OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiAspan attorning arizalari (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Aspan attorning arizalari (hajviya)
Anvar Obidjon

Qop Kiygan Oʻquvchi Yoki Birinchi Ariza

Devonai Mashrab nomiga qoʻyilgan oʻrta-sredniy maktab tirikturiga sobiq kashshof Aspan-barabandan

Ariyzanoma

It egasini, mushuk bojasini tanimaydurgon, ojizalar nagan otib, erkaklar bola yoʻrgaklay boshlagan ur-toʻpalon zamonlar edi. Boʻgʻoz eshak yursa qorni shilinadurgon torgina koʻchamizdan ikki gala otliq qiy-chuv bilan bir-birini tiraqaylatib oʻtar, Rahim qorovulning karomatiga qaraganda, ulardan birovi shoʻrochilar, boshqasi madaminchilar boʻlishi kerak edi. Tomdagi bolakaylarga qoʻshilvolib, otliqlarni hay-haylab turguvchi Sattor jinni esa «vah-vah, ikkalasiyam oʻzimiznikilar», deb chapak urardi.

Bir kuni Idris qori soʻfilikdan urilib, mahalladagi machit yangicha maktabga aylanganini aytishgach, axiyri Shoʻroning qoʻli baland kelganini fahmladik. Hash-pash deguncha hammayoqni kashshof bosib ketdi. Rahmatli dadam maniyam maktabga sudrab borib, gʻilay odamga roʻpara qildi. Muallim shu kishi ekanlar. U bir koʻzida bulutga, bir koʻzida manga qarab turib, ustimda ishtondan boʻlak hech vaqo yoʻqligidan ichikib ketdi. Ana undan keyin, hukumat vakilining huzuriga yosh avlodni shu kepatada yetaklab kelasanmi, deb dadamga koʻp davaralar qildi. Lotincha yoki oʻrischa aralashtirgan boʻlsa kerak, oʻshanda uning ba’zi gaplariga tushunmadim.

Dadam jahl bilan mani yana uyga sudradi. Tafsilotni eshitgach, joying jannatda boʻlgur volidamiz sabzidan boʻshagan lincha qopning tagi va ikki chetidan tuynukchalar ochib, darhol ichiga kirishimni buyurdi. Etagi yer supurishi, yengi yoʻqligini hisobga olmaganda, yangi koʻylak jussamga qolipdek yopishib, bagʻoyat ochilib ketdim.

Oʻqishga-ku yigʻi-sigʻi bilan kirib oldim, ammo kashshoflikka oʻtishim judayam mushkul koʻchdi. Qoravoy qoʻrboshi deganning quloq qilingan akasi qoʻyvorgan bir xotin togʻamning keliniga xola boʻlarkan. Kelib-kelib, shu narsa tarjimai holimga qorakuya tushirdi. Loaqal, oʻsha kelinposhshaning nusxasini koʻrib, bironta popukli roʻmolchasiga burun artgan boʻlsaydim, bunchalik alam qilmasdi.

Bir tasodif bois, xayriyatki, ishlarim yurishib ketdi. Birinchi Moy bayrami kuni kashshoflar safga tizilib, bayroq koʻtarganicha mahallani aylanib chiqadurgon boʻlishdi. Domlamizning moʻljaliga koʻra, kashshoflardan bittasi saf boshida baraban urib borishi kerak edi. Qarangki, shu ishni eplaydurgon bola topilmadi.

Mani togʻam nomdor karnaychi. Koʻpincha toʻy-toʻychiqlarda unga esh-qoʻsh boʻlib, nogʻora chalib yurardim. Hunarim shu topda asqotdi-yu, barabanni shartta boʻynimga ilib, «qayroqi»ga ura ketdim: trra-trak, traka-trak...

Mundogʻ qarasam, domlamizning ogʻzi qulogʻida. Zavqim kelib, ohangni «qashqarcha»ga burvordim. Qani endi manga pul qistiradurgon mard topilsa.

Xullas, shu joyning oʻzida oqlanib, shu joyning oʻzida kashshoflikka qabul qilindim. Oʻsha-oʻsha, mani hamma Aspan-baraban deb chaqiradurgon boʻldi...

