OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anton Chexov. Goʻzallar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnton Chexov
Asar nomiGoʻzallar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Anton Chexov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonA. Aliev
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Goʻzallar (hikoya)
Anton Chexov

I

Esimda bor, gimnaziyaning beshinchi yoki oltinchi sinfida oʻqib yurgan kezlarimda Don oblastidagi Bolshaya Krepka qishlogʻidan bobom bilan birga Rostov-Donga ketayotgan edim. Avgust oyining jazirama, tinka-madorni qurituvchi diqqi nafas kunlaridai biri edi. Kun qizigʻidan, quruq va issiq garmseldan hamda qarshidan urib turgan chang-toʻzondan koʻz ochib boʻlmas, tomoq qaqrardi; yon-veringga qaraging ham, gapirging ham, oʻylaging ham kelmasdi; shuning uchun ham, mudrab borayotgan ukrain aravakash Karpo otlarga «chu» deb qamchi oʻynatgan paytda qamchisi furajkamga tegib ketganda ham norozilik bildirmadim, miq etmadim, faqat mudrashdan koʻzimni ochib, chang-toʻzon orasida qishloq koʻrinmasmikan? deb olislarga ma’yuslik bilan qarardim. Otlarga yem berib olish uchun Baxchi-Salax degan bir katta arman qishlogʻida, bobomning boy arman oshnasinikida toʻxtadik. Men umrimda bu armandan koʻra beoʻxshov gʻalati odamni koʻrmaganman. Shunday bir odamni oʻzingiz tasavvur qiling, sochi qirtishlab olingan kichkina bosh, qalin, uzun qoshlari pastga osilib tushgan, toʻti burun, oppoq uzun moʻylov, katta ogʻzida gilos yogʻochidan qilingan uzun trubka choʻchchaygan; mana shu bosh, ajib bir kiyim bilan oʻralgan qotma, bukchaygan tanaga farosatsizlik bilan yopishtirilgan; bu odam egniga kalta qizil kamzil, koʻk keng chalvor kiygan; bu jussa oyoqlarini kerib, tuflilarini shaqirlatib yurardi, gapirganda ham ogʻzidagi trubkasini olmas, oʻzini gʻirt armancha qiyofada tutardi: tishining oqini koʻrsatmas, koʻzlarini ola-kula qilib qarab va mehmonlariga mumkin qadar kamroq e’tibor berishga urinardi.

Armanning uyida shamol ham, chang ham yoʻq edi-yu, lekin uyi xuddi choʻldagi, yoʻldagi singari befayz, dim va zerikarli edi. Yodimda bor, chang bosib va jaziramadan madorim qurib, burchakdagi koʻk sandiqda oʻtirar edim. Boʻyalmagan taxta devorlar, uy anjomlari va oxra surilgan pollardan oftobda qovjiragan quruq yogʻoch isi kelib turardi. Qayoqqa qarasang, gʻuv-gʻuv pashsha... Bobom bilan arman pichirlashib, nuqul mol boqish, yaylov va qoʻylar toʻgʻrisida gapirishardi... Men samovar qaynaguncha bir soat oʻtishini, bobom kamida bir soat choy ichishini, keyin ikki soatcha uxlashini, mening chorak kunim kutish bilan oʻtishini, undan keyin yana jazirama oftob, chang va yoʻl azobi boshlanishini bilar edim. Men ikki odamning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashishini eshitib turaman, keyin shu arman, idish-tovoq turgan shkaf, pashshalar, kun qizigʻi urib turgan derazalar uzoq vaqtdan beri koʻz oldimda turganday va ular hali-veri koʻz oʻngimdan yoʻqolmaydiganday tuyilar, shundan keyin choʻl, quyosh, pashshaga nafrat bilan qarayman...

Roʻmol oʻragan bir ukrain ayol patnisda idishlarni, keyin samovar olib kirdi. Arman sekin qimirlab dahlizga chiqib chaqirdi:
— Mashya! Bu yoqqa kel, choy quy! Qayoqdasan? Mashya!

Shoshib-pishib kelayotgan oyoq tovushi eshitildi va uyga yoshi oʻn oltilarga borgan bir qiz kirib keldi; uning egnida oddiy chit koʻylak, boshida oq durra bor edi. Qiz idishlarni yuvib, choy quyib, menga orqasini oʻgirib turarkan, beli xipcha, oyoqyalang ekanini payqadim; tovonchalarini uzun lozim berkitib turardi.

