OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Namozov
Asar nomiAzal kotiblari (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Namozov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Yoshlik» журнали, 2008
Hajm61KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Azal kotiblari (qissa)
Anvar Namozov

Boysun, umuman Surxon haqida bizning bolalik yillari bilganimiz, Amir Olimxon Buxorodan qochib ketayotib, bu yerda ma’lum muddat toʻxtagan. Xalq Olimxondan biron yorugʻlik koʻrmagan boʻlsa-da, uni hurmat bilan qarshilagan. Keyin, biroz oʻkinib, biroz parishonlanib, uning ortidan qarab qolgan... Oʻshanda allakimlar yozgan kitoblardan biz bu yerdagi goʻzal togʻlar, ular etagidagi yalangliklar, qumliklarda muttasil oʻq qarsillab, hammayoqni «bosmachi egallagani«ni oʻqiganmiz.. Payti kelib, uzoq sukut saqlagan va nihoyat, oʻz farzandlari qoʻliga qalam olgan Surxon "tilga kirdi". Surxon hayotiga "boshqacha koʻz bilan" qaragan dastlabki adib rahmatli Shukur Xolmirzaev edi. Shukur akaning ketidan Mengziyo Safarov, Zoyir Mamajonov, Fayzulla Qilich, Erkin a’zam, Usmon Azim, Jamila Ergasheva, Nodir Normatlar maydonga chiqishdi. Togʻay Murod oʻziga xos shoirona nasr bilan tanildi. Bu kun jarayonni tugal oʻrganib, bemalol »Surxon adiblari» degan kitob tuzish mumkin.

e’tiboringizga havola qilinayotgan qissa muallifi el tanigan adiblarimiz izidan kelayotgan ijodkor. Hayotni ziyrak kuzata oladi. Hayotdagi muammolarni ancha chuqur biladi. Men Anvarjon bilan koʻp soʻzlashib yurib, uning adabiy savodi yaxshiligiga ham qanoat hosil qilganman. Birgina oʻkinchim, menga Anvar Namozov oʻz imkoniyati darajasidan kamroq «ter toʻkayotgan»dek tuyuladi. Shu boisdan, uning bu qissasini koʻrib chiqib, suyundim.

Anvarjonga mashaqqatli adabiyot yoʻlida omad tilayman.

Omon MUXTOR,
Oʻzbekiston Respublikasi san'at arbobi


1

Xoliyor ustiga choyshab yopilgan oyoqlarini qimirlatdi. Tep-tekis solingan choyshab tagida ular karavotning narigi uchigacha qimirlashi kerak edi-ku... Endi oyoqlarining, toʻgʻrirogʻi, oyogʻining panjalari beshta, tovoni bitta. Endi hatto tizzasi ham bitta. Oyogʻi esa bir yarimta, undan ham kamroq.

Endi u chopib-chopib, sakrab-sakrab yurolmaydi. Bundan soʻng bir juft poyabzal olmasa ham boʻlar. Chordona qurib oʻtirolmaydi, oyoqlarini oliftalarcha chalishtirib ham... Toʻylarda oʻrtoqlari bilan hech qachon raqsga tusholmaydi... Xoliyor faqat qisinib-qimtinib yuradi. Birovdan kamday! Kamday emas, kam...

«Nogironman. Bir umrga nogiron! Nogiron va badbaxt! Hayotim oʻzgaradi. Barcha odamlarning menga munosabati, qarashlari ham boshqacha boʻladi. Qanday yashayman? Yoshligimning zavqi ketdi. Talaba boʻlib oʻqish ham yoʻq. Ish topilsa — nogironbopi kerak! Alimov, «kelajagingiz porloq", degandi. Shumi aytgani yoki »bashorati»ning yarmimi bu? Menda kelajakning oʻzi yoʻq.

Nega bunday boʻldi? Dunyodan armon bilan oʻtamanmi? Atrofimdagi odamlarni, toʻgʻrirogʻi, ularning oyoqlarini koʻrganimda, yaram tirnalavermaydimi? Tavba, endi qanday yashayman, qanday?"

Xoliyor ich-ichidan yigʻlar edi, ichidagi nolasi otilib yuzaga chiqdi: oʻkirib yubordi:
— Nima keragi bor yashashning? Birdaniga oʻlmaymanmi!

Hamxonalaridan biri darrov palatadan chiqib ketdi. Qolgan uch kishi indamay, soʻzlashga botinolmay eshik tomon qarab-qarab qoʻyishardi. Mahmud amaki degan keksa kishi tasalli bermoqchi edi, ovozi titrab chiqdi:
— Bola-am...
— Yoʻq, bobojon, qanday yashayin? Oyoqsiz... Bobojon, ayting. Bundan koʻra oʻlgan yaxshi edi-ku! Oʻylab koʻringlar, men nima qilishim kerak? Axir...

Palata eshigi shaxt bilan ochilib, ikki-uch hamshira bilan vrach Ravshanov kirib keldi.

* * *

Bola — yigit desa ham boʻladi — qizga tikildi. Uning qoshiga tegay-tegay deb turgan, peshonasini toʻsib turgan sochlariga termildi. Qiz koʻzlarini yerdan uzmay, pastki labini tishladi. Qoshlaridagi oʻsma unga yarashmagan. Uyalibmi kulgan edi, ikki chakkasida kichkina kulgichlari paydo boʻldi.
— Ha? — dedi u boshini koʻtarib, nihoyat yigitga savolomuz qararkan.
— Yoʻq, oʻzim.

Yigitning sochi orqaga taralgan. Qalin qoshlari ostidagi oʻtkir koʻzlari koʻpincha bir nuqtaga qadalib qoladi. Qimtingan lablari ustidagi murutchasi tim qora. Yuzidagi husunbuzarlar boʻrtib-boʻrtib chiqqan, hartugul oz ular. Qizning sezishicha, yigitning kayfiyati yoʻq edi.

Ha, Xoliyor bugun Norgulga nimadir deyishi kerak. Lekin aytolmayapti. Bolaligidan shu: bir gapni aytolmay oʻzicha mavrid kutadi. Hozir ham goh yerga qaraydi, goh qizga. Shu bugun aytolmay qolmasaydim, deb qoʻrqadi.
— Nimani oʻylayapsiz? — deb soʻradi Norgul. — Bugun charchadingizmi ishdan? Hoy, akajon, xafasiz, shekilli? — qiz erkalangan boʻldi.
— Yoʻq, oʻzim.

Norgulni bugun Xoliyor ishxonasiga taklif qilgan edi. Hamma xodimlar ketdi, faqat Xoliyor qoldi. Farrosh xola kasal. Direktor kalitni Xoliyorga berib qayta-qayta tayinladi. Xoliyorning yarim soatlardan keyin uyiga qaytishiga ishondi.

Qorongʻi tushgach esa aytilgan vaqtda Norgul keldi. Xoliyor darrov katta eshikni ichkaridan qulflab, qizni xonasiga olib kirdi.

Norgul kursiga choʻkkan holda palʼtosining tugmalarini yechib qoʻygan, yelkasiga tushgan roʻmolining uchini koʻrsatkich barmogʻiga oʻrab-oʻramay ermak qilib oʻtirar edi.
— Uydagilarga nima dedingiz?
— Uydagilarning ishi yoʻq, dugonamning tugʻilgan kuni, dedim, — javob qildi qiz.

Tashqarida yomgʻir boshlandi. Shitir-shitir ovoz eshitiladi.

Xoliyor oʻrnidan turib, Norgulning yoniga oʻtdi. Qoʻllarini qizning yelkasiga tashlagan edi, qiz qaramay, ularni ushladi.

Bu birinchi marta emas. Xoliyor ilk bor shu qizdan boʻsa olgan. Qiziq, shu qizni oʻpgan!.. Darvoqe, Xoliyor shuning uchun chaqirganmidi? Muddao boshqa edi-ku!

Xoliyor asta qoʻlini boʻshatdi-da, aylanib oʻtib, Norgulning qarshisiga choʻkdi. Ehtimol, Norgul, bu xatti-harakatlardan choʻchigandir?
— Turing, nega... bunday? Turing.

Yigit qizga qattiq tikilib, qoʻllarini uning tizzasiga qoʻydi. Xoliyorning nazarida, qiz oʻzini joʻrttaga seskangandek tutdi.

«Kutyapti», deb oʻyladi Xoliyor.

Endi Norgul koʻzlarini yumib oldi.

Kutilmaganda Xoliyor oʻrnidan turdi. Stol ustidagi sharfini boʻyniga oʻrab, telpagini boshiga qoʻndirdi:
— Ketdikmi? — dedi u kinoya bilan.

Qiz hayron:
— Qayoqqa? — deb soʻradi.
— Uy-uyimizga, qaerga boʻlardi?! — Xoliyor Norgulning jahli chiqishini istardi. U gapini tavvakaliga boshlamoqchi boʻldi.
— Nima uchun chaqirdingiz bu yerga?
— Bir gapni sizga aytish uchun!
— Ayting-da!

Xoliyor yerga qarab soʻzlay boshladi:
— Bilasizmi, men ilgari... yengiltak qizlar borligiga ishonmasdim. Sira! Lekin, qarangki, adashgan ekanman. Chet ellarda borligini-ku, yaqinda bildim. Bizdayam bor ekan, — Xoliyor qolgan soʻzlarni aytishga qiynaldi. — Bunday... Iltimos, endi bas qilaylik! Gap qoʻshmang.

Oraga sukut choʻkdi. Azbaroyi xijolat boʻlgan Xoliyorning yuzi duv etib qizarib ketdi.
— Ixtiyoringiz, — dedi Norgul oʻrnidan turib.

Bu gapdan Xoliyor hayron qoldi:
— Siz... men bilan yurib-yurib tashlab ketdi, demang.

Qiz picha oʻylanib turdi. Keyin... keyin indamay chiqdi-ketdi! Katta eshik sharaq-shuruqlab ochilganidan soʻng oyoq tovushi tindi...

Xoliyor qancha oʻtirganini bilmaydi.

Xonasining chirogʻini oʻchirib chiqdi. Eshiklarni qulfladi. Osmonga bir qarab oldi. Yomgʻir qor bilan almashibdi. Kumush uchqunlar oʻynab-oʻynab tushayotganidan yigit qandaydir zavq tuydi.

