OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Muqimov
Asar nomiQoʻqon shamoli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Muqimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻqon shamoli (hikoya)
Anvar Muqimov

Qoʻqon shamoli qishda qutirib ketadi. Tomlarda, daraxtlarda, simyogʻochlarda uvillaydi, oʻkiradi, chiyillaydi. Daraxtlarni egadi, bukadi, «qars-qars» sindiradi. Elektr simlarini uzadi, oʻt chiqaradi. Hammayoqqa dahshat soladi. Shivalab yogʻayotgan qorni oʻz mayliga qoʻymay toʻzgʻitadi, olis-olislarga uchirib borib pastqamliklarga, zovurlarga, burchak-burchaklarga tiqib tashlaydi...

Ayozli kun oʻtadi, tigʻli tun oʻtadi, biroq bu beshafqat shamolning adogʻi koʻrinmaydi.

Oʻshanda ham qahraton qish, qorli boʻron edi. Latifjonning onasi Jannat xola bir haftadan beri ana ketdi-mana ketdi boʻlib yotardi. Latifjon umrida birinchi marta ishga bormadi. Surunkasiga uch kun bormadi. Singlisi Sharifa, xotini Zulayho bilan birga onasining qoshida boʻldi. Kolxoz hayotiga doir ba’zi zarur ishlarni telefon va hol soʻrab keluvchilar orqali bitirib turdi.

Jannat xola kechga yaqin tildan qoldi. Oʻzining pastak tomli suyukli hujrasida sandalning toʻr tomonida qizil koʻrpa orasida shipga qarab jim yotibdi. Terisi suyagiga borib yopishgan, chakka suyaklari boʻrtib chiqqan. Burishgan yuzlari, oriq, kichkina qoʻllari qonsiz, oppoq. Choʻkib ketgan nursiz koʻzlari bolalariga tikiladi. Cheksiz mehr bilan, tengi yoʻq bir qizgʻanish hissi bilan tikiladi. Goʻyo Parvardigor bulardan xolani emas, xoladan bularni tortib olayotganday...

Jannat xola ertalab tuppa-tuzuk edi. Dastlab chorak piyola sut ichdi. Xolaning jondan aziz sakkizta kitobi bor edi. Varaqlari sargʻayib, jildlari qayta-qayta ta’mir qilingan kitoblar. Hammasini bir-bir oʻpib, peshonasiga bosdi. Soʻngra Sharifa uning buyrugʻi bilan kitoblarni oq, odmi roʻmolga tugdi. Latifjon shoti keltirdi. Tugunni shiftga — kampirning qoq peshonasiga osishdi.
— Rahmat, bolalarim, rahmat, — dedi xola. — Umrlaring uzoq boʻlsin. Keyin xola Bedilning bir baytini yedtsan oʻqidi. Navoiyning «abadul-abad» ekanligi haqida gapirdi. Soʻng zukko afandi va nodon podsho haqida latifa aytib, hammani kuldirdi. Magnitofondan Munojot Yoʻlchievaning lentasini qoʻydirib eshitdi. Munojotni suydi, alqadi. Tushga yaqin tarvuz soʻradi.
— Attang, tugagan edi-yu, — dedi Sharifa koʻrqa-pisa.
— Topamiz, topamiz, buvijon, — xitob qildi Zulayho va eriga qaradi.
— Ha, tugagan ekan, nega oldinroq aytmaysizlar shuni, — jerkidi Latifjon va tashqariga otildi. — Hozir...
— Qoʻyaqol, bolam, — zorlandi bemor. — Shu zahar ayozda...

Latifjon yoʻq boʻlib ketdi va bir yarim soatlarda ikkita koʻm-koʻk tarvuz qoʻltiqlab kirdi.
— Mana, buvijon, — dedi va etigining qoʻnjidan pichoq olib, tarvuzlardan birini shartta ikkiga boʻldi. Qonday qizil goʻshtini palaxsa-palaxsa qilib tashladi. Keyin mayin jilmaydi. — Qumga koʻmishgan ekan, azamatlar, yozdagiday turibdi.

