OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anor. Vahima (hikoya)
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnor
Asar nomiVahima (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ozarbayjon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Jabborov (Ozarboyjon tilidan)
Hajm71KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vahima (hikoya)
Anor

Oʻruch doʻxtir hayotidan nolimasdi. Sogʻligʻi joyida, qirq beshni qoralagan boʻlsa ham, hozirgacha loaqal qattiqroq tumov bilan ogʻriganini eslolmasdi. Oilasidan ham koʻngli toʻq. Oʻzidan olti yosh katta xotini Pokiza roʻzgʻorbop ayollardan. Uy-joyni saranjom-sarishta saqlaydi, pishir-kuydirga ham usta, oʻzi esa xokisor, kamsuqum, ogʻir-bosiq xotin. Biror marta eriga: «Qayoqqa ketuvdingizu, qayerdan kelyapsiz, erta yoki kech qaytdingiz», deya iddao qilmagan.

Oʻruch har kun ertalab uygʻonganida, oshxonada yangi damlangan achchiqqina choy, qaynagan tuxum yoxud quymoq, pishloq, sariyogʻ, issiq nonlar tayyor turardi. Kiyimlari dazmollangan, poyabzali artib tozalangan, tugmalari bir kun avval sal boʻshab turgan boʻlsa, ertalab boshqatdan qadalgan boʻlardi.

Oʻgʻli ham qobilgina chiqdi – oʻrta maktabni oltin medal bilan bitirib, oʻqishga ham deyarli oʻz kuchi bilan kirgan. Ikkinchi kursga oʻtishi bilan oʻqishini bir ogʻiz iltimos bilan Maskovdagi Ikkinchi Tibbiyot oliygohiga koʻchirtirdi. Har hafta ota-onasi bilan qoʻngʻiroqlashib turadi, bayramlarda tabriknomalar yuboradi. Oʻruch ham har oyning boshida oʻgʻliga otning kallasidek pul yuborib turadi.

Oʻz ishi ham oʻziga yoqardi. Shaharning taniqli ruhshunoslaridan edi. Hatto, tez-tez qabuliga kirib turadigan ajabtovur bemorlar, ular bilan bogʻliq turfa hangomalar ham hayotining bir boʻlagiga aylanib boʻlgandi. Kimgadir yordami tegsa, quvonar, tuzalmaydigan, umidsiz bemorlar uchun esa, ortiqcha qaygʻurib oʻtirmasdi. Axir, kimningdir bunday bedavo dardga yoʻliqishiga Oʻruch aybdor emas-ku?

Albatta, masalaning moddiy tomoni ham bor. Oʻruch doʻxtir oʻzining farovon hayoti oʻzgalarning fojialari ustiga qurilganidan vijdon azobida yuradiganlar toifasiga kirmasdi – axir, uning kasbi, hunari, qoʻlidan keladigan ishi shu. Ha, u oʻz sohasining yetuk mutaxassisi edi. Kimningdir dardiga em topib, najot bagʻishlab, hayotini saqlab qola bilsa, rozi boʻlib bir nima tashlab ketishadi-ku, bu uning haqqi emasmi? Garchi oʻzicha halol sanagan ana shu «bir nima» rasmiy maoshidan ancha koʻp boʻlsa-da, buni adolatli deb bilardi. Chunki, u erishgan martaba, toʻplagan tajriba va bilim oʻz hamkasabalarinikidan bir necha bor yuqori edi. Bemorlar... yoʻq, shu yeri sal xato boʻldi, bemorlarning yaqinlari boshqani emas, aynan, Oʻruch doʻxtirni sarson izlashi, uning qabuliga kirish uchun yiqqan-terganini toʻkishga tayyor turishi ham muqarrar haqiqat edi. Shuni ham aytish kerakki, kasalxona ish vaqtidan tashqari bemorlarni oʻz uyida ham qabul qilardi. Xullas, keyingi oʻn-oʻn besh yilda Oʻruch doʻxtir hamma kam-koʻstini butlab olgandi. Derazalari dengizga qaragan kooperativ binodan toʻrt xonali uy sotib olgan va uni tamomila qaytadan ta’mirlagan, qimmat, guldor parket toʻshab, eshik-derazalarini kashtan yogʻochidan yasattirgandi, taxmon va devorlarga qabart-ma naqshlar soldirib, har bitta xona, oshxona va balkon uchun alohida mebellar keltirib oʻrnatgan edi. Xonalar va dahlizni billur qandillar yoritib turardi. Uchta televizori, ikkita har xil tizimli videomagnitofoni (bittasi dala hovlisida edi), lazer-disk oʻqiydigan qurilmalari ham bor edi. Chet el safarlariga, albatta, videokamera bilan chiqardi. Oʻzi haydaydigan, magnitofonli, stereodinamikli «Volga»si hamda Mardakonda dala hovlisi bor edi.

Hamma mojaro ana shu bogʻdan boshlandi. Aslini olganda, hammasi bir maromda borayotgan edi-ya... Bogʻni besh yil ilgari olgan. Oʻruchdan oldin bu bogʻ 88-yil voqealaridan keyin Bokudan Maskovga koʻchib ketgan armani doʻxtirga qarashli boʻlgan. Armanidan qolib ketgan bu uyning ikkinchi qavatini Oʻruchning oʻzi tikladi. Hammomni kengaytirib, sauna qurdi. Yangi mebellar oldi. Iyul-avgust oylari boqqa Pokiza bilan birga kelib dam olishardi. Yozgi ta’tilda Maskovdan kelgan oʻgʻli ham bir-ikki haftani bogʻda oʻtkazardi. Yilning qolgan oylarida esa, har haftaning oxirida Oʻruch boqqa bir oʻzi kelib ketardi. Aslida bir oʻzi emas...

Juma kuni kechga yaqin oxirgi bemorni qabul qilib, uyiga qaytar, kiyimlarini almashtirib, «Volga»sida boqqa yoʻl olardi. Ke-yingi uch yil ichida Ofeliya bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilganidan beri – ikki haftada bir marta oldindan kelishib, shanba kuni boqqa, Oʻruchning yoniga kelardi. Kun boʻyi shu yerda boʻlishardi. Ofeliya oʻzi bilan birga yashaydigan ota-onasiga «navbatchiman» deb, kechani Oʻruch bilan birga oʻtkazardi. Boshida Pokiza pishirib bergan goʻshtbiyron, doʻlma, xilma-xil gazaklar va boshqa lazzatli yemaklarni konyak ichishib, Ofeliya bilan birga paqqos tushirarkan, goh-gohida vijdonida ogʻriq uygʻonardi. Keyinchalik bunday ishlar an’ana tusini olgach, vijdon qurgʻur sanchmay ham qoʻydi. Yakshanba kuni ertalab Ofeliya undan oldinroq uygʻonib, choy qoʻyar, birga nonushta qilishardi. Keyin Ofeliya uyiga yoʻl olardi. Oʻruch esa, belkurakni olib, toklarni kundakov qilishga tushar yoki gullarni sugʻorardi.

Tushga yaqin ogʻaynilari kelishardi. Mehdining haydovchisi yangi soʻyilgan qoʻchqorning goʻshtini sixga tortib, koʻraga oʻt qalayotgan payti Oʻruch ulfatlar bilan saunada pivaxoʻrlik qilar, keyin chiqib narda tashlashardi. Soʻng esa, qovurgʻa kaboblarni gʻajigancha, bir-birlarining sharafiga qadah koʻtarishardi. Kechga yaqin qadah soʻzlar tugab, ulfatlarning kayfi oshib qolar, keyin Mehdining mashinasida shaharga qaytishardi. Oʻruch videoni qoʻyib, Amerika detektivlarini tomosha qilishga oʻtirardi. Shahvoniy filmlarni esa (bogʻda bunaqa tomoshalarning turkumi saqlanar, Pokizaning bunday behayo narsalarga koʻzi tushishini aslo istamasdi) shanba kuni Ofeliya bilan birga koʻrardi. Ekrandagi behayoliklar ularning yotoqdagi maishatiga yanada joʻshqinlik baxsh etardi.

Ikki yarim kun ichida xumordan chiqquncha dam olib, butun gʻam-tashvishlardan uzoqlashgancha, turfa gʻavgʻolarga toʻla yangi haftani qarshi olishga tayyor ekanini his etib, dushanba kuni ertalabdan Oʻruch shaharga qaytardi. Uyda kiyim almashtirib, ishga borar va yangi hafta ham oʻzgarmas jadval boʻyicha oʻtib borardi. Kunduzlari ish, dushanba, seshanba oqshomlari uyda kasallarni qabul qilish, chorshanba kuni Mehdining uyida qartabozlik... Gohida yutar, gohida yutqizardi. Unchalik katta pul tikilmasdi. Buyam bir ermakka oʻxshagan narsa edi-da! Payshanba kuni uzoq-yaqin tanishlarining uyiga fotihaga oʻtardi. Odamzodning ahvoli shu-da! Buyam qarzi qiyomat deganday...

Chindan ham tanishlari koʻp, doʻstlari oz edi. Ikki-uch yaqin birodari bilan kamdan-kam siyosat haqida bahslashishardi. Asosiy mavzulari kasb-korlari hamda ayollar boʻlardi. Albatta, ularning bari ayni kuch-quvvatga toʻlgan erkaklar boʻlgani uchun maishat, kayf-safoga ishtiyoqlari baland edi.

Xullas, hayot Oʻruchdan bor ne’matlarini ayamagan edi. Hozirga qadar topgan-tutgani umrining oxirigacha yotib yeyishga yetardi. Hayot shav-qini, lazzatini totmoq uchun suv parisidek suluv 25 yoshli goʻzal Ofeliyasi bor edi uning.

Ofeliya Oʻruchning kasalxonasida hamshira boʻlib ishlardi. Besh yil avval erga tegib, yulduzlari toʻgʻri kelmagani uchun ajrashgan edi. Omadsiz nikoh bir yilga ham bormadi.

Oʻruch anchadan beri Ofeliyani koʻz ostiga olib yurardi. Aslini olganda, Ofeliyadan ham goʻzalroq, yoshroq qizlarni qoʻlga olish uchun imkoniyati yetarli edi – qad-qomati, savlati, yurish-turishi, tajribasi, mahorati, puli, dala hovlisi, mashinasi... Aynan Ofeliyani tanlashiga bu yoshgina juvon Shuvolanda – Oʻruchning bogʻiga yaqin yerda yashashi sabab boʻldi.

Kunlarning birida bogʻdan shaharga qaytayotganida, Ofeliyaning elektrichka stansiyasiga tomon ketayotganini koʻrib qoldi, mashinasini toʻxtatdi va shundagina Ofeliyaning shu yerda yashashini payqadi. Oʻruchning bogʻi Ofeliya ota-onasi bilan yashayotgan hovli bilan elektrichkalar bekati, bozor, doʻkonchalarning orasida edi. Binobarin, yosh juvonning aynan shu yoʻnalishda borib-kelishi hech kimda shubha uygʻotmasdi. Bogʻ eshigiga olib boruvchi yoʻl tor koʻchaning oxirida boʻlgani uchun bu tarafga burilgach yoki bu yerdan chiqqach, birovning nazariga tushish qiyin edi. Oʻruch tan olmasa ham, Ofeliyaga bogʻlanib qolishida bu mulohazalarning oʻrni bor edi. Harqalay aloqalari uch yildan beri davom etayotgan boʻlsa-da, ishda koʻrishib tursalar-da, sevgi oqshomlari oyda ikki-uch marta boʻlib turgani uchun hali bir-birlaridan bezib qolishmagan edi.

Oʻruch bitta narsadan xavotirda edi – unga oddiygina koʻngilxushlik boʻlib tuyulgan narsa Ofeliya uchun juda katta ahamiyat kasb etishi, eng inja hislarini ham junbushga keltirishi mumkin edi. Ammo, aftidan, Ofeliya aqlli-hushli ayol boʻlganidan unga joʻshqin ehtirosga toʻla shanba uchrashuvlari, Oʻruchning qimmatbaho sovgʻa-salomlari yetib ortardi. Boshqa narsaning bu ayolga keragi ham yoʻq edi.

