OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Namozov. Notanish (qissa)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Namozov
Asar nomiNotanish (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Namozov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Ёшлик» журнали, 2011-йил, 5-сон
Hajm133KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Notanish (qissa)
Anvar Namozov

Gʻaybarov tebranma kursida oʻtirar ekan, koʻzlarini yumib olgan edi. Ish ogʻir, oʻziga xos yuki bor. Mansab pillapoyalari boʻylab koʻtarilish chetdan qaraganda, yaxshidir, ammo uning zalvori, mashaqqatlarini har kim ham his etolmaydi. Aqliy mehnat boʻlsa-da, tinkangni quritadi, ezib tashlaydi. Yutoqib-yutoqib chekkaningda ham charchogʻing bosilmaydi, aksincha oʻpkaga tutun yutib, oʻz umringni qisqirtirayotganing qoladi. Keyin kotiba tayyorlab bergan achchiq qahvani simirasan – goʻyo boshingga darmon kirgandek boʻladi. Bu esa vaqtinchalik «davo». Koʻzlaringni ochib, stol ustidagi qogʻozlarga termilganing hamon yana ong-shuuringni tashvishlar kemira boshlaydi. Biroq ish tugab, uyga qaytar mahaling oʻzgacha hissiyotlar ogʻushida boʻlasan. Haydovchi eshigini ochib bergan mashinaning ipakdek yumshoq oʻrindigʻiga choʻkkach, diling yayrab ketadi. Tezroq uyga borib, xotining, bola-chaqang xushnud holda kutib olishlarini, yoʻq, avval bitta-ikkita qoʻni-qoʻshni koʻrib qolib, qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha salom berishlarini oʻylasang, boshqacha boʻlib ketasan. Mayli, kimdir havas qilar, boshqa birovi hasad koʻzi bilan boqar, har holda munosabatlar oliy darajada!..

U mashinaga oʻtirar ekan, chekkaroqda turgan notanish kimsaga koʻzi tushdi. Tavba, bir haftadan buyon koʻzini loʻq qilib turadi. Kim oʻzi bu? Maqsadi nima? Gʻaybarovning huzuriga kirmoqchi emish! Nima masalada deyishsa, aytmabdi. Shaxsiy ishim bor, degan emish! Qabulxonadan haydab chiqarishgach, endi pastda poylaydigan boʻldi. «Melisaga aytamiz», deyishgandi, Gʻaybarov koʻnmadi. «Yoʻqolib ketar», deb qoʻydi. Mana, endi yana sovuq nigohlari bilan ta’qib qilishni kanda qilmayapti. Gʻaybarov kecha oʻrinbosari Ma’sudovga tayinladi. U tushib, rosa tergov qilgan boʻldi. Keyin shalvirab qaytib chiqdi. Notanish daydi yana oʻsha gapni takrorlaganmish: «Oʻzi bilan gaplashaman, shaxsiy ishim bor...»

Gʻaybarov uyiga yeta-etguncha shu haqda oʻyladi. Ke¬yin hovlisiga kirgach, bu odam esidan chiqdi. Xotini ovqatdan oldin keltirgan bir piyola konʼyakni sipqordi-da, ishtahasi ochilib ketdi. Keyin hammomga kirib, ulkan hovuzga kalla tashladi. Iliq, musaffo suv bugungi charchoqlarini sidirib olgandek boʻldi.

Xotini, bolalari bilan yayrab suhbatlashgach, uyqu elita boshladi. Qani edi, uxlamasa! Koʻzlaringni yumdingmi, yana ertangi kun boshlanadi. Tagʻin tashvishlar, muammolar... Yirik korporatsiyaning ishlari ham yirik. Ikki yuz chogʻli odam uning ogʻziga qarab turadi. Gʻaybarov, ayniqsa yigʻilishda buni boshqacha tuygʻu bilan idrok etadi. Ana shu idrok etish asnosida dili yayraydi. Xodimlarini urishib-soʻksa, yanada ulugʻvorlik tuyadi oʻzida...

U ertalab ishxonaga kirishda yana oʻsha daydiga koʻzi tushdi.

– E, manovi daydi yoʻqoladimi-yoʻqmi? – dedi haydovchiga ta’bi tirriq boʻlib.

– Bilmasam, Xalil aka, mengayam yoqmayapti, – javob berdi haydovchi yigit. – Bir-ikki tepib haydagan edik, yana paydo boʻldi. Oldingizga kirmasa, boʻlmasmish!

– Telba boʻlsa kerak, tavba, bundan boshqa ishim yoʻqmi? – zarda qildi Gʻaybarov.

Yana ishga shoʻngʻidi. Tushdan keyin malikalardek boʻlib Noila paydo boʻldi. Nozik qoʻllari bilan Gʻaybarovning yelkalarini uqalab qoʻydi. Ikkovlon sekin yon xonaga oʻtdilar...

Noila ham shu daydi haqida soʻz ochdi.

– Namuncha teshib qoʻygudek qaramasa, arpasini xom oʻribmanmi, – dedi. – Mabodo qarindoshingiz emasmi?

Gʻaybarov olayib qaragan edi, kelib suykaldi:

– Voy, hazillashdim-ku, kechiring!.. Oldingizga kirmoqchi boʻlayotgani uchun aytyapman-da!

– Menga qara, Zohidga ayt, oʻshani yoʻqotsin bu atrofdan. Biror narsa yoʻqolgan, deb yozsin, oʻzimning ham jonimga tegdi.

Noila koʻzlarini katta-katta ochib soʻradi:

– Qamatib yuborasizmi?

– Nima, rahming kelyaptimi?

– Voy, gaplarini! Soʻradim-da!.. Charchayapsiz-a, Xalil akajon? Hozir...

* * *

Daydi yana uch kun oʻtib paydo boʻldi. Tagʻin oʻsha ta’qib etuvchi nigoh!

Gʻaybarovning jahli chiqib, Zohidni chaqirdi-da, uni rosa soʻkdi...

Oʻsha kuni kechqurun esa daydi tushiga kirdi. Qingʻir-qiyshiq tishlarini koʻrsatib, allanimalar dedi u. Gʻaybarov hech nimani tushunmadi. Uni urmoqchi edi, qoʻlini koʻtarishga ham kuchi yetmadi...

Tavba, tushiga kiradigan boshqa odam qurib qol¬ganmi?

Zohid rosa ta’zirini bergan boʻlsa kerak, daydi koʻzdan yoʻqoldi. Gʻaybarov haydovchiga sezdirmay, mashina ichida oʻtirganicha oynadan xavotirli qarab uni izlagan boʻldi. Yoʻq, koʻrinmaydi, daydilar uyida boʻlsa kerak! Daydilar uyi! Shunaqa dargoh bormikan oʻzi?!

Oradan bir hafta oʻtdi. Gʻaybarov ishda oʻtirganida xizmat telefoni jiringlab qoldi.

– Xalil Murodovich, sizni kimdir soʻrayapti, ammo ism-familiyasini aytmadi, – dedi kotiba. – Shaxsiy ishi bor emish!

Gʻaybarovning esidan chiqib ketgan edi. Notanish kishining «shaxsiy ishi» borligi ham daydini yodiga solmadi. Boz ustiga kayfiyati chogʻ, hozirgina Ma’sudov mullajiringlarni berib, charchoqlarini yozib yuborgan edi.

– Kim deding?

– Tanishingiz ekan.

– Boʻpti, ulayver...

Birozdan soʻng sokin musiqa toʻrt-besh soniya yangrab, xirillagan ovoz eshitildi:

– Xalil, oʻzingmisan?

Gʻaybarovning birdan jahli chiqib ketdi. Xalil dedimi? Sensiradimi? Kim oʻzi bu muttaham? Shaxsiy masalada qoʻngʻiroq qilib, qoʻpollashganini-chi! Hatto, qarindoshlariyam bunaqa ohangda gaplashishmaydi. Togʻasi-yu, amakilari muloyim tarzda murojaat qiladilar. Umuman aytganda, ular qoʻngʻiroq qilishgayam botinishmaydi.

– Allo, Xalil?

– Oʻzing kimsan? – baqirdi Gʻaybarov. – Kimga telefon qilayotganingni bilasanmi?

– Albatta, bilaman, – javob berdi xirillagan ovoz. – Sen Xalil Gʻaybarovsan, nima boʻpti shunga?

– Kim boʻlib ishlashimniyam bilasanmi?

– Bilaman. Korporatsiya xoʻjayinisan. Necha kundan buyon huzuringga kirolmayapman. Mana, endi telefon orqali gaplashyapman. Qabul qilmaysanmi meni?

Bu paytda azbaroyi jigʻibiyroni chiqqan Gʻaybarov oʻrnidan turib ketgan edi. Birorta sinfdoshi hazil¬lashyapti, desa, bunaqa befarosati yoʻq. Agar dushmanlaridan kimdir, deb oʻylasa, boʻlishiyam mumkin emas!.. Ha, oʻzi aytib turibdi: oʻsha daydi! Basharasi sovuq, koʻzlari teshib qoʻygudek qaraydigan notanish kimsa!

– Seni kim yolladi, ayt, – baqirdi Gʻaybarov. – Nima kerak oʻzi senga? Nega tinch hayotimga kirib kelib, oromimni oʻgʻirlayapsan?

– Oʻzingni bos, xavotir olma! Men eski tanishingman! Unutib qoʻyibsan, shekilli?

Gʻaybarov oʻzini bosishga harakat qilsa-da, uddalay olmadi:

– Mening sendek tanishlarim yoʻq, bildingmi? Ke¬yingi vaqtlarda tanishlarim shunaqangi koʻ¬paymoqdaki...

– Sen nega huzuringga kirishimdan qoʻrqyapsan? Ba’zi narsalarni eslatib qoʻymoqchi edim, xolos. Qachon kirsam boʻladi? Koʻrishmaganimizgayam ancha...

– Menga qara, bu yer har xil qalangʻi-qasangʻilar keladigan idora emas. Ikkinchi telefon qilma. Qo¬rangniyam koʻrsatma! – shunday deb Gʻaybarov goʻshakni taq etib tashladi.

«Unutib qoʻyibsan» emish! Oʻzing kimsan-u, ba’zi narsalarni eslatishing nimasi?.. Tavba, nima gapi bor ekan?

Eski tanish...

Gʻaybarov xotirlashga urinib koʻrdi, ammo sira eslay olmadi. Keyin shungayam bosh qotirayotgani uchun oʻzidan jahli chiqdi. Hech qanaqa tanish-panish emas. Huzuriga kirib oladi-da, oʻzini qadrdondek koʻrsatadi-da, pul soʻraydi.

Kotiba bogʻlanib, yana oʻsha kishi qoʻngʻiroq qilayot¬ganini aytdi. Gʻaybarov unga baqirib berdi. Kotibaning uni oʻchdi. Shu bilan hammasi tinchigandek edi. Biroq...

Kechqurun oʻsha daydi yana Gʻaybarovning xizmat mashinasi roʻparasida paydo boʻldi. Hatto, haydovchi ham gʻijinib, soʻkinib qoʻydi. Gʻaybarovga, «Bir marta gaplashib qoʻysangiz, nima qiladi, xoʻjayin?» degandek qarab qoʻydi.

– Menga qara, – dedi Gʻaybarov mashina oynasini tushirar ekan, ovozini balandlatib, – bugun juda charchaganman, ertaga ertalab kel, nima gaping boʻlsa, aytasan!..

Mashina gʻizillab yoʻlga tushdi. Ha, bir marta gap¬lashmasa, bu devona kelaveradi. Eshitib koʻrsin-chi dardini? Balki, rostdan ham tanishidir? Ammo ishxonadagilar gapirmasmikan? Boshliq qandaydir tilanchini xonasida olib oʻtiribdi, deyishmasmikan?..

Ertasiga Gʻaybarov xonasiga kirib kelishi bilan orqasidan qoʻrqa-pisa kotiba ergashdi. Anchagacha botinolmay turdi.

– Nima deysan, chaynalma, – dedi Gʻaybarov.

– Anuv... odam oldingizga kirmoqchi emish!

– Kim?

– Kecha oʻzingiz aytganmishsiz, ertalab kel, deb.

Gʻaybarovning yodidan koʻtarilgan edi, hozir eslab, peshanasi tirishdi. Indamay turdi. Bahona topmoqchi boʻldi. Keyin bu qaroridan qaytdi. Gaplashsa, gaplashibdi-da!

– Qaerda oʻzi?

– Qabulxonada.

Gʻaybarov sal tin oldi. Kotiba, qoʻrqyapti, deb oʻylamasin, tagʻin. Besh daqiqa gaplashadi-da, keyin chiqarib yuboradi.

– Boʻpti, kirsin, ammo darhol orqasidan kirgin-u, yuqoridan soʻrashyapti, tez kelsin, deyishyapti, degin!

– Xoʻp, – kotiba koʻzlarini pirpiratib chiqib ketdi.

Birozdan soʻng eshik ochilib, oʻsha soʻxtasi so¬vuq paydo boʻldi. Rangi oppoq, yuzlari soʻlgʻin. Gʻaybarovning battar peshanasi tirishdi. Oʻzini ishga andarmon qilib koʻrsatarkan, unga olayib qarab qoʻydi. Koʻrishish uchun qoʻl choʻzish u yoqda tursin, mut¬laqo mensimadiyam!

– Bu – menman, – dedi daydi. – Eslab koʻr-chi!.. Ismim...

Gʻaybarov qogʻozdan bosh koʻtarmay javob berdi:

– Birodar, men sizga oʻxshagan bekorchi emasman, har bir kelgan odamni esla-a-a-b oʻtiradigan. Ota-onangiz tarbiya bermaganga oʻxshaydi. Madaniyatli odam duch kelgan kishini sensiramaydi, bildingizmi?

– Ha, sen ancha oʻzgaribsan, – boʻsh kelmadi notanish kimsa. – Agar hozir eslay olmasang, keyin pushaymon boʻlasan.

– Sensiramang, dedim sizga! Poʻpisa ham qilmang.

– Men senga bor gapni aytdim. Huzuringga oldi-orqangga qarab yur, deb kirdim oʻzi! Halol-haromning farqiga bormay qoʻyding, birodar! Bunaqada ishlaring teskari ketadi.

Gʻaybarov qoshlari chimirilib, sekin oʻrnidan turdi. U nihoyatda jahlga mingan edi:

– Menga qara, kimsan oʻzi-a? Bir notavon, bechorasan-u, maslahat berganingni qara! Kim boʻ-lib¬sanki, mening ishlarimni taftish qilasan? Ust-boshingga bir qara, axlatxonadan chiqib kelyapsan, shekilli? Tagʻin halol-haromdan gapirasan!

– Men sen bilan birga ishlaganman, Xalil. Bozorda, esingdami?

– Nima?! Qanaqa bozor? Bilib qoʻy, men seni tanimayman, eslashga urinmayman ham! Bor, chiqib ket!

Notanish kishi biroz jim turdi-da, unga koʻz ostidan gʻalati qaradi:

– Mayli, chiqib ketaman. Biroq bilib qoʻy, meni koʻp izlaysan hali! Tavbangga tayanadigan kunlaring oldinda! Ehtimol, hozir bilinmas, ammo shunday kunlar keladiki, xato, gunohlaringni birma-bir yodga ola boshlaysan. Shunga majbur boʻlasan! Men faqat shu haqda aytishga kelgandim.

– Har kim xatosi uchun oʻzi javob beradi, – toʻngʻilladi Gʻaybarov. – Gaping tugagan boʻlsa, senga javob, janob bashoratchi! Senga ikkinchi marta bu yerga kelmasligingni tilab qolaman!

Bu vaqtgacha kotiba ikki marta kirgan, Gʻaybarovni allakimlar soʻrayotganini aytib, chiqib ketgan edi.

– Men ham senga chin dildan xatolaringni anglab yetishingni tilab qolaman, – shunday deb daydi mehmon eshik tomon yurdi.

Gʻaybarov soʻkinmoqchi edi, ammo gap choʻzilishini, bu daydi yana qolib ketishini oʻylab qoʻl siltadi. Har holda endi tinch qoʻyar! Birorta faylasuf boʻlsa kerak, birovlarning gunoh, xatolarini eslatib yuradigan. Ammo kayfiyatini tushirib ketdi.

Bozor emish! Hozir koʻngilga bozor sigʻadimi? Ish qalashib yotibdi...

Ma’sumov kirdi. Oʻsha turqi sovuqdan qutulgani uchun tabriklagan boʻldi. Keyin qilingan ishlar toʻgʻrisida hisob bera boshladi. Gʻaybarov unga razm solib, koʻngliga gʻulgʻula tushdi. Boyagi daydini shu yollamaganmikan?

E, yoʻq, Ma’sumov – shogirdi-ku! Ismi nima edi-ya! Avval boshdan Gʻaybarov uni Ma’sumov, Ma’sumov, deb kelgan. Ogʻir kunlarida suyagan. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan. Ikkisining koʻpdan-koʻp siri bor. Bir-biriga ishonishadi-da!

– Oxirgi yuk boʻyicha gap-soʻz chiqib qoldi, – bosh chayqab dedi Ma’sumov. – Noqonuniy ish qil¬ganmishmiz!

– Bu nima deganing? – hayron boʻldi Gʻaybarov.

– Esingizdami, sizga aytgandim, hech kim soʻramaydi, degan edingiz?

Gʻaybarov tan oldi:

– Ha, esimda, nima boʻpti shunga?

– Xavotirli joyi yoʻq, biroq titkilab boshlashsa chatoq boʻladi, Xalil Murodovich.

– Titkilab nimayam qilishardi? Ja qoʻrqoqsan-da!.. Mana, ombor mudiriga toʻnkab qoʻyaver. Oʻshaning imzosi bor-ku! Ishqilib bizning familiyamiz yozilgan hujjatlarda joyidami?

– Joyida-joyida, ammo ombor mudiriyam anoyi emas-da! Mabodo yozib beradigan boʻlsa...

– Tavba, yana vahima qilasan! Oʻzing ham juda maydalashib ketyapsan-da!

Ma’sumov hujjatlardan koʻz uzolmay chiqib ketdi. Rostdan ham vahimaning uyasi! Qoʻrqoq! Bu dunyoda hal etilmaydigan ish bor ekanmi? Noqonuniy! Shuyam gap boʻldi-yu!..

Shu kuni Gʻaybarov kechgacha gʻayrat bilan ishladi. Orada Noilani chaqirib, koʻngilxushlik qilishga ham ulgurdi. Uni xonasidan chiqarib yuborib, derazadan tashqariga tikilganicha chekib turgandi, xonasiga begona kishilar kirib kelishdi. Hujjatlarni koʻrsatib, Gʻaybarovni sal dovdiratib qoʻyishdi.

Ma’sumov aytganicha bor ekan – bu mutlaqo jiddiy masala edi. Ombor mudirini chaqirishgandi, labi gezarib, bir balolarni aytib tashladi.

Gʻaybarovning paytavasiga qurt tushib qoldi. Na¬hotki, shu ishni deb ovorai sarson qilishsa? Nima boʻlganda ham mol ushlab qolingan-ku! Qolaversa, oʻsha noqonuniy yuk bilan bogʻliq hujjatlarda Gʻaybarovning imzosi yoʻq! Biroq tekshiruvchilarning ta’kidlashicha, ombor mudiri tushuntirish xatida hammasi Gʻay¬barovning koʻrsatmasi bilan boʻlganini qayd etibdi. Bu haqda shuncha odam ichida ham shartta-shartta aytib tashladi. Gʻaybarov sekin Ma’sumovga qaragan edi, u yelkasini qisib, hech nima demadi...

Gʻaybarov oddiy hisoblagan muammo kattargandan-kattaraverdi. Ishxonani jiddiy tarzda tekshirishga tushdilar. Ombor mudiri qamalib ketdi. Gʻaybarov, mening imzoim qoʻyilmagan, deb turib oldi. Ammo kichikroq boʻlsa-da, boshqa kamchiliklar chiqib qoldi («ha, endi titkilasang, chiqaveradi-da!») Hafta oxiriga borib, Gʻaybarovga kursini boʻshatib qoʻyishi lozimligini chiroyli qilib tushuntirib qoʻydilar. U hang-mang boʻlib qoldi. Pul orqali ishini bitirmoqchi edi, bu muammo sal boshqacha yakun topdi: mayli, qoladi, ammo oʻrinbosar sifatida! Uning joyiga hozircha Ma’sumov oʻtiradi. Toʻgʻrirogʻi, uning nomzodini Gʻaybarovning oʻzi koʻrsatdi. Hozircha u boshliq vazifasini bajaruvchi boʻlib tursin, keyin mana bu gaplar tinchigach, yana oʻrin almashadilar.

Ma’sumov bu taklifga koʻnmagan edi, Gʻaybarovning oʻzi koʻndirdi.

– Gap bor, – dedi sirli qilib. – Sen ishni bemalol boshlayver.

– Mayli, siz uchun, Xalil Murodovich, roziman, biroq xonangizda oʻtirmayman.

– Oʻtirasan! Vaqtincha, deyapman-ku senga!

Gʻaybarov hali oldinda oʻzini nimalar kutayotganini bilmasdi, albatta...

* * *

Shu kuni Gʻaybarov negadir uxlay olmadi. Xuddiki, shogirdi Ma’sumov uning kursisini tortib olayotgandek tuyulaverdi. Bunga ishongisi kelmagani sari hadik-xavotiri ortardi. Nega unga topshirdi? Aslida boshqa chorasi ham yoʻq edi. Mehnat ta’tiliga chiqib ketsa, kim bilsin, nimalar qilishadi! Tergovni boshlab yuboradilarmi? Ma’sumov esa... ishonchli! Axir shuncha vaqtgacha Gʻaybarov uning yelkasiga qoqib kelgan, yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan. Har holda ustozining boshini urib yormas! Vaqtinchalik ekanligini uning oʻziyam biladi-ku! Qolaversa, Gʻaybarovning taklifiga osonlikcha koʻnmadi! «Men bunday qilolmayman», deb turib oldi. Gʻaybarov vaziyatni obdon tushuntirgach, noiloj rozi boʻldi. Ammo...

