OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anor. Qizil limuzin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnor
Asar nomiQizil limuzin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ozarbayjon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonFaxriyor
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizil limuzin (hikoya)
Anor

«
Yetti doʻnglik shahrimda
Men gulimdan ayrildim.
Na oʻlimni tushunmoqlik,
Na undan qoʻrqmoqlik ayb.

Nozim HIKMAT
»

O. xayollari chuvalashib toʻxtadi, atrofga alangladi. Bu joylar unga tanishday, biroq tor koʻchani ilk daf’a koʻrib turishi. Bir-ikki qavatli uylar, eski, nuragan hovlilarning bad, qorishiq boʻylari, eshiksiz-derazasiz devorga borib taqalgan digʻriq – boshi berk koʻcha – hamma-hammasi O.ga vaqtiyu koʻnglidan olis, chirkin xotiralaridan sizib oʻtgan aralash-quralash tushlarining antiqa olamini eslatar edi. Bolalik xotiralarimikan bu?

Yoʻq, uning bolaligi bu mahallada kechmagan. Balki ancha yillar burun bu yerga biror qarindoshi, doʻsti yoxud tanishinikiga mehmon boʻlib kelgandir. Eslay olmadi. Uyidan ishxonasiga ham bu yoʻllardan oʻtib bormaydi. Buning ustiga, koʻngliga shaharning oʻziga daxli boʻlmagan mahallalarida sanqish gʻulgʻulasi ham hech tushmagan. Unda nega hamma narsa koʻziga, xuddi bu yerni qarichlab oʻlchab chiqqanday, tanish tuyuladi? Vujudini kemirgan tashvish, gʻalati besaranjomlik hissi qaerdan doridi?

U soatiga qaradi. Yarim kecha – komendantlik vaqti boshlanishiga juda oz qolgan edi. Imillamay bu yerdan – chalkash, befayz jinkoʻchalardan markaziy koʻchaga, shohkoʻchaga chiqish, soat oʻn ikki boʻlmasidan uyiga yetib olishi kerak, aks holda patrulning qoʻliga tushib qolib, tunni shu yaqin atrofdagi komendaturada oʻtkazishi hech gap emas.

Balki hammasiga oyning goʻyo oʻzga dunyolardan bu yerga kelganu gʻira-shirada xaroba tusiga kirgan imoratlar, chuvalgan kalava ipiga oʻxshash tor koʻchalar – umuman, quloqni tom bitirgudek sukunatga toʻla bu gʻaroyib makon ustidan hukm yurgizayotgan kumush-boʻz rang nuri sababchidir? Axir, u ma’nisiz va harakatsiz nigohini oy nuriga tikib, oydin yoʻlakdan beoʻx¬shov, ammo tantanali qadam tashlab borayotgan oyparast emas-ku! Hushi joyida, esini yemagan, vaqtni ham aniq biladi. Shunga qaramasdan, tushim emasmikan deya, yuragini siqayotgan, gʻaroyib parvozdan darak berib turgan vaznsizlik holatini his qilish uchun yerga oyoq tirab sakrashga urinib koʻrdi. Albatta, bundan bir ish chiqmadi. Yoʻq, u tush koʻrayotgani yoʻq. U, qoʻrquvdan tong qotgan chogʻingda jonsiz oyoqlaring bir joyga mixlanib qolganiday, uchish yoki boshqa biror harakatni his qilmayotgan edi.

Lekin u bemahalda bu yerlarda nima qilib yuribdi? Nega keldi bu yerga oʻzi, qachondan beri manavi notanish koʻchalarda sanqib yuribdi? O. qanchalik tirishmasin, savollarga joʻyali javob topa olmadi. Ichuvchi boʻlganida ham goʻrga edi, ha, endi mastlikda boʻlib turadi-da, adashib, gadoytopmas joylarga kelib qopti, desa... Oʻlganning ustiga tepganday, yuragida uygʻongan va sal boʻlmasa bosinqirashu vahimaga aylanayozgan xavotirni aytmaysizmi! Hozirning oʻzida, bir-ikki daqiqa ham oʻtmay dahshatli bir falokat roʻy beradiganday, koʻngilni alagʻda qilayotgan tutqich bermas his...

U qoʻqqisdan oʻzining tor yoʻlakli digʻriq devoriga tikilib turganini sezib qoldi. O. shart burildi-da, yoʻlak boʻylab yurib ketdi, muyulishga qayrildi-yu, yana teshik-tuynuksiz devorga roʻpara keldi. Qamalib qoldim, degan xayol urildi miyasiga. Lekin zum oʻtmay koʻzi devordagi ensiz eshikka tushdi va shoshib shu tomon yurdi. Uni itarib ochdi, ammo oʻylaganidek, hovliga emas, xuddi anovisiga oʻxshash boshqa bir tor yoʻlakka chiqib qoldi. Birdan yelkasidan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Shunda u oʻzini qoʻrqitib yuborgan narsa uzoqdan kelayotgan elas-elas tovush ekanini angladi – oʻsha tovushni boʻgʻiq yigʻi-sigʻi deb oʻylagan, mana, endi aniq-tiniq eshitib bilsa, bu, bor-yoʻgʻi, motor shovqini ekan. Oʻt oldirilgan moshinaning motori. Bir oz oʻtib motor qiziydiyu moshina joʻnab ketadi. Ammo... bemahalda, bu ham yetmaganday, mana bunday tor, tang jinkoʻchada moshinaga balo bormi? Hali qorasi koʻrinmagan moshina uning yuragiga yana gʻulgʻula soldi. Sababini tuzukroq anglab yetmay turib, uning koʻnglidan bu moshinaga illo-billo roʻpara kelmay, tezroq qochib qolish kerak, degan fikr oʻtdi.

