OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Javlonov
Asar nomiTogʻ burguti (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Javlonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» журнали, 2010 йил, 8-cон
Hajm97KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Ҳужжатли қисса


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Togʻ burguti (qissa)
Anvar Javlonov

Bu togʻ burgutini otasi bir paytlar ekanida Mixin tepasidagi Qoratoshdan polapon holida olib kelgan edi. Shu-shu burgut uyda emin-erkin yuradigan boʻldi. Abdurahmon uni asta-sekin ovga oʻrgatdi. Lochin avval chumchuqlarni ovlashni oʻrgandi, keyin uni Qizilqumda boʻriga ham solib koʻrishdi. Burgut bir tepishda boʻrining belini sindirib yubordi. Shu-shu togʻ burguti oilaning bir a’zosiga aylandi.

Endi Abdurahmon yovdan xalqni ozod etmoq uchun kurashga chogʻlanardi. U uyida otasidan qolgan togʻ burgutini alohida parvarish etardi. Koʻpincha burgutni mashq qildirish uchun uloqni soʻyib, oldiga tashlardi. Burgut oʻljasini qoyaga koʻtarib chiqar va Koʻhnabozor qishlogʻi tomon uzoq-uzoqlardan qarab-qarab qoʻyarkan, uloq goʻshtidan toʻyganicha yer, ortigʻini oʻsha yerda qoldirar, birozdan soʻng quzgʻunlar loshning qolgan-qutgani uchun talashishga tushishardi. Burgut ba’zan koʻkdan uloqni tashlab yuborar, oradan bir oz oʻtkazib esa oʻzini oʻqdek uning orqasidan otar va panjalariga ilingan uloqni mahkam changallagancha yana qoyalar tomon uchardi.

...Oftob ufq tomon shoshilardi. Burgut togʻ ustida charxpalak aylana yasab, pastlay boshlar, yerga yetishiga ozgina qolganda koʻk sari tikka koʻtarilardi.

Togʻ burgutining shiddatidan Abdurahmon zavq­la­nar­di. Burgut havoga koʻtarilishi bilan qora quzgʻunlar oʻz­larining in-inlariga kirib ketardi, qoron­gʻi tush­guncha oʻlak­saxoʻrlar pana-panada uni zimdan kuza­tishardi.

* * *

Abdurahmon oʻrta boʻy, och sariq yuzli, yelkasi keng, boshi uzunchoq, har bir mushti handalakdek, koʻzlari oʻtkir yigit edi. Bu jussa otadan meros boʻlib, u otadek qoʻrqmas va botir boʻlib oʻsgandi. Abdurahmon ot ustida doim tik oʻtirar, hamisha otliq yoki piyodani bir chaqirim naridan bemalol koʻrib, tanib olardi. Ichki sezish hissiyoti kuchli edi unda.

Buxoroda savdo qilib yurib, kechki payt karvon­saroyning kichik xonasida mollarini taxlab oʻtirganda bir bahaybat afgʻon yigiti hujraga indamasdan kirib keldi-da, miq etmasdan uning narsalaridan tanlab ola boshladi. Abdurahmon yigitning belidagi xanjarga ancha vaqt tikilib turdi. Nihoyat yigit tanlab olgan mollarini olib chiqib ketishga chogʻlangan payti Abdurahmon uning orqasidan belini moʻljallab tepdi. Afgʻon yigiti joyida yiqilgandi, bora solib uning boʻynini orqasiga qayirdi. Bosqinchining koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi. Yana bir lahzadan soʻng uni oʻldirib qoʻyishini anglagan Abdurahmon beixtiyor panjalarini boʻshatdi. Yigit soʻkina-soʻkina oshigʻich tarzda xonani tark etdi. Bu yigirma yoshli Abdurahmonning ilk bor oʻz mulki, erki uchun kurashishi edi. Afgʻon yigitining sheriklarini boshlab kelishi mumkinligini his qilgan Abdurahmon mol-mulkini olib, kechasi karvonsaroyni tark etdi.

Shu-shu otasining erk, ozodlik haqidagi gaplari Abdurahmonning quloqlari ostida tez-tez jaranglab turadi. Qaerda yurmasin, qaysi millat-elat ichida boʻlmasin, doimo savdo-sotiqda toʻgʻrilikka harakat qildi, hech kimni aldamadi. Shu tufayli Abdurahmonning Buxoro, Samarqand, Jizzax shaharlarida juda koʻp ishongan doʻstlari, oshnalari bor.

* * *

Sankt-Peterburgdagi imperator saroyi. Ulkan boʻlmada imperator Osiyo xaritasi oldida oʻychan turgancha papirosini bosib-bosib chekmoqda.

Harbiy vazir papka koʻtarib kirdi. 1867 yil yozida Rossiya imperatori Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini ta’sis etish haqidagi farmoniga imzo chekkandi. Harbiy vazir farmonni charm xat jildga solganicha saroyning chekka xonasida oʻtirgan general-adʼyutant fon Kaufmandan suyunchi olgani yugurib borardi. Zero Kaufman imperator farmoniga koʻra Oʻrta Osiyoning Rossiya tarkibiga kiritilgan hududlariga «Yarim podsho» etib tayinlangan edi. «Oltin yorliq» egasi fon Kaufman faqat podshoga boʻysunardi.

Bu xabardan general shunchalik quvondiki, uning shodligini qalam bilan ta’riflab boʻlmaydi.

«Yarim podsho» oʻsha kuni oʻz uyida bu yorliqni katta tantana bilan nishonladi. Katta boyliklarga ega oʻlka endi uning ixtiyorida edi.

– Qani, vazir janoblari, ushbu qadahni imperatorning salomatligi uchun ichsak. Angliyadan oldin u yerga yetib bormoq biz uchun saodat erur, – deya qadah soʻzi aytdi general fon Kaufman.

Uning soʻzlaridayam jang ishtiyoqi sezilib turardi. Shu payt xonaga harbiy vazirning xotini kirib keldi. Fon Kaufman unga ta’zim qildi.

– Xonim, sizni koʻrmoq baxtiga muyassar boʻlganimdan baxtiyorman, – dedi u nazokat bilan.

Vazir qadahidagi aroqni bir koʻtarishda ichdi-da, katta stol ustida yoyilib yotgan Osiyo xaritasi ustiga engashdi. Xonim esa Kufmanga tabassum hadya etdi. Harbiy vazir xuddi oʻlkani oʻz qoʻlida ushlab turgandek, Amu va Sir oraligʻidan koʻz uzmasdi. Fon Kaufmanning butun fikri bir amallab xonimni gapga solish bilan band edi.

– Sizga, janob Fon Kaufman, katta vakolatni amalga oshirmoq uchun katta armiya ham zarur boʻladi. Men ertagayoq buyuraman: 8 ming kishilik armiya, 16 ta toʻp va 10 ming miltiq beriladi. Shuncha oʻq-dori bilan xalqni boʻysundirmoqni Temurlang yurti Samarqanddan boshlamoq kerak.

Xonim esa eri yana urush mavzuida gap boshlaganini tushungan zahoti asta xonani tark etdi.

Ikki harbiyning uzoq davom etgan suhbati Oʻrta Osiyoni boʻysundirishga qaratildi.

Oradan bir hafta oʻtib Kaufman Samarqandga joʻnab ketdi. «Yarim podsho» poezdda Samarqand sari kelar ekan, Jizzaxdan oʻtgach, Sangzar daryosi oqib turgan koʻprik ustiga kelganida Morguzar togʻiga juda uzoq tikilib qoldi. Bu togʻlar toshi uning koʻziga juda katta qoʻshin bostirib kelayotgandek boʻlib koʻrindi. General oʻzini juda horgʻin sezdi. Atrof esa juda maftunkor edi. Odamlar esa bogʻlarda meva-cheva terish bilan band. Uzoqdan elas-elas notanish kuy-qoʻshiq eshitilardi.

General Samarqandgacha atrofni tomosha qilib bordi. Qir-adirlar toʻla qoʻy-qoʻzi, uzoqlarda sagʻrini yaltirayotgan mollar oʻtlab yuribdi.

Fon Kaufman odamlarga Ivan Grozniy haqidagi hikoyalarni aytishni yaxshi koʻrardi, bu bilan u goʻyo oʻzini Ivan Grozniyga tenglashtirardi.

Fon Kaufman oʻziga berilgan vakolatdan keng foydalandi, u bir vaqtning oʻzida ham harbiy qoʻmondon, ham prokuror va ham moliya vaziri edi.

Oʻsha paytlari Samarqand Buxoro amirligi tarkibida edi.

General Samarqandga kelgan kuniyoq amir qoʻshin­lariga qarshi harakat boshladi. Harbiy taktikasi boʻsh boʻlgan amir qoʻshinini yengish uncha qiyin boʻlmadi. Choʻpon ota tepaligida amir qoʻshinlari magʻlubiyatga uchradi. Shundan keyin Amir Muzaffarbekning obroʻyi tushib ketdi. Amir qoʻshini rus askarlarini toʻxtata olmadi. Amirning 15 ming otliq, 6 minglik piyoda armiyasi rus armiyasiga dosh bera olmadi.

Amir Muzaffarbek Qizilqumga qochdi. Aholi orasida norozilik kuchaydi. Qoʻzgʻolon boshlandi. Bu esa Kaufmanga qoʻl keldi. U Samarqandga oʻt qoʻydirdi, shahar talon-taroj etildi. Fon Kaufman Sankt-Peterburgga, imperator nomiga telegramma joʻnatdi: «Sartlar oʻz-oʻzini qirmoqda. Biz ularni osongina boʻysundirdik».

Imperator Aleksandr II generalni orden bilan mukofotladi. Amir Muzaffar Kaufman oldiga bosh egib keldi. Samarqand, Kattaqoʻrgʻon va Zarafshon daryosining yuqori qismi Rossiyaga berildi. Oʻlka deyarli batamom fon Kaufman ixtiyoriga oʻtdi, amir esa orden egasi boʻldi.

Oʻlkada mustamlakachilarga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari qariyb ellik yil davom etdi. Albatta, buning siyosiy, iqtisodiy asoslari bor edi. Oʻlkada xalq turmushi nochorlashdi, shart-sharoiti yaxshi joylarda «Rus qishloqlari» barpo etildi. Imperatorga yoqmagan rus mujiklari Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Qoʻqon, Jizzax shahar va qishloqlariga koʻchirildi. Fon Kaufman hamma yirik qishloqlarda oʻz pristavlarini tayinladi.

* * *

Oradan bir-ikki oy oʻtgach Rossiyaning turli oʻlka­laridan Turkiston tomon ruslar koʻchib kela boshladilar. Samarqandda azaldan ham bir necha ming nasroniylar yashardi. Shaharda Amir Temur davrida ham nasroniylar boʻlib, ular shaharning alohida dahasida hayot kechirar, mahalliy aholi bilan inoq yashardi.

Oʻlkada asta-sekin rus qishloqlari paydo boʻldi.

Qoratosh atrofi yongʻoq, doʻlana, olma, oʻrik, shaftoli, uzum bilan qoplangan. Nurota togʻ yonbagʻridagi eng xushmanzara joy atrofidagi qishloqlar Mixan, Qulba, bir tomon esa Katta Bogʻdon va Ilonchi. Shu oraliqda rus pristavi Barillo uchun oppoq qoʻrgʻon qurildi. Qoʻrgʻon ichidagi oʻn xonali bino juda keng, derazalari katta, romlarga guldor oyna qoʻyilgan. Derazaning tashqarisidan quyoshni toʻsadigan ravoq oʻrnatilgandi. Bu yerdan Koʻhnabozor qishlogʻi kaftdek koʻrinib turardi. Xonalarda sap-sariq qandillar oltindek tovlanardi. Hovliga esa oʻnlab archalar goʻzallik baxsh etardi. Favvoralarda suvlar raqsga tushardi.

Barillo xotini va qizi bilan oʻziga atab qurilgan oppoq qoʻrgʻoniga koʻchib keldi. Qoʻrgʻonga togʻ orasidagi chashmadan tarnov orqali suv olib kelindi. Togʻ yon bagʻrida esa shamol yordamida ishlaydigan, elektr energiyasi yetkazib beruvchi motor oʻrnatildi. Xonalarda elektr lampochkalari charaqlab turardi. Pristav koʻhnabozorlik Nodir shilpiqni oʻziga tilmoch qilib tayinladi. Nodir bir necha vaqt Rossiyada yashagan, ularning tilini bilardi.

Barillo och sariqdan kelgan, koʻkkoʻz, betlarini sep­killar qoplagan, yaltirbosh, qirq-qirq besh yoshlardagi kishi edi. Uning xotini va qizi yopiq aravadan tushganda esa erkaklar ulardan koʻz uzolmay qolishdi. Ona-bola yupqa harir koʻylakda boʻlib, goʻyo butun tanalarini koʻz-koʻzlardilar. Hali bunday holatni koʻrmagan erkaklarning hirsi qoʻzgʻaldi.

Nodir tilmochning bir koʻzi gʻilay boʻlsa-da, uncha-muncha rus ayollarini aldashni qotirardi. Oradan ikki oy oʻtib, Barilloning Jizzaxga ketganini aniq bilgan tilmoch kechasi uning qizini daraxtzor orqasiga olib bordi. Buloq yonidagi tuyatosh ustida qoʻlbola vino bilan mehmon qildi. Qiz vino ta’sirida ancha sarxush boʻlib qoldi. Nodir uni ogʻushiga olib erkalay boshladi. Qiz xandon otib kuldi. Nogahon qiz qoʻlini choʻzib Nodirni oʻzi tomon torta boshladi va:

– Voy, sen balosan-ku! – dedi gʻamza aralash.

Nodirning butun badanidan ter chiqib ketdi. Qiz esa yulduzli osmonga tikilgancha jim yotardi...

Qiz tilmochga ortiqcha qarshilik koʻrsatmadi. Nodir esa tun boʻyi uni oʻz ogʻushidan chiqarmadi. Ertalab qiz joyidan zoʻrgʻa turdi, uning oyoqlari shishib ketgandi. Bunday pinhoniy uchrashuvlar keyin ham takrorlanib turdi.

Qishloqdagi qoʻzgʻolonga tayyorgarlikdan xabar topib qolgan tilmoch qiz orqali bu xabarni pristav Barilloga yetkazishni niyat qildi. U har kechani qizning quchogʻida oʻtkazardi. Bu sir asta-sekin boshqa yigitlarga ham oshkor boʻla boshladi. Qiz qishloqdagi boshqa yigitlarni ham shu usulda yoʻldan ura boshladi. Bundayin fohishabozlikni koʻrgan osmondagi toʻlin oy ham uyalganidan bulutlar orasiga yashirinardi. Ammo koʻkda oy uyalsa uyaldi, qiz uyalmadi.

Pristav Barillo oʻzi bilan bir guruh muhandislar, kartograflar, yer qazuvchilarni olib kelgan edi. Ular Koʻhnabozordan uzoq boʻlmagan Qoratosh ustidagi Burguttogʻ atrofida yer moyi olishga kirishdilar. Mahalliy aholi buloqlardan chiqayotgan suvda issiq yogʻ borligini bilardi, lekin uni ajratib ololmasdi. Ikki-uch rus Burgutqoya va Sokinlik darasidagi buloqlarda qumlarni yuvib, sariq kukunlarni ajratib ola boshladilar. Muhandislar va kartograflar esa qishloqlarni xaritaga tushirishni boshlab yubordi. Tez orada tayyor boʻlgan xaritalar Peterburgga joʻnatildi.

Rus qishloqlari Jizzax va Forish atrofida koʻpaya bordi. Jizzax va Forish oʻrtasida pochta aloqasi paydo boʻldi. Gazetalar Rossiyaning turli joylarida ochlikdan odamlar oʻlayotganini yozishardi. Sil kasali bilan kasallanganlardan bir necha rus oila Bogʻdon, Koʻhnabozor qishloqlariga koʻchirib keltirildi. Bu oʻlkalarda xalq bu kasallikni aslo bilmas edi. Kasal rus bolalari bilan qishloq bolalari ertadan kechgacha beshtosh, chillik oʻynashar, buloq suvlarida choʻmilishar edi. Natijada bu dard asta-sekin bogʻdonliklarni ham oʻz domiga torta boshladi. Odamlar oʻlimi koʻpaydi. Ayniqsa sil kasalligidan koʻp odam qazo qildi. Odamlar bu kasallikdan qutilish uchun Samarqand, Payariq, Chinoz, Qarshi, hatto Buxoro tomonlariga koʻchib keta boshlashdi. Asta-sekin soyda suv kamayaverdi, ekin-tikin hosil bermay qoʻydi.