Tekshiruv va muolaja, moddiy imkoniyatlar, oila tinchligi va farovonligi, oʻgʻlining porloq istiqboli, bogʻning toza havosi, bogʻ ishlari, Ofeliya ogʻushidagi shanba oqshomlari, doʻstlar davrasi, qarta, videofilmlar, – aniq hayot jadvali Oʻruchni mustahkam qurshovga olgan, bu qurshov tashqarisidagi turli gʻalvalar, gʻam-kulfatlar, qon va koʻz yoshlariga qorishgan dunyoning goʻyoki unga mutlaqo dahli yoʻq edi. Balki shuning oʻzginasi dunyoning turfa savdolaridan himoyalanishning eng samarali usulidir? Oʻzimiz bilmagan holda kelib qolganimiz – bu besh kunlik dunyoning besh kunini ham qora boʻyoqlarda koʻrmaslik, dardu balo ichida yashamaslik jahdi edi bu.

Oʻruch nainki sogʻligʻidan, uyqusidan ham nolimasdi. Odatan oʻn bir-oʻn bir yarimlarda uxlab, tongda yetti-sakkizlarda uygʻonar, badantarbiya qilar, issiq-sovuq suvda yuvinardi. Ammo keyingi payt-larda uyqusi qochadigan boʻlib qoldi. Xususan, yarim tunda uygʻonib ketar, keyin sahargacha uxlolmay yotar, uyqusizlikdan toʻshakda toʻlgʻanib chiqardi. Ba’zan yoshi oʻtib borayotganini oʻylab, yuragini vahima bosardi. Ellikka qarab ketyapti. Ellikdan keyingi hayot hayotmi? Turli kasalliklar, eshik qoqayotgan keksalikning sovuq nafasi, oʻlim tahlikasi... Nima qoldi, hech nima? Undan keyin nima boʻladi? Oʻzi bilmaydi...

Oʻruch dahriy edi. Xudoni tan olsa-da, oxirat, jannat, doʻzax degan gaplarga ishonmasdi. Shifokor sifatida insonning qanday moddalardan tashkil topganini, miya faoliyati toʻxtaganidan keyin bu moddalar qanday va qay tarzda chirib bitishini tasavvur qilardi, xolos. Ruh shifokori boʻlsa-da, ruhning ham aynan muayyan moddiy vazifalar bilan, miyaning oʻng va chap yarimsharlari faoliyati bilan bogʻlanganini bilardi. Miya toʻxtasa, ruhdan asar qolmaydi, deb oʻylardi u. Uning nazdida bu boradagi bahs-munozaralar, shunchaki afsonalar, xomxayollar, xurofotlar yigʻindisi edi. Faqat yashab turgan hayotimiz bor, biz koʻrib-eshitib, his etib turgan dunyo bor, xolos. U ham boʻlsa besh kundan iborat va bu besh kunning bari qorongʻi. Bu qora kunlarni istalgan rangda boʻyash va oʻsha rangda yashamoq bu – san’at. Chamasi, Oʻruch bu san’atni puxta egallagan edi. Ammo, dunyo talotumlari uni ihota etib turgan mustahkam devorni oshib oʻtmoqqa-da, oshiqardi.

Ijtimoiy hayotdagi oʻzgarishlar, mitinglar, Qorabogʻ urushi, hokimiyatdagi notinchliklar Oʻruchning kasbiga ham ta’sir oʻtkaza boshladi. Ruhiy xastaliklar, miya chayqalish holatlari koʻpaygan, yangi xildagi vosvos va savdoyilar yuzaga kelgandi. Qarindoshlari, oila a’zolari turli bahonalar bilan Oʻruchning qabuliga olib kelgan bemorlarning yarim xastaligi Qorabogʻ muammolari bilan bogʻliq edi. Ba’zida «ikki soat muhlat bering, Togʻli Qorabogʻ muammosini ikki soatda hal qilib beraman» deb kelguvchi hovliqmalar ham uchrab turardi. Bu masalani yigirma daqiqada yoxud ikki kunda yechib beradiganlar ham topilardi. Ana shunday savdoyilardan birining da’vo qilishicha, yaqinda suv ombori toshib, mamlakatning yarmini suv bosarmish. Keyin Bokudagi Qoʻlyozmalar fondida yongʻin boʻlarmish-da, butun boshli xalqning na oʻtmishidan, na bugunidan nom-nishon qolarmish... Yana bittasi vahima koʻtarib kelibdi: Qaysi goʻrdandir Oʻruchning bogʻi ilgari bir armaniga tegishli boʻlganini eshitgan boʻlsa kerak-da! Topgan gapini qarang, nima emish – oʻsha armani dala hovlining devorlariga, daraxt shoxlariga, toklarning tanasiga maxsus kimyoviy moddalar bilan ishlov berganmish, bu moddalarning rangi ham, hidi ham yoʻq emish. Lekin, bu moddalar bogʻda yashaganlar va mehmonlarni asta-sekin zaharlab borarkan. Nihoyat, ikki-uch oyda ular bedavo dardga yoʻliqib, oʻlib ketisharkan. Oʻruch bogʻda besh yildan beri yashashini aytganda, qabuliga kelgan savdoyi mum tishlab qolmadi. U shunday dedi: «Nima qipti, odamlarning organizmi har xil boʻladi, birovlarda bu bedavo kasallik toʻrt-besh yil davomida yuzaga chiqishi mumkin. Ammo, ertami-kechmi bu kasallikka albatta chalinasiz, tezroq bu bogʻni, undagi daraxtlar, toklarni yoqib, kuydirib tashlang».

Bolamini birinchi bor koʻrganida, toʻgʻrirogʻi, kelishining sababini bilgan zahoti, Oʻruch buyam boyagidaqa tomi ketganlarning bittasi-da, deb oʻylovdi. Bolami Oʻruchning kasalxonasiga kelib, qabuliga yozilgan ekan. Navbati kelganida xonaga kalta boʻyli, keng yelkali, tor peshonali, qop-qora, oʻrta yoshli bir odam kirib keldi. Qalin, oʻsiq qoshlari qontalash koʻzlari ustiga jarlik chetidagi ikki tup shuvoqdek osilib turardi. Qarashlari juda bejo edi. Bir qarashda «oligofreniya»[1] degan toʻxtamga keldi Oʻruch. Shuni ham bilardiki, tor peshonali, koʻzlari bejo va qontalash kasallar qotillar toifasiga kiradi.
– Marhamat, nimadan shikoyat qilasiz? – soʻradi Oʻruch oʻz odaticha.
– Sizdan...
– Nima?
– Sizdan shikoyatim bor!

Bunday gaplar bilan Oʻruchni hayratlantirib boʻlmasdi. Chunki, kutilmaganda uning oʻziga qarshi hujumga oʻtib qoladigan bemorlarga ham duch kelgandi. Suhbatni boshqa tarafga burish uchun:
– Ismi sharifingiz, – dedi, holbuki, oldida turgan qogʻozga uning oti yozigʻliq boʻlsa-da.
– Otim Bolami, pamiylam Dadashev. Sizning yoningizga kasalimni davolatishga kelganim yoʻq. Soppa-sogʻman. Sizdan shikoyatim bor. Siz hozir mening bogʻimni egallab olgansiz.

Oʻruchning koʻz oʻngida bogʻning avvalgi egasi – armani doʻxtir gavdalandi:
– Adashyapsiz, – dedi, – u bogʻ bir armani doʻxtirniki boʻlgan. Besh yil oldin Maskovga koʻchib ketdi. Bogʻni menga dala hovli uchun berishdi.
– Men emas, siz adashyapsiz, Armanidan oldin oʻsha bogʻ mening otamniki boʻlgan. Unga bobomdan meros qolgan. Bogʻ ota-bobomniki, bildizmi? Eshitgandirsiz, Mashadi Dadash mening bobom boʻladi. Sizdan halol haqqimni talab qilib keldim. Hozir, Xudoga shukurki, hamma eski mol-mulkini talab qilib olyapti. Sizam yaxshilik bilan, ortiqcha gap-soʻzsiz mening bogʻimni qaytarib bering. Sizga boshqa hech qanaqa gapim yoʻq.

Oʻruch bir muddat talmovsirab qoldi. Qarshisidagi odamning zohirida xastalik alomatlari sezilsa-da, u kasalga oʻxshamasdi. Balki gapi toʻgʻridir? Kim bilsin, rostdan ham armanidan avval bu bogʻ uning bobosiga qarashli boʻlsa boʻlgandir. Ammo, ayni paytda suhbatning bu maromda borishi Oʻruchga umuman yoqmay turardi.
– Avval bogʻ kimniki boʻlganini bilmayman. Ammo, uni menga dalahovlilar boshqarmasidan xatlab berishgan. Siz borib oʻshalarga murojaat qiling.
– Men hech kimga murojaat qilmayman. Birlamchidan, gapimni tasdiqlaydigan birorta qogʻoz, dalil-isbotim yoʻq. Ikkilamchidan, siz juda «taniqli» odamsiz. Bogʻni sizdan olib menga berishmaydi.
– Xoʻsh, mendan nima istaysiz unda?
– Qulogʻizga tambur chertdimmi, doʻxtir? Oʻzingiz yaxshilikcha bogʻimni bering.

Oʻruch «nima balo, jinni-pinnimasmisan» demoqchi boʻldi-yu, oʻylanib qoldi: bu iborani hamma odam ishlatishi mumkin, ammo, ruhshunosga yarashmaydi.
– Mayliku-ya, – dedi, – lekin men besh yildan beri shu bogʻdaman. Ikkinchi qavatini oʻzim tiklaganman, qayta ta’mirdan chiqardim. Besh yil qayerlarda yurgandingiz. Nega men shuncha ish qilib boʻlganimdan keyin qoshimga keldingiz?
– Buning boshqa sababi bor, – dedi Bolami. – Buning ahamiyati ham yoʻq. Xarajat qilgan boʻlsangiz, toʻlayman. Lekin bogʻni baribir qaytarasiz. Otamning katta oʻgʻliman. Bogʻ menga tegishli. Toʻgʻri gapirdimmi, akang aylangur.
– Notoʻgʻri gapirdingiz, – soatiga qaradi Oʻruch. – Hozir siz bilan behuda laqillab oʻtirishga vaqtim yoʻq. Kasallar kutib qoldi. Sizniyam kasal oʻrnida qabul qildim, deb hisoblayvering. Xush koʻrdik.
– Demak, bogʻni qaytarmaysiz?
– Yoʻq.
– Nimaga?
– Bu masalada tortishishning hojati yoʻq. Bogʻni menga rasman xatlab berishgan, meniki, u yerda men yashayman, tamom-vassalom.
– Men sizni u yerda yashagani qoʻyarkanman-da? Bilib qoʻying, bugundan boshlab, bogʻda bir kun ham yashamaysiz.
– Nega?
– Bunisi mening ishim.
– Nima qilarding, – daf’atan sensirashga oʻtdi doʻxtir. – Oʻt qoʻyasanmi, darvozamga tank qoʻyasanmi?
– Aytdim-ku, nima qilishni oʻzim bilaman.
– Xoʻp, seni tovlamachi sifatida melisaga tutib bersam-chi?
– Oʻzi shuni kutyapman-da, akang aylangur. Mayli, meni melisaga bering, avaxtaga tiqtiring. Sizni butun mamlakat biladi. Endi zamon boshqacha, Xudoga shukur, soʻz erkinligi bor. Gazetlarda urib chiqishadi. Falonchi olim, jinnilarning eng katta doʻxtiri bir kambagʻal dehqonning bogʻini tortib olib, oʻzini qamatvoribdi, bolalari chirqirab qolibdi, deb ovozai jahon qilishadi.