O. qadamini tezlatgani sayin moshina sasi ham yaqinlashib kelaverdi – vahimaga tushib, qocha boshladi. Qocharkan, moshina tor yoʻlakdan katta tezlikda oʻtib keta olmaydi-ku, degan oʻy miyasida aylanardi. Orqadan motor shovqini juda yaqin kelib qolganini sezdi. O. Oʻzini majburlab oʻgirildi. Yigirma qadamcha narida koʻchani toʻldirib, ustiga bostirib kelayotgan kattakon qizil limuzinni koʻrdi. Jon shirinlik qilib, duch kelgan eshikni itarib ochib, xuddi singib yoʻq boʻlib ketmoqchiday, nafasini ichiga yutgancha devorga qapishib oldi. Ayni choqda motorning ovozi pasa¬yib qoldi, moshinani oʻchdi deb taxmin qilish mumkin edi. Biroq qizil limuzin toʻxtab qolmagan, faqat tezligi susaygan edi, xolos. U O. qapishib olgan eshikka tobora yaqinlashib kelar edi.

...va goʻyo moshina saloni boʻsh ekanini O. koʻrishi uchun naqd uning roʻparasiga kelib toʻxtadi. Salon, darhaqiqat, boʻsh, boʻm-boʻsh edi. Haydovchining oʻrnida hech kim yoʻq.

* * *

U odatdagiday yettiga toʻgʻrilab qoʻyilgan soat zangidan uygʻonib ketdi. Garchi dahshatli tush titrogʻi oʻtib ketmagan boʻlsa-da, oʻz uyida, yotogʻida ekanini, butun koʻrganlari tushida sodir boʻlganini anglagach, oʻziga kelib qoldi. Kulimsirab, bosh irgʻab qoʻydi.

Yangi kun boshlanayotgan edi. Oʻrnidan turishi, yuvinishi, soqol olishi, choy ichishi va ishga joʻnashi lozim. Qilinishi kerak boʻlgan bugungi ishlarning ham kechagi, ertangi, bir yil, oʻn yil oldingi, bir yil keyingi yumushlar bilan oʻxshashligini eslab yuragi siqildi. U, garchi imkoni boʻlmasa-da, yana birpas mizgʻib olib, oʻzini aldamoqchiday koʻzlarini yumdi, lekin azaliy odati pand berib, toʻshakdan turib ketdi: bugun ham hayotiy koʻnikmasiga aylanib qolgan kun tartibiga rioya qilishi shart edi.

O. yarim soatlar oʻtib, oʻzi soʻqqabosh yashaydigan kvartirasi eshigini tambalab, zinapoyadan pastga enardi. U besh daqiqadan soʻng 7-avtobusga oʻtirib, metro stantsiyasiga yetib olishi, metroda esa toʻrt bekat yurishi, metrodan chiqib, ishga, toʻgʻrirogʻi, ish joyigacha yana yuz qadamcha bosishi kerak. Oʻn sakkiz yildan beri shu holat – bir vaqt, bir ulov, bir yoʻnalishda aynan takrorlanar edi. Dam olish kunlari, ta’tillar, betob kunlarini hisobga olmaganda, oʻn sakkiz yil...

O. sigaret tutatgancha, yoʻlak eshigidan tashqari chiqayotib, roʻparasidagi piyodalar yoʻlkasi yonida turgan qizil limuzinga koʻzi tushdi. U bir sapchib tushdi, qadamlari sustlashdi. Bu oʻsha tushida koʻrgan limuzin ekaniga qasam ichib, shahodat berishi mumkin. Xuddi tushidagidek, moshina ichida hech zogʻ yoʻq. Biroq oyloq tushidan farqli oʻlaroq, hozir koʻcha tonggi quyosh nurlaridan charogʻon, bu yerda biror sir yoʻq va, binobarin, qizil limuzin ham biror xatar tugʻdirmas edi. Moshinaga oʻxshagan moshina, biror avlo joyi yoʻq, oddiy moshinalarday turibdi joyida. Balki O. uni koʻrgan-u, parishonxotirligi bois e’tibor bermagandir, oʻsha moshina gʻayriixtiyoriy tarzda botiniy ongiga oʻrnashib qolib, tushiga kirish uchun payt poylab yotgandir.

Kuchanib gʻoʻrillagancha yaqinlashib kelayotgan eski avtobusni koʻrgan O. bekat tomon ildamladi-da, doimo tirband yuradigan bu ulovning orqa eshigidan turtina-surtina chiqib oldi. Shunda beixtiyor avtobus derazasidan uyi tomon koʻz tashladi. Qizil limuzin hamon oʻsha joyda turar edi.

Ikki bekatlar yurilgandan soʻng aksariyat yoʻlovchilar tushib, avtobus boʻshab qoldi. O. boʻsh joylardan biriga choʻkib, u yoqdan-bu yoqqa shoshilayotgan odamlarga, avtobusni quvib oʻtayotgan, qarama-qarshi tarafdan kelayotgan moshinalarga, oʻzi yonidan ming martalab oʻtib-qaytgan uylarga parishonxotir termular, fikrini bir yerga jamlashga urinar edi. Endi u avtobusni chap yoki oʻng yonidan quvib oʻtayotgan moshinalarni, xuddi nimanidir izlayotgan yoki kutayotganday sinchiklab kuzata boshladi. Miyasidagi gʻira-shira oʻylar aniq bir fikrga doʻndi-yu, beixtiyor istehzoli kulimsiradi: «Izlayotganim anavi qizil limuzin emasmi? Uni koʻrmaganimga ham ancha boʻldi, odam sogʻinar ekan».