Haytovur, gapni choʻzmay, maqsadga oʻta qolayin: ravotning shundoqqina yoniga bitta hujracha qurishni koʻpdan niyat qilib qoʻygan boʻlsak ham poydevorga bosadurgon ashyomiz yoʻqligidan xijolat chekib, bu ishga qoʻl urmay yurgan edik. Siz rahbar boʻlgan maktabga oʻnta gurzavoyda kuydirilgan gʻisht keltirilganini kecha oʻz koʻzim bilan koʻrib, bagʻoyat xursand boʻldim. Agar malol kelmasa, qishloqdan chiqqan dastlabki oʻtyurak kashshoflardan ekanimni hisobga olib, oʻsha gʻishtlardan mingtasini sovgʻa tarzida hovlimga tashitib qoʻysangiz. Bahonada, hasharchi piyanerlar bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazib, ilm egallashdagi katta tajribalarim haqida ularga erinmay soʻzlab bergan boʻlardim.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
24 mort.

Dastlabki Shapkalilar Yoki Ikkinchi Ariza

«Qizil ketmon» kalxoʻzining kamsamoʻllari va oʻspirinlari kotibi Jumavoy ukamizga sobiq yosh aktip Aspan-shapkadan

Ariyzanoma

Toʻlan-tashviqotning gapiga qaraganda, kalxoʻzimiz bublatekasida kamsamoʻllar muzegini ochib, dastlabki yosh aktiplar ishi toʻgʻrisidagi suratu hujjatlarni oynador javonchalarga terib tashlagan emishsan. Ayniqsa, qishlogʻimizning birinchi kamsamoʻli Urayim-zakoʻnning kattakon portreyti xonaning toʻrisiga ilib qoʻyilganini eshitib, bagʻoyat xursand boʻldim. Chunki, goʻring yacheyka boʻlgur oʻsha azamat manga jonajon qoʻshni, tavoqdosh ulfat edi. Qishloqda birinchi boʻlib u, ikkinchi boʻlib man shapka kiyganman.

Oʻshanda oyoqda choriq, ustimda yamoq toʻn, boshda ola shapka bilan qoʻrqmasdan uyga kirib bordim. Dadam ahvolimni koʻrib, chaynab qoʻygan ovqatini yutolmasdan, bir muddat soʻrrayib qoldi. Volidamiz qoʻliga otashkurak olib, akkashni guzargacha quvib chiqdi. Shundan soʻng alamzada Idris qorigayam ermak topilib qoldi, aftimni koʻrdi deguncha, mullaligini paqqos unutib, chapanichasiga aynib soʻka boshlardi.

Shu zayil, necha kun uydan quvgʻin boʻlib yurdim, sha’nimga koʻp nadomatlar orttirdim, lekin kulturnoy revolutsya yoʻlida bariga chidadim. Oʻsha yillarda Urayim-zakoʻndan kam jabr tortgan boʻlsam, mani qasam urib, soqolim tulab tushsin.

Man bu gapim bilan suratimni Urayim-zakoʻnning portreytiga eshqoʻshlab osib qoʻy demoqchi emasman. Lokigin, oʻzingdan kelib, shundoq qilgan taqdiringdayam sandan bir miri ketmaydi.

Voh! Chunonam ogʻir davrlar edi! Biz yosh faollar, ya’ni aktiplar kamsamoʻllarga ergashib dalama-dala kezib yurardik, ketmonchilarga gazet oʻqib berardik, ularni kalxoʻzga kirishga ishqardik. Kaltak yegan paytlarimiz koʻp boʻlgan. Kechqurunlari hammamiz yacheykaga toʻplanib, avvaliga «Yasha, Shoʻro»ni xirgoyi qilardik, keyin shaxmatni bilganlar dona surishardi, qolganlar pul tikmasdan, toʻgʻramnon yoki meva qoqiga oshiq otardik.

Boyvachchalar koʻpincha bizni yoʻlda poylab turishardi, ular bilan oxirgi tishimiz qolguncha gʻajishardik. Oqbilaklar oʻz yoʻliga, taassufki, kitob koʻrmagan bat-rakvachchalar ham ular tarafda turib bizga musht otganda, jigʻ-biyronimiz chiqardi. «Suf sanlarga, kallavaramlar, – deb qichqirardik ularga, – konturlarga sotilganing uchun ertaga yacheykaga opkelib, shunaqangi boplaylikki, toki opalaringni ochiqqa chiqaradurgon boʻlinglar».