Atrofni qor koʻmayotgan boʻlsa-da, asfalʼt yoʻlda erib ketyapti. Tungi chiroqlar nuri ostida bu koʻchada birgina u ketib bormoqda. Oʻtgan yili oʻqishdan yiqilib qaytgan, bugun esa hamma soʻzlarini boʻlmasa-da, ozrogʻini aytib olgan, hozir ana shu haqida oʻy surayotgan edi!

Tavba, Norgulga nasihatlar bermoqchi edi. Hammasi ichida qoldi. Har safargi, kamida ikki-uch soat kechadigan uchrashuvlari bugun Xoliyorning «tashabbusi» bilan tezgina tugadi. Uzil-kesil tugadi!

Ammo Xoliyor bugungisi boshqacha yoʻl bilan yakun topishini kutgandi. «Gap qoʻshmang» emish! Uf-f, koʻp ishlari bitishga bitadi-yu faqat Xoliyor kutgan natija bilan emas-da!

Xoliyorning bir odati bor: ba’zan hech kutilmaganda qiliqlari, kishini hayratga soluvchi soʻzlari, harakatlari bilan butun ishni bajaradi-qoʻyadi. Shunday paytda yoki gapini gapirayotganida oʻziyam shu qiligʻidan hayron qoladi. Bu hech bir rejasiz, dabdurustdan amalga oshadi.

Maktabni bitirish arafasi edi. Oʻshanda mayda-chuyda narsalarga ham depsinavergan ekan. Bobosining uyida nimaningdir ustida momosi bilan tortishib qoldi. Ikkalalari ham bir-biridan qolishmadi. Momosi «onangga oʻxshagan janjalkashsan», degani yomon ta’sir qildi. Xoliyor nohaqligini bilsayam ichidagini aytib yubordi.
— Yoʻqol, — dedi momosi, — ikkinchi kelsang, oyogʻingni urib sindiraman.
— Yoʻqolsam yoʻqolaman, — Xoliyor zinadan yengilgina tushib, darvoza tomon yoʻl oldi. Birdan haligi «odati» qoʻzib, ortiga qaytdi-da, momosining oldiga keldi: — Hech qayoqqa yoʻqolmayman, kuchingiz yetsa, haydab chiqaring!

Momosi hayron boʻlish-boʻlmasligini ham bilmay, ichkariga kirib ketdi. Bularning dahanaki gʻavgʻosiga indamay tomoshabin boʻlib turgan ammasi ogʻzini yopib kulib yuborsa boʻladimi!..

Bugun esa shu qiligʻi qoʻl kelmay qoldi. Xoliyor bu qiligʻidan ba’zan xursand boʻlsa, ba’zan jigʻibiyroni chiqadi. Bugun shunday boʻldi.

Oʻzi aslida Norgul bilan qanday tanishgan? Bunisi yaxshi esida yoʻq. Mahmuda tanishtirgan edi, shekilli? Birinchi kuniyoq Xoliyorni hayratga solgani Norgulning gapdonligi-yu, suykalishi boʻldi. Keyin-keyin kino, kechki uchrashuvlar — hammasi ikki oy ichida oʻtibdi-ketibdi. Norgul sal gapga arazlaydigan, kamgap — goʻyo endi Xoliyor uni... xotin qilib oladi. Bu orada Xoliyor qiz haqida ancha gap-soʻzlarni eshitdi. Ammo yurakdan chiqarib tashlash oson deysizmi! Sogʻinch. Kutish. Ehtiroslar... Koʻzi koʻr, qulogʻi kar muhabbat!

Hammasi, ana, ikki oy ichida hal boʻldi. Endi xuddi avvalgiday hayot kechiradi, ji-i-mgina ishlab yuradi.

Norgul esa... bir hafta oʻtmay unga roʻpara boʻldi.

Tushlikdan vaqtli qaytgan Xoliyor plakat qogʻozga katta qilib allanima yozayotgan edi. Boshqa xodimlar hali ishga qaytmagan, korxona jimjit. Xoliyor bechora ovozi chiqsa, yozayotgani buziladigandek, sas chiqarmay ishlar edi.

Xona eshigining soʻroqsiz, bexos ochilishi uni choʻchitib yubordi.
— Bir gapim bor, — dedi Norgul jiddiy ohangda.

Xoliyor ishidan bosh koʻtarmay soʻradi:
— Qanday gap ekan?

Norgul indamay turaverdi. Ehtimol, u Xoliyorning «oʻtiring» deyishini kutayotgandir?
— Nima gap? — yana soʻradi Xoliyor Norgulga bir qarab olib.

Keyin bildirmay qizga zimdan razm soldi.

Norgul izzat-nafsoniyati toptalgan koʻyda gʻalati qaradi. Ogʻzi bir tarafga qiyshayib ketganday tuyuldi. Yigʻlamoqchi, shekilli?

Dahshatli jimlik choʻkdi. Xoliyorning qoʻllariga titroq kirdi. Nima deyishini bilmaydi. Urishib tashlay desa, tili kalimaga kelmaydi, ammo... tasalliyam berolmaydi. Uni sarosimalikdan qizning oʻzi xalos etdi. Norgul bir oz turdi-da, indamay chiqib ketdi.

Xoliyor kursiga oʻzini tashlab, xoʻrsindi. Shu on yuragi biram dukillayaptiki... Norgulga achindi — Oʻzidan nafratlandi. Qiziq, yo vijdoni bir nima dedimi? Ajab, shuncha vaqt yurib, Norgulning magʻrurligini bilmagan ekan. Yalinish u yoqda tursin, yigʻlamadiyam, qoyil!

Xoliyor ancha vaqtgacha iztirobga tushib oʻtirdi.

2

Bugun undan kamroq odam xabar oldi. Bugun shanba yoki yakshanba emas-da!

Ammasi ketgach, har kungidek onasi ham kelib ketdi — otasi tush paytida xabar olarmish. Keyin opasi Xolida keldi. Ilgari nega xabar olmaganligini biladi. Qoʻrqadi — bu barcha qizlardagi xususiyat. Axir ukang shu alfozda yotsa-yu, sen unga qanday roʻbaroʻ boʻlasan? Tabiiyki, opasi boshqa narsani bahona qildi:
— Ishxonamizni reviziya bosgan. Nuqul qogʻoz titkilash, qandaydir hujjatlarni axtarib topishni buyurishadi. Oʻzing bilasan, bozor kunlari qizlarning ishi koʻp boʻladi. Mana bugun amallab qochib kelyapman.
— Uydagilar qalay? — deb soʻradi Xoliyor.

Xolida soʻzlayotganida, Xoliyor bir narsaga hayron boʻldi. Qiziq, opasi onasiga oʻxsharkan, ilgarilari e’tibor bermabdi. Opasining ba’zi fazilatlari ham onasinikiga oʻxshash. Mehribonligi, mehmonnavozligi, janjalkashligi...

Har kuni ertalab Xolida Xoliyordan ilgari ishga otlanardi. Hech qachon oyna oldida oʻzini tartibga solishni unutmasdi. Otasi yoki onasidan pul soʻrab olsa, tushlikka kelmasdi. Ishdan ba’zan vaqtida, ba’zan kechroq qaytar, tungi soat oʻnga bormay pinakka ketardi. Ba’zida esa yozuv mashinkasini koʻtarib kelib, kechasi allamahalgacha «chiq-chiq»latib chiqardi. U Xoliyordan toʻrt yosh katta.
— Jamshid telefonda seni soʻragan edi, Termizga ketgan, dedim, — soʻzladi Xolida. — Qanday aldaga¬nimni oʻzim ham bilmay qolibman, boshqa nimayam derdim?
— Ha, bilmagani yaxshi — deb qoʻydi Xoliyor.

Jamshid bilan u maktabda oʻqib yurgan vaqtlaridanoq qalin doʻst edi. Oʻninchi sinfni bitirganlaridan keyin Jamshid, bir yil ishlab, sharoitni yaxshilab, yanagi yili boraman, deya oʻqishga ham ketolmadi. Xoliyor oʻqishdan yiqilib kelgunicha, keyin ham nonvoyxonada ishlab kelyapti. Bu bola keyingi paytlarda Xoliyordan sal uzoqlashgan. Ora-sirada faqat telefon bilan dardlashib turadilar.

Opasi ketgach, Xoliyor qoʻllarini boshining orqasiga qilib, otasining najotkor xabarini esladi. Rostmikan oʻsha gapi? Haligi odam ikki oyogʻi yasama boʻlsayam, soppa-sogʻday sakrab-sakrab yurganmish, hatto mashinasini haydayotganmish. Ayniqsa, oʻzining toʻyida rosa oʻynabdi...

Xoliyor anchagacha shu alfozda oʻy surib yotdi. Soʻng karavoti yonidagi qoʻltiqtayoqni oldi. Palatada undan boshqa Rustam ismli sap-sariq yigit boʻlib, yonboshlab qaysidir jurnalga koʻz tikib yotardi.

Xoliyor unga bir qarab qoʻygach, qoʻltiqtayoqqa tiralib oʻrnidan turdi.
— Ha? — deb soʻradi Rustam jurnaldan bosh koʻtarib.
— Yoʻq, oʻzim.

Xoliyor shoshilmay derazaga yaqinlashdi. Pastga qaradi. Ana, moʻylovli kishi bilagigacha doka bilan oʻralgan oʻgʻlini yetaklab kelyapti, oʻtirgichlarda esa bemorlar kuz oftobining nuridan bahra olishyapti. U yoqdan-bu yoqqa oʻtayotgan kishilarga nazar tashlab qoʻyishadi. Nimani oʻylashayotgan ekan? Hamma oʻz xayoli, tashvishi bilan.

Xoliyor derazadan uzoqlashib, karavotiga choʻkdi. Qoʻltiqtayoqlarini toʻmbaga sekin suyab qoʻydi. Rustamga qaradi — qiziqib nimanidir oʻqiyapti. Keyin oʻrniga choʻzilib, yana qoʻllarini boshining orqasiga oldi. Shiftdagi dogʻga qaradi: odamning tasviriga oʻxshaydi, xuddi yon tarafdan qarab turganday. Tep-tekis shiftda bu koʻlanka qanday paydo boʻlgan, qiziq! Darrov koʻzga tashlanmaydi, e’tiborli nigoh bilan payqash mumkin. Palatadagilardan hech biri payqamagan, shu oʻringa yotib tikilsagina koʻz tushadi. Oʻrtada esa lampochka osilib turibdi. Kech boʻlgach, u yoqiladi, Xoliyor qachon oʻchirilishini ham biladi. Palata osmonda oy boʻlmasa, zim-ziyo, aksincha paytlar, boshqa karavotlarni ham, devor, eshikni ham koʻz ilgʻay oladi. Zaldan ba’zan qadam tovushlari, tibbiy anjomlarning shiqirlashi, eshiklarning koʻngilni gʻash qiladigan gʻijirlashlari eshitiladi. Hamshiralardan birovi palatalardan xabar oladi. Dori-darmonga-ku, dimoqqa uravergach, oʻrganib ham ketarkansan.

