OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Muqimov
Asar nomiNe kuylarga tushdim mano (hajviy qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Muqimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ юлдузи» журнали, 1992 йил 7-сон
Hajm80KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ne kuylarga tushdim mano (hajviy qissa)
Anvar Muqimov

Birinchi Bob

Soʻzni ichkilikning «karomati»dan boshlayin. Bu xumpar «yovvoyilik» davrida boshimga shunaqa savdolarni soldiki, heh-he! Yaxshiyamki, sakson beshinchi yilda chiqqan anovi qaror ichkilikning boʻyniga arqon tashladiyu omon qoldim, yoʻqsa, hozir «chin» dunyoda huru paykarlar bilan «atiy-batiy» oʻynab yurgan boʻlarmidim?

Bir safar deng, shu «shayton»ning «sharofati» bilan ishimdan ham, uydan ham haydalganman. Keyin qishloqdagi odamlarning ul-bul yumushini qilib berib, bir qultum-yarim qultumga yarasha pul ishlab yurdim. Bora-bora ish topilmay qoldi. Shundan soʻng desangiz, choponni yelkaga tashladim-u, «Namangan qaerdasan», deb yoʻlga ravona boʻldim. Ijara haqisi arzonroq deb, kolxoz-sovxoz bozorining mehmonxonasiga joylashib oldim.

Baxtimga, mehmonxona qorovuli musofirparvargina chol ekan. Savob boʻladi, gʻarib ekan deb har kuni ertalab menga choy damlab beradi. Choyni ichib, ishga joʻnayman. Birovning devorini suvayman, boshqasining tomorqasini chopaman... Ishqipib, chaqasini olaman. Birov kechki ovqat oldidan «dori» quyib beradi, birov — yoʻq. Lekin bari-bir koʻchaga chiqqach, bufetlarni (u vaqtlarda bu isqotining urugʻi koʻp) albatta «iskab» oʻtaman. Mehmonxonaga kelsam, qorovul choyni tayyorlab turgan boʻladi. Bir choynakni boʻshatib oʻrnimga kiraman.

Bir shanba kuni «hidlash» muddati uzayibroq ketib, mehmonxonaga odatdagidan kech qaytdim. «Chamaningda gulzor-e, omon boʻl, omon boʻl»ni vang qilib mehmonxonaga kirsam, navbatchi kampir «joy yoʻq», deydi-da! Meni kelmasa kerak deb oʻylashgan emish. Janjalni boshlab, endi avjiga chiqmoqchi boʻlib turgan edim, kimdir turtdi. Qayrilib qarasam, qorovul chol. Meni xonasiga boshlab bordi-da, bir koʻrpa-yostiq va oq choyshabni qoʻlimga tutqazdi.
— Mang, yarim kechada shovqin solib yurasizmi! —dedi. — Ayvondami yoki boshqa biron joydami yotaqoling. Bir kechaga hech narsa qilmaydi. Yoz, issiq. Har ehtimolga qarshi, kiyim-boshingizni yechib, menga berib qoʻying.

Yechinib, kalta ishtonda hovliga chiqdim. Qancha uxladim, bilmaytlan. Bir mahal choʻchib uygʻonsam, kimdir silkityapti. Shirin uyqumni buzgan qiligʻi sovuqning kim ekanini bilmoqchi boʻlib shu urinaman, oʻzimni oʻnglab ololmayman. Shabada turibdi shekilli, sovqotib ketibman. Men yotgan yer toʻxtovsiz tebranyapti. Ba’zan «jiq-jiq» koʻtarilib tushaman. «Yo parvardigori olam, — deyman ichimda, — bu nima? Yer qimirlayapti, shekilli! «Lo iloha illollo, Muhammadin rasul ollo», kalima qaytaraman oʻzimcha.

Bir payt yuqoriga qarasam, daraxt shoxlari «shuv-shuv» etib orqa tomonga «chopib» ketyapti. Yulduzlar esa «shoxdan-shoxga sakrab» menga ergashib boryapti. «Yo parvardigori olam, bu ne koʻrgilik!»

Jon holatda urinib, oʻng tirsagimga arang tayandim. Endi oʻrnimdan turmoqchi boʻlgan edim, gursillab chalqanchasiga yiqildim.
— Di-di-it!..,

«E-ha, bu moshinaning skgnali-ku. Ha, moshina», — Oʻylayman vahima ichida. — Bu meni qayoqqa, nega olib ketyapti? Kiyim-boshim... Cholga berib, hovliga chiquvdim. Joyni... nahotki, moshina ustida uxlagan boʻlsam!»

Qishloqliklar, odatda, shanba kunlari shaharga meva, sabzavot, qovun-tarvuz keltirishadi. Ularny bozorga tushirishadi-da, oʻzlari oʻsha men panoh topgan kolxoz-sovxoz bozori mehmonxonasiga kelib tunashadi. Kechikkan shofyorlar ham ulovlarini hovliga qoʻyib, mehmonxonada bir oz uxlashadi-da, saharda qishloqlariga qaytib ketishadi. Shuni bila turib, nega moshinaga chiqib oldim? E, mastlik oʻlsin, mastlik!

Shamol gʻuv-gʻuv urib turibdi — badanni teshaman deydi. Tishlarim orasidan «hih» deb havo soʻraman, «ha!» deb chiqaraman. «Hih, ha-hih, ha!» Oraga aksirish ham suqilib turadi. «Ha-ha-ha, afshu!» «Ha-ha, ha, afshu!» «hih-ha-hih, ha, afshu!»

Bu ahvolimdan shofyorni xabardor qilishim kerak, qaror qildim oʻzimcha. Moshina toʻxtasa yo tushib qolaman, yo kabinasiga kirib olaman. Urina-urina choyshabga oʻrandim. Ikki uchini bir qilib tishlab oldim. Taxtalarga urila-surila oʻrnimdan turdim. Kabina tomiga tap-tap urdim. Yelday uchib borayotgan moshina «gʻiyq» etib taqqa toʻxtadi. Oldinga qalqib, yiqilib tushishimga bir bahya qoldi. Shofyor — ingichkagina yigitcha kabinadan otilib chiqdi. Chiroqchasini yoqib yuzimga tutdi. Bir narsa deyishga ulgurmadim, «voy!» dediyu, oʻzini kabinaga oldi. Moshina haligidan ham tez uchib ketdi. Bolasi tushmagur, nega bunday qildi — tushunolmadim. Yana taqillatdim, yoʻq, tezlik ortsa-ortadiki, kamaymaydi! Noiloj oʻtirib, ming azobda koʻrpani belimga oʻrab oldim. Ha, mayli, tasalli beraman oʻzimga. Tongda yalangʻoch sayohat qilish peshonada bor ekan-da! Ammo, manzilim qaer boʻlar ekan?

Kechasi boʻlgani uchun yoʻllar boʻm-boʻsh. Mashina burilishlarda ham tezligini pasaytirmaydi. Daraxt shoxlari shovillab oʻtib turibdi. Yulduzlar ham men bilan birga yelib boryapti.

Yurdik-yurdik, nihoyat ikki yonda milt-milt qilib chiroqlar koʻrina boshladi — biror qishloqqa yetdik chogʻi.

Yorugʻroq joyga kelganda mashina «gʻiyq» etib taqqa toʻxtadi. Kabina eshigi shiddat bilan ochildi va undan shofyor bola chiqdi, u yoq-bu yoqqa qaramay, koʻchaning chap tomoniga yugurdi.

Dam oʻtmay «tap-tup» oyoq tovushi eshitildi. Qaradim. Bir melisa men tomonga chopib kelmoqda. U oʻn qadamcha nariroqda toʻxtadi. Toʻpponchadan osmonga qarata oʻq uzdi. «Kimsan?» dedi baqirib. Indamadim. Zotan, gapirishga madorim ham yoʻq, tilim ham aylanmas edi. Dir-dir qaltirayman, tishlarim takillaydi.
— Kimsan?! — dedi militsioner yana.—Tur oʻrningdan! Tur!

Choyshabni yopinib, ikki uchini tishlagancha oʻrnimdan turdim. Melisa beixtiyor orqasiga tisarildi,
— Sotvoldi aka! — deya qichqirdi oʻng tomonga qayrilib, — hoʻ, Sotvoldi aka! Choping bu yoqqa! Tez! Tez!

Militsioner tagʻin menga yuzlandi.
— Qimirlama! —dedi va yana osmonga qarab oʻq uzdi. — Qimirlading, otilasan! Zum oʻtmay shopmoʻylov bir.melisa yetib keldi. Koʻzlarini uqalay-uqalay:
— Nima gap! — dedi hovliqib.

Sherigi javob berar-bermas, yelkasiga miltiq osgan bir chol ham paydo boʻldi.
— Xoʻsh, tinchlikmi? Melisa menga ishora qildi.
— Anavini qaranglar!

Ular «iy-e» deb angrayib qolishdi.
— Kimsan?
— Goʻrdan chiqqan murda bu! — dedi chol, soqoli titrab. — Lo illoho illollo!
— Boʻlmagan gap!—dedi yosh melisa. — Murda goʻrdan chiqa oladimi?
— Boʻlmasa arvoh yo jin bu! — vahima qildi chol. — Lo iloho illollo, Muhammadin Rasulillo!..

Harchand «men murda ham, arvoh ham emasman, Namangan mehmonxonasining ojiz fuqarosiman», demoqchi boʻlamanu aytolmayman, tilim kalimaga kelmaydi. Ustma-ust aksa uraman, kekiraman.
— Hoy, inson, javob bersang-chi! Boʻlmasa, tush bu yoqqa! Tushishdan boshqa chora qolmadi.
— Sotvoldi aka! — qichqirdi yosh melisa, — Siz chap biqiniga turing, siz, Nosir buva, oʻng biqiniga oʻting. Men orqada boʻlaman. Miltigʻingiz oʻqlanganmi, buva?
— Oʻqlangan-u, bolam... — Chol orqasiga tisarildi, — men, men... Lo iloho illollo!..
— Oʻting deyapman sizga! — Oʻshqirdi yosh melisa, — «Illollo» deydi-ya!

Chol hurkib-hurkib mashinani aylanib oʻtdi. Miltiqning ogʻzini menga qaratdi.
— Qani, oyoqni oshir! Mana bu yerga qoʻy.

Yosh melisa oyoq qoʻyishim lozim boʻlgan joyni koʻrsatib, oʻzi orqaga chekindi. Qaltiray-qaltiray oyogʻimni oshirdim. Paypaslab zinani topdim. Yerga tushganimdan soʻng, yosh melisa koʻchaning chap tomonini koʻrsatdi.
— Qani, bu yoqqa! — dedi. — Sotvoldi aka, siz oldinga oʻting. Nosir buva, siz doʻkoningizga choping.

Old-ortimda mirshablar, bir qator boʻlib melisaxonaga kirib bordik. Chortoqqa kep qolibmiz. Meni chogʻroq xonaga qamab qoʻyishdi. Tong otgach, mehmondoʻstlikni qarangki, rosa ovqatlantirishdi, choy ichirishdi. Keyin soʻroqqa tutishdi...

Uchinchi kuni menga kula-kula javob berishdi. Haligi melisalar koʻp dono, koʻp saxovatli odamlar ekan. Ust-boshimni ham but qilib berishdi. Oyogʻimda jagʻi koʻchgan qishlik botinka, boshimda soyaboni uzilib ketgan eski shapka, egnimda yelkasiga yamoq tushgan chit koʻylak, pochasi tizzadan keladigan kalta shim. Koʻltigʻimda choyshabga oʻralgan koʻrpa. «Namangan qaydasan?» deb yoʻlga tushdik-ku. Oh, oʻshanda koʻrsangiz edi turqi-tarovatimni!..

Ha, aytmoqchi, shofyor bolaning taqdiri nima boʻldi, demoqchisiz-da? Bolasi tushmagur oʻshanda meni jin yoki murda deb oʻylab, koʻrqqanidan lablariga uchuq toshib ketibdi!..

Koʻrdingizmi, «obizamzam»ning «sharofati» bilan bir bandai musulmonning ham yuragini yorayozdim. Ammo mehmonxona ahlini qahqaha ummoniga gʻarq qilib yubordim. Har kuni tekin kulgi. Bora-bora alam qildi. Oʻtmishimni tarix bisotiga qulochkashlab uloqtirdim-da, otning boshini shartta qishloqqa burvordim. Rizqimga yarasha bir hoʻplam-yarim hoʻplam topilar-ku shu yoqlarda ham...

Ikkinchi Bob

Bir hisobdan, qishloqqa qaytib chakki qilmagan ekanman, «moʻysafid» bilan surunkasiga «oshnachilik qiladigan» birorta ham shovvoz qolmabdi bu tomonlarda. Biri butilkadan licha chimqingan boʻladi-yu, quyonning uyini moʻljallab qoladi. Biri «jigarim chatoq» deydi — chap beradi, Biri qon bosimini oʻrtaga soladi — Oʻzini olib qochadi. Mehmoniga zalvorliroq qadahdosh zarur boʻlib qolguday boʻlsa, meni qidirishadi. Sershisha dasturxon tepasida maza qilib oʻtiraman. Mezbonga sipqarish boʻyicha oʻrinbosarlik, mehmonga soqiylik qilaman. Kulaman, kuldiraman, ichaman, ichiraman. Nima qilamanki, mezbonning hojatini chiqarib, duosini olaman.