Endi Oʻruchning sabr kosasi limmo-lim toʻlgandi:
–Oʻv, menga qara, hali senga qoʻl ham tekkizganim yoʻq, agar jonimga tegaversang, hoziroq koʻzimdan yoʻqolmasang, oʻzim qulogʻingdan tutib tashqariga irgʻitvoraman, tushundingmi? Qoʻlingdan kelganini qil. Ammo, yana bir marta bu yoqqa qadam bossang, oʻzingdan koʻr.

Bolami bamaylixotir oʻrnidan turdi. Yuzlari yana avvalgidek tirishdi, koʻzlari oʻynadi.
– Mayli-da, – dedi – Ikki bolam bor, kattasi Husanogʻa – yigirma birga kirgan, kichigi Hasanogʻa – oʻn toʻqqizda, Bogʻni men ololmasam, bolalarim oladi. Ammo, bir mazlumning haqidan qoʻrqing, akang aylangur. Xudogayam xush kelmaydi bu.

Ohista turib, eshik tarafga odimladi Bolami.

Juma kuni edi. Ertasiga bogʻda Ofeliya bilan uchrashuvi bor. Oʻruch hamshira qizni yoniga chaqirdi.
– Ertaga shoshilinch ishim chiqib qoldi. Boqqa borolmasam kerak. Keyingi hafta... maylimi, asalim?

Ofeliya indamadi.

* * *

Keyingi hafta ham bahona topib, Ofeliyani xabardor qildi. Boqqa borolmasligini aytdi. Bormadiyam. Nainki, shanba kungi muhabbat oqshomi, yakshanbadagi ulfatlar davrasining ham bahridan oʻtgandi. Bundan ajablangan ogʻaynilariga:
– Bogʻda gazniyam, chiroqniyam uzib qoʻyishibdi. Bu sovuqda gazsiz, chiroqsiz oʻtirishdan nima ma’ni? – dedi.
– Shuyam muammomi, – dedi Mehdi. – Hoziroq Sayid ogʻaga qoʻngʻiroq qilaman, chiroqniyam ulab beradi, odam yuborib gazingniyam toʻgʻrilaydi.
– Qoʻy, kerakmas, – dedi Oʻruch. – Bir usta bilan gaplashganman. Kelgusi haftada kelib tuzatib berarkan.
– Boʻlmasam, biratoʻla anuv «yuqori voltli» simniyam gaplash, yomon bejo turibdi, bogʻning tepasidan nariga olishsin, – dedi Mehdi. U Oʻruchning bogʻi ustidan oʻtgan yuqori kuchlanishli elektr simlarni aytayotgan edi, – Xudo koʻrsatmasin, shamol-pamolda uzilib tushsa, bir kasofat boʻlmasin.

Birorta montyor chaqirib, simni bogʻdan tashqariga chiqartirish Oʻruchning ham xayolida bor edi. Ammo, shu rejani amalga oshirishga hafsala qilmasdan yuruvdi.

Boqqa bormay yurganiga bois – qoʻrquv emasdi. Bolamidan qoʻrqadigan joyi yoʻq edi. Faqat, bogʻda Bolami uni Ofeliya bilan birga tutib olishdan qoʻrqardi, qizning ota-onasiga yetkazgudek boʻlsa, gap-soʻz koʻpayishi, Oʻruch ham, Ofeliya ham sharmanda boʻlishi mumkin edi. Shanbani «qisqartirib» yakshanbada ogʻaynilari bilan ulfatchilikni davom ettiraveray, desa, buni Ofeliya eshitib, qattiq ranjishini oʻyladi. Oʻruch mendan bezor boʻlgani uchun aloqalarni uzish fikrida yurgandir, degan xayolga borishi mumkin-da!

Harqalay, ikki hafta boqqa qadam qoʻymadi. Fursat topib, Ofeliyadan soʻrab koʻrdi:
– Sizlar tomonda turadigan Bolami degan odamni taniysanmi? Bir-ikki hafta oldin kelib, shu bilan yoʻqolib ketdi, tinchmikin?
– Albatta taniyman, – dedi Ofeliya. – besh yildan beri turmada yotuvdi. Yaqinda chiqib keldi.
– Nega qamalgan ekan?
– Qotillik edi, chamamda. Bir bufetchini oʻldirib ketishgandi. Haqiqiy qotilni aniqlasholmadi. Avvaliga bufetchini rosa urishgan. Gap shundaki, bufetchi oʻsha yerning oʻzida oʻlmagan. Uyiga qaytib, oʻsha kecha yuragi xuruj qilib oʻlgan. Bufetchini doʻpposlagan Ogʻagul ekan, Bolami ikki-uch marta kalla qoʻygan. Ishqilib... besh yil berishdi-da! Toʻrt yil yotib chiqdi. Oʻsha paytda butun qishloqqa gap boʻlgandi.

Ikki haftadan soʻng Oʻruch oʻzicha oʻylanib qoldi: Balki, bu Bolami degan odam hayotda umuman yoʻqdir? Tush-pushiga kirgan boʻlsa-chi? Vahimaga tushib, bogʻda kechishi lozim boʻlgan qanchadan-qancha mas’ud soatlarni behuda oʻtkazgan boʻlsa-ya? Ertaga, juma, tosh yogʻsayam, Ofeliya bilan gaplashadi. Shanba kuni bogʻda uchrashishadi. Yakshanba kuni doʻstlarini kabobxoʻrlikka chaqiradi.

Ana shu yoqimli istaklar bilan endigina yotogʻiga kirgan payti telefoni jiringlab qoldi. Karavot yonidagi telefon dastagini koʻtardi:
– Allo!
– Assalomaleykum, men, Bolamiman.
– Kimning bolasisan? – soʻradi avvaliga tushunmay.
– Bolami, dedim-ku, bir oy avval oldingizga boruvdim. Otamning bogʻi masalasida. Biror qarorga keldingizmi?

Oʻruch avvaliga dastakni ilib qoʻymoqchi boʻldi. Keyin nimagadir bunday qilmadi.
– Uy telefonimni kim berdi sizga?
– Be, shuyam ish boʻptimi, akang aylangur. Uyingizniyam bilaman. Xoʻ-oʻp, nima deysiz endi bu yogʻiga?
– Oʻsha gapim – gap. Boshimni qotirib nima qilasiz? Boshqa bu raqamga telefon qilmang.
– Boʻpti, akang aylangur. Faqat, bitta iltimosim bor, sizdan.
– Qanaqa iltimos?
– Qogʻoz-qalam oling-da, yozing!
– Nima deb yozay?

Bolami oltita raqam aytdi, Oʻruch esa, yelka qisgancha raqamlarni yozib oldi.
– Yozdingizmi?
– Bu qanaqa raqamlar?
– Bu mening telefonim. Qachon bir qarorga kelib qolsangiz, ya’ni bogʻni qaytarish fikriga tushib qolsangiz, shu raqamni terasiz, bir soatda yoningizda boʻlaman.

Oʻruch jahli chiqib qogʻozni yirtib otmoqchi boʻldi. Ammo, har ehtimolga qarshi buklab choʻntagiga solib qoʻydi.

Ertasiga Ofeliyaning oʻzi gap tashlab qoʻydi. Zalda u yoq-bu yoqqa qarab, hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilsa-da, inja tovushda shivirladi:
– Sogʻinmadingizmi? – dedi. – Ertaga uchrashamizmi?
– Yoʻq, ertagamas, shu hafta... xoʻpmi, asalim?

* * *

Oʻruch kelasi shanba ham bir bahona topib, boqqa bormadi.

Keyingi hafta payshanba kuni Ofeliya ishdan ikki soat oldinroq ketishga javob soʻradi.
– Onam bilan ta’ziyaga oʻtmoqchiman, – dedi.

Oʻruch ruxsat berdi.
– Kim qazo qildi?
– Xotini onam bilan tanish, men qizini yaxshi taniyman, – shu chogʻ birdan nimadir esiga tushdi. – Qarang-a, esimdan chiqay debdi. Aytgancha, sizam taniysiz-ku, uni?
– Kimni?
– Oʻsha qazo kilgan kishini. Bir marta oldingizga kelganini ayt-dingiz-ku? Mendan ham soʻragandingiz.

Oʻruch birdan yuragi gursillab ketganini his qildi.
– Bolami, – deya qichqirib yubordi.
– Ha, oʻsha, Bolami... Yurak xastaligiga uchrabdi bechora.

* * *

Birovning oʻlimidan sevinish – gunohi azim. Ammo, oʻsha kuni ishdan chiqib uyga ketayotgan payti oʻzini qushdek yengil sezar, ich-ichdan bir sokinlik, bir bexavotirlikni his etib borardi. Ertasi kuni ishga kelib, Ofeliyaga:
– Boqqa boraman, – dedi. – Ertaga kutaman seni, asalim.

* * *

– Anchadan beri boqqa bormagandim, – dedi Pokizaga. – Ertaga bormoqchiman.

Pokiza oʻz ishini biladigan ayol edi. Shanba kuni Oʻruch bogʻda kiyadigan havorang jinsi kostyumini, «Adidas» krassovkasini kiyayotganida Pokiza ham patir nonlarning orasiga kotletlarni terib, alohida selofan xaltachalarni qovurilgan kartoshka, turli salatlar, koʻkatlar, qaynagan tuxum, pishloq, sariyogʻ, xilma-xil mevalar bilan toʻldirib savatga soldi. Ma’danli, spirtli va yaxna ichimliklarni olib borishi shart emas. Shundogʻam bogʻda bularni keragicha gʻamlab qoʻygan.

Pokiza bilan xoʻshlashib, savatni olib hovliga tushdi. Garajdan «Volga»sini oldi-da, yoʻlga tushdi. Ibrohim Tatlisasning hazin qoʻshiqlari sadosi ostida ikki-uch soatdan soʻng dalahovlisida kechadigan totli damlarni xayolidan oʻtkazib, butun vujudiga nafis bir titroq kirdi. Taranglasha boshlagan a’zoi badanida lazzat tuydi.

Bir soat, yarim soatdan soʻng intizorlikka chek qoʻyiladi. Tor koʻchaning boshida Ofeliyaning yashil yomgʻirpoʻshi koʻrinadi, u eshik oldiga yetib kelguncha vaqt shunaqa sekin oʻtadiki... Nihoyat, u ichkariga qadam qoʻyishi bilan ostonada turgan Oʻruchning bagʻriga otiladi. Oʻruch bir qoʻli bilan zulfinni berkitarkan, ikkinchi qoʻli bilan juvonning sochlari, boʻyinlarini silaydi. Soʻng uni dast koʻtarib, uyga olib kiradi. Keyin oʻpishadilar, yechinib, saunaga kiradilar, Saunada biroz bugʻlanib, sovuq dush ostida quchoqlashadilar. Nafis badanda ilinib turgan marvariddek ter donalari, dushning sovuq tomchilari, xushboʻy shampun – hammasi bir-biriga qorishib, ikki vujud birlashadi.

Soʻng konyak ichishadi. Musiqa tinglashib, hushyor paytida behayo tomoshalarni koʻrishdan uyaladigan Ofeliya sarxushlikda yuzidagi soʻnggi hayo pardasini ham yulqib otadi va ekranda birgalikda koʻrgan «oʻyin»larni yotoqda takrorlashardi...

Ofeliyasiz bir oy kechgan kun hamda Shaytoni la’in Oʻruchning miyasiga qalashtirayotgan oʻy xayollar, istaklar, sahnalar, xotiralar va boʻlgʻusi navozishlar uni shu qadar hayajonga solib, shoshirardiki, bir necha chaqirimlik masofani yanada tezroq bosib oʻtishga, vaqt-ni yanada tezlatishga urinardi.

Mashina ichida Ofeliyaning iforini tuyar, toʻlgʻanishlari, erkalanishlari, nozu karashmalarini koʻz oldiga keltirar, nozli ingroqlarini eshitar, shoshar, oshiqardi. Qishloqqa kirib, Ofeliyaning shundoqqina uyi yonidan oʻtayotganda bu pastqam devorlar ortida Ofeliyaning uchrashuvga nechuk hozirlik koʻrayotganini, ich kiyimlarini almashtirib, atirlarga burkanayotganini payqagandek boʻldi. Mashinani tor koʻchaga burdi. Tushib darvozaning yapaloq qulfini ochdi. Mashinani ichkariga oldi.