U avtobusdan tushib, oʻn qadam ham yurmagan ediki, metroga kiraverishda yoʻlkaga taqab qoʻyilgan qizil limuzinga koʻzi tushdi. Yana moshina ichida hech kim yoʻq edi.

O. metroning oʻziyurar zinasidan enib borar ekan, balki shaharga juda koʻp qizil limuzin keltirilgandir, shuning uchun ham ularni har qadamda uchratayotgandirman, deb oʻyladi. Ammo uning tushlariga kirib chiqishini aytmaysizmi? U oʻzining zoʻraki kulimsiraganidan ijirgʻandi. Yelkasida yengil bir titroq turdi. «Agar bu oʻsha moshina boʻlsa-chi? Meni ta’qib qilib yursa-ya?» Shu asno miyasiga lop etib boshqa bir fikr urdi: «Tavba! Ta’qib qilar emish! Sening kimga keraging bor?» Shuning barobarida O. Oʻsha qizil limuzinni yana uchratsam albatta raqamiga qarab olaman, deb koʻngliga tugib qoʻydi. «Oʻh, demak, sen bu ikkalasini ham bir moshina deb oʻylayotgan ekansan-da?.. Obbo, gapini qarang!»

Mana shunday gʻulgʻula bilan andarmon boʻlib O. umrida birinchi marta tushishi kerak boʻlgan bekatdan oʻtib ketib qolsami. Qarama-qarshi tarafdan kelayotgan poezdga oʻtirib, ortiga qaytishga majbur boʻldi. U metrodan chiqa¬yotib, yana qizil limuzinga duch keldi. Bu safar ajablanmadi ham, faqat ichida odami boʻlmagan moshinaning raqamiga koʻz tashladi: «19-91. Tanish-bilishchilik qilib olingan nomer. Oʻtib borayotgan yilga ham toʻgʻri keladi: 1991 yil. Xoʻp, nima boʻpti shunga?» U yelka qisib qoʻydi: «Oddiy tasodif».

U kundalik qatnov yoʻlining soʻnggi qismini bosib oʻtar ekan, oʻylab qoldi: nahotki tahririyat oldida ham qizil limuzin turgan boʻlsa? Shunisi ham yetar. Bunday boʻlishi mumkin emas. Metrodan uning idorasiga olib boradigan boshqa yoʻlning oʻzi yoʻq. Demak, qizil limuzin uni quvib oʻtishi kerak edi. Shunda uning haydovchisiga koʻzi tushgan boʻlardi. Axir, bu moshinalar oʻz holicha kezib yuradigan tush emas-ku...

U atrofni, oʻzini quvib oʻtayotgan moshinalarni diqqat bilan kuzatar, lekin na ular safida, na tahririyat binosi yonidagi avtomobillar orasida qizil limuzin bor edi.

O. liftda sakkizinchi qavatga koʻtarilib, oʻz kabinetiga kirdi. Kabinet derazalari hovliga qaragan edi. Shu paytgacha e’tibor qilmagan ekan, lekin hozir bundan afsuslandi: derazadan koʻchaga boqib, tashqaridagi moshinalarni kuzatib oʻtirishi mumkin edi, qizil... «Yoʻq, esimni yeb qoʻyganga oʻxshayman, – deb oʻyladi O. jahli chiqib. – Nega shu jin urgur qizil moshina xayolimdan ketmay qoldi?»

U kunboʻyi tahririyat ishlari bilan band boʻldi: ertan chiqadigan gazeta sahifalarini oʻqidi, keyingi sonlarga moʻljallangan maqolalarni tahrir qildi, xatlar bilan tanishdi, shular bilan chalgʻib, tamaddi qilib olish ham xayolidan koʻtarilibdi, soat toʻrtlarga borib, ochiqqanini sezdi. U oltinchi qavatdagi bufetga tushdi.

Tasodifni qarangki, bufet derazasi ham koʻchaga qaragan edi. O. tushlikka pul toʻlayotib, beixtiyor derazadan tashqari moʻraladi. Pastdagi moshinalardan birining rangi qizil edi. Ey, oʻsha boʻlmasin tagʻin?

O. beixtiyor taxminini tekshirib koʻrmoqchi boʻlib birinchi qavatga tushdi-da, koʻchaga chiqib, moshinaning oldiga bordi va nomeriga qaradi: 19-91.

O. nigohlarini qizil limuzinga qadab, hoziroq bir falokat roʻy beradiganday joyida tek qotib qoldi. Ehtimol, kimdir moshina yoniga kelib, unga oʻtirishini va bu noxush hodisaga barham berishini kutgandir. Lekin hech kimdan darak boʻlmadi.

