OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Babangida (hajviya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiBabangida (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Babangida (hajviya)
Anvar Obidjon

Bekorchilikdan zerikkan Xurram tanishlariga qoʻngʻiroq qilib, biridan Maman bankirning iti Vilgelm nima yeb oʻlganini, ikkinchisidan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan bugungi qiymatini, uchinchisidan Pirxon tergovchining qaynanasi qaysi jinnixonada yotganini ezmalarcha surishtirib chiqqach, sigaret qoldigʻini kuldonga doʻnqaytirib bosdi-da, divandan lohasgina turdi. Yalqovlanib kerisharkan, shallaqilarcha yangragan qahqahadan sergak tortib, asta ortga oʻgrildi.

Televizorda koʻrsatilayotgan «Senimi, shoshmay tur» multfilmida boʻri quyonni tinimsiz quvalar, kresloning suyanchigʻiga qoʻnib olgan toʻtiqush esa, ekrandan koʻz uzmay, qanotlarini pirpiratib-pirpiratib kulishda davom etardi.

Xurram oʻziga boshqa ermak topish ilinjida endi toʻtiqushga yopishdi:

– Babangida! Bu yoqqa kel! Husht!

Toʻtiqush goh Xurramga, goh televizorga jalanglab, joyida qoʻnqayib turaverdi. Xurram doʻq urgan ohangda qayta chorlaganidan keyingina, hafsalasizlik bilan uchib kelib, uning yelkasiga qoʻndi.

– Televizorga mukkangdan ketma! – toʻtiqushga dashnom berdi u. – Boshni kerakli narsaga ishlat.

Xurram «Dunyo atlasi» degan kitobni olib, javonchaning ustiga qoʻydi. Uning oʻrta varagʻini ochdi va xaritaga barmoq tirab soʻradi:

– Xoʻsh, bu qaysi yurt?

– Tur-r-kiya… Tur-r-kiya, – yelkada turib javob qildi toʻtiqush.

– Balli, Babangida! Bunisi-chi?

– Avstr-r-raliya! Chakalakzor-r! Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

– Tugʻilgan yurtingni koʻrib suyunib ketding-ku, olakoʻz. Lekin, men senga aytsam, vatan-patan deganlari umumiy bir gap. Tirikchiliging qaerda oʻtsa, ana oʻsha haqiqiy vatan…

Toʻtiqushning gʻargʻarador kulgisi taraldi deguncha, tanasida tutqanoq kasalligiga moyillik sezadigan boʻlib qolgan Maynaxon qoʻlida pichogʻi bilan oshxonadan chiqib keldi. Toʻtiqush uni koʻriboq, pir-r etib borib, deraza tokchasiga qoʻnib oldi.

– Boʻldi-da, dadasi. Shu toʻtiqushniyam jinni qipqoʻymang endi.

– Jinni qilayotganim yoʻq, ilm oʻrgatyapman bunga, – oʻzini oqlagan boʻldi Xurram. Soʻng eshik qoʻngʻirogʻining jiringlashi joniga ora kirib, xotinini tezda oʻsha yoqqa badargʻa qildi. – Bor, eshikni och!

Maynaxon eshikni ochishga borganicha, Xurram kutganidek, oshxona tomonda qorasi oʻchib qolib ketdi. Xonaga kuydirilgan kalladek tirjayib Odamhoji kirib keldi.

– Assalomalaykum, Xurram Tovogʻivich!

Xurram noxushgina qoʻl choʻzayotib «Nechchi marta aytaman senga? Odmigina qilib Xurram aka deyavermaysanmi», deb zardalandi.

Stolga oʻtirib, yuzlariga fotiha tortishlari bilanoq, Odamhoji: «Bir xizmat chiqib qoldi, xoʻjayin», deya gap boshlagan ediki, Xurram peshanasini tirishtirib, uning ogʻzini chapladi:

– E-e, oldin nafasingni rostla, Amerikalikka oʻxshab darrov ishdan gapirmagin.

Deraza tokchasidagi toʻtiqush shu zahoti gapni ilib ketdi:

– Amer-r-rika… dollar-r… dollar-r…

– Ie! Toʻtiqushingiz zoʻr-ku, Xurram aka, – qushga zavqlanib tikildi Odamhoji. – Toʻgʻri topding, toʻtiqush. Dollar bu Amerikaning puli.

Toʻtiqush uchib kelib, Odamhojining yonidagi boʻsh stulga qoʻndi, unga qiyalab razm soldi.

– Mar-r-ka… mar-r-ka… Ger-r-maniya.