Ichkaridan ham berkitib, birinchi qavatdagi xona eshigini ochdi. Savat ichidagilarni sovutkichga terdi. Pechkaga oʻt qalab, chiroqlarni yoqdi. Televizorni koʻtarib, ikkinchi qavatga koʻtarildi. Yotoqxona, bar, video tepada edi.

Aprelning iliq kuni edi. Oʻruch yomgʻirpoʻshini pastda qoldirgan edi. Ayvonga chiqib biroz aylandi. Atrofdagi bogʻlarga, uzoqlardan koʻrk berib turgan dengizga boqdi. Keyin yotoqxona tomon odimladi va eshik qarshisida taxtadek qotdi. Eshikning ichidan kalit qadalgan edi.

Koʻzlariga ishonmadi. Dala hovlining, darvoza, past va yuqori xonalarning ikkita kaliti bor edi. Ikkovi ham uning oʻzida turadi. Bittasi shaharda seyfida, ikkinchisi choʻntagida. Unda... eshik tirqishidan koʻrinib turgan manavi kalit qayoqdan kelib qoldi? Oʻruch peshonasini sovuq ter bosayotganini his etdi.

Eshikni itarib ochdi va ichkari kirdi... Kirishi bilan seskanib ketdi. Ichkarida odam bor edi. Odam emas, antiqa, sap-sariq bir maxluq. Sochi, qoshi, soqol-moʻylovi, kipriklari ham mallarang edi. Hatto koʻz qorachiqlari ham sargʻish tusda edi. Oʻruch arang oʻzini tutib:
– Kimsan? – deb soʻradi.
– Husanogʻaman, – dedi haligi yigit. – Bolamining katta oʻgʻli. Ota-bobomning uyiga keldim. Sen nima qilayapsan bu yerda?

Oʻruchning tepa sochi tikka boʻlib ketdi. Uning gʻazab otiga mindirgan faqatgina Husanogʻaning takabburligi, uyatsizligi, beadabligi emasdi. Bu badburush maxluq Ofeliya bilan kechgan mas’ud onlarning guvohi boʻlgan va u bilan boʻladigan yotoqda, nafis toʻshaklar ustida bezbetlarcha, tuflisini ham yechmasdan tarvaqaylab yotardi.
– Yoʻqol bu yerdan, koʻzimga koʻrinma, – dedi Oʻruch. – Asablarini jilovlay olmayotganini anglab, biroz oʻzidan ham ranjidi. Husanogʻa esa, joyidan jilmadi ham. – Qanaqasiga ota-bobongning joyi boʻlarkan. Hammasini oʻzim, oʻz pulimga qurganman, eshitdingmi?

Bu gal ham Husanogʻa pinagini buzmadi.

Kuch ishlataman, desa, bu ramaqijon sariqmashakni bir zarbada agʻdaradi. Undan yoshi ikki baravar katta boʻlsa-da, avvaldan kurash bilan shugʻullanib kelgani uchun haligacha qomatini saqlab kelardi. Ammo, kimsan Oʻruch doʻxtir kelib-kelib qaysi goʻrdagi bir daydi, sayoq takasaltang bilan mushtlashsa, shaharda gap boʻlmaydimi?

Vaqt oʻtib borardi. Hali zamon Ofeliya kelib qoladi. Husanogʻani bu yerda koʻrib qolsa... yoʻq, undanam yomoni Husanogʻa uni bu yerda koʻrib qolsa, juda noqulay vaziyat yuzaga keladi. Ofeliya yetib kelgunicha bu chaqirilmagan mehmonni daf qilishi zarur. Oʻruch mumkin qadar yumshoqlik bilan gap boshladi.
– Ukaginam, bu masalalar bunaqa hal qilinmaydi. Otang ham yonimga boruvdi. Gapiradigan gapimni aytdim unga. Bu bogʻni menga dalahovlilar boshqarmasi bergan. Oʻsha yoqqa boringlar, sudga beringlar, udda qilib olinglar, lekin mening boshimni qotirmalaring. Shahar bedarvozami senlarga, xohlagan joyingga kirib, yalpayib oʻtirib olsang? Hozir melisa chaqirsam, seni oborib tiqishadi. Birovning bogʻiga qanday kirib olding, kalitni qayerdan topding, hammasiga javob berasan keyin.

Husanogʻa indamaygina sariq koʻzlarini Oʻruchdan uzmay, harakatsiz yotardi. Oʻruch gapirayotib, uning bigizdek nigohlariga toʻqnash kelganida gapidan adashib qolayozdi:
– Ha endi... orzuga ayb yoʻq deganday, bir yalpayganing yetar, qani joʻna endi. Kalitniyam olib qolaman. Yana shu tomonlarda koʻrib qolgudek boʻlsam... – negadir gap ohangi birdan oʻzgardi, – shaharga ishxonamga kelsang, gaplashamiz.

Ammo, kalitni olmoqchi boʻlib endigina qoʻl uzatganida, Husan-ogʻaning tusi oʻzgardi. Sovuq koʻzlarida vahshiy uchqun chaqnadi, lab-lunji egilib, qoʻlini karavot tagiga uzatdi.

Shundagina Oʻruch toklarning tagini yumshatishda ishlatiladigan belkurak bu yerga kelib qolganini koʻrdi. Uni bu yoqqa kim olib keldi? Karavotning tagiga kim berkitib qoʻydiykin? Kim boʻlardi? Manavi sariqmashak-da! Ammo, nima maqsadda?

Maqsadi endi oydinlashdi. Husanogʻa belkurakni karavotning tagidan chiqarib, dastasidan changalladi. Chetlari kavsharlangan, qilichdek oʻtkir uchini Oʻruchning peshonasiga toʻgʻriladi.

Keyingi voqealar Oʻruchga xuddi uyqudagidek, yoxud kadrlari haddan tashqari tez oʻtayotgan film manzaralariga oʻxshab tuyuldi. Vaziyat oʻta keskin va xatarli edi. Husanogʻaning hamlasini kutmay oʻzini oldinga otdi. Raqibining bilagiga yopishdi. Ikkinchi qoʻli bilan belkurakning dastasini ushladi. Oʻng tizzasi bilan sariqmashakning chotiga zarba berdi. Husanogʻa ogʻriqdan boʻkirib, qoʻlidagi belkurakni tashlab yubordi. Koʻz ochib-yumguncha belkurak Oʻruchning qoʻliga oʻtdi. Shu asnoda Husanogʻa bor kuchi bilan Oʻruchning yelkasiga bir musht tushirdi. Oʻruchning koʻz oʻngi qorongʻilashdi, roʻy berayotgan hodisalarning ma’no va mantiqdan yiroqligi, behudaligidan qoni qaynadi va nohaq yegan mushtning zarbi uni haqiqiy dalli-devonaga aylantirdi. U endi oʻz ustidagi nazoratni yoʻqotib qoʻygandi – qoʻlidagi belkurak qay tarzda Husanogʻaning boshiga sanchilganini ham sezmadi.

...va shu on xuddi filmdagi kabi tez oʻtayotgan kadrlar yana oʻz maromiga qaytdi. Husanogʻa holsizlanib yerga choʻkkaladi. Koʻz qorachiqlari bir nuqtaga qadalgancha harakatsiz qotdi. Oʻruch doʻxtir boʻlgani uchun bu holatning ma’nosini anglardi. Husanogʻa oʻlgan edi. Uni Oʻruch oʻldirdi. Yana oʻz uyida, ya’ni Oʻruchning uyida. Harholda, bu bogʻ, hech boʻlmaganda ikkinchi qavatdagi bu xona Husanogʻaning emas, Oʻruchning uyi-ku? Oʻruchning oʻzi qurgan uy. Va endi bu uyda oʻlik yotibdi. Nari borsa, yigirma bir yoshli yigitning oʻligi. Qoni palos uzra yoyila boshlagan, yotoq devorlariga ham sachragan edi. Belkurakning uch qismida ham qon dogʻlari, dastasida esa Oʻruchning barmoq izlari bor edi.

Oʻruch oxirgi yillarda faqat detektiv asarlarni mutolaa qilardi. Videodan ham koʻplab detektiv filmlarni koʻrgandi. Shu bois, es-hushini toʻplab olganidan keyin, birinchi qilgan ishi dastroʻmolini chiqarib. Belkurak dastasidagi barmoq izlarini qayta-qayta artish boʻldi. Detektiv asarlarda bu holat tez-tez takrorlanardi. Belkurak uchidagi qon dogʻlarini ham artmoqchi boʻldi, ammo, dastasida barmoq izlari boʻlmagach, uchidagi qon dogʻlarining nima ahamiyati bor? Shusiz ham Husanogʻaning shu belkurak bilan oʻldirilganini bilishadi. Lekin kim oʻldirgan? Bu haqda u emas, boshqalar bosh qotiradi. Avvaliga boshqa bir savolga javob topishi kerak. Husanogʻa bu yerga nima maqsadda keldi? Birovning bogʻiga qay yoʻl bilan kirgan? Xonaga qanday kirgan? Kalitni qayerdan topgan? Oʻgʻirlaganmi? Bu mumkin emas. Har ikkala kalit Oʻruchning qoʻlida turadi. Qolipini chiqarib, yasattirganmikin? Unday boʻlsa bu yerga kirishdan maqsadi nima boʻlgan? Birovning uyiga suqulib kirish, yalpayib yotish bilan bu uyga ega chiqish mumkinmi? Axir dunyoda qonun-qoida degan narsalar bor...

Hamma gap ana shunda. Ayni damga qadar oʻsha qonun-qoidalar Oʻruch tarafida edi, ammo, hozirdan e’tiboran qanday sabab, qanday shart-sharoit, vaziyat boʻlishidan qat’i nazar qonun unga qarshi turadi. Oʻruch jinoyatga qoʻl urdi. Gumondor ham, aybdor ham, jinoyatchi ham uning oʻzi. Albatta, buning uchun jinoyat ochilishi, isbotlanishi kerak.

Qochib qutulish zarur. Ish oshkor boʻlganida, hammasidan tonishi kerak. «Men oʻsha kuni bogʻda boʻlmaganman». Oʻsha kuni (xayolida tergovchining savoli: «Aynan oʻsha kuni ekanini qayerdan bilasiz?»... yoʻq, oʻsha kuni desa boʻlmaydi, Bir oydan beri bogʻda yoʻq edim, de-yishi kerak. Toʻgʻrisiyam shu-da, bir oydan beri boqqa kelgani yoʻq. Bugunni hisobga olmasa, albatta,

«Bugun ham boqqa kelmaganman, – oʻzini ishontirishga chogʻlandi Oʻruch, – Kim bilib oʻtiribdi boqqa kelganimni? Pokizami? Hoziroq uyga qaytib, fikrimdan qaytdim, boqqa bormadim, kechqurun shaharda ishim borligi esimga tushdi, deyman».