Zulayho tarvuz etidan maydalab, kampirning tishsiz ogʻziga solib turdi.
— Endi bas, — dedi xola bir ozdan soʻng. — Barakalla, bolalarim. Qolganini oʻzlaring yenglar, narigi uyga opkirib, bolalaring bilan yenglar.

Ayollar, «Rahmat», «Rahmat, sizning yeganingiz — bizning yeganimiz», deb tek oʻtirishaverdi. Bunga kampirning jahli chiqqan boʻldi.
— Gapim oʻtmaydigan boʻlib qolibdi-da, — dedi.

Ayollar, «Kechirasiz, buvijon», deya oʻrinlaridan turdilar va bir palladan tarvuzni koʻtarib, xonadan chiqdilar. Latifjon eshikni zich yopdi-da, onasining yoniga kelib oʻtirdi. «Amringizga muntazirman», deganday uning ogʻziga tikildi.
— Fursat borida gapirib olay, bolam, — dedi xola uzoq oʻylanib yotgandan keyin.
— E, unaqa demang, — choʻchib tushdi Latifjon. — Sogʻayib otday boʻlib ketasiz. Hali sizni Kavkazga olib boraman deb yuribmanu.

Bu tasalli Jannat xolaga yoqmadi.
— Bilib turib yolgʻon gapirmagin-da unaqa, — dedi. — Yolgʻonchilik yomon narsa. Kampir tez-tez kiprik qoqib, jim qoldi. Soʻng:
— Yoshimni yashadim, oshimni oshadim, — dedi zaif bir tovushda. — Mana yetmish yettiga kirdim. Otang hayot boʻlganda ikki kam saksonga borardi. Urush yedi rahmatlikning boshini.
— Xuddi shunday, buvijon, — past tovushda xitob qildi oʻgʻli. Xola picha dam olgach:
— «El-yurtni yashnataman degan odam, avvalo, oʻzi yashnaydi», degan ekan bir donishmand, — dedi. — Mana, sen ham yashnab, yashnatib yuribsan. Bundan keyin ham yashnagin, iloyim.

Latifjon qulluq qildi.
— Xoʻp, buvijon, xoʻp.
— Keyin singling bilan xotiningni e’zoz qilgin. Alomat juvonlar, jahonga bergisiz juvonlar.
— Xoʻp, buvijon, hamma aytganlaringizni qilaman.

Kampir jimib qoldi. Uning ikki koʻzidan ikki dona yosh yaltiradi.
— Qirq olti yillik qadrdonim eding, — dedi ona ovozi qaltirab. — Qirq olti yil hidladim seni. Lekin... toʻymadim, sira-sira toʻymadim...

Latifjonning tomogʻiga bir nima tikilganday boʻldi.
— Buvijon... — dedi qaqshab va kampirga tashlandi, yuzlaridan, peshonasidan «choʻlp-choʻlp» oʻpdi.

Haligina boʻlib oʻtgan edi bu suhbat. Shunday bir yaxshi gaplashib oʻtirgan odam toʻsatdan tildan ajrab oʻtirsa-ya.

Yarim kechadan oʻtdi hamki, shamol qahridan tushmaydi. Och boʻriday uvillaydi, erinmay qor toʻzgʻitadi. Kampir qizil koʻrpa orasida kichkina boʻlib, goʻyo shu shamoldan boshqa hech qanday voqea roʻy bermayotganday osoyishta yotibdi... Boshida Sharifa, oʻng tomonida Latifjon, chap tomonida Zulayho, uchovining ham koʻngli vayron. Sharifa bilan Zulayho ovoz chiqarmay kuyunib yigʻlayapti. Dam-badam yelkalari tikuv mashinasining «boshi»dagi sakragichday «dik-dik» qilib qoladi. Latifjon jim, dam onasiga, dam uzluksiz chayqalib turgan lampochkaga qaraydi. Chakkasiga ombur solingan odamday betoqatlanadi, panjalarini qisib ezadi, qayiradi... Bir payt tashqarida nimadir taraqlaganday boʻldi. Latifjon sergaklandi. Nima ekan? Narigi uyda bolalar yotgan edi, oʻshalarmikan?