Baribir amal kursisi yomon-da! Unga oʻtirgach, ohanrabodek oʻzidan uzoqlashtirmaydi, sira turging kelmay qoladi. Shunday yopishqoq kursiki, ajrala olmay, oʻzing bilib-bilmay, mehr-oqibatni, yaqinlaringni unuta boshlaysan. Tebranib oʻtirganing sayin faqat rohat-farogʻat haqida oʻylay boshlaysan!.. Gʻaybarov bu fikrini tezda oʻzgartirdi: odamiga bogʻliq, albatta... har kim ham bunaqa bogʻlanib qolmaydi. Ma’sumov ham shu toifadan boʻlishi... kerak. Gʻaybarov uning fe’lini biladi-ku! Baribir tez-tez eslatib turishi lozim. Oʻzi bu qancha vaqtga choʻziladi? Nari borsa, bir oydir-da! Ammo... bir oy ichida ishxonani ostin-ustun qilib tashlash ham mumkin-da!..

Gʻaybarov xotiniga bugungi gʻavgʻolar haqida bildirmadi. Aks holda kayfiyati buzilib, qoʻrqib ketadi. Erta-indin mavridi bilan tushuntirar.

Xotini baribir sezdi:

– Tinchlikmi, nima gap?

– Hech gap yoʻq, – koʻzini olib qochdi Gʻaybarov. – Oʻzlaring qalaysizlar, yaxshimisizlar?

Xotini javob bermadi. Eriga zimdan qarab turaverdi.

Gʻaybarov chala-chulpa ovqatlanib, oʻrniga choʻzildi. Tezroq uxlab, ertaga birinchi navbatda Ma’sumov bilan gaplashishni koʻngliga tugib qoʻydi. Attang, vaq¬tinchalik deb rasmiylashtirmabdi-da! Mayli, ertaga toʻgʻrilab qoʻyar! Ma’sumovga nima deydi? Xavotirlanayotganini sezdirib qoʻymasmikan? E, sezsa, nima?! Bu kursiga oʻtirguncha ne-ne zahmat chekkanini biladi-ku uyam! Koʻrgan, guvohi boʻlgan!.. Ha, aynan guvohi boʻlgan. Shunisi koʻngilni xijil qiladiyam. Bir paytlar Xalil Murodovich Sobir Jabborovichning oʻrnini qay tarzda egallaganini biladi! Yo, tavba, xuddi yaqin oʻtmish tak¬rorlanayotgandek! Sobir Jabborovich bilan ham shunday boʻlgan edi-da! U... Gʻaybarovning ustozi edi, axir! Toʻgʻri, ishxona hozirgidek katta emasdi, xodimlar ham kam edi. Afsuski, mana shu Ma’sumov ham bor edi. U paytlarda sal goʻlroq, sodda edi. Balki oʻzini shunaqa tutgandir? Quv, olgʻir boʻlishni mana shu Xalil Murodovich oʻrgatdi. Keyin-keyin oʻziga yordamchi, boʻlim mudiri, oʻrinbosar qilib oldi. Xuddi Sobir Jabborovichga oʻxshab! Naqadar oʻxshashlik, takroriylik! Xuddi kecha sodir boʻlgandek hammasi!..

Gʻaybarov u yonboshidan-bunisiga oʻgirilib tuzuk uxlay olmadi. Ertasiga ishga boshi gʻuvillab bordi. Ma’sumov oʻtirganini bilsayam toʻgʻri oʻzining xonasiga qarab yurdi. Kirishdan oldin sekin tomoq qirib qoʻydi.

Ma’sumov uni koʻrishi bilan sakrab oʻrnidan turdi. Kela solib qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Uydagilarni, yangani, bolalarni soʻradi. Gʻaybarov xushlamaygina javob berdi.

– Oʻtiribsanmi? – dedi keyin. – Tinchmi ishqilib? Qoʻngʻiroq boʻlmayaptimi?

Shogirdi xoʻrsinib, sekin shipshidi:

– Boʻlyapti-da, Xalil Murodovich! Hali uzoq davom etadiganga oʻxshaydi.

Gʻaybarovning qoshlari chimirildi:

– Nega uzoq davom etarkan? Kelishganimizdek qildik-ku! Yo sengayam e’tirozlari bormi? Tinchitib yuboramiz, deyishdi-ku, yana nima istaydilar?

– Bilmasam... Barvaqtroq kelgandim, uch-toʻrt marta sizni soʻrashdi. Meni tanimaydigan odamlar, nuqul osmondan kelishadi.

– Nima qilay, koʻrinmay turaymikan? – oʻylanib gapirdi Xalil Murodovich. – Nega buncha yopishib olishdi-ya!

Ma’sumov yelkasini qisdi. U ham oʻylanib qolgan edi.

– Meni soʻrashganida nima deding?

– Arizasini yozgan, dedim.

– Jim boʻlishdimi?

– Qayoqqa ketdi, deyishdi. Bilmadim, dedim.

– Bildirma, – tayinladi Gʻaybarov. – Men anovilar bilan gaplashib koʻray-chi!.. Aytganday, kabineting qaerda edi?

Ma’sumov oʻngʻaysizlandi:

– Xalil Murodovich, shu yerda oʻtira qoling. Menga noqulay boʻlyapti. Oʻtirolmayapman.

Gʻaybarov kulimsirab dedi:

– Yuzingdan unaqaga oʻxshamaydi-ku! Aksincha, men yoqib qolganmi, deb oʻylayapman.

Shogirdining tusi oʻzgardi. Ammo xijolat tortganidan emas, qandaydir norozi boʻlgandek tuyuldi Gʻaybarovga. Unga sinovchan tikildi. Oraga ogʻir jimlik choʻkkan edi. Xuddi bir paytlar Sobir Jabborovich bilan Xalil Murodovich bilan roʻy bergandek! Ajab, Gʻaybarov xuddi shu holatni esladi. Rostdan ham tak¬rorlanayotgan boʻlmasin tagʻin. Yoʻgʻ-ey, nimalar deyapti? Shunday boʻlganida ham oldini olishi kerak.

– Nega indamaysan?

– Jahlimni chiqarasiz-da, Xalil Murodovich!

Gʻaybarov zil ketdi:

– Balki, kechirim soʻrang, dersan?

Shu payt kotiba kirib, noqulaylikka chek qoʻygan boʻldi, biroq uning oʻzi oʻngʻaysizlanib qoldi. Kimga murojaat qilishni bilmasdi.

– Nima gap? – soʻradi Gʻaybarovdan oldin Ma’sumov.

– Haligi... kechagi majlis bayoniga imzo qoʻysangiz, devdim.

– Qani, bering, – Ma’sumov shunday deb kotiba uzatgan qogʻozni oldi.

Gʻaybarov battar diqqat boʻldi. Yopiray, bu atayin qilyaptimi? Tasavvurida, allaqachon amal oʻziniki-ku! Tasavvurida emas, mana hozir, shundoqqina koʻzi oʻngida!

U, hatto oʻtirmagan edi. Ma’sumov imzo chekib, kotiba chiqib ketgunicha qaqqayib turaverdi.

– Yuring, Xalil Murodovich, xonangni koʻrsat, dedingiz, shekilli?

Gʻaybarov uni ergashtirib chiqdi. Vaqtida toʻgʻridagi mana shu xonani Ma’sumovga bersa boʻlarkan. Jinqarcha shogirdi oʻtiraversayam ish bitardi. Negadir qizgʻangan edi. Qandaydir mehmonxona qilib qoʻygandi, nufuzli mijozlar, xorijdan keladigan hamkorlar uchun. Endi, kim bilsin, Ma’sumov qayoqqa olib boradi?..

Xonasi ancha narida ekan. Gʻaybarov endi esladi. Bir paytlar, ikki-uch yil oldin boʻlsa kerak, shu xonada oʻtirishini aytgan edi. Demak, vaqti kelib, oʻzi oʻtirishi kerakligiga hukm chiqargan ekan. Oddiygina, kichkina xona! Bu yerda qanday oʻtiradi? Xodimlarning koʻziga qanday qaraydi? Qay biriga, bu – vaqtinchalik, deb tushuntiradi? Rostdan ham... vaqtinchalikmikan? Tavba, oʻziyam ishonmayapti! Kecha qanday kun edi-yu, bugun ne koʻrgiliklar tushyapti boshiga?

Oʻz xonasiga qaytmoqchiyam boʻldi. Ammo yuqoridan boʻ¬ladigan qoʻngʻiroqlardan choʻchidi. Qoʻngʻiroq qilish¬magani bilan joyida qolganini eshitib qolishsa, sira qoʻyishmasa kerak. Umuman, bu ishda qolgani quloqlariga chalinsa-chi? Ketishi kerakmi? Axir, qachongacha aldaydi?

Shu tarzda Gʻaybarovni vahima bosib kelardi. Bir koʻngli, ket, bu yerdan, derdi. Keyin sarkash xayollari, shuncha yillik mehnatini sarobga aylantirishi mumkin emasligini uqdirardi. Tinchib qolsa, yana kursisiga oʻtirar? Oʻtib ketar-ey, oʻldimi!

– Marhamat, Xalil Murodovich, – joy koʻrsatdi Ma’sumov. – Bitta-ikkita begona odamlarning ovozini eshitsangiz, chiqmay turasiz-da!

Gʻaybarov toʻngʻillab qoʻydi:

– Aql oʻrgatma! Bu yogʻini oʻzim bilaman.

– Mayli-mayli... Ehtiyot shart, aytaman-da!

Ma’sumov chiqib ketdi. U esa shalviraganicha qol¬di. Nazarida, endi aslo ortiga qaytmaydigandek, hatto bu joy ham omonatdek tuyuldi. Bitta-ikkita begona odam... Nima, endi devor ortidagi quloq boʻlib oʻtiradimi, yuragini hovuchlab?! Ma’sumovning oʻzi nima qiladi? Qanday ish tutadi? Tinchita olarmikan? Avvalgi qingʻirliklarini sotsa-ya! Axir, koʻp sirlardan voqif u! Nima boʻladi?

Gʻaybarov xiyla kichik oromkursiga choʻkib, oʻzini noqulay his qildi. Odatiga koʻra, beixtiyor qoʻlini oldinga choʻzdi – choynakdan piyolaga choy quymoqchi boʻldi. Qoʻli muallaq qoldi. Choynak ham, piyola ham yoʻq edi. Esiga tushdi: olifta Ma’sumov faqat ma’danli suv ichardi. Stakanga quyib oʻtirmay, yelim idishning oʻzidan koʻtarib qoʻya qolardi. Ziyofat-u tugʻilgan kunlarda ham bu odatini kanda qilmasdi.

Attang, shu topda choy ichgisi kelgandi-ya! Kotibaga buyuradi! Gʻaybarov harchand urinmasin, qabulxonaning telefon raqamini eslay olmadi. Avvallari Noila ham choynakni toʻldirib koʻk choy olib kiraverardi. Qani endi u? Nima derkan-a, bu ishlar haqida?..

Gʻaybarovning boshi gʻovlab ketdi. Tushgacha nimalar qilganini bilmaydi. Bitta-ikkita xodim kirib qolib, anqayib chiqib ketganini aytmasa, «it» ham soʻramadi. Hatto sadoqatli shogirdi xabar olmadi. Alam qilib ketdi Gʻaybarovga.

Maxsus restoranda tushlik qilardi. Endi esa... Bugun ovqatlanmaydi. Shu yerda pusib oʻtiradi. «Boshliq» shunaqa degan...

Tushdan keyin Gʻaybarov sekin xonadan chiqdi. Qa¬bulxona tomonga yurdi. Sekin kirdi. Kotiba uni koʻ¬rib, ohista oʻrnidan qoʻzgʻalgan boʻldi. Gʻaybarov, «oʻtiraver» ishorasini qilib, ichkariga imladi.

– Hech kim yoʻq, bir oʻzlari, – dedi sekingina kotiba.

Gʻaybarov sal dadillanib, ichkariga yurdi. Ma’sumovning naq ustiga bostirib bordi hamki, u sezmadi. Oʻsha yerdagi kursilardan biriga choʻkib uni kuzatdi. Ma’sumov qandaydir hujjatlarni koʻrish bilan andarmon edi. U qoshlarini chimirib olgan, ba’zida bosh chayqab qoʻyardi. Stol ustidagi ma’danli suvga qoʻl choʻzish asnosidagina Gʻaybarovga koʻzi tushdi. Hayron boʻlib, sekin oʻrnidan turdi:

– Qachon kirdingiz?

– Bir soatcha boʻlib qoldi, – istehzo aralash javob berdi Gʻaybarov. – Ish koʻpmi, deyman? Ana shunaqa, bizning ish ogʻir.

Ma’sumov bosh irgʻadi:

– Ha, ogʻir... hujjatlar shunaqangi chalkashib ketganki, boshi-adogʻi qaerda, bilib boʻlmaydi. Boʻlimdagilar nima qilishgan, hayronman.

– Demak, nazorat qilmagansan-da! – chaqib olmoqchi boʻldi Gʻaybarov. Shunday ohangda aytdiki, xuddi bekorchi odam ishlayotgan kishini koʻrolmay, gapirgandek tuyuldi. Buni, avvalo, oʻzi ilgʻadi. Darhaqiqat, u hozir rostdan ham bekorchi-da!..

Ma’sumov joyidan turgan edi, tagʻin oʻtirdi. Gʻay¬barov undan hol-ahvol soʻrashini kutdi. «Xalil Murodovich, qalaysiz? Zerikib ketgan boʻlsangiz kerak? Ish shunchalar koʻpki, sizdan ham xabar ololmadim, uzr», deydi, deb oʻyladi. Hech boʻlmasa tannoz kotibani yuborsin edi. Yubormasa, demak, fahm-farosati yetmaydi ularning! Aks holda birrov boʻlsayam xabar olardi. Hali shoshmay tursin, Gʻaybarov joyiga qaytgan kuni, eng avvalo, mana shu kotibani yoʻq qiladi. Kotiba zotiday sotqinlar boʻlmasa kerak. Darrov yangi boshliqqa yaltoqlana boshlaydi.

– Ishlar chatoq, Murod Xalilovich, – bosh chayqadi Ma’sumov. – Yana bir-ikkita ishimiz ochilib qolgan emish!

– Vahima qilma, – oʻdagʻayladi Gʻaybarov. – Darrov shovqin koʻtarasan! Nega shu joyga oʻtqazdim-a seni?

Ma’sumov uning koʻziga tik qarab javob berdi:

– Joningizni asrab qolish uchun-da, Xalil Murodovich. Axir, pishiqsiz-ku! Ham joningizni, ham kursingizni! Ammo bu qiyin.

Gʻaybarovning ichidan bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Shundoqqina qarshisidagi shogirdi yetti yot begonadek, avvallari mutlaqo koʻrmagan odamdek, mutlaqo notanishdek koʻrinib ketdi. Ha, ha, notanish! Bir kunda mutlaq begona kimsaga aylanib qolibdi. Mana shu kursiga bir-ikki oʻtiribdi-yu, miyasi ham, fikri ham aynibdi. Nahotki, Gʻaybarovning joyini qaytarib bermasa? Bu qanday bedodlik?

– Sen bir kunda shunchalik oʻzgarib qoldingmi? – dilidagini tiliga chiqardi Gʻaybarov.

Ma’sumov biroz sukut saqlab, keyin javob berdi:

– Oʻzgarganim yoʻq, axir, nima boʻlganda ham rostini gapir, deb oʻrgatgansiz-ku! Ehtiyot boʻlishingiz kerak, demoqchiman-da! Hali koʻp kavlashadi, Xalil Murodovich... Aytdim-ku, men oʻzim koʻrganimdayam chalkashliklar chiqib qolyapti.

Gʻaybarov sal shashtidan tushgan boʻlsa-da, Ma’sumovga hujum qilishdan toʻxtamadi:

– Ishqilib oʻzing kavlashtirmayapsanmi ortimdan?

Ma’sumov unga xiyol norozi qarab qoʻydi-da, lom-mim demadi. Gʻaybarov soʻzida davom etdi:

– Menga qara, shunaqa hujjatlar chiqib qolsa, menga, albatta, ayt. Birgalashib yoʻqotamiz.

– Xoʻp, – bosh irgʻadi Ma’sumov.

– A, bu kotibaga aytsang boʻlmaydimi, ertalabdan buyon choy ichganim yoʻq, tomogʻim qaqrab ketdi.

Ma’sumov stol yonidagi tugmachani bosdi. Sal oʻtmay kotiba kirdi:

– Labbay, Shohid Kamolovich.

Gʻaybarov bir titrab qoʻydi. Shu asnoda shogirdining ismiyam koʻp narsani esiga tushirdi: ha, Shohid edi. Bir paytlardagi jikkakkina bolakay, mana endi Shohid Kamolovichga aylanib oʻtiribdi. Bu kotibaning chindan ham farosati yoʻqqa oʻxshaydi. Jilla qursa, Gʻaybarovning oldida shunday demasin edi. Biroq... nima deb murojaat qilsin? Shohid aka, desinmi? Shundoq korporatsiyaning xoʻjayinini-ya (vaqtincha boʻlsayam)?

Ma’sumovdan avval Gʻaybarov kotibaga murojaat qildi:

– Nega menga choy damlab bermading? Nima, senga eslatishim...iz kerakmi? Uyingda choy-poy damlarding, shekilli?

Kotiba bu gaplarni eshitib, keyin Ma’sumovga qaradi. U bosh irgʻagach, sekin chiqib ketdi. Ustoz-shogird oʻrtasida yana jimlik choʻkdi. Gʻaybarov serdiqqat, Ma’sumov xotirjam edi. Bir-biridan gap kutishardi.

– Boyagi gapni bekor aytding, – dedi Xalil Murodovich.

– Qaysi gapni?

– Joningizni asrab qolish uchun, degan gapni!..

Ma’sumovning yuzida tabassum zohir boʻldi. Gʻaybarov uncha tushunmadi. «Bu gap hazil edi», de¬moqchimi? Masxaralayotgandir balki? Nima boʻlgan¬dayam uning ogʻzini kutishga qaror qildi. Ma’sumov kutilmagan gap bilan uni esankiratib qoʻyayozdi:

– Xalil Murodovich, bilasizmi, ishlar juda koʻp. Shu haqda keyinroq gaplashsak ham boʻlar?..

Gʻaybarov hech nima demadi. Boʻgʻriqib oʻrnidan turdi. Axir, ket, degani-da bu! Nonkoʻr, yaramas! Yaxshilikni bilmagan tullak! Tirjayib turib, joningni olishi mumkinligini bilmagan ekan Gʻaybarov buning!

Indamay chiqib ketdi. Kotibaga xoʻmrayib qarab qoʻydi.

Xonaga kirgach, stol ustidagi choyni ichgisiyam kelmadi. Telefon jiringlab qoldi. Gʻaybarov goʻshakni koʻtarishniyam-koʻtarmaslikniyam bilmadi. Telefon ham toʻxtovsiz, asabga tegadigan tarzda jiringlayverdi. Demak, kimdir Gʻaybarovni soʻragan. Noiloj goʻshakni koʻtardi. Avvallari kim qoʻngʻiroq qilganini aytib, ke¬yin ulab berishardi, hozir esa birdan ulab yuborishdi.

– Ha, tinchlikmi? – soʻradi xotini. – Sotkangiz oʻchirilgan?.. Ishxonangizga qoʻngʻiroq qilsam, boshqa xonaga oʻtgan, deyishdi. Men tushunmadim.

Gʻaybarov tomoq qirib, javob berdi:

– Vaqtincha, xotin, vaziyat shunaqa boʻlib qoldi.

– Nima vaqtincha?

– Bas qil, – oʻdagʻayladi Gʻaybarov. – Keyin tushuntiraman hammasini. Bu yerga umuman qoʻngʻiroq qilma, – shunday deb goʻshakni tashladi. Keyin burchakdagi yumshoq kursiga oʻtirib, koʻzlarini yumdi. Noilani qoʻmsab ketdi. Qaerda ekan-a? Nozik qoʻllari bilan suyaklarni yozib yuborardi-da! Yana shunaqangi suykalardiki, beixtiyor ehtiroslaring joʻshib-toshardi. Hozir loaqal shu kelsa edi. Biroz oʻtirib, chaqchaqlashishardi. Avvallari Gʻaybarovning vaqti boʻlmasdi, mana endi xohlagancha! Ammo Noila koʻrinmaydi, Gʻaybarov uning qaysi boʻlimda ishlashiniyam bilmaydi...

Kechga yaqin eshik shaxd bilan ochilib, Ma’sumov kirib keldi. Gʻaybarov uning avzoyini koʻrib, beixtiyor oʻrnidan turdi.

– Tinchlikmi... Shohid...jon?

– Sizni boʻlimga oʻtkazmasak boʻlmaydi, Xalil Murodovich. Ahvol juda jiddiy. Oʻrinbosarlik shtatini, umuman yoʻq qilib turishga toʻgʻri keladi... Xah, shuncha boshogʻriq qildingiz-a!

– Nima boshogʻriq qilibman? – labi gezardi Gʻaybarovning, keyin rostdan ham vaziyat yanada jid¬diylashganini idrok etib, oʻzini qutqarishni oʻylab dedi: – Men, yaxshisi, mehnat ta’tiliga chiqaman.

– Endi kech, Xalil Murodovich, kecha hamma buy¬ruqlarni olib boʻlishgan. Oʻrinbosarlik joyi boʻsh, degandik, bittasi, mana shu haqda ham rasmiy ma’lumot yuboring, deb oʻtiribdi. Juda yopishib olishyapti, qoʻyishmayapti!

Gʻaybarov bosh qashlab dedi:

– Boʻpti, boʻlim boʻlsa, boʻlim-da! Ammo bilib qoʻy, men ishxonaga kelib oʻtirmayman. Yo uyda boʻlaman, yo biror yoqqa ketaman.

– Menga qarang, – izoh bera boshladi Ma’sumov, – bu boʻlim mudirligi oʻzi vakansiya edi. Siz kelib turmasangiz, boʻshligini bilib biror kishini tiqishtirishmasin tagʻin.

– Men boʻlimda oʻtirsam, surishtirishmaskanmi? – qoshlarini tugun qildi Gʻaybarov.

– Surishtirishmaydi, buni oʻzingiz ham bilasiz-ku! Yuqorini hozir koʻproq boʻsh oʻrinlar qiziqtiryapti, tushunyapsizmi?

Gʻaybarovning jahli chiqdi:

– Ularga oʻzi nima kerak?

– Siz diqqat-e’tiborlarini tortmay turing, dey¬¬man-da! Hozir ketsangiz ham, bundayroq joyda oʻtir¬sangiz ham sezib qolishadi.

– Men boʻlimda ishlay olmayman!

– Nega? Axir, avval ishlagansiz-ku!

Gʻaybarov yalt etib unga qaradi. Rostdan ham ishlagan, biroq avval, oʻz nomi bilan, avval edi-da!

