OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnton Chexov
Asar nomiKo’ngilsizlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Anton Chexov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonA.Aliyev
Hajm45KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ko’ngilsizlik (hikoya)
Anton Chexov

Zemstvo vrachi Grigoriy Ivanovich Ovchinnikov oʻttiz besh yoshlarga borgan ozgʻin va asabiy kishi boʻlib, oʻrtoqlari orasida oʻzining meditsina statistikasi bobidagi andak ishlari va «maishiy masala» deb atalgan narsaga mukkasidan ketganligi bilan mashhur edi. Bir kuni u ertalab palatalarni obxod qila boshladi. Vrach orqasidan, odatdagidek uning feldsheri, keksayib qolgan, yuzlari loʻppi, moylangan sochlari silliq taralgan, qulogʻiga zirak taqqan Mixail Zaxarovich ergashib borardi.

Doktor kasallarni endi koʻra boshlagan ediki, bema’ni bir narsa juda shubhali boʻlib koʻrindi, masalan: feldsherning nimchasi qat-qat buklanib qolgan boʻlib, qayta-qayta tortib, silab qoʻysa ham, dikkayib turaverdi. Uning gʻijimlangan sarochkasi ham shunaqa dikkayib tirardi; uzun qora kamzulida, chalvorida va hatto galstugining u yer bu yerida oq par koʻrinib turardi... Chamasi feldsher bugun kechasi yechinmasdan yotganu shunday turib, jiletkasini tortib-tortib tekislab, galstugini toʻgʻrilab kelavergan. Uning harakatidan kiyimi siqib turganga oʻxshardi.

Doktor unga tikilib razm soldi-yu, ahvolini tushundi. Feldsher gandiraklamas, savollarga ravon javob berar, lekin uning badqovoq, karaxt yuzi, nursiz koʻzlari, boʻyni va qoʻllarining qaltirab turishi, kiyimining gʻijimlangani, hammadan ham, zoʻr berib oʻzini tutib turishga urinishi va oʻz ahvolini yashirish uchun qilayotgan harakatlari — uning hozirgina oʻrnidan turganidan, uyquga toʻymagan va mast ekanidan, kechadan buyon mast ekanidan darak berardi... U ichkilik «jabrini» tortar, aftidan, qilmishiga juda pushaymon edi.

Feldsherni xush koʻrmaydigan va buning uchun sabab topib qoʻygan doktor: «Koʻrib turibman, siz mastsiz!» demoqchi boʻldi-yu, biroq feldsherning nimchasi, roʻdapo kamzuli, sergoʻsht qulogʻida osilib turgan ziragi juda hunuk koʻrinib ketdi-da, oʻzini bosib olib, har qachongiday yumshoq va muloyimlik bilan:
— Gerasimga sut berdinglarmi? — dedi.
— Berdik... — deb javob berdi Mixail Zaxarich ham yumshoqqina.

Doktor bemor Gerasim bilan gaplasha turib harorat varaqasiga nazar soldi-yu, figʻoni chiqib ketdn; keyin qattiq gapirib yubormaslik uchun nafasini ichiga olib turdi, biroq toqati toq boʻlib, boʻgʻilib ketdi va dagʻallik bilan soʻradi:
— Nega harorati yozilmay qoldi?
— Yoʻgʻ-e, yozilgandir! — dedi muloyimgina qilib Mixail Zaxarich, lekin varaqaga koʻz yugurtirib, chindan ham harorat yozilmaganiga ishonch hosil qilgach, kalovlab, yelkasini qisib, mingʻilladi: — bilmadim, buni haligi, Nadejda Osipovka...
— Kecha kechqurungisi ham yozilmagan! — deb soʻzida davom etdi doktor. — Nuqul piyanistalik qilish bilan ovorasiz, jin ursin sizni. Hozir ham oʻlarday mastsiz! Nadejda Osipovna qani?

Akusherka Nadejda Osipovna palatada yoʻq, u har kuni ertalab perevyazka vaqtida qatnashar edi. Doktor atrofiga razm solgan edi, palata yigʻishtirilmagan, hamma narsa chochilib yotibdi, lozim boʻlgan ishlardan birontasi qilinmagan, hamma narsa xuddi feldsherning jirkanch nimchasiday iflos edi; u ustidagi oq fartugini shartta yechib, baqirib, urishib, tuflab chiqib ketguday boʻldi-yu, lekin bazoʻr oʻzini bosib, obxodni davom ettirdi.

Doktor Gerasimdan keyin, oʻng qoʻli butun yalligʻlangan kasalga qaradi. Unga perevyazka qilish kerak edi. Doktor uning oldidagi taburetkaga oʻtirib, qoʻlini koʻra boshladi.

«Mana shu, bular kecha imeninada maishat qilishgan... — deb oʻyladi u sekin oʻrovni ocha turib. — Toʻxtab turinglar, imeninalaringni chiqarib qoʻyaman! Zotan men nima ham qila olardim? Qoʻlimdan hech narsa kelmaydi».

Doktor qip-qizil, boʻrtib yotgan qoʻlning yiringlagan yerini bosib koʻrib:
— Skalpel![1] —dedi.

Oʻzini bardam va bemalol ishga yaraydigan holatda qilib koʻrsatishga urinayotgan Mixail Zaxarich irgʻib oʻrnidan turib, darrov skalpelni uzatdi.
— Buni emas! Yangisidan olib bering, — dedi dojtor. Feldsher yoʻrgʻalab borib, perevyazka anjomlari solingan yashik turgan stulni titkilab qoldi. U, kasal boquvchi ayol bilan allanimalar deb shivir-shivir qildi, stuldagi yashchikni hali u yoqqa, hali bu yoqqa surdi, narsalarini shitirlatdi, ikki marta nimanidir tushirib yubordi. Doktor esa qarab oʻtirardi, shivir-shivir va shaqir-shuqurdan asabi qattiq qoʻzgʻalib ketganini sezib turardi.
— Qani? — deb soʻradi u. — Pastda krldirib chiqqandirsiz...

Feldsher yugurib doktorning oldiga keldi-da, ikkita skalpel uzatarkan, oʻzini chetga olmay, doktorga qarab dam urdi.
— Bular emas! — dedi doktor asabiylashib. — Men sizga rus tilida gapiryapman, yangisidan bering. Ha, boring, bir uxlab, oʻzingizga kelib oling, sizdan qovoqxona hidi kelyapti! Esingizni yeb qoʻyibsiz!
— Sizga yana qanaqa pichoq kerak? — deb soʻradi feldsher asabiy bir holda va sekin yelkasini qisib qoʻydi.

Unga butun kasallar va kasal boquvchi ayollar tikilib turgani alam qildi va uyalib ketdi, oʻzining uyalganini bildirmaslik uchun zoʻrma-zoʻraki kulib turib, yana takrorladi:
— Sizga yana qanaqa pichoq kerak?

Doktorning koʻzlari yoshlanib, barmoqlari titrab ketdi. U oʻzini bazoʻr tutib, titroq ovoz bilan soʻzladi:
— Boring, bir uxlab oling! Men mast odam bilan gaplashishni istamayman...
— Siz meni ish yuzasida jazolashingiz mumkin, — dedi feldsher, — xoʻsh, men, aytaylik, basharti ichgan boʻlsam, buni pisanda qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Axir men ishlayapmanmi? Sizga yana nima kerak! Ishlayapmanmi, axir?