– Yopiray! Bunisiniyam toʻgʻri topdi-ku! – yoqa ushladi Odamhoji.

– R-rubl… r– rubl…

Odamhoji hoʻplangan choyini shoshilinch yutib, toʻtiqushni tilidan ilintirishga oshiqdi:

– Xoʻsh, rubl qaysi yurtning puli?

– R-rossiya… R-rossiya, – hozirjavoblik bilan arilladi toʻtiqush va koʻksiga qanot bosib, koʻzlarini suzdi.– Mar-r-riya… Mar-r-rusiya… Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

Xurram toʻtiqushga qoʻshilib, sharaqlab kuldi-da, uni barmogʻida oʻdagʻaylab iljaydi:

– He, suyuq! Senda ish koʻp.

– Baloni oʻzi-ku bu qush, – tan berib hiringladi Odamhoji. – Qoyilman.

– Nima deb oʻylovding? Bunga shaxsan oʻzim ilm oʻrgatyapman.

Picha u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishgach, Xurram: «Xoʻsh, xizmat, Odamhoji?» – deya nihoyat mehmonning dardini surishtirdi.

– Avvalo, bezovta qilganim uchun uzr, – deya sipo gap boshladi Odamhoji. – Sizni dam olish kuni uydan ushlamasak, boshqa vaqtda pand berib ketyapsiz.

– Oʻsha kuni senikiga boraman deb turganimda, bosh bugʻoltirimiz tugʻilgan kunini nishonlab qoldi. Restorandan ertaroq jilay desam, davra soviydi deb hech qoʻyvorishmadi. Keyin sekretarim Marjonaxon raqsga tortib, kayfchilikda oʻynayveribman, oʻynayveribman…

Xurramning ogʻziga tikilib turgan toʻtiqush yana gurungga suqildi:

– R-restoran… R-restoran… Mar-r-jona…

– Kallasi zoʻr buni! – toʻtiqushini maqtab kerildi Xurram. – Koʻrdingmi, shu gapniyam tezda ilvoldi. Xi-xi-xi…

Odamhoji ham toʻtiqushning sha’niga oldi-qochdi tahsinlar aytgan boʻldi-yu, yana pismayib maqsadga koʻchdi. Yaqin mijozlaridan hujjatsiz xorijiy molni arzonroqqa olib, omborning bir chetiga bosib qoʻygan ekan. Tekshiruvchilar kelib, tappa bosishibdi.

– Hamma joyda tanishlaringiz bor, – moʻltirab yalindi Odamhoji. – Shu ishga aralashmasangiz boʻlmaydi, aka.

– Hujjatsiz molni omborda saqlab boʻlarkanmi, kallavaram, – tanbeh berdi Xurram. – Hujjatsiz mol nima deyilishini bilasanmi?

Toʻtiqush gerdayib, darhol bilimini pesh qildi:

– Kontr-r-rabanda! Inter-r-pol!

– Ie! – bir seskanib tushdi Odamhoji. – Bu qushmi, yo aygʻoqchimi?

Xurram: «Yurakni urdirib qoʻyibsan-ku, bola. Bu, shunchaki, televizordan oʻrgangan boʻlsa kerak», deya yelka uchirib kuldi. Soʻng jiddiylashib, tekshiruvchilarning kimligini soʻradi. Odamhoji tekshiruvchilarning ismi va ish joylari yozilgan qogʻozni uzatgach, unga apil-tapil koʻz tashlab, dimogʻlanib dedi:

– Boʻpti. Chorasini topamiz.

Odamhojining chehrasida chiroq yonib, Xurramning boshidan tashakkur yogʻdira ketdi. Xurram esa quruq rahmatlar bilan qoniqadigan yoshdan allaqachon oʻtib boʻlgan edi. Paytdan foydalanib, endi oʻzining ishini bitirishga chogʻlandi:

– Haligi, kichik korxonasi bor bojangga aytib qoʻy. Kelib, oʻrinbosarimga uchrashsin. Zavodimizdagi ba’zi uskunalarni hisobdan chiqarib, arzonroqqa bervoradi. Bojang bilan keyin hisoblasharmiz.

– Bir ogʻiz gapingiz, aka.

Dam Xurramga, dam Odamhojiga alanglab, suhbatni zogʻlanib tinglayotgan toʻtiqush birdan qanotida boshini changallab qichqirdi:

– Kor-r-ruptsiya! Kor-r-ruptsiya!

Buni eshitib, Xurramning koʻzlari olaydi:

– Hey, nimalar deyapsan? Oʻchir!