Abdurahmon Samarqanddan qaytishda Jizzax bozoriga kirdi. Maqsad bolalariga qand-qurs olish edi. Xotini toʻy uchun zarur narsalar tayinlagan. Bir qismini Samarqanddan xarid qildi. Abdurahmon bozordan xotiniga haqiqiy marjon sotib oldi-da, choʻntagiga solib qoʻydi va qishlogʻi tomon shoshildi. Uning odati shunaqa: hech qaerda uzoq turolmaydi, oʻz qishlogʻini sogʻinadi.

Bugun Abdurahmonning kayfiyati oʻzgacha. Negaki, jizzaxlik Nazarxoʻja eshon bilan choyxonada bir choynak choy ustidagi suhbat uni quvontirib yuborgandi. Xalq eshonga juda suyanadi.

Eshon qoʻyarda-qoʻymay Abdurahmonni uyiga olib ketdi. Eshon mehmonxonasidagi dasturxon chetida «Sadoyi Turkiston» gazetalari yotibdi. Dasturxondagi nondan mehmon bir tishlam olgach, suhbat asosan dunyo voqealari, zamon gʻavgʻolari haqida boʻldi.

Oppoq nurga oʻralganday taassurot uygʻotadigan eshon Abduraxmon jevachi uchun naqd avliyo edi. Haqiqatan ham eshon dunyo ishlarini oʻz aqli va qalbi bilan his etar, gapirganda ham mulohaza bilan, yetti oʻlchab bir kesib gapirardi. Nazarxoʻja eshon oʻgʻli olib kelgan choyni piyolalarga quyib uzatgach, qoʻshni mahalla oqsoqoli Gadoyboyga koʻz ostidan bir qarab qoʻydi, balki «Koʻnglimdagilarni shu odam oldida bemalol aytsam boʻlarmikin?» degan xayol oʻtgandir.

– Inilarim, oʻzbek xalqi turli xonlik, bekliklarga boʻlinib olib, oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib yotgani uchun dunyoda boʻlayotgan koʻp oʻzgarishlardan chetda qolmoqda. Xonu beklar xalqiga ma’rifat berishni oʻylamaydi! Oʻz nafsi yoʻlida bir urugʻni ikkinchi urugʻga, bir qishloqni ikkinchi qishloqqa gij-gijlash, oʻzaro urush chiqarish bilan mashgʻul. Shu sababga koʻra dunyoga Al Xorazmiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Temur va Boburdek oʻgʻillarni bergan el jar labiga borib qoldi.

– Darhaqiqat, bir tomondan oʻrislar, ikkinchi tomondan inglizlar bizga qoʻl choʻzmoqda, – deya gapga qoʻshildi Gadoyboy. – Xon va beklar oʻzimizniki, ular bizga tosh otmaydi, otsa ham bosh yormaydi.

– La’nat oʻsha kelgindilarga! Oq it, qora it – baribir it. Maqsad bitta: oʻzbekning boyligini talash. Gazetasida ham faqat yolgʻon yozilgan. Xalqni atrofdagi voqealardan gʻofillikda ushlab turmoq niyatida faqat Germaniya va Fransiya haqida maqolalar bosadi gazetalar.

Abdurahmon jevachi suhbatdoshlari fikrini jim oʻtirib eshitgach, axiyri tilga kirdi:

– Har ikkingiz ham haqsiz. Lekin hech bir millat uchun erk va ozodlik oʻz-oʻzidan kelib qolmaydi. Quruq qoshiq ogʻiz yirtar. Gap bilan ish bitmaydi. Xalqni kurashga chogʻlash kerak. Erta-indin Samarqand, keyin Toshkent xalqi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Qoʻzgʻolon bu «Yo hayot, yo oʻlim!» degani, uchinchisi boʻlishi mumkin emas.

Abdurahmon jevachining gaplaridan Nazarxoʻja eshonning ancha koʻngli toʻldi. Ha, bu togʻ burguti ozodlik yoʻli, hurlik yoʻli qoʻzgʻolon ekanligini toʻgʻri tushuntirdi. Qoʻzgʻolon rejasi ham rosa pishib yetilganga oʻxshaydi.

Abdurahmon jevachining shatalibliklar ichida obroʻyi baland. Shatalibliklar asli mangʻit urugʻining bir boʻlagi. Ular bu yerlardan chamasi ikki yuz yil oldin qoʻnim topishgan, hozirda oʻlkaning katta qismida yashashadi. Ular togʻ orasida bir necha oy turib birorta ham tirik jonni uchratmagach, suvli togʻ yonbagʻriga chodir tikishgan. Shu-shu shatalibliklar Qoʻhnabozor qishlogʻini makon tutgan. Hamma togʻ qishloqlardagidek bu yerda ham yoʻl boʻyida joylashgan soy toʻlib oqmoqda. Bu yil Burguttogʻi tepasida saratonda ham qor arimadi. Soyning ikki tomonidagi yongʻoqzorlar, uzumzorlar, tutzorlar ichida qishloqning toshdan paxsali, sinchli guvalak uylari koʻzga tashlanib turadi.

Abdurahmon jevachining uyi qishloq markazidan uncha olis emas. U otni oʻz holiga qoʻyib berdi. Saman uy tomon yaqinlashganini sezdimi yoki egasini oʻz xonadoniga tezroq eltgisi keldimi, yurishini tezlashtirdi.

Jevachi bu payt oʻzi biladigan bir qoʻshiqni xirgoyi qilib borardi. Bu qoʻshiqni unga bir vaqtlar choʻponlar oʻrgatgan edi:

Qoralar, qop-qoralar,

Oshiq-moshiqni moʻralar.

Ikki oshiq bir boʻlsa, ey,

Qoʻymaydi baxti qoralar.

Abdurahmonning oʻzicha qoʻshiq toʻqigisi kelib ketdi. Lablari pichirlab, qofiya qidirdi, toʻrt satr bir-biriga mos kelganday ham boʻldi. Lekin u qoʻshiqqa oʻxshamadi:

Tezroq yurgin, toʻpichoq,

Koʻzlari munchoq-munchoq.

Yov kelmoqda yurtimga,

Qilichlashay otamdek.

Ot soy boʻyi bilan qishloq etagiga yaqinlashdi.

Jevachi yana qoʻshiq toʻqimoqchi boʻldi. Ammo Nazarxoʻja eshonning ruslarning Jizzaxga hujum qilishi haqidagi gaplarini eslab, kayfiyati buzildi. Axir Jizzaxda boshlanadigan toʻpolon boʻroni Forishga yetib kelishi aniq.

Ot hovli etagidagi buloq yoniga kelib suv icha bosh­ladi.

– Abdurahmon, bolam, senmisan? – deya ovoz berdi onasi.

Roʻparasida oʻtirgan onasini koʻrmagani Abdurah­monni xijolatga soldi. Shu mahal uydan bolalari shoshib chiqishdi. Jevachi xurjundagi sovgʻa-salomlarni, Samarqand noni va holvalarini ularga ulashdi. Onasining boshiga katta baxmal roʻmol yopdi. Kampir qoʻllarini duoga ochdi:

– Ollohim, bolamni oʻz panohingda asra. Doim tinch boʻl, yoʻling ochiq boʻlsin!

Onasi oʻgʻlining hovli tomon bir qarab qoʻyganini sezdi: kelin ichkaridan eriga ohista salom bergandi. Abdurahmon jevachi ichkari hovliga kirdi, xotiniga haqiqiy marjonni tutqazdi-da, tezda orqasiga qaytdi.

Bolalari sovgʻalarini bir-birlariga koʻz-koʻz qilishib, «Meniki zoʻr!» deya maqtangancha qoʻshni bolalarga ham namoyish etish uchun chopib ketishdi.

Kampir oʻgʻli bilan ichkariga kirdi. Hovlidagi supa ustida solingan joyga ona-bola oʻtirishdi. Kelin darhol yelib-yugurib dasturxon yozdi, choy damlab keldi. Ona oʻgʻlining bosib-bosib choy ichishiga qarab oʻtirar ekan, nogahon koʻnglini gʻash qilib turgan bir xabarni aytib yubordi:

– Qishloqda har xil gaplar. Birov tepadagi oʻris pristaviga hamma gapni yetkazib turar ekan. Sen ehtiyot boʻl, bolam.

Abdurahmon birdan choy ichishdan toʻxtadi. «Kim boʻlishi mumkin?» degan fikr uning miyasini parmadek kovlay boshlagandi. Qishloq odamlari birma-bir uning koʻz oldidan oʻtdi.

Axir Nodirdan boʻlak kim ham ularning tilini biladi? Nasliga tortgan-da, bobolari ham xon huzurida aygʻoqchi boʻlgan ekan.

U oʻrnidan turib otxonaga oʻtdi. Otning sovuganini koʻrib, ustidagi abzalini tushirdi. Boshiga yemxalta oldi. Ot arpani kart-kart chaynay boshladi. Otxonada endi uchta ot qolgan edi, xolos. Minishga yaraydigani ikkita, bittasi hali bir yarim yoshda. Bular uchqurlikda qishloqning eng oldi otlaridan. Bunaqa otlar qishloqda hech kimda yoʻq. Oʻtgan yili toʻrt yoshli koʻk samanini bir xaridor qozoqqa ikki otga almashtirmadi.

Abdurahmon jevachi bezovtalanib qolgandi. Onasi­ning gaplari sira yodidan koʻtarilmasdi.

* * *

U otxonadan chiqqach, togʻ burguti turgan yerga qarab yurdi. Burgut ham egasining kelayotganini bilib toʻr qafas ichidagi yogʻoch toʻsin ustida «Keldingmi?» degandek ikki koʻzlarini unga tikib, magʻrur turardi. Jevachi tepadagi goʻshtdan bir parcha olib, qafas tashqarisidan burgut tumshugʻiga tutdi. Burgut egilgan tumshugʻida goʻshtning bir qismini yulib oldi, bir oz ogʻzida olib turdi-da, liq etib yutib yubordi. Goʻsht tomogʻidan oʻtguncha oʻzini tinch tutdi. Soʻng yana goʻshtga yaqinlashdi. Abdurahmon goʻsht boʻlagini tepadan pastga tashladi. Burgut goʻshtni chaqqonlik bilan ilib oldi va panjalari orasiga olib, parchalay boshladi.

* * *

Koʻplar ketdi, uylar buzildi, qishloqlar huvillab qoldi. Qishloqlar boyoʻgʻlilar makonlariga aylandi. Togʻlardagi boʻri, yovvoyi choʻchqalar qish kunlari qishloq oraladi, bu yaxshilik alomati emasdi.

1916 yil arafasi. Jizzax va Forishda yashirin qoʻzgʻolonga tayyorgarlik boshlab yuborilgandi. Uning tashkilotchilarini bir-ikki kishidan boʻlak hech kim bilmasdi. Jizzax shahri buzilgan ari uyasiga oʻxshaydi. Kunduzlari jim-jit. Kechasi esa polkovnik Rukin yashirincha mardikorlar roʻyxatini tuzardi.

Polkovnik Rukin 4 iyulʼ kuni shahar aholisini eski shahardagi katta machitga toʻpladi. Yigʻilishga katta boylar va mingboshi, ellikboshilar taklif qilindi.

Yigʻilishda shaharning koʻzga koʻringan kishilari Mirzayor Xudoyorxonov, Mahkamboy Roʻziqulov, Mirza­ham­dam Zokirjonov, mahalliy boylardan Rahmonqul va Mar­donqul savlat toʻkib turishardi.

Oq podshoning farmoniga qarshi boʻlganlarni qoʻrqitib qoʻyish uchun Rukin soʻz boshladi:

– Eshitishimga qaraganda oralaringda gʻalayon koʻtarmoqchi boʻlganlar bor ekan. Oʻshalar bilib qoʻyishsin: hukumatga qarshilik koʻrsatganlar yer bilan yakson etiladi, mol-mulki esa talon-taroj qilinadi.

Bu soʻzlarni tilmoch Mirzahamdam Zokirjonov oʻzbekchaga aylantirib xalqqa yetkazib turdi. Odamlar bir-biriga imo qilib, asta-sekin tarqala boshladi.

– Ajab zamonlar boʻladi shekilli. Bugun-ku inda­madi, ammo ertaga yigitlar vagonga chiqqanida xalq bu adolatsizlikka qanday chidar ekan?! – dedi odamlar orasida ketayotganlardan biri.

Muhammadrahim bu gaplarni eshitsa ham, oʻzini eshitmaganga soldi. Yuzlab odamlar yuzida gʻazab uchqunlari charsillab turardi. Ularga bitta bahona yetishmas edi.

Muhammadrahim shaharning chetidagi Nazarxoʻja eshonning uyiga Ziyoqori bilan birgalikda borishga qaror qildi. U Nazarxoʻja eshon bilan maslahatlashib, odamlarni qanday qilib boʻlsa-da mardikorlikdan olib qolish niyatida edi. Negaki, xalq, ayniqsa kambagʻal dehqonlar chor Rossiyasi va mahalliy ma’murlarning zulmidan toʻygan edi. Xalq bunday yashashdan bezor boʻlgandi.

Kechki payt Nazarxoʻja eshonning tashqi hovlisi eshigi taqilladi. Eshon asta tomoq qirib olgach, soʻradi:

– Kim u, nima xizmat?

Tashqaridan Ziyoqorining tanish ovozi eshitildi:

– Eshon bobo, biz Muhammadrahim bilan sizning ikki ogʻiz suhbatingizni olgani keldik.

Eshik ochildi. Ichkaridan oppoq ishton-koʻylak kiygan ellik-ellik besh yoshlardagi, boʻyi oʻrtacha, oppoq yuzli, moshguruch soqolli, koʻzlaridan nur yogʻilib turgan kishi koʻrinish berdi.

– Assalomu alaykum, – deya keluvchilar mezbon bilan qoʻl berib koʻrishishdi.

– Keling, keling, hoji, – deya Ziyoqorini oldinga oʻtkazdi uy egasi.

Uchovlon oldinma-keyin mehmonxonaga kirishdi. Eshik oldiga qoʻlini uzun yengi bilan oʻragan ayol kishi dasturxon, non, pista, novvot va choy qoʻyib ketdi. Muhammadrahim uy egasidan oldin chaqqonlik qilib, dasturxonni yozib choyni qaytardi.

Gapni Ziyoqori boshladi:

– Eshon aka bugun Rukin deganlarining gapini eshitdik. Mardikorlar roʻyxati tuzilgan, ularning tegirmoniga Akramxontoʻra, Abdusamat Maxsum suv quymoqda. Odam­larning qahr-gʻazabi daryodek toshdi, buning ustiga qur­gʻoqchilik odamlarning tinka-madorini quritgan.

Nazarxoʻja eshon boʻlayotgan voqealarni mudom aql tarozisidan oʻtkazishga urinardi. Uning otasi Abdu­salomxoʻja dunyo koʻrgan, chuqur ilmga ega boʻlgan ziyoli inson edi. Buxoro madrasalarida uzoq ta’lim olgan Abdusalomxoʻja oʻgʻli Nazarxoʻjaning bilim olishiga juda katta e’tibor qaratgan.

Keyingi yillarda xalq qoʻzgʻolonlari Xoʻjand, Qoʻqon, Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida roʻy berdi.

Samarqandda odamlar volost boshqaruvchilarini tosh­boʻron qildilar.

Nazarxoʻja eshon qoʻzgʻolonga boshqalarni ham, ayniqsa Bogʻdon, Zomin, Yangiqoʻrgʻon hamda Sangzorda yashovchi kambagʻal dehqonlarni birlashtirib, ularni bosqinchilar va adolatsiz mahalliy ma’murlarga qarshi kurashga otlantirish kerakligini maslahat berdi.