Yana kim biladi. Ofeliyami? Yo parvardigor! Yarim soatda u yetib keladi-ku! Tezroq bu yerdan ketish kerak. Kelsa, biroz eshikni taqillatib, qaytib ketaveradi-da! Dushanba kuni biror bahona topib, kechirim soʻraydi. Kelgusi hafta koʻrishamiz, deydi. Lekin keyingi hafta koʻrisha oladilarmi? Kelmasa, bu ish qanday ochiladi? Oʻlik aynan uning bogʻida, uyning ikkichi qavatida ekanini kim bilib oʻtiribdi? Harholda, shunisi aniqki, bu yerdan hoziroq ketmasa ish chatoq boʻladi. Belkurak sopidagi barmoq izlarini yoʻqotgani yetar, boshqa joylarni artib chiqishi shart emas, oʻz uyi boʻlganidan keyin hamma joyda uning izi boʻlmay kimniki boʻlsin? Izlarning yangi yoki eski ekanini topishning imkoni yoʻq. Boshqa biror asar-alomat qolmadimikin? Boya olishgan paytida tugmasimi, soch tolasimi, biror narsasi tushib qolmadimikin? Diqqat bilan xonani koʻzdan kechirib chiqdi. Husanogʻa karavotning yonida, yerda choʻzilib yotardi. Peshonasidagi yaradan sizayotgan qonning bir qismi palos ustida koʻlmakchalar hosil qilgan, qolgani jasadning sap-sariq chakkalarida, boʻyin va yuzlarida qota boshlagan edi. Qon karavot ustidagi pushtirang adyolni ham ivitib tashlabdi. Jasad yonida qonga belangan belkurak. Xonada toʻs-toʻpolon, olishuv va jinoyatning boshqa nishonasi yoʻq. Har qalay, boʻlsa ham Oʻruchning koʻzi tushmadi.

Xonaga soʻnggi bor koʻz yugurtirib, ayvonga chiqdi. Xona eshigini yopib, shosha-pisha pastga tushdi. Televizorni, pechkani, chiroqlarni oʻchirdi. Eshikni qulflab, darvoza tarafga yurdi. Mashinani tor koʻchaga chiqarib, darvozani berkitdi.

«Asosiysi oʻzimni yoʻqotib qoʻymasam boʻlgani. Hozircha meni bu yerda hech kim koʻrgani yoʻq, tezroq qochish kerak, vassalom».

Tezlik bilan mashinani katta koʻchaga chiqardi. Yoʻl-yoʻlakay miyasidagi fikrlar kalavadek chuvalashib bordi. Ishqilib, birorta xatoga yoʻl qoʻymadimikin? Jinoyatning biror uchi ochilib qolmasmikin? Shu haqda oʻylarkan, nogoh, ikkinchi qavatdagi yotoqxona eshigida turgan kalitni esladi. Axir, bu kalit Oʻruchniki emasligini kim isbotlab beradi. Ikkita kaliti bor boʻlsa, uchinchisi ham boʻlishi mumkin-ku? Borib olsa qanday boʻlarkan?

Yoʻq, bu juda xatarli. Qoʻlga tushib qoladi. Bordi-yu, Ofeliyani uchratib qolgudek boʻlsa, vaziyat yanada murakkablashadi.

Aeroportga yaqinlashgan payti yana bir «ilmoq»ni unutib qoldirgani esiga tushdi. Sovutkichdagi yeguliklar, meva-chevalar... Ekspertiza bu yeguliklar shu kuni olib kelingani va demakki, Oʻruchning bu yerga kelib-ketganini isbotlay oladi. Uf-f, jin ursin, oʻchakishgandek, xotini koʻkatlarni bugungi gazetalarga oʻrab bergandi. Tamom, Oʻruch aynan qaysi kun boqqa kelib-ketganini yuz foiz aniq bilishadi.

Miyasiga shu fikr kelishi bilan mashinani orqaga qaytardi. Boqqa qaytishi nechogʻli xavfli boʻlmasin, ashyoviy dalilarni tashlab ketish undan yuz chandon xatarli edi. Ishqilib, oldidan Ofeliya chiqib qolmasa, bas.

Sakkiz daqiqada mashina boyagi tor koʻchaga yetib keldi. Darvozaning qoʻshtavaqasini birdaniga ochib oʻtirmadi. Mashinani tashqariga qoʻyib, oʻzi ichkari kirdi. Sovutkichdagi xamma yeguliklarni chiqarib savatga soldi. Oʻzi chiqindi chelakka tashlagan yangi gazeta parchalarini yigʻib hojatoʻraga itqitdi.

Eng tahlikali onlar edi bu. Ofeliya koʻchada turgan mashinani koʻrsa, Oʻruchning shu yerda ekaniga shubhasi qolmaydi. Unda darvozani ochib, Ofeliyaga vaziyatni toʻla-toʻkis tushuntirish kerak. (Tushuntira olarmikan?). Darvozani ochmasa-chi? Unda Ofeliya kutaverib, xavotirga tushadi, keyin bir kor-hol yuz bergandir, degan xayolda qoʻshnilarga, hatto, melisaga ham xabar qilishi mumkin. Ana unda...

Ishqilib, Ofeliya kelib qolmasin-da! Har doim ma’shuqasining kelishini intizor kutgan Oʻruch bu gal uning kelmasligi uchun butun borini berishga tayyor edi. Ehtimol, Oʻruch yoʻlda ketayotganida Ofeliya kelib ketgandir? Oʻruchning bogʻdan chiqib, aeroport yonidan qaytishi oʻn besh-yigirma daqiqani olardi. Shu vaqt ichida Ofeliyaning kelib-ketishi mumkinmidi? Koshki shunday boʻlsa?

Oʻruch savatni tashqari chiqarib, pastki xonani berkitdi. Ikkinchi qavatga chiqayotganda, oyoqlari chalishib, zinapoyadan umbaloq oshib tushishiga oz qoldi. Yiqilib oyogʻini sindirib olishi qoluvdi endi. Yotoqxonanig eshigiga tiqilgan kalitni sugʻurib oldi. Tuflisining uchi bilan eshikni qiya ochdi-da, ichkariga moʻraladi. Hamma narsa oʻsha holatda – jasad, belkurak, karavot... faqat palos ustidagi qon halqobi biroz kattalashgan.

Oʻruch tezgina tuflisi bilan eshikni itargan payti, qarsillab yopildi va bu ovoz sukunatda shu qadar qattiq eshitildiki, Oʻruchning oʻzi ham seskanib ketdi. Qoʻlida hamon ushlab turgan begona, «uchinchi» kalitni hovlidagi quduqqa itqitdi.

«Husanogʻaning oilasi hali bu fojiadan bexabar» oʻyladi Oʻruch. Xabar topsa, qanchalar qiyomat boʻlishi tayin. Otasining yettisi oʻtmay turib, katta oʻgʻli juvonmarg boʻlib turibdi. Chindan ham musibat-ku, bu! Bu musibatning loaqal Husanogʻaga oid qismiga oʻzi sababchi ekaniga Oʻruchning ishongisi kelmasdi. Axir Oʻruchda nima ayb? Janjalni, bema’ni iddaolarni yoʻq yerdan kim chiqardi? Oʻruchning uyiga suqilib kirgan ham Husanogʻaning oʻzi boʻldi-ku! Janjalni kim boshladi, kim birinchi hujum qildi? Oʻruch belkurakning dastasidan tutib qolmaganda, shu belkurak uning boshini yormasmidi? Hozir karavot yonida qoniga belanib yotgan ham Oʻruchning oʻzi boʻlardi. Oʻruch jinoyat qilgani yoʻq, faqat oʻzini mudofaa qildi, xolos.

Unaqada nega oʻz ixtiyori bilan mashinasini melisaxonaga haydamadi? Hamma gapni borib aytsa boʻlardi-ku? Ammo, ular voqea aynan shunday yuz berganiga ishonarmidilar? Mayli, ishonsin ham deylik, tergovdan ham suddan ham oqlanib chiqdi, deylik. Baribir qotillik tamgʻasi umr boʻyi gardanida qolib ketmaydimi? Axir shuncha yil misqollab yiqqan obroʻ-e’tiborini bir lahzada yoʻqotmaydimi?

Darvozani qulflab, katta yoʻldan ketib borayotganida ham miyasida charx urayotgan ming bir oʻy-xayolning mantiqiy natijasi bitta edi – melisaga bormay, toʻgʻri ish qildi. Jinoyat... yoʻgʻ-e, hodisa joyida biror iz qolgani yoʻq. Agar oʻzini qattiq tutsa, hech kim Oʻruchning boʻyniga hech narsani ildirolmaydi. U har qanday vaziyatda biror ogʻiz shubhali gap aytmasligi, oʻzini hech narsadan bexabardek koʻrsatishi shart. Bu uning qoʻlidan keladi. Harqalay tajribali ruhshunos-ku. Asablari, kayfiyati, yurish-turishini boshqara biladi. Hech bir mohir tergovchi uni tilidan ilintira olmaydi. Ertami-kechmi, baribir tergovchi bilan yuzlashishi aniq. Axir jinoyat... uzr, hodisa, uning bogʻida yuz bergan. Demak, uni ham tergovga jalb qilishadi – bu aniq. Hech boʻlmasa, ba’zi narsalarga aniqlik kiritish uchun. Shu kuni bogʻda kim boʻlgan? Kalit yana kimda boʻlishi mumkin edi? Marhumni avvaldan tanirmidingiz? Oilaviy yaqinligingiz bormidi? Bu savollarga avvaldan tayin javoblarni topib qoʻyishi zarur.

Yana oʻzi koʻrgan detektiv filmlarni esga oldi – javobni hozirlab qoʻyishi kerak. Mashinani kasalxonaga haydadi. Taajjubda qolgan qorovulga:
– Qogʻozlarim qolib ketibdi, – dedi, – olib ketishim kerak. Ertalabdan beri ishlayotuvdim. Qarasam, qogʻozlarimning yarmi ishxonada ekan.

Qorovulning soat soʻragani ham xuddi koʻnglidagi ish boʻldi. Bir soat oldingi vaqtni aytdi. Bu vaqtda Oʻruch 42 chaqirim olisda, endigina belkurak bilan Husan ogʻaning boshini yorgan edi.

Kasalxonadan chiqib, doʻkonga kirdi. Tish pastasi olgan kishi boʻlib, sotuvchi bilan ancha suhbatlashib qoldi. Dorixonaga kirib, valokardin soʻradi. «Yoʻq» javobini eshitgach, yuzida yasama norozilik aks etdi. «Biror marta boʻlsin, sizlardan kerakli dorini topib boʻlmaydi, bir soat avval, – u shunday deya devordagi soatni koʻrsatdi, – aspirin soʻrasam, shuniyam topib berolmovdilaring, aspirin-a?»

Oʻruchni yaxshi taniydigan sotuvchi uzrli jilmaydi:
– Doʻxtir, kechirasiz, lekin bizda aspirin har doim boʻladi, sizga yoʻq deb kim aytdi?

Oʻruch oʻzini yoʻqotib qoʻymadi:
– Kim bilsin, bitta yosh qiz oʻtirgan ekan, bir soat oldin keluvdim, yoʻq dedi.

* * *

Uyiga keldi. Eshikni oʻzidagi kalit bilan ochib, savat koʻtarib ichkari kirganida, Pokiza lol qoldi.
– Siz... bogʻda emasmidingiz?
– Bormadim, – dedi. – Indinga ma’ruzam borligi yarim yoʻlda esimga tushdi. Materiallarning yarmi uyda, qolgani ishxonamda ekan. Bugun ertalabgacha uyda oʻtirib ishlashim kerak. Manavi savatdagilarni sovutgichga qoʻy, buzilib-netib qolmasin.

Bu sahna juda ishonarli chiqqani uchun oʻzidan qoniqish hosil qildi. Ammo, vujudida baribir bir sarosima hukm surar, badani yengil titrayotganini sezardi. Oʻzini qoʻlga olishga chandon urinmasin, uddasidan chiqolmayotgandi. Ikki soat oldin yuz bergan hodisalar xayolidan ketmasdi.

Hammomga kirib, avval issiq, soʻng sovuq dush qabul qildi. Vannani suvga toʻldirib, bir muddat choʻzildi. Shu chogʻ miyasiga keldiki, oʻzini oʻldirishning eng oson va ogʻriqsiz yoʻli issiq suvga kirib, tomirlarini kesishdir. Keyin bu fikrni daf’atan miyasiga suqqani uchun Shaytoni la’inni soʻkib ham qoʻydi.

