn yillik hayotni birga oʻtkazishdi. Uchta farzand. Boʻlari boʻlib boʻdtsi.

Ammo u mehmonxonada xotinini yupqa guddor koʻylakda, butun vujudidan nafosat anqib turgan bir holda koʻrganida gʻashligi darhol oʻtib ketardi. Axir, ular istiqomat qiladigan uy ham, mehmonlar hamisha qoyil qolib havas qiladigan bogʻ ham Fransuazaning mehnati bilan bunyodga kelgan. 1929 yil boʻhronidan bir necha yil avval Pon-de-l Er bilan zavodni tark etishga koʻndirgan ham ayni Fransuaza boʻlgan edi. Agar hammasiga adolat yuzasidan baho beradigan boʻlsa, Fransuaza unga baxt keltirdi.
— Mishlina bilan Bako biz bilan birga tushlik qilishmaydimi? — deb soʻradi u.

Shundan uning umidi katta edi, chunki mehmonlar bilan gap sotishib oʻtirgandan koʻra bolalarning chugʻur-chugʻuridan rohatlanib oʻtirishni afzal bilardi.
— Yoʻq, — deb javob berdi Fransuaza. — Menimcha, mehmonlar bilan oʻzimiz oʻtirsak yaxshiroq boʻlardi... Boʻyinbogʻingni toʻgʻrilab ol, Antuan.

"Yaxshiroq emish!" — Antuan toqat qilolmaydigan yana bir soʻz shu edi. Yoʻq, "yaxshiroq" boʻlmaydi, — deb oʻyladi u koʻzgu oldida boʻyinbogʻini bogʻlar ekan. — Sabina mahmadanalik qila boshlasa kerak. Fransuaza esa toʻngakka oʻxshagan maqtanchoq ministrga nozu karashma qilishga tushadi. Antuanning oʻzi boʻlsa ogʻziga suv solganday miq etmay oʻtiradi.
— Yaxshi boʻladi! »

U avtomobil kelib toʻxtaganini, gʻijirlab, gʻildiraklar qumda gʻiyqillaganini eshitdi. Eru xotin Kesnelar qomatlarini rostlashdi. Bir lahzadan keytn mehmonlar kirib keldi.
— Xayrli oqshom, jonginam, — deb xitob qildi Fransuaza Sabinani oʻpar ekan. — Xayrli oqshom, janob ministr!
— Yoʻq, jonginam! — dedi Sabina. — Mening erimni "ministr" deb atay koʻrma... Meni "Sabina" deb ataysan-ku. Uni ham "Alfred" deb chaqira qol... Xayrli oqshom, Antuan...

Oqshom iliqqina, havo ochiq edi. Fransuaza kofeni ayvonga keltirishni buyurdi. Stol ortida gaplar uncha qovishavermadi. Ayollar zerikib qolishdi. Antuan esa oʻzidan ensasi qotib, oʻjarligi tutib, Lamber-Leklerkka gap qaytarib oʻtirdi. Ministr esa undan koʻra koʻproq axborotga ega boʻlgani uchun, bahsda osongina uning shoxini qayirib tashlardi.
— Siz optimistik kayfiyatdasiz, negaki, hokimiyat tepasidasiz, — dedi Antuan. — Aslini olganda esa, Fransiya foje ahvolda...
— Undoq emas, azizim. Yoʻq, undoq emas, — javob berdi Lamber-Leklerk. — Moliyaviy qiyinchiliklar hech qachon fojiona boʻlmaydi. Fransuz byudjeti olti asrdan beri hamisha kamomadga ega!.. Ha, gapimga ishonavering! Vaqti-vaqti bilan qishloq zamindorlarini siqishtirib turmoq kerak. Aks holda, biz nimaga ega boʻlardik? Rishele davridan boshlab bu sarmoyalarning katta foiz evaziga bankka qoʻyilganini tasavvur qilib koʻring.
— Ingliz byudjeti kamomad nimaligini bilmaydi, — deb gʻoʻdirladi Antuan. — Hatto unda daromad qismi hamisha xarajat qismidan koʻproq boʻladi. Har holda, menga shunisi ma’lumki, bundan inglizlar sira aziyat chekishmaydi.