Ziyoqori uning gapini ma’qulladi:

– Qoʻzgʻolon bir-ikki kishi bilan boʻladigan narsa emas, qoʻzgʻolon toʻy ham emas, bu qonli kurash. «Yo hayot, yo mamot!» deya kurashga kiriladi. Kurash hech qachon qurbonsiz boʻlmaydi.

Ziyoqori hoji bu gapni yuragi achishib aytdi. U Makkaga ikki marta haj qilgan, boshqa el-yurtlarni ham koʻrganlardan biri. Ancha savodli boʻlib, bir-ikki bayozi bor. U ozodlik va hurlik uchun kurashga tayyorlardan. Ayni paytda mustamlakachilik zanjirining osongina yechilmasligini ham juda yaxshi tushunardi. Bu harakat hoʻkizni ham oʻldirishi, omochni ham sindirishi mumkinligini tushunardi.

Ziyoqorining taklifi bilan oʻlkadagi qasoskorlarni birlashtirish rejasi tuzildi. Ularga Nazarxoʻja eshon yetakchilik qiladigan boʻldi.

Ertasiga Nazarxoʻja Toshkent shahriga, Ziyoqori Samarqand shahriga, Muhammadrahim Bogʻdonga borishga qaror qildilar.

Nazarxoʻja eshon gurung yakunida shunday dedi:

– Xalq adolatsizlikka aslo chiday olmaydi. Necha yillardan buyon oʻzimizning amaldorlar adolatsizlik qilishmoqda. Soliqning yangi-yangi turi har kuni oʻylab topilmoqda. Xalqimizda yakka otning changi chiqsa ham dongʻi chiqmas, degan maqol bor. Jizzaxda qoʻzgʻolon koʻtarilgan bilan uni Bogʻdon, Zomin, Yangiqoʻrgʻon, Sangzor ahli qoʻllab-quvvatlamasa gʻalabaga erishib boʻlmaydi. Biz atrofimizga butun xalqni toʻplashimiz zarur. Samarqand, Toshkent, Bogʻdon, Zomin va boshqa joylar bilan aloqa bogʻlash, ishonchli kishilarni yuborib, zudlik bilan kelishish kerak, eng avvalo qurol masalasini hal qilish zarur. Ayniqsa, Bogʻdonda qurol topish ancha mushkul. Odamlar Samarqand, Qarshi va boshqa tomonlarga koʻchib ketdi. Bitta-yarim qurolni ham oʻzlari bilan olib ketishdi.

– Haq gapni gapirdingiz, – dedi Muhammadrahim eshonning soʻzini ma’qullab. – Men Bogʻdonga borib Abdurahmon jevachi bilan aloqa bogʻlashni oʻz zimmamga olaman. U kishi Forishda katta obroʻ-e’tiborga ega. Atrofiga boshqa bekliklarni ham toʻplay oladi. Forish xalqi magʻrur togʻliklar. Ular bir ishni boshlasa boʻldi, uni oxiriga yetkazadi.

– Shunday, – dedi Ziyoqori. – Mening Bogʻdonda koʻp tanishlarim bor. Ularning ham sabr-kosasi lim-lim toʻlgan. Qoʻzgʻolonga qoʻshilishlari tayin. Nazarxoʻja aka aytganiday, bitta muammo – qurol-aslaha masalasini hal qilish lozim.

– Biz doʻstim Ibrohimboy bilan Samarqandga borib, yor-doʻstlari bilan uchrashamiz hamda qoʻzgʻolon harakat dasturini pishitib qaytamiz, – deya gapida davom etdi Ziyoqori. – Samarqandliklar ham Rossiya podshosining farmonidan narozi. Samarqand atrofidagi qishloqlarni, ayniqsa urgutliklarni bu qoʻzgʻolonga jalb eta olsak, nur ustiga nur boʻladi.

– Men esa, – dedi doʻstlarining gapidan xursand boʻlgan Nazarxoʻja eshon hayajonlanib, – Toshkent shahriga borib kelaman. Toshkentliklar bizni qoʻllab-quvvatlasa juda zoʻr boʻlardi. Kurashish uchun miltiq masalasini ham toshkentlik doʻstlar bilan bamaslaxat hal qilarmiz. Jizzaxdagi mahallalarga yoshlar orqali murojaatnoma tarqatish kerak.

Bu fikr Ziyoqoriga juda yoqdi. Negaki, xat ogʻzaki aytilgandan koʻra inson ruhiga kuchliroq ta’sir etadi. Murojaatnoma matnini Ziyoqori yozishga kirishdi. Murojaatnoma oʻzlarining ishonchli kishilari orqali tarqatiladigan boʻldi.

Maslahat bitgach, mehmonlar Nazarxoʻja eshon xonadonidan bitta-bitta chiqib ketishdi. Negaki, Rukin shaharning har bir koʻchasiga aygʻoqchilar quygan edi. U fon Kaufmanning «Sartlarning har bir qadamini poylamoq, ularni bir-biriga qoʻshmaslik kerak. Uch kishi biriksa, albatta podshoga qarshi gap boʻlishi tayin!» degan oʻgitiga qat'iy amal qilardi.

* * *

Erta bahor. Atrof koʻm-koʻk. Osmonda uchib yurgan qushlarning mayin sayroqi ovozi eshitiladi.

Shunday kunlarning birida Abdurahmon jevachi Mixin qishlogʻidagi bogʻdan xabar olish uchun otlandi. Eshik oldida toʻxtab toʻngʻich xotini Roʻzi, oʻgʻillari Islom bilan Sorabekka atrofdagi xas-xashaklarni toʻplashni buyurdi. Rustam va Norbek esa otga mingashib, ota bilan Mixinga joʻnashdi.

Hovli chinniday toza. Hovlidan oʻtgan ariqdan zilol suv mavjlanib oqmoqda. Maqsad bilan Ruxsat soʻrida qoʻgʻirchoqqa koʻylak tikmoqda. Ichki hovlida Abdurahmonning kichik xotini Qormiz Norbuvini emizish bilan ovora. Erining oti soydan oʻtganini koʻrgan Qormiz asta tashqi hovliga oʻtdi.

– Opa, men xamir qorsam, siz bolalar bilan bir dalani aylanib kelmaysizmi, bogʻ etagi shunday chiroyli boʻlibdiki, atrof koʻm-koʻk, toklarning bargi shapaloq-shapaloq. Men issiq non olib oʻtaman. Bolalar bir yayrashardi.

Roʻzining ham koʻngli allanechuk boʻlib turgan ekanmi, tezda «Kichik xonim»ning oʻgʻillari Doston, Qorabeklarni ergashtirib, oʻzi esa Ruxsatni koʻtarib bogʻ etagiga tushib ketdi. Katta bogʻ etagidagi yongʻoq ostiga joy qilishdi. Kigiz solib, ustidan koʻrpacha tashlashdi. Atrofda gʻir-gʻir mayin shabada esadi. Tan rohat oladi. Qorabek bir etak yalpiz, ismaloq terib keldi. Bolalar koʻk oʻtlarni tuzga botirib yeyishardi. Sariq chittakning mayin ovozi atrofga taraldi.

Oradan koʻp oʻtmay Qormiz qaymoq, jizzali patir koʻtarib, qolgan bolalar bilan yetib keldi. Oʻgʻil bolalar oʻtirib varrak yasab, osmonga uchirishdi. Shamol varrakni balandga koʻtargan sayin Doston shodon tarzda «Yashasin, yashasin oʻzimning varragim!» deb baqirardi.

Varrakbozlik peshingacha davom etdi. Bahor havosi qoraytirib yuborgan bolalar kigiz ustida yotib, toza havoda uyquga ketishdi.

Qishloq etagidan qoʻshiq kuylayotgan yigit kishining mayin ovozi keldi:

Oq ilon, oppoq ilon,

Oydinda yotganing qani.

Biz yomondan ayrilib,

Yaxshini topganing qani.

Bu Forishda juda ommalashib ketgan qoʻshiqlardan biri edi.

Roʻzi Qormizni bolalarga qorovul qilib, oʻzi kechki ovqat tayyorlash uchun tashqi hovlidan oshxona tomon yurdi. Bu oilada ikki xotin boʻlsa-da, ular ahil-inoq yashashar, bir qozon osilar, bir dasturxonda oʻtirib ovqat yeyilardi.

Kechki ovqat tayyorlashga hali ancha boʻlsa ham Roʻzi kulchatoy tayyorlash uchun qozondagi suvga qotgan ot, mol, qoʻy goʻshtidan moʻl soldi. Negaki, kechki payt bu xonadonga erining urugʻ-aymoqlari, inilari hamda hamqishloqlar kelishardi. Qishloqda Abdurahmon jevachi bilan maslahatsiz biron jiddiy ish qilinmasdi.

Kech tushishiga yaqinlashganda jevachi Mixindan oʻgʻillari bilan yetib keldi. U kun boʻyi Qoratoshdan keladigan ariqni tozalab, Kattabogʻning toklarini xomtok qilgandi. Har bir tokda oʻn-oʻn besh bosh uzum gul koʻrsatgan, bu hosilning moʻlligidan darak berardi. Abdurahmon jevachi asli mangʻit urugʻidan boʻlib, urugʻ uch boʻlakka: oq mangʻit, sariq mangʻit, qora mangʻitga ajralardi. U qora mangʻitga mansub edi. Mangʻitlar bu oʻlkalarga XIV asrlarda Turkiston tomonlardan kelgan boʻlib, bir qismi Qarshi, bir qismi Moʻynoq tomonlarda yashardi. Jevachi laqabi esa xonning ot yetakchisi, yoʻlboshchisi boʻlganligidan kelib chiqqan.

Dasturxon atrofida hamma jamul-jam boʻldi. Amakilari Mavlon va Haydar ham kirib kelishdi. Erkaklar suhbati zamon tashvishlari haqida boʻldi. Koʻk choyni maydalab ichayotgan Mavlon amakisining fikrini bilish uchun gap boshladi:

– Oʻrislar ham asta-sekin atrofda koʻpayib bormoqda. Germon bilan oʻrisning urushi haqida turli mish-mishlar eshitayapmiz.

– Ha, zamon oʻzgardi. Zugʻumli, adolatsiz davlatning uzoq yashashi qiyin. Oʻrislar atrofga koʻz tikib qoldi. Ular Murintovni egallash uchun yigirma yil oldin Buxoroga yashirincha kelishgandi. Bizda oltin moʻl, yerimiz boy, elimiz sodda. Bunday elni boʻysundirish oson. Zamon oʻzgaraveradi, bir kichik xato zamonni telba-teskari qilib tashlaydi. Temurdek podsho zamoni oʻzgarganda, Nikolay podsho zamoni oʻzgarmasinmi! Xalqda hamjihatlik boʻlishi kerak, hamjihat boʻlmagan xalqni har kim talaydi.

Uy ichidagi ayol va bolalar erkaklarga xalaqit bermaslik uchun ichki hovliga oʻtib ketishdi. Uch erkak bolishga yonboshlagancha ancha suhbat qurishdi.

Haydar chorvador boʻlgani uchun bu yilgi chorvaning ahvolidan soʻz ochdi:

– Oʻt-oʻlan moʻl, erta-indin Qoratoshda oʻroq bosh­lasakmi, siz nima deysiz, aka! Hashar qilsakmi? Yo oʻzimiz oʻrib yigʻib ola qolamizmi? Qishlikni hozir tayyorlamasak, erta yozda xashak oʻrish ancha qiyin.

Jevachiga amakisining gaplari yoqib tushdi, negaki bugun kun boʻyi Qoratoshda boʻlib, oʻt-oʻlanning boʻyi tizzasidan oshib ketganini koʻrgan edi.

– Xashak moʻl, men bugun bogʻdan xabar oldim. Uch-toʻrt kishi bilan yigʻib olish ancha qiyin. Hashar qilish kerak. Erta-indin qishloqda birov uy shuvogʻi, birov qurilish qiladi, birov daraxt kesadi. Sizlar ham qarab turmaysizlar. Ha degan tuyaga madad. Mayli, bu ishlar boʻlar, men Jizzax, Toshkent, Samarqanddagi doʻst-birodarlar holidan xavotirdaman. Temir yoʻl bor. Soldatlar ularni tez bosib oladi. Zamon oʻzgarayapti. Nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Jizzaxdagi Eshon akaning odamlaridan ham haligacha hech xabar boʻlmadi...

Suhbat yarim kechagacha davom etdi. Nihoyat Mavlon bilan Haydar fotiha qilib, oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi. Jevachi ham ular bilan tashqariga chiqdi.

Osmonda yulduzlar porlab turardi. Hovli etagidagi yongʻoqda qari togʻ burguti tumshugʻini pati orasiga olganicha uyquga ketgandi.

Abdurahmon jevachi kerishib qoʻydi. Hademay tong otadi. Ertaga ne boʻlishi faqat Ollohga ayon.

Jevachi hovlida ancha turib qoldi. Ustiga kamzulini kiymaganidan eti junjikdi. Qoratoshdan esgan mayin salqin shabada tetiklik baxshida etdimi, u kichik xotini yotgan xonaga yoʻl oldi.

* * *

Abdurahmon jevachi oradan bir haftani oʻtkazib yana Jizzaxga keldi. Maqsadi qoʻzgʻolon oldidan qilinadigan ishlarni yana bir maslahatlashish, rejalarni puxtalab olishdan iborat edi. Oʻtgan gal kelganida Nazarxoʻja eshon bilan bu sohada kelishib olgan edi.

Jevachi Pistali togʻ etagi boʻylab Jizzaxga kelar ekan, yoʻl-yoʻlakay atrofdagi togʻ-toshlarga, hattoki dov-daraxtlarga ham qarab keldi. Negaki, keyingi kunlarda Barilloning aygʻoqchilari uning atrofida itdek izgʻib qolishdi.

Eshon jevachini hamishagiday ochiq chehra bilan eshik oldida kutib olar ekan mamnuniyat bilan dedi:

– Boʻrini yoʻqlasak boʻlar ekan, hozir sizni eslab turgandim. Umringiz uzun boʻladi, qani, inim, xush koʻrdik, ichkariga marhamat!

Jevachi otni ogʻilxonadagi yakka mixga bogʻladi-da, eshon bilan koʻrishib, doimiy kelib yurgan mehmonxonga tomon qadam tashladi. Ular joylashib oʻtirib olishgach, eshon fotiha qildi, hol-ahvol soʻrashdilar. Xonaga yoshgina yigitcha dasturxon keltirdi. Eshon gapni uzoqdan boshladi:

– Oʻrislar urushda yengildi, lekin qirol Angliyasi chor Rossiyasi bilan bugungi kunda munosabatlarini yanada yaxshilamoqchi. Har ikkisi Turkistonga koʻz tikkan, lekin ma’lumingizki, podsholarning quchoqlashib koʻri­shishi ular oʻrtasidagi roʻy bergan birorta urushga barham bergan emas. Yuzi yuziga tekkani bilan, qalbi-qalbiga tegmaydi. Hattoki ikki qoʻshni arazlashsa, ancha vaqt oraga sovuqchilik tushadi. Mamlakat podsholarining ham tilida boshqa, dilida boshqa…

Jevachi dasturxondagi piyolaga tikilganicha oʻz mulohazasini bildirdi:

– Angliya Rossiya bilan juda yaxshi munosabatda boʻlgandek tuyulsa-da, u Rossiyaning qudratli boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka urinadi. Bu Angliyaning odat tusiga kirgan siyosati.

– Albatta. Bir vaqtlar Napoleon bosqini pay­tida Angliyaning Eron orqali Rossiyaga qarshi urush uyushtirganini bilsangiz kerak.

Jevachi bu gaplarni eshitar ekan, roʻparasidagi eshonning nafaqat diniy sohada, dunyo siyosati sohasida ham yetuk ekanligini bildi. Zero turli kurashlarda Angliya chetdan turib oʻsha mamlakatlarga qurol-yarogʻ yetkazib berar, mahalliy aholini qurollantirar edi. Oʻsha kunlari ham Afgʻoniston orqali Turkistonga qurol yetkazib bera boshlangan edi.

Suhbat uzoq davom etdi. Kurash rejasi puxtalandi. Kech qorongʻi tushganda Abdurahmon jevachi Bogʻdonga qaytdi. Yoʻl-yoʻlakay togʻ-toshlar ustida turgan burgutlarni tomosha qilib ketdi. Ular uzun qanotlarini yoyib, magʻrur uchishardi.