– Tushuning, agar ehtiyotkorlik bilan harakat qilmasak, ish ochishlari mumkin, – qoʻrqitishda davom etdi Ma’sumov. Keyin sobiq boshligʻining javobini kutdi. Undan sado chiqmadi. Aftidan, nimadir demoqchi-yu, tiliga chiqarolmayapti. – Nega indamaysiz?

Gʻaybarov zoʻrgʻa tilga kirdi:

– Mening joyim nima boʻladi?.. Haligi sen oʻtirgan joy!

Ma’sumov unga qarab, attang, degandek, bosh chay¬qadi-da, chiqib ketdi.

Gʻaybarov oʻzicha mulohaza yuritdi: bu bola oʻyin qilyapti – futbol! Gʻaybarov boshlagan oʻyinni davom ettirib, uning oʻzini koptok qilib tepyapti! Endi nima boʻladi?..

Eshik ochilib, Noila koʻrindi!

Noila, oʻzining Noilasi! U ana shunday – Gʻay¬barovning kayfiyati yoʻq paytda paydo boʻladi. Keyin orom, quvonch bagʻishlaydi. Ayniqsa, hozir Gʻaybarov uni koʻrib, shu qadar entikib ketdiki, naq yigʻlab yuborayozdi. Ma’sumov uning kayfiyatini ostin-ustun qilgan, Noilaning paydo boʻlgani mushkulotlarini aritgandek edi.

– Nima boʻldi? – dedi Noila uning quchogʻida erib, oʻzining kayfiyati tushkun edi.

– Vaqtinchalik, – javob berdi Gʻaybarov. – Shunaqa boʻlib qoldi... Oʻzing yaxshimisan?

Noila biroz sukut saqlab, javob berdi:

– Yaxshi... Bir ogʻiz aytmabsiz ham. Toʻppa-toʻgʻri kirib boribman. Shohid akani oʻrningizda koʻrib qoʻrqib ketibman.

Gʻaybarov Noilaning «Shohid aka» deganiga rashki kelib, uni soʻroqqa tutdi:

– Nima dedi senga?

– Hech nima! Shu zahotiyoq qaytib chiqdim-da!

– Bu xonada ekanligimni kim aytdi?

– Oʻzim oʻyladim. Joyingizda Shohid aka oʻtirgach, siz shu yerda boʻlasiz-da!.. Ishdan olishdimi, Xalil aka? Nega?

– Vaqtinchalik, dedim-ku, – diqqat boʻldi Gʻaybarov. – Vaziyat sal yumshasin... Xodimlar nima deyishyapti?

– Hali hech kim bilmaydi, menimcha. Kechqurun yigʻilishda aytishsa kerak-da!

Gʻaybarov hayron boʻldi:

– Qanaqa yigʻilish?

– Hammaga aytib chiqishdi-ku, bilmasam!

Xalil Murodovich achchiqlandi. Bu ishi endi ortiqcha Ma’sumovning! Orqa-oldini bilmay qolyapti, shekilli. Noiladan Shohid Kamolovich oʻtirgan oʻzining sobiq xonasi telefon raqamini soʻradi. Noila aytdi. Gʻaybarov ichki telefondan oʻsha raqamni terdi. Birozdan soʻng Ma’sumov goʻshakni koʻtargach, shoshilmay gap boshladi:

– Bugun majlis qilmoqchi ekansan, toʻgʻrimi? Nega mening xabarim yoʻq?

Ma’sumov keskin javob berdi:

– Ha, sal turib majlis oʻtkazmoqchiman. Buning sizga daxli yoʻq.

Agar hozir Noila boʻlmaganida Gʻaybarov unga baqirib yuborishi mumkin edi. Biroq Noilaning hamma gapdan vaqif boʻlishini, qolaversa, telefondagi bunday tarzdagi soʻzlashuv – goʻyo Ma’sumov allaqachon uning kursisini tortib olganini namoyon etishini istamadi u. Bosiqlik qildi, shu bilan birga Ma’sumovning javobini Noila eshitib qolmaganmikan, degan xavotirga ham bordi.

– Yaxshi, men qatnashib oʻtirmayman, oʻzlaring oʻtka¬zaveringlar, – dedi sir boy bermay. Goʻshakni qoʻyib, Noilaga xotirjam qiyofada yuzlansa-da, kayfiyati nosoz ekanligi ayon edi.

Noila undan gap kutdi. Gʻaybarov gapiravermagach, soʻradi:

– Qanday masala ekan?

Gʻaybarov qoʻl siltadi:

– Aytarli jiddiy gap emas, – dedi joʻyali javob topolmay, keyin soʻzlarini suvab ketdi: – Intizom masalasi!.. Esimdan chiqibdi, men oʻzim tayinlagan edim. Onda-sonda jamoaning jilovini tortib qoʻymasak boʻlmaydi, toʻgʻrimi?

Noila oʻylanib qolgandi.

– Agar siz qatnashmasangiz, men ham kirib oʻtir¬mayman. Aytib qoʻyarsiz, Xalil aka. Shu yigʻi-lishlarga tobim yoʻq, bilasiz-ku!

Gʻaybarov nima deb javob berishini bilmay, bosh irgʻab qoʻydi. Noila soʻzida davom etdi:

– Oʻzi nima boʻldi, ayting... Kecha u yoqda oʻtirgan odam bugun boshqa xonada oʻtiribdi. Shunday boʻlishiyam mumkinmi?

– Nega boʻlmas ekan? – uning yelkasidan quchdi Xalil Murodovich. – Buyam bir oʻyin-da! Bir xil atmosferadan koʻra, vaqti-vaqti bilan vaziyatni oʻzgartirib turish kerak. Hademay hammasi joyiga tushadi... Hali rejalar koʻp, Noila.

Noila indamadi. Uning shahlo koʻzlari katta-katta ochilgan, yuzida hayrat ifodasi qotgan edi. Hayrat bilan birga qandaydir xavotir bor. Yoʻq, xavotir deyish ham toʻgʻri emas, Noilaning hafsalasi pir boʻlgandek edi. Gʻaybarov bir soʻz aytmay uni kuzatib oʻtiraverdi. Nima deyishniyam bilmasdi. Ayni damda Ma’sumovning kursisida oʻtirgani uchun oʻzini oʻngʻaysiz sezar, Noiladan uyalayotgan ham edi. Nazarida hademay bu juvon uni yoʻqlashni bas qiladigandek tuyuldi. Agar Gʻaybarov rostdan ham amaldan ketsa, Noilani boshqa koʻrmaydi. Aniqrogʻi, u oʻzini olib qochadi. Ehtimol, Ma’sumovga yaltoqlanib boshlar! Nahotki, shunday boʻlsa? Axir, hozirgacha Gʻaybarovni amali uchun yaxshi koʻrardi-da! Yaxshi koʻrardi?.. Qanaqa yaxshi koʻrish? Gʻaybarovning pullari kerak edi, xolos. Yoshi ellikdan oshgan tepakalni yosh juvon boshiga uradimi? Muhabbat deganlari kitoblarda, xolos. Jilla qursa, bu tuygʻu yoshlarda boʻlishi mumkin. Kattalarda, ayniqsa, mansabdorlarda bu borada muhabbat emas, oʻynash bor, xolos. Muhabbat emish-a!..

Nega Gʻaybarov bu haqda shu kungacha oʻylamadi ekan? Mana, hozir Noilasi huzurida! Lekin u avvalgidek emas, sarosimaga tushgan. Kim bilsin, ichida nimalarni oʻylayapti ekan? Gʻaybarovdan xalos boʻlish haqida bosh qotirayotgandir, ehtimol?..

– Nega buncha oʻylanib qolding? – dedi Gʻaybarov chiday olmay.

– Bilmadim... Oʻzim, – dedi Noila ohista. Ovozi siniq chiqdi. Birozdan soʻng soʻradi: – Baribir joyingizga qaytasiz-a, Xalil aka? Axir, sizning joyingiz bu yer emas-ku?!

Gʻaybarovning dilidagi tiliga chiqdi:

– Mabodo qaytmasam, sen... unutib yuborasanmi meni?

– Unaqa demang, – Noila uni quchoqlab oldi.

Gʻaybarovning nazarida u Noila bilan xayrlashayotgandek tuyulib ketdi. Bir paytlar harbiy xizmatga ketishidan oldin sevgilisi Sanobar uni xuddi shu tarzda kuzatgan edi. Ancha paytgacha xat yozib yurdi. Keyin dabdurustdan maktub yubormay qoʻydi. Yosh Xalil qancha yozmasin, xatlari javobsiz qolaverdi. Ichiga oʻt ketdi. Sanobarning boshqa yigitga erga tegayotganini sezdi. Juda alam qildi. Harbiy xizmatdan qaytib kelgach, xuddi shu gapni eshitdi.

– Hazillashdim, deng, – pichirladi qulogʻiga Noila. – Ayti-i-i-n-g...

Negadir Gʻaybarovning xoʻrligi keldi. Agar, ha¬zil¬¬lashdim, desa, Noila quvonib, mahkamroq quchoq¬¬lab oladi, yoʻq, jiddiy aytyapman, desa, barini yi¬gʻishtiradi. Buyam xuddi Ma’sumovga oʻxshagan odam-da! Tarozi posangisiga qarab ish tutadi. Darvoqe, faqat Noila bilan Ma’sumov emas, boshqalar ham, hamma-hamma shunday! Senga mansabingga qarab muomala qiladilar. Tanimay qoʻyadilar. Sen ular uchun notanishga aylanasan!

Gʻaybarov Noilani ranjitgisi kelmadi, oʻzini ham:

– Hazil, – deb qoʻydi.

Shu payt eshik taqillab qoldi. Noila tezda oʻzini yigʻishtirib, u yoq-bu yogʻini tuzatdi.

Kotiba kirdi:

– Noila opa, shu yerdamisiz? Hamma joyni koʻrib chiqdim... Yuring, Shohid Kamolovich chaqiryapti sizni.

Noila hayron boʻlib oʻrnidan turdi. Gʻaybarov ham lol edi. Noila unga sirli koʻz tashlab, kotiba hamrohligida xonani tark etdi.

Gʻaybarov yana huvillagan diqqinafas xonada bir oʻzi qoldi. Oshnalaridan birortasiga qoʻngʻiroq qilmoqchi boʻldi, ammo bu qaroridan qaytdi. Agar ular ham bu dargohdagi gaplarni eshitishgan boʻlsa, soʻroqlab, battar kayfiyatini buzishadi. Uyga qoʻngʻiroq qilsinmikan? Hol-ahvol soʻrardi. Bolalar qalay, nima qilishyapti? Darvoqe, endi qoʻshnilarning koʻziga qanday koʻrinadi?.. E, ular bilib oʻtiribdimi? Umuman, bilsalar nima! Oʻzi nega buncha fojia qilib yubordi?! Yetti muchasi sogʻ-salomat-ku! Shunchalik ham tushkunlikka tushish mumkinmi?..

Burchakdagi oromkursiga oʻrnashib, koʻzlarini yumdi. Vaqtni oʻtkazishning yoʻli – uxlash!..

Biroq Gʻaybarovning koʻzlariga uyqu kelmadi. U Ma’sumov Noila bilan nimalar haqida gaplashayotganiga qiziqardi. «Qoʻy endi oʻsha odamni», desa-ya Shohid! Aytishi mumkin, axir! Yigʻilish oʻtkazmoqchi edi, tezroq oʻtkaza qolsa-chi!

Nega ishni oʻylamayapti? Ma’sumov, endi boʻlimga oʻtasiz, dedi-ku! Boʻlimda qanday ishlaydi?.. Aslida oʻsha paytning oʻzida ketishi kerak ekan, bu yerda qolib sharmanda boʻlgandan koʻra. Ma’sumov rosa kalaka qilsa kerak!

Indamay ketvorsa-chi? Oʻtiraveradimi indamaygina? Kech ham tushib qoldi.

Gʻaybarov sakrab oʻrnidan turdi. Eshik oldiga borib, sal talmovsirab, keyin shaxd bilan itardi. Koridorda hech kim yoʻq – hamma yigʻilishda boʻlsa kerak. Birdan kallasiga keldi: Ma’sumov yigʻilishda Xalil Murodovich oʻz joyini boʻshatganini e’lon qilsa-ya?! Aniq shu haqda gapiradi. Aks holda yigʻilish chaqirib oʻtirmasdi.

Gʻaybarov shu haqda oʻylab-tashvishlanib, tezda ishxonadan chiqish yoʻlagiga qarab yurdi. Tashqariga yoʻl oldi. Xizmat mashinasi – ana! Haydovchi qoʻl telefonida kim bilandir valaqlashib oʻtiribdi. Gʻaybarovni koʻrib, gapini tugatdi-da, savol alomati bilan qaradi. «Uyga ketamiz», degan buyruqni eshitib, jonlanib qoldi. Tezda mashinani oʻt oldirdi.

Gʻaybarov yoʻl boʻyi Ma’sumov uni surishtirib qolishi mumkinligini ham oʻyladi. Soʻrasin, surish¬tiraversin! Endi bu yerlarga kelmaydi, yelkasining chuquri koʻrsin! «Boʻlimga oʻtasiz» emish! Oqibatni bilmagan shogird! Shuncha yaxshiliklari, yordamlari qaerga ketdi? Mana, bugun oʻzining tagidagi kursi yetmagandek, Noilani ham tortib olishga kirishdi. Koʻz olaytirib yurgan ekan-da, ablah! Biroq, ustozdan qolgan-ku bu, demasmikan? Shunchalik yuragidan urgan, shekilli? Ol, olaver! Endi shundoq ham Gʻaybarovga uyat boʻladi. Oilasi, bola-chaqalari bor. Noilasiz ham kuni oʻtadi...

Shunday deydi-yu, baribir alam qiladi-da! Axir shogird tushmagur tayyoriga ayyor boʻlib oʻtiribdi!..

Gʻaybarov uyiga vaqtli qaytgani uchunmi, xotini yana soʻroqqa tuta boshladi. U indamadi. Dam olmoqchi, bolalari bilan suhbatlashmoqchi edi, yoʻq, aksincha, xuddi ishxonada qidirib qolishgandek, behalovat boʻla boshladi.

U zoʻrgʻa tunni oʻtkazdi. Ertasiga ertalab, xizmat mashinasi kelgan edi, haydovchiga javob berib yubordi. «Endi qachon chaqirsam, kelgin, Ma’sumovga oʻzim tayinlab qoʻyaman», – dedi. Keyin koʻchaga chiqib ketdi. Anchagacha tentiradi. Bozor, doʻkonlarni aylanayotgandi, qoʻl telefoni jiringladi. Gʻaybarov koʻzoynagini taqib, raqamga qaradi: Ma’sumov! A-ha, telefon qilarkansan-ku! Ishing tushibdi-da baribir! Bir oʻzing hal qila olarmiding shuncha tashvishni?! Oson, deb oʻylaganmiding?

– Eshitaman.

– Assalomu alaykum, Xalil Murodovich... Bugun ishga chiqmadingizmi?

Gʻaybarov oʻshqirib berdi:

– Sen oʻzi kimsan, mendan hisobot soʻraydigan? Ishga boramanmi-yoʻqmi, oʻzim bilaman.

– Sizdan hisobot soʻrayotganim yoʻq.

– Gapimni boʻlma! Kecha mendan bemaslahat majlis qilding, aytgandirsan-da, hammasini! Tipirchilab qolgansan-ku! «Otning oʻlimi – itning bayrami», deb bejiz aytishmagan ekan. Bilib qoʻy, men hech qanday ishingga yordam bermayman. Xomtama boʻlma! Qanday qilib oʻsha joyga oʻtirgan boʻlsang, shu tarzda ishlayver! Boʻlimni ham pishirib ye! Men esa koʻchada qolmayman!

– Xalil Murodovich, namuncha otashinsiz? – Ma’sumovning ovozi ham baland chiqdi. – Oʻzingizni bosing. Men sizni oʻylab, shu taklifni aytdim. Eng qulay yoʻli, axir! Vaqtinchalik, dedim-ku! Mana, bugun ham soʻrashdi... Sizni qochib ketdi, deb oʻylashlari mumkin, tushunyapsizmi? Ish ochiladi. Ochiladi!.. Shu yerda boʻlsangiz, bamaslahat hammasini hal qilardik.

– Endi maslahatim kerak boʻlib qoldimi? Kecha majlis...

– Yana majlisni gapirmang, iltimos. Men vaqtincha boshqa boʻlimga oʻtishingizni aytdim, xolos. Haligi gʻavgʻolar haqida churq etganim yoʻq. Ishonmasangiz, xohlagan xodimdan soʻrashingiz mumkin.

– Boʻliming boshingdan qolsin! Nega aytasan? Men jamoaning koʻziga qanday qarayman? Shu haqda oʻylab koʻrdingmi?

– Aytmasam ham boʻlmasdi-da! Sizdan soʻrashmasa, mana, mendan soʻrashyapti. Kecha yuz marta soʻrashdi. Nuqul «Xalil Murodovich qani?.. Nega boshqa joyda oʻtiribdi?..» Mayli, agar rostdan ham ishga chiqmayman, desangiz, zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. Ertaga mendan ranjib yurmasangiz boʻlgani!

Gʻaybarov boʻgʻilib dedi:

– Qoʻrqitma meni.

Ma’sumov boʻsh kelmasdi:

– Qoʻrqitayotganim yoʻq, ogohlantiryapman, Xalil Murodovich. Hozirgi vaziyatni mendan koʻra siz koʻproq bilasiz.

– Sen shogird boʻlib, menga qanday yaxshilik qilding, ayt.

Ma’sumov uning gapini eshitmagandek soʻradi:

– Mashina borsinmi-yoʻqmi?

Gʻaybarov rostdan ham xavotirga tushib qolgan edi. Axir, qonun buzilgan, bu hazilakam gap emas. Hamma ayb ombor mudiriga agʻdarilgani bilan Gʻaybarov ishxonada koʻrinmay yursa, rostdan ham, bir balosi bor, deyishlari mumkin.

– Men haqimda yuqoriga nima deding? – soʻradi u.

– Bu ishni menga topshirganlariga ancha boʻlgan, dedim. U kishi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tarafdori, dedim. Eng oqsayotgan boʻlimga oʻz ixtiyorlari bilan oʻtib, ishni rivojlantiryaptilar, dedim.

Ma’sumovning gaplari Gʻaybarovga ma’qul tushdi. Baribir ichidagi hadikni aytdi:

– Baribir ombor mudiri sotib qoʻyadi-ku!

– Nima deb sotardi? – shivirlab gapirdi Ma’sumov. – Orqa sana bilan rasmiylashtirib qoʻysak, hech vaqo qilolmaydi.

Gʻaybarov, «oʻzing kursini qachon boʻshatasan?» de¬moqchi edi, tili bormadi. Ja oʻlib turgan ekan, deb oʻylamasin. Beradiganga oʻxshayapti-ku! Oqibatli har qalay! Aks holda qoʻngʻiroq qilmasdi. Astoydil kuyinib gapiryapti. Ammo... boʻlim mudirligi... Qanday ishlaydi? Boshqa boʻlimdagilar ustidan kulishmaydimi? Axir, ularni ozmuncha soʻkkanmi janob Gʻaybarov!

Bu gapni ham yashirmadi:

– Endi anovi Safarov, Vosiev, Fathiddin, Ilhomov, yana kim edi, ha, Zulfiya opalarga kulgi boʻlib yuraman-da, shunaqa-da-a?

Ma’sumov biroz tin olib javob berdi:

– Qani birortasiga kulsin-chi!.. Kulmaydi. Hech kim kulmaydi... Demak, mashinani yuboraveray?

– Toʻxta, avval xonani yaxshilab tayyorlab qoʻyishsin. Kechagidek boʻladigan boʻlsa, kerak emas. Haydovchiga ayt, menga qoʻngʻiroq qilsin. Qaerdaligimni aytaman, – Gʻaybarov shunday deb qoʻshimcha qildi: – Toʻxta, yaxshisi, tushdan keyin kelsin, ungacha ishlarim bor.

Ma’sumov indamay goʻshakni qoʻydi. Gʻaybarov uning bu qiligʻidan xiyol ranjisa-da, ishxonada oʻzining kerakligidan xursand boʻldi. Boʻlim-boʻlim, deb bahona qilyapti, – oʻyladi u, – aslida ishni eplay olmayapti. Attang, Ma’sumovdan, «nima deb oʻylaysan, tezroq bosdi-bosdi boʻlarmikan?» deb soʻramabdi-da! Hechqisi yoʻq, ishxonaga borganida soʻraydi...

Tushdan keyin Gʻaybarov mashinada gʻoʻddayib oʻtir¬ganicha ishga ketdi. Beixtiyor, «otdan tushsam ham egardan tushmayapman», – deb qoʻydi oʻziga nisbatan.

Boʻlimdagilar sovuqroq qarshi olishdi. Rostdan ham eng qoloq boʻlim bu. Shu bois barisi Gʻaybarovdan eshitadiganini eshitardi.

– Biz Xalil Murodovichdan shu boʻlimni rivojlantirishni soʻradik, – dedi Ma’sumov. – Oʻylaymanki, ishlar silliq ketadi.

Gʻaybarov uning gapini tuzatgan boʻldi:

– Aslida koʻnmasdim-u, iltimos qilishganiga kelaverdim, – keyin qoʻshimcha qildi: – Har holda oʻzimizning qadrdon ishxona. Jonimizni jabborga berib ishlaymiz. Ishni hisobotlarni qayta koʻrib chiqishdan boshlaymiz. Har bir oy boʻyicha balanslarni koʻzdan kechiramiz. Xatolar boʻlmasligi uchun choraklik bilan taq¬qoslab chiqamiz.

– Bu masalalarni oʻzlaring gaplashib olarsiz¬¬¬lar, – kulimsiradi Ma’sumov. – Ishdan soʻng yana bir bor yigʻilishib, natijalarni tahlil qilsak, Xalil Murodovich?

Gʻaybarov unga norozinamo qarab qoʻydi...

Ishlar silliq ketmadi. Xodimlar xoʻmrayib qa¬rasa, labini burib, ensasini qotirsa, ish boʻladimi! Bitta-ikkitasi eshitilar-eshitilmas piching ham qi¬lib ulgurdi: «Bir paytlar boʻlimimizni tugatmoqchi boʻlishgandi-ya, zararga ishlayapti, deb, oʻsha vaqtda tor-mor qilishmaganining sababi bor ekan-da!.. Shunday kunda kerak boʻlib qolarkan, qarang».