Xoʻjayin meni choyga taklif qildi. Stol yoniga kelib oʻtirayotib, menga stakan uzatayotgan qizning yuziga nazar tashlashim bilan qalbimda toʻsatdan xuddi shamol turib, kunduzgi butun taassurotlar, zerikishlar, chang-toʻzonlarni uchirib ketganday boʻldi. Men bu qizning chehrasida umrimda va tushumda koʻrgan goʻzallarning eng jozibali belgilarini koʻrdim. Koʻz oʻngimda chaqmoqday yarqirab bir goʻzal turar edi.

Men Mashaning, yoki otasining tili bilan aytganda Mashyaning haqiqiy goʻzal ekanini tasdiqlash uchun qasam ichishga tayyorman, ammo buni isbot qilolmayman. Ba’zan shunday boʻladi: bulut ufqda betartib uymalashadi va uning orqasiga yashiringan quyosh bulutlarni ham, osmonni ham turli-tuman rangga boʻyaydi: osmonda qizil, toʻq sariq, oltinsimon, binafsha, xira pushti ranglar hosil qiladi; bulutlarning biri monaxga, ikkinchisi baliqqa, uchunchisi esa sallali turkka oʻxshaydi. Shafaq havoning uchdan bir qismini qoplaydi, cherkov gumbazlari va boylarning deraza oynasida yarqiraydi, daryo va koʻlmak suvlarda aks etadi, daraxtlar uchida jimirlaydi; bir gala yovvoyi oʻrdak juda olisda, shafaq qoʻynida, yotgani allaqayoqlarga uchib ketadi... Sigirlarni haydab ketayotgan choʻpon bola ham, brichkada toʻgʻondan oʻtib ketayotgan yer oʻlchovchi ham, sayr qilib yurgan janoblar ham — hammasi kun botishiga qarab, bu manzaraning goʻzalligiga bir ogʻizdan tan beradi, biroq buning goʻzalligi nimadan iboratligini hech kim bilmaydi ham, hech kim aytib berolmaydi ham.

Arman qizining goʻzalligini yolgʻiz men emas, xotin-qizlarga va tabiiy manzaralarga beparvo saksonga kirgan chol bobom ham payqadi; u Mashaga bir pas mahliyo boʻlib qoldi-da:
— Bu sizning qizingizmi, Avet Nazarich? — deb soʻradi.
— Qizim, ha. Mening qizim... — deb javob berdi xoʻjayin.
— Yaxshi qiz ekan, — dedi bobom.

Arman qizini koʻrgan rassom juda bejirim, antiqa goʻzal deb aytardi. Bu qizning xusniga bir nazar tashlasangiz, xudo bilsin, koʻnglingizga butun soxti toʻgʻri, sochi, koʻzi, burni, ogʻzi, boʻyni, koʻkrak hamda yosh badanining barcha xatti-harakatlari bir-biriga monand va uni yaratishda tabiat hech qanday xato qilmagan, degan fikr keladi; negadir eng goʻzal xotinlarning burni xuddi Mashaniki singari toʻgʻri va xiyol qirra boʻlishi, qop-qora shahlo koʻz, kipriklari shunday uzun, boqishlari xumor boʻlishi kerak; uning qop-qora jingalak sochlari va qoshlari ham muloyim, oppoq manglayi va yuziga xuddi sokin anhor boʻyidagi koʻm-koʻk qamishday yarashib turibdi; Mashaning oppoq boʻyni va yaxshi yetilmagan nozik koʻkragini tasvirlash uchun juda katta ijodiy talantga ega boʻlish kerak. Unga qarab tursangiz yoqimli, samimiy, xuddi uning oʻzi singari goʻzal bir gap aytishni koʻnglingiz tusab qoladi.

Mashaning menga butunlay e’tibor bermay, yerga qarab turishi dastlab menga alam qildi va xiyla izza boʻldim. Goʻyo allaqanday bir baxtiyor va magʻrur havo uni mendan ajratib turar va rashk bilan uni mening nazarimdan himoya qilardi.

«Hamma yogʻim chang boʻlgani, oftobda qorayib ketganim, oʻzim ham yosh boʻlganim uchun shunday qilyapti» deb oʻyladim.