Jevachining koʻz oldida Bogʻdonning yarim taqir toshloq dashti yastanib yotardi. Shu dasht boʻylab ikkita soʻqmoq yoʻl yonma-yon choʻzilib ketgan. Oldinda, juda uzoqda koʻkish tutun zoʻr-bazoʻr koʻzga chalinardi.

Qosh qoraya boshladi. Hamma yoqni changitib daladan poda qaytdi. Jevachi oq qashqasining yuganini boʻsh qoʻyib asta tebranib borardi. Pastqamlikda esa uni bir juft koʻz diqqat bilan kuzatib turardi...

Abdurahmon jevachi endi ozodlik yoʻlidagi kurashga bel bogʻlagandi. Oradan bir hafta oʻtib Abdurahmon jevachi tong saharda yana Jizzax sari yoʻl oldi. U Jizzaxning Xovost, Toshkent, Saroy, Moʻlkal, Ravot, Yaxtal, Oʻratepa, Oqqoʻrgʻon mahallalarida yashovchi Suvon gʻijjakchi, Nasim usta, Boʻtaboy chilangir kabi oshnolari bilan tez-tez uchrashib turardi. Har bir uchrashuv tashvishlari odamlar hayoti haqida boʻlardi. Biroq ular bilan qancha gurung qurmasin, barisi Nazarxoʻja eshonning suhbati oʻrnini bosa olmasdi. Jevachi har kelganda Nazarxoʻja bilan uzoq suhbatlashardi.

– Odamlarni mardikorlikka olish bu bir bahona xolos. Oʻrislar va olmonlar urush boshlagan ekan, bu ajdaho oʻz ogʻzini shunchalik katta ochdiki, uni na odamlar, na pul bilan toʻldirib boʻladi. Bu ajdaho yurtlarni, ellarni, er-xotinlarni ham yutib toʻymaydi, – dedi Nazarxoʻja eshon.

– Mardikorlikka boylar, amaldorlar oʻz bolalarini joʻnatmaydi, ular Rus podshosi homiyligida avval kambagʻal bechoralarning farzandlarini yuborishadi. Shuning uchun bolalarni togʻlar orasiga joʻnatib yuborish kerak. Xalq dengizdek toshib turibdi. U albatta sizdek odamlar oldiga maslahatga keladi. Odamlarni kurashga tayyorlash zarur. Bu kurash endi yengil kurash boʻlmaydi.

Mehmon bu gaplarni aytar ekan, uy egasi nima derkin degandek yer ostidan Nazarxoʻjaga razm soldi.

– Xalq oq podshoning soliqlaridan toʻygan edi. Turkistondan keyingi ikki yilda 70 ming ot, 12 ming tuya, 13 ming oʻtov, 30 ming dona kigiz, 300 ming tonna goʻsht, 3 million pud yogʻ talab olindi, inim. Bu xalqning nasibasi emasmi? Koʻpchilikning burnidan tortsangiz, oyogʻingiz ostiga yiqiladi. Oʻris podshosi buni biladi, bilsa ham ataylab qiladi, «Ezib tashla-yu, hukm sur!». Oʻzimiznikilar esa «Oʻzingnikini sot – kun koʻr!» shioriga oʻtib olgan. Kecha dasturxonda birga non yegan bugun sizni sotadi...

Kechki salqinda jevachi Bogʻdonga qaytdi. U Qoratoshga kelganida tong otishiga yaqinlashgan edi. Otini tushovlab qoʻyib tahorat qildi. Ustidagi choponini yechib bomdod nomozini oʻqishga kirishdi. Jevachi Ollohdan yurt tinchligi, xalqning omonligi, qilgan gunohlarini avf etishni soʻradi.

Jevachining ortidan bir odam pisib kelardi. Bu Barilloning aygʻoqchisi edi. Aygʻoqchi jevachining Jizzaxda Nazarxoʻja eshon bilan uchrashganini aniqlab qaytayotgandi. U Jizzaxda Mirzayor mingboshiga koʻrganlarini oqizmay-tomizmay aytib bergach, jevachi orqasidan tulkidek pisib kelayotgan edi.

Qoratoshga kelganida jevachi soy boʻyida ancha toʻxtab qoldi, otga dam berib, oʻzi ham bir oz tamaddi qilib olishga chogʻlandi. Shoshib nima ham qiladi. Biror voqea boʻlsa, uning kelishini kutmasdan boshlash uchun Koʻhnabozorda ham doʻstlari koʻp.

Yoz issigʻida shuvoq ostiga in qoʻygan chumchuqning toʻrt bolasi ogʻizlarini katta ochib, qizil tillarini koʻrsatgancha suvsizlikdan qiynalishardi. Jevachi doʻppisida suv olib kelib temirqanot qushlar ogʻziga ikki-uch tomchidan tomizdi. Qushlar jim boʻlib qoldi.

Soy toʻlib oqayotgan muzdek suv, atrof koʻm-koʻk daraxtzor, olmalar shoxi mevasini koʻtarolmay yerga bukilgan, soy atrofidagi yalpiz dimoqni qitiqlaydi. Yaqin joydan bedananing «Vavoq-vavoq» degan ovozi eshitiladi. Shamol yoqimli hid bilan birga achchiq shuvoq isini olib keladi. Har turli hidlar qoʻshilib odamning tanasini yayratadi. Bolaligi oʻtgan qishlogʻida otasi bilan har yili qancha-qancha daraxtlar oʻtqazar, ularni koʻkartirish uchun erta bahorda toklarning ildizi atrofini ochar, soqol tomirini qirqib, oʻq tomirini qoldirar, chuqurga esa buzilgan uy guvalasini, qoʻy-echki nurisini solar, sugʻorardi. Kuzda esa tilni yoradigan qora kishmishi, qip-qizil toyfi, oppoq danaksiz barmoqcha uzumlar quritib mayiz qilinardi. Ayniqsa, Forish uzum shinnisi dunyoning hech yerida yoʻq.

Abdurahmon jevachi tunni Yoyilma choʻlida oʻtkazdi. U choʻlda osmonga tikilgancha yotarkan, yoshligida toqqa chiqib, burgut bolalarini ovlagan kunlarini esladi. Abdurahmon qish kelishi bilan togʻ-toshlarga chiqib ketardi. U Burgutqoyadagi gʻorlarda tunab, qishi bilan boʻrilarni ovlab xumordan chiqardi. Abdurahmon gʻirromlikni yomon koʻrar, hattoki boʻri bilan kurashda ham gʻirromlikdan qochib, miltiq bilan otmas, qashqirlar bilan faqat pichoq yordamida olishardi. Boʻri hamisha qulay payt poylaydi. Odamning xayoli qochishini koʻzlaydi. Dunyoda uning hamisha yonib turadigan koʻzidan oʻtkir koʻz yoʻq. Boʻrilar ba’zan ikkita boʻlib hujumga oʻtadi, pichoqdek oʻtkir tishlarini ishga soladi. Abdurahmonning bir safar boʻri panjasiga tushishiga sal qolgandi. U oʻshanda Mixindagi dalasi chetidagi hujrada bir oʻzi qoldi. Tahorat olish uchun tashqariga chiqqanida molxona tomondan bahaybat boʻri unga tashlandi. Kurash ancha davom etdi. Nihoyat Abdurahmon boʻrining jagʻini ayirib yubordi. Boʻrining oʻtkir tishlari uning qoʻllarini qonatib yubordi. Umuman Abdurahmonning qoʻllari va tanasining boshqa yerlarida boʻri tishlarining izi son-sanoqsiz edi.

* * *

Abdurahmon jevachi quyosh koʻtarilishi bilan yoʻlga chiqdi. Jevachi laqabi uning avlodlari mangʻitlar davrida xonning ishonchli askarlaridan boʻlgani, sovut kiyib, har xil temir yarogʻlar bilan qurollangani uchun berilgan. Jevaxonada harbiy yurish vaqtida ishlatiladigan xonning sovut va temir qurollari saqlangan hamda urush paytlari xon bilan birga olib yurilgan. Abdurahmon jevachining otasi ma’lum muddat Buxoro xonligida Toʻqsoba, ya’ni xon maslahatchisi lavozimida xizmat qilgan. Uning oʻzi ham xonlik davrida Bogʻdon bekligida katta obroʻ-e’tiborga ega boʻlgan. Jevachi avlodlari oʻrta boʻy, qoramagʻiz, baquvvat, koʻzi oʻtkir, panjalari yirik, otda qomatini tik tutib yuradigan boʻlgan.

Ayni saraton pallasi. Barcha ilonu chayonlar in-iniga kirib ketgan. Jizzaxdan chiqqan Turkiston general gubernatori yugurdagi kapitan Afanasʼev oʻz ortidan toʻrt rotadan iborat piyoda askarlar, yuz kishilik otliq kazaklar va ikkita toʻpchilar vzvodini ergashtirib Forish tomon borardi. Uning qoʻlida qoʻzgʻolonchilarni yoʻq qilish haqida buyruq. Kecha isyonchilar Jizzaxga oʻt qoʻydi. Hoʻlu quruq baravar yondi. Qon daryo misoli oqdi. Xalq qoʻzgʻolonga chiqmoqchi. Maqsad bitta: «Yo hayot, yo oʻlim!»

Toshkentda boshlangan qoʻzgʻolon butun oʻlkani qamrab oldi. Turkiston general-gubernatori A. N. Kuropatkin Peterburgga, oq podshoga telegramma berdi. Unda shunday soʻzlar yozilgandi: «Oʻlkada notinchlik. Yordamga odam, qurol yuboring. Yovvoyi xalqni qurolsiz buysundirib boʻlmaydi».

Kapitan Afanasʼev choʻl boʻylab ketar ekan, uzoqdagi Nurota togʻlariga qoʻrqinch bilan boqardi. Togʻ ustida burgutlar galasi uchib yurardi. Bu yerlarning odamlari emas, hatto toshu burgutlari ham Afanasʼevga vahima solardi. Bu togʻlar bagʻrida qanchadan-qancha unga qarshi kurashchilar yashirinib yotgan ekan...

Ana, osmonda togʻ burguti charx urib uchmoqda. U choʻlda oʻlja qidiradi. Uning ham dardi dushmanlarni yoʻq qilish. Qush dardi nima – ovqat. Hayot falsafasi qiziq: kim kimnidir yoʻq qilish, oʻziga boʻysundirish, yanchish ishtiyoqi bilan yashaydi. Togʻ burguti ongsiz boʻlsa-da, buni biladi.

Rus askarlari bunday issiqni koʻrmaganidan suvsizlikdan qiynalib, tobora sur'atni pasaytirardilar. Ayrim askarlarning flyagasidagi suv allaqachon tamom boʻlgan.

Ikki kun boʻldiki, aygʻoqchidan darak yoʻq. Afanasʼevning koʻzi uning yoʻlida. Forishga shunday kirib borib boʻlmaydi. Togʻliklar hamma joyda ham qaysar va qoʻrqmas boʻlishadi. Afanasʼev buni bolaligi oʻtgan Kavkazda koʻp koʻrgan. Forishliklar ham kavkazlik togʻliklarga oʻxshaydi. Oʻlsa oʻladiki, hech boʻyin egmaydi. «Forishdagi pristav Barillo Koʻhnabozorda besh yildan buyon qanday yashayotgan ekan?» degan oʻy oʻtdi uning koʻnglidan.

Abdurahmon jevachi bilan Nazarxoʻja eshon tuzoq qoʻyishgan boʻlsa, buni aygʻoqchi orqali bilish mumkin. Aygʻoqchi esa qumga tushgan suvdek yoʻq boʻlib ketdi. Na tirikligidan, na oʻlganidan darak bor. Afanasʼev xayol surganicha ot ustida asta tebranib borar ekan, askarlarning safi yurishdan toʻxtadi. Darhaqiqat, bu jaziramada uzoq yurib boʻlmasdi. Bu yerlarning havosiga oʻrganmagan rus askarlari oʻzlarini oʻt-oʻlanlar va toshlar soyasiga olishdi. Otlarni bundan ikki yuz yil oldin qurilgan Abdullaxon suv ombori tubida qolgan koʻlmakdan sugʻorib olish uchun bir oz nafas rostlashdi. Afanasʼevga esa otlar sudrab ketayotgan koʻchma oshxonadan tushlik keltirildi. Afanasʼev tushlikni qoyatoshga suyangancha asta yeya boshladi.

Shu payt uzoqdan ot qorasi koʻrindi. U aygʻoqchi edi. Aygʻoqchi issiqdan qiynalganidan zoʻrgʻa nafas olardi. U otdan tusha olmadi. Ikki soldat uni qoyatosh soyasiga oldi, ogʻziga flyagadan ikki qultum suv tomizishdi. Suv aygʻoqchining tomogʻidan zoʻrgʻa oʻtdi. Aygʻoqchi hansirar, ovozi zoʻrgʻa chiqar, yorilib ketgan lablaridan qon sizib turardi.

– Odamlar qurollanmoqda. Abdurahmon jevachi oʻzi yashagan Koʻhnabozor qishlogʻi atrofidagi qishloqlarga odam yuborib qurollantirmoqda. Ular ichidan bittasini topdim. Oq bayroq bilan bizni kutib oladi.

Aygʻoqchi bir amallab shu gaplarni aytgan zahoti hushidan ketdi.

Osmonda bir gala togʻ burgutlari charx urardi. Kapitan Afanasʼev ularni koʻrib dahshatga tushdi. Zero u togʻ burgutlari odamlarga ham hamla qiladi deb eshitgandi. Bu yerlarning burgutlari shunday qoʻrqinchli boʻlsa, odamlari qanday ekan?

Afanasʼev ikki askarga aygʻoqchining ogʻziga oz-ozdan sharbatli suv tomizib turishni tayinladi-da, oʻzi Jizzaxga, oʻlka qoʻmondoni Ivanovga odam yubordi. Bu xalqni bir-ikki pulemyot va yuzlab miltiqlar bilan boʻysundirib boʻlmasligiga kapitanning koʻzi yetgandi. Qoʻshimcha kuch kelgancha esa kechasi asta Qoratoshdan oʻtib Osmonsoy, Ilonchi qishloqlaridagi xonadonlarga oʻt qoʻyishga, barcha qimmatbaho narsalarni bir yerga toʻplashga buyruq berdi.

– Agar bu ish tezlikda qilinmasa, odamlar togʻ­larga chiqib ketadi, – dedi Afanasʼev. – Hech kim ayab oʻtirilmasin, xotin va bola-chaqalar ham yoʻq qilinsin!

Buyruq juda ham dahshatli edi. Rus askarlarining koʻpchiligi ham ham bu kabi shafqatsizlikka birinchi bor duch kelishlari edi.

Ilonchi, Osmonsoy aholisi yovga qarshi qoʻliga ketmon, panshaxa koʻtarib chiqdi. Merganlar rus soldatlari ustiga miltiqlardan oʻq yomgʻirini yogʻdirdi. Usta merganlar esa kamon bilan olovli nayza otishardi. Tosh qoyalar ortidan otilgan oʻqlar va olovli nayzalar yov askarlariga qiron keltirdi. Ular orqaga chekinishga majbur boʻldilar. Rus bosqinchilarining koʻpi kuyib safdan chiqdi. Hamma yoqni kuygan odamning sassiq goʻshti hidi qopladi. Togʻliklar yovdan shunday qasos olishdi.

* * *

Bu voqea bundan besh yilcha oldin, Barillo kelmasidan burun sodir boʻlgandi.

Abdurahmon jevachining hovlisi. Hovli toʻrt tomondan baland devor bilan oʻralgan. Bogʻda yongʻoq, olma daraxtlari shoxlariga mevasini koʻtara olmay qolganidan tirgak qoʻyilgan. Hovli chetidan kichik ariq oʻtgan, undan buloq suvi oqadi. Molxonada oʻn bosh sigir, oʻttiz-qirq qoʻy beda kavshamoqda. Qoʻyxonada ikki dumbasini koʻtarolmaydigan qoʻchqor yem yemoqda. Qoʻchqorlar ustiga tuxum qoʻysa bemalol turadi. Ayollar ichki hovliga dam-badam tovoqlarda olma, nok, anor uzatmoqda. Bugun bu xonadonga Abdurahmon jevachining koʻp yillik qadrdoni jizzaxlik Nazarxoʻja eshon mehmon boʻlib kelgan. Eshon bu yerga kelishidan oldin Toshkentga borib kelgan edi. Mehmondorchilik bu quruq ziyofat emas, eshon hamfikr jevachi orqali xalqning kayfiyatini bilish niyatida. Mehmon va mezbonning tashvishli ekanligi koʻzga tashlanadi. Dasturxondan tovoqlar olingach, taomga fotiha oʻqigan eshon asta gap boshladi.