Oʻttiz-oʻttiz besh daqiqalarda hammomdan chiqdi. Fen bilan sochlarini quritayotganda, Pokiza stol ustiga bir stakan choyni ikki tilim limon, murabbosi bilan keltirib qoʻydi.
– Telefon qilib, sizni soʻrashdi, – dedi mutelik bilan. – Hozir choʻmilyaptilar, keyiroq qoʻngʻiroq qiling, dedim.

Oʻruch ilkis sergaklandi:
– Kim ekan?
– Tanimadim, Bolamiman deydi.
– Kim?
– Bolami.

Oʻruch yuragi hapqirib tushayotganini his etdi. Bolami! Bir necha kun avval dunyodan oʻtgan Bolami! Uch soat oldin oʻldirilgan Husan-ogʻaning otasi.

Shubhasiz, bu qoʻngʻiroq ikki-uch soat avvalgi hodisaga aloqador boʻlishi kerak. Balki «Bolami» emas, «Bolamining uyidan» deyishgandir? Balki, Bolami degan boshqa bir qarindoshlari ham bordir? Harholda, ayni damda telefonda Bolami degan ismning ishlatilgani oddiy tasodif boʻlishi mumkin emas. Boyagi hodisa bilan bogʻliq ekaniga shak-shubha yoʻq.

Pokiza sovugan choyning oʻrniga yangisini keltirib qoʻydi:
– Biror narsa yeysizmi?

Pokizaning bu mehribonligi, gʻamxoʻrligi, umuman, uning fe’l-atvori yumshoqligi, sadoqati Oʻruchning eng katta baxti edi. Oʻruch shuni ham aniq bilardiki, qachondir bu jinoyat... hodisaning usti ochilib, Oʻruchni javobgarlikka tortishsa, hatto, qamoqqa tiqishsayam, Pokiza uning yakkayu yagona panohi, ilinji, tayanch nuqtasi boʻlib qolishi tayin edi. Bunday sodiq, fidoyilik va vafodorlikni qavm-qarindoshlari nari tursin, hatto oʻgʻlidan ham kutmasdi. Hozir u Ofeliya haqida oʻylashni ham istamasdi. Yaxshiyam bugun bogʻda u bilan koʻrishmadi, – faqat shu tarafdan uni eslashi mumkin edi.
– Ertalabdan beri tuz totmagandirsiz? Biror narsa pishirib beraymi?

Rostdan ham ertalabdan beri hech narsa yegani yoʻq. Ishtahasi ham yoʻq edi. Hech narsa yeyishni ham, hech narsa haqida oʻylashni ham istamasdi. Faqat koʻzlarini yumgancha, hech kimni koʻrmaslikni, hech kim bilan gaplashmaslikni, hech narsani his etmaslikni istardi. Dunyodan tamomila ajralishni, sokin, salqin bir joyda yakka-yolgʻiz qolishni istardi. Ovozlardan, soʻzlardan, chehralardan, almoyi-aljoi fikrlardan toliqqan edi. Odamlardan charchagan edi. Oʻzini sogʻ koʻrsatishga tirishgan kasallar va kasaltabiat sogʻlardan horigandi. Hatto, oʻz-oʻzidan ham bezib ketgandi. Uzun, cheksiz bir sukutga ilhaq edi. Yoʻq, aslo oʻz joniga qasd qilishni xayoliga ham keltirgani yoʻq. Bunga irodasi yetmasdi. Hatto issiq vannada tomirini kesib oʻlishni ham istamasdi. Ammo, uyqudagi oniy bir oʻlim – aziyatsiz, ogʻriqsiz, qoʻrquvsiz, vahimasiz... qanday yaxshi boʻlardi-ya! Faqatgina yotish, uxlash va uygʻonmaslik...

Bir qultum choy ichib, koʻzlarini yumdi. Miyasiga toʻlgan fikrlarni, xayolida jonlangan oʻsha mash’um sahnalarni sidirib tashlamoqni istadi. Boshqa, yaxshiroq narsalarni oʻylashga tirishdi. Hatto Ofeliya bilan kechgan damlardagi shahvoniy oʻyinlarni xotirladi – koʻngli aynib oʻqchishiga sal qoldi. Bolaligini, qalin oʻrmonlar orasidagi buloqni esladi. Oyoqlarida oʻsha muzdek buloq suvining sovuqligini his etdi. Quloqlari ostida qaynarbuloqning shoʻx jildirashi eshitilgandek boʻldi va shu zaylda yumshoq oromkursi ustida yastangancha koʻzi ilinganini sezmay qoldi.

Eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Qoʻngʻiroq tugmasi bosilishi bilan yoqimli, hazin bir musiqa yangrardi. Ammo, hozir Oʻruch uxlayotgani uchunmi, asablari haddan tashqari taranglashgani uchunmi, har doim koʻngliga xushyoqadigan bu musiqa hushtak chalib, pishqirib oʻtayotgan poyezdning ovozidek tuyuldi.

Sapchib eshik tarafga yurdi. Odatda eshik ochishdan avval, mitti tuynukdan qarab, kimligini soʻrab, keyin eshikni ochardi. Oʻruch bu gal odatiga amal qilmadi. Eshikni ochishi bilan dong qotdi. Ostonada turgan odam Bolami edi.

* * *

Keyinchalik Oʻruchning oʻzi ham taajjublandi. Nega oʻshanda yuragi toʻxtab qolmadi? Nega yiqilib tushmadi? Axir roʻparasida turgan odam oʻlgan emasmidi? Uch soat ilgari oʻldirilgan Husanogʻaning otasi shu emasmi? Balki, u dunyodan qaytib keldimikin? Oʻgʻli uchun qasos olmoqchidir balki?

Ammo, Bolami qasos olgani kelgan odamga oʻxshamasdi. Yuzida xotirjam, tinch, sokin bir ifoda bor edi. Hatto kulimsirab turardi. Bu gʻalati atvorli odamni Oʻruch ilk bor koʻrganida, uni umrida kulmagan va kulmaydigan odam boʻlsa kerak, deb oʻylagan edi. Yoʻq qarshisidagi odam oʻsha Bolami edi. Ammo, uning yuzida avvalgiga qaraganda ikkita farqni sezish mumkin edi. U soqol qoʻygan, yuzi esa, anchayin muloyimlashib qolgandi.
– Boya telefon qilsam, kelin choʻmilyaptilar, dedi. Men aytdim, ha, unaqa boʻlsa, uyda ekan, biror joyga chiqmasa kerak. Havo birdaniga tashladi-da! Shabadani qarang, koʻz ochirmaydi. Bunaqa havoda choʻmilib chiqsangiz shamollab-netib qolasiz-da, akang aylangur! Endi... baribir tozalik, pokizalik yaxshi narsa-da. Bir doʻxtirdan xabar olay-chi, borsam eshigidan quvmas, dedim. Kirsak boʻladimi oʻzi?
– Marhamat, kiring!

Bolami dahlizda avval kamzulini, keyin, etiklarini yechdi. Oʻruchning miyasidan turli fikrlar yashin tezligida chaqnab oʻtardi: «Bu qanaqasi boʻldi? Bu odam oʻlmaganmidi? Oʻzi oʻlganini kimdan eshituvdi? Ofeliyadan! Balki, «bufetchining oʻlimidan ayblanib qamalib chiqqan, deb umuman boshqa Balamini nazarda tutgandir? Infarktdan oʻlgan ham oʻsha odam boʻlsa kerak! Dunyoda Bolamidan koʻpi yoʻq. Mayli, masalaning bu tarafi aniq, deylik. Oʻlgan boshqa odam boʻla qolsin. Mana, bunisi tippa-tirik turibdi-ku! Demak, oʻgʻlining oʻlimidan xabari yoʻq. Aks holda Oʻruchdan shubhalanmagan taqdirda ham bunaqa tirjayib yurmagan boʻlardi. Axir, uch soat ilgari bechora bir bolasidan ayrildi. Balki... aqldan ozgan boʻlsa-chi? Oʻruch mutaxassis sifatida Bolamining koʻzlariga tikildi, qoʻl harakatlarini koʻzdan kechirdi. Yoʻq, tentakka oʻxshamaydi. Harholda, oʻgʻlining oʻlimidan xabar topmagani aniq. Unaqada Oʻruchning uyiga nega keldiykin? Maqsadi nima?

Ular xonaga oʻtishdi. Bolami yuzida oʻsha tabassum bilan jimgina xonani koʻzdan kechirardi. «Balki endi uyimga ham ega chiqmoqchidir» degan xayolga bordi Oʻruch. Balki birovning uy-joyini da’vo qilishga moyillik ruhiy xastaliklarning yangi bir turidir?

Pokiza choy keltirib, Bolamining oldiga qoʻydi. Bolami boshini koʻtarib, Pokizaga qaramasdan:
– Rahmat, kelin, bolalaringizning rohatini koʻring, – dedi. – Toʻylaringizga kelib, xizmatda boʻlay. – Choydan bir hoʻplam ichib, xonani yana bir koʻzdan kechirib chiqdi.
– Ha, Oʻruch doʻxtir, – dedi. – Akang aylangur, shu desangiz, bu dunyo xoʻb qiziq dunyo-da. Ikki haftadan beri bu yerda emasdim. Eronga borib keldim. Parvardigor sizga ham nasib qilsin. Mashhadga borib, Imom Rizoning (Alloh u kishidan rozi boʻlsin) qabrlarini ziyorat qilib qaytdim. Paraxod bilan keldim. Oʻsha yerda bolalarimning yoniga borishdan avval sizni bir koʻrib oʻtishim kerakligini Xudo dilimga soldi. Sizni boshqa bezovta qilmasam deb Hazratning qabrlari tepasida niyat qildim. Oʻsha bogʻni qaytib da’vo qilmaganim boʻlsin, dedim. Shu yigitning haqqi haloli boʻlsin dedim. Sizdan hech qanaqa da’voyim ham, iddaoyim ham yoʻq. Oʻsha Hazrati imomning xoki poylarini koʻzimga surganimda dilimga bir nuri ilohiy tushdi. Xuddiki, hazratning oʻzlari qulogʻimga pichirlaganday boʻldilar: «Hay baraka topkur, xudoning bandasi Bolami! Necha yilki bir armani bogʻingda makon tutdi, indamading. Endi oʻz birodaring, dindoshingni quvib chiqarasanmi? Qoʻy, bechora umrining oxirigacha shu yerda umrguzaronlik qilsin, sen ham koʻchada qolganing yoʻq, uy-joying, bola-chaqang bor, nima qilasan, besh qoʻlingni ogʻzingga tiqib?» Hay, dedim, oʻtgan ishga salavot, dedim. Akang aylangur, mana oldingizga kelib turgan joyim. Oʻsha bogʻda oʻnib-oʻsing, mingdan ming roziman.

Rahmatli Vohid aytganidek:

Vohid, jahonda jovidon ishq mulkidir,
Qolgan nima boʻlsa, bari vayronadir manga.

Oʻruch ayni paytda boshqa narsani oʻylardi. Bolami hozir toʻgʻri qishloqqa borib, oʻgʻli yoʻqolib qolganini payqaydi. Ertami-kechmi, oʻligini ham topadi. Ana unda boshlanadi qiyomat.

Bolami choyini ichib, oʻrnidan turdi. Oʻruchning tilidan koʻchgan manzirat oʻziga ham gʻalati tuyulib ketdi:
– Oʻtiring, qayoqqa shoshilasiz? Xotinga aytay, ovqat qilsin...
– Yoʻq, akang aylangur, Alloh sizdan rozi boʻlsin. Uyga bormasam boʻlmaydi. Bolalarimni sogʻindim, koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirgandir.
– Bolalardan nechta? – bu savolni shunchaki bermadi. Shu tariqa Husanogʻaning oʻlimiga daxli yoʻqligini yana bir bor koʻrsatmoqchi edi.
– Aytuvdim-ku, sizga, ikkita oʻgʻlim bor, boshi omon boʻlsin. Kattasi Husanogʻa. Kichkinasi Hasanogʻa.

«Husanogʻa... edi, – xayolidan kechirdi Oʻruch. – Endi kattasi yoʻq, faqat kichigi qolgan».