Man pakana boʻlsam ham juda xunuk urishardim. Bir kuni Yodgorboy deganning kenja oʻgʻliga takapoʻrma qilib kalla qoʻygan ekanman, koʻzi tepaga bitib, ogʻzidan oq koʻpik keldi. Shunda Urayim-zakoʻn yelkamga urib: «Qoyilman, Aspanchik, sani bemalol kamsamoʻlga qabul qilish mumkin», deb yubordi.

Ha, mani, albatta, kamsamoʻlga olishardi, ish yaxshi tomonga yurib turgan vaqtda man goʻsxoʻr qandaydir chayqovchiga oʻzim bilmagan holda yordam berib qoʻyib, obroʻyimni oshqovoq qildim. Lodon ekanman, oʻshanda hushyor ish koʻrib, kamsamoʻlga tekis oʻrnashib olganimda, hozir bozorma-bozor boʻgʻriqib yurmay, kamida «Oʻzbekbirlashuv»ning bironta idorachisini tebratib turgan boʻlardim...

Aptabiyagrapiyani toʻxtatib, asl muddaoga oʻtayin. Shu desang, Jumavoy uka, ravotning yoniga bitta hujracha qurishga kirishib, poydevoriga ming dona kuydirilgan gʻisht bosib qoʻydim. Kamxarju yolgʻizqoʻl boʻlganim uchun qurilish shu joyga kelganda taqqa toʻxtab qoldi. Agar malol kelmasa, qishloqdan chiqqan dastlabki aktiplardan ekanimni hisobga olib, kamsamoʻlcha shanbalik yoʻli bilan manga besh mingtagina guvalak yotqizib bersanglar. Bahonada, hasharchi kamsamoʻllarga marhum Urayim-zakoʻn haqidagi xotiralarimdan gapirib, ularning koʻzini moshdek ochib qoʻygan boʻlardim.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
15 afrel.

Shuvityuz Ulfat Yoki Uchinchi Ariza

Mahallamizning obroʻli oqsoqoli Sulaymon polvonga shu mahallaning sobiq choyxonachisi Aspan-samovardan

Ariyzanoma

Guzardagi choyxona esingdami? Bedanalarni osmachiroqqa toblab, tong ottirardik. Jang koʻrgan «polvoncha»larning toʻrqovogʻiga sadaf qadatib, suvdoniga doʻdana osib qoʻyardik.

Hay-hay-hay! Bedana urishtirishda sanga teng keladurgon jirrakini uchratmaganman, yutsang – yutganing, ish chappa ketayotganini payqasang, qildan qiyiq topib, toʻpalang chiqararding. Yertegirmondagi katta olatasirda bir nomard koʻzingga bigiz sinchib, istarangga putur yetkazganidan hali-hali achinib yuraman. Xotining ham oʻshandan keyin sandan koʻngilsiz boʻlib ketib qoluvdi. Buning ustiga manam uchinchi xotinimni taloq qoʻyib, prastoʻy-xalastoʻy yurardim. Choyxona bizga ham roʻzgʻor, ham xotin boʻp qoluvdi. E, sadagʻasi ketay, deb qoʻyaman ba’zida, oʻsha kunlaram bir davr ekan – kunda bedanavozlik, kunda oshxoʻrlik...

Hay darigʻ, keyinchalik oʻrtamizga ola it oraladi. Erkakchasiga aytadurgon boʻlsam, oshnachilikning buzilishiga koʻproq oʻzim aybdorman. San gʻaribga vafo qilmagan oʻsha yuzsiz xotinga uylanib nima qilardim man ahmoq? Oʻzing bilasan, bu dardisar ham avvalgilardan besh battar chiqdi. Haliyam ahvol shu – tishi toʻkilsayam, tili tiyilmaydi. Toʻrqovoqqa sopqoʻysang, manaman degan «tezotar»ingni qochiradi xumpar. Shundan zap qutulib ketgansan-da, oshna.