– Jevachi, mana oʻrislar hukmronligi bir oz boʻshashdi. Lekin Rossiyadan katta madad kutilayapti. Toʻgʻri, oʻris maktablari ochilishini aytishmoqda, ammo u yerda yerli xalq bolasi kam boʻlar. Biz Mahmudxon Behbudiy yoʻlidan borishimiz kerak. U ochgan maktablar barcha uchundir. Unda diniy va dunyoviy ilmlar oʻrgatiladi. Quruq diniy bilim bilan xalqni boshqarib boʻlmaydi. Dinimizda yoʻq narsalar paydo boʻlmoqda. Harom rivoj topdi. Shaharlar «Yangi», «Eski» shahar degan qismlarga boʻlinmoqda. Yangisida ishratxona, ichkilikbozlik doʻkonlari, qimorxonalar quriladi. Agar oldini olmasak erta-indin bolalarimizning axloqi buziladi. Nashaxoʻrlik avj oladi, – deya eshon mezbonlar yuziga razm soldi.

Hamma uning gapini jim eshitardi. Odamlarning bir qismi mehmon nimani koʻzlab bunday fikr yuritayotganini tushunmay oʻtirishardi.

Hovli oʻrtasida yongʻoq tagida oyogʻiga ip bogʻlangan togʻ burguti togʻu toshlarga uchib ketish uchun chogʻlanmoqda. Togʻ burguti shu qafasdan chiqsa, dushmanni qulatgudek kuchga ega.

Abdurahmon jevachi eshonning gaplarini jim turib eshitsa-da, bir qancha muddat biror narsa demay amakilari, hamqishloqlariga zimdan nazar tashladi.

– Eshon aka aytgan narsaga biz ham tayyor turmogʻimiz lozim. Negaki, bosqinchilar bu yerlarga ham keladi degan xabarlar bor. Bir oy boʻldi, oʻris aygʻoqchilari qishloq oralab qoldi. Bizda qurol yoʻq. Ikki-uchta miltiq bilan zambarak toʻpiga qarshi kurashib boʻlmaydi. Biz kuch toʻplab uch-toʻrt kundan keyin Jizzax sari yurish qilamiz. Birgalikda kurashmasak, yakka holda dushmanni yengib boʻlmaydi. Atrofdagi qishloqlarga odam joʻnatamiz. Kelayotgan xavfning oldi olinmasa u erta-indin butun oʻlkani bosib oladi. Urf-odatlar boʻlakcha boʻladi, til asta-sekin unutiladi. Odamlar giyohvand, bolalar kasalmand boʻladi.

Jevachi jim qolganini koʻrgan mehmonlarning eng yoshi Matlab Mirza gurungga qoʻshildi:

– Oʻrislar hamma yerga oʻz qoʻrgʻonlarini qurdi. Hatto oʻzimiznikilar qishloqqa kim keldi, kim ketdi – barisini pristavga yetkazib turibdi. Ehtiyot boʻlmoq zarur. Koʻp kishini bir yerga toʻplamoq xatarli...

Kechasi jevachi eshonni Jizzaxga qadar kuzatib qoʻydi…

* * *

Nazarxoʻja eshon soʻri ustida ancha oʻtirib qoldi. Toshkentdagi Musaxon dorichi bilan bemaslahat Bogʻdondagi jevachi oshnasi bilan qoʻzgʻolon boshlash haqida bir toʻxtamga kelgani xato boʻlmadimikan?

Saratonning issigʻi ertalabdan yondirsa-da, eshon asta vokzal tomon yoʻl oldi. Uning maqsadi Toshkent safari edi.

Eshon Toshkentga yetib kelganida shahar odamlarining yuzida podsho farmonidan norozilik hissini koʻrdi. Balandmachit mahallasi boshiga yetganida esa otdan tushib ariq labida bir oz dam olib, nafas rostladi, ust-boshini toʻgʻriladi, bet-qoʻlini muzdek suv bilan yuvdi. Uning oppoq soqolidan mayda suv tomchilari yerga tomchiladi. Eshon otini daraxt shoxiga boyladi. U Musaxon dorichi eshigining bir tavaqasi ochiqligini koʻrib, xonadon egasining uyda ekanligiga ishonch hosil qildi va asta ovoz berdi:

– Uyda kim bor? Assalomu alaykum!

Hovlining etagidagi bogʻdan oʻrta boʻy, qoshlari siyrak, ziyoli bir kishi eshon tomon shoshib kelarkan:

– E, keling, aka, xush koʻrdik. Omon-eson yuribsizmi? Qaysi shamol uchirdi? – deya Nazarxoʻja eshon bilan quchoqlashib koʻrishdi.

Mezbon mehmonni bogʻ ichidagi salqin soʻriga oʻtqazdi. Ichkaridan ikki yosh yigit dasturxon va choynak, piyola keltirib, ular oldiga dasturxon yozdi. Nazarxoʻja eshon hovlisiga qadam ranjida qilgan Musaxon Mirzaxonov Toshkentning ilgʻor ziyolilaridan biri edi. Qozon universitetining dorishunoslik kulliyotini bitirgan, shahar dorixonasining rahbari. Koʻp vaqt dunyo kezgan, oq-qoraning farqiga boradigan ziyoli inson, mehmon bilan unchalik uzoq boʻlmagan qarindosh ham edi.

Suhbat tezda qovushib ketdi. Gap asosan Jizzax va Toshkentda podsho farmonini bajarmaslik xususida boʻldi. Musaxon goʻyoki hovlisida tinchgina oʻtirsa-da, aslida oʻz odamlari orqali qoʻzgʻolonga zimdan tayyorgarlik koʻrardi.

– Xalq ozodlikka, erkka qoʻzgʻolon orqali ega boʻladi. Odamlarimiz qurol ishlatishni ham unutishgan boʻlsalar kerak. Shaharlarimizda esa qurolning oʻzi ham yoʻq...

Shu payt eshik oldida bir kishi koʻrinish berdi. Musaxon dorichi shu tomonga bordi va noma’lum kishi bilan ikki ogʻiz shivirlashib gaplashgach, darhol ortiga qaytdi.

– Aka, xalq gʻalayon koʻtaribdi. Shahar dahalarida rus armiyasi xalqni koʻchalardan haydab boshlabdi. Mardikorlikka odam berishdan qat'iy bosh tortganlar ayovsiz jazoga tortilarkan. Kuropatkinning buyrugʻi shunday. Ularda kuchli qurol bor. Biz esa qurolsizmiz. Koʻp qon toʻkilishi mumkin...

Nazarxoʻja eshon shahar koʻchalarida odamlarning besaranjom yurganliklarini kuzatarkan, Jizzaxga tezroq yetib olish chorasini koʻrdi. Nazarxoʻja eshon Toshkentdan Chinozgacha otini toʻxtatmadi. Atrofdagi koʻm-koʻk bogʻlar, poyonsiz dalalar, mevasini koʻtarolmay yerga egilgan olmazorlar uning koʻzini qamashtirardi. Uzoq-uzoqlardan turli nav qovun hidini shamol u tomon olib kelardi. Yurtning bir tomoni gullab-yashnayotgan boʻlsa, ikkinchi bir tomonda kurashga tayyorgarlik ketardi.

Jizzaxga yetib kelgan Nazarxoʻja eshon shaharni ari uyasidek toʻzgʻigan holatda koʻrdi. Chor Rossiyasi armiyasi Jizzaxni qamal qilib turardi. Eshon odamlarni toʻplab, xalqni birlashishga, mustamlakachilar va ularning malaylariga qarshi kurashga da’vat etdi.

Oʻsha kunlari Musaxon dorichi yana bir yangilikdan voqif boʻlgandi. Toshkentning bir guruh qozi va mingboshilari Afgʻoniston amiriga xat yoʻllab, uni Rossiyaga qarshi urush e’lon qilishga chaqirgan. «Bunda Turkiston xalqlari sizni qoʻllab-quvvatlaydi», deb yozilgan edi xatda. Oradan koʻp oʻtmay xat Balandmachitlik mulla Abdurahmon orqali joʻnatilgani ma’lum boʻldi. Maktub Koʻkcha dahasi qozisi Hoji Abdumalik Abdunabiev tomonidan yozilgan edi.

Turkiston maxfiy politsiyasi bu xatdan xabardor boʻlib, gʻalayonni bostirish paytida qoʻzgʻolon rahnamolari qatori ularni ham qatl etdi.

Turkiston oʻlkasini «Qonli saraton» oʻz domiga tortib borardi. Rus podshosining vakillari yerli xalqni oʻldirish, uylariga oʻt qoʻyish bilan qoʻrqitmoqchi boʻlardi. Ammo sabr kosasi toʻlgan xalq boʻyin egmasdi, yana kishan kiyishni xohlamas edi.

* * *

Gubernatorning oldi oynavand uyi qarshisidagi chinor soyasidagi argʻimchoqda uning sevimli qizlari Anna va Mariya bir-biri bilan kim oʻzarga oʻynamoqda. Kutilmaganda Mariya argʻimchoqdan uchib ketib chim ustiga tushdi. Uning «Onajon» degan chinqirigʻi atrofni qopladi.

Sal naridagi chinor tagida rus arogʻiga mol goʻshtidan qilingan kabobni gazak qilayotgan ota ular tomon otildi. Ichkaridan gubernatorning xotini, xizmatkor ayol va aroqqa boʻkib olgan rus missioneri Nikolay Ostroumov yetib kelishdi. Qizchaning qoʻllari shilingan edi, xolos. Er-xotin uni koʻtarib ichkariga olib kirishdi. Gubernator janoblari aziz mehmonni kuttirib qoʻymaslik uchun tezda tashqariga qaytib chiqdi.

– Suhbat qaerda toʻxtagan edi? – deya soʻradi gubernator.

– Yerli xalqni qay yoʻsinda boʻysundirish haqida, – deya mavzuni aniqlab berdi Ostroumov.

– Yerli xalq... – oʻylanib qoldi gubernator.

– Bu xalq katta madaniyat va ma’rifatga ega, bularda juda katta boylik mavjud. Bu boylik – buyuk olimlar, shoirlar, tadqiqotchilar asarlaridir. Oltin, kumush olib ketilaversa bir kuni tugaydi, lekin xalqning bilimi tugamaydi.

– Siz ularning muqaddas kitoblarini yaxshi tushunasiz, janob Ostroumov. Ularning eng zoʻr kitoblaridan toʻplang, janobi oliylariga sovgʻa qilamiz. Evaziga mukofot olasiz!

Gubernator ancha oʻylanib qoldi. Axir oltin-kumushni istagan vaqtda olib ketsa boʻladi, kitoblarni esa ziyolilar yashirib qoʻyishlari mumkin.

Gubernator:

– Men yovvoyi xalqdan miltiqlar va boshqa qurollarni tortib olishga farmon berdim, – dedi nihoyat. – Hattoki kattaroq oshpichoq ham qoldirilmaydi. Noyob kitoblar esa tezda olib ketiladi. Podsho hazratlari bunday kitoblar ishqibozi ekanliklarini yaxshi bilaman. Moʻgʻullar bu xalqni yozuvidan mahrum qilgan boʻlsa, biz ularni tilidan mahrum etmogʻimiz kerak. Aytganday, sizga bir muhim topshiriq bor. Siz oʻlkada rus maktablari sonini koʻpaytirasiz, shunda ular oʻz madaniyati va ma’rifatidan uziladi. Mayli, koʻproq boshqa yurt haqida ma’lumotga ega boʻlishsin. Keyingi masala gazeta masalasi. Oʻlka xalqlari uchun gazeta nashr eting.

– Sizning aytganlaringiz juda ajoyib, janob gubernator, bu topshiriqlaringizni tezlikda amalga oshiramiz. Darhaqiqat, maktab orqali rus madaniyatini mahal­liy xalq ongiga singdirish zarur. Ayniqsa yoshlarga.

Ostroumov shiddat bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Soʻng yoʻl chetida oʻzini kutib turgan foytunga oʻtirdi-da, chang koʻchada koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Kuropatkin esa Kaufman qurdirgan, qizil eshigiga «Turkiston Gubernatori» deb yozilgan bino ichkarisiga qarab yoʻl oldi.

Shahar tashqaridan sokin koʻrinsa-da, daha va mahal­lalarda rus bosqinchilariga qarshi kurash uchun tayyorgarlik ishlari qizgʻin ketardi. Aholi yashirin tashkilotlar tuzib, qurollanishni boshlab yuborgan edi. Yurtning erksevar oʻgʻillari lovullab yonishlari uchun bir uchqun kerak edi. Bu uchqun Jizzaxdan keldi. Oʻlkada katta talotoʻp boshlandi. Samarqand, Fargʻona, Kattaqoʻrgʻon, Zomin kabi yirik shahar-qishloqlarda podshoga qarshi namoyishlar boshlandi. Oʻlkaning katta shaharlarida qoʻzgʻolonga yetakchilik qiluvchi guruhlar tuzildi. Lekin ular bir-birlari bilan doimiy aloqa oʻrnata olishmadi. Buning ustiga odamlarga qurol yetishmasdi.

* * *

Bogʻdon pristavi Barilloga mahalliy xalqdan mardikor olish haqidagi farmon kelgan edi. U zimdan bu ishga tayyorgarlik boshlab yubordi.

Abdurahmon jevachi Xorazm qal'asida bundan ancha yillar oldin chor Rossiya armiyasi bilan janglarda halok boʻlgan otasi Abdujabbor uchun qasos olishga, xalqni ozod, erkin yashash uchun kurashishga chaqirishga ont ichdi.

Odamlar «Mardikorlikka bormaymiz!» deb oyoq tirab olishdi. Bogʻdonda ham isyon koʻtarildi.

Oʻroq, ketmon, kaltak, miltiq bilan qurollangan piyoda olomon va oʻn chogʻlik otliqdan iborat isyonchilarga Mixin, Nukurt, Safar ota, Uxum qishloqlaridan ham odamlar kelib qoʻshila boshlashdi. Jevachi safning oldiga oʻtdi va odamlarni Jizzax sari boshladi.

Oq podshoning Farmonini odamlarga yetkazish maqsadida Mirzayor 12 iyul kuni jizzaxliklarning katta guruhini masjid hovlisiga toʻpladi.

Masjidga kirib kelgan mingboshining yonida Abulqosim ellikboshi, Qosimxoʻja va Orif oqsoqol hamda ikkita mirshab bor edi.

Mingboshi yuzlarida gʻazab oʻti yonib turgan jizzaxliklarni koʻrdi-yu, gapni qisqa qildi:

– Mardikorlar roʻyxati tayyor, kelgusi juma podsholik uchun xizmatga tayyor turmoq lozim. Mardikorlik yurtga kelgan toʻy. Roʻyxatdagilar kiyim-kechagini tayyorlasin! Mardikorlar oy borib, omon kelsin, omin!

Mingboshi yuziga barmoqlarini siypadi. Masjid ichida xalqning shivir-shiviri koʻpaydi. Roʻyxatni mirza oʻqidi. Roʻyxat faqat kambagʻallardan iborat edi, unda na biror amaldor, na biror boy, na biror domlaning farzandi bor.

Oraga sovuq sukunat tushdi. Bu toʻfon oldidagi dengiz sokinligi edi. Dengizning usti jimirlab tursa-da, tagida boʻron hayqirardi.

– Mingboshi, siz buning barchasi taqdirdan dedingiz. Podsho amri – xudo amri dedingiz, – deya gap boshladi arabqishloqlik Sodiq dehqon.

– Xudoning bandasiga taqdir yozmishi vojibdir! – deya mingboshi unga yuzlandi.

– Unda nega siz yoki oʻgʻlingiz roʻyxatda yoʻqsizlar, axir podsho sizning eng yaqiningiz-ku! – deya bir ozgʻin kishi mingboshiga murojaat etdi.