Avvallari «xalqaro ahvol» toza rasvo, — shu ichkilik tushmagurning «sharofati» tufayli kichkina bola ham menga qoʻlini bigiz qilar edi. Bir hodisa sabab boʻldi-yu, bular barham topdi.

Kunlarning birida qishlogʻimiz doʻkonchisi Alivoy aka chaqirib keldi. Ipakday mayin. Hayron qoldim. Doim gerdayib yuradigan, nasiyaga shishaning dumini ushlatmagani yetmaganday, «doʻkon yonida ichish mumkin emas», deya dagʻdagʻa qiladigan bu battolga nima boʻldi? Doʻkonchi ahvolimni astoydil surishtirdi. Maqtadi. Ichkilikka qolganda filning bardoshiyu sherning qudratiga molik ekanimni ta’kidladi.
— Xoʻsh, tinchlikmi, Alivoy aka? — dedim.

U dardini toʻkib soldi. Sanitarlar doʻkonini yopib qoʻyishibdi. Alivoy aka malomatga qolishdan choʻchib inspektorning oyogʻiga bosh urguday boʻpti. Yalina-yalina uyiga olib kelibdi. Dasturxonga shishalarni terib tashlabdi. Afsuski, inspektor yoʻlga yurmabdi. Ichirmasa boʻlmas, Alivoy akaning koʻngli taskin topmas ekan. Ichirish uchun esa, uddaburon ulfat kerak ekan.
— Bilasan, oʻpkam yamoq, zoʻrgʻa yuribman, —zorlandi Alivoy aka, —Yarim tomchiyam yutolmayman. Men ichmasam, u ham ichmayapti. Bormasang boʻlmaydi. Eping bor, kuldir, ich, ichir, murosaga keltir.

Piyanistaning tabiati nozik boʻladi. Alivoy aka buni nazar-pisand qilmay, dilimni takror-takror vayron qilgan. Shuni eslab «yoʻq» demoqchi boʻldim-u, biroq ayrim jihatlarini nazarda tutib yumshadim. Alivoy aka uyiga yetguncha yoʻl-yoʻriq koʻrsatib bordi. Inspektor yoshgina bola ekan. Ishni «boshladim». Ammo sira epaqaga kelmaydi-da zumrasha! Kadah sunaman, olmaydi, yolboraman, unamaydi. Alivoy aka pinhona iyak qoqishini qoʻymaydi. Ikki oʻt orasida qoldim. Shunda maynavozchilikni ishga soldim. «Inson taqdiri» filmidagi Sokolovga taqlid qildim. «Yigitning arsloni birinchi qadahdan soʻng zakuska qilmaydi. Yigitning zoʻri...» «Zakuska»siz uch marta «koʻtardim». Alivoy aka «ha, boʻl» qilib turibdi:
— Haqiqiy xoʻroz yigit bu! Oshqozoni zavoddan chiqqan, domna pechni bir choʻqishda qochiradi.

Inspektor zavqlanib kuldi va nihoyat men boshlagan yoʻlga «burildi». Keyin nima boʻldi, bilmayman. Uygʻonsam, uyimda yotibman. Tuflining ipiga zarkokilday bejirim tugun tushgan ekan, chigalning uchini topolmay xit boʻlib oʻtirsam, Alivoy aka kelib qoldi. Ishi oldinga «gʻildirabdi» shekilli, minnatdorchilik bildirdi, kasb-korimga kushoyish tiladi. Soʻng toʻrtta «Toʻqson besh» otli choyni soʻriga qoʻyib, iziga qaytdi.

Bor gap shu edi, Alivoy aka unga libos kiydirib, choyxonada soʻzlab beribdi. Pivo, aroq va vinoni omuxta qilib ichganim ham, mineral suvini ijirgʻanib ichib, orqasidan konʼyakni zakuska qilganim ham qolmabdi... To meni uyga telejkada eltib qoʻyganigacha gapiribdi. Ertasiga yostiqdan choshgohda bosh koʻtargan edim. Alivoy aka unga ham «picha tuzatish» kiritibdi.
— Ogʻzini voronka qilib salkam bir paqir aroqni ichvoruvdi. Azonda uchrashsam, hech narsa koʻrmaganday, oʻqlangan miltiqday qotib turibdi,—debdi. — Sortovoy piyanista deb mana buni aytadi, — debdi.

Choyxoʻrlar yoqa ushlab qolishibdi. Boʻlgʻusi mijozlarim esa yengil tortishibdi. Shundan keyin Alivoy akaning «ilgʻor ish uslubi» va bizning oshqozon ogʻizga tushib ketdi. Ismim «sortovoy»ga aylandi. «Buyurtmachi» bolalay boshladi. Birovnikiga shishabop mehmon keladi, unga ulfat kyorak boʻladi — bizning oshqozonga yumush topiladi! Birovning kimgadir ishi tushadi, bizning oshqozon yana xizmatda...

Oldinlari bu zormandaga xohlagan vaqtimda, istalgan ichimlikni bemalol quyaverar edim. Bora-bora mahallaga qaram boʻlib qoldim. Bu xususda mahalla oqsoqolidan maxsus koʻrsatma ham oldim.
— Oʻzboshimchalik qilmaysan, — tayinladi oqsoqol. — Faqat mahallaning ehtiyoji boʻyicha ichasan. Koʻpchilikning xizmatini qilsang, kam boʻlmaysan. Xizmatning yomoni yoʻq, birov mahallaning oshini pishiradi, birov koʻchasini supuradi...

Sezib yuribman, kolxozga mehmon koʻp keladi. Raisimiz Solivoy aka quv odam. Biladiki, birovning koʻngli koʻngilxushlik bilan, birovniki ichkilik bilan obod... Solivoy aka oshqozonini koʻz qorachigʻiday asrar, shu tufayli ikkinchi toifa mehmonni xushnud etishda andek qiynalar edi. Idora xodimlari yurak oldirib qolgan, mehmonga dasturxon yozildi deguncha qochvorishar, mehmon esa, «yolgʻiz otning dongʻi chiqmas» qabilida oyoq tirab turib olarkan. Xullas, rais menday puxta ichuvchi va ichiruvchiga ehtiyoj sezib yurarkan. Uzunquloq gaplarni eshitadi-yu, hushyor tortadi. Darhol odam yuboradi. Havotirlanib idoraga keldim. Avvallari meni koʻrsa, Solivoy akaning qovogʻi osilib ketardi. Bu gal ochiq chehra bilan kutib oldi. «Ha, Sortovoy», deb kulib ham qoʻydi. Keyin vazifamni tushuntirdi.
— Oshqozoningni kolxoz yumushidan boshqa ishga yurdirmaysan, — dedi oxirida. — Bogʻbonning yordamchisi sifatida ish haqi olasan.

Shu tariqa meni butkul «oʻziniki» qilib oldi. Mehmon kelgani hamono «Volga»sida darvozamga salom berib turadi. Noz-ne’mat raisdan, mehmonga bir amallab moʻlroq ichirish mendan. Ha, darvoqe, ertasiga oshqozonning «ashula»sini va yangangizning «diydiyo»sini tinglash ham bor. Agar mehmon qadah koʻtarishni xohlamasa, Solivoy aka qoʻlini koʻksiga qoʻyib iljayadi.
— Sogʻligingiz joyida, oling, — deydi mehmonga. — Bizga uzr. Oshqozonimiz operatsiya ustali muruvvatidan ikki marta bahramand boʻlgan. Qatron qilyapmiz. Boʻlmasa-yu... Kosalab ichgan vaqtlarimiz ham boʻlgan. Qani, olinglar, oq boʻlsin. Ha, barakallo, barakallo. Ot bilan tuya boʻlarmidi, hazmi taom-da.

Mehmon Solivoy akaning ham ichishini qat'iy talab qilsa, rais nayrangga oʻtadi. Dastlab soqiylikni mendan tortib oladi. Uchovimizning oldimizga ikkitadan boʻsh piyola qoʻyadi. Ularning biriga ichkilik, ikkinchisiga mineral suv quyadi. Soʻng mehmonning koʻzini shamgʻalat qilib, aroqli stakanini mening suvli stakanimga almashtirib oladi. «Qani, qani», qilib koʻtaramiz. Rais yolgʻondan «voy-voy»lab suvni suvga zakuska qiladi. Men shoʻrlik aroq ketidan aroqni zakuska qilaman. Shu ravishda «aroq»ni Solivoy aka ichadi, spirt oʻlgur bizning oshqozonga quyiladi. (Oʻziniki goʻyo noyob idish, spirt tegsa, siri koʻchib ketadi)

Rais qaltis sinovlardan keyin bizning oshqozonni «domna pech» deb ataydigan boʻldi. Menbop mehmonga roʻpara qilishdan oldin yarim qadoq dumba yogʻi bilan siylaydi. Bundan tashqari ombordan uyga guruch, makaron, un-pun obketib ham turaman.

«Domna pech» xizmatdan bezillab qolgan edi, sanatoriyga eltib «toblatdi». Lekin oʻzim jonli guvoh (men ham birga borgan edim-da), toʻrt hafta davomida «domna»ga spirt zotini yoʻlatmadi.
— Ana endi birinchi klass «domna» boʻldi. Unga sifat belgisi bersa ham boʻladi, — Solivoy aka qornimga mehri joʻshib qaradi. — Lekin, birinchi klass ekan deb kim nima quysa, koʻnavermagin. «Leviy»ga umuman yurmagin. Sortovoy degan noming bor.
— Xoʻp, — dedim. Biroq, yurmay boʻladimi «leviy»ga. Bu yoqda hojat degan gap ham bor. Mana, masalan, beva xolam. Zavoddan gʻisht soʻrasa bermabdi. Nima qilish kerak? Zavodning koʻnglini ovlab xolamga yordam bermasam, insofdan boʻlmaydi. Xolamning tugunini qoʻltiqlab, bordim. Zavod direktori bilan uzoq laqillashib qolibman, pritsep toʻla gʻisht mendan oldin qishloqqa yetib kelib xolamning hovlisiga tushibdi. Zavod boshliqlari sha’niga ofarinlar aytdim. Ammo bir hisobda, olqish uvol ketadi ularga. Negaki, ming juft gʻisht evaziga olti chervon tutqazdim. Boz ustiga ikki «moʻysafid»ni pok-pokiza tushirishdik. Ulardan nima ketdi, akt nomli ajdaho bor. Yuz ming gʻishtni bir «yamlaydi», «falon ming gʻishtni suv bosib nobud boʻldi. Muncha ming dona gʻisht xumdonda erib ketdi...» Tuproq — suv tekin. Qogʻozning tilsizligy barchaga ravshan.

Ertasi kuni matlubot jamiyati omborining qorovuli keldi.
— Tez tegirmon boshiga yetib borar ekansan, — dedi. — Mudir tayinladi.
— Qaysi mudir?
— Valiev-da!

Qorovulning aytishicha, oʻtirish sohiblaridan ikkitasi meni nishonga olib, yigirma besh soʻmdan garov bogʻlashibdi. Yarim litr «Ekstra»ni kosaga quyib bir koʻtarishda «otib» yuborsam, Valiev yutar ekan. Nima qildim endi? Bu yoqda «domna» hordiq talab, devorlari hilvirab ogʻriyapti. Bormaslikning yana iloji yoʻq. Valiev ba’zan kamyob mollardan oʻz narxida topib berib turadi. Hatto, ximchistkadan chiqqan kostyumimni yangisiga, buzuq televizorimni ohori toʻkilmaganiga almashtirib bergan. Bordim. Ertasiga qarasam, choʻntakda qovurgʻasi sinmagan ikkita yigirma besh soʻmlik turibdi.

Kechki payt sabzavotchilik brigadiri yoʻqlab keldi. Qoʻlida shisha toʻla qizil soʻmka.
— Akang aylangur Sortovoy, ekinlarim chanqab qovjirab yotibdi. Toʻgʻon qorovulini bir insofga keltirib bermasang, hosilsiz qolaman, — dedi yalinchoq tovushda. — Bilasan, yurakning mazasi yoʻq...
— «Domna» band, qoʻli tegmaydi,—demoqchi boʻldim-u, oʻylanib qoldim. Axir kuzda bir-ikki qopdan sabzi, piyoz bersa, teshib chiqarmidi! Bir-ikki qop nima ekan, oʻn qop berganda ham kolxozning xazinasi kamaymaydi. Paykalda yetishtirilgan hosilni yigʻishtirib turib, tarozidan oʻtkazishmaydi, hech qachon. Shu boisdan oʻn tonnalab sabzavotni chetga eltib sotvorishadi.

Yetaklashib toʻgʻon boshiga ketdik. Tong mahali koʻzimni ochsam, toʻgʻon soʻrisida yotibman. Oyogʻim qorovulning qornida. Asta qoʻzgʻaldim. Brigadir tunda gʻoyib boʻlganicha, qaytib kelmabdi.

Toʻgʻondan qaytishda brigadirni uchratdim. Ogʻzi qulogʻida.
— Besh, besh! — dedi u yelkamga qoqib. — Kapsanga qarz boʻldik.

Mamnun iljaydim. Biroq, Solivoy aka bu kayfiyatni bir ondayoq tilka-pora qilib tashladi. Oqshom menbop mehmon kelgan ekan. Raisning «Volga»si uch qur bosh uribdi darvozamga — yoʻqmiz. Rais noiloj xashaki ichuvchilarni hasharga chorlab, arang ishini bitkazibdi.
— Kolxozchilarning mehnat minimumi bor. Sening ham, — dedi u hovridan tushgach. — Sen shu minimumni bajarmayapsan, Sortovoy! Agar tagʻin «leviyvga yurib «domna» xizmatini suiste’mol qilsang, ayab oʻtirmayman. Qonun boʻyicha dabdalangni chiqarvoraman! «Domna» hamisha boevoy holatda tursin. Kolxozning ogʻirini yengil qilishga yarasa ham yetar!..