Muttahamlar-ey, avvallari qaltirab turarding¬lar. Tillaring chiqib qolibdi-da!

Keksa Doʻstov degani Ma’sumovning huzuriga kirib-chiqishga ulguribdi. «Bu odam oʻzi tushunmaydi-yu, nega boʻlimga qoʻyasiz?» – degan emish! «Oʻzi qilmay, faqat buyuradi», – debdi yana. Senlarga tayyor qilib berish kerakmi? Tagʻin Doʻstov emish! Otasi doʻst boʻlgandir-da kimlargadir, oʻzi aslo unaqa emas! Oldinlari ham mijgʻovlanib asabga tegardi.

Oʻzi bular Gʻaybarov yana oʻz kursisiga qaytib oʻti¬rishini fahmlashmaydi, chogʻi! E, bu shunday boʻlimki, oʻzlari xohlagan, orzu qilgan odamni, hattoki otasiniyam boshliq qilib qoʻysang, norozi boʻlishadi...

Kechroq kichik majlis chogʻida Gʻaybarovga «hujum» qilib ketishsa, deng! U bu boʻlimga, umuman, ishxonaga kerak emasmish! Uyalmay aynan shunday deyishdi. Gʻaybarov boshini qay toshga ursin! Alam qilgani – manovilar, goʻyo uni endi koʻrib turgandek, mutlaqo begonaga qilgandek munosabatda boʻlishdi. Baraka topkurlar, shuncha vaqt ishladi-ku Gʻaybarov, hali yana oʻtiradi kursisiga! Yoʻq, aksincha, xuddi yovvoyi odamlardek, chuvillab gap berishmaydi. Ular bir tomon, Gʻaybarovning oʻzi bir tomon.

Ma’sudov ikkala tarafni zoʻrgʻa tinchlantirdi. Hammasi joyiga tushishini, bir-birlariga oʻrganib ketishlaridan umid qilayotganini aytdi.

– Umid yoʻq, – dedi choʻrt kesib Doʻstov. – Bu odam, aksincha, ishni orqaga tortadi. Menda boshqa taklif bor.

– Xoʻsh? – unga koʻz tikdi Ma’sudov.

– Biz tayyorlagan balanslarni chiqitga chiqarayotgan ekan, marhamat, oʻzi qilib bersin. Ana shunda koʻramiz kuchini! Hisobchilik bu odam oʻylayotganidek osonmas! Boʻlim mudirligi ham faqat buyur-buyurdan iborat emas. Shu choqqacha tinchgina ishlayotgan edik. Mana, bugun shuncha gʻalva orttirib oʻtiribdi. Oddiy hisobchi shtatiga tushirish kerak buni.

Gʻaybarov sakrab oʻrnidan turgan edi, Ma’sumov uni sekin yelkasidan bosib, joyiga oʻtqazdi. Tushuntirmoqchi boʻldi, ammo Doʻstov ham, boshqalar ham eshitishni istashmadi.

– Nima, eplay olmayman, deb qoʻrqyapsizmi? – dedi Doʻstov koʻzlarini loʻq qilib Gʻaybarovga. – Oʻzi shu ish keladimi qoʻlingizdan? Bi-i-r oʻzingizni koʻrsating-chi! Ish buyurishni biz ham bilamiz.

Xuddi kelishib olishgandek, hamma jim boʻlib, uning ogʻzini poyladi. Gʻaybarov asabiylashdi:

– Qoʻlimdan keladi, bildingizmi? Meni kim deb oʻylayapsiz? Nima, kechagi kungacha butun boshli ishxonani boshqarganimni unutdingizmi?

– Siz kechagi kunni qoʻying, – istehzoli kuldi Doʻstov. – Bugundan gapiring. Bizga risoladagidek hisobotni tayyorlab koʻrsating, yana takrorlayman, agar qoʻlingizdan kelsa.

Ma’sumov Gʻaybarovga yuzlandi:

– Nahotki bular bilimingizga ishonmayotgan boʻlishsa? Bir qoyillatib tashlang!..

Gʻaybarov ertasiga boʻlimdagilarning talabi bilan oddiy hisobchilikka oʻtkazilib, hammaga namuna boʻladigan hisobot tayyorlab beradigan boʻldi.

Uyga qaytar mahali Gʻaybarov beixtiyor daydi-shumqadamni esladi. Rostdan ham bashoratchi edimi u?

* * *

Gʻaybarov uyga kelgach, uzoq vaqt oʻylanib oʻtirdi. Koʻz oldidan shumqadam daydi sira ketmasdi. Keyin xotiniga yorildi. Mana shu odam xonasiga kelib-ketganidan soʻng barcha ishlari telba-teskari boʻlayotganini aytdi. Ishni vaqtincha shogirdiga topshirganini ta’kidladi. Xotinining chiroyli qoshlari chimirildi. «Hali mendan shuncha gapni yashirib yuribsizmi, koʻnglim sezgandi-ya», – dedi.

Gʻaybarov uchun bu gaplar muhim emas edi. Parvo qilmadi. Yana oʻzining oʻy-xayollariga berildi. Ertaga yozib beradigan hisob-kitob ishlari haqida bosh qotirdi. Ablah Doʻstov! Oʻsha daydining tanishi boʻlmasin tagʻin! Allaqachon ishxonadan haydab yuborish kerak ekan. Mana, zahrini sochib oʻtiribdi. Yonidagilari, «e, nimalar deyapsiz, axir, bu kishi – Xalil Murodovich-ku», ham deyishmadi. Ular ham ablah! Doʻstov degan gʻalamis bilan ishlagandan keyin hammasi ablah-da! Nega boshliqning tarafini olishmadi? Sobiq boʻlgani uchunmi?..

Ha, mayli, ertaga shunday qoyilmaqom hisob-kitob qilib bersinki, ogʻizlari lang ochilib qolsin! Shogirdi Ma’sumov ham qoʻllab turar har holda! Nega shu boʻlimga oʻtkazdi-ya! Tili bir boʻlsa kerak bularning. Hammasini oʻsha shumqadam qilyapti! Rosa qadami rasvo odam ekan-da!..

Kechqurun yotishda xotini devor tomonga oʻgirilib oldi – xuddi u ham Gʻaybarovdan yuz oʻgirgandek. Alami keldi Gʻaybarovning. «Endi kerak boʻlmay qoldimmi? Avvallari aylanib-oʻrgilarding-ku! Yelakalarimni, boshimni uqalab qoʻyarding... E, hammang bir goʻr!..»

U allamahalgacha toʻlgʻanib yotdi. Ich-ichidan asta-sekin ishxonadan chetlashayotganini his qilar, ammo buni sira tan olgisi kelmasdi. Aslida-ku, tezroq ketgani ma’qul, ammo ketishga ham qoʻyishmayapti-da!..

Qachon uxlab qoldi, bilmaydi. Oʻsha notanish daydi tushiga kirdi. «Qalaysan?» degandek kulimsirab turibdi. Kim edi-ya u? Hali meni izlab qolasan, degandi, rostdan ham izlarmikan oʻshani? Izlagan bilan nima? Kechirim soʻrashi kerakmi? Aksincha tumshugʻiga bir musht tushirib, sal boʻlsa-da, alamidan tushishi mumkin...

Ertasiga Gʻaybarov hisobotni rostdan ham qoyilmaqom qilib berdi. Ma’sumov yolgʻondakam koʻz yugurtirib, «zoʻr, bundan ortiq boʻlmaydi», – deya Doʻstovga uzatdi. U esa ensasi qotib, nigoh tashladi. Bir Ma’sumovga, bir Gʻaybarovga qaradi. Xato topolmasa-da, mensimagandek boʻldi.

– Buni oʻzingiz qildingizmi? – deb soʻradi keyin.

Gʻaybarov jahli chiqib, Ma’sumovga oʻgirildi. U esa Doʻstovga soʻz qotdi:

– Bu nima deganingiz? Birov qilib berarmidi? Koʻz oldingizda tayyorlab berdi, nazarimda. Yoki bungayam ishonmaysizmi?

– Ha, endi-i, – yelka qisdi Doʻstov, – birovga pul bersang ham tayyorlab beradigan zamon-ku hozir.

– Siz oʻzi avvaldan maydagap edingiz, hozir besh battar boʻlibsiz, – tutaqib ketdi Gʻaybarov. – Choʻkayotgan odam choʻpga yopishar ekan. Kamchilik topolmaganingizdan keyin shunaqa bahonalar qidiryapsizmi endi?

Doʻstov unga olayib qaradi:

– Kim choʻkyapti, menmi yo sizmi? Bunday maqol¬laringizni pishirib yeng, bildingizmi? Men rostini ayt¬yapman, oʻzingiz tayyorlaganingizga ishonmayman. Yigʻib qoʻygan pullaringiz boʻlsa, birorta tanish hisobchiga bergan boʻlsangiz, qilib tashlagan-da!

Ma’sumov xuddi bu dahanaki jangga xayrixohdek indamay turardi. Gʻaybarovga qoʻyib bersa, hozir Doʻstovning basharasiga boplab tushirardi-yu, ammo bu – yomon odam! Shartta shikoyat yozib, melisama-melisa chopishdan ham toymaydi. Oʻzi gʻirt savodsiz-u, gapini qarang!

– Shohid, men bu odam bilan pachakilashib oʻtir¬mayman, – dedi Gʻaybarov Ma’sumovga. – Mana, qilib bering, dedilaring, qildim. Xohlasang, oʻzing birorta mutaxassisga koʻrsat, xulosasini bersin! Keyin oʻsha xulosani manovi odamga ham ber, tanishib chiqib, battar jizgʻanak boʻlsin!

– Oʻv, oʻv, – ovozini bir parda koʻtardi Doʻstov, – men senga jizgʻanak boʻlishni koʻrsatib qoʻyaman.

Gʻaybarovning alami keldi, axir shu choqqacha bu ishxonadagilardan birortasi uni sensiramagan. Hur¬matini joyiga qoʻyishgan. Shunchalik ham hurmat¬sizlik boʻladimi?!

– Sensiramang, – dedi labi gezarib. – Men sizning bolangiz emasman. Shuncha odamning oldida madaniyatsizlik qilishga uyalmaysizmi?

– Nima?! – qulogʻiga qoʻlini karnay qilarkan, kalaka qildi Doʻstov. – Bolangiz emasman, deysanmi? Shohid Kamolovich-chi? U sening bolangmi? Nega uni sensiraysan? Avval oʻzingga boq, keyin nogʻora qoq, deydilar. Ana shunaqa, biz ham maqolni bilamiz. Shohid Kamolovich – boshligʻimiz. Sen shuncha odamning ichida uni sensiraysan-u, men birgina seni senlasam, jahling chiqadimi?

Gʻaybarov Ma’sumov oʻrtaga tushadi, deb oʻylagan edi. Doʻstovning gaplari ma’qul keldimi, u indamadi. Goʻyo bu gapni qoʻllab-quvvatlayotgandek. Nobakor, bir ogʻizgina gapirib, tarafini olsa boʻlardi shu topda!

– Shohid – mening shogirdim! – dedi Gʻaybarov ichidagi gapni tiliga chiqarib. – Uni anchadan buyon sensirab kelaman. Siz shuni bilib turib, atayin jigʻimga tegyapsiz.

Doʻstov Ma’sumovga oʻgirildi:

– Shohid Kamolovich, oʻzingiz ayting, shuncha odam ichida sizga sensirab murojaat qilishi toʻgʻrimi? Bunaqada hurmatingiz qoladimi, nega lom-mim demaysiz? Gapiring manovi madaniyatliga! – shunday deb boshqa xodimlarga oʻgirildi: – Sizlar nega mum tishlab olgansizlar? Shu paytgacha qiynagani yetmaganmidi? Axir, boʻlimni tarqatib, bizni sarson-sargardon qilmoqchi edi-ku bu! Endi esa otdan tushsayam egardan tushmayapti. Shuncha odamning oldida boshliqni sensiraganini qarang tagʻin! Oʻrgildim madaniyatingdan!

– Ablah! – deb yubordi Gʻaybarov.

Doʻstovga shu gap kerak edi:

– Nima deding? – yana boshqalarga qaradi: – Hammang eshitding, bu meni haqorat qildi. Sha’nimni oyoqosti qildi. Men endi tinch qoʻymayman. Kunini koʻrsataman!

Gʻaybarov boʻsh kelmadi:

– Qoʻlingdan kelganini qil! Qaerga borsang, bor.

– Albatta, boraman. Nima, sening mushugingni pisht deydiganlar yoʻq, deb oʻylaganmiding? Bilamiz, hammasini bilamiz. Ombor mudirini aldab, hujjatga qoʻl qoʻydirganingniyam bilamiz... Hali shoshmay tur.

Nihoyat Ma’sumov tilga kirdi:

– Bas qilinglar! Uyalmaysizlarmi? Kap-katta yoshda boʻlsalaring, aytishib oʻtirishlaring yaxshimi? Bu gap jamoaga tarqalib ketsa, nima boʻladi?

– Men ketaman, – dedi Gʻaybarov. – Bunday odam bilan ishlagandan koʻra, uyda oʻtirganim ma’qul! Kecha balans-balans, deb, bugun tayyorlab bersam, endi yana bahona topib oʻtiribdi. Shu adolatdanmi?

Xadicha opa degani gapga qoʻshildi:

– Xalil Murodovich, balans tayyorlab berdim, deb hammaning boshini yorasizmi? Sal oʻzingizni bosib oling. Turob akaning yoshi sizdan katta, jahl ustida sensiraganiga shunchami, tavba?.. Toʻgʻri aytadi-da, boshliq sizning bolangiz emas-ku, hurmatsizlik qilsangiz!

– E, ketaversin, – qoʻl siltadi Doʻstov. – Allaqachon ketishi kerak edi. Avvalo, ketolmaydi. Shunday deb oʻzicha hurmat-izzatini oshirmoqchi! Aslida hurmati qolibdimi buning? Shoshmang, sudma-sud bir sudray, oʻshanda biladi, ablah degan soʻzning ma’nosini!

– Uyat boʻladi, Turob aka, – dedi Ma’sumov. – Bu haqda oʻylamang ham. Ishxonaning nufuzi turibdi. Boshqa idoralar eshitsa, nima degan odam boʻlamiz? Odam qizishganda har narsa devoradi-da!

– Yoʻq, siz bir savolga javob bering, – gapini toʻxtatgisi kelmasdi Doʻstov. – Boshliqni sensirash kerak, deb qaerda yozilgan, qaerda?.. Hoziroq kechirim soʻrasin sizdan, mayli, mendan soʻramasin, zor emasman, ammo sizga nisbatan hurmatsizlik qilgani uchun kechirim soʻrasin. Biz shuni talab qilamiz. Biz – hammamiz talab qilamiz!

– Ha, talab qilamiz, – uning taklifini ma’qulladi Xadicha opa. – Sizlar nega indamaysizlar yoki notoʻgʻri gapiryapmizmi?

Boshqalar ham noiloj gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovoz bilan qoʻllab-quvvatlagan boʻlishdi.

Gʻaybarovning qovogʻi soliq edi. Nazarida, bu tomosha avvaldan sahnalashtirilgan spektakldek tuyulib ketdi. Tavba, kechirim soʻrattirmoqchimi bular? Shogirdidan-a? Mana shu naynovdan? Soʻrab boʻpti! Shu yoʻl bilan gʻalaba nashidasini surishmoqchi bular! Ma’sumovning oʻzi ham kutib turganga oʻxshaydi. Moydek yoqdi-da bularning laganbardorligi! Chuchvarani xom sanabsizlar!

U indamay, stol ustidagi qogʻozlarni sumkasiga joylay boshladi. Goʻyo hech kim yoʻqdek, atayin shoshilmay ish tutardi. Doʻstovning gapi nafsoniyatiga tekkan, Ma’sumovdan kechirim soʻragandan koʻra, u bilan sudma-sud yurishni afzal bilayotgan edi hozir. Qani edi zamon koʻtarsa-yu bunaqalarni oyogʻing ostiga solib tepkilasang! Axir, turgan-bitgani tushov-ku buning! Ishxonadagi zararkunanda! Topgan bahonasi-chi! Ablah! Ha, haqiqiy ablah! Tagʻin tilyogʻlamalik qiladi. Nima deb gapirishni biladi bundaylar! Manovi Shohid Kamolovich ham laqqa tushib oʻtiribdi gapiga! Xushomad xush yoqsa, haqiqatni ham chetlab oʻtarkansan, shogird! Sadqayi odam ket! Ustozingni yer bilan bitta qilib oʻtirishibdi-yu, gapirgan gapingni qara!..

– Yoʻl boʻlsin! – dedi Ma’sumov xuddi Gʻaybarovning ichidagini eshitib oʻtirgandek.

U lom-mim demasdan yanada shoshilmay papkasini yopa boshladi. Boshqalar ham indashmasdi. Hatto, Doʻstov, «qani, qaergacha borarkan», degandek, qoshini kerib turibdi. Hammasi Gʻaybarovning ketishini kutish¬yapti. Bularga qolsa, Gʻaybarov hozir chiqib ketsa-yu, keyin boshqalarga, akang qaragʻayni biz ketkazdik, deb maqtanishsa! Ogʻzi bilan yuradi bular. Boʻlim faoliyati bilan zarracha ishlari yoʻq. Boqimandalar toʻdasi! Tavba, avvallari ham shunchalikka borisharmidi?! Majlis-pajlisni pisand qilishmasdi, kirib qolganlarida ham bez boʻlib, jangga shaylangandek oʻtirishardi. Shuning uchun ham bularning boʻlimi boshliq koʻrmadi-da! Sigʻishtirishmaydi! Bir choʻqishda qochirishadi. Tavbangdan ketay, shu qadar ichiqora, badfe’l boʻlish mumkinmi?

Qiziq, Gʻaybarov qoʻrqarmidi bulardan! Axir, mu¬shuklarini pisht demasdi-da! Bir-ikki tashlanib koʻr¬ganida bilgandi-ya qanaqaliklarini! Oʻshanda yoʻlini qilib boʻlimni tarqatib yuborishi kerak ekan. Ma’sumov aytgandi-ya bu haqda. Attang!..

Gʻaybarov indamay sergʻalva xonadan chiqdi. Or¬ti¬dan Ma’sumov ergashdi. Doʻstov gʻolibona tarzda miyigʻida kulib, boshqalar unga tan bergandek qo¬la¬verishdi.

– Qayoqqa ketyapsiz? – soʻradi Ma’sumov Gʻaybarovga yetib olarkan.

– Uyga, qayoqqa boʻlardi!

– Nega?

Gʻaybarov taqqa toʻxtadi:

– Bu nima deganing? Koʻra-bila turib soʻraysan-a? Axir, yer bilan qorishtirib tashlashdi-ku meni! Oʻzi kecha sezgandim-a, senlarning niyatingni! Kalaka qilmoqchi edilaring, koʻngillaring joyiga tushgandir!

Ma’sumov yon-atrofga qarab oldi:

– Sekinroq... Unaqa qilmang. Yaxshisi, mening yonimga oʻting. Bilasiz-ku, bularni. Vaqtida aytgandim sizga, shu boʻlimni yoʻq qilish kerak, deb. Mana, oqibati!

– E, sengayam qoyil emasman. Shuncha odamning oldida meni talatib oʻtiribsan.

– Xalil Murodovich, koʻrdingiz-ku, mengayam gap bermaydi bular... Yuring, yaxshisi, xonamda gaplashib olamiz. Agar hozir ketib qolsangiz, yengilganingiz boʻladi. Doʻstov doʻppisini osmonga otadi. Shuncha yil ishlab, bosh egib chiqib ketmang, deyman-da!

Gʻaybarov indamay yoʻlida davom etdi. Shogirdining bu gaplariga e’tiroz bildirmasa-da, kayfiyati nosoz edi. Ayni damda oʻzidan ham xafa boʻlib ketdi. Nega keldi shu yerga? Xoʻp, keldi. Yeng shimarib ishga kirishdi. Aytganlarini bajardi. Baribir norozi bular! Nima qilish kerak? Nahotki boshqa ish topilmasa?

– Menga sizning yordamingiz kerak, – dedi ortidan Ma’sumov.

Gʻaybarov yana ikki-uch qadam yurib toʻxtadi. Orqasiga oʻgirilib, qovogʻini solgancha turdi. Ma’sumov tez-tez yurib, uning oldiga keldi. Rostdan ham Gʻaybarovning yordami kerakmikan? Tagʻin bir baloga duchor qilishni oʻylayotgan boʻlmasin.

– Uka, – dedi Gʻaybarov, – meni tinch qoʻyinglar. Shu bugungidek sira sharmanda boʻlganim yoʻq. Kim bilsin, ertaga yana nimalar boʻladi! Vijdoning ham qiynalmasin, oʻsha amal seniki, xijolat tortma. Iltimos, meni boshqa bezovta qilma.

Ma’sumov bir soʻz demay, uni xonasiga sudradi. Kirib oʻtirishgach ham ogʻiz ochmadi. Bir piyolaga suv quyib uzatarkan, keyin tilga kirdi:

– Toʻgʻrimizdagi xona boʻsh turibdi, oʻsha yerda oʻtirasiz.

– Yoʻq, – bosh chayqadi Gʻaybarov, – aytdim-ku, vijdoning qiynalmasin, dedim-ku!

– Bu gaplarni qoʻying. Menga yordamchi boʻlasiz!

– Yordamchi?

– Nomiga-da, Xalil Murodovich, nomiga. Hozir vaziyat shuni taqozo qiladi, oʻzingiz tushunasiz. Boʻlimdagilarga parvo qilmang. Bilaman, hali koʻp jigʻingizga tegishadi. Teringizni qalin qilib oʻtiravering. Menga chindan ham yordamingiz kerak. Ayrim ishlarga jur'at qilolmayroq turibman. Maslahatingizga muhtoj boʻlib qolaman.

Gʻaybarov baribir oʻzining kerakligini his qilib, sal hovuridan tushgan edi. Ammo buni sezdirmaslikka harakat qildi. Umuman aytganda, Ma’sumovning taklifi ma’qul. Avvalroq qaerda edi? Biroq yordamchi boʻlish... boʻlimdagilardan ham past ish-da! Anchadan buyon yordamchi yoʻq edi oʻziyam. Mana shu shogirdi qilib yurardi yordamchining ishlarini. Majlis hujjatlarini tayyorlash, jadvallar tuzish, koʻrsatma, buyruqlarni tayyorlash, boʻlimlarga tarqatish, ularga imzo qoʻydirish... Toʻxta, endi bu ishlar bilan Gʻaybarov shugʻullanadimi? Yoʻgʻ-ey, Ma’sumov shungacha olib bormas, «nomiga» deyapti-ku! Yaxshi boʻladi qaytaga, kotibaga u-bu ishni buyuradi, aytganday, Noilasini ham koʻrib turadi, sogʻingan uni. U ham sogʻingandir?