Ammo, bora-bora men oʻz toʻgʻrimda oʻylashni unutib, bu goʻzalga butunlay mahliyo boʻlib qoldim. Endi choʻl azoblari, chang-toʻzonlarni ham unutdim, pashshalarning gʻuvullashi ham qulogʻimga kirmay qoldi, choyning ham mazasini sezmadim, faqat stolning naryogʻida turgan chiroyli qizni sezardim, xolos.

Men goʻzallikka gʻalati bir tarzda mahliyo edim. Masha menda na orzu, na shavq-zavq va na huzur-halovat qoʻzgʻadi, aksincha, yoqimli boʻlsa ham, ogʻir bir ma’yuslik keltirdi. Bu ma’yuslik xuddi gʻalati tush kabi noaniq va betayin edi. Negadir men oʻzimga ham, bobomga ham, armanga ham, arman qiziga ham achinib ketdim; qalbimda shunday bir tuygʻu bor ediki, goʻyo toʻrtalamiz ham hayotimiz uchun muhim va zarur boʻlgan narsani yoʻqotib qoʻyganmiz-u, endi uni hech qachon topib boʻlmaydi. Bobom ham ma’yus boʻlib qoldi. Endi u oʻtloq va qoʻylar toʻgʻrisida gapirmay, indamay, hayolga choʻmib, Mashaga qarab oʻtirardi.

Choydan keyin bobom yotdi, men eshik oldidagi zinapoyaga chiqib oʻtirdim. Baxchi-Salaxdagi hamma uylar singari bu uy ham kunning tigʻida; bu yerda na daraxt, na pesh ayvon va na soya bor edi. Armanning, olabutalar oʻsib, bir-biriga tutashib ketgan katta hovlisi, jazirama oftob boʻlsa ham gavjum va obod edi. Katta hovlining u yer va bu yeriga tortilgan pastakkina chetan devorlardan biri ichida gʻalla yanchilmoqda. Xirmonning oʻrtasiga oʻrnatilgan xoda atrofida qator bogʻlangan oʻn ikkita ot katta doira olib, toʻxtovsiz aylanmoqda. Otlarni uzun nimcha va keng chalvor kiygan bir ukrain haydab yurar, u qamchisini oʻynatib baqirar, goʻyo otlarni choʻchitmoqchi va oʻzini koʻrsatmoqchi boʻlar edi.
— A-ha-ha, ho ha, la’natilar! A-ha-ha-ho... Ha, joning chuqqurlar! Qoʻrqmas ekansanlar?

Toʻriq, oq va chavkar otlar nega nuqul bir joyda aylantirib, bugʻdoypoyani payxonlashga majbur qilayotganlarini tushunmagandek istar-istamas, zoʻrgʻa yurishar va goʻyo ranjib dumlarini silkishar edi. Shamol otlarning tuyogʻi ostidan bulut singari koʻtarilayotgan sap-sariq oltinday toʻponlarni havoga uchirib, chetan devordan nariga, olis-olislarga olib ketardi. Baland yangi gʻaram oldida qoʻliga xaskash ushlagan ayollar gʻimirlar va shu yerda kelayotgan aravalar ham koʻrinardi; shu gʻaramning nariyogʻida, boshqa hovlida, yana bir toʻda ot xoda atrofida aylanmoqda edi; bu otlarni ham boyagidaka bir ukrain qamchilab, ularga oʻzini koʻrsatmoqchi boʻlardi...