Latifjon hovliga chiqdi. Taraqlagan darvoza ekan. Ana, yana taraqladi. Latifjon oʻrnidan turib, eshikka chiqdi. Bilqildoq qor uyumlarini kechib, darvoza tomon bordi. Darvozaxonaning chirogʻini yoqdi.
— Kim? — dedi baqirib.
— Men, men, Xursandman, — Gʻuldiroq ovoz keldi koʻchadan. — Bemahalda sayyoq yurgan Xursand jinningman.

Xursandali pastroq tovushda kimgadir, «Unday boʻlsa, mayli, rahmat, katta rahmat», dedi. Yengil mashina joʻnab ketdi.

Latifjon darvozani ochdi. Hakiqatan Xursandali ekan. Sherigi ham bor. Xursandali Latifjonning qalin doʻsti. Sayyor muxbir. Latifjon singari xushchaqchaq yigit. Margʻilonlik.

Ular uzoq vaqt koʻrishmagan edilar, kuchoqlasha ketishdi. Latifjon haydovchi yigitni tutib qolmagani uchun Xursandalidan oʻpkalandi. Soʻngra darvozani shamolga qarshi zoʻr berib itarib yopdi, sharaqlatib qulfladi. Bungacha Xursandali Qoʻqon shamoli sha’niga malomat gaplarni yogʻdirib tashladi.
— Buncha ham burunga oʻch ekan Qoʻqon shamoli, — dedi soʻng. — Bir chaqib toʻymaydi, ikki chaqib toʻymaydi... Burunni sugʻursang chiqsa ekan, roʻmolchaga oʻrab choʻntakka solib koʻysang, mana boʻlmasa deb!

Latifjon samimiy kulib yubordi. Keyin:
— Senikidaqa ellik oltinchi razmerli burun biz tomonlarda kam-da, — dedi hamon kulib. — Oʻshaning uchun salmoqdor burun uchrab qolganda, bir burunxoʻrlik qilib olaylik deydi-da.
— Shunaqa, — dedi Xursandali kulgidan keyin jiddiy. — Yoz boʻlsa chivin koʻz ochirmaydi. Anovi xartumli chaqadigani bor-ku, oʻsha. — Endi hamrohiga karab davom etdi. — Bularning chivinlari koʻp «odamoxun» boʻladi. Gulzor yoki biror ariq yoqasida oʻtirib qolsangiz, «Qandaysiz in-i-i-imm!..» deb kelaveradi birin-ketin. Beparvo qoldingizmi — tamom! «Hurmatingizni oʻrniga qoʻyadi-da», qizil xaltachani koʻtarib joʻnab qoladi xayr-ma’zurni nasiya qilib. Ne chogʻli «izzat-ikromga sazovor boʻlganingizni» keyinroq, badaningizning biror punkti jizillaganda bilasiz...

Mehmon bilan Latifjon yana kulishadi. Xursandali esa, tishining oqini ham koʻrsatmadi.
— E, yuringlar-e, ichkarida gaplashaylik, — dedi Latifjon ularni darvozaxonaning shundoq biqinidagi mehmonxonasiga boshladi. — Juda sovqotib qolibsizlar-a?

Mehmonlar telpak va paltolaridagi qorlarni qoqib, zinada tepina-tepina ichkariga kirishdi. Latifjon kunduzi quruq xodachalarni maydalab qoʻygan edi, darrov oʻshani keltirdi. Hol-ahvol soʻrab yurib, pechkani lovillatib yubordi. Pechkaning yoniga stol qoʻydi. Oʻtirishdi.
— Bay, bay, bay, oʻt-a! — Xursandali kaftlarini olovga toblab, bir-biriga ishqadi. — Boʻylaringdan akang aylangur, oʻt-a!
— Koʻchada koʻp turib qoldilaringmi? — soʻradi Latifjon.
— Uch zum. Shamolga betkay oʻzi darvozang. Yana bir zum turganimizda, muzlab haykalday agʻnab tusharmidik. Yaxshi uygʻoq ekansan.

Latifjon kechikib javob qildi:
— Idoradan hozir keldim.
— Raislik ham qiyin-da. Shunday sovuqda. Shamolni qara-ya, — Xursandali sherigiga bosh qimirlatdi. — Qoʻqon shamoli mana shunaqa boʻladi.
— Yomon ekan, — deb qoʻydi mehmon yigit sekin.