Doktor irgʻib turdi-da, oʻylamay-netmay kuchining boricha qulochkashlab feldsherning basharasiga tushirib qoldi. U, nima uchun shunday qilayotganini oʻzi tushunmas, lekin mushti borib xuddi basharaga tekkani, va tuppa-tuzuk, basavlat, bola-chaqali, taqvodor, oʻz qadrini biladigan bir odam gandiraklab, koptokday sakrab borib taburetda oʻtirib qolganidan juda huzur qildi. U astoydil, yana bir marta urmoqchi edi-yu, lekin, jirkanch vujud qarshisida rangi quv oʻchib qoʻrqib oʻtirgan kasal boquvchi ayolni koʻrib, bu huzuridan kechdi va qoʻl silkib, palatadan yugurib chiqib ketdi.

Hovlida unga Nadejda Osipovna duch kelib qoldi; yigirma yetti yoshlarga borgan, oq sariqdan kelgan, sochlari paxmoq bu qiz kasalxonaga kelayotgan edi. Pushti rang chit koʻylagining etagi juda tor boʻlganidan qadamini juda mayda bosardi. U koʻylagini shildiratib, xuddi ichida bir shoʻxchan qoʻshiqni kuylab ketayotganday har qadam bosganida kiftini qoqib, boshini chayqardi.

«Aha, Rusalka!» deb qoʻydi doktor ichida; kasalxonadagilar bu akusherkaga shu laqabni qoʻyib olishgandi. Mana hozir oʻziga zeb bergan bu bedana qadam oliftani uzib olaman, deb xursand boʻlib ketdi.

Doktor uning yoniga borish bilan:
— Qayoqda yoʻqolib yuribsiz? — deb baqirdi. — Nega kasalxonada koʻrinmaysiz? Harorat yozilmagan, hamma yoq betartib, feldsher mast, oʻzingiz soat oʻn ikkigacha uxlab yotibsiz!.. Marhamat qilib joyingizni toping! Endi sizga bu yerda ish yoʻq!

Doktor uyga kelishi bilan ustidagi oq fartukni va belbogʻ qilib olgan sochiqni jahl bilan yulib olib, burchakka uloqtirdi-da, kabinetda u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.
— Ye tavba, bular qanaqa odamlar oʻzi-a, qanaqa odamlar! — deb qoʻyardi u. — Bular yordamchi emas, ishbuzarmonlar! Endi ishga darmon qolmadi! Toqat tugadi! Bu yerdan ketaman!

Uning yuragi dukillar, butun vujudi qaltirar, oʻpkasi toʻlib, hatto yigʻlagisi kelardi, yana shu holatdan qutulish uchun u feldsherni urib juda yaxshi ish qilganini va bunda tamom haqli ekanini oʻylab, oʻziga-oʻzi tasalli bera boshladi. Hammadan hunugi shuki, deb oʻylardi doktor: feldsher kasalxonaga oʻzidan-oʻzi kelib qolgan emas, uni zemstvo mahkamasi raisinikida enaga boʻlib yurgan xolasi dalolat qilgan edi (bu mu’tabar xolasi davolanish uchun kelib, kasalxonada oʻzini xuddi uyidagiday tutishi, yana navbatsiz qabul qilinishini talab etishi alam qiladi). Feldsherning intizomi buzuq, bilimi kam, bilgan narsasini ham butunlay tushunmaydi. U doim mast, qoʻrs, qoʻli egri, kasallardan pora oladi, kasalxona dorilarini oʻgʻrincha sotib yuradi. Yana shunisi ham hammaga ma’lumki, uning oʻzi kasallarni boqadi va meshchan yoshlarining maxfiy kasallarini davolaydi, buning ustiga oʻzi topgan allaqanday dorilarni ishlatadi. Bu shunchaki muttaham boʻlsa mayliydi, unaqalar koʻp, biroq bu oʻziga ishongan va zimdan kemiradigan muttahamlardan. U, qatnab davolanadigan kasallarga doktordan yashirincha banka qoʻyadi, ularga qon quyadi, operatsiyaga qoʻlini yuvmasdan keladi, yaralarni hamisha iflos zond[2] bilan kavlaydi, doktorlik meditsinasidan, ilmidan va e’tibor talabligidan qattiq va taptortmay nafratlanayotganini tushunish uchun shuning oʻzi kifoya.

Doktor barmoqlarining qaltirogʻi bosilguncha kutib turdi-da, keyin stolga oʻtirib, mahkama raisiga xat yozdi: «Hurmatli Lev Trofimovich! Agarda mazkur xatni olish bilan mahkamangiz feldsher Smirnovskiyni boʻshatib va menga oʻz yordamchilarimni oʻzim tanlash huquqini bermasa, unda meni bundan buyon N kasalxonasining vrachi deb hisoblamasligingizni (pushaymon qilmayman, albatta) va oʻrnimga boshqa kishi topish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishingizni soʻrashga majburman. Lyubov Fedorovna va Yusga mendan salom. Hurmat bilan G. Ovchinnikov». Doktor bu xatni oʻqib chiqib, uni juda qisqa va boʻsh yozilgan deb topdi. Buning ustiga, ishga taalluqli, rasmiy xatda Lyubov Fedorovna va Yusga (raisning kichik oʻgʻlini shunday deb erkalatishardi) salom aytish mutlaqo oʻrinsiz edi.

«Bu yerda Yusga balo bormi?» deb qoʻydi ichida doktor va xatni mayda-mayda qilib tashlab, yana qaytadan bosh qotirib qoldi. — «Muxtaram janob...» deb oʻyladi ochiq deraza oldida oʻtirib tashqariga qararkan; shu choq tashqarida bir toʻda oʻrdaklar bolalarini ergashtirib lapanglashib va qoqila-suqila hovuz tomonga yugurishayotgan edi; bitta oʻrdak bolasi yoʻlda allaqanday bir ichakni topib oldi-da, yutolmay, qattiq chiyillab yubordi; keyin boshqasi yugurib borib, uning ogʻzidagi ichakni tortib oldi, u ham yutolmadi... Hu narida, devor oldida, yosh lipa daraxtlari olachalpak soya tashlab turgan oʻtloqda oshpaz xotin Darya imirsib yurib, shoʻrvaga solish uchun shovil termoqda... Har xil ovozlar eshitilardi... Qoʻlida yuganchasini ushlab turgan izvoshchi Zot bilan kir fartuk kiyib olgan kasalxona xizmatchisi Manuylo ikkalasi saroy oldida turib, bir narsalarni gaplashib kulishardi.

«Ular feldsherni urganim toʻgʻrisida gaplashyapti... — deb oʻyladi doktor. — Bu janjalni shu bugunoq butun uezd biladigan boʻldi... Shunday qilib: «Muhtaram janob! Agar sizning mahkamangiz feldsher Smirnovskiyni...»

Doktorning shunga ishonchi komil ediki, mahkama hech qachon uni feldsherga alishmaydi va butun uezdda bitta feldsher qolmagan taqdirda ham Ovchinnikovday e’tiborli odamdan ajralishga rozi boʻlmaydi. Ehtimol, Lev Trofimovich bu xatni olishi bilan uch otlik izvoshga oʻtiradi-yu, gʻirillab doktorning oldiga keladi-da, aytadi: — Ey otaxon, nimalar deyapsiz? Oʻzi nima gap, azizim? Xudo xayringizni bersin! Xoʻsh? Bu qanday boʻldi? Qani u? Firibgarni bu yoqqa keltiring! Haydang! Albatta haydab yuboring! U iflosning ertagayoq bu yerda nishoni koʻrinmasin!» — keyin u doktor bilan birga obed qiladi, obeddan keyin esa manavi malina rang divanda chalqancha yotadi, yuzini gazeta bilan bekitib, xurrak otadi; uyqidan turgach, choy ichadi-da, keyin doktorni uyiga olib ketib shu kecha olib qoladi. Nihoyat, pirovardida shunday boʻladiki, feldsher ham kasalxonada qoladi, doktor ham iste’fo bermaydi.