– Mayda-chuyda ishlar bilan boshimni qotirmaysanmi? – deb soʻradi Gʻaybarov.

Ma’sumov nimanidir oʻylab oʻtirgan ekan, shekilli, dastavval bu gapga tushunmadi. Gʻaybarov takrorlagach, kulimsirab qoʻydi. «Qoʻysangiz-chi», deganimi yoki «yordamchi boʻlgandan keyin qilasiz-da», deganimikan bu? Ehtimol, bu gap endi ortiqcha, deya e’tirozini kulgiga yoʻyayotgandir?

– Yuring, Xalil Murodovich.

– Qayoqqa? – hayron boʻldi Gʻaybarov.

Ma’sumov yana kuldi:

– Xonangizga.

– Hm-m...

Keng qabulxonani kesib oʻtib, oʻsha xonaga kirdilar. Tuppa-tuzuk, orastagina! Farroshlar bir-bir tozalab olishsa boʻlgani. Keyin Gʻaybarov pusibgina oʻtiradi. Aslida-ku, bu xonada oʻtirganini hech kim bilmasayam kerak, axir, kimsasiz deb oʻylashadi-da! Anovi Doʻstovga oʻxshaganlar eshitib qolishmasa boʻlgani!..

Farrosh xola xonani tozalab chiqqunicha Gʻaybarov qabulxonadagi kitoblarni koʻzdan kechirgan boʻldi. Bir payt orqasida «taq-tuq» oyoq tovushi eshitilgach, sekin oʻgirildi. Noila uni sezmay shundoqqina Ma’sumovning xonasiga kirib ketdi. Ish yuzasidan emas, aks holda qoʻlida u-bu qogʻoz boʻlardi. Chaqirganmikan Ma’sumov? Bu bilan ikkinchi marta boʻlyapti. Yoki Noilaning oʻzi koʻzlarini suzib, nozlanayotganmikan? Axir, bir vaqtlar Gʻaybarovni shunaqa muqomlari bilan ilintirgan-da u! Gʻunajin koʻzini suzmasa...

Gʻaybarov diqqat boʻlib yangi xonasiga kirdi. Ish bilan andarmon boʻlish uchun atayin Ma’sumovdan bir dasta hujjat olib, stol ustiga tashlagan edi. Ana shu yumush bilan shugʻullanmoqchi boʻldi. Ammo ikki hushi Ma’sumovning xonasiga ketaverdi. Bir-ikkita qogʻozni qoʻliga tutamlab, sekin turdi. Dastlab jur'at qilolmay turdi. Keyin bor kuchini jamlab, xona(si)dan chiqdi. Noilani qizgʻanishdan koʻra ikkovlon ichkarida nima ish bilan mashgʻulligi ich-etini kemirayotgandi uning.

Qabulxonadan oʻtayotib, kotiba ichkarida odam borligini, «Shohid Kamolovich hech kim kirmasligi lozim»ligini tayinlaganiga qaramay, qiziqishi battar ortdi. Unga xoʻmrayib qarab, Gʻaybarov Ma’sumovning eshik tutqichiga qoʻl uzatdi. «Kirmang», – dedi kotiba unga yaqin kelishga botinolmay. Gʻaybarov shartta eshikni ochib, ichkariga odimladi. Kirdi-yu kutganidek manzaraning ustidan chiqdi. Noila Ma’sumovga ancha yaqin turar, nimalardir deb kulayotgandi.

– Keling, – dedi Ma’sumov kutmagani uchun shoshib qolib xushlamaygina.

Gʻaybarov Noilaga gʻalati qarab qoʻyarkan, qoʻlidagi qogʻozni uzatdi:

– Mana shuni koeffitsentlarga boʻlish shartmikan, demoqchi edim.

Ma’sumov xiyol titragan qoʻllari bilan qogʻozni olarkan, koʻz yugurtirdi. Bu orada Gʻaybarov Noilaga yeb qoʻygudek qarab oldi. U esa koʻzlarini olib qochardi. Xonadan chiqib ketishniyam bilmasdi. Uch kishining oʻrtasida ogʻir sukut choʻkkan, bu noqulaylikdan kimdir xijolat chekkan, kimdir dargʻazab, kimdir bir qadar xotirjam edi.

– Shart, Xalil Murodovich, koeffitsentlarga boʻlmasak, aniq natijani koʻrsatolmaymiz, – dedi Ma’sumov koʻzlarini qogʻozdan uzmay. – Aks holda ishni qaytarishlari mumkin.

Noila Gʻaybarovga qaray olmasdi. «Har holda vijdoni bor ekan, – deb qoʻydi Gʻaybarov, – ammo baribir bevafo!..»

Ma’sumov qogʻozni Gʻaybarovga qaytarib uzatdi, bu degani – boʻldi, aniqlik kiritdingiz, ketavering! Bizga xalaqit bermang!

Gʻaybarov chidab turolmadi.

– Sen chiqib tur, – dedi Noilaga.

Noila unga norozinamo qarab qoʻydi-da, ohista qadamlar bilan chiqib ketdi.

– Sen bunga ishonma, – dedi Gʻaybarov Ma’sumovga. – Aldab-avrab ishonchingni qozonib olmoqchi! Kelin eshitsa, shovqin koʻtarib kelmasin tagʻin.

Ma’sumov yutinib olib, javob berdi:

– Bu siz oʻylagan narsa emas, Xalil Murodovich... Keyin... iltimos, taqillatmay kirmang bu yerga.

– Sen esa menga aql oʻrgatma. Tushunmadingmi, kelin eshitsa...

Ma’sumov beoʻxshov kuldi:

– Har holda keliningizga aytmassiz?

Gʻaybarov oʻzini tushunmaganga oldi:

– Nima qilmoqchisan oʻzi?

– Siz-chi, siz nima qilmoqchisiz? – tepa sochi tikka boʻldi Ma’sumovning. – Nima, endi ortimdan poyloqchilik qilib yurasizmi? Aql ham oʻrgatmang, bunaqa yoshdan oʻtganman. Oʻzi yaxshilik sizga yoqmas ekan, mana, oldimga olib kelib qoʻygach ham, rahmat aytish oʻrniga indamay kirib kelaverasiz... Sababini bilasizmi, qiladigan ishingiz yoʻq, shuning uchun!

– Men sening marhamatingga zor emasman, – oʻdagʻayladi Gʻaybarov. – Oʻzing qoʻyarda-qoʻymay cha¬qiryapsan-ku ishga! Qoʻlingdan kelmaydi-da ishlash.

– Siz meni koʻrolmayapsiz, Xalil Murodovich. Noilani rashk qilyapsiz.

– E, Noilang boshingdan qolsin. Arizamni yozaman!

– Yozsangiz, yozing... Jonga tegdingiz rosa!..

Gʻaybarov shartta oʻtirib, qoʻynidan ruchka chiqardi-da, qoʻliga oppoq qogʻoz oldi. Yozishga tutindi. Ma’sumov indamay kuzatib turdi. Qitir-qitir qilib tezgina yozib boʻlingan ariza chekkasiga «Buyruq uchun», deb imzo qoʻydi.

– Rahmat senga, yaxshi qol, – Gʻaybarov shunday deb eshik tomon yoʻl oldi.

– Boring-boring, uyingizda yaxshilab dam oling, – toʻngʻilladi Ma’sumov.

– Yoʻq, men sening uyingga boraman, – bir toʻxtab oldi Gʻaybarov. – Xotiningni toʻppa-toʻgʻri shu yerga boshlab kelaman. Kelinning fe’lini bilmasam ekan. Shoshmay tur, sen hali sovunimga kir yuvmabsan. Hali hammasi uchun javob berasan, mansab oʻgʻrisi!..

U eshikni taraqlatib chiqib ketdi...

* * *

Gʻaybarov pastga tushib, battar jigʻibiyron boʻldi. Shu choqqacha bir gapini ikki qilmagan haydovchi hech qayoqqa olib borolmasligini aytsa boʻladimi! Eng yomoni, xuddi bilib tushgandek, ularga Doʻstov baqrayib qarab turardi. Gʻaybarov oʻsal boʻldi. Bu nimasi? Endi piyoda ketadimi? Piyoda emas-u, yoʻlovchi mashinada!

Shoshmay tur, Ma’sumov! Xotiningni olib kelib, bir sharmandangni chiqarmasammi?

Doʻstov uning holiga qaragancha choʻzib-choʻzib kuldi. Ha, odamlar shafqatsiz boʻlib borishyapti. Chorasiz qolganingni bilishsa, kayfiyatlari chogʻ boʻladi. Gʻaybarov unga qarab bir xezlandi-yu, oʻzini zoʻrgʻa qoʻlga oldi. Alami ichida qoldi.

Yoʻlovchi mashinaga oʻtirarkan, Doʻstovdan uzoq¬lashish uchun savdolashib ham oʻtirmadi. «Toʻgʻriga, uka, yoʻlda tushuntiraman, faqat tezroq», dedi haydovchiga...

Mashina Ma’sumovning uyiga kelganida tezgina undan tushdi. Haydovchiga ketib qolmasligini, bir ayol bilan qaytib chiqib, hozirgina keltirib qoʻygan joyiga yana eltib qoʻyishini soʻradi.

– Aldab ketmaysizmi, togʻa? – dedi kulib jikkakkina haydovchi. – Tagʻin ertalabgacha devor suyab oʻtirmaylik.

Gʻaybarov unga xoʻmrayib qarab qoʻyarkan, pod'ezga kirib ketdi. Shu uy edi, adashmadi, shekilli? Qaysi qavat? Kichkina qizaloq oʻtib ketayotgan ekan, oʻshandan soʻradi. Oltinchi qavatda, deb javob berdi u. Gʻaybarov liftga zoʻrgʻa ulgurdi.

Oltinchi qavatga chiqqach, u yana oʻylanib qoldi. Uchta eshik. Qaysi edi-ya? Axir kelganiga ancha boʻlgan. Yetti-sakkiz kishi boʻlib, «uy koʻrdi»ga kelishgandi oʻshanda! O, Gʻaybarov boshqacha edi-da! Ikki xonali uyni mensimaygina koʻzdan kechirgan, oʻzining ham bir vaqtlardagi katalakdek uyi yodiga tushgandi. Ablah shogirdi aylanib-oʻrgilgan oʻshanda. Boshqalar ham! Vaqti koʻp ekanmi, Ma’sumovni rosa «tushirishgan». Boyaqish koʻchadagi doʻkonga uch-toʻrt borib kelgandi-yov! Ertasiga bilsa, qoʻni-qoʻshnidan qarz soʻrashga ham majbur boʻlgan ekan. Mana endi gʻoʻddayib oʻtiribdi ustozining joyida! Endi u mensimaydi...

Gʻaybarov tavakkal qilib bir eshikni taqillatgan boʻlsayam, adashmabdi. Eshikni norgʻul oʻspirin ochib, hayron boʻldi. Salom berarkan, Ma’sumovning uyi ekanligini tasdiqlab, savol alomati bilan qaradi.

– Oying uydami, chaqir bu yoqqa, – dedi buyruq ohangida.

Hayal oʻtmay, ostonada kelin koʻrindi. Gʻaybarovni koʻrib, u ham hayron boʻldi. «Keling», dedi.

– Yoʻq, kelin, kirmayman, – bosh chayqadi Gʻayba¬¬rov. – Bundayroq chiqing oʻzingiz, gap bor. Eshikni yoping.

Ayol biroz sarosimalanib, oyogʻiga shippagini ildi-da, eshikdan tashqariga chiqdi:

– Tinchlikmi? Xoʻjayinga bir gap boʻldimi?

– Ha, yomon gap, – past ovozda gapirdi Gʻaybarov. – Pastda mashina kutib turibdi, – shunday dedi-da, keyin nima deyarini bilmay, kalovlanib qoldi. «Tez yuring, eringizning ahvolini koʻring», desinmi? Borgani bilan Ma’sumov boʻyniga olarmidi! Tagʻin oʻzining sharmandasi chiqmasin!

Oraga noqulay jimlik choʻkdi. Gʻaybarovning mang¬layida ter paydo boʻlgan edi. Yuziga tashvishli tus berib, kelinning ichini qizitishi kerak edi, attang, eplolmayapti. Ayolginaning «nima deysan?» degandek savol alomati zohir boʻlgan yuziga qarab, soʻzini tavakkal davom ettirdi:

– Shu... Men sizlarning oilangizni avvaldan bilaman. Agar hozir bormasangiz, eringizdan ajrab qolishingiz mumkin.

– Nima?! – uning gapini boʻldi kelin. – Nafasingizni issiq qiling, aka...

– Men sizga rostini aytyapman. Eringiz bir ayolga ilakishib qolgan. Unga toʻgʻrilikcha tushuntirdim. «Baraka top, uka, kelinni, oilangni, bolalaringni oʻyla», dedim. Qani quloq solsa! Noila degan bir juvon boshini aylantirib yuribdi. Boya xonasiga kirsam, ikkalasi ogʻiz-burun oʻpishyapti. Darhol koʻz oldimga keldilaringiz. Axir, nima boʻlgandayam bu xonadondan bir piyola choy ichganman. Ajralib ketmanglar, deyman-da! Qolaversa, eringiz – bizning shogird. Kelajagi bor yigit. Agar hozirdan shunday yoʻlga kirib ketsa, ertaga uzoqqa borolmaydi, kelin. Yuring, tezroq boraylik. Bu masalani issigʻida hal qilish kerak.

Kelin hozirgina uyqudan uygʻongan odamdek, Gʻaybarovning gaplarini hazm qilolmayotgan edi. Daf’atan bu xabar esankiratib qoʻyadi-da!

– Siz hozir ham... ishlayapsizmi oʻsha yerda? – dedi birozdan soʻng.

– Hm-m... Ha, ishlayapman. Eringiz boʻshadi, deb aytdimi, oʻzi mendan yordam soʻrab yuribdi-ku, tavba! Mayli, hozir gap bunda emas.

Kelinning qoshlari chimirildi:

– Siz shu gapni aytish uchun keldingizmi? Tushunolmayapman... Erim telefonda bir nimalar dedi, hayron boʻldim. Lekin sizni kelasiz, deb kutmagandim. «Agar borsa, gaplariga ishonma», – dedimi-ey! Oʻzi nimalar boʻlyapti?

– Men bu savolingizga oʻsha joydan javob topasiz, deb keldim, – diqqat boʻldi Gʻaybarov. – Tushunyapsizmi, eringizni bir ayol tortib olmoqchi. Axir, siz uchun muhimi, oilangizning tinch-totuvligi emasmi? Yuring, aks holda eringizning qilmishlariga guvoh boʻlolmaysiz.

Kelin oʻylanib turib, hozir, dedi-da, ichkariga kirib ketdi. «Eringizga telefon qilib quymang», – dedi uning ortidan Gʻaybarov.

Shu lahzalarda u, balki notoʻgʻri qilayotgandirman, jahlga erk berib, oʻzimgayam jabr qilib qoʻyishim mumkin, deb ham oʻyladi. Har holda Ma’sumov indamay qoʻymasa kerak. Nima boʻlganda ham u – endi amaldor. Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan... Qofiyasini qarang! Ilgari tahlil qilib koʻrmagan ekan. Xuddi Gʻaybarovning oʻziga qarata aytilgandek, goʻyo.

Rostdan ham Ma’sumov Noilani oʻziga qarshi qayrab qoʻysa-chi? Oʻsha makkora ham, «yoʻq, aksincha men Gʻaybarovning oʻzi bilan osh-qatiq edim», – deyishi mumkin-ku! Ammo qanday isbotlaydi? Ularni fosh etish esa oson. Gʻaybarov Ma’sumovni har holda yaxshi biladi. Qasam ich, deydi. Noilaga bir doʻq ursa, uni oʻchadi. Uning ayrim sirlari bor.

Umuman, nima boʻlgandayam hozir Ma’sumovning xotini chiqadi va ular tezda ishxonaga yetib boradilar. Noila qochib ketgani bilan manovi ayol erini tinch qoʻymaydi. «Mana, aka guvoh boʻlibdi-ku», – deydi. Qasam ichish kerak boʻlsa, Gʻaybarov ham qasam ichadi. Keyin kelinni tezlaydi. «Oʻsha ayol baribir tinch qoʻymaydi, uni ketkazishdan koʻra eringiz boshqa ish topgani ma’qul», – deydi...

Obbo, xayollar toʻzgʻib ketyapti. Ishqilib er-xotin boʻlib Gʻaybarovning oʻzini talashmasa edi! Har qalay xotin Ma’sumovniki! Yillar oʻtib, gah, desa kaftiga qoʻnadigan qilgandir balki? Yoʻgʻ-ey, yillar oʻtgan sa¬yin ayolning hukmfarmoligi oshib boradi, shekilli! Qaysidir qiziqchi aytgan edi: «birinchi yili – xotin, uchinchi yili – xoti-i-in, yana yillar oʻtib – xotinjon, keyin-keyin – xotin aka-a-a...»

Nihoyat kelin chiqdi. Gʻaybarov unga zimdan razm solib, koʻngli toʻlganday boʻldi. Endi ayolning yuzida hayrat ifodasi yoʻq, oʻrnini qahr-alam egallagan edi. Mana, asl qiyofasi bu! Bir vaqtlar jamoa xodimlari bilan uyushtirilgan ziyofatda koʻpchilik oʻzining rafiqasi bilan kelgan edi. Mana shu xonim ham borgan. Ma’sumovni yoshi kattaroq bir ayol oʻyinga taklif qilganida yumma talab berdi-ku! Juda chatoq ekan. Shuncha odam qarab turibdi demadi. Ayol kishining bu qadar rashk qilishini Gʻaybarov oʻshanda koʻrgan. Shu bahona oʻzi ham qadamini bilib bosadigan boʻldi. Ehtiyot boʻlgani yaxshi-da! «Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukr qil». Aniqrogʻi, yaxshigina xulosa chiqarib ol!

Ha-ya, esladi: kelinning ismi Shoira edi. Haligi opaga xuddi oʻzini yetti iqlim taniydigandek, «tanimaskansiz-da, meni Shoira deydilar, u qulogʻingiz bilan ham, bunisi bilan ham eslab qoling», – degan edi baqirib. Ma’sumov bechora boshqa xodimlardan koʻra Gʻaybarovning oldida oʻsal boʻlgan. Yer yorilsaki, kirib ketsa!..

Pastga tushdilar. Mashinaga yaqinlashisharkan, Shoira qadamini sekinlatib toʻxtadi. Yuzida savol alomati zohir boʻldi:

– Bu qanaqa mashina? Ishxonaniki emasmi?

Gʻaybarov uni shoshirdi:

– Nima farqi bor hozir, kelin? Biz tezroq borishimiz kerak.

Shoira oʻziga ishongani bilan xohlab-xohlamay mashinaning orqa oʻrindigʻiga oʻtirdi. Odmiroq kiyingan haydovchiga past nazar bilan qarab qoʻydi.

– Haydang, uka, – dedi Gʻaybarov old oʻrindiqqa joylashib, eshikni yoparkan. – Boyagi joyga haydang. Iloji boricha tezroq.

– Xoʻp-xoʻp, – javob berdi ogʻrinib haydovchi, koʻzguchadan Shoiraga norozi qarab. Mashinani oʻt oldirarkan, Gʻaybarovga toʻngʻilladi: – Ancha qolib ketdingiz, vaqtimni ham hisobga olasiz endi. Bizdayam oila, bola-chaqa bor.

Mashina gʻizillab yoʻlga tushdi. «Dom» oldidagi ikki-uchta qoʻshni ayol ajablanib qarab qolishdi.

Yoʻl boʻyi churq etmay ketdilar. Gʻaybarov hanuz oʻy-xayolini yigʻolmay ovora edi. Hammasi chalkashib ketyapti. Oʻsha Noilani deb boʻlyapti! Tavba, nimasini qizgʻandi-ya? Ikkalasi qoʻshmozor boʻlsin edi. Mana endi qanday kirib borishadi-yu nimalar boʻladi, unchalik aniq emas. Shuncha odamga tomosha! Eng yomoni, jamoa Ma’sumovning xotinini Gʻaybarov yetaklab kelganini bilsa, nima deydi? Oʻl, bu kuningdan demaydimi? Alam qipti-da, Xalil Murodovich! Ana shunaqa boʻladi. Oʻzing ham vaqtida rosa koʻngilxushlik qilgansan, hasad qilyapsanmi endi?..

Yoʻq, yaxshisi, Gʻaybarov kelinning oʻzini ishxonaga kiritib yuborib, oʻzi tashqarida qoladi. Foydasi boʻlarmikan? Ma’sumov hammasi tuhmat deyishdan toymaydi, axir! Kim isbotlab berardi? Anovi novcha kotibami? Be, qayoqda! Shuning uchun Gʻaybarovning oʻzi chiqmasa boʻlmaydi-yov! Xodimlar gapirsa gapiribdi. Aks holda ish teskarisiga alanga olishi mumkin.

– Keldik, aka, – dedi haydovchi mashinani toʻx¬tatarkan. – Xuddi mana shu yer edi. Siz manovi tomondan chiqib, mashinamga qoʻl koʻtardingiz.

– Yaxshi-yaxshi, – deb qoʻydi Gʻaybarov, keyin orqaga oʻgirildi: – Kelin, siz tushavering.

Shoira qovogʻini ochmay mashinadan tushdi.

Haydovchi kattagina pul miqdorini aytib, Gʻay¬barovning jigʻibiyronini chiqardi. Tishini-tishiga bosib, choʻntagidan chiqarib berdi. Agar hozir savdolashadigan boʻlsa, bu befarosat atayin ovozini koʻtarib «kilometr»larni hisoblashga tushadi. Kelin ham uzoq¬qa bormay, mana shu yerda turibdi. Gʻaybarov ichida gʻijinib soʻkindi: «Mashinangning gʻildiragi teshilgur! Sen ham muttaham! Ogʻir paytda hamma-hammang faqat shilishni, qiynab, huzurlanishni oʻylaysan».

U pulni toʻlab, mashina eshigini qarsillatib yopdi. Indamay ishxona tomonga yurdi. Ancha yurib orqasiga oʻgirildi. Shoira hamon joyida tek turardi.

– Yuring, kelin...