Xursandali yurgan yoʻlida latifa toʻqib, latifa aytib yuradi. Latifa qahramoni koʻpincha oʻzi boʻladi.
— Juda yomon, — dedi u va darrov lof-latifa boshladi. — Bir kuni bolalar hovlida oʻynab yurishardi. Ha, u vaqtlarda Beshariqda turardik. (Bu gapi gʻirt yolgʻon edi.) Men sigirlarga tert qorayotgan edim. Shamol toʻsatdan «gʻuv» etib qoldi. Turib borib, uch bolani ikki qoʻltiqqa urib, uyga chopdim. Ostonadan oʻtayotganimda «tars-turs» etganday boʻluvdi, tashqariga chiqsam, sigir ham yoʻq, gʻunajin ham. Shamol arqonlarini «shart-shurt» uzib, uchirib ketibdi ikkovini ham!

Mehmon zavq bilan kuldi. Kulgiga Latifjon qoʻshildi. Xursandali jiddiy, koʻrsatkich barmogʻi bilan ta’kidlab vahima qildi.
— Bir hafta deganda arang topdim. Qarangki, osmonu falakda uchirib borib, Xoʻjaqishloqning baqateragiga osib ketibdi, battol! Borsam, sigirposhsho sevimli qizi bilan, «Ne kunlarga qoldik biz-e!» degan ashulani vang qoʻyib, osilib yotishibdi baqaterakning ustida! Oʻt oʻchiruvchilarga yalinib yurib, arang tushirib olibman bechoralarni.

Yana kulgi koʻtarildi. Xursandali «kuyunib» ketdi.
— Xe, oʻl, bu kuningdan battar boʻl, shamol, deyman! Shu ham ishmi? Xoʻp, ana, kasbing sigir uchirish ekan, qurib ketganmidi menikidan boshqa sigir?! Mana, haromxoʻrlarnikini uchir, poraxoʻrlarnikini uchir, chayqovchilarnikini uchir! Kelib-kelib menikini uchirasanmi? Qalam uchini yalab, zoʻrgʻa tirikchilik qilayotgan faqir bir gazetachinikini uchirasanmi? Yo boʻlmasa hammanikini baravar uchir — osmon mol bozoriga aylanib ketsin!

Xoʻp kulishdi.
— Ha, aytmoqchi, sizlarni bir-birlaringga tanishtirmabman-ku, — Xursandali peshonasiga «shaq-shaq» urdi. — Kalla yoʻq-da menda, kalla. Bu kishi buxorolik doʻstimiz boʻladi. Ismi shariflari Aminjon Ne’matov. Moskvada tanishganmiz. Qoʻli gul jurnalist.

Latifjon qoʻllari koʻksida, labida tabassum bilan, gavdasini oldinga va orqaga tashlab uch-toʻrt bor tebratdi.
— Juda yaxshi, juda soz. Bahonada yana bir doʻstning sohibi boʻlib oldik.

Mehmon hafsala bilan taralgan boʻliq, qop-kora sochini silab, «Rahmat, rahmat», deb koʻydi.

Latifjon jilmayib oʻtirardi-yu, fikri-zikri ichkarida edi. Rov kirib chiqmoqchi boʻlib oʻrnidan turdi.
— Men hozir...
— Nima «hozir»? — Xursandali uning yelkasidan bosib oʻtqazib qoʻydi. Xursandalining durustgina kayfi bor edi. Bunday paytlarda aytganini qildirmaguncha qoʻymasdi. Buni Latifjon yaxshi bilardi. Shu tufayli ortiqcha tirqishlik qilmadi. — Oldin tanishtirish marosimi tugasin, keyin kirarsan dasturxonga. Xoʻ-oʻsh... Aminjon bir ish bilan kelib qoldi. Buyoqlarda birinchi marta boʻlishi ekan. Hamzaobodni, Soʻxni tomosha qildirdim. Rishtonni koʻrsatdim. Oltiarikda yaxshigina oʻtirgan edik, birdan sen esimga tushib qolding. Tuman kattatari koʻp qarshilik qilishdi. «Yoʻq» deb turib oldim. «Latifjonning ishqi tushdimi — tamom», dedim. Mashina toʻgʻrilab berishdi, mana, keldik. Bir tomoni shamolga rizqimiz tortib turgan ekan. Ertaga Qoʻqonni koʻrsatamiz. Xudoyorxonning oʻrdasi, adabiyot muzeyi, Muqimiy, Furqat muzeylari — hech qaysisi qolmaydi. Mashina «gum»dir?
— Ha, «gum».
— Birga boramiz-a?