Ish kuni tugab borar, tahririyat oldiga qoʻyilgan moshinalarga egalari kelib oʻtirar va joʻnab ketar edi. Vaqt oʻtgani sayin ularning qatori siyraklasha bordi. Qolgan besh-olti moshina orasida qizil limuzin ham bor edi. O. Daf’atan oʻzining anchadan beri yoʻlkada, moshinalar oldida kimnidir yoki nimanidir kutib turganini sezib qoldi. Endi kutishdan foyda yoʻq. Bu yerda ertalabgacha qaqqayib tursa ham nafi boʻlmasligi, qizil limuzinni minib ketgani hech kim kelmasligi turgan gap. Negadir bunga ishonchi komil edi. Boz ustiga, uning koʻnglida hozir joʻnab ketsam, uni ertalabgiday uyimning eshigi oldida koʻrishim aniq, degan ishonch ham paydo boʻldi. Nega bu gʻalati ishonch miyasiga oʻrnashib qoldi, oʻzi ham tushuntirib bera olmaydi.

O. uyiga joʻnadi. Aftidan, moshinalarni kuzatish joniga tekkan, shuning uchun oʻtgan-ketgan yoʻlovchilarga ham e’tibor bermay qoʻygan edi. Koʻnglida, bu ishlar yaxshilik bilan tugamaydi, degan bir alagʻdalik bor edi. U xuddi begona shaharga borib qolganday his qilardi oʻzini. Tabiiyki, bu his O.ga yot emas, keyingi ikki-uch yil ichida u oʻz shahrini taniyolmay qolgan edi. Shahar tobora befayz boʻlib borayotganday, eski hamshaharlari goʻyo boshqa birovlarga almashtirib qoʻyilganday edi. Na chora. Shaharda O.ning doʻstlari, ogʻaynilari, hatto tanishlari kundan-kunga kamayib borardi. Hatto shahardagi binolar, koʻchalar, maydonlar ham oldingi fayzini yoʻqotdi, xiralashdi, tundlashdi, dagʻallashdi. Ilgarilari O. uydan chiqib yuz qadam yurmayoq albatta ikki-uch tanishini uchratar edi, bugun esa shaharni soatlab kezsa ham biror tanishi bilan salom-alik qilishi dargumon.

O. Gʻussali xayollarga tolgancha metroga yaqinlasharkan, yoʻlka boʻyida 19-91 raqamli qizil limuzinni koʻrib qoldi. Bu yerga qachon, qanday qilib kelib qoldi ekan? Axir, tahririyatdan metrogacha faqat shu yoʻl bilan kelinadi. O. hozirgina piyoda kelgan bu yoʻlda hech qanday qizil limuzin uchramadi-ku? Yo har doimgi parishonxotirligi sabab e’tiborsizlik qildimikan? Nima boʻlganda ham moshina shu yerda turar, ichida esa yana hech kim yoʻq edi.

O.ning koʻnglidagi ayqash-uyqash hislarni bir nom bilan atash mushkul, ammo ularning yoniga yana bir his – qoʻrquv kelib qoʻshilgani aniq edi. Kimdir atay uni tushuniksiz bir oʻyinga tortayotgan, bu oʻyin u ishga qatnaydigan yoʻl boʻylab davom etayotgan edi. Na chora. O. ichidan gupirib kelayotgan gʻazab aralash, mayli, oʻyin boʻlsa, oʻynaganim boʻlsin, lekin uning qoidasini, raqiblarim kimligini bilishim, hech qursa, koʻrishim kerak-ku, derdi oʻziga-oʻzi. U metro vagonida shu haqda oʻylab ketdi. Demak, «ular» O.ning qatnov yoʻlidan xabardor... Iziga tushishgan, xoʻsh, buning nima qiyin joyi bor? Bu ularning qoʻlidagi kuzir. Kim ekan oʻshalar? Bilganida bormi? Balki oʻshanda oʻyin boshqacharoq boʻlar, uning qoidasi boʻyicha oʻynalarmidi? «Mayli, kuzir ularning qoʻlida boʻlsa, oʻyinni buzish mening qoʻlimda. Hozir har doimgiday metroning oʻzim tushadigan bekatidan chiqsam, oʻsha qizil limuzinni koʻrishim aniq. Men esa toʻrtinchi bekatdan emas, ikkinchisidan... chiqaman». Nega aynan ikkinchisida ekanini O. metrodan koʻchaga chiqib angladi. Bir zamonlar u deyarli har kuni metroning aynan shu stantsiyasidan chiqar, ammo ikki yildan buyon bu yerlarda qorasini koʻrsatmas edi. Metroning shundoq yonginasida kotiba yashardi. Hamma balo shunda ekan.

* * *

Kotiba ham tahririyatda ishlar edi. Kunlardan bir kuni, toʻgʻrirogʻi, bir tuni kotiba bilan O.ning gazeta soniga navbatchiligi toʻgʻri kelib qoldi. Ular yarim kechasi gazetani topshirib, koʻchaga birga chiqishdi. Tabiiyki, O. uni uyigacha kuzatib qoʻydi. Undan-bundan, ishdan, xodimlardan, ob-havodan, turmush tashvishlaridan gaplashib ketishdi. Birga ishlayotganiga bir yil boʻlsa-da, hali biror marta bunga oʻxshash koʻngilga erk beradigan vaziyatga tushishmagan edi. Endi esa boʻlar-boʻlmas narsalar haqida valdirab, negadir ikkalasi ham bu kech bir-biridan ayrilmasligiga ishonar edi. Yoʻq, faqat bugun, faqat bir kecha emas (Bunga keyinchalik kotiba ham iqror boʻldi).

Kotiba navnihol, dirkillagan, goʻzal, bu ham yetmaganday, bir oʻzi turar edi. O. esa boʻydoq. Hozirgiday. Har doimgiday. Shu voqea roʻy berganiga ham besh yil boʻlibdi. Demak, oʻsha paytlar O. besh yoshlar yoshroq ekan-da.

