OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnnamurod Jumaquliyev
Asar nomiToʻqlikning shoʻxligi (maqola)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Annamurod Jumaquliyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻqlikning shoʻxligi (maqola)
Annamurod Jumaquliyev

Men yaqinda taksi mashinasida boraturib, yoshgina bir haydovchi yigitning hasratini eshitib qoldim.
— Omon boʻlsak, kelasi hafta toʻyimiz, — dedi u.
— Juda yaxshi. Tabriklayman. Qoʻsha qaringlar, — dedim.
— Aytganingiz kelsin. Lekin toʻy tashvishi, eldan burun qaritadiganga oʻxshaydi. Toʻy xarajatini bunday xomchoʻt qilib koʻrsam, hammasi boʻlib 9 million soʻm atrofida boʻlar ekan. Kelinning oʻziga 2 million 200 ming soʻm toʻladik. Quda tomon «Karnay-surnaysiz toʻy-toʻy emas», deyishibdi. Bu ham 180 ming soʻmga tushdi. Toʻy deganlari bazmsiz boʻlmaydi, albatta. Otarchi deganlariga ham oʻt ketsin. Soʻroqlab-soʻroqlab borsam: «Akasi, 300 ming soʻmga zakalat berib ketganlar ham bor», deydi. Ogʻiz ocha olmay qoldim. 300 ming soʻm ajdarhoning ogʻzida. Menga oʻxshagan haydovchining bir yillik maoshi.

Ha, bir-biriga koʻngil qoʻyib, bir-birini chin qalbdan sevib, ixtiyoriy ravishda turmush qurishga ahdu paymon qilishgan yigit-qizlarimiz oldida ana shu xil oʻtib boʻlmas gʻovlar bor. Hozirgi barcha sohalar boʻyicha olib borilayotgan islohotlar davrida qiz chiqarish, kelin tushirish orzusida yurgan qanchadan qancha ota-onalar oʻzlari-oʻzlariga jabr qilayotganlari, qiz-oʻgʻillarining baxtiyor hayotiga raxna solayotganlarni tushunisharmikin? Holiga qarab ish qilgan xorimas, deydilar. Koʻrpangga qarab oyoq uzat, degan xikmatli maqol ham bor.

Meni kechirasizlar, yana bir muhim gap esimga tushib qoldi: Xalqimizda yigit-qizni unashtirish oldidan «Non sindirish» degan urf-odatlarimiz bor. Har ikkala tomonning otaligini olib, kuyov tomonidan qiznikiga borgan oqsoqollar unashtirishni dasturxonga qoʻyilgan maxsus nonni ushatib, ulashuvdan boshlaydilar. Non sindirilib, ulashilgach, kelin-kuyov haqida neklik tilab «uvalik-juvalik boʻlishsin» deb muborakbod qiladilar.

Ikki yoshni unashtirishda birinchi vosita non boʻlishining oʻzida ham ulugʻvorlikning ramziy ma’nosi bor. Yaxshi niyat bilan non ushatgan shu keksalarning oʻzlari har ikkala tomon imkoniyatlarini hisobga olib toʻy yukini biroz yengillatsalar savob ish boʻlardi. Qiz uzatuvchi qudalar ham oralaridan qil oʻtmas quda boʻlib qolardilar.

Keyingi yillarda ZAGSdan, ya’ni FXDYo boʻlimidan oʻtish ham katta toʻy marosimiga aylanib ketdi. FXDYo boʻlimidan chiqib restoranda beriladigan ziyofat yana yigit yelkasiga ogʻir yuk boʻlib tushadi.

Nikoh toʻyi oldidan yigit-qiznikida toʻy, ertasiga bazm, qozonda pishiriladigan quyuq-suyuqlar, dasturxonga tortiladigan turli-tuman noz-ne’mat, spirtli ichimliklar, parranda, qoʻy, mol goʻshtlari, baliq, tandir, manti, shashlik, palov...