Mingboshining tili aylanmay qoldi. Abulqosim ellikboshi Qosimxoʻja oqsoqolning qulogʻiga bir nima deb pichirladi. Mirshablardan biri tashqariga yoʻl oldi. Birdaniga ikki-uch kishi uning yoʻlini toʻsdi. Masjid eshiklari yopildi. Buni koʻrgan Orif oqsoqol tipirchilab qoldi.

– Roʻyxat podshoning vakillari Kaufmon janoblari tomonidan tasdiqlangan, – deya mingboshi salobat bilan gap boshlashga urindi.

Abulqosim ellikboshi chap qoʻlini pastga tushirib, gapni toʻxtating deya ishora qildi.

Olomon orasidan:

– Siz avval savolga javob bering! – degan qichqiriqlar yangradi.

Mingboshi:

– Jim, jim! – degancha qizarib-boʻzarib olomonga nimalarnidir tushuntirmoqchi boʻldi.

Shu payt masjid eshigi oldida turganlardan biri baland ovozda qichqirdi:

– Bular bilan gaplashish befoyda, baribir boy boyga boqadi, suv soyga oqadi.

Oraga sovuq sukunat tushdi. Bu toʻfon oldidagi dengiz sokinligi edi. Dengizning usti jimirlab tursa-da, tagida boʻron hayqirardi.

– Mingboshi, siz buning barchasi taqdirdan dedingiz. Podsho amri – xudo amri dedingiz, – deya gap boshladi arabqishloqlik Sodiq dehqon.

– Xudoning bandasiga taqdir yozmishi vojibdir! – deya mingboshi unga yuzlandi.

– Unda nega siz yoki oʻgʻlingiz roʻyxatda yoʻqsizlar, axir podsho sizning eng yaqiningiz-ku! – deya bir ozgʻin kishi mingboshiga murojaat etdi.

Mingboshining tili aylanmay qoldi. Abulqosim ellikboshi Qosimxoʻja oqsoqolning qulogʻiga bir nima deb pichirladi. Mirshablardan biri tashqariga yoʻl oldi. Birdaniga ikki-uch kishi uning yoʻlini toʻsdi. Masjid eshiklari yopildi. Buni koʻrgan Orif oqsoqol tipirchilab qoldi.

– Roʻyxat podshoning vakillari Kaufmon janoblari tomonidan tasdiqlangan, – deya mingboshi salobat bilan gap boshlashga urindi.

Abulqosim ellikboshi chap qoʻlini pastga tushirib, gapni toʻxtating deya ishora qildi.

Olomon orasidan:

– Siz avval savolga javob bering! – degan qichqiriqlar yangradi.

Mingboshi:

– Jim, jim! – degancha qizarib-boʻzarib olomonga nimalarnidir tushuntirmoqchi boʻldi.

Shu payt masjid eshigi oldida turganlardan biri baland ovozda qichqirdi:

– Bular bilan gaplashish befoyda, baribir boy boyga boqadi, suv soyga oqadi.

Vaziyat yomonlashganini anglagan mingboshi yon tomondagi eshikdan oʻzini tashqariga urdi. Shu payt «Oʻldir mingboshini!»degan hayqiriq eshitildi. Mingboshi masjid yonidagi choyxonaga kirib yashirinmoqchi boʻldi. Ammo yoʻldan oʻtib borayotgan kulol yigit uni choponidan tortib qoldi. Mingboshi yerga yuztuban yiqildi. Kulol katta tosh bilan mingboshining boshiga urdi. Boshi yorilgan mingboshi oqayotgan qonni sallasi bilan toʻxtatishga urindi. Shu payt masjiddan dengizday toshib chiqqan olomon mingboshini tosh bilan ura ketdi. Mingboshi oʻsha joyda jon taslim qildi.

Abulqosim ellikboshi, Qosimxoʻja va Orif oqsoqollar esa ust-boshlari yirtilgan, tosh-kesak doʻli ostida mirshablar qurshovida pristav qarorgohi tomon qochib borishardi. Biroq ularning orqasidan olomon yetib keldi.

Jizzaxliklar mingboshi mahkamasiga yopirilishdi. Uyga oʻt qoʻyildi. Mahkamadagi roʻyxat qidirib topildi, barcha qogʻoz-daftar, anjom-aslaha sindirildi, yondirildi. Shaharning har yer-har yerida miltiq ovozi eshitilib qolardi. Kechasi shaharda yongʻin boshlandi, rus askarlari qoʻzgʻolonchilarga qarata oʻq uzishga kirishishdi. Odamlar turli tomonlarga qarab tarqalib ketishdi. Oʻratepaliklar, zominliklar, rovotliklar urugʻ-urugʻ boʻlib oʻz mahallasini rus askarlaridan qoʻriqlashga kirishdilar. Ammo aholida qurol yoʻq edi...

Har tomonda yongʻin, achchiq tutundan hech narsani anglab-koʻrib boʻlmasdi.

Ertalab shahar markazida aholi bilan uchrashgan Rukin:

– Xalqqa qayishmagan mingboshining ahvoli shu! – deya oʻzini odamlarga mehribon qilib koʻrsatdi.

Tilmoch uning soʻzlarini tarjima qilib turdi. Rukin vaqtdan yutishi kerak edi. Shu payt yangi shahar tomondan ketmon, panshaxa koʻtargan, qutilarga tosh solib olgan olomon yetib keldi. Ikki daryo bir boʻldi. Uning toʻlqini shiddatli edi. Ular Rukin, kapitan Zotoglavov va Komil mirshabni oʻldirdilar.

Polkovnik Ivanov va Afanasʼev otryadi yetib kelib, olomonni oʻqqa tutdi. Rus kazaklari ayol yo erkak, keksa yoki yosh, deb oʻtirmadi. Oʻq yomgʻiri shunday yogʻdiki, hattoki uy ichida bekinib turganlar ham omon qolmadi.

Jizzax qamoqxonasi mahbuslar bilan toʻlib ketdi. Mahbuslarning koʻpi ogʻir yarador edi. Ular tor, kichik xonalarda bir-birlarining ustida qalashib yotar, sassiq hid hamma yoqni qoplagan, yigʻi-sigʻi ovozlari tinmasdi. Jizzaxliklardan rus kazaklari Rukin, Mirzayorlar uchun shunday oʻch oldi. Bu vaqtda Forish sari Afanasʼev qoʻshini ketib borardi.

Jizzax oʻt ichida qoldi. Butun-butun mahallalarga rus askarlari oʻt qoʻydi. Odamlar ayovsiz oʻqqa tutildi.

Ertasiga, 16 iyul kuni zamonaviy harbiy qurol-yarogʻ va texnikaga ega boʻlgan polkovnik Ivanov qoʻzgʻolonchilarni qora qonga botirdi. Jizzaxning ayollari, qizlari nomusi toptaldi. Shahar oziq-ovqatsiz qoldi. Koʻchalar qon bilan qoplandi. Ocharchilik boshlandi. Podsho Nikolay II malaylari mahalliy yigitlarni mardikorlikka joʻnatdi. Necha-necha Jizzax yigitlari Rossiya oʻrmonlarida kafansiz koʻmildi. Hattoki yosh bolalar koʻchalarda otildi, Yerjar choʻliga haydab yuborildi. Yerjarda esa odamlar suvsizlikdan nobud boʻldilar.

* * *

Oʻsha kuni Forishda ham bosqinchilarga qarshi kurash kuchaydi.

Jevachi odamlari Jizzax yoʻlini oʻz nazoratlariga olishgandi.

Peshinga yaqin uzoqdan ot mingan bir yoʻlovchi koʻrindi. Uning oti zoʻrgʻa yurib kelardi. Kun issiqligidanmi, chavandoz ot ustida mast kishidek chayqalib kelardi.

Jevachining odamlari uni bir zumda ushlab olishdi. Bu pristav aloqachisi Sibirsev degan kishi edi. Uning yoni tintib koʻrilganda xat chikdi. Bu xat Jizzaxdan jazo otryadi chaqirish haqida edi.

Qoʻzgʻolonchilar choparni oʻldirdilar. Soʻng Forish pristavi Barilloni qidirishga tushdilar. Ammo jazo otryadi kechikkanidan shubhaga tushgan Barillo allaqachon qaygadir kochib ketgandi.

U osmonga uchdimi, yerga kirdimi – yoʻq edi. Barillo yashagan qoʻrgʻon jim-jit. Xizmatkorlar esa darvozani berkitib, yashirinib olishgan. Qoʻzgʻolonchilardan biri xalqni qoʻrgʻon tomon boshladi.

– Biz ularni yoʻq qilishimiz kerak! – dedi u. – Bizni odam oʻrnida koʻrmaganlarga shafqat qilmasligimiz kerak!

– Qaytinglar, axir ular hech kimga yomonlik qilmagan, – dedi jevachining ukasi Bobobek.

Ammo olomon unga quloq soladigan ahvolda emas edi. Barillo yashayotgan qal'a tepasida bir toʻp togʻ burgutlari charx urib uchib yurardi. Qorongʻi tushgach ketmon, bolta koʻtargan odamlar pristav qoʻrgʻonining darvozasini buzishdi. Qoʻrgʻonda xizmatkorlardan boshqa hech kim yoʻq edi. Shu payt Bobobek otlar uchun xashak saqlanadigan yemxonada Barilloning xotini Natasha Yankovskaya va qizini koʻrib qoldi. U oʻzini ularni koʻrmaganga solib eshikni yopib qoʻydi, xizmatkor juvon Galina Klyuevani esa somonxonaga yashirdi. Keyin orqasidan kelayotganlarga qarata:

– Bu yerda hech kim yoʻq, – dedi.

Bobobek odamlarni tinchitish maqsadida yolgʻon gapirdi. Agar rostini aytsa, begunoh ikki ayolning qoni toʻkilishi aniq edi.

Olomon toshqin suvdek orqaga qaytdi. Yoʻlda ikki soldatni ushlab olib, oʻlasi qilib kaltaklashdi. Bu vaqt Barillo xotini va qizini tashlab, oʻz jonini saqlash maqsadida Qizilqumga qarab qochib qolgan edi.

Olomon pristav yashaydigan uyga oʻt qoʻydi. Pristavning xonadoni olov ichida qoldi. Olomon qishloqqa qaytib keldi. Kechqurun tunning qorongʻiligidan foydalangan Bobobek yana otxonaga keldi va titrab-qaltirab oʻtirgan ona-bolani otxonadan olib chiqqach, ularni akasining uyiga olib borib yashirib qoʻydi. Bu yer xavf-xatardan xoli edi. Barilloning bir necha rus xizmatkori va qoʻriqchilaridan ikki kishi olov ichida qolib ketdi. Ularning dod-faryodiga hech kim quloq solmadi. Qasoskor xalqni endi toʻxtatib boʻlmasligini ruslar tushunib yetishdi. Dahshatli voqealarni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan ona-bola bu xonadonda bir hafta tinch yashashdi. Ular oldiga ayollardan boʻlak hech kim kirmas edi. Ona-bola bu holatga asta-sekin koʻnika boshlashdi. Dastlab qoʻrqib non, mayiz bilan tamaddi qilishgandi, keyinchalik mol goʻshti solingan ovqatlarga ham oʻrganishdi. Hayot – hayot-da, inson barcha narsaga koʻnikadi. Ular ham yangicha hayotga asta-sekin moslasha boshlashdi.

Abdurahmon jevachi Bobobek qilgan ishni xotinidan eshitgan boʻlsa-da, ukasiga bir-ikki kun indamadi. Oʻzini hech narsani bilmaydiganday tutdi. Juma kuni peshindan soʻnggina Bobobekni oldiga chaqirdi.

– Mayli, gʻayridin boʻlsa-da, ayollarni qutqarib savob ish qilibsan. Faqat buni qishloq ahli bilmasin. Ular hozir yaxshi-yomonning farqiga bormay turishibdi. Sening qutqarganingni eshitishsa, notoʻgʻri tushunishlari mumkin.

Bobobek akasiga e’tiroz bildirolmadi. Yangasi oldiga qoʻygan shoʻrvani non toʻgʻrab ichdi-da, Burgutqoyadagi tosh qal'aga chiqib ketdi. U oʻzini olqor ovi bilan ovutmoqchi edi. Ov uning sevimli mashgʻuloti. Bu qal'aning toʻrt tomoni tosh bilan oʻralgan boʻlib, ikki tosh orasidagi yoʻlakka bir odam sigʻardi. Qal'a ichida buloq boʻlib, u yozin-qishin qaynab, mavjlanib turardi. Buloqning yozda sovuq, qishda issiq suvi shunchalik mazaliki, uni toʻyib ichgan kishi bir-ikki kun chanqamaydi ham. Agar akasi koʻnsa Barilloning xotini va qizini qoʻzgʻolon bosilguncha shu qal'aga yashirib qoʻyadi.

Biroq Bobobek toqqa ketganidan keyin jevachi ona-bolani oʻz qoʻrgʻoniga kuzatib qoʻydi....

* * *

Ertalab Abdurahmon jevachi oʻz odamlarini savdo karvoni bilan Buxoroga joʻnatdi. Jevachi ularga Buxorodagi tanishlaridan qurol olib kelishni topshirdi. Axir »Quruq qoshiq ogʻiz yirtar» deb bekorga aytmagan. Yovga qarshi ikki-uch miltiq, ketmon, oʻroq bilan kurashib boʻlmaydi-ku. Ertaga qanday kunlar keladi, yolgʻiz Ollohga ayon. Shundan keyin jevachi Bogʻdon bekligidagi Mixin, Qulba, Uchma, Nurak, Safar ota qishloqlari oqsoqollariga odam joʻnatdi.

Har kuni Jizzaxdan vahimali xabarlar kelib turibdi. Abdurahmon jevachi uyga kiradi, tashqariga chiqadi, sira koʻngli yorishmaydi.

Barilloning xizmatkorlari koʻpayganligi haqidagi xabar jevachini hushyor torttirdi. Ular pulemyot bilan qurollangan, deya xabar yetkazdi xufyalardan biri.

Jizzaxda boshlangan qoʻzgʻolon xabari oʻsha kuniyoq Forishga yetib kelgandi. Abdurahmon jevachi ukasi Bobobekni eski tanishi Nazarxoʻja eshon huzuriga joʻnatdi. Eshonning hovlisi shahar markazida boʻlib, oʻsha kuni Jizzaxning barcha mahalla oqsoqollari, bundan tashqari Oʻsmat, Zomin, Forish bekligidan ham vakillar shu yerga toʻplanishdi.

Nazarxoʻja eshon joʻshib soʻzladi:

– Biz bugun bu yerga el va yurt ozodligi uchun, farzandlarimizga Najmiddin Kubro, Amir Temur, Muqanna, Manguberdi kabi bobolarimiz dushmanga qanday kurashganini yetkazish uchun toʻplandik...

Yigʻilish juda qisqa va aniq boʻldi. Mahalla oqso­qollari bitta-bittadan boʻlib eshon hovlisini tark etishdi. Vakillarning xavf-xatarsiz oʻz manziliga yetib olishi uchun eshon oʻz odamlarini ularga qoʻshib yubordi. Eski qadrdoni jevachining ukasi Bobobekni Koʻhnabozorgacha kuzatib borish uchun ikki kishini qoʻshib joʻnatdi.

Kechqurun Abdurahmon jevachining uyiga atrofdagi Mixin, Qulba, Uchma, Safar ota, Qorabdol qishloqlaridan maslahat uchun oʻndan oshiq kishi toʻplandi. Jevachi rahbarligida dushmanga zarba berish yoʻl-yoʻriqlari ishlab chiqildi.

– Hamma qurollanmogʻi lozim. Eng avvalo ularni qishloqlarga kiritmasligimiz, mardikorlikka boradigan yoshlarimizni olib qolish uchun bel bogʻlamogʻimiz kerak. Ozod va hur oʻlkani oʻris imperatori askarlari oyogʻi ostida toptalishiga yoʻl qoʻymaymiz.

Yigʻilganlar bu koʻrsatmani bajarish uchun oʻz qishloqlariga joʻnab ketishdi.

* * *

Kimdir darvozani hovliqib qamchi sopi bilan urdi.

Abdurahmon jevachi shoshib shu tomonga yurdi.