Kotibaning kamtarligini hisobga olsak, u qilgan nimishora, nimtaklif va nimda’vatlarni, bir piyola choyga kirsangiz, deb tushunish mumkin edi. O. esa niyatiga yetish uchun atayin choʻntaklariga shapillatib urib, qitmirlik qildi: gugurt faqat uyda boʻlishini bila turib, kotibadan gugurt soʻradi. Lekin gap bunda emas, muhimi, oʻsha soʻlim kecha ularning bir-biriga aytgan soʻzlari ham, qilgan imo-ishoralari ham – hamma-hammasi tabiiy va yarashiqli edi. Kech boʻlib qolgani eslariga tushganida metro allaqachon yopilgan edi.

O. kotibanikida yotib qolishga majbur boʻldi, bu ham tabiiy bir yoʻsinda kechdi. Oshiq-ma’shuqlik uch yil davom etdi. Bu orada ular bir-biridan toʻygan, hatto bir-birining joniga tekkan ham ediki, ikkalasini bogʻlab turgan koʻrinmas rishta asab tolasiday taranglashib, ogʻriqsiz uzilar holatga kelgan edi. Gapning indallosi, har narsaning intihosi bor. Shuning uchun boʻlsa kerak, kotiba – tashlandiq boʻlishni xohlamay – tahririyatdan boʻshab keta qoldi. Ishdan ketganidan soʻng oradan bir oy oʻtib, O. qoʻqqisdan uni yoʻqlab bordi.

Kotibaning uyiga mehmon – yangi ish joyidagi dugonalari kelgan ekan. U O.ni sovuq qarshi oldi, shu sabab odob yuzasidan birpas oʻtirib, xayr-xoʻshlashib keta qoldi. Oradan bir hafta oʻtib, unikiga yana keldi. Bu safar kotiba uyida yoʻq ekan. Keyinchalik yana bir bor yoʻqladi – topolmadi. Shundan soʻng yana eski tegirmon toshi aylanib ketib, ishga koʻmildi-qoldi, kotibani unutdi.

Bu ayriliq uni na qiynadi, na azob berdi. Yuragi aqalli qilt etmadi, qizni deyarli sogʻinmay qoʻydi. U bir oʻzi yashashga oʻrganib ketgan, yolgʻizlikdan aziyat chekmas edi.

O. ba’zan ayollar bilan tanishar, don olishar, ularni uyiga yetaklab kelar yoki ularnikiga mehmonga borar edi. Tabiatan kamgap boʻlgani uchun tanimaydigan birortasi u bilan birga oʻtirib qolsa, zerikkanidan «tars» yorilib ketay der edi. Shuning uchun u bilan tanish-bilishlik, nari borsa, bir-ikki soat davom etardi. O. tanishini oylab eslamasligi ham mumkin edi.

U ikkinchi bekatda tushib, metrodan chiqdi, limuzin-pimuzin degani yoʻq. Bundan ajablanmasa ham boʻladi: uning bu yerdan chiqishi kimning xayoliga kepti deysiz? Bu fikr oʻzining ham miyasiga tasodifan kelib qolmadimi, axir!

Oyoqlarining oʻzi uni eski odatga binoan kotibaning uyiga boshlab keldi. Mana tanish zinapoya, ikkinchi qavatdagi pillapoyalardan birining kemtigi bor, qoqilib, peshonangni gʻurra qilging kelmasa, ehtiyot boʻlganing ma’qul. O. uchinchi qavatga chiqib, xuddi kechagina bu yerdan ketganu orada ikki yillik ayriliq boʻlmaganday eshik qoʻngʻirogʻini bosdi.

Eshik ortida qadam tovushi eshitildi va:

– Kim u? – degan ovoz keldi.

U javob berdi.

Eshik ochildi. Kotiba O.ni koʻrib hayron boʻldi.

– Senmisan? Qanday shamol uchirdi?

U, shu yaqin atrofda bir ishim bor edi, biryoʻla seni ham koʻrib ketay dedim, deb mingʻirladi. Ular hamon ostonada turishar edi. Nihoyat qiz uni ichkariga taklif qildi.

– Kir, – dedi qiz. – Faqat, aybga buyurmaysan, uy toʻzib yotibdi. Mehmon kelishini kutmagan edim.

Xona gʻarib bir ahvolda edi. Boʻm-boʻsh, jihozsiz. Faqat devorda bir toshoyna qolgan. Surat chorchoʻpi osilgan mixlar, rangi oʻngib ketgan gulqogʻozli devorda yillab osilib turgan oʻsha suratlar oʻrni qora iz boʻlib qolgan edi. Xona kunjagidagi karton qutilarga kitoblar joylangan, qutilarga sigʻmaganlari yerda, deraza rafida sochilib yotar edi. Devordagi oyna O.ga kotibani suygan onlarini eslatdi, u boʻlsa O.ning oynaga tushgan nigohidan xayoliga nimalar kelganini uqib oldi. Xona burchagidagi parket rangi polning boshqa joylaridan boʻlakcha edi. Yerdagi qora toʻrtburchak ular bir-birini suygan karavot oʻrni edi. O. hatto purjinalar gʻichir-gʻichirini ham eshitganday boʻldi.

– Xayrlashgani keldingmi? – deb soʻradi kotiba choʻzilib ketgan oʻngʻaysiz jimlikni buzib.