Xoliyor maza qilib kerishayotgan Rustamga qaradi. U jurnalni yostiqqa qoʻygach, shippagini oyogʻiga ilib, oʻrnidan turdi.
— Bir aylanib kelay — dedi u kulib.

Eshik ohista ochilib-yopildi.

* * *

Bu yerda nima uchun yotibdi? Yana qachongacha saqlashadi? Shuncha boshogʻriq yetmadimi? Agar bu yerda boʻlmaganida hozir nimalar bilan shugʻullanardi? Alimov bilan bahslashib, gurunglashib oʻtirarmidi?
— Madaniyat institutiga borishingiz kerak edi, — derdi Alimov kuyunchaklik bilan. — Sal shoshibsiz-da! Haliyam kech emas, madaniyat institutiga borsangiz, kirdim, deyavering. Bir marta chalib bersangiz, hech narsa soʻramay qabul qilishadi.

Xoliyor kulib qoʻyadi.
— Tavba, oʻzingiz oʻrganganingizga ishongim kelmaydi, — davom etadi Alimov nimalarnidir qogʻozga yozib. — Bilmadim, kamtarlik qilasizmi yo oʻzingizga ishonmaysizmi?!. Endi, nasib boʻlsa, toʻgʻri Toshkentga boravering. Oʻzimiz yoʻllanma beramiz.

Ikkovlon qolib, ba’zan ishxonada tushlik qilishardi. Umuman, ancha inoq edilar.

Alimov shifoxonaga ikki bor kelib ketdi. Birinchi kelganida, boshqalarday nasihat qildi, koʻnglini koʻtardi. Ikkinchi marta olma koʻtarib kelib, oʻzi ham maza qilib yedi. Ishxonadan, oʻzidan gapirdi. Direktorni gʻiybat qilib, oʻrinbosarligidan pushaymonligini aytdi.

Alimov jussasi kichik odam, koʻzlari kishiga ma’noli boqadi. Oʻziga e’tiborsiz. Direktor unga koʻylagining tugmasini qadashini yoki soqoli oʻsib ketganligini aytsa, xijolat tortadi-yu, keyin oʻzicha mingʻirlaydi. Gap eshitmaslik uchunmi, bir-ikki hafta oʻzini tartibga ham solib yuradi-yu, yana...

Xoliyor ishga qabul qilingach, Alimov uni tabriklagan edi:
— Respublikadagi diplomingiz kor qildi. Oʻziyam zoʻridan ekan-da! Endi ikkovimiz boʻlib bi-ir ishlarkanmiz-da! Toʻgaragingiz zoʻr. Oʻquvchining sarasidan tanlab oling. Oʻzingizdan ham zoʻr qilib tayyorlashga harakat qiling.
— Albatta-da! — javob berdi Xoliyor.

Boshqa xodimlar Xoliyorga kelib-ketishga ishlayot¬gandek tuyuldi. Bir-biri bilan gapi qovushmaydi ham.

Mansur aka — dutor darsidan mashgʻulot oʻtadi, oʻzi oriq, kamsuqum. Orif aka changdan, hamma familiyasi bilan aytib chaqiradigan Narziev yarim shtat pianino va yarim shtat rubobdan, Zokir aka doiradan, Oʻktam ismli istarasi issiq yigit gʻijjakdan dars oʻtadi. Yana bir xola bor — farrosh boʻlib ishlaydi.

Xuddi bu tashkilot yangi tuzilganday hammasi faqat oʻz ishi bilan band. Xoliyorga dastlab shunday tuyuldi.

Ishni boshlaganidan bir haftalar keyin direktor Xoliyorni chaqirtirdi.

Xoliyor kursiga omonatgina choʻkdi. Sirti yaltiroq stol ustidagi qogʻozlarga koʻz tashladi. Keyin joylashibroq oʻtirib, oʻng qoʻlini stolga suyadi. Savol nazari bilan Abdurahimovga boqdi.
— Xoʻsh, ishlar durustmi? — soʻradi direktor boʻyinbogʻini toʻgʻrilab. — Ancha oʻrganib qoldingizmi?
— Ha, oʻrgandim, — Xoliyor tortinibroq javob berdi.
— Diplomni qachon olgan edingiz?
— Toʻqqizinchi sinfda oʻqiyotganimda.
— Oʻquvchilarni yiqqan boʻlsangiz, ishni boshlang, Xoliyorjon. Sizga madaniyat uyidagilarni ishontirdim. Shunday qilingki, shogirdlaringiz tez oʻrganadigan boʻlsin. Qanday yordam kerak boʻlsa, tortinmay soʻrayvering.

Xoliyor uni tinglab oʻtirdi. Direktorning bilimi chuqur ekan, chet el musiqachilaridan, tarixiy voqealardan maroqlanib gapirdi. Yaxshi gapirdi, suhbatdoshini oʻziga jalb qila olarkan.

Abdurahimovning sochlariga koʻpchilikning havasi keladi. Har doim bir yonga, silliq taralgan. Qalin, qora qoshlari ostidagi mungli koʻzlar odamga xotirjam boqadi. Koʻylagi, boʻyinbogʻi, kostyumi ham ozoda.

«Sira jahli chiqmasa kerak», deb oʻyladi Xoliyor.

Abdurahimov Xoliyorni xonasidan kuzatib chiqarar ekan, ehtiyot yuzasidanmi yoki hazillashibmi soʻradi:
— Toʻy-poʻygayam chiqasizmi?
— Yoʻgʻ-e, — kuldi Xoliyor.

«Yaxshi odam ekan, — Oʻyladi u Abdurahimov huzuridan chiqar ekan. — Sen kichik, sen katta demaydi. Hamma bilan bir xil munosabatda boʻladi. Tushunadigan odam».

Xoliyor xonasiga kirganida, Alimov shu yerda edi. Oʻtgan yili bu xona afgʻon rubobi oʻqituvchisining kabineti boʻlgan ekan, hozir u boshqa shaharga koʻchib ketgan.

Alimov Xoliyorga nayni tutqazdi.
— Qani, bir ogʻirrogʻidan chaling-chi!

Xoliyor xonasining uyoq-buyogʻini tartibga keltirmoqchi edi. Ammo hozir hech nima deyolmadi. Malol kelayotgan boʻlsa-da, kulimsirab Alimovdan nayni oldi.

Bir oz tozalagan boʻlib, labiga yaqin olib bordi.

Xona uzra mayin kuy taraldi. Alimov iyagini oldinga choʻzib, koʻzlari yarim yumuq holda kuyni maroqlanib tingladi. Xoliyorning qoʻllari nay teshikchalari uzra ohista qimirlar, huzurbaxsh sado kishini allalar edi. Lekin Xoliyor xazin nay ohangi ogʻushida yurib borayotgandek holatdan har gal oʻzini ming yillik dard-hasratga choʻmgandek ham sezar, mashhur bir gʻazal yodiga tushar edi:

«Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar...»

Bu gʻazalning ma’nosiga u koʻp ham tushunavermas edi. Yosh, bedard ekanligidan eng ogʻir kuydan ham yengillik izlar va topardi. Kuy uning xayollarini allaqayoqlarga olib qochardi. Oydin kechada yolgʻiz oʻtiribsiz. Mayin esayotgan yengil shabadadan entikasiz. Yotib osmonga tikilasiz: behisob yulduzlar chaqnab turadi. Oʻuborli toʻlin oy koʻzingizga gʻalati koʻrinadi. Muallaq turgani chindan ham gʻaroyib. Koʻzingizni yumsangiz, daraxt barglarining ohista shitirlashini eshitasiz. Ovoz bir zum tinadi, mayin shabadada yana shitirlaydi. Koʻzlaringizni ochib, yulduzlarga tikilasiz. Biri soʻnik, boshqasi yorqin yogʻdu sochyapti. Beixtiyor bulbul xonishini eshitib qolasiz. Aytishlaricha, bulbul uxlab qolmay, atirgulning ochilishini koʻray deb kechasi bilan sayrab chiqar ekan. Lekin atirgulning ochilishi arafasida, tong chogʻi uxlab qolar emish...

Xoliyor kuyni tugatdi.
— Yashang, — dedi Alimov...

* * *

Xoliyorning ishlari durust ketdi. Ancha oʻquvchi yigʻildi. Koʻpchiligini ota-onasi, bobolari olib kelishar edi. Bundan toʻrt-besh kunlar ilgari tuman gazetasida Abdurahimovning «Marhamat» nomli maqolasi chop etilib, jumladan, unda yangi toʻgarak ochilgani, oʻquvchilar endi nay san'atini ham oʻrganishi haqida aytilgan edi.

Bolalarini yetaklab kelgan ota-onalar Xoliyorning yoshiga qarab hayratlanar, ba’zi birovlar unga nayni chaldirib koʻrardi. Alimov ularga Xoliyorni maqtaydi va oʻz vaqtida toʻlovlarni toʻlashni tayinlaydi.

Abdurahimov qayoqdandir oʻntacha nay topib keldi. Oʻquvchilar kundalik daftar tutishi, unda baholar vaqtida qoʻyilib borishi kerak ekan. Xoliyor buni eshitib, noqulay ahvolga tushdi. Axir kechagina oʻzi oʻquvchi boʻlgan, kundaligiga baho qoʻydirgan. Endi esa u baho qoʻyarmish.

«Endi sen ishlashing kerak, — dedi bir kuni xonasiga kirarkan hayajonlanib. — Qanchadan-qancha odam senga ishondi. Shunday qilish lozimki, ular rozi boʻlsin».

Oʻquvchilar bilan yaqin boʻlish uchun ancha-muncha harakat kerak. Ularni qiziqtirish talab qilinadi. Tohir degan bola bor. Sen musiqa oʻrgataversang, nigohi derazada boʻladi. Uni bobosi olib kelgan edi. Ehtimol hali yoshligi uchun oʻzida qiziqish uygʻotolmas. Naychilik pedagogikani ham oʻrganishga olib keldi.