Doktor esa koʻnglida voqianing bunday tamom boʻlishini istamasdi. U, feldsherning xolasi yutib chiqishini va shu bilan mahkama, uning sakkiz yillik halol xizmatiga ham qaramasdan, soʻzsiz va hatto jon-dil bilan iste’fosini qabul qilishini istardi. U, oʻzi oʻrganib qolgan kasalxonasidan qanday ketishini, «Vrach» gazetasiga xat yozishini, uni oʻqib oʻrtoqlari achinib qanday nomalar yozishini oʻylab ketdi...

Yoʻlda Rusalka koʻrinib qoldi. U bedana yurish bilan koʻylaklarni shildiratib, oyna oldiga keldi-da, soʻradi:
— Grigoriy Ivanovich, kasallarni oʻzingiz qabul qilasizmi, yoki oʻzlari qabul qilishaversinmi?

Qizning koʻzlari goʻyo: «Sen qizishib ketgan eding, lekin endi oʻzingga kelding, mana hozir uyalib oʻtiribsan, ammo men mardlik qilib bunga parvo qilayotganim yoʻq» deyayotganday edi.
— Yaxshi, men hozir boraman, — dedi doktor.

U yana fartugini kiydi, belini sochiq bilan bogʻladi-da, kasalxonaga joʻnadi.

«Uni urgandan keyin, chiqib ketganim yomon boʻldi... — deb oʻyladi doktor, yoʻl-yoʻlakay. — Xuddi men izza boʻlganday, yoki qoʻrqqanday boʻlib chiqdi... Yosh boladay boʻlib qoldim... Juda noqulay boʻldi-da!»

Doktorning nazarida palataga kirganda kasallar unga qarashga hijolat tortadi-yu, oʻzi ham uyalib ketadiganday tuyildi; lekin u kasalxonaga kirganda kasallar krovatlarida jimgina yotishaverdi, unga uncha e’tibor ham berishmadi. Sil boʻlib yotgan Gerasimning yuzida butunlay beparvolik aks etar va goʻyo: «U seni oyoq osti qilolmadi, sal es-hushiga keltirib qoʻyding... Busiz iloji yoʻq, azizim» deyayotganday boʻlardi.

Doktor, qip-qizil boʻrtib yotgan qoʻlning ikki yeridan yiring topdi-da, unga povyazka qoʻydi, keyin xotin-qizlar boʻlimiga bordi, u yerda bir xotinning koʻzini operatsiya qildi, Rusalka doktorga ergashib yurib, goʻyo orada hech narsa oʻtmaganday, bemalol unga yordamlashib turaverdi. Obxoddan soʻng qatnab boqizadigan kasallarni qabul qilish boshlandi. Doktorning kichkinagina qabulxonasida derazalar lang ochiq edi. Deraza tokchasiga oʻtirib, xiyol egilib qarasa, bir oz naridagi koʻm-koʻk maysani koʻrish mumkin edi. Kecha kechqurun momoqaldiroq bilan qattiq jala quygani uchun oʻtlar bir oz egilib, yaltirab turardi. Xiyol nariroqda soyga boradigan soʻqmoq yoʻl xuddi yuvilganday va ikki tomonida sochilib yotgan siniq-mertik dori shishalari ham xuddi yuvilganday, quyosh nurida tovlanib, koʻzni qamashtirguday yaltirab yotardi Soʻqmoq yoʻlning narirogʻida koʻk libosga oʻralgan yosh archalar tizilishib ketgan, undan narida tanalari qogʻozday oppoq qayinlar turibdi, shamoldan yengilgina silkinib turgan koʻm-koʻk qayin shoxlari orasida esa bepoyon moviy osmon koʻrinib turadi. Qarab tursang, soʻqmoq yoʻlda dikillab yurgan chugʻurchuqlar goh oyna tomonga tumshugʻini burib: qoʻrqsakmikan yo yoʻqmi? deb oʻylab qolishar va qoʻrqib, birin-ketin chugʻullashib, xuddi doktor ucholmayotgani uchun uni yupatayotganday tepasidan oʻtib, oq qayinlarning uchiga chiqib ketishardi...

Iodoformning achchiq isi orasidan bahorning sof va xushboʻy hidi sezilib turardi... Havo qanday yaxshi! Nafas olish yengil.
— Anna Spiridonova! — deb chaqirdi doktor. Qabulxonaga qizil koʻylakli yoshgina juvon kirdi-da, ikonaga qarab choʻqinib qoʻydi.
— Qaeringiz ogʻriydi? — deb soʻradi doktor. Juvon bir oz hadiksirab, oʻzi kirib kelgan eshikka koʻz qirini tashlab qoʻydi-da, keyin aptekaga chiqadigan eshik oldiga, doktorga yaqinroq kelib turib:
— Boʻyimda boʻlmayapti! — deb shivirladi.
— Yana kim yozilmay qoldi? — deb qichqirdi aptekadan Rusalka. — Kelib yozilinglar!

Doktor juvonni koʻrayotib oʻylar edi: «u shuning uchun ham hayvonki, umrida birinchi marta meni musht urishga majbur qildi. Men onadan tugʻilib urishmagan edim».

Anna Spiridonova ketdi. Undan keyin bema’ni bir kasal bilan ogʻrigan chol, soʻngra qoʻtir boʻlgan bir xotin uch bolasi bilan kirib keldi, ish boshdan oshib ketdi. Feldsher mutlaqo koʻrinmadi. Eshik orqasidagi aptekada koʻylagini shildiratib va idishlarni jaranglatib, bidir-bidir qilib Rusalka yurardi; u operatsiyaga qarashayotganda ham, retsept olish uchui qabulxonaga kirib qolganda ham, oʻzini ishlar joyida deganday tutardi.

«Men feldsherni urganimga u juda xursand boʻlsa kerak, — deb oʻyladi doktor, akusherkaning ovoziga quloq solib. — Axir feldsher ikkalasi it-mushuk edi-da, agar uni boʻshatib yuborishsa, Rusalkaga bayram boʻladi. Kasal boquvchi ayollar ham, xursandga oʻxshaydi... Oʻzi ham juda rasvo odam-da!»

Qabul marosimining eng qizgʻin paytida doktorning nazarida akusherka ham, kasal boquvchi ayollar ham, hatto kasallar ham oʻzlarini joʻrttaga beparvolikka solib, quvnoq koʻrsatishga urunayotganday edi. Ular goʻyo doktorning xijolat tortayotganini bilardilar, ammo sipolik qilib oʻzlarini bilmaslikka solardilar. Doktor ham oʻzini mutlaqo xijolat tortmayotgan qilib koʻrsatmoqchi boʻlib, jahl bilan qichqirib:
— Hoy, kim bor! Eshikni yoping, uy gʻurillab ketdi! — dedi.