Bolami hali buni bilmasdi. Negadir kulimsiradi. Oʻruch ham uning tabassumiga javoban iljayib qoʻydi.

Bolami xayr-xoʻshlashib chiqdi. Oʻsha kechasi Oʻruch sahargacha uxlolmay chiqdi. Ertasi – yakshanba kunini xuddi igna ustida oʻtirganday azob bilan oʻtkazdi. Har gal telefon jiringlaganda, yuragi hapriqib ketardi. Har daqiqada eshik ochilib, qurolli soqchilarning kirib kelishini, uning qoʻl-oyogʻiga band solib, olib ketishlarini kutardi. Ammo, kun boʻyi hech kim eshikni qoqmadi. Tayinli qoʻngʻiroq ham boʻlmadi. Qoʻshni suv kelgan-kelmaganini soʻrab sim qoqdi. Keyin bir-ikki tanishlari... Bittasi begona, raqamni notoʻgʻri tergan chamasi. Kechgacha Oʻruchning boʻlari boʻldi. Yotogʻida choʻzilib, biroz mizgʻigan boʻldi. Keyin uygʻondi-yu, sahargacha uxlolmadi.

Ertalab oltida turib, dushga tushdi. Soqolini oldi, bir tishlam non ham tomogʻidan oʻtmadi. Bir stakan choy ichib poyu piyoda ishga joʻnadi.

Kasalxona qarshisida Ofeliya bilan yuzlashdi. Atrofda odam yoʻqligiga ishonch hosil qilgach:
– Meni kechiring, – dedi asta. – Oʻsha kuni borolmadim. Onamning qon bosimi oshgan edi, ukol qildim, tashlab ketishga koʻnglim boʻlmadi. Jahlingiz chiqmadimi?
– Albatta yoʻq, – dedi Oʻruch ich-ichidan sevinib. Chindan ham yaxshi boʻlibdi, aks holda yangi chigalliklar paydo boʻlardi. U Ofeliyaga: – Oʻzim sendan uzr soʻramoqchiydim. Zarur ishim chiqib qoldi, shuning uchun men ham boqqa borolmadim. Ikki kun seni oʻyladim, bogʻning eshigida kutib-kutib ketdimikan, deb. Kelmaganing yaxshi boʻpti, – keyin biroz oʻylanib gapiga tuzatish kiritdi, – lekin onangning qon bosimi oshgani chatoq boʻpti-da! Hozir yaxshimi, ishqilib?
– Ertalab oʻlchab koʻrsam, joyiga tushibdi, – dedi va biroz qizarib davom etdi. – Demak, sizam kelmabsiz-da, men boʻlsam... sizni ancha kuttirib qoʻydim deb...
– Seni har doim kutaman, – yasama iltifot bilan shivirladi Oʻruch. Ularning suhbatlari choʻzilgani sari oʻtib ketayotganlar bu tomonga ma’noli koʻz tashlab qoʻyardilar. Harqalay, ularning don olishib yurishi koʻpchilikka ayon edi.

Oʻruch ikki-uchta bemorni qabul qilganidan keyin anchayin parishonligini his etdi. Fikrini bir joyga jamlashga qiynalayotganini angladi. Assistentiga:
– Nimagadir, boshim qattiq ogʻriyapti, – dedi, – uyga ketmasam boʻlmaydi.

Uyga kirishi bilan bu yerda ahvoli avvalgidan yaxshilanmasligini angladi. Kasalxonada-ku, odam koʻp, bemorlarning shikoyatlari, ish, tashvishlar bilan biroz boʻlsayam chalgʻiydi. Uyda esa, tilsiz-zabonsiz Pokizadan boʻlak hech kim yoʻq, yolgʻizlikda turfa qoʻrqinch xayollar iskanjasida yorilib oʻlay deydi. Nazarida har daqiqada mudhish bir voqea yuz beradiganday edi.

Bogʻdagi voqeaning uchinchi kuni edi. Nega Bolami haligacha jim yurganidan taajjublandi. Nahotki, oʻgʻlining taqdiri bilan sira qiziqib koʻrmagan boʻlsa? Agar vahima koʻtarib, melisaga xabar bergan boʻlsa, organ xodimlari ertami-kechmi uning iziga tushib boqqacha borishardi. Husanogʻa shubhasiz otasining bogʻ da’vosidan voqif boʻlgan. Oʻruchning bogʻiga ham shuni talab qilib kelgan. Mash-haddan qaytgan otaning fikri oʻzgarishidan oʻgʻli tabiiyki, bexabar edi. Bolami qaytganidan beri oʻgʻlini koʻrgani yoʻq. Uning uyida bu mavzudagi suhbatlar koʻp boʻlgandir? Bolami oʻgʻli Oʻruchning bogʻiga borishi ehtimolini nazardan qochirishi mumkin emas. Demak, bu taxminni melisaga ham aytishi aniq. Unda iz, albatta, Oʻruchga kelib tutashadi va Oʻruchni loaqal bir marta boʻlsin soʻroq qilishardi. Bularning hammasi bugun boʻlmasa ertaga, bir hafta, bir oy va undan keyin ham yuz berishi mumkin. Bir oydan keyin ham haftalik odati boʻyicha bogʻidan xabar olmasa, shuning oʻzi ham shubhaga yetarlicha asos boʻla oladi. Qachon boʻlmasin, Oʻruch boqqa borishi, hodisani birinchi boʻlib oʻzi oshkor qilishi kerak. Iriy boshlagan murdaning badboʻy isi butun boqqa yoyilib ketishi aniq. Shunda ham topa olishmasa, oʻzi borib, xabar qilishi shart. Albatta, oʻzini fosh etmasligi kerak. Ammo, bu bir-ikki oyning har daqiqasi dahshat, tahlika, sarosima bilan toʻliq boʻlishi aniq. Bunga Oʻruchning irodasi yetarmikin?Noaniqlik, mavhumlikdan koʻra ogʻir narsa yoʻq bu olamda.

Balki, telefonni olib, oʻzi Bolamiga qoʻngʻiroq qilsa-chi? Yaxshiyam, telefon raqami yozilgan qogʻozni tashlab yubormagan ekan. Qidirib topdi. Xoʻsh, qoʻngʻiroq qildi ham deylik, keyin-chi? Nima deydi? Nimani soʻraydi? Qancha oʻylamasin, biror joʻyali bahona topolmadi. Bolami bilan oldi-berdisi, salom-aligi boʻlmasa? Ehtimol, qoʻngʻiroq qilib, qoʻyib qoʻyar. Birgina ovozdan ham koʻp narsani aniqlashtirishi mumkin.

Raqam terib, yana goʻshakni ilgani bilan bir ish chiqmasa-chi? Balki, uning telefoni nazorat ostidadir?

«Oʻzimam gʻirt vasvos boʻlib qoldimmi, deyman».

Goʻshakni olib, raqamni terdi. Birozdan keyin erkak kishining ovozi eshitildi. Bolamining tovushini darrov tanidi. Ovoz sokin va xotirjam edi.
– Allo, kim bu, eshitaman, gapiring!

Oʻruch jim edi. Bolami bir-ikki allo-allo dedi-da, goʻshakni ildi. Yaqinidan ajragan kishining ovozi emasdi bu. Qiziq, nahot oʻgʻlining yoʻqolganidan xavotirlanmayotgan boʻlsa?

Kechgacha oʻylab, bir bahona topdi. Bolamiga telefon qilib Eron safari haqida soʻraydi. «Bir oshnam Eronga bormoqchiydi, sizdan bir-ikki maslahatli gaplarni soʻramoqchi ekan», deydi. Viza, sarf-xarajat, borish-kelish degandek...

Garchi ishonarsizroq bahona boʻlsa-da, boshqa tayinli gap miyasiga kelmadi.

Kech soat toʻqqizlarda sim qoqdi. Yana Bolamining oʻzi koʻtardi. Oʻruch arang oʻzini bosib:
– Salom, Bolami ogʻa, – dedi. – Men Oʻruch doʻxtirman.
– Ha, doʻxtir, xush koʻrdik, nima gap? Nima yangiliklar? Tinchlikmi, yoʻqlab qolibsiz?

Ovoz juda sokin va hatto biroz quvnoq edi. Biror-bir xavotir alomati sezilmasdi.

Oʻruch doʻstining Eronga borishi haqida toʻqigan uydirmani gapirib berdi. Savol berib, javobini oldi. Faqat, suhbatining oxirida bazoʻr yurak yutib, soʻradi:
– Bolalar yaxshi yurishibdimi?
– Rahmat, hammasi yaxshi, – dedi. – Hasanogʻa bogʻ ishlari bilan yuribdi. Husanogʻa gul sotgani Maskovga ketgan.

Oʻruch Bolami ham boshqa qishloq odamlaridak tomorqasida ul-bul yetishtirib, Maskovga yuborib tursa kerak, Husanogʻani ham Maskovga ketgan deb xotirjam yurgan boʻlishsa kerak degan xayolga bordi.
– Husanogʻa qachon ketdi Maskovga? – Har qancha tahlikali boʻlmasin, Oʻruch bu savolni berishdan oʻzini tutib turolmadi.
– Kecha ketdi, – dedi Bolami. Bu javobdan soʻng goʻshak Oʻruchning qoʻlidan tushib ketishiga sal qoldi. Shosha-pisha xayrlashib goʻshakni ildi.

Gʻalati ahvolda qolgandi. Suyunishni ham, sevinmaslikni ham bilmasdi. Suyunishga asosi bor edi. Bolamining butun oilasi sogʻ-salomat ekan. Ularga Oʻruchning biror ziyon-zahmati tegmabdi. Belkurak bilan oʻldirilgan yigit (hech oʻylab koʻrmaydimi, qop-qora odamdan qanaqasiga bunday mallavoy tugʻilishi mumkinligini) Husanogʻa emas ekan-da! Bordi-yu, oʻsha yigit Husanogʻa boʻlsa, oʻlmagan, (oʻlganiga shifokor sifatida Oʻruchning shubhasi yoʻq edi) shunchaki yaralangan boʻlganida, oʻziga kelib uyiga qaytgan, loaqal kim uni bu ahvolga solganini uyidagilarga aytgan boʻlardi. Demak, oʻlgan Husanogʻa emas. Ming qatla shukur. Unda u oʻlik kimniki? Nega oʻzini Husanogʻa deb tanishtirdi? Bogʻ mojarosini u qayerdan eshitgan? Maqsadi nima boʻlgan?

Husanogʻaning salomatligi Oʻruchni qanchalik sevintirmasin, bu muammo ortidagi sir uni shu qadar bezovta qilardi. Kimni oʻldirdi u? Nima sababdan, nima maqsadda Oʻruchning bogʻiga suqulib kirdi bu odam? Nima boʻlganda ham u odam oʻldirgan. Umrida birinchi va oxirgi marta odam oʻldirishi uni shu qadar jiddiy vahimaga solib qoʻygandi. Hayajoni, sarosimasi, taajjub va qoʻrquvlarini kim bilan baham koʻrishi mumkin? Hech kim bilan.

Oʻsha kecha uxlolmay chiqdi. Ertalab soqolini olayotib, unga qarab turgan, qip-qizarib ketgan soʻniq koʻzlar, salqigan qovoqlar, sargʻaygan yuzlarni koʻrib angladiki, yana bir ana shunday kechani yashamoqqa tobu toqati yetmaydi. Bu holatda ishga ham borolmasdi. Pokiza ham ertami-kechmi uning ahvolini tushunib yetardi. Agar hozirga qadar tushunib olmagan boʻlsa.

Uch kechalik uyqusizlik Oʻruchni tamoman holdan toydirgan, miyasini toliqtirgan, asablarini buzgan boʻlsa-da, harholda tushunchalarini muayyan bir mantiq asosida tizishga tirishardi. Aniqki, oʻlgan odam Bolamining oʻgʻli emas, umuman, uning oilasiga daxli ham yoʻq. Demak, shaxsiy adovat, gʻaraz, dushmanlik oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Husanogʻa oʻldirilganida Bolamini Oʻruchni ayblashi, har yoʻl bilan undan qasos olishga intilishi mumkin edi.