— Aziz doʻstim, — deb javob berdi Antuanga Lamber-Leklerk, — men sira tushunmadim-tushunmadi-da, fransuzlar bu ikki mamlakatni taqqoslashga muncha oʻch boʻlishmasa?.. Axir, ularning tarixi boshqa-boshqa, rasm-rusumlari bir-biridan farq qiladi, ehtiyojlari ham har xil... Agar Fransiya chindan ham bir muvozanatdagi byudjetga ehtiyoj sezganida, biz buni bir zumda toʻgʻrilar edik. Ammo Fransiya mutlaqo bunga intilmaydi. Qolaversa, Fransiya shu maqsadga erishishga olib keladigan vositalarga rozi boʻlishdan unchalik manfaatdor ham emas. Byudjetning qanaqa boʻlishi moliyaviy masala emas, siyosiy masala. Siz menga ayting — mamlakatni boshqarayotganda siz qaysi koʻpchilikka tayanmoqchisiz? Shuni aytsangiz, men byudjetingiz qanaqa boʻlishini aytib beraman. Moliya vazirligi istagan byudjetingizni tayyorlab berishi mumkin.

Allaqanday sezilar-sezilmas belgilarga, nigohi birdaniga qahrli boʻlib qolganiga qarab Fransuaza sezdi: hozir birdaniga erining gʻazabi tutib qoladi. U suhbatga aralashmoqni zarur bildi.
— Antuan, — dedi u. — Sen Sabina bilan birga monastirga sayr qilib kelsang boʻlarmidi? U yerdan ochiladigan manzarani Sabinaga koʻrsatasan.
— Mayli, u yerga hammamiz birga bora qolaylik, — deb taklif qildi Antuan.
— Yoʻq, Yoʻq, — deb e’tiroz biddirdi Sabina. — Fransuazaning gapi toʻgʻri... Eru xotinlarni bir-biridan ajratish kerak... Shunda qiziqroq boʻladi...

U stol ortidan turdi. Antuan ham noiloj oʻrnidan turib, Sabinaga ergashishga majbur boʻldi. Turar ekan, u Fransuazaga zarda bilan qarab qoʻydi, ammo Fransuaza uning qaraganiga parvo qilmadi.

"Xavotir olganlarim toʻgʻri chiqayapti, — deb oʻyladi Antuan... — Endi kamida yarim soat Sabina bilan xilvatda yolgʻiz boʻlmogʻim kerak. U shoʻrlik oʻn yildan beri kutadi — nega bunday boʻlganining sababini aytishimni istaydi. Hozir shuni soʻrab qolmasa boʻldi. Nahotki, Fransuaza mana shu oʻziga bino qoʻygan ministrning ishqibozligiga oʻlib turgan boʻlsa?!."
— Muncha xushboʻy hid? — dedi Sabina Lamber-Leklerk.
— Bu apelsin daraxti... Biz oʻtirgan joyning ham tomi apelsin va limon daraxtlarining navdalaridan, glitsiniy va atrgullardan toʻqilgan... Ammo bizning atrgullarimiz yovvoyilashib qoldi... Yangilarini ulash kerak... Bu yoqqa, Sabina, manavi soʻqmoqqa burilamiz. Undan pastlikka tushamiz...
— Siz oʻzingiz-chi, Antuan? Bu xilvatda oʻzingiz ham yovvoyilashib qolmadingizmi?
— Menmi? Men hamisha yovvoyi boʻlganman... Qorongʻida biron narsani ilgʻay olyapsizmi? Ana, qarang, basseynning ikki yonida qishda gullaydigan gullar oʻsadi. Bogʻni rejalashtirayotganda siyohrang yoxud gunafsharang toʻq ranglar bilan moviy yoxud sariq gullar oʻrtasidagi zidlik asos qilib olingan. Har holda, Fransuazaning niyati shunaqa edi. Mana bu yonbagʻirda esa u antiqa daraxtlardan qalin butazor oʻstirmoqchi edi.
