OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiBayram intyervyusi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bayram intyervyusi (hajviya)
Anvar Obidjon

Jamoatchi hajvchimiz bayram arafasida ulfatchilik fanlari doktori Maishat Maishatovich bilan suhbatda boʻldi. Koʻpchilikka otning qashqasidek tanilib qolgan Maishat Maishatovich yangi yilni kutib olish tartibi haqida oʻz toifasidagi shaxslarga qarata gapirib, shunday dedi:

– Qadrli shishadoshlar, aziz hamtovoqlarim! Mana, yangi yil hali probkasi ochilmagan «Portveyn»dek qarshimizda mahtal turibdi. Naqadar gʻaroyib bayram bu. Uning oʻziga xoslik tomoni shundaki, bu kuni erkak zoti yoppasiga ichadi. Ichishni oʻrgangan ayollar esa, oraga suqilishib, davramizni yanada kengaytiradilar. «Yaratganning oldida shohu gado barobar», deganlaridek, ichilgandan soʻng yoshi, jinsi, kasbi, amalidan qat’i nazar, hamma bir xilda aljiray boshlaydi. Sipolik, royishlilik, rasmiy gap-soʻzlarga barham berilib, suhbat chapani tus oladi. Natijada, davradagilar oʻrtasida mazmuni uncha chuqur boʻlmagan bahslar boshlanib, kollektiv ravishda janjallashish tuygʻulari kamol topadi. Menimcha, birgalashib ichishning nafosati, olamning gulistonligi ana shunda.

Lekin, bunday ajoyib davralarda qatnashish, bazmi jamshidning boshdan-oyoq ishtirokchisi boʻlish siz oʻylaganchalik oson ish emas, birodari azizlar. Kishi bunga jiddiy ravishda har tomonlama tayyorgarlik koʻrgan boʻlishi kerak. Oʻzimning koʻp yillik boy tajribamga tayanib, xuddi shu masalada sizlarga ayrim maslahatlar berib oʻtmoqchiman.

Xullas, ichishni oʻttiz birinchi dekabrning ilk tongidan, ya’ni kallai sahardan boshlagan ma’qul. Ertalabki bu mashgʻulot unchalar achimagan pivo yordamida oʻtkaziladi. Xoʻrak uchun qalampirlangan qurut, kapchyonka yoki shoʻrdanak hozirlab qoʻyishni unutmang. Pivoga tuz sepib ichish qit’iyan man qilinadi.

Uch-toʻrt shisha pivo otib olingandan keyin, kishining koʻz tomirlarida ultra qizgʻimtir rang alomatlari paydo boʻlib, miya toʻqimalarida yengil sarxushlik seziladi. Demak, olam guliston! Endi tamaki mahsulotlarini tutun holida ermak qilib, picha dam olishimiz mumkin.

Soat oʻn birlarga borib, mashgʻulotning ikkinchi bosqichiga oʻtamiz. Bu paytda pivolarni chetga uloqtirib, shampandan bahra olish fursati yetgan boʻladi. Qopqoqni raketa qilib uchirganimizdan soʻng, noyob ichimlikni kattaroq idishga toʻldiramiz-da, uni bir koʻtarishda urib qoʻyamiz. Qarabsizki, olam yanayam guliston!

Mashgʻulotning uchinchi qismi odatda tushlikdan keyin boshlanadi. Mazkur bosqichda biz u yoki bu nomdagi oʻzimizbop vino bilan muloqotda boʻlamiz. Vinoni har yarim soatda yuz ellik grammdan oshirmagan holda agʻdarma qilish tavsiya etiladi. Uchinchi bosqichning oxirlariga borib, mashgʻulot oʻtkazuvchining qorin qismida burama ogʻriq paydo boʻlishi tabiiy, chunki vino, pivo va shampan oshqozonda uchrashib, ayovsiz reaktsiyaga kirishadi. Ayrim tajribasiz ichuvchilar bundan zarracha sarosimaga tushmasliklari kerak.

Zahmatli va huzurbaxsh mashgʻulotimizning toʻrtinchi bosqichi kechki ovqat arafasida boshlanib, kishi oʻzini idora qilolmay qolgunga qadar davom ettiriladi. Endilikda navbat araqqa kelganini oʻzingiz ham sezib turgandirsiz, aziz shishadoshlarim. Bu bosqichda kishi oʻzini butunlay erkin his qiladi. Davrada ham vaziyat boshqacha: birov-birovni mensimay qoʻygan, hamma gapirishni istaydi, ammo uni eshitadigan odam yoʻq, birov oʻlib ketgan momosini eslab yigʻlasa, boshqasi gerdayganicha ashulani vajang qiladi. Qisqacha aytganda, olam nihoyatda guliston!

Mana endi chinakam bayram boshlandi, desak ham boʻlaveradi. Siz bilan biz esa uni maroqli oʻtkazishga allaqachon tayyormiz. Chunki, erta sahardan boshlangan tinimsiz mashqlar natijasida tanamizni obdon chiniqtirib, oʻzimizni qadahbozlik jangiga puxta shaylab olganmiz. Endi bizni yengish ancha mushkul. Hatto «Konyak» atalmish markai oliylari ham bizni osonlikcha yiqitolmaydi.

Bir narsani alohida ta’kidlab oʻtishim lozim: mashgʻulotning dastlabki uch bosqichi uydan chiqilmagan holda olib boriladi. Binobarin, koʻcha-koʻyda zaruratsiz sangʻish hushyorxonaga tushish xavfini keskin oshiradi. Bu koʻngilsiz tadbir esa siz bilan bizning bayram dasturimizga kiritilmagan. Toʻrtinchi – hal qiluvchi bosqich shishadoshlar davrasida qiyomiga yetkaziladi.

Soʻzimni yakunlar ekanman, siz qadrdonlarga murojaat qilib aytamanki, bazm mashgʻulotlarini uyushqoqlik bilan olib borib, ulfatchilikni kaminadek ustomonning qimmatli yoʻl-yoʻriqlariga qat’iy rioya qilgan holda yuqori saviyada oʻtkazaylik...

Bunday vaqtda bor ovozda baralla qichqirging keladi: «Bugun dillarda gʻalayon! Boʻldi! Yetar! Shishayu probkalar zoʻravonligiga endi chek qoʻyaylik! Ichimliklarga ozodlik! Olam butunlay guliston boʻlsin!»

1982