Latifjon hayallab javob berdi:
— Mayli, boraveramiz.
— Malades-s. Xoʻroz yigit mening doʻstim. — Xursandali Latifjonni «choʻlp» etkazib oʻpib oldi. Soʻng oʻz peshonasiga yana shapaloq tushirdi. — Haqiqatan ham kalla yoʻq menda. Shishaga yaqinroq yuramiz-da, oʻsha chirmoviq quritib turadi xotirani. Hali nima deyotgan edim? Ha, tanishtirish marosimi ketayotgan edi. Bu — qadrdon doʻstim Latifjon boʻladi. Haqiqiy latif yigit. Shu kolxozga rais, oʻn toʻqqiz yildan buyon rais! Oʻzi Mehnat Qahramoni, orden-medallardan bir choyshabcha bor. Uning buvisi mening ham buvim. «Buvijon», deyman uni. Aytmoqchi, buvijonim qanday? Kirib koʻrmabman-a, darrov. E, xomkalla. Avval oʻsha kishini ziyorat qilish kerak edi-ku. Yuringlar, koʻrib chiqaylik.

Xursandali oʻrnidan turdi. Latifjonning rangi oqarib ketdi. Otashkurakni olib «tuppa-tuzuk» yonib turgan olovni tuzatishga behuda urinib, uzoq jim qoldi. Nima qilish kerak? Bu taklifga koʻnsinmi? Koʻngan taqdirda... Yoʻq, boʻlmaydi. Yoʻqsa, haqiqiy ahvolni aytib qoʻyaqolsinmi? Yoʻq, yoʻq. Shunday dilbar, shunday yayrab-yashnab oʻtirgan yigitlarning koʻnglini vayron qilmaydi. Qahqaha toʻlgan mehmonxonani azaxonaga aylantirmaydi...

Latifjonning holatini koʻrib, Xursandali tashvishga tushib qoldi.
— Ha, ranging oʻchib ketdi? — dedi. — Tinchlikmi? Astagʻfirillo, — Latifjon pechkaning eshigini yopib, Xursandaliga astoydil tikildi. — Buvim Xonobodga, Sharifanikiga ketgan. Boramiz desang, mashina chaqiraman, boramiz...
— E, shunday demaysanmi. Men... Ha, mayli, unday boʻlsa, ertaga, Qoʻqonga ketaturib tushib oʻtarmiz.

Xursandali kampirdan koʻngli tinchib, yana gapga tushib ketdi.
— Ajoyib buvi, — dedi Aminjonga qarab. — Bayt ham bitadi. Ancha she’ri tuman gazetasida bosilgan ham. Doʻppi tikishda unga teng keladigani yoʻq. Bir kuni kelsam, menga atab doʻppi tikib koʻyibdi. Lovillaydi. Qarasam, ikkita qachampirnusxa guli ustida arabcha yozuvi bor. Nozik pushti ipak bilan tikib yozibdi. Nima debdi deng? «Xursand otamga, shirin boʻtamga», debdi. Qoyil koldim.

Xursandali zavq-shavq bilan gapiryapti. Latifjon Aminjon singari «Hm, o-o», deb oʻtiribdi-yu, ich-ichi qaqshab ketayapti. Yuragining qa’ridan dard sizib chiqib, ikki marta xuruj qildi. Ikki marta tomogʻida tutib qoldi. Mehmonlarning payqab qolishidan qoʻrqib, pechkaning eshigini ochdi, gurillab yonayotgan olovni zoʻr berib puflay ketdi. Soʻng oʻzini oʻnglab oldi-da, keskin harakat bilan oʻrnidan turdi.
— Xoʻsh, nima deysizlar, osh qildiraymi, shavla? — dedi. Xursandali besh panjasi bilan oʻzini «soʻydi».
— Mana shunday, — dedi. — Hech narsa kerak emas. Faqat «Ona yuragi» kerak. Shuni aytib bersang bas. — Xursandali mehmonga boqdi. — Arman shoiri Isaakyanning «Ona yuragi» she’rini eshitganmisiz? Bu she’rni Latifjondan eshiting-qoʻying. Vodiyda yoʻq bunaqa shirin aytadigani.