— Siz bilan holi qolganimizdan manmunman, Antuan... Men sizning xotiningizni juda yaxshi koʻraman, lekin shundoq boʻlsa ham u bilan tanishmasingizdan oldin biz siz bilan qalin doʻst edik... Buni unutib yuborganingiz yoʻqmi?

Sabinaga hadtsan ziyod yaqinlab ketmaslik uchun ehtiyot yuzasidan qadamini sekinlatdi:
— Nega unday deysiz, Sabina? Unutib boʻlarkanmi, a?.. Yoʻq, siz toʻgʻriga yuravering. Hozir koʻprikcha keladi. Ana, monastirga ham kelib qoldik. Plitalar orasida oʻsib yotgan gullarga qarang...
— Mening birinchi balim esingizdami? Meni bobongizning mashinasida uyimga olib borib qoʻygan edingiz... Ota-onam uxlab qolishgan ekan. Biz kichkina mehmonxonaga kirdiq... Bir ogʻiz gap aytmasdan meni bagʻringizga bosdingiz. Shunda ikkovimiz yana raqs tusha boshladik.
— Oʻsha oqshom sizni oʻpib ham olgandim, shekilli?
— Oʻpib olgan emish... Rosa bir soat ezib oʻpishgandik... Juda ham zoʻr boʻlgandi.
— Mendan rosa koʻnglingiz qolgan boʻlsa kerak?
— Aksincha. Urushning boshlarida jasoratingiz bilan meni butkul maftun etgan edingiz. Oʻzingizni tutishingiz juda ajoyib edi. Men hamma mukofotlaringizni tutilmasdan aytib bera olardim. Ular hozirgacha esimda. Sanab ber desangiz, birma-bir aytib beraman... Keyin siz yarador boʻldingiz, tuzalganingizdan keyin esa Fransuaza Paskal-Bushega uylandingiz. Rostini ayt-sam, oʻshanda qattiq xafa boʻldim. Axir, boshqacha boʻlishi ham mumkin emas edi-da... Axir, men sizni juda yaxshi koʻrardim-da... Men Frasuaza bilan avvaldan yaxshi tanish edim, biz Sen-Jan litseyida birga oʻqigandik. Meni kechirasiz-u, Antuan, Fransuazaning istarasi issiq, lekin biroz tentaksifatroq edi. Shu qizga uylanganingizni eshitib, hayron boʻldim va sizga achindim. Bir mengina emas, butun shahar achingan edi.
— Nega endi? Biz Fransuaza bilan bir tabaqaning odamlarimiz va bir-birimizga toʻgʻri kelamiz... Bu tomonga bir qarang, Sabina: hov anavi qoyani koʻryapsizmi? Bagʻrida quyosh shu’lalari oʻynayapti. Bu qoya — Monako... Juda ham qattiq engashmang — turgan joyimiz dengiz ustida. Ehtiyot boʻling, Sabina!

Antuan beixtiyor uning belidan ushladi. Sabina esa yashin tezligida unga oʻgirilib, lablaridan qattiq oʻpib oldi.
— Nima boʻlsa boʻlar, Antuan. Juda ham shunday qilgim kelgan edi. Bir vaqtlar senga yaqin boʻlgan odamdan oʻzingni olib qochishing qiyin boʻlar ekan... Tennis maydonchasida oʻpishganlarimiz esingizdami? O, xijolat boʻlyapsiz, shekilli? Haqiqiy Kesneligingizcha qolibsiz-da... Hamisha vafodor er boʻlganingizga zarra shubham yoʻq...
— Haddan tashqari vafodorman... Bokiraman desam boʻladi...
- Oʻn yildan beri shunaqamisiz? Shoʻrlik Antuan!.. Shu ahvolingizdan baxtiyormisiz?
— Baxtim toʻkis...
— Unday boʻlsa, juda ham yaxshi, aziz Antuan. Faqat bir narsani tushunmayapman — undoq boʻlsa, nega axvolingizdan baxtsiz odamga oʻxshaysiz?
— Nega bunaqa deyapsiz?