Yot koʻchaga kirmaslikka va’da berdim. Ammo, iloji yoʻq-da! Birov qosh, birov koʻz — koʻngil boʻlmaydi.

Oqsoqol ham urishib berdi.
— Mahallaning obroʻsi boʻlib turibsan! Boshqa yoqlarda nima bor? Mahallada sendan boshqa abjir yoʻqligini bilmaysanmi? Bunaqada «domna»ni charchatib qoʻyasan-ku! Oshqozoning kasal boʻp qolsa qayoqqa yuguramiz!

Ertalab rais chaqirtirdi.
— «Domna»ning ahvoli qalay? — soʻradi.

Kechagi «leviy»ning «huzuri»ni surayotgan edim. «Domna» ogʻriyotgan boʻlsa-da, bosh barmogʻimni koʻrsatdim.
— Vot, poʻlatni eritishga qodir!
— Malades! — yelkamga qoqdi Solivoy aka. — Indinga senbop mehmon keladi. Bolta qassobga tayinladim. Yoʻliqsang, dumba, yogʻi beradi. «Domna»ni tobga keltir.

Kechga yaqin «domna»ga «ishlov berib» tursam, Anzirat xola keldi. Darrov fotihaga qoʻl koʻtardi.
— Iloyo omin, baxtimizga oshqozoningning boshi toshdan boʻlsin, oblohu akbar. Gap bunday, xolang aylangur. Nevara kuyovim kelgan edi. Bilasan, hozirgi yoshlar noziklashib ketgan. Dasturxonning burchagida shu yer yutkur shisha turmasa, qoʻy soʻysang ham yozilmaydi peshonasining tirishi. Quysam, ichgani uyalyapti. Bir kirib...

Gapini boʻldim.
— Zakaz bor, xola.
— Tugʻilganingda suyungan edik. Bir martagina ishim tushsa-yu!..
— Unaqa koʻrnamaklik qilmang-da! Yubileyingizdagi xizmatim esingizdan chiqdimi!
— Ha, u xizmatingni toʻyona qilgaisan. Joningdan sadaqa. Yoʻq dema, bolam, savob boʻladi.

Raisni roʻkach qildim. Kampir xomush tortdi.
— Raisga oʻrdir qildirib kelsam kirasanmi? — dedi Ana xolos!

Kampirning kuyovi-ku, goʻl, nimjon bola ekan, bir zumda koʻzi gʻilay, ogʻzini baymoq qilib tashladim. Ba’zan chayir va zabardast qadahdoshlarga duch kelaman, «belini bukkuncha» Azroilning mehrini qozonay-qozonay, deb qolaman. Ehtiyot qismlar magazinida sotilsa ekan, qirqinchi razmerli oshqozon xarid qilib belimga mahkamlab olsam. Unday desam, boshqa «qismvlarning faryodi ham koʻkka yetib yotibdi. Ichkilik qurgʻur odamning etiga oʻch boʻlar ekan, goʻshtni shilib, terini suyakka yopishtirib tashladi. Bu yoqda tengdoshlardan xijolat chekaman.
— Biz ham «domna pech»dan biron marta foydalanaylik, baraka topkur, Sortovoy, — deb qoʻyishadi. Har gal va’da berishdan nariga oʻtolmayman. Mehmonu buyurtmachining keti uzilmaydi.
— Sortovoy, ertaga kolxozga mehmon keladi...
— Chorshanba kuni kichkina dasturxonimiz bor, birga baham koʻrsak... Yoʻq desam — ginaxonlik.
— Mahalladan qarzimiz yoʻq edi-ku!..
— Mazam yoʻq, oshqozon yaramaydi, — iltijo qilaman yigʻlamsirab. Xaridorim labini burib oʻpkalanadi.
— Ha, bizga qolganda shunaqa ekan-da!

Qiynalib ketdim. Soʻng shartta oshqozonni oldim-da, hayyo-huyt deb oʻzga yurtlarga qochib yubordim. Anchagacha mahalla mulkini koʻtarib darbadar qochoq boʻlib yurdim. Tirikchilik tagʻin eski asliga tushdi. Tunash joyim — mehmonxona. Kunduzlari odamlarning roʻzgʻor yumushlariga qarashaman — bir stakan-yarim stakanga yarasha pul topaman. Axir, nafs oʻlgur oʻz holimga qoʻymasa, dodimni kimga aytaman! Xayr, shunisiga shukr, deyman. Ammo, hamisha xavf-xatar changalidaman. Axir, oshqozon oʻgʻrisi sifatida qidiruv e’lon qilishsa, unda nima boʻladi. Tutib olishib, mahalla buyumini oʻgʻirlashda ayblab sudga oshirishsa-chi?

Yoʻq, xayriyat, unday boʻlmadi. Lekin, ukam izlab keldi. Yetaklashib uyga qaytdik. Ana endi, «besh-toʻrt kun rosa «tortadigan» boʻldik desam, qayoqda! Yangangiz qaynogʻasini oʻqlangan zambarakday qilib qoʻygan ekan chogʻi, soldati tushmagur sira shisha zotiga yaqinlashtirmaydi-da! Bu ham yetmaganday, bir kuni meni mashinaga bosib, shaharga olib ketdi. Allaqanaqa shifoxonaga topshirib yubordi, bemehr! E, voh! U yerdagi voqealarni men aytmay, siz eshitmang. Olti oy deganda chiqdim oʻsha doʻzaxsifat dargohdan. Biroq, quruq chiqmadim, yangi «dard» orttirib chiqdim. Ya’ni, boʻsh shishani koʻrsam ham oʻqchiydigan boʻlib qoldim.

Uchinchi Bob

Olamga nomuborak daqiqada kelgan ekanmanmi, bilmadim, baxti qoralik menga koʻp yoʻliqadi. Bir yoʻliqqanda naqd oʻttiz sakkiz chervonimni shilib oldi, isqoti!

Yoz edi. Tong paytida shirin uyquda yotgan ekanman, kimdir hadeb turtkilaydi!.. Koʻzimni ochsam, yangangiz...
— Turing, dadasi, turing! — deydi labi-labiga tegmay. — Shoʻrimiz qurib qoldi!..
— Nima! —sakrab oʻrnimdan turdim.
— Qoʻylar qoʻtondan chiqib, xamirni... Bir togʻora xamirni yeb, suv ichib... Yarim yalangʻoch holda qoʻton tomonga yugurdim.
— Bu yoqda! — yangangiz ariqqa ishora qildi.

Keskin burilib, ariq tomonga chopdim. E, voh! Ikki boʻrdoqi ariq yoqasida toʻntarilib yotardi! Oyoqlar osmonda, qorinlar nogʻora, yorilaman deydi! Ikkovi ham inqillaydi, toʻlgʻanadi!..

Orqamdan halloslab yangangiz yetib bordi.
— Endi nima qildik? — dedim choʻgʻ ustida turganday betoqat boʻlib.
— Qassobga choping, — amr qildi yangangiz. — Keyin moldoʻxtirga! Yoʻq, oldin moldoʻxtirga, keyin qassobga! Tez! Tez!

Mol achchigʻi — jon achchigʻi! Yugurib yurib kiyindim. Eh, velosiped la’natiyam buzuq edi-ku! Qoʻshni Sotvoldinikiga gʻizilladim. Voqeani aytdim.
— Shunga tezda moldoʻxtir bilan qassobni matasekilingizda obkelib bering! — dedim oʻpkam ogʻzimga tiqilguday boʻlib. — Iltimos, qattiq iltimos!
— Bajonidil edi-ku, — qoʻshnim aftini burishtirdi. — Oyoqqa chipqon chiqqan, bir haftadan beri matasekil minolmayapman.
— E, darhaqiqat... kechirasiz...

Qoʻshnim oqsoqlanganicha uyiga kirib ketdi. Hayron boʻlib turgan edim, zum oʻtmay qop-qora jajji matasekilni potillatib yetaklab chiqdi.
— Mang,—dedi,—oʻzingiz borib kelaqoling! Hayratdan koʻzlarim katta ochilib ketdi.
— Ie, nimalar deyapsiz? Axir, umrimda minmaganman-ku?
— E, valasapidni eplagan odam buni ham eplayveradi.
— Yoʻgʻ-e!..
— Nima «yoʻgʻ-e!» — Qoʻshnim matasekalning murvatlarini bir-bir koʻrsatdi. — Mana, manovini mundoq qilib, manovini mundoq qilsangiz, asta yura boshlaydi. Manavini qattiqroq boss,angiz, tezlaydi, keyin...

Qoʻshnim borini tushuntirdi. Biroq, yaqinlashishga yuragim betlamasdi. Nima qilsam ekan? Bu atrofda boshqa ulov yoʻq. Piyoda chopqillasammikan? Yoʻq, borib kelgu-nimcha, qoʻylar «saranjom» boʻladi!..

Ikki boʻrdoqi, oʻttiz sakkiz chervon! Mol achchigʻi — jon achchigʻi! Tavakkal qilib, egarga oʻtirdim. «Mundoq-mundoq» qilib, yurgizdim. «Mundoq-mundoq» qilib, tezligini oshirdim. Jonivar, naq yoʻrgʻalab ketdi.
— Xah, shu ekan-ku! — Oʻylayman koʻnglim allanechuk ravshan tortib. — Hozir borib moldoʻxtirni olib kelaman — vassalom...

Aytmoqchi, nimasini nima qilsa toʻxtar edi bu matoh? Yoʻlning tekisroq joyiga kelganda, ruldagi murvatlarga koʻz yugurtirib chiqdim. Ammo toʻxtaydigan murvatini farqlay olmadim. Yuragim «shuv» etib ketdi. Akang qaragʻay, boya ta’lim olish chogʻida matasekilning «nimasini nima» qilsa yurishini oʻrganibdi-yu, «nimasini nima» qilsa sekinlashini, yana «nimasini nima» qilsa, toʻxtashini durustroq uqib olmabdi! Eh, pishmagan xom kalla!

Oʻz oʻylarim bilan bandman. Matasekil yelday uchib boryapti. Hash-pash deguncha moldoʻxtirning darvozasidan oʻtib, dalaga chiqib ketdim. Endi nima qilsam ekan? Murvatlarini «mundoq-mundoq» qilib koʻrsammikin? Yoʻq, aslo! Axir, sekinlataman, deb bir nima boʻp ketsam, holim ne kechadi?

Bu tashvishlar yetmaganday, burnimning uchi bir qichiydi, biram qichiydiki! Qoʻlni boʻshatib, qashlab olishga sira-sira yurak yoʻq! Boshni u yoq-bu yoqqa ham burolmayman, ikki koʻzim yoʻlda!

Axiyri oʻn toʻrtinchi brigadaning dala shiyponiga yetdim. Shiypon oldidagi xirmonni aylanib orqaga burildim. Qishloqqa kirdim. Moldoʻxtirning darvozasiga yetganda, qattiq qichqirdim.
— Ikromov aka! Hoʻ, Ikromov aka!..

Ikromov aka tovushimni eshitdimi, yoʻqmi — shamolday gʻuvillab oʻtdim-ketdim. Nariroqqa borsam, qassob buva yoʻl yoqasidagi ariqda yuz-qoʻlini yuvyapti.
— Qassob buva!—baqirdim. — Hovliga boring, qoʻy chatoq!..

Dam oʻtmay qishloqdan chiqib ketdim. Kengroq joyda qayrilib, yana qaytdim. Hovlimizga yaqinlashayotganimda koʻrdim — yangangiz bilan qoʻshnim shoshilib uyga kirib ketishyapti. Demak, ish yanada chappasiga ketibdi.
— Sotvoldi!—deya baqirdim. — Qaerini bursa toʻxtaydi!

Sotvoldi turgan joyida qotib qoldi. Keyin nima dedi, nima qildi — bilolmadim. Bir mahal qassob buvaning hovlisiga yetib qolibman. Qassob buva artinib turgan ekan.
— Hali nima deding, Karimjon? — dedi.
— Pichoqni olib uyga boring!—qichqirdim. — Qoʻy chatoq...

Koʻchada bitta-ikkita odam oʻrmalab qolgan edi. Zokir traktorchi koʻrinib qoldi. Uning roʻparasiga yetmasdan:
— Zokir aka, qaerini burasa toʻxtaydi? — dedim.

Ammo Zokir akaning javobini anglamadim, «zuv» etib oʻtdim-ketdim. Nariroqqa borsam, yoʻlning qoq oʻrtasida ikki kampir tippa-tik turib gaplashishyapti. Jon-ponim chiqib ketdi,
— Qochinglar! Qochinglar!—baqirdim bor ovozim bilan. Darvoqe, «qaerini burasa» bibiplaydi? Kampirlar choʻchib ketishdi va oʻzlarini darrov chetga olishdi.

Moldoʻxtir haligi chaqirganimda ovozimni eshitgan ekanmi, koʻzi olazarak boʻlib, darvozasi yonida turibdi. Roʻparasiga yetay deganda:
— Uyga boring, qoʻy kasal!—dedim va oʻqday uchib oʻtdim-ketdim.