Eh-he, nimalar qoʻyilmaydi toʻy dasturxoniga. Durust, noz-ne’matsiz dasturxon dasturxon emas, ammo bir kishi ikki-uch soat ichida qancha ovqat iste’mol qilishi mumkin. Dasturxon atrofida 500 kishi boʻladigan boʻlsa, koʻpincha 700 kishiga yetib ortadigan noz-ne’mat tayyorlanadi. Natijada ovqat-noz-ne’matning yarmidan koʻpi isrofga chiqadi. Bugina emas, toʻyda ham, azada ham katta-kichikka toʻrttadan non roʻmolchaga tugib, qoʻllariga tutqaziladi. Ayollarning dasturxonlari-chi. Toʻyga kelgan ayollarga yana qoʻshimcha non solib qaytariladi. Bu nonlar iste’mol qilinsa mayli edi-yu, mogʻorlaydi, oxiri nest-nobud boʻladi. Aziz nonimiz shu tariqa xoru zor.

Ha, oʻrni kelib qoldi. Men yana bir fikrni mulohaza tariqasida gazetxonlarga havola qilmoqchiman. Toʻy — ezgulik, har kimning orzu-havasi. Oʻlim, aza-chi? Oʻlim — boshga tushadigan ogʻir musibat. Mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻlar bu ogʻir judolikka hamdard boʻladi, uzoq yaqindan yetib keladi. Bu haqiqiy odamiylik, insoniylik burchi. Ammo aza, ta’ziya marosimlari hozirgi paytlarda katta bir toʻyning sarf-xarajatidan oshib tushayotganidan ham koʻz yummasligimiz kerak. Men bu yerda quyuq-suyuq tayyorlanib, ta’ziya das­turxoni bezatilishini birinchi navbatda koʻzda tutyapman. Yetti, yigirma, qirq, yil oshi, is qilish, mavlud, iftor va boshqa har xil ikir-chikir urf-odatlar, rasm-rusumlar ozmuncha sarf-xarajat, isrofchilikka sabab boʻlayotirmi?

Bolasi oʻlib jigar-bagʻri qonga toʻlgan, eri oʻlib bolalari yetim qolgan oilaga tashvish, ortiqcha sarf-xarajatlar dard ustiga dard boʻlayotganini payqamogʻimiz kerak. Bu tariqa yetim-esirning rizqiga zomin boʻlishning qay xil xayrli tomonlari bor ekan?

Haqiqatda biz savob ish qilamiz deb gunoh ish qilayotganimizni qancha tezroq tushunib olsak, shunchalik xayrli savob ish qilgan boʻlur edik. Gapning qisqasi — hozirgi urf-odatlarimizning qaysilaridan mutlaqo voz kechib, nimalarni qoldirishimiz va aniqrogʻi yana qanday urf-odatlar qabul qilmogʻimiz lozim? Mening fikrimcha, toʻy-hashamlarni ixchamlash, nooʻrin qilinayotgan ortiqcha xarajatlariga barham berish, oʻtkazilayotgan har xil ma’rakalarda isrofgarchilikka aslo yoʻl qoʻymaslik, ayniqsa tirikchiligimizning asosiy omili boʻlgan aziz nonni tejab-tergab sarf qilish uchun tumanlardagi barcha shirkat xoʻjaliklarida, qishloqlarda, mahallalarda marosimlarni oʻtkazish komissiyalarning ishiga qattiq turib nazorat oʻrnatilsa, toʻgʻri kelgan odamni emas, shirkat xoʻjaligi raisi, korxona rahbari, mahalla raisi toʻy komissiyasiga mas’ul qilib qoʻyilsa, juda ma’qul boʻlur edi. Bundan tashqari, har qanday marosimlarda erkak-ayolga non va pul ulashishga barham berish payti yetib kelmadimikin?

Tumanlarga madaniyat uyi qoshidagi xalq talantlari san’atidan keragicha foydalanib, barcha daromad qidirib yurgan insofsiz otarchilar toʻy ostonasiga yoʻlatilmasa, pul qistirishlardek sharmandalikka mutlaqo barham berilsa, nur ustiga nur boʻlur edi.

Annamurod Jumaquliyev