Qaysidir bir yigʻilishda uni redkollegiya a’zosi etib saylashdi. Shunday vaqtda har qanday oʻsmir gʻalati ahvolga tushadi. Oʻzini katta odamlar qatoriga qoʻshilganday his etadi. Aslidayam shunday-da! Ichida, albatta, bu ishonchni oqlayman, deb oʻylaydi.

Qiziq, shu paytgacha e’tibor bermaganmikan? Koʻcha-koʻyda kichik bolalar uni koʻrsa, salom beradi, kattalarning koʻpi «siz»lab muomala qiladi.
— Sizlar ikkinchi maktab ostonasiga qadam qoʻyyapsizlar. Bu — hayot maktabi, — degan edi Xoliyorning maktabni bitirishi arafasida ilmiy boʻlim mudiri Xudoyorov. — Bu katta maktab. Shuncha vaqt maktabimiz bagʻrida oʻqib ulgʻaydilaring, endi tarqalasizlar. Hali hayot sizlarga hayotligini koʻrsatadi. Hayot haqida, yashash haqida teranroq oʻylaydigan boʻlasizlar. Sizlar esa, eng muhimi, oddiy qilib aytganda yaxshi odam boʻlinglar. Hayotda hech qachon qoqilmanglar.

Sinfdoshlar tarqalib ham ketdi. Hayot ularni har tarafga sochib yubordi. Oʻn bir kishi institut, bilim yurtlariga oʻqishga kirdi. Qolganlar... yuribdi!

Xoliyor sinfdosh qizlardan Zamirani boshqalardan koʻproq uchratadi. U bu tarafga qarab yuradi, Zamira boshqa tarafga. Ikkalasi ham indamasdan oʻtib ketadi, oltinchi sinfda yuzkoʻrmas boʻlib urishishgan edi.

Rustam bilan Qurbonga hozirdan harbiy qogʻoz chiqibdi. Hayot shu ekan.

3

Otasi uzoq oʻtirmadi. Boshidan doʻppisini olib, sochini orqaga tuzatib, maslahat berdi, madad soʻzlar aytdi.

Har gal bilagidagi eski soatiga qarab qoʻyadi. Oʻgʻlining boshini silaydi. Koʻzini har nuqtaga tikib, «koʻrdingmi», deganday soʻzini ma’qullab qoʻyadi.

Otasi ketganidan keyin Xoliyor oʻzini ancha yengil sezdi.

Otalar har xil boʻladi-yu, vazifasi bir xil. Oʻtgan ikki voqeadan keyingina Xoliyor otasi haqida koʻproq oʻylay boshladi.

Oʻshanda qish tongi edi. Xoliyorning uyqusi oʻchib, koʻzini ochganida, xonaning nimqorongʻiligiga hayron boʻlib, yostiqdan boshini koʻtardi. Stol ustidagi lampa yorugʻida otasi nimanidir xafsala bilan yozib oʻtiribdi. Ustida uyda kiyadigan eski toʻn, qunishib olgan. Xoliyorga otasi shunchalik aftodahol koʻrindiki, gʻalati boʻlib ketdi.
— Dada, ha? — dedi beixtiyor.

Otasi oʻgirilib unga qaradi:
— Uxla, oʻgʻlim. Konspekt yozyapman.

Oʻsha subhidam unutilmas boʻlib qolgan.

Bahor kuni edi. Xoliyor ishdan qaytib, hovliga kirdi. Qarasa, otasi yer agʻdaryapti. Taajjublisi, shundoqqina ayvonda onasi, ukalari choy ichib oʻtirishar, nimanidir gapirib, kulgini avjiga chiqarishardi.

Qiziq, avvaldan shunday edi, shekilli? Ota qattiq gapirmaydi. Tur, ishla, demaydi, koyimaydi. Hayot, yashash deb oʻzi harakat qiladi. Boz ustiga biror marta «uf» tortgan emas. Moʻmin-qobil ota; moʻmin, qobil oʻqituvchi; moʻmin-qobil odam.

Onasini unchalik ham moʻmin-qobil deb boʻlmaydi. Bu oilaning farzandlari otadan emas, onadan koʻproq koʻrqadi. Onasining boʻynidagi doimiy munchoq uning shaddodligini «bezab» turganday. Mahalladagilarning koʻpchiligi bu ayoldan hayiqadi. Xoliyor bolaligida maktabdan yigʻlab qaytsa, onasi darrov maktabga borib oʻgʻlini yigʻlatgan oʻqituvchi yoki oʻquvchining dodini berib qaytgan.

Bir kuni kechki payt hovliga ukasi Aliyor yigʻlab kirdi. Ust-boshi chang, yuzi tirnalgan. Oshxonadan onasi chiqdi.
— Ha, kim urdi?
— Nurali, — dedi Aliyor koʻz yoshini toʻxtata olmay.
— Yigʻlama, men koʻray qani oʻsha zoʻravonni!

Xoliyor onasini toʻxtatmoqchi boʻldi:
— Ona, qoʻying, yosh-da!

Darvoza tabaqasi tashqaridan yopildi. Qolgani nima boʻlishi ma’lum: onasi haligi bolani uradi, keyin ota-onasining huzuriga olib boradi. Ularning ham kayfiyati buziladi. «Noqobil» farzandni uning koʻz oldida urishadi ham. Ammo yomoni shuki, ba’zilar farzandlarini ayab katta janjal boshlab yuboradilar.

Xoliyor oʻquvchisining uyiga borganida, ish yuzasidan uning otasi bilan ancha gaplashdi. Ketar chogʻida haligi kishi soʻrab qoldi:
— Sizni hech tanimadim-da! Kimlardansiz?

Xoliyor otasining nomini aytgan edi, u kishi tanimadi, onasi haqida gapirgandi, er-xotin miyigʻida kulib qoʻyishdi. Xoliyor anchagina koʻngli gʻash boʻlib yurdi. Koʻp soʻzlarni onasiga aytishga yuzi chidamas edi.

Darvoza ochilib, onasi kirdi. Xoliyor uning chimirilgan qoshlari ostidagi oʻtkir koʻzlariga qarab, sekin soʻzladi:
— Nima keragi bor, ona? Janjalsiz ham hal etish mumkin-ku!
— Senga nima? — onasining shashti tushmagan shekilli, oʻshqirdi. — Ukam bormi, yoʻqmi demaysan?!

Xoliyorning oʻrnida Xolida boʻlganida, hozir oʻt olib ketardi. Xoliyor indamadi.

Onasi esa xoʻrsinib oldiga keldi:
— Nima qilay, oʻgʻlim, bolamsizlar-da! Sizlar uchun jon kuydirmasam...

Xoliyor indamadi. Nigohini yerga oldi...

* * *

Ona boyaqish har kuni xabar oladi. Oʻgʻlining qoʻlini kaftlari orasida tutib, dadil gapirishga harakat qiladi.

Xoliyorning bu yerga dastlabki kelgan kunlari edi. Oyogʻini kesib tashlashgach, Xoliyor goʻyo jinni boʻlib qolayozdi. Qoʻllarini karavotga bogʻlashga majbur boʻlishdi. Hamma dalda beradi, vrach Ravshanov koyiydi. Onasi esa Xoliyordek yigʻlaydi:
— Oʻgʻilginam, axir farzandimsan. Nahot menga rahming kelmasa, nahot meni oʻylamasang?!. Oʻzimni oʻldiraman, debsan. Bu nima deganing? Mening qon-qon yigʻlashimni istaysanmi, ukalaringni-chi? Bu nimasi? Eshitgan odam nima deydi? Nahot shu qiynalish boʻlsa? Shu azobning oldida yengilsang? Unaqada meni tamom qilasan-ku!

Rostdan ham shu ishga qoʻl urganida, nima boʻlardi? Yigʻi-sigʻi, qarindosh-urugʻ. Otasi, onasi... Eshitganlar... Keyin viloyat yoki markaziy gazetada shu haqda maqola chiqsa, uni irodasizlikda ayblashardi. Demak...

* * *

Bugun Jamshid keldi. Nafas olishga yuragi dov bermaganday bir oz qotib qoldi. Oʻpkasi toʻlib, doʻstiga yaqinlashdi.

Ikkalasining ham koʻzi yoshga toʻldi.
— Oʻtir, — dedi Xoliyor ogʻir xoʻrsinib. Zoʻrgʻa gapirar edi.

Jamshid karavot yonidagi kursiga oʻrnashdi. Tiliga gap kelmadi chogʻi, qoʻlidagiga ishora qildi:
— Qaerga qoʻysam boʻladi?

Xoliyor toʻmba tomon imo qildi. Jamshid toʻmbani ochdi. Ichida boʻsh oʻrin yoʻq ekan, toʻmba ustiga qoʻydi. Ogʻzini ocholmagani uchunmi, palataga razm soldi.

Xonada boshqa hech kim yoʻq, karavotdagi oʻrinlarning ayrimlari yigʻishtirilmagan, bir karavot ustida eskiroq kostyum yotardi.
— Ishlaring ketyaptimi? — soʻradi Xoliyor gap ochish uchun.
— Yaxshi. Shu, oldingiday.

Jamshidning nigohi Xoliyor oʻralib yotgan choyshab uzra suzar ekan, darrov koʻzini boshqa yerga oldi. U nimadir demoqchi edi.
— Joʻrajon, — astoydil gapirdi Jamshid. — Qara, xonada hech kim qolmapti. Ular tashqarida aylanib yurishibdi. Sen ham chiq. Nima qilasan bu yerda siqilib? Aylan, koʻngling yoziladi.
— Bu yerga kelganlar faqat maslahat berishadi, — dedi Xoliyor hammasiga Jamshid aybdordek zaharxanda bilan.

Jamshid nima deyishini bilmay qoldi. Tezgina Xoliyorga qarab olarkan, oʻtirgan oʻrnidan sal qoʻzgʻalib qoʻydi.
— Senga bitta kitob olib keldim, — dedi u bir oz sukutdan soʻng. — Zerikib yotguncha bir oʻqib chiq. Esingdami, Xudoyorov, «kitob — bizning doʻstimiz», der edi. — Jamshidning yuzida yengil tabassum paydo boʻldi. — Sen oʻqiyver, men olib kelaveraman. Amakimning tomi ustida yaxshi kitoblar bor ekan.