— Bilmadim... Shunchaki... Sizda allaqanday qoniqmaganlikni, allanechuk bezovtalikni sezyapman. Zardangiz qaynayotganga oʻxshaydi... Har nima deganingizda ham, Antuan, har qalay, siz Pon-de-l Erqdan chiqqan haqiqiy Kesne edingiz, ya’ni odamlarga peshvo boʻlib oʻrgangan faol odam edingaz. Endi esa suygan ishingizni tark etib, doʻstlaringizni olisda qoldirib, bu yerda yashayotirsiz... Bilaman, siz xotiningizning didiga mos boʻlish uchun hamma narsadan voz kechgansiz... Ammo hech qachon bunga afsus chekmayotganingizni tasavvur qilish qiyin.
— Ehtimol, boshda men ancha-muncha siqilgan boʻlsam bordir... Keyinchalik oʻzimga boshqa mashgʻulot topib oldim. Butun umrim davomida tarixga qiziqib oʻtganman. Endiliqda shu fan bilan jiddiy shugʻullana boshladim... Men hatto bir nechta kitob ham yozdim. Ular birmuncha muvaffaqiyat qozondi.
— Bir muncha deysiz-da! Sizning kitoblaringaz juda katta muvaffaqiyat qozongan, Antuan. Ular ajoyib asarlar... Ayniqsa, Lyudovik XI haqidagi asaringiz...
— Siz kitoblarimni oʻqiganmisiz?
— "Oʻqiganmisiz" deb soʻraysiz-a! Yuz martalab oʻqigandirman. Birinchidan, men ham tarixni juda yaxshi koʻraman. Ikkinchidan esa, bu kitoblardan sizni izladim, Antuan! Men hamon sizga taalluqli nimaiki narsa boʻlsa hammasiga qiziqaman. Men sizni juda yaxshi yozuvchi deb hisoblayman. Yoʻq, gapimda zarracha mubolagʻa yoʻq... Rostini aytsam, tushlik vaqtida hayotingazning bu jihati haqida Fransuaza biron narsa deb ogʻiz ochmagani meni hayron qoldirdi. Ikki-uch marta erim kitoblaringiz haqida ogʻiz ochmoqqa urinib koʻrdi, lekin har gal Fransuaza uning gapini boʻlib qoʻyaverdi... Menimcha, u sizning ijodingiz bilan har qancha gʻururlansa arziydi.
— E, qoʻysangiz-chi! Buning nimasiga gʻururlanadi? Lekin gapingizning bir jihati toʻgʻri — Fransuaza bunaqa kitoblarga qiziqmaydi... U romanlarni afzal koʻradi... Muhimi shundaki, Fransuazaning oʻzi shoirona tabiatga ega. Kiyimlarini nechogʻlik did bilan tanlaganiga qarang. Uning barpo qilgan bogʻi qanday ajoyib! Har bir gulning joyini oʻzi tanlagan. Boʻhron Pon-de-l Erni ham iskanjasiga olgandan keyin bizning daromadlarimiz kamayib ketdi. Endilikda Fransuaza hamma ishni oʻzi qilishga majbur boʻlyapti.
— Fransuaza hamma ishni oʻzi qiladi deng?! Fransuazaning didi baland deng! Gʻaroyib joyi shundaki, bu gaplarning hammasiga oʻzingiz chippa-chip ishonasiz. Juda ham kamtar odamsiz-da, Antuan... Men Fransuazani qizlik chogʻidan beri bilaman. Unda didi hozirgiga qaraganda qiyos qilib boʻlmaydigan darajada past edi. Har hodda, u ham Paskal-Bushe oilasining boshqa a’zolari kabi bezaklarga va boshqa mayda-chuydalarga juda oʻch edi...
— Siz adashyapsiz, Sabina... Bu libosni Fransuazaning oʻzi tikkan, unga xizmatchi ayol koʻmaklashib turgan, xolos.
— Qoʻysangiz-chi, Antuan, biz — ayollarni alday olmaysiz. Choklarini qarang, burmalarining nafisligini qarang... Bundan tashqari, bunaqa qimmatbaho matoni faqat Skyaparellidan topish mumkin... Lekin bularning uncha ahamiyati ham yoʻq.