Latifjonning yuragi «shuv» etib ketdi. U bu she’rni chindan ham juda oʻrniga qoʻyib oʻqiydi. Lekin hozir mutlaqo oʻqiy olmaydi. Shunday boʻlsa-da, qoʻlini koʻksiga qoʻyib:
— Xoʻp, xoʻp, bajonidil, — dedi zoʻr berib iljayib. — Ammo bitta shartim bor: oldin choy damlab chiqaman. Tomoqni «yogʻ»lab turmasam, she’r yaxshi chiqmaydi,
— Mayli, mayli, — dedi Xursandali va Aminjonga gap uqtira ketdi. — Oʻzi bu bolada tugʻma talant bor. Shoda-shoda talant. Goʻyo tabiat fazilatlar sandigʻini jaranglatib ochgan-u, «Ol, Latif, ol, keragicha olaver», degan. Bu ham misqollab emas, etak-etaklab olavergan, ochkoʻz. Jussani qarang, jussani! Minorai Kalonday keladi. Shu jussa bilan oʻyinni shunaqa ezadiki. Mukarramxon boʻlib keti-e, deyman. Mahallaning toʻyida oʻyinni oʻzi boshlab beradi. — Juda maddoh boʻlib ketding-da, — dedi Latifjon. — Bas endi.

Biroq Xursandali bunga e’tibor bermadi.
— Ashulani ayting, ashulani, — dedi Aminjonga qarab. — Tanburni yigʻlatib «Sayding koʻyaber, sayyod» yoki «Choʻli iroq»ni olganida Orif Alimahsumov yoqa ushlab qoladi.

Latifjon pechkaga ikkita ogʻirroq oʻtin tashlab, tashqariga otildi. Ellik-olmish metrlik masofani ellik-oltmish qadam qilib, qor uyumlarini pisand qilmay, hovlini ikkita uchburchakka teng boʻlib kesib oʻtdi. Oyogʻini «tap-tup» yerga urdi. Yuragi orziqib, hujra eshigini tez, lekin avaylab ochdi. Uning orqasidan shamol ham urib kirdi va yaraqlab turgan chiroqni olib borib shiftga qadadi. Latifjon darrov eshikni yopdi.

Kampir ancha soʻlib qolibdi. Shafqatsiz oʻlim tobora yaqinlashmoqda edi. Jannat xola oʻgʻlini koʻrib, boshini sal qimirlatib qoʻydi. Latifjon hech narsa deyolmadi, beixtiyor boshini qimirlatdi va tek turib qoldi.

Sharifa kampirning boshida, onasining oppoq sochini panjalarida mayin tarayapti... Zulayho kampirning yonida, qaynonasining qoqsuyak qoʻlini chap qoʻli kaftiga qoʻyib olib, oʻng qoʻli bilan asta-sekin silayapti... Ikkovi ham tebranib, unsiz faryod chekyapti. Ba’zan yelkalari «dik-dik» qilib qoladi...

Latifjon onasining oldiga tiz choʻkdi. Kampirning oʻng koʻzidan bir tomchi yosh sizib chiqibdi-yu, toʻxtab qolibdi. Latifjon shoshib roʻmolchasini oldi-da, engashib yoshni avaylab artdi. Latifjon qaddini rostlamoqchi edi, onasi oʻng qoʻlini asta koʻtarib, uning boʻyniga tashladi. Chap qoʻlini koʻtara olmadi. Zulayho solib qoʻydi uni erining boʻyniga. Kampir yuziga oʻgʻlining yuzini uzoq bosib yotdi.