Qovun yuklangan eshak aravani «poʻsht-poʻsht!» deya quvib oʻtib, yana boyagi xirmonga yetdim. Bir aylanib, izimga qaytdim. Qassob buva, aftidan, biznikiga ketayotgan ekan, meni koʻrib qoʻlini koʻtardi.
— Toʻxtat, mingashtirib ket!

«Voy otaxon-ey, toʻxtat emish-a», deyman ichimda. Toʻxtatishni bilsam shu koʻylarga tusharmidim!

Koʻcha eshigimiz yonida talvasaga tushib Sotvoldi turardi. U matasekilni qanday qilib toʻxtatish mumkinligiga ishora qilar, nimadir deb baqirardi. Lekin uning harakatlaridan hech narsa anglay olmadim. Yana qishloqdan chiqdim. Ammo tagʻin qishloqqa qaytishga yuragim dov bermaydi. Chunki, quyosh chiqib, koʻchada odam koʻpayib qolgan. Endi nima qildim? Eshakka «ish» desangiz, darhol toʻxtaydi. Otga esa «drr!» deyish kifoya. Bu moxov unaqa buyruqqa koʻnmasa!.. Egardan sakrash — ajal bilan oʻynashishdek gap! Benzini ham ado boʻlaqolmaydi marazning!..

Dala tugab, Choʻli Akbar qishlogʻiga kirdim. Bir guruh yigitlar qarshi tomondan kelmoqda edilar. Oradagi masofa yigirma qadamcha, qolganda, iyagim bilan motasekilga ishora qildim:
— Qaerini burasa toʻxtaydi?

Yigitlar bir soʻz deyishmadi, yelka qisib qoʻya qolishdi.

Yoʻlni choʻlga burdim.

...Choʻlga kirgach, oʻzimni ancha erkin his qila boshladim.

«Mana, keng joyga chiqib oldim, — Oʻylayman koʻnglim sal taskin topib.— Bu yoqda hozir rdam ham, mashina ham yoʻq. Bemalol yurib, benzinni tamomlayman. Keyin... «Ammobu benzin degani qachon tugaydi? Shoʻrginang qurgʻur Karimjon hoji tagʻin necha soat poyga chopadi? Bu yogʻi qorongʻi edi!..

«Battar boʻl!—oʻzimni-oʻzim koyiyman.— Jazoyi kishi asov otning fe’lini bilmay turib, uzangisiga oyoq qoʻysin!..»

Bir mahal kimdir gapirganday boʻldi. Koʻz qirimni u yoq-bu yoqqa tashladim. Oʻng tomonimda sargʻish rangli «Ural» mototsikli yonma-yon ketib borardi! Ustida forma kiygan yoshgina yigit — GAIning odami boʻlsa kerak,
— Ana, xolos, bunisi ham bormidi! — yuragim «shigʻ» etib ketdi.

Yigit: «toʻxtang, aka, toʻxtang!» dedi. Bosh chayqadim. Yigit tezlikni oshirib, meni quvib oʻtdi. Mototsiklni yoʻlimga koʻndalang qilmoqchi boʻldi. Tabiiyki, toʻxtamadim, tikka boraverdim, Yigit mototsiklini taqqa toʻxtatdi. Yoʻlning chap qismidan oʻtdim-ketdim. Yigit oʻng tomonimdan borib, men bilan tenglashdi.
— Toʻxtang deyapman, sizga! — dedi.
— Toʻxtatolmayman! — dedim alam bilan.
— Nega?
— Toʻxtatishni bilmayman!
— Maynavozchilikni qoʻying!
— Ishonmaysiz-a, xudo haqqi, toʻxtata olmayman! — dedim kuyunib. — Axir havasga bunaqa qilib yuribmanmi? U yoqda qoʻylarim harom oʻlib yotibdi! Azondan beri shu pesning belidaman! Oʻnqir-choʻnqirlarda silkinaverib, yelkalarim ezilib ketdi! Na toʻxtaydi. bu zolim, na sekinlaydi!..

Yigit qah-qah urib kuldi. Soʻng:
— Voy siz-ey, gap koʻpga oʻxshaydi-ku! — dedi. — Qani, muftani bosingchi. Mufta qidirib, u yoq-bu yoqqa alangladim.
— Ana, chap qoʻlnngiz yonidagi oq temir bor-ku, oʻshani rul bilan qoʻshib ushlab, qattiq qising. Ha, balli! Endi...

Yigitning, barcha buyruqlarini jon deb bajo keltirdim. Uni qarangki, tong sahardan buyon vagʻillab uchib yurgan kasofatning ovozi toʻsatdan oʻchdi-qoldi. Ablahning ustidan tushdim-u, «shilq» etib uvatga choʻzildim.

Ha, aytmoqchi, qoʻylarning holi ne kechdi, dersiz. «Baxt»imiz yurishib, moldoʻxtiri ham, qassob ham hovliga oʻsha soatda yetib kelishibdi. Afsuski, qoʻylar oxiratga ketib boʻlishgan ekan.

Shu boʻldiyu hazilkashlarga gap tortilib qoldi. Meni koʻrdi deguncha, tillari qichiydi:
— Ha, chimpiyon, galdagi poyga qachon boʻladi?
— Karimjon, qani, bir aytib yuboring, gʻaltak zambilning qaerini burasa toʻxtaydi?

Ba’zan ashula boshlashadi.
— Tinimsiz chopaman, jonon, oʻzimni toʻxtatolmayman... Bu gaplar bora-bora me’damga tegdi.
— Shoshma, — dedim, — senlarning valaqlashlaringni bira toʻla goʻrga tiqib qoʻya qolay. Boz ustiga taqdir kaminaga biror kasb-korni ravo koʻrmagan, bahonada hunarli boʻlib ham olaman.

Shu maqsadda shofyorlik kursiga kirdim. Olti oy tinim bilmay oʻqidim. Qarabsizki, kechagi «Sortovoy» bugun quling oʻrgilsin uchinchi klass shofyori! Shunday qilib desangiz, uch yilcha kolxozning yuk mashinasini gʻildiratdim. Shofyorlik koʻp xosiyatlk hunar ekan, oʻzimni ham, roʻzgʻorni h«m fayzga biylab yubordi. Yangangizning quvonganini aytmaysizmi! Voy-boʻy! Hazilkashlar esa, allaqachon tilini tishlab qoldi. Faqat raisimiz Solivoy aka tegajoqligini qoʻymaydi. Qaerda koʻrsa, «Ha, Sortovoy, «domna pech» qalay», deb qoʻyadi.

Hayronman, Solivoy aka oldinlari hecham bunaqa emas edi. Keyingi paytlarda negadir shunaqa hazil-mutoyiba qilishni xush koʻradigan boʻlib qoldi. Toʻgʻrisoʻzligim ma’qul keladimi yo qoʻlbola hangomalarim yoqadimi — bilmadim. Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin-da.

Toʻrtinchi Bob

Solivoy aka bir safar «domna pech»ning ahvolini astoydil surishtirdi. Soʻngra:
— Shunaqa degin! —soʻradi jiddiy. — Demak, «domna pechining xizmatidan butunlay mahrum boʻlibmiz-da?
— Ha, — javob qildim. — «Domna pech» mana, uch yildirki, pensiyada. Ichkilik zoti makruh.

Toʻrt kun oʻtgach, uyimga chopar keldi. Oyoqni qoʻltiqqa qisib idoraga chopdim. Qaysi koʻz bilan koʻrayki, Solivoy aka «Volga»sining kalitini naqd qoʻlimga tutqazib turibdigda!
— Muborak boʻlsin, buyursin.

Vo ajab, baxtni qarang, baxtni! Hushumdan ketishimga bir bahya qoldi. Shu tariqa Karimjon deganingiz bir sakrab «Yigirma toʻrtvning egarida oʻtiribdi-da!

Oh, naqadar rohat! Ertayu kech ruldaman. Raisning yonida oʻzimni vazirday tutib yuraman. Katta-kichik qishloqlar, poyonsiz dalalar... Qaerga borsak, izzat-ikrom. Kolxozdan chetga chiqsak yana maza. Boshliqlar biror idoraga yoki yigʻilishga shoʻngʻib ketishadi. Sen erkin qushsan. Xohlasang, gazeta-jurnal varaqlaysan, istasang, shofyorlar bilan oʻynaysan, valaqlashasan...

Bahsga kelganda Azimga taraf yoʻq. Azim qoʻshni «Kommuna» kolxozidan. Raisning mashinasini minadi. U bilan harbiy xizmatda yurib tanishganman. Oʻlarday maqtanchoq. Qoʻli boʻshadi deguncha, bizning komandirni yerga urib, oʻzinikini osmonga chiqarib qoʻyardi. Endi raisini maqtashga oʻtibdi.
— Shofyorlik tillo kasb, — maqtandi u bir gal. — Xoʻjayinim esa, bamisoli gavhar. Dargohi keng, daryo. Uyiga nimaiki kelsa, oqavasi bizning xonadonga borib toʻxtaydi. Don-dun, yem-xashak, sabzi-piyoz, meva-cheva... Birortasini bozordan sotib olmayman. Raisim zoʻr-da, ammo senikining mazasi yoʻq. Kaltafahm, ziqna.

Jahlim chiqdi, shartta uzib oldim.
— Oʻzingniki kaltafahm!

Shu-shu boʻldi-yu, raislar xususida bahsimiz boshlanib ketdi. Hafta sayin markazga boramiz. Raislarimiz majlisga kirishadi. Biz yeng shimarib bahsga tushib ketamiz.

Iyulning oxirlariga Azimlarning kolxoziga bizning kolxozdan oʻzaro tekshirish brigadasi boradigan boʻldi. Bordik. Mezbonlar bizni kolxoz chegarasida kutib olishdi. Azim meni iliq qarshi oldi. Bir pachka filʼtrli sigaretani zoʻrlab choʻntagimga solib qoʻydi. Soʻng:
— Obbo sizlar-ey, tajriba kerak boʻlmasa, kelmaysizlar-a, biz tomonlarga, — dedi gugurt chaqayotib. — Mayli, ishlarimizni koʻringlar, oʻrganinglar. Olib ketganlaring bilan tugab qolarmidi tajribamiz?

Bu gap menga malol keldi. Azimni uzib olmoqchi boʻlgandim, Solivoy aka chaqirib qoldi.
— Sening tajribangga zor emasmiz, — dedim burilib ketayotib.

Jahl bilan mashinaga gaz berdim. Qishloqqa kirib boryapmiz-u, hanuz Azimning gapiga gʻijinaman. Lekin, bir hisobda Azimning gapida jon borga oʻxshaydi. Koʻchalar chinnidek toza. Daraxtlarga, ayvon peshtoqlariga choʻgʻday qizil matolar osilgan. Ularga «Xush kelibsiz, musobaqadosh doʻstlar!», «Namuna» kolxozining paxta ustalariga alan-gali salom!» singari gaplar yozilgan...

Hammadan ham kolxozning bogʻi koʻproq yoqdi menga. Bizda ham kattagina bogʻ, bogʻ oʻrtasida koshona shiypon bor. Lekin, egasi koʻchib ketgan hovliday huvillab yotibdi. Bu yerda esa, heh-he!.. Hamma narsa sarishta, hamma narsa muhayyo.

Azim ikkimiz fontan yonidagi skameykada oʻtirib, sigaret tutatdik. Ikki koʻzim atrofda. «Qoyil» deyman ichimda. Azim kayfiyatimni sezdi chogʻi:
— Rais zoʻr-da, rais! — deb qoʻydi. Eshitmaganga oldim.
— Mixaylovni bilasan-a, kamandirimiz, — dedi Azim, yana. — Bizning Nabijon aka ham xuddi oʻshaning oʻzi. Radiodan uch marta gapirib qoʻygan edi, mana, hammayoq ikki kunda «voh!» boʻldi-qoʻydi. Hali dalaga borganda, u yoq-bu yoqni koʻrganda bilasan.

Ovqatlanib boʻlib dalaga chiqdik. Bir shiyponga borib toʻxtadik. Shunaqa soʻlimki, xuddi jannat. Mehmonu mezbon uch guruhga boʻlinib, uchta paykalga kirib ketishdi. Solivoy aka, Nabijon aka, yana ikki kishi kunbotarga burilishdi. Azim ikkalamiz choy ichib oʻtirdik.
— Paxtaning piri deyishadi bizning raisni,—dedi Azim.—Koʻp odam undan oʻrganib ketadi.
— Bekor gap, — dedim shoshib, — bizning raisga tan bermagan odam yoʻq!
— Unday boʻlsa nega oʻrgangani keladi?
— Oʻrgangani emas, oʻrgatgani kelgan!
— Boʻlmagan gap!
— Yur boʻlmasa, orqasidan boramiz, qani, kim-kimga oʻrgatyapti ekan?

Men haq boʻlib chiqdim. Termosga yaxna choy qoʻyib, yetib borganimizda, mening raisim Azimning raisini koyiyotgan ekan.
— Koʻrdingizmi, — der edi u ikkita toʻkilgan shonani kaftida tutib. — Bu suvsizlikning oqibati. Gʻoʻzangiz suvdan qolibdi.
— Juda toʻgʻri, — dedi Nabijon aka va yon daftarchasiga nimalarnidir yozdi. — Maslahatingiz uchun rahmat.