Aslida doktor hijolat tortar va qiynalar edi. U, qirq beshta kasalni qabul qilib, kasalhrnadan asta-sekin chiqdi. Akusherka bu orada uyga borib, lola rang roʻmolchasini yelkasiga solib, ogʻzida papiros, paxmoq sochiga gul taqib shosha-pisha qayoqqadir joʻnamoqda edi; praktikaga yoki mehmonga borayotgan boʻlsa kerak. Kasalxona ostonasida kasallar oʻzlarini oftobga solib, jimgina oʻtirishardi. Chugʻurchiqlar boyagiday chugʻurlashib, qoʻngʻizlarni quvib yurishardi. Doktor atrofga qarab oʻylab qoldi: mana shu bir zayil, tinchgina hayotda feldsher bilan uning hayoti, xuddi fortopyanoda buzilib qolgan ikkita klavishday ajralib, hech narsaga yaroqsiz koʻrinar edi. Feldsher hozir uxlagani yotgandir, lekin oʻzining aybdorligi, tahqir etilganligi va ish joyidan mahrum qilinganini oʻylayverib, uyqisi kelmayotgan boʻlsa kerak. U qiyin ahvolda. Axir, ilgari hech kimga qoʻl tekizmagan doktor hozir oʻzini nazokatdan butunlay mahrum boʻlganday sezmoqda-ku. Endi u hozir feldsherni ayblayotgani va oʻzini oqlayotgani yoʻq, faqat hayron qolyapti: oʻzi qanaqa ish boʻldi bu. Umrida birorta itni ham urmagan, tuppa-tuzuk odam feldsherni ursa-ya! Oʻz kvartirasiga kelgach, kabinetga kirib, divanga yotdi-da, suyanchigʻiga oʻgirilib olib, oʻylab ketdi:

«U-ku, mazasi yoʻq, ishga zarar beradigan odam; u ishlayotgandan buyon oʻtgan uch yil mobaynida rosa qonim qaynadi, lekin bari bir mening qilmishlarimni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Men kuchli odam huquqidan foydalandim. U menga qarashli odam, gunohkor va buning ustiga mast, men boʻlsam, uning boshligʻi, haqli va hushyorman... Demak men kuchliroqman. Ikkinchidan, men uni, oʻzimni e’tiborli deb hisoblaydigan odamlar oldida urdim va shunday qilib, men ularga eng yaramas qiligʻimni koʻrsatdim...»

Doktorni obedga chaqirishdi... U shchidan bir necha qoshiq ichdi-da, oʻrnidan turib, yana divanga yotdi.

«Endi nima qilish kerak? — deb oʻyladi yana u. — Uni iloji boricha tezroq koʻnglini olish kerak... Biroq qanday yoʻl bilan? Tadbirli odam boʻlgani uchun duelni u ahmoqlik deb biladi yoki tushunmaydi. Bordi-yu, anavi, oʻsha palataning oʻzida kasal boquvchi ayollar va bemorlar oldida afv soʻrasam, bu narsa uni emas, faqat oʻzimni qanoatlantiradi, u yaramas odam mening afv soʻrashimni ustimdan boshliqlarga shikoyat qilmasin deb qoʻrqyapti, deb tushunadi. Buning ustiga mening afv soʻrashim, pirovardida kasalxona intizomini boʻshashtirib yuboradi. Unga pul taklif qilib koʻrsammikan? Yoʻq, bu axloqsizlik boʻladi va poraga oʻxshab qoladi. Agar, hozir, aytaylik, masalani hal qilish uchun oʻzimizning bevosita boshligʻimizga, ya’ni mahkamaga murojaat qilsak-chi... Mahkama menga vigovor berishi, yoki ishdan boʻshatib yuborishi mumkin... Biroq u bunday qilmaydi. Ha, undan keyin, kasalxonadagi xususiy ishlarga mahkamaning aralashib yurishi uncha kelishmaydi ham, darvoqi, bunga hech qanday haqi ham yoʻq-da, axir...»

Obeddan soʻng uch soatdan keyin doktor choʻmilgani hovuzga keta turib oʻyladi:

«Shunaqanggi ahvollar roʻy berib qolganda boshqa odamlar nima qilsa, men ham shunday qilaversam-chi? Ya’ni, mayli u meni sudga bersin. Men soʻzsiz aybdorman, oʻzimni oqlab ham oʻtirmayman va sudya meni qamoqqa hukm qiladi. Shunday qilib, tahqirlangan odam qanoatlanadi va meni e’tiborli deb bilgan kishilar oldida men haqsiz boʻlib chiqaman».

Mana shu gʻoya unga ma’qul tushdi. U xursand boʻlib ketdi va goʻyo hamma ish joyida, masala hal boʻldi, soʻngra masalaning bundan koʻra adolatliroq hal boʻlishi mumkin emas, deb oʻyladi.

«Xoʻsh, juda soz-da! — deb oʻyladi doktor suvga tushayotib va undan choʻchib gala-gala qochayotgan mayda tilla tovon baliqlarni tomosha qilib turib. — Bersa beraversin... Qaytaga unga shunisi qulay, chunki bizning xizmat munosabatimiz allaqachon uzilib boʻldi va shuncha janjaldan keyin, bari bir, ikkalamizdan birimiz kasalxonadan joʻnashimiz kerak...»

Kechqurun doktor harbiy boshliq oldiga borib qarta oʻynab kelish uchun arava qoʻshishga buyruq berdi.

U paltosini, shlyapasini kiyib, yoʻlga butunlay taxt boʻlgan va kabinet oʻrtasida turib qoʻlqopini kiyayotgan edi, koʻcha eshik gʻiyq etib ochildi-da, kimdir sekingina dahlizga kirdi.
— Kim bu? — deb soʻradi doktor.
— Menman... — deb sekin javob berdi kirgan odam. Doktorning birdan yuragi dukillab, uyalganidan va allaqanday tushunib boʻlmaydigan qoʻrquvdan uning etlari uvishib ketdi. Feldsher Mixail Zaxarich (kelgan kishi shu edi) sekingina yoʻtalib qoʻydi-da, qoʻrqa-pusa kabinetga kirdi. Bir oz jim turgandan soʻng u, aybdor kishiday past ovoz bilan dedi:
— Meni kechiring, Grigoriy Ivanich!

Doktor sarosimaga tushib, nima deyishini bilmay qoldi. Feldsher xristianlarga xos boʻysunish bilan haqorat qiluvchini yakson etish maqsadida oyogʻiga bosh urib afv soʻragani kelmaganini doktor bildi. Feldsher: «Oʻzimni bosib turib, afv soʻrayman, shoyad meni haydab, yeb turgan nonimdan mahrum etmasa...» deb kelgan edi. Inson qadri-qimmati uchun bundan koʻra haqoratliroq narsa bormi?
— Kechiring... — deb takrorladi feldsher.
— Menga qarang... — deb gap boshladi doktor, unga qaramaslikka tirishib va hamon nima deyishini bilmasdan. — Menga qarang... men sizni haqorat qildim, buning uchun... buning uchun jazoimni tortishim, ya’ni sizni qanoatlantirishim kerak... Duelni siz inobatga olmaysiz... Rost, buni men oʻzim ham inobatga olmayman. Men sizni haqoratladim, endi siz... mening ustimdan sudyaga shikoyat qilishingiz mumkin va jazoimni tortaman... Bu yerda ikkimizning qolishimiz mumkin emas... Ikkimizdan birimiz, ketishimiz kerak! («Yo tavba! Men unga bunaqa demoqchimasdim-ku! — xavfsirab ketdi doktor. — Tentaklik bu, tentaklik!») Xullas, arznoma bering! Endi biz bundan buyon birga ishlay olmaymiz!.. Yo men turay yo siz... Ertagayoq bering!