– Aytdim-ku, Xurram aka, – kuyinib chingʻilladi Odamhoji. – Bu qushdan yaxshilik chiqmaydi.

Toʻtiqush Xurramga koʻz oʻynatib, qanotini osmonga bigizladi:

– Kor-r-ruptsiya! Tur-r-ma! Karamshoʻr-r-va!

– Ogʻzingni yum, ablah! – boʻkirdi Xurram. – Turma nimaligini koʻrsatib qoʻyaman senga! Hozir oʻzingni qafasga tiqaman! Ushla uni, Odamhoji!

Ikkalasi stullarni agʻdar-toʻntar qilib, toʻtiqushni quvlay ketishdi. Toʻtiqush oʻzini u burchakdan-bu burchakka urib, toʻxtovsiz ayyuhannos sola boshladi:

– Yor-r-da-a-m! Yor-r-da-a-m!

Qoʻlida kapgiri bilan xonaga halpillab kirib kelgan Maynaxon ahvolni koʻrib, bir muddat dong qotib turdi. Soʻng bir erining, bir Odamhojining oldini toʻsib, ularni shashtidan tushirishga urindi:

– Hoy, nima boʻldi kap-katta odamlarga? Toʻxtanglar! Toʻxtanglar deyman! Ba-a-s!!!

Oxirgi qichqiriq yangradi-yu, Xurram bilan Odamhoji generalning ovozini eshitgan askardek taqqa gʻoʻdayib toʻxtashdi. Patlari toʻzib ketgan toʻtiqush uchib kelib, Maynaxonning yelkasidan panoh topdi va ikkala ta’qibchiga galma-gal baqrayib boqdi.

– Ha, dadasi? Nima gap?

– Koʻrmaysanmi bu marazni. Tuzimni ichib, tuzligʻimga tupuryapti.

Oʻz navbatida toʻtiqush ham boʻsh kelmadi. Qanotini ogʻziga tirab, Maynaxonning qulogʻiga arilladi:

– Mar-r-jona… Sekretar-r…

Maynaxon toʻtiqushni avaylab qoʻliga oldi, koʻzlariga sinchkovlanib tikildi:

– Nima deding? Qaytarib gapir-chi, Babangida.

Toʻtiqush bu safar batafsilroq qilib uqtirishga tirishdi:

– Xur-r-ram… Mar-r-jona… r-restoran… r-raqs… r-raqs…

– Voy, igʻvogar-ey! – gʻazabi qaynab tipirchiladi Xurram. – Endi gapni boshqa yoqdan kavlashini qaranglar!

Odamhoji ham toʻtiqushga tish gʻijirlatdi:

– He, xaromgoʻsht! Chet ellik sotqin!

Maynaxonning yuzi gezarib, eriga chimrildi:

– Ha-a, gap bu yoqdamidi? Tunov kuni oʻtirishda boʻl-dik deb, restoranda Marjonaxon bilan raqs tushganakanlar-da?

– Bosh bugʻoltirimiz tugʻilgan kunini oʻtkazuvdi. Restoranga hamma borgan.

– Oʻsha kuni turishingiz boshqachaligini sezuvdim-a! Xotinjon, senga bitta zoʻ-oʻ-r sovgʻa moʻljallab qoʻydim, deb qiyshanglashingizda gap borakan-da, a?

Xurram masovsirab poʻngʻilladi:

– Qoʻrqma, ertagayoq opkelaman oʻsha sovgʻani.

– Rahmat!– terslanib, biqiniga qoʻl tiradi Maynaxon.– Sovgʻani olib boʻldik. Oʻzlariga qaytarishimiz qoldi, xolos. Xoʻsh, koʻngillari qanaqa sovgʻa kusayapti?

Xurramning koʻzlari pildirab, paysallanganicha turib, qoldi. Uning oʻrniga toʻtiqush javob qildi:

– Tar-r-saki! Tar-r-saki! Vax-xax-xa, vax-xax-xa…

Maynaxon nafratomuz lab jimirib qoʻyib, oshxonaga kirib ketayotganida ham yelkasidagi toʻtiqush qah-qah urishdan tiyilmadi.

Ammo, kar-karaxt tusga kirgan Xurramning qulogʻiga endi bu qahqahalar chalinmas, uning miyasida rahmatli Masirqori aytgan bir gap qayta-qayta jaranglayotgan edi: «Ahmoq bilan shallaqini ilmga aralashtirish yaxshilikka olib bormaydi».

2000