Omading bor ekan, kam boʻlmading. Fargʻona kanolini kavlashda qayoqdanam nazarga tushib, koʻp oʻtmay, kalxoʻzga burgadur boʻpketding. Piloning toʻlavurdi, san semiravurding – oshxoʻrlikda yopilmagan qovurgʻalaring burgadurlikda yopildi. Nomingni gazetalarda koʻrib qolsam, bagʻoyat quvonardim, bir yoʻla suratingniyam qoʻshib yopishtirishmaganidan afsuslanardim. Keyin oʻylab koʻrib, suratga tushishdan oʻzing iymangan boʻlsang kerak, deb taxmin qildim. Toʻgʻri-da, bir koʻzing ojizligini el-yurtga oshkor qilib, jinni boʻpsanmi?

Odamlarga aralashib, ma’qul ish qilgan ekansan, kalxoʻz bitta sigir yetaklatib, sani pensiyoga uzatdi. Mana, oxiri toʻyida besh pud guruch damlanadurgon kattakon bir mahallaga oqsoqol boʻlib oʻtiribsan. Tutun chiqqan joy borki, sanga atab alohida tugun tugib qoʻyiladi. Xayriyat deyish kerak, mahalladagilar insofli, ustingdan yozadurgon odam yoʻq...

Eski qaysarliging qoʻzib, «xoʻsh, maqsading nima oʻzi», deb soʻrab qolishing mumkin. Maqsadimni endi aytaman.

Shu desang, ravotning yoniga mehmonu musofirlarning hojatini chiqaradurgon bir hujra qurishni koʻpdan niyat qilib yurardim. Oxir vaqti-soati kelib, shu inshootning poydevoriga ming dona kuydirilgan gʻisht bostirib, besh mingta guvalak yumalattirib qoʻydim. Yolgʻizqoʻllik qursin, buyogʻiga jinday qiynalib qoldim.

Doʻstim Sulaymonjon, agar malol kelmasa, uzunhovuz atrofida behuda savlat toʻkib turgan mirzateraklardan bir nechtasini xudo yoʻliga kestirib bersang. Bu – birinchisi. Ikkinchi oʻrindagi iltimosim shuki, usta Abduqahhorni savob ishga safarbar etib, hujraning yogʻoch-choʻpini tiklagach, eski qadrdonlik hurmati devor hashariga oʻzing bosh-qosh boʻlmasang, mahallada mani yuz qilib hovlimga qadam bosadurgon banda yoʻq. Bahonada, bu anjumandan foydalanib, hasharga kelgan yosh-yalanglarga san zabardastning kalxoʻz tuzishdagi mayda-chuyda xizmatlaringni boʻyab-boʻrttirib gapirib bergan boʻlardim.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
19 moy.

Shovvoz Izvoshchi Yoki Toʻrtinchi Ariza

Qishloq ijroqoʻmining raisasi oʻrtoq Pochchaevaga shu mahkamaning sobiq xodimi Aspan-izvoshdan

Ariyzanoma

Muguzing qayilgur Adovlip Gitler qizil Maskovga lashkar tortmasdan burun hozir san boshqarib turgan ana shu mahkamada salkam uch yil izvosh minganman. Buni san bilmaysan, rahmatli otang bilardi buni. U kishi oʻsha paytlarda idoramiz yaqinidagi miskarlik doʻkonida tirikchilik oʻtkazardi. Gohida unga izvoshimni yuvdirib, moʻmay choychaqa berardim, shunda u «sanga mandan qaytmasa, bolalarimdan qaytsin», deb duo qilardi. Farishtalar omin degan ekan, mana, endi sanga ishim tushib turibdi.

U vaqtlarda izvosh minish hozir shopirlik qilishdan oʻn chandon ogʻir, yuz chandon mas’uliyatli edi. Endi hamma yoʻllar asfal, moshinaga yogʻni quyib, iskoʻrisini toʻgʻri ursang, aytgan joyingga gʻuvillatib eltib qoʻyadi. Man izvosh minib, itning kunini koʻrmadim, mundogʻroq boʻldim. Baytallar qari, yem-xashak tanqis. Buning ustiga, Mahramboyvachchadan tortib olingandan keyin yana oʻttiz tashkilotning darvozasini koʻrgan manjalaqi izvosh kunda bir ishkal chiqarib turadi degin. Otboqaram, izvoshchiyam, sleysariyam oʻzim.