– Ichkariga kiramizmi? – shunday deb u qadam tashladi.

Shu atrofda qogʻoz-papka koʻtarib yurgan bir-ikki xodim Shoirani tanib qoldimi, ovozini qirib salom berishdi.

Toʻppa-toʻgʻri Ma’sumovning huzuriga kirib bordilar. U, xuddi kutib turgandek, oldida hech kim yoʻq ekan. Gʻaybarov va Shoirani koʻrib, kayfiyati buzilgani shundoqqina sezildi. «Aytganingni qilibsan-da», degandek Xalil Murodovichga boshqacha qarab qoʻydi. Xotinining salomiga alik ham olmadi.

– Xoʻ-oʻ-sh? – dedi choʻzib Ma’sumov. – Nega kelding? Yoʻq, avval javob ber, nima uchun qoʻngʻiroqlarimga javob bermading?

Shoira avval yaxshilab oʻtirib oldi. Keyin qoshlarini chimirib sekin soʻz boshladi:

– Nega kelganimni juda yaxshi bilsangiz kerak, dadasi? Qani oʻsha ayol? Yoki qochib ketdimi?

Ma’sumov Gʻaybarovga imo qilib dedi:

– Sen hali menga ishonmay mana shu odamga ishonib, ortidan ergashib ham keldingmi? Juda qiziq yangilik-ku! Nima, qaerga ergashtirsa ketib qolaverasanmi?

Uning oʻrniga Gʻaybarov javob berdi:

– Ha, shogird, kelinni olib kelaman, deganimga ishonmading. Bilib qoʻy, men har bir oilaning tinchligini oʻylayman. Yaxshilik boʻlsin, deyman.

– Sizdan soʻraganim yoʻq, – dedi toʻngʻillab Ma’sumov. – Bilaman, oʻrningizga oʻtirganim juda alam qilyapti. Boʻlmasa qaysi ahmoq ishxonaga birovning xotinini boshlab kelardi!

Gʻaybarov hali oʻtirmagan edi. Ma’sumovning ustiga bostirib bordi:

– Nima deding? Ahmoq dedingmi? Yana bir qaytar.

Ma’sumov ilkis telefon goʻshagini koʻtardi-da, buyurdi:

– Tezda militsiya chaqiringlar. Menga zugʻum qilish¬yapti.

Shoira Gʻaybarovdan soʻradi:

– Ismi nima edi uning?

– Noila... Familiyasi... esimda yoʻq.

– Yaxshisi, Noilani chaqirtiring. Bir koʻrib qoʻyay-chi, husni jamolini!

Ma’sumov goʻshakni taraqlatib qoʻyarkan, xotiniga mingʻirladi:

– Menga qara, bu yer – ishxona. Janjallashadigan maydon emas... Xotin, endi eski odatlaringni yigʻishtir, xoʻpmi? Ish yuzasidan ayollar bilan ham gaplashishga toʻgʻri keladi, bilasan. Har xil qutqularga ishonib, kayfiyatni buzaverma!

– Sen hali oʻsha qiligʻingni ish yuzasidan deyapsanmi? – yana gapga aralashdi Gʻaybarov.

Ma’sumov xuddi Gʻaybarov xonada yoʻqday soʻzida davom etdi:

– Bilasan, xotin, men senga qasam ichganman. Hech qachon xiyonat qilmayman... Noila Zohidova u. Oddiy xodima. Qolaversa, bir oʻzi emas edi. Doʻstov degan boʻlim mudiri ham bor edi. Istasang, mayli, chaqiraman, – shunday deb u yana goʻshakni koʻtardi: – Zohidova bilan Doʻstov kirsin.

Doʻstovning familiyasini eshitib, Gʻaybarovning koʻzlari olayib ketgan edi. Ma’sumov uni ham chaqir¬ganini eshitib, battar xunob boʻldi.

– Kelin, siz ishonmang. Bu aldayapti. Hech qanaqa Doʻstov degani yoʻq edi. Bular kelishib olishgan. Qolaversa, Doʻstov boʻlim mudiri emas.

Ma’sumov endi unga andak nopisandlik bilan qarab qoʻydi. Stol ustidagi papkalarni titkilab, qandaydir qogʻoz oldi. Avval yaxshilab razm soldi-da, keyin xotiniga uzatdi:

– Mana, oʻzing koʻr, Doʻstov boʻlim mudiri boʻlib ishlaydi. Ancha boʻlgan. Yoshi katta odam. Menga ishonmasang, oʻsha moʻysafidning aytganlariga ishonarsan?

Gʻaybarov ichidan zil ketdi. Zoʻr tayyorgarlik koʻ¬ribdi shogird. Xuddi oʻzining taktikasi! Endi Ma’sumovning gaplari yolgʻonligini qanday isbot qiladi? Agar Doʻstov rostdan ham kirib kelsa, koʻrasiz tomoshani! Iymonini yegan-ku u! Tushunarli! Demak, Noilaga nimalar deyishi tayinlangan? Ajoyib spektaklʼ koʻrisharkan-da! Rejissyor – Ma’sumov! Aktyor ham, Noila bilan Doʻstov kirib kelsa, chinakam iste’dodlarini namoyish etishadi. Qoyilmaqom ijro! Gʻaybarovning oʻzi bir vaqtlar bunday «spektakl»larni necha martalab uyushtirgan... Ustozdan oʻzmagan shogird – shogird emas-da, a?.. Maraz! Mal'un! Boplayapti lekin!

Shoira qoʻlidagi qogʻozni oʻqib chiqdi-da, Gʻaybarovga uzatdi.

– Sizni laqillatyapti bu, – dedi Gʻaybarov buyruqqa koʻz yugurtirarkan. – Tavba, mening davrimda boʻlim mudiri boʻlib tayinlanganmish!.. Vo, qoyil, imzomniyam eplashibdi.

Ma’sumov xotinidan koʻz uzmay soʻz qotdi:

– Bilasanmi, ba’zi odamlar qarisa, buning ustiga amaldan ketsa, esi kirdi-chiqdi boʻlib qoladi. Har holda, mana, oʻzing guvohi boʻlib turibsan. Qachon buyruq chiqargani-yu, qay paytda imzo chekkaniniyam bilmaydi. Shizofreniya deyilardi, shekilli? Shunday. Nima boʻlganda ham kadrlar boʻlimi bor, u yerdagi qalin-qalin papkalar bor. Biz shuncha ishimiz qolib, mana shu qurib ketkur buyruqni tiqishtirib qoʻymagandirmiz, hoynahoy!.. Eh, odamlar, qaysi xodimi nima bilan shugʻullanganini bilmaydi-ya ba’zilar...

Eshik ochilib, avval Doʻstov, keyin Noila kirib keldi. Gʻaybarov Noilani koʻrib, ogʻzi lang ochildi-qoldi: koʻzlarini xira koʻrsatuvchi koʻzoynak taqib olibdi u. Xuddi ishlari koʻp odamdek aftini xiyol bujmaytirib olgan. Yuzida «nima gap?» degan savol alomati. Doʻstov ham qolishmaydi. Eng kulgilisi, u Gʻaybarov bilan ikki qoʻllab samimiy soʻrashdi.

– Oʻtiringlar, – dedi Ma’sumov ularga. – Uzr, qimmatli vaqtlaringni olyapmiz. Sal xijolatpazlik boʻlib qoldi... Turob aka, gap shundaki, xotinim sizlar bilan yaqinroqdan tanishish uchun kelibdi. Ha, endi yaxshi xodimlarni bilib qoʻysa chakki emas, toʻgʻrimi?

– Ie, shunaqami? – yasama kuldi Doʻstov. – Men, boshliq yana chaqiryaptilar, deyishsa, hayron boʻlibman... Yaxshi-yaxshi. Xoʻsh, kelin, tuzukmisiz, bola-chaqa katta boʻlyaptimi?.. Zap qilibsiz-da kelib. Mana, Xalil Murodovich ham onda-sonda keladigan boʻlib qolgan. Bizga yoʻl-yoʻriq oʻrgatib ketadilar.

Gʻaybarovning tili kalimaga kelmasdi. Koʻz qiri bilan Noilaga qarab-qarab qoʻyardi.

– Iya, Xalil Murodovich, haliyam oʻsha odatingiz qolmabdi-da! – dedi Doʻstov yoqimsiz kulib, keyin Shoiraga oʻgirildi: – Bu jiyanim boʻladi, kelin. Ismi – Noila. Yaqinda ishga kelgan. Koʻzi yaxshi koʻrmasayam juda bilimdon, dono. Hisob-kitobdan boshqasini bilmaydi, – shunday deb endi u tagʻin Gʻaybarovga kulimsirab qaradi: – Jiyanimdan koʻz uzmaganingizga aytdim-da! Unaqa qilmang, Xalil Murodovich.

– Bas qiling, – oʻshqirdi Gʻaybarov. – Bu yerda nega maynavozchilik qilasizlar? Noila qanaqasiga yaqinda ishga kelgan boʻlsin? Ming yildan buyon ishlaydi-ku! Hamma biladi. Meni ahmoq qilganlaring yetmaganday, endi manovi kelinniyam dub deb oʻylayapsizlarmi?.. Oʻv-v, sen, Noila, koʻzoynagingni olib tashla...

Noila oʻzini ovsarlikka oldi. Kapalagi uchib ketgandek, Doʻstovning biqiniga yaqinroq surildi.

– Oʻzingizni bosing, – dedi Doʻstov Gʻaybarovga. – Toki men shu yerda ekanman, jiyanimni bekorga xafa qildirib qoʻymayman.

Gʻaybarov baqirib yubordi:

– E, artistlik qilma hammang!

Noila sekin unga dedi:

– Kechirasiz, siz meni taniysizmi? Iltimos, menga baqirmang, amaki, kasalman. Tutqanogʻim bor.

Gʻaybarov rosmanasiga qoyil qolayotgan edi. Ham¬masi risoladagidek. Asl haqiqat qayda-yu, manovilarning ijrosidagi nayrang qayda!

Doʻstov Ma’sumovga yuzlandi:

– Shohid Kamolovich, men tushunmadim, nega jiyanimni xoʻrlamoqchi bu? Oʻzi shundoq ham ishlar tiqilib yotibdi. Axir, vaqt ziq. Balanslarni topshirishimiz kerak. Bizga ruxsat bering, Shohid Kamolovich. Bu odam bilan keyin gaplashamiz.

Ma’sumov xotiniga, koʻrdingmi, degandek, bir boqdi-yu ularning chiqishiga ruxsat berdi.

– Voy, bu ipirisqi-ku! – deb yubordi Shoira burnini jiyirib ular chiqib ketishgach. – Shunaqalarni chaqirib nima qilardingiz? Dovdirashini! Qanaqa ayol-a? Koʻzoynagini olib qoʻysang, boshini devorga urib oladi-yu!

– Ey, xotin, topib gapirasan-da, – xoxolab kulib yubordi Ma’sumov. Shu payt telefon jiringlab, u goʻshakni koʻtardi: – Ha, militsiyami?.. Endi shart emas, menimcha. Bir bezori bilan kelishib oldik. Yoshi kattaligini hisobga olib, kechirdik. Hammasi joyida!

Ma’sumov goʻshakni qoʻyar-quymas, gʻazabini bosa olmagan Gʻaybarov yaqinlashdi-da, uning quloq-chakkasiga tarsaki tortib yubordi...

* * *

Ola-tasir boʻlib ketdi. Ma’sumov emas, Shoiraning jahli chiqqan edi. Gʻaybarovning naq giribonidan olmoqchi boʻldi. Qaytaga Ma’sumovning oʻzi aralashib, ustozini uning changalidan xalos etdi. Gʻaybarov boʻgʻriqib turgan boʻlsa-da, qoʻrqib qoldi. Shoiraning shashti balandligi mayli, militsiya chaqirishsa, nima boʻladi? Axir kuppa-kunduzi jinoyat qilyapti-da Gʻaybarov!

– Nega indamaysiz? – dodladi Shoira eriga. – Nega sizga qoʻl koʻtaradi? Voy, zoʻravon-ey! Tuhmat qilgani yetmagandek, bolalarimning otasiga qoʻl koʻtardi-ya! Men buni shunday qoʻymayman!

Ma’sumov uni hovuridan tushirish bilan band edi:

– Oʻzingni bos, xotin. Meniyam oʻyla. Ishxonadagilarga yomon koʻrinishingni xohlamayman. Hammasi yaxshi boʻladi. Odamzod shu-da: haqiqat oldida sharmandasi chiqsa, qoʻliga zoʻr beradi.

Bu gapi Gʻaybarovning yurak-yuragini teshib oʻtdi. Qanaqa haqiqat? Zoʻr «spektaklʼ» uyushtirib berganimi haqiqat? Vijdonsiz ekan-ku bu Shohid Kamolovich degani! Shuncha vaqtini zoe ketkazmay, shuncha odamni obdon tayyorlabdi. Oʻl-a, xotiningdan qoʻrqar ekansan, shuni ochiqchasiga aytib qoʻya qol!

Endi nima boʻlishi haqida oʻylamasdi Gʻaybarov. Ma’sumovning tarafini olgani unga aksincha kuch bera boshlagan edi. Militsiya chaqirmaydi – bu gap tashqariga chiqishidan choʻchiydi. Nima boʻlganda ham yangi boshliq u – yuqoriga noxush xabar yetsa, darhol surishtirib boshlaydilar.

– Men haqiqat oldida sharmanda boʻlmadim, – dedi Gʻaybarov koʻzlari yonib. – Sening yolgʻon oʻyinlaring jigʻibiyron qildi.

– Keting, Xalil Murodovich, tinchgina chiqib keting, – eshikni koʻrsatdi Ma’sumov.

– Ana, aybing ochilib qolishidan qoʻrqyapsan. Bilib qoʻy, menga vafo qilmagan bu odamlar ertaga seniyam ayab oʻtirishmaydi. Lekin... lekin-chi, zoʻr tayyorgarlik koʻribsan, qoyilman! Sen bu yerda emas, teatrda ishlashing kerak ekan. Hammangga firibgar, tovlamachilar rolini berish kerak boʻladi. Shunaqangi zoʻr sahna asari tayyorlay olasanki, olqishlar yogʻilmasa, mana, men kafil.

Shoira shangʻilladi:

– E, bas qiling! Sadqayi odam keting... Indamasam, erimni gʻirt yolgʻonchiga chiqarib qoʻyasiz-ku! Ishonib kelibman-a! Mansabdan ayrilganingiz sizga alam qilganini oʻylamabman-a, esiz vaqtim!

Gʻaybarov boʻsh kelmasdi:

– Kelin... Kelin... Siz baribir haqiqatni bilmaysiz. Eringiz rostdan ham aldayapti.

– Bas! Shuncha odam kirganida tilingizga tushov tushganmidi? Ularning oldida gapiring edi. Gʻing demadingiz-ku! Miyangiz aynib qolibdi sizning!

– Haddingizdan oshmang, – oʻdagʻayladi Gʻaybarov.

Shoira hayratlangandek uning oldiga yaqinlashdi:

– Haddimdan oshsam, nima qilasiz-a, nima qilasiz? Meniyam urasizmi, ayting?

Ma’sumovning ovozi ham baland chiqdi:

– Boʻldi, dedim, xotin! Qari odamga teng kelma. Sen oʻzing ishonuvchansan! Begona erkak borsa, indamay oldiga tushib kelaverasanmi?

– E, men qayoqdan bilay! – yana shangʻilladi Shoira. – Bu odamning alamzada boʻlib yurgani yetti uxlab tushimga kiribdimi?!.

– Eshik huv ana, – kalaka qildi Ma’sumov Gʻay¬barovga qarata. – Marhamat, chiqib ketsinlar! Oʻylay¬manki, endi bu muassasada qiladigan ishingiz qol¬madi.

– Qasam ich! – oxirgi chorasini ishga soldi Gʻaybarov. – Agar hozirgi tomosha spektaklʼ boʻlsa, bir umrga badnom boʻlay, deb qasam ich!

– Qasam ichsam, tinch qoʻyasizmi? – dedi Ma’sumov xotiniga oʻgʻrincha bir qarab olib. – Yaxshi, qasam ichganim boʻlsin!

U rostdan ham xuddi shunday qasam ichdi. Gʻaybarov titrab ketdi. Oʻsal boʻldi. Agar xotini bu yerda boʻlmaganida Ma’sumovning qasam ichishi dushvor edi. Bir umrga badnom boʻlishni oʻylamadi. Xotinidan qoʻrqqani uchun ham shunday ish tutdi. Ichida tavba-tazarru qilyaptimi, ishqilib, endi rosmanasiga ustunlik qildi Ma’sumov.

Gʻaybarov undan koʻz uzolmay qolgan edi. Attang, degandek bosh chayqadi. Bunchalikka boradi, deb oʻylamagandi shogirdini! Yoʻq, nega endi bunday oʻylamagan ekan? Ozgina oʻylagandiyam. Har holda qoyil qildi Ma’sumov! Til jonivorga farqi yoʻq – qasam aytib yuboraveradi. Ammo keyin-chi? Nahotki Ma’sumov oqibatini oʻylamadi?

Bu odamdan nihoyatda ehtiyot boʻlish kerak ekan. Ertaga ustingga loy chaplashdan ham toymaydi. Kitob¬lardagi ablah xuddi shu! Aynan shu! Yoʻq, kitobdagi ablahlar bu qadar pastkashlikka borishmaydi. Faqat hayotda shunaqa ablahlar boʻlishi mumkin. Ma’sumov – oʻshalarning tipik vakili! Doʻstovdan ham oʻtkazdi. Noiladan ham!..

Shu kuni Gʻaybarov ovloqqina qahvaxonada oʻlgudek ichdi. Keyin... rosa yigʻladi. Yomon odamlarning dastidan dod dedi.

Kap-katta odamning koʻz yoshi toʻkkanidan boshqa xoʻrandalar hayron edilar. Kimdir roʻparasiga kelib oʻtirdi. Gʻaybarov koʻzlari suzilib unga boqdi. Bu qanday odam? Nimalardir deyapti? Eshitilmaydi. Kim bu? Ie... ie, shumqadam-ku, axir! Ustidan kulish uchun stoliga kelib oʻtiribdi-da! Veh, ahmoq!.. Umuman aytganda... ahmoq emas, dono! Donolar donosi! U Gʻaybarovni ogohlantirgan edi. Koʻzlaringni och, gunohdan tiyilgin, degan edi. Aytganlarim toʻgʻrimikan, degandek, mana, yana nimalardir deb valdirayapti. Gʻaybarov ham allanimalarni vaysadi. Ammo tili gʻoʻldirab, kalimasini oʻzi ham anglamadi.

Shumqadam odam Gʻaybarovning ustidan kulish oʻrniga unga achinish bilan qaradi. Uni turgʻazishga, opichlab ketishga chogʻlandi. Gʻaybarov esa bu yerda yana qolmoqchi, kerak boʻlsa, dunyoning ichimligini sipqorib, yuragidagi alamni bosishga harakat qilmoqchi edi. Ketmaydi. U shumqadamni siltab tashlamoqchi edi, sal boʻlmasa agʻdarilib tushishiga bir bahya qoldi...

U koʻzlarini ochganida boshi gʻuvillab ogʻrir edi. Qaerda yotganini dastlab ilgʻab ololmadi. Keyin idroki tiklanib xotirjam tortdi, shu bilan birga hayron boʻldi. Uyida ekan. Qanday kelgan, bilmaydi.

– Xotin, – dedi ovozi boʻgʻilib. – Nimalar boʻldi?.. Qaerdasan, hoy?..

Ship-ship qadam tovushlari eshitilib, xotini paydo boʻldi. Qovogʻi solingan:

– Nima deysiz?

– Meni sen olib keldingmi yo haligi shum¬qa¬dammi?

– Shumqadamingiz kim? Oʻsha doʻstingizmi?

Gʻaybarov oʻqchib, qayt qilib yuborayozdi. Uning koʻngli aynigan, ichi titrar, kechagi kasofat ichimlik uni tugʻilganiga mingdan-ming pushaymon qildirayotgandi.

– Menga qarashib yubor!

– Odam boʻlmay keting, – xotini shunday deb vannaxonaga ketdi. Zum oʻtmay, togʻora bilan qaytar ekan, uni taraqlatib yerga tashladi. – Shu yoshga kirib uyalmaysizmi? Bolalarning oldida sharmanda boʻldingiz-ku!

Gʻaybarov parvo qilmay dedi:

– Sen uni doʻst dema, tushundingmi?! Shumqadam u! Hammasini oʻsha qildi. Turqi qursin!

– E, shuncha joydan olib kelganiga rahmat, deng, xoʻpmi? – hanuz aftini burishtirib gapirdi xotini. – Siz oʻzi yaxshilikni bilmaysiz!

– Ha, men koʻp narsani bilmayman, – achchiqlandi Gʻaybarov. – Faqat sen bilasan!

– Men ham bilmayman... Masalan, Noilaning kimligini bilmayman.

Gʻaybarov xiyol sergak tortib, xotiniga qarab qoʻydi. «Ma’sumov qasdini olyapti ekan-da, – deb qoʻydi ichida. – Ha, hali zoʻr-zoʻr tomoshalar uyushtirsa kerak...»

– Noila, Noila deb yigʻlab chiqdingiz. Nosir akaga, topib ber, dedingiz!

– Nosir?.. Nosir nima qiladi bu yerda?

– Siz gapni burmang. Noila kim?

– E, bas qilsang-chi! – qoʻl siltadi Gʻaybarov. – Eringni shuncha odam xoʻrlayotgani yetmaydimi? Endi sen oʻshalarga ishonadigan boʻldingmi? Hammasi artist-ku ularning!..

Telefon jiringladi. Xotini goʻshakni olib, unga uzatdi. Gʻaybarov kim degandek imo qildi. Ma’sumov yana oʻyin qilishidan zada boʻlgan edi u.

– Bilmadim, kimligini! – ters gapirdi xotini.

Gʻaybarov telefonni olmadi.

– Oʻzing gaplash, – dedi.

Xotini chimirilib, telefonni qulogʻiga olib borarkan, xijolat tortib gapirdi:

– Voy, assalom alaykum, Nosir aka... Yaxshimiz? Yaxshi yetib oldingizmi?.. Ha, uygʻonganlar. Mana, beraman.

Gʻaybarov yana hayron boʻlib, goʻshakni oldi:

– Allo, Nosir, senmisan?..

Telefondan avval qahqaha eshitilib, soʻng boʻgʻiq ovoz keldi:

– Ha, bolapaqir, uygʻonibsan-da! Oʻziyam bir moshin ichding-e! Rosa xumori tutgan ekan-da! Hozir boraman, uyda boʻlib tur...