Jon taslim qilgan tamomila mavhum odam. Albatta, bu jinoyat, Oʻruch buni boʻyniga olmasligi kerak. Ammo, bu jinoyatning ochilishini oylar davomida kuta olmasdi. Balki oʻlgan yigit shunchaki bir daydi, hech kimi yoʻq benavodir? Hech kimga uning keragi ham yoʻqdir?

Buyoqda yoz mavsumi yaqinlashyapti, havo isiyapti. Tut pishigʻida boqqa borishga toʻgʻri keladi. Umuman, qachondir boradi-ku, bogʻiga? Oʻshanda bu jinoyat yanada jirkanchli koʻrinishda yuzaga chiqadi. Murdani yorib koʻrishganda, oʻldirigan vaqti ma’lum boʻladi. Oʻruchning ikki-uch oydan beri boqqa kelmayotganini ham bilib qolishsa tamom. Axir, uning har hafta oxirida bogʻiga kelib turishini koʻpchilik biladi-ku? Ofeliya tugul, Pokiza ham, tanishlari ham biladi buni. Ofeliya bilan uzoq muddat koʻrishmay yurgani ham muammolarni keltirib chiqarardi.

Har qanday vaziyatda ham bu masalani choʻzib boʻlmaydi. Shu kunning oʻzida boqqa borib, oʻlikni «oshkor» qilishi, melisaga xabar berishi kerak. Suvdan quruq chiqish uchun esa, oʻzini yoʻqotmasligi, butun irodasini toʻplab, oʻzini musichadek begunoh, tetik, bardam tutishi kerak. Sarosimadan biroz dovdirab qolsa, buni tushunish mumkin. Hamma ham kelib oʻz uyida oʻlik koʻrsa, shu ahvolga tushishi tabiiy.

Yoʻq, nima boʻlsa boʻlsin, bugun borishi, bu mavhumlikni yoʻqotishi shart. Pokizaga biror narsa demaydi. Borib kelganidan keyin hammasini aytib beradi. Albatta, melisaga aytiladigan tarzda. Nima uchun aynan bugun boqqa borganiga ham bahonani taxt qilib qoʻygan. «Mashinamga yangi ballon olib qoʻygandim, shuni olish uchun boruvdim. Kasseta olish uchun yuqori qavatga chiqsam, xonada...». Toʻgʻrisiyam shu edi-da, oʻzi.

Havo sovuq, shamol esib turardi. Boqqa yaqinlashganida yomgʻir shivalay boshladi. Mashinani tashqarida, tor koʻchada qoldirdi. Hovliga oʻtib, atrofga koʻz tashladi. Hech narsa oʻzgarmagan. Hamma narsa har kungiday. Tut, anjir, toklar, bogʻ ustidan oʻtgan elektr simlari, quduq, hovuz, garaj, sauna, ikki qavatli uy.Birinchi qavatning eshigini ochmadi. Ikkinchi qavatga koʻtarildi, ayvonga chiqdi, xona eshigiga yaqinlashdi.

Xona eshigiga... yana kalit solingan edi. Oʻruchning koʻzlari olayib ketdi. Axir bu kalitni oʻtgan safar quduqqa otmaganmidi? Balki bu uchinchimas, toʻrtinchi kalitdir? Shu choq kalit oʻz-oʻzidan burala boshladi va eshik qiya ochildi.

Shundoq ham shiddat bilan urib turgan yuragi koʻksidan otilib chiqqudek boʻldi. Eshikni ochib, ichkari kirganida yuragi goʻyo taqqa toʻxtagandek boʻldi. Oʻruchning koʻz oldi qorongʻilashib, boshi aylandi, yiqilib tushishiga sal qoldi. Butun irodasini toʻplab, hushini yoʻqotmaslikka tirishdi.

Xona paloslari ustida na qon izlari, na qonli belkurak, na yigitning jasadi bor edi. Yigit... soppa-sogʻ holatda karavotning ustida yastanib yotardi. Peshonasida ham, chakkasida ham, yelkasida ham jarohatdan asar qolmagandi. Oʻruchni koʻrishi bilan bamaylixotir oʻrnidan turdi.
– Senmisan, – soʻradi Oʻruch. – Haliyam shu yerdamisan?
– Husanogʻaman, – dedi yigit. – Bolamining katta oʻgʻli. Ota-bobomning uyiga keldim. Sen nima qilasan bu yerda?

Oʻruch bu gaplarni bir marta eshitgandi. Endi oʻsha soʻzlar aynan qayta takrorlanayotganini sezdi. Husanogʻaning, – agar bu rostdan ham Husanogʻa boʻlsa, qarashlari, xatti-harakatlari aynan oʻsha mash’um kundagidek edi. Eng dahshatlisi, Oʻruch bu hodisa qanday davom etishini, nima bilan tugashini bilardi. Hozir yuz berajak hodisalarning oldini olish mutlaqo mumkin emasligini ham bilardi.

Gapirayotgan ham Oʻruch emasdi. Goʻyoki kimdir uning ovozi bilan toʻrt kun avvalgi soʻzlarni aynan takrorlardi.
– Yoʻqol bu yerdan, koʻzimga koʻrinma, – Oʻruch oʻz ixtiyori bilan birgina jumlani qoʻshimcha qildi – qoʻlimni qonga botirma!

Husanogʻa, – rostdan oʻsha boʻlsa, – ma’nosiz koʻzlarini Oʻruchga qadagancha sas-sado chiqarmay oʻtirardi. Oʻruch eski magnitofondek oʻsha kungi soʻzlarni takrorlardi. «Hammasini oʻzim qurganman... dalahovlilar boshqarmasi... otang ham yonimga keluvdi...» Yigit lom-mim demasdi. Dahshatli daqiqa, mudhish hodisa tobora yaqinlashib kelardi.

Oʻruch karavotning tagida nima borligini bilardi, shuning uchun u tarafga qaramaslikka tirishdi. Belkurak necha soniyadan keyin qanday ishni bajarishini ham anglab turadi. Dahshatli nihoyaga bir lahza qolganida, Husanogʻa belkurakni olib Oʻruchga hujum qildi. Oʻruch bu hujumni oldindan kutgani uchun qoʻrqmadi. Chunki u natijani yaxshi bilardi. Bilardiki, Oʻruchga bu hujumda jin ham urmaydi. Va aynan natijani bilgani uchun ham qoʻrqardi. Bilardiki, qarshisidagi yigitni, u kim boʻlishidan qat’i nazar, oʻldirishi aniq.

Biroz olishuvdan soʻng belkurak Oʻruchning qoʻliga oʻtdi. Yigit Oʻruchga musht tushirgan zahoti u belkurak bilan sariqmashakning boshiga aylantirib soldi. U yerga choʻzilib qoldi, Xudi oʻsha kungiday qon adyol ustiga, devorga sachrab ketdi.

Oʻruch xonadan chiqarkan, bu da’fa dastroʻmol chiqarib, barmoq izlarini artmadi. Buning biror ma’nisi yoʻq edi. Boshqa biror narsa haqida oʻylashga, biror mantiqiy xulosaga kelishga qobil emasdi. Kasbiy tajribasiga oid eng murakkab, tushuniksiz ruhiy jarayonlarni bir-bir esladi. Aniq his etardiki, aqli hushi joyida, miyasi ishlab turibdi. Ammo, bu izohsiz voqealarlardan biror ma’no, mantiq chiqara olmasdi. Qachondir oʻqigani, - yarim fantastik bir farazni esga oldi: ba’zida inson oʻz aqli bilan yuz berajak hodisalarni oldindan yashashi, his qila, ayon koʻra olishi mumkin. Bu ham oʻshanday hodisalarning biri boʻlsa-chi? Bugun hozir roʻy bergan fojiani toʻrt kun ilgari shunchaki xayolidan kechirgan boʻlsa-ya? Demak, oʻsha kungi jinoyat shunchaki xayol, roʻyo ekan-da! Kim bilsin, bugungisi ham ana shunday xayol va tasavvur in’ikosidir?

Shu choq lop etib yoniga kelgan bemorlarning bir vahimali bashoratini esladi: «Bu yerda avval yashagan armani doʻxtir bogʻni tilsimlab, devor va daraxtlarga zaharli moddalarni singdirib ketgan. Balki oʻshanda «bir savdoyining vasvasasi-da», deb e’tibor bermay ketgan bu bashorat ayni haqiqatning oʻzidir? Gallyutsinogen moddalar chindan ham mavjud va ularning inson miyasiga ta’siri fanga yaxshi ma’lum-ku? Umuman olganda, keyingi yillarning suronli hodisalari, talotoʻplar hammaning miyasiga, ruhiyatiga ozmi-koʻpmi ta’sir oʻtkazgan. Kimdir aytgan edi, «inson tabiatning barcha sirlaridan, afsunlaridan ogoh», deb. Dunyoning shu qadar koʻp ochilmagan, oshkor etilmagan sirlari, tilsimlari borki... Buyam oʻshalarning bittasi boʻlsa kerak? Oʻruch ma’nosiz nigohlarini xona tarafga yoʻnaltirdi.

Zinapoyalardan pastga tushdi. Shamol kuchaygan, yomgʻir ham tezlashgan edi, Bir payt Oʻruchning nazarida bogʻda yana nimadir oʻta muhim bir ish boʻlishi kerakdek va bu ish uning hayotidagi eng chigal jumboqlarni ham yecha oladigandek tuyuldi. Ammo bu ish nima ekanini, nimadan iborat boʻlishini Oʻruch tasavvuriga ham sigʻdira olmasdi. Uning tasavvur doirasi ham shu qadar torayib qolgan, har qancha urinmasin, hech narsani idrok etolmas, his qilolmas, tushunolmasdi.

Tushungan paytda esa, kech boʻlgandi. Shu tariqa u oxiri nima bilan tugaganini anglayolmay qoldi.

* * *

Kuchli shamol yuqori kuchlanishdagi elektr simini uzib tashlagan, simlar hovli bilan bitta boʻlib yotardi. Yomgʻir yerni tamomila ivitib tashlagandi. Faqat ayvonga yomgʻir tushmagandi. Oʻruch birinchi qavatdagi ayvondan tushib, nam tuproqqa qadam qoʻyishi bilan yonib qop-qora jasadga aylandi-qoldi.

* * *

Oʻruchning oʻligini ikki kundan keyin topishdi. Muhim yigʻilish bor edi. Oʻruchni ishdan ham, uydan ham topa olishmagach, tabiiyki, boqqa odam yuborishdi. Mehdining haydovchisi yetib keldi.

Haydovchi eshik oldida Oʻruchning mashinasini koʻrdi. Eshikni ancha vaqt taqillatdi. Natija boʻlmagach, devor oshib hovliga kirdi va yerda yotgan qop-qora jasadni koʻrib dahshatdan tosh qotdi. Avvaliga uning Oʻruch ekanini xayoliga ham keltirmadi. Nima sababdan oʻlik bu qadar qorayib ketganini ham tushunmadi. Harqalay darhol shaharga xabar qildi. Oʻruchning jasadini olib ketishdi.

Barcha markaziy gazetalarda ta’ziyanomalar chop etildi. Taniqli shifokor, tajribali ruhshunos bilan vidolashuv marosimi oʻzi ishlagan shifoxonada oʻtdi. Ikkinchi faxriy xiyobonda dafn etildi. Dafn payti barcha oila a’zolari (oʻgʻli ham Moskovdan uchib keldi), hamkasabalari, qarindosh-urugʻlari ishtirok etdi. Ofeliya ham bir burchakka biqinib olgancha, hiq-hiq yigʻlardi. Bolami ikki oʻgʻli Husan-ogʻa va Hasanogʻa bilan mozor boshigacha borishdi.


  1. Oligofreniya – ruhiy kasallikning bir turi.