– Xayrlashish deganing nimasi? – taajjublanib unga qaradi O. – Yo koʻchyapsanmi?

U tasdiqlab bosh irgʻadi.

– Uyingni alishtirdingmi?

– Yoʻq, vatanimni.

O. birpas jimib qoldi-da, soʻngra gap qotdi:

– Nima ham derdim. Hozir bu urf boʻlgan… Sir boʻlmasa, qaerga?

– Uzoqqa, – nim tabassum qildi qiz. – Boshqa qit’aga, okean ortiga.

O. kotibaning onasi juhud boʻlganini, Amerikada qarindoshlari, xolasimi, togʻasimi borligini esladi. Buni unga qizning oʻzi aytgan edi.

– Qachon ketyapsan?

– Indinga, – dedi u. – Hamma narsani sotdim, bugun karavotni ham olib ketishdi. Endi yerda yotib uxlashimga toʻgʻri keladi.

– Mana bu kitoblar-chi?

– Ularni ertaga olib ketishadi. – Keyin birdaniga esiga tushib qoldi. – Oshxonadan ikkita istakan topiladi. Hozir senga choy qoʻyib beraman.

– Keragi yoʻq, – dedi O. Lekin kotiba oshxonaga chiqib boʻlgan edi.

O. metro stantsiyasiga qaragan deraza yoniga kelib koʻchaga tikildi. Ke¬yin oʻzining oynadagi aksiga koʻzi tushdi: yuzi salqigan, ajinli koʻzlari ostida xaltachalar, sochi oppoq. Yoʻq, unga sochi oqarmagan, aksincha, mogʻorlab ketganday tuyuldi.

U qoʻliga ilingan kitobni olib parishonxotir, hech bir maqsadsiz varaqlar, qaytib joyiga qoʻyar edi. Eski entsiklopediyalar, koʻp tomliklar, lugʻatlar, ma’lumotnomalar deganday. Ularning orasida nodir kitoblar ham koʻrinib qolardi. Koʻp sahifalarning hoshiyalari qalamda qoʻyilgan belgilar bilan toʻlib ketgan, matnning oʻzida esa tagiga chiziq tortilgan joylar bisyor edi. Bu kitoblar yengil-elpi oʻqilmagani shundoq koʻrinib turardi.

Kotiba oshxonadan ikkita suyanchiqsiz kursi keltirib, bittasini O.ga uzatdi:

– Oʻtir.

Yana qaytib borib, bir istakan choy bilan qanddon olib keldi-da, ikkinchi kursiga qoʻydi.

– Juda boy kutubxonang bor ekan, – dedi O. – Bilmagan ekanman.

– Sen nimani bilarding oʻzi? – dedi hazil aralash qoʻl siltab kotiba. –Ota-onamdan qolgan... Ba’zi kitoblarni keyinchalik oʻzim sotib olganman...

O. e’tibor qilmay, bosh chayqadi.

– Sening xayoling doim boshqa yoqda boʻlar edi. Ostona hatlading deguncha menga tirgʻalib, toʻshakka tortar eding. Ishing bitgandan keyin esa qochib qolishni oʻylab tinmay soatingga qarar eding. Men esa seni bunday noqulay vaziyatdan qutqarish uchun: «Shoshilyapsan, ishing bormi deyman?» der edim. Sen boʻlsang: «Ha-ha, zarur bir ishim bor, ketmasam boʻlmaydi», deb juftakni rostlab qolar eding.

O. ham esladi: doim shunday boʻlardi, bu haqda koʻp gaplashilgan oʻsha paytlar, ammo ikkovi ham hozirgiday befarq emas edi. Bora-bora suhbatlari zerikarli, achchiq-tizziq tus ola boshladi, ular asta-sekin bir-biridan sovishiga, ehtimol, shu ham sabab boʻlgandir. O. Oʻsha eski, mutlaqo bema’ni suhbatlarni eslashni sira istamasdi. U «plastinka»ni oʻzgartirdi.

– Hoshiyadagi belgilarni otang qoʻyganmi? – dedi u qalamda qoʻyilgan belgilarni koʻrsatib.

– Ba’zilarini otam, ba’zilarini esa onam... – dedi kotiba jilma¬yib. – Harqalay, men qoʻymaganman.

– Otang inglizchani bilarmidi?

– Ha, nemischani ham. Forschani ham.

– Bu kitoblarni kimga qoldirib ketyapsan?

– Ularni sotdim.

– Sotding? Kimga?

– Har kimga. Birovni bir xil kitoblar qiziqtiradi, boshqalarni – boshqasi.

– Achinmaysanmi? Axir, ularda ota-onangning qaydlari bor-ku...

– Na chora? Gap bilan qorin toʻymaydi. Ota-onam ham, kitoblari ham oʻlib ketdi. Mening boʻlsa hali yashashdan umidim bor.

– Kitoblarni ham oʻldi deyapsanmi? Qanaqasiga?

– Nimasini tushunmaysan? Mana shu kitoblarni oʻqigan, yiqqan, ular haqida oʻylagan va hayotining bir boʻlagi deb hisoblagan odamlar oʻlsa, kitoblari ham ular bilan birga ketadi, ya’ni kitob ham qazo qiladi. Yangi xoʻjayin qoʻliga oʻtgach, ular endi avvalgi kitob boʻlmay qoladi. Ba’zi birovlar kitobsiz yashay olmaydi, lekin men ular xilidan emasman, – hazil qildi qiz. – Koʻrib turganingday, ularsiz ham binoyiday yashab yuribman. Men koʻp narsasiz yashashim mumkin.