Gʻaybarov telefonni oʻchirgach, dong qotib oʻtirdi. Hanuz tushunolmasdi u. Xotinidan yaxshilab surishtirib, aniqlik kiritdi. Kecha uni olib kelgan Nosir ekan-da! Shumqadam qayoqqa ketdi? Yo boʻlmasa shumqadam degani Nosir edimi? Qiziq, shunchalik tanimas darajada ichdimi Gʻaybarov? Hartugul oʻsha yerga tashlab kelmabdi. Yaxshilar bor, mana, Nosir shularning biri! Sud¬rab kelganmi, opichlabmi, uyga olib kelibdi. Tavba, Gʻaybarov nimalar degan? Rosa vaysagan boʻlsa kerak? Noilaning qanday aloqasi bor?..

– Ishqilib uni xafa qilmadimmi? – soʻradi xotinidan.

Xotini qisqa qilib javob berdi:

– Oʻzidan soʻraysiz!

Endi mana shunaqa qovoq-tumshuq qilib yuradi. Ishdan ketganiniyam kecha uzil-kesil eshitibdi. Faqat u emas, qoʻshnilarning qulogʻiga yetgan emish! Gʻaybarov baqirgan-da, shogirdimdan kutmagandim, joyimni tortib oldi, deb.

Nosir nega kelmoqchi? Ustidan kulish uchun boʻlsa kerak-da!..

Gʻaybarov vannada boʻlganida eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. U apil-tapil yuvinib chiqdi. Mehmonxonada Nosirni koʻrib, harchand urinsa-da, kechagi gaplarni eslay olmadi. Uning oldida xijolat tortdi.

Nosir rostdan ham rosa kuldi. Gʻaybarovning qiliqlarini koʻrsatib berdi.

– Xoʻsh, ketdikmi? – dedi nihoyat.

– Qayoqqa?

– E, qanaqa odamsan?! Esing shunchalik kirdi-chiqdi boʻlib qolganmi? Bunaqaligingni bilishsa, biznikilar ishga olishmaydi. Yur, seni deb men ham kechikyapman.

Gʻaybarov jim boʻlib qolgandi. Endi yanada mulzam tortdi. Nahotki, kecha Nosirga, ish topib ber, degan boʻlsa? Shu haqda soʻradi.

– Menga qasam ichirding-ku, ogʻayni, – dedi bosh chayqab Nosir. – Qoʻrqma, koʻchada qolib ketmaysan.

– Toʻxta, qanaqa ish oʻzi?

– Obbo, kecha yuz marta soʻrading, yuz marta javob berdim... Yura qol, yoʻlda tushuntiraman. Kechikyapman. Xayriyat, ishxonaga qoʻngʻiroq qilib qoʻygan ekanman. Ketdik.

Gʻaybarov oʻrnidan jilmay, kechagi gaplarni yaxshilab eslab koʻrishga harakat qildi. Natija chiqmadi. Manovi Nosir boshqarmada ishlardi, shekilli? Qanday ishni aytgan ekan? Tagʻin botqoqqa botirib qoʻyib, Ma’sumovlarga kulgi boʻlmasin. Axir, har holda boshqarmaga boshliq boʻlmaydi-ku! Nosirning oʻzi nima ish qilardi u yerda? Qaysidir boʻlimda boʻlsa kerak.

– Men sendan nega ish soʻradim oʻzi? – dedi u Nosirdan.

Nosir eshikka yetib qolgan edi, burilib bosh chay¬qadi.

– Yana boshidan boshlaymi-a? Aytding, ketimga tepib haydashdi, deding! Ustimdan kulishyapti, deding! Yigʻlab-siqtading! Yomon ish emas, oshna, kadrlar boʻlimini boshqarasan.

Gʻaybarov sal oʻziga kelgandek boʻldi. Kadrlar boʻ¬limi... chakki emas. Nosirning «boshqarasan», degan soʻ¬zi koʻproq yoqib tushgan edi unga. Bilmadi, jamoani boshqarmaganiga ancha boʻldi, sogʻinibdi, chogʻi! Qi¬ziq, shu ishning ham xumori tutarmikan yo? Ehtimol, Gʻay-barovning talvasaga tushayotgani asl sababi shudir?

– Necha kishi ishlaysizlar? – soʻradi u.

– Uf-f... Ikki yuzdan ziyod odam, dedim-ku! Ishing qiyin boʻlmaydi. Onda-sonda rahbar chaqirib qolmasa, sen bilan hech kimning ishi yoʻq. Xonangda oʻtirib, bilganingni qilaverasan! Ishning hamma ogʻirligi boʻlimlarga tushadi. Sen kadrlar bilan bogʻliq buyruq, hujjatlarga koʻz-quloq boʻlsang bas.

– Boshligʻing kim edi? Kim deyishadi uni?

– Juda yaxshi taniysan... Mirhodi Sa’dullaev. Yaxshi odam... uxlaganda, albatta, – shunday deb Nosir beoʻxshov kuldi. – Seni, har holda, ishga oladi, deb oʻylayman. Taniydi-ku! Yuqoridan ayttirish shart emas, demoqchiman.

Gʻaybarov istar-istamas kiyina boshladi. Nachora! Endi eski ishxonasiga bora olmaydi. Vaqti kelib borar ham, Ma’sumovning koʻziga koʻrsatar ham. Faqat hozir emas. Shogird qurmagʻur ancha ilgarilab ketgan koʻrinadi. Ayni paytda u bilan bellashish juda ogʻir. Har qanday janjalda kuchdan koʻra makr-hiyla ish beradi. Ma’sumov buni kecha yaqqol isbotladi...

Boshqarma Gʻaybarov oʻylaganidan ham kattaroq ekan. Shahar markazida koʻrk tashlab turibdi. Xodimlar ziyoli, tartib-intizomli.

Boshliq Mirhodi Sa’dullaev Gʻaybarov bilan samimiy koʻrishdi. Anchagacha gaplashib oʻtirdilar. Sinov muddati borasida gap boʻlishi mumkin emas. Buyruq shu zahoti chiqarildi. Eng qizigʻi, Gʻaybarov bu yerdagi ishni oʻzi haqidagi buyruqni hujjatlar ichiga tirkash bilan boshladi. Sa’dullaevning gapi, ishonchi unga ancha dadillik, qanot bergan edi. Qolaversa, kadrlar boʻlimi boshqarmadagi eng koʻzga koʻringan, nufuzli boʻlim ekan. Ana shunisidan xursand boʻldi.

Gʻaybarov tushgacha rosa hujjatlarni titkiladi. Xodimlar bilan shu tarzda tanishish ilinjida edi u. Ke¬yin arxiv hujjatlarini koʻtardi. Aksirib-aksirib, chang bosib yotgan qogʻozlarni erinmay titkiladi. Bu bejiz emas edi. U Ma’sumovga tegishli hujjatlarni izlash bilan ovora edi. E-he, ancha tagida ekan hujjatlarning, sargʻayib ketgan. Tavba, odamning koʻzlari oʻzgarmas ekan-da, u oʻn sakkiz yilcha avval suratda qanday tushgan boʻlsa, hozir ham ukki koʻzlarini qadab gapiradi.

Bu hujjatlarni arxivdan sugʻurib olib, Gʻaybarov yanada yaxshilab oʻqib chiqdi. Qanday kamchilik topish mumkin? Nimadir qilish kerak! Balki oʻsha yillarga tegishli qandaydir hayfsanlar bordir? Jazoga tortilgan boʻlishi mumkin-ku!

Topolmadi. Ma’sumovning oʻzi allaqachon kelib, bunday hujjatlarni yoʻq qilgandek tuyuldi. Ha. Shunday qilgan. Hamisha orqasini tozalab yuradi u. Qancha-qancha tuzoqqa tushmay, qutulib ketgan.

Bir jihatdan Gʻaybarovning hozirgi qiligʻi xuddi tovuqning goʻng titganidek koʻrindi oʻziga. Erish tuyuldi. Gʻashi keldi. Ma’sumovga tegishli hujjatlarni tap etkazib gʻaladonga tashladi. Toʻgʻri, hali-beri alami tarqamaydi, qasos oʻti tark etmaydi. Ammo koʻnglidagi istak, mayllarga ham boʻyin egavermasligi kerak. Aks holda bu yerdagi ishlar qolib ketadi. Avvalo, boshqarma rahbarining koʻziga yaxshi koʻrinishga harakat qilishi kerak. Sa’dullaev dilkash koʻringani bilan anchayin quv, tullak odam. Mana shu lavozimidan necha marta olib tashlanadi, yana joyiga qaytaveradi. Xuddi kim bilandir garov oʻynagan-u, bor kuchini ishga solib kelayotgandek. Demak, u ham hiyla-nayrang ishlatsa kerak, hoynahoy!

Gʻaybarovning qoʻl ostida ikki xodim boʻlsa-da, u boshqalarni ham oʻziga tobe qilgisi kelardi. Xodimlarining aytishicha, jamoada eng tartibbuzar odam Nosir Isomiddinov emish! Ayniqsa, keyingi paytlarda u paydar-pay ishdan qoladi, ichki tartiblarga rioya qilmaydi. Gʻaybarov bu mavzuni chetlab oʻtmasa boʻlmasdi. Axir, Nosir – azaliy qadrdoni. Qolaversa, Gʻaybarovning boshqarmaga ishga kelishiga u sababchi.

Ish boshlaganining uchinchi kuni Nosir Isomiddinov bilan birga tushlik qilishdi. Ovqatlanib boʻlishgach, choy ustida Gʻaybarov uning oʻzini tutishi haqida oʻsmoqchilab soʻz boshlamoqchi edi, Nosir tomdan tarasha tushgandek, gʻalati gap qildi:

– Oshna, buyruq chiqdi, tuppa-tuzuk ishlayapsan ham, ammo haligacha churq etmayapsan-ku! Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi. Axir, nima deb kelishgan edik? Yoʻtalmaysanmi endi?

Gʻaybarov avvaliga bu gapni, ziyofatga shama qilyapti, deb tushundi, keyin esa Nosirning yuz ifodasini koʻrib, oʻshanda – mastligida tilidan ilinganini anglagandek boʻldi.

– Nega ovozing chiqmaydi? – davom etdi Nosir. – Menga qancha va’da qilganingni bilasanmi? Uch yuz ming soʻm!

– Nega ekan? – qoshlarini chimirib soʻradi Gʻay¬barov.

– Nega boʻlardi, ishga joylashtirib qoʻyganim uchun. Axir, oʻzing tavallo qilib yalinding-ku! Faqat, mast edim, deb bahona qilma. Mastmi, hushyormi, erkak bitta gapiradi. Bugun, mana, uch kun boʻlibdi. Boshqa kechikmasin!

Gʻaybarov unga «siyosat» qilmoqchi boʻldi:

– Sen bu pulni Sa’dullaevga bermoqchimisan?

– Ishing boʻlmasin.

«Shuning uchun mehribonlik qilgan ekan-da bu, – oʻyladi Gʻaybarov. – Men buni eski qadrdonim deb yuribman hali. E, qadrdonlar ham qolmabdi bu zamonda... Pulni bermasam, nima qilarkan? Osmonni tashlab yuborolmas hartugul. Balki, Sa’dullaevga shipshib qoʻyarman? Eshitib, tepa sochi tikka boʻlsa kerak. Yoʻq, ikkalasining tili bir boʻlsa-chi?! Axir tezgina ishga qabul qildi-ku! Agar rostdan ham bularning tili bir boʻlsa, navbatdagi tomoshani koʻraverasan. Faqat ishtirokchilar boshqa-boshqa boʻladi... Ha-a, oʻsha kuni Nosir koʻzimga shumqadam boʻlib koʻringanicha bor ekan».

– Men senga bir chaqa ham bermayman, – dedi Gʻaybarov tap tortmay.

Nosir koʻzlarini xiyol qisib turdi-da, javob soʻzini aytdi:

– Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarmasang, pushaymon boʻlasan.

– Meni qoʻrqitma. Sen yaxshilik bilan poraxoʻr¬likning farqiga bormas ekansan.

Nosir indamay oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Gʻaybarov ha¬nuz jahlidan tushmagan edi. Anchadan keyin oʻzining ziqnaligi haqida oʻylab qoldi. Ammo gap uch yuz mingda emas. Shunchaki... Gʻaybarov berib oʻrganmagan, bunday ishlar uchun! Axir yerdan chiqqan emas-ku u!..

Tushdan keyin Gʻaybarov oldinroq otni qamchilab qolish uchun Nosir Isomiddinov tartib-intizomga boʻysunmayotgani haqida raport yozib, Sa’dullaevga kiritib yubordi. Keyin qulogʻini ding qilib turdi. Kechgacha ham hech qanday «xushxabar» eshitmadi. «Qaytaga Nosirga indamaganlari yaxshi boʻldi», – dedi biroz vijdoni qiynalib.

Uyga qaytar ekan, vijdonsizlik qilayotgani ha¬qida oʻylardi. Shu qisqa fursat ichida naqadar koʻngilsizliklarga duch kelayotgani borasida ham bosh qotirdi. Uyiga barvaqt qaytgisi kelmadi. Negadir kimsasiz, ovloq koʻcha boʻylab yurdi. Xayoliga chuvalashib kelayotgan ogʻir oʻylardan xalos boʻla olmasdi. Shumqadamni topmoqchidek, atrofga alangladi. Qani u? Qaerda ekan? Yana qaysi bir odamning huzuriga bexosiyat tashrifi bilan qadam ranjida qilyaptiykan?..

Gʻaybarovning roʻparasidan ikki-uchta barvasta yigitlar paydo boʻlganida, u ularning bir-birlariga oʻgʻrincha qarab olishganiga ham e’tibor bermadi. Dabdurustdan Gʻaybarovga tashlandilar. Ayamay tepkilashdi. Keyin esa oyoqlari ostida yotgan Gʻaybarovga engashgancha pichirlashdi: «Sizga kerakli odamdan salom. Kimligini oʻzingiz oʻylab toping...»

* * *

Gʻaybarov oʻziga kelganida koʻchada yotardi. Oʻtgan-ketgan qaramaydi, aroqxoʻr, daydi, – deb oʻylashsa kerak. Birov kasal boʻlib yotibdi, balki yurak xuruji tutgandir, ehtimol, buni xoʻrlab tepkilab-tepkilab ketishgandir, ishlari yoʻq. Yoʻlovchilarning oʻrnida Gʻaybarov boʻlganida nima qilardi? Yordam berarmidi! Hech-da! Ana shunaqa: boshga tushganni koʻz koʻradi, ammo... boshingga kaltak tushganini bu yotishingda sira koʻra olmaysan.

«Sizga kerakli odamdan salom. Kimligini oʻzingiz oʻylab toping...»

Gʻaybarov bu soʻzlarni elas-elas esladi. «Nosir, – dedi u, – Nosirning ishi! Sen ham pul deb oʻlgan ekansan-da! Shunchalikka bordingmi?.. Yoʻq, balki Ma’sumovning ishidir? Axir, u ham tinch qoʻymaydi-da! Obbo, yashashga qoʻyadilarmi oʻzi?..»

Yuzlari momataloq holda kirib kelganida xotinining kapalagi uchib ketdi. Bolalarining ham koʻzlari ola-kula edi. Gʻaybarov ularning oldida xoru zor boʻlgandek oʻpkasi toʻlib ketdi. Ichkari xonaga kirib, eshikni mahkam yopgach, koʻz yoshini tiya olmadi. Koʻz yoshi aralash yuzidagi jarohatdan qon ham oqa boshladi. Xotini kira solib, dokani suvga botirib bosdi. U tinmay javrar, kimlarnidir qargʻar, bilib boʻlmasdi. Ovozi uzoq-uzoqdan eshitilardi, goʻyo.

... – nimalar boʻlyapti-ya?..

... – shunchalik ham tez oʻzgarasizmi?...

... – siz birortasini topgansiz, hammasi ana shu yurishni deb boʻlyapti...

... – oʻtgan safar ichib keluvdingiz, bu gal janjallashib...

... – Shohid degan yigit bor edi-ku, oʻsha kelib ketdi.

Gʻaybarov yana bir koʻngilsizlikni sezib, oxirgi eshitgan gapiga aniqlik kiritmoqchi boʻldi:

– Shohid? Nega keladi?

– Allaqanday konvert tashlab ketdi. Shaxsan oʻz¬lariga berasiz, ochmang, deb tayinladi.

– Olib kel-chi! – Gʻaybarovning yuragi zirqirab turardi.

Gʻaybarov xotini keltirib uzatgan konvertni ochgisi kelmadi. Ha, buning ichida nimadir bor. Bir koʻngli konvertni ochib oʻtirmay, tashlab yubormoqchi boʻldi. Biroq keyin ahvoli yanada battar boʻlishini oʻylab qoʻrqdi.

Konvert qalingina. Suratlar solinganga oʻxshayapti. Gʻalamis Shohid allambaloni oʻylaganga oʻxshaydi.

– Oching, – qiziqdi xotini, – nega indamay oʻtiribsiz?

– Keyin ochaman, – Gʻaybarov shunday deb konvertni egni qon kostyumining ichki choʻntagiga soldi.

Shu asnoda ichi qizidi. Nima, nima u? Xotini ham xonadan chiqa qolmaydi. Endi atayin oʻtiraveradi shu yerda. Mabodo Gʻaybarov uxlab qolsa, konvertni ochishdan ham toymaydi. Eri uni ochmagani yanada qiziqishini orttirgan. Qiziqishini ham emas, shubha-gumonini. Shusiz ham har kuni kechqurun ishni oʻzgartirgani uchun mingʻirlagani-mingʻirlagan.

Gʻaybarov xotiniga ovqat suzishi kerakligini aytib, u chiqib ketgach, tezgina konvertni olib ochdi. Yuragi battar dukillab ketdi. Bir nechta suratlarda Gʻaybarov bilan Noilaning bir-biriga suykalib turgani aks etgan edi. Qariyb oʻn beshtacha surat. Hammasi bir vaqtda suratga olingan. Aftidan, Noila ham bilmagan bu haqda. Aks holda Gʻaybarovga bu qadar suykalib turmas edi. Ma’sumovning ishi! Ablah! Nima xohlaydi u? Mansabni tortib oldi, boʻldi-da! Gʻaybarov qoʻshqoʻllab berdi-ku!..

Xuddi suratni tomosha qilayotganini koʻrib turgandek Ma’sumov qoʻngʻiroq qilib qoldi. Gʻaybarov telefonga javob berishni ham, javob bermaslikni ham bilmay kalovlandi. Axir, poʻpisa qiladi-da!.. Jahl bilan telefonini butkul oʻchirib, oʻrnidan turdi. Suratlarni qayta konvertga joyladi-da, kostyumining choʻntagiga tiqdi. Oshxonaga oʻtdi.

Xotini hanuz qovogʻini ochmay, kosada ovqat suzib, stolga taq etib qoʻydi. Gʻaybarovning ishtahasi yoʻq, ovqatni qoshiq bilan shunchaki kavlashtirib oʻtirdi. Kallasida ming bir xayol! Keyin sakrab turib, oʻzini oynaga soldi. Koʻzgudan mutlaqo boshqa – bir abgor qiyofa qarab turgandek edi. Bu ahvolda ishga borib boʻlmaydi. Nima qilish kerak? Militsiyaga aytay, desa, ertaga qoʻni-qoʻshni bilib qolib, gap-soʻzni koʻpaytiradi. Shifoxonaga boray, deganida ham shu gap! Ammo ishxonaga nima deydi? Boshliqqa bor gapni tushuntiradi... Yoshi ellikdan oshsayam koʻchada tepalashib yurarkan, demasmikan? Nima boʻlgandayam bu gapni aytish noqulay-da!

Nega Gʻaybarov ehtiyot boʻlmadi? Nahotki xavf yaqinligini ilgʻamadi? Hushyor edi-ku! Ahmoqlar atayin yuziga urishdi oʻziyam! Topshiriq shunaqa boʻlgan-da! Otasi tengi odamga rahmlari kelmaydi!..

Gʻaybarov uxlay olmadi. Jismoniy ogʻriqdan koʻra ruhiy qiynoqlar azob berardi unga. Bolaligini, oʻsha, shirin, begʻubor damlarini, hech kim qasd qilmagan, hech kimdan aziyat chekmagan kunlarini esladi. Ichidan achchiq yigʻi koʻpchib kelarkan, zoʻrgʻa bosdi. Afsus, yigʻlaganida yaxshi boʻlardi. Gʻuborlari, alamlari chiqib ketardi. Gʻaybarov xotinini oʻylab koʻz yoshini tiydi. Tagʻin vahima qilib yurmasin. Eng yomoni, u mehribonchilik qilish, hamdard boʻlish oʻrniga toʻngʻillab, battar kayfiyatini buzadi. Gʻaybarov, ehtimol, uning ana shu fe’li uchun ham Noilani topgandir? E, kim bilsin, endi Noila uning hayotidan ketdi. Boshqaga ketdi.

U sekin toʻshakdan sirgʻalib chiqdi-da, shkaf tomon yurdi. Eshigini gʻiyqillatib ochdi. Kostyumiga qoʻl choʻzib, konvertni oldi. Keyin katta xonaga oʻtib, qaychini qidirib topdi. Eshikka olazarak boqib, suratlarni bitta-bitta qirqib tashlayverdi. Qirqqan sari kayfiyati koʻtarilishi oʻrniga ruhi tushib ketaverdi. Bir oy oldin ham bu gaplar yoʻq edi-ya! Nima ahvol?! Bugun-erta nima boʻlishini bilmaysan!

Qiyqim suratlarni oshxonaga oʻtib, yoqib yubordi. Azbaroyi diqqat bilan tikilganidan, gulxanning chirsillab ovoz chiqarishigacha quloqlari ostida qoldi...

Gʻaybarov bir haftadan soʻng qora koʻzoynak taqib, ishxonaga keldi. e’lonlar taxtasidagi buyruqqa koʻzi tushdi-yu, boʻshashib qoldi. Ishga kelolmasligi haqida Sa’dullaev bilan telefon orqali gaplashgan boʻlsa-da, u Gʻaybarovni ishdan boʻshatibdi. Shahd bilan Sa’dullaevning huzuriga kirmoqchi boʻldi.

– Mirhodi aka yoʻq, – dedi kotiba. – U kishi xorij safariga ketgan. Ikki haftadan keyin qaytishi mumkin.