Azimning yelkasiga sekin turtdim. Azim zarda bilan bosh silkidi. Yoʻlda davom etdik. Gʻoʻzasi pastroq dalaga kirganimizda, Solivoy aka bunday dedi:
— Bu gʻoʻzalarni qoʻshimcha oʻgʻitlab, darhol sugʻorish kerak.
— Qimmatli maslahatingiz uchun tashakkur, — Nabijon aka daftariga yana yozdi.
— Mana bu gʻoʻzalarni esa,—dedi Solivoy aka gʻoʻzasi boʻychan paykalga oʻtganimizda,—suvdan tortish, chilpish lozim.

Nabijon aka Solivoy akaga ofarin aytdi.

Azim jadallab raislarning oʻng biqiniga oʻtib kelayotgan edi, yugurib yetib oldim. Asta yelkasiga turtib, iljaydim. Azim oldin menga, keyin raislarga yovqarash qildi. Lablari qattiq qimtingan, yuzlari qip-qizarib ketgan edi. Keyingi paykalga oʻtganda, mundoq qarasam, Azim yoʻq. Orqaga boqdim. Azim termosni qoʻltigʻiga qisganicha, narigi paykalning oʻrtasiga ketmoqda edi. Men ham shiyponga qaytdim. Azim karavotda chalqancha tushib tek yotar, toʻxtovsiz sigareta burqsitar edi.
— Ha, xoʻjayin, — dedim kulib,— Oʻrganishdan charchadingizmi?

Azim sakrab oʻrnidan turdi.
— Boʻpti, boʻpti!—dedi. — Yur, handalak yeymiz.

Bu, nazarimda taslim boʻldim, degani edi. Raislar haqida boshqa ogʻiz ochmadim. Toʻrtinchi kuni Azim meni muloyimlik bilan kuzatib qoldi.

Sal oʻtmay «Kommuna»liklar bizning kolxozga keladigan boʻlib qoldi. Boshda picha tashvish tortdim: ishqilib «Kommuna»liklar kulib ketishmasin-da! Ammo bekorga tashvish tortgan ekanman. Solivoy aka tashkilotchilikka shunaqa chapdast ekanki, yoqamni ushlabman. Shu noxush xabar kelishi bilanoq, darrov yigʻilish oʻtkazdi. Radiodan qayta-qayta nutq soʻzladi. Butun kolxoz oyoqqa turdi. Natijada ikki kunda barcha ish saranjon-sarishta boʻldi-qoʻydi. Koʻchalar bamisoli chinni. Qizil alvonlar, shohona bezatilgan shiyponlar, bogʻ oʻrtasida ustiga oq dasturxon yozilgan stollar...

Mehmonlarni ertaga ertalab kolxoz chegarasida kutib olishimiz lozim edi. Uxlab qolishdan choʻchib, kechqurun radiokarnayni boshimga qoʻyib yotdim. Azonda «Onam derman» uygʻotib yubordi. Ashula tugagach, Solivoy akamning tanish ovozi eshitildi.
— e’lon eshittiramiz. Kecha xabar berilganidek, bugun kolxozimizga «Kommuna» kolxozidan mehmonlar kelishadi...

Sapchib oʻrnimdan turdim. «e’lon» deyapti, demak, oz gapirsa kerak. Obbo, kechikmasam yaxshi edi. Ammo «e’lon» deb boshlangan eshittirish ba’zan uzundan-uzoq nutuqqa aylanib ketadi-ku! Darhaqiqat, shunday boʻldi. Mashinani eshikka koʻndalang qilganimda, rais «e’lon»ni yakunlanayotgan edi:
— Shunday, mehmonlar kelib-ketguncha, hamma ish batartib boʻlsin. Kimda-kim kolxozga gap tekkizadigan boʻlsa, keyin oʻzidan koʻrsin!..

Mehmonlarni katta yoʻlda qarshi oldik. Azimga filʼtrli sigaret tutdim. Bizning ishlar Azimga yoqdi. «Besh-besh!» dedi. Tan olgani uchun ortiqcha pisanda qilib oʻtirmadim. Biroq, buning tagida gap bor ekan. Dalaga chiqqanimizda, Azim termos qidirib qoldi.
— Ha? — soʻradim.

Azim bir koʻzini ayyorona qisib kuldi.
— Rais buvalar suvsirab qolishmasin...

Termosga yaxna choy toʻlgʻazib raislar ortidan ergashdik. Gʻoʻza oralab ketdik. Solivoy aka Nabijon akani gʻoʻzasi boʻliq paykalga boshladi. Ammo Nabijon akaga bu gʻoʻza yoqmadi.
— Sersuv qilib yuboribsizlar, — dedi. — Suvdan torttirib, zudlik bilan chekanka qildiring.
— Maslahatingiz uchun katta rahmat, — dedi Solivoy aka va yon daftarchasiga nimalarnidir yozdi. Keyin brigadir Sobir akaga qaradi. — Eshitdingizmi, nima qilish kerak ekan?

Azim yelkamga turtib iljaydi. Qulogʻimga shivirladi:
— Qalay, kimning raisi zoʻr ekan?
— Oʻzi ham yaxshi biladi buni! —dedim jerkib. Azim tagʻin kuldi.
— Bilsa, nega rahmat aytyapti, nega yozib olyalti?

Ensam qotib, javob bermadim. Termos boʻshaguncha, Solivoy aka Nabijon akaga yana toʻrtta rahmat in'om qildi. Azim toʻrt marta yelkamga turtdi.

Past boʻyli gʻoʻzalar ichiga kirganimizda, Nabijon aka Solivoy aka bilan Sobir akani koyib berdi. Soʻng:
— Bularga qoʻshimcha oʻgʻit soldirib, suv berdiring! —dedi.

Solivoy aka daftarchasiga yozar ekan, biror laziz taomning ta’mini olayotganday boshini chayqadi:
— Oh-oh-oh! Ofarin sizga! Maslahatingiz uchun ming rahmat!

Azim ovoz chiqarmay uzoq kuldi. Juda jahlim chiqdi. Shartta burildim-da, mashi-namga qarab joʻnadim. Ariq yoqasida oʻtirsam, Azim keldi.
— Xoʻsh, qalay? — soʻradi. Indamadim. Sigaret tutdi, olmadim.
— Ol, olaver!—dedi jiddiy. Birozdan soʻng qoʻshib qoʻydi. —Xafa boʻlma, ikkovimizning raisimiz ham zoʻr!..

Azimning yuziga boqdim. U jiddiy gapirmoqda edi. Sigaret tutatib oʻtirib, bir lahza oʻylanib qoldik. Keyin toʻsatdan, baravariga kulib yubordik.
— Toʻgʻri aytasan! — qichqirdim birdan koʻnglim yorishib. — Ikkovi ham zoʻr! Sening raising ham, mening raisim ham!

Shu-shu, ikkovimiz raislar borasida bahslashmay qoʻydik.

Beshinchi Bob

Solivoy akaga «vazir»lik qilib yurib kam boʻlmadim. Yurish-turish — xon taxlit. Qoʻl uzun. Shu qoʻl bilan roʻzgʻorni butlab oldim. Shu qoʻl bilan pochchamga yer undirib berdim — imorat qurib oldi. Shu qoʻl bilan...

Biroq, oyning oʻn beshi yorugʻ, oʻi beshi qorongʻu deganlariday, xotima noxushroq kechdi. Eshitasizmi... Ha, darvoqe, yaxshisi, manavi gazetadan oʻqiy qoling, bir tirrancha qalamkash voqealarni oʻrab-chimgʻab hajv qilibdi bizni. Redaksiya nomlarimizni oʻzgartirib, darrov bosib ham chiqaribdi. «Karim»ni «Kabir» debdi, «Solivoy aka»ni — «Nusrat aka». Hajviyaga «Xashaki majlis» deb sarlavha qoʻyibdi.

«Rayon firqa qoʻmitasida yigʻilishlar koʻpincha kechquron boʻladi. Qoʻmita binosining majlislar zali derazalari allamahalgacha yarqirab turadi. Bino qoshida kattagina xiyobon bor. Xiyobon va gulzorlar oralab oʻtuvchi asfalʼt yoʻlaklar yengil mashinalarga toʻlib ketadi. Shofyor ahli mashinalar ichida yoki neon lampochkalar ostida qarta oʻynaydi, ul-bul oʻqiydi, xashaki majlis quradi — roʻpara kelgan masalani ayqash-uyqash qilib muhokamadan oʻtkazadi.

Iyulning oʻsha oqshomida ham shunday boʻldi. Kech soat oʻnlarga yaqin oʻttiz chogʻli yengil mashina xiyobonga yigʻildi. Kolxoz, sovxoz va boshqa tashkilot boshliqlari mashinalardan ildam tushib, zina yonida tik holda doira yasadi. Kimdir ichkaridan chiqib «Kirasizlar ekan» dedi. Rahbarlar ostonadan oʻtishdi. Uch shofyor mashinalarini «Gʻing!.. Gʻing!..» ettirib qayoqqadir joʻnashdi. Kolganlari toʻplanishib, birpas gurunglashishdi. Soʻngra mashinalarga, skameykalarga boʻlinib ketishdi. Kim mutolaaga, kim suhbatga, kim qartabozlikka shoʻngʻidi. Bir novcha, bir pakana yigit esa gulzorlar oralab sayr qilib ketdi.

Havo nihoyatda musaffo edi. Toʻlin oy begʻubor osmonning qoq oʻrtasida tovlanadi. Atrof sokin. Chigirtkalar chirillaydi, goh-gohida qartabozlarning qiyqirigʻi, qahqahasi eshitilib qoladi. Sayr qilib yurgan yigitlar aylanib kelib oʻtirgʻichga choʻkishdi.
— Oh-oh-oh! Muzdaygina ekan shu yer! — dedi novcha yigit. — Bugun havo juda isidimi, Nosir? Naqd yondiraman deydi-ya!
— Hm!.. Endi pastladi issiq! — javob qildi Nosir. Keyin yulduzlar qurshovida yaraqlab turgan oyga suqlanib boqdi.
— Qara-ya, rosa toʻlibdimi!
— Ha, toʻlibdi, — dedi novcha migit oyga tikilib. — Aytmoqchi, Nosir, tunovgi zakaz nima boʻldi?
— Qayshi jakaj? — soʻradi Nosir synchalogʻining tirnogʻi bilan tishini kovlab.
— Voy, xotirangga vilt tushkur, nomard-ey! — novcha yigit Nosirning yelkasiga qoqdi. — Hoʻ, chinni lagan-chi!
— Ha, umi? — Nosir chetga tufladi. — Hali ham esingdami oʻsha? Hm, lagan kelmayapti rayPOga. Kelsin, besh-oʻnta undirib beraman.
— Shunday qil, oshna, choynak-piyola, chinni kosa ham kerak. Oʻzing bilasan, bu yil singilni turmushga chiqaraman. Shunga... Poya-xashak, qovun-tarvuz bizdan.
— Ha, bulturgimi bergan poyang! — Nosir labini burdi. — Yarim mashina!..
— Ha, unda Sobir chinoq xasislik qilgan edi-da, qurumsoq! Bu yil boshqa brigadirdan soʻrayman. Rais «Choshroq boʻlsin», dedi deyman, vassalom! Boʻptimi!
— Boʻpti!

Oshnalar sigaret tutatishdi. Shu payt «Volga»dan jikkak bir yigit otilib chiqdi va bularning oldiga yugurib keldi.
— E, bu yoqdamisizlar! — qichqirdi kaftlarini kaftlariga ishqab. — Hech kimdan durustroq sigaret yoʻq! Qarasam, shu yoqda bir juft olovli koʻz «yilt-yilt» qilib turibdi. Tikilibroq nazar solsam, «Orbita»ning «koʻz»lari! Keyin... Qani, kimda bor «oʻpka dori»?
— Bir paytlar sigaretni koʻrsam, koʻnglim ayniydi, der eding-ku?—gap suqdi Nosir. — Endi yana...
— Ha, ikki-uch yil chekmadim. Ichmadim ham. Lekin, iloji boʻlmadi. Axir, hamisha shularning ichida yurganiningdan keyin...

Salim jikkak yigitga sigareta uzatdi.
— Ma. Doim tilanchilik ekan-da seniki!
— Uzr. Hozircha havaskor kashandamiz. Qolaversa, tilab cheksang, shirin boʻladi. — Jikkak yigit sigaretni tutatib uch-toʻrt tortdi. Keyin u yoq-bu yoqqa qarab olib engashdi va sirli ohangda qattiq shivirladi: — Eshitdilaringmi, bugun byuroda Nusrat akani muhokama qilishar ekan!
— Raisingni-ya? — baravar savol tashlashdi ikkovlon.
— Ha-da! Hoʻ birda aytgan edim-ku, «Nusrat akamning ustidan yuqoriga yozishyapti, raykomdan borib tekshirishyapti», deb.
— Oʻ-oʻ!.. Ajralib qolmasang edi raisingdan!
— Ajralishim aniq! Ishlar qaltis! Shikoyatdagi hamma yozilganlar toʻppa-toʻgʻri chiqdi! Ketadi!—jikkak yigit keskin qoʻl siltadi. — E, ketsin-e! Oʻzim ham juda bezor boʻlib yurgan edim. Shunaqa bema’niliklar qiladiki, prosta gʻazabing keladi!

Nosir istehzo bilan iljaydi.
— Ho, endi yomon boʻlib qolibdi-da! Oldinlari rosa maqtar eding-ku, «Raisim zoʻr! Raisim xoʻroz odam!», deb.