Men oʻtirgan zinapoyalar qaynoq edi; siyrakkina panjaralar va deraza romlarining ba’zi joylaridan issiqdan yogʻochning yelimi chiqib ketibdi; zinapoyalar va darcha eshiklari ostiga tushib turgan soyada qizil qoʻngʻizchalar qator tizilib qolibdi. Kuyosh mening boshimni, koʻkragimni, belimni qizdirar, lekin men payqamay, faqat orqamdagi soya joyda va uylardagi taxta polda yalangoyoq yurganlarni sezardim. Masha choynak-piyolalarni yigʻishtirib, yugurganicha zinadan tushib, oʻz shamoli bilan meni yelpib ketdi, u xuddi qushday uchib borib, tutundan sargʻayib ketgan kichik bir bostirmaga kirdi, u yer oshxona boʻlsa kerakki, qoʻy goʻshti qovurdogʻining isi anqib, armancha soʻzlar qattiq-qattiq eshitilib turardi. Masha gʻoyib boʻlishi bilan yuzlari qip-qizil, chalvor kiygan bukchaygan bir arman kampir koʻrindi. Kampir jahli chiqib birovni qargʻardi. Koʻp oʻtmay ostonada Masha koʻrindi, oshxona issigʻidan yuzlari qizarib ketgan, yelkasiga katta buxanka qora non qoʻyib olgandi; Masha non ogʻirligidan nozik niholday egilib-bukilib gʻirillagancha hovlidan xirmon tomon ketdi, lip etib chetan devordan oʻtdi va bulutday koʻtarilgan tilla rang toʻponga shoʻngʻib, aravalar orqasida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bugʻdoy yanchayotgan ukrain qamchisini yerga tushirib, jim boʻlib qoldi va bir pas shu zayilda aravalar tomon tikilib qoldi, keyin arman qizi yana otlar oldidan yoʻrgʻalab borib, chetan devordan xatlab oʻtguncha uni kuzatib, keyin ranjiganday, otlarga:
— Ha, joning chiqqurlar! — deb baqirdi. Shundan keyin men qizning qadam tovushlarini eshitib, jiddiy va tashvishli bir qiyofada hovlida u yoqdan bu yoqqa yugurib yurganini koʻrib oʻtirdim. Masha oʻz shamoli bilan meni yelpib zinadan yugurib tushar, dam-badam oshxonaga, xirmonga, darvoza tomonga gʻirillab oʻtar, men boʻlsam olazarak boʻlib uni zoʻrgʻa kuzatib turardim.

Qiz koʻz oldimda xusnini namoyish qilgan sari mening ma’yusligim orta borardi. Men, oʻzimga ham, qizga ham, u har safar bulutday koʻtarilgan gʻalla toʻponi orasidan arava tomonga yugurib oʻtgan paytda tikilib turgan ukrainga ham achinib ketdim. Men uning xusniga xasad qilyapmanmi, yoki bu qiz meniki boʻlmagani uchun va hech qachon meniki boʻlmasligi uchun va men unga begona bir odam boʻlganim uchun afsus qilyapmanmi, yoki uning nodir goʻzalligi tasodifiy va keraksiz bir narsa hamda yer yuzidagi barcha narsalar singari boqiy emas, deb bezovta boʻlyapmanmi, yo boʻlmasa, mening ma’yusligim haqiqiy goʻzalni koʻrish bilan kishida paydo boʻladigan ayrim bir tuygʻumi ekanini bilolmas edim!

Shu zayilda uch soat oʻtib ketganini bilmay qoldim. Men Mashani toʻyib koʻrolmagandek edim. Karpo anhorga borib, otlarni choʻmiltirib kelibdi, mana endi aravani ham qoʻshyapti. Choʻmiltirilgan ot huzur qilib pishqirar va tuyoqlari bilan shotini taqillatib qoʻyardi. Karpo unga «no!» deb baqiradi. Bobom uyqudan turdi. Masha bizga darvozani gʻiqillatib ochib berdi, biz aravaga oʻtirib, hovlidan chiqib ketdik. Biz xuddi bir-birimizdan arazlaganday indamay borar edik.

Oradan ikki-uch soat oʻtgach, uzoqdan Rostov hamda Naxichevan koʻringandan keyin, gʻiq etmay kelayotgan Karpo yarq etib bizga oʻgirilib:
— Armanning rost qizi bor ekan-da! — dedi-da, otlarga qamchi bosdi.

II

Boshqa bir safar, studentlik vaqtimda, temir yoʻldan janubga qarab ketayotgan edim. May oyi edi. Stantsiyalardan birida, chamasi Belgorod bilan Xarkov oʻrtasida boʻlsa kerak, platformani bir aylanib kelay deb, vagondan chiqdim.

Stantsiya bogʻchasi, platforma va dalalarga kech koʻlankasi yastangan edi; vokzal binosi botayotgan kunni toʻsib turar, ammo parovozdan chiqayotgan pagʻa-pagʻa tutun havoga koʻtarilib, nim pushti rangga belanib koʻrinishidan hali kun botib ketmagani bilinar edi.