Oti koʻpikka botgan bir notanish kishi darvoza oldida hansirab turardi.

– Assalomu alaykum, aka! Men Jizzaxdanman. Meni Nazarxoʻja eshon joʻnatdi. Jizzax oʻt ichida qoldi. Hammayoq yondirildi. Oʻris otryadi Afanasʼev degani boshchiligida Forish tomon kelmoqda. Ertaga tongda yetib keladi. Xalqni ularga qarshi turgʻazmoq kerak.

Chopar yana nimalardir demoqchi edi, ammo saraton issigʻiga va yoʻl azobiga chiday olmay kesilgan daraxtdek asta qiyshaydi. Abduraxmon jevachi uni suyab qoldi va asta koʻtarib yongʻoq ostidagi supaga olib borib oʻtqazdi. Ichkaridan jevachining katta oʻgʻli dasturxon koʻtarib chiqdi. Chopar bir-ikki piyola sovuq choyni yutoqib ichgandan keyingina oʻziga keldi.

– Men oʻrislarni Oqtuproq qal'asi oldida koʻrdim. Togʻ oralab kelishmoqda. Eshon aka sizdan odamlarni toʻplab, ularga qarshi turishni, askarlarni qishloqqa kirgizmaslikni iltimos qildi, – dedi xabarchi hamon entikib nafas olarkan.

Abdurahmon jevachi xabarchining gaplarini eshitib yov endi begunoh xalqdan qasos olishiga, bu yoʻlda hech narsadan qaytmasligiga ishon hosil qildi, negaki Koʻhnabozordan uncha uzoq boʻlmagan tepaliklarda pristav Barilloning odamlari keyingi kunlari yana ikkita toʻp oʻrnatib, ularni qishloqqa qaratib qoʻygan edi. Barillo allaqachon Qizilqumdan qaytib kelgan. Qishloq tepalikdan yaqqol koʻrinib turadi.

Albatta, birgina qishloq ahli bilan yovga qarshi kurashib boʻlmaydi. Koʻplashmoq kerak. Koʻp qurol kerak. Yovning qoʻlida qanchalab miltigʻi, toʻplari bor. Abdurahmon jevachi tezda oʻgʻli Savronni Mixin bekligiga, Matlabni Uchma va Safar ota bekligiga, Davronboyni esa Sintob bekligiga joʻnatdi.

Nihoyat qoʻshni qishloqlardan odamlar ot va eshakda, piyoda yetib kela boshlashdi. Ularning bir qismi miltiq bilan qurollangan edi. Koʻpchiligi esa qurolsiz. Aksariyat ketmon, panshaxa bilan qurollangan. Sintobliklar negadir bu ishga bosh qoʻshishmadi.

Buxoroga ketgan yigitlardan yaxshi xabar kelmadi. Buxoro xoni Amir Olimxon jevachi bilan uzoqroq qarindosh boʻlsa-da, uning nomidan kelgan maktubga javob bermadi. Amir shu kunlarda aysh-ishratga mukkasidan ketgan edi.

* * *

Abdurahmon jevachi toʻplangan xalqni Jizzax sari boshladi. Bogʻdon choʻlini chang-toʻzon qopladi. Qoʻzgʻolonchilar bolta, ketmon koʻtarib kapitan Afanasʼev boshlab kelayotgan, tish-tirnogʻigacha qurollangan rus askarlariga qarshi ketib borardi, ular orasida ayollar ham bor edi.

XVI asrda Abdullaxon qurdirgan suv omboridan oʻn chaqirimcha berida ikki taraf yuzma-yuz boʻldi. Ikki oʻrtada jang qizidi. Rus soldatlari toʻp va pulemyotlarni ishga soldi. Odamlar tutdek toʻkildi, lekin qaysar va mard togʻliklar dushman ustiga yopirilib kelaverdi.

Jang qizigan mahal togʻliklardan biri ruslarning bitta pulemyotini egalladi va darhol ularga qarata oʻq uza boshladi. Ammo qizib ketgan pulemyot birdan tarillatib oʻz uzishdan toʻxtadi. Uni sovutish uchun ustiga suv quyish kerak edi. Ammo togʻlik erkak buni bilmasdi. Shu sababli hayron boʻlib pulemyotning uyoq-buyogʻiga qarayotgan mahal askarlardan biri uni otib oʻldirdi.

Afanasʼev jon-jahdi bilan isyonkorlarni Jizzaxga oʻtkazmaslik harakatini qilardi.

Koʻkda esa bir gala togʻ burguti toʻp boʻlib uchib yurardi. Toʻsatdan jevachining uyida saqlangan burgut rus askarlaridan biriga tashlandi. Askar yuzini kafti bilan toʻsgancha dod solib qulab tushdi. Uning panjalari orasidan qon oqardi. Burgut askarning bir koʻzini oʻyib olgandi.

Afanasʼevning oʻzi askarlarga ibrat boʻlish uchun kichkina tepalikka chiqdi va:

– Tezda bizga qoʻshimcha kuch yetib keladi, bardam boʻlinglar! – deya baqirdi. – Ular bu yovvoyi xalqni tumandek tarqatib yuboradi. Biz ham ularni shunday savalaylikki, tugʻilganlariga pushaymon boʻlishsin!

Zambaraklardan otilgan oʻq isyonchilar ustida yogʻildi. Odamlarning pashshaday halok boʻlayotganini koʻrgan Abdurahmon jevachining koʻzlarida gʻazab oʻti chaqnadi. Uning oʻgʻillari ham janggohning har tomoniga tarqab ketishgandi. Jevachidan uncha uzoq boʻlmagan yerda katta oʻgʻli bir yoʻla ikki rus askari bilan qilichbozlik qilardi. Urush oʻz oti bilan urush. Unda hech kim dushmanni ayamaydi. Choʻl toʻkilgan inson qonidan qip-qizil lolazorga aylandi goʻyo.

Yov chekinayotganini koʻrgan Abdurahmon jevachi jarlikni aylanib oʻtar ekan, koʻzi toshga bosh qoʻygancha oʻlib yotgan ayolga tushdi. Ayol koʻkragidan ikkiga boʻlinib tashlangan edi. Nariroqda esa yana bir oʻlik ayolni bir yarim yoshlardagi bolakay emib yotardi. Jevachining koʻzlarida yosh tirqiradi. Yov orqasidan quvib kelayotgan boʻlsa-da, toʻxtab, birinchi ayolni choponi bilan oʻrab qoʻydi. Ikkinchi ayolning bolasini olishni esa ortidan kelayotgan bir hamqishlogʻiga buyurdi.

Bu paytga kelib rus askarlarining oʻq-dorisi tugay boshlagandi. Shu sababli ular Jizzax tomon chekinishga tushishdi. Shubhasiz, rus askarlari madad kutayotgan edilar.

Kechga tomon, jang tugaganidan soʻng jevachi ukasi Bobobekka Matlab, Savron, mulla Muhammad, Qurbon, Tursunboy va Ergashni topishni buyurdi. Ular Abdurahmon jevachi atrofida davra qurib, yerga tikilgancha jim turishdi.

Atrofga qorongʻulik tushganda odamlarning bir qismi choʻl orqali Koʻhnabozor qishlogʻiga yetib kelishdi. Qishloq oʻt ichida edi. Yondirilgan uylardan achchiq tutun osmonga koʻtarilar edi.

Tarixda keyinchalik Jizzax qoʻzgʻoloni deb atalgan mashhur qonli jang boshlandi. Bu voqea 1916 yilning saratonida yuz berdi. Har ikki tomon jangga qiyqiriqlar bilan kirdilar. Ikki kun davom etgan jangning birinchi kuni forishliklar rus askarlari ustidan gʻalaba qozongandek boʻldi. Rus askarlari shoshib qolishdi. Gʻalaba yaqinday edi. Jevachi ruslarga qarshi kurashda harbiy topqirlik koʻrsatdi. U uzokdan turib palaxmon toshi otadigan mergan yigitlarni toʻplab, ruslarga qarshi jangga soldi. Palaxmon toshotarlarning oldiga esa tajribali, jang koʻrgan, katta yoshdagi odamlarni tayin etdi. Yoshlarning bir qismini tosh toʻplashga yoʻlladi. Soy ichida esa maxsus pistirmalar tashkil qildi. Pistirmada ayollar piltali miltiqlarni oʻqlab, erkaklarga yordam berib turishdi. Ayniqsa koʻhnabozorlik ayollar boshqalarga ibrat boʻlishdi. Toʻgʻri, jang koʻrmagan ayollar, yosh bolalar orasida talofat katta boʻldi.

Dastlab rus askarlari parokandalikka uchrasa-da, ularga Jizzaxdan qayta-qayta madad kuchlari kelib qoʻshilaverdi. Qoʻzgʻolonchilar safi esa tezlikda kamayib borardi. Ochlik va suvsizlik ham oʻz kuchini koʻrsatdi. Rus askarlari qurolsiz xalqni choʻlda toʻpga tutdi. Qon daryo-daryo boʻlib oqdi.

Abdurahmon jevachi odamlarni ruhlantirmoq uchun goh chap tomondan, goh oʻng tomondan urush maydoniga oʻzini urar, har safar jangga kirganda oʻzining jonini halokat girdobiga otardi…

Ivanov otryadi bilan toshlar orasidan pana joy qildi, jevachining odamlarini uzoqdan kuzatarkan, yonidagi ofitserlarga uqdira ketdi:

– Bu xalqning bilgani ochiq maydonda mardlarcha urushish. Biz esa qal'aga bekinamiz yoki devor ortida pusib turamiz. Bir necha qishlogʻini bosib oldik. Peshonasidan turib otdik, birortasi yashirinay demadi. Atigi bir marta shu choʻlda ochiq maydonda urushmoqdamiz. Bular ana shunday qaysar xalq. Har doim hushyor boʻlmoq kerak.

Choʻl uzra tun oʻz sepini yoyganda har ikki tomon orqaga kaytdi. Rus askarlari Abdullaxon bandiga borib, sharshara atrofida ertaga boʻladigan jangga tayyorgarlik koʻrishdi. Abdurahmon jevachi esa otlar tuyogʻi ostida mayib boʻlgan odamlarni, oʻlganlarni toʻplab soy ichiga tushdi. Tepalikka yigitlardan qorovul qoʻydi. Shundan keyin u odamlarni bir joyga toʻplashga harakat qildi. Yaradorlar va oʻlganlar koʻp edi.

Ertasiga rus askarlarini forishliklar tosh, miltiq bilan qarshi oldilar. Ivanov otryadiga Jizzaxdan Afanasʼev otryadi madadga keldi. Afanasʼev otryadini jevachi omon qolgan ozgina odami bilan, benihoya charchagan, holsiz ahvolda kuchsiz kutib oldi. Ikki oʻrtadagi kurash uncha uzoq davom etmadi. Qurolsiz aholiga nisbatan toʻplar ishlatildi.

Odamlar otsiz, oziqsiz holda rus askarlariga qarshi turib qolishdi. Abdurahmon jevachi oʻzining xatosini tushunib yetgan edi: xalq erki va ozodligi uchun toʻrt oyoqli boʻri bilan kurashgandek kurashib boʻlmas ekan.

Jevachi afsus-nadomatlar ila odamlarni bir yerga toʻplashga kirishdi. Soʻng kechasi ayol va bolalarni olib Koʻhnabozor qishlogʻiga qaytib keldi. Ertasiga ertalab uning uyi oldiga xalq toʻplandi. Qishloqqa ruslar ancha yaqinlashib qolgan edi.

Abdurahmon jevachi odamlarga qarata dedi:

– Biz ozchilik qoldik. Yomon urushmadik. Lekin endi orqaga qaytish kerak. Oʻris askarlari oʻnlab shahar va qishloqlarning xalqini qirishga, kulini koʻkka sovurishga, oʻt qoʻyishga tayyor! Biz odamlarni va qishloqlarni saqlab qolmogʻimiz kerak...

Ertasiga rus armiyasining madad kuchiga tayangan Afanasʼev Bogʻdonga yetib keldi. Qishloqlar toʻpga tutildi. Ikki yarim ming xonadondan iborat Koʻhnabozor qishlogʻi olov ichida qoldi. Birinchi boʻlib qishloqdagi machitga oʻt qoʻyildi. Koʻplab kitoblar olovga tashlandi. Masjid ichida yonayotgan kitoblarga tikilgancha mulla Muhammad yigʻlab oʻtirardi. Oradan ikki kun oʻtib ruslar uni ham olib ketishdi. Mulla Muhammadning kampiri oʻgʻillari Javlon, Hamrolarni olib Garashaga yaqin boʻlgan Dovtepa qishlogʻidan makon topdi. Keyinroq mullaning singlisi Chuchuk ham ularga kelib qoʻshildi. Bu ayol akasi dardida yigʻlay-yigʻlay koʻz yumdi.

Xalqning qoʻy-echkilari va boshqa mollari haydab ketildi. Hattoki ayrim joylarda mol boqib yurgan yosh bolalar ham qilichdan oʻtkazildi. Rus askarlari ot-aravalarga talangan mol-mulkni ortib, poda-poda mollarni haydab Jizzax sari yoʻlga tushishdi. Odamlar togʻ-toshlar orasiga jon saqlash uchun qochib ketgan. Ularning bir qismi esa Chelak, Poyariq, Samarqand tomonlarga bosh olib ketdi. Yov ularning ham aksariyatini yoʻllarda ushlab olib, koʻpini yoʻq qilib yubordi. Koʻhnabozorda shatalib urugʻining barcha katta yoshdagilari xalq ichida otib tashlandi. Abdurahmon jevachini esa qoʻl-oyogʻiga kishan solib aravada Jizzaxga olib ketishdi. Uning oʻgʻillaridan ikkitasi otasi bilan birga olib ketildi.

Jevachi keta turib xalqqa murojaat qilishga ulgurdi:

– Sizlar meni unutmang, men ozodlik yoʻlida qurbon boʻlaman. Biz yengamiz. Men xalqim uchun, otam uchun qasos ololmadim. Bu meni qiynayotgan armondir. Men yoshimni yashadim, bu yogʻiga Olloh biladi. Ozodlik va erk uchun kurashish kerak. Hali zamon oʻzgaradi. Yurt ozod va hur boʻladi. Yurtni mard va qoʻrqmas farzandlari boshqaradigan davr uzoq emas. Yuz yilda yer, ellik yilda el yangilanadi. Ozod va hur zamon albatta keladi. Uni mening avlodlarim koʻradi.

Shu payt rus askari miltigʻi qoʻndogʻi bilan uning boshiga urdi...

Arava joʻnab ketdi. Odamlar koʻzda yosh bilan jevachini kuzatib qolishdi...

Asirlar Jizzaxga ikki kunda yetkazib kelindi.

Shahar qamoqxonasi. Unda yuzlab odamlar ogʻriq azobidan ingranmoqda.

Odamlar orasidan surila-surila Nazarxoʻja eshon burchakda yotgan Abdurahmon jevachi yoniga yetib keldi. Eshonning badanida sogʻ joy qolmagandi. Uning oʻzi ham zoʻrgʻa nafas olar edi. Uzun soqolida ham qon qotib qolgan. Eshonning bir koʻzi umuman koʻrmay qolgandi.

Eshon jevachi yoniga bazoʻr yonboshladi.

– Tuzukmisiz, inim. Koʻp qaygʻurmang, bu kunlar oʻtib ketadi. Samarqandda bir guruh doʻstlarimiz Rossiya Davlat dumasiga xat yozishibdi. Ularga ma’rifatli inson Behbudiy bosh ekan. Oq podshoning farmonidan soʻng bir biz emas, oʻlkaning barcha muzofotlarida norozilik harakati avj olgan. Bizning bitta xatomiz shuki, siyosiy va markazlashgan rahbarga ega boʻlmadik. Kuchlar nisbati ham teng boʻlmadi. Oramizdagi sotqinlar ular tomonga yon bosib turdi. Bunday kurash davrida doim sotqinlar boʻlgan, bundan keyin ham boʻladi.

– Bir narsadan afsusdaman. Qurol bilan yordam berish oʻrniga Samarqand va Toshkentdagi, hattoki Buxorodagi tanishlarimiz, mahalliy amaldorlar ham Oq podsho odamlariga koʻmak koʻrsatishdi. Shunga yuragim achishadi.