– Masalan, vatansiz ham, – dedi O. atay chaqib olish uchun.

– Masalan, muhabbatsiz ham, – deb qoʻydi kotiba ma’yus ohangda.

O. avvallari kotibani bunaqa ahvolda koʻrmagani uchun qiziqsinib qaradi.

– Lekin, – davom etdi kotiba bir oz jimlikdan soʻng, – kitobni, uni oʻqishni, oʻylashni yaxshi koʻraman... Mazmunini emas, umuman, u haqda oʻylashni... Mana, qara: shu kitoblarning qanchasi ellik yillab sen bilan birga yashaydi, menga ular tokchalarda yonma-yon turaverganidan bir-biriga ham oʻrganib qolgan, ba’zan ichidagi fikrlar biridan ikkinchisiga oʻtganday, qahramonlari kechasi hamma uyquga ketganda bir-birinikiga mehmon boʻlib borganday, suhbatlashganday, bahslashganday, janjallashganday tuyuladi. Xuddi men bilan senga oʻxshab, ularning har biri – bir olam.

– Biz janjallashmaganmiz.

– Ha, toʻgʻri. Endi buning ahamiyati yoʻq... Harqalay mana shu kitoblar bir oila edi. Endi boʻlsa ular bir-biri bilan xayrlashmoqda, chunki oila tarqab ketyapti. Ertaga ular bir-biridan uzoqda, shaharning har tarafida, boshqa-boshqa odamlar qoʻlida boʻladi. Boshqa hech qachon koʻrishmaydi. – Kotiba jim qoldi va qoʻshib qoʻydi. – Xuddi men bilan senday.

– Rahming kelyaptimi? – dedi O. kitoblarni nazarda tutib.

– Yoʻq, endi kelmayapti, – deb javob berdi kotiba oʻzi bilan O.ni nazarda tutar ekan.

– Hali shunaqaman de? – dedi O. xayolchan. – Nega oldinroq bunaqa gaplashmagansan... men bilan?

– Esingda boʻlsa, sen bu yerga gaplashgani kelmas eding.

– Jahling chiqmasin...

– Yo gapim notoʻgʻrimi? Ishda oʻta rasmiy gaplashardik, bilmadim, mengami yoki oʻzinggami gap tegishidan qoʻrqar eding, uyda esa... Xayolingga bosh¬qa narsa kelmasin, men hozir faqat oʻsha vaqtni esladim. Senga hech qanday da’vom yoʻq... Hatto, da’vom boʻlishi kulgili-ku... Oqar suvlar allazamonlar oqib ketdi...

O. bu yoqqa kelayotganda shu gaplar xayolida ham yoʻq edi, lekin ilkis uygʻonib ketgan xotiralar uning kotibaga boʻlgan maylini yana qoʻzgʻab yubordi va ular hech qachon bir-birini mana shunday ship-shiydam devorlar orasida, boʻm-boʻsh yerda... sochilib yotgan kitob va gazetalar orasida suymaganini oʻylab xayoli qochdi. Koʻngli sust ketib, kotibaning yoniga bordi, quchmoqchi boʻldi, biroq u muloyim, ammo keskin qarshilik koʻrsatdi.

– Keragi yoʻq, – dedi kotiba, – oqar suvlar oqib ketdi. Oldinlari seni eslab turar edim, lekin keyingi paytlarda tushlarimga ham kirmay qoʻyding. Ketish oldidan sen bilan xayrlashish istagi yuragimga oʻrnashib qolgan ekan. Xayolimdan koʻp marta oʻtgan biror istak yuragimga oʻrnashsa, amalga oshmay qolmaydi. Mana, oʻz oyogʻing bilan kelib oʻtiribsan. Rostdan ham ketayotganimni eshitmaganmiding?

– Eshitganim yoʻq. Tasodifan kirib qoldim. Bir ishim bor edi...

– Qanaqa ish ekan?

O. qizil limuzinni ogʻzidan gullab qoʻyishiga sal qoldi, lekin tilini tiydi: nimani ham aytardi? Shu bugunning oʻzida bitta moshinani ikki-uch marta koʻrganinimi? Nima boʻpti shunga? Koʻrsa koʻribdi-da.

Qolaversa, kotiba oʻzidan juda uzoqlashib ketgan edi. O. bilan xuddi boshqa dunyoda turib gaplashganday gaplashdi.

O.ning koʻnglida birdan oʻziga befarq qarab turgan oynani chil-chil sindirish istagi bosh koʻtardi, biroq toshoynani sindirish baxtsizlik keltirishini ayni vaqtida eslab qoldi. U shu tobda na oʻzining, na kotibaning baxtsizligiga rozi edi. Balki kotiba hali sirtida O. ikkovining aksi sovib ulgurmagan muhabbatlari toshoynasini ham sotgandir: uni ham boshqa uyga olib ketib, bir begona devorga osib qoʻyishar, balki shunda u sovuq sirtida boshqa hayot, boshqa bir muhabbatni aks ettirar.

Faqat xayrlashishsa boʻldi, endi O.ni tovushu ovozlar mozoriga aylangan boʻm-boʻsh xona bilan bogʻlab turgan narsaning oʻzi qolmagandi. Ketish kerak. U garchi qayta koʻrishish hech qachon nasib etmasligini bilib tursa-da «Mayli, omon boʻl. Balki yana qachondir, qaerdadir koʻrishish nasib etar», dedi.

