OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anor. Qiziqarli tadqiqot (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnor
Asar nomiQiziqarli tadqiqot (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ozarbayjon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi
TarjimonMehmon Islomqul (Rus tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Qiziqarli tadqiqot (hajviya)
Anor

Yosh olim Bolta Teshayev koʻp yillar mobaynida «Bir noma’lum shoir haqida» jiddiy tadqiqot olib borgan edi. Yaqinda u ana shu mavzudagi dissertatsiyasini yakunladi. Quyida biz mazkur dissertatsiyadan parcha keltiramiz.

«Dissertatsiyaning asosiy qismiga oʻtishdan avval uning yozilish jarayonida qomusiy bilimga ega mashhur va moʻ‘tabar, daryoqalb, nazokatli, mehribon olimlarimiz (keyin ularning ism-shariflari-yu, unvonlari birma-bir keltirilgan)ga oʻzimning samimiy, chuqur va cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman.

Shuningdek, men mazkur dissertatsiyaning yozilishida bevosita ishtirok etgan, ya’ni mavzuni topgan – Tal’at Talatovga, manbalarni oʻrganib chiqqan –Midhad Midhadovga, iqtiboslarni toʻplagan – Ahmad Ahmadovga, ularni asl nusxaga solishtirib chiqqan – Asad Asadovga, tarixiy qoʻlyozmalarni oʻqib, zamonaviy alfavitga koʻchirgan – Qudrat Qudratovga, ularni ona tilimizga tarjima qilgan – Hidoyat Hidoyatovga, soʻzlar, ism va atamalar etimologiyasini aniqlagan – Fikrat Fikratovga, toʻplangan ma’lumotlarni tartibga solgan – Mamat Mamatovga, ularni umumlashtirgan – Nodir Nodirovga, materiallarni jamlab, soʻnggi xulosa chiqargan – Ne’mat Ne’matovga, dissertatsiyaning qoralamasini yozgan – Shavkatoy Shavkatovaga, uni oqqa koʻchirgan – Izzatxon Izzatovaga, kompyuterda koʻchirgan – Ismatxon Ismatovaga va, nihoyat, uni muqovalagan – Karapet Karapetyanga oʻzimning samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.

Mazkur tadqiqot noma’lum asrda, noma’lum shaharda yashab ijod etgan noma’lum shoirga bagʻishlanadi. Ba’zi taxminlarga koʻra, noma’lum shoirning ismi Chinor boʻlgan. Biz uni, shartli ravishda, «Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy» deb atadik. Zero, u Gardamonda tavallud topgan boʻlsa, hech shubhasiz, «Gardamoniy» taxallusini tanlagan boʻlardi. Magarkim, Baylaqonda tugʻilsa, tabiiyki, taxallus «Baylaqoniy» boʻlmogʻi aniqdir. Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy tarjimai holini oʻrganish borasida olib borilgan koʻp yillik izlanish va tadqiqotlar, afsuski, biror bir natija bermadi. Bundan qat’i nazar, Chinor oʻz zamonasining qomusiy bilimga ega, asarlarida mazlum xalqning hurriyat va adolat haqidagi orzu-armonlarini tarannum etgan ulkan shoiri boʻlgan, deya olamiz. She’rlarida mazlum xalqning orzu-umidlari, armonlarini kuylagan ulugʻ shoirning, baxtimizga qarshi, hozirda qoʻlimizdagi gʻazallarning aynan uning qalamiga mansubligini isbotlovchi birorta manbaga ega emasmiz. Bundan qat’i nazar, biz bu sohir satrlar Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniyday buyuk insonparvar shoir qalamiga mansubligiga ishongimiz keladi.

Ba’zi olimlarimiz «Bulbul gulga zor, men senga xumor» degan hikmatli satr Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy qalamiga mansub, degan fikrdalar. Shuningdek, bir guruh tadqiqotchilar «Mitti bulbul xonishi – koʻnglimning oroyishi» degan sohir satr ham unga tegishli deb taxmin qilishmoqda. Biz ham, koʻplab manbalarni koʻzdan kechirib, shu paytgacha muallifi noma’lum boʻlgan «Saratonda yashnagan boʻston – qahratonda boʻladi xazon» degan hikmatli satr ham Baylaqoniyga tegishli degan xulosaga keldik.

Xoʻsh, biz nimalarga asoslangan holda shunday xulosaga keldik?

a) satrning muallifi noma’lum, demak, mazkur hikmat Baylaqoniyga tegishli emas, deyishga asos yoʻq;
b) buyuk shoirning asarlarida «bulbul», «gul», «qushginam», «assalom», «bahor» kabi soʻzlarni koʻp uchratamiz. Demak, ushbu obrazli soʻzlar uning ijodida xarakterli oʻrinni egallaydi;
v) Chinor-Baylaqoniy-Gardamoniy she’riyatiga xos boʻlgan daholarcha soddalik, teranlik, kuzatuvchanlik va chuqur falsafiy mushohadalardan biz nihoyatda yetuk va ulkan ijodkorning siymosini koʻrib turibmiz.

Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniyning qancha umr koʻrganligi bizga noma’lum. Shunga asoslangan holda, taxmin qilishimizcha, shoir juda koʻp tashvish va dramatik voqealarga boy boʻlgan katta hayot yoʻlini bosib oʻtgan, deya olamiz. Hayotning achchiq-chuchuklarini koʻp totgan ijodkor keksalik chogʻida dono fikrlarni aytishi tabiiy.