Xoliyor kulib qoʻydi. Keyin samimiyat bilan Jamshidga qaradi. Oʻziga astoydil soʻzlayotgan doʻstiga hazil qildi:
— Mayli, sen yetkazib bersang boʻldi. Faqat charchab qolasan-da!
— Qiziqsan-a, nima, men qari boboymi charchab? Qanaqa kitob kerak? She’rga oʻxshaydiganimi yoki romanga oʻxshaganimi, nimadir deydi-ku, oʻshami?

Xoliyor yana kulib qoʻydi. Hozir u yengil tortgan edi.
— Bolalardan xat olyapsanmi? — soʻradi u.
— Olib turibman, kam. Oʻzim yozishga erinaman-da! Lekin bir oʻtirib yozsam, uch-toʻrtta xat yozaman... Hayronman, nima uchun menga «povestka« chiqmayapti? Amakim, »sharoiti toʻgʻri kelmaydi» degan, shekilli.

Xuddi shu payt palata eshigi ochildi. Xonaga yelkasiga oq xalat tashlagan keksaroq kishi kirdi. Kira solib Xoliyorga koʻzi tushar ekan, tashvishli bir ohangda u tomon yurdi:
— Xoliyorjon, yaxshimisiz, soppa-sogʻ boʻlib ketdingizmi? Hech qiynalmayapsizmi? Bu yerda yaxshi qarashayaptimi?

Xoliyor hayron edi. Bu kishi Xoliyorlar oʻqigan maktabning keksa oʻqituvchilaridan. Lekin biror marta bularga dars oʻtmagan.
— Oʻtiring, muallim, — Jamshid turib kursini unga yaqinroq surdi.
— Somsa, qovurilgan goʻsht olib kelgandim, — dedi u qoʻlidagi qogʻozga oʻralgan narsalarni Jamshidga tutib.

Jamshid ularni deraza tokchasiga qoʻydi.

Xoliyor oʻzini qay ahvolda tutishni bilmas, bu kimsaning nima maqsadda kelganiga tushunolmay, xijolat chekib, Jamshiddek taajjubda edi.
— Xoliyorjon, ancha ozib ketibsiz, — dedi u. — Koʻp oʻylayvermang-da! Odam har qanday qiyinchilikka duch keladi, yengish kerak. Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, bu kunlar, umuman, esingizdan chiqib ketadi. Oldin koʻzlaringiz qanday edi-ya, shundoq porlab turardi, toʻgʻrimi?
— u Jamshidga qarab oldi. — Endi boʻlsa... Oʻzingiz sogʻ-salomat boʻlsangiz boʻldi, eng muhimi, salomatlik.

Jamshid qoʻshni karavotga oʻtirib, koʻzini bir nuqtaga tikib, uning soʻzlarini ma’qullayapti.
— Men ham bugun eshitib qolib, qattiq achindim, — davom etdi Omonov. — Lekin kishi hadeb oʻylayvergani bilan hech ish chiqmaydi. Iloji boricha buyogʻini yaxshilashga harakat qilish kerak. Eng muhimi, yana aytaman, salomatlik! Bugun, oʻzi, hozir darsim bor edi, bitta oʻqituvchiga topshirib kelyapman. Xoliyorjon, agar biror narsa kerak boʻlsa, aytaveringlar, sizlarga yordam qilmasak, kimga yordam beramiz? Bir-ikkita sobiq oʻquvchilarim yaxshi, yogʻli joyda ishlashadi. Ahadjonni taniysiz-a, aptekada ishlaydigan, oʻshanga hozir uchradim. Aytdimki, agar dori-pori kerak boʻlib qolsa, topib berasan, dedim. «Xoʻp, ma’lim», dedi. Yaxshi bola oʻziyam.

Xoliyor bu gap-soʻzlar asnosida Omonovning har zamonda uning oyogʻi tomonga qarab qoʻyayotganini sezmaganga oldi.

Omonov negadir roʻzgʻor, bola-chaqadan soʻzlab ketdi. Xotinining kasalligi-yu, toʻqqiz bolasining hali goʻdakligini, ertadan-kechgacha shu bola-chaqa deb ishlashini, yashashi nochorligini, hatto «Xudo koʻrsatmasin, oʻlib qolsa, kim oilasiga qarashini, ularning xor boʻlishi»ni ham aytib oʻtdi. Omonov xonaga Rustam kirib kelganini ham sezmadi.

Xoliyor uning nimadir demoqchi boʻlib gapni aylantirayotganini sezdi. Lekin qanday maqsadda kelgan — taajjub! Otasi bilan kasbdosh boʻlishi bilan birga, ular boshqa-boshqa maktabda ishlashadi, bir-birlarini tanimaydilar. Bir oz qattiqqoʻl bu domla qanday qilib Xoliyorni eslab qoldi ekan?

Omonov ketar chogʻida Xoliyorning qoʻlini beozor siqdi. Xiyla jim qoldi-yu, bir nimani eslagandek yuzi boshqacha tus oldi, koʻzlari javdirab ketdi.
— Xoʻp, Xoliyorjon men boray, kelib turaman, — deya astagina chiqib ketdi.

Palata jimjit boʻlib qoldi.
— Kim bu? — soʻradi Rustam.
— Maktabimizdan, oʻqituvchi.
— Obroʻ katta-ku!

Xoliyor indamadi. Uvishib qolgan chap qoʻlini oʻng qoʻli bilan ishqalay boshladi.

Jamshid oʻrnidan turdi. Oʻijimlangan shimini toʻgʻriladi. Soʻng Xoliyorga qaradi:
— Joʻrajon, endi menga javob bersang. «Darrov kelaman», degandim. Ish-da!
— Ketasanmi? — Xoliyor ohista gapirdi. — Kelib tur, rahmat...
— Sen ham koʻp oʻylab yotavermay dadil boʻl. Boʻpti, xayr.

Jamshid ham ketdi.

Xoliyor toʻmba ustiga qoʻl choʻzib, gazetaga oʻralgan kitobni oldi. Gazetani ocharkan, muqovasidagi koʻpchilikka tanish yozuvga koʻzi tushdi: «Chin inson qissasi».

Hafsalasi pir boʻlgandek, kitobni yana gazetaga oʻrab, joyiga qoʻydi.

Birozdan keyin Rustamga sal teskari oʻtirib, ustidagi choyshabini ochdi. Shimining pochasini koʻtarib, oyogʻiga tikildi, keyin bunisiga. Toʻmtoq qilib tikilgan chandiqlar koʻnglini behuzur qildi. Oʻziyam oyogʻi kir boʻlib ketibdi, faqat spirt bilan artilgan joylari toza...

Xoliyor shu holda ancha oʻtirdi. Boshqa hamxonalari kirgach, shimining pochasini tushirib, choyshabni yopdi...

Kechga yaqin esa yana bir kutilmagan voqea boʻldi. Shoʻx hamshira qoʻlidagi bejirimgina qilib bogʻlangan tugunda nimadir koʻtarib, toʻgʻri Xoliyorning qarshisiga keldi:
— Biram chiroyli qizki, biram goʻzalki, havasim kelib ketdi. «Mana shuni oʻz qoʻliga berib qoʻying, opajon», dedi. Oʻzi kirishga uyaldi. Shuncha kishi, qanday kirsin? Mana, marhamat!

Xoliyor tugunni qanday oldi, bilmaydi. Hali Omonov haqidagi jumboq yechilmasdan turib, endi bunisimi?

Mahmud amaki kulib dedi:
— Aldamayapsizmi? Xoliyorni uyaltirmang-da!
— Ishonmayapsizlarmi, derazadan qarab turinglar, oʻtib ketadi. Keling, oʻzim koʻrsataman.

Rustam ham, Mahmud amaki ham, boshqalar ham derazaga yopirilishdi.

Xoliyor esa noqulay boʻlgani uchun joyidan jilmadi. Uning labida oʻz-oʻzidan tabassum paydo boʻlayotgan edi.
— Ana-ana, — dedi hamshira. — Hozir bu tarafga qarasa kerak. Ana, qaradi!
— Uyalib ketdi-ku! — dedi Rustam.
— Ibiy, shuncha odam qarayapti-yu uyalmaydimi? Endi shoshilishini qarang, hoy qochmang, kelinposhsha! Buyoqda kuyov chimildiqni oʻylayaptilar-ku!

Hamma kulib yubordi...

* * *

Xoliyor nima uchun doʻkondan bir quti sigareta oldi, bu haqda oʻylagani yoʻq. Aslida kecha oqshom Alimovning telefon orqali shipshib aytgan gapini eshitganidan buyon ta’bi tirriq edi. Ishga kechikib kelgani yetmaganday, oʻquvchilarga ham javob berib yubordi. Keyin u yer-bu yerni qarab gugurt topdi. Ermak qilib sigaretni yondirdi-yu, gugurtni choʻntagiga soldi. Keyin tutatgan sigaretini chekdi. Ogʻzidan pagʻa-pagʻa tutun chiqarib chekaverdi.

Shu payt eshik ochilib, direktor bosh suqdi. Kursida yoyilib oliftalarcha oyogʻini chalishtirib oʻtirgan Xoliyorga koʻzi tushdi. Hayratlanib xonaning shiftlariga koʻz yugurtirdi:
— Bu nima tutun?

Xoliyor beparvo javob berdi:
— Eshikni yoping, xalaqit bermang. Yoping endi, iltimos!

Direktor eshikni taraqlatib yopib ketar ekan, nimalar degani eshitilmay qoldi.

Xoliyor toʻngʻillab qoʻydi:
— E, shu ishinggayam!..

Direktor-da, oʻzicha! Kecha Xoliyor yoʻqligida uni majlisda yomonlabdi. Koshki oʻzi bir ishni doʻndirayotgan boʻlsa! «Ishni tashlab qoʻygan», debdi. Mard boʻlsang, oldimda gapir!
— Tagʻin undan oʻrnak olmoqchi boʻlibman-a! Nimasidan? Farrosh xola bilan gap-soʻz boʻlganidanmi?.. Olsang, ishingni olasan, jonimni emas. Xotining yigʻlab kelganida meni uchratib qolib, arzu hol qilganini hali hech kimga aytganim yoʻq...