Feldsher doktorga xoʻmrayib qaragan edi, uning qop-qora, xira koʻzlarida zoʻr nafrat ifodasi chaqnab ketdi. U hamisha doktorni soʻzda bor-u, ishda yoʻq, injiq bir yosh bola deb hisoblardi, hozir esa uning titrab-qaqshashi va poyintar-soyintar gapirishlari feldsherning nafratini qoʻzgʻatib yubordi...
— Beramanam-da, — dedi u jahl bilan qovogʻini solib.
— Ha, bering-da!
— Xoʻsh, siz nima deb oʻylovdingiz? Bermaydi debmi? Beramanam-da... Sizning urishga haqingiz yoʻq. Bunday uyalsangiz ham goʻrga edi-ya! Odatda faqat mast mujiklargina mushtlashadi, siz ma’lumotli odamsiz-a, yana...

Doktorning qalbidagi butun gʻazabi toʻsatdan olovlanib ketdi-yu, birdan baqirib yubordi:
— Joʻnang, bu yerdan!
— Feldsher turgan joyidan istar-istamas qoʻzgʻaldi (u xuddi yana biror nima demoqchiga oʻxshardi), dahlizga chiqib ketdi-da, oʻsha yerda xayol surib qoldi. Keyin, allanimani oʻylab boʻlgach, keskin qadam bilan chiqib ketdi...
— Qanday tentaklik, qanday tentaklik-a! — deb gʻoʻldiradi doktor u ketishi bilan. — Hammasi tentaklik va bema’nigarchilik!

U hozir feldsherga xuddi yosh bolalarcha muomala qilganligini sezdi va shuni ham tushunib qoldiki, uning sud haqidagi oʻylaganlari masalani hal qilish emas, qayta chigallashtirib yubordi.

«Qanday tentaklik qildim-a! — deb oʻyladi u sharabanga chiqayotib va undan keyin harbiy boshliq bilan qarta oʻynab turib. — Nahotki men shu qadar kam ma’lumotli boʻlsam va hayotni shu qadar kam bilsam, mana shu oddiygina bir masalani hal qilishga ham qurbim yetmasa? Xoʻsh, nima qilish kerak?»

Ertasiga ertalab doktor, feldsherning xotini qayoqqadir bormoqchi boʻlib, aravaga chiqayotganini koʻrib qoldi-da: «Ana, xolajonlariga ketyaptilar. Boraversin!» dedi ichida.

Kasalxona feldshersiz obxod qilindi. Mahkamaga ariza yozish kerak edi-yu, lekin doktor xatning formasini hali ham oʻylab ololmagan edi. Endigi xatning mazmunidan: «Garchi, aybdor u emas, men boʻlsam ham, feldsherni boʻshatib yuborishingizni soʻrayman» degan ma’no chiqishi kerak. Axir durustgina odamni uyatga qoldirmay bu mazmunni bayon qilishning iloji yoʻq-ku.

Oradan ikki-uch kun oʻtgach, feldsherning Lev Trofimovich oldiga borib shikoyat qilgani toʻgʻrisida doktorga xabar berishdi. Rais uni bir ogʻiz ham gapirtirmasdan, depsinib: «Men seni bilaman! Yoʻqol! Gapingni ham eshitmayman!» deb soʻkib chiqarib yuboribdi.

Feldsher Lev Trofimovichning oldidan chiqib toʻgʻri mahkamaga boradi, va u yerda tarsaki yegani toʻgʻrisida miq etmasdan hamda hech narsa soʻramasdan turib, doktor mening huzurimda mahkamani va raisni bir necha bor soʻkdi, kasallarga ham yaxshi qaramaydi, uchastkalarga borganda ham chalakam-chatti ish qiladi va hokazo deb, igʻvo tarqatadi. Bularni eshitgandan keyin doktor kulib yubordi va «Obbo ahmoq-ey!» deb qoʻydi ichida. Doktor ham xijolat tortar, ham feldsherning tentakligiga achinar edi; kishi oʻzini muhofaza qilish uchun qancha koʻp bema’nigarchilik qilsa, shuncha nochor va zaifligini koʻrsatadi.

Rosa uch haftadan keyin ertalab doktor suddan povestka oldi.

«Bu endi oʻtaketgan bema’nigarchilik... — deb uyladi u povestkani olishga qoʻl qoʻya turib. — Bundan koʻra bema’niroq narsani oʻylab ham topib boʻlmaydi».

U sudga ketayotgan kuni ertalab havo bulut va osoyishta edi; doktor shu paytda uyalmadi, unga alam qildi va ta’bi juda xira boʻldi. U, oʻzidan ham, feldsherdan ham, butun vaziyatdan ham diqqat boʻlib...

«Sudda toʻppa-toʻgʻri shunday deyman, — dedi jigʻibiyroni chiqib, — bu yerdan yoʻqollaring, jin ursin sizlarni! Hammangiz eshaksizlar, hech baloga tushunmaysizlar!»

U, sud kamerasi oldiga kelganda ostonada oʻzida kasal boquvchi xotinlardan uchtasini va Rusalkani koʻrdi, bular guvoh sifatida chaqirilgan edilar. Xotinlarni va toqati toq boʻlganidan hadeb oyoqlarini chalishtirib turgan akusherkani koʻrgach va hatto akusherka boʻlajak protsessning bosh qahramonini koʻrish bilan huzur qilib kulib yuborgandan keyin, jaxli chiqib ketgan doktor xuddi ularga qirgʻiyday chang solib: «Kasalxonadan ketishga sizga kim ruxsat berdi? Shu minutdayoq joʻnang!» deb hammasini dovdiratib qoʻymoqchi boʻldi-yu, ammo oʻzini bosdi; oʻzini bamaylixotir qilib koʻrsatishga tirishib, bir toʻda odamlar orasidan oʻtib kameraga kirdi. Kamera boʻm-boʻsh va sudning zanjiri kreslo suyanchigʻida yotgan edi. Doktor ish yurituvchining xonasiga bordi. U, bu yerda yuzlari qotma, kolomenka pidjagining choʻntaklari doʻppayib turgan yosh yigitni koʻrdi, bu ish yurituvchi edi; shu yerda feldsher ham stol yonida oʻtirib, bekorchilikdan sudlanuvchilar toʻgʻrisidagi spravkalarni varaqlab oʻtirardi. Doktor kirishi bilan ish yurituvchi oʻrnidan turdi; feldsher ham xijolat tortib, oʻrnidan turdi.
— Aleksandr Arxipovich hali kelgani yoʻqmi? — deb soʻradi doktor uyalinqirab.
— Yoʻq hali. Ular uyida... — deb javob berdi ish yurituvchi.