Jikkak yigit boshidan doʻppisini olib, silliq taralgan sochini siladi.
— Ha, u vaqtlarda haqiqatan ham xoʻroz edi-da! Bora-bora toji toʻkilib... Aytmoqchi, zoʻr konʼyagim bor edi, obkelaymi? — Jikkak yigit savoliga javob ham kutmay, mashinasi tomonga yugurib ketdi va hayal oʻtmay qoʻltigʻiga shisha bilan stakan qistirib keldi. — Yangi raisimning salomatligi uchun bir «otaylik». U kuni toʻyda tashlab qoʻyishgan edi mashinaga. Ruldan tushganda janozasini oʻqib tashlarsiz deb.

Jikkak yigit bularning «yoʻq-yoʻq!» deyishiga qaramay, shishaning ogʻzini ochdi.
— Byuro tugaguncha yoʻq boʻlib ketadi! — dedi soʻng. — Shunaqa «ulugʻ ayyom» kunlarida «tortmasak», qachon «tortamiz». Tur, Nosir, anovi olmadan ikki juftgina uzib kel!

Nosir istar-istamas oʻrnidan turdi.
— Koʻp bema’ni fe’llaring bor-da, Kabir! — deya doʻngʻillab, nariroqda qorayib turgan olma sari ketdi. Shatirlatib uzdi.
— Ki-im! — degan tovush keldi ishkomning orqasidan.
— Hech kim, otaxon, hech kim! — Bu yoqdan turib qichqirdi Kabir. — Olmangizning shoxidan uch-toʻrtta qush uchib ketdi, xolos.

Korovul yoʻtala-yoʻtala jim qoldi. Kabir qultillatib stakanni toʻlgʻazdi.
— Yashavor, doʻstim! — deya olmalardan birini olib, stakanni koʻtardi.— Eski raisimning «qutlugʻ parvozi» uchun!..

Kabir Salim bilan Nosirga ham zoʻrlab ichirdi. Soʻngra:
— Ana shunaqa! — dedi olma chaynab.— Ketadi, bugun albatta ketadi! Oʻziyam charx urib rosa yugurdi-da! Shu... yalinadi, hammaga yalinadi! Odamning rahmi keladi! Menga yalinganini aytsalaring! Voy, voy, voy! Hammasini bilaman-da, qilmishlarini!
— Senga nima dedi? — shoshib soʻradi Nosir.
— Nima der edi, siru asrorimni hech kimga aytma, deydi-da.
— Aytdingmi, aytmadingmi?

Kabir chap koʻzini qisib ayyorona kuldi.
— Hech qaysisini «aytmadim». Bu yerdan borganlar meni partkomning kabinetiga chaqirib soʻroq qilishdi. Har bahor choʻlga yashirincha sholi, dashtga sabzi-piyoz ektirishini ham «aytmadim». Ularga kechalari mineral oʻgʻit eltib berganimni ham «aytmadim». Tonna-tonna sholi va sabzavotlar bir bozor aylanib, otning kallasiday «mullajiring» boʻlib kelishini ham «aytmadim». Fermaning «qozoniiga mushukday buzoqcha tashlab, hoʻkizday soʻqim olganini oʻzlari tekshirib bilishibdi.
— Nahang boʻlib ket-e! — xitob qildi Salim mushtumini qisib.— Ha, yana ni-malarni «aytmading?»
— Hovli-joyini koʻrgansan-a? — gap qoʻshdi Nosir,— Hoʻ, oʻgʻlini uylaganda borgansan-ku, toʻyiga! Shohona! Haligidaqa «leviy» aqchalarga tiklagan-da!

Kabir keskin qoʻl siltadi.
— E, qayoqda! Daladagi teraklarni kestirib qurdirgan. Usta ham, «hashar»chi ham kolxozdan. Ammo, kolxozning obodonchiligi xususida tariqcha bosh qotirmaydi. Faqat, ogʻizda, qogʻozda «qotiradi». Mana, Nosir, sening kolxozingni olaylik. Qishloqlaring bamisoli shaharchaning oʻzi. Yoʻllar asfalʼt. Barcha xonadonlarda suvquvur. Gaz! Biz-dachi? Koʻchalar chigal ipga oʻxshaydi! Idora atrofi qoʻriq! Klubda har bahor qurt boqi-ladi. Boshqa payt piyoz saqlashadi! Endi, maktab binolarini qara! Laxtak-laxtak! «Ana ketaman, mana ketaman!» deb zoʻrgʻa turibdi! Uchta qishloq hanuz hovuzdan suv ichadi...

Kabir tagʻin «otdi».
— Ana shunaqa! — dedi keyin.— Qilvirligini, poraga yer berishini, kolxozchiga yengil mashina sotishda navbatni chalkashtirishini, choʻtal olishini raykomning oʻzi bilar ekan. Bu haqda oldin ham koʻp gap boʻlgan... Xoʻ-oʻsh, shapaloq «mukofot» olganimni ham «aytmadim».

Shu on davraga shalpangquloq shofyor kelib qoʻshildi.
— E-ha, suhbat juda qiziq-ku!—u skamekaga oʻtirayotib Kabirga qaradi.— Nimani aytmading!

Nosir ikki ogʻiz gap bilan suhbat mazmunini tushuntirdi.
— Hm, da! — dedi shalpangquloq yigit.— Xoʻsh, nega aytmading?

Nosir aftini bujmaytirdi.
— E, nega aytmas ekan? — dedi gʻijinib.— Aytib, yozib ham beribdi hammasini!..
— Hmm, yaxshi, yaxshi! — bosh tebratdi yigit. — Aytmoqchi «mukofot»ni qaysi «xiz-matlaring» evaziga olgansan? Bilsak boʻladimi?
— Juda, juda boʻladi.— Kabir koʻzini suzib bosh tebratdi.— Shu denglar, qeli-noyimiz har kuni «Volgaiga oʻtirib, eshikni «qars» yopadilar. «Kabirboy, Gultepaga haydang! Kabirboy, shaharga buring!..» Jonimga tegdi!
— Kelin oyi,— dedim kunlarning birida.— Umid bilan «yigirma toʻrt». xarid qilgansizlar. Haydashni oʻrganing, belini qiyishtirib mining qizi taloqni, debman. Bu gap Nusrat akamizga qattiqroq botibdi.
— E, mashinasi bormi raisingni? — soʻradi Nosir koʻzlarini katta ochib.
— Ha-da! — bemalol javob berdi Kabir.— Oldingi rayijrokom raisining dav-rida olgan, yoʻlini qilib. Garajda qantarilib turibdi, yogʻi artilmay.
— Ob-bo nomard-ey! Juda ham oshib-toshib ketgan ekan-da, oʻzi! — Salim Nosirga qarab bosh silkidi.— Qara-ya! Bizning raislar ham bema’nilik qilishadi-yu, ammo evi bilan... Kattalar nechuk indashmas ekan ularga?
— Kattalar plandan narini koʻrishmaydi! — dedi Salim.
— Indaydi. Mana, endi indaydi! — gapni ilib ketdi Kabir.— Raisim chiqib qolar byurodan, «E yoronlar, muhr bilan kreslomdan ajralib qoldim» deb.
— Menga qara,— Kabirni turtdi shalpangquloq yigit.— Tagʻin nimani aitmading?
— Tagʻinmi? Tagʻin...

Shu payt ichkaridan birinchi kotibning yordamchisi zinada paydo boʻlib, suhbatni boʻldi.
— Kabirboy, ho, Kabirboy! — qichqirdi u. Hamma hushyor tortib jim qoldi. Kabir «Labbay» deya oʻrnidan turdi va zina tomonga yugurdi.
— Uchib kolxozingizga borib keling! — dedi yordamchi va Kabirning qulogʻiga shivirladi. Kabir bosh irgʻadi. Soʻng shoshib mashinasiga oʻtirdi. Yarim soatlardan soʻng uch kishini olib keldi. Kabir keluvchilar bilan ichkariga kirib ketdi va bir soatlarda olti kishi boʻlib qaytib chiqishdi. Nusrat aka terga gʻarq botgan, asabiy titrardi.
— Kabir! — jon-jahd bilan baqirdi u zinadan tushayotib. Biroq, ovozi hirqirab, uncha chiqmadi. — Qani kalit?
— Labbay, aka! —Kabir yoʻrgʻalab Nusrat akanyng yoniga bordi, engashdi, oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib, chap qoʻli bilan kalitni uzatdi.— Mana, akajon! «Kafolat»im tugadimi endi shu bilan?

Nusrat aka Kabirga oʻqrayib qaradi, lekin bir soʻz demadi. «Tars-turs» yurib mashina oldiga bordi. Toʻxtab orqasiga qayrildi. Zinada turganlarga gʻazab bilan tikildi.
— «Rahmat» sizlarga! Yaxshi «xizmat» qildilaring!—dedi boʻgʻiq, qaltiroq tovushda.— Murodlaringga yetdilaring!..
— Ha, endi shunaqa ekan-da! — soʻz qotdi tik turganlardan biri.— Qilmish-qildirmish, deganday...

Nusrat aka oʻzini mashina ichiga urdi. Eshikni qars yopdi. Mashina yelday uchib ketdi. Hamma ortidan unsiz qarab qoldi. Kimdir «Ihmm!» deb qoʻydi sekin, Saldan keyin xashaki majlisning davomi boshlandi».

Oʻqib chiqdingizmi hajviyani. Ha, ma’qul. Qalay, durustmi?

Shu tariqa «vazir»likdan judo boʻldik. Kolxozda nima koʻp, gʻildirak koʻp. Goh traktorni, goq yuk mashinasini likillatib yurdim. Kunlarning birida yangiraisdan amri-farmon boʻlib qoldi — avtogarajning tasarrufi gardanimga yuqlandi.

Oldingi zavgar Solivoy akaning qaynogʻasi edi, «iste’fo beribdi». Kolxoz mashinalarini buvasining eshak aravasiga aylantirib olgan emish.

Qani, bunisini ham koʻraylik-chi...

Oltinchi Bob

Bizning xonimga «Avtomashinani koʻproq sevasanmi, eringnimi», deb koʻring-chi, nima derkin? Sira ikkilanmasdan «Ie, anavini, mashinani-da!» deb javob beradi. Voy, uning mashinaga boʻlgan mehru muhabbati!..

Yuk mashinasi minib yurgan paytlarimda ham bir nav edi. Koʻpincha ertalab koʻzini shamgʻalat qilib, garajdan chiqardim-da, biror yoqqa shartta ishga joʻnab yuborardim. «Shaharga borib kelaylik», «Falonchi kasal ekan, holidan xabar olib qoʻyaylyk», deyolmay qolardi. Garajga mudir boʻldimu xonimga xudo berdi. Doimo «kichkina» ishi chiqib turadi. Ikki kuchning birida garajda.
— Dadasi, darrov bozorga tushib chiqaylyk, sut, qatiq, tuxum tugab qolibdi, Shunga mashina toʻgʻrilab bering, «gʻiz» etib borib obkelay. Issiqqina boʻlka boʻlsa, undan ham olaman...
— Hoy, dadasi, haligi mashinalaringizga tayinlab qoʻying, yuviladigan kiyim-kechaklarni qoplab taxt qilib qoʻyganman. Bitkombinatga topshirib kelishsin...
— Dadasi...

Buning ustiga markazda Sharofatoy, Fazilatoy degan dugonalari bor, ularnikiga haftada, oyda mehmonga borib turadi. Biroq, biror marta boʻlsin, avtobusda bormaydi. Bir nima desangiz, oldingi zavgarning qilmishlarini roʻkach qiladi.
— Ayasi,— dedim bir kuni,— u zamonlar oʻtib ketgan. Qolaversa, davlat avtobus chiqarib qoʻyibdi. Shu... ha deb kolxoz mashinasini yugurtiraversak, qanday boʻlarkin?
— Qiziq,— labini burdi xonim.— Oʻzimizning mashinalar turganda, davlatnikida yurarmidim? Bir emas, oʻttiz toʻqqizta mashinamiz boʻla turib-a!..

Ana koʻrdingizmi, birodar, yangangiz «Mashinalarimiz»ning nechtaligini ham aniq biladi. Hatto shofyorlarning ismi, familiyasi, mashinalarning noʻmirlari ham xonimga yod!

Ammo yaqinda xunukroq voqea roʻy berdi. Hamma mashinalarni GAIga olib ketgan edim. Xonim yarmarkaga bormoqchi boʻpti. Mashina soʻragani garajga kelipti. Kelsa, birorta ham mashina yoʻq. Ittifoqo xonim raisning «Volga»sini uchratib qopti. «Volga»ning shofyorini avrashga tushibdi. Shofyor ham yangi edi. Rozi boʻpti. Oʻchakishganday, raisni raykomga chaqirib qolishadi. Rais mashinani uzoq qidiradi. Lekin topolmaydi. Soʻng shahardan goʻnp tashiydigan «dum»li mashinada boradi raykomga. Hazilkashlar raisni rosa askiya qilishadi. Boz ustiga, kechikkani uchun kattalar achchiqqina tanbeh ham berishadi. Bechora choʻgʻ boʻlib yonib, «dum»li mashinada qishloqqa kelsa, shofyor bola bilan xonim «Volga»dan xarid qilingan narsalarni tushirayotgan ekanlar. Xonim raisning avzoini koʻrib shoshib qoladi. Xoʻjayin buyurib berdilar «Volga»ni, deydi. Shofyor bu gapni ma’qullaydi. Rais bir soʻz demaydi.