Biz quyida shoirning topilmagan devonidan bir gʻazal keltiramiz:

Nega kuymay, nega yonmay, yor ketdi,
Dardimning davosi, tanimdan mador ketdi,
Qomati sarv, koʻzlari xumor ketdi,
Doʻzax azobiga tashlabon dildor ketdi,
Faqirni aldab, sallona-sallona – ozor ketdi.
Lolarang dudogʻingga fidoman-fido,
Yurakda yonar oʻt – oʻtli nidoman-nido!
Bevafo sanamim baxt torim uzib ketdi,
Jodu koʻzlari oromim buzib ketdi,
Yuzi oy, marvariddir tishlari,
Chinorni zor etib, berahm nigor ketdi.

Ilova: afsuski, hozircha ushbu gʻazalning Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansub ekanligini tasdiqlaydigan hech qanday dalilimiz yoʻq. Shuningdek, gʻazalning uning devonidan olingani-yu, umuman devon boʻlganmi-boʻlmaganmi, u ham hozircha bizga noma’lum. Ba’zi taxminlarga koʻra, Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy «qoʻshma» janrda gʻazallar bitgan. Zamonaviy she’riyatimizda «Sochma» uslub kashf etilgan boʻlsa, shoir Chinor she’riyatda yangicha «qoʻshma» janrni kashf etgan. (Quyida keltiriladigan qoʻshma, shubhasiz, uning qalamiga mansub deb oʻylaymiz.)

Qoʻshma

Sen turganda gul sargʻaysa mayliga,
Yonogʻingda lola unsa mayliga,
Oq manglayda quyosh kulsa mayliga.
Murov togʻi kutmoqda – otni yeldir tezroq,
Yoshligimiz oʻtmoqda – sharob keltir tezroq,
Goʻzal dilbar meni toʻyga chorlabdi,
Egnidagi gul libosi porlabdi.
Oʻanimlar oʻqtalsin nayza bizga erta-kech,
Qargʻa-quzgʻun doʻqidan lochin qoʻrqqanmi hech,
Kulbamga yor kelsa xoh erta, xoh kech,
Dasturxonga toʻkilsin nozu ne’mat mayliga.
Kuning bitsa, bir kun ham qolmaysan omon,
Yaxshiga yaxshiman oʻzim, yomonga – yomon.
Chinorning qoʻshmasin oʻqing boʻlsa gar imkon,
Uni eshitganlar qoyil boʻlsin mayliga.

Ilova: koʻrib turganingizdek, xalq ijodiyotini chuqur bilgan shoir qoʻshmani yangicha boʻyoq, yangicha istiora, yangicha qofiyalar bilan boyitib, she’riyatimiz marvarid shodasiga yangi durdonalar, nazm gulshanimizga yangi, xushboʻy gul navlarini tortiq etishga muyassar boʻlgan ijodkordir.

Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniyning bizga hali noma’lum boʻlgan «Z harfi» she’ri mavjud. U sochma vaznda bitilgan boʻlib, shu paytgacha bu vazndagi she’r zamonaviy adabiyotimizdagi novatorlik, degan fikrning notoʻgʻriligini va bu janr adabiyotimizda qadimdan mavjud ekanligidan dalolat beradi. Shoir Chinor bundan yuz yillar, ehtimolki, ming yillar muqaddam sochma vaznda she’rlar bitib, hozirgi davr adabiyotimiz rivojiga ham oʻzining salmoqli ulushini qoʻshishga ulgurgan. Bunga misol tarzida uning quyidagi she’rida «Telefon» atamasiga e’tibor berish kifoyadir.

Quloq tagida
Telefon goʻshagi gʻuvillaydi.
Undagi ovozzz
Ariday zuvillaydi.
Zzorlanib
Zuvillab
Tinglaydi quloq.
Quloq zuvillaydi
Uni qunt bilan tinglaydi
O’sha ovozzni
Yolgʻizz
Zzorlangan
Ozzorlardan soʻzlagan
Zzzarradek,
Zigʻirdek
Ovozz!
Zzuvillama!
Qoʻshni uyda ham
Zzuvillaydi
Bir nima!

Ilova: ushbu sochmadan shoirning ulkan iste’dod, kelajakda telefonning kashf etilishini karomat qilganligi hayrat va tahsinga sazovor. Ba’zi olimlarimiz bunday shaxs umuman tarixda boʻlmagan, degan fikrni ilgari surishmoqda. Mazkur maqolada biz bu masalaga umuman toʻxtalmaslikka jazm qildik, zero, bu nomzodlik dissertatsiyamiz mavzusiga kirmaydi. Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, muallif doktorlik dissertatsiyasida tadqiqotlarni davom ettirib, shoir Chinor tarixda boʻlganmi-boʻlmaganmi degan savolga yaqindan yondashishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.

Xulosa:

Muallif Chinor-Gardamoniy-Baylaqoniy gʻazallarini yozishda bevosita ishtirok etgan gʻazalnavis Jamshid Jamshidovga, qoʻshmani bitgan baxshi Murshid Murshidovga va «Z harfi» she’rini toʻqigan «33-77» raqamli kibernetik mashinaga oʻzining chuqur minnatdorchiligini izhor etadi.»