Jevachi asta chap yonboshiga agʻdarildi. Uning gapirishga ham darmoni yoʻq edi. Uch oydan buyon tor, zax xonada och va yalangʻoch, qiynalib vaqt oʻtkazardi. Har ikki-uch kunda tergovchining tinkani quritadigan savollar berishi ham joniga tegib boʻlgandi.

Nihoyat jevachiga bir amallab tut talqoni orasiga solingan xatni yetkazishdi. Xat juda qisqa edi: «Rossiya dumasida Mustafo Choʻqaev Oq podsho odamlari bilan uchrashdi. Jizzaxdagi voqealarni ularga yetkazishdi. Sizlarni ozod qilishar ekan».

Xat jevachiga biroz umid bagʻishladi. Lekin Nazar­xoʻja eshon bunga ishonmadi. Eshonning fikricha, bu yerdagi qoʻzgʻolon, xalq noroziligi haqida Oq podshoga yolgʻon ma’lumot beriladi.

Oradan yana bir oycha vaqt oʻtgandan keyingina Jizzaxga Rossiya Dumasi vakillari va Mustafo Choʻqaev yetib kelishdi. Vayronalarni oʻz koʻzi bilan koʻrar ekan, Choʻqaevning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. Zero, Choʻqaev avval koʻrgan Jizzax shahri qoʻrgʻonidan hech narsa qolmagandi. Jizzax endi xarobazor edi.

Biroq Oq podsho vakili pinagini ham buzmasdan «Yovvoyilarning jazosi shu!» deb qoʻydi jahl bilan. Mustafo Choʻqaevning ensasi qotdi, ammo indamadi. Choʻqaev Dumada Jizzaxdagi voqealar haqida gapirganida ham Duma a’zolari uning gapini eshitmadi. Xalq dardini tinglaydigan odamning oʻzi yoʻq edi. Bu haqda keyinchalik «Najot» gazetasida «Haq olinur... kurashib... qon toʻkib olinur» degan xulosali maqola bitildi. Tushungan tushundi...

Jevachi yoʻlda ancha oʻzini oldirib qoʻygandi. Shunga qaramasdan uni oʻz boshiga tushgan azob emas, xalq boshiga tushgan kulfat qiynardi. Endi xalq qanday yashaydi? Erta-indin qilichini koʻtarib qish keladi... Jevachi faqat shu haqda oʻylardi. Sassiq turma xonasida kallasining qon oqayotgan yeriga tuya chakmonidan bir parcha kuydirib bosdi. Shundan keyin ancha oʻziga kela boshladi. Asta-sekin atrofdagilarni taniy boshladi. Jizzaxlik Nazarxoʻja eshon, Ziyo qori, xalqni kurashga chorlagan qirgʻiz Doniyolbek, Nuriddin hoji kabi eski tanishlarini koʻrdi. Nari borsa oʻn besh kishi sigʻadigan tor xonada oltmishdan ortiq mahbus yotardi. Mahbuslar ochlik va tashnalikdan, ogʻir kaltak zarbidan oʻla boshladi. Odamlar ochlikdan ustlaridagi kiyimlarini yeya boshlashdi.

Shunday kunlarning birida tinka-madori qurigan Abdurahmon jevachini soʻroqqa chaqirishdi. U oyogʻini arang sudraganicha xonaga kirdi. Xona toʻrida shopmoʻylov tergovchi Ivanov gerdayib turardi. Tilmoch uning soʻzlarini tarjima qilib turdi.

– Xoʻsh, sen davlatga qarshi nega bosh koʻtarding? Uning mahkamalariga oʻt qoʻyib, bosib olishga harakat qilding?

– Men hech kimning yerini, yurtini bosib olmadim. Oʻz uyim, xalqim, farzandlarim, Vatanimni himoya qildim. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib oldi, koʻplab machitlar buzildi, kitoblar yoqib yuborildi, aqlli kishilar quvgʻin qilindi, odamlarning tinka-madorini quritdi. Biz ozod Vatan qurmoqchimiz! Bizda togʻ burguti bor, u bolasini oʻzi uchiradi, shuning uchun kurashadi ham. Lekin men oʻsha qushcha boʻla olmadim...

Uning tomogʻiga bir narsa tiqildi. Tilmochdan uning soʻzlarini eshitgan Ivanov istehzoli kuldi:

– Hali koʻrasan, seni dorga osamiz!

Jevachi oʻlimi muqarar ekanligini bilib turardi.

Uni oʻsha tor xonaga qaytib olib borishdi. Abdurahmon jevachining badanidagi tayoq zarbidan koʻkargan joylari yiringlab ketgandi. Xonadagi qoʻzgʻolonchilarning koʻpchiligini soʻroq qilib ham oʻtirishmadi.

Oradan bir oy oʻtib tashnalik va ochlikdan sillasi qurigan qoʻzgʻolonchilarni dala sudi qaroriga koʻra dorga osishdi. Jevachi dor tagida bir zum osmonga qarab turdi. Koʻm-koʻk osmonda bir juft oppoq burgut bolasi bir-birini quvib charx urardi.

Shu mahal Ivanov:

– Agar sen xalq oldida tavba qildim desang ozod boʻlasan! – dedi.

Bu gapni eshitgan jevachi Ivanovga shunday nafrat bilan qaradiki, u beixtiyor koʻzlarini olib qochdi.

– Yoʻq, men sotqin emasman. Men ozodlik yoʻlida kurashdim, – deya javob qaytardi jevachi. Soʻng boshini magʻrur koʻtardi va dor maydoniga olib kelingan odamlarga qaradi: – Xalqim, men sizlarni bosqinchi yovdan qutqarib ololmadim! Afsuski, xalq ozod boʻladigan kunlarni koʻrish menga nasib etmadi. Biroq Vatanim ozod boʻlgan kunlarni mening avlodlarim, xalqim albatta koʻradi. Biz ozod boʻlamiz! Alvido! Xalqimga saodat ber, farzandlarimni omon saqla, Tangrim! Bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechirgin. Ollohu akbar!

Abdurahmon jevachi oʻz boshini dor sirtmogʻiga soldi. Soʻng… Bir zum dor ipi tebranib turdi, tana jimib qoldi.

Dorga osilgan oʻn toʻrt kishining jasadi uch kungacha arqonda qolib ketdi...

Nihoyat osib oʻldirilgan barcha qoʻzgʻolonchilar jasadi tunda yashirincha Samarqandga olib ketildi va Murod avliyo qabristonida dafn etildi.

Umarqul Buxorov, Koʻhnabozor qishlogʻidan aka-uka Haydar va Rahmon Qurbonovlar, Omon Ibrohimov, Matlab Quvnaqov, Rahmon Eshmatov, Isroil Moʻminov, Ismoil Ollamurodov, Rahmat Rahmonov, Murotqosim Ortiqov, Uzoq Abdurasulov, Egam Musaev, Abulqosim Ortiqov, Joʻra Rahmonov, Otaqul Sultonov kabi bir yuz yigirmadan ortiq kishi tergovsiz otib tashlandi. Ularning ayrimlarini tiriklay tuproqqa koʻmib yuborishdi. Koʻhnabozordagi qabristondan ikki kuncha ingroq ovozi kelib turdi, biroq biror odam yordamga kela olmadi...

Koʻhnabozorliklarga madadga kelganlar orasida Yamchi, Oqbuloq, Uchma, Ilonchi, Osmonsoy va boshqa qishloq fuqarolari ham bor edi. Forish qishloqlari bir hafta tutab yotdi. Rus soldatlari qoʻzgʻolonchilardan qoʻrqqanidan jevachining qirgʻiz oshnalarini ham togʻlarda ushlab olib oʻldira boshladilar.

Bosqinchilar odamlarni shunday qiynadiki, tasvirlashga qalam ojiz...

* * *

Qormiz erining Jizzaxda ruslar tomonidan dorga osilganini eshitganida uyga kirib yum-yum yigʻladi. Endi bir etak bolani boqish uning zimmasida edi.

Qormiz eriga aza ochib, ustiga koʻk kiydi. Oradan bir necha oy oʻtgach esa quruq yigʻi bilan ish bitmasligini tushundi. Qoʻrgʻondagi uy yondirilgan edi. Demak Mixindagi yozlik uyda hayot kechirishdan boʻlak imkon yoʻq edi.

Qormiz oʻgʻil-qizlarini ergashtirib Mixin qishlogʻiga chiqdi. Hovlini oʻt-oʻlanlardan tozaladi. Qizlar hovliga suv sepishdi. Barcha xas-xashaklarni oʻgʻil bolalar tozalashdi. Toklarda qolgan oʻn-oʻn besh savat uzumni yerga yoyishdi. Odam qaramaganidan bogʻdagi meva-chevalarni qurt-qumursqalar, chumchuqlar yeb ketgan, olma, yongʻoqlar yerga tushib yotardi. Ularni bolalar terib olib oshxona chetidagi yogʻoch qutiga joylashdi. «Qishda hech boʻlmasa qoqi choyga yaraydi-ku», deya oʻyladi Qormiz.

Jevachining butun avlodi, aka-uka va oʻgʻillari: Norbek, Islom, Rustam, Doston, Qorabek, Dovul, Sorabeklar ham qoʻzgʻolonda shatalibliklar bilan birga qatnashdi. Qishloqqa rus soldatlari oʻt qoʻygan kuni barcha shatalib urugʻi har tomon tariqday tarqab ketdi. Ular yillar oʻtibgina oʻz makonlariga qaytdilar.

Asta-sekin qishloq qayta tiklandi. Odamlar chorva va dehqonchilik bilan shugʻullana boshladi.

Kunlar shu taxlitda oʻta boshladi. Qormiz molxonadagi eridan qolgan ketmon va oʻroqlarni oʻgʻillari bilan oʻtkirladi. Bu ishda ayniqsa oʻgʻli Dovul unga ancha koʻmak berdi. Qizi Ruxsatning esa buyi ancha choʻzilib, oʻroq oʻrishga qoʻli kelib qolgandi. Ona-bolalar qoʻzgʻolon kunlari toqqa haydab yuborgan mollarini qidirishdi. Oradan bir hafta oʻtib ikki sigir va uch echkini topib kelishdi. Bir qoʻra moldan qolgani shu edi. Qishi bilan meva-cheva yeb, sut-qatiq ichib kun oʻtkazishdi. Bahorda bir echkini soʻyishdi. Shu bilan pishiqchilikka yetib olishdi. Bogʻdagi tut novdasini koʻtarolmas darajada koʻp hosil soldi. Yil yaxshi keldi. Uzum, olma va yongʻoqlar moʻl boʻldi. Qormizning sochlari qishi bilan qorday oppoq boʻldi. U endi oʻgʻil-qizlarini katta qilish tashvishi bilan ovora edi. Qish boʻyi ulardan hech kim xabar olmadi.

Qormiz erining yilini oʻtkazish uchun Koʻhnabozorga bordi. Eski hovliga uch erkak, besh ayol toʻplandi. Abdurah­mon jevachining amakisi marhumni yodlab Qur'on tilovat kildi.

Qormiz qaytishda oʻzi bilan kundoshi Roʻzining bolalarini ham olib ketdi. Ular bu yerda ancha qiynalib qolishgandi. Roʻzi esa oriyat kuchlilik qilib u bilan ketmadi.

Oila asta-sekin tiklana boshladi. Ular hovlidagi daraxtlarni parvarish qilardilar, toklarni sugʻorar­dilar, meva-chevalardan qoq tayyorlardilar.

Hayot shu zaylda davom etdi. Asta-sekin odamlar qishloqqa qaytib kela boshladi. Tabiatning ishi qiziq-da: odam bor joyga qushlar ham yetib keladi. Jevachining farzandlariga koʻnikib qolgan togʻ burgutining bolalari ham tez orada bu yerga yetib kelishdi.

Nurota togʻlarida yashillik paydo boʻldi. Dalalardan mollar toʻyib qayta boshlashdi. Bolalar kulgusi eshitildi, osmonda varraklar koʻrindi.

Qormiz bolalarning ishlarini koʻrib quvonardi. Ular xuddi otalaridek har bir ishni tirishib, jon-jahdlari bilan ado etardilar.

Turli tomonlarga tarqab ketgan odamlar Koʻhnabozor qishlogʻini Sovuqbuloq atrofida qaytadan barpo etishdi

* * *

Oradan yillar oʻtdi. Nihoyat Abdujabbor toʻqsoba, Abdurahmon jevachining nevara-chevaralari ozodlikka erishishdi.

Bugungi kunda yurt osmonida magʻrur togʻ burgutlari baland parvoz etmoqda. Bobolari-momolari erkinlikni orzu qilgan Vatanda xalq baxtiyor yashamoqda.

2001 yil. Toshkentga, Mustaqillik bayrami tantanalarida qatnashish uchun yurtimizning turli tumanlaridan mehmonlar kelishgan. Mustaqillik maydonida buyuk Istiqlolning oʻn yilligi nishonlanmoqda. Sahnada Vatan haqida qoʻshiq kuylanmoqda. Uni Jizzax viloyati Forish tumanidagi 5-maktab musiqa oʻqituvchisi Olimjon Davilov ijro etmoqda. U Abdurahmon jevachining nabirasi. Sahnada uning 15 nafar oʻquvchi qizlari raqsga tushishmoqda. Osmonda mushakbozlik avjida. Olimjon bobolari orzu qilgan ozodlik haqida joʻshib kuylamoqda. Uning koʻksida «Oʻzbekiston xalq ta’limi a’lochisi» nishoni yarqirab turibdi.

Mustaqillikning birinchi yili Olimjon boshchiligida Abdurahmon jevachining nevaralari Samarqand shah­ridagi Murod avliyo qabristoniga Koʻhnabozor tupro­gʻidan olib bordilar va bobolari mozoriga sepdilar. Ular Murod avliyo qabristoni botir, qoʻrqmas, Vatan ozodligi uchun jonini qurbon qilgan bobolarining mangu makoniga aylanganini sakson besh yildan keyingina bilishdi.

Kamtarin Ustoz Edi...

...Dunyoda adabiyot bilan yashaydigan fidoyi, ayni paytda oʻta kamtarin insonlar bor. Anvar aka Javlonov shundaylar jumlasidan edi. U kishi bilan qachon uchrashib qolsak, gurungimiz adabiyot haqida boʻlardi. Bir kuni Anvar aka hayajonlanib Jurji Zaydonning Ilhom Sultonov tarjimasidagi «Al-Amin va al-Ma’mun» romani haqida gapirib qoldi. Sezdimki, ustoz al-Xorazmiy haqidagi hikoyalar toʻplamiga yangi ma’lumotlar toʻplamoqda. Yana bir kuni munaqqid Qozoqboy Yoʻldoshevning «Yoniq soʻz» kitobini izlab atay Toshkentga kelganida uchrashib qoldik. Angladimki, ustoz yana bir nimalarni yozishni rejalashtirib turibdi.

Afsuski, shafqatsiz oʻlim endi oltmish yoshdan oshgan, qalami charxlanib turgan, adabiy orzulari bir olam Anvar Javlonovni oramizdan olib ketdi. Anvar akadan sandiq-sandiq qoʻlyozma qoldi. Anvar akadan biri biridan ajoyib hikoyalar, maqolalar, hajviyalar, qissalar qoldi. Anvar akadan oqil farzandlar, shirin-shakar nevaralar qoldi.

Anvar Javlonov oʻzining kindik qoni toʻkilgan Forish tumani tarixi bilan astoydil qiziqardi. Bizga Jizzax qoʻzgʻoloni tashkilotchilaridan biri boʻlgan forishlik afsonaviy Abdurahmon jevachi 1916 yilning 25 iyulida osib oʻldirilgani ma’lum edi, xolos. Anvar aka jevachining avlodlarini qidirib topdi, ular bilan suhbatlashdi, ayrim tarixiy ma’lumotlarni qayta-qayta tekshirib koʻrdi. Muallifning oʻn yildan ortiqroq davom etgan izlanishlari samarasi oʻlaroq «Togʻ burguti» deb nomlangan tarixiy qissa yaratildi. Mazkur qissa ilk bor oʻquvchilar e’tiboriga havola etilmoqda.

Abduqayum Yoʻldoshev