«Buvijonim, — koʻnglidan oʻtkazdi Latifjon. — Meni kechiring. Yaxshi e’zozlay olmadim... Eh, onam, gʻanimat onam».

Latifjon «Ona yuragi» she’ridagi bir bema’ni qizning muhabbatiga sazovor boʻlaman deb, oʻz onasining koʻksiga xanjar sanchgan va yuragini sugʻirib olgan yigitga la’natlar oʻqidi. Yurakning yiqilgan oʻgʻilga aytgan soʻzlarini dilida takrorladi: «Jonim, bolam, yomon yiqilmadingmi, sogʻmi oʻt-boʻting?»

Latifjonning koʻzlaridan yosh quyuldi. Yelkalari «dik-dik» sakradi. Nihoyat, kampir qoʻllarini tushirdi. Latifjon boshini koʻtarib oʻtirdi. Ona-bola bir-biriga soʻzsiz tikilib qolishdi. Kampirning yupqa, kuruq lablari xiyol qimirladi, lekin ogʻzidan hech qanday tovush chiqmadi. Latifjon ogʻir qoʻzgʻaldi. Choynakka termosdan choy quydi.
— Hozir kelaman, — dedi xasta tovushda. Jannat xola «mayli» deganday bilinar-bilinmas bosh qimirlatdi. Latifjon tashqariga chiqib, qor bilan yuzini yuvdi. Artdi.

Latifjon kirganda, mehmonlar gramplastinkadan askiya eshitishib, sharaqlab kulib oʻtirishardi. Latifjon ora-sira kulgiga qoʻshilib choy quydi. Xayriyat, askiyaga ovunib, «Ona yuragi»ni unutishibdi. She’rni qayta tilga olishmadi. Askiya tugagach, Xursandali ana shu askiyachilarning qaysinisi qaerlik ekanini, ularning kimlarni mot qilganliklarini gapirishga tushib ketdi. Latifjon mehmonlarga joy qildi. Soʻngra:
— Sizlar bemapol gaplashib oʻtiringlar, — dedi mehmonlarga. — Men oʻtin-poʻtin tayyorlab qoʻyayin. Basharti, dam olish istagi tugʻilsa, ana joy, marhamat qilib yonboshlayverasizlar.

Mehmonlar ertalab uygʻonib qarashsa, qor tinibdi-yu, shamol hanuz qahridan tushmabdi. Ular choydan soʻng Qoʻqonga otlanishdi. Darvozaxonada «Volga» mashinasi muntazir edi. Latifjon haydovchi yigitni mehmonlarga tanishtirdi.
— Mana, Odiljon, — dedi, — kechgacha xizmatlaringda boʻladi. Xursandali koʻzlarini katta ochdi.
— Ha, oʻzing bormaysanmi? — dedi niqtab.

Latifjon sariq etigi bilan qorni asta tekislagan holda bir lahza sukut qildi. Soʻng qoʻlini koʻksiga qoʻydi.
— Kechirasizlar, — dedi mehmonlarga gunohkorona boqib, — borolmaydigan boʻlib qoldim. Kichkina uzrli ish chiqib qoldi.
— Nima ekan u «kichkina uzrli ish»? — jerkib soʻradi Xursandali. Latifjon koʻzlarini uqalab, ancha jim qoldi. Keyin:
— Shu, shu... volidamiz... haligiday bandalikni qildilar yangatda, — dedi sekin. — Omonatini topshirdi.

Xursandali koʻz va ogʻzini katta ochib, taxta boʻlib qotib qoldi. Latifjon qalqib chiqqan koʻz-yoshlarini yashirish uchun yuzini chetga burdi.
— Nega? Nega? — ovozi boricha qichqirdi Xursandali va savoliga javob ham kutmay, hayqirib Latifjonga tashlandi. Kuchoqlab yuz-koʻzlaridan oʻpaverdi, oʻpaverdi... Ikki juft azamat yelka tinimsiz silkinaverdi, silkinaverdi...

Shamol esa hanuz dargʻazab: qor uyumlarini bearmon toʻzgʻitadi, daraxt shoxlarini xivich qilib olib, shifer va tunuka tomlarni ayovsiz savalaydi, savalaydi...