— Unday demang. Biz siz oʻylagandan muhimroq, Sabina! Men sizga aytdim-ku — biz hozir mablagʻ masalasida ancha-muncha qiynalganmiz. Avvalgi daromadlar qayda-yu, hozirgisi qayda! Pon-de-l Erdan hozir bir tiyin naf boʻlmay qolgan. Bernarning yozishicha, bu ahvol bir necha yil davom etishi mumkin ekan... Kitoblarim ancha tuzuk tarqalib turipti. Ba’zan maqolalar ham yozib turaman... Shularning hammasiga qaramay, bechora Fransuaza eng zoʻr bichiqchilarga buyurtma bera olmaydi.
— Agar shundoq boʻlsa, bu ayni moʻjiza ekan, Antuan! Aql bovar qilmaydi-yu, lekin ajoyib. Fransuaza qoshida bosh egib ta’zim qilishdan boshqa ilojim qolmaydi... Sirasini aytganda, men hamisha unga yaxshi munosabatda boʻlganman. Faqat hech tushuna olmayman — Fransuazani nega yoqtirishmas ekanlar?
— Uni yoqtirishmaydimi?
— Yoqtirishmaydi emas, uni koʻrgani koʻzlari yoʻq... Nahotki, bundan bexabarsiz? Meni lol qoldirgan narsa shu boʻldiki, bir zamonlar uni Pon-de-l Erda qanday yomon koʻrishgan boʻlsa, Nitstseda ham shunchali yomon koʻrishar ekan.
— Nima sababdan yomon koʻrisharkan?
— O, avval nima uchun boʻlsa, hozir ham oʻshaning uchun... Xudbinligi uchun, nozu karashmalari uchun, ayollar bilan muomaladagi makrlari uchun... Munoviqligi... Odob bilan narsadan uzoqligi uchun... Esimda, men uni hamisha himoya qilardim. Sen-Jan litseyida birga oʻqib yurgan vaqtlarimizdayoq men shunday derdim: "Fransuaza Paskal-Bushe aslida yaxshi ayol. Aftidan, gaplarining sun’iyliga, ovozining dagʻalligi tufayli sizlar uni yoqtirmay qolgan boʻlsalaring kerak..."
— Siz uning ovozini dagʻal deb hisoblaysizmi?
— Nimalar deyapsiz, Antuan! Lekin oʻn yil birga turib, siz koʻnikib qolgan boʻlsangiz kerak-da! Aytgancha, bu uning aybi emas. Buning uchun ta’na qilmayman... Men boshqa bir qiligʻi uchun uni sira kechira olmayman: sizdek odamga turmushga chiqqan boʻlsa-da, u ayni choqda...
— Ayni choqda?.. Nima demoqchisiz bu bilan?
— Yoʻq, hech narsa...
— Yoʻq, Sabina, sha’maga toʻla iborani boshlab qoʻyib, yarmidan uzib qoʻyishga haqqingiz yoʻq... Balki sizga shu ma’lumotlarning hammasini aytgan odamlar Fransuazaning oʻynashlari ham bor deyishgandir?
— Siz astoydil soʻrayapsizmi, Antuan?
— Astoydil boʻlganda qandoq. Ishonavering...
— Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, azizim, har qanday kelishgan ayolni gʻiybat qilmay qoʻyishmaydi... Kim bilsin... Ba’zan oʻtsiz ham tutun boʻlishi mumkin... Fransuaza sira orqa-oldiga qarab yurmaydi. Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, Pon-de-l Erda turgan kezlaringizdayoq ogʻziga kuchi yetmaganlar uni ukangizning oʻynashiga chiqarib qoʻygandi.
— Bernarningmi?
— Ha-da, Bernarning!
— Rosa bema’ni gap-ku! Bernardan halolroq odam yoʻq dunyoda...
— Gapimga ishonavering, xuddi shuni men hammaning qulogʻiga tinmay quydim... Uni nechogʻliq matonat va bardosh bilan himoya qilganimni Fransuaza hatto xayoliga ham keltira olmaydi... Oy nurida kumushday tovlanib turgan anavi narsa nima?