Bir kuni desang, qizim, rayondan traktoʻrlarning katta xoʻjayni kepqoldi. Moshinasidan tushdi-yu, kelinayangga bor, deb shopirini iziga qaytardi. Boshida toʻngʻizteri shapka, qoʻltigʻida loʻlabolishdek popka, belida naganbop tasma, oyogʻida kavaleriska xirom. Raisimiz tizzalagudek ahvolda borib, qoʻsh qoʻlini uzatgan edi, u burun jiyirganicha ikkita barmogʻini choʻzdi. Boshqalar-ku, atrofda emaklab yurishibdi.

Ana shunday martabali odam ham man roʻlavoy boʻlgan izvoshga chiqib oʻtirdi. Yonida raisimiz. Ulardan buyruq olib, baytallar boshini «Baynalminal» kalxoʻziga burdim. Oʻsha davrdagi yoʻllar yayov yurganniyam ichak-chavogʻini aralashtiradurgon ahvolda edi. Qirchindagi tuyaoʻrkach yoʻldan loʻki-loʻk borayotganimizda, izvosh xunasaning orqa gʻildiragi chiqib ketsa boʻladimi. Ana tomosha-yu, mana tomosha. Avval mehmon agʻdarildi, keyin xoʻjayinim. Xayriyatki, raisimiz oʻsha kuni ichmagan ekan, hushyorlik qilib, vaqtida boshliqning tagiga kirib oldi.

Qarasam, ish chatoq. Boshimni suyanchiqqa urib qonatdim-u, chalaoʻlik odamday miq etmay yotaverdim. Rais oʻrnidan turib, burnidan loy qoqdi. Katta xoʻjayin gandiraklaganicha kelib, yerda yotgan gʻildirakni tepdi, «he baloningga falonim», deb sasib qoʻydi. Bir koʻzimni qiya ochib, barini koʻrib turgan boʻlsam ham, oʻsha sulayganimcha miq etmadim. Shunaqa qilmasam boʻlmasdi, zamon nozik edi. Boshliqlar istasa, yangiroq doʻppi kiyganniyam quloq deb, koʻzi olaroqni xalq dushmani deb, surgun qilvorishardi...

U davrdagi gaplarni gapiravursang, jabru jafoning poyoni yoʻq. Hartugur, maqsadga oʻtaylik, qizim. Qariganda boshpanaga zoriqib, ravotning shundoqqina yoniga toʻqqiz toʻsinli bir hujracha qurgan edim. Poydevoriga ming dona kuydirilgan gʻisht bosib, sinchiga toʻrt arava yogʻoch, devorlariga besh mingta guvalak xarjladim. Yolgʻizqoʻllik qursin, tomni yopishga kelganda, hamyonim bujmayib qoldi. Agar malol kelmasa, ogʻir zamonlarda ijroqoʻm yumushlariga kamarbasta turganimni hisobga olib, tomimni istandartnoʻy tunuka bilan yopib bersang. Bahonada, tom yopadurgon ustalarga hukumatimizning mehnatkashlarga qilayotgan odamgarchiliklari haqida gapirib, ularni siyosiy tomondan anchagina puxtalab qoʻygan boʻlardim.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
28 iyyun.

Qiziloʻrdada Yaralangan Askar Yoki Beshinchi Ariza

Rayon vayankamatining kattakoni patpalkoʻmnik Ivan Nazaripga sobiq proʻntavoy sallot Aspan-yaradordan

Ariyzanoma

Izdaraviya jilayu, tavarish kamandur! Mani tanimasalar, tanib qoʻysinlar – sobiq proʻntavoy sallot, hozir mahallada oʻziga yarasha obroʻ orttirgan bir grajdon oʻzlariga xat joʻnatib turibdi.

Man desangiz, urush boshlangan dastlabki kunlardayoq ijroqoʻmdagi ishimdan tezda boʻshab olib, qachon armiyaga chaqirisharkin deb, jonim halak kutib yurdim. Har kuni poʻshtachining yoqasini gʻijimlaymanki, manga povuska bormi, deb. Axiyri qatorga qoʻshishmaganidan qattiq oʻpkalab, kezargonlik qilmasam boʻgʻilib oʻladurgon darajaga yetdim. Keyin bilsam, uydan chiqibman-u, orqamdan povuska kelib, man goʻsxoʻrni dogʻda qoldiribdi.