Anchadan keyin eshik taqillab, bir oʻquvchi iljayib kirdi. Xoliyor indamay qarab turdi. Oʻquvchi sekin salom berib, yon taraflarga alanglay boshladi.
— Boraver, bugun javob, — Xoliyor unga qovogʻini uyib qaradi.

Oʻquvchi chiqib ketdi. Xoliyor uni yomon koʻradi. «Katta boʻlsang, xushomadgoʻy boʻlasan», deydi. U boʻlsa iljayib turaveradi. Hozir eshik taqillaydi, keyin ochiladi. Agar taqqillamay ochilsa, Alimov kirib keladi. Shu odam ham jonga tegdi-da!..

Eshik ohista taqilladi.
— Kiring!

Hech kim ochmadi-yu, bir ozdan soʻng yana taqilladi.

Xoliyor erinib borib, eshikni ochdi.

Ochdi-yu, hushini yigʻib oldi. Qarshisida salgina tortinib Norgul turardi.
— Kechirasiz, salom.
— Salom, — Xoliyor nima deyarini bilmay, ham hayratlanib, ham tundligidan xijolat tortib qoldi.
— Sizga bir ish bilan keluvdim, — Norgulning chehrasida tabassum oʻynadi. — Sizni, yaxshi chizadi, deb eshitdim. Yordam qilasizmi?

Xoliyor shundagina uning qoʻlidagi plakat va qalamlarga qaradi.
— Singlimga maktabdan bervorishibdi. «Men chizolmayman», desam ham koʻnmaydi. Majbur boʻlib oldingizga keldim.
— Ha, haligi... nimani chizish kerak?
— Oʻrtasiga qorbobo, qorqiz bilan. Keyin archa, quyonmi-ayiqmi, birorta hayvon. Plakatning ostiga — uzunasiga bayram tabrigi! — Norgul yana jilmaydi. — Qiyin emasmi, ishqilib?
— Qiyin emas-u, keyin sizga yoqadimi?
— Yoqadi. Mahmuda sizni zoʻr chizadi, dedi-ku!

Yon tarafdagi xona eshigi ochilib, Alimov chiqdi-yu, bularga koʻzi tushdi. Keyin biroz garangsirab turib, yana xonasiga qaytib kirdi.
— Bayramgacha vaqt koʻp, qachon tayyor boʻlsin? — soʻradi Xoliyor.
— Qachon vaqt topsangiz, chizasiz-da! Keyin Mahmudaga aytsangiz, kelib, olib ketaman.
— Yaxshi.
— Rahmat. Boʻpti, men boray.
— Ketasizmi? — Xoliyor nima deyishini bilmay aytgani shu boʻldi.

Keyin Norgulni eshikkacha kuzatib borib, orqasidan qarab qoldi.

Xonasiga qaytib kirarkan, qoʻlidagi plakat va qalamlarni stol ustiga qoʻydi. Keyin joyiga oʻtib oʻtirib, xayol surib ketdi. Qiziq, oʻzi keldi-ya? Birinchi marta shunday yakka oʻzi bilan yuzma-yuz gaplashdi. Mahmudadan berib yuborsayam boʻlardi-ku!..

Xoliyor kulimsiradi: koʻngli bor.

Bu qizni Xoliyor oʻz koʻchasida Mahmuda bilan koʻrgan. Negadir yoqib qoldi. Mahmudadan surishtirdi. Oʻzi bilan bir-ikki marta koʻrishdi.

«Xonaga taklif qilishing mumkin edi-ku, odamgarchilik yuzasidan!» Xoliyorning kallasiga bu fikr birdaniga kelib qoldi...

Keyinchalik Norgul bu xonaga tez-tez taklif etiladigan boʻldi.

* * *

Yulduzli oqshom. Atrofda loy sovuqdan qotib qolgan.
— Sovuqda bekor chiqdik-da! — dedi Xoliyor sal norozilanib.
— Uyda zerikib ketdim, — ohista dedi Norgul. — Issiqroq kiyinmabsiz-da?! Sovqotyapsiz-a?
— Yoʻgʻ-e, — Xoliyor xijolatli kuldi. Aslida oyogʻi panjalari yaxlar, badanining titrogʻini bilintirmaslikka urinardi.
— Nimani oʻylayapsiz? — asta-asta yurib borisharkan soʻradi Norgul.
— Nimani desam ekan, hozir oʻylay-chi! Ha... toʻgʻrisini aytaymi?
— Toʻgʻrisini-da!
— Toʻgʻrisini aytsam, issiqqina pechkadan boshqasini oʻylay olmayapman, — Xoliyor kulib yubordi.
— Men, meni oʻylayapsizmi, debman — Norgul gina qilganday boʻldi. — Sovqotyapsiz, desam, «yoʻq» deysiz?

Xoliyor gapni burmoqchi boʻldi:
— Aytganday, ishxonamizdagi Alimov yangi mashina olgan edi. Bugun ikkalamiz aylandik. Yangi deb biram sekin haydaydi-ey, nafasim qisilib ketdi. Odamlar piyoda yurib oʻtib ketyapti. «Tezroq haydang«, desam, »jimgina oʻtiring, boʻlmasa mashinadan tushirib qoldiraman», deydi. Oʻziyam mashina olish uchun rosa qarzga botdi-da!
— Alimov yomon odam boʻlsa kerak, — dedi Norgul.

Xoliyor hayron boʻldi:
— Nega?
— Bilmasam, menga koʻzi tushsa, qovogʻini uyib oladi, ichida nimadir deb soʻkkanday boʻladi.
— Oʻzi shunaqa odam, — deb qoʻydi Xoliyor.

Aslida Alimov bunaqa emas. Unga Norgul yoqmaydi, xolos. «Xafa boʻlmang-u, bezbet qizlarni yoqtirmayman», deydi.
— Norgul, siz oʻz taqdiringizni oʻzgartirishingiz mumkinmi?

Norgul toʻxtadi:
— Nima, taqdirim sizga yoqmaydimi?
— Yoʻq, siz tushunmadingiz. Masalan, men ishga boraman-kelaman. Yana, yana boraman-kelaman. Bir xil ishlayveraman. Jonga tegmasligi uchun taqdirga boʻysunish kerakmi yoki kerak emasmi? Masalan, taqdirimni oʻzgartirishim mumkinku-a?
— Kelajakda zoʻr olim chiqadi sizdan — hazillashdi Norgul. — Hech kimdan eshitmagan gaplarimni aytyapsiz. Qiyin savollar berasiz, javob berolmay qolaman. Oʻzingiz aytganday, maktabni tashlaganman-ku!

Xoliyor sovuqda yelkalarini qisib, qunishib borar ekan, shu gapini eslab qoʻydi.
— Bu uy kimniki? — deya soʻradi Norgul bir uyning orqasidagi koʻchadan oʻtishar ekan.

Xoliyor chap yoniga qaradi:
— Bir traktorchi bor, oʻshaniki.

Xoliyor shu tobda uyga tezroq borgisi kelar, sovuq uni yanada iskanjaga olgan edi. Rostdan ham issiqqina kiyinib olmabdi-ya!

Hozirgi uchrashuvni Norgul belgiladi. Hatto, shuncha uzoq uylaridan Xoliyorlarning koʻchasiga kelibdi. Shu topda koʻrmasa boʻlmasmish! Xoliyor uchrashuvdan xursand boʻlsa ham, hozir...

Aslida Alimov bunaqa emas. Unga Norgul yoqmaydi, xolos. «Xafa boʻlmang-u, bezbet qizlarni yoqtirmayman», deydi.
— Norgul, siz oʻz taqdiringizni oʻzgartirishingiz mumkinmi?

Norgul toʻxtadi:
— Nima, taqdirim sizga yoqmaydimi?
— Yoʻq, siz tushunmadingiz. Masalan, men ishga boraman-kelaman. Yana, yana boraman-kelaman. Bir xil ishlayveraman. Jonga tegmasligi uchun taqdirga boʻysunish kerakmi yoki kerak emasmi? Masalan, taqdirimni oʻzgartirishim mumkinku-a?
— Kelajakda zoʻr olim chiqadi sizdan — hazillashdi Norgul. — Hech kimdan eshitmagan gaplarimni aytyapsiz. Qiyin savollar berasiz, javob berolmay qolaman. Oʻzingiz aytganday, maktabni tashlaganman-ku!

Xoliyor sovuqda yelkalarini qisib, qunishib borar ekan, shu gapini eslab qoʻydi.
— Bu uy kimniki? — deya soʻradi Norgul bir uyning orqasidagi koʻchadan oʻtishar ekan.

Xoliyor chap yoniga qaradi:
— Bir traktorchi bor, oʻshaniki.

Xoliyor shu tobda uyga tezroq borgisi kelar, sovuq uni yanada iskanjaga olgan edi. Rostdan ham issiqqina kiyinib olmabdi-ya!

Hozirgi uchrashuvni Norgul belgiladi. Hatto, shuncha uzoq uylaridan Xoliyorlarning koʻchasiga kelibdi. Shu topda koʻrmasa boʻlmasmish! Xoliyor uchrashuvdan xursand boʻlsa ham, hozir...

Biroz yurishgach, osmonga qarab qizdan soʻradi:
— Norgul, siz birorta yulduz tanlaganmisiz?

Norgul bir ozdan keyin kulib, «ha» dedi.
— Qaysi biri?
— Hozir yonimda yurayotgani-da!

Yana kuldilar.

Norgul Xoliyorning koʻziga judayam boshqacha koʻrinib ketdi. Unga samimiyat bilan tikildi. Qorongʻuda yuzi aniq koʻrinmasa-da, koʻzlari porlab turibdi.

Xoliyorning oyogʻi ostida yupqa muz qisirladi — yaxlagan bir koʻlmakni bosib olibdi. «Hech qaysi sevishganlar shunday vaqtda uchrashmasalar kerak», deb oʻyladi u kulimsirab.

Yaqin oradan bir eshak gʻalati uzuq-uzuq hangragan edi, yana kulib yuborishdi.
— Ertaga quyosh charaqlaydi, koʻrasiz, — dedi Xoliyor quvonch bilan. — Yulduzlarni qarang.
— Qani edi!
— Ertalab ishga borib, oldin nayimni maza qilib chalaman, kayfiyatni zoʻr qilaman, — deb Xoliyor qoʻshib qoʻydi. — Tushlikda six kabob yeymiz.
— Ho, maqtanchoq, sizlar kabob yesalaring, bizlar undan ham zoʻr narsa yeymiz.
— Nima yeysizlar?
— Aytmayman, aytsam, borib yeb qoʻyasiz.
— Bilaman.
— Xoʻsh, nima?
— Aytsam, borib yeb qoʻyasiz, — kulib yubordi Xoliyor.