Kamera sudya qoʻrgʻonidagi uylardan biriga joylashgan boʻlib, sudyaning oʻzi esa katta uyda turardi. Doktor kameradan chiqdi-da, asta-sekin uyga qarab yoʻl oldi. U borganda Aleksandr Arxipovich yemakxonada samovar oldida turgan edi. Sudya syurtuksiz va jiletkasiz koʻylakchan, koʻkrak tugmachalari yechiq, stol oldida ikkala qoʻli bilan choynak ushlab turgan edi; oʻziga bir stakan, xuddi kofega oʻxshagan quyuq choy quydi; mehmonni koʻrishi bilan u darrov oldiga boshqa bir stakanni surib oldi-da, salomlashmasdan avval choy quyib:
— Sizga qandlimi yo qandsizmi? — deb soʻradi. Sudya bir vaqtlar, bunga juda koʻp boʻldi, kavaleriyada xizmat qilgan edi; hozirda u, koʻp yillik xizmatlari tufayli oʻz xohishi bilan haqiqiy grajdanlik mansablaridan birini egallab olgan, ammo hali ham oʻzining harbiy mundirini, harbiy urf-odatlarini tashlamagan. Uning moʻylovi ham politsmeysterlarniki singari uzun, shimi baxiyali va qiliqlari, gap-soʻzlari harbiycha edi. U boshini sal orqaga tashlab nutqini generallarga xos «mneee...» degan ibora bilan toʻldirib, yelkasini uchirib, koʻzlarini oʻynatib gapirardi. Salom-alik qilganda yoki birovga papiros tutganda tovonlarini tapillatib qoʻyardi, yurib ketayotgan paytda esa, shporlarini shunday nozik shiqirlatib yurardiki, shporning har bir ovozidan goʻyo uning biror joyi qattiq ogʻriyotganday tuyilardi. Doktorni choyga taklif etib oʻtqizgandan keyin, u oʻzining chorpaxil koʻkragi va qornini bir silab oldi-da, chuqur bir nafas olib, dedi;
— Qani, xoʻsh... Ehtimol, oʻzlarining koʻngillari araq ichib, zakuska qilishni tusab turgandir? Mne-e?
— Yoʻq, rahmat, qornim toʻq.

Har ikkalasi ham kasalxonadagi janjal toʻgʻrisida gap ochmaslikning iloji yoʻqligini sezib turishar va ikkalasi ham noqulay ahvolda qolgan edi. Doktor jim boʻlib qoldi. Sudya qoʻllarini nazokat bilan qulochkashlab, koʻkragini chaqib turgan pashshani tutdi, unga har tomondan diqqat bilan qaradi va qoʻyib yubordi, keyin chuqur nafas olib doktorga qaradi-da, dona-dona qilib gapirdi:
— Menga qarang, nima uchun siz uni haydab yubormaysiz?

Doktor uning ovozida achinish ohangini tuydi; birdan oʻziga rahmi kelib ketdi, va soʻngra shu haftada boshiga tushgan mushkilotdan ezilib tinka-madori quriganini sezdi. Nihoyat toqati-toq boʻlib, yuragi yorilguday, stoldan irgʻib turdi-yu, titrab-qaqshab, yuzlarini burishtirib, yelkalarini qisib, gapira ketdi:
— Haydab yuborish! Sizlar nima deb oʻylaysizlar oʻzi, xudo haqi... juda gʻalatisizlar-da! Axir, xaddim bormi uni haydashga? Sizlar bu yerda oʻtirib, meni kasalxonada oʻzi xon, koʻlankasi maydon-u, koʻngilga nima kelsa shuni qiladi, deb oʻylaysizlar-da! Juda gʻalatisizlar-a! Uning xolasi Lev Trofimovichnikida bola boqsin va Lev Trofimovichga Zaxarich singari pismiq malaylar zarur boʻlib tursin-da, yana uni haydab yuborishga xaddim bormi? Zemstvo biz — vrachlarni sariq chaqaga olmay, har qadamda oyoq osti qilib turgandan keyin, mening qoʻlimdan nima keladi? Jin ursin hammasiniyam, endi men ishlamayman, mana boʻlgan turgani shu! Ishlamayman!
— Yoʻ, yoʻ, yoʻ... Siz, jonim, juda vahima qilyapsiz, unday deganda...
— Boshligʻingiz jon-jahdi bilan bizning hammamizni niglistlar deb isbotlashga urinadi, josuslik qiladi va bizdan xuddi oʻz kotibiday xizmat qilishni talab etadi. Men yoʻq paytimda kasalxonaga kelib, u yerda bemorlar va kasal boquvchi xotinlarni soʻroq qilishga qanday haqi bor? Axir, bu haqoratlash emasmi? Xoʻsh, anavi telba Semyon Alekseichingiz-chi, oʻzi doim gerdayib yuradi. Qorni toʻq va hoʻkizday baquvvat boʻlgani uchun meditsinaga mutlaqo ishonmaydi, yana hammaga eshittirib, koʻz oldimizda bizni tekinxoʻr deb, ta’na qiladi, bir burda nonni ravo koʻrmaydi! Ha, jin ursin uni! Men ertalabdan kechgacha ishlayman, dam olish degan narsani bilmayman, hamma telba-tezik, taqvodor, islohchilar va shu singari masxarabozlardan koʻra bu yerda men zarurroqman, axir! Men ish deb sogʻligʻimdan ajraldim, lekin mendan minnatdorchilik qilish oʻrniga, bir burda nonni ta’na qilishadi! Sizga tashakkurlarimni izhor etaman! Yana har kim birovlarning ishiga tumshugʻini suqishga, nasihatgoʻylik va nazorat qilishga oʻzini haqli deb hisoblaydi! Anavi, sizning maxkamangizning a’zosi Kamchatskiy boʻlsa, Zemstvo majlisida, bizda kaliy aralashmasining koʻp ishlatib qoʻyilganligi uchun vrachlarga tanbeh berdi va bizga bundan buyon kokainni ehtiyot qilib ishlatishni tavsiya qildi! Uning oʻzi nimani biladi, qani men sizdan soʻraychi? Uning nima ishi bor? Nega u sizlarga sud qilishni oʻrgatmaydi?
— Be... axir u bezbet xushomadgoʻy odam-da, joniginam... Unga parvo qilishning keragi yoʻq...
— Xoʻp, bezbet, xushomadgoʻy odam, lekin sizlar bu vagʻvagʻni a’zolikka saylagansiz va unga hamma yoqqa tumshuq suqishga yoʻl berib qoʻygansiz-da! Siz boʻlsangiz, iljayasiz! Sizningcha bularning hammasi mayda-chuyda, arzimagan narsalar, lekin, oʻylab koʻring, axir, bunaqanggi mayda-chuydalar shu qadar koʻpki, xuddi shagʻallar yigʻilib togʻ boʻlganday butun hayot ham mana shu mayda-chuydalardan tashkil topgan! Endi chiday olmayman! Madorim quridi, Aleksandr Arxipich! Yana bir oz tursam shu yerda, sizni ishontirib aytamanki, ogʻzi-burniga tushirish emas, hatto birortasini otib qoʻyaman! Siz tushuning, axir, mening asablarim, simdan emas, men ham xuddi sizga oʻxshagan odamman...