Sayohat – oʻz yoʻliga. Ochdan oʻlmaslik uchun yoʻl-yoʻlakay mardikorchilik qilishgayam toʻgʻri keldi. Shu tariqa, yillar oʻtganini bilmay qolibman. Bir kuni mani Margʻilonda tutib olishib, san dizertursan deyishsa boʻladimi? Kim dizertur deb, ulardan baland sapchigan boʻldim. San qoʻlimga aptamat ber-chi, man oʻsha pashistni nima qilarkinman, dedim. Qani, koʻramiz-da, deyishib, akkashni urushga joʻnatishdi.

Vagoʻnda ketyapman-u, birovning qovunpoyasiga kapa tikkan dushmonni oʻylab, zardam qaynaydi deng. Otangdan qolgan oʻrmoningda qoʻziqoriningni yigʻib yuravermaysanmi, zoti past, deb kuyunaman. Toʻgʻri-da, tili boshqa yurtda poshsho boʻlganingdayam, baribir silqindiligingcha qolaverasan.

Man alamzada qachon proʻntga borib boʻmbaboz samolyot minarkinman deb, vagoʻnning tomida betoqat boryapganimda, xachirdan tarqagan paravoʻzimiz Qiziloʻrdada taqqa toʻxtaganicha turib qoldi. Bir temiryoʻlchi mastravoydan: «Shto takoʻy, vey?» – deb soʻradim. Mastravoy iljayib qoʻyib, «tvoy uje apazdal», deb oʻtib ketdi.

Qarangki, krasnoʻy armiya biz ketayotganimizdan bexabar yana qattiq urushga kirib, Girmonning poytaxtini qoʻqqisdan olib qoʻyibdi. Dushmonga osmondan boʻmba tashlash man shoʻrlikka nasib boʻlmadi.

Ikkinchi tomondan, sallotlarimiz urushda yutganidan suyundim. Qopchiqdagi yongʻoqlarimni vokzoldagi musofirlarga arzonroq tarqatvoraqolay deb, vagoʻnning tomidan sakraganimni bilaman, shoshilishda istrelkaning ustiga tushib, oyoqni tarashayorish qildim. Hushimga kelib qarasam, atrofim toʻla doʻxtir.

Xullasi kalom, Adovlip Gitlerning ahmoqligi tufayli soppa-sogʻ oyogʻim uch joyidan darz ketib, ikkinchi grubiy invalit boʻlib qoldim. Ammo, bekor yotgim kelmay, mana necha yildirki, bozor-ucharlarga jamoatchilik asosida aralashib, savet mehnatkashlarining hojatini chiqarib yuribman...

Mayli, muddaoga oʻtaylik. Man notavon ravotning shundoqqina yoniga toʻqqiz toʻsinli hujra solib, tomiga istandartnoʻy tunuka bosgan edim. Hujraning old tomoni ochiq, atrofida deraza yoʻqligi tufayli baayni garajga oʻxshab qoldi. Agar malol kelmasa, hukumatning bus-butunligi yoʻlida chap oyogʻimni pachoqlaganimni hisobga olib, man vatanparvarga bitta «Zaparojiz» degan loʻkkavoy moshinani rahmatnoma qilib berishingizni soʻrayman. Bahonada, ana shu moshina bilan boshqa rayonlardagi bozorlargayam yetib borib, davlatimizning proʻntavoylarga koʻrsatayotgan katta gʻamxoʻrliklari toʻgʻrisida dallolu xaridorlarga gapirib bergan boʻlardim.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
4 avgʻus.

Raysobesga Poʻpisa Yoki Oltinchi Ariza

Raysabzining boshligʻi Alaydin Salaydinipga hukumat uchun katta xizmatlar qip-qoʻygan Aspan-veterondan

Ariyzanoma

Man kim – qishloqda birinchi kashshof, birinchi kamsamoʻl boʻlib yurib, keyinchalik «Qizil choyxona»ga mudirlik qilib, undan soʻgʻin qishloq ijroqoʻmiga mas’ul ishga oʻtib, oxiri Girmon urushidan faxriy choʻloq boʻlib qaytgan yurtparvar insondurman.