Yoʻlda kattaroq koʻlmak uchradi, uni aylanib oʻtdilar. Norgul kichikroq bir toshni yerdan «uzib» olib, koʻlmakka otdi. Keng yoyilgan muz qatlamining oʻrtasi teshik boʻlib qoldi.
— Muqbil toshotar ekansiz-ku!
— Kim, kim?
— Ertakdagi qahramonni eshitganmisiz?
— Yoʻq.
— Oʻqimay ketgandan keyin shu-da! — kesatdi Xoliyor nogoh.

Xoliyor Norgulning oʻqimaganidan ba’zan gʻashlanardi. Shuning uchun Norgulga eslatib qoʻyaveradi. Norgul buni bilsa ham oʻzini himoya qilmoqchi boʻlar, ammo Xoliyor hazil gaplari bilanoq ustun kelardi.

Norgul yashaydigan mahallaga yetib kelishdi. Shuncha yoʻlni asta-sekin, piyoda yurib kelganlarini koʻz oldiga keltirib, Xoliyor oʻziga qoyil qoldi. Choʻntagidan qoʻlini chiqarib, nafasi bilan ularni isitdi.

U Norgulni shu yerda kuzatadi. Bir zum boshqa narsalarni unutadi. Qizning koʻzlariga tikiladi, qoshlariga boqadi. Shunday lahzalarda uni sevishini, dil soʻzlarini aytmoqchi boʻladi-yu, negadir aytolmaydi. Qandaydir yuksak soʻzlar! Bu soʻzlarni koʻzlari orqali ifodalamoqchiday, qizning koʻzlariga tashnalik bilan tikiladi.

Norgul yerga qarab soʻzlandi:
— Ertaga chiqolasizmi?
— Ha, endi astoydil taklif qilsalar, bir iloj qilarmiz...

Lekin Norgul Xoliyorning soʻzini eshitmay, tezda chap tarafiga qaradi. Seskanib ketib, Xoliyorning orqasiga oʻtdi. Atrofni mungli bir nido qoplab olgan edi.

Xoliyorning koʻz oʻngida charsillab, lovillab najotsiz mushuk yonar edi. Alanga ichidagi jonivor ularning yonidan yugurib oʻtolmay, joyida pitirlay boshladi.

Xoliyor bunaqa dahshatni koʻrmagan edi, badani jimirlab ketdi.

Mushuk bor harakati bilan tipirchilar, ovozi asta-sekin soʻnib borardi. Kuchli alanga yorugʻida uning tirnoq, panjalari, koʻzlari aniq koʻrinib ketdi.

Norgul Xoliyorning orqasida turib, yigʻlar, nuqul «ketaylik-ketaylik», derdi. Xoliyor esa qotib qolgan, mushukka yordam berolmasligiga ham qanoat hosil qilgan. Jonivorning etlari yonib, koʻmirga aylangan suyaklarigacha koʻrinib ketdi. Harakatlari susayib, ovozi pixillab qoldi. Ayniqsa tumshugʻining oldini panjalari bilan uzoq siladi, tirnoqlarini ishga solib tirnadi. Ux, koʻzlarining gavhari ham oqdi, shekilli!

Xoliyor bor kuchini toʻplab, olovdan uzoqlashishga harakat qildi. Norgul toʻxtamay yigʻlar, bu esa Xoliyorni battar ezardi. Bir oz yurdilar.
— Shoʻrlik hayvon! — Xoliyor tishlarini gʻijirlatdi.
— Odamlar nega shunday-a? — dedi Norgul zoʻrgʻa nafas olib.
— Odamlar qilmagandir? — Xoliyor hayron boʻldi.

Norgul bir ozdan keyin javob berdi:
— Odamlar qiladi-da!

Xoliyor xoʻrsinib qoʻydi...

Keyinchalik Norguldan eshitdi. Bir-biriga baxil ikki qoʻshni. Guzar kishilarining taxminicha, ular oʻsha kuni rosa urishishibdi. Natijada biri alamini raqibining mushugidan olibdi. Mushuk qoʻshnisiniki boʻlib, somonxonada bolalagan ekan. «Yondirganimdan keyin toʻgʻri somonxonaga boradi», deb oʻylab, qoʻshnisini xonavayron qilmoqchi boʻlibdi...

Odamlar nega shunday-a?

4

Bugun Xoliyor hamxonalarining, «pastga tushib aylanaylik», degan taklifiga rozilik bildirgandek boʻldi-yu, keyin rad etdi. Pastdagi odamlar koʻrmaslikka olsayam, baribir xijolat tortadi. Xonada Mahmud amaki bilan ancha gurunglashib oʻtirdilar.
— Bugun dadangiz bir gapni aytib qoʻying degandilar, — Gʻudrandi Mahmud amaki gap orasida. — Sizga ilgari bir aytgan ekanlar. «Oʻzim aytolmayman», dedilar. Nima desam boʻladi, haligi, sizga bir nima kelgan ekan.

Xoliyor yodiga tushgandek soʻradi:
— Qachon kepti?
— Bir hafta oldin, dedilar, shekilli, — Mahmud amaki gapni burish uchunmi, sukut saqlamay soʻzlay boshladi: — Otangiz juda yaxshi odam-da! Oldilarida gurunglashib oʻtirsam, deyman. Yaxshi-yaxshi gaplardan aytadilar.

Xoliyor deraza tarafga tikilib oʻtirib, u kishining soʻzini tingladi. Derazaning ochiq darichasidan nam havoning hidi kelardi. Kechasi yomgʻir yogʻibdi. Kamroq yogʻgan boʻlsa-da, daraxt barlaridagi nam hali ham ketmay, yaproqlarni chiroyli koʻrsatib turibdi. Xoliyorlarning uyida avvallari bir gul boʻlardi. Otasi uni oshxonada avaylab oʻstirardi. Yomgʻir yogʻsa, shu gulning barglaridan tomchilab suv tomardi. Otasi, «koʻrdingmi, yigʻlayapti», derdi xoʻrsinib.

Hozir shularni eslab, koʻngli allanechuk boʻlib ketdi. Esiz, oʻsha davr, bolalik! Eng ajoyib davr. Oʻam-tashvishing ham, alamli kunlaring ham boʻlmaydi. Birov xafa qilgan taqdirdayam bittagina yigʻlab chiqarib yuborasan. Katta boʻlaverdingmi, hammasi boshlanaveradi.

Xoliyor otasining oʻsha gul oldidagi suhbatini aniq eslar, bolaligini entikib qoʻmsar edi...

Harqalay hozir tetik. Oʻtgan kuni Rustam oyna tutib turdi, u soqolini oldi. Oʻziyam rosa oʻsgan ekan. Keyin Rustam bilan kulishib, xonada quvishmachoq oʻynashdi, ikkalasi derazani ochib, pastdagi oʻtib-ketib yurgan qizlarga gap otdi.

Bugun boʻlsa Xoliyor ilk marta yoʻlakka chiqdi, faqat pastga tushmadi.

Kundan-kunga kitoblarda yozilganidek, «ruhi tetiklashib boryapti».

Tunov kungi notanish qiz yana kelib ketibdi. Kim ekan u? Hamshira yuzini eslab qolish uchun bir oz gapga solibdi, ismini soʻrasa, aytmasmish. Xoliyor Norgulning yuz tuzilishini aytgan edi, u emas ekan. Kim boʻlishi mumkin: «nozikkina, uyatchan, qorakoʻz, qoraqosh qiz, biram chiroyli». Xoliyor u qoldirgan maktubni atayin ochmadi. Hozircha sirli boʻla qolsin! Keyin hafsalang pir boʻlguncha shunisi ma’qul!

Kim boʻlsayam, shunchaki kelayotgandir-da koʻrishga. Xayol boshqa joyga toʻzib ketdi. Nogiron kimsa qaysi begonaga kerak? Lekin muhimi, otasi yasama oyoq olib kelibdi. Uni kiyib, shimining pochasini tushirib qoʻysa, kim qarayapti?

Xoliyorning koʻnglidagi umid uchqunlari uni bir oz boʻlsa-da xursand qilardi.

* * *

Inson dunyoda alamli ahvolga tushmasin ekan, yana nohaq yengilsa, xoʻrlansa. Qasd yomon! Oldimda boʻlsa-yu, boʻgʻib tashlasam, oʻldirib yengil tortsam, deysan.

Alimov bilan ishdan chiqib ketayotgan edi. Kichik yoʻlakda, qarshisidan qop-qora bir yigit toʻgʻri yurib kelardi. Xoliyor ilgari ham uni bir-ikki koʻrgan boʻlsa-da, tanimasdi. Hozir nimadir boʻlishini koʻngli aniq sezdi, koʻngil sezar ekan.

U toʻgʻri kelar ekan, Xoliyor ham boraverdi. Nima, unga yoʻl berishi kerakmi? Yoshi kattaroq boʻlsa ekan. Shunda ular bir-biriga qattiq turtilib oʻtdi.
— Oʻv, koʻrmisan, tentak? — degan jarangli, xunuk ovoz boshqalarning diqqatini ham jalb etdi.

Xoliyor indamay ketishi mumkin emas edi, hech qachon!
— Oʻzing koʻrmisan?! — dedi bamaylixotir, ammo yuzi bir oz qizarganini sezdi.

Shunda birdaniga qorniga tepki tushdi, birinchi tepki! Musht urmoqchi edi, Xoliyor boshini chetga oldi. Bir-ikki kishi yugurib kelib, ularni darrov ajratdi. Xoliyor endi ketmoqchi edi, u odamlardan yulqinib, orqasiga, boshiga musht tushirdi. Har qancha or-nomus boʻlmasin, Xoliyor gardanini ushlab qoldi.
— Oʻldiraman sen koʻrni, — derdi raqibi yulqinib.

Odamlar, militsiya kelmasidan tarqalinglar, deyishar, Alimov boʻlsa sarosimada edi.
— Hali koʻrishamiz, — dedi Xoliyor Alimovdan qoʻlini ajratib olar ekan.

Ertasiga...