Doktorning koʻzlariga jiqqa yosh toʻlib, ovozi ham titrab ketdi; u teskari oʻgirilib, derazaga qarab oldi. Oraga jimlik choʻkdi.
— Ha, hm, muhtaram... — Gʻoʻldiradi sudya taraddudlanib. — Ikkinchi tomondan, agar bunday vazminlik bilan oʻylab qaralsa unda... (sudya chivin tutib, koʻzlarini qisib, unga har tomondan qaradi-da, ezib, chayindi idishga tashladi)... Unda, bilasizmi, feldsherni haydashdan ham ma’ni chiqmaydi. Haydab yuboring-chi, bari bir oʻrniga yana bitta shunaqasi, balki undan badtarrogʻi oʻtirib oladi. Yuzta odamni almashtirganingiz bilan yaxshisini topolmaysiz... Hammasi ablah (sudya qoʻltigʻi tagiga qarab qoʻyib, sekin papiros cheka boshladi). Bu yovuz bilan murosa qilish kerak. Men sizga aytib qoʻyishim kerakki, hozirgi zamonda siz ishonishingiz mumkin boʻlgan sofdil, idrokli odamni faqat ziyolilar va mujiklar orasidan, ya’ni masalan faqat shu ikki qatlam orasidangina topishingiz mumkin. Siz, aytaylik, pokiza vrachni, olijanob pedagogni, pokiza qoʻshchi yoki temirchini topa olasiz, biroq oʻrta darajadagi odamlar, ya’ni shunday deb ta’riflash joiz boʻlsa, xalq ichidan chiqib va hali ziyolilargacha borib yetmagan kishilar ishonchsizlik elementlarini hosil qiladi. Shuning uchun ham sofdil va idrokli feldsher, kotib, gumashta va shu kabilarni topish gʻoyat ogʻir. Favqulodda ogʻir! Men Gorox shohi zamonidan buyon adliya sohasida xizmat qilaman va butun xizmatim mobaynida, garchi son-sanoqsiz kotiblarni haydab yuborgan boʻlsam-da, birorta sofdil va idrokli kotibni koʻrganim yoʻq. Xalqda axloq intizomi yoʻq, printsip ha-a-a-qida gapirmayoq qoʻyaqolaylik, men sizga aytsam...

«Nega bularni gapiradi? — deb oʻylab qoldi doktor. — Biz u bilan kerakli narsani gaplashayotganimiz yoʻq-ku».
— Mana uzoqqa bormaylik, oʻtgan jumada, — deb soʻzida davom etdi sudya, —mening Dyujinskiyim, oʻzingiz tasavvur eting, shunday bir qiliq qilipti. Kechqurun oldiga allaqanday piyanistalarni chaqiripti, kim biladi deysiz, ular kim ekan, tuniminam oʻshalar bilan kamerada ichkilikbozlik qilib chiqipti. Xushingizga keladimi? Men-ku, ichkilikka hech qarshi emasman-a. Jin ursin seni, ichsang ichaver, ammo nega noma’lum kishilarii kameraga kiritasan? Axir, oʻzingiz oʻylang, ishlardan birorta hujjatni, veksel va shu singari qogʻozlarni birpasda oʻgʻirlab qoʻyish mumkin! Bunga nima deysan? Oʻsha ayshi-ishratdan keyin men, biror narsa yoʻqolib qolmadimi deb ikki kungacha hamma ishni koʻzdan kechirib chiqdim... Xoʻsh, bu ablahlarni nima qilardingiz? Haydashmi? Yaxshi — xm... Yana boshqasi bundan battar boʻlmaydi deb, qanday ishontira olasiz?
— Rost, uni qanday qilib haydayman? — dedi doktor. — Odamni haydash faqat gapda onson... Men uning bola-chaqaliligini, och-yalangʻochligini bilib turganimdan keyin, qanday haydab, bir burda nondan benasib qilaman? Bola-chaqasi bilan u qayoqqa boradi?

«Ie, nima balo boʻldi, oʻzi, munaqa demoqchimasdim-ku!» deb oʻylab qoldi u, oʻz xayolini biror aniq fikr yoki biror hissiyot ustida jamlay olmayotganiga hayron boʻladi. «Buning sababi shuki, men puxta emasman va fikrlashni bilmayman» deb qoʻydi ichida.
— Oʻrta darajadagi odamga, xaligi siz aytganday ishonib boʻlmaydi, — deb davom etdi. — Biz uni haydaymiz, soʻkamiz, afti-basharasiga qarab uramiz, ammo lekin, uning ahvoliga ham qarash kerak-da, axir. U na mujik, na barin, bir dardisar; uning oʻtmishi rasvo, hozirda esa oyiga faqat yigirma besh soʻm oladi, bola-chaqasi och va birovga qaram, kelajakda ham uniki yana oʻsha yigirma besh soʻm pul-u, birovga boqim, yuz yil xizmat qilganda ham ahvoli shu-da. Unda na ma’lumot bor va na mol-mulk; oʻqishga va cherkovga borishga vaqti yoʻq, bizdan hech narsa eshitmaydi, chunki biz uni yaqinimizga yoʻlatmaymiz. Shunday qilib u, oʻla-oʻlguncha durustroq bir turmushdan umid qilmay, chala-yarim ovqat yeb, «mana hozir davlat kvartirasidan haydab yuboradi» deb qoʻrqib, bola-chaqasini qaerga qoʻyishini bilmay yuraveradi. Shundan keyin ayting-chi, qalay piyanistalik, oʻgʻirlik qilmasin? Bu yerda printsipga oʻrin qoldimi, endi!

«Biz, chamasi, ijtimoiy masalalarni hal qilishga oʻtib ketdik, shekilli, — deb oʻyladi u. — Juda chetga chiqib ketdik, tavba! Bular nimaga kerak oʻzi?»

Shu orada jarang-jurung ovoz eshitilib qoldi. Kimdir izvosh bilan hovliga kirdi, oldin kamera oldiga bordi, keyin katta uyga kiraverishdagi zina yoniga keldi.
— Oʻzi keldi, — dedi sudya, derazadan qarab. — Ana endi ta’ziringizni beradi!
— A, siz, marhamat qilib, meni tezroq joʻnating... — iltimos qildi doktor. — Agar iloji boʻlsa, mening ishimni benavbat koʻrsangiz. Xudo haqi, vaqtim yoʻq.
— Yaxshi-yaxshi... Faqat, hali oʻzim bilmayman, taqsir, bu ishni men sud qilib oʻtirishim kerakmikan. Feldsher bilan sizning munosabatingiz, aytaylik, xizmat yuzasidan boʻlgan, buning ustiga siz uni xizmat vazifasini oʻtayotgan paytda tuzlagansiz. Ammo durustgina bilmayman ham. Hozir Lev Trofimovichdan soʻraymiz.

Shosha-pisha kelayotgan qadam tovushi va ogʻir harsillagan ovoz eshitildi va shu on eshikdan rais — soch-soqoli oppoq, tepakal, soqollari uzun va qovoqlari qip-qizil Lev Trofimovich koʻrinib qoldi.
— Salom berdik... — dedi u harsillab turib. Uf, tavba! Muhtaram sudya, menga kvas bering! Oʻlganim yaxshi...

U kresloga oʻzini tashladi, lekin shu zahoti darrov irgʻib turib, doktorning oldiga bordi va jahl bilan unga oʻqrayib, chiyildoq ovoz bilan gapira ketdi:
— Sizdan juda va benihoyat minnatdorman. Grigoriy Ivanich! Xudo haqi hech qachon unutmayman! Doʻst kishi bunday qilmaydi! Koʻnglingizga kelmasin-u, lekin sizning tomoningizdan hatto insofsizlik qilingan! Nima sababdan siz menga ma’lum qilmadingiz? Xoʻsh, men nima? Kimman, axir? Dushman yoki begona odammi? Sizga dushmanmanmi? Biron vaqt soʻzingizni yerda qoldirganmidim? A?