— Umi? Zarpechak...
— Juda chiroylik-a! Gefsiman bogʻlaridagi gullarni eslatar ekan... Nima dedingiz?
— Yoʻq, eslatmaydi... Qaytgingiz kelmadimi?
— Muncha shoshilmasangiz, Antuan?.. Bu bogʻda siz bilan bajonu dil tun boʻyi qolardim...
— Etim uyushib ketyapti...
— Qoʻlingizni bering... Rostdan ham qoʻlingiz muzdan badtar sovib ketipti! Istasangiz, yelkangizga yogshngʻichimni tashlab qoʻyay? Biz, axir, bir-birimizning pinjimizga kirib butun umrimizni oʻtkazishimiz mumkin edi-a! Siz shuni oʻylab, hech qachon afsus chekkan emasmisiz, Antuan?
— Nima deb javob bersam ekan, sizga, Sabina? Oʻzingiz-chi? Siz baxtlimisiz?
— Juda baxtiyorman... Men ham xuddi sizga oʻxshab noumidligimni yengishga harakat qilaman... Manavi soʻqmoqdan koʻtarilishimiz kerakmi? Sizdan yashiradigan sirim ioʻq. Ancha vaqtgacha men faqat tezroq oʻlishni orzu qildim... Endi biroz yengil tortdim... Taqdirga tan berdim... Oʻzingiz ham taqdirga tan beribsiz-ku...
— Juda ziyraksiz-a, Sabina...
— Esingizdan chiqarmang, Antuan, bir vaqtlar men sizni yaxshi koʻrganman... Mening ziyrakligim shundan... Qoʻlingizni uzating, suyanib olay... Soʻqmoq juda ham tik ekan... Qani, ayting-chi, Antuan, Fransuazaning qanaqa odam ekanini siz qachon anglab yetgansiz? Qachon uning haqiqiy qiyofasini koʻra oldingiz? Axir, uylanayotganingizda sevgidan oʻzingizni butkul yoʻqotib qoʻygan edingiz...
— Qoʻrqamanki, hozir biz siz bilan butunlay boshqa-boshqa tillarda gaplashyapmiz, Sabina... Meni tushunishingizni juda istar edim... Men hozir ham Fransuazaga haddan tashqari bogʻlanib qolganman. "Bogʻlanib qolganman" deganim nimasi-ya! Kulgili, ayanchli soʻz! Fransuazani yaxshi koʻraman. Lekin gapingizda jon bor — turmushimizning dastlabki ikki yilida muhabbatimiz be-nihoya zoʻr va zavqli boʻlgan edi. Men bu muhabbat Fransuazaning qalbida ham joʻsh urgandi deb hisoblashga yetarli asosim bor.
— Shunaqami?!
— Bu gapingizni qanday tushunay? Yoʻq, Sabina, siz juda ham chegaradan chiqib ketyapsiz... Siz meni xotiralarimdan mahrum etolmaysiz... Oʻsha yillarda Fransuaza menga sevgisining shunaqa dalillarini berganki, hatto soʻqir odam ham addashishi mumkin emasdi... Biz juda inoq edik... Holi qolganimizda baxtimizning cheki boʻlmasdi... Ishonmaysizmi? Biroq har nima deganingizda ham Sabina, nima deyayotganimni men bilaman-ku! Axir, Fransuaza bilan birga boʻlgan men edim, siz emas edingiz.
— Ammo men uni sizdan avval tanigan edim, qadrli doʻstim... Men sizning xotiningizni bolalik chogʻida koʻrganman. Fransuaza bilan uning singlisi Elen bilan birga katta boʻlishgan... Fransuaza hozirgiday koʻz oʻngimda: u litsey hovlisida qoʻlida raketka bilan tik turgan holda Elen ikkovimizga murojaat qilib degan edi: "Men Kesnening katta oʻgʻliga turmushga chiqmogʻim kerak. Har nima boʻlganda ham men bu niyatimga erishaman!"