Xoliyor u bilan bab-baravar yoqalashdi. Lekin Oʻrol uni kattaroq tosh bilan urishini qaydan bilsin! Qon oqib koʻzini yumyapti, boshi zirqirab ogʻriyapti. Badaniga mushtlar yogʻilyapti. Gurs, gurs!

Keyin qachon «uxlab» qolganligini bilmaydi. Lablari tuproq, qon, kiyimlar aftodahol. Shu ahvolda uyiga qanday boradi?

Xoliyorga alam qilardi: demak, Oʻrol xumoridan chiqqunicha urgan, toʻyib tepgan, keyin bamaylixotir joʻnagan. Bu ojiz inson esa... Ishqilib yuz-koʻzida biror jarohat izi qolmasin. Chap koʻzi shishgan shekilli, ochib boʻlmayapti, bunaqa achishmasdi.

Xoliyor shunchalik dard va gʻazabda ediki, raqibini hozir oʻldirishdan ham toymasdi.

Bu yerga qachon kelishdi oʻzi? Oʻralning oʻzi boshlab keldi-ya? Xoʻp, mayli, erta bor, indin bor.

...Xoliyor Oʻrolni yana ikki kundan keyin koʻrdi. Hozirgacha oʻylaydi: «nahot qoʻrqqan boʻlsam?»

Yoʻq, qoʻqqisdan chiqib qolgani uchun choʻchidi, xolos.

Oʻzi ham naq muyulishda sakrab chiqsa boʻladimi?

Unda... nega gapirolmadi? Soʻzlar shunday boʻgʻzida qolaverdi. U boʻlsa, «ertaga seni shu yerda shu paytda kutaman», degach, gʻoyib boʻldi.

Ertasiga kelib kutdi, kutaverdi. Qorongʻu tushdi. Kelmasa bir umr boʻlsayam kutardi. Shu yerdan hech gap boʻlmasdan ketsa, oʻzini haqiqiy qoʻrqoq hisoblardi. Uning poylab turganini esa bilmaydi. Bir payt orqa tarafdan nimadir shitir etdi. Burilib qarashga ulgurmay turib...

Qayda qolding, adolat? Insof, sen qaerdasan? Hozirgacha alam qiladi. Nahot nomardlik qilganlar yengaveradilar?!
— Dadajon, men uning baribir ismini aytmayman, aytolmayman.
— Tushun, Xoliyor, u jazolanishi kerak. Nimaga muncha qiynaysan? — otasi «uh» tortadi.
— Bolaginam, senga nima boʻldi? Tinchgina yuruvding-ku! Kim shu maraz, ayt, qoʻrqmagin! Bu yoqda militsiya ham xunob, — deb onasi yigʻlaydi.
— Qoʻrqoqlik qilsam, aytardim, — Xoliyor devor tomonga oʻgirilib oladi.

Oʻshanda Xoliyorga dunyo tor koʻrinib ketdi. Xuddi keyingi hayoti toʻxtab qoladigandek, buyogʻini tasavvur ham qila olmasdi. Qoʻni-qoʻshni bilibdi. «Falonchining oʻgʻlini bir bola kaltaklabdi»! Bilishmaydiki, Xoliyor kutib turganida, orqadan kelib tayoq bilan urganini. Qay biriga tushuntirasan?

Qasd yomon ekan. Kallangda charx urib, gʻazabingni qoʻzitadi.

Xoliyor «yoʻq, yoʻq» deya qichqirmoqchi boʻlar, ammo oʻzini bosardi. U koʻcha-koʻyda qanday yurishini oʻylardi. Bu basharasini qanday yashirib yuradi? Ichidagi jarohat — nomarddan intiqom ololmagani-chi?!

Shundan keyin Oʻrol, umuman, koʻrinmay qoldi. Xoliyorning dilini kemirgan alam olov boʻlib qoldi...

* * *

Osmonni qop-qora bulut oʻragan. Atrofni zulmat egallab, osmonning oʻzi pasayib qolgandek koʻrinadi.

Xoliyor bugun ilk daf'a pastga tushdi. Shifoxona xovlisida hech kim koʻrinmas, yomgʻir daragini eshitib, bemorlar palatalarga kirib olgan edi.

Baland daraxtlar ostidagi oʻrindiqlar ustiga damo-dam xazonlar yogʻilib, ustini toʻldiryapti. Qurib qolgan yaproqlar yomgʻir yogʻishini bilib quvongandek, aylanib-aylanib yerga tushadi.

«Haqiqatdan oltin kuz, — Oʻyladi Xoliyor negadir kulimsirab. — Bu sariq yaproqlar oltin fasl deb ta’riflashga majbur etadi. Daraxtlarning shivirlashi esa nimadir aytayotgandek. Yo yaproqlar bilan xayirlashayotganmikan? Axir hademay navbatdagi fasl keladi. Uning ham nomi bor: kumush qish. «Kumush» ham bejiz emas. Tabiat moʻ'jizasi!»

Xoliyor bu shifoxonada yotib, xohlab-xohlamay oʻtgan kunlarini koʻz oʻngidan oʻtkazgan edi. Koʻp narsani anglab olgandek boʻldi.

«Qanday yashashim oʻzimga bogʻliq. Tushkunlikka bandi boʻlib, aziyat chekkuncha xotirjam xushchaqchaq hayot kechirsa boʻladi-ku!»

Bu yerga qanday tushganini ham eslaydi. Keyingi paytlarda chap oyogʻi ogʻrishini undan boʻlak hech kim bilmasdi. Bir kuni ishdan zoʻrgʻa oqsab kelib, oʻzini toʻshakka tashladi. Yotib dam olmoqchi boʻldi. Uy ichi salqin boʻlsa-da, uyqusi kelmadi. Onasi ham «boshim ogʻriyapti», deb yotibdi. Dadasi, opasi ishda, ukalari koʻchada oʻynab yuribdi.

Xoliyor gazetalarni varaqlab, oʻqib, uxlab qolibdi. Bir payt uygʻonib, qoʻrqib ketdi:
— Ona, ona, — dedi.
— Hm-m, — onasi ingrab qoʻydi.
— Ona, oyogʻim ogʻriyapti. Qarang, qarang, shishib ketibdi, — Xoliyor yosh boladay dir-dir titrardi.

Onasining koʻzi tushib, kapalagi uchdi. U yoqqa-bu yokqa yugurishdi. Dadasi, momosi keldi.
— Qorason boʻlmasin tagʻin! — dedi kampir.

Vrachlar ham qoʻrqib ketganidan soʻng Xoliyor yanada vahimaga tushdi...

Yaqinda onasi shifokorlar bilan gaplashgan ekan, «uch-toʻrt yillar oldin boshlangan, yaraning usti bitib, ichi davolanmay, endi qoʻzgʻalgan», deyishibdi.

Onasining nimalar qilgani aniq. Maktabga borib, toʻppa-toʻgʻri Omonovga uchrashgan. «Seni prokurorga beraman, sen aybdorsan», degan. Mana, endi Omonov kichkinagina boʻlib har kuni keladi, ammo maqsadini bayon etolmaydi.

Oʻshanda domlasi chindan ham davr asoratimi, qullik nishonasimi, notoʻgʻri ish qilgandi. «Paxtaga chiqqan oʻlmaydi, hech boʻlmasa tushgacha yurasan, bu yara ertagacha yaxshi boʻlib ketadi», dedi. Rostdan ham oyogʻidagi oʻsha yara bitib ketdi...

Xoliyor Omonovga hech nima deya olmaydi. Oʻtgan ishni eslashning nima hojati bor? Bir-birini tinch qoʻysa boʻlgani.

Bu yogʻi esa... qanaqa koʻrgiliklar bor ekan?

Gangrena — oyoq oʻlimi! Bir insonning hayotini shu qadar oʻzgartirib yubordi-ya!

Saodat, ha, bir vaqtlar Xoliyorni sevib qolgan Saodat bugun Xoliyorni yoʻqlab qolgan. Ular yaqin orada yuzma-yuz kelmagan boʻlsalar-da, qiz yozgan maktub hammasini ayon qilgan edi. Ayyor qiz, fotiha toʻyi qaytganidan keyin yana Xoliyorni yoʻqlab qoldimikan? Vaqtida Norgulga aytib, bir qadar sogʻingani ana shu sinfdoshi edi. Hayotini oʻshanga bogʻlasinmi? Yoʻq-yoʻq, keyin... bir umrlik azob, ta’na, malomatlar...

Darvoqe, Norgul! Ishqilib Xoliyorning bugungi ahvoli haqida eshitmagan boʻlsin! Quvonmasayam «uni muhabbat koʻr qildi», deb aytadi...

Xoliyorga oshna nay sadosi goh-goh xayolida yangrab, yana oʻsha necha yuz yillik gʻazal yodiga tushaveradi:

«... ushshoq baxtin qora yozmishlar»

Endi nima boʻladi-a? Nahot taqdir shu boʻlsa? Bu koʻyga tushish manglayiga avvaldan yozilgan edimi? Nahot, turishi, yurishi, xatti-harakatlarini taqdiri belgilab qoʻygan? Nahot, taqdirdan ustun kelib boʻlmasa? Yoʻq, buyogʻiga oʻzi ustunlik qiladi. Yaxshi yashaydi faqat!

Xoliyor osmonga gʻolibona boqdi. Keyin asta oʻrnidan turdi.

Daraxtlardagi qolgan xazonlarni yoqimli shitirlatib yomgʻir yogʻa boshlagan edi...

* * *

Kimga toʻy, kimga aza!..
— Bu hafta moshin bozoriga chiqaman, — dedi Ravshanov somsani maza qilib yerkan. — «Jiguli»ni almashtirmasam boʻlmaydi... Tuzugidan olayin-da menam.
— Puling yetmaydi, joʻra.
— Haligilar olib kelgan qoʻyni sotdim. Biroz jamgʻarmam bor. Yana yetmasa qoʻsharsan?

Oraga jimlik choʻkdi...
— Bu yomgʻir qachon tinadi-ya? — dedi Zohirov tashqariga razm solarkan. — Menga qara, aytganday, boyagi bola nima boʻldi? Chiqdimi?

— Yoʻq, oyogʻining tepa qismiyam chiriyapti... — Ravshanov issiqqina choydan hoʻplab, baroq qoshlarini chimirganicha oshnasiga tirjaydi: — Sen gapni burma, ayt, qancha qoʻsholasan?..