Kechki payt toʻsatdan rais chaqirtirib qoldi. Bordim.
— Endi yetar!—dedi rais, yuzlari «pir-pir» uchib.— Ozodsiz zavgarlikdan! Yuragim «shuvv!» etib ketdi. Yangangiz tufayli ilgari ham bir juftgina jazo olgan edim. Obbo, yana biror xizmat koʻrsatibdi-da! Shalvirab xonadan chiqdim. Archa bayrami arafasi boʻlgani sababli zavgarlikdan «ozod» etilganimni xonimga aytmay turishga qaror qildim, lekin boʻlmadi. Aytdim. Bunga xonimning oʻzi majbur qildi. Kecha Toshkent kuranti «bong, bong, bong!» qilib, yangi yil kirganini e’lon qilgan-da, xonim yasan-tusan qilib qoldi.
— Ha, xonim? — soʻradim.
— Fazilatoynikiga «gʻir» etib borib, yangi yil bilan tabriklab kelay,— javob qildi xonim, gul-gul yonib.— Hamma bolalar uxlashdi. Volgaxon biyaan Chaykaxon uygʻonguncha qaytib kelaman. Yigʻlasa, ovutib turarsiz.

Ensam qotdi.
— Tong otmay qoladimi?!
— Bunaqasining gashti boshqa. Uyida telefoni bor shofyorlaringizdan birortasini chaqirtirib bersangiz bas, bir zumda oʻtib kelamiz.
— E, qoʻysangiz-chi! —dedim tajang boʻlib,— shu mahalda shofyorlarning halova-tini buzamizmi?!
— Ie, anovini! — qoshini chimirdi xonim.— Boradi-da, ish chiqsa. Anovi Mahmud Sultonovga buyura qoling, qirq sakkizu ellik yettining shofyoriga. Men kiyinib boʻlguncha, darrov yetib kelsin!
— Qirq sakkizu ellik yetti buzuq.
— Nega ekan, kecha baloday yurib turgan edi-ku, gʻizillab! U boʻlmasa sakson olti-yu, oʻttiz toʻrt FYeAni chaqiring.
— U ham buzuq!
— Elligu oʻn toʻrt FYeV buzuq emasdir? Kuni bilan shagʻal tashidi.
— U ham buzuq.
— «Buzuq! Buzuq!» U buzuq boʻlsa, ellik beshu oʻn olti FYeG-chi?! Qirq uchu yetmish olti FYeA-chi? Oʻn oltiyu nolʼ yetti FYeD-chi? Toʻqson toʻqqizu yigirma toʻrt FYeV-chi? Xoʻsh, bular ham buzuqmi?!
— Ular buzuq emas-ku, shaharga kunjaraga ketishgan, ertaga kelishadi,— dedim.— Umuman, ishga yaroqli birorta ham mashina yoʻq.

Xonim birpas jim qoldi. Soʻng iqki kaftini chekkasiga bosib, boshini chapga xiyol egdi-da, jilmaydi. Qoshlarini chimirdi.
— Boʻlmasa,— iltimos qildi yalingannamo,— anovi mehmon mashinani buyurib bera qoling, birorta shofyoringizga.
— Qaysi mehmon mashina? — hayron boʻldim.
— Garajning toʻrida savlat toʻkib turgan sakson uchu qirq bir KYaKchi! Hayratdan koʻzlarim olayib ketdi. Yoqamni ushlab beixtiyor oʻrnimdan turdim.

Yopiray! Xotirani qarang-a, xotirani!

Raisning qirq uchinchi yilda frontda tanishgan krasnoyarsklik quroldosh doʻsti bor edi. Oʻsha kelgan edi bola-chaqasi bilan qora «Volga»sida. Uni qarangki, garaj mudiri boʻla turib, men bilmayman oʻsha «Volgapning nomerini. Bu xonim boʻlsa, byosh kun ichida toshga poʻlat choʻkich bilan yozganday allaqachon yodlab olibdi-ya, xotirangga mogʻor tushgur!
— Ha, qoʻrqib ketdingiz? — dedi xonim pinagini buzmay.— Qoʻrqmang, bir zumda borib kelamiz. Fazilatoyning koʻzini bir oʻynataman-u, qaytaman.

Men hanuz jim edim. Xonim telefon trubkasini qoʻlimga tutqazdi.
— Mang, buyuring birortasiga. Yoki oʻzingiz olib bora qoling, nomeringdan aylanay sakson uchu qirq bir KYaKda.

Jon-ponim chiqib ketdi, Qarangki, bu yerdagi mashinalar qolib, sibirlik mashina ham qutilmaydi bu xonimning dastidan! Gʻazabimni arang yutdim.
— Endi bunaqa mashinalarda yurolmaysiz, xonim! — dedim nafasim boʻgʻilib,— patta qoʻlga tekkan! Haydalganman ishdan!

Xonim jiddiylashdi.
— Ha, quvilganman, oʻsha raisning «Volga»sida kataysa qilgan kuningiz! Xonim qoʻrqib ketdi.
— Voy, endi nima qilaman! Endi nimada borib kelaman! Gʻijinib, tishlarimni tishlarimga qattiq bosdim.
— Man-na,— dedim oyoqlarimni yerga «gurs-gurs» urib,— endi sakson uchu qirq bir KYaKda emas, man-na bunda borib kelasiz Fazilatoynikiga, oʻn biru oʻn bir — OYoQda borib kelasiz!..

Xonim katta fojeaga yoʻliqqan kishiday, holsizlanib oʻtirib qoldi.

Yettinchi Bob

Yillar oʻtdi. Yosh ham ulgʻaydi, bosh ham. Xonim, ya’ni yangangiz, boya shama qilganimday, oʻjar-da. Ammo, buni sira tan olmaydi. Ikki gapning birida «goʻdaksiz, soʻtaksiz» deb turadi. Boʻlmagan gap. Goʻdak ham, soʻtak ham emasman. Koʻpni koʻrgan uddaburon yigitman. Masalan, oldi-sottining mayda-chuydasini qoʻying, hatto molfurushlikni ham «doʻndirib» tashlayman. Mana, bir misol.

Tong chogʻi uyquga biror xushta’m dorivor qoʻshilganmi deyman, juda-juda totli boʻladi-da! Sira toʻymaysan, kishi. Qani endi, gʻayrat kamarini qattiq bogʻlab uxlayversang, uxlayversang. Quyosh ham yuzini koʻrsatmasa, olam zimistonga gʻarq boʻlib yotaversa... Yangangizning saviyasi past-da, buni toʻgʻri tushunmaydi. Saharlab uygʻotib, ishga buyuraveradi. Oʻsha kuni ham shunday qildi.

Ajoyib tush koʻrayotgan edim. Tushning bosh qahramoni oʻzim. Ha, darvoqe, bir guruh nozaninlardan iborat personajlar ham mavjud edi. Personajlar bilan hamkorlikda daryo sohilidagi ajriqzorda oʻtirib, picha shampan ichdik. Keyin qoʻltiqlashib toʻqayga kirib ketayotgan edik, allaqaysi daraxt qarsillab sindi. Aslida yangangiz eshikni shiddat bilan taraqlatib ochgan ekan, choʻchib uygʻondim. Hah, sen zolimdan qutulmadim-qutulmadim-da, dedim, ichimda.
— Hoy, tanbal! — qichqirdi yangangiz,— hali ham yotibsizmi! Mol bozori kutib turmaydi sizni. Turing tezroq! Childirmaday tarang qilib qoʻydim turqing qurgʻur sigirning qornini! Yoʻqotib keling shu tugʻmasni, qorasini ikkinchi koʻrmayin!
— Oʻng yonimni birpas bosib yotayin,— toʻngʻilladim karavotni gʻichirlatib,—ishim oʻngidan keladi.

Yangangiz ustimdagi koʻrpani yulqib, polga otdi.
— Oʻng yonim emish! Oʻtgan hafta ham «oʻng yonim» deb...

Soatga qarasam, beshdan sal oʻtibdi. Qishning bir chimdim kunlarida bu payt naqd qora tunning oʻzi boʻladi. Nihoyatda ogʻrindim. Lekin, nachora!

Avvaliga mol bozoriga daxldor ishlarimni pochcham rahmatli bitirib yurardi. Endi oʻzimga qoldi. Anzirat xoladan sal yoshroq qisir sigirim bor. Doʻngday. Eti ham chakki emas. Sira boʻgʻoz boʻlmadi. Uch yildan beri tekinga boqamiz. Shuni sotib boʻgʻoz yoki sogʻin sigir olishim kerak. Pulning borida sovliq ham olaman. Bu toʻgʻrida yangangiz bilan qancha jiddiy muzokaradan soʻng toʻla bitimga kelingan. Qoʻshnim Usmonali kolxoz injenerining usti yopiq mashinasini minadi. U bilan ham kelishib qoʻyilgan. Usmonali yoʻtalga chalingan takasini sotmoqchi.

Kiyinib tashqariga chiqdim. Qop-qorongʻi, Izgʻirin. Shamolxoʻja teraklarimning boshini yerga tekizish qasdida hali hal urinib yotibdi. Apil-tapil bozor taraddudini koʻrdik. Ammo, ishchanmiz-da, taraddud koʻrish jarayonida ham bekor yurmadik. Yangan-gizdan shingil «leksiya»lar «turkum»idan parchalar eshitib turdik. Bizning xonimdek ziqna, qurumsoq odam boʻlmasa kerak dunyoda. Tiyin nima ekan, tiyinning yuzdam birini ham hisobga oladi.
— Molni sotayotganingizda qattiq turing,— tayinladi xonim,— boʻgʻoz, sersut deb maqtang. Olayotganingizda besh soʻmdan emas, bir soʻmdan oshiring. Iloji boʻlsa...

Gʻashim keldi.
— Sakkiz yuz oltmish toʻqqiz soʻm yetmish toʻrt tiyin soʻrayman,— dedim.
— Ha, bozor-oʻcharni bilmaysiz-da, Soʻtaksiz. Sizga bozor kolxozning garaji emas, hotamtoylik qilgani.
— Tabiat jagʻ masalasida sizga gʻoyat saxiylik qilib yuborgan-da! — dedim.

Bu gapimga olovga tashlangan qalampirning tutuniday «laziz» javob qaytdi. Bundan «lazzatlanib» yurib, mol bilan qoʻyni mashinaga yukladik. Yangangiz «ofarinlar» aytib qoldi.
— Hoy, landavur, ehtiyot boʻling, eshitib yuraman, mol bozorining dalollari juda olgʻir boʻladi!

Ensam qotdi. Orqaga qaramay qoʻl siltadim. Kishiga alam qilar ekan. Axir, kichkina bola emasman-ku, bitta sigirni almashtirib kelolmasam! Kechadan beri jagʻi tinmaydi-ya! Mol bozoriga ishim tushmagan boʻlsa ham har qalay, es-hushim joyida. Qolaversa, dallol, olib sotarlar ham odam bolasi. Ammo bir voqea sal oʻylantirib qoʻyadi. Nurali buva degani hatto oʻz sigirini sotganida ham dallollik qilgan emish. Uning bir qari sigiri bor edi. Bozorda uni kampiriga yetaklatib qoʻyibdi. Bir goʻl yigitga bir yarim bahosiga pullabdi. Savdo chogʻida oʻz xotinini «Ona, onajon» debdi. Bu — bor voqea. Lekin bunaqangisi kam boʻladi.

Dam oʻtmay yetib bordik. Mashinani doʻnglikka toʻgʻriladik. Usmonali qoʻchqorni yetaklab qoʻy bozoriga ketdi, men — mol bozoriga. Bozor gavjum. Shamol, gʻala-gʻovur. Xayriyat, xaridor oyogʻim ostidan chiqdi-qoldi. Qorongʻida qanday savdo qilamiz, degan tashvishda edim. Akang qaragʻayning ishbilarmon xaridorida qoʻlfonar bor ekan, yoqib sigirga koʻz yugurtirdi. U yoq-bu yogʻini ushlab, yelkasiga shappatlab qoʻydi.
— Eti tuzuk, lekin qisir, xashaki,— dedi hirqirab.
— Ha, qisir, — dedim rostiga koʻchib. Xaridor sigirning narxini soʻradi.
— Ming ikki yuz soʻm,— javob berdim.
— Yoʻgʻ-a, hazillashyapsizmi, ukam. Insof bilan gapiring-da, oshna. Nari borsa, yuz oʻn qilo goʻshti bor. Besh soʻmdan besh yuz ellik soʻm. Ana, teri-yu, kalla pochchasini ellik soʻm deylik. Olti yuz soʻm. Ikkiga boʻlamiz.
— Nimani ikkiga boʻlamiz? — dedim hayron boʻlib.— Olti yuz soʻmnimi?
— Yoʻgʻ-e, unda juda insofsizlik boʻlib ketadi. Biz unaqa gʻirromlardan emasmiz. Ming ikki yuz soʻmni ikkiga boʻlamiz.
— Boʻlmaydi!

Xaridor yelkamga qoqdi. Soʻng oʻng qoʻlimni tutib siltay ketdi.
— Xoʻp deng, ukam, yaxshi yigitga oʻxshaysiz. Jiyanlaringizga eltib beray. Haqqingizga duo aytib ermak qilib yurishsin. Ana, oltmish bir. Boring, mendan ketsa-ketsin, oltmish ikki.