Rais koʻzlarini olaytirib va barmoqlarini silkib, kvas ichdi-da, darrov lablarini artib, davom etdi:
— Gʻoyat, gʻoyat minnatdorman sizdan! Nima sababdan menga ma’lum qilmadingiz? Agarda sizda menga nisbatan qittak koʻngil boʻlganda, oldimga kelib, doʻstlarcha: — «Jonginam, Lev Trofimovich, shunday, shunday vassalom... Ana shunday hodisa roʻy berib qoldi va hokazo...» derdingiz. Men sizga bir zumda hammasini toʻgʻrilab bergan boʻlardim va bunday janjalga oʻrin ham qolmas edi... Anavi ahmoq, xuddi devonaday butun uezdda sandiroqlab, gʻiybat qilib, xotinlar orasida chaqimchilik qilib yuripti; siz boʻlsangiz sharmanda boʻlib, koʻngligizga kelmasin-u, kim biladi nima balolarni qoʻzgʻab yuribsiz, sudga berishga oʻsha ahmoqni majbur qilgansiz! Sharmandalik, gʻirt sharmandalik! Hamma mendan nima gap oʻzi, nima asti, deb soʻraydi, xoʻsh, men-chi, raisman, ammo u yoqda nimalar boʻlyapti, hech narsani bilmayman, mening sizga aslo keragim ham yoʻq-da! Gʻoyat, gʻoyat minnatdorman sizdan, Grigoriy Ivanich!

Rais shunday past egilib ta’zim qildiki, hatto a’zoyi-badani qip-qizarib ketdi, keyin derazaga kelib baqirdi:
— Jigalov, Mixail Zaxarichni bu yoqqa chaqir! Ayt, shu topdayoq kelsin! Yaxshi emas-s! — dedi u, derazadan nari borib. — Hatto mening xotinim ham ranjidi, xoʻsh, nima sababdan, chamasi, sizga muruvvat qilsa kerak-da! Siz, afandim, juda bilarmonlik qilib yuboribsiz! Oqilona boʻlsin deb har xil printsiplar va turli qiliqlar qilasiz, lekin chalgʻitasiz, xolos.
— Siz nuqul tavakkal qilaverasiz, xoʻsh nima chiqyapti? — deb soʻradi doktor.
— Nima chiqyaptimi? Shu narsa chiqyaptiki, agar men hozir bu yoqqa kelmaganimda, siz oʻzingizni ham sharmanda qilardingiz, bizni ham... baxtingizga men kelib qoldim!

Feldsher kirib, ostonada toʻxtadi. Rais unga yondamasiga turib, qoʻllarini choʻntagiga tiqib oldi-da, bir yoʻtalib, dedi:
— Hozir doktordan uzr soʻra!

Doktor qip-qizarib, boshqa uyga kirib ketdi.
— Mana, koʻrdingmi, doktor sening uzringni qabul qilgusi kelmayapti! — deb davom etdi rais. — U seni, tovbangni soʻzda emas, balki ishda koʻrsatishingni istayapti. Bugundan boshlab itoat qilishga va doim hushyor boʻlishga soʻz berasanmi?
— Beraman... — deb qovogʻini osiltirib toʻngʻilladi feldsher.
— Koʻzingni och! Xudo koʻrsatmasin! Bir moʻylov qilsammi, joydan ajralasan qolasan! Endi biror gap boʻlsa, mendan yaxshilik kutib oʻtirma... Qani, joʻna uyingga...

Ishning bu yoʻsinda hal boʻlishi oʻz xoʻjasi bilan yarashib olgan feldsher uchun hech kutilmagan baxt boʻldi. U sevinganidan hatto rangi oqarib ketdi. Feldsher biror narsa demoqchi boʻlib, qoʻlini choʻzdi-yu, lekin hech narsa demadi, faqat ma’nosizgina iljayib chiqib ketdi.
— Ana, ish tamom! — dedi rais. — Endi hech qanday sudning ham keragi yoʻq.

U yengil tortib nafas oldi-da, shu topda xuddi juda ogʻir va muhim bir ish qilib yuborganday samovar va stakanlarga qarab qoʻydi va qoʻllarini ishqalab turib dedi:
— Xudo halloq... Menga bir qultum quy-chi, Sasha. Ha, aytganday, avval zakuskaga biror narsa olib kelgin... Keyin, oqidan...
— Bu mumkin emas, janoblar! — dedi doktor oshxonaga kirayotib; u hamon qizarib-boʻrtib injiqlik qilar edi. — Bu... bu komediya-ku! Bu qabihlik! Men chiday olmayman! Masalani bunaqanggi masqarabozlik bilan hal qilgandan koʻra yigirma marta sudlashgan yaxshi, yoʻq, men chiday olmayman!
— Sizga nima kerak, axir? — dedi rais unga gʻijinib. — Haydashmi? Mayli, haydab qoʻya qolay...
— Yoʻq, haydash emas... Menga nima kerakligini oʻzim ham bilmayman, lekin, janoblar, hayotga bunday munosabatda boʻlish... Ey, xudoyim-ey!

Doktorning asabi qaynab besaranjom boʻlib qoldi, shlyapasini qidirdi, topolmadi va darmoni qurib kresloga oʻzini tashladi.
— Qabihlik! — deb yana takrorladi u.
— Jonginam, — dedi pichirlab sudya, — ba’zan sizga ham tushunolmayman, bunday qaraganda... Axir bu ishda siz aybdorsiz-ku! Un toʻqqizinchi asrning oxirida birovning basharasiga qarab tushirish — bu, men sizga aytsam, nima desangiz deyavering-ku, boʻlmaydi-da... Toʻgʻri, u ablah, biro-o-oq, xoʻp deyavering, siz ham ehtiyotsizlik qilib yuborgansiz...
— Albatta-da! — dedi rais.

Araq va zakuska keltirishdi. Xayrlashuv oldidan doktor ham beixtiyor bir ryumka ichib yuborib, rediska bilan zakuska qildi. U kasalxonaga qaytib kelgan paytda uning fikrini xuddi kuz ertasidagi maysaday tuman qoplagan edi.

«Nahotki, — deb oʻyladi u, — soʻnggi haftada tortgan shuncha azob-uqubatlar, bosh qotirishlar va aytilgach gaplar — oqibat shu qadar bema’nigarchilik bilan tugasa! Qanday tentaklik! Qanday tentaklik!»

U oʻzining shaxsiy masalalariga yot kishilarni aralashtirib qoʻygani uchun uyaldi, bu kishilarga aytgan gaplari va odati boʻyicha oʻylab oʻtirmay aroq ichib yuborgani uchun uyaldi, oʻzining tushunib yetmagan, sayoz aqlidan hijolat tortdi... U kasalxonaga kelishi bilan shu zahoti obxod qila boshladi. Yonida feldsher, xuddi muloyim mushukday iymanib, savollarga yumshoq javob berib yurardi... Feldsher ham, Rusalka ham, kasal boquvchi ayollar ham oʻzlarini, goʻyo hech narsa bilmaganday va hamma ish joyida deganday bir qiyofada tutar edilar. Doktor ham kuchining boricha oʻzini beparvo qilib koʻrsatishga urunardi. U buyruq berar, jahl qilar, kasallar bilan hazil-huzil gap qilib qoʻyardi-yu, ammo miyasidan:
— Tentaklik, tentaklik, tentaklik... — degan gap nari ketmas edi.


Hikoya dastlab «Jiteyskaya meloch» sarlavhasi bilan «Novoe vremya» gazetasida bosilgan, 1888. №4404, 3 iyun Imzo: An. Chexov. Avtor ba’zi oʻzgartyshlar bilan oʻzining «Xmurie lyudi» toʻplamiga, yana biroz tuzatish bilan 1901 yilda chiqqan 5-tom Asarlar toʻplamiga kiritgan.


  1. Skalpel — xirurgiya nishtari.
  2. Zond — rezinka ichak.