Platformada u yoq bu yoqqa yurib, bunday qarasam, sayr etib yurgan yoʻlovchilarning koʻpchiligi faqat bitta ikkinchi klass vagoni oldiga toʻplanishardi va ularning chehrasida «bu vagonda allaqanday bir mashhur odam bor» degan ma’no aks etib turardi. Bu vagon oldida turganlar orasida, buni qarangki, mening yoʻldoshim — ziyrak artilleriya ofitseri ham bor ekan; uning yoʻlda tasodifan tanishib, tezda ajrashib ketiladigan hamma odamlar singari yoqimtoy va istarasi issiqqina edi.
— Bu yerda nimani tomosha qilyapsiz? — deb soʻradim.

U hech qanday javob qaytarmay, koʻzlari bilan bir qizning qomatiga ishora qilib qoʻydi. Bu oʻn yetti yo oʻn sakkizlarga kirgan yoshgina qiz edi; kiyim-kechaklari ruscha, boshyalang va bir yelkasiga mantilka tashlab qoʻyibdi, oʻzi yoʻlovchi emas, chamamda, stantsiya boshligʻining qizi yoki singlisi boʻlsa kerak. Qiz vagon darchasi oldida bir yoʻlovchi kampir bilan gaplashib turar edi. Men hozir koʻrib turgan qiz toʻgʻrisida biron fikrga kelmasimdanoq, bir vaqtlar arman qishlogʻida duch kelgan goʻzalni koʻrganimdagi singari tuygʻu butun vujudimni chulgʻab oldi.

Qiz chindan ham benihoyat goʻzal edi, bunga menda ham va men bilan birga qizni tomosha qilib turgan kishilarda ham shak-shubha yoʻq edi.

Agar bu qizning sirtqi koʻrinishini odatdagicha qismlarga boʻlib tasvir etish joiz boʻlsa, haqiqatan undagi eng goʻzal narsa faqat jingalak, qalin malla sochi va boshiga hurpaytirib bogʻlagan qora lentasi edi; qolganlarining hammasi kelishmagan, yo boʻlmasa juda sodda edi. Noz-karashma uchunmi, yoki uzoqni ilgʻamasligi uchunmi koʻzlarini suzib turardi. Burni xiyol choʻchchaygan, ogʻzi kichkina, yonidan qaraganda koʻrimsizday, yoshiga qaraganda yelkalari xiyol torroq edi, shunday boʻlsa ham bu qiz chinakam goʻzalday taassurot qoldirardi; men unga qarab rus qizining chiroyli koʻrinishi uchun yuz tuzilishi toʻppa-toʻgʻri boʻlishi shart emas ekan, degan fikrga keldim. Chamamda qizning choʻqqaygan burni oʻrniga arman qiziniki singari qirra burun qoʻyilsa, chehrasidagi goʻzallik yoʻqolar edi.

Goʻzal qiz vagon derazasi oldida kechki shabnamdan junjib gaplashib turib, goh biz tomonga qarab qoʻyar, goh ikki qoʻlini beliga tirab olar, goh sochlarini toʻgʻrilash uchun qoʻllarini boshiga koʻtarar, gapirar, kular, chehrasida goh hayrat, goh dahshat alomatlari aks etar va men uning badani hamda chehrasi bir on tinch turganini koʻrmadim. Undagi goʻzallikning butun siri va sehri mana shu mayda, nihoyatda nozik harakatlar, jilmayish, yuz harakatlari, biz tomonga tez-tez nazar tashlashlar, bu nozik harakatlarning yoshlik, ma’sumlik, sofdillik bilan mos kelishida, kulgan va gapirgan chogʻlaridagi mayinlikda edi; uning butun qiliqlari, bizga yoqadigan yosh bolalar, parrandalar, yosh kiyiklar va yosh daraxtlar singari nozik edi.

Unda parvona goʻzalligi bor ediki, bogʻlarda guldan gulga uchib-qoʻnib, oʻynab-kulib, xursand boʻlib yurishgina yarashar, jiddiy oʻy, qaygʻu-hasrat va bir yerda jim turish unga munosib emasdi; bu nozik vujudning birdan soʻlib qolishi va noz-karashmalarning xuddi gul changiday sochilib ketishi uchun platformani yaxshigina shamol yelpib oʻtishi yoki yomgʻir tomchilashi kifoyadek edi.