— Bunday boʻlgan boʻlishi mumkin emas, Sabina! Paskal-Bushelar oilasi ancha zamonlardan beri mening oilam bilan chiqishmas edi. Fransuaza men bilan tanish ham emas edi. Biz u bilan 1917 yilda mutlaqo tasodifan tarzda uchrashib qolganmiz. Oʻshanda yaralarim tuzalib, endi oyoqqa turayotgan edim...
— Tasodifan deysizmi? Aftidan, siz chindan ham bunga ishongansiz deyman? Holbuki, Elenning gaplari hozirgacha qulogʻimdan ketgani yoʻq. U oilasining ahvolini gapirib bergandi. Gap shundaki, urushning boshlanish chogʻlarida janob Paskal-Bushe sinib, xonavayron boʻlgan edi. U qimorboz edi. Ayni chogʻda kollektsionerlik bilan shugʻullanardi. Buning ikkovi ham koʻp pul talab qiladigan mashgʻulot... Qizlari uni doimo "bizning sultonimiz" deb chaqirishardi. U, shubhasiz, shu nomga loyiq edi... Fleredagi ota-bobolaridan qolgan qasrni tiklash uni uzil-kesil tamom qildi. "Menga qaranglar, qizaloqlarim, — dedi u Fransuaza bilan Elenga. — Bizning oʻlkamizda faqat ikkita xonadon bor: Tianjlar xonadoni bilan Kesnelar xonadoni. Agar biz oʻzimizni xalos etmoq niyatida boʻlsak, faqat shu xonadonlar bilan quda-anda boʻlmogʻimiz kerak". Qizaloqlar jangga tashlanib, qoʻshaloq gʻalabaga erishishdi.
— Bu voqeani sizga kim gapirib berdi?
— Boya aytdim-ku, opa-singil Paskal-Bushelarning oʻzi gapirib bergan.
— Bilib turib, meni ogoh qilmabsiz-da?
— Dugonamga pand berolmas edim-ku? Bundan tashqari, bir omadi chopgan-da, uni yakka-yu yagona imkoniyatdan mahrum qilaolmas edi. Axir, na Luveda, na Pon-de-l Erda sizga oʻxshagan anoyi Don-Kixotni mustasno qilganda, hech kim unga uylanmas edi-da... Bizning Normandiyada sinib misi chiqqanlarni yoqtirishmaydi.
— Nega bunday deysiz? Janob Paskal-Bushe hech qachon singan emas...
— Toʻgʻri. Lekin qanday qilib sinmay qolishga erishgan? Urush ketayotgan davrda uni hukumat qoʻllab turgan. Uning yana bitta kuyovi Moris de Tianj oʻsha paytlarda parlament deputati edi-da... Urushdan keyin esa... Oʻzingiz mendan koʻra yaxshiroq bilasiz-ku, oxir-pirovardida sizning bobongiz unga yordam berishga majbur boʻlgan... Qayin otangizning moʻljallari amalga oshdi... Oh, yana oʻsha muattar hid anqiyapti! Ayvonga yaqinlab qoldik, shekilli? Biroz toʻxtang, Antuan! Butunlay boʻgʻilib ketdim...
— Yuqoriga koʻtarilayotganda gapirib keldingiz-da... Shuning uchun nafasingiz siqqan...
— Qoʻlingizni yuragimga qoʻyib koʻring, Antuan... Gursillab urayotganini sezyapsizmi? Mang, dastroʻmolim bilan labingizni artib oling... Ayollar juda yaramas maxluq boʻladi, lab boʻyoqning jinday izi boʻlsa ham ular darrov sezadi... Voy, nima qilyapsiz? Labingizni oʻzingizning roʻmolchangiz bilan artib boʻlarkanmi? Roʻmolchada izi qoladi-ku? Risoladagi er boʻlmaganingizda bunaqa narsalardan allaqachon xabardor boʻlardingiz-a?.. Durust... Endi chap yelkangizni qoqib tashlang: unda upa izlari qolgan boʻlishi mumkin... Juda yaxshi! Ana endi hammaga bemalol koʻrinaverishingiz mumkin.

Bir necha daqiqadan keyin mehmonlar joʻnab ketishdi. Ayollar bir-birlari bilan quyuq xayrlashishdi.