Zamon oʻzgarib, domlalar qoʻliga adabchoʻp olmaydurgon boʻlgandan keyin ham, talay batrakvachchalar maktabga borishdan bezillab yuraverdi, Shoʻroga zehni oʻtkir, kitob koʻrgan kadrlar zarurligini qishloqda birinchi boʻlib man tushundim. Koʻylagim yoʻqligini bahona qilib oʻtirmay, egnimga oʻz ixtiyorim bilan qop kiyib, oʻqishga qatnay boshladim, kashshof boʻldim. Ana undan soʻgʻin, boshqa bolalar mandan oʻrnak olishdi.

Man kamsamoʻl boʻlgan paytlarimdayam davr bejo edi, ishtonbogʻingni popugi qizgʻishroq boʻlsa, sani bolshibekka chiqarib, uyingga oʻt qoʻyadurgonlar topilardi. Qoʻynidagi nosqovoqni yurak deguchilar oʻzicha gʻoʻdayib yuraversin, gapni mandan eshit, uka: mana sanlarga kulturnoy revalutsya dedim-u, qishloqda birinchi boʻlib shapka kiydim. Endi boshga tushgan koʻrgilardan soʻrasang, onam oq qilmadi-yu, mundogʻroq boʻldi, Idris qori kaminani nimalar deb soʻkkanini ochiq yozadurgon boʻlsam, uyatdan qogʻoz qizaradi.

«Qizil choyxona»ga mudirlik qilgan vaqtimda davlatga yanada koʻp foydam tegdi. Orqamizdan ola boqib, pinhon jagʻ silab yurgan konturlar haliyam topilib turishiga qaramay, man Marks boboyning joʻrnoldan qirqilgan suratini choyxonaning toʻrisiga ilib qoʻyishdan qoʻrqmadim. Bundan tashqari, har xil gazetalarni xontaxtalarga yoyib, tashviqot ishlarini avj oldirdim.

Keyinchalik mani qishloq ijroqoʻmiga mas’ul ishga oʻtkazishdi. Ijroqoʻm raisi ikkalamiz izvoshga chiqib olib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kalxoʻzma-kalxoʻz izgʻib yurardik. Paxtani oʻtga bostirgan yalqovlar bilan oʻsha joyning oʻzida yoqalashib qolardik. Chunonchi, bundaylarga hayfsan berish uchun majlis chaqirib oʻtirishga vaqtimiz yoʻq edi.

Tobora obroʻyim ortib borayotgan bir paytda, Girmon pashistlarining lashkari karnay-surnay bilan ustimizga yopirilib kelayotganini eshitib, ularni bagʻoyat yomon koʻrib qoldim. Belni qirq joydan tugib, ishimdan shartta javob oldim. E pashist, sanki oʻzing yomonlikni boshlabsan, endi mandan xafa boʻlma, deb dabravoliska boʻlib urushga ketdim. Oyogʻim sinsa ham, yuragim butun qolib, yengilmasdan qaytdim.

San nimani koʻribsan, uka? Omading bor ekan, yaxshi zamonda tugʻilib, baxmal koʻrpada katta boʻlding. Maktabdayam, institoʻtdayam sani tekin oʻqitib, tagingga purjinali kursi berib qoʻygan ekan, davlatga rahmat degin. Ana shunday davlatni qurishga jonini tikkanlardan bittasi man boʻlaman...

Muddaoga oʻtadurgon boʻlsak, koʻrib turganingdek, el-yurtga koʻp fidoyiliklar qilgan rustamzodalardanman. Yoʻqsa, manga bepiliska garaj qurishib, buning ustiga, gʻoyibdan «Zaparojiz» moshinasini berib qoʻyishmasdi. San ana shularni hisobga olib, manga beriladurgon pensiyoni oshirish chorasini koʻr. Hozircha, viloyat ahamiyatiga molik deb rasmiylashtirsang ham mayli, respublikanikini keyinroq gaplashamiz.

Sandan oʻn kun ichida javob olmasam, ustingdan teparoqqa yozishga toʻgʻri keladi. Puxta oʻylab ol, uka.

Sizdan yordam kutib: sobiq kashshof
Aspan-baraban
30 dekabur.

1977-79