Ikkinchi qoʻngʻiroqdan keyin biz oʻz vagonimizga qarab joʻnaganimizda:
— Shunday... — deb gʻoʻldiradi ofitser, chuqur nafas olib.

Nega «shunday» deb qoʻyganiga tushunolmayman.

Ehtimol, goʻzal qizning yonidan, bahor oqshomidan uzoqlashib, dim vagonga kirgisi kelmay uni qaygʻu-hasrat bosgandir, ehtimol, u ham menga oʻxshab goʻzal qizga, oʻziga, menga va oyoqlari tortmasdan, oʻz vagonlariga sudralib ketayotgan hamma yoʻlovchilarga nihoyatda achinib ketgandir. Ofitser stantsiya derazalari oldidan oʻtib ketayotgan paytda, ichkarida bir rangpar, malla soch telegrafist oʻz apparati yonida oʻtirgan edi; uning jingalak sochi hurpaygan, rangi oʻchgan, yonoq suyaklari turib chiqqan edi, ofitser oʻshanga qarab turib uh tortdi va:
— Garov oʻynayman, mana shu telegrafist oʻsha nozaninni yaxshi koʻradi — dedi. — Dala joydagi yolgʻiz uyda shunday parivash bilan birga oʻtirib, unga oshiq boʻlmaslik uchun nihoyatda kuchlik iroda kerak. Oh doʻstim, qaddi-qomati koʻrimsizgina boʻlsa ham, risoladagi odam boʻla turib, oʻzini sariq chaqaga olmaydigan chiroylikkina va yengiltak bir qizga oshiq boʻlish naqadar baxtsizlik, naqadar kulgili! Undan ham yomoni shuki, bu telegrafist qizni yaxshi koʻrib qolgan, buning ustiga xotini ham bor va xotini ham xuddi oʻziga oʻxshagan koʻrimsizgina boʻlsa ham risoladagi ayol... Bu holning turgan-bitgani azob!

Bizning vagonimiz oldida maydonchaning panjarasiga suyanib oʻsha nozanin tomonga qarab konduktor turar-di; uning horgʻin, salqi, uyqusiz kechalar hamda vagondagi urunishlar tufayli tolgan loʻppi yuzida gʻam-gʻussa va ma’yuslik aks etmoqda ediki, goʻyo u oʻsha goʻzal qiz siymosida yoshligi, baxti, tetikligi, pokizaligi, xotin bola-chaqalarini koʻrayotganday, goʻyo bu qiz uniki boʻlmagani uchun oʻzi bilan oddiy odamlar, yoʻlovchilar baxti orasida, uning barvaqt qarib qolgan, beoʻxshov va loʻppi yuzlari orasida yer bilan osmoncha farq borligiga oʻksinar hamda uni butun vujudi bilan xis etar edi.

Uchinchi zang urildi, hushtak chalindi va poezd asta qoʻzgʻaldi. Bizning oynadan dastlab konduktor, stantsiya boshligʻi, keyin bogʻ hamda ajib bir qiyofada boladay iljayib turgan goʻzal qiz lip etib oʻtdi...

Men vagondan boshimni chiqarib, orqaga qaradim, goʻzal qiz poezdni kuzatib, telegrafist oʻtirgan xona derazasi oldidan platforma boʻylab oʻtdi-da, sochlarini toʻgʻrilab, gʻirillaganicha boqqa kirib ketdi. Endi gʻarb tomonni vokzal binolari toʻsib turmas, sayxonlik ochiq, ammo kun botgan va pagʻa-pagʻa boʻlib burqirayotgan qop-qora tutun koʻk duxoba singari mavj urib turgan kuzgi ekinlar uzra yopilmoqda edi. Bahor havosi ham, qorayib borayotgan osmon ham, vagon ichi ham gʻamgin edi.

Vagonimiz konduktori kirib, shamlarni yoqa boshladi.


Hikoya dastlab «Novoe vremya» gazetasida bosilgan, 1888, №4513, 21 sentyabr. Imzo: An Chexov. Tuzatishlar bilan «Artist» jurnali nashri — «Mejdu prochim» nomli toʻplamga, 1894, Moskva, yana tuzatishlar bilan avtor 1901 yilda chiqqan 3-tom Asarlar toʻplamiga kiritgan.