O. ostonada kotibaning peshonasidan oʻpib, zinapoyadan ena boshladi. Ikkinchi qavatda kemtik zina borligi esidan chiqibdi, qoqilib ketib, yiqilishiga oz qoldi. Boshini koʻtardi. Kotiba zinapoya supasida turar edi. O. tepaga qaraganida qoʻl silkib qoʻydi. Jilmayganday tuyuldi. U yoʻlida davom etdi, tepadan yopilayotgan eshikning gʻiyqillashi eshitildi. Bu gʻiyqillash karavotning ingragan purjinalarini eslatdi, shundagina u kotiba bilan vidolashganini aniq his qildi. Daf’atan yana shuni ham tushundiki, garchi yillab koʻrishmagan boʻlsa-da, kotiba shahardagi yakkayu yagona yaqin odami, qizil limuzindan faqat unga gap ochishi mumkin ekan.

Shunda oldiga qaytib borib: «Ketma, oila quramiz, birga yashaymiz, kitoblaringni hech kimga sotmaymiz» yoki «...hech boʻlmasa, faqat shu kecha birga boʻlaylik, yerga kitoblarni toʻshaymiz, eski gazetalarni yopinamiz, bir-birimizning pinjimizga kirib, bor dunyoni unutamiz», deb aytsammikan degan fikr keldi miyasiga.

Lekin buning iloji yoʻq edi: hammasi hal boʻlgan, endi hech narsani ortga qaytarolmaydi, bunga aqli yetib turibdi.

O. koʻchaga chiqqanida qizil limuzin shundoq eshik oldida metin qoyaday savlat toʻkib turganini koʻrdi. O. ajablanmadi ham, qizil limuzin uni shu yerga ham topib kelgani tabiiy, oddiy bir gapday, xuddi shunday boʻlishi kerakday edi nazarida. Yuragida hadik-xavotir yoʻq. Bamaylixotir metro tomon yurib ketdi. Yomgʻir shivalab yogʻardi. Goʻyo begonadek boʻlib qolgan shaharda faqat yomgʻirgina unga tanish edi. Hamma, hamma narsa begona, butunlay oʻzgarib, fayzini yoʻqotgan edi. U tund osmonga qaradi, bulut qoplagan osmongina unga tanish edi, tanish osmondan tanish yomgʻir yogʻar edi. Nazarida bu yomgʻir oʻtmishdan, mangu boy berilgan oʻtmishdan yogʻayotgan edi.

O. metrodan chiqib, avtobusni kutib oʻtirmay, uyiga yayov joʻnadi. Yomgʻir haliyam yogʻayotgan edi. Mana, u hozir yana bir oz yurgach, uyining eshigida qizil limuzinni koʻradi, albatta koʻradi.

Ammo uyga yetdi hamki, na qizil, na qora moshina koʻrindi, uy oldi boʻm-boʻsh. «Na chora, – oʻyladi u. – Oʻsha moshinani tushimda koʻraman endi».

U tong-sahar soat toʻrt yarimda toʻsatdan uygʻonib ketdi. Soat zang chalinadigan ertalabki yettini kutib, chiqillab vaqt sanar edi. Biroq O. soatiga qarab, hoziroq joyidan turishi kerakligini angladi. U oʻrnidan turib, deraza yoniga bordi. Koʻngli sezgan ekan: saharning xilvat koʻchasida, uy eshigi oldida qizil moshina turar edi. Qizil limuzin...

O. endi nima qilish kerakligini yaxshi bilardi. U vannaxonaga kirib choʻmildi, shoshilmasdan soqol oldi, toza oq koʻylagini, dazmollangan koʻcha kostyumini kiydi, eng yaxshi boʻyinbogʻini taqdi, tuflisini yaltiratib artdi.

Tashqariga chiqish oldidan xonani koʻzdan kechirdi. Boʻm-boʻsh xonani shovqinga toʻldirib chiqillayotgan soatni toʻxtatib qoʻysammi, deb oʻyladi, lekin bu fikridan qaytdi. Endi buning nima farqi bor?

Unchalik chekkisi kelmayotgan edi, chekmay qoʻya qoldi, chunki «soʻnggi sigaret, falon-pismadon» qabilidagi safsata gaplar esiga tushib ketdi. O. shoshmay zinadan tushib, koʻchaga chiqdi.

Koʻcha boʻm-boʻsh, qorongʻi edi. Asfaltning ba’zi joylarida kechagi yom¬gʻir koʻlmaklari qorayib koʻrinar edi.

U qizil limuzinning oldiga bordi. Moshinaning eshigi qulflanmaganini bilar edi.

Eshik chindan ham qulflanmagan ekan. U eshikni ochdi va rulga oʻtirdi.

U moshinaning kaliti ham joyida ekanini bilar edi.

Kalit joyida ekan.

O. notanish koʻchaga, notanish uylarga, tanish osmonga nazar tashladi.

Tiniq osmon havo ochiq boʻlishidan darak berar edi.

U kalitni buradi.

TELEGRAF AGENTLIGINING XABARI:

«Bugun soat chamasi beshlarda N. koʻchasida avtomobil portlab ketdi. Moshinaning oʻt oldirish qulfiga portlovchi moslama ulangan, degan taxmin bor. Portlatgichni kim oʻrnatgani, moshina kimga tegishli, unga oʻtirgan, tanib boʻlmaydigan darajada kuyib ketgan jasad kimniki ekani hozircha ma’lum emas. Surishtiruv ishlari boshlandi».