Unamadim. Xaridor yelkamni uzar darajada qoʻlimni siltay-siltay oltmish yettiga chiqdi. Bosh chayqab turaverdim. Xaridorim oʻta qattiqlik qilish erkak odamga nomunosib ekanligini ta’kidladi.
— Ha, yigit kishi mard, toʻkilgan-sochylgan boʻlishi kerak. Xoʻp deng, otam, xoʻp deng. Boring, ana oltmish sakkiz yarimga boʻladimi? Oltmish toʻqqizga boʻladimi? Ha, xoʻp deng, endi. Juda yetib qoldi. Boʻlmaydimi! Obbo siz-ey! Boring, mendan ketsa ketsin, toʻgʻri!

«Toʻgʻri»si yetti yuz soʻm boʻlsa kerak, deb oʻylab, tagʻin unamadim, Xaridor arazlaganday teskari qarab keta boshladi.
— Koʻraman shundan oshirganingizni! Ayozda turib-turib qaytib ketasiz! Darvoqe, qaytarib ketsam, yomon boʻladi-ku! Yangangiz sigirni koʻrgan hamon meni yeb yuboradi! Shuni oʻylab qoʻrqib ketdim. «Hoy, togʻa, mang, oling, yettitaga!» deya baqirib yuborishimga bir bahya qoldi. Boshqa bir odam kelib qulogʻimga shivirladi:
— Ertalabki savdodan qolmang, jigarim. Mol kasod hozir. Juda pishitib ketdi haligi xaridor. Qaytarib ketgandan na foyda!

Yangi suhbatdoshim haligi xaridorni chaqirdi.
— Yetmish ikki urib bersam, tushunadigan yigitga oʻxshaysiz, birini menga soʻna qilasizmi?

Birini u olsa, yetmish biri menga qoladi. Yetmishiga unagan, nega yetmish biriga unamas ekanman? «Boʻpti» dedim.
— Yoʻq deb turaverasiz.
— Xoʻp.

Xaridor keldi. Dallol xaridorning kafti bilan mening kaftimni juftladi. Soʻng uzoq siltadi.
— Ana, yetmish bir. Xoʻp deng endi. Bering barakani! Men bir xolis, xudojoʻy odamman.

Men «yoʻq» deb turaverdim, dallol avval xaridorning qulogʻiga, keyin mening qulogʻimga sirli pichirladi. Xaridorga nima dedi, qorongʻu. Menga esa «besh soʻm qoʻshaman, xoʻp deb yuboring» dedi. Dallolning aytganini qildim. Dallol fonarning yorugʻida yetti yuz oʻn besh soʻmni sanab oldi. Menga yetti yuzu toʻrt soʻm yetib keldi. Uchovimiz bir-birimizga omad tilab, uch tomonga tarqaldik.

Tong otmagan. Gʻala-gʻovur avjida. Bozorchilar bir-birining gapini arang anglab oladi. Arqonni yelkaga tashlab, sigir qidirib yuribman. Ammo durustroq sigir uchramadi. Boʻgʻozini olaqolaman. Qanday qilib topsa boʻladi boʻgʻoz sigirni? Axir, qorniga «boʻgʻoz» deb yozib qoʻyilmagan-da! Dallollardan soʻrash kerak, shular bilishadi. Savdoni pishirib, moʻmayroq shirinkoma talab qilayotgan keksa dallolni nishonga oldim:
— Amaki, bizga boʻgʻoz sigir kerak edi-da!
— Kerak boʻlsa, topamiz, boʻtam, topamiz. Ha, umringizdan baraka toping, boʻtalogʻim. Uyingiz gulga toʻlgur, saxiyginam. Siz boʻgʻoz sigir deysiz-u, biz yoʻq deymizmi?

Dallol nevaralarini, ya’ni bizning farzandlarni, garchi tanimasa ham, uzoq maqtadi. Quyuq duo qildi. Xursand boʻldim. Yaxshi odam boʻlarkan-ku, dallollar ham. Yangangiz boʻlsa... Saviyasi past-da.

Dallol meni ichkariroqqa boshladi. Bir sigirning ikki biqinidan ushlab koʻrdi. Boʻgʻoz emas ekan shekilli, nari ketdi. Dallolga yoqmagan haligi sigirga razm soldim. Dallol haqiqatan ham bilar ekan, hayvonning beli tasmadekkina edi. Dallolga ikkinchi sigirham yoqmadi. Toʻla gavdali sigir ham dallolning qoʻlbola «laboratoriya»sidan chiqqach, qisir ekanligi ma’lum boʻldi. Juda pishiq odamni topganga oʻxshayman. Kattagina sigirning boshiga bordi. Uniig ustiga engashib qornini panjalari bilan pay-paslab, uzoq taftish qildi. Qulogʻini sigirning qorniga tutib nimanidir tingyaadi. Soʻng qaddini rostlab mol egasiga yuzlandi.
— Qornidagi bolasi necha oylik? Uch oylik bor-a?
— Uch oylikdan oshdi, toʻrt oylik.

Dallol sigirning boshqa tomonlarini ham koʻrdi,
— Ha, toʻgʻri,— dedi va orqasiga oʻgirilib, meni chaqirdi:—Hoy, bolam, qayoqdasiz.
— Shettaman.
— Mana topdim, boʻtalogʻim. Zoʻr govmish! Toleingiz bor ekan.

Sigir hozirgina pullangan govmushimgasal oʻxshab ketardi. Lekin u xashaki edi, bu esa boʻgʻoz, zotdor! Sigirni aylanib tomosha qildim.
— Ishqilib aniqmi, boʻgʻozligi? Dallol qoʻlini siltab tashladi.
— E, oppoq soqolim bilan yolgʻoi gapiramanmi? Tepamda xudo turibdi! Men xolis odamman,— u mol egasiga ishora qmldi.— Menga u ham bir, siz ham. Musulmonman. Savdoni bitiraylik. Himmat qilsaigiz uchta soʻm berarsiz, himmat qilmasangiz... Shu oʻn besh tangani deb imonimni, oxiratimni sotamanmi? Yoshim paygʻambar yoshidan oshdi. Qani, bering qoʻlni! Biz bir xojatbaror odammiz, savob boʻlsa bas.

Shubhalanib, qoʻl bermadim. Mol egasi bidirlab sigirni maqtay ketdi. Sigir qoʻydan yuvosh ekan, kuniga uch paqirdan sut berar ekan.

Qoʻl berdim. Dallol qoʻllarimizni ushlab turib, molning bahosini soʻradi.
— Oʻn uchta,— javob qaytdi sotuvchidan. Dallol keskin bosh silkidi.
— Yoʻq, yetti yuz ellik soʻm beramiz,— dedi va qoʻlimni siltay ketdi.— Ha, bor baraka deng...

Sigir egasi bosh chayqab, qoʻlini tortib olmoqchi boʻldi. Biroq, dallolim anoyi emas, qoʻyib yubormadi, Uning qulogʻiga shivirladi. Govmushning egasi baqirib berdi.
— Axir, insof qiling, togʻa! — dedi qoʻlini arra qilib.— Shu sotadigan sigir-mi?! Govmush-a, govmush! Qornida bolasi bor. Har tuqqanda oʻn bir oy sogʻdiradi. Suti quyuq. Xudo haqi, sotadigan sigir emas, jonyvor! Nima qilay, majbur boʻldim. Davlat «Jiguli» beradigan boʻlib qoldi. Boʻlmasa, oʻlay agar, sotmasdim. Onam xotinim boʻlsin, sotmasdim! Bolalarimning oʻligining ustida oʻtiray, sotmasdim!
— Oʻh, baxtni qarang, baxtni! Alomat sigirga uchrabman,— entikib quvonaman. Dallol uning gapini kesdi:
— Xoʻp, xoʻp, yetti yuz oltmish qilaylikmi? Yetmishga-chi, akang aylangur? Bor baraka! Ana, sakson!

Mol egasi bosh chayqab qoʻlini tortib oldi. Dallol qulogʻimga shivirladi.
— Ammo yaxshi govmush ekan-da. Xudo yoʻl berib, eson-omon tugʻib bersa, yalchib qolardingiz. Yaxshi sigir — roʻzgʻorning qassobi. Oʻziyam toyloqdek bola bersa kerak.

Dallol tushmagur oʻta mohir ekan. Uzoq yalinishlar, shivirlashlar, kesatishlardan soʻng yetti yuz toʻqson soʻmga koʻndirdi, Oldi-berdidan keyin ayrilishdik. Mashina yoniga kelsam, Usmonali qoʻyini sotib chiqib, kabina chirogʻida kitob oʻqib oʻtiribdi. Sharpamni sezib kitobdan koʻzini oldi va menga iyak qoqdi. Bosh barmogʻimni koʻrsatdim. Keyin govmushni mashinaga chiqardim. Endi sovliq olishim kerak edi.

Sovliqni olishim uncha qiyin boʻlmadi. Shu desangiz, bir damda yelin solgan boʻgʻoz sovliqni uch yuz qirq soʻmga yetaklab chiqdim. Bu safar kabinada emas, bortda ketishga sidqidildan qaror qildim. Axir, ikkovi «ham «ogʻiroyoq», biror kor-hol boʻlsa...

Sevinib ketyapman. Uddaburonligimni koʻrsatib, yangangizni quvontirishga shoshi-laman. Aksiga olganday, hovlida yoʻq-da. Separator buzuq edi, oʻshani ustaga olib ketibdi. Sogʻin sigirdan umid qilgan-da!

Mol, qoʻyni ogʻil ustuniga bogʻlab, kunjara bilan «mehmon» qilib tursam, va’daga koʻra Usmonali chiqib qoldi choy ichgani. Bir oz kerilib govmushni, sovliqni koʻrsatdim. Sovliqni yoʻtal tutdi. Qoʻshnim govmushning narxini soʻradi. Javob qildim.
— Yaxshi, arzon,— dedi va negadir sovligʻimga tikilib qoldi: —- Iya! Iya, bu bizning «Ortiqvoy»-ku!

Yuragim orqaga tortib ketdi.
— Yoʻgʻ-e! Yoʻgʻ-e! — Gʻoʻldiradim titrab.
— E, xuddi oʻsha! Koʻr emasman. Mana, boʻynida ortigʻi bor. Yoʻtalishi ham oʻsha. Engashib, sovliqning «elinipga qaradimu yuragim «shuv» etib ketdi.
— Nahotki!..
— Qoʻyfurushlarning qoʻliga tushibmiz-da! Qanchaga berishdi?
— Uch yuzu qirqqa,— ovozim gʻoʻldirab chiqdi.
— Nomardlar, oʻttizni yulibdi-da ikkovimizdan!

Tovushim chiqmay qoldi. «Buni yangangiz sezmasin, baloga qolaman», demoqchi boʻla-manu aytolmayman. «Sovligʻim» xirillab, nuqul yoʻtaladi.
— Bunaqa ekan,— sukunatni buzdi Usmonali ikki yelkasi kulgidan titrab,— shu yerda bitishib qoʻyaqolar ekanmiz-ku! Qoʻy shoʻrlikni sovuqda ovora qilib yurmay?

Ohurda yelkamni qisib oʻtirsam, oʻrtancha qizim yuzini sochiq bilan arta-arta kirib qoldi. Bir mahal sigirga qarab:
— Voy! Sotilmadimi, bu harom oʻlgur,— desa boʻladimi?! Goʻyoki miyamga bigiz sanchildiyu tovonimdan chiqib ketdi.
— Nima deding!? — baqirdim horgʻin, yigʻloqi ovozda.— U «harom oʻlguring» allaqachon egasini topib ketgan! Yetti yuz oʻn besh soʻmga! Bu govmush sal kam sakkiz yuz soʻmga kelgan. Boʻgʻoz! Erta-indin ogʻzingga oq tegadi.

Qizim mast emasmikan deganday, aftimga sinchiklab tikildi.
— Yoʻgʻ-e,— tez-tez kiprik qoqdi u.— Molimizning xuddi oʻzi-ku!
— Ha, oʻsha! — Usmonali beixtiyor qarsak chalib shod qiyqirdi.— Xuddi oʻsha! Voy, qoʻshnim-ey!

Mol-qoʻyga kam qarasam ham har zamonda koʻzim tushib turadi. Oʻsha! Xuddi oʻsha! Qulogʻidagi tirtigʻi ham! Boshim gʻuvilladi. Koʻzim tindi. Shirin uyquni buzib ayozda bozorga borganim, shilta kechib yurib savdo qilganim, «bu harom oʻlgur»ni sotib «govmush» olganim, bozorga tashlab kelgan chervonlarim — hamma-hammasi miyamda ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Sotuvchining ovozi bir oz tanishga oʻxshovdi-ya! Negadir oʻpkam toʻlib, koʻzimga yosh keldi.
— E, kichkina bolamisiz! — Usmonali yelkamga qoqdi.— Xudo toʻzim bersin. Baho-nada birpas shamollab keldik-da!

Darrov oʻzimni tutib oldim. Ha, shunaqaman. Sirayam goʻdak emasman. Biroq, xonim oʻz soʻzidan qolmaydi. Hamisha «bozor-oʻcharga soʻtaksiz», deydi.

Ana shunaqa gaplar. Yillar oʻtib yosh ham, bosh ham ulgʻaydi. Bu davrda yuqoridagi kabi «xushxoʻr» voqealardan qanchadan-qanchasining shohidi boʻlmadik, ne-ne koʻylarga tushmadik, deysiz. Yana soʻzlayversam, heh-he!..