– Mabodo sizga men haqimda hech nima demadimi? – botinib soʻradi Gʻaybarov. – Men telefon orqali tushuntirgan edim, baribir ishdan boʻshatibdi.

Kotiba kompʼyuterda allanimalarni terayotgandi, ishini toʻxtatib, boshqacha qaradi. Gʻaybarov bu tannoz hozir xunuk gapirib, yanada kayfiyatimni buzadi, deb oʻylagancha yuragini hovuchlab turdi.

– Mirhodi Sa’dullaevich bizdan soʻrab ish qilmaydi, – dedi dona-dona qilib kotiba. – Siz, yaxshisi, hisobchilarga uchrashing. Qandaydir qarzingiz bor ekanmi-ey... Agar toʻlamasangiz, hujjatlaringizni berishmaskan.

– Nima? – Gʻaybarovning tepa sochi tikka boʻldi.

Kotiba ensasi qotganini bu safar ochiq-oshkora namoyon etgan edi, Gʻaybarov jahl bilan qabulxonani tark etdi. Hisobxonaga oʻtdi. Ha, haqiqatdan ham qarzdor. Tavba, uch kun ishlab, uch yuz ming soʻm qarzdor. Shunaqasiyam boʻlarkan-da! Sababini ogʻzaki tushuntirishdi: seyfda pullar yoʻq!

– Bu Isomiddinovning ishi, – boʻgʻriqdi Gʻaybarov. – Mening pul oʻgʻirlaydigan odatim yoʻq.

Nosirning oldiga yoʻl oldi. U yerda ancha aytishdilar. Nosir qasam ichib, bu gapdan xabari yoʻqligini aytdi. Ammo koʻzlari biribir sotyapti, haqiqatni aytib turibdi: Nosirning Sa’dullaev bilan tili bir.

Hisobxonada oʻsha kuni tuzilgan dalolatnomani koʻtarishdi. Yo, tavba, hammasi hujjatlashtirib qoʻyilgan. Aynan shundan keyin Gʻaybarovning ishga chiqmaganligi oʻlganning ustiga tepgan boʻlgan. Aslida esa uni shundoq ham tepkilab ketishgandi. Qolaversa, yana bir ariza boʻlib, unda uch nafar oʻspirin Sa’dullaevga Xalil Murodovich Gʻaybarov ismli xodimi kuppa-kunduz kuni ularni urib, soʻkkanligi qayd etilgan edi. Agar zudlik bilan chora koʻrilmasa, ichki ishlar idorasiga shikoyat qilishlari ham qistirib oʻtilgandi...

Gʻaybarov, xuddiki, tush koʻrayotgandek. Yolgʻon dunyo deganlarini eshitgan, ammo bunchalik emas-da! Yoʻq, bu yerda boshqacha nimadir boʻlyapti. Gap Nosirda ham, Sa’dullaevda ham, Ma’sumov-u Noilada emas. Hammasi... hammasi oʻsha notanish shumqadamni deb!.. Aks holda uch yuz ming soʻm uchun manovi Nosirov shunchalik past ketarmidi!..

Nima qilish kerak? Mana shu pulni toʻlab, hujjatlarini oldi, ham deylik, yana-yana ishlari yurishavermaydi. Daydi tufayli! Ammo... aslida oʻzi aybdor. Bir vaqtlar qazib qoʻygan chohiga oʻzi tushyapti...

Gʻaybarov gandiraklab boshqarmadan chiqib ketdi. Bugun topadi uni! Oyogʻiga yiqilib boʻlsa-da, kechirim soʻraydi. Kerak boʻlsa, yigʻlab-siqtaydi. Axir, bir umr shunday davom etaverishi mumkin emas-ku! Xalil Murodovich kecha kim edi-yu, bugun kim? Eng dahshatlisi, ertaga qanday odamga aylanadi?

U oyogʻi toliqib qolguncha koʻchalarni aylanib yuraverdi. Koʻngliga hech nima sigʻmas, koʻz oldida oʻsha shumqadam gavdalanaverardi. Oʻshanda nega uning dardini eshitmadi? Ketsa, oʻn-oʻn besh daqiqa vaqti ketardi-ku! Mayli, bir soat vaqti ketsin edi, har holda eshitib, gaplariga amal qilib, oʻzini yigʻishtirib olardi. Yoʻq-yoʻq, bu hozir aytishga oson, oʻsha paytlarda Gʻaybarov yirtiq-yamoq kiygan tanish-notanishlarning gaplarini eshitishga qodir emas edi. Oʻzi anglagan xatosi shu!..

U aylanib-aylanib, eski ishxonasiga borib qolganini sezmay qoldi. Kirishga yuragi betlamasa-da, goʻyo shumqadam ichkarida yurgandek tuyuldi. Zoʻrgʻa ortiga burildi. Borar manzilini bilmay ketar ekan, ancha odimladi. Bir mahal oʻzi bilib-bilmay, shovqin-suronli bozorning qoq oʻrtasidan chiqdi. Agar roʻparasida shumqadamni koʻrmaganida hushini yigʻib ololmasdi. Kutilmaganda paydo boʻlgani uchunmi, Gʻaybarov unga nisbatan nima qilishni bilmay qoldi. Hash-pash deguncha shumqadam chap tomonga haydab soldi. Gʻaybarov, «hoy, toʻxta», – degancha uning ortidan qolmadi. Ammo bir zumda shumqadamning koʻzdan gʻoyib boʻlishini qaerdan bilsin! Yoʻq, u odam emas, sehrgar! Ora-sirada koʻrinib, ichingga otash tashlab qoʻyadi-yu, yoʻqoladi. Ammo nega Gʻaybarovga koʻrinadi? Maqsadi nima? Borsin, ana, Ma’sumovga uchrashsin!..

Gʻaybarov har kuni uni mana shu yerdan izlaydigan boʻldi. Oʻy-xayolini shumqadam egallab olgan. Xuddi uni topsa, kechirim soʻrasa, avvalgi mavqei qaytib keladigandek. Mayli, qaytarib bermasin, ammo kimligini aytsin, aks holda Gʻaybarov bu dunyodan armon bilan oʻtib ketadi.

Xotini mingʻirlayvergach, u yana ish izladi. Eski, titilib ketgan yon daftaridan avvalgi tanishlarini topdi. Qoʻngʻiroq qildi. Oʻzlari bilan uchrashdi ham. Endi u istiholani yigʻishtirib qoʻygan, oilasini, bolalarini oʻylar, qanday ish boʻlsayam rozi edi. Avvalgi Gʻaybarovdan asar qolmagan, u oʻz qobigʻiga oʻralib qolgan edi. Ammo hali-hanuz shumqadamni izlashda davom etardi. Endi bu daydi tushlariga kirib chiqadigan boʻlgan. Negadir har xil qiyofada. Bir gal Gʻaybarov uni yana tushida koʻrib aniq tanidi, isminiyam esladi. Bundan quvonib ketdi. Afsuski, uyqudan uygʻonar-uygʻonmas, na ismi, na yuz ifodasi esida qoldi.

Gʻaybarov uni izlaganining yana bir eng muhim sababi, hozirgacha ishlari yurishmayotganida edi. Uch-toʻrt joyga bordi – olishmadi. Hatto uch yuz ming soʻm berib qaytarib olgan «oliymaqom» hujjatlari ham kor qilmadi. Shokir ismli tanishi bilan ilmiy institutga ham bordi. Yarimta joy bor ekan. Bir balo qilib joylashdi. Bir paytlar shu yerda ishlagani naf berdi, xolos.

Gʻaybarov endi faqat halol ishlashga oʻziga-oʻzi soʻz berdi. U yuragini hovuchlab yurar, xuddi ortidan yana bir koʻngilsizlik poylayotgandek tuyulaverardi. Axir, Ma’sumov deganlaridan endi-endi qutuldi, desa boʻladi. Yaqingacha telefon qoʻngʻiroqlari bilan poʻpisa qilib, qitiq patiga tekkani-tekkan edi. Gʻaybarov uning xotinini ishxonaga boshlab kelgani hanuz alam qilyapti, chogʻi! Boʻlmasa, nega bunday qiladi?

Ammo qasd olish shungacha yetdiki, Ma’sumov Noilani Gʻaybarovning uyiga yuboribdi. Qoʻlida bir dasta surat. Oʻsha... ikkalasi tushgan tasvirlar. Noila ham Ma’sumovning aytganini qilib qoʻrqmay kelganini qarang! Nahotki, Gʻaybarovning xotini yumma talaydi, deb oʻylamagan boʻlsa? Xushomadgoʻy!

– Sen shu darajada uning aytganini qiladigan boʻldingmi? – dedi Gʻaybarov alamdan labi titrab.

– Iltimos, tushuntiribroq gapiring, – oʻzini goʻllikka soldi Noila. Keyin Gʻaybarovning xotiniga yuzlandi: – Men bu uyga haqiqat izlab keldim, opa. Eringizning gunohi koʻp. U meni aldab, ishonchimga kirib, tashlab ketdi. Iltimos, menga yordam bering.

– Sen bunga ishonma, – dedi Gʻaybarov. – Hammasi nayrang, hiyla.

Xotini odatiga koʻra yanada qoshlariga zoʻr berib, qoʻlidagi fotosuratlarga imo qildi. Gʻaybarov nima deyarini bilmay qoldi. Bir zum chidadi. Keyin alami toshib, Noilaga tashlanmoqchi edi, u jon achchigʻida dodlab, oʻzini «kundoshi»ning orqasiga oldi. Gʻaybarov nima deb tushuntirsin? «Ha, bu bilan bir paytlar osh-qatiq edik. Endi oramiz ochiq. Hozir bu Ma’sumov bilan shakarguftorlik qilyapti. Xotinini ishxonaga olib borganim uchun qasdini olyapti», – desinmi?

– Nega kelding, ochigʻini ayt? – jahli chiqdi Gʻaybarovning.

Noilaning «ma’yus» koʻzlari namlandi:

– Bolani tugʻdirishga tugʻdirib, endi bu gapingiz nimasi, Xalil aka? Axir, tugʻdirgandan keyin boqish kerak-ku!

Gʻaybarovning miyasiga allanima oʻrmalab chiqqan¬dek boʻldi. Koʻz oldi qorongʻilashdi. Xotin uni ushlab qolmoqchi edi, natija chiqmadi – Gʻaybarov gursillab orqasi bilan yiqildi. Qulogʻiga Noilaning gap¬lari eshitildi:

– Doim shunaqa qiladilar, opa, ishonmang. Men haqiqat izlab keldim...

Gʻaybarov oʻziga kelganida labi bir tomonga xunuk tortilib qolgan edi. Gapirolmadi. Shundoq ustiga Ma’sumov engashib turardi.

– Qalay? – dedi pichirlab – Xotinni oʻrtaga tiqish mana shunaqa boʻladi.

«Ablah», – dedi Gʻaybarov. Bu gap tiliga chiq¬ma¬ganidan alami kelib, koʻzlarining ikki chekkasidan yoshlar sizib chiqdi. Qoʻlini qimirlatib koʻrmoqchi boʻldi, eplay olmadi.

Xotini choynak koʻtarib kirdi. Choyni qaytargach, avval oʻziga, soʻng Ma’sumovga bir piyola suzib uzatdi.

– Siz ajrashish haqidagi gapni qoʻying, – dedi Ma’sumov unga. – Ustoz tuzalsalar, hammasi joyiga tushib ketadi.

Gʻaybarovning koʻzlari katta ochilib ketgan edi. Na¬hotki, shu mavzu koʻtarilgan boʻlsa?

Xotini indamadi. U koʻzlarini yerdan olmasdi.

– Men-ku, bir balo qilib tinchitaman, – davom etdi Ma’sumov. – Bor pulimni qoʻshdim, kennoyi. Baribir ikkita limon yetmayapti. Tushunasiz-ku, biz ham maoshga kun kechiradigan odam. Ana shu ikkita limonni bir balo qilib bersangizlar, jami beshta boʻladi. Koʻnmay qayoqqa borardi! Avval tilxat olamiz-da!

Gʻaybarov avvalgidan ham besaranjomlanib qoldi. Oʻrnidan turaman, deydi, turolmaydi, gapiraman, deydi, tili lol. «Ishonma, xotin, bu firibgarlarga ishonma, xonavayron qilishmoqchi bizni. Hammasi yolgʻon...» Qani edi bu soʻzlarni ovoz chiqarib aytsa?

Alamining zoʻridan yana uning koʻz yoshlari chiqib ketdi.

– Ustoz yigʻlayapti, – dedi Ma’sumov kennoyisiga bir qarab olib. – Ha, endi shunday kunda yordam bermasak, nima qilamiz shogird boʻlib, toʻgʻrimi?

«Mal'un! Mana shunday shogirdni tayyorlaganmidim men? Ikkiyuzlamachi! Shunchalik hiyla ishlatishi xayolda ham yoʻq edi. O, falak, nima qilay?» – Gʻaybarovning koʻz yoshlariga zoʻr berishidan boshqa chorasi yoʻq edi hozir...

U shu alfozda ancha kun yotdi. Bu orada xotini uydagi u-bu jihozni bir millionga sotib, ikkinchi millionni foiz hisobiga qarzga oldi. Keyin allaqaerga chiqib ketib, shumshayib qaytib keldi. Bolalariga otasini koʻrsatib, «ana, xotinboz otangning ahvolini koʻrib qoʻyinglar, hamma ishni qilib qoʻyib, endi bemalol yotibdi», – deya yigʻlab yubordi. Bolalar ham ayuhannos solishdi...

Gʻaybarov oyoqqa turgach, birinchi boʻlib Ma’sumovga qoʻngʻiroq qildi. Aloqa shu ondayoq uzildi. U ham anoyi emas, allaqachon telefon raqamini oʻzgartirib olgan. Shundan keyin Gʻaybarov eski ishxonasiga qarab yoʻl oldi. Uni ichkariga kiritishmadi. Maxsus ruxsatnoma kerak emish! Bir paytlar Gʻaybarovni koʻrganida pildirab borib, qoʻshqoʻllab koʻrishadigan qoʻriqlash boshligʻi uni tanimadi. Oldiga haydab soldi. Gʻaybarov shu yerdan turib ichki telefon orqali Ma’sumovga qoʻngʻiroq qilmoqchi edi, u goʻshakni tortib oldi. «Bu telefon pullik», – dedi bez boʻlib. Gʻaybarov boshqalarning oldida oʻsal boʻldi: «Xoʻp, pulini beraman, qancha?» Qoʻriqchilar boshligʻi boʻsh kelmadi. Istehzoli kulib dedi: «Qancha deysizmi? Ikki million!.. Xoʻsh, qoniqtiradimi sizni, bera olasizmi?..»

Odamni bu qadar pastga urish boʻlmasa kerak. Gʻaybarov yer bilan bitta boʻlib ortiga qaytdi. Nihoyatda xoʻrligi keldi. «Senlargayam bir balo bordir», – dedi koʻzlari namlanib. Keyin koʻchadan Noilaga qoʻngʻiroq qildi. U, «hozir, bir daqiqa shoshmang», – dedi-yu... goʻshakdan chaqaloqning ingalagani eshitildi. Gʻaybarov yana «sindi». U taslim boʻlgan edi. Yolgʻonchilar, munofiqlar oldida yerparchin boʻlgan edi...

Gʻaybarov hozir institut xonalaridan birining derazasidan tashqariga tikilarkan, ichi huvillab qolganini, abgor, tushkun odamga aylanganini his qilardi...

Bu yerda ham uzoq ishlay olmadi. Sogʻligi pand beravergach, pattasini qoʻliga tutqazdilar. Ha, sen bilan nima ishlari bor? Oʻlib ketmaysanmi? Oʻz darding oʻzingga! Bizga tashvish orttirib nima qilasan?..

U koʻchada beixtiyor bir vaqtlardagi tanishi Qoʻldoshni koʻrib qoldi. Hali-hali quvnoq, shoʻx, koʻzida olov chaqnab turardi uning. Qoʻldosh Gʻaybarovni bir ahvolda koʻrib, hayron boʻldi, koʻnglini koʻtardi. Ishlamayotganini eshitib, birga ishlashni taklif qildi.

Gʻaybarov sal ochilgandek boʻldi. «Bor ekan-ku dunyoda yaxshilar! Yasha, Qoʻldosh! Mayli, ish topib bermasang ham yolgʻizlatib qoʻyma. Bir oʻzim siqilib ketdim, axir! Bilmadim, dunyo shunchalik tormikan yo...»

Qoʻldosh bozorda ishlarkan. Yanayam yaxshi! Gavjum odamlar orasida boʻlgani tuzuk!..

Soat uch-toʻrtlargacha rastada boʻlishadi, keyin pivoxoʻrlik. Uch-toʻrt soʻm tushib turadi har qalay!

Dastlab tanishlarini koʻrganida, Gʻaybarov teskari qarab turardi. Keyin-keyin «bez» boʻlib ketdi. Tili ham aylanib, uncha-muncha savdolashadigan boʻldi. Lekin hanuz yuragi zada, qandaydir koʻngilsizlik boʻlmasligi uchun boshqalar bilan oʻlib-tirilib muomala qilardi u. Har tugul Ma’sumov tinchib qolgandek, Noiladan ham sado yoʻq edi. Gʻaybarov «foiz» balosidan qutulish uchun bor kuchi bilan ishlardi. U endi anchayin oʻzgargan, bir qadar qoʻrqoq, mayin va sipolashib qolgan edi...

Bir kuni Gʻaybarov yana oʻsha notanishni koʻrdi. Koʻzlariga ishonmadi. Xuddi oʻsha! Ust-boshi ham, qarashlari ham oʻzgarmagan! Qandaydir sovuq va qahrli boʻlishi bilan birga achinadigan nigohi ham bor.

– Hoy, birodar, menga qarang, shoshmang, – dedi Gʻaybarov unga.

Ammo shumqadam indamay yoʻlida davom etdi. Gʻaybarov rastani aylanib unga yetib olishni oʻyladi, biroq shuncha molni tashlab ketishga koʻzi qiymay, yana bir balo boshlanishini oʻylab, yuragi dov bermadi. Mana, koʻrinyapti, shunisigayam shukr. Demak, ishlari yaxshilana boshlagani uchun boʻlsa kerak! Ammo shumqadam bir borgina gaplashib olganida zap ish boʻ¬lar¬di-da!..

Ertasiga Gʻaybarov bir kampir bilan mollarni savdolashib turganida shumqadam yana paydo boʻldi. Ha, xuddi oʻzi! Yana keldi.

– Yaxshimisiz, birodar? – dedi Gʻaybarov oʻzini yoʻqotib qoʻyib.

Yonidagi Qoʻldosh hayron boʻldi. Pichirlab dedi:

– Tavba, kampir bilan «birodar» deb gaplashyapsanmi?

– Yoʻq, yonidagi bilan, qara, yaxshi odam u.

Qoʻldosh indamay oʻz ishi bilan band boʻldi. Bu orada shumqadam yana koʻzdan yoʻqoldi.

Gʻaybarov bir qadar xotirjam edi. Har kuni kelyapti-ku!.. Tushlik mahali Qoʻldosh bilan jindak tortishib qoldi. U «koʻzingga har balo koʻrinyapti», – deya kulgandi, «Ertaga isbotlayman», – dedi Gʻaybarov...

Ertasiga yana shumqadam bir koʻrinib, koʻzdan gʻoyib boʻldi, ammo bu vaqtda endi Qoʻldosh yoʻq edi. U kelgach, aytgan edi, yana kuldi. «Fotoapparat bilan suratga tushirib, koʻrsatsang ham ishonmayman», – dedi.

Gʻaybarov rostdan ham fotoapparat topdi. Boʻyniga ilib, shumqadamni kutadigan boʻldi. Aksiga olib, u sira kela qolmasdi. Oradan uch kun oʻtsa hamki, darak yoʻq.

Nihoyat toʻrtinchi kuni shumqadam paydo boʻldi-yu Gʻaybarov uni zoʻrgʻa fototasmaga muhrlashga ulgurdi. Yelkasidan togʻ agʻdarilgandek yengil tortdi. Ertasi kuni fototasmani kerakli joyga topshirib, tushirgan suratini qogʻozga chiqartirib oldi.

Mana, shumqadam! Mana, surati!

Gʻaybarov unga uzoq tikildi, kimgadir oʻxshatdi, am¬mo baribir eslay olmadi. Bir toʻp mollar bilan qayt¬gan Qoʻldoshning oldiga suratni tap etkazib tashladi:

– Mana, ogʻayni, koʻzingga har balo koʻrinyapti, deganding!..

Qoʻldosh istamaygina suratni qoʻliga oldi-yu qarab turib, koʻzlari paxtasidan chiqib ketayozdi:

– Sen buni qachon suratga olding?

– Kecha.

– Nima?! Qanaqasiga?.. Axir bu Sharif-ku!.. Esingda yoʻqmi?

– Qaysi Sharif?

– Vaqtida birga ishlagan edik, nahotki eslolmasang? Sen uni Sharif emas, Sharf deb chaqirarding!

Gʻaybarov uzoq oʻylab turib, qichqirib yubordi:

– Ha... ha... esladim. Sharif, Sharf... Sharf! Axir u bilan ne-ne kunlarni birga oʻtkazmaganmiz! Boʻynimizga taqamiz seni, deb jigʻiga tegardik, Qoʻldosh...

– Xuddi shunday!

– Obbo, Sharif-ey!.. Qoʻldosh, esingdami, Sharif meni, seni ne balolardan asrab qolgan. Nuqul halol, haromdan gapirar edi. Ammo nega u mendan oʻzini olib qochaveradi?.. Sharif! Men uni shumqadam deb yuribman-a!

Qoʻldosh ma’yuslanib dedi:

– Ammo hamma gap shundaki, oʻsha Sharif bundan besh yilcha avval oʻlgan. Uni men oʻzim tuproqqa qoʻyganman.

Gʻaybarovning boshiga kimdir gurzi bilan tushirgandek boʻldi. U Qoʻldoshning gaplarini eshitmas, shumqadam – Sharifning nima uchun paydo boʻlgani-yu, uning Gʻaybarovni nimalardan ogohlantirganini idrok etayotgan edi. Sharif uni koʻp balolardan asrab qoldi, hayotni, odamlarni beparda koʻrsatdi. Shu bilan birga oʻzining ham esini joyiga tushirdi. U notanish emas, shumqadam ham emas, yaxshi, beozor odam.

Gʻaybarov beixtiyor Qoʻldoshning qoʻlidagi suratga tikildi. Undagi Sharifning siymosi asta-sekin yoʻqolib bormoqda edi...